IBRONIYLARGA MAKTUB

1–BOB

 

Xudoning oxirgi vahiysi

 

[1]

1 Xudo qadimda bir necha marta va turli tarzda payg‘ambarlar orqali ota-bobolarimizga gapirgan edi. 2Oxirgi kunlarda esa U bizga O‘z O‘g‘li orqali gapirdi. Xudo koinotni O‘g‘li orqali yaratgan va Uni borliqning vorisi qilib tayin etgan. 3O‘g‘il – Xudo ulug‘vorligining in’ikosi, Xudo borlig‘ining aniq suratidir. U O‘zining qudratli kalomi bilan koinotni asraydi. Gunohlarimiz yuvilishi uchun imkon yaratgandan so‘ng, U samoda Hazrati Oliyning o‘ng tomonida o‘tirdi.

 

Iso Masih – farishtalardan oliy

 

4Iso farishtalardan g‘oyat oliy martabaga yuksalgani uchun, ulardan juda ulug‘roq bir nomga ham ega bo‘ldi. 5Farishtalarning qay biriga qachon Xudo:

“Sen Mening O‘g‘limsan,

Seni bugun tavallud ettirdim”[2],

yoxud:

“Men Unga Ota bo‘laman

Va U Menga O‘g‘il bo‘ladi”,

– degan edi? 6Xudo To‘ng‘ichimni yer yuziga yuboray, deb yana shunday degan:

“Xudoning butun farishtalari

Unga sajda qilsinlar”[3].

7Farishtalar haqida:

“U O‘z malaklarini shamollarga aylantirib,

Xizmatkorlarini o‘t alangasi qiladi”[4],

– deyilgan bo‘lsa, 8O‘g‘ilga esa bunday deyilgan:

“Ey Xudo,

Sening taxting doimiy va abadiydir,

Podsholiging hassasi – haqqoniyat hassasi.

9Sen adolatni sevib,

Qonunsizlikdan nafratlanasan.

Shuning uchun Xudo, Sening Xudoying,

Tengdoshlaringdan ko‘ra ko‘proq

Sening boshingga xurramlik moyi surtdi”[5].

10Yana shunday deyilgan:

“Yo Rabbiy,

Sen yerni azaldan bunyod etgansan,

Osmon esa Sening qo‘llaring ijodi.

11Ular yo‘q bo‘lib ketar,

Biroq Sen turaverasan.

Hammasi kiyimdek nurab ketar,

12Bamisli libosday o‘rab qo‘yasan ularni,

Joma singari almashtiriladi.

Ammo Sen ayni O‘shaning O‘zisan,

Sening yillaring tamom bo‘lmas”[6].

13Nahotki Xudo qachondir biron farishtaga:

“Yovlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha,

Sen Mening o‘ng tomonimda o‘tirib tur!”[7]

– degan bo‘lsa?! 14Axir, farishtalarning hammasi ham najot vorislariga xizmat qilish uchun yuborilgan xizmatchi ruhlardir.

 

2–BOB

 

Ulug‘ najotga e’tiborsizlik qilmaylik

 

1Demak, biz eshitganlarimizdan qaytmaslik uchun bularga juda ko‘p diqqat qilishimiz kerak. 2Farishtalar orqali aytilgan kalom[8] u vaqtdayoq har turli jinoyat va itoatsizlik qilganni qat’iy suratda jazolar edi. 3Shunday ekan, dastavval Rabbimiz Iso bildirgan, so‘ngra shohidlari tomonidan tasdiqlangan najot xabariga biz e’tiborsizlik qilsak, jazodan qanday qochib qutulamiz? 4Xudo O‘z shohidlariga ajoyibotlar, mo‘jizalar va har turli qudratli ishlar ko‘rsatdi, O‘z xohish-irodasiga ko‘ra Muqaddas Ruhning in’omlarini ularga ulashib, ularning shahodatlariga O‘zining tasdig‘ini qo‘shib berdi.

 

Ergashuvchilariga teng bo‘lgan Iso

 

5Biz gapirayotgan kelajak dunyoga kelsak, Xudo uni farishtalarga tobe qilmadi. 6Bir oyatda shunday ta’kidlangan:

“Inson qadri nedirki, Sen uni yodlagaysan?

Odam o‘g‘li nedirki, Sen uni ardoqlaysan?

7Sen uni malaklardan andak past qilding,

Izzatu jamol tojini unga kiydirding.

O‘z yaratganlaring ustidan unga saltanat berding,

8Bor mavjudotni uning oyoqlari ostiga qo‘yding”[9].

Xudo borliqni odamning oyoqlari ostiga qo‘ygan bo‘lsa, demak, unga tobe bo‘lmagan biror narsa qoldirmadi. Vaholanki, biz insonga hanuz hamma narsalar tobe ekanligini ko‘rmayapmiz. 9Biroq Isoni esa farishtalardan biroz past qilinib, o‘lim azob-uqubati chekkanidan so‘ng, izzatu jamol toji kiydirilgan holda ko‘ryapmiz. Uning hamma inson uchun o‘limga duchor bo‘lishi Xudoning inoyatli xohishi edi.

10Hamma narsa Xudo uchun va Xudo orqali bor bo‘lgan. Xudo ko‘p o‘g‘illarni ulug‘likka erishtirmoqchi bo‘lib, ularning najot Asoschisi – Isoni ham azob-uqubatlar orqali kamolga erishtirishni munosib ko‘rdi. 11Chunki ham muqaddaslik baxsh etuvchi Iso, ham muqaddaslik qabul qiluvchi imonlilar hammasi bir Otadandir. Bu sababdan Iso ularni birodarlarim deb chaqirishdan or qilmaydi, Zaburda aytganidek:

12“Sening ismingni birodarlarimga e’lon etgayman,

Jamoat ichra Senga hamdu sanolar ayturman”[10].

13 Payg‘ambar oyatida Iso haqida yana shunday deyilgan:

“Men Xudoga tavakkal qilurman”,

va davomida:

“Mana, Men va Xudo Menga bergan bolalar!”

14Bolalar et va qondan iborat bo‘lganlari uchun, Iso O‘zi ham ularga tenglashib, xuddi shunday vujudga ega bo‘ldi, toki o‘lim bilan dahshat sochuvchi iblisni O‘z o‘limi orqali yo‘q qilsin 15va umr bo‘yi o‘lim qo‘rquviga qul bo‘lgan odamzod bolalarini ozod qilsin. 16Har holda Iso farishtalarga emas, balki Ibrohim nasliga yordam beradi. 17Shuning uchun U har jihatdan birodarlariga o‘xshab qolishi kerak edi, xalqning gunohlari uchun Xudo huzurida tavajjuh qila oladigan marhamatli va sodiq Oliy ruhoniy[11] bo‘lmog‘i lozim edi. 18O‘zi sinovdan o‘tib azob chekkani uchun, sinovdan o‘tayotganlarga madad bera oladi.

 

3–BOB

 

Iso Masih – Muso payg‘ambardan oliy

 

1Shunday ekan, ey, samoviy da’vatdan bahramand bo‘lgan muqaddasbirodarlarim, imonimizning Elchisi – Oliy ruhoniyimizIsoga qaranglar! 2Muso payg‘ambar butun Xudoning xonadoniga[12] sodiq qolgani kabi, Iso Masih ham Uni tayin etgan Xudoga sodiq qoldi. 3Imoratning me’mori imoratning o‘zidan ko‘proq hurmat ko‘radi. Xuddi shunday, Iso Masih Muso payg‘ambardan ko‘proq ulug‘vorlikka loyiq hisoblandi. 4Har bir uyning quruvchisi boru, ammo aslida hammaning binokori – Xudo. 5Muso payg‘ambar butun Xudo xonadonidan mas’ul sodiq xizmatkor sifatida Xudoning kelajakda aytadigan kalomlariga zamin hozirladi, xolos. 6Masih esa Xudo xonadonini O‘g‘il kabi boshqaradi. Agar biz jasoratimizni va ulug‘ umidimizni oxirigacha mahkam tutsak, biz Uning xonadonimiz.

 

Yuragingizni tosh qilmanglar!

 

7Mana, Muqaddas Ruh nima deyapti:

“Agar bugun Xudoning ovozini eshitsangiz,

8Cho‘lda, isyon va g‘azab kunida bo‘lganidek,

Yana yuragingizni tosh qilmanglar!

9U yerda otalaringiz Meni sinov qildilar,

Qirq yil ishlarimni ko‘rgan bo‘lsalar ham,

Meni imtihon qildilar.

10Shuning uchun bu nasldan bezor bo‘lib dedim:

Bular doim dilidan adashgan bir qavmdir,

Mening yo‘llarimga rioya qilmaydilar.

11Men g‘azablanib, ont ichdimki:

Ular Mening farog‘atimga kirmaslar”[13].

12Ey birodarlar, hech biringizda barhayot Xudodan qaytgan yomon, imonsiz bir yurak bo‘lmasligiga diqqat etinglar. 13Hech kim gunohning aldovi bilan yuragini tosh qilmasin; “bugun” deyilguncha, bir-biringizga har kuni nasihat qilib turinglar. 14Agar biz avvalgi e’tiqodimizni oxirigacha mahkam tutsak, Masihga sherik hisoblanamiz. 15Yuqorida deyilgani kabi:

“Agar bugun Uning ovozini eshitsangiz,

Isyonu G‘azab kunida bo‘lganidek,

Yuragingizni tosh qilmanglar!”

16O‘shanda Xudoning ovozini eshitib, isyon qilganlar kim edi? Muso payg‘ambar sharofati bilan Misrdan chiqqanlarning hammasi emasmidi? 17Xudo qirq yil kimdan bezor bo‘ldi? Gunoh qiluvchilardan emasmi? Mana, ularning jasadlari cho‘lda parokanda bo‘ldi. 18Xudo: “Ular Mening farog‘atimga kirmaydi”, deb kimlar haqida qasam ichgan edi? Bo‘ysunmaganlar haqida emasmi? 19Ko‘ryapmizki, ular imonsiz bo‘lgani uchun farog‘at diyoriga kira olmadilar.

 

4–BOB

 

Xudo xalqining farog‘ati

 

1Xudoning farog‘at diyoriga[14] kirish haqidagi ilohiy va’da hali ham mavjud ekan, mabodo sizlardan biror kishi fursatni qo‘ldan bermasin, deb xavotirlanamiz. 2Chunki o‘tmishdoshlar kabi bizlar ham Xushxabarni oldik. Ammo ular eshitgan so‘zlarini imon bilan qabul qilmagani uchun foydasi bo‘lmadi. 3Faqat biz, imonlilar, u farog‘at diyoriga kiramiz.

Xudo:

“G‘azablanganimda ont ichdimki,

Ular Mening farog‘atimga kirmaslar”,

– deb aytgan. Holbuki, dunyo yaratilgandanoq Xudo taqdir etgan hamma ishlar tamom bo‘lib turibdi. 4Yaratilishning yetti kuni haqida bir oyatda bunday deyilgan:

“Xudo yettinchi kunda qilgan barcha ishlaridan forig‘ bo‘ldi”[15].

5Ammo boyagi oyatda:

“Ular Mening farog‘atimga kirmas”,

– deb ta’kidlangan.

6Bundan anglashiladiki, dastavval Xushxabarni eshitganlar itoatsizligi uchun farog‘at diyoriga kirmagan bo‘lsa-da, yana ba’zi kishilarga kirish uchun imkoniyat bor ekan. 7Xudo ana shuni ko‘zda tutib, uzoq vaqtdan keyin ZaburdaDovud orqali “bugun” deb yana bir kun tayin qilgan. Yuqorida aytilgandek:

“Agar bugun Uning ovozini eshitsangiz,

Yana yuragingizni tosh qilmanglar!”

8Agar Nabi Yasu[16]Isroil o‘g‘illarini farog‘atga erishtirganda edi, bundan keyin Xudo boshqa bir kun haqida gapirishiga hojat yo‘q edi. 9Demak, Xudo xalqining farog‘at kuni[17] kelajakka qoladi. 10Xudo O‘z ishlaridan qanday forig‘ bo‘lgan bo‘lsa, Uning farog‘atiga kiruvchilar ham o‘z ishlaridan shunday forig‘ bo‘ladilar. 11Shunday ekan, birortamiz ham bunday itoatsizlikdan o‘rnak olib, yiqilib qolmasligimiz uchun, o‘sha farog‘atga kirishga jon kuydiraylik.

 

Xudo kalomining ta’sirliligi

 

12Xudoning kalomi jonli va ta’sirli, har turli dudama qilichdan o‘tkirroqdir. U jon bilan ruhni, bo‘g‘inlar bilan ilikni bo‘lgundek suqilib kiradi, yurakning xayolu niyatlarini fosh qiladi. 13Xudoning oldida pinhon qolgan hech bir maxluq yo‘q, Uning ko‘zi oldida hamma narsa ochiq va ayondir. Axir, biz Unga hisob beramiz-ku!

 

Oliy ruhoniyimiz Iso

 

14Bizning ulug‘ Oliy ruhoniyimiz, ya’ni Arshi A’logacha o‘tib borgan Xudoning O‘g‘li Iso bor ekan, tan olgan e’tiqodimizni mahkam tutaylik. 15Bizning Oliy ruhoniyimiz zaifliklarimizga hamdard bo‘lishga ojiz emas, U har tomondan bizlar kabi vasvasaga solingan, lekin gunoh qilmagan. 16Shunday ekan, ilohiy marhamatga noil bo‘lish va zarurat vaqtida inoyat va yordam olish uchun, Xudoning inoyat taxtiga jasorat bilan yaqinlashaylik.

 

5–BOB

 

Oddiy oliy ruhoniylar va Iso Masih

 

1Har bir oliy ruhoniy odamlar orasidan tanlab olinib, odamlar o‘rnida Xudoga xizmat qiladi, gunohlar uchun Xudoga hadyalar va qurbonlar keltiradi. 2Johillar va yo‘ldan ozganlarga u muloyimlik bilan muomala qila oladi, chunki o‘zi ham zaifliklarga mubtalo bo‘lib yuradi. 3Shu sababdan xalqning gunohlari uchun ham, o‘z gunohlari uchun ham qurbon qilishi kerak. 4Birov bu martabaga o‘zi-o‘zidan erishmaydi, balki Horun[18] kabi Xudoning buyrug‘i bilan erishadi.

5Shunga o‘xshab, Masih ham oliy ruhoniylik sharafini o‘zlashtirib olmadi, balki Xudo Unga:

“Sen Mening O‘g‘limsan,

Seni bugun tavallud ettirdim”[19],

– deb, Uni ulug‘likka sazovor qildi. 6Shuningdek, boshqa bir joyda Xudo Masih haqida shunday degan:

“Malkisidq[20] martabasi bo‘yicha

Sen abadiy ruhoniysan”.

7Masih badanda yashagan kunlarida O‘zini o‘limdan qutqarishga qodir bo‘lgan Xudoga zo‘r faryod va ko‘z yoshlari bilan sig‘inib, yalinib-yolvordi, xudojo‘yligi sababidan toati ijobat bo‘ldi. 8Garchi U Xudoning O‘g‘li bo‘lsa ham, azob-uqubat chekib, itoat qilishni o‘rgandi. 9Masih shunday kamolotga erishib, Unga quloq solganlarning hammasi uchun abadiy bir najot yaratdi. 10Shu tariqa Xudo Masihni “Malkisidq martabasi bo‘yicha Oliy ruhoniy” qilib tayinladi.

 

Kamolga yetmoq lozim

 

11Bu haqda aytadigan so‘zimiz ko‘p, ammo tushuntirish qiyin, chunki quloqlaringiz og‘ir bo‘lib qoldi. 12Vaqt nuqtayi nazaridan sizlar allaqachon muallim bo‘lishingiz kerak edi. Ammo sizlarga yana Xudo kalomining ilk asoslarini o‘rgatishga ehtiyoj bor. Sizlarga qattiq oziq emas, sut kerak. 13Sut bilan ovqatlanadigan har bir kishi esa hali chaqaloq, solihlik kalomida g‘o‘ru tajribasizdir. 14Qattiq oziq esa kamolotga yetganlarga, ya’ni tuyg‘ulari yaxshi va yomonni farq etish malakasiga ega bo‘lganlarga xosdir.

 

6–BOB

 

Imondan qaytmaslik haqida

 

1-2Shuning uchun Masih haqidagi boshlang‘ich ta’limotni qoldirib, kamolotga intilaylik. Tag‘in o‘lik ishlardan tavba qilish, Xudoga ishonish, g‘usllar, boshga qo‘l qo‘yib duo qilishlar, qiyomat va abadiy hukm haqidagi ta’limotning asosini solib o‘tirmaylik. 3Xudo xohlasa, bunga erishamiz.

4Bir marta ziyoni ko‘rgan, samoviy in’omdan lazzat olgan, Muqaddas Ruhdan bahramand bo‘lgan, 5Xudoning xayrli kalomini va kelajak olamning qudratlarini totib ko‘rgan kishilar 6agar bundan keyin imondan qaytsalar, ularni yana tavba qildirib tuzatish imkonsizdir. Chunki bunday kishilar Xudoning O‘g‘lini yangidan xochga qoqib, masxara qilgan bo‘ladilar.

7Ustiga mo‘l-ko‘l tushgan yomg‘irni ichgan va dehqonlar uchun foydali o‘simlik bergan yer Xudodan barakat oladi. 8Ammo tikanu qushqo‘nmasni bergan yer esa yaramasdir va la’natga qoladi. Uning oxirati – yonishdir.

9Sizlarga kelsak, ey seviklilar, shunday gapirishimizga qaramay, aminmizki, sizlarning ahvolingiz bundan yaxshiroqdir va najotga erishasizlar. 10Chunki Xudo adolatsiz emas. U sizlarning ishingizni, Uning ismiga ko‘rsatgan muhabbatingizni unutmaydi, O‘z azizlariga qanday xizmat qilganingizni va hozir ham qilayotganingizni yodda tutadi. 11Orzu qilamizki, umidingiz tamoman ro‘yobga chiqsin, har biringiz oxirigacha aynimay g‘ayrat ko‘rsatinglar, 12erinmanglar, imon va sabr-toqat bilan ilohiy va’dalarga erishganlardan o‘rnak olinglar.

 

Xudoning o‘zgarmas va’dasi

 

13Xudo Ibrohimga va’da berganda, O‘zidan buyukroq birovning ismi haqi qasam icha olmay, O‘z Zoti haqi qasam ichib, dedi:

14“Men senga qut-barakat beraman,

Zurriyotingni bag‘oyat ko‘paytiraman”[21].

15Ibrohim esa uzoq sabr-toqat qilib, ilohiy va’daga erishdi.

16Odamlar o‘zlaridan buyukroq bo‘lganning ismi haqi qasam ichadilar. Qasam isbot hisoblangani uchun, har qanday tortishuvlarga xotima beradi. 17Shunga o‘xshab, Xudo ham va’dasini oluvchilarga O‘z irodasining buzilmasligini ochiqroq ko‘rsatmoqchi bo‘lib, va’dani qasam bilan kuchaytirdi.

18Shunday qilib, biz bu ikki buzilmas dalil bilan yolg‘on gapirmaydigan Xudodan panoh topaylik, ko‘zimiz oldidagi umidni mahkam ushlab, dadil va jasur bo‘laylik. 19Umidimiz jon langariday ishonchli va mustahkamdir, biz bu umid orqali ma’badpardasining[22] orqa tomoniga ham o‘tib kiramiz. 20O‘tmishdoshimiz Iso Malkisidq martabasi bo‘yicha abadiy Oliy ruhoniyimiz bo‘lib, u yerga bizlardan ilgari o‘tib kirgan.

 

7–BOB

 

Ulug‘ ruhoniy Malkisidq

 

1Malkisidq Salim[23] podshohi hamda Xudoyi Taoloning ruhoniysi edi. Ibrohim to‘rt shohni tor-mor etib qaytib kelayotganda, Malkisidq uni qarshilagani chiqib, uni duo qildi. 2Ibrohim esa unga har bir narsadan ushr berdi.

Malkisidq otining birinchi ma’nosi “solihlik podshohi” demakdir. Bundan boshqa u “Salim podshohi”, ya’ni tinchlik podshohidir. 3U otasizu onasizdir, umuman nasabnomasizdir. Umrining na boshlanishi, na oxiri qayd etilgan. U Xudoning O‘g‘liga o‘xshash abadiy ruhoniy bo‘lib qoladi.

4Endi bu zotning naqadar buyuk ekanligini ko‘ring! Ulug‘ otamiz Ibrohim ham g‘animatlarining o‘ndan birini unga berdi. 5Tavrotda buyurilishicha, Leviy[24] o‘g‘illaridan ruhoniylik vazifasini olganlar xalqdan, ya’ni Ibrohim urug‘-ajdodi bo‘lgan o‘z birodarlaridan ushr olishlari kerak. 6Lekin Leviy ajdodidan bo‘lmagan Malkisidq esa ilohiy va’dalar egasi bo‘lgan Ibrohimdan ushr oldi-yu, uni duo qildi. 7Shak-shubhasizdirki, duo qiluvchi duo oluvchidan buyukdir. 8Oddiy ruhoniylar o‘ladigan odamlar bo‘lib xalqdan ushr oladilar. Malkisidq esa, Tavrotda ramz qilinishicha, mangu barhayot ruhoniy bo‘lib ushr olgan. 9Aytish mumkinki, ushr oluvchi Leviy o‘zi ham Ibrohim orqali ushr bergan. 10Chunki Malkisidq Ibrohimni qarshi olganda, Leviy hali bobokaloni Ibrohimning belida edi.

11Isroil xalqi Leviy avlodining ruhoniylik tartibi bo‘yicha Tavrotni qabul qilgan edi. Agar Horun ajdodidan bo‘lgan Leviylarning ruhoniylik xizmati mukammal bo‘lganda edi, unda yana boshqa bir ajdod – Malkisidq ajdodidan bir Ruhoniyning o‘rtaga chiqishiga qanday ehtiyoj bor edi? 12Chunki ruhoniylik qonun-qoidalari o‘zgartirilsa, Tavrotning o‘zini o‘zgartirish zarur bo‘lib qoladi.

13Boya aytilgan Ruhoniy esa – Rabbimiz Isodir. U boshqa bir qabilaga mansub, bu qabiladan hech kim qurbongohda xizmat qilmagan. 14Rabbimiz Iso Yahudo qabilasidan kelib chiqqanligi ma’lumdir. Muso payg‘ambar esa bu qabila haqida gapirganda, ruhoniylikka doir hech narsa aytmagan edi.

 

Malkisidqqa o‘xshash ruhoniy – Iso

 

15Endi Malkisidqqa o‘xshash boshqa bir Ruhoniy – Iso o‘rtaga chiqqandan keyin, bu masala yana ham aniq ko‘rinib turibdi. 16Iso insoniy qonun-qoidalarga rioya qilgan, deb emas, balki poyonsiz hayot qudratiga ega, deb ruhoniy bo‘ldi. 17Zaburda: “Sen Malkisidq martabasi bo‘yicha abadiy ruhoniysan”, – deb ta’kidlangan. 18Bundan ko‘rinadiki, avvalgi qonun-qoidalar ojiz va foydasiz bo‘lgani uchun, endi bekor qilingan. 19Chunki Tavrot Qonuni biron-bir kishini ham kamolga yetkaza olmagan.

Buning o‘rniga endi a’loroq bir umid maydonga keldi, biz bu umid bilan Xudoga yaqinlasha olamiz. 20Umidimiz qasamyod bilan tasdiqlangani uchun a’loroqdir. 21Ilgari o‘tgan ruhoniylar qasamsiz ruhoniy bo‘lardilar. Ammo Iso,

“Xudovand qasamyod qilgan va so‘zidan qaytmas:

Malkisidq martabasi bo‘yicha Sen abadiy ruhoniysan”,

– degan ilohiy farmon bilan ruhoniy bo‘ldi. 22Demak, Iso a’loroq bir ahdga kafil bo‘ldi.

23Oddiy ruhoniylarning soni ko‘p edi, chunki o‘lim ularning boqiy qolishlariga monelik qilar edi. 24Ammo Iso boqiy qolganligi uchun, o‘tib ketmaydigan ruhoniylikka molikdir. 25Shuning uchun Iso O‘zi orqali Xudoga yaqinlashuvchilarga najot berishga butunlay qodir, U har doim barhayot bo‘lib, ularga shafoat qiladi.

26Chindan, bizlarga xuddi Iso kabi oliy ruhoniy kerak: U muqaddas, aybsiz, nuqsonsiz, gunohkorlardan ayrilgan, osmondan ham yuqoriga ko‘tarilgan. 27U boshqa oliy ruhoniylar kabi har kun oldin o‘z gunohlari uchun, keyin xalqning gunohlari uchun qurbonlik keltirishi kerak emas. Chunki O‘zini O‘zi qurbon qilganda, buni bir martada qilib bo‘ldi. 28Tavrot Qonuniga binoan ojiz bandalar oliy ruhoniylikka tayin etilar edi. Xudoning Tavrotdan keyin, Zaburda bergan qasamli va’dasiga binoan endi abadiy kamol topgan Xudo O‘g‘li tayin etildi.

 

8–BOB

 

Oliy ruhoniyimiz Iso

 

1Aytganlarimizning asosiy nuqtasi shuki, bizning osmonda, Arshi A’loning o‘ng tomonida o‘tirgan Oliy ruhoniyimiz Iso bor. 2O‘sha yerda U inson emas, Xudovand qurgan haqiqiy Chodirda[25] xizmat qiladi.

3Har bir oliy ruhoniy hadyalar va qurbonlar keltirish uchun tayin etiladi. Shunday ekan, Isoning ham keltiradigan bir narsasi bo‘lishi lozim edi. 4Agar U yer yuzida bo‘lganda edi, umuman ruhoniy bo‘lolmas edi. Chunki Tavrotda buyurilgan hadyalarni taqdim qiluvchi ruhoniylar bor. 5Ular Muso payg‘ambar Xudodan olgan ko‘rsatmaga muvofiq qurilgan chodirda diniy xizmat ko‘rsatadilar. Xudo Musoga: “Ehtiyot bo‘l, har bir narsani tog‘da senga ko‘rsatilgan namunaga muvofiq qilgin”, – deb buyurgan edi. Demak, ruhoniylar xizmat qiladigan makon faqat osmondagi mavjudotning namunasi va soyasiginadir.

6Lekin endi Iso a’loroq va’dalarga asoslangan a’loroq bir ahdga kafil bo‘lgani uchun, juda ham ulug‘roq ruhoniylik xizmatiga erishdi. 7Agar Xudo qilgan birinchi ahd nuqsonsiz bo‘lganda edi, ikkinchisiga fursat axtarilmas edi. 8Holbuki, Xudo qadimgilardan nuqson topib, Tavrotda shunday degan:

“Mana Xudovand kalomi:

Isroil xonadoni va Yahudo xonadoni bilan

Men yangi bir ahd qiladigan kunlar kelyapti.

9Bu qiladigan ahdim esa –

Men ularning ota-bobolari qo‘lidan ushlab,

Misr yeridan olib chiqqanda qilgan ahdimga o‘xshamagay.

Zeroki – Xudovand deyapti:

Ular Mening ahdimga sodiq qolmadilar

Va Men ulardan yuz o‘girdim.

10O‘sha kunlardan keyin

Isroil xonadoni ila qiladigan ahdim bu bo‘lajak,

– deydi Xudovand.

– Qonunlarimni ularning fikriga jo qilib,

Dillariga yozib qo‘yurman.

Men ularning Xudosi bo‘lurman,

Ular esa Mening xalqim bo‘lur.

11Ta’lim bermagay yana hech kimsa

O‘z birodariyu qabiladoshiga:

Xudovandni tan olgin, – deya.

– Chunki hammalari, kattayu kichik Meni tanib-biladi.

12Men ularning yomonliklaridan o‘tib,

Gunohlarini boshqa esga keltirmayman”.

13Shunday qilib, Xudo “yangi bir ahd” deyish bilan qadimgi ahdning eskirganligini ko‘rsatdi. Eskirib va qarib borayotgan narsa esa yo‘q bo‘lib ketishi muqarrardir.

 

9–BOB

 

Qadimgi Ahd davridagi diniy xizmat

 

1Qadimgi Ahd[26] davrida diniy xizmat haqida qonun-qoidalar hamda dunyoviy bir ma’bad bor edi. 2Bir chodir qurilgan edi. “Muqaddas makon” deyilgan birinchi bo‘lmada shamdon, xontaxta va muqaddas baxshida nonlar bor edi. 3Ikkinchi pardaning orqasida “muqaddaslar muqaddasi” deb atalgan ichki bo‘lma bor edi. 4Bu yerda xushbo‘y tutatqi tutatiladigan oltin qurbongoh, shuningdek, har tomoni oltin bilan qoplangan ahd sandig‘i bor edi. Ahd sandig‘i ichida manna[27] solingan oltin idish, Horunning gullagan hassasi[28] va ahd lavhalari[29] bor edi. 5Sandiq ustida qurbongohga soya soladigan ulug‘vor malaklar[30] bor edi. Hozir bular haqida birma-bir gapirish mumkin emas.

6Shunday jihozlangan chodirning birinchi bo‘lmasiga ruhoniylar uzluksiz kirib, diniy xizmatlarini ado etardilar. 7Lekin chodirning ichkari bo‘lmasiga esa yilda bir martagina faqat oliy ruhoniy kirardi. U o‘zi uchun va xalqning g‘aflatdan qilgan gunohlari uchun qon bag‘ishlamasdan, aslo u yerga kira olmas edi.

8Bu bilan Muqaddas Ruh shuni ko‘rsatyaptiki, chodirning birinchi bo‘lmasi hanuz mavjud ekan, muqaddas makonga kirish yo‘li ochilmagan. 9Bu hozirgi zamon uchun ramzdir. Bundan ko‘ramizki, Xudoga xizmat qiluvchilar hadyalar va qurbonlar bag‘ishlash orqali o‘z vijdonlarini poklay olmaydilar. 10Bu udumlar yegulik, ichgulik va har xil tahoratlar bilan, ya’ni kishi tanasi bilangina bog‘liqdir, ular faqat yangi tuzum paydo bo‘lgungacha joriy edi.

 

Masihning nuqsonsiz qurbonligi

 

11Endi esa bo‘lg‘usi xayr-barakalarning Oliy ruhoniysi bo‘lgan Masih paydo bo‘ldi. U qo‘l bilan qurilmagan, ya’ni bu dunyo ijodi bo‘lmagan buyukroq va mukammalroq chodirdan o‘tib bordi. 12Masih takalar va buzoqlarning qoni bilan emas, balki O‘z qoni bilan muqaddas makonga bir marta kirib, bizlar uchun abadiy najotni qo‘lga kiritdi. 13Ilgari takalaru buqalarning qoni hamda yoqilgan g‘unajinlarning kuli harom bo‘lgan kishilarning ustiga purkalganda, ular jisman poklanib, muqaddas hisoblanardilar. 14Endi esa Masih abadiy Ruhilloh qudratida O‘zini nuqsonsiz qurbon qilib Xudoga bag‘ishladi. Uning to‘kkan qoni vijdonimizni o‘lik ishlardan poklaydi va barhayot Xudoga xizmat qilishimiz uchun imkon yaratadi.

15Ana shu sababdan Masih Yangi Ahdning[31] vositachisi bo‘ldi. Qadimiy Ahd davrida yashagan odamlar qilgan gunohlaridan forig‘ bo‘lsin deb va Xudo abadiy merosga da’vat etganlar bunga muyassar bo‘lsin deb, Masih O‘zini qurbon qildi. 16Qayerda vasiyat[32] bor bo‘lsa, vasiyat qilganning o‘limini qayd qilib o‘tish kerak. 17Chunki vasiyat o‘limdan keyingina kuchga kiradi. Vasiyat qiluvchi hali tirik ekan, vasiyatning hech bir ta’siri yo‘q.

18Shu bois Qadimgi Ahd ham qon to‘kilmasdan kuchga kirmadi. 19Muso payg‘ambar Tavrotni qabul qilib, uning har bir amrini butun xalqqa o‘qib bergandan so‘ng, buzoqlar va takalar qoni hamda arg‘uvon yung, issop[33] tarmoqlari va suv olib, kitobning ustiga ham, butun xalqning ustiga ham purkab: 20“Bu – Xudo sizlarga buyurgan ahdning qoni”, – dedi. 21Shuningdek, muqaddas chodir va barcha tabarruk anjomlar ustiga qon purkadi. 22Zotan Tavrot Qonuni bo‘yicha qariyb hamma narsa qon bilan poklanadi, qon to‘kilmasdan umuman kechirim bo‘lmaydi.

23Agar samoviy mavjudotning aksigina bo‘lgan bu narsalarni shunday poklash kerak bo‘lsa, unda samoviy mavjudotning asli yana qanchalik a’loroq qurbonlarni talab qiladi! 24Ana shu maqsadda Masih bizlar uchun Xudoning huzurida hozir bo‘ldi. U haqiqiy voqelikning soyasigina bo‘lgan bu dunyodagi muqaddas makonga emas, balki inson qo‘li bilan qurilmagan osmondagi haqiqiy muqaddas makonga kirdi.

25Oliy ruhoniy har yil begona qon bag‘ishlash uchun muqaddas makonga kirishi lozim. Masih esa faqat bir marta O‘z qonini bag‘ishlash uchun samoviy makonga kirdi va bu kifoyadir. 26Aks holda U dunyo yaratilgandan beri bir necha marta azob chekishi kerak edi. Endi esa, zamonning oxirida, U odamlarning gunohlarini aritish uchun bir marta olamga kelib, O‘zini qurbon qildi. 27Zotan bir marta o‘lish va undan keyin hukm qilinish insonlarning taqdiridir. 28Shuningdek, Masih ham ko‘plarning gunohlarini O‘z bo‘yniga olish uchun bir marta qurbon bo‘ldi. Lekin U ikkinchi marta dunyoga kelganda, yana gunohlarni yuvish uchun emas, balki Uni kutayotganlarga najot keltirish uchun osmondan tushib keladi.

 

10–BOB

 

Masih – oxirgi qurbon

 

1Ilohiy Qonun bo‘lg‘usi xayr-barakalarning asl surati emas, soyasiginadir. Shuning uchun yildan-yilga muntazam ravishda ayni qurbonlarni keltiruvchilar Ilohiy Qonun orqali kamolga erisha olmaydilar. 2Aks holda, ular bu qurbonlarni bag‘ishlashni bas qilmas edilarmi? Unday bo‘lganida edi, bu xizmatni bajo keltiruvchilar bir martada poklangan bo‘lar va yana gunohi borligini sezmas edilar. 3Holbuki, qurbonlar bag‘ishlash bilan har yili gunohlar esga solinadi, xolos. 4Chunki buqayu takalarning qoni gunohlarni bartaraf qilolmaydi.

5Shuning uchun Masih dunyoga kelib, Xudoga shunday degan edi:

“Qurbonu bag‘ishlovni Sen xohlamading,

Ammo Men uchun badan hozirlading.

6Gunoh uchun yoqiladigan qurbonlardan,

Xayr-ehsonlardan rozi bo‘lmading.

7O‘shanda Men dedim:

O‘rog‘liq bitikda Men haqda bitilgan,

Xohishingni ado etmoq-chun keldim, ey Xudoyim”[34].

8Tavrotda qurbonliklar bag‘ishlash haqida qonun-qoidalar ko‘p. Shunga qaramay, Masih birinchidan: “Qurbonu bag‘ishlovni, gunoh uchun yoqiladigan qurbonlar va xayr-ehsonlarni Sen xohlamading, rozi bo‘lmading”, – deyapti. 9Ikkinchidan esa: “Sening xohishingni ado etmoq-chun keldim, ey Xudoyim”, – deyapti. Bundan ko‘ramizki, Masih ikkinchi qoidani joriy qilish uchun birinchisini bekor qildi. 10Chunonchi, Xudoning xohishi bilan Iso Masih O‘z tanasini bir marta qurbonlikka bag‘ishladi va shu yo‘l bilan bizni muqaddas qildi.

11Har bir ruhoniy kun sayin Xudoga xizmatini ado qilaverib, aslo gunohlarni yo‘q qila olmaydigan o‘sha-o‘sha qurbonliklarni ko‘p marta bag‘ishlaydi. 12Masih esa gunohlar uchun bitta qurbonlik bag‘ishlagandan keyin, Xudoning o‘ng tomonida abadiy o‘tirib oldi. 13O‘sha vaqtdan beri U dushmanlarining O‘z oyoqlari ostiga yiqilib qolishlarini kutmoqda. 14U bittagina qurbonlik keltirib, ishonuvchilarni muqaddas qildi va abadiy kamolga erishtirdi.

15Muqaddas Ruh ham bu haqda bizlarga shahodat beradi. 16Birinchidan, U shunday degan:

“Xudovand kalomi: O‘sha kunlardan so‘ng

Men xalqim ila qiladigan ahdim bu bo‘lajak:

Qonunlarimni ularning diliga jo qilurman,

O‘y-fikrlariga yozib qo‘yurman farmonlarim”.

17Keyin U qo‘shimcha qilib:

“Ularning gunohlariyu jinoyatlarini

Men boshqa esga keltirmayman”,

– degan. 18Demak, Xudo gunohlardan o‘tgan bo‘lsa, ular uchun boshqa qurbonlikka hojat yo‘q.

 

Sizlarga sabr-toqat kerak

 

19Shuning uchun, ey birodarlar, Iso Masihning qoni tufayli muqaddas makonga kirishga jasoratimiz bor. 20Iso ma’baddagiparda orqali, ya’ni O‘z badani orqali bizga yangi, tirik kirish yo‘lini ochib berdi. 21U Xudo xonadoni ustidan mas’ul bo‘lgan buyuk Ruhoniyimizdir.

22Shunday qilib, dillarimiz yomon vijdondan poklangan, badanimiz esa toza suv bilan yuvilgan bo‘lib, biz endi to‘la ishonch va e’tiqod bilan, chin qalbdan Xudoga yaqinlashaylik. 23Imon keltirib topgan umidimizni ikkilanmay mahkam tutaylik. Chunki va’da bergan Xudo O‘z so‘ziga sodiqdir. 24Bir-birimizga e’tibor beraylik va muhabbatga, xayrli ishlarga rag‘batlantiraylik. 25Ba’zilarning odatidek, yig‘ilishlarimizni qoldirmaylik. Aksincha, Rabbimiz keladigan kuni yaqinlashib qolganini bilib, bir-birimizga yana ko‘proq dalda beraylik.

26Agar biz haqiqatni bilib olgandan keyin, qasddan gunoh qilishda davom etsak, endi gunohlarning kechirilishi uchun boshqa qurbonlik qolmaydi, 27faqat dahshatli intizorlik bilan hukmni kutish va xudobezorni kuydiradigan qizg‘in otash qoladi. 28Kimki Musoning Qonunini rad etsa, ikki yo uch shohidning guvohligi bilan rahmsiz o‘lim jazosiga mahkum qilinadi. 29Agarda kimdir Xudoning O‘g‘lini oyoq osti qilsa, Uning qoni bilan muqaddas qilingani holda bu qonni oddiy deb bilsa, inoyatli Xudo Ruhini haqorat qilsa, u yana qanchalik og‘irroq jazoga loyiq hisoblanadi, deb o‘ylaysizlar?! 30Xudoning shu kalomini yaxshi bilamiz:

“Intiqom – Mening qo‘limdan,

Sazosini Men beraman,

– deydi Xudovand”.

Va yana:

“Xudovand O‘z xalqini hukm etadi”.

31Barhayot Xudoning qo‘liga tushib qolish dahshatlidir! 32Avvalgi kunlarni esga keltiringlar. O‘shanda siz ziyoni ko‘rib, azob-uqubatlar to‘la qattiq kurashga bardosh berar edingizlar. 33Goh o‘zlaringiz el-yurtning haqoratiga qolib, azob chekar, goh shunday ahvolga yo‘liqqanlarga hamdard bo‘lardingizlar. 34Mahbuslarning alam-achchig‘iga sherik bo‘lardingizlar. Sizni yanada yaxshi va boqiy boylik kutayotganini bilib, mol-mulkingizning talon-taroj etilishini xursandlik bilan qabul qilardingizlar. 35Shunday ekan, kelajakda ulug‘ taqdiri bor umidingizni tashlamanglar. 36Xudoning irodasini ado etib, Uning va’dasini qo‘lga kiritish uchun sizlarga sabr-toqat kerak. 37Xudo shunday degan:

“Yana biroz, juda birozdan keyin

Keladigan keladi va kechikmas.

38Solih odam imoni bilan hayot bo‘lur.

Agarda u orqaga chekinsa,

Jonim undan rozi bo‘lmas”.

39Bizlar esa orqaga chekinib halok bo‘lmaymiz, balki imonni saqlab, jonimizga najot topamiz.

 

11–BOB

 

Qadimgi imon qahramonlari

 

1Imon – umidvor bo‘lgan narsalarning mujassamlanishidir, imon bilan biz ko‘rinmaydigan mavjudotga amin bo‘lamiz. 2Ota-bobolarimiz imon bilan Xudoning roziligini qozondilar. 3Bizlar imon orqali anglayapmizki, koinot Xudoning kalomi bilan bunyod bo‘lgan, ya’ni ko‘rinadigan moddalar ko‘rinmaydigan voqelikdan vujudga kelgan.

4Imon bilan Hobil Xudoga Qobildan[35] ko‘ra yaxshiroq qurbon keltirdi. Hobil imoni tufayli solih kishi deb qabul qilindi. Xudoning O‘zi uning bag‘ishlovlarini tasdiqlab, undan roziligini bildirdi. Hobil o‘lgan bo‘lsa ham, imoni orqali hanuz gapiryapti.

5Imoni tufayli Hano‘x[36] o‘lmay, yuqoriga olindi. U yana topilmadi, chunki Xudo uni yuqoriga olgan edi. Yuqoriga olishdan oldin Xudo undan roziligini ta’kidlagan edi. 6Ishonmasdan esa Xudoning roziligini topmoqning imkoni yo‘q. Kim Xudoga yaqinlashmoqchi bo‘lsa, Uning borligiga ishonmog‘i lozim, Xudo Uni izlovchilarga mukofot berishiga e’tiqod qilmog‘i shart.

7Nuh[37] payg‘ambar imonli bo‘lgani uchun, Xudo unga kelajakda yuz beradigan hodisalar haqida vahiy yubordi, Nuh esa o‘z xonadonini qutqarish uchun ixlos bilan kema yasadi. U bu ishi bilan dunyoni mahkum qildi, o‘zi esa imoni tufayli ahli solih deb qabulga o‘tdi.

8Ibrohim[38] payg‘ambar ham o‘z imoni tufayli Xudoga itoat qildi. Xudo uni chaqirib: “Nasib etadigan mamlakatga ket”, deb buyurganda, Ibrohim qayerga borishini bilmasdan yo‘lga tushdi. 9Imon bilan u Xudo va’da bergan yerda o‘rnashdi, nasib bo‘ladigan qut-barakalarning hamvorislari bo‘lgan o‘g‘illari Is’hoq va Yoqub bilan birga g‘ariblarcha chodirda yashadi. 10U me’mori va quruvchisi Xudo bo‘ladigan mustahkam, boqiy shaharni kutar edi.

11Soro bibi ham imon bilan va’da bergan Xudoning sadoqatiga ishonib, yoshi o‘tsa ham, homilador bo‘lishga quvvat oldi. 12Shuning uchun ham bir odam, ya’ni qartayib jonsizlashgan Ibrohimdan ko‘kdagi yulduzlar va dengiz sohilidagi qum kabi son-sanoqsiz nasl tug‘ildi.

13Bu kishilarning hammasi Xudo va’da etgan barakalarga erishmay, imonli bo‘lib olamdan o‘tdilar. Barakani uzoqdan ko‘rib olqadilar, yer yuzida g‘aribu musofir ekanliklarini e’tirof etdilar. 14Kimki bunday fikrda bo‘lsa, bir vatan izlayotganini ko‘rsatadi. 15Agar ular ayrilgan vatanini qo‘msab qolganlarida edi, qaytib borishga fursatlari bo‘lar edi. 16Ammo ular yanada yaxshisi, ya’ni samoviy vatanni orzu etardilar. Shuning uchun Xudo ularning Xudosi atalmoqdan or qilmaydi. Uning O‘zi ular uchun bir shahar hozirlagan edi.

17Xudo Ibrohimni sinovdan o‘tkazayotganda, Ibrohim imon bilan o‘g‘li Is’hoqni[39] qurbonlikka olib bordi. Ha, u Xudodan ma’lum va’dalarni olganiga qaramasdan, yagona o‘g‘lini bag‘ishlamoqchi bo‘ldi. 18Vaholanki, Xudo unga: “Sening nasling Is’hoq orqali ko‘payadi”, – deb va’da bergan edi. 19Demak, Ibrohim, Xudo hatto o‘liklarni ham tiriltirishga qodir, degan fikrda edi. Shuning uchun ham u ramziy ma’noda Is’hoqni o‘limdan qaytarib oldi.

20Shuningdek, Is’hoq ham imon bilan o‘g‘illari Yoqub va Esovni istiqbollari haqida duo qildi. 21Yoqub esa o‘layotganida, imon bilan o‘g‘li Yusufning o‘g‘illarini bir-bir duo qildi va o‘z hassasiga suyanganicha, Xudoga sajda qildi. 22Yusuf ham olamdan o‘tay deganda, Isroil o‘g‘illarining Misrdan chiqib ketishi to‘g‘risida imon bilan karomat qildi va o‘z suyaklari haqida vasiyat qildi.

23Muso tug‘ilganda ota-onasi uni imon bilan uch oy yashirishdi. Ular chaqaloqning chiroyli ekanligini ko‘rib, Fir’avnning farmonidan qo‘rqishmadi. 24Muso voyaga yetgach, Fir’avn qizining o‘g‘li deb atalishni imon bilan rad etdi. 25Gunoh qilib vaqtinchalik huzur-halovat ko‘rishdan, Xudoning xalqi bilan azob-uqubat chekishni afzal ko‘rdi. 26Masih tufayli haqoratga qolishni Misrning xazinalaridan buyukroq boylik hisobladi, chunki u oladigan mukofotni ko‘zlar edi. 27Fir’avnning g‘azabidan qo‘rqmasdan, imon bilan Misrni tark etdi. U ko‘rinmas Xudoni ko‘rganday, sabot-matonatli bo‘ldi.

28So‘ngra misrlik to‘ng‘ichlarni qirgan Azroil isroilliklarga tegmasin deb, nabi Muso imon bilan Fisih[40] qurbonini so‘ydi va eshiklarga qon purkadi. 29Imon bilan isroilliklar Qizil dengizdan xuddi quruqlikdan o‘tayotgandek kechib o‘tishdi. Misrliklar ham o‘tishga harakat qilgach, g‘arq bo‘lib ketishdi.

30Isroilliklar yetti kun Yerixo shahri devorlari atrofida aylanib o‘tgandan keyin, imonlari tufayli devorlar qulab tushdi. 31Imon bilan fohisha Rahoba[41] ham josuslarni do‘stona qabul qilib oldi va kofirlar bilan birga halok bo‘lmadi.

32Yana nimalar haqida gapiray? Yana Gid’o‘n, Baraq, Shim’o‘n, Iftah, Dovud, Shomuil va barcha payg‘ambarlar haqida hikoya qilish uchun vaqtim yetarli emas. 33Ular imon bilan podsholiklarni to‘ntardilar, adolatni barqaror qildilar, ilohiy va’dalarga erishdilar, sherlarning og‘zini bog‘ladilar. 34Lovullagan otashni so‘ndirdilar, qilich tig‘idan qochib qutuldilar, holdan toygan bo‘lib quvvatga kirdilar, jangda matonat ko‘rsatdilar, begona qo‘shinlarni yengib daf qildilar.

35Bir necha ayollar o‘z marhumlarini tirilgan holda qaytarib oldilar. Boshqalari esa a’loroq tirilishga – qiyomatga erishish umidida yurib, qutulishni qabul qilmadilar va azobda qolib o‘ldilar. 36Yana boshqalari haqoratlar, kaltaklarga chidab, zindonlarda zanjirband bo‘lib yotdilar. 37Toshbo‘ron bo‘ldilar, qiynoqlarga chidadilar, arralab ikkiga bo‘lindilar, qilichdan o‘tkazildilar. Qo‘y va echki ko‘ni ichida sarson-sargardon kezib, muhtojlik, tanglik, azob-uqubat chekdilar. 38Cho‘l-sahrolarda, tog‘-toshlarda adashib, g‘orlarda, yerning kavaklarida faqirlarcha umr kechirdilar. Mana, dunyo ularga munosib emas edi!

39Ularning hammasi ham imoni bor degan tasdiqqa ega bo‘lsa-da, Xudo va’da etgan qut-barakaga muyassar bo‘lmadilar. 40Ular bizsiz kamolga erishmasin deb, Xudo biz uchun a’loroq barakalarni ko‘zda tutgan edi.

 

12–BOB

 

Xudo sevganiga tanbeh beradi

 

1Mana, bizning atrofimizni o‘rab olayotgan naqadar yirik shohidlar olomoni bor ekan! Shuning uchun har bir og‘irlikni, ayniqsa hadeb poylab turadigan gunohni bir chetga uloqtirib tashlaylik, taqdirimizdagi musobaqada sabr-toqat bilan chopaylik. 2Imonimizning Ilg‘ori hamda uni kamolga Yetkazuvchi Isoga ko‘z tikaylik. U O‘zini kutayotgan shodlik uchun sharmandalikni mensimay, xoch azob-uqubatiga chidadi. Hozir esa U Arshi A’loning o‘ng tomonida o‘tirmoqda. 3Iso gunohkorlar tomonidan qattiq qarshilikka uchrab, sabr-toqat qildi.

Sizlar shu haqda fikr qiling, toki tinkangiz qurib, ruhingiz tushib ketmasin. 4Sizlar gunohga qarshi kurashishda hanuz qon to‘kilishiga qadar qarshilik ko‘rsatmabsiz-u, 5o‘g‘il sifatida sizlarga aytilgan bu matalni unutibsizlar:

“Ey o‘g‘lim,

Xudovandning tanbehiga e’tiborsiz qarama,

U seni mazammat qilganda sulayib ketma.

6Xudovand sevgan kishining adabini berar,

O‘g‘lim deb bilgan hammaning chorasini ko‘rar”.

7Sizlar chekayotgan mashaqqatlarga tanbeh deb, sabr qilinglar. Xudo sizlar bilan o‘g‘illarday muomala qilyapti-ku! Qanday o‘g‘il yo‘qki, otasi unga tanbeh bermasa?! 8Tanbeh – hammaning nasibasidir. Agar sizlar bundan mahrum qolsangiz, sizlar o‘g‘il emas, haromzodasizlar.

9Bizlarga tanbeh bergan jismoniy otalarimiz bor edi va ularni hurmat qilganmiz. Shunday ekan, yashash uchun ruhlarning Otasi – Xudoga itoat etishimiz yanada muhimroq emasmi? 10Otalarimiz o‘zlariga yoqqanday bizga qisqa vaqt tanbeh berganlar. Xudo esa O‘zining muqaddasligidan bahramand bo‘lishimiz uchun, manfaatimiz uchun tanbeh qilyapti. 11Har bir tanbeh hozirgi zamonda sevinch emas, qayg‘u bo‘lib ko‘rinadi. Ammo shu tariqa tarbiyalanganlar uchun keyin solihlik va tinchlik samarasi unib-o‘sadi.

 

Xudo inoyatini rad qilmanglar

 

12Shunday ekan, shalpaygan qo‘llaringizni ko‘tarib, bukik tizzalaringizni mustahkam qilinglar. 13Oyoqlaringizni to‘g‘ri yo‘lga buringlar, yana biron oqsoq yo‘ldan toymasin, aksincha, shifo topsin.

14Hamma bilan tinch-totuv yashash va muqaddas bo‘lishga g‘ayrat qilinglar. Muqaddaslikka ega bo‘lmasdan hech kim Rabbimizni ko‘rolmaydi. 15Diqqat etinglar, birortangiz ham Xudoning inoyatidan mahrum qolmang. Yana orangizda biror achchiq tomir unib-o‘sib, og‘usi ko‘pchilikka yuqib, zaharlamasin. 16Ichingizda biron zinokor, shuningdek, bitta taom uchun o‘z to‘ng‘ichligini sotgan Esov[42] kabi Xudodan qo‘rqmas odam bo‘lmasin. 17Bilganingizday, Esov shundan keyin otasining duosiga intildi, ammo rad etildi. Hatto ko‘z yoshlari bilan yolvorsa-da, otasining niyatini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lmadi.

18Sizlar yaqinlashgan tog‘[43] – sezib bo‘ladigan, gurkirab yonayotgan, tim qorong‘ilikka ko‘milgan, bo‘ron bosgan, 19karnay ovozi yangrab turgan Sinay tog‘iday emas. U yerda Xudo kalomlarini e’lon qilgan bir tovush bor ediki, uni eshitganlar yana bir so‘z aytilmasin deb yolvordilar. 20“Agar toqqa hayvon ham tegsa, toshbo‘ron qilinadi”, degan ilohiy farmonga ular dosh berolmas edilar. 21Bu manzara shu qadar dahshatli ediki, Musoning o‘zi: “Men juda qo‘rqib titrayapman!” – dedi.

22Sizlar, aksincha, Sion tog‘iga, barhayot Xudoning shahri – samoviy Quddusga, lak-lak farishtalar tumonotiga yaqinlashgansizlar. 23Sizlar bayram tusini olgan, ismlari osmonda yozilgan to‘ng‘ichlar ummatiga[44], hammani hukm qiluvchi Xudoga, kamolga erishgan solihlarning ruhlariga yaqinlashgansizlar. 24Sizlar Yangi Ahdning vositachisi – Isoga yaqinlashgansizlar. Hobilning qonidan ko‘ra ulug‘roq ma’noni ifodalovchi Isoning qoni ustingizga sepilgan[45].

25Ehtiyot bo‘linglar, so‘zlayotgan Xudodan yuz o‘girmanglar! Muso payg‘ambar Xudodan vahiy olib, yer yuzida so‘zlagan edi, uni rad etgan Isroil o‘g‘illari esa jazodan qochib qutulmadilar. Agar biz osmondan so‘zlayotgan Xudodan yuz o‘girsak, bundan ham og‘irroq jazodan qanday qochib qutulamiz?

26O‘sha vaqtda Uning ovozi yerni larzaga soldi. Endi esa U payg‘ambar oyatida shunday va’da beryapti:

“Men yana bir bor yolg‘iz yerni emas,

Osmonni ham larzaga solgayman”.

27“Yana bir bor” so‘zi esa bundan so‘ng yaratilgan butun o‘tkinchi mavjudotning yo‘q bo‘lishini ko‘rsatadi. Natijada faqat boqiy mavjudot qoladi. 28Biz esa o‘tkinchi emas, boqiy podshohlikka muyassar bo‘lganimiz uchun Xudodan minnatdor bo‘laylik, Unga ma’qul bo‘ladigan ehtirom va qo‘rquv bilan xizmat qilaylik. 29Chunki bizning Xudoyimiz – yeb tugatadigan otashdir.

 

13–BOB

 

Imonlilarga alohida o‘gitlar

 

1Bir-biringizni birodarlarcha sevishni davom ettiringlar. 2Mehmondo‘stlikni unutmanglar; ba’zi kishilar mehmonlarimni yaxshi kutay, deb bilmasdan farishtalarni kutganlar.

3Mahbuslarni, go‘yo o‘zingiz ham ular bilan birga hibs bo‘lgandek, eslab turinglar. Zoriqqanlarni o‘zingiz ham tanangiz borligini bilib, xotirlanglar.

4Nikoh hammaning ko‘zida e’tiborda bo‘lsin, yotog‘ingiz beg‘ubor bo‘lsin. Chunki zinokorlaru fohishlarni Xudo hukm qiladi.

5Pulparastlikdan xoli kun kechiringlar. Qo‘lingizda bori bilan qanoatlaninglar. Chunki Xudoning O‘zi: “Seni hech tashlab ketmayman va aslo tark etmayman”, – degan. 6Shuning uchun biz jasorat bilan aytyapmiz:

“Xudovand men tomonda, men qo‘rqmayman.

Inson menga ne qila bilar?”[46]

7Xudo kalomini sizlarga gapirgan boshliqlaringizni xotirlanglar. Ularning hayoti natijasiga qarab, imonlariga ergashib yuringlar.

8Iso Masih kecha, bugun va abadiy xuddi O‘shaning O‘zidir. 9Siz turli yot va g‘alati ta’limotlarga berilib, yo‘lingizdan og‘ib ketmanglar. Yurak Xudoning inoyati bilan quvvatlanishi yaxshidir, maxsus taomlar bilan emas. Yegulik-ichgulikka doir qonun-qoidalarga rioya qiluvchilar bundan biror foyda ko‘rmagan.

10Bizning bir qurbongohimiz borki, Shahodat Chodirida xizmat qiluvchi ruhoniylar u yerga kirib yeyishga haqi yo‘q. 11Ilgari gunohlarning kechirilishi uchun oliy ruhoniymuqaddas makonga kirib, hayvon qonlarini bag‘ishlar edi. Hayvonlarning jasadlari esa manzilning tashqarisida yoqilar edi. 12Shunga o‘xshab, Iso ham O‘z qonim bilan xalqni muqaddas qilay, deb shahar darvozasidan tashqarida azob chekib o‘ldi. 13Endi bizlar ham Uning xo‘rligini o‘zimizga olib, manzildan tashqariga – Uning oldiga chiqaylik. 14Chunki bu yerda bizning doimiy shahrimiz yo‘q, biz bo‘lg‘usi shaharga ko‘z tikib yuribmiz.

15Shunday qilib, Iso orqali Xudoga uzluksiz hamdu sano qurbonlarini bag‘ishlaylik, ya’ni Uning nomi tilimizdan tushmasin. 16Xayrixohlik va ulfatchilikni unutmanglar, chunki bunday qurbonlar Xudoga maqbuldir.

17O‘z jamoat boshliqlaringizga itoat qilinglar, ularga kamoli ehtirom bilan bo‘ysuninglar. Chunki ular hisobot beradiganlardek hamisha jonlaringizni qo‘riqlab turadilar. Bu ishni esa ohu nola bilan emas, balki sevinch bilan bajo keltirsinlar. Agar buni ohu nola bilan qilsalar, sizlarga foyda bo‘lmaydi.

18Bizlar uchun ibodat qilinglar. Vijdonimiz toza ekanligiga aminmiz, chunki biz hamma narsani halollik bilan bajarishga harakat qilamiz. 19Ayniqsa men uchun ibodat qilishingizni ko‘p o‘tinib so‘rayman, Xudo meni tezroq sizlarning oldingizga qaytarsin.

 

Xotima va duoyi salom

 

20Tinchlik bergan Xudo qo‘ylarning ulug‘ Cho‘poni – Rabbimiz Isoni abadiy ahdning qoni bilan tiriltirdi. 21Xudo O‘z murod-maqsadini Iso Masih orqali sizlarda bajo keltirsin, Xudoning irodasini ijro etmog‘ingiz uchun O‘zi sizlarda har xil fazl-kamolotni paydo qilsin. Iso Masihga abadulabad shon-sharaflar bo‘lsin! Omin.

22Ey birodarlar, sizlardan iltimos qilaman, qisqagina yozgan bo‘lsam ham, bu nasihat kalomini sabr-toqat bilan qabul qilinglar.

23Bilinglarki, birodarimiz Timo‘tiy ozodlikka chiqarildi. Agar u tezlik bilan yonimga kelsa, u bilan birga sizlarni ko‘rgani boraman. 24Jamoat boshliqlaringizning hammasiga va barcha ahli mo‘minga salom aytinglar. Italiyaliklar sizlarga salom yo‘llayaptilar.

25Xudoning inoyati hammangizga yor bo‘lsin. Omin.

 


[1] 1:1 - IBRONIYLARGA MAKTUB: Tavrot va Zaburni yaxshi bilgan, Isoning Masihligini tan olgan yahudiylar uchun yozilgan ilohiy nasihatnoma, muallifning kimligi matnda bildirilmagan, ba’zi ilohiyotchilar uni Havoriy Pavlus deb hisoblaydilar.

[2] 1:5 - qarang: Zabur 2:7 (Havoriylar 13:33).

[3] 1:6 - qarang: Zabur 96:7.

[4] 1:7 - qarang: Zabur 103:4.

[5] 1:9 - qarang: Zabur 44:7-8.

[6] 1:12 - qarang: Zabur 101:26-28.

[7] 1:13 - qarang: Zabur 109:1.

[8] 2:2 - KALOM: qadimgi rivoyatlarga ko‘ra, Muso payg‘ambar Tavrotni farishtalar orqali qabul qilgan; qarang: Havoriylar 7:53, Galatiyaliklar 3:19.

[9] 2:8 - qarang: Zabur 8:5-7.

[10] 2:12 - qarang: Zabur 21:23.

[11] 2:17 - OLIY RUHONIY: lug‘atga qarang.

[12] 3:2 - XUDONING XONADONI: Isroil xalqi, umuman ahli mo‘min; yana qarang: 1-Timo‘tiy 3:15, 1-Butrus 4:17.

[13] 3:11 - aynan qarang: Zabur 94:7-11.

[14] 4:1 - FAROG‘AT DIYORI: aslida “orom, tinish”. Isroil o‘g‘illari qirq yil sahroda kezgandan so‘ng Xudo va’da qilgan mamlakatga yetib farog‘atga erishdilar. Bunga o‘xshab, Iso Masihga ishonganlar bu dunyo g‘urbati oxirida abadiy yurtga, samoviy rohat-farog‘atga erishish umidi bilan yashaydilar.

[15] 4:4 - qarang: Ibtido 2:2.

[16] 4:8 - NABI YASU: lug‘atga qarang.

[17] 4:9 - FAROG‘AT KUNI: aslida “dam olish kuni istirohati”, ya’ni Parvardigor dunyoni yaratishining yettinchi kunida O‘z faoliyatidan tinganiga o‘xshab, imonlilar ham hayotlari oxirida abadiy orom va huzur-halovatga erishadi.

[18] 5:4 - HORUN: lug‘atga qarang.

[19] 5:5 - qarang: Zabur 2:7.

[20] 5:6 - MALKISIDQ: lug‘atda va 7-bobda izohlanadi; qarang: Zabur 109:4.

[21] 6:14 - qarang: Ibtido 22:16-17.

[22] 6:19 - PARDA: lug‘atga qarang; yana qarang: 10:19-20.

[23] 7:1 - SALIM: Iyerusalim (Quddus) shahrining qadimiy oti; qarang: Ibtido 14:18, Zabur 75:3.

[24] 7:5 - LEVIY: lug‘atga qarang.

[25] 8:2 - CHODIR: ya’ni Shahodat Chodiri, lug‘atga qarang; yana qarang: 9-bob.

[26] 9:1 - QADIMGI AHD: lug‘atga qarang.

[27] 9:4 - AHD SANDIG‘I...MANNA: lug‘atga qarang.

[28] 9:4 - HORUNNING GULLAGAN HASSASI: Xudovand Horunni rahbar qilib tanlaganini ko‘rsatish uchun uning hassasini gullatgan edi.

[29] 9:4 - AHD LAVHALARI: Xudovand Tavrotning “O‘n Amr”ini ikkita tosh lavhaga chizib, Muso payg‘ambarga bergan edi.

[30] 9:5 - MALAKLAR: aslida “karublar”, ya’ni noma’lum samoviy mavjudotlar suratida yasalgan oltin haykallar; aynan qarang: Ibtido 3:24, Zabur 17:11, 98:1.

[31] 9:15 - YANGI AHD: lug‘atga qarang.

[32] 9:16 - VASIYAT: yunoncha aslidagi so‘z ham “ahd”, ham “vasiyat” demakdir.

[33] 9:19 - ISSOP: xushbo‘y bargli kichik buta; poklanish uchun qurbon qilishganda qon va suv sepish uchun qo‘llanardi; yana qarang: Zabur 50:9.

[34] 10:7 - aynan qarang: Zabur 39:7-9.

[35] 11:4 - HOBIL VA QOBIL: qarang: Ibtido 4-bob.

[36] 11:5 - HANO‘X: qarang: Ibtido 5:21-24.

[37] 11:7 - NUH: qarang: Ibtido 6-bob.

[38] 11:8 - IBROHIM: qarang: Ibtido 12-bob, Havoriylar 7:2-8.

[39] 11:17 - IS’HOQ: qarang: Ibtido 22, 27, 48-50-boblar.

[40] 11:28 - FISIH: lug‘atga qarang.

[41] 11:31 - RAHOBA: yana qarang: Yoqub 2:25.

[42] 12:16 - ESOV: qarang: Ibtido 25:19-34.

[43] 12:18 - TOG‘: Xudovand Sinay tog‘ida qo‘rqinchli tusda zohir bo‘lib, Muso payg‘ambarga Tavrotni vahiy qilgan. Endi Iso Masih orqali Xudoga yaqinlashuvchilar ulug‘roq baxtiyorlikka erishmoqdalar; yana qarang: Galatiyaliklar 4:21-31, Vahiy 14:1-5, 21:2, Luqo 10:20.

[44] 12:23 - TO‘NG‘ICHLAR UMMATI: Isoga ishonib, Xudoning farzandi bo‘lganlarning jami; yana qarang: 2-bob, Yuhanno 1:12-13, Rimliklar 8:14-17, Galatiyaliklar 4:1-7, 1-Yuhanno 3-bob.

[45] 12:24 - ISONING QONI USTINGIZGA SEPILGAN: aslida “sepma qonga yaqinlashgansizlar”; Tavrotda buyurilishicha, Xudoga keltirilgan qurbonlikning qonini qurbongohga sepish kerak edi, bu esa gunohkorning aybidan forig‘ bo‘lishining ramzi edi. Hozir Masih xochda qonini to‘kib, Unga ishonganning barcha gunohlarini o‘chiradigan mukammal “sepma qonni” ta’min etgan; yana qarang: 9-10-boblar, 1-Butrus 1:2, 1-Yuhanno 1:7, Vahiy 1:5.

[46] 13:6 - aynan qarang: Zabur 117:6.




Китоблар / Муқаддас Китоб / Ўзбек тилидаги

Эски Аҳд:  |  ИБТИДО  |  ЧИҚИШ  |  ЛЕВИЛАР  |  САҲРОДА  |  ҚОНУНЛАР  |  ЁШУА  |  ҲАКАМЛАР  |  РУТ  |  ШОҲЛАР (БИРИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (ИККИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (УЧИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (ТЎРТИНЧИ КИТОБ)  |  СОЛНОМАЛАР (БИРИНЧИ КИТОБ)  |  СОЛНОМАЛАР (ИККИНЧИ КИТОБ)  |  ЭЗРА  |  НАХИМИЁ  |  ЭСТЕР  |  АЮБ  |  ЗАБУР  |  СУЛАЙМОННИНГ ҲИКМАТЛАРИ  |  ВОИЗ  |  СУЛАЙМОННИНГ ГЎЗАЛ ҚЎШИГИ  |  ИШАЁ  |  ЕРЕМИЁ  |  ЕРЕМИЁНИНГ МАРСИЯСИ  |  ҲИЗҚИЁ  |  ДОНИЁР  |  ХЎШЕЯ  |  ЙЎЭЛ  |  АМОС  |  ОБOДИЁ  |  ЮНУС  |  МИХО  |  НОХУМ  |  ХАБАҚҚУҚ  |  ЗАФАНИЁ  |  ХАГГЕЙ  |  ЗАКАРИЁ  |  МАЛАКИ
Янги Аҳд:
МАТТО  |  МАРК  |  ЛУҚО  |  ЮҲАННО  |  ҲАВОРИЙЛАРНИНГ ФАОЛИЯТИ  |  РИМЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  КОРИНФЛИКЛАРГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  КОРИНФЛИКЛАРГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ГАЛАТИЯЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  ЭФЕСЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  ФИЛИППИЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  КОЛОСАЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  САЛОНИКАЛИКЛАРГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  САЛОНИКАЛИКЛАРГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ТИМЎТИЙГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  ТИМЎТИЙГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ТИТУСГА МАКТУБ  |  ФИЛИМЎНГА МАКТУБ  |  ИБРОНИЙЛАРГА МАКТУБ  |  ЁҚУБНИНГ МАКТУБИ  |  БУТРУСНИНГ БИРИНЧИ МАКТУБИ  |  БУТРУСНИНГ ИККИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ БИРИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ ИККИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ УЧИНЧИ МАКТУБИ  |  ЯҲУДОНИНГ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОГА КЎРСАТИЛГАН ВАҲИЙ


Injil Uzbek tili: Yangi Ahd. Latin online
 Matto | Mark | Luqo | Yuhanno | Havoriylar | Yoqub | 1 Butrus | 2 Butrus | Yuhannoning 1chi | Yuhannoning 2chi | Yuhannoning 3chi | Yahudoning | Rimliklarga | Korinfliklarga 1chi | Korinfliklarga 2chi | Galatiyaliklarga | Efesliklarga | Filippiliklarga | Kolosaliklarga | Salonikaliklarga 1chi | Salonikaliklarga 2chi | Timo‘tiyga 1chi | Timo‘tiyga 2chi | Titusga | Filimo‘nga | Ibroniylarga | Vahiy  
Injil Uzbek tili: Eski Ahd. Latin online
IBTIDO | ZABUR

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак

Kitoblar - Kutubxona  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin.com   |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz


Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

KitoBook.com