Kirish
Obodiyo payg‘ambar bo‘lgan, lekin u haqda boshqa hech narsa ma’lum emas. Obodiyo ismining ma’nosi “Egamizga xizmat qiluvchi” demakdir. Bu ism qadimgi Isroilda ko‘p uchragan.
Obodiyo O‘lik dengizning janubida, tog‘li joylarda yashagan Edom xalqi haqida bashorat qilgan. Bu xalq uzoq vaqt davomida Isroil xalqining dushmani bo‘lib kelgan. Quddus shahri qulagandan keyin Obodiyo o‘z payg‘ambarlik faoliyatini boshlagan. Miloddan oldingi 586 yilda Bobilliklar Quddus shahrini bosib olgan edi. O‘shanda Edom xalqi bu voqeadan nafaqat xursand bo‘ldi, balki Yahudo xalqining boshiga tushgan kulfatdan foydalanib, shaharni taladi va bosqinchilarga yordam berdi. Obodiyo bashorat qilib, Xudo Isroil xalqining dushmanlari bo‘lgan boshqa xalqlar qatori Edom xalqini ham jazolaydi, dedi. Obodiyoning bashorati bo‘yicha Xudo Edom yurtini Isroil xalqiga, ya’ni janubiy va shimoliy shohliklardan asirlikka olib ketilgan, endi esa Isroilda yashash uchun qaytib kelganlarga beradi.
Obodiyo kitobi juda qisqa bo‘lgani uchun boblarga bo‘linmagan.
1–BOB - Obodiyo
Egamiz Edom xalqini jazolaydi
1 Quyidagilar Obodiyoning bashoratidir. Egamiz elchi yuborib barcha xalqlarga, Quyidagi xabarini yetkazdi bizga: “Tayyorlaninglar! Qani, kelinglar, Edomga qarshi urushga boraylik!” Edom xalqi haqida Egamiz Rabbiy quyidagilarni aytmoqda:
2 “Ey, Edom xalqi, xalqlarning orasida Men eng arzimas qilib qo‘yaman sizni, Hamma sizlardan nafratlanadi.
3 Takabburligingiz sizlarni aldadi. Qoyadagi qo‘rg‘ondir poytaxtingiz, Baland tepalikdadir uylaringiz, Shuning uchun aytasiz o‘zingizcha: ‘Kim bizlarni tushira olar yerga?!’
4 Burgutday baland parvoz qilsangiz ham, Iningiz yulduzlar orasida bo‘lsa ham, Sizlarni tortib tushiraman pastga, — deb aytmoqda Egamiz. —
5 O‘g‘rilaru bosqinchilar tunda kelsa, Faqat o‘zi xohlagan buyumlarni oladi–ku! Uzum hosilingizni yig‘uvchilar ham Ozgina bo‘lsa–da, uzum qoldiradi–ku! Dushmanlaringiz esa sizni tamoman yo‘q qiladi!
6 Ey Esovning avlodi — Edom, Hamma narsangizni talon–taroj qilishar, Qadrli buyumlaringizni topib, tortib olishar.
7 Barcha ittifoqchilaringiz sizga qarshi chiqib, Sizni o‘z yurtingizdan haydab yuborar. Tinchlik va’da qilib aldaydi ular, Ammo sizlarni mag‘lub qilarlar. Sizlarga tuzoq qo‘yar noningizni yeganlar. Sizlar esa buni bilmay qolasizlar.”
8 Egamiz shunday aytmoqda: “Ey Edom xalqi, hukm qilinadigan kunda, Men donishmandlaringni halok qilurman, Esov tog‘idagi aql–idroklilarin yo‘q qilurman.
9 Ey Temon shahri, jangchilaring dahshatga tushar, Esov tog‘idagi har bir inson yo‘q qilinar.
10 Qondoshingiz Yoqub avlodiga zulm qilib, Ularni o‘ldirdingiz. Shu bois to abad sharmanda bo‘lib, Butunlay halok bo‘lasiz.
11 Ularning boyliklarin begonalar olib ketgan kun Sizlar bir chetda qarab turdingiz. Yot xalqlar Quddus shahriga kirib, Shahar uchun qur’a tashlaganlarida, Sizlar ham ular kabi yovuz ishlar qildingiz.
12 Qondoshlaringizga kelgan baxtsizlikni ko‘rib, Xushnud bo‘lmasligingiz kerak edi. Yahudo xalqi xarob bo‘lgan kun Sevinmasligingiz kerak edi. Boshlariga tushgan kulfatni ko‘rib, Mazax qilmasligingiz kerak edi.
13 Mening xalqimga falokat kelgan kuni Shahar darvozalaridan kirmasligingiz kerak edi. Yahudo xalqining boshiga falokat tushgan kuni, Xushnud bo‘lganlarga qo‘shilmasligingiz kerak edi. Ularning boshiga falokat tushgan kuni, Buyumlarini o‘ljaga olmasligingiz kerak edi.
14 Qochib ketayotganlarni kutib chorrahalarda, Pistirmalar qo‘ymasligingiz kerak edi. O‘sha kulfat kuni tirik qolganlarni Dushman qo‘liga bermasligingiz kerak edi.
15 Men, Egangiz, barcha xalqlarni hukm qiladigan kun yaqinlashib qoldi. Ey, Edom xalqi! Nima qilgan bo‘lsangiz boshqalarga O‘zingiz ham tusharsiz o‘sha ko‘yga, Qilmishlaringiz qaytar o‘z boshingizga.
16 Ey, Yahudo xalqi, muqaddas tog‘imda G‘azab sharobin ichib bo‘ldingiz. Shu singari barcha xalqlar ham Shu sharobdan to‘xtamasdan icharlar. Hech qachon yer yuziga kelmagan kabi, Ichib–ichib, yo‘q bo‘lib ketarlar.
17 Lekin Sion tog‘ida najot toparlar Isroil xalqining omon qolganlari. Bu tog‘ muqaddas bo‘lar. Yoqub nasli haydab chiqarar yovlarini, Uning mulkini tortib olganlarni, Va yana egallar o‘z yerlarini.
18 Yoqub avlodi bo‘lur olovday, Yusufning avlodi bir alangaday. Esovning avlodi esa Bo‘lib qolar quruq poyaday. Yoqub va Yusufning avlodlari Esovning avlodini yondirar, Yondirib, ularni yo‘q qilar. Esov avlodidan tirik qolmas hech biri.” Zotan, bu so‘zlarni Egamiz aytdi.
19 Nagav cho‘lida yashaydigan Isroil xalqi Esov tog‘ini egallab oladi, Yahudo qir etaklarida yashaydiganlar esa Filistlarning yerlariga egalik qiladi. Isroil xalqi Efrayim yerlarini va Samariya shahrini qo‘lga kiritadi, Benyamin avlodi esa Giladga egalik qiladi.
20 Shimoliy Isroildan asirlikka olib ketilganlar qaytib keladi. Ular shimoldagi Zorafatgacha bo‘lgan shimoliy Kan’on yerlarini oladilar. Quddusdan Safaradga asirlikka olib ketilganlar esa Nagav cho‘lidagi shaharlarni qo‘lga kiritadilar.
21 G‘oliblar Sion tog‘iga chiqadilar. O‘sha yerda turib, Esov tog‘i ustidan hukmronlik qiladilar. Egamizning O‘zi shoh bo‘ladi.