To‘g‘ri qarorlar izlab. (Josh Makdauell va Bob Xostetler) 6 bob

JOSH MAKDAUELL va BOB XOSTETLER

TO‘G‘RI QARORLAR IZLAB

O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun

 366 jozibakor lavhalar

YANVAR - FEVRAL - MART - APREL - MAY - IYUN - IYUL - AVGUST - SENTYABR - OKTYABR - NOYABR - DEKABR

ANNOTASIYA

Mazkur kitob biz har kuni duch keladigan hayotiy muammolarga to‘g‘ri qarorlarni topgan holda, ularni oqilona hal etish uchun Muqaddas Kitobdan qanday foydalanish kerakligini ko‘rsatadi. Siz ega bo‘lgan narsalaringiz uchun o‘zingizda Xudoga minnatdorchilik hissini uyg‘otgan holda imkon qadar ko‘proq ibodat qilish, o‘z harakatlaringizni tahlil qilish, itoatkorlik ruhida ish tutib odamlarga xizmat qilishning imkoniyat va usullarini izlash zarur ekanligini tushunib olasiz.Tugri qarorlar izlab kitob uzb

  

KIRISH. To‘g‘ri qarorlar izlab: har bir kun uchun vazifa

DINOZAVRLAR VA KINOYULDUZLAR.

Teleo‘yin.

Misha aka va Masha singil.

To‘lin oy va uchayotgan kometalar.

Televizion yangiliklar dasturi

“Iyerixon uchun kurash: bir kundan so‘ng”.

Jinlar va shaytonlar; o‘yinlar va hazillar; olimlar va fermerlar; qarg‘a va kanareyka; testlar va savolnomalar va hattoki g‘aroyib kaltakesak Mikatu – siz bularning barchasini ushbu kitobning sahifalaridan topasiz. Josh Makdauellning “O‘smirlar uchun har kungi mutolaa” kitobi bu har bir kunda to‘g‘ri qarorlarni izlash va mulohaza yuritish uchun ozuqadir. Birinchi yanvardan boshlanadigan “Andreyning kurtkasi” nomli maftunkor sayohat toki 31 dekabrdagi “Foydali orzular” nomli mutolaagacha jami 366 jozibakor lavhalarni qamrab oladiki, ular sizni to‘g‘ri qarorlarni nojoizlaridan farqlab olishingizga hamda doimo to‘g‘ri tanlov qilishingizga yordam beradi.

Har kungi mutolaa shu kungi hayotingizda haqiqatni qo‘llashda yordam beradigan Muqaddas Kitobdan qisqa parchalarni, asosiy oyatlarni, bir qancha masala va maslahatlarni, shuningdek, qisqacha ibodatlarni o‘z ichiga oladi. Ammo harqalay hech bir kun boshqasiga o‘xshamaydi. Ayrimlari qisqacha hikoyani taqdim etsa, boshqasi testni tavsiya etadi; nimadir sizni kulishga undashi yoki dilingizni o‘rtashi mumkin; ba’zi hikoyalar o‘ylab topilgan, boshqalari esa haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shu bilan birgalikda, har kungi mutolaa sizni mulohaza yuritishga va “mana shu buzuq va egri nasl orasida Xudoning nuqsonsiz, aybsiz va pok farzandlari bo‘lishingiz”ga undaydi (Filippiliklarga 2:15).


O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun (Uzbek tilida kitob)
IYUN


 

1 IYUN. BU ASLO YOLG‘ON EMAS

Kalomdan o‘qish: Hizqiyol 18:21-23, 30-32

Men uning yomon yo‘ldan qaytishini va yashashini istayman (Hizqiyol 18:23).

 

YAKSHANBADA, futbol bo‘yicha chempionat finali o‘tkaziladigan kunda, ikkita yigit eshiging qo‘ng‘irog‘ini jiringlatishadi. Ularning ortida bir kishi telekamera ko‘tarib turibdi. Yigitlar televideniyedan ekanliklarini va sening lotereyada yutib olganingni aytishadi.

– Tabriklaymiz! – deydi ulardan biri. – Siz o‘n bir million dollar yutib oldingiz!

– Ha albatta, mening onam esa – Buyuk Britaniyaning qirolichasi, axir, – deb javob berasan.

Yigitlar sho‘xchan kulib qo‘yishadi. Ular qayerdandir uying eshigi hajmiga to‘g‘ri keladigan karton chek chiqarishib, uni senga topshirishga urinishadi.

– Mana sizning g‘oliblik mukofotingiz!

Sen boshingni chayqab, eshikni yopishga intilasan.

– Menga qaranglar, – deysan, – men dars tayyorlashim kerak. Hazillashdinglar, bo‘pti, endi ketaveringlar.

Yigitlar ichkariga kirishingga yo‘l berishmaydi:

– Biz hazillashmayapmiz, bu haqiqat! – deb uqtirishadi ular. – Siz chindan ham o‘n bir million dollar yutib oldingiz!

– Vaqtimni shuncha olganlaring yetar, bas! – deysan sen. – Ketinglar, aks holda men militsiya chaqiraman!

Va eshikni ichkaridan yopib olasan.

Albatta, aslida sen o‘zingni bunchalik qo‘pol tutmagan bo‘larding. Hech bo‘lmasa, karton chekni pulga almashtirib olishga urinib ko‘rarding. Balki, yigitlarga shubha bilan qarashing mumkin, ammo imkoniyatdan foydalanishing turgan gap edi. To‘g‘rimi?

Vaholanki, biz kunma-kun o‘zimizni shunday tutamiz. Albatta, har kuni ham kimdir biz nimanidir yutganimizni aytib, oldimizga kelishmaydi. Biroq Xudo keladi. Xudo misoli ushbu voqeadagi ikki yigitga o‘xshab, bizning hayotimizni yaxshilash va kelajagimizni ta’minlash uchun keladi. U bizni sevishini va bizga yaxshilik qilmoqchi ekanini qayta-qayta aytadi. U takror va takror bizdan O‘ziga ishonishimizni so‘raydi, bizga yomonlik qilishni istamasligini, Unga ishonch bizning foydamiz uchun ekanini uqtirishga urinadi.

Biz esa aksariyat hollarda Uning qarshisida eshigimizni yopamiz. Biz go‘yo Xudo barcha huzur-halovatimizni buzishga urinayotgandek tutamiz. Biz o‘zimizni go‘yo U bizni aldayotgandek, Uning takliflarida qandaydir firib bordek tutamiz. Biz Xudo go‘yo bizga zarar yetkazishga urinayotgandek noo‘rin harakatlar qilamiz. Biroq bu haqiqat emas. Xudo bizning hayotimizni xarob qilishni istamaydi U hayotimiz yaxshi, yoqimli va foydali bo‘lishini xohlaydi. U bizni gunoh boshlab borayotgan umidsizlikdan, vayronagarchiliklardan va o‘limdan qutqarishni istaydi. “Men o‘lishingizni istamayman, –  deydi U. – Men sizni yashashingiz uchun noto‘g‘ri yo‘llardan qaytarishni xohlayman”.

MULOHAZA QILGIN: Xudo seni sevishiga ishonishing qiyinmi? Uning amrlaridan qaysi birini bajarish foydali? Senga noto‘g‘ri qaror qay tariqa zarar yetkazishi mumkin? Agar sen haqiqatdan ham Xudoni sevsang, bu sening harakatlaringga qanday ta’sir qiladi?

IBODAT: “Rabbim, to‘g‘ri qaror qabul qilishim uchun va bu kunni lozim bo‘lganidek o‘tkazishim uchun yordam ber”.


 

2 IYUN. SENING TO‘YING KUNI

Kalomdan o‘qish: Ibtido 2:18-23

Parvardigor Egamiz odamning qovurg‘asidan xotin kishini yaratdi va uni odamning oldiga olib keldi (Ibtido 2:22).

 

SENING YOSHING NECHADA? Yoshingni mana bu yerga yozgin: _________________”.

Sening to‘liq isming? Uni bu yerga yozgin: _________________”.

Eng yaqin do‘stingning ismi? Uning ismini bu yerga yozgin: _________________”.

Ering yoki xotiningni ismi: Uni bu yerga yozgin: _________________

Nima? Hali oila qurmaganmisan? Mayli, mayli, u holda boshqa savol: Sening ering yoki xotining kim bo‘ladi? Uning ismini bu yerga yozgin: _________________”

Nima? Sen hali ering yoki xotining kim bo‘lishini bilmaysanmi? Balki, sen toki yuz yoshga to‘lmagunicha umuman oila qurmassan?

 

Mayli, mayli. Sen oilali emassan. Ehtimol, hech qachon turmush ham qurmassan. Hattoki uylansang ham, bo‘lajak xotining ismini hozircha bilmaysan.

Xudo esa biladi. Bu haqiqat. Xudo barcha savollarga javobni biladi. U yoshing nechada ekanligini biladi. U sening to‘liq ismingni biladi. U sening eng yaxshi do‘sting kim ekanligini biladi. U hatto sen hozir yoki qachondir oila qurishingni ham biladi. U buning qachon sodir bo‘lishini biladi. U kimga uylanishingni ham biladi.

Bu qoyilmaqom, to‘g‘rimi? Xudo sening bo‘lajak ering yoki xotining kim ekanligini biladi. U o‘sha inson bugun ertalab nonushtaga nima yeganini va sening ham nima bilan nonushta qilganingni biladi (nima, tag‘in sovugan ovqat yedingmi?). Sen, ehtimol, bo‘lajak ering yoki xotiningni bilmassan, o‘g‘il bolalar yoki qizlar hozircha seni qiziqtirmayotgandir, hali uylanish haqida o‘ylamayotgandirsan. Biroq Xudo, sen bir kun kelib yaxshi er yoki yaxshi xotin bo‘lishingni istaydi. U to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga o‘rganishingni istaydi, negaki bu senga yaxshi er yoki yaxshi xotin bo‘lib yetishingga yordam beradi. Xudo shoshilmaydi. Uning shoshiladigan joyi yo‘q. U sening to‘yinggacha qancha vaqt qolganini aniq biladi.

MULOHAZA QILGIN:

Quyidagilardan qaysi biri sen haqingda bo‘lishi mumkin?

□  Menda hali qarshi jins vakillariga qiziqish uyg‘ongani yo‘q.

□  Men oila qurmoqchi emasman (hech qachon).

□  O‘ylashimcha, qachonlardir uylanaman.

□  Men qachon turmush qurishimni bilmayman.

□  Men kim bilan turmush qurishimni bilmayman.

□  Xudo mening turmush o‘rtog‘im kim bo‘lishini biladi.

□  Xudo sening turmush o‘rtog‘ing kim bo‘lishini biladi.

 

Sen bunga aloqador nimani his qilyapsan?

□  Men qo‘rqayapman.

□  Meni hayajon bosyapti.

□  Bu ajoyib.

□  Xotirjamlik.

IBODAT: Xudodan kelajakda turmush o‘rtog‘ing bo‘ladigan inson uchun marhamatlashini va himoya qilishini so‘ra. Undan sen yaxshi turmush o‘rtog‘i bo‘lishing uchun yordam so‘ragin”.

 

 

3 IYUN. RADDIYANING QANDAY YAXSHI JIHATLARI BOR

Kalomdan o‘qish: Yuhanno 10:7-10

Men esa ularga hayot, farovon hayot berish uchun kelganman (Yuhanno 10:10).

 

SENING NAZARINGDA, ota-onang juda ko‘p hollarda senga “yo‘q” deyishadimi?

“Oyi, Kostyalarning uyida tunab qolsam bo‘ladimi?

“Dada, “Ming o‘liklar uyi”ni tomosha qilishim mumkinmi?

“Mavlud bayramida kompyuter sotib olsam bo‘ladimi?”

“Buvimning oldiga bormasdan uyda qolsam bo‘ladimi?”

“Singlimni lo‘lilarga sotib yuborishim mumkinmi?”

“Tomning ustidan pastga sakrasam bo‘ladimi?”

Sening nazaringda, ota-onang hamisha “yo‘q” deyishadi! Sening nazaringda, sen ulardan faqat shunday gaplarni eshitasan: “Bunday qilma”, “Bu mumkin emas!” Xudo ham o‘zini shunday tutayotgandek tuyuladi: buni qilma, uni qilmagin. Ular senga barcha narsani ta’qiqlashadi!

Vaholanki “yo‘q” bag‘oyat ijobiy so‘z bo‘lishi mumkin. U senga salbiy bo‘lib tuyulsada, aslida ijobiy bo‘lishi mumkin. Senga nimanidir ta’qiqlaganlarida, bu senga foydali bo‘lishi mumkin.

Misol uchun, do‘stlaring seni tunda uyingdan deraza orqali chiqib, ular bilan birgalikda devorga yomon so‘zlarni yozishga undashlari mumkin. Sen esa ularga “ yo‘q” deysan. Sening do‘stlaringni ushlab olishadi va ular butun dam olish kunlari bu so‘zlarni devordan qirib, o‘chirishga majbur bo‘lishadi. “Yo‘q” deganing uchun bundan senga yomon bo‘ldimi? Senga yaxshi bo‘ldi, negaki oxir-oqibat “yo‘q” deb aytish “ha” deb aytishdan ko‘ra ancha afzal bo‘lib chiqdi.

Yoki boshqa bir vaziyatni tasavvur qilib ko‘r. Akang sendan ota-onangga kecha uyda bo‘lganligini aytishingni iltimos qiladi, bu vaqtda esa u og‘aynilari bilan pivo ichib yurgandi. Akang sendan jahli chiqishini istamaysan, biroq unga “yo‘q” deysan va ota-onang so‘rashganlarida haqiqatni so‘zlab berasan. Akang endi ota-onang uni og‘aynilari bilan aylanib kelishga boshqa ruxsat bermasliklari uchun xafa bo‘ladi. Ammo bir haftadan so‘ng, akangni og‘aynilari boshqa bir joydagi pivoxo‘rlikdan uyga qaytayotganlarida avtohalokatga uchrashadi va sen agar haqiqatni aytmaganingda akang jarohat olishi va hatto halok bo‘lishi mumkinligini tushunasan. Sen “yo‘q” deb aytib yomon ish qildingmi? Sen yaxshi yo‘l tutding, negaki eng so‘ngida natija ijobiy bo‘lib chiqdi.

“Yo‘q” deb aytish yomondek tuyuladi. Ba’zan sendan so‘rayotganlarini bajarishni juda xohlaysan. Lekin iltimos oqilona bo‘lmasa, “ha” degandan ko‘ra, “yo‘q” deyish afzalroqdir.

MULOHAZA QILGIN: Sening nazaringda, ota-onang hamisha “yo‘q” deyishadimi? So‘nggi paytlarda sendan biror bir noo‘rin masalada iltimos qilganlarida, “yo‘q” deb aytishingga to‘g‘ri kelganmi? Sening hayoting bundan yaxshi tomonga o‘zgardimi yoki yomon tomonga? Nima uchun? Keyingi safar ota-onang senga nimanidir ta’qiqlashsa, bu sening foydang uchun ekanligi haqida mulohaza qilgin.

IBODAT: “Rabbim, men “yo‘q” so‘zini eshitganimda Sening donoligingga va ota-onamning donoligiga ishonishim uchun yordam ber”.

 

 

4 IYUN. MODESTO, KALIFORNIYA

Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 27:1-2

Ertangi kun bilan maqtanma, uning nima olib kelishini bilmaysan-ku! Seni o‘zing emas, boshqalar, o‘z og‘zing bilan emas, o‘zgalar maqtasin (Hikmatlar 27:1-2).

 

EHTIMOL, SEN HECH QACHON Uilyam Relston haqida eshitmagandirsan, ammo u nihoyatda nufuzli odam bo‘lgan. U Kaliforniyada XIX asrda yashab o‘tgan. U shunchalik ko‘p pul ishlab topganki, bir balandlikdagi villani sotib olib, uni yirik va ko‘rkam joyga aylantirgan. Kaliforniya shtati, San-Fransisko yaqinida joylashgan bu hudud hozir kunda Belmontdagi Notr-Dam kolleji hisoblanadi.

 Relston temir yo‘l qurilishi bilan shug‘ullangan va yangi yo‘llar bo‘ylab quriladigan, misol uchun, San-Fransisko va Nevadadagi Karson-Siti oralig‘ida yangi uylarni barpo etish ishlarini moliyaviy ta’minlab turgan. Relstonning mehnatlari natijasida bu qishloqlardan biri haqiqiy shaharga aylangan. Uning aholisi birgalikda shaharga nom tanlay boshlashibdi.

 Aholining bir qismi Relston amalga oshirgan barcha ishlari uchun shaharni uning nomi bilan atamoqchi bo‘lishibdi. Garchi bu taklif Relstonga yoqqan bo‘lsada, u rad etibdi. U boshqa bir nomni tanlashlarini aytibdi. Aholi talab qilsada, Relston rozi bo‘lmabdi. Xo‘sh, endi nima qilish mumkin?

 Nihoyat, kimningdir xayoliga bir fikr kelibdi. Relston kamtar bo‘lgani bois shaharni uning nomi bilan atashlariga rozi bo‘lmabdi, ammo bunday deb atalishiga qarshilik qila olmabdi. Shahar Relston sharafiga Modesto deb nomlanibdi, bu esa ispan tilidan tarjima qilinganda “Kamtarin” degan ma’noni bildirarkan.

 Relston o‘zi bilan faxrlansa bo‘lardi. U rivojlanayotgan tadbirkor, badavlat va hurmatli odam edi. Biroq u o‘z qobiliyatlari va muvaffaqiyatlari bilan maqtanishni istamadi. U kamtarlikni afzal ko‘rdi va hattoki shaharni uni nomi bilan atashlarini ham istamadi. Bugungi kunda Kaliforniyadagi Modesto – gullab yashnagan shahar bo‘lib, unda deyarli yuz minglab odamlar yashashadi. Aholining ko‘p qismi esa Relston kim ekanligi bilishmaydi.

 Relston kabi insonlardan hayratlansa arziydi: u o‘z muvaffaqiyatlariga qaramay, maqtanmadi. Mana nima uchun kamtarlik ezgu fazilat hisoblanadi. U hurmatli insonni yanada ulug‘roq hurmatga sazovor etadi. U xuddi go‘zal va nodir bo‘lgani bois qiymati baland bo‘lgan ajoyib marvaridga o‘xshaydi.

 MULOHAZA QILGIN: Agar kimdir shaharni sening noming bilan atashga qaror qilsa, sen o‘zingni Relston kabi tutgan bo‘larmiding? Sen qachonlardir maqtanganmisan? Nima uchun ha yoki nima uchun yo‘q? Sen Relston kabi kamtarin bo‘lishni istaysanmi? Bunga qay tariqa erishmoqchisan?

IBODAT: “Rabbim, maqtovga men emas, Sen loyiqsan. Men Seni sharaflayman”.


 

5 IYUN. JUDA QATTIQ QICHQIRMAGIN

Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 21:2-4

Mag‘rurlikning ortidan halokat keladi (Hikmatlar 16:18).

 

IKKITA XO‘ROZ. Bitta tovuqxona. Janjal bo‘lishi aniq.

Tovuqxona bo‘sh edi. Uning yog‘och eshigi g‘iyqillab ochildi va shamol epkinidan yopildi. Xo‘rozlar bir-birlariga qarashdi, ularning ko‘zlari jangovorona yondi, tumshuqlari qiyshayib g‘ayrido‘stona irshaydilar.

– Bu tovuqxona ikkimiz uchun juda tor, – deb g‘o‘ldiradi xo‘roz Rudi.

– Bu aniq, jo‘javoy, – deya uning gapiga qo‘shildi xo‘roz Renaldo. – Sen tezda bu yerdan uchib ketasan.

– O‘zing uchib ketasan, Renaldo, – xo‘roz-qovurma bo‘lib!

To‘satdan hech qanday ogohlantirishsiz Rudi Renaldoga tashlandi va jang boshlandi: xo‘rozlar bir-birlarini tirnashdi, cho‘qishdi va tepdilar, go‘yo tovuqxonaga Uchinchi jahon urushi kirib kelganga o‘xshardi. Toki Renaldo qochishga tushmagunicha ular chang-to‘zon ichida yumdalashdilar. U qanotlarini tushirib singan arava tagiga yashirinib oldi.

– A-xa! – deya shovqin ko‘tara boshladi Rudi. – Men chempionman!

U tom tepasiga uchib chiqib, bor kuchi bilan qichqiraverdi.

Rudi o‘z g‘alabasidan mast bo‘lib turganida, yonginasidan burgut uchib o‘tdi. U Rudining mastona qichqirig‘ini eshitib, pastga engashdi-da xo‘rozni o‘zining baquvvat changali bilan ushlab oldi.

Oradan bir muncha vaqt o‘tib, Renaldo singan arava tagidan chiqib osmonga qaradi. Osmon tiniq bo‘lib, ob havo yoqimli edi. Renaldoning ahvoli endi ancha yaxshilandi. U tovuqxonadagi yagona xo‘roz bo‘lib qoldi.

Ba’zan har kimda ham g‘alabadan mag‘rurlanish vasvasasi qo‘zg‘aydi. Tabiiyki, odamlar o‘zlari erishayotgan muvaffaqiyatlardan maqtanishni yoqtirishadi. Biroq mag‘rurlik nafaqat jozibador, balki noto‘g‘ri hamdir. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: “Takabbur ko‘zlar va mag‘rur yurak chiroq kabi fosiqning gunohini ko‘rsatadi” (Hikmatlar 21:4).

Bu esa sen qandaydir yaxshi ish qilganingda xursand bo‘lishing kerak emas, degan ma’noni anglatmaydi. Bu sen doimo o‘zingdan norozi bo‘lib yurishing kerak, degani emas. Bu sen boshqalardan o‘zingni yaxshiroq his qilganingda va shunga muvofiq harakat qilganingda, noo‘rin qarorlar qilib qo‘yasan. O‘ziga ishonch bu yaxshi. O‘z yutuqlaridan xursand bo‘lish ham yaxshi. Lekin takabbur ko‘zlar va mag‘rur yurak – yomondir.

Xullas, keyingi safar maqtanchoqlik vasvasasi qo‘zg‘aganida, Rudi va Renaldoni eslagin hamda mag‘rurlik qurboni bo‘lmasliging uchun ibodat qil.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, Hikmatlar 21:4 da yozilgan “takabbur ko‘zlar” va “mag‘rur yurak” nima o‘zi? Sen hattoki atrofingdagilarga ziyon yetkazib bo‘lsada birinchi bo‘lishga uringanmisan? Sen qachonlardir mag‘rurlanganmisan? Muqaddas Kitobning bugun o‘qiladigan qismida qayd etilgan gunohlardan qanday qochishing mumkin?

IBODAT: (Zabur 130-sanosining erkin ifoda etilishi): “Rabbim, agar mening yuragim mag‘rur bo‘lsa, gar mening ko‘zlarim takabbur bo‘lsa, Sening qarshingda qalbimni buysundirishga, Sening nazaringda va atrofdagilar uchun muloyim tabiat bo‘lishimga yordam ber, ayniqsa __________________”.


 

6 IYUN. SHOH-ESHAK

Kalomdan o‘qish: Matto 21:1-11

O‘zingizga haddan tashqari yuqori baho bermanglar (Rimliklar 12:3).

 

HAFTANING BIRINCHI KUNI EDI va yoshgina eshak chang ko‘chadan asta ketib borardi. Uning ustiga o‘zi avval hech qachon ko‘rmagan bir yo‘lovchi minib olgandi.

Eshak hamda bu yo‘lovchi Baytaniya qishlog‘ini piyoda sayohat qilayotgan bir guruh kishilar bilan ertalab tark etishgandi. Oradan bir necha soat vaqt o‘tgandan keyin ular Zaytun tog‘i yon bag‘irlarini aylanib o‘tib, quyosh nurlarida jilvalanayotgan Quddus shahriga kirib kelishdi.

Jonivor to‘satdan odamlarning hayajonli ovozlarini eshitdi: shahar darvozalariga yaqin qolishgandi. Eshak tez orada diqqat markaziga tushib qolganligini angladi.

“Ular menga qarashyapti, – dedi u o‘z-o‘ziga. Eshak boshini ko‘tarib, kulib turgan odamlarga qaradi. – Ular menga qarab jilmayishmoqda!”

Qandaydir erkak ust kiyimini yechib chang ko‘chada eshakning oldiga tashladi. Bir ayol ham yopinchig‘ini olib, uning tuyoqlariga qulay bo‘lishi uchun yerga to‘shadi. “Ular meni shoh deb o‘ylashib, ta’zim qilishyapti! – deb o‘yladi xo‘tik. U mag‘rurlikdan hangrab yubordi. – Ular meni maqtashyapti. Men juda buyukman! Men nihoyatda g‘aroyibman!”

Ushbu marosim ulug‘ ma’badga yetib borganida, hamma jim bo‘lib qoldi. “Nega ular jim bo‘lib qolishdi? – deya tushunmay qoldi eshak. – Meni yana ulug‘layvering!”

Va ana shundagina hayratda qolgan eshak odamlar boshqani sharaflaganlarini tushunib qoldi. Uning yo‘lovchisi eshakning ustidan tushib, ma’bad zinapoyalaridan yuqoriga ko‘tarildi. Olomon ustunga bog‘langan eshakning bir o‘zini ko‘chada qoldirib, yo‘lovchining ortidan ergashdi. “Men faxrlanishim kerak, – deya tushundi eshak, – axir men o‘zimning faqirona ustimda Iso deb atashayotgan odamni olib keldim, biroq men U menga bildirgan sharafni qadrlashim o‘rniga o‘z ulug‘ligim haqidagi tasavvurimga berilib ketibman”.

O‘zing bir tasavvur qilgin! Isoga bag‘ishlangan sharafni o‘ziniki qilib olgan eshak! Bu juda kulgili! Va ahmoqona! Qanday dimog‘dorlik!

Va shu bois ham u eshak. Biz esa – odamlarmiz, biroq tez-tez shu kabi xatoliklar qilamiz. Biz mag‘rurlikka berilib, o‘zimizni buyuk deya hisoblaymiz. Biz o‘zimizning chiroyimiz yoki mashhurligimiz bilan faxrlanamiz. Biz yaxshi kuylay olishimiz, basketbolda yaxshi o‘ynashimiz yoki yaxshi o‘qishimiz yoxud musobaqalarda g‘olib chiqishimiz bilan mag‘rurlanamiz. Lekin shunday qilganimizda, xuddi Isoning sharafini o‘ziniki qilib olgan eshakdek yo‘l tutamiz. Bu kulgili! Bu ahmoqona! Va dimog‘dorlik!

Xudo bizga shunday amr etadi: “O‘zingizga haddan tashqari yuqori baho bermanglar” (Rimliklar 12:3). Nima uchun? Negaki:

1.     U – biz aqlu-hushimizni yo‘qotib, tasavvurimizdagi sharafni o‘zimizniki qilib olishga moyilligimizni biladi.

2.     Har qanday mag‘rurlik Xudo bizga nima berganini tushunishimizga xalaqit beradi.

3.     Xudo kamtarlikni qadrlaydi.

 

MULOHAZA QILGIN: Sen o‘zingni qachonlardir xuddi shu eshak kabi tutganmisan? Xudoning ushbu amrini bajarishing uchun nimalar qila olasan: “O‘zingizga haddan tashqari yuqori baho bermanglar”?

IBODAT: “Xudoyim, Sen menga o‘zimdagi borining hammasini berganing uchun va aslida qanday bo‘lishim kerak bo‘lsa shunday qilganing uchun rahmat”.


 

7 IYUN. SAMO YANGILIKLARI

Kalomdan o‘qish: Filippiliklar 2:5-11

Fikr zikringiz Iso Masihnikiday bo‘lsin (Filippiliklar 2:5).

 

AGAR SAMONING o‘z televideniyesi bo‘lsa (yoki bo‘lganida edi) bu xabarni ertalabki yangiliklarda aytishgan bo‘lardi. Bu kunning yangiligi bo‘lardi. Eng muhim yangiligi.

Boshlovchi toshdek yuz ifodasi bilan kameraga qaraydi.

– Bugun biz Xudo O‘g‘lining hayratomuz rejasi haqida sizlarga so‘zlab beramiz: U samoviy taxtdan tushib yer yuziga tushmoqchi... Siz bu haqda reklamadan so‘ng batafsil tanishasiz!

Boshlovchi kameradagi qizil chiroq o‘chishini kutib turadi va so‘ngra orqaga, studiyaning qorong‘i tarafiga o‘girilib, qichqiradi:

– Ammo bunday bo‘lishi mumkin emas! Sen hammasini to‘g‘ri yozib olganingga ishonasanmi, Raf?

Boshlovchining boshi ustidagi karnaydan ovoz yangraydi:

– Hammasi aynan shunday! U go‘dak bo‘lib tug‘iladi!

– Go‘dak! Sen... odam bolasini nazarda tutayapsan?!

– Aynan shunday. U oxurda tug‘ilib, kichik bir shaharda ulg‘ayadi. U yurishni, gapirishni va hattoki ovqatlanishni ham odamlar kabi o‘rganadi.

– Samoning mo’jizalarini qarang-a! – deydi yangiliklar boshlovchisi. – Biroq bunday bo‘lishi mumkin emas!

– Shunday bo‘ladi deb cho‘chib turibman – U hattoki loviya va karamni yeyishiga ham to‘g‘ri keladi. U zaminda o‘ttiz yoshdan oshiqroq umr kechiradi, so‘ngra esa azob chekadi hamda  dahshatli, jafoli o‘lim topadi – va...

– Yo‘q! – Boshlovchi qo‘llari bilan quloqlarini berkitadi. – Buni eshitishni ham istamayman! Eshita olmayman! U shonu-shavkat Shohi, Raf! Shonu-shavkat Shohi!

– Buni bilaman, – deb javob beradi karnaydagi ovoz. – Bu tahqirlanish.

Dastur rahbari boshlovchiga qo‘lini silkiydi:

– Efirga besh soniyadan so‘ng chiqamiz... to‘rt... uch... ikki...

Boshlovchi og‘ir tin olib, yuzida farishtalar tabassumini aks ettiradi:

– Va yana bir bora salomlashamiz, – deydi u. – Kun yangiligi...

 

Albatta, sizga ma’lum bo‘lganidek, samoda televideniye yo‘q! Biroq Xudo bo‘lgan Iso uchun yerga tushish, go‘dak bo‘lib tug‘ilish, odamga aylanish, azob chekish va dahshatli o‘lim topish eng so‘nggi darajadagi xo‘rlanish edi. U bizni qutqarish uchun O‘zini bir emas, ko‘p bora xo‘rlatdi. Mana nima uchun Xudo bizga yumshoq fe’l bo‘lishimizni va muloyimlikni qadrlashni amr etadi, negaki Uning O‘zi shunday bo‘lgan! U O‘zining qudrati va ulug‘ligidan voz chekib, bizga muloyimlikdan yuqori ibrat ko‘rsatgan holda odam bo‘lib dunyoga keldi.

 MULOHAZA QILGIN: Filippiliklar 2:5 da shunday deyilgan: “Fikr-zikringiz Iso Masihnikiday bo‘lsin”. Bu qanday fikr-zikrlar bo‘lishi mumkin? Sening fikr-zikring Masihnikidekmi (sen yumshoq fe’lmisan ma’nosida)? Sening harakatlaring Masih qilgan ishlarga o‘xshaydimi? Ehtimol, senga biron masalada Xudoning yordami kerakdir, nimanidir to‘g‘rilamoqchidirsan? Undan o‘zing uchun yordam so‘ra.

 HARAKAT QIL: Muqaddas Kitobning bugungi o‘qiladigan qismida necha bora Masih O‘zini xo‘rlatgani haqida aytilgan? Muqaddas Kitobdagi bu so‘zlarni qayd etib qo‘ygin.

IBODAT: “Rabbim Ota, menga Masih kabi yumshoq fe’l bo‘lishimga yordam ber”.

 

 

8 IYUN. KAMTARIN ESA IZZAT HURMAT TOPADI

Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 29:23

Odamning mag‘rurligi uni past qiladi, kamtarin esa izzat-hurmat topadi (Hikmatlar 29:23).

 

GETTISBERG YAQINIDAGI JANGDA deyarli qirq ming kishi halok bo‘lgan. Oradan to‘rt oy o‘tgach, Pensilvaniya gubernatori va talaygina boshqa kishilar, halok bo‘lganlardan ko‘pchiligi dafn etilgan xotira qabristonining tantanali ochilish marosimida to‘plandilar.

Minglab odamlar bu yerga nafaqat marhumlar xotirasini yod etish, balki mashhur notiq Eduard Everetni eshitish uchun yig‘ilishgandi. O‘sha davrlarda odamlar hozir futbolga borganlari singari ma’ruza eshitish uchun borishardi, ma’ruzalar esa zamonaviy rok-konsertlar kabi ikki-uch soatlab davom etardi.

Everett hashamatli aravada yetib keldi. Marosimning boshqa ishtirokchisi, Qo‘shma Shtatlar prezidenti Avraam Linkoln esa ot minib kelib, barcha nufuzli odamlar yig‘ilishini sabr-toqat bilan kutib turdi.

Everett ikki soat gapirdi. Everettga yo‘llangan qarsaklar va madhiya yangraganidan so‘ng Linkoln o‘rnidan turib – xuddi qizil lentani kesish lozim bo‘lgani kabi – rasmiyatchilik yuzasidan qisqacha nutq so‘zladi. U uch daqiqa ham gapirmadi, so‘ngra esa qarsaklarga e’tibor bermay, tezgina o‘tirib oldi. Ko‘plarning nazarida Everett ushbu marosim yulduzi bo‘lib tuyulishi mumkin edi.

Aslida esa Linkolnning Gettisbergdagi nutqi tarixdagi eng mashhur nutqlardan biri sifatida o‘rin oldi. Biroq yanada ta’sirli jihati shundaki, Qo‘shma Shtatlar prezidenti Linkoln shu kuni o‘zi uchun asosiy e’tiborni talab qilmadi. U ko‘pgina nufuzli mehmonlar kabi hashamatli aravada kelmadi va o‘zini buyuk inson kabi kutib olishlarini talab etmadi. Buning o‘rniga u buyuk so‘zlarni aytdi va o‘zini buyuk inson kabi tutdi, negaki kamtarlik buyuklikning bir qismidir.

 Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: “Odamning mag‘rurligi uni past qiladi, kamtarin esa izzat hurmat topadi” (Hikmatlar 29:23). Avraam Linkolnni aynan shunday fe’l-atvori uchun o‘limidan so‘ng, oradan yuz yillar o‘tsada, haligacha eslab hurmat bajo keltirishadi. Garchi bu uning uchun qiyin bo‘lsada, Linkoln kamtarin bo‘lishni afzal ko‘rdi. Inson o‘ziga buyuklarga nisbatan bo‘lgan munosabatni talab qilganidek darajada buyuk emas. Ammo Linkoln kamtarlik sharaf keltirishini, mag‘rurlik esa masxaraga sabab bo‘lishini bilgan.

 MULOHAZA QILGIN: Kamtar bo‘lish o‘ziga e’tibor talab qilmaslik demakdir. Bu shuningdek, boshqa odamlar o‘zlariga e’tibor qaratishlariga imkon berish, degani hamdir. Senda bu borada muammo bormi? Agar shunday bo‘lsa, sen kelajakda qanday qilib kamtar bo‘lishing mumkin?

IBODAT: “Rabbim, mening kamtar bo‘lishimga, mag‘rur va xudbin bo‘lmasligim uchun yordam ber, ayniqsa __________________”.

 

 

9 IYUN. BAXTIQARO UZZIYO

Kalomdan o‘qish: 2 Solnomalar 26:1, 16-21

Mag‘rurlik bilan sharmandalik keladi, donolik esa kamtarlar bilandir (Hikmatlar 11:2).

 

Aksariyat bolalar o‘n olti yoshlarida haydovchilik guvohnomasini olishsa, juda baxtiyor bo‘lgan bo‘lishardi. Uzziyo esa ana shu yoshida shoh bo‘lgan. Bu juda zo‘r, to‘g‘rimi? Va qanchadir muhlat u yomon shohlik qilmagan.

Biroq oradan vaqt o‘tib uning xayoli buzilgan. Uzziyo faqat ruhoniylargina ma’badda Xudoga qurbonlik keltirish va ulug‘lashlari mumkinligini bilgan, ammo u, shoh sifatida nimani xohlasam qilishim mumkin, deb o‘ylagan. Ehtimol, uning nazarida buni ruhoniylardan yaxshiroq uddalay oladigandek tuyulgandir? Balki u shunday deb o‘ylagan bo‘lsa kerak: “Hech kim, hattoki Xudo ham menga nima qilishim kerakligini amr etishga jur’at qilolmaydi!”

Xullas, nimaiki bo‘lmasin, Uzziyo qoidani buzish va kim bu yerda hukmron ekanligini ko‘rsatish uchun ma’badga yo‘l oldi. Ruhoniylar (sakson kishi) u nima qilmoqchi bo‘layotganidan xabar topishdi. Muqaddas Kitobda bu odamlar “uning ortidan ergashganlar”i haqida aytiladi. Ko‘chalarda yig‘ilgan bir necha yuzlab odamlar shoh Uzziyo qurbongohda tutatqi tutatmoqchi ekanligi haqida shivirlab gapirishardi. Ruhoniylar uni bu ahdidan qaytarmoqchi bo‘lishdi, maslahatchilar biror maslahat berishga urinishdi, qo‘riqchilar uni asrashga harakat qilishdi, biroq Uzziyo hech kimni eshitishni istamadi. U tutatqi uchun olovkurakni qo‘liga oldi: ruhoniylarning norozi ovozlari tobora balandroq yangrardi. Uzziyoning jahli chiqdi. U o‘girilib ularga qarab qichqirdi:

– Sizlar kim bo‘libsizlarki, menga o‘rgatadigan? Men hammangizning boshlaringizni chopib tashlayman!

 Muqaddas Kitobda Uzziyoning jahli chiqib turganida Xudo unga e’tibor qaratgani haqida aytiladi. To‘satdan shohning tusi o‘zgara boshladi va uning yuzi bir necha lahzalar ichidayoq oppoq dog‘lar alomatlari bilan qoplandi – moxov.

 Bu marosim ana shunday tugadi. Ruhoniylar Uzziyoni ma’baddan quvib chiqarishdi. U saroyga moxov bo‘lib qaytdi. U qolgan umrini boshqalardan xoli tarzda yashashiga to‘g‘ri keldi. U boshqa hech qachon ma’badga kirmadi, mamlakatni esa uning o‘g‘li boshqara boshladi. U o‘limiga qadar moxov bo‘lib qoldi. Moxovligi bois uni hattoki alohida qabristonga dafn etishdi.

 Buning hammasiga sabab shuki, “Uzziyo kuchayib ketgandan keyin, halokatga olib boradigan kiborlikka berildi” (2 Solnomalar 26:16). Mag‘rurlik hammasini barbod qilishi mumkin. U sening fikrlashingga xalaqit beradi, shu bois ahmoqliklar qilib qo‘yasan. U do‘stlikni xarob qilishi mumkin. U seni atrofdagilar nazarida ahmoqqa aylantirib qo‘yishi mumkin. Dimog‘dor odam hurmatga, sharaf va do‘stlikka munosib emas. Mag‘rurlik bizni xuddi Uzziyo bilan ro‘y berganidek aksariyat hollarda xarob qiladi.

 MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, Uzziyo gunoh qilmagan holda, o‘z yutuqlaridan quvonishi mumkinmidi? Agar shunday bo‘lsa, qay tariqa? Sen mag‘rur bo‘lmagan holda, o‘z qobiliyating va yutuqlaringdan xursand bo‘lolasanmi? Agar yo‘q bo‘lsa, nima uchun? Agar shunday bo‘lsa, qanday qilib?

IBODAT: “Rabbim, mag‘rurlik meni barbod qilishini istamayman. Menda hammasi qanchalik yaxshi kechmasin, men hamisha muloyim va o‘z yutuqlarim uchun Sendan minnatdor bo‘lishim lozimligini eslab turishimga yordam ber”.

 

 

10 IYUN. IZZAT-IKROM ORTIDAN QUVMA

Kalomdan o‘qish: Luqo 14:7-11

O‘zini o‘zi yuksaltirgan kamsitiladi, o‘zini past tutgan esa yuksaltiriladi (Luqo 14:11).

 

QACHONLARDIR BIR KAMTAR INSON YASHAGAN BO‘LIB, u hech qachon biror joyga birinchi bo‘lib kirmas ekan. U hamisha chetga surilib, hamrohlarini taklif etarkan:

– Sizdan keyin. Marhamat, o‘tavering.

Bir kuni u bitta tadbirda nufuzli mehmonlar orasida bo‘lib qolibdi. Uni payqab qolishganida esa odamlar qarsak chalay boshlashibdi. O‘sha odam qarsaklarni eshitgach, to‘xtab orqada kelayotgan kishini oldinga o‘tkazib yuboribdi va olqishlayotgan odamlar safiga qo‘shilib qarsak chalibdi. U o‘zining sharafiga qarsak chalayotganlarini tasavvur qila olmabdi.

Albatta, bunday samimiy muloyimlik odamlarga ta’sir qilib bu kishiga nisbatan yanada ko‘proq hurmat uyg‘otibdi. Iso ushbu so‘zlarni aytganida mana nimani nazarda tutgan: “O‘zini o‘zi yuksaltirgan kamsitiladi, o‘zini past tutgan esa yuksaltiriladi” (Luqo 14:11). Sen o‘zingni juda muhim shaxs hisoblab yurganingda buning mutlaqo aksi ekanligi ma’lum bo‘lsa uyatda qolib ketasan. Biroq agarda sen kamtarin bo‘lsang hamda qarsaklar va e’tiborni boshqa odamlar uchun bersang, bu holda qanchalab odamlar seni qadrlashlarini ko‘rib hayratda qolasan.

Ovchilar senga bug‘uni (yoki kimnidir ovlayotgan bo‘lsang) ilg‘ab olishing uchun o‘simlik tuplari va butalarga tikilib turish shart emasligini aytishadi: yaxshisi aniq bir narsaga tikilmasdan shunchaki oldinga qarash kerak shunda biror bir harakatni ko‘z qiring bilan ilg‘ab olishing oson bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, sen qanchalik diqqat bilan tikilsang, biror nimani ilg‘ashing shunchalik qiyin kechadi. Kamtarinlik va izzat-ikrom bilan ham xuddi shu holat yuz beradi. Mabodo sen maqtovlar va qarsaklar ortidan quvsang, ularni qo‘lga kiritishing gumon: mabodo sen ular uchun intilmasang, izzat-ikrom to‘satdan seni kutib olishi mumkin.

MULOHAZA QILGIN: Luqo 14:7-11 da Iso farziyning uyida mehmon bo‘lib, so‘zlagani qayd etilgan. Farziylar (ularning Isoga munosabati) haqida ko‘proq bilib olish uchun Matto 23:1-12 o‘qib chiq.

Sen qachonlardir maqtovlar, diqqat-e’tibor, qarsaklar ortidan quvganmisan? Sen rahnamolardan birining uyida yaxshi joy uchun bellashgan mehmonlardan biri bo‘lishni xohlarmiding yoki “O‘zini O‘zi xo‘rlatgan” Iso kabi (Filippiliklar 2:6-7) bo‘lishni istaysanmi? Bunga qay tariqa erishmoqchisan?

HARAKAT QIL: Bugungi hikoyada keltirilgan odamga taqlid qilishga urinib ko‘r: boshqalarni oldinga o‘tkazib, hattoki shunday degin: “Marhamat, o‘taqoling. Men sizdan keyin”.

IBODAT: “Rabbim, men ba’zan nimanidir talab qilganim va dimog‘dor bo‘lganim uchun kechirgin”.

 

 

11 IYUN. FIR’AVNDAN SO‘RAGIN

Kalomdan o‘qish: Yoqub 4:4-10

Xudo mag‘rurlarga qarshi chiqadi, Kamtarlarga esa inoyat ko‘rsatadi (Yoqub 4:6).

 

FIR’AVN – MISRNING HUKMDORI, o‘z davrining eng qudratli odami bo‘lgan. Muso unga Xudo isroilliklarni qo‘yib yuborishni amr etganini aytganida, fir’avn rad javobini berdi. Xo‘sh, Xudo nima qildi?

 Xudo fir’avnni isroilliklar ortidan toki O‘zining buyrug‘i ila ikkiga ajraladigan Qizil dengizgacha ta’qib etishga undadi. Uning xalqi shu tariqa boshqa tarafga o‘tib oldi. Xudo shunday keyin dengiz suvini ortga qaytardi va fir’avnning barcha qo‘shini cho‘kib ketdi!

 Ossuriya shohi Sanxariv (juda yomon odam) o‘z qo‘shini bilan Quddusni qurshab oldi va shahar aholisiga surbetlarcha xat yo‘lladi: “Endi Hizqiyoning aldovlariga uchmanglar, u sizlarni yo‘ldan urmasin. Unga ishonmanglar, biror xalqning yoki shohlikning xudosi o‘z xalqini mening qo‘limdan yoki otalarimning qo‘lidan qutqara olmagan. Xudoyingiz kim bo‘libdiki, sizlarni mening qo‘limdan qutqara olsa” (2 Solnomalar 32:15). Xo‘sh, Xudo nima qildi?

 Bir kuni ertalab mag‘rur Sanxariv uyg‘onib o‘zining barcha askar va zobitlari Quddus devorlari yonida sirli tarzda ...o‘lib yotishganini ko‘rdi! Xudoning farishtasi ularni hammasini bir kechada qirib tashladi! Sanxariv uyiga qaytishiga to‘g‘ri keldi. U yerda esa uni o‘zining o‘g‘illari o‘ldirishdi.

 Bobil shohi Navuxodonosor (o‘sha davrlarda ularning barchasi g‘alati nomlangan) o‘zini shunchalik ko‘klarga ko‘targanki, o‘z haykalini yasatish va barcha shohliklar unga itoat qilishlarini buyurgan. Xo‘sh, Xudo qanday yo‘l tutdi?

 Xudo mag‘rur Navuxodonosorni aqlu-hushidan judo etdi. Shoh yetti yil davomida o‘z saroyida xuddi eshak kabi o‘t yeb yurdi.

 Fir’avn, Sanxariv va Navuxodonosor Xudo xor qilgan qudratli odamlar edi. Albatta, Xudo hamisha ham shunday qilmaydi: agar sen mag‘rur bo‘lsang, U seni aqldan ayirib o‘t yeyishga majbur qilavermaydi. Biroq Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: “Xudo mag‘rurlarga qarshi chiqadi. Kamtarlarga esa inoyat ko‘rsatadi” (Yoqub 4:6).

 Xudo ba’zan xuddi fir’avn, Sanxariv va Navuxodonosor bilan sodir bo‘lgani kabi, mag‘rurlarga faol qarshi chiqadi. Biroq U, hattoki qo‘shinni dengizga cho‘ktirib, kimnidir o‘t yeyishga majbur qilmasa-da, mag‘rurlar kamtarlar muyassar bo‘ladigan ko‘plab ustunliklar va marhamatlardan bebahra qolishadi. Kamtarlar oson o‘rganishadi, ular sezgir bo‘lib, odatda ular bilan birga ishlash yoqimlidir, negaki ular Xudo marhamatidan ko‘proq bahramand bo‘ladilar.

 MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, sen tez o‘zlashtirasanmi? Ziyrakmisan? Yoqimtoymisan? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Sening fikringcha, kamtarlik qay tariqa insonni yanada o‘qimishli, ziyrak va yoqimtoy qiladi?

 HARAKAT QIL: Keyingi safar ko‘kat yeganingda, yetti yil o‘t yegan Navuxodonosor haqida eslagin. Xudodan seni kamtarlikka o‘rgatishini so‘ragin.

IBODAT: “Xudoyim, Men rostdan ham o‘qimishli, ziyrak va yoqimtoy bo‘lmoqchiman. Men Sen kamtarlarga beradigan barcha marhamatlarga sazovor bo‘lishni istayman”.


 

12 IYUN. BIZNING MADADKORIMIZ VA QALQONIMIZ

Kalomdan o‘qish: Zabur 32:13-22

Egamiz ko‘rib turar O‘zidan qo‘rqqanlarni, Uning sodiq sevgisiga umid qilganlarni. Egamiz ularni o‘limdan qutqaradi, Ochlikdan saqlab tirik qoldiradi. Jonimiz Egamizga muntazirdir, U bizning madadkorimiz, qalqonimizdir (Zabur 32:18-20).

 

Qizaloq onasi uchun pechenelar pishirib qattiq kuyib qoldi, negaki qizigan tunuka tovani ushlab olgandi. U yonginasidagi stol ustida yotgan ushlagichni unutib qo‘ygandi.

Ayolning yuziga o‘yin chog‘ida tennis to‘pi urilganligi bois, uning bir ko‘zi ko‘rmay qoldi. U himoya ko‘zoynaklarini taqqanida bunday bo‘lmasdi, biroq ko‘zoynak sumkasining ichida qolgandi.

Militsioner giyohvandfurushlar bilan otishma paytida halok bo‘ldi. Vaholanki, u tanasiga o‘q o‘tmaydigan maxsus kiyim kiyganida, ko‘kragiga tekkan o‘q jarohati tufayli hayotdan ko‘z yummagan bo‘lardi. Uning shunday kiyimi bor edi – militsiya bo‘limidagi javonda – biroq u, bu kiyimni hech qachon kiymasdi.

Barcha bu fojealardan qochish mumkin edi. Bu odamlarning barchasida ularni himoya qila oladigan nimadir bor edi – ushlagich, ko‘zoynak, o‘q o‘tmaydigan maxsus kiyim. Nega ular jarohatlanishdi, ularning biri hattoki halok bo‘ldi? Negaki ular o‘z himoyalaridan foydalanishmadi.

Xudo bizning madadkorimiz va qalqonimizdir. U bizni himoya qilish uchun O‘z amrlarini bergan. Muso aniq qilib, “Egamizning amru farmonlari” (Qonunlar 10:13) bizni baxtiyor qilish uchun berilganini aytgan. Xudoning amrlari go‘yo himoya ko‘zoynaklari va ushlagichlarga o‘xshaydi: ular bizni himoya qilishi lozim biroq buning uchun biz ulardan foydalanishimiz kerak bo‘ladi.

Agar biz Unga itoat etmasak, Xudo bizga yordam berolmaydi va himoya qilolmaydi. Agar biz Xudo sevgi ila bizga bergan amrlariga e’tibor qaratmasak, ular xuddi militsiya bo‘limidagi javonda yotgan o‘q o‘tkazmaydigan maxsus kiyimga o‘xshab qoladi. Ammo biz Xudoga itoat etsak va Uning amrlarini bajarsak, U bizni himoya qiladi va ko‘plab noxushliklardan asraydi.

MULOHAZA QILGIN: Xudoning Kalomida Uning amrlari bizni xatardan va zarardan asrashga da’vat etishi haqida ko‘p bora aytiladi. Qonunlar 6:24; Yeremiyo 32:39 va Yoqub 1:25 o‘qib chiq.

Sen Xudoning amrlarini “qulf” ostida asraysanmi? Ularga go‘yoki muhim emasdek yondashasanmi? Yoki har kuni ularga bo‘ysunib, amalda bajarasanmi?

HARAKAT QIL: Keyingi safar oshxonada ushlagichni ko‘rib qolsang yoki himoya ko‘zoynaklariga ko‘zing tushsa, Xudoning amrlari seni ziyondan asrashi lozim ekanligini eslagin.

IBODAT: “Rabbim, Sen menga madadkor va qalqon ekanliging uchun minnatdorman”.


 

13 IYUN. SO‘QIRLAR VA FIL

Kalomdan o‘qish: Qonunlar 10:12-14

Ey Isroil xalqi! Egangiz Xudo sizlardan bitta narsani talab qiladi: ...Men bugun sizlarga berayotgan Egamizning amru farmonlariga rioya qiling (Qonunlar 10:12-13).

 

YO‘LLARIDA FILNI UCHRATIB QOLGAN to‘rtta so‘qir haqida bir qadimiy rivoyat bor.

Bir so‘qir filning yirik oyoqlarini ushlab shunday debdi:

– Fil daraxtga o‘xshar ekan. U semiz va baquvvat.

Boshqasi jonivorning quloqlarini ushlabdi-da:

– Yo‘q, do‘stim, – debdi u. – Fil palma yaprog‘iga o‘xshaydi, yupqa va tekis.

Uchinchisi filning dumidan tutib:

– Siz ikkalangiz ham nohaqsiz, – debdi u. – Fil uzun va mustahkam arqonga o‘xshaydi.

To‘rtinchisi filning salmoqdor tanasiga qo‘l tekkazibdi.

– Sizlar nafaqat so‘qir, balki ahmoq ham ekansizlar, – deya e’tiroz bildiribdi. – Fil aslo unday emas. U ulkan va devor kabi qattiq.

 

Bu to‘rttala so‘qir bizlar ezgulikni yovuzlikdan farqlashga uringanimizda bizga o‘xshab ketishadi. Harholda, sen barcha odamlarda ezgulik va yovuzlik haqidagi tushuncha turlicha ekanligini anglagandirsan. Bu masalada hech kim boshqa birov bilan kelisha olmaydigandek tuyuladi. Birovi, “bu yomon”, desa, boshqasi, “Yo‘q, bu yomon ekanligini aytishning o‘zi yomon: aslida bu yaxshi”, deydi.

Gap shundaki, bizlardan har birimiz manzaraning faqat bir qisminigina ko‘rishimiz mumkin. Biz kelajakni ko‘ra olmaymiz. Biz hattoki hozirgi haqiqiylikni ham yaxshi ko‘ra olmaymiz. Biz aytgan gaplarimiz va qilgan ishlarimizning oqibati qanday bo‘lishini bilmaymiz. Biz nima yaxshiyu, nima yomon ekanligini aniq ko‘ra olishimizga nisbatan so‘qir odamning filni tasvirlashi osonroq. Va bu odatiy ahvoldir.

Sen fil haqida bahslashayotgan so‘qirlar oldiga ko‘zi ko‘radigan bir kishi kelganligini tasavvur qil. U bizga filning ko‘rinishi aslida qanday ekanligini aytib berishi mumkin. Harqalay, agar o‘sha odamning aytganlari so‘qirlarning tasavvuridagi qaysidir jihatlar bilan mos tushmaganida, ular bu gaplarga aslo ishonishmasdi.

Mana nima uchun bizga Xudoning Kalomi zarur: unda nima yaxshiyu, nima yomon ekanligi aytiladi. Xudo bizga buni tushuntirib berishi mumkin, negaki U (bizdan farqli ravishda) barchasini aniq ko‘radi va biladi. Biz Unga ishonmasligimiz mumkin, biroq agarda Unga itoat qilsak va Uning aytganlarini bajarsak, Xudoning ezgulik va yovuzlik haqidagi tasavvuriga ishonishimiz mumkin. Negaki U haqiqatdir!

MULOHAZA QILGIN: Sen o‘zingni odatda qanday tutasan: go‘yo sen Xudoni ko‘proq bilasanmi yoki Xudo sen haqingda ko‘proq biladimi? Xudoning ezgulik va yovuzlik haqidagi tasavvuriga ishonadigan inson o‘zini qanday tutishi kerak?

IBODAT: “Rabbim, Sen barchasini aniq ko‘rishingni va hammasini bilishingni men bilaman. Sen menga nima to‘g‘ri ekanligini aytganingda Senga ishonishim va Sening amrlaringni bajarishim uchun menga yordam ber”.

 

 

14 IYUN. TO‘G‘RI AKS TA’SIR

Kalomdan o‘qish: Levilar 19:1-3

Har biringiz ota-onangizni hurmat qiling... Zotan, Men Egangiz Xudoman (Levilar 19:3).

 

NIMA DEB O‘YLAYSAN, quyidagi vaziyatlarda aks ta’sir qanday bo‘lishi kerak?

1.     Onang senga darslaringni oxirigacha qilmaganing haqida eslatadi. Sen shunday javob berasan:

a)       “Menga yopishavermang! O‘zim xohlaganimda qilib qo‘yaman!”;

b)       “Yaxshi, oyijon. Hozir tugatib qo‘yaman”.

 

2.     Otang do‘konga shortik, qora paypoq va sandal kiyib bormoqchi. Sen:

a)       unga bu ahvolda ahmoqona ko‘rinishini va uni bu ahvolda ko‘rishni istamasligingni aytasan;

b)       jim qolib, kelgusida u sen bilan maslahatlashishiga umid qilasan.

 

3.     Ota-onang senga va do‘stingga yoshlar yig‘ilishida qolishlariga ruxsat berishadi. O‘zlaringiz holi qolganlaringizda sen do‘sting tomon o‘girilib shunday deysan:

a)       “Xayriyat-e! Men endi hech qachon otamdan va uning bema’ni hazillaridan qutula olmayman, deb o‘ylay boshlagandim! U nihoyatda jonimga tegdi!”

b)       “Ota-onam ba’zan o‘zlarini g‘alati tutishadi, biroq ular men uchun ko‘p yaxshi ishlar qilishadi”.

 

Mayli, ehtimol sen biz taklif etganimizdek aniq shunday yo‘l tutmassan, biroq sening javobing a) yoki b) variantlariga yaqinroq bo‘ladimi?

 O‘ylashimcha, “a” javobi yoqimsiz, hattoki noto‘g‘ri hamdir. Nima uchun? Negaki sen shuni bilasan: odamlarni hurmat qilish yaxshi, behurmatlik esa yomondir.

 Xudo bizga shunday amr etgan: “Muqaddas bo‘linglar, chunki Men, egangiz Xudo, muqaddasman”. Keyin U shunday deydi: “Har biringiz ota-onangizni hurmat qiling... Zotan, Men Egangiz Xudoman” (Levilar 19:2-3). Bu esa, ota-onaga hurmat – sen ularga qaytarayotgan qarz emas, balki undan ham ko‘prog‘idir, degan ma’noni anglatadi. Hurmat qilish yaxshi. Hurmatsizlik yomondir.

 MULOHAZA QILGIN: Sen hurmat ko‘rsatish to‘g‘ri ekanligini qayoqdan bilasan? Mabodo ota-onaga hurmat uchun baho qo‘yganlarida sen qanday baho olgan bo‘larding (faqat rostini ayt)? Sen o‘z bahoingni yaxshilay olasanmi? Qay tariqa?

 HARAKAT QIL: Ota-onaga hurmat ko‘rsatishning amaliy yo‘llari haqida ro‘yxat tuzib chiq (misol uchun, “onam uchun eshikni ochaman”, “g‘ijinmayman” va shu kabi). Bularning hammasini hafta oxirigacha bajarishga urinib ko‘rgin.

IBODAT: “Xudoyim, men hamisha ham __________________ ga hurmat ko‘rsatmayman. __________________ da to‘g‘ri yo‘l tutishim uchun menga yordam ber”.

 

 

15 IYUN. ISHAYONING G‘AROYIB SARGUZASHTLARI

Kalomdan o‘qish: Ishayo 6:1-7

Xudodan qo‘rqqin (Voiz 5:6).

 

AGAR ISHAYO PAYG‘AMBAR hozirgi kungacha yashaganida, ehtimol, u o‘zining boshidan kechgan voqealarni ilk marotaba yozganidan boshqacha tarzda hikoya qilib bergan bo‘lardi. U buni taxminan quyidagicha bayon etardi:

“Voqea mana bunday yuz berdi: men ma’badda bo‘lib, o‘z ishlarim bilan mashg‘ul edim, har doimgidek Xudoga sajda qilayotgandim.

To‘satdan ma’bad xuddi tungi Nyu-York yoki Las-Vegas singari yorishib ketdi. Men yuqoriga qaraganimda, ma’badning tomi yo‘q bo‘lib qolgandek tuyuldi. Men osmon uzra muallaq turgan taxtni ko‘rdim. Taxtda esa Xudo o‘tirardi, bolalar, Xudoning O‘zi; U butun ma’badni qoplagudek pastga hilpirab tushgan uzun libos kiygandi. Shuningdek, bu yerda farishtalar ham bor edi – shunaqayam g‘alatiki va hatto qo‘rqinchli – ular Xudoning atrofida uchishib, kuylashardi: “Muqaddasdir, muqaddasdir, muqaddasdir Sarvari Olam!” Ularning hayqirgan ovozlari stereo kabi jaranglardi, xullas, o‘zingiz tushunasiz! Butun ma’bad xuddi yer qimirlagani kabi titrardi va tutun bilan to‘lib borardi!

Bolalar, bu holat chidab bo‘lmas darajada edi! Men yerga yuz tuban tushib o‘zimga shunday dedim: “Sho‘rim qursin! O‘ldim endi! Hammasi tugadi! Gunohkor bo‘lgan men, tushunayapsizlarmi, og‘zi nopok bir odam – Shohni, Qudratli Xudoni ko‘rdim! Shu joyning o‘zida o‘lib qolaman!”

 

Albatta, bu shunchaki xayoliy to‘qima, biroq ma’nosini sen tushunib olding. Bu voqea Qadimgi Ahddagi Ishayo payg‘ambar kitobining oltinchi bobida hikoya qilinadi va bu yerda eng muhimi shuki, Ishayo Xudoni ko‘rdi, bu vahiy shu qadar hayratomuz ediki, u qo‘rquv va hurmatga limmo-lim to‘ldi (qo‘rquv va hurmat shu qadar kuchli ediki, unda yurak xuruji ro‘y berishiga bir bahya qoldi!).

 Men nega bularni senga aytmoqdaman? Negaki, bu hayajon va hurmat boshqa odamlarni hurmat qilish yo‘lidagi birinchi qadamdir. Agar sen Xudoni hurmat qilmasang, ota-onangni, o‘qituvchilaringni va do‘stlaringni, hattoki o‘zingni ham hurmat qilolmaysan. Qachonki Xudoni hurmat qilganingda, boshqa odamlarni ham chinakamiga hurmat qila boshlaysan. Agar sen Xudoni hurmat qilmasang, bu holda hech qachon atrofingdagilarni va hatto o‘zingni ham hurmat qilolmaysan.

 MULOHAZA QILGIN: Ishayo ma’badda Xudoni ko‘rganida, qo‘rquv va titroqdan yerga yiqildi. Havoriy Yuhanno ham Iso namoyon bo‘lganida xuddi shunday holatga tushdi (Vahiy 1:9-19). Nima deb o‘ylaysan, nima uchun odamlar Xudoning shavkati namoyon bo‘lganida shunday holatga tushishadi? (Chiqish Kitobi 33:12-23 da bu haqda tushuntirib o‘tilgan).

 Nima deb o‘ylaysan, nima uchun boshqalarni hurmat qilish Xudoga hurmat bajo keltirishdan boshlanadi? Sen Xudoga bo‘lgan hurmatingni qanday namoyon etasan? Nima deb o‘ylaysan, Sen o‘zingda Xudoga nisbatan yanada chuqurroq hurmat hosil qila olasanmi? Agar yo‘q bo‘lsa, nega? Agar shunday bo‘lsa, qay tariqa?

 HARAKAT QIL: Xudoga nisbatan hurmatingni izhor etishning beshta yo‘lini o‘ylab top (misol uchun, “jamoatda bosh kiyimini yechish”, “ibodat vaqtida tiz cho‘kish” va shu kabilar). Bularning hammasini haftaning oxirigacha bajarishga harakat qil.

IBODAT: “Rabbim, men nihoyatda g‘aroyibman! Men Seni ulug‘layman, Xudoyim!”

 

 

16 IYUN. AMRLARNING BAJARILISHI

Kalomdan o‘qish: 1 Butrus 2:13-17

Hamma odamlarni hurmat qilinglar (1 Butrus 2:17).

 

Quyida Muqaddas Kitobdan bir qator amrlar keltirilgan. Afsuski, ro‘yxatda Muqaddas Kitobda bo‘lmagan “amrlar” ham qistirib o‘tilgan. Ortiqchalarini o‘chirib tashla.

1.       “Ota-onangni hurmat qil”.

2.       “Hech qachon qand yemagin”.

3.       “Yoshi kattalarni hurmat qil”.

4.       “Qadrli narsalarni itlarga ber va cho‘chqalar oldiga javohir tashla”.

5.       “Bir qadam oldinga yurgin, bir qadam orqaga yurgin, bir qadam oldinga yurgin, burilgin”.

6.       “Shohni hurmat qil, u sening xo‘jayining”.

7.       “To‘kilib ketgan sut ustida yig‘lama”.

8.       “Jamoat ishlarini boshqaradigan keksalar ikki barobar hurmatga loyiq”.

9.       “O‘zingdan ko‘ra o‘zgani ko‘proq hurmat qil”.

10.    “Barchani hurmat qil”.

11.    “Radioni diqqat bilan eshit”.

12.    “Hukumatga itoat qil”.

 

Xo‘sh, sen qancha bandlarni o‘chirding? Sen o‘n ikkita amrlardan beshtasini o‘chirishing kerak edi. Mabodo sen ro‘yxatdan ko‘p (yoki kam) o‘chirgan bo‘lsang, uni yana bir bora o‘qib chiq.

Agar sen 2, 4, 5, 7 va 11 bandlarni o‘chirgan bo‘lsang, mutlaqo haqsan! Bunday amrlar Muqaddas Kitobda yo‘q (garchi 4 raqamdagi amr Matto 7:6 ga qarama-qarshi bo‘lsada). Qolgan amrlar Muqaddas Kitobda mavjud. Ular (tartib bilan) Chiqish 20:12, Levilar 19:32, Zabur 44:11, Timo‘tiy 5:17, Rimliklar 12:10, 1 Butrus 2:17 va Rimliklar 13:1 da keltirilgan.

 Muqaddas Kitob oyatlaridan har birida bu yoki u tarzda kimnidir hurmat qilish amr etilgan. Ushbu oyatlardan ayonki, Xudo boshqa odamlarni hurmat qilishni buyurgan. U biz ota-onamizni hurmat qilishimizni istaydi. U keksalarni hurmat qilishimizni amr etadi. U biz jamoat rahbariyatini va dunyoviy hukumatni hurmat qilishimizni xohlaydi. U barchani hurmat qilishimizni buyuradi. Bundan ortiq yana qay tarzda tushuntirish mumkin?

 MULOHAZA QILGIN: Xudo barchani hurmat qilishimizni buyuradi. U qaysi toifadagi odamlarni hurmat qilishni aniq qilib buyuradi? Hurmat to‘g‘risidagi amrlarni yana bir bora ko‘rib chiq. Sen ularning barchasini bajarasanmi? Kimga hurmat ko‘rsatishing sen uchun qiyin?

 HARAKAT QIL: Boshqalarga hurmat ko‘rsatishning beshta amaliy yo‘llarini o‘ylab topgin (misol uchun, “nogiron qo‘shniga yordam berish”, “qo‘shni qizni xo‘rlamaslik” va shu kabi). Bularning hammasini hafta oxirigacha bajarishga urinib ko‘rgin.

IBODAT: “Rabbim, men ko‘plab odamlarni hurmat qilishimni Sen istaysan. Iltimos, men shunday qilishim uchun yordam ber”.

 

 

17 IYUN. TOVUQ VA QIMMATBAHO TOSH

Kalomdan o‘qish: 1 Timo‘tiy 5:1-4

Mo‘ysafidni ko‘rganingizda, o‘rningizdan turing, qariyaning hurmatini joyiga qo‘ying. Men, Xudoyingizdan qo‘rqing, Men Egangizman (Levilar 19:32).

 

KUNLARDAN BIRIDA TOVUQ biror yegulik izlab, axlat qutisini tita boshladi. U nimadir yaltirayotganini ko‘rdi va yorqin, yaltiroq olmosni chiqarib oldi.

Tovuq boshini egib, qimmatbaho toshni o‘rgana boshladi. Biroq so‘ngra uni oyog‘i bilan nari itarib, shunday dedi:

– Agar xo‘jayin buni topib olganida xursand bo‘lardi, negaki unga shunday oynachalar yoqadi. Men esa bittagina donni dunyodagi barcha javohirlaridan afzal ko‘raman!

Albatta, olmos dondan ko‘ra anchayin qimmat turadi, ammo tovuq uchun buning farqi yo‘q. Fermer olmosni topib olganida quvonchdan sakragan bo‘lardi, ammo tovuq uchun bu hech nimani anglatmasdi.

Biz ham o‘zimizni aksariyat hollarda shunday tutamiz: Xudo uchun hech nimaga arzimaydigan narsalarni qadrlaymiz va Uning boyliklariga –  aslo e’tibor bermaymiz.

Misol uchun, Xudoning Kalomida shunday deyilgan: “Mo‘ysafidni ko‘rganingizda o‘rningizdan turing, qariyaning hurmatini joyiga qo‘ying. Men, Xudoyingizdan qo‘rqing. Men Egangizman (Levilar 19:32). Muqaddas Kitobdagi ushbu oyatda qariyalarni ulug‘lash lozimligi amr etilgan. Va shu jumlaning o‘zida Xudoni hurmat qilish kerakligi qayd etiladi. Nima uchun? Negaki keksalarga hurmat va Xudoga hurmat bir-biri bilan uzviy bog‘langan.

Ko‘rayapsanmi, Xudo boshqalarni hurmat qilishga buyuradi, negaki hurmat ehtiromni qadrlaydi. Agar biz xuddi tovuq singari Xudo qadrlaganlarini tashlayversak, bu aslida Xudoga nisbatan behurmatlikni va Unga itoat etmasligimizni anglatadi. Ammo Xudoni chindan hurmat qilgan holda, biz U qadrlagan narsalarni qadrlaydigan va Uning uchun muhim bo‘lgan odamlarni hurmat qiladigan bo‘lamiz. Xudo esa keksalarni qadrlaydi.

Jamiyatga qariyalar kerak emas, degan fikrlar ham bor: ular sekin harakatlanishadi, ba’zan o‘zlarini g‘alati tutishadi. Biroq ishonasanmi yo‘qmi, qariyalar – ma’lumot va donolik sandig‘idir. (Buni bobong va buving misolida sinab ko‘r).

Xudo keksalarni hurmat qilish va biz ham shunday fikrda bo‘lishimiz lozim deya hisoblaydi. Aks holda biz donni afzal ko‘rib, olmosni uloqtirib yuboradigan ahmoq tovuqqa o‘xshab qolaveramiz!

MULOHAZA QILGIN: Xudo bizga boshqalarni hurmat qilishni buyuradi, negaki u hurmat ehtiromni qadrlaydi. Sen keksalarni hurmat qilasanmi? Agar hurmat qilmasang, nima uchun? Agar hurmat qilsang, buni qay tarzda ifoda etasan? Tanish qariyalarni eslagin. Sen o‘z hurmatingni ularga qanday bildira olasan?

HARAKAT QIL: Ota-onangdan keyingi nonushta vaqtida senga bug‘doyli bo‘tqa pishirib berishlarini so‘ra bu senga tovuq va qimmatbaho tosh bilan bog‘liq voqeani eslatsin (Agar buning iloji bo‘lmasa yoki sen bug‘doyli bo‘tqani yoqtirmasang kichik bir xaltada don sotib olib, keyingi hafta shu bilan qushlarni boq; faqat xaltada olmos yo‘qligiga ishonch hosil qilib olgin!)

IBODAT: “Rabbim, Ota, jamoatdagi keksalar uchun Senga rahmat, ayniqsa _______________. Oilamdagi keksalar uchun Senga rahmat, ayniqsa __________________”.

 

  

18 IYUN. FARROSH BILAN UCHRASHUV

Kalomdan o‘qish: Yoqub 2:1-9

Agar sizlar Muqaddas bitiklardagi: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving” degan Xudoning Shohligiga oid qonunga amal qilayotgan bo‘lsangiz, to‘g‘ri qilayotgan bo‘lasizlar (Yoqub 2:8).

 

BIR VAQTLAR MEN TELEVIZOR ORQALI otasi maktabga farrosh bo‘lib ishga kirgan bolaning tarixi haqida eshitgandim. Bolakay o‘zini yo‘qotib qo‘ygandi: otasi uning o‘rtoqlari ko‘z o‘ngida yo‘laklarni supurib, hojatxonalarni tozalashi kerak edi. U otasi shunday ishga rozi bo‘lganidan g‘azabda edi. Bola otasini shu ishga olgan maktab direktoridan jahli chiqardi. Uning nazarida kattalar bolani butun maktab oldida sharmanda qilish uchun o‘zaro til biriktirgandek tuyulardi.

Xo‘sh, sening otang maktabda farrosh bo‘lib ishlasa, sen o‘zingni qanday his qilgan bo‘larding? (Balki, aslida ham shundaydir.) Yoki sening onang farroshdir? (Balki, aslida ham shundaydir.) Yoki sening oilang okrugdagi eng kambag‘al oiladir? (Balki, aslida ham shundaydir.)

Bilasanmi, Muqaddas Kitobda bu muammoning yechimi bor!

Haqiqatdan ham shunday.

Xo‘sh, sening otang farrosh bo‘lsa yoki oilang okrugdagi eng kambag‘al bo‘lsa, nima bo‘libdi? Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: “Ey birodarlarim, ulug‘vor Rabbimiz Iso Masihga ishonar ekansiz, yuz xotirchilik qilmanglar” (Yoqub 2:1).

Muqaddas Kitobda barcha boylar va kambag‘allar, farroshlar va boshliqlar, idish-tovoq yuvuvchilar va musofirlar hurmatga loyiq ekanliklari aniq qilib aytilgan. Uning kim bo‘lib ishlashi muhim emas. Uning erkak yoki ayol, o‘g‘il yoki qiz bola ekanligining ahamiyati yo‘q. Uning qancha puli borligi yoki qanday uyda yashashi muhim emas. Uning vazni qancha ekanligining yoki futbolni qanday o‘ynashi ham muhim ahamiyatga ega emas. Xudo biz barcha odamlarni hurmat qilishimiz lozimligi haqida aytadi, negaki biz Uning timsolida yaratilganmiz. Xudo O‘z bolalarini, boylar va kambag‘allarni, erkak va ayollarni, oq tanli va qora tanlilarni, baland va past bo‘ylilarni, yoshlarni, qariyalarni va o‘rta yoshdagilarni qadrlaydi. Va bilasanmi nima? Biz ham ularni hurmat qilishimiz kerak.

MULOHAZA QILGIN: Xudo nima uchun ayrim kishilarni emas, balki barchani hurmat qilishni buyuradi? Sen ayrim odamlarni boshqalaridan afzal ko‘rasanmi? Kimlarnidir (boylarni, taniqli odamlarni va shu kabilarni) hurmat qilib, boshqalarni pisand qilmagan paytlaring bo‘lganmi? Barchaga hurmat ko‘rsatishing uchun nimalar qila olasan?

HARAKAT QIL: Bugun hammaga, shuningdek, maktab farroshiga, avtobusdagi konduktorga, do‘kondagi sotuvchiga hurmat ko‘rsatishga urinib ko‘rgin.

IBODAT: “Rabbim, men nihoyatda afsusdaman, biroq men hamisha ham__________________ ga hurmat ko‘rsatmayman. Barcha farzandlaringga Sening sevging va mehribonligingni ko‘rsatishim uchun menga yordam ber”.


 

19 IYUN. SEN HURMATGA MUNOSIBSAN

Kalomdan o‘qish: Efesliklar 2:8-10

Biz Xudoning ijodimiz (Efesliklar 2:10).

 

1970-YILLARDA (u paytlarda sen hali tug‘ilmagansan) Amerikada yuqori sinf o‘quvchilarining qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida harakat tashkil etishdi. Ushbu dastur “Ulgurib qol” deb nomlangan bo‘lib, uni hazrat Jessi Jekson boshqarardi.

 Jessi Jekson butun mamlakat bo‘ylab aylanib, yuqori sinf o‘quvchilari bilan suhbatlar uyushtirardi. U harakat boshlangan Chikagoga jo‘nab ketdi: Los-Anjelesda, Vashingtonda va Nyu-Yorkda bo‘ldi. U kambag‘al tumanlardagi o‘quvchilar bilan gaplashdi (ularning orasida afroamerikaliklar ko‘p edi) va ularda o‘zlariga nisbatan hurmat uyg‘onishlariga yordam berdi. Bu bolalar qashshoq oilalardan bo‘lib atrofidagilar ularga hayotdan ortda qolayotganlarini aytishardi. Ko‘pgina yoshlar bugungi kunda ham o‘zlari haqida shunday deb o‘ylashadi.

 Jessi Jekson yoshlar ongiga oddiy haqiqatni singdirishga intildi. Vashingtondagi Kelvin Kulidj nomli maktabda uyushtirilgan bitiruv oqshomida u o‘z ma’ruzasini shunday boshladi: “Men hurmatga munosibman!” Ishtirokchilar ham uning ortidan shu so‘zlarni takrorlashdi: “Men hurmatga munosibman!” So‘ngra u shunday dedi: “Men hurmatga munosibman! Men nihoyatda aqlliman! Men xohlagan narsamni o‘rganib olishim mumkin! Men hurmatga loyiqman!”

 Jessi Jekson mamlakat bo‘ylab yurganida ana shu so‘zlarni takrorlar edi va shu yurtning barcha yoshlari uning so‘zlarini takrorlashardi: “Men hurmatga loyiqman!” U odam agar o‘zini hurmat qilmasa, boshqani hurmat qilolmasligini tushunardi. Agar odamlar o‘zlarini hurmat qilishmasa, Xudo ularni qanday ko‘rishni istayotganidek bo‘la olishmaydi.

 Havoriy Pavlus ham shunga o‘xshash narsalarga o‘rgatgan. U Efes shahri masihiylariga shunday deb yozadi: “Biz Xudoning ijodimiz. Xudo bizni xayrli ishlar qilishimiz uchun Iso Masih orqali yaratdi, bu ishlarni biz uchun azaldanoq tayyorlab qo‘ygan edi... sizlar endi begona ham, kelgindi ham emassizlar, balki Xudoning aziz xalqi qatoridasiz, Uning xonadoni a’zosi bo‘ldingizlar. Sizlar xuddi bir binodaysizlar. Bu binoning asosi havoriylaru payg‘ambarlardir. Binoning tamal toshi esa Iso Masihning O‘zidir” (Efesliklar 2:10, 19-20).

 Sen – Xudoning ijodisan! Sen hurmatga munosibsan!

 MULOHAZA QILGIN: Sen o‘zingni hurmat qilasanmi? Agar hurmat qilmasang, nima uchun? Sen qachonlardir o‘zingga nisbatan behurmatlik qilganmisan? Agar shunday bo‘lsa, nima uchun? Nima deb o‘ylaysan, o‘zini hurmat qilish boshqalarni hurmat qilishga qay tariqa yordam beradi?

 HARAKAT QIL: Kartochkaga ushbu jumlalarni yoz: “Men Xudoning ijodiman!”, “Men Xudo xalqining bir qismiman!”, “Men - Xudo oilasining a’zosiman!”, “Men Xudoning muqaddas ma’badiga aylanmoqdaman”, “Men hurmatga loyiqman!” Har kuni bu kartochkalardan birini yotoqxonangdagi oyna oldiga qo‘ygin, zero, har safar oynaga qaraganingda u senga o‘zingni hurmat qilish zarurligi haqida eslatib tursin.

IBODAT: Zaburchi bilan birgalikda (Zabur 138:14) shunday deb aytgin: “Senga shukrona aytaman. Axir, qanday ajoyib qilib yaratilganman! Sening barcha ishlaring naqadar ajoyib, Buni men juda yaxshi bilaman”.


 

20 IYUN. ERTAK

Kalomdan o‘qish: Rimliklar 13:1-7

Ularga nima tegishli bo‘lsa, shuni bering (Rimliklar 13:7).

Jamoatdagi yo‘lboshchilaringizga quloq solinglar, aytganlarini qilinglar (Ibroniylar 13:17).

 

YOSH TALABA BIR KUNI Muqaddas Kitobni o‘qib o‘tirardi. U havoriy Pavlusning Rimdagi masihiylarga aytgan so‘zlarini o‘qib qoldi: “Har bir inson o‘zining ustidan hukmron bo‘lgan hokimiyatga bo‘ysunsin. Chunki Xudo buyurmagan hokimiyat yo‘q” (Rimliklar 13:1).

– Gapirish senga oson! – deya og‘ir tin oldi talaba, go‘yo Pavlus u bilan xonada birga o‘tirgandek. – Bizning hukumatimiz esa beshafqat va sotqin.

Banogoh uning ro‘parasida qopga o‘xshash kiyim kiygan soqolli kishining –  havoriyning jussasi namoyon bo‘ldi.

– Navqiron do‘stim, – dedi u, – men buni Rimdagi masihiylarga yozganman, Rim hukumati esa masihiylarni tez-tez ta’qib qilib, o‘ldirardi.

– Ammo, – dedi talaba bir muddat jim qolishganlaridan keyin taajjub bilan, – siz bizlar hukumatga bo‘ysunishdan bosh tortganimizda Xudodan yuz o‘girishimizni nazarda tutayapsiz!

Havoriy bosh irg‘adi.

Talaba so‘zida davom etdi:

– Lekin siz tushunmayapsiz: mening ingliz tili o‘qituvchim hatto masihiy ham emas.

Pavlus jilmaydi:

– Rim imperatorlari ham masihiy emas edilar, biroq Xudo ularni mansabga sazovor etgan edi.

Talabaning yuzida jahl ifodasi paydo bo‘ldi:

– Biroq siz har kim o‘ziga tegishlisini olish kerak, deyapsiz! Ko‘pchilik, masalan, mening murabbiylarim alohida bir hurmatga munosib emaslar!

– Xudoning Kalomida sening fikring bo‘yicha hurmat qilinishi kerak bo‘lgan odamlarga hurmat bajo keltirishing aytilmagan, – deya e’tiroz bildirdi Pavlus. – Unda barchani, shu jumladan, hokimiyat tepasida turganlarni ham hurmat qilish va ulug‘lash lozimligi aytilgan: militsionerlarni, o‘qituvchilarni, hattoki avtobus haydovchilarini ham!

– Mayli, – yengil tin oldi talaba – O‘ylashimcha, siz haqsiz. Agar Muqaddas Kitobda aytilganidek, Xudo rahbarlarni tayinlagan bo‘lsa, men ularni hurmat qilishim lozim. To‘g‘rimi?

MULOHAZA QILGIN: Rimliklar 13:1-7 dagi ma’lumotlar shu so‘zlarning muallifi Pavlus tez-tez qamoqxonaga tushib kaltaklangani (so‘ngra esa qatl etilgani) haqida tushunishingga yordam beradimi? Nima uchun uni diniy va hukumat idoralari ta’qib etishgan? Bu qismni takror o‘qib, uni yaxshiroq tushuna boshlaganing haqida fikrlab ko‘rgin.

Sen o‘z rahbarlaringga hurmat bilan munosabatda bo‘lasanmi (hukumatga, jamoat rahbarlariga, o‘qituvchilarga)? Hamisha ham hurmatingni osongina bildira olasanmi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Nima deb o‘ylaysan, hattoki bu qiyin bo‘lsada, ularni hurmat qilish kerakmi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”?

IBODAT: “Rabbim, Senga itoat qilishim uchun yordam ber. Hatto bu qiyin bo‘lganida ham, hukumatga nisbatan hurmat ko‘rsatishim uchun ko‘maklash. Ayniqsa, __________________ ni hurmat qilishimga yordam ber”.

 

 

21 IYUN. IKKI QAROQChI HAQIDAGI VOQEA

Kalomdan o‘qish: Luqo 23:32-43

Xochga mixlangan qaroqchilardan biri Isoni haqoratladi... Ikkinchi jinoyatchi esa bu sherigiga ta’na qildi: Xudodan qo‘rqmaysanmi?! O‘zing ham shu Odam kabi jazoga mahkum bo‘lgansan-ku! (Luqo 23:39-40).

 

MUQADDAS KITOBDAN BUGUN O‘QILADIGAN OYATLARNI KO‘RIB CHIQDINGMI? Avvalo o‘qib chiq, so‘ngra esa mana bu savollarga javob ber.

1. Iso qayerda xochga mixlangan?

a) G‘amo‘ra, ya’ni “tekislik”deb ataladigan joyda.

b) Go‘lgota, ya’ni “bosh suyagi” deb ataladigan joyda.

v) Go‘liyot, ya’ni “devqomat”deb ataladigan joyda.

 

2. Olomon Isoga nisbatan qanday munosabatda bo‘lgan?

a) Unga rahmlari kelgan.

b) Unga e’tibor berishmagan.

v) Uni masxara qilishgan.

 

3. Qaroqchilar Isoga qanday munosabat bildirishgan?

a) Bittasi masxara qilgan; boshqasi hurmat ko‘rsatgan.

b) Ikkalasi ham Uni masxara qilishgan.

v) Ikkalasi ham Unga e’tibor berishmagan.

 

    Tayyor bo‘ldimi? Endi esa javoblarni tekshirib ko‘r: 1 b);  2 v);  3 a).

Isoning yonida xochga mixlangan qaroqchilardan biri Unga hurmat bildirgan. Bu qaroqchi shu kunning o‘zidayoq jannatga tushgan, negaki u tavba qilib Isoning qurbonligi orqali gunohining kechirimiga erishgan. Mana ikki ming yildirki, imonlilar uning najot topishidan hayratlanishadi.

Boshqalarni hurmat qilish to‘g‘ridir. Inson hamisha o‘zini hurmatga munosib darajada tutishi yaxshidir, negaki bu ijobiy natijalarga olib keladi. Sen atrofingdagilarga hurmat bilan munosabatda bo‘lganingda, bu seni haqoratdan asraydi va boshqalar nazarida yanada e’tiborga sazovor qiladi. Boshqacha qilib aytganda, sen kimga o‘xshashni ko‘proq xohlagan bo‘larding: Isoni la’natlagan qaroqchigami yoki Unga hurmat ko‘rsatgan qaroqchigami?

 MULOHAZA QILGIN: Isoning yonida xochga mixlangan ikkita qaroqchi misolida behurmatlik qanday xunuk bo‘lishini va hurmat-izzat qanday jozibador ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Olomonning munosabati qanday edi? Nima uchun hurmat ko‘rsatish yaxshi? Nega u yaxshi natijalarga olib keladi? Sen ko‘proq kimga o‘xshaysan: Isoni la’natlagan qaroqchigami yoki Unga hurmat bilan munosabatda bo‘lganigami? Seningcha, o‘zingni hurmatga munosib tarzda tutganingda, boshqa odamlar nazarida o‘zingni yoqimtoy va e’tiborga molikdek his qilganmisan? Nima uchun?

IBODAT: “Rabbim, menga itoat foydali ekanligini eslatib tur. Menga boshqalarga nisbatan hurmatli munosabatda bo‘lishim uchun yordam ber, negaki bu to‘g‘ri va boshqalar bilan munosabatda bo‘lishning eng afzal yo‘lidir”.


 

22 IYUN. TO‘G‘RI HIS-TUYG‘ULAR, NOTO‘G‘RI HIS-TUYG‘ULAR

Kalomdan o‘qish: Titus 3:1-2

Yaxshilik qilib yur, shunda boshliqning maqtoviga sazovor bo‘lasan (Rimliklar 13:3).

 

Sen ham qachondir ushbu vaziyatlardan biriga tushib qolishing mumkin. Ulardan ayrimlarining senga yoqish ehtimoli bor. Boshqalari esa yoqmasligi ham mumkin. Sening harakatlaring qaysi bir holatda to‘g‘ri natijalarga va qaysi birlari noto‘g‘ri oqibatlarga olib kelishi mumkinligini qayd etgin.

 

To‘g‘ri natijalar       Noto‘g‘ri oqibatlar

Ota-onang hazillashib archa tagiga qo‘yiladigan sovg‘a qutisiga ismingni yozishib, poxolga to‘ldirishadi. Sen ularning yuziga poxol sochib, “Men sovg‘ani hoziroq olmoqchiman”, deysan.

O‘qituvchi ayol senga uy vazifasini bajarmaganing uchun ikki baho qo‘yadi. Sen unga, “semiz badbashara”, deysan.

Hassa tutgan kampir aylanadigan eshik oldida turib, undan o‘tib olishga qo‘rqyapti. Sen uning o‘tib olishiga yordam berasan.

Militsioner maysazorda yurganing uchun seni ogohlantiradi. Sen shunday javob berasan: “Nima bo‘pti, shuning uchun meni otib tashlaysanmi, kurka?”

Plyajdagi qutqaruvchi senga belgilangan joydan tashqarida suzish mumkin emasligini aytadi. Sen shunday javob berasan: “Yaxshi, men endi bunday qilmayman”.

 

Sen fahmlab olganingdek, bu mashqdan ko‘zlangan maqsad boshqa odamlarga bo‘lgan hurmat ijobiy natijalarga va yaxshi kayfiyatga sabab bo‘lishini ko‘rsatishdir. Sen qo‘pol va behurmat bo‘lganingda esa bundan hech bir yaxshilik chiqmaydi, mabodo militsioner bilan tortishsang, seni hattoki militsiyaga olib ketishlari mumkin.

 Muqaddas Kitobda agar sen odamlarga (ayniqsa hukumatga) hurmat ko‘rsatishdan bosh tortsang, o‘zingda noxushliklar boshlanishiga hayron qolmasliging aytilgan. Agar sen yaxshilik qilsang va o‘zingni muloyim tutsang, maqtovga va yaxshi kayfiyatga sazovor bo‘lasan.

 MULOHAZA QILGIN: Sen ushbu jumlani qanday yakunlagan bo‘larding: boshqa odamlarga hurmat bizni _____________ himoya qiladi va _____________ yordam beradi.

 HARAKAT QIL: Keyingi ikki kun mobaynida shunday tajriba o‘tkaz: kim bilan uchrashmagin, hammalari bilan mehribon va hurmat bilan munosabatda bo‘l. Buning ijobiy va salbiy natijalarini yozib qo‘ygin.

IBODAT: “Xudoyim, men odamlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lganimda yuz berayotgan barcha yaxshiliklar uchun Senga rahmat. Men _______________ o‘zimni yaxshi his etishimga yordam berayotganing uchun Sendan minnatdorman”.


 

23 IYUN. ASKAR TARIXI

Kalomdan o‘qish: 2 Shohlar 9:1-13

Unga Xudoning marhamatini ko‘rsatayin (2 Shohlar 9:3).

 

Amerikalik badavlat tijoratchi Devid King Xanoy mehmonxonalaridan biridagi kutish zalida o‘tirardi. U Vetnamda jang qilib oyog‘ini yo‘qotganidan buyon oradan yigirma yildan ortiq vaqt o‘tgandi.

 O‘shandan buyon u boy bo‘lib ketgan va hassaga suyanmasdan biroz oqsoqlangancha yurishni o‘rganib olgandi.

 Kutish zaliga bashang kiyimdagi bir erkak kirib, King oldiga yaqinlashdi.

 – Menda yaxshi yangiliklar bor, – dedi u.

 – Buni eshitishdan xursandman, Dziba, – deya javob qaytardi King yordamchisi Jek Dzibaga qarab.

 – Men Lo Dongning o‘g‘illaridan birini topdim, – dedi Dziba. – Men uning qayerda yashashini bilib oldim.

 – Ajoyib! – dedi King. – O‘sha yoqqa jo‘naymiz!

 Dziba ikkilanib qoldi:

–  Maylimi bir savol bersam?

 King yelkasini qisib qo‘ydi. Dziba gapida davom etdi:

 – Nima uchun siz yigirma yildan buyon ko‘rmagan vetnamlikni topish uchun,  biz shuncha kuch sarfladik?

 King chuqur tin oldi:

 – Lo Dong mening hayotimni saqlab qolgan. Agar u meni otishma ichidan olib chiqmaganida, qonga botib o‘lgan bo‘lardim. Men endi badavlatman va Xudoning inoyatini Lo Dong hurmati uchun uning oilasiga ko‘rsatmoqchiman.

King va Dziba Lo Dong oilasi yashagan shaharga uzoq sayohat uyushtirishdi va uch kunlik izlashdan so‘ng Kingning hayotini asrab qolgan odamning o‘g‘lini topishdi. Vetnamlik amerikalikka ta’zim qildi, u esa xuddi shu tarzda javob qaytardi. King vetnamliklar tilida nega kelganligini zo‘rg‘a tushuntirdi. Lo Dong o‘g‘lining ko‘zlari yoshlandi; u hammasini tushunganida yana bir bora ta’zim qildi.

 Oxir-oqibat Lo Dongning o‘g‘li Kingning ko‘p millatli kompaniyasi xodimi bo‘ldi va ular yaqin do‘stlarga aylanishdi. Bir kuni King o‘z intervyusida shunday dedi: “Agar men o‘shanda Xanoyga sayohat qilmaganimda, hayotimni saqlab qolgan insonning o‘g‘li – eng yaxshi do‘stim bilan tanishmagan bo‘lardim”.

 MULOHAZA QILGIN: Devid King va Lo Dongning o‘g‘li bilan bog‘liq voqea o‘ylab topilgan. Biroq, u bo‘lib o‘tgan voqealarga asoslangan. U nimasi bilan 2 Shohlar 9:1-13 bayon etilgan voqealarga o‘xshaydi?

 Nima deb o‘ylaysan, odamlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lib, sen ko‘proq do‘stlar orttirasanmi yoki dushmanlar topasanmi? Sening do‘stliging yanada mustahkam bo‘ladimi? Agar yo‘q bo‘lsa, nima uchun? Agar shunday bo‘lsa, qay tarzda?

 HARAKAT QIL: Sen kecha boshlagan tajribang haqida eslaysanmi? Hammaga hurmat bilan munosabatda bo‘lishda davom etaver. Kun oxirida natijalarni qayta ko‘rib chiq. Yaxshilari ko‘pmi yoki yomonlarimi? Ehtimol, keyingi kunlarda ham tajribani davom ettirishni istab qolarsan!

IBODAT: “Rabbim, men o‘zimni mehribon, sabr-toqatli va hurmat bilan boshqarganimda orttiradigan do‘stlarim uchun Sendan minnatdorman”.


 

24 IYUN. DONIYoRNING PARHEZI

Kalomdan o‘qish: Doniyor 1:3-16

Bu taomlardan u voz kechmoqqa ahd qilib, bosh mulozimdan buning uchun kechirim so‘radi (Doniyor 1:8).

 

– Sizni butun Bobil shohligidagi madaniyat yangiliklarining kunlik sharhi “Bugungi Bobil” ko‘rsatuvi qarshi olmoqda! – deydi tonggi quyosh tasvirlangan manzara oldida o‘tirgan sariq sochli boshlovchi, yuziga qalin surtilgan grim ortidan jilmayganicha.

– Butun shohlikni qamrab olayotgan mashhur “Doniyorning parhezi” urfining yaratguvchisi, – deya e’lon qiladi ayol, – bugungi birinchi mehmonimiz bo‘ladi.

 U o‘giriladi va kamera chiroyli tikilgan kiyimdagi yosh yigitni ko‘rsatadi.

– Bizga aytib beringchi, – deb so‘raydi boshlovchi, – siz bu urfni qanday qilib yaratdingiz.

 Yigit yelkasini bukib, studiyaning yorqin nurlaridan ko‘zlarini qisadi.

– Men umuman yangi urf yaratmoqchi emasdim, – deydi u. – Meni shoh xizmati uchun tayyorlashgandi...

– Bizning buyuk Navuxodonosor xizmatiga – u abadiy yashasin! – ayol asabni qo‘zg‘atadigan baland kulgisi bilan uning so‘zini bo‘ladi.

– Ha, – deya davom etadi Doniyor. – Bizni o‘qitishni boshlaganlarida yaxshigina ovqat bera boshlashdi: ko‘p go‘sht, sharob va shu kabi ozuqalar. Ammo ko‘rayapsizki, men yahudiyman, bizda ovqatlanish qoidalari qat’iy belgilangan. Qisqacha qilib aytganda, men faqat sog‘lom taomlardan iste’mol qilishga ruxsat so‘radim.

– Siz shohona taomlardan voz kechdingizmi? – deb so‘radi ayol. – Bundan qo‘rqmadingizmi?

 Doniyor bosh irg‘aydi:

– Qo‘rqdim. Biroq men o‘zimni murdor qilmoqchi emasdim, – u kameraga o‘giriladi. – Ko‘rayapsizmi, agar oldindan hammasiga qat’iy kirishgan bo‘lsang, to‘g‘ri qarorga kelishing osonroq kechadi. Meni bu mamlakatga olib kelishganida O‘z Xudoyim va Uning bizga bergan amrlari haqida unutmaslikka ahd qildim. Meni shoh xizmatiga tayyorlayotganlarida, ovqatlanish borasida muammolar bo‘lishi mumkinligini bilardim. Xullas, men vasvasaga duch kelganimda nima qilishim haqida avvaldanoq bir qarorga kelgandim. Shu bois shohona taomlardan voz kechib, sabzavotlar va suvnigina so‘rashim oson kechdi.

 – Siz... siz shohona taomlarni orqaga qaytarib yubordingizmi? – deb so‘raydi ayol go‘yo Doniyorning yelkasidan yana bitta bosh o‘sib chiqqandek hayron qarab. U yo‘talib asabiy holatda jilmayadi. – Qiziq suhbatingiz uchun tashakkur... Biz reklamadan so‘ng davom ettiramiz.

 MULOHAZA QILGIN: Doniyor 1:3-16 oyatlariga asosan “Doniyorning parhezi”ni qayta o‘qib chiq. Doniyorning (yahudiyning) to‘g‘ri yo‘l tutishiga va shohga e’tiroz bildirishiga nima yordam berdi? Sen noto‘g‘ri tanlovlardan qochishga qaror qilganmisan?

 HARAKAT QIL: Mabodo vasvasa bilan to‘qnashsang nima qilishing haqida hoziroq fikrlab ko‘rgin. Aniq bir vasvasalarni sanab o‘tgin: agar menda shu masalada vasvasa uyg‘onsa _____________, men ______________ qilaman”.

IBODAT: Zabur 118:12-oyati bilan ibodat qil: “Ey Egam, Senga olqishlar bo‘lsin, Farmonlaringni o‘rgatgin menga”.


 

25 IYUN. OQ QUYON

Kalomdan o‘qish: 1 Butrus 4:1-5, 19

Endi esa atrofdagilar sizlarni ko‘rib, hayron bo‘lyaptilar. Ularning yaramas qilmishlariga qo‘shilmaganingiz uchun sizlarni haqorat qilyaptilar (1 Butrus 4:4).

 

Kunlardan birida oq quyoncha oilasi yashaydigan in yaqinida quvonch bilan o‘ynoqlab yurardi. Ba’zan yonginadan uchib o‘tadigan qirg‘iylar oppoq qor ustidagi oq mo‘ynali quyonni ilg‘amay qolishardi.

To‘satdan kichkinagina sichqon paydo bo‘lib qoldi. Quyoncha o‘zi bilan o‘ynashga uni taklif qildi, ular do‘stlashib quyonchaning uyi atrofidagi qor ustida o‘ynadilar. Sichqon uning oldiga keyingi kuni ham keldi va undan keyin kelaverdi, shu tariqa ular har kuni birgalikda o‘ynaydigan bo‘lishdi.

Bir kuni sichqon shunday deb qoldi:

– Mening oldimga mehmon bo‘lib kelgin!

– Sen qayerda yashaysan? – deb so‘radi quyoncha atrofga nazar tashlab.

– Kattakon uyda, odamlar bilan birgalikda, – deb javob qaytardi sichqon. – Ko‘mir solingan o‘rada. Biz ko‘mirga tiqilib olib vaqtni ajoyib o‘tkazamiz.

– Bilmadim, – deya ikkilandi quyoncha. – Men inimizdan uzoqqa ketmasligim kerak. Onam uzoqqa ketishimga izn bermaydi, – u osmonga qarab qo‘ydi. – Bilasanmi, atrofda qirg‘iylar uchib yurishadi.

– Eh, bunaqa qo‘rqoq bo‘lma! – debdi sichqon. – Qirg‘iylar senga hech narsa qilisholmaydi. Biz axir tom ostidagi katta uyda bo‘lamiz! U yoqqa qushlar umuman uchib kirishmaydi.

– Mayli, – deb rozi bo‘libdi quyoncha. – O‘ylashimcha, bir marta borishdan qo‘rqmasam ham bo‘ladi.

U do‘stining o‘zi haqida qo‘rqoq, deb o‘ylashini istamabdi.

Quyoncha va sichqon sichqonlar oilasi yashaydigan ko‘mir o‘rasiga kirib olishibdi. Ular toki qorong‘i tushib, quyoncha uyga qaytish vaqti kelganini anglamagunicha ko‘mirga belanib yugurishibdi va o‘ynashibdi. U sichqon bilan xayrlashib, imkon qadar tezlik bilan iniga qarab yuguribdi.

Baland osmonda och qirg‘iy parvoz qilib yurardi. Banogoh nimadir uning diqqatini tortdi. Bu ko‘mirga belangani bois terisi qorayib ketgan quyoncha edi. U qor ichida yugurib borardi. Qirg‘iy pastga sho‘ng‘ib, bir lahzadayoq quyonni ilib oldi. Shundan buyon har bir oq quyonchaning ota-onasi do‘stining gapiga kirib, noto‘g‘ri yo‘l tutgan quyonchaning qayg‘uli qissasi haqida so‘zlab berisharkan.

MULOHAZA QILGIN: Sening do‘stlaring qachonlardir biror yomon yoki xatarli ish qilishga seni undashganmi? Sen bunday vaziyatlarda nima qilasan? Nima deb o‘ylaysan, seni noto‘g‘ri yo‘l tutishga undaydigan do‘stlaring yaxshimi yoki yomon? Sen mabodo do‘stlaringning gapiga kirib qandaydir yomon ish qilsang, bundan odatda do‘stlaring aziyat chekadimi yoki sening o‘zingmi?

IBODAT: “Rabbim, do‘stlarim meni biror yomon ishga undashganlarida, to‘g‘ri yo‘l tutishim qiyin kechadi. Nima yaxshi ekanligini eslashim va meni noxushlikka tortmasliklariga ijozat bermagan holda do‘stlarimga namuna ko‘rsatishim uchun menga yordam ber”.


 

26 IYUN. CHO‘CHQANING TILI

Kalomdan o‘qish: Yoqub 3:2-12

Odamlarning hammasi ko‘p xato qiladi. So‘zlayotganda xato qilmagan inson yetukdir. U butun vujudini jilovlay oladi (Yoqub 3:2).

 

BIR BADAVLAT AYOL o‘z oshpaziga bir kuni shunday debdi:

– Bugun oqshom men sevadigan erkak uyimga mehmon bo‘lib keladi. Men istardimki, sen bizga eng yoqimli bir taom tayyorlab bersang.

Oshpaz kechqurun ayolga va uning sevgilisiga ko‘plab mazali taomlarni tortiq qilibdi. Va nihoyat u shunday e’lon qilibdi:

– Bugungi eng asosiy taom, bu cho‘chqaning tili!

– Cho‘chqaning tili! – deb takrorlabdi ayol. – Men senga eng yoqimli taom tortishingni so‘ragan edim!

Oshpaz bosh irg‘abdi:

– Qachonki ikki inson bir-birlarini sevganlarida, ularning tillari faqat eng yoqimli va nafis so‘zlarni aytishadi. Zotan, til eng yoqimli taom emasmi?

Ayol jilmayibdi:

– Bu to‘g‘ri, – debdi u. – Sen nafaqat yaxshi oshpaz, balki dono ham ekansan.

Va ayol o‘z mehmoni bilan lazzatli taomdan bahra olishibdi. Biroq ular so‘ngra o‘zaro janjallashib, bir-birlaridan xafa bo‘lgan holda ajralishibdi.

Keyingi kuni ertalab ayol oshpazini chaqirib:

– Bugun kechqurun, – debdi u, – men eng yoqimsiz taom tortishingni istayman.

Kechqurun haligi ikkalasi dasturxon atrofida o‘tirganlarida, oshpaz tag‘in turli mazali taomlar taqdim etibdi. So‘ngra esa u shunday e’lon qilibdi:

– Bugungi asosiy taom cho‘chqaning tili!

– Nima? – deya hayqiribdi ayol. – Men kecha eng yoqimli taom so‘raganimda sen cho‘chqa tilini dasturxonga qo‘yganding. Bugun ertalab esa eng yoqimsiz taomni so‘radim, sen esa tag‘in cho‘chqa tilini olib kelding.

Oshpaz hurmat yuzasidan ta’zim qilibdi:

– Qachonki ikki kishi bir-birlariga jahl qilib janjal ko‘tarishsa, ularning tili yoqimsiz va qabih so‘zlarni aytadi. Zero, til dunyodagi eng yoqimsiz taom emasmi?

Ushbu vetnam xalq ertagi – Muqaddas Kitobda Yoqub bitgan oyatlarga o‘xshaydi: “Turli xil yovvoyi hayvonlar bilan qushlar, sudraluvchi va dengiz hayvonlari inson zoti tomonidan boshqarilgan va boshqarilmoqda. Ammo tilni hech bir inson boshqara olmaydi. Tinib-tinchimas bu yovuz til zahri qotildir. Biz tilimiz bilan samoviy Otamiz bo‘lgan Egamizni olqishlaymiz va tilimiz bilan Xudoning suratida yaratilgan insonlarni la’natlaymiz. Olqish va la’nat bir og‘izdan chiqadi. Ey birodarlarim, bunday bo‘lmasligi kerak!” (Yoqub 3:7-10).

Til hayratomuz tarzda ezgulik va yovuzlikni yaratishi mumkin. Noto‘g‘ri qaror aksariyat hollarda noto‘g‘ri so‘zdan boshlanadi. Zero, “so‘zlayotganda xato qilmagan inson yetukdir. U butun vujudini jilovlay oladi” (Yoqub 3:2). Agar biz kamroq gapirib ko‘proq eshitishni o‘rgansak, noxush holatlarga tushib qolmasligimiz oson kechadi.

MULOHAZA QILGIN: Sen tilingni tiyib olmaganing bois noxush holatlarga tushgan paytlaringni eslay olasanmi? Sen o‘zingni qay tariqa yaxshiroq nazorat qilishing mumkin?

IBODAT: “Rabbim, bugun o‘z tilimni nazorat qilishim uchun yordam ber, ayniqsa __________________ ”.


 

27 IYUN. YAXSHI NIMA O‘ZI?

Kalomdan o‘qish: Ibtido 1:1-12

Xudo bularning ham ajoyib ekanini ko‘rdi (Ibtido 1:12).

 

Odamlar yaxshi so‘zini turlicha tarzda ishlatishadi. Bu nimadir mazali, ajoyib yoki iste’molga yaroqli, yoqimli yoki jozibador ma’nosida bo‘lishi mumkin. “Maksvell” qahvasi oxirgi tomchisigacha zo‘r!” deya bizga uqtiradi reklama. Biroq yaxshi so‘zi axloqiy nuqtai nazardan ham to‘g‘ri. Onang shunday deganida mana nimani nazarda tutadi: “Maktabda o‘zingni yaxshi tut”. Mana, odamlar kimnidir “yaxshi inson” deganlarida nimani nazarda tutishadi. Mana, Muqaddas Kitob ushbu so‘zlarni aytganida nimani nazarda tutadi: “Yomonlikdan nafratlanib, yaxshilikni mahkam tuting” (Rimliklar 12:9).

Chalkashib ketish mumkin, to‘g‘rimi? Ba’zan yaxshi bu “mazali” yoki “yoqimli”. Biroq, ba’zan axloqiy nuqtai nazarga ko‘ra, bu yovuzlikka qarshi ezgulikdir. Bilasanmi, vaziyatni yana nima chigallashtiradi?

Ko‘pchilik axloqiy masaladagi yaxshilik boshqa jabhalardagi yaxshiliklardan hech qaysi jihati bilan farq qilmaydi, deya hisoblashadi. Ular shunday o‘ylashadi: “Sen shokoladni yaxshi ko‘rasan, men esa vanil kremini. Sen, aldash yomon deb o‘ylaysan, men esa bunday deb o‘ylamayman”. Biroq bu noto‘g‘ri, negaki ular “yaxshi” tushunchasini turlicha qabul qilishadi. Odamlarda taom, musiqa yoki gullar borasida turlicha ta’b va fikrlar bo‘lishi mumkin; biroq gap ezgulik va yovuzlik masalasiga borib taqalganida, biz nima yaxshiyu, nima yomonligini hal qilolmaymiz. Bizga nima yoqishi yoki yoqmasligi muhim emas. Xudoning aytgani muhim. U bizga allaqachon nima yaxshiyu, nima yomonligini aytgan. Biz U bilan bahslashishimiz mumkin. Biz U bilan kelishmasligimiz mumkin. U bizga aytganlariga e’tibor bermasligimiz mumkin. Biroq biz o‘z o‘zimizcha nima “yaxshi” ekanligini hal qila olmaymiz.

 MULOHAZA QILGIN: Sen bugun axloqiy ma’noda to‘g‘ri yo‘l tutdingmi? Sen Xudoga manzur bo‘ladigan tarzda o‘zingni boshqardingmi? Agar shunday bo‘lmasa, Xudodan kechirim so‘ragin.

 HARAKAT QIL: Odamlar “yaxshi” so‘ziga qanday ma’no yuklayotganlariga diqqat bilan quloq sol. O‘zingdan so‘rab ko‘rgin: “mazali”, “yoqimli”, “ajoyib” so‘zlari (bu odamning o‘z ta’bi va fikrlashiga bog‘liq holda) ahamiyatga egami yoki bu o‘rinda yaxshi axloqiy masalada (shaxsiy fikr va ta’bga bog‘liq bo‘lmagan holda) nazarda tutilganmi?

IBODAT: “Xudoyim, meni ezgulikka o‘rgatayotganing uchun Senga rahmat. Yovuzlikdan nafratlanishim uchun menga yordam ber”.


 

28 IYUN. XUDO ULUG‘, XUDO EZGULIKDIR

Kalomdan o‘qish: Ibtido 1:14-25

Naqadar yaxshisan, ezgulik qilasan, Farmonlaringni menga o‘rgatgin (Zabur 118:68).

 

NIMA DEB O‘YLAYSAN, quyidagi so‘zlardan har biri nimani anglatadi?

Indulgensiya nima ekanligini bilasanmi?

□  Soliq nazorati bo‘limidagi navbat

□  Kimyoviy reaksiya

□  Gunohlar kechirimi haqidagi hujjat

Ponton nima o‘zi?

□  Chuqur jarlik

□  Uzumning noyob turi

□  Suzadigan ko‘prik

Yaxshi nima ma’noni anglatadi?

□  Birovga ziyon yetmagunicha xohlaganini qilayotgan kishi

□  “Borliq bilan yagona” bo‘lgan kishi

□  Xudoga manzur bo‘lgan kishi

 

Harqalay, sen vazifani uddalagan bo‘lsang kerak. Indulgensiya bu gunohlar kechirimi haqidagi hujjat. Ponton bu suzuvchi ko‘prik. Yaxshi esa Xudoga yoqadigan kishi demakdir.

 Xudo borliqni va undagi bor narsalarni yaratganida, U O‘z ijodiga qarab bularning yaxshi ekanligini ko‘rdi. Bu shunchaki fikr emas: haqiqatdan ham shunday bo‘lgan! U barcha yaratilganlarni O‘zi bilan taqqoslab ko‘rdi, demak, barchasi (U kabi) toza, mukammal va begunoh edi, u “yaxshi” edi.

 Qachonki gunoh olamga kirib kelganida u Xudo ijodining “yaxshi”sini buzdi. Ammo ba’zi narsalar o‘zgarmadi: inson axloqan yaxshi bo‘lganida, u Xudoga o‘xshaydi. Agar u Xudodek bo‘lmasa, demak, yaxshi emas.

 Agar sen barcha fikrlaringni, qilayotgan ishlaringni va so‘zlaringni Xudoning birgina yaxshilik andazasi bilan solishtirsang, amalda yomon ishlar qilolmaysan. Agar sen har safar biror tanlov qilganingda o‘zingdan, “Xudo shunday yo‘l tutgan bo‘larmidi?”, deb so‘rasang, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi farqni aniqlashing anchayin oson kechadi... Zotan, Xudo yaxshidir.

 MULOHAZA QILGIN: Ibtido kitobining 1-bobida Xudo O‘z ijodini necha bora “yaxshi” deb ataydi? U O‘z ijodini nima bilan taqqoslagan?

 Do‘stlaringning nima yaxshiyu, nima yomon ekanligi haqidagi tasavvurlariga tayanish osonmi yoki Xudo bilan, ya’ni, yaxshilik andazasi bilan nimani o‘ylayotganlaring, qilayotganlaring va so‘zlayotganlaringga asoslanib ish tutish osonroqmi? Yaxshi nima o‘zi?

IBODAT: “Xudoyim, Sen yaxshi bo‘lganing uchun men Seni ulug‘layman. Sen muqaddassan. Sen mukammalsan. Sen pokizasan. Sen nimaiki o‘ylayotgan, qilayotgan va gapirayotgan bo‘lsang barchasida haqsan. Faqatgina Sen ezgulik ekanligingni eslab turishim uchun yordam ber”.


 

29 IYUN. SHON-SHARAFNING AKS ETISHI

Kalomdan o‘qish: Ibtido 1:26-31

Keyin Xudo shunday dedi: “Endi inson zotini yarataylik, ular O‘z suratimizday, O‘zimizga o‘xshagan bo‘lsin (Ibtido 1:26).

Biz hammamiz... o‘zgarib borar ekanmiz, yanada ulug‘vor bo‘lib, Egamizga o‘xshagan bo‘lamiz (2 Korinfliklar 3:18).

 

SEN TO‘LIN OYNI KO‘RGANSAN, to‘g‘rimi? Albatta, ko‘rgansan. Oy to‘lishgan paytda xuddi kunduzdagidek yorug‘ bo‘ladi. Sen garchi yarim tun bo‘lsada uzoqdagi hamma narsani, daraxtlarni, yo‘laklarni va gullarni ko‘rasan.

Aslida esa oy yog‘dusi mavjud emasligini bilasanmi?

Bu haqiqat! Oy yog‘dusi Oydan emas, balki Quyoshdan hosil bo‘ladi! Oy kechasi yoritadi, negaki quyosh nuri uning ustki qismida aks etadi. Yer va Oy Quyosh atrofida aylanishadi, shu bois biz ba’zan to‘lin Oyni ko‘ramiz, ba’zida esa yarim oyni, ba’zan esa Oyni umuman ko‘rmaymiz, u batamom yer soyasida qolib ko‘rinmaydi.

Biz qaysidir ma’noda Oyga o‘xshaymiz. Xuddi Oy kabi bizning o‘z yorug‘ligimiz yo‘q, Muqaddas Kitobda aytilganidek, o‘z haqiqatimiz yo‘q. Bizlarning oramizda biror yaxshi yo‘q; biz hammamiz gunohkorlarmiz (qarang Zabur 13:1-3; Mark 10:18; Rimliklar 3:23).

Xuddi Oy faqatgina Quyosh nurini aks ettirib, “yog‘du taratgan”i kabi, biz ham faqat Xudoning marhamatini aks ettiribgina yaxshi va marhamatli bo‘lishimiz mumkin. Biz yaxshi emasmiz, qanchalik urinmaylik, yaxshilik qila olmaymiz (Rimliklar 7:18-19). Biroq Xudo ezgulikdir, biz o‘z hayotimizga Uning Muqaddas Ruhi kirib kelishiga va bizni boshqarishiga izn berganimizda, U bizga to‘g‘ri qaror qabul qilishimiz va Uning marhamatini aks ettirishimizga yordam beradi.

Biz Xudoning ko‘magi bilan yaxshilik qilganimizda, xuddi oy quyoshning yog‘dusini aks etgani kabi, biz Uning siymosini aks ettiramiz.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, Xudoning timsoli sifatida yaratilish nimani anglatadi? Bu biz Xudodek kabi ko‘rinishimiz lozimligini bildiradimi? Bu biz ezgulik va yovuzlikdan birini tanlay olishimiz mumkinligini anglatadimi? Yoki buning yana boshqacha ma’nosi bormi? Nima deysan? Sen Xudoning siymosini shu haftada qanday namoyon etding? Kechagi kundachi? Bugunchi? Sen bugun va ertaga qay tariqa Xudo marhamatining aksi bo‘la olasan?

HARAKAT QIL: Bugun kechqurun qorong‘i tushganida, ko‘chaga chiq. Tungi osmondan oyni topgin va xuddi Oy quyosh yog‘dusini aks ettirgani kabi, Xudodan Uning timsolini aks ettirishingda yordam berishini so‘ra.

IBODAT: “Rabbim Ota, Sen meni O‘z siymong kabi yaratganing uchun rahmat. Bugun Sening marhamatingni aks ettiruvchi bo‘lishim uchun yordam ber, xususan, ________________________”.

 

 

30 IYUN. YOMON NIMA O‘ZI?

Kalomdan o‘qish: Efesliklar 5:15-17

Shunday qilib, qay tarzda yashayotganingizga diqqat qilinglar. Nodonlar kabi emas, balki donolarday hayot kechiringlar (Efesliklar 5:15).

 

TASAVVUR QILGIN, SEN Anya xolaning tug‘ilgan kuniga onang tayyorlagan shirinlikka bir tovoq achchiq sousni to‘kib yubording.

Yoki sen dadangga yakshanba kuni futbol o‘yiniga bora olmasligini aytasan, negaki onang uning uchun o‘sha kuni ziyofat hozirlayapti, ammo bu kutilmagan sovg‘a bo‘lishi kerakligi haqida hech kim seni ogohlantirmagan edi.

Yoki o‘n sakkizta farzandli bemor qo‘shningga donor yurakni tibbiyot yo‘li bilan o‘tkazishmoqchi, sen esa singlingdan iltimos qilib, uning bolalariga qarab o‘tirishini qo‘shningga va’da berganding. Ammo sen va’dangni unutding, qo‘shni ayol esa jarrohlik amaliyotini qoldirishiga to‘g‘ri keldi, yurakni esa boshqa birovga berib yuborishdi.

Kun og‘ir kechdi, to‘g‘rimi? Ehtimol, sen bilan hech qachon bunday hol yuz bermagandir, biroq shunga o‘xshash holatlar sodir bo‘lgandir va keyinchalik o‘zingni yomon his qilgandirsan. Ammo shuni yodda saqlash muhim: har qanday muvaffaqiyatsiz ish ham yomon bo‘lavermaydi. Misol uchun, quyidagi variantlarni qarab chiq: ulardan birining yomonligi aniq. Boshqasi esa noo‘rin bo‘lib, noqulay vaziyatlarga tushirib qo‘yishi mumkin, - biroq u axloqan yomonlik bo‘lib qolavermaydi.

Yomon qaror: Sen plyajga borishingni onangga aytmasdan uni aldading.

Omadsiz qaror: Sen plyajda toki terga botib ketmaguningcha yotib qorayding.

 

Yomon qaror: Sen barmog‘ingga bolg‘a urib olganingda, juda yomon so‘z aytib yubording.

Omadsiz qaror: Sen barmog‘ingga bolg‘a urib olganingda, g‘azabdan bolg‘a bilan boshingga urding.

 

Yomon qaror: Sen itning ovqatiga ich suradigan dori solib berding.

Omadsiz qaror: Sen itning ovqatiga ich suradigan dori solib berding va uni o‘z to‘shagingga yotqizib qo‘yding.

 

Barchamiz har zamon har zamonda adashib turamiz. Ba’zan bu xatolar gunohkorona bo‘ladi – biz Xudo buyurmagan ishlarni qilamiz. Ammo ba’zan bu shunchaki omadsiz harakatlar bo‘ladi: biz Xudoning amrlariga zid kelmaydigan qandaydir ahmoqliklar qilamiz.

Gunohkorona qarorlar qilmaslik va shunchaki ahmoqlik qilganimizda o‘zimizni aybdor his qilmaslikka o‘rganish bag‘oyat muhim. Sen ikkala holatda ham javobgarsan. Sen har qanday vaziyatda ham kechirim so‘rashni bilishing lozim. Unisidan ham, bunisidan ham qochishga harakat qil. Ammo unisini bunisi bilan chalkashtirma.

MULOHAZA QILGIN: Gunohkorona va omadsiz qarorlar o‘rtasida qanday farq bor? Biz ikkala holatda ham o‘zimizni aybdor his qilishimiz kerakmi? Ikkala holatda ham javobgarmizmi? Kechirim so‘rashimiz shartmi? Bunday vaziyatlardan qochishga urinish kerakmi?

HARAKAT QIL: Sen ushbu haftada kitob o‘qiyotgan yoki televizor tomosha qilayotgan bo‘lsang, undagi qahramonlar qabul qilayotgan qarorlarga e’tibor ber. Ulardan qaysi biri gunohkorona va qaysilari omadsiz qaror ekanligini belgilab qo‘y.

IBODAT: “Rabbim, bugun noto‘g‘ri qarorlardan qochishim uchun menga donolik ato et. Omadsiz qarorlardan qochishim uchun ham yordam ber”.

 


O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun (Uzbek tilida kitob) To‘g‘ri qarorlar izlab (Josh Makdauell va Bob Xostetler)
YANVAR - FEVRAL - MART - APREL - MAY - IYUN - IYUL - AVGUST - SENTYABR - OKTYABR - NOYABR - DEKABR



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

911. Xudoning irodasini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Haqiqiy sevgini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Rejalashtirilmagan homiladorlik (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. O'z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Jinsiy zo‘rlanish (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Ota-onaning ajralishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Nizolar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Yaqin insonning vafot etishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    Сенинг Чўққиларинг томон йўл (Ханна Харвард)    Фаришталар ҳам сукут сақлаган эдилар (Макс Лукадо)    Худонинг Буюклиги (Эйден Тозер)    Яраланган юрак (Дэн Аллендер)    Худонинг Муқаддаслиги (Роберт Спраул)    Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)    Сандон устида (Макс Лукадо)  Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак