Klayv Styeyplz Lyuis G‘alamisning xati- (22-xat) Kitob O'zbek tilida
Ғаламиснинг хати (Клайв Стейплз Льюис) Ўзбек тилида Аудиокитоб 
YIGIRMA IKKINCHI XAT
Mening qadrli Razilginam!
Shunday qilib, vasiyligingdagi kishi sevib qoldi, buning ustiga biz uchun eng yomon tarzda va hatto sen yuborgan ro‘yxatda tilga ham olinmagan qizni. Hoynahoy, senga bilish qiziqdir, xatlarimdan birida ehtiyotsizlik bilan aytilgan ba’zi jumlalar sababli men bilan maxfiy politsiya o‘rtasida keltirib chiqarmoqchi bo‘lganing kichkina anglashilmovchilik endi ortda qoldi. Agar sen shu tariqa meni poylamoqchi bo‘lgan bo‘lsang, xato qilibsan. Xuddi boshqa barcha xatolaring uchun javob berishing kabi, buning uchun ham jazolanasan. Hozircha esa men beparvo yo‘ldan ozdiruvchilar uchun yangi axloq tuzatish uyiga bag‘ishlangan va yaqindagina chop etilgan kichkina risolani ilova qilaman. U ko‘plab rasmlar bilan bezatilgan bo‘lib, unda birorta ham zerikarli sahifani topa olmaysan.
Men bu qizning hujjatlarini izlab topdim va aniqlagan narsalarimdan dahshatga tushdim. U shunchaki masihiy qiz emas — u eng Razillardan biridir! Jirkanch, ablah, ahmoqona tabassumli, kamtar, sukutli, sichqoncha kabi unsiz, xuddi ho‘l tovuq kabi arzimas, bokira, chin g‘o‘r! Shunchaki, ko‘nglim ayniyapti. Uning hujjatlarini o‘qish shunchaki jirkanarli. Dunyo qanchalik buzilib ketganligidan aqldan ozish mumkin. Avvalgi zamonlarda biz uni sahnaga, hayvonlar tilkalab tashlashiga jo‘natgan bo‘lardik. Unga o‘xshagan xotin–qizlar faqat shunga yaraydi. To‘g‘risi o‘sha yerda ham undan foyda kam bo‘lardi. U – ikkiyuzlamachi aldoqchi (men tinchginalarni bilaman): ko‘rinishi xuddi bir tomchi qonni ko‘rsa, hushidan ketadigandek, lekin yaramas, labida tabassum bilan o‘ladi. Ha, ado bo‘lgan aldamchi — talabchan bo‘lib ko‘rinadi, o‘zi esa qochirimlarga to‘la. U hatto men ham kulgili tarzda ko‘rinishim mumkin bo‘lganlardan biri! Beo‘xshov, rangsiz, kichkina qiyshang‘i, lekin birinchi chaqirishidayoq o‘sha gumrohning quchog‘iga tashlanishga tayyor. Agar Dushman bokiralikka shuchalik e’tibor beradigan bo‘lsa, nega endi U qarash va kulish o‘rniga, bu qizni, hech bo‘lmaganda, shuning uchun yakson qilmaydi?
Qalbining tubida U gedonist. Bu barcha o‘zini tiyishlar va sergakliklar, gulxanlar va xochlar— shunchaki peshtoq. Dengiz qirg‘og‘idagi ko‘pik. Uning dengizlari kengliklarida esa — shodlik va yana shodlik. U hatto buni yashirmayapti ham. Ko‘rayapsizmi, Uning mulkida abadiy huzur–halovat. Tfu! Mening nazarimda, bu yerda biz Zulmat Olamimizda yetib boradigan o‘sha yuksak va qorong‘u fojialarga ishora ham yo‘q. U dag‘al, Razilgina! Unda burjua qalb bor. U butun dunyoni, O‘zining butun dunyosini O‘z shodliklari bilan to‘ldirgan. Odamlar kun bo‘yi unda aslo e’tiroz uyg‘otmaydigan narsalar bilan mashg‘ul: cho‘milishadi, uxlashadi, bir–birini sevishadi, raqsga tushishadi, ibodat qilishadi, ishlashadi. Bular bizning foydamizga bo‘lishi uchun, bu ishlarning hammasini buzish shart. Biz o‘ta og‘ir sharoitlarda mehnat qilayapmiz. Hech bir tabiiy narsa o‘z–o‘zicha bizning foydamizga ishlamayapti (biroq bu seni kechirmaydi. Men tez orada sening izingdan tushmoqchiman. Sen har doim meni yomon ko‘rgansan va ilojing bo‘lishi bilanoq, jig‘imga tekkansan). Keyin vasiyligingdagi kishi, albatta, shu qizning butun oilasi bilan va uning atrofidagilarning barchasi bilan tanishadi. Nahotki, sen u hatto qiz yashaydigan uyga kirishi ham mumkin emasligini tushunmayapsan? Butun bu joy achchiq badbo‘y hid bilan qoplangan. Garchi u yerda atigi besh yildan beri bo‘lsada, hatto bog‘bonga ham shu hid urib qolgan. Shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi keladgan mehmonlar ham o‘zlari bilan bu hidni olib ketishadi. Mushuk va it uni o‘ziga yuqtirgan. Bu uy o‘tib bo‘lmas sirni o‘zida saqlaydi. Bizning ishonchimiz komilki (boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas), oilaning har bir a’zosi qaysidir bir tarzda boshqalarni ezadi, lekin biz u yerda gap nimadaligini hech ham bilib ololmaymiz. Xuddi Dushmanning O‘zi kabi, ular beg‘araz sevgi deb ataladigan yolg‘on ortida nima yashiringani haqidagi sirni jon–jahdi bilan asraydi. Butun bu uy va bog‘ — yoppa uyatsizlikdir. Ular Samo haqida shoirlardan biri qalamiga mansub bo‘lgan o‘sha ko‘ngilni ozdiruvchi tasvirni eslatishadi; «Hayot hukmron bo‘lgan va havo kuy hamda sokinlik bilan nafas oladigan o‘sha o‘lka».
Kuy va sukunat … Men ularni qanchalik yomon ko‘raman! Bizning otamiz do‘zaxga qadam qo‘yganidan beri (bu esa inson ma’lumotlariga qaraganda, ancha ilgari bo‘lgan), do‘zax vaqtining birorta ham lahzasi bu jirkanch kuchlarga berilmagani uchun qanchalik minnatdor bo‘lishimiz zarur. Hammasi shovqinga to‘lgan — g‘alaba, shafqatsizlik va kuchni buyuk, harakatchan, baland ovozda ifodalash shovqini! Shovqin va faqat shovqin bizni ahmoqona irodasizlik, umidsiz vijdon qiynalishlari va ro‘yobga chiqmaydigan istaklardan himoya qilishga ko‘maklashadi. Qachonlardir biz butun Koinotni bitta yaxlit shovqinga aylantiramiz. Yer yuzida biz katta muvaffaqiyatlarga erishdik. Oxirida biz hamma kuylarni va samoning butun sokinligini o‘chiramiz. Men biz hali yetarlicha baland ovozda emasmiz deb o‘ylayman. Lekin fan ilgarilamoqda. Sen esa jirkanch, arzimassan...
(Shu yerda qo‘lyozma uzilib qolgan, keyin – boshqa dastxat...) Adabiy jo‘shqinlik og‘ushida men senga bilmay turib, katta qirqoyoq shaklini qabul qilishingga imkon berib qo‘yibman. Shuning uchun men davomini o‘z kotibimga aytib turaman. Endi, evrilish sodir bo‘lganidan so‘ng, men uni taniyapman. U vaqti–vaqti bilan takrorlanadi. U haqdagi mish–mish odamlarga yetib bordi va buzib ko‘rsatilgan farazi ularning shoiri Miltonda go‘yoki qiyofaning bunday o‘zgarishlari bizning zimmamizga “jazo” tariqasida Dushman tomonidan yuklangan degan beo‘xshov qo‘shimcha bilan birga paydo bo‘ldi. Shou ismli yanada zamonaviyroq yozuvchi bu yerda gap nimada ekanligini tushundi: evrilish ichdan sodir bo‘ladi va uni bizning otamiz o‘zidan boshqa biror narsaga sajda qilishi mumkin bo‘lganida, otamiz sig‘inishi mumkin bo‘lgan o‘sha Hayotiy Kuchning yorqin namoyon bo‘lishi deb hisoblash mumkin. Men o‘zimning hozirgi ko‘rinishimda seni ko‘rishga va mahkam quchoqlash, quchoqlash, quchoqlashga yanada ko‘proq tashnaman.
Imzo chekildi: Jahannamdagi Adorodiy G‘alamisning topshirig‘iga binoan, Laganbardor.
Книга на Узбекском языке: «Письма Баламута» (Клайв Стейплз Льюис)
«Письма Баламута» Клайва Льюиса — уникальное произведение. Это и повесть в лучших традициях эпистолярного жанра, и философская притча, и аллегорическое религиозное наставление.
«Письма Балам ута» — рассказ Клайва Льюиса 1942 года, написанный в традициях эпистолярного жанра в котором за внешне забавной историей скрываются серьезные духовные проблемы.




































































































































