Klayv Styeyplz Lyuis G‘alamisning xati- (13-xat) Kitob O'zbek tilida
Ғаламиснинг хати (Клайв Стейплз Льюис) Ўзбек тилида Аудиокитоб
O‘N UCHINCHI XAT
Qadrli Razilgina!
Menga sen oxirgi marta mutlaqo oddiy tarixni bayon qilishga juda ko‘p qog‘oz sarflagandek bo‘lib tuyulayapsan. Hamma gap shundaki, sen vasiyligingdagi kishi qo‘lingdan chiqib ketishiga imkon bergansan. Ahvol ancha jiddiy va men hech ham seni pala–partishliging oqibatlaridan himoya qilmoqchi emasman. Tavba qilish va raqib “xudoning marhamati” deb ataydigan narsaning qaytadan quyulib kelishi, buning ustiga sen tasvirlaganingdek, buning juda kuchli ekanligi — yirik muvaffaqiyatsizlikdir. Bu ikkinchi marta imonga kirishga, ehtimol, bu birinchisiga qaraganda ancha yuqori darajada bo‘lishiga teng.
Sen mijozga u eski tegirmondan kelayotganidagi hujumlaringga xalaqit qiladigan dimiqtiruvchi bulut allaqachon ma’lum ekanligini bilishing lozim edi. Bu Dushmanning eng yovuz quroli bo‘lib, U alohida holatlarda bevosita mijozning yonida bo‘lganida bu qurol paydo bo‘ladi, bu holatlarning tasnifi esa bizda hali to‘liq ishlab chiqilmagan. Ba’zi odamlar hamisha shunday bulut bilan o‘rab olingan bo‘lib, shuning uchun ularga bizning qo‘limiz yetmaydi.
Endi esa sening xatolaring haqida. Sening tasvirlashingga qaraganda, birinchidan, sen mijozga kitob haqiqatan ham unga yoqqani uchun o‘qib chiqishiga imkon bergansan, aslo u yangi do‘stlari oldida aqlli luqmalar tashlashi uchun emas. Ikkinchidan, sen unga eski tegirmonda sayr qilishi, u yerda choy ichishi, o‘ziga yoqqan qishloqni aylanishi va bunda yolg‘iz qolishiga imkon bergansan. Boshqacha qilib aytganda, sen mijozingga ikkita chin rohat olishiga imkon bergansan. Nahotki sen xavfni ko‘ra bilmaydigan darajada savodsizsan? Azoblanish va huzurlanishning asosiy xususiyati shundaki, ular mutlaqo mavjud va toki cho‘zilib turarkan, odamga voqelik mezonini beradi. Agar sen vasiyligingdagi kishidan o‘ylab topilgan kulfatlar tufayli o‘z–o‘ziga achinishga ko‘milgan Chayld Garold yoki Verter yasashga urinib, uni romantizm uslubida halok qilishga uringaningda edi, sen uni har qanday haqiqiy azoblanishdan asrashing zarur bo‘lardi. Besh daqiqalik haqiqiy tish og‘rig‘i barcha romantik qayg‘ularni fosh qiladi, bu qanchalik be’manilik ekanligini ko‘rsatadi va butun strategiyangning niqobini yirtib tashlaydi. Sen mijozingga manmanlik, tashvish, hazil, qimmat va zerikarli rohatlarni tiqishtirib, uni halok qilishga urinib ko‘rding. Haqiqiy rohatga yo‘l qo‘yish mumkin emasligini qanday fahmlamading? Nahotki, rang–barang bunday rohat sen unga shunchalik tirishqoqlik bilan o‘rgatgan o‘sha barcha usti yaltiroq ichi qaltiroq narsalarni o‘ldirishini oldindan ko‘ra bilmading? Sayr va kitob unga bergan rohat biz uchun alohida xavfli ekanliginichi? Bu uning qalbidan sening urinishlaring tufayli o‘sa boshlagan qobiqni yulib olishinichi? Axir, bu unga uyga qaytayotgani, yana o‘zini topayotganini his qilish imkonini berdi–ku! Qo‘l ostingdagi kishini Dushmandan uzoqlashtirarkansan, sen uni o‘zidan uzoqlashtirishni istading va qandaydir darajada bunga erishding ham. Endi esa hammasi havoga sovurildi.
Albatta, Dushman ham odamlar o‘z–o‘zlariga bog‘lanib qolishlarini istamasligini bilaman. Lekin bu mutlaqo boshqa narsa. Esingda tut, U haqiqatan ham bu mayda hasharotlarni sevadi va ulardan har birining takrorlanmasligini kulgili darajada qadrlaydi. U odamlar o‘zlaridan voz kechishlarini aytayotganda, ular o‘zboshimchalikka da’volarini inkor qilishlarini nazarda tutadi. Odamlar bu ko‘rsatmaga amal qilishsa, U ularga shaxs ekanligini to‘liq qaytaradi va hatto odamlar Unga tegishli ekanligidan ko‘ra, qanchalik o‘zligiga erishishlarini aytib maqtanadi. U odamlar irodaning eng mas’um namoyon bo‘lishini qurbonlikka keltirishganidan ham quvonadi. Odamlar qandaydir sabablarga ko‘ra o‘zlariga xiyonat qilishganida, U dahshatga tushadi. Biz esa hamisha odamlarni shunga undashimiz shart. Odamning eng chuqur ichki turtkilari va moyilligi — Dushman uni ta’minlagan o‘sha xomashyo, o‘sha qurilish materialidir. Odamlarni bulardan uzoqlashtirishga majbur qilarkanmiz, biz hisobdan yutamiz. Hatto mayda masalalarda ham uning o‘z dunyoqarashlarini Yerga oid andazalar, tamoyillar yoki rusumlar bilan almashtirib qo‘ygan ma’qul. Mening o‘zim har doim o‘z mijozimdan har qanday shaxsiy moyilligini sug‘urib olaman, masalan, kriket musobaqalariga qiziqish, markalar yig‘ish yoki kakaoga ishtiyoq. Bunday moyilliklar, tabiiyki, hech qanday yaxshilik keltirmaydi. Lekin ularda qandaydir mas’umlik, o‘zini unutish bo‘lib, bular meni jirkantiradi. Boshqalar nima deyishiga hech ham e’tibor qilmay, biror narsadan samimiy va beg‘araz huzurlanadigan odam shuning o‘zi bilanoq bizning ba’zi nozik usullarimizdan himoya qilingan odamdir. Har doim mijoz “salmoqli”odamlar, “eng mashhur kitoblar” va “eng yaxshi taomlar”foydasiga o‘zi haqiqatan ham yaxshi ko‘radigan odamlardan, kitoblardan, taomlardan voz kechishiga erishishga harakat qil. Men piyoz qo‘shilgan seld balig‘iga kuchliroq ishtiyoqi tufayli kibrga nisbatn zo‘r ishtiyoqidan himoyalangan bir odamni bilaman.
Endi esa sening qo‘l ostingdagi kishining ahvolini qanday yaxshilashni o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Eng muhimi — u tavba qilish haqida ko‘p o‘ylayaptimi va u buni harakatga joriy qilmayaptimi? Qo‘y, bu cho‘chqacha o‘zining tavba qilishida ag‘anab yotaversin. Agar unda moyilligi bo‘lsa, bu haqda kitob yozsin. Bu Dushman insonning yuragiga ekkan narsani zararsizlantirishning ajoyib usulidir. Qo‘y, u faol harakatdan boshqa xohlagan narsasini qilaversin. Agar biz insonning irodasida mustahkalanishiga xalaqit bersak, na xayoliy taqvodorlik, na ruhiy ko‘tarilish bizga ziyon yetkazmaydi. Odamlardan biri aytganidek, faol odatlar takrorlashni mustahkamlaydi, faol bo‘lmagan odatlar esa uni zaiflashtiradi. Odam harakat bilan bog‘liq bo‘lmagan fikrlarga qanchalik ko‘milgan bo‘lsa, u harakatga shunchalik qodir emas va oxir–oqibatda u tuyg‘uga shunchalik kam qodirdir.
Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis.
Книга на Узбекском языке: «Письма Баламута» (Клайв Стейплз Льюис)
«Письма Баламута» Клайва Льюиса — уникальное произведение. Это и повесть в лучших традициях эпистолярного жанра, и философская притча, и аллегорическое религиозное наставление.
«Письма Баламута» — рассказ Клайва Льюиса 1942 года, написанный в традициях эпистолярного жанра в котором за внешне забавной историей скрываются серьезные духовные проблемы.