Джош Макдауэлл. Никоҳдаги Бахтнинг 10 Рецепти - (1-боб) Узбек тилида
Nikohdagi Baxtning 10 Retsepti (Djosh Makdauell) Audiokitob Uzbek tilida.
MUNDARIJA
Kirish
1–BOB. SIZ SEVGI MUNOSABATLARIDAN NIMANI ISTAYSIZ?
2–BOB. BIRINCHI QAROR. Hayotda Xudoni birinchi o‘ringa qo‘yish
3–BOB. IKKINCHI QAROR. Men qanday bo‘lsam, o‘zimni shundayligimcha sevish va qabul qilish
4–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘aroyib darajada sevimli bo‘lish. Birinchi qism
5–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘aroyib darajada sevimli bo‘lish. Ikkinchi qism
6–BOB. TO‘RTINCHI QAROR. Ajoyib tinglovchi bo‘lish
7–BOB. BESHINCHI QAROR. Muloqot san’atini egallash
8–BOB. OLTINCHI QAROR. Qabul qiladigan, sadoqatli va doimiy sevgini namoyon etish
9–BOB. YETTINCHI QAROR. Kelishmovchiliklarni tezda hal etish
10–BOB. SAKKIZINCHI QAROR. Hamisha kechirish
11–BOB. TO‘QQIZINCHI QAROR. Oilaviy byudjetga jiddiy yondashuv
12–BOB. O‘NINCHI QAROR. O‘z tuyg‘ularining tozaligi va yorqinligini asrash
1–BOB. SIZ SEVGI MUNOSABATLARIDAN NIMANI ISTAYSIZ?
Bir vaqtlar juda kechgacha ishlab o‘tirgan paytimda diqqatimni buzgan bexos telefon qo‘ng‘irog‘idan sal bo‘lmasa sakrab ketay degandim.
– Janob Makdauellmisiz? – Aloqaning narigi tarafidagi yosh ayol gapirishga shunchalik oshiqardiki, hattoki javob qaytarishimga ham imkon bermadi. – Mening erga tekkanimga bor–yo‘g‘i olti oy bo‘ldi, – dedi u, – uyg‘unlikdagi ilk munosabatlar esa endi yo‘q. Bugun oramizda jiddiy janjal bo‘lib o‘tganidan so‘ng, erim barga o‘z og‘aynilari bilan birga ketib qoldi. Men o‘zimni yolg‘iz va rad etilgan deya hisoblayapman. O‘tirib o‘ylayapman: “Oilaviy hayotdan kutiladigan hamma narsa faqat shumi?”
Ayolning qattiq ranjigani bilinib turardi. O‘zini zo‘rg‘a bosib turgan ayolning ovozi titrab ketdi: “Iltimos, oilaviy turmushda yana nimalar borligini ayting”.
Menga qo‘ng‘iroq qilayotgan notanish ayolning oilaviy hayotdan nimalar kutish mumkinligi haqida o‘z tasavvuri bor edi, hozir yuz bergan voqealar esa uning kutganlariga aslo to‘g‘ri kelmasdi. Ayol savolini takrorladi:
– Marhamat qilib, oilaviy turmushda yana nimalar borligini ayting.
– Ha, bor, – deya javob berdim. – Bu yaqin munosabatlar deya ataladi.
Deylik, siz eringiz bilan romantik oqshom o‘tkazmoqchisiz, buning o‘rniga esa futbolga yoki beysbol tomoshasiga berilib ketgan turmush o‘rtog‘ingizning norozi g‘udranganini eshitgan vaziyatlar sizga tanishmi? Uchrashuvga shoshilayotgan yigitlar, siz o‘zingizdan hech so‘raganmisiz, shu nozaninga bo‘lgan sevgingiz haqiqiy mustahkam muhabbatga aylanarmikan? Oddiygina yaxshi bir nikohni ajoyib turmushga qanday qilib aylantirish haqida o‘zingizga savol berganmisiz?
Agar siz sevgi munosabatlari uchqunini qanday qilib alangalatish yoki uni boyitish haqida bilmoqchi bo‘lsangiz, bu masalada yolg‘iz emassiz. CHinakamiga mustahkam sevgini izlash xit–paradimizdagi ko‘plab qo‘shiqlarning va aksariyat kinofilmlarimizning asosiy g‘oyasi. Bunday sevgining sirlarini izlash millionlab bestsellerlarning va ilmiy–ommabop asarlarning tanasi va qoni hisoblanadi. Televideniye ham ortda qolmayapti: ko‘plab teledasturlar teletomoshabinlarning so‘roviga yuzlanishadi va abadiy sevgi haqidagi orzuni junbushga keltirishadi. Biroq ko‘pchilik odamlar uchun chuqur va uzoq davom etadigan sevgi aloqalari doimgidek qandaydir olis va yetishish qiyin bo‘lgan munosabat bo‘lib qolavermoqda.
BIZ NIMADAN QO‘RQAMIZ?
Mening fikrimcha, ko‘plab odamlarga o‘zlari astoydil intiladigan yaqin va quvonchli sevgi munosabatlarini bermaydigan qo‘rquvning ikkita turi mavjud.
Birinchisi – bu, seni hech qachon sevib qolmasliklaridan qo‘rqish.
Ikkinchisi – bu, sen o‘zing hech qachon sevib qololmasligingdan qo‘rqish.
Sizni shu zahotiyoq xotirjam qilishga ijozat eting: bunday qo‘rquvda yaxshi narsaning o‘zi yo‘q. Bu borada aksariyat odamlar menga o‘xshashadi. Men o‘zim ulg‘aygan oilada haqiqiy sevgi munosabatlarini ko‘rmaganman. Mening otam ashaddiy ichuvchi bo‘lib, shahrimizda u haqda duv–duv gap yurardi. U onamni urar, doimo mast bo‘lib menga kam e’tibor berardi. Men otamning o‘zimga biror marta, “men seni sevaman”, deganini eshitmaganman. Uydan ketganimda, qiyin bolaligim kelajakdagi munosabatlarimga ta’sir o‘tkazishidan qo‘rqardim. Men, shunday his–tuyg‘ularga to‘la o‘tmish bilan chinakamiga sevolmayman va o‘zimni sevimli his qilolmayman, deya dahshatga tushardim.
To‘g‘risini aytganda, hech kim o‘zining namunali sharoit qurshagan oilada ulg‘ayishga muyassar bo‘lganini aytolmaydi. O‘zida o‘zaro mukammal muhabbatni aks ettiradigan ota–onalar bu olamda yo‘q. Demak, barchamiz o‘z hayotimizda oila ichidagi aloqalarga taalluqli muammolarga to‘qnash kelganmiz – gap bu muammolar va kelishmovchiliklar bizga qanchalik ta’sir qilganida. Har bir odamda hayotiga u yoki bu tarzda ta’sir ko‘rsatadigan o‘zining hissiy yuklari bor. Boshqa inson bilan uzoq yillarga saqlanadigan yaqin va quvonchli munosabatlarni shakllantirish uchun o‘z disfunksiyalarimizni qanday yengib o‘tishimiz katta masala hisoblanadi.
Biz sevgi aloqalari ko‘pincha uzoq cho‘zilmaydigan madaniy muhitda yashayapmiz. Ko‘plab juftliklar hattoki o‘zlariga “sinov muddati” belgilashadi, negaki agar oldindan buni “sinov”dan o‘tkazishmasa, nikohlari mustahkam bo‘lmasligidan qo‘rqishadi. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar ko‘rsatishicha, “nikoh instituti chuqur inqirozni boshdan kechirmoqda, agar ajralishlar foizi keyingi yigirma yildagidek tarzda o‘sishda davom etaversa, faqat juda kamchilik juftliklargina keyingi o‘n besh yil mobaynida ajralishmaydi”. SHu bilan birgalikda, oila qurgan yoki nikohdan o‘tishni rejalashtirayotgan ko‘pchilik tanishlarim o‘zlarining munosabatlari butun umr davom etishini orzu qiladilar.
Biroq siz uzoq yillar davom etadigan haqiqiy yaqin sevgi munosabatlarini istasangiz, buning uchun nima qilish kerak? Men erkaklardan agarda xotinlari bilan jinsiy aloqalari o‘zaro bir tekis bo‘lganida, munosabatlarini ajoyib deyish mumkin bo‘lishi haqida tez–tez eshitaman. Talaygina erkaklar jinsiy aloqani, nikohning tarkibiy qismi, oila mustahkam bo‘lishi uchun er–xotinni bog‘lovchi halqa, deya hisoblashadi. Ularning nazarida sevgi va jinsiy aloqa bir xil ma’no kasb etadiganga o‘xshaydi. Ular, sen kimnidir sevsang, u bilan g‘aroyib jinsiy aloqa bo‘lishi muqarrrarligini, agarda jinsiy aloqa ajoyib bo‘lsa, bu haqiqiy sevgini uchratganliging belgisi, deya hisoblashadi. Aslo bunday emas! Aslida masala boshqa yoqda.
Jinsiy aloqa – erkaklar va ayollar o‘rtasida yaqin sevgi munosabatlarini shakllantirishning asosiy omillaridan biridir, bunga shubha bo‘lishi mumkin emas, negaki bu biologik darajada o‘z tasdig‘ini topgan. Tadqiqotchilar oksitotsin nomli gormon borligini aniqlashdi, uni tag‘in, “quchoqlash gormoni” yoki “sevgi gormoni” deya atashadi. Oksitotsin – jinsiy aloqa vaqtida miya oralig‘idagi gipotalamus tomonidan ajralib chiqadigan modda bo‘lib, u jinsiy aloqani faollashtiradi. Ushbu moddaning ajralib chiqishi boshqa inson bilan oxir–oqibatda chuqur munosabat yoki sevgini hosil qiladigan nazokat, ishonch va yaqinlikning paydo bo‘lishiga imkon beradi.
Har safar jinsiy aloqa qilganingizda, tanangizda kimyoviy jarayon – oksitotsinning ajralib chiqishi yuz beradi, ya’ni, u sizga juftingiz bilan yaqin bo‘lishingizni “buyuradi”. Bu jinsiy aloqaning vazifalaridan biri bo‘lib, sevgi munosabatlarini yaqinlikka keltiradi, biroq jinsiy aloqaning o‘zi ushbu jarayondagi hissiy rivojlanishning bir qismi hisoblanadi. Munosabatlardagi yaqinlikka faqat jismoniy harakat – jinsiy aloqa bilan erishib bo‘lmaydi. Jinsiy faollik odamzotning har bir jihatiga – jismoniy, hissiy, ruhiy va ijtimoiy taraflariga ta’sir ko‘rsatadi. Jinsiy yaqinlik ushbu darajalardan har birida aloqa o‘rnatish uchun belgilangan.
Ko‘p yillar mobaynida behisob juftliklar bilan nega ular o‘z munosabatlarida yaqinlikni yo‘qotganlarini bilish maqsadida qizg‘in suhbatlar qurganman. Garchi ular jinsiy aloqa bilan mashg‘ul bo‘lishni davom ettirishsada, har bir darajada chuqur sevgi aloqalari yetishmagan, jinsiy aloqa jismoniy lazzat sifatida hayotning hissiy, ruhiy va ijtimoiy jabhalaridan alohida ajratilgan. Ular uchun jinsiy aloqa qachonlardir bir–birlariga nisbatan his qilishgan chuqur sevgini bir–birlariga yetkazish vositasi emas, balki qandaydir mashg‘ulotlarga aylangan. Haqiqat shundaki, g‘aroyib jinsiy hayot aslo yaqin munosabatlarga olib bormaydi. Harholda aksincha: yaqin munosabatlar barcha darajalarda g‘aroyib jinsiy hayotga olib boradi.
Masala mana nimada: agar er va xotin o‘rtasida to‘shakka yotmaslaridan avval biror yaxshi narsa yuz bermagan bo‘lsa, bu holat go‘yoki to‘shakda sodir bo‘lishini kutmaslik kerak. Jinsiy aloqa – er–xotin munosabatlaridagi muhim jabha, biroq ulardagi kamqonlik kasalligiga davo bo‘lolmaydi. Ko‘pchilik odamlar jinsiy aloqada zo‘r juftlik bo‘lish uchun vaqtlarini, quvvat va pullarini sarflashadi, shu bilan birgalikda o‘zlarida sevgi va g‘amxo‘rlikni o‘stirish haqida unutishadi – qisqacha qilib aytganda, eng avvalo shaxsiy munosabatlarda yaqinlashishni unutib qo‘yishadi.
Siz sevimli insoningiz bilan, avvalo o‘zingizning “ikkinchi yarmingiz”ni topganingiz haqidagi har qanday shubhalarni uloqtirib tashlab, chuqur ruhiy va hissiy aloqalarni his etishni xohlarmidingiz? Ehtimol, siz kimni sevishingizni va kim siz uchun yaratilganini bilarsiz, balki u bilan turmush ham qurgandirsiz. Munosabatlaringizni mutlaqo yangi darajaga ko‘tarishni istaysizmi? Bu istaklar amalga oshishi uchun yo‘lni o‘zimiz ochishimiz kerak. Birgalikdagi ushbu sayohatimizda men sizlarga yaqin sevgi munosabatlarini qanday rivojlantirishni ko‘rsatib beraman.
Haqiqiy sevgi – bu aslo “tasodifan kelib qolishi” mumkin emas. Sevgi farishtasi o‘z kamoni ipini tarang tortib, o‘qni uzib yuboradi, va – bax! – siz sevib qolasiz. Qalblar esa sehrgarona ravishda bir kunda yaqin bo‘lib qolmaydi. Haqiqiy yaqinlik sevgi aloqalarini asta–sekin qabul qilgan holda butun umr mobaynida shakllanib boradi. Juftliklar sevgi nima ekanligini tushunganlarida va uning yuksalishi uchun zarur bo‘lgan qadamlarni qo‘yishganida, sevgi munosabatlari chuqurlashadi. Gap bu o‘rinda faqat his–tuyg‘ularda emas, balki kimnidir butun umr sevishga qat’iy qaror qilinganida. His–tuyg‘ular kelib ketadi, ammo kimgadir bo‘lgan sevgi – bu kundan kunga qilinadigan harakatlarning aniq tanlovidir.
SEVISHNING 10 QARORINI QABUL QILING
O‘shandan buyon ko‘p yillar o‘tdi, ammo men ruhoniyning shunday deb so‘raganini yaxshi eslayman: “Joslin Deyvid, sen Doroti Enni qonuniy xotinlikka olishga, shu kundan boshlab muqaddas Xudo roziligi bilan uni sevish, shodlik va qayg‘uda ham, boylik va kambag‘allikda ham, salomatlik va kasallikda ham toki o‘lim sizlarni bir–birlaringizdan ayirmagunicha unga g‘amxo‘rlik qilishga rozimisan?”
Ushbu tantananing yakunlanishi Dotti bilan mening nikohimning yakuni bo‘lmadi – u boshlanishi bo‘ldi. Sevgi munosabatlari, ayniqsa nikoh – oxirgi manzil emas, bu bir–birlarini sevadigan ikki kishining sayohati, bunda sayohatchilar muhabbat uchun bir–birlari bilan hayotiy tanlov va harakatlari ila bog‘lanishgan. To‘yimiz kunida men Dottini hayotimning oxirigacha har kuni sevishga qaror qildim va ont ichdim. U ham shunday va’da berdi. Qabul qilgan qarorimiz baxtimizni, quvonch va o‘zimiz anglashga umid qilgan mazmunni, ya’ni, sevgimiz munosabatlaridagi o‘z mevasini berdi.
Dotti va men o‘nlab aniq harakatlarda aks etgan o‘nlab qarorlar qabul qildik, ular esa o‘rtamizda chuqur va yaqin sevgi munosabatlarini yaratishdi va yaratishda davom etmoqda. Men dadil aytamanki, agar siz bu qarorlarni qabul qilib amalga oshiradigan bo‘lsangiz, siz uchun ham haqiqiy sevgining sirlari ochiladi.
Sizning chuqur va yaqin sevgi aloqalari uchun aniq harakatlar qilishga bo‘lgan qat’iyatingiz vaqti kelib chilparchin bo‘lishi mumkin. Eng boshidanoq buni hisobga olib qo‘ying. Bizlar odammiz, demak, nuqsonsiz emasmiz. Lekin hattoki, har bir qaroringiz hayotda mukammal amalga oshmagan taqdirda ham, siz kuchingiz va imkoniyatlaringiz yetganicha sevish uchun qaror qilishingiz mumkin. Quyida qayd etilgan o‘nta qaror sizning samimiy maqsadlaringizni va zo‘r kuch bilan ularni hayotga tadbiq etib ularga tayanishingizni aks ettirishi mumkin. Haqiqiy sevgi – bu sayohat bo‘lib, unda siz sevasiz va sizni sevishadi. Bu haqda eslatgan holda, men sizlarga ushbu o‘nta qarorni, ya’ni, siz o‘z eringiz yoki rafiqangizni mustahkamroq sevishingiz uchun o‘zingiz tanlaydigan o‘nta usulni taklif etaman.
Mana o‘sha qarorlar:
- Xudoni o‘z hayotingizda birinchi o‘ringa qo‘yish.
- O‘zingizni qanday bo‘lsangiz, shundayligingizcha sevish va qabul qilish.
- Aql bovar qilmaydigan darajada sevish.
- Yaxshi tinglovchi bo‘lish.
- Muloqot qilish san’atini egallash.
- Qabul qilingan, sodiq va abadiy sevgini namoyon etish.
- Mojarolarni tezroq hal etish.
- Hamisha kechirish.
- Oila byudjetiga jiddiy yondashish.
- Aqli rasolikni va tuyg‘ularingizning yorqinligini asrash.
Siz ushbu qarorlardan hech biri turmush o‘rtog‘ingizning yoki shunchaki sevimli insoningizning fe’l–atvori va harakatlariga bog‘liq emasligiga e’tibor qaratdingizmi? Munosabat ikki tomonlama harakat bo‘ladigan yo‘l ekanligi haqiqat, albatta, siz sevadigan inson xuddi o‘zingiz kabi qaror qilib, bunga munosib javob qaytarishini istagan bo‘lardingiz. Biroq bu kitob – siz haqingizda, bu boshqa odamlar nima qilayotganlari va qanday yo‘l tutayotganlaridan qat’iy nazar, faqat siz qiladigan tanlov. Ushbu tanlovni qilib, siz sevgi nima ekanligi va chinakamiga sevish uchun nimalar talab etilishi haqida yaqqol tasavvur hosil qilasiz. Bu g‘aroyib darajada sevimli bo‘lishingizga yordam beradigan sevuvchi odamning qarori bo‘ladi. Siz o‘zingizda g‘amxo‘r va odobli, sabr–bardoshli va xafagarchilikdan yiroq, boshqalarga beruvchi va evaziga hech narsa talab etmaydigan, tushunadigan va kechirimli insonni tarbiyalaysiz. Aslida, bu mukammal darajadagi sevimli insonga bo‘lgan tavsifdek eshitildi, shunday emasmi? Taxminimcha, har qanday erkak yoki er, har qanday ayol yoki xotin bunday inson bilan butun hayotini o‘tkazishni istagan bo‘lardi.
Boshqacha qilib aytganda, hayotda qat’iyatni eng asosiy tanlov qilib olish va eng avvalo o‘zini barkamollashtirishni nazarda tutmoq, a’lo darajada sevimli va turmush o‘rtog‘i bo‘lishga intilish lozim. Baxtli va mustahkam nikohning oltin qoidasini shu tariqa shakllantirish mumkin: “O‘z turmush o‘rtog‘ingizda ko‘rishni istagan sifatlarni avvalo o‘zingizda hosil qiling”.
Ushbu bobning sarlavhasini tuzayotib o‘zimga savol berdim: “Siz sevgi aloqalaridan nimani istaysiz?” Agar siz bunga javob qaytarmoqchi bo‘lsangiz, hoynahoy, turmush o‘rtog‘ingizda qaysi sifatlarni ko‘rish va sevgi aloqalaridan nimani olish haqida o‘ylarsiz. Ammo yuqorida qayd etilgan o‘nta qarorni hayotingizga tadbiq etishga rozilik bildirib, siz sevgi aloqalaridan ko‘proq olish emas, balki unga qo‘yish uchun o‘zingizni hozirlaysiz. Ushbu tanlovga tayanish – asosan nima olishingizga emas, balki nima bera olishga qodir ekanligingizga bog‘liq. Buning mohiyati kimnidir qanday qilib o‘zgartirishda emas, balki sevuvchi inson sifatida o‘zimiz o‘zgarishimizda. Mazkur kitob sizni evaziga nimadir olishni kutmagan holda, astoydil bera oladigan insonga aylanishingiz uchun qaror qabul qilishingizga yordam berishni nazarda tutadi. Bu kitob sevgi nima ekanligini biladigan insonga qanday aylanish va yaqin sevgi aloqalarini – bunday aloqalar har kuni tobora muhim ahamiyat kasb etib, butun umr davom etishi mumkin – chuqurlashtirish uchun nimalar kerakligi haqidadir.
Siz navbatdagi bobda hayotingizning har kunlik amaliy jarayonida ushbu qarorlarni qo‘llash uchun qanday qadamlar qo‘yish haqida bilib olasiz. SHuningdek, sizga ushbu kitobni turmush o‘rtog‘ingizga yoki o‘zingiz jiddiy munosabatda bo‘lgan insonning turmush o‘rtog‘iga tavsiya qilishingizga da’vat etaman. Unga eng yaxshi sevimli bo‘lishga urinib, muayyan qadamlar – bu qadamlar sizning yaqin aloqalaringizni chuqurlashtirishi mumkin – qo‘yishingiz haqida ayting. SHu bilan birgalikda ayting: “Bir–birimizga bo‘lgan sevgida qanday ulg‘ayishimizni tushunish uchun bu sayohatda men bilan birga bo‘lgin”. Ushbu kitobni bir–biringizni boxabar etgan holda o‘qish va o‘z kuzatuvlaringizni taqqoslab ko‘rish sizni xursand qiladi hamda munosabatlaringizni boyitadi.
Demak, boshlay qolamiz. Va sayohatimizning jo‘nash nuqtasi – Xudo, Uning O‘zi – sevgi siymosi. U – odamlar uchun sevgini yaratgan Zot. Bizning Unga munosabatimiz keng ma’noda odamlarga bo‘lgan munosabatimizni aks ettiradi. Va keyingi bobning mohiyati aynan ana shunda.
Книга на Узбекском языке: 10 рецептов счастья в браке (Джош Макдауэлл)
Брачные обеты… на этом обычно заканчиваются любовные романы, но это не конец вашей любовной истории, а лишь начало совместного пути с любимым человеком. В этой книге знаменитый американский проповедник рассказывает о десяти решениях, принятых им ради того, чтобы сохранить свежесть и яркость чувств в браке с любимой женщиной. Практические рекомендации, которые автор дает на основе библейского учения и личного опыта, будут полезны и молодоженам, и супругам со стажем, желающим сделать свой брак счастливым и долговечным. Читателей ждет бонус: тест на определение своих эмоциональных потребностей.