Kirish
Muallif Yuhanno mazkur maktubini “Xudo tanlagan aziz xonim bilan uning bolalariga” deb yo‘llagan bo‘lsa–da, u bu yerda imonlilar jamoati va jamoat a’zolarini nazarda tutgan. U bu maktubi orqali imonlilarni bir–biriga mehr–oqibatli bo‘lishga, Iso Masihga bo‘lgan imonini mahkam tutishga va soxta payg‘ambarlardan extiyot bo‘lishga chaqiradi. Chunki bunday “payg‘ambarlar” Iso Masih inson bo‘lib kelganini tan olmas edilar. Muallif imonli birodarlarini tez orada ko‘rish istagi borligini aytib, o‘z maktubini yakunlaydi.
Yuhannoning ikkinchi maktubi juda qisqa bo‘lgani uchun boblarga bo‘linmagan.
Duoyi salom
1 Xudo tanlab olgan aziz xonim va uning bolalariga men — oqsoqoldan salom! Men sizlarni chin dildan yaxshi ko‘raman, mengina emas, haqiqatni bilib olganlarning hammasi sizlarni yaxshi ko‘radi.
2 Bu sevgiga dilimizdan joy olgan va to abad biz bilan bo‘ladigan haqiqat asos bo‘ldi.
3 Biz haqiqat va sevgi bo‘yicha yashar ekanmiz, Otamiz Xudo va Otamizning O‘g‘li — Iso Masih beradigan inoyat, marhamat va tinchlik doim bizga yor bo‘ladi.
4 Hurmatli xonim, farzandlaringizning bir nechtasi Otamiz Xudoning bizga bergan amrini bajarib, haqiqat yo‘lida yurayotgan ekanlar. Men bundan g‘oyat xursand bo‘ldim.
5 Sizdan bir iltimosim bor, bir–birimizni yaxshi ko‘raylik. Sizga yangi amrni yozayotganim yo‘q, bu amr bizga boshidan berilgan.
6 Sevgi — biz Xudoning amrlariga amal qilishimizdan iborat. Sizlar bu amrni boshidan eshitgansizlar va unga amal qilib yashashingiz kerak.
7 Bularni yodingizda tutinglar, chunki dunyoda yolg‘onchilar ko‘payib ketgan. Iso Masih inson bo‘lib kelganini ular tan olmaydilar. Ularning har biri yolg‘onchi va Masihning dushmanidir!
8 Shunday ekan, ogoh bo‘linglar! Mukofotingizni to‘liq olish uchun, Masihga bo‘lgan haqiqiy imoningizni mahkam tutinglar.
9 Masih ta’limotini ortda qoldirib, o‘zicha “jadallab ketgan” odamda Xudo yo‘q. Masih ta’limoti bo‘yicha yashagan odamda esa Ota ham, O‘g‘il ham bor.
10 Agar biror kishi oldingizga kelib, sizlarga boshqacha ta’limotni o‘rgatsa, uni uyingizga kiritmanglar, taklif ham qilmanglar.
11 Agar uni taklif qiladigan bo‘lsangiz, uning yomon ishlariga sherik bo‘lgan hisoblanasiz.
12 Sizlarga aytadigan gapim ko‘p, ammo bularni siyoh bilan qog‘ozga yozishni istamadim. Undan ko‘ra oldingizga borib, sizlar bilan yuzma–yuz gaplashaman, deb umid qilaman. Shunda shodligimiz tugal bo‘ladi.
13 Xudo tanlab olgan aziz singlingizning bolalari sizlarga salom yo‘llashyapti.