Klayv Styeyplz Lyuis G‘alamisning xati- (29-xat) Kitob O'zbek tilida
Ғаламиснинг хати (Клайв Стейплз Льюис) Ўзбек тилида Аудиокитоб 
YIGIRMA TO‘QQIZINCHI XAT
Mening qadrli Razilginam!
Mana endi mijozingning shahrini nemislar bombardimon qilishini va majburiyatlar uni eng xavfli joylarga olib borishini aniq bilganingdan so‘ng, taktikangni o‘ylab ko‘rishimiz kerak. O‘z oldimizga nimani vazifa qilib qo‘yishimiz kerak: uning kibrga olib keladigan qo‘rqoqliginimi, jasoratinimi, yoki nemislarga bo‘lgan nafratinimi?
O‘ylashimcha, uni jasur qilib ko‘rsata olmaymiz. Bizning ilmiy tadqiqot bo‘limimiz, hech bo‘lmaganda, qandaydir yaxshi fazilatni uyg‘otishning biror – bir usulini hali kashf qilganicha yo‘q (garchi bugun–erta muvaffaqiyat kutayotgan bo‘lsak–da). Bu jiddiy to‘siq. Kuchli va chuqur g‘azab uchun insonga fazilat ham kerak. Jasorati bo‘lmaganda, Atilla kim bo‘lardi – yoki asketizmi bo‘lmaganda – Sheylokchi? Biz bu yaxshi fazilatlarni singdira olmas ekanmiz, Dushman tomonidan singdirilgan fazilatlardan foydalanish qoladi, bu esa, albatta, Unga, Usiz butunlay bizning qaramog‘imizda bo‘lgan odamlarga tayanch beradi. Bunday sharoitda ishlash juda qiyin, lekin qachondir biz buni yaxshiroq uddalay olishimizga ishonaman.
Biz nafratlanishga qodirmiz. Shovqin va charchoq paytida odamlardagi asablarning zo‘riqishi ularni kuchli his–tuyg‘ularga undaydi va bu zaiflikni to‘g‘ri izga yo‘naltirish qoladi. Agar uning aqli qarshilik qilsa, uni yaxshilab chuvalatib yubor. U o‘zi uchun emas, balki begunoh ayollar va bolalar uchun nafratlanishini va masihiylik e’tiqodi yaqinining dushmanlarini emas, o‘z dushmanlarini kechirishi kerakligini o‘ziga–o‘zi aytsin. Boshqacha qilib aytganda, o‘zida ayollar va bolalar bilan ularning nomidan nafratlanadigan darajadagi birdamlikni his qilsin, aslo ularning dushmanlarini o‘ziniki deb hisoblaydigan va shuning uchun kechiradigan darajadagi birdamlikni emas.
Nafrat qo‘rquv bilan juda yaxshi mos keladi. Qo‘rqoqlik – quvonch keltirmaydigan illatlar ichida yagonadir: uni oldindan his qilish dahshatli, uni boshdan kechirish dahshatli, u haqda eslash ham dahshatli. Nafratning esa o‘z zavq–shavqi bor. Ko‘pincha u qo‘rquvning tahqirlanishi o‘rnini qoplaydigan qimmatli tovon bo‘lib chiqadi. Qo‘rquv qanchalik kuchli bo‘lsa, nafrat ham shunchalik ortib boradi. Shuningdek, nafrat – uyatga qarshi mukammal giyohvand moddadir. Agar uning yaxshi xislatini jarohatlamoqchi bo‘lsang, birinchi navbatda uning jasoratiga zarba ber.
Biroq, hozir bu ish xavfli. Biz ko‘p odamlarga o‘z illatlari bilan faxrlanishini o‘rgatdik, lekin qo‘rqoqlik bilan emas. Har doim biz endi uddaladik deganda, Dushman urush, zilzila yoki yana qandaydir falokat yuborib, jasorat darhol go‘zal va odamlar uchun zarur bo‘lib qolar va bizning barcha ishlarimiz barbod bo‘lardi; shuning uchun ular uyaladigan yana kamida bitta illat bor. Ammo mijozingni qo‘rqoqlikka undash orqali, afsuski, sen unda chinakam o‘zidan nafratlanishni, so‘ngra pushaymonlik va itoatkorlikni uyg‘otib qo‘yishing mumkin. Axir so‘nggi urush paytida minglab odamlar o‘zlarida qo‘rqoqlikni fosh etib, birinchi marta hayotning axloqiy sohasini kashf etdilar. Tinchlik paytida biz ko‘pchilikni yaxshilik va yomonlik masalalariga butunlay e’tibor bermaslikka majburlashimiz mumkin. Ammo xavf–xatar paytida bu savollar ularning oldida shunday tug‘iladiki, hatto biz ham ularni kar qilolmaymiz. Biz qiyin bahsga duch kelamiz: agar biz adolat va rahm–shafqatni qo‘llab–quvvatlasak, u Dushman qo‘liga o‘tadi, agar biz qo‘llab–quvvatlamasak, ertami–kechmi urush yoki inqilob boshlanadi (U bunga ruxsat beradi) va shoshilinch ravishda qo‘rqoqlik va jasorat masalasi minglab odamlarni ma’naviy gumrohlikdan uyg‘otadi.
Bu, Dushman xavf–xatarga to‘la, ya’ni axloqiy masalalar ba’zan birinchi o‘ringa chiqadigan dunyoni yaratganining sabablaridan biri bo‘lsa kerak. Qolaversa, U ham sen kabi jasorat – faqat fazilatlardan biri emas, balki sinovlar paytidagi har qanday fazilatning, ya’ni yuksak voqe’lik lahzalarida namoyon bo‘lish shakli ekanligini tushunadi. Jasoratsiz iffat, halollik va rahm–shafqat – bu yanglish fazilatlardir. Pilat xavf tug‘ilmagunicha rahmdil edi. Balki shuning uchun ham vasiyligingdagi kishini qo‘rqoq qilib, biz yo‘qotganimizchalik ko‘p narsaga erishamiz: u o‘zi haqida juda ko‘p narsalarni bilib olishi mumkin. Albatta, yana bir imkonimiz bor – unda uyatni so‘ndirmaslik, balki uni umidsizlik darajasigacha chuqurlashtirish kerak. Juda zo‘r bo‘lardi! U o‘zining gunohkorligini o‘zi to‘la his qilmagani uchungina, imon keltirganman va Dushman meni mag‘firat qildi, degan qarorga kelgan bo‘lardi, gap butun xorligida anglab yetgan gunohga kelganda esa, u na Dushmanning rahm–shafqatini izlay olar, na Unga ishona olgan bo‘lardi. Lekin u Dushman maktabida yetarli darajadagi yaxshi o‘quvchi va umidsizlik – uni yaratgan barcha gunohlardan ham kattaroq gunoh ekanini biladi deb qo‘rqaman.
Qo‘rqoqlik vasvasasining texnikasiga kelsak, bu yerda hamma narsa oddiy. Ehtiyotkorlik bu gunohning rivojlanishiga yordam beradi. Ammo ish bilan bog‘liq ehtiyotkorlik tezda odat tusiga kiradi, shuning uchun undan hech qanday naf yo‘q. Buning o‘rniga, sen shunday qilginki, uning miyasidan xavfsizroq bo‘lishi uchun biror narsa qilish kerakmikin degan allaqanday o‘y–xayollar (o‘z burchini bajarishi uchun qat’iy maqsad bilan) o‘tsin. Uning xayolini «Men shu yerda qolishim va buni qilishim kerak», degan oddiy qoidadan uzoqlashtir va uni bir qator xayoliy vaziyatlar bilan almashtir (Agar A sodir bo‘lsa – va bu sodir bo‘lmaydi deb umid qilaman – men B ni amalga oshira olaman – va agar eng yomoni sodir bo‘lsa, men har doim V ni amalga oshira olaman). Irim–chirimlarni ham paydo qilish mumkin, albatta, ularni boshqacha atagan holda. Eng muhimi, unga Dushman va Dushman tomonidan berilgan va tayanishi mumkin bo‘lgan jasoratdan boshqa biror narsa borligini his qilishga majbur qil. Shunda burchga bo‘lgan jami sadoqat g‘alvirni, undagi teshiklar esa – ko‘pchilik kichik yanglish so‘zlarni eslata boshlaydi. «Eng yomoni»ning oldini olishga mo‘ljallangan xayoliy nayranglar tizimini qurish orqali, sen uning irodasining ongsiz qismida «eng yomoni» sodir bo‘lmasligi kerakligiga ishonch hosil qilasan. Haqiqiy dahshat lahzasida hammasini mijozingning asablari va tanasiga tashlaysan va shunda uning halokat daqiqasi u seni kashf qilishidan oldin keladi. Unutmaginki, faqat qo‘rqoqlik harakati muhimdir. Qo‘rquvning o‘zi – gunoh emas: biz undan zavqlansak ham, bundan naf yo‘q.
Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis.
Книга на Узбекском языке: «Письма Баламута» (Клайв Стейплз Льюис)
«Письма Баламута» Клайва Льюиса — уникальное произведение. Это и повесть в лучших традициях эпистолярного жанра, и философская притча, и аллегорическое религиозное наставление.
«Письма Балам ута» — рассказ Клайва Льюиса 1942 года, написанный в традициях эпистолярного жанра в котором за внешне забавной историей скрываются серьезные духовные проблемы




































































































































