ISO EMMAUS YO‘LIDA SHOGIRDLARIGA KO‘RINADI
Luqo bayon etgan Xushxabar, 24-bob, 13-35-oyatlar
Isoning shogirdlaridan ikkitasi ruhi tushgan va g‘amgin holda Quddusdan Emmaus degan qishloqqa ketayotgan edi. Yo‘l bo‘yi ular o‘zaro suhbatlashib, oxirgi kunlarda ro‘y bergan voqealarni muhokama qilib borar edilar. Ular Isoning buyuk rahnamo bo‘lib, xalqni ozod qilishiga umid qilgan va shu sabab Unga ergashgan edilar. Uni esa qatl etishdi. ... Biroq shaharda Uning tirilgani haqida mish-mishlar tarqalgan. Bu xabardan ularning boshi qotgan edi.
Shogirdlar o‘zaro gaplashib ketar ekan, qandaydir Yo‘lovchi ularga hamroh bo‘ldi. Bu Iso edi. Iso ma’lum vaqt ular bilan jim yurib bordi, keyin esa so‘radi:
– Yo‘l bo‘yi nima haqida tortishib borayapsiz? Nimaga xomush ko‘rinasizlar?
– Shu kunlarda Quddusda yuz bergan voqealardan nahot bexabar bo‘lsang? – dedi ulardan biri.
So‘ng shogirdlar bo‘lib o‘tgan voqealarni aytib berishdi. Gaplarini tugatib bo‘lgach, oraga yana sukunat cho‘kdi. Iso ularni oxirigacha tinglab, nihoyat O‘zi so‘z ochdi:
– Nahotki Muqaddas Bitiklarda yozilganlarni
tushunish sizlar uchun shunchalik qiyin bo‘lsa?! Aks holda bularning hammasi yuz berishi kerakligini anglagan bo‘lardingiz. Xudoning O‘g‘li Iso Masih odamlarning gunohi uchun azob chekishi va o‘lishi, shundan so‘ng tirilishi va ulug‘lanishi lozim edi.
Keyin Iso ularga Musodan tortib Payg‘ambarlar bitiklarida O‘zi haqida yozilgan so‘zlarning hammasini tushuntirib berdi. Ular ushbu parchalarning ko‘pchiligi bilan tanish bo‘lsalar-da, ularning ba’zilarini noto‘g‘ri tushunishgan, ba’zilariga ishonishmagan, ba’zilarini esa shunchaki unutishgan edi. Endi bo‘lsa ularning ko‘zlari ochildi. Rostdan ham Muqaddas Kitobda aytilgan bashoratlarning barchasi bajo bo‘lgan edi! Ularning Ustozi va Rabbi bo‘lgan Iso odamlarni Rim imperatorining hukmronligidan emas, aksincha gunohning hukmronligidan qutqarish uchun O‘z jonini fido qilgan edi. Shuningdek Uning o‘limi va qayta tirilishi tasodif emas, balki azaldan Xudo tomonidan rejalashtirilgan edi. Qanday qilib ular buni avvalroq tushunmagan ekanlar-a?
Notanish Yo‘lovchini tinglagani sayin shogirdlarning qayg‘usi tarqab borar edi. Lekin ular hali hamon o‘zlariga Kim hamroh bo‘lib kelayotganini payqamasdilar.
Shu orada shogirdlar Emmaus qishlog‘iga yetib qolishdi va Yo‘lovchini kechki ovqatga va birga tunab qolishga taklif etishdi. Yo‘lovchi rozi bo‘ldi. Dasturxon tuzalgach, U nonni olib shukrona duosini o‘qidi va nonni sindirib, ularga berdi.
– Qiziq, Iso ham oramizda bo‘lganida doim shunday qilar edi, – ikkalasi ham hayolidan o‘tkazishdi.
Shunda ularning ko‘zlari ochildi: qarshilarida Iso o‘tirar edi! Avvaliga shogirdlar Uni tanimagan edilar, endi esa shak-shubhaga o‘rin qolmadi, bu – aniq Iso edi!
Shu onda Iso ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Qanday qilib ular Isoni avvalroq tanishmadi ekan! Axir Iso ularga Muqaddas bitiklarni tushuntirayotganda, ularning yuraklariga iliqlik yugurmaganmidi? Garchi Iso ularning yonida bo‘lmasa-da, ikkala do‘st boshqa g‘amgin emasdilar. Iso tirik! Ular qattiq quvonganlaridan, o‘sha kuniyoq Quddusga qaytib, bu haqda qolgan shogirdlarga aytib berishga qaror qildilar. Quddusda shogirdlar yig‘ilgan uyga kirib, ular bilan quvonchli xabarni bo‘lishdilar.
SAVOLLAR
1) Emmaus yo‘lida nechta shogird borayotgan edi? Ular nimadan chuqur qayg‘uda edilar?
2) Ular yo‘lda Kimni uchratishdi?
3) Ular Isoni qanday tanib qoldilar?
Hikoyalar. Muqaddas Kitob (Oilaviy o‘qish uchun) o‘zbek tilida.
Birinchi qism. ESKI AHD Hikoyalar kitobi, Tavrot - Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Is'hoq, Ismoil, Muso. Zabur - Dovud. YANGI AHD - Ikkinchi qism. Injil - Hikoyalari Iso Masih.
Muqaddas Kitobdan olingan hikoyalar to‘plami keng doiradagi kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, saralab olingan, yorqin manzaralar bilan bezatilgan yuzdan ziyod illyustratsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hikoyalar kitobxonga hamda uning har bir oila a’zosiga Muqaddas Kitobning boy mazmuni bilan tanishish imkonini beradi.