QOYADAN CHIQQAN SUV
Sahroda kitobi, 20-bob,1-13 hamda 22-29-oyatlar
Isroilliklar sahroda uzoq vaqt yashab, bir joydan boshqasiga ko‘chib yurdilar. Bir kuni ular suvi yo‘q bo‘lgan joyga kelib o‘rnashdilar. Ular muammoni qanday hal qilgan deb o‘ylaysiz? Xudoga iltijo qildilarmi yoki nolib boshladilarmi? Baxtga qarshi ular har doim qilib kelganlaridek, yana Muso bilan Horunga qarab ming‘irlay boshladilar:
- Nimaga avvalroq o‘lib ketmagan ekanmiz a? Nimaga bizlarni Misrdan olib chiqdingiz? Sahroda o‘lib ketishimiz uchunmi? Bu yerda na anjir daraxti, na tokzor, na birorta meva bor. Mana endi suv ham yo‘q ekan!
Hali ham sahroda tentirab yurganlarining sababi Xudoga ishonmaganlarida ekanligini ular allaqachon unutgan edilar. Muso bilan Horun xalqning nolishini eshitib, g‘amga botishdi. Ular xalqdan uzoqlashib, chodir oldida tiz cho‘kib ibodat qila boshladilar. Ko‘p o‘tmay Xudo ularga gapirib dedi:
- Tayog‘ingni olib, xalqni shu yerga to‘pla. Keyin qoyaga yaqinlashib, qoyaga suv chiqsin deb buyur. Shunda qoyadan suv oqib chiqadi.
Lekin Muso bilan Horun hali ham xalqdan darg‘azab edilar. Ular:
- Quloq solinglar, ey, itoatsiz bandalar! Mana shu qoyadan sizlarga suv chiqarib berishimiz kerakmi?
So‘ng Muso qo‘lini ko‘tarib, qoyaga tayog‘i bilan ikki marta urgan edi, qoyadan suv otilib chiqdi. Jamoa o‘zlari suv ichib, keyin chorvalarini ham sug‘ordi.
Muso Egamizning amrini to‘liq bajo keltirdi deb o‘ylaysizmi? Shu yerda Musoning bir nechta xato qilganini ko‘ramiz. Birinchidan, u qoyani tayoq bilan urishi emas, balki unga buyruq berishi kerak edi, xolos. Ikkinchidan, Muso bilan Horunning o‘zlari ham qoyadan suv chiqishiga shubhalangan edilar.
Shunga qaramasdan, Xudo xalqiga O‘zining rahmdilligini namoyon etish uchun qoyadan suv chiqargan edi. Muso bilan Horunga bo‘lsa U jazo tayinladi:
- Menga yetarlicha ishonmaganingiz uchun, Isroil xalqiga Mening muqaddasligimni namoyon etmaganligingiz uchun, va’da qilingan yerga sizlar kirmaysizlar.
Ular uchun bu jiddiy jazo edi. Ibrohim Xudo sharafiga qurbongoh o‘rnatib, sajda qilgan Kan’on yurtini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni Muso juda orzu qilar edi. Bu voqeadan keyin esa uning orzulari amalga oshishi gumon edi.
Muso butun yer yuzidagi eng kamtar inson edi. Isroilliklar unga nisbatan ko‘pincha nonko‘rlik qilsalar va unga ta’na toshlari otsalar- da, u hech qachon ularga qo‘rslik qilmas edi. Faqat mana shu safargina Muso o‘zini tutib tura olmagan edi.
SAVOLLAR
1) Yana bir bor suv tanqisligiga uchragan xalq qanday yo‘l tutdi?
2) Xudo Musoga qoyadan suvni qay tariqa chiqarishni buyurdi?
3) Muso buning o‘rniga nima ish qildi?
4) Xudo Muso bilan Horunni qanday jazoladi?
Hikoyalar. Muqaddas Kitob (Oilaviy o‘qish uchun) o‘zbek tilida.
Birinchi qism. ESKI AHD Hikoyalar kitobi, Tavrot - Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Is'hoq, Ismoil, Muso. Zabur - Dovud. YANGI AHD - Ikkinchi qism. Injil - Hikoyalari Iso Masih.
Muqaddas Kitobdan olingan hikoyalar to‘plami keng doiradagi kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, saralab olingan, yorqin manzaralar bilan bezatilgan yuzdan ziyod illyustratsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hikoyalar kitobxonga hamda uning har bir oila a’zosiga Muqaddas Kitobning boy mazmuni bilan tanishish imkonini beradi.