Klayv Styeyplz Lyuis G‘alamisning xati- (25-xat) Kitob O'zbek tilida
Ғаламиснинг хати (Клайв Стейплз Льюис) Ўзбек тилида Аудиокитоб
YIGIRMA BESHINCHI XAT
Mening qadrli Razilginam!
Vasiyligingdagi kishi aylanayotgan davradagi eng yomon narsa ular faqat masihiy ekanligidir. O‘z–o‘zidan ayonki, ularning hammasida shaxsiy manfaatlari bor, biroq ularni imon bog‘lab turibdi. Biz esa, agar odamlar dindor bo‘la boshlasa, ularni men “masihiylik va ...” deb ataydigan masofada saqlab turishni istaymiz. Tushunayapsanmi? Masihiylik va inqiroz, masihiylik va yangi psixologiya, masihiylik va yangi jamiyat, masihiylik va imon bilan davolash, masihiylik va vegetarianlik, masihiylik va imloni isloh qilish. Bordi–yu, masihiy bo‘lishni juda xohlab qolishgan bo‘lsa, pisandali masihiy bo‘laqolishsin. Ularda imonning o‘rnini masihiycha bo‘yoqqa ega qandaydir moda egallay qolsin. Bu yerda sen ularning eski va o‘zgarmas narsalar oldidagi qo‘rquvidan foydalanishing shart. Eskilik va o‘zgarmaslik oldidagi dahshat – biz odamlar yuragida o‘stirishga erisha olgan eng qimmatli ishtiyoqlardan biri bo‘lib, dindagi bid’at, maslahatlardagi bemulohazalik, do‘stlikdagi nomuqimlikning bitmas–tuganmas manbaidir. Odamlar zamonda yashamoqda va voqelikni bir qator ketma–ket hodisalar sifatida boshdan kechirmoqda. Shu bois, voqelik haqida ko‘p bilish uchun ular boy tajribaga ega bo‘lishlari zarur, boshqacha qilib aytganda, ular o‘zgarishlarni boshdan kechirishlari kerak.
Dushman o‘zgarishni yoqimli qilgan, xuddi taom iste’mol qilishni yoqimli qilgani kabi (U qalban – gedonist ekanligini senga aytib o‘tgandim). Lekin U o‘zgarishlar, xuddi taom kabi birdan–bir maqsadga aylanib qolishini istamaydi va shuning uchun o‘zgarishni yaxshi ko‘rishni doimiylikni yaxshi ko‘rish bilan muvozanatga solgan. Doimiylik va o‘zgarishni bir marom deb ataladigan ittifoqqa birlashtirib, U ikkala ehtiyojni hatto O‘zi yaratgan Koinotda ham qondirishgacha borib yetgan. U odamlarga yil fasllarini beradi, ulardan har biri o‘zidan oldin kelgan fasldan farq qiladi, biroq har yili har bir fasl xuddi shunday bo‘laveradi; aytaylik, bahor har doim yangilanish sifatida va ayni paytda mangu mavzuning takrorlanishi sifatida qabul qilinadi. U odamlarga jamoat (cherkov) yilini ham beradi: ro‘zadan so‘ng bayramlar keladi va har bir bayram xuddi ilgarigidek bo‘ladi. Biz taomga mehr qo‘yishni ochko‘zlikni uyg‘otish uchun ajratamiz, o‘zgarishlarga tabiiy mehrni doimo yangi narsani talab qilishga aylantiramiz. Talab qilish, bu — butunicha bizning faoliyatimiz natijasidir. Agar biz o‘z majburiyatlarimizni yomon ko‘rsak, odamlar nafaqat xursand bo‘lishadi, balki bu bahordagi boychechaklar, bu tongdagi quyosh chiqishi, shu Mavlud bayramidagi archaning yangiligi va odatiyligidan g‘oyat zavqlanishadi. Biz hali eng yaxshi ko‘nikmalarni singdirishga ulgurmagan barcha bolalar xuddi kuz yozning o‘rnini muntazam egallagani kabi, chanalar kemachalarni suvda oqizishning o‘rnini bosadigan, o‘yinlarning yillarda aylanishidan mutlaqo baxtlidirlar. Faqat bizning hormay–tolmay mehnat qilishimiz yordamidagina o‘zgarishlarni cheksiz, tinimsiz talab qilishga aylantirishga erishiladi. Bu talab ko‘p jihatdan qimmatli. Birinchidan, u bunda lazzatlanishga chanqoqlikni umuman oshirib, har qanday rohatlanishni o‘tmaslashtiradi. Yangilikdan qoniqish o‘z tabiatiga ko‘ra, boshqa har qanday narsadan kattaroq bo‘lib, “takrorlaganda pastga tushish”ga berilgan. Tobora yangiroq rohat olish esa – arzon emas, shunday ekan, yangi narsaga chanqoqlik ochko‘zlikka, halokatga yoki ham unisiga, ham bunisiga olib keladi. Shuningdek, chanqoq qanchalik bosib bo‘lmas bo‘lsa, u quvonchning barcha mas’um manbalarini shunchalik tez yutib yuboradi va Dushman taqiqlagan manbalarga olib keladi. Mana shu tarzda eski va o‘zarmas narsa oldidagi qo‘rquvni rivojlantirib borarkanmiz, biz, masalan, san’atni ilgari bo‘lganidan ko‘ra, o‘zimiz uchun kamroq xavfli qildik — shoirlar va ijodkorlar orasidagi tafakkurga qarshi bo‘lganlar endi har kuni shahvatparastlik, noma’qullik, shafqatsizlik va kibrning tobora yangi va yangi aysh–ishratlarini o‘ylab topishayapti. Albatta, yangi narsaga tashnalik biz urf va keng tarqalganlikni rag‘batlantirishimizga to‘g‘ri kelganida, zarur bo‘ladi.
Dunyoqarashlardagi urf odamlarning diqqatini asl qadriyatlardan chalg‘itishga mo‘ljallangan. Biz har bir avlodning qo‘rquvini xavf hozir eng kam bo‘lgan nuqsonlarga qarshi yo‘naltiramiz, ma’qullashini esa, zamonga xos qilishga urinayotgan shu nuqsonga yaqin bo‘lgan yaxshi fazilatga yo‘naltiramiz. O‘yin shundan iboratki, ular suv toshgan paytda o‘t o‘chirish asbobini olib yugursinlar va qayiqning suv tagida qolib bo‘lgan tomoniga o‘tsinlar. Shunday qilib, entuziazmga ishonchsizlik urfini aynan odamlarda dunyoning farovonligiga bog‘lanib qolish ustunlik qilgan vaqtda kiritamiz. Biz ularga Bayronga xos jo‘shqinlikni singdiradigan va “hissiyotlar” bilan mast qiladigan keyingi yuz yillikdagi urf oddiy “onglilik”ka qarshi yo‘nalgan bo‘ladi.
Shafqatsiz davrlar sentimentallikka qo‘riqchi qo‘yadi, bo‘shashgan va bayram ruhidagi davrlar — shaxsga hurmatga qarshi, axloqsiz davrlar — sipolikka qarshi qo‘riqchi qo‘yadi, hamma odamlar yo qullar yoki zolimlar bo‘lishga tayyor bo‘lganda esa, biz liberalizmni asosiy qo‘riqchi qilamiz.
Lekin bizning eng katta g‘alabamiz — falsafadagi eski va o‘zgarmas narsalar oldidagi dahshatni singdirishdir. Shu tufayli aqliy ma’nosizlik irodani parchalashi mumkin. Evolyutsiya va tarixiy rivojlanish to‘g‘risidagi zamonaviy evropa g‘oyasi (qisman – bizning ishimiz) bu yerda ancha foydali bo‘ladi. Dushman siyqasi chiqqanlikni sevadi, U odamlar biror narsani rejalashtira turib, o‘zlariga oddiy: bu adolatlimi? bu maqsadga muvofiqmi? iloji bormi? degan savollar berishini istaydi. Agar biz odamlarni o‘ziga: bu davr ruhiga mosmi? bu progressivmi yoki reaksionmi? tarix to‘g‘ri yo‘ldan ketayaptimi? degan savollarni berishga majbur qilsak, — ular ishga taalluqli narsalarga e’tibor qilishmaydi. Ular o‘zlariga beradigan savollarga, albatta, javob yo‘q. Ular kelajakni bilishmaydi, u qanday bo‘lishi esa, ko‘p jihatdan, aynan ularning tanloviga bog‘liq. Natijada, to ularning fikrlari bo‘shliqda aylanib turarkan, biz suqulib kirish va ularni o‘zimiz istagan harakatlarga undash uchun eng yaxshi imkoniyatga ega bo‘lamiz. Katta ish qilingan. Ular qachonlardir ba’zi o‘zgarishlar – yaxshilikka, boshqalari – yomonlikka qaratilgani, uchinchilarining esa ahamiyati yo‘qligini bilishardi. Buni biz juda buzib yubora oldik. “O‘zgarishlarsiz” degan atamaning bayon qiluvchi tavsifini biz “turg‘unlik” degan hissiy so‘z bilan almashtirdik. Biz ularni har birlari nimaiki qilishmasin va kayerda bo‘lishmasin, kelajak haqida faqat tanlanganlargina qadam qo‘yadigan, soatiga oltmish daqiqa tezlikda harakatlanadigan joy sifatida o‘ylashlariga o‘rgatdik.
Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis.
Книга на Узбекском языке: «Письма Баламута» (Клайв Стейплз Льюис)
«Письма Баламута» Клайва Льюиса — уникальное произведение. Это и повесть в лучших традициях эпистолярного жанра, и философская притча, и аллегорическое религиозное наставление.
«Письма Балам ута» — рассказ Клайва Льюиса 1942 года, написанный в традициях эпистолярного жанра в котором за внешне забавной историей скрываются серьезные духовные проблемы.