Shomuil payg‘ambarning hikoyasi
YOSH SHOMUIL
1 Shohliklar kitobi, 3-bob
Isroilliklar va’da qilingan yerda uzoq yillar yashab kelardi. Ular uylar qurishar, yerga ishlov berib, uzumzorlar ekishar, hamda yashab turgan yurtlarini dushmanlardan muntazam himoya qilishar edi.
Sahroda bo‘lganlarida Xudoning o‘nta amri yozilgan tosh lavhalarni Muqaddas chodirda saqlar edilar. Endi bo‘lsa bu chodirni tog‘ning tepasiga o‘rnatishdi. Xudoga sajda qilish yoki qurbonliklar keltirishni istagan odamlar o‘sha yerga borishardi.
Ruhoniy Elax Egamiz Ma’badiga kiraverishda o‘tirib, toqqa ko‘tarilayotgan odamlarni kuzatar edi. Qarib qolgani bois ruhoniylik vazifasini o‘zi bajara olmaydigan bo‘lib qolganidan, o‘rniga o‘g‘illari chodirda xizmat qilishardi. Biroq Elaxning o‘g‘illari Xudoga itoatsiz bo‘lib, ko‘p yomon ishlar qilishardi. Elax bu haqda bilsa ham, o‘g‘illarini jiddiy tergamas edi. Ularga bunday noma’qul ish qilmanglar deb aytar, biroq o‘g‘illari otasining gapini e’tiborga olmas edi.
Bir kuni Elaxning oldiga bir ayol kichkina bolani yetaklab keldi.
- Assalomu alaykum! – dedi u. – Ismim Xanna. Meni eslaysizmi? Bir necha yil avval shu yerda Xudodan o‘g‘il berishini so‘rab ibodat qilgandim. O‘sha paytda bor umidimni yo‘qotgan edim. Esingizdami, Egamizga achchiq–achchiq yig‘lab, nola qilgan edim. Endi bo‘lsa Egamiz tufayli baxtiyorman. Mana mening o‘g‘lim, - deya ayol o‘g‘liga mehr bilan boqdi. – O‘shanda Egamiz iltijolarimni qabul qilishini aytgan edingiz. Mana endi o‘g‘lim doim Ma’badda xizmat qilishi uchun uni siz
bilan qoldiraman. Uning ismi Shomuil, Xudoga xizmat qilishingizda u sizga yordamchi bo‘ladi. Chunki uni Egamizga bag‘ishlayman deb, Egamiz huzurida qasam ichganman.
- Egamiz seni marhamatlasin, o‘g‘lim, Shomuil, – dedi Elax. – Yur, senga yashaydigan hujrangni ko‘rsataman.
Shomuilga Elaxga yordam berish yoqar edi.
Bir kuni kechasi Shomuil Ahd sandig‘i yaqinida uxlab yotar edi. Kimdir uning ismini aytib chaqirayotganini eshitib, birdan uyg‘onib ketdi.
- Labbay! – deb ovoz berdi u.
Hech kim javob bermagandan so‘ng, Shomuil Elaxning oldiga yugurib kelib:
- Meni chaqirdingizmi? – deb so‘radi.
- Yo‘q, men seni chaqirmadim, – dedi Elax, – qayt, borib joyingga yot.
- Qiziq, – o‘yladi Shomuil, so‘ng borib yana uyquga cho‘mdi.
- Shomuil! – yana eshitildi ovoz. Bola bu safar qo‘rqib ketdi. So‘ng o‘rnidan turdida, shosha-pisha Elaxning oldiga bordi.
- Meni chaqirdingizmi?
- Yo‘q, o‘g‘lim, seni chaqirganim yo‘q, - boshini chayqadi Elax. – Borib yot!
Shomuil yana uxlab qoldi. Bu safar u yana kimningdir o‘zini baland ovoz bilan chaqirayotganini eshitdi. “Yana bir bor adashgan bo‘lishim mumkin emas”, - o‘yladi Shomuil va Elaxning oldiga yugurib keldi.
- Labbay, Hazratim, men shu yerdadman! Sizga biron narsa kerak emasmi?
Ruhoniy tushundiki, Shomuilni Xudo chaqirayotgan ekan.
- Orqangga qaytib borib uxla. Xudo yana seni chaqiradigan bo‘lsa, “Gapiraver, ey, Egam, quling tinglayotir”, deb javob ber.
Shomuil o‘rniga yotib kuta boshladi. Shunda ovoz yana bir bor eshitildi:
- Shomuil, Shomuil!
- Gapiraver, ey, Egam, quling tinglayotir! – javob berdi Shomuil bir oz titroq bilan.
Shunda Xudo unda dedi:
- Men Elaxning oilasini hukm qilaman. Elaxga o‘g‘illarini yovuzlik qilishdan to‘xtatmagani uchun, o‘z hulq-atvorlari bilan Mening nomimga dog‘ tushirishiga yo‘l qo‘yib bergani uchun jazolayman. Ularning ikkisi ham bir kunda halok bo‘lishadi.
Bunday daxshatli xabarni eshitib, Shomuil ertalabgacha mijja qoqmadi. Quyosh chiqqanida esa o‘rnidan turib, Egamizning uyi eshiklarini ochdi.
- Egamiz tunda senga nima dedi? – so‘radi Elax.
Dastlab Shomuil Egamizning dahshatli vahiysini Elaxga aytishni istamadi, biroq Elaxning qistovi bilan hech narsani yashirmay aytib berdi. Ruhoniy eshitganlaridan chuqur qayg‘uga cho‘mdi, keyin g‘am- anduh ila dedi:
- U Egamizdir. Unga nima ma’qul bo`lsa, o‘shani bajo qiladi.
Shomuil yil sayin ulg‘ayib borar, Egamiz esa u bilan birga edi. Tez oradi butun Isroil Shomuil Egamizning payg‘ambari bo‘lishga loyiqligiga amin bo‘ldi. Egamiz unga muhim haqiqatlarni ochib berar, u esa bularni Isroil xalqiga yetkazar edi.
SAVOLLAR
1) Egamiz nima uchun Elaxdan norozi bo‘ldi?
2) Egamiz Ma’badda Shomuilni necha marta chaqirdi?
3) Egamiz Shomuilga nima dedi?
Hikoyalar. Muqaddas Kitob (Oilaviy o‘qish uchun) o‘zbek tilida.
Birinchi qism. ESKI AHD Hikoyalar kitobi, Tavrot - Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Is'hoq, Ismoil, Muso. Zabur - Dovud. YANGI AHD - Ikkinchi qism. Injil - Hikoyalari Iso Masih.
Muqaddas Kitobdan olingan hikoyalar to‘plami keng doiradagi kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, saralab olingan, yorqin manzaralar bilan bezatilgan yuzdan ziyod illyustratsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hikoyalar kitobxonga hamda uning har bir oila a’zosiga Muqaddas Kitobning boy mazmuni bilan tanishish imkonini beradi.