Kirish
Bu kitobda Noxum payg‘ambarga kelgan vahiy bayon etilgan. Noxum ismning ma’nosi “taskin” demakdir. Noxum kitobi Isroil xalqining qadimgi dushmani — Ossuriya poytaxti Naynavoning qulashiga atab yozilgan she’rdir. Naynavo shahri miloddan avvalgi yettinchi asrning oxirida qulagan, shu orqali Xudo zolim va takabbur xalqni jazolagan edi. O‘sha voqeadan bir necha yil oldin Yunus payg‘ambar Naynavoning qulashini e’lon qilgan edi, lekin shahar aholisi gunohlaridan tavba qilgani uchun Xudo O‘z qahrini shahardan vaqtinchalik qaytargan edi. Eski Ahd kitoblarida Xudoning odilligi haqida gap ketganda, Uning rahm-shafqati ham tilga olinadi. Noxum kitobida “Egamizga umid qilganlarni Xudo saqlaydi” (1:7), degan g‘oya o‘rin olgan. Noxum payg‘ambar Xudoni — butun olamning va barcha xalqlarning Hukmroni, hammaning taqdirini nazorat qiluvchi haq Xudo deb e’lon qiladi:
Egamiz — rashkchi, qasoskor Xudodir,
Egamiz qasoskor, darg‘azabdir.
G‘animlaridan Egamiz qasos olar,
Dushmanlaridan g‘azablanib yurar.
Egamizning jahli tez chiqmas,
Uning kuchi buyukdir,
Aybdorni Egamiz aslo oqlamas! (1:2-3)
1–BOB - Noxum
Egamizning Naynavoga bo‘lgan g‘azabi
1 Naynavo shahri haqida bashorat. Bu kitobda Elqo‘shlik Noxumga kelgan vahiy bayon qilingan.
2 Egamiz rashkchi, qasoskor Xudodir, Egamiz qasoskor, darg‘azabdir. G‘animlaridan Egamiz qasos olar, Dushmanlaridan g‘azablanib yurar.
3 Egamizning jahli tez chiqmas, Uning kuchi buyukdir, Aybdorni Egamiz aslo oqlamas! Yurgan yo‘li quyunu bo‘ron bo‘lar. Oyog‘i ostidan changday Ko‘tarilar qora bulutlar.
4 U dengizga do‘q urib, uni quritar, Barcha daryolarni qaqratib yuborar. Bashan va Karmil yaylovlari xazon bo‘ladi, Lubnon gullari so‘lib qoladi.
5 Uning oldida silkinar tog‘lar, Parchalanib ketar adiru qirlar. Huzurida zamin tebranar, Butun jahon va undagi mavjudot qaltirar.
6 Uning qahriga kim bardosh bergay?! Alangali g‘azabidan kim omon qolgay?! Uning g‘azabi olovday yoyilar, Uning oldida qoyalar chilparchin bo‘lar.
7 Egamiz yaxshidir, Kulfat kunida qo‘rg‘ondir U, Xudoda panoh topganlarni saqlaydi U.
8 Toshqin sel bilan Naynavoni vayron qilar, Yovlarining payiga tushib, zulmatga haydar.
9 Ey Naynavo, nechun Egamizga qarshi fitna uyushtirasan?! Axir, U bir urib seni qirib tashlaydi, Ikkinchi urishiga hojat bo‘lmaydi.
10 Chirmashgan tikanu quruq xas–cho‘p kabi, Sizlar ham, ey mayxo‘rlar, yondirib tashlanasiz!
11 Ey Naynavo, qabih shoh sendan chiqdi, Egamizga qarshi u fitna–fasod qildi.
12 Egamiz esa shunday aytur: “Ossuriyaliklar kuchli va behisob bo‘lsa–da, Ular qirilib, yo‘q bo‘ladi. Ey xalqim, boshingga kulfat soldim! Endi bunday kulfat solmayman zinhor!
13 Seni Ossuriya bo‘yinturug‘idan ozod qilaman, Kishanlaringni uzib tashlayman.”
14 Sen haqingda, ey Ossuriya, Egamiz shunday amr etar: “Sening noming dunyodan o‘char. Yo‘q qilaman xudolaring uyidagi quymayu o‘yma butlarni, Yaramas xulq–atvoring uchun hozirlayman qabringni.”
15 Qarang! Xushxabar keltiruvchi kimsa, Tog‘lar osha shoshib keladi bu yoqqa. Tinchlikni e’lon qiladi U sizga! Ey Yahudo, nishonlagin bayramlaringni, Olib kel ont ichib atagan nazrlaringni. Yurtingga tajovuz qilmas endi qabihlar, Zero, tamomila yo‘q bo‘ldi ular.