Джош Макдауэлл. Никоҳдаги Бахтнинг 10 Рецепти - (10-боб) Узбек тилида
Nikohdagi Baxtning 10 Retsepti (Djosh Makdauell) Audiokitob Uzbek tilida.
MUNDARIJA
Kirish
1–BOB. SIZ SEVGI MUNOSABATLARIDAN NIMANI ISTAYSIZ?
2–BOB. BIRINCHI QAROR. Hayotda Xudoni birinchi o‘ringa qo‘yish
3–BOB. IKKINCHI QAROR. Men qanday bo‘lsam, o‘zimni shundayligimcha sevish va qabul qilish
4–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘aroyib darajada sevimli bo‘lish. Birinchi qism
5–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘aroyib darajada sevimli bo‘lish. Ikkinchi qism
6–BOB. TO‘RTINCHI QAROR. Ajoyib tinglovchi bo‘lish
7–BOB. BESHINCHI QAROR. Muloqot san’atini egallash
8–BOB. OLTINCHI QAROR. Qabul qiladigan, sadoqatli va doimiy sevgini namoyon etish
9–BOB. YETTINCHI QAROR. Kelishmovchiliklarni tezda hal etish
10–BOB. SAKKIZINCHI QAROR. Hamisha kechirish
11–BOB. TO‘QQIZINCHI QAROR. Oilaviy byudjetga jiddiy yondashuv
12–BOB. O‘NINCHI QAROR. O‘z tuyg‘ularining tozaligi va yorqinligini asrash
10–BOB. SAKKIZINCHI QAROR. HAMISHA KECHIRISH
Uning shim va ko‘ylagida g‘ijimlar yo‘q edi. Yarqiratib tozalangan tuflisiga bemalol oynaga qaragandek qarasa bo‘lardi. U yonimga o‘tirdi va biz suhbatni boshladik. Men uning korporativ madaniyatni rivojlantirish jabhasida yuqori haq to‘lanadigan maslahatchi ekanligini bildim. Men undan ko‘proq qanday muammolar bilan to‘qnashishi haqida so‘raganimda, shu zahotiyoq javob berdi:
– Ishdagi nizolarni hal etishga layoqatsizlik.
– Ularni yengib o‘tishdagi birinchi raqamli to‘siq nimadan iborat? – deya surishtira boshladim.
U bir lahza ham o‘ylamasdan javob berdi:
– Kechirim.
Va odamlar o‘z xafagarchiliklariga o‘ralashib qolmasliklari, kechirishlari va o‘zlari xafa qilganlardan ham kechirim olishlari bundagi eng og‘ir vazifa ekanligini qo‘shimcha qildi.
Agar har birimiz kechirmasak va sevimli kishimizdan kechirim olmasak sevgi munosabatlaridagi va nikohdagi yaqinlikning iloji yo‘q. Bizni shundoq ham chiriyotgan xafagarchiliklar va aybdorlikning achchiq tuyg‘usi aqldan ozdirib qo‘yadi. Aslida, Tennessi shtatidagi Noksvill ruhiy kasalliklar klinikasi direktori qachondir menga aytganidek, agarda uning mijozlarining ellik foizi kechirilganligini bilsalar, uyga ketaverishlari mumkin.
Biz haddan ziyod yashirin xafagarchiliklarga, o‘zaro e’tirozlarga, buzg‘unchilik, nokaslik, qalblar kechirim bilmaydigan madaniy muhitda yashayapmiz. Biroq biz unga muhtojlik sezamiz. Aynan kechirim – barcha munosabatlar uchun eng yaxshi muolajadir. U ziddiyatni kamaytirib, bir–birimizga yaqin bo‘lishimizga ijozat beradi. Agar siz biror kishini kechirishga layoqatsiz deb hisoblasangiz, bu holda o‘zingizning nozik taraflaringizni unga ko‘rsatishdan avval yaxshilab o‘ylab ko‘ring.
Bizning kechirish va kechirimni qabul qilish layoqatimizga ko‘p narsalar bog‘langan. Tasavvur qilib ko‘ring: Xudoni o‘z hayotingizda birinchi o‘ringa qo‘yish, o‘zingizni qanday bo‘lsangiz, shu holingizcha qabul qilish, muloqot san’atini egallash, qabul qiluvchi, sadoqatli va barqaror sevgini namoyish etish, nizolarni tezda hal etish – bularning hammasiga siz kechirishingiz, kechirim so‘rashingiz va sizdan kechirim so‘rayotgan insondan buni qabul qilishga qodir bo‘lganingizda erishishingiz mumkin.
“KECHIRIM” FE’LI NIMANI ANGLATADI?
Kechirim nima ekanligini anglatuvchi bir qancha tavsiflar bor. Mana ulardan ikkitasi:
- Kechirim – xotiradan xafagarchiliklarni o‘chirish, qaytarilmagan qarzlaringizni unutish, munosabatlarni toza sahifadan boshlash, nazaringizda o‘zingiz haqli deb bilgan jazo va qasosdan voz kechish, murosa orqali kelishuv va sizni xafa qilgan insonga bo‘lgan barcha e’tirozlardan voz kechish. Kechirim – faqatgina “men seni kechiraman”, degani emas, shuningdek, sizga yetkazilgan xafagarchilikning hissiy oqibatlarini tashlab yuborish ham demakdir. Kechirim harakatga undaydi, bu esa kimdir sizdan shu haqda so‘rashini kutib o‘tirmasligingiz kerakligini bildiradi.
- Kechirim – shuningdek, yon berish yoki berib yuborish demakdir. Agar kimdir sizning huquqingizni buzsa, kechirim sizning zaruriy qasosingiz oqlanishiga bo‘lgan ishonchdan va javob zarbangizdan o‘z xohishingiz bilan voz kechishingizni anglatadi. Kechirim – odil hukmni talab etishni emas, balki shafqat qilishni bildiradi.
Bizga kechirish amr etilgan. Iso shunday degan: “Agar sizlarga yomonlik qilganlarni kechirsangizlar, osmondagi Otangiz ham sizni kechiradi. Bordi–yu, sizlar boshqalarning gunohlarini kechirmasangizlar, Otangiz ham sizni kechirmaydi” (Matto 6:14–15).
Ushbu oyatlarni ilk marotaba o‘qiganimizda, go‘yo, Iso bizning kechirimimiz boshqalarning kechirimiga asoslangani haqida gapirmoqda, deb o‘ylash mumkin. Biz Kalomning boshqa parchalaridan bilamizki, Xudoning bizdagi gunohlarni kechirishi faqat Masihga va Uning biz uchun tovon to‘lashi orqali qilgan qurbonligiga asoslanadi. Agar shunday bo‘lsa, bizning odamlarni kechirishimiz Xudo bizni kechirishiga qanday bog‘liq?
Mening ishonishimcha, Iso bu o‘rinda kechirimni istamaydigan odamlar oldida Xudoning marhamatini va inoyatini chinakamiga bilish lozimligi turganligi, bu esa ular o‘z gunohlari tufayli keladigan yovuzlikni tub–tubigacha tushunib yetganlarida sodir bo‘lishi haqida aytadi. Odamlarning gunohi begunoh va mukammal Xudo O‘g‘lining behad azoblari va o‘limiga sabab bo‘lgan. Buni anglashning tabiiy natijasi tavba qilishdir va bu biz noloyiq bo‘lgan Xudoning marhamatini va Uning buyuk inoyatini, ya’ni, Samoviy Otaning shafqatini va sevgisini bizga in’om etadi. Bunday marhamat va sevgiga guvoh bo‘la turib, boshqa odamlarga qanday qilib marhamat va sevgi ko‘rsatmaslik mumkin? O‘ylashimcha, Iso bu o‘rinda aynan shu haqda gapiradi.
Bu haqiqat, biz barchamiz gunohlarimiz kechirimiga noloyiqmiz, biroq Kalom shunday deydi: “Bizni U gunohlarimizga qarab jazolamas, yomonliklarimizga qarab qaytarmas. Samolar zamindan naqadar balanddir! Egamizning sodiq sevgisi ham Undan qo‘rqqanlarga shunday yuksakdir” (Zabur 102:10–11). Kalom shu tariqa gunohlarimiz bizdan qanchalik bartaraf qilingani haqida aytishda davom etadi: “SHarq g‘arbdan qanchalik uzoq bo‘lsa, gunohlarimizni bizdan shu qadar uzoq qiladi” (Zabur 102:12).
Kalomda nima uchun “shimol janubdan qanchalik uzoq bo‘lsa” deyilmagan, balki “sharq g‘arbdan qanchalik uzoq bo‘lsa” deyilgan? “SHarqdan g‘arbgacha” – bu qadimiy yahudiycha ifoda bo‘lib, cheksizlikni anglatadi. Siz shimol janubdan qancha uzoqda ekanini o‘lchab ko‘rishingiz mumkin), ammo sharqdan g‘arbgacha bo‘lgan masofani o‘lchay olmaysiz. Agar sharq tomon yoki g‘arbiy yo‘nalish bo‘ylab yo‘l olsangiz, bu holda abadiy yuraverishingiz mumkin. Bir o‘ylab ko‘ring: “Egamiz rahmdil, inoyatlidir, Jahli tez chiqmaydi, sodiq sevgisi mo‘ldir” (Zabur 102:8). Sizning gunohlaringiz abadiy yo‘qolgan, negaki Uning kechirimi mutloqdir. Bu haqiqatdan ham odamlarni kechirishga ibrat bo‘ladigan namunadir.
KECHIRIMGA NIMA XOS EMAS?
Kechirim so‘rash – bu faqatgina, “bo‘pti, kechiraqol, shunday bo‘lib qoldi”, degani emas. Biz shunday deganimizda muammoni tan olamiz, ammo kimgadir “otilib chiqqanimiz” uchun javobgarlikni emas. Kechirim so‘rash – bu “men nohaq edim, shunday bo‘lganidan afsusdaman. Sen meni kechirasanmi?” deb aytishdir. SHuningdek, nima uchun kechirim so‘rayotganingizni bilishingiz ham muhim.
Kechirim qandaydir shartlar bilan kelishib olmaydi. Biz insonning o‘zgarishiga aniq kafolat berolmaymiz. Kechirim mana bu so‘zlarni aytish ham emas: “Agar o‘z hayotingni tartibga keltirsang, men seni kechiraman”. Kechirim – kimdir o‘z harakatlarini o‘zgartirishi uchun savdolashish degani ham emas.
Kechirim go‘yo hech narsa bo‘lmagandek mug‘ombirlik qilish ham emas. SHunday odamlar borki, go‘yo hech qanday muammo bo‘lmagandek o‘zlarini tutib yurishadi. Agar inson qiyin vaziyatda o‘zini shunday tutsa, bu holda muammo qaytib, uning hayotini zaharlashda davom etadi.
Kechirim befarqlik ko‘rsatish degani emas. Bu kabi munosabat – “xo‘sh, nima bo‘pti?” – inson muammoning butun ahamiyatini tushunmayotganini ko‘rsatadi.
Kechirim kimningdir qilmishiga ko‘z yumishni anglatmaydi. Kechirim evaziga xafagarchilikni hal eta olish kimningdir gunohidan ko‘z yumish kerakligini bildirmaydi.
Kechirim – “Kel, bu haqda unuta qolaylik” degani ham emas. Muammo shundaki, hissiyotlar ko‘p hollarda xafagarchiligimizni unutishga izn bermaydi. Ko‘pgina vaziyatlarda hal etilmay qolgan qandaydir kelishmovchilik yangi bezovtalik yoki xafagarchilikning manbasiga aylanadi. “Unutgan” holda biz kechirimga ega bo‘lolmaymiz hammasi aksincha bo‘ladi: odatda aynan kechirim natijasida xafagarchiliklar unutiladi.
Kechirim sabr–toqat ko‘rsatish degani ham emas. Muammoni hal etishni orqaga surish hech narsa bermaydi va munosabatlarni yaxshilashga yordam berolmaydi.
Va nihoyat, kechirim – bu hissiyot emas. Biz ba’zan kimnidir kechirishga tayyorligimizni his etamiz, ba’zan esa bunday tuyg‘u bizda bo‘lmasligi mumkin. Biz kimnidir kechirishimizni yoki bizni kechirishlarini so‘rashga hissiyotlarimiz undamaydi – u bizning tanlovimizga asoslanadi. Biz kechirishimiz va kechirim so‘rashga tanlovni o‘zimiz qilishimiz kerak, negaki shunday yo‘l tutish to‘g‘ri bo‘ladi.
Men Dottiga sevgi ifodasi mutlaqo aks etmagan javoblarni qaytargan holatlar bo‘lgan, ba’zan esa Dotti mendan eshitgan keskin gaplarga o‘zi aybdordek bo‘lib tuyulardi. Bunday daqiqalarda nohaqligimni tushunishim va tan olishim yoki undan kechirim so‘rashim kerakligi haqidagi tushunchaga kelishim qiyin kechardi. Biroq mening qalbim va ongim Kalomda nimalar deyilganini unutmaydi: “Sevgi odobsizlik qilmaydi, xudbinlik qilmaydi, achchiqlanmaydi, kek saqlamaydi” (1 Korinfliklar 13:5).
Bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutasiz? Aytib qo‘ygan gaplaringizning barchasini ham aytmaslik kerakligini bilasiz, lekin sizda kechirim so‘rash uchun hech qanday xohish yo‘q. Bunday damlarda siz hattoki turmush o‘rtog‘ingiz sizdan kechirim so‘rashi lozimligi haqida o‘ylab qolasiz.
Mana men nimani o‘zim uchun o‘zlashtirib oldim: hissiyotlarim Xudoning haqiqatiga qarshi chiqqanida, men unga bo‘ysunishim kerak, bunday istakning menda bor–yo‘qligi muhim emas. Va mana qanday mo‘‘jizaviy holat yuz beradi: hissiyotlarim mening ortimdan yuradi. Boshqacha qilib aytganda, men to‘g‘ri yo‘lga qadam tashlaganim zahoti hissiyotlarim ham shu yo‘nalishga tushib oladi.
Ba’zan men obrazli qilib aytganda, o‘z yoqamdan tutib – buni xohlasam yoki xohlamasam ham – xonaga kirib Dottidan uzr so‘rayman. Gohida uzrimni taxminan shunday so‘zlar bilan boshlayman: “Bilaman, senga aytgan gaplarimning hammasini, tag‘in bunday ohangda gapirishim kerak emasdi. Men nohaq edim”. Bunday damlarda so‘zlarim hissiyotlarim bilan unchalik ham qovushavermaydi, ammo gapirishda davom etaveraman: “Dotti, bilaman, gaplarim seni xafa qilib qo‘ydi, ammo men sening xafa bo‘lishingni istamayman”. SHunda ovozim yumshaydi. Men hissiyotlarim yomon bo‘lganligini ko‘rishda davom etaman va o‘zim sevadigan, ammo xafa qilib qo‘ygan insonni payqay boshlayman. Kechirish yoki kechirim so‘rash qarorining o‘zi ko‘z yoshlarga va bunga monand hissiyotlarni hosil qilishi mumkin.
Ha, ba’zan kimnidir kechirish yoki o‘zimiz kechirim so‘rashimiz lozimligi haqidagi hissiyotlar sizda bo‘lmasligi mumkin, ammo sevgan holda qanday yo‘l tutish to‘g‘ri bo‘lishi haqida bir qarorga keling, shunda hissiyotlaringiz qaroringiz ortidan ergashadi. Qaroringizning o‘zi sizni tashabbus ko‘rsatishga undaydi. Siz qandaydir qadamlar qo‘yganingizda, hissiyotlaringiz ham qadamba–qadam birga yuradi. Axir Iso sizni behad sevib, hattoki bunga o‘zingiz nomunosib bo‘lganingizda ham siz uchun o‘limga borganidan xursand emasmisiz? Agarki siz o‘zingiz shunday muruvvut va marhamatga erishgan bo‘lsangiz, bu sizga kechirimga muhtoj bo‘lganlar bilan muruvvat va marhamatni baham ko‘rishingiz uchun kuch bag‘ishlaydi.
KECHIRIMDAN KO‘RA KATTAROQ
Agar siz chuqur va yaqin munosabatlarning barcha jihatlarini boshdan kechirishga tayyorlansangiz, sevgan insonlaringizni kechirishingiz zarur. Sevgan insoningiz bilan yaqin munosabatlarni saqlash uchun ham kechirim so‘rash lozim. Ammo kechirimning yana bir jihati bor, bu – o‘zini o‘zi kechirishdir. Ba’zan bu kimnidir kechirishdan ko‘ra og‘irroq bo‘lib tuyuladi.
Kichkinagina restoran asalari uyasiga o‘xshab guvillardi. Stol atrofida mendan tashqari jamoatimiz guruhidan yetti kishi o‘tirardi – biz birgalikda tushlik qildik. Hammasi mening do‘stlarim edi. Suhbat davomida beixtiyor do‘stim Deyvni jim qolishga sabab bo‘lgan keskin e’tirozni bildirib qo‘ydim. Biroq aytganlarim uni shu ahvolga solgani o‘zimga qorong‘i edi.
Uyga qaytayotganimda nimalar deganim asta–sekin o‘zimga ayon bo‘la boshladi. “Ehtimol gaplarim Deyvni chindan xafa qilib qo‘ygandir”, – deb o‘yladim. Mashinani orqaga qaytarib Deyvni tag‘in uchratish umidida restoranga qarab yeldim. Men undan albatta kechirim so‘rashim kerak edi.
Deyv chindan ham haligacha restoranda ekan. Men uni bir chekkaga tortib shunday dedim:
– Menga qara, do‘stim, men nohaq ekanligimni va senga nisbatan qo‘pollik qilganimni tushundim. Seni xafa qilib qo‘ydim, shekilli, bundan juda afsusdaman. Sen meni kechirasanmi?
Deyv meni hayron qoldirib dedi:
– Yo‘q!
“Ehtimol, noto‘g‘ri eshitgandirman”, deb o‘yladim va shu bois yana bir bora kechirim so‘rashga urindim.
– Sen o‘sha gaplarni aytganingda mutlaqo nohaq eding, – deb javob qaytardi u.
Albatta, agar o‘zim nohaq ekanligimni tushunmaganimda, restoranga qaytmagan bo‘lardim. SHundan kelib chiqqan holda uchinchi marotaba unga tushuntirishga urindim, u esa faqat shu gaplarni takrorlardi:
– Bunday narsalarni gapirishdan avval yaxshi o‘ylab ko‘rish kerak. Xullas yo‘q, men seni kechirmayman.
SHubha yo‘qki, atrofimda ham biror sabab tufayli meni kechirmagan odamlar bo‘lgan, ammo bu haqda haligacha yuzimga tik qarab aytishmagandi. Deyvning so‘zlari karaxt qilib qo‘ydi – ular meni jiddiy iztirobga soldi. O‘zimni ahmoq bo‘lganligim va gapirganlarim uchun fikran jazolay boshladim. Umuman olganda, nohaq ekanligim o‘zimga ayon edi. Men hattoki buning uchun do‘stimdan kechirim so‘radim. Ammo bu safar bo‘lgan voqea uchun o‘zimni jazolab shunchalikka bordimki, Deyvning tarafiga o‘tib oldim: men o‘zimni kechirmadim. Men o‘zimni butunlay bebaxt his qildim.
O‘zini jazolash, o‘ziga yon berishdan voz kechish bugungi kunda sevgi munosabatlarini zaharlaydigan haqiqiy vaboga aylandi. O‘zimizni jazolagan holda (nimadir qilganingiz yoki qilishga ulgurmagan ishlaringiz uchun), biz o‘zimiz va sevgan insonimiz o‘rtasida to‘siq o‘rnatamiz. Avvalgi boblardan birida yaqin kishisini sevish uchun o‘zini sevish naqadar muhim ekanligi haqida gapirganimiz yodingizda bormi? Agar kechirish uchun o‘zingizni sevishga layoqatsiz bo‘lsangiz, hayotingizda alohida o‘rin tutgan biror insonga yoki umr yo‘ldoshingizga sevgi namoyon etishingiz uchun katta kuch sarflashingizga to‘g‘ri keladi.
O‘zini xo‘rlashda o‘ziga xos ziddi zahar bor. U minnatdorchilik deb ataladi. Qanchadir vaqt o‘zimdan jahlim chiqdi, keyin esa shu fikrdan qalbim yorishdi: mening gunohlarim kechirilishi uchun Iso beshafqat o‘lim sari borgan, agar sodir etganlarim uchun o‘zimni kechira olmasam, vaholanki, U buning uchun meni kechirgan, bu esa qalbim noshukur ekanini bildirmaydimi? Men noshukur bo‘lishni mutlaqo istamasdim, shu bois o‘zimga aytdim: “Rabbim, Deyvga nisbatan qilgan ahmoqona e’tirozim uchun meni kechirishingni so‘ragandim, bilamanki, Sen meni kechirgansan. Men bunga loyiq emasman, ammo O‘z marhamating, O‘z inoyating ila meni kechirgansan. Sening kechiriming uchun Sendan naqadar minnatdor ekanligimni bilishingni istayman. Buni ko‘rsatish uchun, Sening kechirimingni qabul qilaman, o‘zimni ham kechiraman”.
Xudoning kechirimi uchun minnatdorligim o‘zimni kechirishni qabul qilishim uchun menga kuch bag‘ishladi. Men ozod bo‘lgandim. Men o‘zimni endi bebaxt deya hisoblamasdim – umidsizligim minnatdorchilik quvonchiga aylanib ketgandi. Va mening quvonchim Deyvni chindan ham og‘zini yopib qo‘ydi. U mening endilikda nochor bo‘lib qolishimni xayol qilgandi, hammasi esa teskari tus oldi: men hayotdan bahra olib, imkon boricha unga o‘z sevgimni ko‘rsataverdim, bu esa uni battarroq g‘azabga solardi. SHu tariqa taxminan bir yil o‘tdi. Oxir–oqibat, mening erkinligim va xayrixohligim o‘z ishini qildi, men o‘zimning qadrdon do‘stimni qaytarib oldim. Munosabatlar shifo topgandi, endi biz avvalgidan ham ortiqroq darajada yaqin do‘stlarga aylandik. Ha, Xudoning kechirimi uchun minnatdorchilik o‘zimizni kechirishimiz uchun erkinlik beradi.
ODAMLARNI KECHIRA OLMASLIGIMIZ SABABLARI
Bizni xafa qilgan kishini kechirishdan bo‘yin tovlashimiz uchun hech qanday salmoqli oqlovlar yo‘q. Ammo bizga kechirimni qiyinchilik bilan beradigan sabablar bor, ba’zan esa kechirishni umuman uddalab bo‘lmaydi.
Biror narsada o‘ziga ishonmaslik hissi – biz kechirmasligimizning sabablaridan biri. Agar biz o‘zimizda yoki sevgi munosabatlarida ishonchsizlikni his etsak, o‘z haqligimizni isbotlash uchun gapimizda turib olgan holda turli sabablar izlashimiz mumkin. Kimnidir kechirmasdan undan yuqori bo‘lish – bu garchi yolg‘on bo‘lsada, o‘z kuchiga ishonish uchun ayrim hissiyotlarni hosil qilishi mumkin.
Adovat – bu biz kechirmasligimizning yana bir sababi. O‘zini nohaq kamsitilgan deya his qilishda ham qandaydir mamnuniyat bor.
Bundan ko‘p yillar muqaddam Pomona shahridagi Kaliforniya universitetida “Sevgi inqilobi” mavzusida chiqish qilgandim. Ma’ruzamdan so‘ng oldimga bir yosh ayol keldi.
– Bilasizmi, janob Makdauell, bugun aytib berganlaringiz menga juda yoqdi, ammo men odamlarni siz da’vat etayotganingizdek seva olmayman.
Men uning so‘zlaridan taajjubga tushdim.
– Nima uchun yo‘q? – hayron bo‘lib so‘radim.
– SHuning uchunki, – deb javob berdi ayol, – mendan nafratlanadigan odamlardan nafratlanish menga huzur bag‘ishlaydi.
Ba’zan biz o‘zimizning “haqli nafrat”imizga qat’iy turib olganimiz uchun ham kechirmaymiz.
O‘zimizga achinish ham bizni kechirimdan tortib turishi mumkin. Bu tuyg‘u doimo shunday deydi: “O, hamma meni xafa qiladi, men hammadan ko‘proq pand yeyman, men boshqa kechira olmayman!”
Aybni boshqaga to‘nkash bizni kechirimdan to‘sishi va kimgadir yordam qo‘lini cho‘zishga xalaqit berishi mumkin. Bu tuyg‘u shunday deydi: “Men haq edim! Men boshqacha emas, shunday yo‘l tutishga haqqim bor edi”.
Yashirin yovuzlik nega kechirimni xohlamasligimiz borasida kimdir uchun oqlov bo‘lishi mumkin.
Bizni xafa qilishdan to‘xtamayotganlarni muhokama etish – bizni xafa qilganlarni kechirmasligimizning keng tarqalgan sababi. Axir bizni tez–tez xafa qiladiganlarni qanday qilib kechirish mumkin? Bizdan uzr so‘rashni hattoki o‘ylab ko‘rmayotganlarni kechirishimiz kerakmi, doimo bizni haqorat qiladiganlarni aytib o‘tirmasak ham bo‘lar? Ha! Iso bundan ham nariga o‘tadi. U bizni “dushmanlarimizni sevish”ga (qarang: Matto 5:44) va bizga nisbatan kimdir necha bora nohaq yo‘l tutganidan qat’iy nazar, kechirimga tayyor bo‘lishga da’vat etadi. U bizni “etmish karra yetti marta” kechirishga chorlaydi (Matto 18:22), bu esa bizning kechirimimiz cheksiz bo‘lishi lozimligini bildiradi.
“OH, KECHIR, AZIZIM” SO‘ZI YAQQOL YETARLI BO‘LMAY QOLGANIDA
SHunday vaziyatni tasavvur qilaylik: Dotti qandaydir uchrashuvga shoshilmoqda. Oshxonada chalkashib, stol ustiga nimanidir shoshib qo‘yayotganida mening qahva idishimni ag‘darib yuboradi. Men kuyib qolmaslik uchun oyoqlarimni beixtiyor tortib olaman. “Oh, kechir, azizim, men ataylab qilmadim! Men shoshilib turibman”. Bir lahzadan so‘ng uning ortidan tashqi eshik qarsillab yopiladi.
Bunday vaziyatda “oh, kechir, azizim” yetarli bo‘ladimi? So‘zsiz. Hech qanday katta bir zarar yetgani yo‘q, umuman olganda bunga o‘xshash noxushliklar kamdan kam yuz beradi. Dottining to‘kib yuborgan qahva uchun qattiq tashvishlanishiga hojat yo‘q, deb o‘ylayman. Bu albatta, kundalik mayda–chuydalar.
Biroq hayotda umuman mayda bo‘lmagan narsalar ham uchrab turadi, o‘shanda birgina “oh, kechir, azizim” yaqqol yetarli bo‘lmaydi. Biz sevimli insonimiz hayotida qalb azobiga sababchi bo‘lganimizda, kechirim so‘rashdan ortiqroq nimadir kerak bo‘ladi. Bizning kechirim haqidagi iltimosimiz Kalomda tavba deb aytiladiganni ham o‘zida jo etishi kerak.
Havoriy Pavlus shunday deydi: “...Xudo yaxshilikka ishlatadigan xafagarchilik tavbaga olib keladi, tavba esa najotga yetaklaydi...” (2 Korinfliklar 7:10). Bizning harakatlarimiz, xudbinona yoki o‘ziga ishonch ruhidagi munosabatlarimiz sevgan kishilarimizga azob keltirganida, Xudo bizni sodir etganlarimizga tavba qilishga undaydigan bir qayg‘uni his etishimiz kerak. Biz kechirim olishga intilishimiz lozim, kechirimning o‘ziga kelganda esa muhim bir qoida borligini aytib o‘taylik. Og‘riqli qalb yarasi yetkazilgan munosabatlarda shifo topishning ko‘lami qanchalik og‘riq yetkazganligingizni tushunishingiz ko‘lami bilan o‘zaro mutanosib. Qachonki siz kimgadir azob berganingizni chuqur anglaganingizda, bu endilikda sevimli insoningizga shu kabi azob yetkazmaslik uchun kuchli sababga aylanadi.
Bu qoidalar bilan meni do‘stlarim Deyvid va Tereza Fergyusonlar tanishtirgan. Ularning o‘zlari tavba orqali kechirim olishga intilish qalban shifo topishga va er–xotin o‘rtasida yanada chuqur o‘zaro aloqalarga olib kelishiga jonli misoldirlar. Ular o‘z oilaviy munosabatlariga bag‘ishlangan “Yolg‘izlikka “yo‘q” deb aytgin” nomli ajoyib kitob yozishgan.
Ikkalasi ham, Deyvid va Tereza ham o‘n olti yoshga to‘lganlarida, o‘z ota–onalariga qat’iy talab qo‘yishdi: “Nikohdan o‘tishimizga ruxsat bering yoki biz sizlarning ruxsatingizsiz qonuniy asosda uylanish mumkin bo‘lgan shtatga qochib ketamiz”. O‘sha paytda ikkalasi ham masihiy emasdilar. Deyvidning so‘zlariga ko‘ra, bunday isyonchi ruh ularning ota–onalariga va oxir–oqibat o‘zlariga ham ko‘plab azoblar keltirdi. Ular kechirim so‘rashning foydali va foydasiz usullarini namoyon etgan hayotiy misollarni mana bu tarzda bayon etishadi:
“Tereza va men tunni mahalliy mehmonxonada o‘tkazdik. Ertasi tong payti hali Tereza uxlab yotganida do‘stim eshikni taqillatdi. Biz Stenli bilan bilyard o‘yinining ashaddiy muxlislari edik, u meni o‘yinga chaqirish maqsadida kelgandi. Menda hozir asal oyi o‘tayotganligi unga mutlaqo farqsizdek tuyulardi, o‘zim ham uning taklifini rad etishga sabab ko‘rmadim. Men tezda kiyindim va bilyardxonaga yo‘l oldik. Mehmonxonadan chiqayotganimda hali uxlab yotgan Terezaga biror bir tarzda xabar qoldirish xayolimga kelmabdi.
Keyin nimalar bo‘lganini Tereza aytib beradi: “Uyg‘onib, Deyv va uning mashinasi yo‘qligini ko‘rgach, nima deb o‘ylashni ham bilmay qoldim. Nahotki men uning jahlini chiqarishga ulgurgan bo‘lsam? Balki u fikridan qaytgandir va erim bo‘lishni boshqa istamas? Axir o‘shanda bor–yo‘g‘i o‘n olti yoshga to‘lgandim, o‘zimni tashlandiq his qildim va endi nima qilishimni bilmasdan butunlay sarosimada qoldim. Oxir–oqibat, mehmonxonani tark etdim, o‘zimni juda yolg‘iz his qilgan va yig‘idan to‘xtamagan ahvolda bir necha kvartal oshib ota–onam uyiga yetib keldim”.
Men (Deyvid) nihoyat Terezaning ota–onasi yashaydigan uyga kelganimda uni ko‘z yoshlarini oqizib turgan holatda uchratdim va ana shundagina ahmoqona ish qilganimni tushundim. Men unga taxminan shunday dedim: “Men nohaq edim. Endi yur, ketamiz”. Bu so‘zlarda uning azob va his–tuyg‘ularini tushunish ifodasi pitssa buyurtma qilishni tushunishdan ortiq emasdi. Men o‘zimning nohaqligimni tan olgandek edim, u ham meni kechirgandek edi. Ushbu aniqlanmay qolgan holat keyingi o‘n besh yil mobaynida tutundek buruqsishda davom etdi. Terezaning botiniy azoblariga nisbatan mening hissizligim nikohimizning birinchi kunlaridagi qalban haqiqiy yaqinligimizga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Masihiy bo‘lganimdan so‘ng, men yana shu og‘riqli masalaga qaytdim. Harqalay, bu safar shunday so‘zlarni aytgan bo‘lsam kerak: “Ha, men bilyard o‘ynashga ketganimda chindan ham nohaq edim. Sendan o‘tinaman, kechir meni”. SHunday bo‘lsada, bu safar ham men uning chinakam qalb og‘riqlarining tub–tubigacha kirib bormagandim, shu tariqa bu vaziyat yana bir necha yillar mobaynida yashirin holatda qolib ketdi.
Men asta–sekin o‘shanda o‘zimni qanchalik xudbin tutganimni anglab yetdim va nihoyat ongim yorishdi: imondagi dard–alam tavbaga olib keladi. Men asal oyimizdan buyon Terezaning dil og‘rig‘i munosabatlarimizda avvalgidek hal qilinmagan masala bo‘lib qolayotganini bilardim. Va mana o‘shandan o‘n besh yillar vaqt o‘tib, xotinimga hurmat va e’tibor ko‘rsatish istagida uning yoniga o‘tirdim–da, chuqur birdamlik hissiga ehtiyoj men uchun qanchalik muhim ekanligi haqida so‘z ochdim.
O‘zimni hayajon qamrab olayotganini sezib, unga shunday dedim:
– Tereza, sen o‘sha tong mehmonxonada his qilgan azoblaringni aytib berishingni xohlayman. SHoshilmasdan istaganingcha gapiraver – seni tinglashni istayman. O‘shanda senga qanchalik chuqur jarohat yetkazganimni tushunmoqchiman.
Umr yo‘ldoshingizga shu tariqa murojaat qilib, siz o‘zingizdagi himoya qobig‘ini yechasiz va soqov himoyangizdan chiqasiz. Siz ehtimol, eshitish og‘riqli bo‘lgan haqiqat oldida ochilasiz. Ammo o‘zingiz yetkazgan o‘sha og‘riqning tub–tubigacha yetib borish shifo topish jarayoni uchun o‘ta muhim – siz uchun ham, turmush o‘rtog‘ingiz uchun ham. Birinchidan, uning azoblarini tushunish jarayoni bu kabi xafagarchiliklar kelgusida yuz bermasligi uchun imondagi dard–alamni va haqiqiy tavbani hosil qiladi. Ikkinchidan, siz turmush o‘rtog‘ingizning azoblarini u bilan birgalikda baham ko‘rsangiz, Xudo ikkalangizda ham qo‘rquvdan va mashaqqatli kechirimdan ozod bo‘lish hissini uyg‘otadi.
Tereza deyarli yarim soat gapirdi, mening nazarimda esa to‘rt soat o‘tib ketgandek bo‘ldi. Xotinim qalbida ishlayotgan imon unga o‘z tuyg‘ularini ayblovchi “sen” jumlasi o‘rniga “men” deb gapirishiga izn berdi.
– Men uyg‘onganimda mutlaqo yolg‘izlikni his etdim, – deb hikoya qildi u, – juda qo‘rqib ketdim. Menga xiyonat qilishgandek sezdim o‘zimni. Xo‘rlik hissi shunchalik chuqur ediki, sen uchun va umuman kim bo‘lmasin hamma uchun hech bir ahamiyatsizdek bo‘lib tuyuldim.
Xotinim boshidan kechirgan qo‘rquv, o‘ziga ishonchsizlik, xo‘rlik va azob haqida batafsil gapirib berayotganida, yuragim ezilib ketdi. Men o‘zini shunchaki foydalanilgan, haqoratlangan va tashlab yuborilgan holda his etib ota–onasining uyiga ketayotgan o‘n olti yoshli qizni ko‘z oldimga keltirdim.
Tereza ikkalamiz kun bo‘yi unga o‘shanda yetkazgan azoblarni eslab ko‘z yoshi to‘kdik. CHin yurakdan tavba qilib va yangi tushunchalar bilan uning chuqur og‘riqlariga qayg‘urgan holda xotinimga shunday dedim:
– Tereza, seni azobga qo‘yganim uchun dilim og‘riyapti. Seni shunchalik qiynab qo‘yganimdan o‘rtanib ketyapman. Sen meni kechirasanmi?
Uning javobi o‘zaro yaqinlikning kuchli tan olinishi bo‘ldi:
– Men seni ko‘p yillar avval kechirganman, biroq azoblarim sen uchun ahamiyatsiz ekanligini bilishim juda muhim edi.
O‘n besh yildan so‘ng o‘sha voqea haqiqiy taskinning marhamatiga olib keladigan samimiy tavbaning ko‘z yoshlari bilan yuvilgach, bizning nikohimiz yaqinlikning yangi bir darajasiga ko‘tarildi”.
Ehtimol, sizning nikohingiz bunday qattiq zarbaga uchramagandir, ammo barchamiz ham sevimli insonimizga qaysidir darajada azob berganmiz. Tashabbus ko‘rsatib, turmush o‘rtog‘ingizdan o‘zingiz qoldirgan og‘riqlarni baham ko‘rishini so‘rang. O‘z qilmishlaringiz uchun javobgarlikni zimmangizga oling, birinchi navbatda, bor kuchingiz bilan o‘zingizni u boshdan kechirgan azob–uqubatlarga tenglashtirishga intiling. Va yana bir gap: iztiroblaringiz xafagarchilikka osongina aylanib ketadigan aybni o‘zingizga olmang – shunchaki imondagi qayg‘uni qabul qiling. Havoriy Pavlus bizga eslatib o‘tadiki, “Bu dunyo keltiradigan xafagarchilik esa o‘limga olib boradi” (2 Korinfliklar 7:10). Imondagi qayg‘u, chinakam tavba–tazarru sizga yaqin insonga taskin beradi va ruhlantiradi. Hasrat bilan tavba qilgan holda siz sevimli insoningizga azob berganingizni va bu haqda chin dildan afsuslanayotganingizni tan olasiz.
Xudoga tavba qilgan holda umr yo‘ldoshidan kechirim so‘rash erkinlikka, shifo topishga va sevgi munosabatlaridagi birlashuvga olib boradi. Men Xudodan o‘zimni kechirimli va kechirim so‘rashga layoqatli qilishini so‘rab, tez–tez shunday so‘zlar bilan ibodat qilaman:
Samoviy Ota, Sening marhamating va inoyating ila men kechirilganman va buning uchun Senga minnatdorchilik bildiraman. Men Sen kabi kechirishni istayman. O‘zim xafa qilgan insonni uchratganimda birinchi bo‘lib kechirim so‘rashimga meni undagin. Men sevimli insonim shifo topishi uchun o‘zim unga yetkazgan azobni tub–tubigacha tushunmoqchiman. Meni xafa qilganlar hatto bu haqda so‘ramasalar ham ularni inoyat ila kechirishimga yordam bergin. Menga g‘amxo‘r va kechirimli qalb ato etgin. SHunday bo‘lsinki, men orqali Sening kechiriming xotinimga, oilamga va meni qurshab turgan olamga sizib kirsin. Iso Masih nomi bilan, omin.
Книга на Узбекском языке: 10 рецептов счастья в браке (Джош Макдауэлл)
Брачные обеты… на этом обычно заканчиваются любовные романы, но это не конец вашей любовной истории, а лишь начало совместного пути с любимым человеком. В этой книге знаменитый американский проповедник рассказывает о десяти решениях, принятых им ради того, чтобы сохранить свежесть и яркость чувств в браке с любимой женщиной. Практические рекомендации, которые автор дает на основе библейского учения и личного опыта, будут полезны и молодоженам, и супругам со стажем, желающим сделать свой брак счастливым и долговечным. Читателей ждет бонус: тест на определение своих эмоциональных потребностей.