Kirish
“Xabaqquq” kitobi miloddan oldingi yettinchi asrda — Bobil hukmronligi davrida yozilgan. Kitobning birinchi va ikkinchi boblarida Xabaqquq payg‘ambar bilan Xudo o‘rtasidagi suhbat bayon qilingan. Xabaqquq payg‘ambar adolatsizlik va jinoyatlarga to‘lib–toshgan Yahudo yurti haqida Xudoga shikoyat qiladi. Shunda Xudo Xabaqquqqa o‘z rejasini ochib, Yahudo xalqini Bobilliklar orqali jazolamoqchi bo‘lganini aytadi. Lekin Xabaqquq bunga o‘z e’tirozini bildiradi. Yahudo xalqidan besh battar gunohkor bo‘lgan Bobilliklarni Xudo jazo vositasi sifatida ishlatishini Xabaqquq hech tushunmaydi. Bu unga adolatsizlikday tuyuladi. Biroq Xudo Xabaqquqqa javob berib, o‘z vaqtida Bobilliklarni ham jazolashini aytadi. O‘sha vaqt yetib kelgunicha esa “Colihlar...Xudoga bo‘lgan sadoqati tufayli tirik qoladi” (2:4).
Kitobning oxirgi bobida Xabaqquq payg‘ambarning shukrona ibodati, Egamizning qudrati va ulug‘vorligiga aytgan hamdu sanosi bayon qilingan.
1–BOB - Xabaqquq
Xabaqquq Xudoga adolatsizlikdan shikoyat qiladi
1 Xabaqquq payg‘ambarga vahiy orqali ayon bo‘lgan bashorat.
2 Ey Egam, qachongacha Sendan yordam so‘rab yolvoray?! Menga quloq solasanmi o‘zi?! Qachongacha: “Zo‘ravonlikdan qutqar!” — deb iltijo qilay?! Bizga najot berasanmi o‘zi?!
3 Nima uchun nohaqlikka qarab turishim kerak?! Bunday haqsizlikka qanday chiday olyapsan?! Atrofimga nazar solsam, zo‘ravonligu talonchilikni ko‘raman. Janjal bilan urush avj olmoqda.
4 Natijada qonun kuchini yo‘qotdi, adolat esa poymol bo‘ldi. Fosiqlar solihlardan baland kelgani uchun, nohaq hukm chiqarilyapti.
5 Atrofdagi xalqlarga nazar solinglar! Ularga yaxshilab qaranglar! Ko‘rganingizdan hayratda qolasizlar. Sizning davringizda Men shunday bir ish qilamanki, agar eshitsangiz qulog‘ingizga ishonmaysizlar.
6 Mana, Men Bobilliklarni g‘oyat kuchli qilmoqdaman. Bu xalq shafqatsiz va tajovuzkordir. Ular dunyoning har tomoniga yurish qiladilar, o‘zga yurtlarni bosib oladilar.
7 Hammani qo‘rquv, vahimaga soladilar. O‘ziga xon, o‘ziga bek bo‘lgan takabburdir ular.
8 Ularning otlari qoplondan tez, kechasi izg‘iydigan bo‘rilardan xavfli. Otliqlari uzoqdan otlarini yeldirib kelishadi, o‘ljasiga tashlanadigan burgut kabi uchib kelishadi.
9 Ularning to‘dalari zo‘ravonlik maqsadida kelishadi. Ular sahrodan keladigan quyun kabi bo‘lib, qum yiqqanday asirlarni yig‘ishadi.
10 Shohlarni mazaxlashadi, hukmdorlarni masxara qilishadi. Mustahkam shaharlar ustidan kulishadi. O‘sha shaharlar devorlariga qiyalatib tuproq uyadilar. Ularni qo‘lga kiritadilar.
11 So‘ng shamol kabi tez o‘tib ketishadi. Ular o‘z kuchini xudo, deb biladilar, shuning uchun jazodan qocha olmaydilar.
12 Ey, Egam Xudo, Muqaddas Xudoyim! Doimo mavjud bo‘lgan Xudo Sen emasmi?! Shunday ekan, Bobilliklar dastidan biz yo‘q bo‘lib ketmaymiz. Ey, Egam! Sen, hukmimni amalga oshirsin, deb Bobilliklarni tanlading. Ey, Tayanchim, xalqimni jazolasin deb, ularni tayinlading.
13 Sening ko‘zlaring shu qadar pokizaki, Sen yovuzlikka qarab turolmaysan. Haqsizlikka chiday olmaysan. Hayronman, qanday qilib bu makkor odamlarga chidab yuribsan?! Bu qabihlar o‘zlaridan solihroq xalqni yamlab yutyapti–ku, qanday qilib ularga indamay jim turibsan?!
14 Sen odamlarni dengizdagi baliqlar kabi qilding, yo‘lboshchisi bo‘lmagan dengiz maxluqlariga o‘xshatib qo‘yding.
15 Bobilliklar odamlarni o‘z qarmog‘iga ilintiradilar. To‘r tashlab baliq ovlaganday ularni ovlaydilar. Yoyma to‘rlariga tushirib, qirg‘oqqa tortib chiqaradilar. Ovini ko‘rgach, xursand bo‘lib sevinadilar.
16 Ha, to‘rlari tufayli ular mo‘l o‘lja oladilar, sara taomlardan tanovul qiladilar. Shuning uchun to‘rlariga atab qurbonliklar keltiradilar, yoyma to‘rlariga atab tutatqilar tutatadilar.
17 Qachongacha ular to‘rlari bilan ellarni ovlaydilar?! Qachongacha xalqlarni shafqatsiz nobud qiladilar?!