Klayv Styeyplz Lyuis G‘alamisning xati- (23-xat) Kitob O'zbek tilida
Ғаламиснинг хати (Клайв Стейплз Льюис) Ўзбек тилида Аудиокитоб 
YIGIRMA UCHINCHI XAT
Mening qadrli Razilginam!
Bu qiz va uning ko‘ngilni aynituvchi oilasi orqali vasiyligingdagi kishi har kuni yangidan–yangi – buning ustiga ancha aqlli masihiylar bilan tanishayapti. Endi ruhiy qiziqishlarni uning hayotidan bartaraf qilish oson emas. Xo‘p, mayli, ularni aynitishga urinib ko‘ramiz. Shubhasiz, sen mashg‘ulotlarda tez–tez yorug‘lik farishtasiga aylanib turarding. Nima ham derdik, buni Dushman ko‘z o‘ngida ham qilish vaqti yetdi. Dunyo va badan bizni aldadi. Uchinchi imkoniyat qoladi. Agar u yaxshi natijalarga olib kelsa, yuqori navli g‘alaba bo‘ladi. Pastga urilgan taqvodor, munofiq, inkvizitsiya hakami yoki afsungar do‘zaxga zolim yoki fohishaboz kabi o‘rtamiyonalikka qaraganda ko‘proq quvonch keltiradi.
Mijozingning yangi do‘stlarini tekshirib ko‘rib, men hujum qilish uchun eng yaxshi joy ilohiyot va siyosat o‘rtasidagi hudud deb hisoblayman. Uning do‘stlaridan ko‘pchiligi dinning ijtimoiy oqibatlariga mas’uliyat bilan yondashadi. Bu o‘z–o‘zidan yomon. Lekin bundan ham yaxshi foydalansa bo‘ladi.
Ko‘p ijtimoiy–masihiy yozuvchilar masihiylik e’tiqodi o‘z rivojlanishining ilk bosqichida buzila boshllab, O‘z Najotkorining ta’limotidan uzoqlasha boshladi deb hisoblashini bilib olasan. Bu g‘oya yordamida biz har xil olimlar “keyinroq kiritilgan qo‘shimchalar va buzib ko‘rsatishlar”ni bartaraf eta turib kelgan va keyin buni har qanday masihiylik naqllariga qarshi qo‘yib, undan foydalanishgan “tarixiy Iso” haqidagi o‘sha tushunchani yana va yana rag‘batlantiraveramiz. O‘tgan avlodda biz “tarixiy Iso” ta’limotini liberal va gumanistik asoslarda qo‘llab–quvvatladik. Endi biz marksizm, dunyo halokati va inqilob yo‘nalishi bo‘yicha yangi “tarixiy Iso”ni ilgari surayapmiz. Bu ta’limotlarda (biz esa ularni taxminan har o‘ttiz yilda o‘zgartirmoqchimiz) ustun tomonlar ko‘p. Birinchidan, ularning hammasi odamning e’zozlanishini mavjud bo‘lmagan narsaga yo‘naltiradi, chunki har bir “tarixiy Iso” tarixiy emas. Yozma manbalar ularda nima aytilgan bo‘lsa, shuni takrorlaydi va bunga boshqa hech nima qo‘shib bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir “tarixiy Iso”dan so‘ng, ba’zi tomonlarini kamaytirib va boshqa tomonlarini oshirib ko‘rsatib, shuningdek, farazlar qurib (biz odamlarni bu farazlarni yorqin db atashga o‘rgatdik), ulardan biror narsa sug‘urib olishga to‘g‘ri keladi, bu farazlar uchun hech kim bir chaqa ham bermagan bo‘lardi, lekin ular har qanday nashriyotning kuzgi reklamasida yangi Napoleonlar, Shekspirlar va Sviftlarning butun bir atoqli guruhi paydo bo‘lishi uchun yetarlidir. Ikkinchidan, bu ta’limotlarning barchasi o‘zining “tarixiy Iso”si ahamiyatini go‘yoki U e’lon qilgan qandaydir o‘ziga xos nazariya bilan o‘lchaydi. U so‘zlarning zamonaviy tom ma’nosida “buyuk inson”, ya’ni biror telba–teskari narsani ta’kidlaydigan, odamlarga najot taklif qiladigan g‘alatiroq inson bo‘lishi shart. Biz odamlarni shunday qilib U kimligi va U nima qilganidan chalg‘itamiz. Avvaliga biz Uni shunchaki donolik Ustoziga aylantiramiz, keyin Uning ta’limoti boshqa buyuk ma’naviy ustozlarning ta’limoti bilan chuqur yakdillikka ega ekanligi haqida indamay qo‘ya qolamiz. Barcha ma’naviyat ustozlari odamlarga biror yangi narsani xabar qilish uchun emas, balki dunyo tinmay inkor qilayotgan yaxshilik va yomonlik haqidagi barcha qadimiy siyqasi chiqqan gaplarni eslatish, tiklash uchun Dushman tomonidan yuborilganini odamlar hech qachon ko‘rishlari kerak emas. Biz safsatabozlarni yaratamiz — U shularga qarshi zarba berish uchun Suqrotni ilgari suradi. Bizning uchinchi maqsadimiz — bu ta’limotlar orqali ibodat hayotini buzishdir. Odatda odamlar tomonidan ibodatlar va sinoatlarda his qilinadigan, Dushman chindan hozir bo‘lishi o‘rniga, biz sarob ko‘rinishida ularga ehtimoliy, uzoqlashgan, xira, g‘alati tilda so‘zlayotgan va juda avval o‘lib ketgan mavjudotni beramiz. Bunday mavjudotga sajda qilishning iloji yo‘q. Yaratuvchining ijodi Unga sig‘inayotgan yaratiluvchi o‘rniga, biz maxluqni, o‘z tarafdorlarining dohiysini taklif qilamiz, oxirida esa – mulohazali tarixchi ma’qullaydigan mashhur shaxsni taklif qilamiz. To‘rtinchidan, bunday turdagi imon o‘zining tarixiy bo‘lmagan Isosi bilan birga, tarixni umuman boshqa ma’noda ham buzib ko‘rsatadi. Isoning Yerdagi hayotini fan qoidalari bo‘yicha tadqiq etarkan, barcha xalqlardan atigi bir necha odamgina Dushman qarorgohiga kelgan. Aslida insoniyatga Uning to‘liq tarjimai holi uchun hatto material ham berilmagan. Ilk masihiylar esa faqat bitta tarixiy dalil – Qayta Tirilish va faqat bitta aqida – Gunohni yuvish ta’siri ostida imonga kelishgan. Bu aqida ularda bo‘lgan narsa – gunohga ta’sir qilgan. Bu ta’sir qaysidir “buyuk odam” tomonidan yangilik tarzida ilgari surilgan qandaydir g‘aroyib qonunga qarshi bo‘lmagan, balki odamlarni onalar va enagalar o‘rgatgan eski, ommaga ma’lum va umumiy bo‘lgan axloq qonuniga qarshi edi. Kalomdagi xabar qilishlar kechroq paydo bo‘lgan va odamlarni masihiylikka kiritish uchun emas, balki imonga kelganlarga pand–nasihat qilish uchun yozilgan.
Mana shuning uchun ham, Iso bizga ba’zi bandlarda qanchalik xavfli ko‘rinmasin, har doim “Tarixiy Iso”ni rag‘batlantir.
Masihiylik va siyosatning aloqasiga kelganda esa, bizning ahvolimiz qiyinroq. Tabiiyki, odamlar o‘z imonlarining siyosiy hayotlariga kirishiga ruxsat berishlarini istamaymiz, chunki chindan ham adolatli jamiyatga o‘xshash biror narsa ulkan kulfat keltirgan bo‘lardi. Boshqa tomondan, biz odamlar masihiylikka, birinchi navbatda, albatta, vosita, o‘z muvaffaqiyatining vositasi sifatida munosabatda bo‘lishini juda istaymiz, lekin bunga erisha olmasak, istalgan narsaning vositasi, hatto ijtimoiy adolat uchun vosita sifatida munosabatda bo‘lishlariga erishishimiz shart. Avvaliga odamni ijtimoiy adolatni qadrlashga majbur qilamiz, chunki bu adolatni Dushman yaxshi ko‘radi, keyin esa odamni u masihiylikni shu din yordamida adolatga erishish mumkin bo‘lganligi uchun qadrlaydigan holatga solamiz. Dushman masihiylikni foyda olish uchun qo‘llashlarini istamaydi. Imon bilan jamiyatda yaxshilanishlarga erishish kerak deb o‘ylovchi odamlar va xalqlar, ko‘cha harakatini tartibga solish maqsadida, Osmon Kuchlaridan xuddi shunday muvaffaqiyat bilan foydalanishlari mumkin. Biroq, yaxshiyamki, ularni bu kichkina qiyinchilikni aylanib o‘tishga ko‘ndirish juda oson. Aynan bugun bir e’tiqodli yozuvchining bir necha sahifasi qo‘limga tushib qoldi, bu sahifalarda u masihiylikning o‘zi tavsiya qilayotgan ko‘rinishini, “bunday imon eski madaniyatlar halokatidan va yangi tamaddunlar tug‘ilishidan keyin ham uzoq umr ko‘rishi”ni yozgan. Bu yerda tayanch nima ekanligini tushunayapsanmi? «Bu haqiqat bo‘lgani uchun emas, balki qandaydir sabablar tufayli bo‘lganiga ishon». Hamma gap mana shunda, axir.
Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis.
Книга на Узбекском языке: «Письма Баламута» (Клайв Стейплз Льюис)
«Письма Баламута» Клайва Льюиса — уникальное произведение. Это и повесть в лучших традициях эпистолярного жанра, и философская притча, и аллегорическое религиозное наставление.
«Письма Балам ута» — рассказ Клайва Льюиса 1942 года, написанный в традициях эпистолярного жанра в котором за внешне забавной историей скрываются серьезные духовные проблемы.




































































































































