Джош Макдауэлл. Никоҳдаги Бахтнинг 10 Рецепти - (4-боб) Узбек тилида
Nikohdagi Baxtning 10 Retsepti (Djosh Makdauell) Audiokitob Uzbek tilida.
MUNDARIJA
Kirish
1–BOB. SIZ SEVGI MUNOSABATLARIDAN NIMANI ISTAYSIZ?
2–BOB. BIRINCHI QAROR. Hayotda Xudoni birinchi o‘ringa qo‘yish
3–BOB. IKKINCHI QAROR. Men qanday bo‘lsam, o‘zimni shundayligimcha sevish va qabul qilish
4–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘aroyib darajada sevimli bo‘lish. Birinchi qism
5–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘aroyib darajada sevimli bo‘lish. Ikkinchi qism
6–BOB. TO‘RTINCHI QAROR. Ajoyib tinglovchi bo‘lish
7–BOB. BESHINCHI QAROR. Muloqot san’atini egallash
8–BOB. OLTINCHI QAROR. Qabul qiladigan, sadoqatli va doimiy sevgini namoyon etish
9–BOB. YETTINCHI QAROR. Kelishmovchiliklarni tezda hal etish
10–BOB. SAKKIZINCHI QAROR. Hamisha kechirish
11–BOB. TO‘QQIZINCHI QAROR. Oilaviy byudjetga jiddiy yondashuv
12–BOB. O‘NINCHI QAROR. O‘z tuyg‘ularining tozaligi va yorqinligini asrash
4–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘AROYIB DARAJADA SEVIMLI BO‘LISH. BIRINCHI QISM
Jamoatda organ an’anaviy “Here Comes the Bride...” (“Ana, kelin kelyapti”) musiqasini chalganida, jamoatda qatnashayotganlar baravariga o‘rnilaridan turib, eshik tomon o‘giriladilar. Bu hatto yurakni junbushga keltiradi – kelin ana shunday bashang ko‘rinadi.
Kuyov ham baland bo‘yli, qora sochli ko‘rkam yigit. U o‘zining hayratini yashirolmay, kelinning nazokat ila jilvalanib kelayotganini kuzatadi. Kelinning yuzidagi tabassum, ko‘zlaridagi yolqin, bejirim qaddi–qomat uning ehtirosini qo‘zg‘aydi va u tropik oroldagi o‘n kunlik “asal oyi”ni oldindan ko‘z oldiga keltiradi.
Belgilangan vaqtda kuyov kelinning oldida turib, unga qo‘lini uzatadi. Kelinning ifori kuyovni mast qiladi. U yurak urishining jadallashganini, chuqur nafas olayotganini payqaydi. Tez orada u kelin yuzidagi harir pardani ko‘tarib uni o‘ziga tortadi, ana shunda cho‘pon ovozini ko‘tarib shunday deydi: “Sizlarni er–xotin deb e’lon qilaman”, kuyov endi kelinning labidan o‘padi.
Kuyov – fitnes bo‘yicha murabbiy, kelin – mahoratli model. Xuddi modalar jurnalidagi g‘aroyib juftlik, deysiz. Ularni Maui orolidagi “Grand Wailea” mehmonxonasida kelin–kuyovlar uchun mo‘ljallangan hashamatli xona kutmoqda.
Bu juftlik jismoniy birlashuv uchun go‘shangaga kirganlarida, buni so‘z bilan shunchaki tasvirlab bo‘lmaydi. Ular hech qachon bunday oshkora lazzatni, bunday zavqni his etishmagandi. Har biri o‘z juftini mutlaqo aql bovar qilmaydigan darajada sevikli deya ta’riflaydi.
Endi tezlik bilan uch yil oldinga o‘tib ketamiz. Biz tasvirlagan juftlik ajralishga ulgurishgan. Hujjatlarda aks etgan rasmiy sabab shunday: fe’l–atvorning mos kelmasligi.
Hech qanday mos kelmaslik “asal oyi” davrida bo‘lmagandi. Yoshlar o‘zlari aytganlaridek, behad darajada sevimli edilar. Va baribir, hayratomuz jinsiy aloqalarga qaramay, bu aloqalar oilaviy hayotni buzilishdan saqlab qolish uchun yetarli bo‘lib chiqmadi. Jinsiy aloqa hech qachon oilani bog‘lab turadigan halqa bo‘lmagan va hech qachon bu maqsad uchun yo‘naltirilmagan.
Sevgi munosabatlari faqatgina jismoniy ko‘rkamlik va jinsiy aloqalarga asoslanganda, bu uzoq davom etmaydi. Jinsiy aloqadan davolanish kuchi o‘z holicha oilaviy munosabatlarning shunchalik cheklangan qismiki, u nikohga tayanch bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas. Aytib o‘tganimdek, g‘aroyib jinsiy aloqa – bu ajoyib yaqin munosabatlar uchun asos emas, balki ajoyib yaqin munosabatlar g‘aroyib jinsiy aloqani taqdim etishi mumkin.
Mustahkam sevgisiz jinsiy aloqa tovushga o‘xshaydi: u baland bo‘lishi, diqqatni o‘ziga tortishi va hattoki o‘z kuchi bilan oynani sindirishi mumkin, ammo unda mazmun yetishmaydi. Tovush qandaydir ma’noni berishi uchun u maqsadga va to‘liqlikka ega inson nutqining oqimiga o‘xshashi kerak.
Havoriy Pavlus buni shu tarzda ta’riflagan: “Agar men insonlarning va farishtalarning tillarida gapirsam–u, lekin sevgim bo‘lmasa, jaranglaydigan mis cholg‘u, yangraydigan zil bo‘lib qolaman.” (1 Korinfliklar 13:1). Sevgisiz hattoki eng ajoyib jinsiy aloqa ham yangroq chang musiqa asbobidan ko‘ra qadrli bo‘lmaydi.
Albatta, jinsiy aloqa jismoniy huzur bag‘ishlab his–hayajonni qo‘zg‘atadi, ammo jinsiy aloqa o‘zining yuqori cho‘qqisiga yetishi uchun asos – sevgiga to‘la munosabatlar bo‘lishi kerak. Agar o‘zingiz bilan butun umrga qoladigan sevgini xohlasangiz, sevgi manfaati yo‘lida vujudga tayanmang, ammo – shu bilan birgalikda jinsiy lazzat uchun ham – sevgini yaqin munosabatlar uchun tanlang.
SEVGI NIMALARGA QODIR?
1984 yilda xonanda Tina Tyorner mashhur “What’s Love Got to Do with It” (“Sevgi nimalarga qodir?”) qo‘shig‘ini yozdi. Unda faqatgina tana ehtiroslari orqali aloqani saqlab qolishga intilayotgan erkak va ayol haqida kuylanadi. Biroq bunday yondashuv uzoq davom etadigan istiqbolni mustahkamlamaydi. Siz sevgi nima ekanligini chindan tushunganingizda va insonga tanaga qaragandek emas, balki uni shaxs sifatida bilib samimiy tuyg‘ular his etganingizda, bu barcha behuda o‘tgan yillaringiz uchun eng minnatdor kechinma bo‘lishi mumkin.
Talaygina odamlar sevgi nimalar qilishi va qanday yo‘l tutishi haqida aytishi mumkin, biroq sevgining o‘zi nima ekanligini aytisholmaydi. Misol uchun, odamlar bilishadi: Muqaddas Kitobda sevgi sabr–bardoshli va yaxshi ekanligi aytilgan. Kalomda aytilganki, “sevgi hasad qilmaydi, maqtanmaydi, kekkaymaydi. Sevgi odobsizlik qilmaydi, xudbinlik qilmaydi” (1 Korinfliklar 13:4–5). Sevgi o‘zini shunday namoyon etadi, biroq u o‘zida nimani aks ettiradi? Uning sababkor omili qanaqa?
Iso ushbu omilni nazarda tutib shunday degan: “Odamlar sizlarga nima qilishlarini istasangiz, sizlar ham ularga o‘shani qilinglar” (Matto 7:12). Havoriy Pavlus esa sevgini shunday ta’riflagan: “Faqat o‘zingizning emas, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlang” (Filippiliklar 2:4). Boshqacha qilib aytganda, haqiqiy sevgi boshqa odamga yo‘naltirilgan.
Havoriy Pavlus boshqa odamga yo‘naltirilgan sevgiga erlarning e’tiborini qaratib, ularga uqtirgan: “Erlar ham o‘z xotinlarini o‘z tanalarini sevganday sevishlari kerak. O‘z xotinini sevgan erkak o‘zini sevgan bo‘ladi. Hech kim hech qachon o‘z tanasini yomon ko‘rmaydi. Aksincha, uni oziqlantirib, parvarish qiladi. Masih ham O‘z jamoatini xuddi shunday oziqlantirib, parvarish qiladi.” (Efesliklar 5:28–29).
Mana shu va boshqa oyatlar yordamida biz haqiqiy sevgi nima ekanligini aniqlashimiz mumkin. Haqiqiy sevgi, ya’ni boshqa odamga yo‘naltirilgan sevgi kishining xavfsizligini, baxti va farovonligini xuddi o‘ziniki kabi muhim o‘ringa qo‘yadi.
Bu so‘zlarning mazmunini anglash uchun, keling, Efesliklarga maktubning 5–bobidagi “oziqlantirmoq” va “parvarish qilmoq” so‘zlarini ko‘rib chiqamiz. Bu esa boshqa odamning xavfsizligini, baxti va farovonligini o‘zimizniki kabi shunchalik muhim deya tushunishimizga yordam beradi.
Biz o‘z tanamizni qanchalik astoydil oziqlantirib g‘amxo‘rlik qilsak, sevimli kishilarimizning qalbini oziqlantirish va sevgi bobida ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishimiz ham shunchalik zarur.
Insonni oziqlantirish – uni ulg‘ayishga yetaklash, vasiylik qilmoq va barcha masalada, ya’ni, jismoniy, hissiy, ruhiy va ijtimoiy jabhalarda uning shaxsiyatini rivojlantirish demakdir. Sevish – ta’minlash demakdir. Sevgi bizdan boshqa insonning xavfsizligini, baxtini va farovonligini ta’minlashimizni, o‘zimizni ta’minlaganimiz kabi uni ham ulg‘ayishga yetaklashimizni talab etadi.
Inson haqida g‘amxo‘rlik qilmoq – bu uni tashqi muhitdan asrash demakdir. Ko‘z oldingizga shamollarga oshno tog‘ning baland qoyasidagi burgut jo‘jalari joylashgan uyani tasavvur qiling. Bo‘ron ko‘tarilmoqda. Ona burgut uyaga qo‘nib qanotlarini yozadi, bolalarini quturayotgan shamoldan va sharros yomg‘irdan himoya qiladi. Mana, g‘amxo‘rlik qilishning yaqqol tasviri ana shunday.
Efesliklarga maktubning 5–bob, 29–oyatida biz uchun o‘z haqimizda g‘amxo‘rlik qilish, ya’ni, jismoniy, hissiy, ruhiy va ijtimoiy farovonligimizni xavf ostiga qo‘yadigan barcha narsadan o‘zimizni himoya qilishimiz tabiiy ekanligi aytilgan. Biz avtoyo‘llardagi o‘lim yoki jismoniy jarohatlanishning oldini olish uchun xavfsizlik kamarini taqib yo‘l harakati qoidalariga rioya qilamiz. Biz vujudimizni sog‘lom tutish uchun tanamiz yog‘ining darajasini va kaloriya iste’molini kuzatamiz. Boshqacha qilib aytganda, ehtimoliy zararlardan himoyalanishimiz uchun o‘zimizni yetarli darajada sevamiz. Sevish – nafaqat ta’minlash, balki himoya qilish hamdir.
SHu bois, er xuddi o‘zini sevgani kabi xotinini ham sevishi kerak, u xuddi o‘zi uchun qilgani kabi xotinini ham jismoniy, hissiy, ruhiy va ijtimoiy jabhalarda xavfsizligini, baxti va farovonligini ta’minlash uchun imkoni bor hamma narsani qilishi lozim. SHuningdek, u o‘zini himoya qilgani kabi, xotinini ham barkamollik yutuqlaridan chalg‘itadigan va yo‘lida to‘g‘anoq bo‘ladigan holatlardan asrashi lozim.
Avval aytganimdek, sevgining aynan shunday turini Iso Matto Xushxabarining 27–bobida ta’riflaydi. Har bir kishi o‘z yaqinini o‘zi kabi sevishi lozim. Bu borada shunisi e’tiborliki, ta’minlangan va himoya qilingan xotin o‘z yaqinlaridan eng yaqinini – o‘z erini , aynan er o‘z xotinini sevgandek sevishi lozim.
Bu esa boshqa odamga yo‘naltirilgan, beradigan va ishonadigan, saxovatli va o‘zini qurbon qiladigan, umidbaxsh, xavfsiz va sodiq haqiqiy sevgidir. Mana bu barcha davrlar uchun sevgidir. Va shu bois, bunday sevgining muhimligi – sevimli insonning ta’minlanishi va himoyasidir, bemisl darajada sevadigan kishi o‘z sevganining xavfsizligiga, baxti va farovonligiga ziyon yetkazadigan hech nimaga qo‘l urmaydi.
Tasavvur qiling, siz ham, eringiz ham ishda uzoq qolib ketdingizlar. Ammo uyga qaytganingizda ko‘rasizki, eringiz sizdan oldinroq kelgan. Endigina ostonaga qadam qo‘yganingizda, yoqtirgan taomingiz tayyorlanayotganini hididan bilib olasiz. Dasturxon tuzalgan, bir qancha shamlar yoqilgan va javondagi sevimli idishlaringiz stolga qo‘yilgan. Eringiz bolalaringizni ota–onasining uyiga qo‘yib kelgan, sizga esa faqat eringiz bilan ajoyib kechki ovqatdan lazzat olib, kechani hordiq chiqarish bilan o‘tkazish qolgan, xolos.
Harqalay, siz birinchi navbatda taom tayyorlash bilan band bo‘lgan erkakning chindan ham eringiz ekanligini bilish uchun diqqat bilan unga qaraysiz. Sizdagi DNK testi va ko‘zlaringiz qorachig‘i bu siz turmushga chiqqan erkak ekanligini tasdiqlagani zahoti, uni so‘roqqa tutsangiz kerak. Siz undan mas’uliyatsiz tarzda oila byudjetini sarf qilganlikda, ikkovlaringizga tegishli mashinani pachoqlaganlikda yoki sizlar oilaviy ta’tilni o‘tkazishni rejalashtirgan vaqt mobaynida o‘z boshlig‘iga ishlab berishni va’da qilganlikda gumonsiraysiz. Har qanday holatda ham, siz uning nima uchun bunday qilganligini tushunmasangiz kerak. Bir–ikkita “beozor” savollar berib, siz hammasi joyida ekanligini aniqlaysiz, ha, mana shundan so‘ng ishtahani qo‘zg‘ayotgan kechki ovqatdan miriqib lazzatlanish mumkin.
Kechki ovqatdan so‘ng eringiz idishlarni o‘zi yuvmoqchi bo‘ladi. U sizga mehmonxonada biroz dam olishingizni taklif qiladi, o‘zi esa oshxonani tartibga keltirgach, ikki daqiqadan so‘ng sizga shirinlik keltiradi. Aynan shu paytda sizning sezgingiz ishga tushadi va bularning hammasi boshidan oxirigacha shunchaki emas, balki yashirin maqsad – jinsiy aloqa qilish uchun amalga oshirilayotganiga to‘liq ishonch hosil qilasiz. Hammasi ravshan, bejizga u ko‘nglingizga yoqadigan nimadir qilish uchun girdikapalak bo‘lmayapti. U o‘zining harakatlari qanaqadir tarzda taqdirlanishini istaydi, shunday emasmi? Boshqacha qilib aytganda, aksariyat erkaklar sevgini qanday tushunishadi? Mutlaqo to‘g‘ri: aynan jinsiy aloqa tariqasida.
Biroq turmush o‘rtog‘ingiz sizni hayron qoldirib mehmonxonaga bezatilgan shirinlik bilan qaytadi va siz bilan suhbatini davom ettiradi, negaki u sevgini suhbat tariqasida qabul qilishingizni biladi. U sizdan kun qanday o‘tganini so‘raydi, ishda qanday muammolarni hal qilishga to‘g‘ri kelganini xayrixohlik bilan tinglaydi, siz kun davomida guvoh bo‘lgan barcha g‘alati holatlar haqida birgalikda kulishadi va umuman sizning maroqli suhbatingizga butunlay qo‘shilib ketadi. U sizga aniq ishora bildiradi: unga kerak narsa faqat yoningizda bo‘lish, nimalar bilan mashg‘ul ekaningizni bilish va hayotingizda shunchaki g‘amxo‘r, tushunadigan va ishonchli er bo‘lish, shu bilan birgalikda, ayni damda siz muhtoj bo‘layotgan hamma narsani sizga bera oladigan er bo‘lish, xolos.
Siz evaziga hech nima talab etmaydigan sevgiga qanday munosabat bildirgan bo‘lardingiz? Axir siz sevadigan erkakning, “men hamisha yoningda bo‘laman”, deyishi hamda shu zahotiyoq sizdan hech nimani talab etmayotganligi qalbingizni titratmaydimi? U sizga yaqqol tushuncha berayotganligiga qanday munosabat bildirasiz: u sizga qiziqib qolgan va siz bilan birgalikda orzu qilishi uchun hozir nima haqida o‘ylayotganingizni va nimani his qilayotganingizni yaxshiroq bilishni istaydi. Zero sizning ichki olamingiz eringizga jozibador va hatto ajoyib tuyulganida, bu uni siz tomon undamaydimi? Axir bu ehtiros uyg‘otmaydimi? Agar qaysidir pallada siz tashabbus ko‘rsatib uni yotoqxonaga taklif etsangiz, u hayron qolmaydimi? Yo‘q, agar hissiy yaqinlik – jismoniy yaqinlikning boshlovchisi ekanligini tushunsa u hayron bo‘lmaydi.
Turmush o‘rtog‘ingiz xavfsizligingizni, baxt va farovonligingizni xuddi o‘ziniki kabi muhim o‘ringa qo‘ysa, bu unga chuqur ta’sir qiladi va hirs uyg‘otadi. G‘aroyib sevimli bo‘lishning farqli jihatlari – uning harakatlari asosida yotadigan alohida sabab: sizga o‘zini to‘liq berish, har bir ehtiyojingizni qondirish va xursand qilmoq, negaki siz – bu siz. Sevimli insoningizning sizdagi ichki “men” bilan qiziqishi jismoniy yaqinligingizni chuqur mazmun bilan to‘ldiradi. Boshqa odamga yo‘naltirilgan sevgi munosabatlarida jinsiy aloqa ta’minlovchi va himoya qiluvchi tariqasida qabul qilinganida g‘aroyib sevimli insonlar tug‘ilishadi.
Siz sevimli insonining xavfsizligi, baxti va farovonligini xuddi o‘ziniki kabi muhim hisoblaydigan g‘aroyib sevikli bo‘lishingiz mumkin. Siz ham kimningdir hissiy ehtiyojlarini qondirishga o‘zingizni yo‘naltirishingiz, turmush o‘rtog‘ingizni ta’minlash va u haqda g‘amxo‘rlik qilishingiz uchun bor kuchingizni va vaqtingizni bag‘ishlashga qaror qilishingiz mumkin. SHuningdek, sevimli insoningizni ehtimoliy xatar va zararlardan asrash uchun uni ta’minlash va g‘amxo‘rlik qilishga kirishishingiz mumkin. Biroq sizning qaroringiz qanchalik ezgu bo‘lmasin, u albatta muayyan to‘siqlarga duch keladi. Boshqa odamga yo‘naltirilgan yo‘lda sizni to‘siqlar kutadi. Siz ulardan ayrimlari tashqi kuchlar ekanligini, ammo aksariyat hollarda ular ichki taraflama hosil bo‘lishini payqab olasiz.
G‘AROYIB SEVIMLI BO‘LISHGA XALAQIT BERADIGAN TO‘SIQLAR
Ochig‘ini aytaman: boshqa odamga yo‘naltirilish – bu o‘z–o‘zidan tabiiy yuz beradigan holat emas. Haqqoniyat shundaki, o‘z–o‘ziga yo‘naltirilish bizda tabiiy kechadi, negaki biz o‘zimiz kabi kimnidir sevmoqchi bo‘lsak, hayotimizdagi harakatlanib turuvchi ikkita kuchga qarshi kurashishimizga to‘g‘ri keladi, ulardan biri – o‘ziga haddan ziyod ishonch.
O‘ziga ishonch shunday deydi: “Men o‘zimga nima kerakligini bilaman va sening yordamingsiz ham qoyillatib uddalayman. Men o‘z kuchim bilan hammasini hal qilaman”. Albatta, bizlardan hech kim ochiqchasiga bunday demaydi, lekin hayotimizda qiyinchiliklar bo‘lganida, biz odamlar oldida qalbimizni ochib ulardan yordam so‘rashga shoshilmaymiz. Aniqrog‘i, o‘z muammolarimizni mustaqil hal etmoqchi bo‘lamiz. Biz, erkaklar, umuman olganda o‘zimizni xushtorlardek tutishga moyilmiz. Kimningdir yordamiga muhtojligimiz bizni zaif qilayotgandek tuyuladi. Bu anglashilmovchilikdir.
“Boshliq” va “yordamchi”. Xushtorlardek fikrlash tarzini ko‘plab erkaklarning oilada er sifatida o‘z ahamiyatlarini to‘liq anglamaslik bilan tushuntirish mumkin. Men ularning shunday deganlarini ko‘p bora eshitishimga to‘g‘ri kelgan: “Men – oila boshlig‘iman: nima desam, ana shu bo‘ladi”. Erkaklar oilaviy muammolarni hal etish va murakkab qarorlar uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmalarida deb bilishlari, oilaning haqiqiy boshqaruvchisi esa yagona shaxs bo‘lishi kerak deb hisoblashlari mumkin. Ularning fikricha, Muqaddas Kitob rejasiga binoan, er “boshliq” bo‘lmog‘i, ya’ni xotini ustidan hukmronlik qilishi kerak.
Kalomni bunday noto‘g‘ri talqin qilish erlarni nafaqat o‘ziga ortiqcha ishonishga rag‘batlantiradi, balki xotinning ahamiyatini kamaytirib o‘zining oilada ikkinchi toifa odam ekanligini his qilishiga turtki beradi.
O‘zim ham erkaklarning shunday deganlarini ko‘p bora eshitganman: “Bilasanmi nima: men bosh bo‘lishim kerak, negaki Muqaddas Kitobda men “xotinning boshlig‘i”, xotinim esa “erning yordamchisi” ekanligi aytilgan”.
Xotin “yordamchi” tariqasida erkak bilan teng o‘rinda turmasligi haqidagi tushuncha noto‘g‘ri. Bu Muqaddas Kitob asosidagi yondashuv emas.
Ibtido Kitobida Xudo odamlarni O‘z siymosiga monand qilib yaratganligi haqida aytilgan: “U erkak va ayolni yaratdi” (Ibtido 1:27). Ayol ham erkak kabi Xudoning siymosiga monand qilib yaratilgan. Xudo go‘yo erkaklar uchun O‘zining qandaydir ustun siymosini zahirada saqlab, ayolni o‘ziga xos “soddalashtirilgan” tarzda yaratishga qaror qilgandek. Vaholanki, erkaklar va ayollar Xudoning bir xil siymosiga egadirlar.
Muqaddas Kalomda chindan ham Xudo ayolni erkakka yordamchi tariqasida yaratgani aytiladi. Ayrimlarning o‘ylashicha, yordamchining vazifasi Xudo ayolni erkakka yordamchi (yoki xizmatkor) sifatida yaratganligini anglatadi. Ammo qadimgi yahudiycha so‘z ezer “yordamchi” deya tarjima qilinadi, ya’ni g‘amxo‘rlik bilan qurshaydigan, himoya qilib yordam beradigan insonni anglatadi. Yoqub Xudo haqida so‘zlaganida aynan shu so‘zlarni qo‘llagan: “Otangning Xudosi senga madad bergay ...” (Ibtido 49:25). Muso ham shu so‘zdan foydalangan: “Ota–bobolarimning Xudosi menga madad berdi, ...” (CHiqish 18:4). Zaburchi Dovud bu so‘zdan bir necha bora satrlarda foydalangan: “Jonimiz Egamizga muntazirdir, U bizning madadkorimiz, qalqonimizdir” (Zabur 32:20).
Eski Ahd mualliflari tomonidan Xudo eng avvalo ezer – bizni g‘amxo‘rlik bilan qurshab olgan, himoya qiladigan va yordam beradigan Zot ekanligi tasvirlangan, bu esa aslo xizmatkor bajaradigan oddiy ish emas. Aslida esa muhtoj kishiga ko‘mak berish yuksak ahamiyatga ega.
Xudo ayolni O‘ziga monandlikda erkakka teng qilib, uni erkak kishiga yordam berishi uchun yaratdi. Xudo bu yordamchining vazifasi ikkinchi darajali, qullarcha emas, balki hurmatli bo‘lishi uchun ham shunday yo‘l tutdi. Xudo, erkak ayolga muhtoj bo‘ladi, deya hisoblagan, bu esa erkakning noraso mavjudot ekanligini anglatmaydi. Ayol erkakning jufti bo‘lgani holda noraso emas, erkak ham ayolga muhtoj bo‘la turib zaif emas.
Nikoh hukmronlik tizimiga o‘xshaydi. Erning ayol ustidan hukmronlik qilib, xotinning eriga bo‘ysunishi haqidagi tushuncha Kalomni noto‘g‘ri talqin qilishdan kelib chiqqan. Aksariyat odamlar nikoh munosabatlariga hukmronlik tuzilmalarini kiritmoqchi bo‘lishadi, ammo g‘aroyib sevimli bo‘lishga intilish va sevgi aloqalarida yaqinlikka erishish istagi hukmronlik, nazorat yoki maqsadi oxirgi so‘zni aytish bo‘ladigan kurash bilan aslo muvofiq kelmaydi. Gap bu o‘rinda qalblarning birlashuvi va bir–birlarining ehtiyojlarini qondirish haqida bormoqda. Muqaddas Kitob nikoh munosabatlarini aynan shunday tasvirlaydi.
Keling, Efesliklarga maktubning 5 bobiga murojaat qilaylik. Havoriy Pavlus shunday deydi: “Iso Masihni izzat–hurmat qilganingiz uchun bir–biringizga bo‘ysuninglar. Ey xotinlar, siz Rabbimiz Isoga qanday bo‘ysunsangiz, erlaringizga ham shunday bo‘ysuning. Masih imonlilar jamoatining boshi bo‘lgani kabi, er ham xotinning boshidir...” (21–23 oyatlar). Bir qarashda Muqaddas Kitob go‘yo nikohda hukmronlik munosabatlarini o‘rnatayotganga o‘xshaydi, biroq ushbu oyatlarni uning kontekstiga kiritganimizda, bizga boshqacha ko‘rinish namoyon bo‘ladi.
Ushbu parchaning konteksti shunday: havoriy Pavlus Xudoning xalqiga O‘z Xudosini Uning buyuk inoyati uchun qanday ulug‘lashini (qarang: Efesliklar 2:8–9); Xudo bizni O‘z vujudida – jamoatda bir butun bo‘lishimizni qay tariqa amr etganini (qarang: Efesliklar 2 va 3); biz qanday qilib “Xudoning suratida yaratilgan, haqiqiy solihlik va muqaddaslikdan iborat bo‘lgan yangi tabiatga” burkanishimizni (qarang: Efesliklar 4:24) va Uning Ruhi kuchi bilan yashagan holda (qarang: 15–20 oyatlar) Xudoga qay tariqa taqlid qilishimizni (qarang: Efesliklar 5:1) tushuntiradi. Pavlus bizga aslo qandaydir hukmronlikka tegishli tuzilmalar haqida tushuncha berishga urinmaydi – aniqrog‘i, u bizning bir–birlarimiz bilan munosabatlarimiz qanday bo‘lishini ko‘rsatadi. U biz hamisha Xudoni yodda tutgan holda Unga taqlid qilib ish tutishimiz, shuningdek, Xudoning vujudida bir bo‘lishimiz haqida aytadi. U so‘zida davom etib shunday deydi: “Iso Masihni izzat–hurmat qilganingiz uchun bir–biringizga bo‘ysuninglar” (21 oyat). Ushbu pand–nasihat qandaydir bir guruh odamlarning hukmronlarga bo‘ysunishi haqida emas, balki bizning bir–birimizga bo‘ysunishimiz haqida bo‘lib, hammamizga taalluqlidir. Havoriy, bir–biriga bo‘ysunish – sog‘lom munosabatlarning rivojlanishi uchun kalit bo‘lib xizmat qiladi, deya hisoblaydi.
Pavlus so‘ngra xotin eriga bo‘ysunishi haqida aytadi, “Masih Jamoatning boshi bo‘lgani kabi, er ham xotinning boshi” (23 oyat). Birinchi qaraganda, bu teng munosabatlar foydasi uchun aytilmaganga o‘xshaydi, negaki u har bir xotinni hukmron shaxsga – o‘z eriga bo‘ysunishga undayotgandek ko‘rinishi mumkin. Ammo bu ikki inson o‘rtasidagi iliq va yaqin sevgi munosabatlarining illyustratsiyasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas. Ko‘pchiligimiz uchun bo‘ysunish – “sevgi tillari”dan biri bo‘lolmaydi, o‘zini mustaqil hukmron shaxs sifatida qabul qiladigan er xotinini ruhlantirishi kamdan kam uchraydi. SHuningdek, ushbu parchani sevgi aloqalarida birlashuvning yorqinligida ham talqin etish lozim.
Iso – boshliq siymosining namunasi. Biz sevgi aloqalarida boshchilik nima ekanligi haqida aynan Isoni jamoatning Boshi sifatida O‘zini qanday namoyon qilganiga qarab tasavvur qilishimiz mumkin. Iso O‘zining qanday kuchga egaligi va boshchiligidan qanday foydalanishini bilardi, bu esa odatdagi tushuncha va jamoatdagi va’zlardan nihoyatda farq qiladi. Boshchilik qilish haqidagi navbatdagi parchani o‘qing:
“...Butparastlarning hukmdorlari xalqlariga o‘z hukmini o‘tkazadilar. El boshliqlari o‘zlarini oliyhimmat deb ataydilar. Sizlar esa bunday bo‘lmanglar. Aksincha, orangizda kim katta bo‘lsa, o‘zini eng kichikday tutsin. Kim boshliq bo‘lsa, xizmatkorday bo‘lsin. Xo‘sh, kim katta? Dasturxon atrofida o‘tirganmi yoki unga xizmat qilayotganmi? Dasturxon atrofida o‘tirgan emasmi?! Men esa orangizda xizmatkordayman.
Luqo 22: 25–27
Iso bu o‘rinda hukmronlik va boshchilikning mutlaqo yangi mohiyatini himoya qiladi. An’anaviy yondashuv shunday edi: odamlar ko‘ngliga yoqqan ishni qilaveradigan boshliq va hukmdorlarga bo‘ysunishadi. Biroq Iso aytadiki, boshliq va hukmdorlar xizmat qilishlari uchun mavjuddir. U boshchilik haqidagi bunday inqilobiy tushunchani fisih kechligi vaqtida, O‘z hayotini bevosita biz uchun berishidan avval baham ko‘rgan. Havoriy Pavlusning yozishicha, Iso bayram dasturxoni oldidan turib xuddi oddiy bir xizmatkor kabi o‘z shogirdlarining oyoqlarini yuva boshladi. Bu ishini tugatgach, U shunday dedi: “...Hozir nima qilganimni tushundilaringmi? Sizlar Meni “Ustoz”, “Hazrat” deb chaqirasizlar va to‘g‘ri qilasizlar, chunki Men xuddi shundayman. Agar Men Hazratingiz va Ustozingiz bo‘la turib oyoqlaringizni yuvgan bo‘lsam, sizlar ham bir–biringizning oyoqlaringizni yuvishingiz shart. Men sizlarga nima qilgan bo‘lsam, sizlar ham o‘shani qilishingiz kerak. Men sizlarga o‘rnak ko‘rsatdim” (Yuh. 13:12–15).
Xo‘sh, er bu holda o‘z boshchiligini qanday namoyon etadi? U rafiqasining ehtiyojlarini qondirgan holda, Iso namunasidagi hukmronlik va boshqaruvni o‘z hayotida gavdalantiradi. Harholda, Iso taklif etgan bunday qarashni ko‘plab erlar qabul qilishi qiyin bo‘lsa kerak. O‘ziga ishonch ruhidagi tasavvur boshdan oyoq teskari aylanib ketadi. Xizmatda bo‘la turib, qay tariqa amaliy samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish mumkin? O‘z zimmasiga “boshqaruv”ni olib, shu bilan birgalikda ixtiyoriy ravishda qanday qilib o‘zini “unvonidan pastga tushirish” mumkin? Mazkur yondashuv agar siz hayotingizda hukmron nikohni tadbiq etmoqchi bo‘lsangiz boshni qotirib qo‘yadi, ammo agar siz uni turmush o‘rtog‘ingiz bilan yaqin munosabatlaringiz barq urib rivojlanayotgan paytda, ya’ni rafiqangizning xavfsizligi, baxti va farovonligini xuddi o‘zingizniki kabi muhim o‘ringa qo‘ygan holda qabul qilsangiz bu yondashuv chindan ham mazmunga ega bo‘ladi.
Pavlus shunday deydi: “...SHuning uchun erkak kishi ota–onasidan bo‘lak bo‘lib, xotiniga bog‘lanib qoladi...” (Efesliklar 5:31). Havoriy bu o‘rinda Ibtido kitobining 2–bobidagi nikohning asosini belgilovchi maqsad – undagi birlik va yaqinlik ifoda etilgan 24–oyatni keltiradi. Pavlus o‘z fikrini shunday so‘zlar bilan yakunlaydi: “Bu buyuk sirdir, endi bu sir Masih hamda jamoatga ham taalluqlidir. Xullasi kalom, har bir er o‘z xotinini o‘zini sevganday sevsin. Xotin ham erini hurmat qilsin” (32–33 oyatlar).
Iso Uning O‘zi va Uning xalqi (jamoat) birlik va yaqinlikda o‘zaro qanday bo‘lishsa, er–xotin ham bu borada shunday bo‘lishlarini xohlaydi. Iso O‘z jamoatining ehtiyoji uchun itoat bilan xizmat qilgan holda sevuvchining tanlovini qildi. Biz ham shunday tanlov qilishimiz mumkin. Biz o‘zimizga ishonchimizdan yuz o‘girib, Isoning yo‘lini tanlashimiz va xotinlarimizga ular hayotimizda qanday muhim o‘rinda turishlarini anglatgan holda itoat bilan xizmat qilishimiz lozim.
Bunday tushuncha oila a’zolarini itoatda ushlab turadigan va xotinidan bo‘ysunishni kutadigan takabbur erning tushunchasidan mutlaqo farq qiladi. Bunday erning sevimli sifatidagi qadri baland emas va u muayyan tarzda haqiqiy birlashuv va xotini bilan yaqinlikni his qilmaydi. Ammo u o‘zida xotinini ta’minlash va himoya qilishga intiladigan itoatkor boshliq–xizmatkor bo‘lish uchun yoqimli tanlov qilishni istaydi. Havoriy Pavlus erlarga shunday deydi: “Masih jamoatni yaxshi ko‘rib, O‘zini jamoat uchun fido qilganiday, sizlar ham xotinlaringizni shunday yaxshi ko‘ringlar” (25 oyat). Bunday er Isoni hurmat qiladi va bunday sevgi haqiqatda xotini bilan munosabatlarni qo‘llab turishning itoatkor uslubi bo‘lishi mumkin, buning mukofoti esa – chuqur sevgi aloqalaridir.
Imon bo‘yicha tanlov. Demak, o‘ziga ishonch – g‘aroyib darajada sevimli bo‘lish yo‘lidagi to‘siq. Boshqa bir to‘siq esa – xudbinlik. Biz xudbinlik bilan “birinchi raqamli” bo‘lishga uringanimizda, turmush o‘rtog‘imizning xavfsizligi, baxti va farovonligini o‘zimizdagi kabi muhim deya hisoblamaymiz.
Biz hammamiz ham o‘zimizning xudbinona harakatlarimiz haqida misol keltirishimiz mumkin. Bularning barchasi o‘zimizning “xudbinlik”ka yo‘naltirilgan, ammo o‘ziga bu tariqa diqqatni qaratish qayoqdan kelib chiqdi ekan? Bu “men – diqqat markazi” asosida, biz istayotgan narsalar yoki nimaga ehtiyoj sezayotgan bo‘lsak, o‘sha narsaning yetmasligidan qo‘rquv bor. Xo‘sh, biz nima qilamiz? Biz o‘zimizga kerakli narsani boshqa kishidan olamiz, bu esa o‘zimiz sevgan insonimiz bilan yaqinlik va munosabatlarni boshdan kechirish yo‘lidagi ulkan to‘siqdir.
Dotti bilan nikohimizda mening xudbinligim bizdagi yaqinlik hissini qanday barvaqt tortib olgani yodimda. Men – notiq va voizman. Menga to‘planganlar qarshisida nutq bilan murojaat qilish yoqadi. Dotti – ajoyib tinglovchi. Unga odamlar hayotida nimalar kechayotganini eshitish yoqadi. SHu tariqa oilaviy hayotimizning ilk pallasidayoq men omma oldidagi faoliyat haqidagi orzularimni xotinim bilan munosabatlarga ko‘chirdim.
Men har bir chiqishimdan so‘ng Dottiga uning qanday o‘tgani, qancha odam uchrashuvga kelganligi, ular men bilan tanaffus chog‘ida nima haqida gaplashganlari va hokazolar haqida batafsil so‘zlab berardim. Men unga o‘z fikrimga asosan nimalarni uddalaganim va nimanidir unchalik ham eplay olmaganim haqida “boshidan oxirigacha” to‘kib solardim. Bu kabi og‘zaki dilkashlikdan so‘ng taxminan bir soat o‘tgach, men Dottidan uning kuni qanday o‘tganini so‘rardim: “Xo‘sh, hammasi joyidami?” SHu bilan bizning suhbatimiz yakunlanardi. SHu tariqa asta–sekin nosog‘lom an’ana shakllanaverdi: men gapiraman, Dotti eshitadi. Men berishga o‘rgandim, Dotti esa olishga.
Ustozim va aziz do‘stim Dik Dey bir o‘ta muhim holatga zimdan nazar solishimga yordam berdi. Agar men Dotti bilan ruhiy va hissiy yaqinlikda yuqori darajaga erishishni xohlasam, bu holda bir qarorga kelishim lozim. Siz balki bu tanlov gapiraverishdan tiyilib, xotinga uning o‘zi haqida gapirish imkonini berish, deya o‘ylayotgandirsiz. Ammo bu unchalik ham oson kechavermaydi.
O‘sha paytda odamlar e’tiboriga ehtiyojim juda katta edi. Bu ehtiyoj hozir ham bor. Dotti meni katta e’tibor bilan tinglab, bu ehtiyojimni qondirdi va buni ajoyib tarzda uddaladi! Va u hozir ham g‘aroyib tarzda buni eplaydi. “Men – diqqat markazi” holatidan chiqish o‘zimga e’tibor berishni rad etish emasdi, zero hayotim davomida ehtiyoj o‘z asosiga ega bo‘lgan. Bu holatdan chiqish uchun ko‘rquvimga katta ahamiyat berish emas, balki buning aksi tariqasida imonda chiniqishga qaror qildim. Bu hatto g‘alati eshitilishi mumkin, ammo men o‘zimning mutloq Ta’minotchim sifatida Xudodagi imonda o‘z ustimda mashq qilishim lozim edi.
Xudoning O‘zi “...har qanday odamga jon, nafas va hamma narsani...” bergan (Havoriylar 17:25). Iso shunday degan: “Boshqalarga bering, Xudo ham sizlarga beradi... Sizlar qanday o‘lchov bilan o‘lchasangizlar, Xudo ham sizlarga xuddi shunday o‘lchov bilan o‘lchab beradi” (Luqo 6:38). E’tibordan chetda qolish qo‘rquvi “men – diqqat markazi”ni harakatga keltirdi va men bu qo‘rquvni zaiflashtirmoqchi bo‘ldim, Xudo bu ehtiyojimni qondirishga qodirligini va Uning bu istagini tekshirib ko‘rishim zarur edi. Uning mendagi ehtiyojni qondirish istagi mening olishimga emas, balki berishimga asoslangan. Men e’tibor izlamasligim, ammo imonda xotinimga e’tibor qaratishim lozim edi, xususan, uning hissiy ehtiyojlarini qondirish va o‘z navbatida Xudo e’tiborga ehtiyojimni qondirishiga ishonishim lozim edi. Men imonda oldinga bir qadam tashladim va shunday sevuvchi tanlovga keldim. Bu hayratomuz, ammo Xudo meni sevishi haqidagi qamrovdor his–tuyg‘u xuddi Kalomda va’da qilinganidek, mendagi qo‘rquvni to‘la haydab chiqardi: “Sevgida qo‘rquv yo‘q, aksincha, komil sevgi qo‘rquvni quvib chiqaradi” (1 Yuh. 4:18).
SHu bois, o‘z ehtiyojlarim qondirilishi uchun imonda Xudoga tayanishni tanlaganimni U bilishi uchun, men birinchi navbatda Dottining hissiy ehtiyojlariga diqqat qarata boshladim. Va’zlarimdan so‘ng Dottiga qo‘ng‘iroq qilib, men uning kuni qanday o‘tganligini so‘rash bilan gapni boshlardim. Ba’zan gapni boshlashi uchun hattoki uni suhbatga tortishimga to‘g‘ri kelardi. Men bolalar haqida so‘rab va ularning o‘zidan kunlari qanday o‘tganini so‘rash uchun telefon go‘shagini ularga tutqazishini so‘rardim. Tan olishim kerakki, gohida Dotti va bolalar bilan suhbatimiz juda cho‘zilib ketgani bois, ishlarim haqida so‘rashlariga vaqt qolmasdi. Biroq endi men o‘z ehtiyojlarim qondirilishi uchun Xudoga umid qilib, eng avvalo oilamga diqqatimni qaratadigan bo‘ldim. Va ishonavering, menda kun bo‘yi to‘planib qolganlarni baham ko‘rish uchun bor yo‘g‘i bir necha daqiqa bo‘lsada, o‘zimni juda yaxshi his qilardim. Ulardan olingan bu “ozgina” e’tibor meni to‘liq qondirardi, negaki men birinchi navbatda o‘z ehtiyojlarim qondirilishini Xudoga havola etib Unga umid bildirgandim. Va haqiqatdan ham Xudo endilikda bu ehtiyojimni qondirdi.
G‘aroyib sevimli bo‘lish – olish emas, balki berishdir. Ehtimol, muhim nimadadir chekinganingizda o‘z ehtiyojlaringizni qondira olmasligingiz hissi sizni qo‘rqitishi mumkin, ammo sizning sevuvchi tanlovingiz va sevuvchi harakatlaringiz ehtiyojlaringiz qondirilishidan voz kechishingiz bilan bog‘lanmaydi. Balki U belgilagan vaqtda sizning ehtiyojlaringiz qondirilishi sizni sevadigan Xudoga bo‘lgan imoningiz qancha ekanligi bilan belgilanadi. U sizga pand bermaydi. Eski Ahddagi shoh Dovudni eslaysizmi? Botsheva bilan xiyonatga qo‘l urgan o‘sha shohni? Dovud hirsga berilib, begona xotin bilan jinsiy aloqa qilganidan so‘ng Xudoning unga nimalar degani juda qiziqish uyg‘otadi.
Xudo Dovudga murojaaat qilib shunday dedi: “Senga xo‘jayiningning xonadonini in’om qildim, xotinlarini qo‘yningga solib qo‘ydim. Isroil va Yahudo xalqini senga berdim. Agar bular oz bo‘lsa edi, yana nimalarni bermasdim! Nega Mening oldimda qabihlik qilib, so‘zimni pisand qilmading?” (2 SHohlar 12:8–9). Aslida Xudo Dovudning jinsiy aloqaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun unga so‘raganini berganligini va mabodo buni kamlik qiladi deb hisoblaganida ko‘proq berishini aytgan. Biroq Dovudning xudbinligi jinsiy aloqa unga qoniqish bermasligi borasidagi qo‘rquvni uyg‘otgan, shu bois u begona xotin bilan jinsiy aloqaga kirishgan. Uning ilk gunohi xiyonat emasdi – uning birinchi gunohi O‘z Ta’minotchisiga, Xudoga bo‘lgan imonning yetishmasligida edi. Yaxshi tanlov qilish – Xudoning sevuvchi ta’minotiga suyanish, Xudoga o‘zining mutloq Ta’minlovchisi sifatida tayanish demakdir. Dovud oxir–oqibat buni tushunib shunday degan: “Egam oldida gunoh qildim” (13 oyat).
Biz Xudo mutloq Ta’minotchimiz ekanligiga va barcha ehtiyojlarimizni qondirishiga ishonganimizda, biz “men – diqqat markazi”dan yuz o‘giramiz. Bu tanlovni hayotingizning muntazam bir qismiga aylantiring, ana shunda siz g‘aroyib sevimli bo‘lasiz!
G‘aroyib sevimli bo‘lishga taalluqli yana bir o‘lchov borki, u yana bir tanlovni taklif etadi. Siz haqiqatdan ham sevgi nima ekanligini, o‘ziga ishonch hamda “men – diqqat markazi”ga moyillikni qanday yengib o‘tishni bilishingiz lozim. Ammo ikki inson o‘rtasidagi chuqur aloqani nima shakllantiradi o‘zi? Insonning boshqa odam bilan yaqin munosabatlarni his qilishiga nima undaydi? Bu hissiyotni doimiy haqiqatga aylantirish uchun nimalar qilishingiz mumkin?Bu savollarning javobi – keyingi bobning mavzusidir.
Книга на Узбекском языке: 10 рецептов счастья в браке (Джош Макдауэлл)
Брачные обеты… на этом обычно заканчиваются любовные романы, но это не конец вашей любовной истории, а лишь начало совместного пути с любимым человеком. В этой книге знаменитый американский проповедник рассказывает о десяти решениях, принятых им ради того, чтобы сохранить свежесть и яркость чувств в браке с любимой женщиной. Практические рекомендации, которые автор дает на основе библейского учения и личного опыта, будут полезны и молодоженам, и супругам со стажем, желающим сделать свой брак счастливым и долговечным. Читателей ждет бонус: тест на определение своих эмоциональных потребностей.