1 Yahudo shohi Yo‘shiyo. 3 Qonun kitobi.
Shohlar (to‘rtinchi kitob) 22 bob
1 Yo‘shiyo sakkiz yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘ttiz bir yil hukmdorlik qildi. Onasining ismi Yodido bo‘lib, Bozxatlik Odayoning qizi edi.
2 Yo‘shiyo Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. O‘ngga ham, chapga ham og‘masdan, bobosi Dovudning yo‘lidan yurdi.
3 Yo‘shiyoning Shofon degan kotibi bor edi. Shofon Mashullom degan odamning nabirasi, Ozaliyo deganning o‘g‘li edi. Yo‘shiyo o‘z shohligining o‘n sakkizinchi yilida Shofonni Egamizning uyiga yuborayotib, unga shu gaplarni aytdi:
4 “Oliy ruhoniy Xilqiyoning huzuriga bor. Darvozabonlar xalqdan to‘plab, Egamizning uyiga keltirgan kumushlarni u hisoblab chiqsin.
5 So‘ngra kumushlarni Egamizning uyida mehnat qilayotgan ishboshilarga bersin. Ishboshilar esa kumushlarni olib, Egamizning uyidagi buzilgan joylarni tuzatayotganlarga, duradgorlarga, binokorlarga, tosh teruvchilarga bersinlar.
6 Uyning tuzatilishi uchun lozim bo‘lgan yog‘ochni, yo‘nilgan toshni ham o‘sha kumushga sotib olishsin.
7 Ularga berilgan kumushning hisobi so‘ralmasin, chunki ular halol ishlashyapti.”
8 Oliy ruhoniy Xilqiyo kotib Shofonga: “Egamizning uyidan Tavrot kitobi topib oldim”, deb kitobni Shofonga berdi. Shofon kitobni o‘qidi.
9 Keyin shohning huzuriga borib: “Xizmatkorlaringiz Egamizning uyidagi kumushlarni olib, o‘sha yerdagi ishboshilarga berdilar”, deb hisobot berdi.
10 Keyin u shohga: “Ruhoniy Xilqiyo menga kitob berdi”, dedi–da, ovoz chiqarib shohga kitobni o‘qib berdi.
11 Shoh Tavrotda yozilgan so‘zlarni eshitgach, qayg‘udan liboslarini yirtib tashladi.
12 Keyin ruhoniy Xilqiyoga, Shofon o‘g‘li Oxixamga, Mixiyo o‘g‘li Axborga, kotib Shofonga va o‘zining mulozimi Osoyohga shunday farmon berdi:
13 “Boringlar, topilgan bu kitobdagi so‘zlarga muvofiq, men to‘g‘rimda ham, butun Yahudo xalqi to‘g‘risida ham Egamizning xohish–irodasini bilinglar. Otalarimiz bu kitobdagi so‘zlarga quloq solmaganlari, hammamiz uchun yozilgan bu so‘zlarga rioya qilmaganlari uchun, Egamizning dahshatli g‘azabi bizga qarshi g‘oyatda alanga olgan.”
14 Ruhoniy Xilqiyo, Oxixam, Axbor, Shofon va Osoyoh payg‘ambar Xulda huzuriga borib, unga maslahat soldilar. Xulda Egamizning uyidagi muqaddas liboslar posboni Shallunning xotini edi. Shallun Tixvoning o‘g‘li, Xarxasning nabirasi edi. Xulda Quddusning Yangi dahasida yashardi.
15 Xulda ularga shunday dedi: — Isroil xalqining Xudosi — Egamiz aytmoqda: “Sizlarni Mening huzurimga yuborgan odamga shu gaplarimni aytinglar:
16 Yahudo shohi o‘qigan kitobda yozilganday, bu yurtga ham, bu yurtda yashayotgan xalqqa ham falokat keltiraman.
17 Ular Mendan yuz o‘girganlari, boshqa xudolarga qurbonliklar keltirib, o‘z qo‘llari bilan yasagan butlar tufayli qahrimni keltirganlari uchun, bu yurtga qarshi g‘azabim alangalanadi va aslo bosilmaydi.”
18 Egamizning xohish–irodasini bilish uchun sizlarni yuborgan Yahudo shohiga shu xabarni beringlar: “Isroil xalqining Xudosi — Egamiz eshitgan so‘zlaring to‘g‘risida shuni aytmoqda:
19 bu yurt vayron bo‘lib, bu yurtda yashaganlar la’nati bo‘lsin, degan so‘zlarimni eshitganingdan keyin, yuraging yumshadi, Menga bo‘yin egding, qayg‘udan liboslaringni yirtib, huzurimda nola qilding. Men ham iltijolaringni eshitdim.
20 Shunga ko‘ra, sen ota–bobolaring yoniga xotirjam ketasan, o‘z qabringga dafn etilasan. Bu yurtga Men keltiradigan jamiki falokatlarni sen ko‘rmaysan.” Xilqiyo va uning hamrohlari bu xabarni shohga yetkazdilar.