SALONIKALIKLARGA BIRINCHI MAKTUBI

1–BOB

 

Jamoatga salom, namunali imon uchun maqtov

 

1Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihning ummati bo‘lgan Salonika[1] shahridagi imonlilar jamoatiga Pavlus, Silvan[2] va Timo‘tiydan salom! Otamiz Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan sizlarga inoyat va tinchlik bo‘lsin.

2Ibodatlarimizda tinmay sizlarni xotirlab, hammalaringiz uchun Xudoga shukr qilamiz. 3Chunki sizlar imon bilan ish qilib, muhabbat bilan zahmat chekasiz, faqat Rabbimiz Iso Masihga umid bog‘lab, U tufayli sabr-toqat qilasizlar. Shuning uchun Otamiz Xudo huzurida sizlarni eslab turamiz.

4Ey birodarlar, Xudo sizlarni sevib, tanlaganini bilamiz. 5Biz InjilXushxabarini sizlarga quruq so‘z bilan emas, balki qudrat bilan, Muqaddas Ruh kuchi bilan, to‘la ishontirish kuchi bilan xabarlab keldik. Biz orangizda bo‘lganimizda qanday namunali turmush kechirganimizni o‘zlaringiz bilasizlar.

6Shunday qilib, sizlar ko‘p qayg‘uda bo‘lsangiz ham, Muqaddas Ruhdan ilhom olib, o‘zingizda sevinch hosil qildingizlar, Xudoning kalomini qabul etib, bizga ham, Rabbimizga ham ergashdingizlar. 7Makedoniya va Axaya o‘lkalaridagi butun imonlilarga o‘rnak bo‘lib qoldingizlar. 8Rabbimiz Isoning kalomi sizlardan boshlab yoyildi. Sizlarning Xudoga bo‘lgan imoningizning shuhrati yolg‘iz Makedoniya va Axayagagina emas, hamma yoqqa ham tarqalib ketdi. Shuning uchun endi bizning biror narsa gapirishimizga hojat qolmadi. 9Hamma eshitganlarning ham aytishlaricha, sizlar bizni yaxshi qabul qildingizlar, butlarga sig‘inishdan qaytib, barhayot va haqiqiy Xudoga tavakkal qildingizlar. Endi Xudoga xizmat qilayotib, 10Uning O‘g‘li Isoning ko‘kdan tushishiga ko‘z tutib yuribsizlar. Xudo O‘z O‘g‘li Isoni tiriltirdi, toki U bizni kelajak Xudo g‘azabidan xalos qilsin.

 

2–BOB

 

Pavlusning Salonika shahridagi xatti-harakati

 

1Ey birodarlar, oldingizga borib qilgan ziyoratimizning befoyda bo‘lmaganini o‘zlaringiz bilasizlar. 2Yana avvaldan bilasizlarki, undan oldin Filippi shahrida azob chekib, haqoratga uchragan edik. Ammo bu shiddatli qarshiliklarga qaramasdan, Xudo O‘z Xushxabarini sizlarga ham yetkazish uchun bizga jasorat berdi. 3Biz nasihat qilar ekanmiz, bizda na xato, na nopok niyat, na biron hiyla bo‘lgan. 4Biz insonlarga yoqish uchun o‘zimizcha gapirmayapmiz. Aksincha, Xudo Xushxabarni bizga ishonib topshirdi, uni yetkazish uchun bizni loyiq topdi, shuning uchun biz faqat Xudoni xushnud etmoqchimiz. Yuraklarimizni U sinab ko‘radi. 5Siz yaxshi bilasizlarki, biz hech vaqt tilyog‘lamalik qilmadik, niqob ostida tamagirlikni ham ko‘zlamadik. Xudo bunga shohid. 6Biz na sizlardan, na boshqalardan insoniy shon-sharaf izlamadik.

7Biz Masihninghavoriylari kabi oldingizga salobat bilan kelishimiz mumkin edi. Ammo bolalarini ardoqlagan bir enaga kabi orangizda yuvosh bo‘ldik. 8Sizlarga shu qadar ko‘ngil bog‘lagan edikki, faqat Xudoning Xushxabarinigina emas, balki o‘z jonimizni ham berishga tayyor edik. Chunki sizlar biz uchun aziz bo‘lib qolgan edingizlar. 9Ey birodarlar, sizlarga sarf qilgan mehnatu zahmatimizni esda tutinglar! Sizlarning birortangizga malol kelmasin, deb kechayu kunduz mehnat qildik va Xudoning Xushxabarini talqin qilib berdik.

10Siz, imonlilar oldida biz qanday pokdil, solih va benuqson bo‘lganimizga o‘zlaringiz ham, Xudo ham guvohdir. 11Shuni ham bilasizlarki, ota o‘z bolalarini avaylagani kabi, biz ham har biringizni avaylab dalda berdik. 12Biz sizlarga jiddiy nasihat qildik. Xudo O‘zining ulug‘vor Shohligi soyasiga sizlarni chorladi, endi shunga loyiq suratda yashanglar, deb samimiy yolvordik.

13Bizning tinmay Xudoga shukr qilishimizning yana bir sababi bor: sizlar Xudoning kalomini bizdan eshitganingizda, buni inson so‘zi sifatida emas, balki Xudo kalomi sifatida qabul qildingizlar. Bu kalom haqiqatan Xudo kalomi bo‘lgani uchun, siz, imonlilarga ta’sir qilmoqda.

14Ey birodarlar, sizlar Yahudiya o‘lkasidagi Iso Masih ummati bo‘lgan Xudo jamoatlariga ergashdingizlar; ular yahudiylardan qanday azob chekkan bo‘lsa, sizlar ham o‘z yurtdoshlaringizdan shunday xo‘rlik ko‘rdingizlar. 15Mana, yahudiylar Rabbimiz Isoni va payg‘ambarlarni o‘ldirishgan, bizni ham jabrlab, quvg‘in qilishgan. Ulardan Xudo rozi emas, ular barcha odamlarga ham dushmandir. 16Ular boshqa xalqlarga va’z aytishimizni taqiqlab, ularning najot topishiga to‘sqinlik qilmoqdalar, shu tariqa tobora gunoh orttirib bormoqdalar. Ular allaqachon Xudoning g‘azabiga uchragan-ku.

17Ey birodarlar, endi biz dilimiz bilan bo‘lmasa-da, vujudimiz bilan qisqa bir muddat sizlardan judo bo‘ldik. Ammo sizlarni juda ham sog‘inib, diydoringizni ko‘rishga jon-jahdimiz bilan harakat qilmoqdamiz. 18Ha, biz, ayniqsa men, Pavlus, bir-ikki marta sizning oldingizga bormoqchi edik, lekin shayton bizga xalaqit berdi. 19Zotan bizning umid va sevinchimiz kim? Rabbimiz Iso qaytib kelganda, Uning oldida faxrlanadigan tojimiz kim? Sizlardan boshqa kim ham bo‘la olardi?! 20Ha, sizlar biz uchun sharaf va quvonchsiz!

 

3–BOB

 

Timo‘tiy keltirgan ezgu xabar

 

1Biz endi boshqa toqat qilolmay, Afina shahrida yolg‘iz qolishga rozi bo‘ldik 2va ukamiz Timo‘tiyni sizning oldingizga yuborishga qaror qildik. Timo‘tiy MasihXushxabarini targ‘ib qilishda bizning hamkorimiz hamda Xudoning xizmatkoridir. U sizlarni imonda mustahkamlab, ruhlantiradi, 3toki bu qayg‘ular bilan yana birortasi yo‘ldan toyib ketmasin. Taqdirimiz qayg‘uli ekanligini o‘zlaringiz bilasizlar. 4Biz yoningizda bo‘lganimizdayoq, biz uchun qayg‘usizlik bo‘lmaydi, deb sizlarga ta’kidlagan edik. Bilganingizdek, xuddi shunday bo‘ldi. 5Shuning uchun men ortiqcha sabr qilolmay, mabodo vasvasachi[3] sizlarni yo‘ldan ozdirmadimi, mehnatimiz behuda ketmadimi, deb imoningizning ahvolini bilish uchun ukamizni yubordim.

6Endi esa Timo‘tiy oldingizdan qaytib kelib, imoningiz va sevgingiz haqida ezgu xabar berdi. Biz sizlarni sog‘inganimizdek, sizlar ham bizni sog‘inib qolibsiz, har doim bizni duo qilayotgan ekansiz, u gapirib berdi. 7Shu sababdan, birodarlar, biz hamma qayg‘u va ehtiyojlarimiz orasida sizning imoningizning rivoji haqida bilib, tasalli topdik. 8Ha, sizlar Rabbimiz bilan mahkam aloqada turaversangiz, bizning jonimiz kiradi. 9Xudoyimiz huzurida sizlar sababli topgan baxt-saodatimiz uchun Unga qancha shukr qilsak ozdir. 10Diydoringizni ko‘rish va imoningizdagi kamchiliklarni to‘ldirish uchun kechayu kunduz zo‘r berib Xudoga iltijo qilamiz.

11Otamiz Xudoning O‘zi va Rabbimiz Iso Masih yo‘limizni sizlar tomon yo‘naltirsin. 12Biz sizlarni qancha sevsak, Rabbimiz Iso Masih bir-biringizga va barcha insonlarga bo‘lgan muhabbatingizni shuncha ko‘paytirib yuborsin. 13Shunda Rabbimiz Iso Masih O‘zining barcha azizlari[4] bilan birga osmondan tushib kelayotganda, sizning dillaringiz sobit bo‘ladi, siz Otamiz Xudo huzurida muqaddaslikda benuqson bo‘lasizlar. Omin.

 

4–BOB

 

Muqaddas hayotga undash

 

1Xullas, ey birodarlar, Xudoga ma’qul kelish uchun qanday yashashingiz kerakligi to‘g‘risida bizdan ta’lim olgansizlar. Hozir ham shunday yashayotgan bo‘lsangiz-da, bundan ko‘proq ravnaq topinglar, deb Rabbimiz Iso haqi sizlardan yolvorib so‘raymiz. 2Biz Rabbimiz Iso nomidan sizlarga qanday buyruqlar berganimizni, albatta, bilasizlar.

3Xudoning irodasi shu: muqaddas bo‘linglar, zinodan o‘zingizni saqlanglar. 4Har bir odam o‘z xotinini[5] eplab, muqaddas va iffatli saqlasin. 5Xudoni tanimagan xalqlar kabi shahvoniy hirsga berilmanglar. 6Bu xususda hech kim birodariga firib berib, nohaqlik qilmasin. Oldindan sizlarga aytib, ogohlantirganimizdek, hamma bu ishlar uchun Xudo qasos oladi. 7Chunki Xudo bizlarni nopoklikka emas, balki muqaddaslikka chaqirgan. 8Demak, bu qoidani rad etgan kishi insonni emas, balki sizga Muqaddas Ruhni bergan Xudoni rad etgan bo‘ladi.

9Birodarlik muhabbati to‘g‘risida sizlarga yozishning hojati yo‘q. Chunki bir-biringizni sevishni Xudodan o‘rgangansizlar. 10Zotan sizlar Makedoniya o‘lkasi bo‘ylab yashovchi barcha birodarlaringizga ham shunday munosabatda bo‘lyapsizlar. Shunga qaramay, sizlarni yanada ko‘proq ravnaq topishga undamoqchimiz.

11Birodarlar, biz sizlarga: osoyishta yashash, shaxsiy ishlaringiz bilan mashg‘ul bo‘lish, halol ishlashga jon kuydiringlar, deb buyurgan edik. 12Yana hech kimga muhtoj bo‘lmasdan, boshqa odamlarning ko‘zi oldida odob bilan yashanglar.

 

Iso Masihning olamga qaytishi

 

13Ey birodarlar, umidsizlikda yashayotgan boshqa odamlarga o‘xshab g‘amgin bo‘lmanglar, deb bu olamdan ko‘z yumib ketganlarning ahvoli haqida sizlarni xabardor qilmoqchimiz. 14Biz Isoning o‘lib, tirilganiga ishonamiz. Shunga o‘xshab, Xudo Isoga ishongan marhumlarni ham U bilan birga qaytarib keltiradi.

15Buni sizlarga Rabbimiz kalomi kabi aytyapmiz: biz, tiriklar, ya’ni Rabbimiz Iso kelishiga qadar hayot bo‘lganlar, o‘lganlardan ilgari kelmaymiz. 16Chunki Rabbimiz Iso O‘zi buyuk nido, bosh farishtaning sadosi, Xudoning karnayi bilan osmondan tushadi. Avval Masihga ishongan marhumlar tiriladilar. 17So‘ngra biz, tirik qolganlar, ular bilan birga Rabbimizni havoda kutib olish uchun bulutlar bilan ko‘tarilamiz. Shu tariqa hamisha Rabbimiz bilan birga bo‘lamiz.

18Ana shu so‘zlar bilan bir-biringizni ovuntiringlar.

 

5–BOB

 

Oxirzamonda yashashlik haqida

 

1Ey birodarlar, bu voqealar ro‘y beradigan zamon va muddatlar haqida sizlarga yozishning hojati yo‘q. 2Chunki o‘zlaringiz yaxshi bilasizlarki, kechasi o‘g‘ri qanday kelsa, mahshar kuni ham shunday keladi. 3Xuddi homilador xotinni to‘lg‘oq tutib qolganidek, insonlar tinch va osoyishta deb yurganda, to‘satdan ularning boshiga halokat keladi va undan aslo qochib qutula olmaydilar.

4Sizlar esa, ey birodarlar, qorong‘ilikda emassizlarki, o‘sha kun o‘g‘ri kabi sizlarni bosib olsin. 5Hammalaringiz yorug‘lik va kunduzning o‘g‘illarisizlar. Biz kechaga ham, qorong‘ilikka ham taalluqli emasmiz. 6Shuning uchun boshqalar kabi uxlamaylik, bedor va hushyor bo‘laylik. 7Uxlaganlar kechasi uxlaydilar, sarxush bo‘lganlar kechasi sarxush bo‘ladilar.

8Lekin biz kunduzga oidmiz. Shu tufayli imon va muhabbat qalqonini olaylik, najotga umidvorlik dubulg‘asini kiyaylik, hushyor bo‘laylik. 9Chunki Xudo bizni g‘azab uchun emas, balki Rabbimiz Iso Masih orqali najot topish uchun tayin etdi. 10Rabbimiz Iso Masih biz uchun o‘ldi. Biz hayot bo‘lsak yoki hayotdan ko‘z yumsak ham, hamisha U bilan birga yashaymiz. 11Shuning uchun hozir ham qilayotganingizdek, bundan keyin ham bir-biringizga dalda berib, yordam qilinglar.

 

So‘nggi pand-nasihat

 

12Ey birodarlar, orangizda mehnat qilib, Rabbimiz yo‘lida sizlarga boshchilik qilib, yo‘l-yo‘riq beradiganlar bor, ularni qadrlashingizni iltimos qilaman. 13Qilgan ishlari tufayli ularni chin qalbdan sevib, hurmat qilinglar. Bir-biringiz bilan tinch-totuv yashanglar. 14Sizlarga yolvoramiz, birodarlar: ishyoqmaslarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatinglar, jasoratsizlarning ruhini ko‘taringlar, kuchsizlarga yordamlashinglar, hammaga sabr-toqatli bo‘linglar. 15Hech kim o‘zgaga yomonlik evaziga yomonlik qilmasin. Aksincha, har doim bir-biringiz, qolaversa, hamma uchun ham yaxshilikni izlanglar.

16Hamisha xursand bo‘linglar, 17tinmay toat-ibodat qilinglar, 18har qanday sharoitda ham Xudoga shukr qilinglar. Bu – Xudoning irodasi, chunki sizlar Iso Masih ummatisizlar. 19Ruhning alangasini susaytirmanglar. 20Payg‘ambar karomatini kamsitmanglar. 21Hamma narsani sinab ko‘ringlar, yaxshilikka yopishib olinglar. 22Har xil yomonliklardan o‘zingizni saqlanglar.

23Tinchlik manbayi bo‘lgan Xudoning O‘zi sizlarni butunlay muqaddas qilsin. Rabbimiz Iso Masih kelguncha, butun ruhingiz, joningiz va taningiz benuqson saqlansin. 24Sizlarni da’vat etgan Xudo O‘z so‘ziga sodiqdir, U aytganini bajaradi.

25Birodarlar, bizlar uchun ibodat qilinglar. 26Butun birodarlarga muqaddas o‘pish bilan salom aytinglar. 27Bu maktubni barcha muqaddas birodarlarimga o‘qib berishingizni Rabbim Iso haqi qattiq buyuraman.

28Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo‘lsin. Omin.

 


[1] 1:1 - SALONIKA (Fessalonika): Yunonistonning shimoliy qismi – Makedoniyada joylashgan muhim shahar, Havoriy Pavlus u yerda va’zxonlik qilgan; qarang: Havoriylar 17-bob, Filippiliklar 4:16, 2-Timo‘tiy 4:10.

[2] 1:1 - SILVAN: Pavlusning yordamchisi, Sila nomining lotincha shakli; qarang: Havoriylar 15-18-boblar, 2-Korinfliklar 1:19.

[3] 3:5 - VASVASACHI: shayton; yana qarang: Matto 4:3.

[4] 3:13 - AZIZLAR: o‘lgan imonlilar yoki farishtalar bo‘lsa kerak; yana qarang: 4:16, Matto 25:31, Mark 8:38, 2-Salonikaliklar 1:7.

[5] 4:4 - XOTININI: yoki vujudini.




Китоблар / Муқаддас Китоб / Ўзбек тилидаги

Эски Аҳд:  |  ИБТИДО  |  ЧИҚИШ  |  ЛЕВИЛАР  |  САҲРОДА  |  ҚОНУНЛАР  |  ЁШУА  |  ҲАКАМЛАР  |  РУТ  |  ШОҲЛАР (БИРИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (ИККИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (УЧИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (ТЎРТИНЧИ КИТОБ)  |  СОЛНОМАЛАР (БИРИНЧИ КИТОБ)  |  СОЛНОМАЛАР (ИККИНЧИ КИТОБ)  |  ЭЗРА  |  НАХИМИЁ  |  ЭСТЕР  |  АЮБ  |  ЗАБУР  |  СУЛАЙМОННИНГ ҲИКМАТЛАРИ  |  ВОИЗ  |  СУЛАЙМОННИНГ ГЎЗАЛ ҚЎШИГИ  |  ИШАЁ  |  ЕРЕМИЁ  |  ЕРЕМИЁНИНГ МАРСИЯСИ  |  ҲИЗҚИЁ  |  ДОНИЁР  |  ХЎШЕЯ  |  ЙЎЭЛ  |  АМОС  |  ОБOДИЁ  |  ЮНУС  |  МИХО  |  НОХУМ  |  ХАБАҚҚУҚ  |  ЗАФАНИЁ  |  ХАГГЕЙ  |  ЗАКАРИЁ  |  МАЛАКИ
Янги Аҳд:
МАТТО  |  МАРК  |  ЛУҚО  |  ЮҲАННО  |  ҲАВОРИЙЛАРНИНГ ФАОЛИЯТИ  |  РИМЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  КОРИНФЛИКЛАРГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  КОРИНФЛИКЛАРГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ГАЛАТИЯЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  ЭФЕСЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  ФИЛИППИЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  КОЛОСАЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  САЛОНИКАЛИКЛАРГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  САЛОНИКАЛИКЛАРГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ТИМЎТИЙГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  ТИМЎТИЙГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ТИТУСГА МАКТУБ  |  ФИЛИМЎНГА МАКТУБ  |  ИБРОНИЙЛАРГА МАКТУБ  |  ЁҚУБНИНГ МАКТУБИ  |  БУТРУСНИНГ БИРИНЧИ МАКТУБИ  |  БУТРУСНИНГ ИККИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ БИРИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ ИККИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ УЧИНЧИ МАКТУБИ  |  ЯҲУДОНИНГ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОГА КЎРСАТИЛГАН ВАҲИЙ


Injil Uzbek tili: Yangi Ahd. Latin online
 Matto | Mark | Luqo | Yuhanno | Havoriylar | Yoqub | 1 Butrus | 2 Butrus | Yuhannoning 1chi | Yuhannoning 2chi | Yuhannoning 3chi | Yahudoning | Rimliklarga | Korinfliklarga 1chi | Korinfliklarga 2chi | Galatiyaliklarga | Efesliklarga | Filippiliklarga | Kolosaliklarga | Salonikaliklarga 1chi | Salonikaliklarga 2chi | Timo‘tiyga 1chi | Timo‘tiyga 2chi | Titusga | Filimo‘nga | Ibroniylarga | Vahiy  
Injil Uzbek tili: Eski Ahd. Latin online
IBTIDO | ZABUR

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак

Kitoblar - Kutubxona  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin.com   |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz


Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

KitoBook.com