IMON BILAN SUVGA CHO‘MISH
Havoriylar kitobi, 8-bob, 26-39-oyatlar
Hashamatli bir ot-arava sahro bo‘ylab sekin yurib borardi. Aravaning ichida kiyimidan badavlatligi ko‘- rinib turgan, qora tanli bir odam o‘tirardi. U hech narsaga e’tibor bermay, o‘rog‘lik qog‘ozni o‘qib kelar edi.
O‘z vatani Habashistonda obro‘-e’tiborli va zodagon bo‘lgan bu amaldor Xabashiston malikasining moliya vaziri edi. Shunga qaramay u o‘zini baxtiyor hisoblamasdi. Amaldorni qiynayotgan savollardan ba’zilari “Yashashdan maqsad nima? O‘lganimdan keyin menga nima bo‘ladi? Gunohlarimdan o‘tadigan Zot bormi? Meni qanday bo‘lsam, shundayligimcha yaxshi ko‘radigan birortasi bormi?” kabilar bo‘lib, ularga javob topishga qiynalardi.
Amaldor Xudoning qadimda Isroil xalqini tanlab olib, O‘zi bilan birga bo‘lishi uchun unga to‘g‘ri yashashni o‘rgatgani haqida eshitgan edi. Shu bois u Quddusni ziyorat qilib, u yerdagi Ma’badda ibodat qilish va o‘zini qiynayotgan savollarga javob topishni istardi. Biroq amaldor Isroil xalqiga begona xalqdan bo‘lgani uchun uning Ma’badga kirishiga ruxsat berishmadi. Uning uchun ko‘p narsa tushunarsizligicha qolib ketdi.
Shunday bo‘lsa-da, Quddusga qilingan safari behuda bo‘lmasligi uchun o‘ziga qadimgi bitiklar yozilgan qimmatbaho o‘ram sotib oldi. Bu bitik qadimda yashab o‘tgan Ishayyo payg‘ambarning kitobiga mansub edi.
Endi amaldor uyga qaytar ekan, aravasida o‘tirib, payg‘ambar kelishini bashorat qilgan Zot haqida o‘qir edi. Bashoratga ko‘ra bu Zot O‘zini azobli o‘limga topshirib, ko‘plab xalqlarni qo‘lga kiritishi lozim edi. “Buning ma’nosi nima bo‘lishi mumkin? – o‘ziga savol berdi amaldor.
Shu payt kimdir:
– O‘qiyotganingni tushunyapsanmi? — deb so‘rab qoldi.
Bu Filip edi. Egamiz havoriyga sahro yo‘liga chiqishni buyurgandi. Mana u qora tanli amaldor Ishayo payg‘ambarning kitobini ovoz chiqarib o‘qiyotganini eshitib qoldi. Habashistonlik amaldor:
– Umuman hech narsa tushunmayapman, – deb javob berdi. – Agar sen bilsang, aravaga chiq, menga hammasini tushuntirib ber.
Filip aravaga chiqib, amaldorning yoniga o‘tirdi.
– Ayt-chi, payg‘ambar bu gaplarni kim to‘g‘risida aytgan? – so‘radi u Filipdan.
– Iso to‘g‘risida, – dedi Filip.
– Iso? Kim U?
Shunda Filip Iso to‘g‘risida hamma narsani, xususan, Uning xastalarga shifo bergani, mo‘’jizalar yaratgani, qanchadan-qancha odamlarga yordam bergani, shuningdek Xudoning Shohligi haqida ham tushuntira boshladi. Bundan tashqari, farziylar va ruhoniylarning Isoni yomon ko‘rgani va oxir-oqibat rimliklarning qo‘li bilan Uni o‘ldirtirganlarini ham so‘zlab berdi.
– Afsus, – hayolidan o‘tkazdi amaldor, – jon deb U bilan tanishgan bo‘lardim.
– U bilan hoziroq tanishishing mumkin! – dedi Filip. – Chunki Iso qayta tirildi!
Keyin havoriy amaldorga Isoning shogirdlari guvohlik bergan narsalar, ya’ni Isoning qayta tirilgani, osmonga ko‘tarilgani va Muqaddas Ruhning kelgani haqida gapirib berdi.
– Men ham suvga cho‘mishni istayman! – dedi amaldor hayajonini yashirmay.
Filip javob berdi:
– Agar chindan ham Isoga ishonsang, men seni jon deb suvga cho‘mdirib qo‘yaman.
Habashistonlik amaldor ma’qul deganday qilib boshini silkitdi va dedi: – Iso Masih – Xudoning O‘g‘li ekaniga ishonaman!
Arava suv bor joy yonidan o‘tayotganlarida, ular aravadan tushdilar va Filip uni suvga cho‘mdirdi.
Amaldor o‘zida yo‘q xursand edi. Filipga rahmat aytish uchun o‘girilib qaraganida, Filip allaqachon g‘oyib bo‘lgan edi. Shunga qaramay, amaldor bari bir xursand bo‘lib yo‘lida davom etdi, chunki Iso har doim u bilan birga bo‘lishini Filipdan bilib olgandi.
SAVOLLAR
1) Filip nima sababdan sahro yo‘liga chiqdi?
2) Zodagon amaldor nima maqsadda Quddusga kelgan edi?
3) U Muqaddas Yozuvlarning qaysi kitobini o‘qirdi? U Filipdan nima haqida so‘radi?
4) Habashistonlik amaldor suvga cho‘mdirilishdan avval Filip unga nimalar haqida gapirib berdi?
5) U nima uchun xursand bo‘lib yo‘lida davom etdi?
Hikoyalar. Muqaddas Kitob (Oilaviy o‘qish uchun) o‘zbek tilida.
Birinchi qism. ESKI AHD Hikoyalar kitobi, Tavrot - Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Is'hoq, Ismoil, Muso. Zabur - Dovud. YANGI AHD - Ikkinchi qism. Injil - Hikoyalari Iso Masih.
Muqaddas Kitobdan olingan hikoyalar to‘plami keng doiradagi kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, saralab olingan, yorqin manzaralar bilan bezatilgan yuzdan ziyod illyustratsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hikoyalar kitobxonga hamda uning har bir oila a’zosiga Muqaddas Kitobning boy mazmuni bilan tanishish imkonini beradi.