1Insonlar tomonidan emas, inson orqali ham emas, balki Iso Masih va Uni tiriltirgan Otamiz Xudo tomonidan havoriy qilib tayinlangan men – Pavlus, 2shuningdek, men bilan birga bo‘lgan hamma birodarlar Galatiya[1] o‘lkasidagi Masih jamoatlariga salom yo‘llaymiz. 3Otamiz Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan sizlarga inoyat ila tinchlik bo‘lsin.
4Iso Masih bizni hozirgi yovuz asrdan qutqarmoqchi bo‘lib, gunohlarimiz uchun O‘zini fido qildi, shu yo‘sin Otamiz Xudoning irodasini ado etdi. 5Unga abadulabad shon-sharaflar bo‘lsin! Omin.
6Hayronman, sizlar qanchalik tez Masihning inoyatli da’vatidan yuz o‘girib, boshqa bir “Injil”ga sajda qildingizlar! 7Aslida boshqa Injil yo‘q. Faqat ba’zilar sizlarni chalg‘itib, Masih Xushxabarini buzib ko‘rsatishni xohlaydilar. 8Bordiyu biz yoki hatto osmondan biror farishta kelib, o‘zimiz sizlarga o‘rgatgan Injildan boshqa bir “xushxabar” keltirsa, la’nati bo‘lsin. 9Biz oldin ham aytgan edik, hozir yana aytyapman: agar kimki sizlar qabul qilgan Injilga zid bo‘lgan xabarni targ‘ib etsa, la’nati bo‘lsin!
10Endi men insonlardan maqtov izlayapmanmi, yoki Xudodanmi? Nahotki insonlarga yoqmoqchi bo‘lsam? Agar men hali ham insonlarga yoqmoqchi bo‘lganimda edi, Masihning quli bo‘lolmas edim!
11Ey birodarlar, sizlarga e’lon qilmoqdaman: men targ‘ib etayotgan Injil inson ijodi emas. 12Chunki men uni insondan qabul qilmaganman va hech kimdan ta’lim olmaganman; balki Iso Masihdan vahiy olganman.
13Mening yahudiy dinida kechgan ilgarigi hayotim haqida eshitgansizlar; Xudoning ummatiga haddan tashqari jabr-zulm qilib, uni vayron qilar edim. 14Qavmimdan bo‘lgan ko‘p tengdoshlarimga qaraganda, yahudiylikda xiyla muvaffaqiyat qozongan edim, ota-bobolarim urf-odatlariga o‘ta jonkuyar edim. 15Ammo Xudo muruvvat qilib, onam qornidayoq meni tanlagan, O‘z inoyati bilan meni da’vat etgan edi. 16Men dunyo xalqlari orasida Xudo O‘g‘lining Xushxabarini targ‘ib qilishim uchun, Xudo O‘z vaqtida O‘g‘lini menga zohir qildi. Shunda men darhol odamzod bilan maslahatlashmadim, 17o‘zimdan ilg‘or havoriylarni ko‘rgani Quddusga bormadim. Balki Arabistonga ketib, keyin yana Damashqqa qaytdim.
18So‘ngra, uch yildan keyin, Butrus bilan tanishmoq uchun Quddusga bordim va uning yonida o‘n besh kun bo‘ldim. 19Lekin Rabbimiz Isoning ukasi Yoqubdan[2] boshqa havoriylarning hech birini ko‘rmadim. 20Men sizlarga nima yozayotgan bo‘lsam, Xudo shohid, yolg‘on emas.
21Undan so‘ng Suriya va Kilikiya mamlakatlariga bordim. 22Yahudiya o‘lkasidagi Masih jamoatlari esa meni shaxsan tanimas edilar. 23Ular faqat: u bir vaqtlar bizlarga jabr-zulm qilib yurgan kishi edi, endi ilgari ildizi bilan quritmoqchi bo‘lgan imonni o‘zi targ‘ib qilmoqda, degan gaplarni eshitar, 24men uchun Xudoni ulug‘lar edilar.
1Keyinroq, o‘n to‘rt yil o‘tgandan so‘ng, Barnabo bilan birga yana Quddusga bordim, Titusni ham yonimga oldim[3]. 2U yerga vahiy orqali bordim. Men ko‘rsatgan jahdu jadalim puchga chiqmasin, deb qo‘rqib, ularning alohida e’tiborli odamlari bilan ko‘rishdim, majusiylar[4] orasida o‘zim targ‘ib qilayotgan Xushxabarning mohiyatini ularga bayon etdim. 3Ular esa hatto hamrohim Titusni, yunon bo‘lishiga qaramay, xatna bo‘lishga majbur etishmadi. 4Faqat ba’zi soxta birodarlar lip etib oramizga suqilib kirishgan edi. Ular bizga Iso Masih ato etgan ozodlikni ko‘rolmay, bizni yana qul qilmoqchi edilar. 5Biz esa Xushxabarning haqiqati sizlar bilan abadiy bo‘lsin deb, bir dam ham ularga yon bermadik.
6Kimlar tomonidandir e’tiborli hisoblangan odamlarga kelganda (ular bir vaqtlar qanday bo‘lgan bo‘lsalar, menga bari bir, Xudo insonga yuz-xotir qilmaydi), shuni aytay, o‘sha e’tiborlilar mening zimmamga boshqa hech narsa yuklamadilar. 7Aksincha, ular Xushxabar Butrusga ahli sunnat[5] uchun berilganini bilib, men endi shu maqsadda sunnatsizlar[6] oldiga yuborilganimni tan oldilar. 8Axir, Xudo ahli sunnatgahavoriylik qilayotgan Butrusda ham, majusiylarga havoriylik qilayotgan menda ham amal qilib kelmoqda. 9Shunday qilib, imonlilar jamoatining ustunlari hisoblangan Yoqub, Kifa[7] va Yuhanno Xudo menga bu ish uchun alohida inoyat berganiga ishonch hosil qildilar. Ular biz majusiylarning oldiga ketaylik, qolganlar esa ahli sunnatning oldiga ketsin, deb kelishdilar va men bilan Barnaboga birdamlik qo‘lini berdilar. 10Ular faqat biz kambag‘allarni esdan chiqarmasligimizni iltimos qildilar, buni shaxsan men bajo keltirishga jon kuydirdim.
11Butrus Antioxiya shahriga kelganda, uning xatoligini yuziga aytib fosh qildim. 12Chunki Quddusdan, Yoqubning yonidan ba’zi odamlar kelishidan avval Butrus majusiylar bilan birga yeb-ichib yurgan edi. Ammo u odamlar kelgach, sunnatchilardan[8] xavotirlanib, o‘zini chetga oldi va majusiylar bilan aloqani uzdi. 13Shunda boshqa yahudiylar ham Butrusga o‘xshab riyokorlik qilishdi, hatto Barnabo ham ular riyokorligining qurboni bo‘ldi. 14Men esa ular Injil haqiqati bo‘yicha harakat qilishmayotganini ko‘rib, hammaga eshittirib Butrusga: “Agar sen yahudiy bo‘la turib, yahudiylar kabi emas, majusiylar kabi yashayotgan bo‘lsang, qanday qilib majusiylarni yahudiylashmoqqa majbur etyapsan?” – dedim.
15To‘g‘ri, bizlar asl yahudiymiz, majusiylar singari gunohkor emasmiz. 16Lekin shuni bilamizki, Xudo Ilohiy Qonunga amal qilgan kishini emas, Iso Masihga ishongan kishini oqlaydi. Shuning uchun bizlar ham Ilohiy Qonunga amal qilish bilan emas, Masihga ishonish bilangina oqlanamiz, deb Iso Masihga qattiq ishonganmiz. Hech kim Ilohiy Qonunga amal qilib, Xudo oldida o‘zini oqlayolmaydi.
17Bundan ko‘rinadiki, Masih orqali oqlanishni izlagan o‘zimiz ham hamma odam qatori gunohkor bo‘lib chiqdik. U holda, Masih gunoh yo‘lining homiysi ekan-da? – Aslo! 18Agar men o‘zim qulatgan qonun-qoidalar binosini qaytadan qurishga kirishsam, unda men o‘zimning qonunbuzar ekanimni ko‘rsatgan bo‘laman. 19Biroq endi men Xudo uchun yashay deb, Qonun oldida o‘lganman, ha, Qonun o‘zi meni o‘ldirdi[9]. Men Masih bilan birga xochga mixlab qo‘yilganman. 20Endi yashayotgan men emas, balki Masih mening ichimda yashayapti. Endi tanada yashayotganimga kelsak, meni sevgan va men uchun O‘zini fido qilgan Xudoning O‘g‘liga bo‘lgan imon bilan yashayapman. 21Men Xudoning inoyatini inkor qilmayman. Agar Ilohiy Qonunga amal qilish bilan oqlanish mumkin bo‘lganda edi, u holda Masih behuda o‘lgan bo‘lardi.
1Ey befahm galatiyaliklar! Haqiqatga bo‘ysunmaslik uchun sizlarni kim sehrlab qo‘ydi? Sizlarning ko‘z o‘ngingizda Iso Masihningxochga mixlab qo‘yilgani aniq tasvir etilmaganmidi? 2Sizlardan bir narsanigina bilmoqchiman, sizlar Muqaddas Ruhni qanday qabul qildingizlar: TavrotQonuniga amal qilish bilanmi yoki imon to‘g‘risidagi xabarni eshitish bilanmi? 3Sizlar shunchalik fahmsizmisizlar? MuqaddasRuh kuchi bilan boshlab, endi o‘zingizning bashariy kuchingiz bilan bitirmoqchimisizlar? 4Bekorga shuncha sinovlardan o‘tdingizlarmi? Haqiqatan ham bekorga edimi? 5Xudo sizlarga O‘z Ruhini baxsh etib, orangizda ajoyib mo‘jizalar yaratmoqda. U buni Qonunga amal qilganingiz uchun qilyaptimi yoki eshitganlaringizga imon keltirganingiz uchunmi?
6Ibrohim payg‘ambardan ibrat olaylik: U Xudoga ishondi va shuning uchun oqlandi. 7Shundan bilinglarki, kim imonga ega bo‘lsa, u Ibrohimning o‘g‘li sanaladi. 8Xudo Ibrohimga: “Butun xalqlar sendan baraka topajaklar”[10] deb, unga dastavval Xushxabar keltirgan edi. Tavrotning ana shu oyati aniq ko‘rsatadiki, Xudo insonni millatiga qaramay, imoni tufayli oqlaydi. 9Imon sohibi Ibrohim payg‘ambarga shunday ergashgan hamma ahli imon xuddi Ibrohimday Xudo rahmatiga erishadi.
10Ilohiy Qonunga amal qildim, deb o‘zini oqlamoqchi bo‘lgan barcha kishilar la’nat ostidadirlar. Chunki Tavrotda shunday yozilgan: “Qonun kitobining har bir moddasiga qattiq rioya qilmaydigan barcha la’nati bo‘ladi”. 11Shunday ekan, Ilohiy Qonunga amal qilish bilan hech kim Xudo oldida o‘zini oqlayolmasligi aniqdir. Tavrotda yozilganidek: “Imoni bilan oqlangan kishi yashayveradi”. 12Qonunga amal qilish esa imonga bog‘liq emas, aksincha, Tavrotda: “Bu buyruqlarni bajo keltirgan kishi shu bilan yashayveradi”, deb yozilgan.
13Masih esa biz uchun la’natlanib, bizni Qonun la’natidan xalos qildi, xuddi Tavrotda yozilganidek: “Yog‘ochga osilgan har bir kishi la’natidir”. 14Shu yo‘sin Xudo Ibrohimga va’da qilgan qut-barakalar Iso Masih orqali majusiylarga ham nasib etdi, biz imonimiz tufayli Xudo va’da bergan Muqaddas Ruhni qabul qildik.
15Birodarlar! Odamlar hayotidan bir misol keltiray: odam qilgan vasiyatni hech kim bekor qilolmaydi va unga qo‘sholmaydi. 16Xudoning Ibrohim va uning zotiga bergan ulug‘ va’dalari bundan kam emas. Xudo Ibrohimga: “Sening zotlaringga beraman” deb, ko‘pchilik haqida gapirmadi, aksincha: “Sening zotingga beraman” deb, bitta kishini, ya’ni Masihni ko‘zda tutdi. 17Shuni aytmoqchimanki, Ilohiy Qonun Ibrohimdan to‘rt yuz o‘ttiz yil keyin paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, Xudoning Ibrohim bilan oldinroq tasdiqlagan ahdini o‘rtadan ko‘tarmadi, Xudoning Masih haqida bergan va’dasini bekor qilmadi. 18Agar meros[11] Qonunga amal qilish sharti bilan berilganda edi, va’da bekorga chiqqan bo‘lur edi. Ammo Xudo merosni Ibrohimga va’da bo‘yicha ato qildi.
19U holda Ilohiy Qonun nima uchun berilgan? Ilohiy Qonun gunohkorligimizni ochiq ko‘rsatish uchun, ilohiy va’daga qo‘shimcha qilib berilgan. Va’dani olgan Ibrohim Zoti kelmaguncha, bu Qonun joriy bo‘lishi kerak edi. Ilohiy Qonun farishtalar orqali berilgan, vositachi[12] esa uni xalqqa e’lon qilgan. 20Vaholanki, bitta odam ish qilganda, vositachi kerak bo‘lmaydi. Xudo esa bittadir.
21Demak, Ilohiy Qonun Xudoning va’dalariga zidmi? – Aslo! Agar abadiy hayot ato qilishga qodir bir Qonun berilgan bo‘lsa edi, unda shubhasiz Qonunga amal qilish bilan oqlansa bo‘lar edi. 22Ammo Muqaddas Kitob butun borliqni gunohning hokimiyati ostida deb e’lon qilgan. Demak, ilohiy va’da faqat Iso Masihga ishonish orqali ro‘yobga chiqadi va barcha imonlilarga nasib etadi.
23Bo‘lg‘usi imon paydo bo‘lishidan avval, biz bu imonning vahiy qilinishini kutib turgan tutqunlarday edik, Ilohiy Qonun nazorati ostida qamab qo‘yilgan edik. 24Boshqacha aytganda, biz imon bilan oqlanishni kutar ekanmiz, Qonun Masihga boshlovchi murabbiyimiz bo‘lgan. 25Lekin imon paydo bo‘lganidan so‘ng, biz endi Qonunning tarbiyasida emasmiz.
26Shunday qilib, sizlar, Iso Masihga ishongan hamma, Xudoning o‘g‘illarisizlar. 27Sizlar Masihni tan olib, suvda imon keltirdingizlar va har biringiz Masihni kiyib oldingizlar[13]. 28Endi na yahudiy bor, na yunoniy, na qul bor, na ozod, na erkak bor, na ayol. Siz Iso Masih ummati bo‘lganingiz uchun, hammangiz birsizlar. 29Agar Masihniki bo‘lsangizlar, u holda Ibrohimning ham zurriyotisizlar, shuningdek, Xudo Ibrohimga va’da qilgan merosdan bahramandsizlar.
1Yana shuni aytayin: merosxo‘r hali yosh bola ekan, garchi u hamma narsaning xo‘jayini bo‘lsa ham, quldan hech farq qilmaydi. 2U otasi belgilagan fursatgacha vasiy va uy-ro‘zg‘or boshqaruvchi xizmatkorga bo‘ysunadi.
3Bizlar ham xuddi bunga o‘xshab, bolalik chog‘imizda dunyoning xurofiy kuchlariga qul edik. 4Lekin zamona oxirlab qolganda, Xudo O‘z O‘g‘lini yubordi. U xotindan tug‘ilib, Qonunga bo‘ysunib yurdi, 5toki bizni Qonunga qul bo‘lishdan qutqarsin va o‘g‘illikka qabul qilsin. 6Endi sizlar Xudoga o‘g‘il bo‘lgandan keyin, Xudo O‘z O‘g‘li Isoning Ruhini yuraklaringizga yubordi. Bu Ruhdan ruhlanib, biz Xudoni aziz Ota[14] deb chaqiramiz. 7Demak, sen boshqa qul emassan, balki o‘g‘ilsan. O‘g‘il bo‘lganing uchun, Xudo Iso Masih sharofati bilan seni voris[15] deb ham qabul qilgan.
8O‘tmishda sizlar Xudoni bilmay, aslan xudo bo‘lmagan kuchlarga qul bo‘lgansizlar. 9Endi esa Xudoni tanib-bilib oldingizlar, yana to‘g‘risi, Xudo tarafidan tanib-bilindingizlar. Shunday ekan, qanday qilib yana o‘sha kuchsiz va qadrsiz xurofotlarga qaytyapsizlar? Yangitdan qullikka berilmoqchimisizlar? 10Sizlar alohida kun, oy, fasl va yillarni mushohada qilyapsizlar. 11Nahotki sizlar uchun shuncha behuda zahmat chekkan bo‘lsam, deb xavotirlanyapman.
12Ey birodarlar, sizlardan iltimos qilaman, menday bo‘linglar, chunki men ham sizlarday bo‘lgan edim. Sizlar menga hech ham ozor bermas edingizlar. 13Esingizdan chiqmasin, men sizlarga Xushxabarni birinchi marta bildirganimda, jisman ojiz edim. 14Ojizligim sizlar uchun bir sinov bo‘lgani holda, mendan jirkanmay, siltab yubormadingizlar, balki meni Xudoning farishtasiday, Iso Masih kabi qabul qildingizlar. 15Qani endi sizning o‘sha paytdagi baxtiyorligingiz? O‘zim sizlarga shohidman: agar bu mumkin bo‘lsa edi, o‘sha paytda siz o‘z ko‘zlaringizni sug‘urib olib, menga berishga tayyor edingizlar! 16Endi men sizlarga haqiqatni aytib, dushmaningiz bo‘ldimmi?
17Sizlarni qo‘lga olish uchun harakat qilayotganlarning niyati yaxshi emas. Ular sizlarni qoyil qoldirib, bizdan ajratib olmoqchilar. 18Niyat xolis bo‘lsa, qoyil ish yaxshidir. Faqat bu men sizlarning yoningizda hozir bo‘lganimdagina emas, balki doimo shunday bo‘lmog‘i lozim. 19Bolalarim, Masih sizlarda gavdalanmaguncha, men sizlarni yangitdan tug‘ayotganday, to‘lg‘oq azobidaman. 20Men hozir yoningizda bo‘lib, gapimning ohangini o‘zgartirmoqchi edim, chunki sizlarni nima qilarimni bilmay, esankirayapman.
21Ey sizlar, Qonun bandalari bo‘lishni istaganlar, menga aytinglar-chi, nahot siz Qonunga[16] quloq solmaysizlar?
22Mana Qonunda: Ibrohim ikki o‘g‘illi bo‘lgan, biri cho‘ridan, boshqasi ozod, o‘z xotinidan edi, deb yozilgan.
23Cho‘risiniki tabiat qoidalariga binoan, ozod xotininiki esa ilohiy va’daga binoan tug‘ilgan edi.
24Bunda ramziy ma’no bor. Ikki ona ikki ahdni bildiradi: birinchisi, qullar tug‘adigan Hojar bibi – Xudo Sinay tog‘ida qilgan ahdning[17] ramzidir.
25Hojar so‘zi Arabistondagi Sinay tog‘ini bildirsa-da, hozirgi Quddusning ramzidir; chunki Quddus va uning bolalari hozir qul bo‘lib xizmat qilmoqdalar.
26Biroq ko‘kdagi Quddus[18] esa ozoddir: u bizlarning hammamizga ona.
27Mana, Tavrotda bunday yozilgan:
“Ey tug‘maydigan, naslsiz ayol, shod bo‘lgil!
Quvonchlarga to‘lib xitob qilgil,
Ey to‘lg‘oq azobin chekmagan!
Zero nikohli ayolning o‘g‘illaridan ko‘ra,
Tashlab ketilganning o‘g‘illari ko‘p bo‘ldi”.
28Biz esa, birodarlar, Is’hoqqa o‘xshab, ilohiy va’da bo‘yicha tug‘ilgan o‘g‘illarmiz.
29O‘sha vaqtda tabiiy yo‘l bilan tug‘ilgan Ismoil ilohiy va’da bo‘yicha tug‘ilgan Is’hoqqa zulm etdi. Hozir ham xuddi shunday.
30Ammo Tavrotda nima deyiladi? – “Cho‘rini va uning o‘g‘lini haydab yuborgin. Chunki cho‘rining o‘g‘li ozod xotinning o‘g‘li bilan baravar voris bo‘lolmaydi”.
31Shunday qilib, ey birodarlar, biz cho‘rining emas, balki ozod xotinning farzandimiz.
1Shunday qilib, Masih bizga bergan erkinlikni mahkam tutinglar, qaytadan qullik bo‘yinturug‘ini taqmanglar. 2Buni men, Pavlus, sizlarga gapiryapman: agar sizlar sunnat qiladigan bo‘lsangizlar, Masih sizlarga foyda qilmaydi. 3Xatna bo‘ladigan har bir odamga yana ta’kidlab aytaman: u butun Ilohiy Qonunni bajarishga majburdir. 4Sizlar: Qonunga amal qilib o‘zimizni oqlaymiz, deb Masihdan ajralgansizlar va Xudo inoyatidan mahrum bo‘lgansizlar. 5Bizlar esa Ilohiy Ruhdan umidvor bo‘lib, imonimiz asosida oqlanishimizni kutamiz. 6Iso Masih yo‘lida na sunnat, na sunnatsizlik biron ishga yaramaydi, faqat muhabbat bilan amal qiluvchi imon yaraydi.
7Sizlar yaxshigina qadam otayotgan edingizlar. Shunday ekan, haqiqatga itoat qilishingizga kim xalaqit berdi? 8Sizning bu inonuvchanligingiz sizni Da’vat qiluvchidan bo‘lmadi! 9Ozgina xamirturush butun xamirni achitadi!
10Rabbim haqi ishonchim komilki, sizlar bu xususda boshqacha fikr qilmaysizlar. Fikringizni chalg‘ituvchi kim bo‘lmasin, shunga yarasha jazosini oladi. 11Birodarlar, men hali ham sunnatni targ‘ib etayotgan bo‘lsam, nima uchun hanuz ta’qiblarga duchor bo‘lmoqdaman? Unday bo‘lsa, xoch vasvasasi yo‘qqa chiqar edi-ku! 12Qaniydi sizlarni bu gap bilan iztirobga soluvchilar o‘zlarini bichishsa![19]
13Ey birodarlar, sizlar erkinlikka chorlangansizlar. Faqat bu erkinlikni nafsingiz uchun qurbon qilmanglar, balki bir-biringizga muhabbat bilan xizmat qilinglar. 14Chunki Ilohiy Qonunning hammasi bir so‘zda jamlanadi, ya’ni: “O‘zgani o‘zing kabi sevgin”. 15Ammo sizlar bir-biringiz bilan tishlashib, g‘ajishsangizlar, ehtiyot bo‘linglar, tag‘in bir-biringizni yeb bitirmanglar!
16Men shuni aytmoqchiman: Ilohiy Ruh amri bilan yashanglar, shunda tabiatingizdagi yomon ehtiroslar junbishga kelmaydi. 17Chunki inson tabiati Ilohiy Ruhga, Ilohiy Ruh esa inson tabiatiga qarshi yo‘naltirilgan. Bu ikkovi bir-biriga dushman bo‘lgani uchun, sizlar istamaganingizni qilasizlar. 18Agar siz Ruh amri ostida yashayotgan bo‘lsangiz, unda Qonun amri ostida emassizlar.
19Bashariy tabiatning[20] ishlari ma’lum, chunonchi: fahshbozlik, harom-harishlik, fisq-fujur, 20butparastlik, jodugarlik, dushmanlik, janjalkashlik, rashk-g‘azab, manmanlik, ixtilofchilik, bid’atchilik, 21hasad, qotillik, ichkilikbozlik, aysh-ishrat va shularga o‘xshagan ishlar. Sizlarni oldin ogohlantirgan edim, yana ogohlantiryapman: bu kabi ishlarni qiluvchilar Xudo Shohligidan bebahra bo‘ladilar.
22Ilohiy Ruhning samarasi esa – muhabbat, sevinch, xotirjamlik, sabr-toqat, lutfkorlik, xayrixohlik, sadoqat, 23muloyimlik va ibodir. Bu xislatlarga qarshi biror qonun yo‘q. 24Iso Masihga tegishli bo‘lganlar esa o‘z tabiatini, hirsu ehtiroslari bilan birga, xochga mixlab qo‘yganlar. 25Agar biz Ruh amri ostida bo‘lsak, Ruh amri bilan umr kechirishimiz lozim. 26Shuhratparast bo‘lmaylik, bir-birimizdan rashk qo‘zg‘amaylik, baxillik qilmaylik.
1Ey, Ruh amri bilan yashayotgan birodarlarim, agar biron odam gunoh qilib qo‘ysa, uni muloyim ruh bilan tuzatinglar. Unga o‘xshab vasvasaga yo‘liqmasligingiz uchun o‘zingizga ehtiyot bo‘ling. 2Bir-biringizning og‘irliklaringizga yordamlashinglar, shunday qilib MasihningQonunini bajargan bo‘lasizlar.
3Agar biror kishi, garchi hech narsa bo‘lmasa ham, o‘zini muhim kishi hisoblasa, u o‘z-o‘zini aldagan bo‘ladi. 4Har kim o‘z ishini muhokama qilsin, shunda boshqaning ishiga qarab emas, o‘z ishiga qarab tahsin oladi. 5Zotan har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi lozim.
6Ilohiy Kalomdan ta’lim oluvchi ta’lim beruvchi bilan har qanday ezgulikni baham ko‘rsin.
7Adashmanglar, Xudo haqoratlanmaydi. Inson nima eksa, shuni o‘radi. 8O‘z nafsi dalasiga urug‘ eksa, nafsdan zavol o‘rib oladi. Ruh dalasiga urug‘ eksa, Ruhdan abadiy hayot o‘rib oladi. 9Shunday ekan, yaxshilik qilishdan bezmaylik. Agar bo‘shashmasak, o‘z vaqtida buning hosilini o‘rib olamiz. 10Fursatimiz bor ekan, hammaga, ayniqsa, o‘zimizning ahli mo‘minga yaxshilik qilaveraylik.
11Mening qo‘limga qaranglar, sizlarga qanday katta harflar bilan yozdim!
12Sizlarni sunnat bo‘lishga qistayotgan o‘sha kishilar faqat sirtdan yaxshi taassurot qoldirmoqchilar, Masihning xochi uchun ta’qibga duchor bo‘lmaslik uchun shunday harakat qilyaptilar. 13Holbuki, ahli sunnatning o‘zlari ham Ilohiy Qonunga rioya etmaydilar. Ular faqat sizlarning tanalaringiz bilan maqtanmoq uchun xatna bo‘lishingizni istaydilar.
14Men esa, aslo birgina Rabbimiz Iso Masihning xochidan boshqa hech narsa bilan maqtanmayman. Uning xochi tufayli bu dunyo men uchun o‘lgan, men esa bu dunyo uchun o‘lganman. 15Iso Masih yo‘lida sunnatning ham, sunnatsizlikning ham hech ahamiyati yo‘q. Ahamiyatlisi – yangidan yaratilishdir[21]. 16Bu qoidaga ko‘ra yashayotganlarning hammasiga va Xudoning Isroiliga[22] tinchlik va rahmat bo‘lsin!
17Bundan keyin hech kim menga og‘irligini solmasin. Chunki men Rabbim Isoning jarohatlarini o‘z tanamda olib yuribman.
18Ey birodarlar, Rabbimiz Iso Masihning inoyati ruhingizga yor bo‘lsin. Omin.
[1] 1:2 - GALATIYA: Rim imperiyasidagi viloyat, hozirgi Turkiyaning shimolida joylashgan; qarang: Havoriylar 16:6, 18:23.
[2] 1:19 - YOQUB: Isoning ukalaridan biri, keyinchalik Quddusdagi Masih jamoatiga bosh bo‘lgan; yana qarang: Mark 6:3, Haboriylar 12:17, 15:13.
[3] 2:1 - qarang: Havoriylar 15-bob.
[4] 2:2 - MAJUSIYLAR: lug‘atga qarang.
[5] 2:7 - AHLI SUNNAT: yahudiylar.
[6] 2:7 - SUNNATSIZLAR: g‘ayriyahudiylar; yana qarang: Rimliklar 3:28-30, 4-bob.
[7] 2:9 - KIFA: Simun Butrusning yangi ismi; qarang: Matto 16:18, Yuhanno 1:42.
[8] 2:12 - SUNNATCHILAR: lug‘atga qarang.
[9] 2:19 - O‘LDIRDI: yana qarang: Rimliklar 7:1-6.
[10] 3:8 - qarang: Ibtido 12:3, 18:18, 22:18, Havoriylar 3:25.
[11] 3:18 - MEROS: Xudo Ibrohimga va’da qilgan mamlakat va uning barakalari (qarang: Ibtido 12-bob, Rimliklar 4-bob); abadiy merosimiz – jannat saodati ramzidir
[12] 3:19 - VOSITACHI: ya’ni Ilohiy Qonunni qabul qilgan Muso payg‘ambar.
[13] 3:27 - MASIHNI KIYIB OLDINGIZLAR: ya’ni yangi, pok libos kiygandek, Masihni pokligingiz, zeb-ziynatingiz qilib qabul qildingizlar; yana qarang: Rimliklar 6:3-4 va 13:14, Kolosaliklar 3:9-10.
[14] 4:6 - AZIZ OTA: aslida “Abba, Ota” (Abba aramiy tilida “sevikli Ota” demakdir); yana qarang: Rimliklar 8:15-17.
[15] 4:7 - VORIS: samoviy Otamiz bizni o‘g‘illarim deb, abadiy huzur-halovatdan bahramand qilishini bildiradi; yana qarang: Rimliklar 8:14-17; 1-Yuhanno 3-bob.
[16] 4:21 - QONUN: ya’ni Tavrot; qarang: Ibtido 16 va 21-boblar.
[17] 4:24 - AHD: Xudovand Sinay tog‘ida Muso payg‘ambarga Tavrotni yo‘llab, Isroil xalqi bilan ahd qilgan; yana qarang: Havoriylar 7:20-38, Zabur 67:9.
[18] 4:26 - KO‘KDAGI QUDDUS: samodagi abadiy yurtimiz ramzi; yana qarang: Vahiy 3:12, 21:2.
[19] 5:12 - Sunnat (xatna) o‘zi-o‘zidan yomon emas. Bu so‘z sunnatni savobli ish hisoblab, shu tariqa Xudoning marhamatiga erishmoqchi bo‘lganlar uchun aytilgan. Xudoning marhamati esa faqat Iso Masihning qurbonligiga ishonganlarga nasib etadi. Sunnat xususida yana qarang: Ibtido 17-bob, Havoriylar 15-bob va 16:3, Rimliklar 4-bob, 1-Korinfliklar 7:18.
[20] 5:19 - INSON TABIATI...BASHARIY TABIAT: yoki, vujud, nafs (Xudodan qaytgan insoniyatning yomon ruhiy holatini bildiradi); yana qarang: Rimliklar 7-8-boblar.
[21] 6:15 - YANGIDAN YARATILISH: Xudo yaratadigan yangi inson, Kolosaliklar 3:10 dagi izohga qarang; yana qarang: Rimliklar 6:3-4, 2-Korinfliklar 5:17, Efesliklar 4:24, Vahiy 21:5.
[22] 6:16 - XUDONING ISROILI: Qutqaruvchi Iso Masihga ishonib, “haqiqiy isroillik” hisoblangan yahudiylar bo‘lsa kerak.
Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Kitoblar - Kutubxona | Simfoniya | Guvohliklar | Musiqa mp3 | VIDEO | UzLatin.com | Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz
![]() (skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb) |
![]() (skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb) |
Китоблар Ўзбек тилидаги:
Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)
KitoBook.com