Klayv Styeyplz Lyuis G‘alamisning xati- (1-xat) Kitob O'zbek tilida
Ғаламиснинг хати (Клайв Стейплз Льюис) Ўзбек тилида Аудиокитоб
BIRINCHI XAT
Mening qadrli Razilginam!
Ko‘rib turibman, sen vasiyligingdagi kishining o‘qishi va u materialist do‘stlari doirasida o‘ralashib yurishini kuzatayapsan. Lekin nazarimda, bir oz go‘llik qilyapsan, holbuki, dalillar uni Dushmanning og‘ushidan tortib olish mumkin deb o‘ylashga meni undamoqda. Agar u bir necha asrlar oldin yashaganida, buning iloji bo‘lardi. O‘shanda odamlar hali isbotlangan narsani isbotlanmaganidan ajratishni yaxshi eplashardi va bordiyu, biror narsa isbotlangan bo‘lsa, bunga ishonishardi. O‘shanda hali fikr va ish o‘rtasidagi aloqani yo‘qotishmagandi va o‘z hayotlarini yakuniy fikrga muvofiq o‘zgartira olishardi. Biz buni kundalik matbuot va boshqa vositalar yordamida to‘g‘rilay oldik. Sening vasiyligingdagi kishi go‘dakligidan uning miyasida bir vaqtning o‘zida bir talay bir–biriga zid dunyoqarashlar aylanishiga ko‘nikib qolgan. U konsepsiyalarni, avvalambor, haqiqiy yoki yolg‘on deb emas, balki nazariy yoki amaliy, eskirgan yoki zamonaviy, siyqasi chiqqan yoki dadil deb qabul qiladi. Dalillar emas, balki xudbinona mujmalliklar senga mijozni jamoat (cherkov)dan nari ushlab turishingga yordam beradi. Uni materializmning haqiqiyligiga ishontirish uchun vaqtingni sarflab o‘tirma: yaxshisi unga materializm kuchli va dadil ekanligi, bu kelajak falsafasi ekanligini uqtir.
Dushman hududida jang qilishga to‘g‘ri kelganligi bois, asoslar yoqimsiz tus oladi. Chunki Xudo ham ishontirishni eplaydi: ammo men senga taklif qilayotgan targ‘ibotda, U, bizning ko‘p asrlik tajribamiz ko‘rsatib turganidek, bizning otamiz (ya’ni shayton) bilan hech ham tenglasha olmaydi. Isbotlar ekansan, sen vasiyligingdagi kishining ongini uyg‘otib yuborasan, agar ong uyg‘onsa, kim ham natijani oldindan aytib bera olardi? Hatto agar fikrlashning qaysidir o‘zgarishida biz foyda ko‘radigan bo‘lsak ham, keyinroq sen yuzada suzib yurgan bevosita kechinmalar oqimidan diqqatni chalg‘itganingni va diqqatni eng halokatli tarzda teranlikka yo‘naltirganingni anglab qolasan. Sening vazifang esa aynan vasiyligingdagi kishining e’tiborini doimiy o‘zgarib turadigan taassurotlarga qadashdan iborat. Uni bu oqimni “haqiqiy hayot” deb atashga o‘rgat va unga bu nimani nazarda tutishi haqida o‘ylab ko‘rishiga imkon berma. Esingda bo‘lsin: sendan farqli ravishda, vasiyligingdagi kishi – tanasiz ruh emas. Sen hech qachon inson bo‘lmagansan (Dushmanimizning nafratni qo‘zg‘aydigan ustunligi – ana shunda), shuning uchun ham, ular kundalik narsalarga qanchalik qul bo‘lib qolganini tasavvur qila olmaysan. Mening vasiyligimda sobit bir dahriy bor edi, u ba’zan Britaniya muzeyida ish yuritardi. U bir kuni kitob o‘qiyotganida fikrlarining xavfli yo‘nalishda rivojlanayotganini payqab qoldim. Bizning Dushmanimiz, albatta, shu zahotiyoq uning yoniga keldi. O‘girilgunimcha mening yigirma yillik ishim nuray boshladi. Agar men aqlimni yo‘qotib, asoslarga murojaat qila boshlasam, hammasi behuda ketgan bo‘lardi. Lekin men u qadar ahmoq emasman. Darhol vasiyligimdagi kishining ko‘proq mening nazoratimda bo‘lgan dil torini chaldim va hozir ayni ovqatlanib olish vaqti ekanligini aytdim. Dushman, qarshi zarba berdi, shekilli (hech qachon U nima deyayotganini xufyona aniq eshitib bo‘lmaydi), ya’ni bu mulohaza yuritishlar tushlikdan ko‘ra muhimroq ekanligini tushuntirdi. Ehtimol shundaydir, chunki men: “Ha, bu shunchalik muhimligidan, och qorin bilan ham shug‘ullansa bo‘laveradi», deganimda vasiyligimdagi kishi ancha quvonib ketdi. Men: “Bu yerga tushlikdan so‘ng qaytib kelib, yaxshilab o‘ylab ko‘rgan ma’qul”, deganimda, u allaqachon eshik tomon yo‘lning yarmiga yetgandi. U ko‘chaga chiqqanida g‘alaba men tomonda edi. Men unga kundalik yangiliklarni aytib qichqirayotgan gazeta tarqatuvchini va 73-sonli avtobusni ko‘rsatdim; u avtobusning zinapoyasiga oyoq qo‘yishidan avvalroq, kitoblar bilan yolg‘iz qolganida miyasiga qanchalik g‘alati o‘y–fikrlar kelmasin, “haqiqiy hayot”ning katta miqdori (bunday deganda, men avtobus va gazeta tarqatuvchini nazarda tutgandim) bunday narsalarning “shunchaki yo‘qligi”ni darhol ko‘rsatishiga to‘liq ishongandi.
U xavfdan qutulganini bildi va keyinroq “sof mantiqning qarama–qarshiliklaridan ishonchli himoya qiladigan voqelikning tushuntirib bo‘lmas tuyg‘usi” haqida gapirishni yaxshi ko‘rardi. Hozir u xotirjamgina bizning otamizning uyida.
Bu yerda gap nimada ekanligini fahmlayapsanmi? Biz bir necha asrlar oldin ishga tushirgan jarayon tufayli, odamlar notanish va odatiy bo‘lmagan narsalarga deyarli ishonishmaydi — ularning ko‘z o‘ngida hamisha tanish va odatiy narsalar bor. O‘z vasiyligingdagi kishini narsa va voqealarning odatiyligi bilan to‘ldirib tashla. Lekin masihiylikka qarshi vosita sifatida fanni qo‘llashni xayolingga ham keltirma (men haqiqiy fanni nazarda tutayapman). Fan u na qo‘l tegiza oladigan, na ko‘ra oladigan narsalar haqida o‘ylashga uni majbur qilishi mumkin. Hozirgi fiziklar orasida buning achinarli misollari bor. Bordiyu u fanda o‘ralashib yurishi shart bo‘lsa, iqtisod yoki jamiyatshunoslik bilan shug‘ullana qolsin. Unga bu bebaho “haqiqiy hayot”dan qochib ketishiga imkon berma. Unga bularning hammasini u allaqachon bilishini, “zamonaviy fan yutuqlari”ni esa tasodifiy suhbatlar va tasodifiy o‘qishlardan ilib olishini uqtir. Esingda tut, sen uni aldash uchun o‘sha yerdasan. Yosh jinlardan ba’zilaringizning gaplariga qaraganda, sizlar go‘yo ularni o‘qitish uchun qo‘yilgansizlar deb o‘ylash mumkin!
Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis.
Книга на Узбекском языке: «Письма Баламута» (Клайв Стейплз Льюис)
«Письма Баламута» Клайва Льюиса — уникальное произведение. Это и повесть в лучших традициях эпистолярного жанра, и философская притча, и аллегорическое религиозное наставление.
«Письма Баламута» — рассказ Клайва Льюиса 1942 года, написанный в традициях эпистолярного жанра в котором за внешне забавной историей скрываются серьезные духовные проблемы.