BUTRUSNING IKKINCHI MAKTUBI

1–BOB

 

Duoyi salom

 

1Iso Masihning quli va havoriysi men, Simun Butrus, odil Xudoyimiz va Xaloskorimiz Iso Masih soyasida bizning qimmatli imonimizga teng bir imonga erishgan barchaga salom aytaman. 2Xudoni va Rabbimiz Isoni tanib-bilganingiz sayin, sizlarga Xudo inoyati oshib, xotiringiz jam bo‘lsin.

 

Ilohiy da’vat

 

3Rabbimiz Iso O‘zining ulug‘vorligi va kamoloti sharofati ila bizni da’vat etgan va bizga O‘zini tanitgan. Yashash va Xudo yo‘lida yurishimiz uchun kerak bo‘lgan hamma narsani U bizga O‘ziga xos ilohiy kuch-qudrat bilan ato etgan. 4Bu dunyo yomon ehtiroslar natijasida buzilib bormoqda. Sizlar bundan qochib qutulinglar, deb Xudo bizga ko‘p ulug‘ va qimmatli va’dalarni bergan. Bular ro‘yobga chiqib, sizlar ilohiy tabiatdan bahramand bo‘lasizlar.

5Bularni nazarda tutib, imoningizni but qilishga jon kuydiringlar. Shunday qilib, imoningiz ustiga fazl-kamolotga ega bo‘linglar. Fazl-kamolotingiz ustiga ong-bilimga ega bo‘linglar. 6Ong-bilimingiz ustiga nafsni tiyishni o‘rganinglar. Nafsni tiyish ustiga sabr-toqatli bo‘linglar. Sabr-toqatingiz ustiga diyonatga ega bo‘linglar. 7Diyonatli bo‘lish ustiga birodarlaringizni sevinglar. Birodarsevarlik ustiga tugal muhabbatga ega bo‘linglar. 8Agar bu xislatlar sizda mavjud bo‘lsa hamda yana ortib borayotgan bo‘lsa, unda siz Rabbimiz Iso Masihni tanib-bilish yo‘lida na sust, na samarasiz bo‘lasizlar. 9Bu xislatlardan benasiblar esa kaltabin va ko‘rdir, ular avvalgi gunohlaridan tozalanganini unutganlar.

10Shuning uchun, ey birodarlar, Xudo sizlarni tanlaganini va da’vat etganini bilib, bunga munosib bo‘lmoq uchun yana astoydil harakat qilinglar. Bu yo‘lni tutsangiz, hech vaqt qoqinmaysizlar. 11Shunday qilib, Rabbimiz va Xaloskorimiz Iso Masihning abadiy Shohligiga kirish yo‘li sizlarga keng ochiladi.

12Sizlar bu narsalarni bilar ekansiz va tan olgan haqiqatda qattiq turar ekansiz, men har doim bularni eslatib turishni xohlayman. 13Bu foniy makonimda[1] bo‘lgunimcha, bularni eslatish bilan sizlarni uyg‘otib turishni lozim ko‘raman. 14Chunki bu makonimdan ayrilish vaqtim yaqinlashganini bilaman, Rabbimiz Iso Masih O‘zi buni menga ma’lum qilgan. 15Bu dunyoni tark etganimdan keyin ham sizlar doimo bularni xotirlashingiz uchun jon kuydirmoqdaman.

 

Masihning ulug‘vorligi va payg‘ambarlar

 

16Biz Rabbimiz Iso Masihning kuch-qudrat bilan kelishi haqida sizlarga ma’lumot berganimizda, uydirma afsonalarni gapirib kelmadik. Uning salobatini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz. 17Masih Otasi Xudodan hurmat va shon-sharaf qabul qildi. Ulug‘vorlik to‘kib turadigan dargohi sharifdan Masihga bir sado kelib: “Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, Undan mamnunman”, – dedi. 18Biz aziz tog‘da[2] U bilan birga bo‘ldik, osmondan kelgan bu sadoni o‘zimiz ham eshitdik.

19Shuning uchun qadimgi payg‘ambarlarning so‘zlari biz uchun yanada qat’iy bo‘lib qoldi. Sizlar bu so‘zlarga rioya etib, yaxshi ish qilasizlar. Tong yulduzi chiqib, kun yorigungacha, qorong‘i joyda chiroq qanday nur sochsa, payg‘ambarlarning so‘zlari sizning yuragingizga shunday nur sochib tursin. 20Eng avval shuni bilinglarki, payg‘ambar kitoblarida uchraydigan bashoratlarning birortasi ham birovning xususiy tafsiriga bog‘liq emas. 21Hech bir payg‘ambar o‘zining insoniy xohishi bilan bashorat qilgan emas. Bu aziz odamlar Muqaddas Ruh tomonidan harakatga keltirilib, Xudoning so‘zlarini gapirib berganlar.

 

2–BOB

 

Soxta ustozlarning gunohi va jazosi

 

1Isroil xalqi orasida soxta payg‘ambarlar bo‘lgani kabi, sizlarning orangizda ham soxta ustozlar bo‘ladi. O‘zlarini qullikdan sotib olgan Egalarini ular inkor etib, orangizda juda zararli bid’atlarni tarqatadilar. Bu kishilar nogahon halokatga yo‘liqib qoladilar. 2Ko‘p odamlar ularning fisq-fujur ishlariga mahliyo bo‘ladi. Ular tufayli haqiqat yo‘li haqoratga duchor bo‘ladi. 3Ular tamagir bo‘lganidan, xushomad gaplar bilan sizlarning hisobingizdan davlat orttiradilar. Mana, ularning jazosi qadimdanoq tayyor turibdi, halokati esa kechikmayapti.

4Chunki Xudo hatto gunoh qilgan farishtalarni[3] ham ayamagan. Hukm kunigacha saqlansinlar deb, U ularni jahannamning zimiston g‘orlariga qamab qo‘ygan.

5Xudo qadimgi dunyoni ham ayamadi. U xudosizlar dunyosi ustiga to‘fon keltirib, faqat solihlik yo‘lini xabarlab yurgan Nuh va boshqa ozgina kishini, ya’ni hammasi bo‘lib sakkiz jonnigina saqladi.

6Xudosizlar boshiga keladigan balolardan ibrat bo‘lsin, deb Xudo Sado‘m va G‘amo‘ra[4] shaharlarini ham halokatga mahkum etdi va kulga aylantirdi. 7Bebosh odamlarning buzuq xatti-harakatidan azob chekkan solih Lutni esa Xudo qutqardi. 8O‘sha xalq orasida yashagan bu solih odam ularning haqsiz ishlarini ko‘rar, eshitar va o‘zining solih jonini kundan-kunga qiynar edi.

9Bundan anglashiladiki, xudojo‘ylarni vasvasadan qanday qutqarishni, jazoga mahkum betavfiqlarni esa qiyomat kunigacha qanday saqlashni Xudovand biladi. 10Ayniqsa, shahvoniy havaslarga berilib, o‘z tanasini bulg‘atuvchi, ilohiy hokimiyatni esa rad qiluvchi surbet va o‘jar odamlarni jazolash yo‘lini Xudovand biladi.

Ular samoviy mavjudotlarni[5] haqorat qilishdan ham qo‘rqmaydilar. 11Farishtalar odamlardan ancha kuchliroq va qudratliroq bo‘lganiga qaramay, Xudovand huzurida bu mavjudotlarni qarg‘ab hukm etmaydilar. 12Ammo bu odamlar-chi, aqliga sig‘dirolmaydigan hamma narsani yomonlaydilar, faqat tug‘ma his-tuyg‘ulari bilangina yashaydilar, xuddi ovlanib yo‘q qilinish uchun tug‘ilgan ongsiz hayvonlarga o‘xshaydilar. Ular aynan hayvon singari yo‘q bo‘lib ketadi, 13qilgan nohaqliklariga yarasha jazo oladilar.

Bular kunduz kuni aysh-ishratni o‘zlari uchun huzur-halovat deb hisoblaydilar. Ular nomingizga dog‘u g‘ubor tushiradilar. Sizlar bilan ziyofatga o‘tirganlarida, o‘zlarining axloqiy buzuqligidan zavqlanadilar. 14Ko‘zlari zinoga to‘ymaydi, tinimsiz gunoh qiladilar. Ular sabotsiz kishilarni ovlab, yo‘ldan ozdiradilar. Ko‘ngillari tamagirlikka o‘rganib qolgan la’nati odamlardir. 15Ular to‘g‘ri yo‘lni tark etdilar, ular Ba’o‘r o‘g‘li Bal’om[6] yo‘lidan borib, gumroh bo‘ldilar. Bal’om harom yo‘l bilan topgan pulini sevib qolgan edi. 16Lekin uning gunohi fosh bo‘lib qoldi. Tilsiz eshak tilga kirib, inson tili bilan bu payg‘ambarning tentakligiga to‘sqinlik qildi.

17Bu odamlar esa suvsiz buloqlardir, bo‘ron haydagan to‘zon va bulutdirlar. Ular uchun tim qorong‘i zulmat tayyorlab qo‘yilgan. 18Chunki xato yo‘ldan zo‘rg‘a qochib qutulgan imonlilarni ular dabdabali, devonavor gaplar bilan avrab, nafslariga o‘t tushirib, fisqu fujur havasi bilan qiziqtiradilar. 19O‘zlari buzg‘unlikning quli bo‘la turib, ularga erkinlik va’da beradilar. Ammo odam nimadan yengilsa, uning quli bo‘ladi.

20Ular Rabbimiz va Xaloskorimiz Iso Masihni bilib olib, dunyoning qabohatlaridan qochib qutulgan edilar. Agar bundan keyin ular yana shunday ishlarga aralashib, mag‘lub bo‘lsalar, unda so‘nggi ahvollari avvalgi ahvollaridan battar bo‘ladi. 21Solihlik yo‘lini bilgandan keyin, tan olgan muqaddas amrdan yuz o‘girgandan ko‘ra, bu yo‘lni hech bilmagan ular uchun yaxshiroq bo‘lar edi. 22Mana bu ishonchli maqol ularga aynan to‘g‘ri keladi:

“It o‘zining qusganiga qaytar”,

shuningdek:

“Yuvilgan to‘ng‘iz balchiqda ag‘nagani qaytar”.

 

3–BOB

 

Isoning olamga qaytishi haqida

 

1Ey sevganlarim, endi sizlarga bu ikkinchi maktubni yozyapman. Bu mavzularni yodingizga solib, sizda pok fikr uyg‘otishga harakat qilmoqdaman. 2Muqaddas payg‘ambarlarning ilgarigi vaqtlarda aytgan so‘zlarini, shuningdek, Rabbimiz va Xaloskorimiz Isoning O‘z havoriylariga sizlar uchun topshirgan vasiyatini eslab turishingizni istayman.

3Avvalo shuni bilinglarki, oxirgi kunlarda o‘z nafsiga mahliyo bo‘lib yuradigan hayosiz masxarabozlar paydo bo‘ladi. 4Ular: “Rabbingizning qaytishi to‘g‘risidagi va’da qani? Mana, ota-bobolarimiz o‘tgandan buyon, hamma narsa avval boshda qanday yaratilgan bo‘lsa, shunday turibdi”, – deb masxara qiladilar.

5Vaholanki, ular ataylab shuni esdan chiqaradilarki, azalda Xudoning kalomi orqali yeru osmon bunyod bo‘lgan. Yer esa suvdan chiqib, suv bilan yaratilgan. 6Yana suvdan – to‘fon suvidan qadimgi dunyo mahv bo‘lgan. 7Hozirgi yeru osmon esa o‘sha ilohiy kalom orqali saqlanib turibdi, Xudo betavfiq odamlar uchun belgilagan hukm va halokat kunigacha yonish uchun tayyor turibdi.

8Ey sevganlarim, shugina e’tiboringizdan qochmasinki, Xudovand nazarida bir kun ming yil va ming yil bir kun kabidir. 9Ba’zilar o‘ylaganday, Rabbimiz bergan va’dasini amalga oshirishga imillamayapti. Aksincha, U hech kimning halok bo‘lishini istamay, hamma tavba qilsin, deb sabr-toqat bilan kutib turibdi.

 

Mahshar va yangi koinot

 

10Kechasi o‘g‘ri qanday kelsa, Rabbimizning mahshar kuni ham xuddi shunday nogahon kelib qoladi. U kuni osmon gumburlab tamom bo‘ladi, moddiy unsurlar qizib, erib ketadi, yer va unda qilingan har bir ish kulga aylanadi. 11O‘sha kunda hamma narsa yo‘q bo‘lib ketar ekan, sizlar qanday kishilar bo‘lmog‘ingiz kerak? 12Xudoning kunida osmon yonib yo‘q bo‘lar, moddiy unsurlar esa qizib, erib ketar ekan, sizlar o‘sha kunni muqaddas yurish-turish, diyonat bilan kutishingiz va shu yo‘sinda uning kelishini tezlashtirishingiz kerak. 13Chunki Xudoning ahd qilgani bo‘yicha, biz adolat hukm suradigan yangi yer va yangi osmonni kutyapmiz.

 

Dalda va ogohlantirish

 

14Buning uchun, ey sevganlarim, modomiki bularni kutyapsiz ekan, Xudo oldida tinch-totuvlik bilan yashab, beg‘ubor va benuqson odamlar bo‘lishga jon kuydiringlar. 15Sevikli birodarimiz Pavlus ham o‘ziga berilgan donolik bilan sizlarga qanday yozgan bo‘lsa, xuddi shu kabi Rabbimizning sabr-toqatini qutulish fursati deb hisoblanglar. 16Pavlus hamma maktublarida bu mavzular haqida gapiradi-ku. Ularda tushunish qiyin bo‘lgan ba’zi mavzular borki, johil va sabotsiz kishilar boshqa muqaddas yozuvlarni buzganlaridek, ularni ham buzib talqin qiladilar. Bu esa ularni halokatga yo‘liqtiradi.

17Ey sevganlarim, bularni oldindan bilar ekansiz, ehtiyot bo‘linglar, yana boshboshdoq odamlarning g‘avg‘osi bilan yo‘ldan ozmanglar, topgan qaroringizdan aynimanglar. 18Rabbimiz va Xaloskorimiz Iso Masihninginoyatiga tayanib, Uni tanib-bilib borgan sayin rivoj topinglar.

Hozirdan to mangu kungacha Unga shon-shuhrat bo‘lsin! Omin.

 


[1] 1:13 - MAKON: ruhimizning vaqtincha makoni bo‘lgan tanamiz; aynan qarang: 2-Korinfliklar 5:1-10.

[2] 1:18 - AZIZ TOG‘: Iso Masih Butrus va boshqa ikki shogirdiga nurli qiyofada ko‘ringan tog‘, Tobur yoki Hermo‘n tog‘i deb taxmin qilinadi; qarang: Matto 17:1-9.

[3] 2:4 - GUNOH QILGAN FARISHTALAR: qarang: Yahudo 6-oyat.

[4] 2:6 - SADO‘M VA G‘AMO‘RA: qarang: Ibtido 18-19-boblar.

[5] 2:10 - SAMOVIY MAVJUDOTLAR: aslida “ulug‘lar”, yana qarang: Yahudo 8-9-oyatlar.

[6] 2:15 - BAL’OM: lug‘atga qarang.




Китоблар / Муқаддас Китоб / Ўзбек тилидаги

Эски Аҳд:  |  ИБТИДО  |  ЧИҚИШ  |  ЛЕВИЛАР  |  САҲРОДА  |  ҚОНУНЛАР  |  ЁШУА  |  ҲАКАМЛАР  |  РУТ  |  ШОҲЛАР (БИРИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (ИККИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (УЧИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (ТЎРТИНЧИ КИТОБ)  |  СОЛНОМАЛАР (БИРИНЧИ КИТОБ)  |  СОЛНОМАЛАР (ИККИНЧИ КИТОБ)  |  ЭЗРА  |  НАХИМИЁ  |  ЭСТЕР  |  АЮБ  |  ЗАБУР  |  СУЛАЙМОННИНГ ҲИКМАТЛАРИ  |  ВОИЗ  |  СУЛАЙМОННИНГ ГЎЗАЛ ҚЎШИГИ  |  ИШАЁ  |  ЕРЕМИЁ  |  ЕРЕМИЁНИНГ МАРСИЯСИ  |  ҲИЗҚИЁ  |  ДОНИЁР  |  ХЎШЕЯ  |  ЙЎЭЛ  |  АМОС  |  ОБOДИЁ  |  ЮНУС  |  МИХО  |  НОХУМ  |  ХАБАҚҚУҚ  |  ЗАФАНИЁ  |  ХАГГЕЙ  |  ЗАКАРИЁ  |  МАЛАКИ
Янги Аҳд:
МАТТО  |  МАРК  |  ЛУҚО  |  ЮҲАННО  |  ҲАВОРИЙЛАРНИНГ ФАОЛИЯТИ  |  РИМЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  КОРИНФЛИКЛАРГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  КОРИНФЛИКЛАРГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ГАЛАТИЯЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  ЭФЕСЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  ФИЛИППИЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  КОЛОСАЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  САЛОНИКАЛИКЛАРГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  САЛОНИКАЛИКЛАРГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ТИМЎТИЙГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  ТИМЎТИЙГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ТИТУСГА МАКТУБ  |  ФИЛИМЎНГА МАКТУБ  |  ИБРОНИЙЛАРГА МАКТУБ  |  ЁҚУБНИНГ МАКТУБИ  |  БУТРУСНИНГ БИРИНЧИ МАКТУБИ  |  БУТРУСНИНГ ИККИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ БИРИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ ИККИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ УЧИНЧИ МАКТУБИ  |  ЯҲУДОНИНГ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОГА КЎРСАТИЛГАН ВАҲИЙ


Injil Uzbek tili: Yangi Ahd. Latin online
 Matto | Mark | Luqo | Yuhanno | Havoriylar | Yoqub | 1 Butrus | 2 Butrus | Yuhannoning 1chi | Yuhannoning 2chi | Yuhannoning 3chi | Yahudoning | Rimliklarga | Korinfliklarga 1chi | Korinfliklarga 2chi | Galatiyaliklarga | Efesliklarga | Filippiliklarga | Kolosaliklarga | Salonikaliklarga 1chi | Salonikaliklarga 2chi | Timo‘tiyga 1chi | Timo‘tiyga 2chi | Titusga | Filimo‘nga | Ibroniylarga | Vahiy  
Injil Uzbek tili: Eski Ahd. Latin online
IBTIDO | ZABUR

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак

Kitoblar - Kutubxona  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin.com   |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz


Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

KitoBook.com