Ненси демосс. Аёллар ишонган ёлғон ва озод қиладиган ҳақиқат - (7-боб) Китоб Ўзбек тилида
Ayollar ishongan yоlg‘on va ozod qiladigan xaqiqat (Nensi Demoss) O‘zbek tilida audiokitob
MUNDARIJA
MUQADDIMA
XOTIRA DAFTARIM
1-QISM. KIRISH SO‘ZI
2-QISM. AYOLLAR ISHONGAN YOLG‘ON
2 BOB. Xudo haqida
3 BOB. O‘zim haqimda
4 BOB. Gunoh haqida
5 BOB. Ustunliklar haqida
6 BOB. Nikoh haqida
7 BOB. Bolalar haqida
8 BOB. His-tuyg‘ular haqida
9 BOB. Hayotiy vaziyatlar haqida
III QISM. HAQIQAT SO‘QMOQLARIDAN YURISH
10 BOB. Haqiqat yolg‘onga qarshi
11 BOB. Bizni ozod qiladigan haqiqat
XOTIMA
7 BOB. Bolalar haqida
• Nechta bola ko‘rish masalasini faqat o‘zimiz hal qilamiz
• Bolalar hayotni tanib bilishi uchun “real dunyoda” yashashi lozim
• Hamma bolalar isyonkorlik davrini boshdan kechiradi
• Bolamning imonli ekanligini bilaman: hali juda kichikligidayoq u ibodat qilib, Masihga imon keltirgan
• Bolalarimiz hayotda qanday yo‘l tanlashi uchun biz javob bermaymiz
• Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying
• Amalda qo‘llash
Xotira daftarim,
Yaqinda Odam uchinchi farzand haqida o‘ylay boshladi. Bu fikrga uncha qo‘shilmayman. O‘g‘illarimizni hamma narsadan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘raman. Biroq ona bo‘lish shu qadar qiyinki!
Oxirgi paytlarda ularning munosabati juda og‘irlashdi. Qobil qachon qaramang, ukasi bilan janjallashadi va har doim yengiladi. Xuddi atrofdagilarga bir narsani isbotlamoqchi bo‘lgandek o‘zini tutadi. Hulq-atvori buzulib boryapti. O‘z qobig‘iga o‘ralib olgan, hech kim bilan gaplashmaydi, depressiya holatiga tushadi. Ikki og‘iz so‘z gapirgisi kelmaydi! Unga dalda berishga harakat qilaman, biroq nazarimda so‘zlarim hech narsani o‘zgartirmagandek. Avval u Xudoga yaqin edi, hozir esa Unga ishonishiga ham amin emasligini aytadi.
Otasi gohida u uchun qattiq tashvishlanadi. O‘rtalarida munosabat buzilgandek. Ba’zida o‘ylayman: balki Odam unga haddan ortiq qattiqqo‘llik qilayotgandir... Unga, o‘zimiz ham vaqtida xuddi shunday qiyinchiliklarni boshdan kechirganimizni eslataman.
Bolalarimni mutlaqo “to‘g‘irlab” bo‘lmasligini his etaman. Meni bu vaziyat Hobilga qanday ta’sir qilishi tashvishlantiradi. Bunday vaziyatda yana bitta farzandni qanday qilib dunyoga keltirishimizni tasavvur qilolmayman.
Ona qalbi – bamisli xazinadir, unda eng katta quvonchlar va eng og‘ir jarohatlar, alamu og‘riqlar saqlanadi. Bolangizning katta sportda muvaffaqiyatlarga erishishi yoki hatto ikki oyog‘ida yaxshi yurolmasligi, yoshiga qaraganda zehnli, bilimli yoki aqlan qoloq bo‘lishi, yo bo‘lmasa yirik kompaniyaning direktori bo‘lishi, hurmat-e’tibor qozonishi yoki ashaddiy jinoyatchi bo‘lishidan qat’iy nazar, ona hech qachon umid qilishdan, qachonlardir beshikda yo‘rgaklagan bolasi uchun qayg‘urishdan, orzu xavas qilishdan to‘xtamaydi.
Aynan mana shu, insonga xos eng nozik munosabatlar – o‘z tani va qoniga bo‘lgan muhabbat ayollarning hayotida eng ojiz soha hisoblanadi. Har qanday sohada bo‘lgani kabi, bu yerda ham shayton talaygina soxta tushunchalarni tayyorlab qo‘ygan, ularni ayollarga bola va onalik vazifasi haqida yolg‘on tasavvurlarni singdirish uchun ishga soladi.
Bunday yolg‘onni singdirar ekan, shayton onalarni qul qilibgina qo‘ymasdan, ular orqali yolg‘on keyingi avlodlarga ham yetkazilishini ko‘zlaydi, shu maqsaddaki, ular haqiqatni bilmasin, uning ozod qiluvchi kuchi orqali qutqarilmasin.
Ushbu bobda biz masihiylar dunyosida keng negiz otgan, bir nechta yashirin, soxta va “yarim haqiqat” tushunchalarga diqqat-e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Bu tushunchalar masihiylar oilalarida juda ko‘p, jiddiy muammolarni keltirib chiqqan. Agar haqiqatni mahkam ushlagan holda bu yolg‘onni aniqlab olmasak, uni rad etmasak, avlodlar oshib u tobora kattalashib boraveradi.
Nechta bola ko‘rish masalasini faqat o‘zimiz hal qilamiz
Bugun ertalab boshqa shtatdan dugonam qo‘ng‘iroq qildi va ular oilada to‘rtinchi bolani ko‘rish taraddudida ekanligini aytdi. Ular eri bilan bu yangilikni yorug‘ yuz bilan bilan qabul qilishdi, ammo hamma ham ularning xursandchiligiga sherik bo‘lmayotganini sezishdi. “Bilasanmi, – dedi u, – eng og‘ir so‘zlarni men boshqa joyda emas, o‘z jamoatimizda eshitdim!”
U tan olib aytadiki, salbiy fikrlar gohida uni ikkilanishga: “Balki men boshqalardek emasdirman?” – deyishga majbur qiladi. Yaratguvchi ham, hayot beruvchi ham – Xudo. Xudoning ashaddiy dushmani bo‘lgani uchun, shayton tabiiyki hayotdan nafratlanadi, qayerda hayot alomati paydo bo‘lsa, har doim uni yo‘q qilishga intiladi.
U Odamni va Momo Havoni Xudo taqiqlagan daraxtning mevasini yeyishga undadi, bilar ediki, mevani yeganlari zahoti ular o‘ladi, Axir bu Xudoning va’dasi edi. Odam bilan Momo Havo ikkita o‘g‘il ko‘rganlaridan keyin, shayton to‘ng‘ichining yuragiga o‘z ukasini o‘ldirish haqida fikr berdi.
Shayton – o‘g‘ri, buni Iso aytgan; u faqat o‘g‘irlash, bo‘g‘izlash, barbod qilish uchun keladi. (Yuh. 10:10) Uning niyatlari va rejalari Xudoning niyatlariga tamomila zid keladi, negaki yuqoridagi oyatda Iso: “Men esa ularga hayot, farovon hayot berish uchun kelganman” – deydi.
Shunday ekan, bolalarning dunyoga kelishidan shayton hech qachon xursand bo‘lmaydi. Tug‘ilgan har bir bola kelajakda Xudoning inoyatini qabul qilishi, Xudo Shohligi fuqarosiga aylanishi va bu bilan shaytonning mash’um niyatlarini barbod qilishi mumkin. Shu tariqa u ayollar bola ko‘rmasligi uchun o‘zida bor imkoniyatlarni ishga soladi. Misol uchun, u ayollarda Xudoning topshirig‘iga beparvo bo‘lish – bola paydo qilish, tug‘ish va hayotni himoya qilish vazifasini bajarmaslik istagini uyg‘otadi.
Abort, bolaning hayotiga xiyonat qilish va gomoseksualizm – bular madaniyatimiz qabul qilayotgan, hayotni yo‘q qilishga qaratilgan illatlarning bir nechtasi xolos. Muqaddas Kitobga ishongan masihiylar iblisning bunday ishlarini ilkidanoq rad etadilar. Biroq Xushxabar dunyosi va shu qatorda “hayotni himoya qiluvchi” taniqli odamlarning ko‘pchiligi mazkur masalaning boshqa tomonlari haqida so‘z ochilganda o‘z nuqtai nazarini bu qadar dadil himoya qilishmaydi va bola bo‘lishining oldini olishga hech qanday qarshilik bildirishmaydi.
Feministlar mavkurasining asosiy g‘oyalaridan biri har doim ayollarning bola tug‘ish yoki tug‘maslik, tug‘adigan bo‘lsa, qachon va nechta bola tug‘ish masalasini o‘zlari hal qilish huquqidan iborat bo‘lgan. Sulamif Fayrstoun, 60-70-yilarning taniqli yozuvchisi buni shunday fikr bilan izohlaydi: “Ayollarning jabrlanishi va erkin bo‘lolmayotganining negizi – bola tug‘ish va tarbiya qilish majburiyati bilan bog‘liq”1.
Masihiylar dunyosi beixtiyor ravishda bu fikrni qabul qildi va kontratsepsiya, bichish, “oilani rejalashtirish” kabi holatlar o‘z-o‘zidan odatiy holga aylandi. Natijada millionlab masihiy ayollar va masihiy juftliklar o‘zlari bilmagan holda bolalar tug‘ilishini chegaralash va bu bilan hayotga zarar yetkazishda shaytonga uning mash’um niyatida sherik bo‘ldilar.
Meri Prayd “The Way Home” (Uyga yo‘l) nomli o‘zining chuqur mazmunli kitobida bu haqda shunday yozadi:
Oilani rejalashtirish – abort qilishning asl negizi va asosidir. Abortlar ommalashishidan avval butun boshli bir avlodga ular o‘zlariga qulay ravishda nechta bola qilishni va qachon bola tug‘ishni rejalashtirishi lozimligini uqtirish talab etilardi. Biz, zamonaviy masihiylar abortga qarshi bosh ko‘taramiz va bu to‘g‘ri. Biroq bu muammoga qarshi kurashishga majbur bo‘lganimizga, o‘ttiz yil muqaddam boshqa jangda yengilganimiz sabab bo‘ldi. Oilalar bolani o‘zlari yaratishga qodir ekanligiga, oilani o‘z ixtiyoriga ko‘ra “rejalashtirish” mumkinligiga ishona boshlagach, odamlar tomonidan inson hayoti umuman e’zozlanmay qo‘yildi.
...Abort – bu eng avvalo yuragingizning ahvoli. “Men muhimroqman”, “Mening mavqeim muhim”. “Obro‘ orttirish men uchun afzalroq”. “Qulay hayot kechirish men uchun muhimroq”. “Moliyaviy rejalarim muhimroq” va h.k. Oilani rejalashtirish g‘oyasi aynan shu fikrlar bilan sug‘orilgan emasmi? Jamoatlarimiz esa mana o‘ttiz yildirki buni va’z qiladi!2
Aksariyat odamlar, shu qatorda imonlilar ham, o‘z oilasining katta-kichikligini belgilar ekan, buni qo‘rquv, xudbinlik va insoniy mantiq asosida qilayotganini hatto hayoliga ham keltirishmaydi:
• “Yana bitta bola tug‘ilishiga qanday yo‘l qo‘ya olamiz?” Zo‘rg‘a kun ko‘ryapmiz. Ularni o‘qitish vaqti kelganda nima qilamiz?”
• “Sog‘limgim tufayli boshqa bola qilolmayman” Ikkita bolaning o‘zi menga yetadi, shundoq ham toliqqanman”.
• “Agar yana bola tug‘adigan bo‘lsak, erimning menga, mening esa erimga vaqtimiz qolmaydi”.
• “Bolalarimiz ko‘paysa, do‘stlarimiz (yoki ota-onamiz) bizni aqlsiz deb hisoblaydi. Shundoq ham bolalarimiz ko‘p ekanligini aytishadi”.
• “Agar nechta bola o‘stirishimiz kerakligini Xudoga qo‘yib berganimizda, yigirmaga yaqin bolamiz bo‘lar edi!”
Dunyo: “Bola – asli muammo” deb o‘rgatadi. Muqaddas Kitob: “Bola – oila uchun eng buyuk marhamatlardan biri” – deydi. Biz esa osmonga yuz tutib: “Xudoyim, bizga bunday marhamatlarni yubormaganing ma’qul” – deb ibodat qilamiz.
Dunyo deydi: “Nikohdan maqsad – baxtli hayot kechirishdir. Baxt – bu bola ko‘rish degani emas”. Muqaddas Kitob buning aksini o‘rgatadi va nikohdan ko‘zlangan eng muhim maqsadlardan biri – bu bola tug‘ish, xudojo‘y farzandlarni o‘stirish ekanligini aytadi. (Mal. 2:15)
1 Timo‘tiyga maktubda Pavlus bola tug‘ish –Xudo tomonidan berilgan, faqat ayollargina bajara oladigan, muhim vazifa ekanligini eslatadi. Pavlus yosh bevalarga ular erga tegishi, bola tug‘ib, ro‘zg‘or ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishi, g‘animlarning yomon gapirishlariga imkon yaratib bermasligi kerakligini aytadi. (1 Tim. 5:14) Ikkinchi bobning oxirgi oyatida u ayollar “kamtaru bama’ni bo‘lishsa, Masihga bo‘lgan imonda sobit qolib, mehr–oqibatli bo‘lib, taqvodor hayot kechirishsa, najot topadilar” deydi.
Albatta, bu bilan ayollar bola tug‘ib o‘stirish orqali najot topadi demoqchi emasmiz. Bu oyatning grammatik tuzilishi Pavlusning Timo‘tiyga maktubda yozgan nasihatlariga o‘hshash shaklga ega (1 Tim. 4:16): “Hayot tarzingga, nimalar o‘rgatayotganingga e’tibor qil. Bu faoliyatingni astoydil davom ettir, shunday qilsang, o‘zingni ham, tinglovchilaringni ham qutqarasan”.
Pavlus Timo‘tiyning ishi – va’z qilish ekanligini, bu vazifaga bo‘lgan sadoqati chin dildan tavba qilganligiga isbot, dalil bo‘lishini aytadi. Va’z qilish – Timo‘tiyning qutqarilishi uchun vosita emas, balki qutqarilganining tabiiy samarasi, mahsulidir. Xuddi shu tarzda, ayolning Xudodan berilgan vazifani, Xudo ko‘zda tutgan maqsadni bajo etishi – bola tug‘ib o‘stirishi aslida chin dildan tavba qilinganlikning tabiiy samarasi, uning Xudoga tegishli bo‘lgani, Xudo yo‘lidan yurayotganining isbot dalili bo‘lib xizmat qiladi. (Bu Xudo hamma ayollarni turmushga chiqishga va bola tug‘ib o‘stirishga dav’at etadi degani emas. Umimiy olib qaralgandagina, bu Xudodan ayol uchun belgilab berilgan asosiy maqsad hisoblanadi).
Nosiralik Maryam o‘zining rejasini chetga surib, Xudoga bo‘lgan ishonchini bola tug‘ishga tayyor ekanligi bilan isbotlagan ayol sifatida biz uchun zo‘r o‘rnak, namuna bo‘la oladi. Xudoning farishtasi zohir bo‘lib, uning o‘g‘il farzand ko‘rishini e’lon qilganda, o‘smirin qizning yuragida qanday e’tirozlar paydo bo‘lganini biz taxmin qila olamiz, xolos:
• Hali juda yoshmanku! Bola tug‘ishga tayyor emasman!
• Yusufga, dugonalarimga vaqt ajara olmayman. Bola bilan uyda o‘tirishimga to‘g‘ri keladi.
• Avval yangi uyimizda joylashib olishni xohlardim.
• Odamlar nima deydi? Hech kim meni tushunmaydi!
• Hali bola tug‘ib o‘stira olmaymiz. Yusuf o‘z ishini endi-endi boshlayapti.
• Bolaning tug‘iladigan vaqti Qaysar Avgustning aholini ro‘yxatga oladigan vaqtga to‘g‘ri keladi, shu tariqa biz boshqa shaharda bo‘lishimiz kerak!
Biroq Kalomda bu kabi fikr va ikkilanishlarga bironta ishora topmaymiz. Maryam juda oddiy tarzda javob berib dedi: “Men Egamning bandasiman. Hammasi siz aytganingizday bo‘lsin” (Lk. 1:38) Boshqacha qilib aytganda, u: “Sen – Egamsan, men esa Sening qo‘lingman. Mening tanam Senga tegishli, shunday ekan, Sening men uchun tayyorlagan har qanday noqulaylikni va qiyinchilikni qabul qilishga tayyorman. Men uchun eng muhimi – bu azaliy irodangni bajarmoq, meni nima maqsadda dunyoga keltirgan bo‘lsang, shuni ado etmoqdir. Irodangni jon deb bajo etaman, Egam!” – dedi.
O‘z vaqtida Xudoning dav’atiga xuddi shunday javob bergan onamga cheksiz minnatdorman. Nensi Sossoman, qobiliyatli va istiqbolli ashulachi, Art Demossni 19 yoshida uchratdi va ular Nensi o‘zining vokal ashulachi sifatida mavqesini o‘stirib borishi uchun, bola tug‘ishni besh yil keyinga qoldirmoqchi bo‘lgan. Biroq Xudoning niyati boshqa edi va nikohining dastlabki besh yilidayoq U er-xotinga olti nafar farzand berdi! Bu bilan bir vaqtda Nensi otasiga biznes ishlarida yordam berardi. Mana shu yillar davomida u Xudo bergan har bir farzandni katta quvonch bilan qabul qildi, bir necha yil o‘tib yettinchi farzandni dunyoga keltirganidan keyin ham uning quvonchi susaymadi.
Shuncha yildan beri men undan biron marta noliganini eshitmadim – bola tug‘ib o‘stirish marhamatiga erishgani, onalik baxtiga muyassar bo‘lgani uchun Xudoga rahmat aytardi.
Nosiralik Maryam va onam shunday ayollarki, bolalarni qabul qilgan, ularga vaqt ajratgan, O‘z izdoshlarini ham xuddi shunga dav’at etgan va Rabbimiz Isoni ulug‘lab yashagan. (Mt. 19:13–15)
Bolalar hayotni tanib bilishi uchun “real dunyoda” yashashi lozim
Shayton masihiylar oilasida bola tug‘ilishining oldini ololmasa agar, bor kuchini ota-onaga bolalarning tarbiyasi haqida soxta tushunchalarni singdirishga qaratadi. Bu yerda u xuddi Momo Havo bilan suhbatda ishga solgan usulni qo‘llaydi. U xotinni aldadi, Xudo taqiqlagan daraxtning mevasidan yeyishi bilanoq, u muhim narsani bilib olishini aytdi: “...sizlar bu mevalardan yesangiz, ko‘zlaringiz ochilib, sizlar ham barcha yaxshi va yomon narsalarni biladigan bo‘lib, Xudoga o‘xshab qolasizlar”. (Ibt.3:5) Shaytonning aytganlari to‘g‘ri edi – Momo Havo mevani yegan zahoti ikkovining ham ko‘zlari ochilib, ular yalang‘och ekanliklarini angladilar (Ibt. 3:7); u chindan ham avval bilmagan narsani bilib oldi. Bu yovuzlik edi. Buning oqibatida xotin uyat, aybdorlik, Xudodan va erdan ayirilish nima ekanligini bilib oldi.
Xudo bizning yovuzlik nima ekanini o‘z tajribamizda bilib olishimizni xohlamagan. U bizning “yaxshilikka kelganda dono, yomonlikka kelganda esa norasida bo‘lishimizni” istaydi. (Rim. 16:19) Biroq shayton: “Hammasini o‘zing boshdan o‘tkazishing kerak” deydi. Ota-onalarga u: “Bolalaringiz hammasini o‘zlari tanib bilishi kerak. Bolalaringizni real voqelikdan xabarsiz bo‘lib o‘sishiga yo‘l qo‘ysangiz, ular hayotda o‘z o‘rnini topa olmaydi, hayotga tayyor bo‘lmaydi” deb uqtiradi.
Biroq haqiqat umuman boshqa narsada. Haqiqat bolani hayotda o‘z o‘rnini “topa oladigan” yo bo‘lmasa shunchaki dunyoda “yashab keta oladigan” qilib o‘stirishda emas. Masihiylar oilasining vazifasi – Xudoni butun qalbi bilan, jonu dili bilan, butun ongi bilan, kuchi boricha sevadigan, Rabbiy Iso bilan mustahkam munosabatlar quradigan, hayoti zulmatda yorqin porlaydigan bolalarni o‘stirish. Masihiy ota-onalar shunchaki “odobli” bolalarni emas, balki haqiqatda zavq bilan yashaydigan, adolatni sevadigan, yomonlikdan nafratlanadigan, Xudoning xohish istagi bilan dunyoni o‘zgartirishga qodir bo‘ladigan bolalarni o‘stirmoq uchun jon kuydirishlari kerak.
Ota-onam uchun Xudoga doimo rahmat aytaman. Ular bizni poklikni sevib yashashni, shunchaki qo‘rqqani uchun, zamonaviy madaniyat bizga zarar yetkazadi deb emas, balki Xudoga bo‘lgan chuqur hurmati va sevgisi bois gunohdan nafratlanishni o‘rgatishdi.
Ular bizni dunyoviy fanlardan ta’lim olib boriladigan ayjoyib maktablarning biriga berishi mumkin edi, lekin “oddiyroq” ko‘ringan masihiylar maktabini tanlashdi. Ayrimlar, bizning yuqoriroq ta’limga ega bo‘lishimiz kerak ekanini aytishdi, lekin ota-onamiz “Egamizdan qo‘rqish donolikning boshidir” degan fikrda mahkam turdilar va dunyoda hech narsa bizni hayotga Xudo Kalomidek puxta tayyorlay olmasligini aytishdi.
Ular bizning endi shakllanib borayotgan ongimizni va yuragimizni bu dunyoning mash’um ta’siridan himoya qilish uchun muayan qadamlarni bosishdi. Xudo onamga bizni nimadan himoya qilish kerakligiga donolik ato etgandi – bu shunday narsalar ediki, bugungi kunda juda ko‘p imonli ota-onalar bularga beparvo qaraydi. Misol uchun, deyarli har bir tengdoshimiz Barbi qo‘g‘irchog‘iga mahliyo bo‘lib o‘ynagan vaqtda, biz Barbi haqida deyarli hech narsa bilmasdik. Onamiz shuni bilar ediki, agar qiz bola katta ayollarning qomatiga ega bo‘lgan qo‘g‘irchoqni o‘ynasa, oqibatda bu unga erkak va ayol o‘rtasidagi jismoniy farqlarga sog‘lom munosabatda bo‘lishga halaqit berishi mumkin.
Bolaligimda jamiyatda qo‘zg‘olonlar, g‘alayonlar va inqiloblar avj olar edi. G‘alayon qatnashchilari Vetnamdagi urushga qarshi chiqishar, ko‘chalarda yurishlar qilib, bayroqlarni yoqishardi. Millionlab yoshlar giyohvand, jinsiy beahloqlik va rok musiqa girdobiga tushgan edi. Oliy Sud ayollarga abort qilish huquqini berish haqida qaror chiqargan, Xruщev Qo‘shma Shtatlarni yo‘q qilib yuborishini aytib, tahdid solgan vaqtlar edi bu. Biz bu hodisalar haqida bilardik, lekin kechgi yangiliklardan emas. Ota-onam ayrim mavzular bolaning ongi uchun emas deb hisoblar va bizdagi dunyoda bo‘layotgan narsalar haqida tasavvurlarimizni ularning o‘zi shakllantirib borishi lozim ekanini his qilishardi.
Natijada nima bo‘ldi? Men “hech narsadan bexabar” bo‘lib o‘sdim. To maktabni bitirmagunimcha bironta beadab so‘z eshitmadim. O‘sha vaqtda ommaviy komikslar, kino va teledastur qahramonlari haqida deyarli hech narsa bilmasdim. Biroq Xudoning inoyati va donoligi bilan ish tutgan ota-onam tufayli men aksariyat tengdoshlarim bilmagan narsalar haqida bilardim. Men yaxshilik bilan yomonlik o‘rtasidagi farqni tushunardim. Muqaddas Kitob haqida keng tushunchaga ega bo‘lib, har kuni Kalom o‘qishdan va jamoatda olgan sog‘lom bilimlarimdan tashqari men Muqaddas Kitobni o‘rganish bo‘yicha ikkita kursni boshdan oxirigacha o‘qib tamomlaganman (ular maktabdagi o‘quv dasturiga kiritilgan edi). Men Muqaddas Kitobdan katta-katta parchalarni yoddan ayta olardim, masihiylar ta’limotining asosiy qoidalarini bilardim, masihiylar aytadigan, juda ko‘p madh va sano kupletlarini yodlab olgandim.
Bir qator haqiqiy qahramonlarni, jumladan Xadson Teylor, Jordj Myuller, Uilyam Karey va Gledis Eylvordning biografiyasini to‘liq o‘rganib chiqqanman. Biroq barcha “bilimlardan” ko‘ra Rabbiy Isoga bo‘lgan ishonchim muhimroq edi, bu ishonch menga uydan chiqib, dunyo bilan yuzma-yuz bo‘lganimda, mustaqil hayot kechira boshlaganimda juda asqotdi, to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam berdi. “Ota-bobolarimizning imoni” mening imonimga aylangandi.
Bu bilan maqtanmayman, chunki bunda mening xizmatim yo‘q. Bu Xudodan berilgan in’om, o‘zlariga yuklatilgan mas’uliyat – farzandlarini Xudo uchun tarbiyalash vazifasiga jiddiy yondashgan ota-onamning yutug‘i edi.
Bolalar ilk bolaligida, shaxsi endigina shakllanib borgan davrda ko‘rgan narsalariga o‘rganishadi. Men “durustgina” masihiylar oilalardan chiqqan, biroq imon yo‘lidagi ota-bobolarimizdan, havoriylardan ko‘ra rok qo‘shiqchilar va kino yulduzlar haqida ko‘proq bilimga ega bo‘lgan yoshlarni bilardim. Ular ommalashgan, zamonaviy qo‘shiqlarning istalganini aytib bera olar, biroq imonlilarning buyuk madhiyalarini bilishmasdi. Men birgina xulosa qila olaman: ular ilk bolaligida ko‘rgan va eshitganlariga o‘rganib qolgan.
Bolalarimizga musiqa tinglashga, (dunyoviy) filmlarni ko‘rish, jurnal va kitoblarni o‘qish, hamma narsani inkor etadigan do‘stlari bilan ko‘cha kezib yurish, beadab so‘zlarni ishlatish, erkin jinsiy hayot kechirishi, isyonkorlik va zo‘ravonlik qilishiga yo‘l qo‘yib bersak, keyinchalik ular bu dunyoning falsafasini qabul qilganlariga hayron bo‘lmasligimiz kerak.
Hozir, men mana shu so‘zlarni yozayotgan vaqtda, tashqarida 20 santimetrlik qor yotibdi. Mana shunday havoda tashqarida yerni qazib, endigina o‘sayotgan o‘simlikni o‘tkazish va uning tomir otishi, ko‘karishiga umid bog‘lash hech kimning hayoliga kelmaydi. Buning uchun issiqxona bor – bu orqali o‘simlik uchun eng optimal sharoitlar yaratiladi. Vaqt o‘tib, o‘simlikning tomir yug‘onlashib, tashqi sharoitga bardosh bera oladigan bo‘lib yetishgach, uni joyiga o‘tqazish mumkin.
O‘n yetti yoshimda ota-onam meni Qo‘shma Shtatlarning narigi chekkasiga, Janubiy Kaliforniyadagi dunyoviy universitetga o‘qishga yuborishdi. Men juda yaxshi masihiylar oilasida katta bo‘lgan edim, bu yerda esa umrimda ko‘rmagan erkinlikka ega bo‘ldim. O‘zim xohlagan joyga borishim, xohlagan ishimni qilishim mumkin edi. Biroq menda “xohish, istaklar” shakllanib bo‘lgan edi, men Xudoni sevardim va Unga ma’qul narsalarni qilishni xohlardim. Ota-onam nima deb o‘ylaydi degan fikrdan qo‘rqib, bundan tashvishlanib emas, balki Xudoning muqaddasligini, doimo hozirligi va sevgisini his qilgan holda qadam bosardim. O‘sha yillar menga tanish bo‘lmagan turli falsafiy nazariyalarni o‘rgandim. Biroq Xudoning Kalomiga zid bo‘lgan narsalar menda qiziqish uyg‘otmasdi. Boshqacha hayot tarziga ega bo‘lgan odamlarni yaxshi ko‘rardim va ularning Xudoga kelishini xohlardim. Shu vaqtning o‘zida, ularning hayotiy yo‘li menga yoqmasdi.
Xudoni butun qalb bilan sevish, Uning irodasiga chin dildan bo‘ysunishning qanday marhamat ekanligini o‘z uyimda, o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rgan edim. Bunday tarbiya yuragimda Xudoga maqbul hayot kechirish, haqiqat so‘qmoqlaridan yurish istagini uyg‘otgan edi.
Havoriy Pavlus o‘tmish va kelajakdagi, barcha xalqlardan bo‘lgan imonlilarni ogohlantirib deydi: “Bu dunyoga moslashmanglar”. (Rim. 12:2) Buning o‘rniga “fikr–zikrimizni yangilab, tubdan o‘zgarishimiz kerak”. (Rim. 12:2) Aksariyat masihiylardan farqli ravishda biz o‘z madaniyatimiz ta’siri ostida qolmasligimiz, buning o‘rniga Muqaddas Ruhga va Xudoning Kalomiga to‘lib yashashimiz kerak, toki hayot tarzimiz madaniyatimizni o‘zgartirsin. Bugungi kunda masihiy ota-onalar oldidagi vazifa: bu dunyoga taqlid qiladigan emas, balki uni o‘zgartiradigan avlodni o‘stirish.
Hamma bolalar isyonkorlik davrini boshdan kechiradi
Dushman ota-onalardan ularning bolalari o‘smirlik davrida pok hayot kechirishiga, Xudoga itoat qilib yashashiga bo‘lgan umidini tortib olishni xohlaydi. Bu yolg‘onga ishonish oqibatida ular bolalarining o‘tish davrini quvonch bilan emas, vahima va qo‘rquv bilan qabul qilishadi. Bu o‘z navbatida ularni o‘sib borayotgan farzandining isyonkorlik qilishini oddiy hol o‘rnida ko‘rishga va hatto bolasini oqlashga ham majbur qilishi mumkin. Ota-onasi ulardan isyon qilishini kutganini bilgan bolalar ko‘p holatlarda ota-onasi kutgandek ish tutadi.
Biroq hammamiz ham tabiatdan isyonkormiz. Ota-onamiz gunohkor bo‘lgan, biz ham gunohda tug‘ilganmiz, bolalarimiz ham nevaralarimiz ham isyonkorlikka moyil bo‘lib tug‘iladi. (Zab. 50:7; 57:4; Ish. 59:2)
Mana shu yerda Xushxabar paydo bo‘ladi. Birinchi oila itoatsizlik qilgan zahoti, Xudo odamzotni gunohdan forig‘ qilish niyatini amalga oshira boshladi – bu ularni isyonkorlikdan qutqarishning birdan-bir yo‘li edi. Masihning odamzot uchun qurbon bo‘lishi jamiki gunohkorlarga Xudoning inoyatini in’om etdi.
Xudo har bir avlod Uning inoyatini qabul qilishini, ahdga sodiq bo‘lishi va uni o‘z farzandlariga yetkazishini xohlaydi. Imonli ota-onalarga muqaddas topshiriq berilgan –farzandlarini Rabbiy Isoga itoat qilib yashashga o‘rgatish. Ota-onalar bolalarni “najot kemasiga” olib kelishlari kerak. Ushbu yuksak va muqaddas vazifani bajarish uchun odamlarga Muqaddas Ruhning kuchi va Xudoning ulug‘ va’dalari berilgan.
XVIII asr Yangi Britaniyada yashab o‘tgan jamoat cho‘poni Jonatan Edvardsning rafiqasi Sara Edvards juda xudojo‘y ayol bo‘lgan. U haqiqatga ishonishga, hayotining har bir sohasida unga asoslanib ish tutishga intilar edi. U onalik vazifasida o‘z intilishlarini ayniqsa yorqin namoyon eta oldi – 11 nafar farzandni dunyoga keltirib, katta qildi. Jonatan Edvards o‘z “Memmuarlarida” rafiqasining o‘z vazifasiga sidqidildan ishongani, og‘ishmay bolalariga erta yoshidanoq itoat qilishni o‘rgatganini yozadi:
U bolalarni nihoyata yaxshi boshqara olardi... Bir martagina gapirar va bolalari unga darhol bo‘ysunardi, bolalar nolish, e’tiroz qilish nima ekanini bilmay o‘sdi. Ular ota-onasini juda hurmat qilishardi... Bolalar o‘rtasida ko‘p kuzatiladigan bahs va tortishuvlar uning oilasiga mutlaqo begona edi. Uning intizomga rioya qilish tartibi bola hayotining ilk damlaridanoq ishga solinardi va u o‘ziga qoida qilib olgan narsa shundan iborat ediki: bolada, u katta yoki kichik bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘jarlik yoki itoatsizlik kuzatilgan eng birinchi holatdanoq, ayniqsa keyin, bu holat takrorlangan sari, irodasi to ota-onasining irodasiga to‘liq bo‘ysunmagunga qadar, ona sifatida u bolaga qarshi chiqar edi. U donolarcha fikrlar, bola o‘z ota-onasiga bo‘ysunishni o‘rganmagunga qadar, Xudoga bo‘ysuna olmaydi deb hisoblar edi.3
Yaqinda bir ona menga o‘zi to‘g‘risida gapirib, birinchi o‘g‘li hali juda yosh bo‘lgan vaqtda, uni aksariyat yoshlarning itoatsizligi, uning ham balog‘atga o‘tish davrida isyonkorlik qilishi kerak degani emasligi haqida o‘rgatganini aytdi. Ular turmush o‘rtog‘i bilan birga farzandlariga orzu ulashishgan – bu boshqacha bo‘lish orzusi edi, ular farzandlariga qanday odam bo‘lishlari mumkinligi haqida gapirib berishdi. Ota-ona bolalariga o‘zlarining misolida itoat qilish yo‘lini tanlashning qanchalik muhim, qanchayin afzal ekanligini doimo ko‘rsatib kelishadi.
Bolalarda isyonkorlik endi-endi ko‘rinish bera boshlaganda donishmand ota-ona yelka qisib: “Hamma bolalar bundan o‘tishi kerak chog‘i” demaydi. Ular bolalari jismoniy va garmonal o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgani va buning ta’sirida bola emotsional jihatdan juda ta’sirchan bo‘lib qolishi mumkinligini tushunishadi, biroq shu vaqtning o‘zida ular bolalariga bo‘ysunmaydigan emotsiyalarni boshqarish, emotsiyalarga yengilib qolmaslik kerakligini o‘rgatishadi. Ular yuzaga kelgan muammolarni keskin bo‘lsada, lekin sevgi bilan hal qiladilar, tinchlik saqlashga harakat qilgan holda bolalariga muntazam ravishda Xudo haqida guvohlik beradilar. Bolalari noto‘g‘ri qaror qabul qilganlarida, bu o‘z navbatida ma’lum bir oqibatlarga olib keladi, tavba qilganlarida – marhamatlarga erishadilar. Donishmand ota-onalar o‘zlari xato qilgan vaqtda o‘zini past tutishdan va kechirim so‘rashdan qo‘rqmaydi.
Biroq eng muhimi shuki, ular bolalari uchun tinmay ibodat qiladilar, ularni Muqaddas Ruhga topshiradilar, U bolalarining yuragini bo‘ysundirishini kutadilar. Shuningdek bunday ota-onalar o‘smir bo‘lib yetishgan bolalariga Xudoning odamzotni gunohdan sotib olgani haqidagi ahdini ular keyingi avlodga yetkazishi kerak ekanligini tushuntiradilar.
Bolalar tobora quloqsiz bo‘lib borayotgan bugungi kunda jamiyatimizga Xudoning ahdiga sodiq, Xudoning va’dalarini mahkam tutadigan, haqiqatga ishonadigan ota-onalar:
Ammo Egamizning sodiq sevgisi Abadulabad Undan qo‘rqqanlar bilan birgadir! Uning sodiqligi esa ularning nasliga o‘tadi. <…> O‘g‘illarimiz yoshligida yaxshi o‘sgan ko‘chatga o‘xshasin, Qizlarimiz saroyning o‘ymakor ustunlariga o‘xshasin.
Hamma bolalaringga Men, Egang, ta’lim beraman, Farzandlaringning tinchligi buyuk bo‘ladi.
Zab. 102:17–18; 143:12; Ish. 54:13
Bolamning imonli ekanligiga aminman, chunki u hali juda kichkinaligidayoq ibodat qilib Masihga imon keltirgan.
Mana necha-necha yillar ayollarning Xudodan uzoqlashib ketgan o‘g‘li yoki qizi haqida yig‘lab noliganlarini eshitishimga to‘g‘ri keladi. Odatda o‘sib ulg‘aygan va Xudo haqida mutlaqo qiziqmaydigan yoki xudosizlarga xos hayot kechirib kelgan bola (yoki nabira) haqida so‘z boradi. Shunga qaramay bu ayollar bolalarining imonli ekanligiga ishonishadi. Quyida keltirilgan maktublarda ham xuddi shu mavzuda so‘z yuritiladi va bu kabi so‘zlar oxirgi paytda ko‘p uchramoqda:
Qizim striptiz barda raqqosa, o‘g‘lim – gomoseksualist. Ularning Xudoga qaytib kelishini xohlayman. Ikkisi ham qachonlardir imon keltirgan va suvda cho‘mdirilgan edi.
O‘g‘illarimning hech biri hayotini Xudoga bag‘ishlab yashamayapti. Bolaligida ular Masihga ishonardi, biroq keyinchalik, kollejda o‘qib imondan qaytib ketishdi.
O‘ylashimcha, shayton ko‘p ota-onalarning ko‘zini ko‘r qilishga, bolalarini zulmat shohligi kishanlarida saqlab qolish uchun, ota-onasidan ularning haqiqiy ruhiy holatini yashirishga intiladi. Bu yolg‘on oldida bolalarini imonlilar jamoatida o‘stirgan ota-onalar ayniqsa ojiz bo‘ladi. Ular bolalarini “yaxshini yomondan ajratishga” o‘rgatgan, bolalari avvaliga Masihga imon keltirgan, ma’lum bir vaqt hatto ruhiy masalalarga jiddiy qiziqish bildirgan ham. Shu tariqa bunday ota-onalar ko‘pincha bolalarining qutqarilganiga ishonishadi.
Ammo Kalom o‘rgatadiki, odam Xudo haqida hamma narsani bila turib, barcha savollarga to‘g‘ri javob bera oladigan, hatto ma’lum darajada diniy tajribaga ham ega bo‘la turib ham, shu vaqtning o‘zida qaytadan tug‘ilmagan bo‘lishi mumkin. Odamning yuragida nima borligini faqat Xudo biladi. Biroq imonimiz yoki boshqa birovning imoni qanchalik chin ekanligini aniqlay olishimiz uchun U bizga ma’lum bir, xolis o‘lchov-mezonlarni berdi. 1 Yuhanno maktubi qaytadan tug‘ilgan odamlarga qutqarilganligi haqida komil ishonch bag‘ishlash va shu vaqtning o‘zida bunday ishonchga asosli dalili bo‘lmagan odamlarni ogohlantirish uchun yozilgan. Yuhanno bizga chindan ham qutqarilgan odamlarni, shunchaki Xudoga ishonishini aytadigan va aslida bor yo‘g‘i dindor bo‘lgan odamlardan ajratishning aniq mezonlarini beradi:
Xudoni tanib–bilganimizni shundan bilsak bo‘ladi: Xudoni tanib–bilgan odam Uning amrlariga rioya qiladi. Xudoni bilaman deb turib, Uning amrlariga rioya qilmagan esa yolg‘onchidir, unda haqiqat yo‘q. Xudoning kalomiga itoat qilgan odamda esa Xudoning sevgisi o‘z mukammal ifodasini topgan. Biz Xudo bilan birga ekanimizni ana shundan bilsak bo‘ladi.
<…>
Men nurda yashayapman deb turib, o‘z birodaridan nafratlangan odam hali ham zulmatdadir.. <…> …Dunyoni sevgan odamda Otamiz Xudoning sevgisi bo‘lmaydi. <…>
…Aslida, bu odamlar o‘z oramizdan chiqdilar, ammo ular bizga tegishli bo‘lmaganlar. Shuning uchun bizni tark etdilar. Agar bizga qarashli bo‘lganlarida edi, biz bilan qolgan bo‘lar edilar. <…>
Adolatli ish qilmagan va o‘z birodarini sevmagan odam esa Xudodan emas. Demak, iblis bolalari bilan Xudo bolalarining farqi ana shundadir.
(1 Yuh. 2:3 – 6, 9, 15, 19; 3:10)
Haqiqiy qutqarilishning mohiyati tavba qilishda yoki xayrli ishlarda emas, balki odamning o‘zgarishidadir: “Binobarin, kim Masihga tegishli bo‘lsa, u yangi ijoddir. Eski hayot o‘tib ketdi, yangisi esa boshlandi”. (2 Kor. 5:17) Chindan ham Xudoga yuz burgan erkak yoki ayol yangi hayotga, yangi yurakka, yangi tabiatga ega bo‘ladi, Xudo bilan yangicha munosabatda bo‘ladi: “U bizni zulmat hukmronligidan qutqarib, sevikli O‘g‘lining Shohligiga qabul qildi”. (Kol. 1:13)
Ushbu yangi ahdga qo‘shimcha qilib imonda mustahkam tura olishimizga bo‘lgan ishonch ham beriladi. Xudo O‘z va’dasida shunday deydi: “Mendan yuz o‘girib ketmasliklari uchun ularning yuraklariga Mendan qo‘rqish hissini solib qo‘yaman” (Yerem.32:40) Ibroniylarga maktub muallifi esa oxirigacha bardosh berish – haqiqiy imonning belgisi ekanligini aytadi: “…biz Masihga sherik bo‘ldik. Faqat boshida ega bo‘lgan imonimizni oxirigacha mahkam tutishimiz lozim”. (Ibr. 3:14)
Havoriy Pavlus Efesdagi imonlilarga maktubda, Masihni bilaman degan, biroq chindan ham qutqarilganini hayotda namoyon etmagan odamlar haqida shunday yozadi:
Shuni bilib qo‘yinglarki, hech bir fahshboz, iflos yoki xasisu ochko‘z inson Masihning va Xudoning Shohligidan bahramand bo‘lmaydi, chunki aytib o‘tilganlarning hammasi butparastlik bilan tengdir. O‘shanday gunohlarni qilishga bahona izlaganlar sizlarni quruq gaplar bilan aldamasin, chunki Xudoning qahr–g‘azabi Unga itoatsiz bandalarning boshiga tushadi.
Ef. 5:5–6
Ota-ona bolalarining qaytadan tug‘ilganiga ishonsa, biroq ularning hayotida qutqarilganlikning belgilari namoyon bo‘lmasa, bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Birinchidan, buning natijasida bolalarda abadiy hayotdagi taqdiri haqida soxta tasavvurlar paydo bo‘lishi mumkin. Bu ota-onaga to‘g‘ri ibodat qilishga va bolalarining joni uchun ruhiy kurash olib borishga halaqit berishi mumkin. Bu holat o‘ziga xos “tekinga beriladigan inoyat” tushunchasini hosil qiladi va bu tushuncha Masihning shaxsi, xochda qurbon bo‘lgani kamsitilishiga olib keladi. Shunday qilib jamoatlarimiz hayoti binoyidek ekanligiga ishongan odamlar bilan to‘ladi. Ular bunga ishonadilar, garchi Masih bilan haqiqiy munosabat tuzmasalarda, hayot tarzi bilan Xudoning Kalomini tahqirlab, dunyoning ko‘zi o‘ngida Masih bergan ta’limotni mensimay kelsalarda.
Albatta, qaytadan tug‘ilgan odamlarda ham gohida Xudoga itoat qilmagan yoki imondan qaytgan vaqtlarni boshdan kechirishi mumkin. Lekin chindan ham imonli bo‘lgan bironta odam Muqaddas Ruhning fosh etishini his qilmasdan, bilib, tushungan holda muntazam gunoh qila olmaydi.
Bolalar (yoki ularning ota-onasi) ruhiy masalalarda qanchalik keng bilimga ega bo‘lishi, hayotining ma’lum bir davrlarida qanchalik zahmat ko‘rsata olishidan qat’iy nazar, agar yuragida sevgisi bo‘lmasa, Xudoning Kalomini, U ko‘rsatgan yo‘lni muntazam ravishda rad etib kelsa, ularni: chindan ham qaytadan tug‘ilganmi, degan savol ustidan o‘ylashga majbur qilish lozim.
Bolalarimiz tanlaydigan hayotiy yo‘l uchun biz javobgar emasmiz
Ayollar mendan ibodat qilishni so‘rab, bo‘lishgan muhtojliklar ichida eng ko‘p uchraydigani – bu Xudodan qaytib ketgan bolalari va nabiralari uchun ibodat qilish muhtojligi bo‘lsa kerak. Onalarning tashvishi va hasratlari haqida butun bir kitob yozish mumkin:
O‘n olti yoshli qizim to‘qqiz oy avval uydan ketib qoldi va yigiti bilan yashayapti. Dilim azobda, u uchun xavotirdaman!
Yigirma sakkiz yoshli qizim Masihga bo‘lgan e’tiqodidan voz kechdi; unda notabiiy jinsiy ehtiroslar borligi, ayollarga ishtiyoqmandligi aniqlandi.
Xudo mening o‘n sakkiz yoshli o‘g‘limning yuragini o‘zgartirishi va undagi pornografiyaga bo‘lgan qiziqishlarni yo‘q qilishi uchun ibodat qiling, bolaligidan boshlab u mana shu illatdan qiynaladi.
O‘smirin o‘g‘lillarimdan juda ko‘nglim qoldi. Ular Xudo haqida ham, U bilan bog‘liq narsalarga ham ham mutlaqo qiziqishmaydi. Bolalarimni xudojo‘y qilib o‘stirolmadim.
Bunday kunlarni ko‘rmagan odam, bu ayollarning qanday azob chekayotganini tushunishi qiyin. Dushman ota-onani qul qilish uchun ikkita qarama-qarshi soxta fikrni ishga solishini ko‘raman. Birinchisi – ular o‘z farzandlariga jiddiy ta’sir o‘tkaza olmasligi, ularning taqdiri uchun javobgar emasligi va endi hech narsani o‘zgartirib bo‘lmasligi bilan bog‘liq. Bu yolg‘onga ishonish oqibatida ota-ona bolalari uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan bosh tortadi va o‘zlarini umidsiz o‘lja o‘rnida ko‘rishadi.
Ikkinchi soxta fikr shundan iboratki, ota-ona bolalarining bunday ahvolga kelgani uchun yuz foiz o‘zlari javobgar, bunga faqat ular aybdor. Ular tushunmaydiki, odamning ota-onasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘z tanlovi uchun o‘zi javob beradi.
Bolalar isyon qilganlarida, shayton ota-onani goh u yoqqa, goh bu yoqqa o‘zlarini urishga majbur qiladi. Bir qarasang, ular o‘zlarini aybdor deb bilib, bunday og‘rinadilar, bir qarasang o‘zlarini mutlaqo aybdor emasdek tuta boshlaydi. Birinchi yolg‘on ham, ikkinchisi ham aslida ayyorlik, haqiqatning buzib ko‘rsatilishidir va bu odamga faqat umidsizlik va tushkunlik olib keladi.
Asl zotingga tortasan...?
Kalomda ota-onasi xudojo‘y bo‘lgan, biroq bolalali xudosiz bo‘lib o‘sgan yoki aksincha, ota-onasi xudosiz bo‘lgan, bolalari esa butun qalbi bilan Xudoni sevgani haqida juda ko‘p hikoyalarni topamiz. Bu deyarli tushuntirib bo‘lmaydigan holat. Biroq bolalari Masihning izdoshi bo‘lishini istagan ota-onalarga yordam beradigan ayrim ko‘rsatmalar ham yo‘q emas.
Ibrohimning jiyani Lut bilan bog‘liq hikoya ota-ona ko‘rsatgan o‘rnak, ota-onaning qadriyatlari qanday kuchli ta’sirga ega bo‘lishi mumkinligini namoyon etadi. Lut yengil hayotni, boylikni va mashhurlikni yuqori qadrlagan. Dunyoviy boyliklarga bo‘lgan qiziqishlar uni oilasi bilan birga aholisi o‘ta mag‘rurligi, beahloqligi va buzg‘unchiligi bilan mashhur bo‘lgan shaharga ko‘chib o‘tishga majbur qiladi. Qizlarining epsiz odamlarga, Lutning “e’tiqodini” pisand qilmaydigan, uning taqdiri bitgan shaharni tashlab ketish iltimosiga quloq solmagan erkaklarga turmushga chiqqanining nimasi ajablanarli? Sado‘mdan qochib chiqqanlaridan keyin Lutning qizlari otasiga sharob ichdirib, naslimizni davom ettiramiz deb, navbatma navbat uning oldiga kirganidan ajablanishimiz kerakmi?
Yangi Ahd bizga Lutning “solih odam” bo‘lganini aytadi. U Sado‘mliklarning ochiqchasiga qilgan buzg‘unchiligida ishtirok etmagan; hatto “... har kuni ularning qabih ishlarini ko‘rib eshitgani uchun ichidan ezilib qiynalar edi”. (2 But. 2:8) Biroq imonli bo‘la turib ham u qalbini asramagan, dunyoviy ne’matlarning shaydosi bo‘lgan. Lut bir oyog‘i bilan Xudoning Shohligida qolib, boshqa oyog‘i bilan bu dunyoda turishga harakat qilgan. O‘zining misolida u bolalarini dunyo bilan murosa qilishni o‘rgatdi.
Lut o‘tkinchi ne’matlar uchun haddan ortiq yuqori baho to‘lalagandek, lekin bir qoida borki, uni hamma biladi: odam nima eksa, shuni o‘rib oladi. “Ota-ona ozgina beboshlik qilsa, farzandlari oshig‘i bilan qiladi” deganlari bejiz emas.
Elaxning oilasi bilan bog‘liq hikoya buning yorqin misoli bo‘lib, ota-ona o‘z farzandlarini Xudo talab etgandek tarbiyalashi va ma’lum bir intizomga rioya qilinishini ta’minlashi kerakligini o‘rgatadi. Elax Isroilda ruhoniy bo‘lgan. U mamlakatda hakamlar hukmronlik qilgan vaqtda yashab, Xudoga sadoqat bilan xizmat olib borgan. Uning ikkala o‘g‘li – Xo‘fnax va Finxaz garchi juda dindor oilada o‘sgan bo‘lishiga qaramay, Muqaddas Kitobda ular haqida “Elaxning o‘g‘illari yaramas yigitlar edi. Ular Egamizni hurmat qilmasdi” deyilgan. (1 Shoh. 2:12)
Otasi ruhoniy bo‘lgani bois, bolalari ham faqat ruhoniy bo‘la olardi. Biroq ular o‘z nomiga isnod keltirishdi, vazifasini mensimadilar: qurbonlikning yog‘ini kuydirmasdan oldin, gщshtning eng yaxshi joyini olib ketishar va hatto uchrashuv chodiriga kiraverishda xizmat qiladigan ayollar bilan zino ham qilishardi. (1 Shohlar 2:13–17, 22) Xudoga sodiq xizmatkor qanday qilib bunday yaramas o‘g‘illarni o‘stirishi mumkin? Shak-shubha yo‘qki, ular gunohga bulg‘angan madaniyatning ta’siriga yo‘liqqan, biroq Kalom shu qatorda otasining ham bunda aybi borligini e’tirof etadi.
Yozilishicha, Elax keksaligida juda semiz bo‘lgan. (1 Shohlar 4:18) Balki bunga uning o‘zini ovqatdan o‘zini tiya olmagani, o‘g‘illari odamlar qurbonlik uchun olib kelgan go‘shtdan beo‘lchov yeb o‘sgani sabab bo‘lgandir?
Kalomda aytilishicha, U o‘g‘illarining Isroil xalqiga yomon munosabatda bo‘lishayotganini, eshitib turgan va bu uchun ularga qat’iyy tarzda tanbeh bergan. (1 Shoh. 2:22–25) Biroq bu vaqtga kelib u ancha keksayib qolgan edi. Uning nima sababdan shuncha vaqt kutgani, o‘g‘illarining hatti-harakatlarini e’tiborsiz qoldirganining sabablari haqida taxmin qilishimiz mumkin xolos. Nima bo‘lgan taqdirda ham, “o‘g‘illari otalarining gapini quloqlariga olmasdilar”. (1 Shoh. 4:25) Egamiz ikki marotaba Elaxning oldiga odam yuborib, bunda uning ham aybi borligini ko‘rsatdi. Garchi Elax o‘g‘illarining gunohi ancha ochiq va og‘ir bo‘lgan bo‘lsada, aslida bunga ko‘p jihatdan otasining hayot tarzi sabab edi:
Men buyurgan qurbonlik va nazrlarni nimaga pisand qilmayapsizlar?! Nimaga xalqim Isroil bergan hamma nazrlardan eng yaxshi ulushlarni olib o‘zingiz yeb semiryapsizlar?! Nimaga o‘g‘illaringni Mendan ortiq ko‘ryapsan?!
Elaxga, sening xonadoningni to abad jazolayman, deb uni ogohlantirgan edim. Uning o‘g‘illari ko‘p gunoh qilib, o‘zlariga la’nat orttirdilar. Elax esa buni bila turib, ularni tergamadi.
1 Shoh. 2:29; 3:13.
Elax nojo‘ya ishlarga beparvo qaragani uchun adolatli jazo oldi.
Bu misollar har bir farzandning Xudoga yaqin bo‘lishi to‘liq ota-onasining Xudo bilan munosabatiga bog‘liq ekanligini isbotlamaydi. Biroq ular ota-onaning farzandlarga ta’siri juda katta bo‘lishi, ota-ona bolalarining tarbiyasi uchun javobgar ekanligini ko‘rsatadi. Hamma aybni bolaning tengdoshlariga, o‘qituvchilarga, ommaviy axborot vositalariga, imonlilar jamoatidagi yoshlar guruhlariga yoki atrofdagi madaniyatga ag‘darishdan oson narsa yo‘q. Shunday bo‘lsada, qarovimizga topshirilgan suruv uchun Xudo oldida biz javob beramiz.
Sizlar bilan o‘z fikrlarim, qarashlarim haqida bo‘lishmoqchiman: imonli ota-onalarning ko‘pchiligi ularning shaxsiy hayot tarzi, shuningdek ota-ona tomonidan tarbiya masalalarida qabul qilingan (yoki qabul qilinmagan) qarorlar bolalariga qanday katta ta’sir ko‘rsatishini tushunishmaydi. Tan olib aytaman, ota-onalarning gohida o‘z bolalariga (ko‘pincha yaxshi niyatlar bilan) qanday qarorlarni qabul qilishga yo‘l qo‘yib berayotgani meni juda ajablantiradi, tashvishga soladi. Xuddiki ota-ona qarshilik qilolmayotgandek taasurot o‘yg‘onadi. Ular bolalari Xudoni tanib bilmagan tengdoshlari bilan qanday munosabat qurayotganini mutlaqo nazorat qilishmaydi, imonsiz yigit yoki qiz bilan uchrashishiga, kattalarga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatishiga, beadab kiyinishi, dunyoviy musiqa eshitib, dunyoviy kinolarni ko‘rishiga yo‘l qo‘yib berishadi, keyin esa nima uchun bolalari dunyoga ko‘ngil bog‘lagani, Masihning ta’limotini kamsitganidan ajablanishadi.
Yaqinda mendan masihiylar ilohiyotidan ta’lim beruvchi yirik o‘quv dargohi ishchilari va o‘qituvchilari yig‘ilishida chiqib gapirishni so‘rashdi. Meni taklif etgan ishchi ayol o‘quvchilarning ruhiy holati haqida tashvishda ekannini bildirdi. U shunday dedi: “Bu o‘quv yurtida bolalar Xudoni, Muqaddas Kitobni yomon ko‘rishadi. Ilohiyotga oid masalalarga umuman qiziqishlari yo‘q”. Agar vaziyat chindan ham shunday bo‘lsa, biz o‘zimizga savol berishimiz: bu yoshlar o‘zlari o‘sgan oilalarda nimani ko‘rgan (yoki nimani ko‘rmay o‘sgan)? Bunday munosabatning sababi nima?
Xudoga shukr, bu avlodda ko‘zga ko‘rinadigan, ayrim istisnolar bor. Biroq ko‘p jamoatlarda yoshlar guruhlarini kuzatar ekanman, “masihiylar oilasida” o‘sayotgan aksariyat yoshlar ilohiyotga oid masalalarga deyarli qiziqish bildirmaydi.
Bolalarimiz o‘sib katta bo‘lganlaridan keyin, Xudo bilan munosabat tuzishni xohlamasa, yoki bundan ham yomoni bo‘lib, o‘zlarini masihiy deb hisoblagan holda, Xudoning Kalomiga zid hayot kechirsa, muammo aslida bizda, yoshi katta bo‘lgan masihiylar avlodida bo‘ladi. Bu har qaysi xudojo‘y masihiyning bolalari albatta xudojo‘y bo‘ladi degani emas. Biroq, masihiy oilalarda o‘sayotib, ota-onasining e’tiqodini inkor etgan yoshlar ko‘payib boryaptimi, demak ota-onalar avlodi muhim bir kamchilikka yo‘l qo‘yganini tan olishimiz lozim.
Bolalarimizning taqdiri uchun javob bermaslimiz haqida yolg‘onga ishonishni davom ettirsak, bundan faqat dushman foyda ko‘radi, negaki u keyingi avlodni o‘zining shohligi uchun egallashni xohlaydi. Kalom o‘rgatadiki, har bir avlod o‘zidan keyingi avlodga sog‘lom e’tiqodni, Xudoga bo‘lgan izzat-ehtiromni meros qilib yetkazishi lozim. Bu bir vaqtning o‘zida ham sharafli burch, ham jiddiy mas’uliyat hamdir. Quyidagi haqiqat bizni biroz o‘zimizni tetik tortishga undamog‘i lozim: biz nima ekkanimizga yarasha javob beramiz, oxir-oqibat ekkanimizni o‘rib olishimizga to‘g‘ri keladi. Dunyoning shijoatiga berilib, beparvo, beintizom hayot kechirib, shu vaqtning o‘zida buning kelgusi avlodga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligiga umid bog‘lash aslida noto‘g‘ri.
Albatta, buni Muqaddas Kitobda yozilgan boshqa haqiqat bilan tenglashtirmoq lozim: har bir avlod Xudo oldida tanlagan yo‘li va qay darajada itoat qilgani uchun o‘zi javob beradi. Ota-onasi nima qilganidan qat’iy nazar , har bir odam bir kun kelib tanlagan yo‘li, tutgan amallari uchun Xudoga hisobot beradi. (Qonun. 24:16; Yerem. 31:29–30)
Ota-ona bo‘lish – yuksak, sharafli vazifa. Bundanda jiddiy ish bo‘lmaydi. Eng yaxshi ota-onalar bola tarbiyasida to‘liq Muqaddas Ruhga tayanadilar. Shu sababdan ham ona qo‘li ostidagi eng qudratli vosita – bu ibodat bo‘ladi.
Dushman ota-onalarni chalg‘itadi, haqiqatning bir avloddan boshqasiga yetkazilishiga halaqit berishga urinadi. Uning yolg‘oniga ishongan va yolg‘on asosida ish tutgan ota-onalar o‘zlarini ham, bolalarini ham qullikka mahkum etadilar. Shu vaqtning o‘zida, haqiqatga ishongan va haqiqat asosida hayot kechirgan ota-onalar, mehr-muhabbat ko‘rsatish, sevinish, bolalarini tarbiyalash, ularga o‘git-nasihat berish, Xudoning iltifoti bilan ularni kelgusi avlodlarga Xudoning ulug‘vorligini va inoyatini yetkazishlari uchun duo qilish erkinligiga ega bo‘ladilar.
Amalda qo‘llash
1. Xudoning aytganlarini QABUL QILING.
Siz ota-onaning va bolalarning roli haqida qanday yolg‘onga ishonib kelgansiz?
2. Mas’uliyatni o‘z zimmangizga OLING.
Bu yolg‘onga ishonish sizning hayot tarzingizga qanday ta’sir qildi (munosabatlaringizga va hatti-harakatlaringizga)?
3. Haqiqatni E’LON QILING.
Yuqorida keltirilgan haqiqatlarni birma-bir ovoz chiqarib o‘qing. Ular ichida qaysi biri hozirgi kunda siz uchun ayniqsa muhim?
Xudoning Kalomi bilan fikr-zikringizni yangilang. Quyidagi parchalarni ovoz chiqarib o‘qing. Zab. 126, Mt. 19:13–15, Zab. 77:1–8, 1 Sal. 2:7.
Bu oyatlar bolalar haqida va ularning hayotida ota-onalarning roli haqida nima deydi?
4. Haqiqat asosida HARAKAT QILING.
Haqiqat asosida hayot kechirish uchun qanday qadamlarni amalga oshirishingiz kerak?
5. Xudodan haqiqat so‘qmoqlaridan yurishda sizga yordam berishini SO‘RANG.
Otalik qalbing uchun Senga rahmat deyman, Ota. Meni O‘zingga qaraznd qilganing uchun rahmat. Men haqimda g‘amho‘rlik qilganing, ehtiyojlarimni qanoatlantirganing, meni ruhan yetuk qilib o‘stirayotganing uchun rahmat. Bolalarga bo‘lgan sevging uchun rahmat. Ularni Sen sevgandek sevib, qabul qilishimga yordam ber. Meni ayol qilib yaratganing, yuragim ostida jajji bolani ko‘tarib yurish, u haqda g‘amho‘rlik qilish vazifasini berganing uchun rahmat. Yolvoraman, meni o‘zim tug‘ib o‘stirgan yoki ixtiyoring bilan qaramog‘imga topshirilgan bolalarga nisbatan o‘z onalik vazifamni bajarishni o‘rgat. Hayotim tufayli keyingi avlodlarda solihlikka chanqoq, Samoviy Otamiz singari bo‘lish ishtiyoqi paydo bo‘lsin. Iso Masihning nomi bilan, omin
Книга на Узбекском языке: - Ложь в которую верят женщины (Нэнси Демосс)
Автор этой книги исследует наиболее распространенные среди женщин заблуждения (о Боге, грехе, браке, детях и т.д.) и старается помочь обрести истину и стать по-настоящему свободными. Книга полезна всем (включая мужчин) и может быть использована для проведения семинаров по вопросам семьи и брака.