Klayv Styeyplz Lyuis G‘alamisning xati- (24-xat) Kitob O'zbek tilida
Ғаламиснинг хати (Клайв Стейплз Льюис) Ўзбек тилида Аудиокитоб 
YIGIRMA TO‘RTINCHI XAT
Mening qadrli Razilginam!
Sening mijozing xonimini kuzatadigan Tilyog‘lamaga xat yozib yubordim va endi bu qizning zirhidagi kichkina yoriqni ko‘rdim. Bu intellektual muhitda o‘sgan, yaqqol ifodalangan imon bilan birlashgan deyarli har bir ayolda bor bo‘lgan kichkina nuqsondir. Bu ayollarga ularning imoni tarafdori bo‘lmagan hamma begona shaxslar shunchaki ahmoq va g‘alati bo‘lib tuyuladi. Bu begonalar bilan uchrashadigan erkaklar bu odamlarga boshqacha munosabatda bo‘ladi. Ularning e’tiqodi, agar bor bo‘lsa, — boshqa turda. Qiz o‘z imonining natijasi deb hisoblaydigan e’tiqodi esa, do‘stlardan olingan tasavvurlarga kuchli bog‘langan: bu tasavvurlar uning o‘z uyidagi baliq kesuvchi pichoqlar “to‘g‘ri”, “me’yordagidek” va “haqiqiy”, qo‘shni oiladagilarniki esa – “noto‘g‘ri” deb o‘ylagan o‘n yoshlik paytdagi tasavvurlardan unchalik ham farq qilmaydi. Biroq bu yerda bilmaslik va soddalik shunchalik ko‘p, ruhiy kibr esa shunchalik kamki, bizda bu qizga deyarli umid yo‘q. Lekin sen vasiyligingdagi kishiga ta’sir o‘tkazish uchun bundan qanday foydalanish mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rdingmi?
Biror masalada yangi bo‘lgan odam hamisha bo‘rttirib ko‘rsatadi. Cho‘qqiga ko‘tarilgan odam – oddiy va erkin, yosh shogird esa — ancha sipo. Bu yangi doirada vasiyligingdagi kishi yangi odamga o‘xshaydi. Bu yerda u har kuni ilgari o‘zi hech qanday tasavvurga ega bo‘lmagan xususiyatlarga boy nasroiycha hayotga duch keladi. U bu xislatlarga taqlid qilishga astoydil intiladi (aslida, Dushman unga buyruq beradi). Uni bu xatoga taqlid qilishga hamda unda kechirish hissi eng kuchli his, gunohlardan eng chiroylisi – ruhiy kibr bo‘lishi uchun uni ushbu xatoni oshirishga majbur qil.
. Sharoitlar hozir eng mukammal payti, shekilli. U bo‘lib turgan yangi davra bilan faqat ular masihiylar bo‘lgani uchungina faxrlanib qolish yetarli emas. Bu jamoat u ilgari duch kelgan barcha odamlarga qaraganda, ma’lumotliroq, aqlliroq, yoqimliroq. Bundan tashqari, u mazkur jamoatdagi o‘rnini ham butunlay tasavvur qila olmayapti. Sevgi ta’siri ostida u hali ham o‘zini qizga munosib emas deb hisoblaydi, lekin u tez orada o‘zini boshqa munosabatlarda munosib deb hisoblaydi. Bu odamlar olijanoblik yuzasidan mijozingni qanchalik tez–tez kechirayotgani va endi u bu oilaga kirishib ketgani bois, u haqda yaxshi ma’noda qanchalik ko‘p gapirayotgani unga ko‘rinmayapti. Bu odamlar vasiyligingdagi kishining aytgan gaplarida o‘z qarashlarining shaxsiy aks–sadosini tanishayotgani uning tushiga ham kirib chiqmaydi. U bu odamlarga nisbatan his qilayotgan maftunligini uning ko‘zlarida o‘sha qiz yoqayotgan erotik tarovatga qanchalik bog‘liq ekanligini yana ham kamroq fahmlaydi. U bu odamlarning ruhiy darajasiga mos kelgani bois, ularning suhbatlari va hayoti o‘ziga yoqayapti deb o‘ylaydi, aslida esa, bu odamlar undan ancha yuqori turadi va agar u shunchalik sevib qolmaganida edi, hozir tabiiy deb qabul qilayotgan ko‘p narsalar mijozingni o‘ylantirib qo‘ygan va qahrini keltirgan bo‘lardi. Vasiyligingdagi kishi hozir faqat ov instinkti va xo‘jayinga mehri tufayligina o‘q otishni yaxshi ko‘rib qolgani uchun ov qurolini yaxshi bilaman deb o‘ylayotgan itga o‘xshaydi.
Mana shu yerda ishga tushasan. Hozircha Dushman sevgi va O‘zining xizmatida ancha ilgarilab ketgan ba’zi odamlar yordamida bu yosh vahshiyni, aks holda u hech qachon yetisha olmaydigan cho‘qqiga ko‘tarar ekan, sen uni o‘z darajasini topgan, bu odamlar “uning doirasidagilar”, bu odamlar yonida – u o‘z uyida deb o‘ylashga majbur qilasan. U boshqa odamlar bilan muloqot qilganida, u muloqot qilayotgan odamlarning deyarli har bir toifasini aslida ancha tussiz, lekin ko‘proq unga o‘sha qiz yetishmay turgani bois, ancha zerikarli deb topadi. Vasiyligingdagi kishini o‘sha qizning doirasi va u zerikayotgan doira o‘rtasidagi keskin farqni masihiylar va imonsizlar o‘rtasidagi keskin farq, deb qabul qilishga majburla. Uni “har holda, biz, imonlilar qanchalik boshqacha odamlarmiz–a!” deb hisoblashga (so‘zda bundan yaxshiroq ifodalab ham bo‘lmaydi) majbur qil. “Biz imonlilar” deganda u, garchi anglamagan holda bo‘lsada, “o‘z doirasi”ni nazarda tutishi, “o‘z doirasidagilar” deganda esa, “o‘z yaxshiligi va itoatkorligiga ko‘ra meni o‘z muhitiga qabul qilgan odamlar”ni emas, balki “huquqimga ko‘ra, men taalluqli bo‘lgan odamlar”ni nazarda tutishi shart.
Omad sen uni alday olish–olmasligingga bog‘liq. Agar sen uni masihiyligi bilan faxrlanishga yaqqol va oshkora majbur qilsang, ehtimol, hamma ishni buzib qo‘yasan: har holda Dushmanning ogohlantirishlari ancha yaxshi ma’lum. Bordiyu, boshqa tomondan “biz, imonlilar” bilan nayrang umuman ish bermasa–yu, faqat uni to‘garakdagidek o‘zidan qoniqishga undasa, sen uni haqiqiy ruhiy kibrga olib kelmaysan, balki ijtimoiy kekkayganlikka olib kelasan, bu esa kibr bilan taqqoslaganda, ko‘z–ko‘z qilinadigan va bema’ni bir nuqsondir. Bu yerda u o‘zining barcha yashirin fikrlarida seni ma’qullagani yaxshiroq; u hech qachon o‘ziga: “Nega endi men o‘zimni maqtayapman?» degan savolni bera ko‘rmasin. U biror doiraga mansubman, qandaydir sirga jalb qilinganman deb o‘ylashi uning uchun ancha shirin xayoldir. Ana shu torni chalishda davom etaver. Qizning zaif tomonidan foydalanib, vasiyligingdagi kishini imonsizlar gapirayotgan hamma narsani kulgili deb bilishga o‘rgat. Bu yerda biz ba’zan zamonaviy masihiy davralarda uchratayotgan nazariyalardan ayrimlari foydali bo‘lishi mumkin; men jamiyat imonlilarning qandaydir ma’lum davrasiga, qandaydir olim kohinlarga umid bildiruvchi nazariyalarni ko‘zda tutayapman. Bu nazariyalar to‘g‘ri yoki to‘g‘ri emasligi senga hech ham taalluqli emas, asosiysi, masihiylik uning uchun tasavvufga asoslangan qatlam bo‘lishi, o‘zini esa bag‘ishlanganlardan biri deb his qilishidir.
Men sendan yana shuni iltimos qilaman: o‘z xatingni urush haqidagi har xil bema’niliklar bilan to‘ldirma. Urushning yakuniy natijasi, shubhasiz, muhim, biroq bu bizning Quyi Qo‘mondonligimiz ishi. Angliyada qancha odam bombalar bilan o‘ldirilgani meni mutlaqo qiziqtirmaydi.
Ular qanday ruhiy holatda o‘lganini esa bizning byuromiz statistikasidan bilib olaman. Ular qachonlardir o‘lishini men shundoq ham bilardim. Sendan juda iltimos qilaman, o‘z ishing bilan shug‘ullan.
Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis.
Книга на Узбекском языке: «Письма Баламута» (Клайв Стейплз Льюис)
«Письма Баламута» Клайва Льюиса — уникальное произведение. Это и повесть в лучших традициях эпистолярного жанра, и философская притча, и аллегорическое религиозное наставление.
«Письма Балам ута» — рассказ Клайва Льюиса 1942 года, написанный в традициях эпистолярного жанра в котором за внешне забавной историей скрываются серьезные духовные проблемы.




































































































































