Nikohdagi Baxtning 10 Retsepti (Josh Makdauell) 8 bob

Джош Макдауэлл. Никоҳдаги Бахтнинг 10 Рецепти - (8-боб) Узбек тилида

Nikohdagi Baxtning 10 Retsepti (Djosh Makdauell) Audiokitob Uzbek tilida.Книга на Узбекском языке

                         

MUNDARIJA

Kirish

1–BOB. SIZ SEVGI MUNOSABATLARIDAN NIMANI ISTAYSIZ?

2–BOB. BIRINCHI QAROR. Hayotda Xudoni birinchi o‘ringa qo‘yish

3–BOB. IKKINCHI QAROR. Men qanday bo‘lsam, o‘zimni shundayligimcha sevish va qabul qilish

4–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘aroyib darajada sevimli bo‘lish. Birinchi qism

5–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘aroyib darajada sevimli bo‘lish. Ikkinchi qism

6–BOB. TO‘RTINCHI QAROR. Ajoyib tinglovchi bo‘lish

7–BOB. BESHINCHI QAROR. Muloqot san’atini egallash

8–BOB. OLTINCHI QAROR. Qabul qiladigan, sadoqatli va doimiy sevgini namoyon etish

9–BOB. YETTINCHI QAROR. Kelishmovchiliklarni tezda hal etish

10–BOB. SAKKIZINCHI QAROR. Hamisha kechirish

11–BOB. TO‘QQIZINCHI QAROR. Oilaviy byudjetga jiddiy yondashuv

12–BOB. O‘NINCHI QAROR. O‘z tuyg‘ularining tozaligi va yorqinligini asrash


8–BOB. OLTINCHI QAROR

QABUL QILADIGAN, SADOQATLI VA BARQAROR SEVGINI NAMOYON ETISH

Borlig‘ingizning tub–tubida, yuragingizning qoq o‘rtasida kim uchundir sevimli bo‘lish istagi yashirinib yotibdi. Xudo sizni shu istak bilan birga yaratgan. Siz – sevimli bo‘lishni talab etishga haqlisiz va aloqalar uchun yaratilgan mavjudotsiz.

Sevimli bo‘lishni istagan inson sifatida mana bu uchta savolga javob berishga harakat qiling:

  1. Sizni nima uchun sevishlarini xohlaysiz? SHu haqda o‘ylab ko‘ring. Tashqi ko‘rinishingiz uchun sevishlarini istaysizmi? Boyligingiz yoki bankdagi hisob raqamingiz uchun ko‘ngil qo‘yishsinmi? CHapdastligingiz va sportdagi yutuqlaringiz uchun sevishlarini xohlaysizmi? Musiqiy qobiliyatingiz uchunmi? Aqliy salohiyatingiz uchun sevib qolishsinmi? Nufuzga ega bo‘lganingiz yoki kerakli odamlar bilan tanish ekanligingiz uchunmi? Sizni aynan mana shu sabablar tufayli sevishlarini istaysizmi?
  2. Sizga nisbatan sevgi qanchalik tarzda o‘ziga xos bo‘lishi kerak? Bir lahza shu haqda o‘ylab ko‘ring. Sevimli insoningizning hayotida “birinchi o‘ntalik”da bo‘lish sizni qanoatlantiradimi? Ha, sizni sevishadi, faqat siz o‘ntadan bittasi bo‘lasiz. Sizga nisbatan sevgi qanchalik tarzda o‘ziga xos bo‘lishi kerak?
  3. Qancha uzoq vaqt mobaynida sevimli bo‘lishni xohlaysiz? Bir lahza tin olib, necha yil sevimli inson bo‘lishni istashingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Sizni besh, o‘n yoki, ehtimol, yigirma besh yil sevishlarini istarsiz? Aytishlaricha, hamma yaxshi narsalar qachondir tugaydi. Sevimli bo‘lish istagingiz belgilangan vaqt doirasida bo‘lishi sizni qanoatlantiradimi?

Sizni aslida kim bo‘lishingizga qarab emas, balki nimagadir ega bo‘lishingizga yoki mahoratingizga ko‘ra sevishlarini istashingizga ishonmayman. Siz qabul qiladigan sevgini istaysiz.

Taxmin qilishim mumkinki, siz kimningdir hayotida “birinchi raqamli” bo‘lishni ham xohlaysiz. Ehtimol, kimdir sizni butun qalbi bilan sevishini va shu bilan birgalikda faqat sizni sevishini istarsiz. Siz sadoqatli sevgini istaysiz.

Va nihoyat, siz butun umr davom etadigan sevgini xohlashingizni, sizni, misol uchun, uch yillik shartnomaga asosan sevimli bo‘lishingiz aslo qoniqtirmasligini tasavvur qilaman. Siz barqaror sevgini istaysiz.

Sizni ishontirib aytamanki, turmush o‘rtog‘ingiz ham qabul qiluvchi, sadoqatli va barqaror sevgini istaydi. Buni anglaysizmi yoki yo‘qmi, lekin bu o‘zingiz rozilik bergan yoki nikoh marosimida rozilik berishga tayyorlanayotgan aynan o‘sha sevgidir. Mana, nikoh marosimida bildiriladigan odatiy ahd:

Men ________, shu kundan boshlab sen bilan hamisha birga, shodlikda ham, qayg‘uda ham, boylikda va kambag‘allikda ham, salomatlik va kasalmandlikda ham birga bo‘lishga, toki o‘lim bizlarni ayirmagunicha, _________ seni sevish va g‘amxo‘rlik qilish uchun er (xotin) bo‘lishga rozilik bildiraman.

Mohiyatan ushbu qasamda ikkalovingiz ham qabul qiladigan sevgi hozir va kelajakda ham bo‘lishi haqida aytiladi. Siz aytasiz: “Men seni qanday bo‘lsang, shundayligingcha sevaman va hech qanday shartlarsiz sevaman”. Bir cho‘pon qayd etganidek, “ushbu qasamda hech qanday shartli “agar” yo‘q – faqat “va” bor.

SHuningdek, sizning nikoh ahdingiz sevgingiz sadoqatli bo‘lishini ham qayd etadi. Siz aytasiz: “Sen mening hayotimda alohida o‘rin egallaysan. Sen mening “birinchi raqamim” bo‘lasan va boshqa hech kim va hech qachon mening hayotim yo‘nalishida paydo bo‘lmaydi”.

Sizning nikoh qasamyodingiz – bu barqaror, o‘tib ketmaydigan sevgiga bo‘lgan qasamyoddir. Siz aytasiz: “Men seni hamisha sevaman va toki o‘lim bizni ajratmagunicha nimaiki bo‘lmasin doimo sen bilan birga bo‘laman”.

Qabul qiladigan, sadoqatli va mustahkam sevgi yaqin sevgi aloqalarini hosil qiladi. SHuningdek, u o‘zaro ishonch uyg‘otadi. Ishonch bo‘lmasa qo‘rquv paydo bo‘ladi, ularning ortidan esa shubha–gumonlar keladi, bu esa o‘z navbatida o‘rtadagi sovuqlikka, begonasirashga va nihoyat yolg‘izlikka olib boradi. Qabul qiladigan, sadoqatli va barqaror sevgini namoyon etgan holda, turmush o‘rtog‘ingizni sevishga qaror qiling, ana shunda munosabatlaringiz chuqurlashadi va o‘sib boradi.

QABUL QILUVCHI SEVGINI NAMOYON ETING

Doimo bir–birlaridan nimanidir kutib yashaydigan er–xotinlar o‘rtasida eng ishonchsiz munosabatlar paydo bo‘ladi. Biz buni “natijaga ko‘ra qabul qilish” deya ataymiz. Bunday tartibdagi qabul qilish bolalik yillarining ko‘nikmalari hisoblanadi. Turmush o‘rtog‘ingiz ota–onasining sevgisini qachon ko‘proq his qilgan? Maktabdan a’lo baholar olib qaytganidami? Ularning bolalar jamoasi o‘yinda yengib chiqqanidami? Ota–onalar tomonidan qo‘yilgan vazifa “kerakli tarzda” bajarilganidami? Mabodo faqat nimagadir erishgan paytlarida rag‘batlantirilgan bo‘lsalar, harholda turmush o‘rtog‘ingiz sevgini “qanday bo‘lishi kerak bo‘lsa o‘shanday”, ya’ni kelib chiqqan natijaga ko‘ra taqqoslaydi. Agar hammasi lozim darajada bajarilsa, sizni sevishadi. Agar kerakli natijaga erisha olmasa, eng avvalo undan ko‘ngli sovuganlarini sezadi.

Bizlarning ko‘pchiligimizda “natijaga ko‘ra qabul qilish” ongimizning tub–tubida dasturlab qo‘yilgan. Biz asl ma’noda bunday yondashuv dasturidan chiqib, “seni sevaman, tamom–vassalom” qoidasiga o‘tishimiz kerak. Siz o‘z turmush o‘rtog‘ingizni, “seni sevaman, tamom–vassalom” qoidasi bo‘yicha sevganingizda, yaqinlik hissini oshiradigan umidbaxsh va ishonchli munosabatlarni chuqurlashtirgan bo‘lasiz.

 Sevgi uchun munosib bo‘lishim kerak, deya ishonadigan odamlarda ishonchsizlik chuqur o‘rnashib qolgani haqida o‘ylab ko‘ring. Ular o‘zlari anglagan yoki anglamagan holda hammasini “qanday bo‘lishi kerak bo‘lsa, o‘shanday” qila olmaslikliklaridan, “kerakli bo‘lmagandek” qilib qo‘yishlaridan yoki kutilgan natijaga muvofiq uddalay olmasliklaridan qo‘rqishadi. Bunday “natijaga ko‘ra ishlash” bir doira ichida horitib qo‘yadigan yugurishga o‘xshaydi. Biroq xatolarimiz va omadsizliklarimizga qaramay qanday bo‘lsak, bizni shu holimizcha sevishlarini his qilganimizda buyuk erkinlik hissini tuyamiz!

Turmush o‘rtog‘ingiz va siz hech narsaga qaramasdan bir–birlaringizga ko‘rsatgan sevgi qanday bilimlar olib kelishini bir tasavvur qiling–a. Eringiz boshqa hech qachon bunday qilmaslikka bergan va’dasini unutib, uyoq–bu yoqqa tashlaydigan kiyimlarini yig‘ishtirishni doimo unutadi, ammo u avvalgidek uni sevishingizni his qiladi. Ba’zan xotiningiz sizdan ko‘ra kuchukchasiga ko‘proq vaqt ajratayotgandek tuyuladi, lekin siz uni avvalgidek sevasiz. Xatolar, omadsizliklar, zaifliklar, nuqsonlar va hattoki ochiqdan ochiq harakatlar sizni tashvishga solishi mumkin, ammo faqat to‘g‘ri harakatlari bois turmush o‘rtog‘ingizni sevish asos bo‘la olmaydi. Sizning qabul qiluvchi sevgingiz shu inson bilan yaqinlikka asoslangan, uning harakatlariga va ayniqsa uning muvaffaqiyatlariga emas.

Ammo nazarimizda, ko‘pchilik odamlar o‘z xato va omadsizliklarini o‘tmishda qoldirolmaydi. SHuningdek, kerakli natijaga erisholmasalar o‘zlari uchun muhim insonning sevgi bildirmay qolishidan qo‘rquvni ham. Turmush o‘rtog‘ingiz beixtiyor shunday xayollarga borishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, yomon natija – o‘zimizni sevimli, qabul qilingan deya his qilishimiz yo‘lidagi asosiy to‘siqdir. Biroq siz shunday deb so‘rashingiz mumkin: “Xo‘sh, agar mening qabul qilinishim uning noo‘rin harakatlarini qo‘llab–quvvatlashga aylanib qolsachi?” Aynan mana shunday fikrlar shartsiz qabul qilinishni taklif etish yo‘lidagi birinchi to‘siq bo‘ladi. Toki ushbu to‘siqni bosib o‘tmaguningizcha, turmush o‘rtog‘ingiz o‘zini hech qanday shartlarsiz qabul qilishlarini his qilishi qiyin kechadi. Xo‘sh, siz umr yo‘ldoshingizga hech qanday shartlarsiz qabul qilinganini his qilishiga qanday yordam berishingiz mumkin?

Kalomda shunday deyilgan: “Masih sizlarni O‘z birodarlariday qabul qilgani kabi, sizlar ham bir–birlaringizni birodarlarday qabul qiling” (Rim. 15:7). SHubha yo‘qki, agar siz turmush o‘rtog‘ingizni Masih sizni qabul qilganidek qabul qilsangiz, bu qabul qilishning to‘g‘ri yo‘li bo‘ladi. Ammo Masih sizni qanday qabul qiladi? Sizning barcha qilgan ishlaringizga qaramay, U sizni qabul qiladimi? Kalom Uning hech qanday shartlarsiz qabul qilishi haqidagi ko‘plab misollarni keltiradi. Yaqqol va asosli misollaridan biri – Yoqubning qudug‘i oldida Isoning samariyalik ayol bilan uchrashuvidir. Keling, bu voqeani batafsil ko‘rib chiqamiz.

Kalomda yozilishicha, Iso “...Yahudiyani tark etib, yana Jalilaga yo‘l oldi. Yo‘lda U Samariyadan o‘tishi kerak edi” (Yuh. 4:3–4). Isoning bosib o‘tadigan yo‘li – Uning shartsiz qabul qilishi bizga qanchalik yaqin ekanligining birinchi ko‘rsatgichidir.

Isoning Jalilaga borishi uchun Samariya orqali o‘tishi shart emas edi. O‘sha davrlarda dindor yahudiylar Yahudiyadan Jalilaga borish uchun hech qachon Samariya orqali o‘tmagan bo‘lishardi, garchi Jalila Yahudiyaning shimolida bo‘lib, Samariya yo‘l o‘rtasida joylashgan bo‘lsada. SHuningdek, yahudiylar yo‘lda to‘xtashar yoki Yerixon tarafdan sharqqa yo‘l olib bu hududni aylanib o‘tishardi, so‘ngra esa Iordan daryosi bo‘ylab shimolga qarab yurishar yoki biroz g‘arb orqali O‘rtayer dengizidan qayiqda suzib o‘tishardi. Yahudiy ta’limotining sodiq tarafdori bunday uzoq sayohatni to‘la ma’qullagan bo‘lardi.

Samariya va Yahudiya uzoq vaqtlar mobaynida o‘zaro keskin munosabatlarda bo‘lishgan. Iso davrida yahudiylar samariyaliklarni nasli past deya hisoblashgan. Yahudiylar samariyaliklarning “to‘g‘ri” nasldan (toza qonli nasldan) ekanligiga ishonmaganlar, shu bois ular bilan biror–bir tomonlama aloqada bo‘lishni umuman istamaganlar. Bundan tashqari, samariyaliklar Garizim tog‘i ibodat qilish uchun qulay joy ekanligini ochiq aytishgan, yahudiylar esa bu vaqtda, haqiqiy ibodatni faqat Quddusda amalga oshirish mumkin, deya turib olishgan. Yahudiylar samariyaliklarni asosan bid’atchilar deya hisoblashgan, shu bois yahudiy maktabining sodiq tarafdori samariyalikning oldiga kelmas va ularning yeri orqali o‘tib o‘zini badnom etishga tavakkal qilmagan bo‘lardi.

Iso yahudiy bo‘lgani holda bid’atchilar – samariyaliklarning tahqirlanishidek muammolarga to‘qnash kelishi kerak edi. Sizning umr yo‘ldoshingiz hayotingizga o‘z bolalik yillarining og‘ir yukini olib kirishi mumkin, agar siz uning bu disfunksiyasini aylanib o‘tolsangiz, qay ma’noda sizga oson bo‘lar va muammolar kamroq yuz berardi, shunday emasmi? “Oyijon” va “dadajon” kabi hal etilish yoki bularga moslashishni talab etadigan barcha muammolar, chindan ham o‘zida jiddiy qiyinchiliklarni aks ettirishi mumkin. Biroq sevgini qabul qiladigan taraf disfunksiyaga qanday yondashishni biladi va Iso bu borada yaqqol ibrat ko‘rsatgan. Uning qabul qiluvchi sevgisi disfunksiyani yoqlamagan holda, u tomon bevosita qadam tashlagan. Biz Iso toki Sixar shahriga yetib bormagunicha Samariyaning qoq o‘rtasidan o‘tib borganligini kuzatamiz: “Yoqubning qudug‘i ham o‘sha yerda edi. Yo‘l yurib charchagan Iso quduqning yoniga o‘tirdi. Taxminan tush payti edi” ( Yuh. 4:6).

Bu suvsiz va qurg‘oq yerlar edi. Bu yerlarda suv chindan ham qimmatbaho manba hisoblanardi. Odamlar quduq oldiga ertalab, kun qizib ketguniga qadar yoki kechki salqin paytida kelishardi. Tush paytida quduq oldiga juda kam odam kelishi mumkin edi. Bu vaqtda suv oladiganlar shahar ahlining ko‘ziga tashlanmaslikka urinishardi.

Iso shaharga oziq–ovqat olib kelish uchun ketgan shogirdlarini kutib o‘tirganida yolg‘iz edi. SHu paytda quduqdan suv olish uchun kelayotgan ayol ko‘rindi. Kimnidir uchratib qolishini kutmagan ayol Isoga e’tibor bermasligi mumkin edi. Biroq ortidan ovoz eshitildi va notanish kishining: “Menga suv ber...” (7 oyat) degan ovozini eshitib, bu kutilmagan holatdan titrab ketdi.

Uning javobi ko‘p narsani anglatadi: “...Siz yahudiy bo‘lsangiz, men esa samariyalik ayol bo‘lsam, qanday qilib mendan suv so‘rashga jur’at etdingiz?! Nega desangiz, yahudiylar samariyaliklar bilan aloqa qilmaydilar” (9 oyat). Bu ayol ikkita sababga ko‘ra hayajonga tushgandi. Birinchidan, unga erkak kishi gapirgandi. O‘sha davrlarda erkakning ayolga gapirishi o‘ta g‘ayrioddiy hodisa edi. Bunday qilish uyatli, noo‘rin va hattoki hayratomuz hisoblanardi. 27 oyatga e’tibor bering, shogirdlar paydo bo‘lishganida, ular Isoning “...bir ayol bilan gaplashayotganini ko‘rib hayron bo‘lishdi”. O‘sha zamonlarda beg‘araz kishi notanish ayollar bilan gaplashmasdi.

Ikkinchidan, bu paytlarda yahudiylar, erkaklar va ayollari ham bid’atchi–samariyaliklar bilan gaplashmasdi, shu bois yahudiy erkakning unga gapirgani ayolni shoshirib qo‘ygani hayron qolarli emas. Ehtimol, u shunday deb o‘ylagandir: “Bu qandaydir mutlaqo boshqacha erkak”. Endi esa Isoning unga nima deganiga e’tibor bering: “...Xudo senga qanday in’om bermoqchi ekanligini va sendan suv so‘ragan Odam kim ekanligini sen bilmaysan. Bilganingda edi, o‘zing Undan suv so‘ragan bo‘lar eding va U senga hayotbaxsh suvni bergan bo‘lardi.” (10 oyat).

Xo‘sh, samariyaliklarning yeridan o‘tib, ularning disfunksiyasiga moslashish va ayolga in’om taklif etish chindan ham bir xil ma’noni anglatadimi? SHu tariqa yanada kattaroq disfunksiyalarni bosib o‘tish mumkin axir, to‘g‘rimi? Umr yo‘ldoshining disfunksiyasiga chidash boshqa, ammo uni rag‘batlantirish, in’om tuhfa etish, – mutlaqo boshqa masala.

Iso ayolni qiziqtirib o‘ylatib qo‘ydi. U ayolni nafaqat va’da bermog‘i uchun munosib deb bildi, balki unga g‘aroyib in’om ham taklif qildi. Ayolga “ajal” va “hayot” suvlari o‘rtasidagi farq ma’lum edi. “Hayot” suvi daryodan yoki biror manbadan oqib turadigan suvni anglatardi. “Ajal” suvi esa bir joyda turadigan yoki idishda saqlanadigan suv hisoblanardi. Samariyaning bu hududi daryodan uzoqda edi, shu bois Isoning aytganlari uni beixtiyor shoshirib qo‘ydi. Agar Yoqub qachonlardir bu yerda quduq qazishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu odam qanday qilib unga yaxshi – hayotni, oqar – suvni taklif qilishi mumkin?

Biroq, o‘z–o‘zidan ayonki, agar U hayot suvini va’da qilib, O‘z so‘zida turishga qodir bo‘lsa, ayol hech qanday holatda ham buni rad etmaydi. Va ayol Isoga shunday deydi: “Taqsir, bu suvdan menga ham bering. Men ham hech qachon chanqamayin, suv olgani bu yerga kelavermayin” (15 oyat).

Iso shunda ayolni yanada hayron qoldirib aytdi: “Borib, eringni bu yerga chaqirib kel” (16 oyat). Albatta, U ayolning beshta eri bo‘lganligini va hozir birga yashayotgan erkak uning eri emasligini bilardi. U bu haqda ayolga ochiq aytdi. Isoning payg‘ambarlik kuchini anglagan ayol mavzuni o‘zgartirib, yahudiylar va samariyaliklardan qay biri to‘g‘ri ibodat qilishi haqida so‘z ochdi.

Harholda, ayolning ongida qandaydir fikrlar yorisha boshladi. Bu odam chindan ham boshqalarga o‘xshamasdi. U erkak bo‘la turib ayol bilan gaplashgani g‘ayrioddiy edi. So‘ngra Iso ayolni noma’lum hayot suvi manbai sari yo‘lladi. Va bu o‘ta g‘ayritabiiy holat edi. Va eng asosiysi, Iso ayol haqida, ehtimol, o‘zining qo‘shnilaridan ham ko‘proq narsani bilardi. Bu esa ayolni Masihga sajda qilish kabi turlicha diniy mavzular bo‘yicha savol berishga undadi.

SHu bois u Isoga o‘zi ishonganlari bo‘yicha gapirdi: “Men Masih kelishini bilaman. U kelganda, hamma narsani bizga tushuntiradi” (25 oyat). SHunda Iso ayolga O‘zining unga qanday aloqador ekanligi haqidagi haqiqatni ochdi: “O‘sha Menman. Sen bilan gaplashib turibman” (26 oyat). Iso mazmunan ayolga shunday dedi: “Ha, Men erkak bo‘lishim mumkin, men yahudiy–erkak bo‘lishim mumkin, biroq Men – sening Masihingman, sening Najotkoringman, Men – sen kutayotgan o‘sha Zotman”. Bu paytda o‘z hayajonini bosolmagan ayol Kimni uchratganligi haqidagi yangilikni yetkazish uchun qishlog‘iga qarab shoshildi.

Bu samariyalik ayol hech qachon bundayin xushmuomala, ochiq yuz, yaxshilikparvar odam bilan muloqotda bo‘lmagandi. Iso ayolni qabul qildi, ammo ayol Isoda uni shundayligicha qabul qilishi uchun sabablar yo‘qligini bildi. Ayol o‘zini rad etilgan, yolg‘iz, hamma uchun begona kabi his qilgandir, ammo hech narsaga qaramasdan bu g‘aroyib Iso uni qabul qildi!

Turmush o‘rtog‘ingiz bilan munosabatlaringiz haqida o‘ylab ko‘ring. Deylik, u mukammallikdan yiroq, unda bolalik yillaridan va oldingi omadsiz nikohidan bir dunyo hissiy yuk qolgan. Hattoki, umr yo‘ldoshingiz yaqin o‘tmishida o‘zini salbiy jihatdan ko‘rsatgan deylik. Xo‘sh, Iso umr yo‘ldoshingizga nima degan bo‘lardi? Albatta, uning disfunksiyasiga qaramasdan shunday derdi: “Men – sen kutayotgan O‘sha Zot, sening Najotkoringman. Men nimalarni boshdan kechirganingni bilaman va bunga qaramasdan sen haqingda miridan–sirigacha xabardorman, Men buni keyin ham shunday bilaman va qanday bo‘lsang, shundayligingcha sevaman”. Agar sizning sevgingizga shunday qabul qilish xos bo‘lsa, sizningcha, umr yo‘ldoshingiz o‘zini qanday his qiladi? Balki ular bunday sevgida ulkan ishonchni his etishar?

Masih kabi qabul qilish o‘zini shu tariqa namoyon etadi: u sizni xatolaringizdan ko‘ra uzoqroqda ko‘radi va chindan ham sevadi. SHunisi qiziqki, Masihning shartsiz g‘ayrioddiy qabul qilishi odamning xatolari va qilmishlari bilan kelisholmaydi. Iso samariyalik ayolning buzuqchiligini ma’qullamadi, ammo Xudo O‘z siymosiga ko‘ra har bir odamda va bu ayolda yaratgan go‘zallikni, qadr–qimmatni U ko‘rishdan to‘xtamadi. Va U ayolni shuning uchun sevib qoldi! SHuningdek, U ayolni noto‘g‘ri sajda qilgani uchun ham hukm qilmadi. U ayolga haqiqatni aytish uchun yetarli darajada sevgan holda uning azoblarini yengillatdi. Samariyalik ayolning Isoni qabul qilishi uning qilmishlari bilan hech qanday umumiy bog‘liq emas. Ayol Masihning o‘ziga hurmat ko‘rsatishi va Uning jamoasida o‘zi uchun hamisha joy topilishini tushuntirishiga majbur qilolmasdi, buning uchun nimadir aytish yoki bajarish (yoki aytmaslik va bajarmaslik) uning qo‘lidan kelmasdi. U ayol qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qildi va ayol qanday bo‘lishi mumkinligini ayon etdi. Bizni qilgan ishlarimiz va yutuqlarimizga ko‘ra emas, balki O‘z tabiatiga ko‘ra qabul qiladigan Rabbimizning sevgisi ana shunday.

Iso buni qanday amalga oshiradi? Biz shunday qabul qiluvchi sevgini umr yo‘ldoshimizga nisbatan qanday namoyon etamiz? Bunday sevgini ochadigan kalit – munosabatlarimiz tabiatida, odamning aslida kim ekanligi va nimalar qilishida zohir bo‘ladi.

Iso samariyalik ayolni qabul qilganida, bu Uning ayol gunohlariga qo‘l siltab go‘yoki shunday deganini bildirmaydi: “Xo‘sh, mayli, har kim ham adashishi mumkin. Men sening o‘tmishdagi gunohlaringga ko‘z yumaman”. Mutloq ilohiy muqaddaslik Isoga bunday qilishiga izn bermaydi. U gunohlarga ko‘z yumishi mumkin emas. Muqaddas Kitobda U haqda shunday deyilgan: “Sening ko‘zlaring shu qadar pokizaki, Sen yovuzlikka qarab turolmaysan. Haqsizlikka chiday olmaysan...” (Xabaqquq 1:13). Xo‘sh, U qanday yo‘l tutgan?

Xudo O‘z siymosiga ko‘ra yaratgan sizning asliyatingizni va gunoh sababli buzilgan tabiatingizni farqlaydi. Muqaddas Kalomda aytilganki, “...o‘z ayblaringiz sizni Xudoyingizdan ayirdi...” (Ish. 59:2). Ishayo payg‘ambar Xudo siymosiga ko‘ra yaratilgan sizlarni Xudoning adashgan farzandlari sifatida va qilayotgan gunoh ishlaringizga ko‘ra aniq farqlaydi. Bu shuning uchun ham yuz beradiki, siz aslida kimligingiz va qilayotgan ishlaringiz umumiy bir narsa narsa emas. Agar boshqacha bo‘lganida, Xudo gunohlarimizni bizdan bunchalik uzoqqa ajratib tashlay olmasdi, xuddi “SHarq g‘arbdan qanchalik uzoq” (Zabur 102:12), bo‘lganidek.

Xudo aslida shunday deydi: “Sen – Mening siymomga ko‘ra yaratilgan Mening farzandimsan. Mana sen kimsan. Sening nomunosib qilmishlaring – bu yomon. Men bundan ko‘z yumolmayman. Men seni gunohing nimalar qilib qo‘yganidan g‘azabdaman – u seni Mendan ayirdi. SHu bois Men qurbonlikka O‘zimning yagona O‘g‘limni keltiraman va Mening mutloq odil hukmim amalga oshishi uchun Uning xochda shafqatsiz o‘limga uchrashiga izn beraman. Mana biz bir–birimizni qanchalik sevamiz. Agar sen Mening O‘g‘limning o‘limini o‘z o‘liming kabi qabul qilsang, men seni gunohlardan forig‘ etaman va Men uchun endi adashgan farzand bo‘lmaysan, balki Men topgan farzandim bo‘lasan”.

Xudodan ibrat olgan holda, siz ham umr yo‘ldoshingizni shu tariqa qabul qilishingiz mumkin. Bu erkak – sizning sevimli eringiz. Bu ayol – sizning sadoqatli xotiningiz. Oilaviy munosabatlar – bu siz lazzat oladigan munosabatlardir. To‘g‘risini aytay: umr yo‘ldoshingizning harakatlari hamisha ham sevimli insonga va unga nisbatan mukammal sevgiga sharafli namuna bo‘lib xizmat qilolmaydi. Biroq sadoqatli umr yo‘ldoshingizga nomunosib harakatlarni, xato va qilmishlarni yozib qo‘yavermang. Ularning sadoqatli munosabatlariga xato va qilmishlarni ajratgan holda e’tibor qarating. Gunohlarni kechiring va ularni insonning o‘zidan ajrating, so‘ngra umr yo‘ldoshingizni o‘z taqdiringizni bog‘lagan inson sifatida – sevimli er yoki xotin sifatida qabul qiling.

Agar ikkalangiz ham bir–birlaringizni sevish uchun imkon qadar hamma ishni qilganlaringizda, bu uslub yaxshiroq natija beradi. Dotti guvohlik berishi mumkin, men ba’zan chindan ham quyushqondan chiqaman. Men umuman lozim bo‘lganidek mulohaza bilan ish tutadigan va xushmuomala odam emasman, keskin gapirib yuboraman va jahllanganimda uni xafa qilib qo‘yaman, kerakli darajada unga tez–tez minnatdorchilik bildirmayman, bu ro‘yxatni yana davom ettirishim mumkin. Biroq u meni nomunosib er deya hisoblaydimi? Aslo! Nima uchun? Ikkita sababi bor. Birinchidan, u men shu yerda va hozir qanday bo‘lsam, shundayligimcha qabul qiladi. Ikkinchidan, men “o‘zimga kelganimda” undan kechirim so‘rayman. Dotti mening harakatlarimdagi muayyan xatolarimni asliyatimdan farqlaydi va meni shartlarsiz qabul qiladi. Bu xato qilganimda uning oldida kechirim so‘rashga meni undaydi. U shunday deydi: “Men Joshning harakatlari har doim ham yuz foiz bekamu ko‘st bo‘lishiga ishonmayman, negaki u mukammal emas, ammo men hamisha uning qalbiga tayanishim mumkin. Uning harakatlari ba’zan qolipdan chiqishi mumkin, lekin niyati hamisha toza bo‘ladi”.

Dotti va men bir–birimizni qanday bo‘lsak, shundayligimizcha qabul qilamiz. Bu esa sevgiga faqat to‘g‘ri harakatlar va yutuqlar bilan erishishga hojat yo‘qligiga bizni ishontiradi. Ayni vaqtda bu bir–birimizning xavfsizligimiz, baxt va farovonligimizni o‘zimizniki kabi muhim darajaga ko‘tarishga bizni kuch bilan undaydi. Biz bu yo‘lda bir–birimizga ishonch his qilamiz hamda ikkimiz ham bor kuchimiz bilan bir–birimizga quvonch baxsh etishni istayotganimizga amin bo‘lamiz.

Turmush o‘rtog‘ingizni qabul qiladigan sevgi bilan seving! Uni shunday sevishda davom eting, ana shunda siz ham mustahkam nikoh va undagi yaqin munosabatlardan rohatlanasiz.

SADOQATLI SEVGINI NAMOYON ETING

“Lora, azizam, ta’tiling qanday o‘tdi?” – deydi Jim Lorani quchog‘iga bosib o‘ziga tortganicha. Jimning xotini Megan esa noqulaylikni yengishga urinib, Lorani o‘tirishga taklif qiladi va undan Bagamaga qilgan sayohatida nimalarni eslab qolgani haqida batafsil so‘zlab berishini so‘raydi.

Megan uning yoniga joylashadi va Lora qayerda bo‘lib, nimalarni ko‘rganlari haqidagi xotiralarga beriladi. U gapirayotganida Jim undan ko‘zini uzmaydi, qo‘llaridan ushlab uning hikoyasini ishtiyoq bilan tinglagan holda yelkasiga qoqib qo‘yadi. Megan Jim bilan ikki yillik turmushi mobaynida erining boshqa ayollar bilan o‘zini tutishiga sabr bilan chidashga urinadi, ammo uning muloqot uslubi xotiniga boshdan oyoq yoqmaydi. Jim ikkalasiga ham tanish ayollar bilan faqat do‘stona tarzda o‘zini tutishini uqtiradi, biroq Meganning nazarida, eri ularga xushomad qilayotgandek tuyuladi. SHu tufayli er–xotin o‘rtasida tez–tez janjal ko‘tarilib turadi.

Meganning yana aytishicha, Jimning unga nisbatan tuyg‘ulari ochiq ifoda etilishi faqat birinchi uchrashuvlari paytida bo‘lgan. O‘shanda u diqqat markazida turgandi, Jim boshqa ayollarni xuddi ko‘rmayotgandek tutgandi o‘zini. Biroq turmush qurganlaridan buyon Jim uning qarashlariga e’tibor qilmaydi, qo‘l tekkazishlar ham yo‘qolgan, hozir u boshqa ayollarga shunday suykaladi. Megan rashk qilayotganini yashirmaydi va o‘zini bunda nohaq deb hisoblamaydi.

Megan eri boshqa ayollar bilan o‘zini shunday tutganida rashk qilgani uchun chindan ham nohaqmi? Kalomda shunday deyilgan: “...bu dunyo hali ham sizlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti. Orangizda hasadgo‘ylik va janjalkashlik bor ekan, bu sizlarning hali ham bashariy tabiatingiz ta’sirida ekaningizni... ko‘rsatmaydimi?” (1 Kor. 3:3). Demak, Megan o‘z eridan xushomad qabul qilayotgan “raqiba”lariga rashk qilib o‘zini go‘yo erini xususiylashtirib olgan kabi tutyaptimi? Uning tinchlanishi va erining boshqa ayollardan zavq olishiga imkon berishi ma’qul emasmi?

Biz hozir Dotti bilan asal oyidamiz, deya tasavvur qilaylik. Biz sohil bo‘ylab romantik sayr qilib yuribmiz. Men unga o‘girilib ko‘zlariga tikilamanda, shunday deyman: “Azizam Dotti, bu olamda yashayotgan uch yarim milliarddan ortiq ayollar orasida sen mening eng–eng “qaynoq o‘ntaligim”ga mansubsan!” Qarabsizki, yoshgina xotinim boshini yelkamga qo‘yib, nozli nigohlari bilan javob qiladi: “O, Josh, buni eshitganimdan juda xursandman! Baxtdan aqlimni yo‘qotay deyapman, nahotki sen sevadigan o‘nta ayollar orasida bo‘lsam! Jonim, sening ro‘yxatingda bor ekanligimning o‘zi men uchun yetarli?”

Siz shunday javobni tasavvur qilolasizmi? Men esa yo‘q. Agar hattoki undan tashqari yana bitta ayolni romantik sevganimda ham Dotti mendan xafa bo‘lgan va o‘zini haqoratlangan deb bilardi. Uning bunga to‘la haqqi bor. Mening xotinim hayotimda “birinchi raqamli” bo‘lishni istaydi. Va xotinim meni ham o‘z hayotida “birinchi raqamli” deb hisoblashini istayman. Biz shunday munosabatlar uchun yaratilganmiz. Biz shunday tuzilganmizki, bir–birimizni rashk qilgan holda sevamiz.

Bunga o‘xshash rashkda hech bir yomonlik yo‘q, jumladan, Megan his qilayotgan tuyg‘uda ham. Xudoning O‘zi rashk qiladi, turgan gapki bunda yomon narsaning o‘zi yo‘q. CHiqish Kitobida aytilgan: “Boshqa xudolarga sajda qilmanglar. Men, Egangizning nomi Rashkchidir” (CHiqish 34:14). Nun o‘g‘li Yoshua ham Isroil farzandlariga o‘zlarining Xudosi haqida – “Egamiz Muqaddas Xudodir. U sizning sevgingizni boshqa xudolar bilan baham ko‘rmaydigan Xudodir” (Yoshua. 24:19) deb aytgan. Bu ikki so‘z – “rashkchi Xudo” – qadimgi yahudiy tilida el qana bo‘lib, ehtiros va ishtiyoqni anglatadi. Hamma gap shundaki, biz “rashk” so‘zini asosan salbiy ma’noda qo‘llaymiz, qadimgi yahudiy tilida esa u kuchli istak va g‘amxo‘rlikni, bu o‘rindagi parchada asosan nikoh munosabatlarini ifoda etadi. Xudo Isroil farzandlarini tasvirlayotganida O‘zini xuddi ularga uylangandek qilib tasvirlaydi, shu tarzda xuddi xotin o‘zini faqat eriga bag‘ishlagani kabi ular Xudoni shunday sevishlarini istaydi. U O‘zidan boshqa hech qanday xudolarga bo‘ysunmasliklarini aytadi. Uni pokiza va sadoqatli sevgi bilan sevishlarini xohlaydi, bu shunday sevgi bo‘lsinki, boshqa uchun emas, faqat Uning uchun asragan bo‘lishsin. Mohiyatan olganda, Uning rashkli va sadoqatli sevgisi biz amal qilishimiz lozim bo‘lgan namunadir.

Siz o‘z sevgingizni va sadoqatingizni faqat umr yo‘ldoshingiz uchun asrasangiz, bu munosabatlaringizni mustahkamlaydi. O‘ziga xos va sadoqatli sevgi kamida ikkita uslub bilan ifoda etiladi: sadoqatli sevgi pokiza va sadoqatli sevgi vafodor.

Sadoqatli bo‘lish pokiza bo‘lish demakdir. Kalomda shunday deyilgan: “Nikohni hammangiz e’zozlanglar. Er–xotinlik munosabatini beg‘ubor saqlanglar... (Ibr. 13:4). Biz musaffo nikoh aloqalarini saqlashimiz lozim, ammo bu aynan toza bo‘lib yurish deganini anglatadimi?

Siz qachondir etiketkasida “toza sutli shokolad” deb yozilgan plitkali shokoladni ko‘rganmisiz? Yoki, misol uchun, “sun’iy shirinliklarsiz toza asal”, deb qayd etilgan asal idishinichi? SHokolad va asalning tozaligi shuni bildiradiki, uning tarkibini buzadigan, asl shokolad va haqiqiy asal bo‘lishiga yoki lozim bo‘lganidek mazaga ega bo‘lishiga xalaqit beradigan boshqa aralashmalar mavjud emas.

“Nikoh to‘shagini toza saqlash” amri nimani anglatadi? Bu er va xotin hissiy va jismoniy aloqani o‘zlarining o‘rtalarida saqlashlari kerakligini anglatadi. Sevgi aloqalarida bir kishining ikkita va undan ko‘proq sheriklarga ega bo‘lishi g‘ayritabiiylikni anglatadi, aynan shunday holatlarda ular o‘z tozaligini yo‘qotadi. Agar siz toza suvli idishga iflos toshni tashlab yuborsangiz, suv loyqalanib ifloslanadi. Idishdagi suv hech qanday iflos aralashmasiz toza va tiniq bo‘ladi. Toza, aslo loyqalanmagan jinsiy hayot yaqin va ishonchli munosabatlarga sabab bo‘ladi.

Men ishonamanki, Xudo jinsiy aloqani buzilmagan doirada o‘zaro munosabatlarga kirishgan, toza ittifoqdagi ikkita bokira sheriklar uchun o‘ylab topgan. Bu yagonalikning musaffoligi hattoki nikohgacha buzilishi mumkin, agar ulardan birortasi yoki ikkalasi ham er–xotinlikning pokiza aloqalaridagi jinsiy aloqani kutmasdan o‘z bokiraliklarini saqlamagan bo‘lsalar. Nikohgacha tozalik er–xotin o‘rtasidagi ishonchni ikki barobar oshiradi. Bu nikohgacha jinsiy aloqa qilgan juftliklar ishonchli munosabatlar o‘rnatolmaydi degani emas, ammo nikohgacha bokiralik ularning tozalik tarafdori ekanliklarini ko‘rsatib, o‘zaro ishonchning ortishiga ko‘mak beradi.

Men hali bo‘ydoq bo‘lganimda, Pola ismli qiz bilan uchrashib yurardim. Uch yarim yil shu tariqa o‘tdi va biz turmush qurishimiz ham mumkin edi. Biroq bizda umumiy jihatlar ko‘p bo‘lib, bir–birimizga hurmat bilan yondashsakda, o‘zaro muloqotdan ulkan qoniqishni his qilsakda, hech birimiz bir–birimizga er–xotin sifatida mos kelishimizni his qilmadik. Uch yildan so‘ng men Dottini uchratdim va biz tez orada turmush qurdik, Dotti ham Pola bilan tanishdi. Ular qalin dugonalarga aylanib, ko‘p vaqtlarini birga o‘tkazadigan bo‘lishdi. Oxir–oqibat, Pola Kaliforniyaga ko‘chib o‘tdi va uyimizdan uzoq bo‘lmagan joyda o‘rnashdi. Biz deyarli qo‘shnilarga aylandik.

Bir kuni ertalab safardan uyga qaytib kelganimda, Dotti uyda yo‘q ekan. U qaytib kelganidan so‘ng tong chog‘ida Poladan xabar olish uchun borganini aytdi. Xotinim menga yaqinlashib yelkalarimdan quchib shunday dedi:

– Azizim, uch yarim yil davomida o‘zingga mahkam turganing uchun men juda baxtiyorman.

CHuqur nafas olib, jur’atsizgina so‘radim:

– Nima uchun?

– Bugun ertalab, – javob berdi Dotti, – Pola menga seni qattiq sevganini, ba’zan sen uchun hamma narsaga tayyor bo‘lganini, biroq sen bundan foydalanmaganingni aytib berdi.

Nima ham derdim, yengil tin olib, o‘z vaqtida Pola bilan munosabatlarimni jismoniy tarafga burmaganim uchun behad xursand bo‘ldim.

Va bilasizmi, bu holat xotinimga nima berdi? Bu holat uning eriga ishonish uchun haqli ekaniga ishonchini mustahkamladi! Har kim ham o‘zi haqida shunday deb aytolmaydi: “Jinsiy aloqa masalasiga kelganda, men bo‘ydoqlik hayotimda bokiraligimni saqlaganman”. Lekin nikohgacha tozalikni saqlagan bo‘lsangiz, bu sizning ishonchga munosib ekanligingiz haqidagi ishorani turmush o‘rtog‘ingizga ikki barobar qilib yetkazadi. Agar nikohgacha tozalikni saqlay olsangiz, bu sizga nikohda ham sadoqatni asrashingiz uchun kuch bag‘ishlaydi.

Nikohni har qanday fitna va nikohdan tashqari aloqalardan, loyqaliklardan xoli tarzda tozalikda asrash lozim. Erkak xushomad va ishqibozlik o‘yinlaridan voz kechib, tanish ayollar bilan sog‘lom chegaralar o‘rnatganida, bu uning xotini bilan munosabatlarini chuqurlashtiradi va o‘rtalarida ishonch muhitini yaratadi. Bu xotinga ham taalluqli. Ayol o‘zining kiyinishiga va boshqa erkaklar bilan o‘zini tutishiga qanchalik diqqat bilan o‘ylab yondashsa, bu uning eri bilan munosabatlarini chuqurlashtiradi va o‘rtalarida ishonch muhitini yaratadi. Sadoqatli sevgi begona aralashmalarning munosatlarni loyqalatishiga yo‘l qo‘ymaslikka intiladi.

Sadoqatli bo‘lish vafodor bo‘lishni anglatadi. Sadoqatli sevgi vafolidir. “SHundan buyon va butun umr – deydi nikoh qasamyodi, – quvonchda va g‘amda, kambag‘allik va boylikda ham, salomatlik va kasalmandlikda ham ...sodiq bo‘lishga ont ichaman”. Vafodor bo‘lish – nafaqat jinsiy aloqalarda umr yo‘ldoshiga sodiq bo‘lish, shuningdek turmush o‘rtog‘ini hissiy qo‘llab–quvvatlashni ham bildiradi.

Megan rashk tuyg‘usini his qildi, negaki Jim o‘z xotiniga emas, boshqa ayollarga yoqishga urinayotganini ko‘rsatdi. Yo‘q, Jimning boshqa ayollar bilan jinsiy aloqasi yo‘q, shunday bo‘lsada ularga ochiqchasiga suykalgani uchun nohaq. Sadoqat faqat jinsiy munosabatlarda sodiq bo‘lishdan ko‘ra ko‘proq narsalarni anglatadi.

Havoriy Pavlus, “jinsiy axloqsizlik qilmang” (1 Sal. 4:3), deb yozganida o‘z fikrini davom ettirib, erkak boshqa erkakning xotiniga suykalmasligi kerakligini anglatish uchun bitta kuchli so‘zdan foydalanadi. Pavlus erkak hech qanday tarzda ham “birodarlaringizning ishonchini suiiste’mol qilmang, ularga xiyonat qilmang” deydi (6 oyat). “Suiiste’mol qilish” – bu boshqa kishiga tegishli bo‘lgan narsani tortib olish, o‘ziniki qilib olish deganidir.

Jinsiy aloqa – faqat nikoh ichida, er va xotin o‘rtasida bo‘lishi kerak. Agar biror erkak boshqa erkakning xotini bilan jinsiy aloqaga kirishsa, u faqatgina er–xotin o‘rtasida bo‘lishi lozim bo‘lgan narsani o‘ziga tortib oladi. U ochko‘zlik bilan ish tutadi – u boshqa erkakdan o‘zi haqqi bo‘lmagan narsani tortib oladi. Oilali erkak boshqa erkakning xotiniga (yoki bo‘lajak xotiniga) e’tibor qaratganida, ochko‘z ekanligini ko‘rsatadi, negaki o‘z xotinidan o‘g‘irlaydi. Meganga qaratilishi lozim bo‘lgan e’tibor va his–tuyg‘ular Loraga ko‘rsatilgan edi. Jim faqat Meganga qalban sodiq bo‘lib qolish va sevishi haqidagi nikoh qasamyodiga xiyonat qildi. Ayolning ishonchi yo‘qoldi va bu ularning munosabatlariga salbiy ta’sir qildi.

Toza va sadoqatli sevgi to‘g‘risida yana nimalar deyish mumkin? U munosabatlarni salbiy ta’sirlardan himoya qiladi. U ko‘plab yaxshiliklar olib keladi. Dotti va men ham turmush qurganimizda bokira edik, nikohdagi jinsiy aloqa va his–tuyg‘ularimizda ham bir–birimizga sodiqmiz. Bu esa nikohgacha bo‘lgan homiladorlikning tashvish va azoblarini boshdan kechirmaganimizdan dalolat beradi. SHuningdek, chaqaloqdan voz kechish va hali turmush qurishga tayyor bo‘lmasdan homiladorlik bois uylanishga ruxsat olish kabi holatlarga ham to‘qnash kelmaganmiz.

Biz jinsiy aloqa orqali hayotimizga kirib kelishi mumkin bo‘lgan biror–bir kasallikdan himoyalangan edik.

Biz er–xotinlardan biri o‘tmishdagi sevimli kishisi bilan taqqoslab, jinsiy hayotidan ko‘ngli to‘lmay yashash holatidan himoyalangan edik. Va o‘z navbatida, biz o‘zaro munosabatlarimizdan endi to‘laqonli tarzda lazzatlanamiz.

SHuningdek, biz nikohdan tashqaridagi aloqa keltiradigan xoinlik va xiyonat azobidan himoyalanganmiz. Natijada, biz o‘tmish ruhi ishonchni buzmagan jinsiy munosabatlar yaqinligidan rohat olamiz. Mana, sadoqatli sevgi nimalarni olib kelishi mumkin. Bu sevgi bir–birlarini vafodorlik ila sevadiganlar uchun ham jinsiy, ham qalban pokiza, bu esa ular o‘rtasida bebaho ishonch tuyg‘usini uyg‘otadi.

BARQAROR SEVGINI NAMOYON ETING

Balki hali yoshsiz va sevgi munosabatlarining boshlanishi arafasida turibsiz. Yoki bir necha yildan buyon oilaviy turmushda yashayotgandirsiz. Har qanday holatda ham shubha qilmasligingiz mumkin: hattoki ko‘p yillar mobaynida turli ko‘ngilsiz vaziyatlardan qochib, salomatligingizni asragan bo‘lsangiz ham, keksalik yoshi degan bir narsa baribir sizga yetib oladi.

Badaningizni ajinlar qoplab, sochlaringiz oqarganida xotiningiz siz haqingizda nima deb o‘ylaydi? Bu holat uning bilan yuz berganida qanday qaraysiz? Sizning jussangiz kichrayib, burushiqlar do‘ppayib chiqsa xotiningiz sizga qay ko‘zlari bilan qararkan? U bilan shunaqa ahvol sodir bo‘lsa, siz nimani his qilarkansiz? Agar biringiz hali ruhan va jisman baquvvat bo‘lsangiz–u, boshqangiz umr yo‘ldoshiga bu borada tenglasha olmasachi? O‘shanda siz nimalar haqida o‘ylaysiz? Keksaygan sari birortangiz yoki ikkalangiz ham ko‘rish, eshitish va harakatlanishda zaiflik paydo bo‘layotganidan shikoyat qilishni boshlaysiz. Jismoniy quvvat so‘nishi, jinsiy ishtiyoq pasayib ketishi mumkin, ana shunda ikkalangiz ham avvalgidek bo‘lolmay qolasiz.

Kelajak haqida o‘ylaganingizda, bir–biringizga yoqmay qolishingiz mumkinligidan qo‘rquvga tushasizmi? Xotiningiz qachonlardir yonida bo‘lgan erkakni sog‘inib qolishidan qo‘rqib, qachonlardir o‘rtalaringizda yongan sevgi gulxani asta–sekin so‘nib borayotganidan tashvishga tushasizmi? Hozirgi sevgingiz kelajakda ham saqlanib qolishiga nima sizga ishonch beradi? Qarang: axir atrofda sizdan ko‘ra jozibador odamlar ko‘p. Ular chiroyli, aqlli, badavlat, qaddi–qomati ham kelishgan, ularni zavqli qiziqishlar tark etmagan va umuman olganda, ular butun turish–turmushlari bilan sizdan ko‘ra qiziqarliroq. Umr yo‘ldoshingiz qachondir, “toki o‘lim bizni ayirmagunicha”, deganida tanamizni yemiradigan keksalikka qaramasdan hamisha uning yonida bo‘lishingizga ishonch hosil qilganmi? Har qanday holatda ham umr yo‘ldoshingiz yonida bo‘lishingizga ishonch unga sizning doimiy sevgingiz orqali ustuvor bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘ingiz sevgingizning abadiy davom etishiga ishonch his qilishni istaydi. Bu ishonch hech qachon chekinmaydigan va xiyonat qilmaydigan mustahkam sevgida qaror topadi.

Bunday sevgining namunasi sifatida Xudoning sevgisini ko‘rsatish mumkin, zero “Uning sodiq sevgisi abadiydir” (Zabur 135:1). “Yiqilayotganlarga Egamiz tayanch bo‘ladi, Ikki bukilganlarning qaddini rostlaydi” (Zabur 144:14). “Kaloming, ey Egam, to abaddir, U samolarda mustahkam turadi. Sening sadoqating nasllar osha davom etadi” (Zabur 118: 89–90). “Egangiz Xudoning O‘zi ... sizlarni tashlab ketmaydi, sizlarni tark etmaydi” (Qonunlar 31:6). “...Uning bizga bo‘lgan sevgisi ulug‘dir, Egamizning sadoqati to abad davom etar” (Zabur 116:2). “...Xudoning irodasiga ko‘ra, azob chekayotgan bo‘lsangiz, yaxshilik qilishda davom etinglar...” (1 Butrus 4:19). Zero, Isoning O‘zi aytgan, “Men har doim, dunyoning oxirigacha sizlar bilan birga bo‘laman” (Matto 28:20).

Bir–biringizga bo‘lgan sevgingiz hech narsaga qaramasdan mustahkam bo‘lib qolishi va butun umr davom etishi uchun nima ishonch bag‘ishlaydi? Xudodan farqli tarzda odamzotga xato qilish va toyib ketish xos xususiyat, zero odam mukammal emas. Biroq men barqaror sevgi Unda mustahkamlanishiga ishonaman, agar biz Unga umid qilsak, bu bilan turmush o‘rtog‘imizni sevish qobiliyatiga va bu sevgini kundan kun qo‘llab–quvvatlash qobiliyatiga ega bo‘lamiz. Men er–xotinlarning sinovga qanday duch kelganlari va o‘z sevgilarining halok bo‘lishiga qanday izn berganlariga guvoh bo‘lganman. SHuningdek, boshqa juftliklar sinovlardan qanday o‘tganlari va bir–birlariga bo‘lgan sadoqatlari tuyg‘ularining sovib ketmasligiga yo‘l qo‘ymaganini ham ko‘rganman. Hammasi sevgingiz abadiy davom etishi uchun qaror qabul qilish yoki qilmasligingizga bog‘liq.

Barqaror sevgi shunday deydi: “Nimaiki bo‘lmasin, men sen bilan birga bo‘laman”, – bu esa ertak emas. Bu haqiqat. Siz Xudoning aslo zaiflashmaydigan sevgisi umr yo‘ldoshingizga kuch bag‘ishlashiga, bu tuyg‘uni pokiza va to‘la kuch bilan asrashiga imkon berishingiz mumkin. Dastlabki qaroringizga qayting: “Men Xudoni o‘z hayotimda birinchi o‘ringa qo‘ygan holda, seni sevishga ahd qildim”. Xudo nikohni uch yoqlama kelishuv asosida yaratgan. U sizning turmush o‘rtog‘ingizni vaqt sinovi qo‘rqinchli bo‘lmagan sadoqatli sevgi bilan sevadi. Nima deb o‘ylaysiz, bunday sevgining bir qismi siz orqali o‘tib turishi Unga rohat bag‘ishlaydimi? SHubhasiz, U shuni istaydi. Siz bir–biringiz bilan muloqotning toza va ochiq yo‘llarini Uning uchun saqlaganingizda, U sizga umr yo‘ldoshingizni vaqt daxl etolmaydigan sevgi bilan sevishingiz uchun kuch bag‘ishlaydi. O‘z navbatida U bunday sevgining yolqinini qo‘llab–quvvatlashda davom etadi.

Muammolar va qiyinchiliklar – bu hayotning, shuningdek, oilaviy turmushning bir qismi. Barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tishingiz va hamma muammolarni hal etishingiz uchun umr yo‘ldoshingizga bo‘lgan sevgingiz qabul qiladigan, sadoqatli va barqaror bo‘lishi kerak. Biroq nimaiki qilmang va umr yo‘ldoshingizni qanchalik sevmang, baribir ba’zan o‘rtalaringizda kelishmovchilik yuz beradi. Bu o‘rinda asosiysi ulardan qochishga urinish emas, balki ularni qanday hal etishni bilishdir. Aynan shu mavzu navbatdagi bobimizdan o‘rin olgan.


Книга на Узбекском языке: 10 рецептов счастья в браке (Джош Макдауэлл)

Брачные обеты… на этом обычно заканчиваются любовные романы, но это не конец вашей любовной истории, а лишь начало совместного пути с любимым человеком. В этой книге знаменитый американский проповедник рассказывает о десяти решениях, принятых им ради того, чтобы сохранить свежесть и яркость чувств в браке с любимой женщиной. Практические рекомендации, которые автор дает на основе библейского учения и личного опыта, будут полезны и молодоженам, и супругам со стажем, желающим сделать свой брак счастливым и долговечным. Читателей ждет бонус: тест на определение своих эмоциональных потребностей.



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак