ISONING ZAKKAY BILAN UCHRASHUVI
Luqo bayon etgan Xushxabar, 19-bob, 1-10-oyatlar
Yerixoda Zakkay degan soliq yig‘uvchilarning boshlig‘i yashardi. U hammaga taniqli va badavlat odam edi. Uning ish joyi shahar darvozasi yaqinida edi. Shaharga kirmoqchi bo‘lgan savdogarlar har doim mana shu joydan o‘tishardi.
– To‘xtanglar! – derdi Zakkay, – soliq to‘lamasdan turib shaharga kirishga hech kimning haqqi yo‘q. Qani ikki kumushdan chiqaringlar-chi, soliq miqdorini Rim hukumati o‘rnatgan.
Yo‘lovchilar ich-ichidan norozi bo‘lib pul chiqarishganida, Zakkay xursand bo‘lib ketar edi. Boisi uning boyligi yana bir bor ko‘paygan bo‘lardi-da. Rim hukumatiga, u, kumush tanganing faqat bittasini topshirar, qolganini esa cho‘ntagiga urar edi.
Odamlarga doim jilmayib qarasa-da, aslida baxtiyor emas edi, chunki uni hech kim yoqtirmas edi. Aksari odamlar undan nafratlanardi. Odamlar unga shunday munosabatda bo‘lishlariga aslida o‘zi sabachi ekanini Zakkay albatta yaxshi bilardi. Chunki uning o‘zi noto‘g‘ri ish qilardi.
Bir kuni bir guruh odam Yerixoga Isoning tashrif buyurishi haqida gapirishayotgan edi. Zakkay buni eshitib qoldi.
Iso? – xushyor tortdi Zakkay.
“Iso! Men ham Uni bir ko‘rishim kerak, axir Uni hamma taniydi. Uning odamlarni yaxshi ko‘rishini hamma gapiryapti, lekin meni U yaxshi ko‘rmasa kerak, – o‘yladi Zakkay. – Meni hech kim yaxshi ko‘rmaydi. Shunday bo‘lsa-da, Uni bir ko‘rsam degandim.
Zakkay qilayotgan ishini xizmatchilariga topshirib, o‘zi esa ko‘chaga chiqdi. Iso mana shu ko‘chadan o‘tishi kerak edi. Afsuski, ko‘cha Isoni ko‘rishga kelgan odamlar bilan to‘lib bo‘lgan edi! Zakkay past bo‘yli bo‘lgani bois, olomon orasida turib, Isoni ko‘ra olmayotgan edi.
Nima qilsa ekan-a? Ko‘chada nimalar bo‘layotganini ko‘rish uchun u teparoq joyga chiqib olishi kerak. Shunda yaqin atrofdagi bir daraxtga ko‘zi tushdi. Daraxtga chiqib olish kerak! Soliqchilar boshlig‘i Zakkayning daraxtga qanday tirmashib chiqayotganini ko‘rgan odamlar xiringlashib kulishardi. Biroq Zakkay ularga e’tibor bermas edi. Nima qilib bo‘lsa ham Isoni ko‘rishni xohlardi u.
Shu orada Iso o‘n ikki shogirdi bilan ko‘chada paydo bo‘ldi. Uning ortidan katta olomon ham ergashib kelar edi. Zakkay diqqat bilan kuzatar edi. Pastda, daraxtning shundoqqina tagida...
Yo‘q! Iso shundoqqina o‘tib ketmadi! U daraxt ostiga kelib to‘xtadi va yuqoriga qarab, Zakkayga dedi:
– Zakkay! Tezroq pastga tush, Men bugun sening uyingda mehmon bo‘lishim kerak.
“U meni qayerdan biladi? – hayron bo‘ldi Zakkay, – Nima uchun aynan mening uyimda mehmon bo‘lmoqchi?”
Hozir uning o‘ylab o‘tirishga vaqti yo‘q edi. Zakkay darrov pastga tushdi-da, Isoni va Uning shogirdlarini uyiga taklif qildi.
Uydagilariga darhol dasturxon yoyishni, eng tansiq taomlarni olib kelishni buyurdi. Iso bilan shaxsan tanishganidan Zakkayning boshi osmonga yetdi. Odamlar to‘g‘ri aytgan ekan: Iso undan hazar qilmadi. U hamma odamlarni, hatto Zakkay kabi gunohkorona hayot kechiradiganlarni ham yaxshi ko‘rar edi.
Zakkayning yuragida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Iso bilan gaplashar ekan, u gunoh ichida yashab kelganini anglab yetdi va buning uchun tavba qildi. Ziyofat oxirida, u, Isoga yuzlanib dedi:
– Hazrat, men mol–mulkimning yarmini kambag‘allarga beraman. Biron kimsaning narsasini nohaq olgan bo‘lsam, to‘rt barobar qilib qaytaraman.
Isoning mehmon bo‘lib kelganidan Zakkayning boshi osmonga yetgan edi. Iso bilan uchrashgach, Zakkay yangi hayot kechira boshladi. Endi u Xudoning irodasiga bo‘ysunib ish qilishni istardi.
Isoga hamroh bo‘lib Zakkaynikiga kelgan ba’zi odamlar norozi bo‘ldilar:
– Iso nima uchun uning uyiga kirdi? Biz bu yulg‘ich bilan hatto gaplashmaymiz ham. Buning ustiga hech kim u bilan bir dasturxon atrofida ham o‘tirmaydi. Lekin Iso deganlari biznikiga kirmasdan,
unikiga kirib mehmon bo‘lyapti! – derdi ular nolinib.
Isoning yuragini odamlar har doim ham tushunavermas edilar. Mana U Zakkayga shunday dedi:
– Bugun xonadoningga najot keldi! Sen endi Xudoning xalqiga qo‘shilding. Men dunyoga senga o‘xshagan gunohkorlarni topish va qutqarish uchun kelganman!
SAVOLLAR
1) Zakkay nima ish bilan shug‘ullanar edi?
2) Zakkay Isoga qanday va’da berdi? Uning bunday qaror qabul qilishiga nima sabab bo‘ldi?
3) Iso dunyoga nima uchun kelgan?
Hikoyalar. Muqaddas Kitob (Oilaviy o‘qish uchun) o‘zbek tilida.
Birinchi qism. ESKI AHD Hikoyalar kitobi, Tavrot - Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Is'hoq, Ismoil, Muso. Zabur - Dovud. YANGI AHD - Ikkinchi qism. Injil - Hikoyalari Iso Masih.
Muqaddas Kitobdan olingan hikoyalar to‘plami keng doiradagi kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, saralab olingan, yorqin manzaralar bilan bezatilgan yuzdan ziyod illyustratsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hikoyalar kitobxonga hamda uning har bir oila a’zosiga Muqaddas Kitobning boy mazmuni bilan tanishish imkonini beradi.