Ненси демосс. Аёллар ишонган ёлғон ва озод қиладиган ҳақиқат - (6-боб) Китоб Ўзбек тилида
Ayollar ishongan yоlg‘on va ozod qiladigan xaqiqat (Nensi Demoss) O‘zbek tilida audiokitob
MUNDARIJA
MUQADDIMA
XOTIRA DAFTARIM
1-QISM. KIRISH SO‘ZI
2-QISM. AYOLLAR ISHONGAN YOLG‘ON
2 BOB. Xudo haqida
3 BOB. O‘zim haqimda
4 BOB. Gunoh haqida
5 BOB. Ustunliklar haqida
6 BOB. Nikoh haqida
7 BOB. Bolalar haqida
8 BOB. His-tuyg‘ular haqida
9 BOB. Hayotiy vaziyatlar haqida
III QISM. HAQIQAT SO‘QMOQLARIDAN YURISH
10 BOB. Haqiqat yolg‘onga qarshi
11 BOB. Bizni ozod qiladigan haqiqat
XOTIMA
6 BOB. Nikoh haqida
• Baxtli bo‘lishim uchun menga er kerak
• Erimni o‘zgartirishim kerak
• Erim menga xizmat qilishi kerak
• Erimga bo‘ysunsam, baxtsiz bo‘laman
• Erim sustkash bo‘lsa, tashabbusni o‘z qo‘limga olishim kerak, aks holda hech narsaga erisholmaymiz
• Gohida baxtsiz nikohda yashagandan ko‘ra, ajrashgan ma’qul
• Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying
• Amalda qo‘llash
Kundalik daftarim,
Uyimiz jimjit, Odam bilan mening gaplashishga hafsalamiz yo‘q. Kecha kechqurun qattiq janjallashdik. Bu kutilgan holat edi. Kun juda og‘ir boshlandi. Odam kechasi bilan uhlamadi, molxonada edi – sigirimiz bolalashda qiynaldi. Tongda esa u o‘rilgan bedani qishga tayyorlash uchun ketishi kerak edi.
Nihoyat uyga kelganida, ustiboshi xo‘l bo‘lib ketgan, kayfiyati juda yomon edi. Men esa kuni bo‘yi ikkita kasal bola bilan, to‘rtta devor o‘rtasida qamalib o‘tirdim va uning nima uchun shu vaqtgacha ovqat tayyorlab qo‘ymading degan savoliga: “Shunchalik och qolgan bo‘lsangiz, ana boring-da, o‘zingizga ovqat qilavering!” – deb javob berdim. Bilmadim, nimagadir aynan o‘sha paytda unga aslida u ham uy ishlarida qatnashishi, misol uchun bog‘imizda yovvoyi o‘tga belanib, chakalakzorga o‘hshab yotgan yo‘lakchani tozalab qo‘yishi kerakligini eslatdim.
Biri ketidan boshqasi ... U Hobilga kelasi hafta uni ovga olib borishni va’da qilgandi. Men esa Hobil buning uchun hali yoshlik qiladi deb o‘ylayman, umuman olganda ham, Hobilni olib ketib, Qobilni qoldirish noto‘g‘ri. Odam o‘zinikida turib oldi va o‘rtada janjal chiqdi. Bir-birimizga ko‘p ortiqcha gaplarni aytdik. Kech tushmasdan to‘shakka kirib oldim, u yotgan vaqtda o‘zimni uhlaganga soldim.
Bir qaraganda, biz shuncha yil birga yashab, barcha muammolarni bartaraf etishimiz kerak bo‘lgandek tuyuladi. Qiziq, lekin Odam turmushimizni umuman olib qaraganda, muvaffaqiyatli deb hisoblasa kerak. Menga esa gohida biz bir-birimizga mutlaqo begona odamdek tuyuladi, garchi bir umr bir-birimizni bilib yashayotgan bo‘lsakda. U har doim o‘zini haq deb biladi. Hech bo‘lmasa o‘rnimga o‘zini qo‘yib ko‘rishni so‘raganimda, u mening ko‘nglimni olib bo‘lmasligini aytadi. Uning mendagi kechinmalarni jiddiy qabul qilishini juda istar edim!
Ming yillar avval Adan bog‘ida ro‘y bergan hodisa nafaqat Xudoga va odamzotga, balki nikohga ham qaratilgan zarba edi. Nikoh Egamiz tomonidan yaratilgan bo‘lib, Uning ulug‘vorligini va inson zotini fidokorona qutqarishiga oid maqsadlarini namoyon etishi kerak. Shayton mana shu, muqaddas qoidani buzish bilan Xudoning abadiy loyihasiga qarshi shiddatli zarba berdi.
Shaytonning eng avvalo eri bor xotinga hamla qilishi bejizga emas. U xotinga Xudo haqida, Uning fe’l-atvori haqida, So‘zi haqida, gunoh va uning oqibatlari haqida soxta tasavvurlarni singdirdi. Xotin bu yolg‘onga ishondi va uning asosida ish tutdi va natijada erini ham gunohga yetakladi. Bu ularning nikohiga jiddiy ta’sir qildi.
Erkinlik o‘rniga ular uyat topdilar. Samimiy munosabat o‘rnini – mug‘ombirlik, ikkiyuzlamachidik egalladi. Odam Ato va Momo Havoning birligi dushmanlikka aylandi – nafaqat Xudo bilan munosabatlarida, balki bir-biriga nisbatan ham o‘rtada adovat paydo bo‘ldi.
O‘z xotinini sevish, unga bosh bo‘lish o‘rniga er haddan ortiq holatga berildi – o‘taketgan zulmkorlikdan to begonalashish, passivlashish holatigacha yetdi. Ayolga dastavval ruhiy “boshlig‘ining” yetaklovi ostida kafolatlangan himoya endi yo‘qolgan edi va Xudoga itoat qilmaslik istagi uning erida ham o‘z aksini ko‘rsatdi, natijada xotin boshqa yolg‘on, gunoh va dushmanning hamlasi oldida yana ham ojiz bo‘lib qoldi. Erkak, ayol va Egamiz Xudo o‘rtasidagi qalin do‘stlik doimiy kurashga aylandi.
O‘sha vaqtdan beri bu holat har bir nikohda takrorlanadi.
Hayotimizning har qaysi sohasida bo‘lgani kabi, nikohda ham yolg‘on – eng ta’sirli vosita bo‘lib qolmoqda va shayton o‘zining mash’um maqsadlariga erishish yo‘lida undan foydalanadi. Agar u har qanday oilada er va xotinni yolg‘onga ishontirib, so‘zlari asosida ish tutishga majbur qila olsa, bu bilan ularni o‘ziga qul qiladi, shodligini tortib oladi va ular o‘rtasidagi munosabatlarni buzadi. Uning ixtiyorida nikoh haqida bir emas, balki minglab yolg‘onlar bor. Mana birinchisi:
Baxtli bo‘lishim uchun menga er kerak
Yolg‘onning ko‘p turlari singari, bu yolg‘on ham – haqiqatni buzib ko‘rsatishdan nari bormaydi. Haqiqat shundan iboratki, nikoh qurish – yaxshi, arzigulik ish, Xudo aksariyat odamlar uchun aynan shuni xohlaydi va masihiylarning nikohi buyuk shodlik va marhamatlarni ko‘zda tutadi. Shayton nikoh haqida haqiqatni buzib ko‘rsatadi, ayolga nikoh qurishdan maqsad – shaxsiy manfaat va baxt ekanligi, uni sevadigan, ehtiyojlarini qanoatlantiradigan eri bo‘lmasa agar, ayol hech qachon baxt yuzini ko‘rolmasligini aytib ishontiradi.
Qiz mana shunga o‘hshash yolg‘onga berilib: “Erim meni baxtli qilishi kerak” – degan soxta tasavvurlar bilan turmushga chiqadi. Men Mirna deb tanishtiradigan ayol azobu alamlarni yutib o‘tkazgan bir qancha yillardan keyingina fikri-tasavvurlarining noto‘g‘ri ekanligini tushunib yetdi:
Erim bilan o‘n yil birga yashab, so‘ng ajrashdik. U meni baxtli qilishi kerak degan fikr bilan yashardim. Biroq meni baxtli qilish uning zimmasidagi vazifa bo‘lmagani bois, erim buni afsuski uddalay olmaydi. Nafaqat men, balki erim ham mana shu yolg‘onga qul bo‘lib yashaganmiz.
Nikohdan ko‘zlangan tub maqsad bizni baxtli qilish emas, balki Xudoga ulug‘vorlik keltirishdir. Baxt topishni maqsad qilib turmushga chiqqan ayollarning hafsalasi pir bo‘lishi deyarli aniq – ular kamdan-kam holatlardagina izlaganini topa oladi.
Baxtli bo‘lish uchun er kerak deb hisoblagan ayollar ko‘pincha Xudo ular uchun belgilab berganidan kamiga rozi bo‘ladilar. Joan ismli ayol bu yolg‘onga ishonishi oqibatida qanday qilib qulga aylangani va o‘zi kutmagan og‘ir oqibatlarga yo‘liqqani haqida shunday hikoya qiladi:
Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda men uchun eng muhimi yonimda yaxshi yigit bo‘lishi, unga turmushga chiqish, uning menga er bo‘lishi edi, uning Masihga sodiq bo‘lishini ko‘p ahamiyatli deb hisoblamasdim. Xudo O‘z irodasini bajo qilishi, turmushga chiqishim uchun menga mustahkam imonga ega bo‘lgan yigitni yuborishini kutishni xohlamadim. Natijada erim bilan birga Masihni tanib bilish, ulg‘ayib o‘sish biz uchun imkonsiz bo‘lib qoldi. Endi, mana yigirma sakkiz yil birga hayot kechirib, bizni bir-birimizga deyarli hech narsa bog‘lamaydi. Mening dugonalarim – masihiy, uning do‘stlari – pivoga o‘ch odamlar. Men bolalarimni ustun qo‘ysam, u o‘zining ishini ustun qo‘yadi.
Bu ayol yolg‘onning o‘ljasi bo‘lgan. U baxt uchun er kerak degan yolg‘onga ishondi va mana shu yolg‘on asosida ish tutdi – imonsiz odamga turmushga chiqdi, bu esa Xudoning Kalomida juda aniq berilgan ta’limotga zid keladi. Bir qaraganda, o‘zi o‘ylaganiga erishgandek edi. Biroq niyati – turmushga chiqish bo‘lgan, ohir-oqibatda esa og‘ir, ruhiy inqirozga uchradi, dili yaralandi. (Zab. 105:15)
Erli yoki ersiz bo‘lishingizdan qat’iy nazar, erkinlikka qachonki haqiqatni tushunib, tan olsangizgina erishasiz. Quyidagi guvohliklarning har biri yolg‘onga ishonish qullikka olib kelishi, haqiqat esa ozod qilishini ko‘rsatadi:
Men har doim baxtli bo‘lish, o‘zim haqimdagi fikrim o‘zgarishi uchun menga erkak kerak deb hisoblar edim. Biroq erga tegib ham baxt topolmadim, o‘zim haqimda past fikrga ega bo‘lib qolaverdim. Xudo meni O‘z suratiday qilib yaratganiga ishonib, Uning men haqimdagi fikrini qabul qilganimdan keyingina o‘zim haqimdagi fikrim o‘zgardi. Bu meni ozod qildi va men o‘z ehtiyojlarimga sevgidan va erkaklarning daldasidan javob izlashni bas qildim.
O‘n to‘rt yoshimda otamni yo‘qotganman, o‘n olti yoshimda turmushga chiqdim. O‘sha vaqtda erim mening himoyachim va hayotim ma’nosi bo‘lishini istaganimni mana endi tushunib yetdim. Bolalarimiz katta bo‘lib, o‘rtamizda jiddiy muammolar yuzaga kelgach, men qulday bo‘lib qoldim: erimdan bo‘lak yashay olmasligimni his qilardim. Bu xuddi derazaga o‘rnatilgan temir panjara misoli, yengib bo‘lmaydigan qullik edi. O‘sha vaqtda qanday ahvolga kelib qolganimni eslasam, hozir ham yuragim orqaga tortadi. Erim nafasni bug‘adigan darajada kuchli quchog‘imga bardosh berolmay, quchog‘imdan chiqish, yengil nafas olish haqida o‘ylardi.
Xudo do‘stlarim orqali menga erimni “qo‘yib yuborishim” va Xudoni “mahkam ushlashim” kerakligini aytishdi. Bu meni ozod qildi. Erim o‘sha qiyin davrga bardosh bera oldi va meni tashlab ketmadi. Biz Xudoga, U turmushimizni saqlab qolgani uchun doimo shukrona aytamiz va bu yil oilaviy hayotimizning o‘ttiz olti yilligini nishonlaymiz.
Yolg‘iz o‘zim mutlaqo ahmiyatsiz ekanligimga ishonar edim, albatta turmushga chiqishim kerak deb o‘ylardim. Bu yolg‘onga ishonish oqibatida menda boshqalarga xizmat qilish quvonchi yo‘qoldi (chunki o‘zimdan ortmay qoldim) Xudoga xizmat qilishdan, Unga ishonishdan qoniqish topa olmay qoldim.
Xudoning Hokim ekanligini, U men uchun belgilangan hayrli ishlar bilan Unga xizmat qilishimni va osmonda abadiy boylik yig‘ishimni istayotganini tushunishim uchun menga ko‘p yillar kerak bo‘ldi.
Hozir yoshim qirqda va hayotimning qolgan qismini Unga xizmat qilib o‘tkazishga intilaman. Unga meni Masihga o‘hshash qilib o‘zgartirishiga yo‘l qo‘yib berishga tayyorman. Hayot juda qisqa. U menga hamma narsani abadiy hayot nazari bilan baholashimga yordam berdi va endi men bu dunyoning barcha qiyinchiliklari va umidsizliklarini yorug‘ yuz bilan qarshi olishga qodirman.
Baxtning siri nikohda emas (nikohdan tashqarida ham emas). Baxt insonlar o‘rtasidagi munosabatlarda emas. Haqiqiy quvonch faqat Iso Masihda.
Xudo barcha ehtiyojlarimizni qanoatlantirishni va’da qilgan va agar U nikohda Unga ko‘proq shuhrat keltira olishimizni ko‘rsa, bu holda bizni nikohli, oilali qiladi.
Qoniqish barcha ne’matlarga ega bo‘lishdan emas, balki Xudo bergan ne’matlarni qabul qilishdan hosil bo‘ladi.
O‘z maqsadlariga erishishda o‘jarlik qilganlar, o‘ziga bosh og‘riq orttiradi, Xudoga umid bog‘laganlarga esa hamisha eng sara ne’matlar nasib etadi.
Erimni o‘zgartirishim kerak
Biz ayollarning ko‘pchiligi tabiatdan o‘zgaruvchanlikka moyilmiz. Biron narsa bizni qoniqtirmasa agar, biz uni o‘zgartirishni burchimiz, vazifamiz deb bilamiz. Agar biror bir shaxs talabimizga javob bermasa, bu holda o‘sha shaxsni o‘zgartirishni o‘zimizga maqsad qilamiz. Bu bir qaraganda, deyarli yengib bo‘lmaydigan tuyg‘udek ko‘rinadi, ayniqsa biz bilan bir uyda yashayotganlar haqida so‘z borganda. Biroq atrofdagilarni o‘zgartirish bizning vazifamiz deb o‘ylasak agar, bu holda hafsalamiz pir bo‘lishi, o‘rtada nizolar chiqishi muqarrar.
Nikohda bunday yolg‘on ayolning o‘z burchi haqida va Xudo oldidagi hayoti haqida o‘ylamay qo‘yishiga olib keladi, vaholanki, faqat shu yerdagina u nimanidir o‘zgartirishi mumkin. Buning o‘rniga u boshqa odamning xatolari va majburiyatlari haqida tashvishlanadi. Uning eri (yoki bolalarining) yuragini o‘zgartira olmasligi muqarrar, lekin Muqaddas Ruhga o‘zining yuragini o‘zgartirishiga yordam bera oladi.
Doimo erining xato va kamchiliklarini to‘g‘irlashga intilgan ayol bu bilan Xudodan berilmagan mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oladi va bunday holatlar ayolning eri va hatto Xudodan ham qattiq xafa bo‘lishi bilan yakun topishi mumkin. O‘zining hatti-harakatlari bilan ayol Xudoga erini o‘zgartirishiga halaqit berishi ham mumkin. Agar ayollar Xudoga O‘z rejasini ishga solishiga yo‘l qo‘yib berganlarida edi, Xudo qancha-qancha erlarni o‘zgartirgan bo‘lardi!
Xudoga ishongan juda ko‘p ayollar qo‘li ostida o‘z erlariga ta’sir o‘tkazishning ikkita juda kuchli “vosita” borligini bilishmaydi. Bular shunday vositaki, egovlashdan, nasihat va ta’na qilishdan ko‘ra ancha yaxshiroq samara beradi. Birinchi qurol – bu imonli ayolga xos hayot tarzi bo‘lib, Xudo bu orqali ko‘pincha erni fosh qiladi, unda haqiqatga bo‘lgan chanqoqlik uyg‘otadi. (1 But. 3:1–4)
Ikkinchi vosita – bu ibodat. Agar ayol har qadamda eriga uni o‘zgartirmoqchi ekanligini eslatib tursa, erining qarshilik qilishi, o‘z qobig‘iga o‘ralib olishining ehtimoli yuqori. Biroq o‘z tashvishlarini Xudoga ochsa agar, u bu bilan samoviy kuchlarni yordamga chaqiradi, eriga ta’sir o‘tkazilishiga yo‘l ochadi. Erning doimo egovlagan xotinidan ko‘ra, Xudoga qarshi chiqishi anchayin qiyinroq bo‘ladi!
Bu borada menga Isoning onasi Maryam haqidagi misol juda yoqadi. Maryamga Xudoning farishtasi zohir bo‘lib, uning tez orada Masihni dunyoga keltirishini e’lon qildi – aqlga sig‘dirib bo‘lmaydigan narsa! Bu haqda Yusufga aytganida, Yusuf avvaliga ishonmadi, to‘g‘ri-da, farishtani ko‘rmagan bo‘lsa qanday ishonsin. Yusuf o‘yladiki, Maryam unga xiyonat qilgan. Bunga mantiqiy asos bor edi.
Muqaddas Kitobda Maryam Yusufni Xudoning so‘zlariga ishontirishga harakat qilgani haqida aytgan bironta oyatni topmaymiz. Buning o‘rniga u Xudoning O‘zi Yusufga gapirishini kutdi va shunday bo‘ldi ham. Xudoning farishtasi Yusufga zohir bo‘lgach, Yusuf unga ishondi va to‘g‘ri yo‘l tutdi. Maryam haqiqatni yuragida saqlashni va u haqda mulohaza qilishni bilar edi. (Luqo 2:19) U kutish va xotirjam qolish uchun o‘zida yetarlicha kuch topa oldi, chunki Xudoning – Qodir ekanligini bilardi. Xudo uning hayotida ham, oilasida ham O‘z irodasini bajo qilishiga Maryam ishonar edi.
Men sal kam o‘n yetti yil ko‘rmagan bir ayol, yaqinda umumiy do‘stimizning to‘yida oldimga kelib: “Sen oilamni saqlab qolding!” dedi. Undan nima bo‘lganini menga eslatishni so‘radim. U o‘n yetti yil muqaddam erining ruhiy holatiga oid tashvishlari haqida men bilan bo‘lishgani va mening unga: “Eringni o‘zgartirish sen qiladigan ish emas, buni Xudo qiladi. Sen Xudoga aytishing, kutishing va qolgan hammasini Uning O‘zi qilishiga yo‘l qo‘yib berishing kerak” deganimni aytdi. So‘ng davom ettirdi: “Maslahatingizga quloq soldim va mana shu yillar davomida bu haqda tanishlarim bilan bo‘lishdim”.
So‘ng u Xudo erini o‘zgartira boshlashini kutish uning uchun qancha qiyin bo‘lgani haqida gapirib berdi. Uzoq vaqt, ya’ni o‘n olti yil u ibodat qilib, kutadi. Xudo ibodatlarini eshitgani, so‘raganlari ijobat bo‘lishi haqida hech qanday dalil ko‘rinavermasdi. Eri, garchi o‘zini masihiy deb hisoblasada, xotini uning chindan ham Xudoga ishonishidan shubhalanar edi, chunki uning hayotida na Xudoga chanqoqlik, na bir samara ko‘rinar edi.
So‘ng, uzoq yillardan keyin “kutilmaganda” Ruh erining yuragini yoritadi va tamomila o‘zgartiradi. Eri xuddi komadan chiqqandek bo‘ladi. Hech bir ko‘rinarli sababsiz u o‘zida Xudoning Kalomiga chanqoqlik his etadi, Muqaddas Kitobni qo‘ldan qo‘ymay o‘qiydi, kundalik tutib, Kalomda ochilgan haqiqatlarni yoza boshlaydi. Ayol bu haqda shunday deydi: “Avval erimni nonushtaga uyg‘ota olmasdim. Endi u har kuni tongda, soat olti yarimda boshlanadigan erkaklar ibodat guruhi yig‘ilishiga boradi!” Yaqinda u hatto o‘z biznesini sotish va xizmatga ko‘proq vaqt ajratish haqida so‘z ochdi. Bu odamning o‘zgarishini inson tafakkuri bilan tushuntirib bo‘lmaydi – faqat Xudo uni bu darajada o‘zgartirishga qodir – Xudo va eri uchun chindan ham ibodat qilishni o‘rgangan ayol.
Erim menga xizmat qilishi kerak
Mana yigirma yildirki masihiylar dunyosida imonli birodarlarni Xudoning ko‘ngliga mos erkak bo‘lishga, xotini va bolalarini yaxshi ko‘rishga va sevgisini fidokorona xizmat bilan namoyon etishga chaqirgan, juda kuchli harakat faoliyat olib bormoqda. Xudo erkaklarni qanday o‘zgartirayotgani, ularning yuragini O‘ziga va oilalariga qaratib kelganini ko‘rib quvonasan kishi. Biroq shu o‘rinda Xudoning biz ayollarga topshirgan rolini ham unutib qo‘ymasligimiz kerak. Hozirgi kunda masihiylar o‘rtasida erkaklarni o‘z uyida xotiniga xizmat qilishga chaqirish “to‘g‘ri” hisoblanadi. Lekin negadir xotinlarga erga xizmat qilish majburiyati haqida eslatish “noto‘g‘ridek” ko‘rinadi.
Biroq Xudo erkakni ayolga “munosib sherik” bo‘lishi uchun yaratmagan. Aksincha, ayolni erkakka “munosib sherik” bo‘lishi uchun yaratdi. Albatta, bu bilan erlar xotini va bolalariga xizmat qilmasligi kerak demoqchi emasmiz. Agar erlar o‘z xotinlarini xuddi Masih jamoatni yaxshi ko‘rganday yaxshi ko‘rishi kerak bo‘lsa, demak ular xuddi Masih O‘zining Keliniga xizmat kilgani kabi, xotinlari uchun o‘zlarini fido qilishga va xizmatga tayyor bo‘lishi lozim.
Biroq agar biz ayollar nimaga “loyiqligimiz”, haq-huquqlarimiz, erkaklar biz uchun qilishi kerak bo‘lgan narsalar haqida o‘ylaydigan bo‘lsak, bu holda umidlarimiz puchga chiqishi, alam yutib qolishimiz muqarrar. Marhamat va quvonch hayotimizga qachonki biz olishga emas, berishga intilganimizda, oilamiz a’zolariga foyda keltirishga, ehtiyojlarini qanoatlantirish imkonlarini izlaganimizda keladi.
Bizdagi tafakkur zamonaviy feministlar harakati ta’sirida shakllangan, bu harakat ayollarning oiladagi xizmati ahamiyatini susaytirish uchun ko‘p narsa qildi. Meri Kassian o‘zining “The Feminist Gospel” (Feministlar Xushxabari) nomli ajoyib kitobida Enn Oukli tomonidan 1974-yilda uy-ro‘zg‘ori mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan taqdiqotlarga asoslanib, shunday yozadi:
Oukli... statistika nuqtai nazaridan ayollar mehnatining og‘ir sharoitlari haqida yozishga harakat qilgan. Bu juda og‘ir, odamlardan bo‘lak holatda qilinadigan ko‘p soatli, maoshi deyarli to‘lanmaydigan, imtiyozlarsiz, kompensatsiya va nafaqasiz, dam olish va bayram kunlarisiz, mehnat sharoitlarini yaxshilash imkoniyati bo‘lmagan mehnat. …Oukli uy bekasining oilada qiladigan ishi, bolalariga qarashi aslida ekspluatatsiya va qullik ekanligini isbotlashga harakat qiladi.... Ouklining fikriga ko‘ra, to hamma ayollar erlari tomonidan qanchalik jabr ko‘rib kelayotganini tushunib olmaguncha, feministlar harakati o‘z maqsadiga erishmaydi.
Onam mana shunday “jabr ko‘rgan” ayollardan biri bo‘lgan. Mendan kitob uchun onalarga va qizlarga bag‘ishlangan bob yozishni so‘raganlarida, onam hayoti haqida shunday yozuv kiritgan edim:
Onam garchi o‘ta qobiliyatli, tanlash imkoniga ega ayol bo‘lgan bo‘lsada, eriga “munosib sherik” bo‘lish uchun hech qancha ikkilanmasdan ashulachilikda mavqega erishishdan voz kechdi.
... Oltmishinchi yillarda ayollarni mustaqil bo‘lishga, o‘z mavqei, martabasi uchun kurashishga, el e’tiborini qozonishga, obro‘ orttirishga chaqirgan g‘oyalar keng tarqalgan paytda onam mutlaqo boshqa rolni bajarib kelgan – u o‘zini tamomila erining vazifasiga bag‘ishlab yashardi. U erining hayoti uning ehtiyojlari va qiziqishlari atrofida aylanishini kutmagan, balki erining qiziqishlarini hisobga olgan holda o‘z hayotini bunga moslashtirib borardi. <…>
Otam onamdan “munosib sherik” bo‘lishni talab qilmaganini tushunib olishimiz muhim o‘rin tutadi. Onam javramasdi, norozilik bildirmasdi. U umr yo‘ldoshini haqiqatan ham sevar, hayotda u bilan yonma-yon yurishdan, unga dalda berib, og‘irini yengil qilishdan o‘zi uchun zavq topardi.
Otam Xudoning irodasini iloji boricha samarali bajarishi uchun, onam juda katta ro‘zg‘orimizdagi barcha ishlarni katta shijoat bilan qilardi. Hozirgi kunda ko‘p ayollar bunday hayotni qullik deb baholagan bo‘lardi. Biroq onamni “kamsitilgan, ranjigan” deb bo‘lmas edi. Aksincha, otam Xudodan munosib sherik qilib berilgan yordamchisini juda hurmat qilar, e’zozlardi, unda Xudo bergan in’om va qobiliyatlarning tobora oshib borayotganini ko‘rib xursand bo‘lardi2.
Haqiqat shundaki, biz Isoga yoki atrofdagilarga xizmat qilish bilan Uning qiyofasiga kirib boramiz. Xizmatkor bo‘lishdan yuqori vazifa yo‘q.
Hikmatlar 31-bobdagi ayolda meni ko‘proq uning xudbinlikdan mutlaqo holi bo‘lgani ajablantiradi. U o‘zini ko‘rsatishga harakat qilmaydi, martaba ortirish, bankdagi shaxsiy raqami, minnatdorlik yoki shuhrat qozonish haqida o‘ylamaydi. Aksincha, u xuddiki o‘zining ehtiyojlari, qiziqishlari haqida mutlaqo o‘ylamayotgandek; buning o‘rniga eri va bolalari hamda atrofdagi odamlarning ehtiyojlari haqida qayg‘uradi. Avvaliga, siz yuqorida aytilgan parchani o‘qib, Enn Ouklining “uy bekalari – bechora, ezilgan odamlar” degan xulosasiga qo‘shilishingiz mumkin. Biroq bu ayolga yana bir qarang:
• Uning liboslari kimxob va shoyidan tikilgan.(Hikm. 31:22)
• Uyida ovqati yetarli, boshqalar bilan ham bo‘lisha oladi. (Hikm.31:15, 20)
• U emotsional jihatdan barqaror va ertangi kunga ishonch bilan qaraydi. (Hikm. 31:21, 25)
• Eri uni juda yaxshi ko‘radi. U xotiniga vafodor, uni “yagona” deb biladi. U buni xotiniga aytadi, boshqalar oldida uni sharaflaydi ham. (Hikm. 31:11, 28–29, 31)
• Bolalari uni maqtab, duo qiladi. (Hikm. 31:28)
Ezilgan ayolga o‘xshamaydi! O‘z mehnati evaziga shunday mukofot olib o‘zini baxtiyor his qilmaydigan ayol bormi? Biroq u bunga qanday erishdi? U erining yeng shimarib ro‘zg‘or ishlariga kirishishini talab qilmadi (garchi erlarning uy yumushlarida xotinlariga yordam berishi maqtovga loyiq). U xizmat qilishni tanladi va yaqinlarining ehtiyojlarini qanoatlantirish uning ustivor qadriyatiga aylandi (Xudo bilan munosabatlaridan keyin).
Viki ismli ayol Xudo uni “er unga xizmat qilishi kerak” degan yolg‘on fikrdan qanday ozod qilgani haqida shunday hikoya qiladi:
Bir necha yil avval jiddiy yolg‘ondan ozod bo‘ldim. Men har doim erimdan uy-ro‘zg‘or ishlarida, bolalarning tartiyasida menga xizmat qilishini kutganman. Agar buni qilmasa yoki men kutgan darajajda yaxshi bajarmasa, xafa bo‘lar edim. Uning narsalarini yig‘ishtirish, o‘rniga ishlashni yomon ko‘rardim. Momo Havoni Xudo Ota Atoga munosib sherik bo‘lishi uchun yaratganini bilar edim va bir kuni Muqaddas Ruh menga bu haqiqatni juda aniq qilib ko‘rsatdi va erimga munosib sherik bo‘lolmayotganim uchun meni fosh qildi.
Endilikda men uning tashlab ketgan paypoqlarini, gazetalarini yig‘ib yuraman va o‘z-o‘zimga men bu bilan erimga xizmat qilayotganimni eslataman. Erim ro‘zg‘or ishlarida yordam berayotgani meni ko‘p quvontiradi (u juda ko‘p narsa qilar ekan). Men undan yordam kutish o‘rniga (o‘z maqsadlarimga erishish uchun) aksincha, unga o‘z maqsadlariga erishishda yordam berishga harakat qilaman (uni uydagi mayda ishlardan ozod qilaman, bolalar unga halaqit berishlariga yo‘l qo‘ymayman va h.k). Bu bizning turmushimizni saqlab qoldi.
Erimga bo‘ysunsam, baxtsiz bo‘laman
Bir necha yil avval bitta yirik protestantlar denominatsiyasi nikohda bo‘ysunish masalasida “yangi” qarashlar haqida gapirib, Xushxabar dunyosida shov-shuvlar ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi:
Imonlilar jamoati Masihga sevinib bo‘ysungani singari, xotin ham uni sevgan eriga o‘z ixtiyori bilan bo‘ysunishi lozim3.
Bo‘ysunish bilan bog‘liq qiyinchiliklar ayollar bilan bog‘liq, bugun paydo bo‘lgan muammo emas. Momo Havo ham Adan bog‘ida aynan shu muammoga duch kelgan. Muxtasar qilib aytganda, ilon Momo Havoga: “Xudo hayoting ustidan hokimlik qilishga haqlimi?” dedi. Ya’ni buning ostida: “O‘z hayotingni o‘zing boshqara olasan, hech kimga bo‘ysunishga majbur emassan” degan fikr yotar edi.
Ilon Momo Havoni agar u Xudoning ko‘rsatmasiga quloq solsa baxtsiz bo‘lishi, ko‘p narsa yo‘qotishini aytib ishontirdi. O‘sha vaqtdan beri shayton ayollarni ustalik bilan bilan aldab, bo‘ysunish haqida salbiy fikr uyg‘otadi, hayotni bunday qabul qilishni – tor qarash, qulday hayot kechirish deb o‘rgatadi. U muqaddas, ajoyib va kuchli haqiqatni o‘ta xunuk, qo‘rqinchli, sovuq tasvirlarda ko‘rsatadi.
Shayton yaxshi biladiki, agar biz Muqaddas Kitob o‘rgatganidek itoat qilishni, ya’ni Xudo Kalomidagi ozod qilishga qodir bo‘lgan eng kuchli haqiqatlarning birini bilib olsak, uni darhol qabul qilamiz. Itoat qilishni tanlashimizga u yo‘l qo‘ya olmaydi, chunki bu holda u hayotimiz va biz uchun qadrli bo‘lgan odamlarning hayoti ustidan o‘z hokimiyatini yo‘qotadi.
Gunohga botgan inson tabiatining asosida (nazarimda, feministlar harakati asosida ham) o‘z ustidan hukmron bo‘lgan hokimiyatni qabul qilmaslik g‘oyasi yotadi. Nima qilishimiz kerakligini birov o‘rgatishini biz xohlamaymiz. Biz o‘z hayotimizni o‘zimiz boshqarishni, mustaqil qaror qabul qilishni afzal ko‘ramiz. Endi-endi qadam bosishni boshlagan bolalar ularga nozik narsalarga teginishni ta’qiqlagan odamni juda yomon ko‘rishadi. O‘smirlar soat nechada qaytib kelishi kerakligini aytishlarini yoqtirishmaydi. Biz kattalarga aholi istiqomat qilgan joylarda tezlikni soatiga 60 km dan oshirmaslik yoki xavfsizlik kamarini taqish zarur deb o‘rgatganlarida, buni yoqtirmaymiz.
Ko‘p ayollar o‘z erlariga bo‘ysunmaydi va bundaylar orasida protestant jamoatlaridan bo‘lgan ayollar soni tobora ortib bormoqda. Nazarimda, bunga qisman Muqaddas Kitob ta’limoti haqida yetarlicha bilimga ega bo‘lmaganimiz, bo‘ysunishning mohiyati va qadriyatlarini tushunmasligimiz sabab. Va bu yerda ham shayton yolg‘onni turli shakllarga solib ishlatadi.
Bo‘ysunish haqida yolg‘on
1. “Xotin erdan keyin turadi” Kalom o‘rgatadiki, erkak ham, ayol ham Xudoning suratiday qilib yaratilgan, ikkisi ham Xudo oldidan birdek qadrga ega va tavba qilish, imon keltirish orqali abadiy hayot inoyatidan bahramand bo‘la oladi. (Ibt. 1:27; Gal. 3:28; 1 But. 3:7) Xotinning vazifasi – erga bo‘ysunish va bundan uning shaxsiyatiga futur yetkazilmaydi.
2. “Bosh sifatida er o‘z xotiniga nisbatan qattiqqo‘l yoki zulmkor bo‘lishga haqli”. Masih jamoatni yaxshi ko‘rib, O‘zini jamoat uchun fido qilganiday erlarga ham o‘z xotinlarini o‘z tanalarini sevganday sevish amr etilgan. (Ef. 5:25–29)
3. “Xotin erga o‘z fikrini yoki nuqtai nazarini aytmasligi kerak”. Xudo ayolni u o‘z eriga “munosib sherik” bo‘lishi uchun yaratdi. Bu o‘z navbatida erning xotinga muhtoj ekanligini anglatadi. Er xotini u yoki bu vaziyatni qanday ko‘ra olishini bilishi lozim. Bu shuni ham anglatadiki, agar ayol kamtarlik bilan va sevgi bilan o‘zining dilidagi narsani eriga aytsa-yu, eri uning fikriga quloq solmay o‘zi bilgandek ish tutsa, ayol past kelishi va bu tanlovning oqibatlarini Xudoga ishonib topshirishi lozim.
4. “Er hamisha haq”. Havoriy Butrus o‘z maktubida erlari Xushxabarga bo‘ysunmagan ayollarga murojaat qiladi. Er Xushxabarga bo‘ysunmasligi yoki hayotining ayrim sohalarida Xudoga itoat qilmasligi mumkin. 1 Butrusga ko‘ra (3:1) bunday erga ta’sir ko‘rsatishning eng samarali vositasi bu ko‘z yoshga to‘la iltijolar, inkor qilib bo‘lmaydigan mantiq yoki muntazam eslatmayu tanbehlar emas, balki bo‘ysunishdir:
“... siz, xotinlar, o‘z erlaringizga bo‘ysuninglar. Erlaringiz Xushxabarni rad etishsa ham, ularga itoat etinglar. Sizning ibratli xulq–atvoringiz har qanday so‘zdan ko‘ra, ta’sirliroq bo‘ladi. Erlaringiz pokiza hayotingizni va Xudodan qo‘rqib yashayotganingizni ko‘rib, imonga kelishadi”.
1 But. 3:1–2
Bo‘ysunish haqida ozod qiladigan haqiqat
Xudo nima uchun ustimizdan hokimiyat yaratganini tushungach men bo‘ysunishning mohiyatiga boshqacha nazar bilan qaray boshladim. Xudo hokimiyatni ruhiy yordam va himoya vositasi sifatida o‘rnatgan.
Ikki yoshli bolangizga kattalarning qarovisiz yo‘lni kesib o‘tishni taqiqlash qattiqqo‘lllik emas, chunki yo‘lda “yomon” mashinalar bo‘lishini bilasiz, shuning uchun bolangizning foydasini ko‘zlab ish tutasiz. Bolangizni himoya qilish uchun siz hokimiyatni ishga solasiz (bola himoyaga muhtoj ekanligini o‘zi tushunmasligi mumkin).
Xudo bergan ruhiy hokimiyatning himoyasi ostiga bo‘lsak agar, U bizni saqlaydi. Boshqa tomondan, o‘zboshimchalik qilib, himoya ostidan chiqsak agar, dushman oldida ojiz bo‘lib qolamiz.
Ishonchim komil, erining hokimiyatiga bo‘ysunishdan bosh tortishi tufayligina shayton ko‘p masihiy ayollarning ongi, irodasi va emotsiyalariga hujum qilishga muvaffaq bo‘ladi. Jiddiy masalada bo‘ladimi yoki ahamiyatsiz narsami, lekin bo‘ysunmaslikka qaror qilganimizda, biz dushman uchun oson o‘lja bo‘lib qolamiz.
Bu bilan men bo‘ysungan ayol o‘z-o‘zidan har qanday qiyinchilikdan va zo‘ravonlikdan xalos bo‘ladi demoqchi emasman. Bu shuningdek zo‘ravonlik har doim ayolning qonuniy hokimiyatga bo‘ysunmasligi oqibatida keladi degani ham emas. Kalomga ko‘ra, solih ham, itoatkor odam ham qiynalishi, shu jumladan zo‘ravonlikning qurboni bo‘lishi mumkin. 1 Butrusga maktubda nima uchun Xudo bizning azob chekishimizga yo‘l qo‘yishi va to‘g‘ri ishlar uchun azob chekkanimizda nima qilishimiz kerakligi haqida yozilgan.
Er o‘z atrofidagilarning hayotiga xavf solishi mumkin bo‘lgan holatlar uchraydiva. Shunda itoatkor ayolga o‘zini va bolalarini erining ta’siridan himoya qilishga to‘g‘ri keladi. Biroq hatto mana shunday holatlarda ham ayol o‘z erining mavqesini hurmat qilishda davom etishi lozim, nafaqat lozim, balki zarur hamdir. Ayolning maqsadi erni kamsitish emas, unga qarshi chiqish ham emas, balki o‘zgarishi, Xudoga bo‘ysunishi uchun jon kuydirishdir. Agar ayol erning jig‘iga tegsa yoki o‘z munosabati bilan vaziyatni keskinlashtirsa, so‘zlari yoki hatti harakatlari bilan Xudoga halaqit qilsa, bu holda Xudoning himoyasidan va yordamidan umid qilmasa ham bo‘ladi.
Siz yoki tanishlaringizdan biri mana shunday keskin ahvolda bo‘lsa, Xudodan sizga to‘g‘ri masalahat bera oladigan odamni ko‘rsatishni so‘rang. Bu odam jamoatingiz yetakchilaridan biri bo‘lsa, yana yaxshi. (Muayan vaziyatlarda yordam beradigan boshqa omillar va vositalar ham bor. Kitobning oxirida “O‘rganishni davom ettirish” bo‘limini topasiz va bu bo‘limda shunga o‘hshash vaziyatlarga tushgan ayollarni ehtimol qiziqtiradigan manbalarga iqtiboslar ko‘rsatilgan).
Shuni tushundimki, asosiy masala bu mening Xudoga ishonishim va Uning hokimiyatiga bo‘ysunishga rozi bo‘lishim. Agar Unga quloq solishga tayyor bo‘lsam, Xudo tomonidan ustimdan qo‘yilgan odamning hokimiyatiga bo‘ysunishim bir muncha yengil bo‘ladi.
Hikmatlar kitobida (21:1) aytilganki: “Shohning yuragi Egamizning qo‘lida, uni irmoqday xohlagan tomonga buradi”. Bizning Xudo tomonidan berilgan hokimiyatga bo‘ysunishni xohlashimiz Xudoning biz uchun qanchalik buyuk ekanligini ko‘rsatadi.
Xudodan berilgan hokimiyat dunyoda mavjud bo‘lgan har qanday hokimiyatdan ustun. Qolaversa, birorta odam hayotimiz ustidan hokim bo‘la olmaydi. Bo‘ysunish bizni sevgisi mo‘l, dono, har qanday shohning yuragini o‘z qo‘lida ushlab turgan, qodir Samoviy Otamizning himoyasi va homiyligi ostiga olib keladi.
Masala quyidagicha: biz chindan ham Xudoning har qanday insoniy hokimiyatdan ustun ekanligiga ishonamizmi? Uning kerak bo‘lsa hokimiyatni o‘z qo‘lida ushlab turgan odamning yuragini o‘zgartirishga kuchi, qudrati yetishiga ishonamizmi? O‘z o‘rnimizda bo‘lsak, ustimizdan qo‘yilgan hokimiyatga bo‘ysunsak agar, Uning bizni himoya qilishga qodir ekanligiga ishonamizmi? Uning biz uchun nima yaxshiroq ekanligini bilishiga ishonamizmi, U O‘zining mukammal, abadiy rejasini hayotimizda bajo qilishi uchun o‘zimizni Unga ishonib topshirishni istaymizmi?
Haqiqat shundaki, biz 1 Butrus (3:1–2) da ko‘rganimizdek, xotin erga bo‘ysunish orqali Xudoga erining yuragida ishlashiga, uni itoat yo‘liga olib kelishiga yo‘l qo‘yib beradi. Butrus davom etadi va itoatga chanqoq qalb ayolga betakror joziba, abadiy go‘zallik ulashishini aytadi:
“... qalbingizdagi yuvosh va sokin ruh sizlarning so‘lmaydigan ichki go‘zalligingiz bo‘lsin. Xudoning nazarida bunday go‘zallikning qadri yuksakdir. O‘tmishda Xudoga umid bog‘lagan muqaddas xotinlar ham o‘zlari shu yo‘sinda bezanib, erlariga bo‘ysunar edilar. Masalan, Sora ham Ibrohimga itoat etib, uni xo‘jayin deb atar edi. Agar sizlar yaxshilik qilib, har qanday qo‘rquvdan sarosimaga tushmasangiz, Soraning qizlari hisoblanasizlar.
1 But. 3:3–6
Xotin erining ruhiy holati qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, unga bo‘ysunsagina, chindan ham qo‘rquvdan ozod bo‘ladi. Axir u Xudoga ishondi, Xudo ohir-oqibat vaziyatni ham, erini ham O‘zi boshqaradi.
Syuzan Xant o‘zining “True Woman” (“Haqiqiy ayol”) nomli kitobida bo‘ysunishning mohiyatini juda yaxshi ko‘rsatadi:
Bo‘ysunish zarur ekanligini mantiqan isbotlab berolmayman. Iso nimaga bizni samoviy ulug‘vorlikka erishtirish uchun osmondagi butun ulug‘vorlikdan va go‘zallikdan voz kechganini tushuntirishda mantiqiy qoidalar hech qancha ish bermaydi. Bo‘ysunishni mantiqiy bilim bilan tushuntirolmaysiz, negaki uning mohiyati – sevgida.
Iso bizni shu qadar sevdiki, biz uchun xoch azoblarini qabul qildi. U bergan amr shunday: xotinlar o‘z erlariga bo‘ysunishi lozim. Bu in’omni biz o‘z ixtiyorimiz bilan sevishni va’da qilgan erkakka in’om etishimiz mumkin, biz buni Qutqaruvchimizga bo‘lgan muhabbatimiz bois qilamiz. <…>
Xudo erkakka munosib sherik kerak ekanligini aytdi. Haqiqiy ayol bu vazifadan quvonadi va eriga yordam beradi, unga qarshi chiqmaydi, eriga hamdard bo‘ladi, aslo uni boshqarishga urinmaydi, eriga do‘st, sherik bo‘ladi, aslo raqib emas, unga samimiy tarzda bo‘ysunadi, xo‘ja ko‘rsinga emas.
Haqiqiy ayol bo‘ysunishdan qo‘rqmaydi. U o‘zining haq-huquqlarini talab qilmaydi, vaziyatni boshqarishga urinmaydi. Masihning va’dasi, Xudo bo‘lish, yuragida yashash haqida aytgan so‘zi oldida undagi barcha qo‘rquvlar chekinadi. Bo‘ysunish bilan u Parvardigor Xudoning cheksiz qudratiga ishonishini ko‘rsatadi, xolos. Bo‘ysunish – Masih orqali gunohdan forig‘ bo‘lganlikning isbotidir.
Erim sustkash bo‘lsa, tashabbusni o‘z qo‘limga olishim kerak, aks holda hech narsaga erisholmaymiz
Ayollardan ular qanday yolg‘onga ishonib yashagani haqida so‘raganimizda, bu yolg‘on ro‘yxatda uchinchi bo‘lib e’tirof etildi. Hech narsa ayollarning ta’bini sustkash erkaklarchalik xira qilmaydi. Bu ham aslida yangi narsa emas. Adan bog‘idayoq xuddi shu holatning yuzaga kelganini ko‘rishimiz mumkin:
Xotin qarasaki, o‘sha daraxt ko‘zga chiroyli ko‘rinadi, mevalari juda yeyishli ekan. Xotin ...daraxtning mevasidan olib yedi, keyin yonida turgan eriga ham berdi.
Ibt. 3:6
Bu parcha ko‘z oldimga dahshatli manzarani keltiradi. Er-xotin birgalikda bog‘da sayr qilyapti. Ilon ularga yaqinlashdi: u biladiki, Xudo xotiniga erni bosh qilib qo‘ygan, ikkisi ham Xudoning hokimiyati ostida. U erni nazar-pisanl qilmasdan, aynan xotini bilan suhbat bog‘laydi. (Shayton bevosita xotinga murojaat etib, Xudo o‘rnatgan tartibni qanday buzmoqchi bo‘lganiga e’tibor bering). Shayton savol bilan boshladi: “Haqiqatan ham Xudo, bog‘dagi bironta daraxtning mevasidan yemanglar, deb aytdimi? — deb so‘radi. (Ibt.3:1)
Ayolning bu yerda nima qilmaganiga e’tibor bering. U yonginasida turgan eri haqida o‘ylamadi. Xotin ilonga: “Seni erim bilan tanishtirmoqchi edim” demadi. Eriga qaramadi: “Siz bunga nima deysiz?” yoki “Odam, balki Xudo sizga nima deganini ilonga aytarsiz?”deb so‘ramadi. O‘zini boshqacha tutdi, xuddi yonida eri bo‘lmagandek ilon bilan suhbatini davom ettirdi.
So‘ng tanlov oldidan u tashabbusni o‘z qo‘liga oladi. U eridan maslahat so‘ramadi, fikri haqida qiziqib ko‘rmadi ham. Bilganini qildi: “...daraxtning mevasidan olib yedi, ...” (Ibt. 3:6)
Odam bu vaqtda nima qildi? U xuddi bugungi kunda ko‘p ayollarning nolishiga sababchi bo‘lgan erkaklardek o‘zini tutdi: aralashmadi, gapga qo‘shilmadi, qilgan ishi – xotini bergan mevadan yeyish bo‘ldi, xolos. To‘satdan, ilk bor rollar almashdi.
Xudo birinchi bo‘lib erkakni yaratdi va zimmasiga uning himoyasi ostida bo‘lganlarga bosh bo‘lish, ularni ta’minlash mas’uliyatini yukladi. Ayol aslida erkakdan olingan bo‘lib, erini har tomonlama qo‘llashi, tashabbusiga dalda bo‘lish uchun yaratilgan edi. Hatto erkak va ayol o‘rtasidagi jismoniy tafovutlar ham ushbu asosiy farqni aks ettiradi.
Biroq bu yerda kim bosh, kim kimga yegulik beryapti? Erkak ayolga emas, ayol erkakka. Kim qabul qilyapti? Ayol emas, erkak. Nimadir almashdi. O‘sha vaqtdan boshlab ilk oilaning o‘g‘illari va qizlari hayotidan bu kabi tartib buzilishlar joy olib kelmoqda. Gunoh kirib kelgandan keyin rollar almashuvi erkaklar va ayollarning munosabatida odatiy holga aylandi.
O‘sha halokatli kundan boshlab, Adan bog‘ida ayollarda erni nazorat qilish, boshqarish va mustaqil ish tutishdek yengib bo‘lmaydigan bir istak paydo bo‘ldi5. Biz tashabbusni o‘z ko‘limizga olish, vaziyatni boshqarishga moyilmiz, biroq taqdirning g‘alati tasodifi shundan iboratki, biz shu vaqtning o‘zida qabul qilish va javob berishning o‘zi bilan chegaralanishni, erkaklarning nimadir qilishini xohlaymiz, – Xudo bizni shunday yaratgan.
Odam Ato bilan Momo Havo misolida bo‘lgani kabi, biz g‘ayri ixtiyoriy ravishda bu muammoda bir-birimizni ayblaymiz. Biz shu zahotiyoq hamma aybni sustkash erkaklarga ag‘daramiz, agar ular sal faolroq bo‘lganlarida, aqalli sal qimirlaganlarida ham, ularni nazorat qilishimizga ehtiyoj qolmasdi, deymiz.
Ko‘p yillardan beri ayollar mustaqil harakat qilishga erlarining sustkashligi bois majbur bo‘lganini ta’kidlaydi:
• “Erim ishlamaydi. Agar o‘zim ish topmaganimda, ochdan o‘lgan bo‘lardik!”
• “Agar oiladagi moliyaviy masalalarni yechishni erimga qo‘yib bersam, bir so‘m pulimiz qolmaydi”.
• “U bolalarimizning tarbiyasiga aralashishni istamaydi. Agar ularni jazosiz qoldirganimda, to‘g‘ri ish tutishga majbur qilmaganimda, ular o‘zboshimcha bo‘lib ketar edi!”
O‘zim ancha faol odamman, ayrim erkaklarning chindan ham sustkashlik ko‘rsatishi, biron narsa qilishdan bosh tortishi nima ekanligini yaxshi bilaman. Uzoq yillar davomida turli yig‘ilishlarda bo‘ldim. Ularda imonli erkaklar qatnashardi va (mening nazarimda) yetarli darajada jur’at ko‘rsatilmagan holatlarda aralashmaslik, tashabbusni qo‘lga olmaslik uchun menga tilni tiyishga to‘g‘ri kelardi.
Biroq erkaklar bilan ayollarning o‘zaro munosabatlarini kuzatib, o‘zimning bunday vaziyatlardagi hatti-harakatlarimni xolis baholar ekanman, ko‘pincha o‘ylanib qolaman: erkaklarga faol bo‘lishga halaqit bergan biz ayollar emasmi? Xudo erlarimizni tashabbusga chaqirishini kutib o‘tirmasdan, o‘zimiz harakat qilib, bu bilan ulardan tashabuskorlikni tortib olmayapmizmi? Erkaklarda o‘rnidan turib, bizni o‘zi ortidan ergashtirish istagini so‘ndirib qo‘yish juda oson. Buning ustiga, ular bir amallab ish ko‘rsata boshlaganlarida, ayollardan dalda, yordam kutishadi, ayollar esa ularning hafsalasini tushirib: “O‘zimiz bu ishni yaxshiroq uddalay olgan bo‘lardik”, deyishadi.
Esimda, bir erkak menga ko‘p yillar avval, to‘yidan keyinoq xotiga u bilan birga ibodat qilishni iltimos qilgani haqida aytdi. Ibodat qilib bo‘lganlaridan keyin xotini uni noto‘g‘ri ibodat qilganlikda ayblagan. Yillar o‘tib erning: “O‘sha kun xotinim bilan boshqa hech qachon birga ibodat qilmaslikka qaror qildim” deyishi hech kimni ajablantirmasligi kerak. Oila boshi, er sifatida xotini tomonidan inkor etilishini u ko‘tara olmadi. Ko‘p yillar o‘tibgina, Xudo O‘z inoyati bilan uning yuragini yangilagandan keyin bu odam yana xotiniga ibodatda boshchilik qilishga jur’at topa oldi.
Aslida, ayol tashabbuskorlik ko‘rsatgan juda ko‘p holatlarda erkak shunchaki uning yonida turish va kuzatishning o‘zi bilan chegaralanishga rozi bo‘ladi. Elizabet Rays Xendfordning so‘zlariga ko‘ra,
...aksariyat erkaklar “sahnani” yomon ko‘radi. Ular sarosima va tartibsizlikka bardosh bera olmaydi. Ular uylarida tinchlik saqlanishi uchun hamma narsaga tayyor bo‘ladi. Xotiniga hammasini u aytganidek qilishiga ham ruhsat beradi, bahs-tortishuvlar, janjal bo‘lmasa bas. Biroq bu tinchlikning evaziga ular o‘zlarida erkaklik hissini yo‘qotishadi. Erni oila boshi vazifasini bajarmayotganlikda ayblashdan avval, yuragingizni diqqat bilan o‘rganing. Eringizning fikri-qaroriga ishonasizmi? Uning qabul qilgan qarorlariga bo‘ysunishga tayyormisiz? Agar tayyor bo‘lmasangiz, uni tashabbuskorlik ko‘rsatmayotganlikda ayblamang. Tinchlik va xotirjamlikni saqlash uchun u o‘z obro‘sidan ham kechadi.
Bir vaqtning o‘zida ikki ishni qilib bo‘lmaydi. Hammasini nazorat ostida saqlash, shu vaqtning o‘zida erkak kishining faol bo‘lishini, tashabbusni o‘z qo‘liga olishini, “ruhiy yetakchi” bo‘lib qolishini kutish, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Gohida erlarining sustkashligidan noligan ayollarga savol beraman: “Agar aralashmasdan, mustaqil ravishda tashabbus ko‘rsatmaganingizda nima bo‘lar edi?” Eringiz ish izlamayotgani uchun, ish topishim kerak, deb o‘ylaysizmi? Och qolsa, ishlaydi! Pulni boshqarishni bilmagani bois, hamma pul sizda bo‘lishi kerak deb o‘ylaysiz, to‘g‘rimi? Sizni sariq chaqasiz qoldirishi mumkin. Biroq balki shu yo‘l bilan Xudo uning e’tiborini bu muammoga qaratar, shu orqali uni o‘zgartirar? Siz eringizga hato qilishga yo‘l qo‘yib berishingiz va shu vaqtning o‘zida, tinchligingizni saqlagan aslida eringiz emas, balki hech qachon sizga pand bermaydigan buyuk Xudo ekanligiga ishonishingiz kerak.
Muqaddas Kitobda Sora – eriga itoat qilgan, bo‘ysungan ayollar uchun o‘rnak namuna bo‘la oladi. Shunga qaramay bitta holatda u adashdi, nazarida Xudo kechikayotgandek ko‘ringani bois u mustaqil ish tutishga qaror qilgan. Mana o‘n yil bo‘lgan ediki, Egamiz Ibrohimga son-sanoqsiz avlod berishni, bu avlod buyuk xalq bo‘lib yetishishini va’da qilgandi. Endilikda uning yoshi yetmish oltiga etgan, boladan esa darak ham yo‘q edi. Kutib chaqchagach u tashabbusni o‘z qo‘liga olishning vaqti yetdi degan xulosaga keladi va erini qistovga oladi, harakatga undaydi:
Ibromning xotini Soray hamon bola ko‘rmas edi. Soray Misrlik Hojar degan bir ayolni cho‘ri qilib olgan edi. Bir kuni Soray Ibromga aytdi: - Egamiz meni farzanddan qisdi. Endi cho‘rimning yoniga kiravering. Balki u orqali farzandli bo‘larman. Ibrom Sorayning taklifiga rozi bo‘ldi.
Ibt.. 16:1–2
Sora qadimdan qolgan urf-odatni ishga solishga qaror qiladi. Unga ko‘ra bola tug‘magan ayol cho‘rilarining biri orqali bolali bo‘lishi mumkin edi. Avvaliga Soraning rejasi ish bergandek – Hojarning bo‘yida bola paydo bo‘ldi. Biroq tez orada vaziyat o‘zgardi, bola tug‘magan xotin va bola kutayotgan cho‘ri ayolning munosabatlari chidab bo‘lmaydigan darajaga yomonlashdi, va Sora yana Ibrohimga murojaat qildi: “Bularning hammasiga siz aybdorsiz!” dedi. (Ibt.16:5)
Oradan o‘n uch yil o‘tib, Sora to‘qsonga kirganda, Xudo O‘z va’dasiga ko‘ra, Ibrohim bilan xotiniga o‘g‘il berish uchun yana ularga zohir bo‘ldi. Ishoq orqali keksaygan choli kampirga, shuningdek keyingi avlodlarga buyuk marhamat kelishi kerak edi. Biroq o‘rtada Ismoil bor edi –Ibrohimning Hojardan tug‘ilgan o‘g‘li. U ota-onasi o‘rtasida doimo kelishmovchiliklarga sababchi bo‘lgan. Sora har kuni o‘tmishga qarab, afsuslanib: “Nima uchun Xudoning va’dasi ushalishini kutmadim? Nima uchun o‘zim bunga kirishdim?!” deb oh urgan bo‘lsa ajab emas.
Biz mustaqil ravishda muammolarga yechim topa olamiz, qisqa vaqtda natijalarga ham erishishimiz mumkin. Biroq, shunisi borki, oxir-oqibatda baribir yutqazamiz, xatoimizga sababchi qilib boshqalarni ayblaymiz, yomon ko‘ramiz.
Bizni atrofimizdagi erkaklarni boshqarish istagidan nima ozod qilishi mumkin? Biz Xudoga umid bog‘lashni va kutishni o‘rganishimiz lozim, chunki o‘z vaqtida, O‘zining rejasiga ko‘ra Xudo Unga umid bog‘laganlarga yordam beradi.
Egamizga umid bog‘la, Dadil bo‘l, yuragingga dalda ber, Egamizga umid bog‘la!
Zab. 26:14
Gohida baxtsiz nikohda yashagandan ko‘ra, ajrashgan ma’qul
Dushman bizni vaziyatimizdan “to‘g‘ri yo‘l bilan” chiqib bo‘lmasligiga ishontirishga harakat qiladi. Bu yolg‘on oqibatida juda ko‘p oilalar buzilib ketgan.
To‘g‘ri, nikoh – jiddiy masala, yaxshi nikoh qurish bundanda qiyin. Har bir oilada er va xotinning qandaydir ma’noda “bir biriga to‘g‘ri kelmaydigan” tomonlari bo‘ladi, shu oddiy sababdanki, erkak va ayolning tabiati biri-birinikidan mutlaqo farq qiladi. Har qanday nikoh – bu aslida ikkita xudbin tabiatning birlashishi desak ham yanglishmaymiz. Bir yostiqqa bosh qo‘ygan odamlar vaqti-vaqti bilan bir-biriga sovuq munosabatda bo‘lishadi, biri-birining dilini og‘ritadi, ular o‘rtasida gohida tushunmovchiliklar yuzaga keladi, muxtasar qilib aytganda, ular har doim ham bir-birining ehtiyojlarini qoniqtirishga qodir bo‘la olmaydi. Turmush qurib “uzoq umr baxtli yashash” bu faqat ertaklarda uchraydigan narsa. Ibtido kitobi 3-bobida yozilgan hodisadan keyin yer yuzida bironta ideal oila bo‘lmagan.
Bir-birini sevgan ikki qalb nikoh qurgan kundanoq ilon ularga qarshi bosh ko‘taradi, dahshatli makr-hiylalari bilan nikohni buzishga kirishadi. Ilon biladiki, har bitta nikohning buzilishi – bu Xudoga va Uning yer yuzidagi xaloskorlik siymosiga qaratilgan zarba. Nikoh to‘yi tugamagunga qadar dushman sevishgan ikki qalbning yuragiga yolg‘on urug‘larini solishning imkonini izlay boshlaydi.
Yolg‘on odatda ochiqchasiga ishlatilmaydi, aks holda uni ko‘rish, rad etish oson bo‘lar edi. U yarmi haqiqat, yarmi yolg‘on aralash fikr bilan boshlanadi. Bildirmasdan paydo bo‘ladi, haqiqatga o‘hshash fikr, chindek ko‘ringan his-tuyg‘ular orqali keladi.
Demak, qallig‘ingiz sizlar tanishgan sanani unutib qo‘yadi. Yoki ...
• uchrashuvga bir soatga kechikib keladi va telefonda bu haqida aytishni unutadi;
• sizni ogohlantirmasdan, ikkalangizni imonlilar jamoati qoshidagi bolalar xizmatida ixtiyoriy qatnashuvchilar ro‘yxatiga kiritadi;
• ota-onasiga Rojdestvo bayramini birga nishonlashni va’da qiladi, siz esa Rojdestvo bayramida o‘z ota-onangizning oldiga bormoqchi edingiz;
• yoki minglab “haqoratlardan” birini eshitasiz.
Kechirish va e’tirozlardan voz kechish o‘rniga gina saqlab yurish – bu vaqt o‘tgan sari o‘sib boradigan yolg‘on oldida zaiflashishni anglatadi.
• U har doim faqat o‘zi haqida o‘ylaydi.
• Meni xafa qildi, lekin bundan o‘zi hech qancha qayg‘urmaydi.
• U bilan yashab bo‘lmaydi.
• U hech qachon o‘zgarmaydi.
• (ish joyimda yoki jamoatda boshqa erkak) ancha yumshoq va g‘amho‘r. U o‘zining xotiniga bunday munosabat qilmaydi!
• Turmushimizni qutqarib bo‘lmaydi.
• Agar _____________ (boshqa erkak)ga turmushga chiqqanimda, ancha baxtli bo‘lar edim.
• Erim meni yaxshi ko‘rmasa, hurmat qilmasa, undan ketishga haqliman.
• Gohida ikki kishi birga yashay olmaydi – bir-birimiz uchun yaratilmagan ko‘rinamiz.
• Baxtsiz turmush kechirishdan ko‘ra ajrashganim ma’qul.
• Menda boshqa imkon yo‘q. U bilan boshqa yashay olmayman.
Shunga o‘hshash dalillar bilan xotin to‘liq va tamomila (yoki qisman) erining aybdor ekanligiga o‘zini ishontiradi. U erining ehtiyojlarini va o‘zining nohaq ekanligini ko‘rmaydi yoki hech bo‘lmaganda, o‘zining nohaqligidan ko‘ra ko‘proq erining ayblariga e’ttibor qaratadi. O‘zining ayblari ko‘p ko‘rinmasada, erining ayblari ko‘ziga tog‘dek ko‘rinaveradi. U o‘zini gunohkor deb bilmaydi, erining Xudo inoyatiga muhtoj ekanligini ham ko‘rmaydi.
Bundan tashqari, bu ayolning hayoti o‘zi atrofida kechadi – u faqat o‘zining baxti va xafagarchiliklari haqida o‘ylaydi. U ko‘proq eri bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatish, birgalikda kechirgan hayotining Xudo tomonidan poklanishi haqida emas, o‘zining muammolari yechilishi, ehtiyojlari qanoatlantirishi haqida jon kuydiradi. U eri uchun Xudoning inoyati manbasi bo‘la olishini ko‘rmaydi yoki bunday baho berishni istamaydi.
Eng muhimi shuki, bunday ayollar atrofdagi hodisalardan Xudoni olib tashlaydi. Tushunmaydiki, nikohni alohida maqsad muddaolari bilan Xudo yaratgan. Shuningdek, bunday ayol erining muammolari va kamchiliklarini Xudo qanday qilib O‘z maqsadlarida ishlatishga qodir ekanligini ham tushunmaydi. U hatto uning o‘zini va erini o‘zgartirishga, nikohini qimmatbaho va ajib bir ne’matga aylantirishga qodir bo‘lgan Xudoning g‘ayritabiiy qudratiga ishonishga ham harakat qilmaydi. Ajralishga intilar ekan, u o‘zining shaxsiy baxti va manfaatini Xudoning xohish-irodasi, nikoh ahdining jiddiyligi va uning buzilishi haqidagi fikridan ustun qo‘yadi.
Mana shunday yolg‘onga berilgan Anet ismli ayol xulosa qilib deydi:
Mening baxtli yashashga haqim bor. Umrimning hali deyarli yarmi oldinda va men umrimning qolgan qismini sevib, baxtli bo‘lib, meni sevadigan, avaylaydigan odam bilan o‘tkazishga loyiqman – bu odam mening erim emas.
Yillar davomida to‘planib kelgan alamga qarshi Xudoning usullari bilan kurashmoq lozim, aks holda odam o‘zi hech qachon ishonmagan narsalarni oqlay boshlaydi, o‘zi hech qachon qo‘llamagan qarorlarni qabul qiladi. So‘ng odam toshbag‘ir bo‘lib qoladi, umidini yo‘qotadi – bu demakki, dushmanning tuzog‘iga tushadi, yolg‘onga o‘lja bo‘ladi.
Bundan chiqib ketishning va ozod bo‘lishning birdan-bir yo‘li – ong va emotsiyalarni yenggan yolg‘onni rad etish va unga Xudo Kalomida yozilgan haqiqatni qarshi qo‘yishdir. Bu haqiqat quyidagilardan iborat:
• Xudo tiklay olmaydigan nikoh yo‘q. Xudo o‘zgartira olmaydigan odam yo‘q.
• Nikohdan ko‘zlangan asosiy maqsad baxtli bo‘lish emas, balki Xudoni ulug‘lash, Uning xaloskorlikda namoyon bo‘lgan sevgisini aks ettirishdir.
• Eringizni o‘zgartirish, Masih singari bo‘lishimiz uchun Xudo “o‘tkir qirralarni” ishga soladi. Eringizning ojiz tomonlari Xudoning qo‘lida sizni xudojo‘y ayol qilib o‘zgartira oladigan vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
• Xudoning sevgisi – haqiqiy sevgi, bu hech qachon ado bo‘lmaydigan shartsiz sevgidir. Xudoning sevgisi bo‘lmasa agar, biz o‘zimiz samimiy sevgiga qodir bo‘lmaymiz. Lekin Xudo bizning yuragimizda har qanday odamga nisbatan sevgi uyg‘otishga qodir, Unga ruhsat bersak bas. Sevgi – bu kechinma emas, balki boshqaning foydasi uchun jon kuydirish ilinjidir. Xudoning iltifoti bilan biz bu odamga nisbatan iliq munosabatda bo‘lmasdan ham uni yaxshi ko‘rishimiz mumkin.
• Nikoh – bu ahd. Egamiz – ahd Xudosi. U Isroilga bergan va’dalarini bajardi, garchi Isroil Unga xiyonat qilgan, “ko‘p o‘ynashlar orttirib, fohishalik qilgan” bo‘lsada. (Yerem. 11:10; Hiz. 20:16; Xo‘sh. 2:13) Rabbiy Iso O‘zining Keliniga – imonlilar jamoatiga bergan va’dasini bajaradi, biz sadoqatsizlik qilgan taqdirimizda ham, U O‘z so‘ziga sodiq qoladi. Xudo O‘z so‘ziga sodiq qolar ekan, demak biz ham bunga sodiq qolmog‘imiz, nikoh ahdimizni buzmasligimiz lozim, negaki nikoh Xudoning O‘z xalqi bilan o‘rtasidagi xaloskorlik munosabatlarini ifoda etish uchun o‘rnatiladi.
• Xudo bizga hamisha kechirimli bo‘lishni buyurgan.
• Sadoqat ko‘rsatib, eringizni fidokorona sevib siz uning ruhan sog‘ayishiga zamin yaratasiz. Masihning azoblari bizni xuddi shu tarzda sog‘aytirgan (1 But. 2:24–25; 1 Kor. 7:12–14).
• Erni almashtirish bilan muammolaringizga yechim topmaysiz (statistikaga ko‘ra, ajralish holatlari birinchi turmushdan ko‘ra, ikkinchi turmushda ko‘proq uchraydi).
• Eringizga sodiq qolishingiz, uni sevishingiz va hamisha kechira olishingiz uchun Xudoning inoyati yetarli.
• Xudo sizni hech qachon tashlab ketmaydi. Hayotiy sharoitlar qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, U siz bilan birga bo‘ladi va sizni yorug‘likka olib chiqadi.
• Ehtimol bu hayotda sadoqatingiz uchun mukofot olmassiz, faqat abadiy hayotdagina unga erishasiz. Biroq sadoqat baribir o‘z mevasini beradi va uni qancha kutsangiz ham arziydi!
Ko‘p yillar avval, konferensiyada so‘zlaganimdan keyin bir ayol menga qisqa maktub yubordi, maktubni shunday so‘zlar ochib berardi:
Xudo biz uchun hozirlagan eng yaxshi ne’matlarga erishishning birdan-bir yo‘li – bu kechirish, kek saqlamaslikdir!
Keyingi satrlarning har biri xat boshidan yozilgan bo‘lib, bir nechta jumlada bu ayolning boshdan kechirgan ta’sirli hikoyasini, uning izlanganlari, yolg‘ondan haqiqat sari, qullikdan ozodlik sari bosgan yo‘li haqida edi:
Ko‘p yillar avval erimdan juda ko‘nglim qoldi.
Ajralishga qaror qildim va tegishli joyga kerakli hujjatlarni topshirdim.
Shu orada xotinini yo‘qotgan bir do‘stimdan maktub oldim. Unda faqat ikkita so‘z yozilgan edi: “G‘ururingdan tush!”
Aytganini qildim – ixtiyorimga qarshi, o‘zim xohlamasdim buni.
Itoat qilganim, erimni yaxshi ko‘rishga intilganim sari, u o‘zida Xudoning ajoyib suratini aks ettirib borardi.
Tez orada uning xotini ekanligimdan fahrlana boshladim. Bu menga juda yoqadigan bo‘ldi!
Bir kuni, Rojdestvo kechasi biz quchoqlashib, bir-birimizga uzoq tikilib, munosabatlarimizdan hayratlandik. Xudo turmushimizni to‘liq tiklab, uni biz orzu qilgandan ham go‘zalroq qilib o‘zgartirgan edi.
26 dekabr kuni biz birga ibodat qildik va bir muddat quchoqlashib turdik. Uni so‘nggi bora o‘pdim. Oradan bir soat o‘tib, erim hayotdan ko‘z yumdi.
Xudo menga ajoyib in’om berdi – hech narsadan achinmaslik in’omini. Usiz yashash qanchalik qiyin bo‘lmasin, lekin mumkin, shuning uchun erim bilan o‘tkazgan umrimdan achinmayman.
Har bir ayolga aytmoqchi bo‘lganim shu: qimmatli vaqtingizni qo‘ldan boy bermang, Xudo sizga nimaiki yaxshi ne’matlarni bergan bo‘lsa, ularni qabul qiling. G‘ururingizdan tushing. Eringizga Xudoga maqbul erkak bo‘lishi uchun vaqt bering, joy bering. Bu uchun vaqt va fidoyilik kerak, lekin buning mevasi sizni ko‘p ajablantiradi, lol qoldiradi!
Dushman oila rishtalarini qo‘rquv, vahima soladigan bir narsa qilib ko‘rsatadi. U ishlatgan yolg‘on o‘ta ta’sirli bo‘lib, son-sanoqsiz ajrashgan oilalar, buzilgan taqdirlar buning yaqqol isbotidir. Faqat haqiqat evazigagina nikohingiz tiklanadi, yangilanadi.
Amalda qo‘llash
1. Xudoning aytganlarini QABUL QILING.
Siz nikoh haqida qanday yolg‘onga ishonib kelgansiz?
2. Mas’uliyatni o‘z zimmangizga OLING.
Bu yolg‘onga ishonish sizning hayotingizga qanday ta’sir qildi (munosabatlaringizga va hatti-harakatlaringizga)?
3. Haqiqatni E’LON QILING.
Yuqorida keltirilgan haqiqatlarni birma-bir ovoz chiqarib o‘qing. Ular ichida qaysi biri hozirgi kunda siz uchun ayniqsa muhim?
Xudoning Kalomi bilan fikr-zikringizni yangilang. Quyidagi parchalarni ovoz chiqarib o‘qing. Mk. 10:6–9, Hikmatlar 31:10–12, Ef. 5:22–24, Ef. 5:32–33, 1 But. 3:1–6.
Bu oyatlar Xudoning nikoh haqida umumiy fikri va ayniqsa ayolning nikohdagi o‘rni, vazifasi haqida nima deydi?
4. Haqiqat asosida HARAKAT QILING.
Haqiqat asosida hayot kechirish uchun qanday qadamlarni amalga oshirishingiz kerak?
5. Xudodan haqiqat so‘qmoqlaridan yurishda sizga yordam berishini SO‘RANG.
Ota, yer yuzida nikoh rishtalarini o‘rnatganing uchun rahmat. U odamzotga bo‘lgan sevgingni ifoda etishi, gunohdan qutqarish haqidagi buyuk rejangni, Rabbiy Isoning O‘z Jamoati bilan munosabatini ifoda etishi uchun rahmat. Yolvoraman, menga ko‘rsat, men nikoh nima ekanini to‘g‘ri tushunamanmi? Shuni tan olamanki, yer yuzida hatto eng yaxshi oilalar ham Sening rejangni oxirigacha tushunib yetolmaydi, chunki mag‘rurlik, xudbinlik hammamizga hos sifat bo‘lib qolgan. Erkaklarni xuddi Masih O‘z Jamoatini sevib, unga bosh bo‘lgani kabi, sevib e’zozlashga, ayollarga xuddi Jamoat O‘z Quyoviga bo‘ysungani kabi, erlarini hurmat qilish, ularga bo‘ysunishiga kuch bera oladigan inoyating uchun rahmat.
(Eri bor ayollar): Sen O‘z ahdingga sodiqsan, men ham erimga umrim oxirigacha sodiq bo‘lib qolishni xohlayman. O‘tinaman, uni Sen buyurgandek sevishimga (Tit. 2:4), kamchiliklariga qaramasdan, kechirimli bo‘lishimga, uni oila boshi deb bilishimga, e’zozlashimga, unga bo‘ysunishimga yordam ber, toki boshqalarda ham bizga qarab, Masihga yaqin bo‘lish, Unga bo‘ysunish istagi paydo bo‘lsin. Menga yuvosh va sokin ruhga, so‘lmaydigan ichki go‘zallikka burkanishga yordam ber, toki bu orqali erim hayotining barcha sohalarida Senga bo‘ysunsinishni o‘rgansin.
(Erga tegmagan ayollar): Boshqa oilalarga dalda berishni, ularni himoya qilishni, qo‘riqlashni menga o‘rgat. Pokligimni, iffatimni saqlashimga yordam ber, o‘zganing muqaddas, nikoh ahdini buzishimga yo‘l qo‘yma. Samoviy Quyovimiz – Iso Masih uchun rahmat. Butun borlig‘im bilan Senga sodiq bo‘lay. Sen bilan bir ruhda bo‘lishga intilib yashashni, boriga qanoat qilishni o‘rgat. Iso Masihning nomi bilan. Omin.
Книга на Узбекском языке: - Ложь в которую верят женщины (Нэнси Демосс)
Автор этой книги исследует наиболее распространенные среди женщин заблуждения (о Боге, грехе, браке, детях и т.д.) и старается помочь обрести истину и стать по-настоящему свободными. Книга полезна всем (включая мужчин) и может быть использована для проведения семинаров по вопросам семьи и брака.