6 Uchinchi qo‘shiq.
Sulaymonning go‘zal qo‘shig‘i 3 bob
1 Kechqurun o‘rnimda yotganimda, Butun qalbim bilan sevgan oshig‘imni qo‘msadim. Juda qo‘msadim, lekin uni topolmadim.
2 Endi turib, shaharga chiqaman. Shahar maydonlariyu, ko‘chalarida yurib, Sevgilimni izlayman. Izladim–u, ammo uni topolmadim.
3 Qo‘riqchilar shaharni kezib yurib, Meni ko‘rib qolishdi. Ulardan: “Sevgilimni ko‘rmadingizmi?” deb so‘radim.
4 Ularning oldidan ketishim bilanoq, Sevgilimni topdim. Uni mahkam quchib, qo‘yib yubormadim. Onamning uyiga olib keldim. Uni o‘z tuqqan onamning xonasiga olib kirdim.
5 Ey Quddus qizlari, Kiyigu yovvoyi ohular haqi ont iching. Vaqt–soati kelmaguncha, Sevgini qo‘zg‘atmang, uyg‘otmang.
6 Dashtda tutunday ko‘tarilib, Ko‘rinayotgan narsa nimadir? Undan attor rastasidagi barcha xushbo‘y atirlarning hidi, Mirra va xushbo‘y tutatqilarning hidi kelib turibdi.
7 Qaranglar, u Sulaymonning taxtiravonidir, Uning atrofida oltmishta pahlavoni bor. Ular Isroil xalqi orasidagi eng bahodir jangchilardir.
8 Qilich o‘ynatishda hammasi mohir, Jangda ham juda mahoratlidirlar. Tunda bo‘ladigan hujumlardan saqlanish uchun Ularning hammasi qilich bilan qurollangan.
9 Shoh Sulaymon o‘z taxtiravonini Lubnon yog‘ochlaridan yasattirgan.
10 Bu taxtiravon dastalari kumushdan, Orqasi tilladan yasalgan, O‘rindig‘iga esa safsar kimxob to‘shalgan. Quddus qizlari taxtiravonning ichini Muhabbat bilan bezatganlar.
11 Chiqinglar, ey Sion qizlari! Shoh Sulaymonga qaranglar. To‘yi kuni, yuragi shodlik bilan to‘lgan kuni Onasi kiydirgan tojga qaranglar.