DONIYOR VA UNING DO‘STLARI
Doniyor kitobi, 1-bob
Navuxadnazar saroyida Yahudo xalqidan bo‘lgan bir nechta yosh yigitlar yashardi, ular shohlar va beklar avlodidan edilar. Shohning bu yoshlarga nisbatan o‘ziga xos bir rejasi bor edi. Shoh ularga uch yil mobaynida ta’lim berish, bobilliklar tilini va turli fanlarni o‘rgatishga qaror qilgan edi. Buning natijasida ular ulkan imperiyani boshqarishda shohning yordamchilariga aylanishgan edi.
Bu yigitlarning ismlari quyidagicha edi: Doniyor, Xanoniyo, Mishail va Ozariyo. Ularning yahudiylardan kelib chiqqanlarini eslatmasligi uchun ularning ismlarini bobilcha ismlarga o‘zgartirishdi. Xususan, Doniyorga – Beltashazar, Xanoniyoga – Shadrax, Mishailga – Meshax, Ozariyoga esa Abednaxu degan ismlar berishdi.
Bu qalin do‘stlar asirlikda ham Xudoga ibodat qilishda davom etdilar. Dastlab, boshidanoq, o‘lim xavf solib turganiga qaramay, ular shohona yegulik va sharobdan bulg‘anishni xohlamadilar. Egamiz yosh yigitlarning jasorati va sadoqatini munosib taqdirlab, ularga o‘tkir zehn, bilim, o‘qishga layoqat hamda ko‘rkam tashqi ko‘rinish berdi.
Doniyorga esa Xudodan alohida in’om – Xudoning Ruhi yordamida tushlar va vahiylarni ta’bir etish in’omini berdi.
Bir kuni Navuxadnazar tush ko‘rdi va uning tushini hech kim ta’bir eta olmadi. Yolg‘iz Doniyorgina tushning ma’nosini aytib bera oldi. Shohning bundan hayrati oshdi, lekin Doniyor o‘zining bu qobiliyati Xudoning in’omi ekanini aytdi. Navuxadnazar Doniyor sajda qiladigan barhayot Xudoni ulug‘lab, Unga sanolar aytdi.
SAVOLLAR
1) Shoh Navuxadnazar saroyga kimlarni keltirdi? Ularning ismlari nima edi?
2) Shoh asirlikdagi yigitlar haqida qanday reja tuzgan edi?
3) Yigitlar qanday qarorga kelishdi?
Hikoyalar. Muqaddas Kitob (Oilaviy o‘qish uchun) o‘zbek tilida.
Birinchi qism. ESKI AHD Hikoyalar kitobi, Tavrot - Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Is'hoq, Ismoil, Muso. Zabur - Dovud. YANGI AHD - Ikkinchi qism. Injil - Hikoyalari Iso Masih.
Muqaddas Kitobdan olingan hikoyalar to‘plami keng doiradagi kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, saralab olingan, yorqin manzaralar bilan bezatilgan yuzdan ziyod illyustratsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hikoyalar kitobxonga hamda uning har bir oila a’zosiga Muqaddas Kitobning boy mazmuni bilan tanishish imkonini beradi.