To‘g‘ri qarorlar izlab. (Josh Makdauell va Bob Xostetler) 3 bob

JOSH MAKDAUELL va BOB XOSTETLER

TO‘G‘RI QARORLAR IZLAB

O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun

 366 jozibakor lavhalar

YANVAR - FEVRAL - MART - APREL - MAY - IYUN - IYUL - AVGUST - SENTYABR - OKTYABR - NOYABR - DEKABR

ANNOTASIYA

Mazkur kitob biz har kuni duch keladigan hayotiy muammolarga to‘g‘ri qarorlarni topgan holda, ularni oqilona hal etish uchun Muqaddas Kitobdan qanday foydalanish kerakligini ko‘rsatadi. Siz ega bo‘lgan narsalaringiz uchun o‘zingizda Xudoga minnatdorchilik hissini uyg‘otgan holda imkon qadar ko‘proq ibodat qilish, o‘z harakatlaringizni tahlil qilish, itoatkorlik ruhida ish tutib odamlarga xizmat qilishning imkoniyat va usullarini izlash zarur ekanligini tushunib olasiz.Tugri qarorlar izlab kitob uzb

  

KIRISH. To‘g‘ri qarorlar izlab: har bir kun uchun vazifa

DINOZAVRLAR VA KINOYULDUZLAR.

Teleo‘yin.

Misha aka va Masha singil.

To‘lin oy va uchayotgan kometalar.

Televizion yangiliklar dasturi

“Iyerixon uchun kurash: bir kundan so‘ng”.

Jinlar va shaytonlar; o‘yinlar va hazillar; olimlar va fermerlar; qarg‘a va kanareyka; testlar va savolnomalar va hattoki g‘aroyib kaltakesak Mikatu – siz bularning barchasini ushbu kitobning sahifalaridan topasiz. Josh Makdauellning “O‘smirlar uchun har kungi mutolaa” kitobi bu har bir kunda to‘g‘ri qarorlarni izlash va mulohaza yuritish uchun ozuqadir. Birinchi yanvardan boshlanadigan “Andreyning kurtkasi” nomli maftunkor sayohat toki 31 dekabrdagi “Foydali orzular” nomli mutolaagacha jami 366 jozibakor lavhalarni qamrab oladiki, ular sizni to‘g‘ri qarorlarni nojoizlaridan farqlab olishingizga hamda doimo to‘g‘ri tanlov qilishingizga yordam beradi.

Har kungi mutolaa shu kungi hayotingizda haqiqatni qo‘llashda yordam beradigan Muqaddas Kitobdan qisqa parchalarni, asosiy oyatlarni, bir qancha masala va maslahatlarni, shuningdek, qisqacha ibodatlarni o‘z ichiga oladi. Ammo harqalay hech bir kun boshqasiga o‘xshamaydi. Ayrimlari qisqacha hikoyani taqdim etsa, boshqasi testni tavsiya etadi; nimadir sizni kulishga undashi yoki dilingizni o‘rtashi mumkin; ba’zi hikoyalar o‘ylab topilgan, boshqalari esa haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shu bilan birgalikda, har kungi mutolaa sizni mulohaza yuritishga va “mana shu buzuq va egri nasl orasida Xudoning nuqsonsiz, aybsiz va pok farzandlari bo‘lishingiz”ga undaydi (Filippiliklarga 2:15).


O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun (Uzbek tilida kitob)
MART

 

1 MART. FIKRLASHNING YANGICHA USLUBI

Kalomdan o‘qish: Efesliklarga 4:17-23

Yangichasiga fikr-zikr qiladigan bo‘linglar (Efesliklarga 4:23).

 

QUYIDA JOYLASHTIRILGAN NUQTALARGA QARAGIN. Sen qalamni qog‘ozdan olmay turib barcha nuqtalarga tekkizgan holda to‘rtta chiziq chiza olasanmi?

 

Xo‘sh, qanday bo‘ldi? Sen buning iloji yo‘qligini aytayapsanmi? Bunday qilishning imkoni yo‘qmi? Bu haqda yana bir bora o‘ylab ko‘r. Bu mumkin, faqat shunchaki o‘z fikrlashingni biroz o‘zgartir. Sen faqat nuqtalar bilan cheklangan to‘rtburchak haqida o‘ylayapsan yoki chiziqlar ushbu figuraning chegarasidan chiqib ketishi mumkinligini ko‘rib chiqayapsanmi?

Mana bunday qilishga urinib ko‘r: chap burchakdagi eng pastki nuqtadan boshla, diagonal bo‘ylab yuqoridagi o‘ng burchakka qarab yurg‘izgin. So‘ngra o‘ng tomondagi pastki nuqta yo‘nalishiga qarab chizgin va chiziqni chegaradan tashqarida davom ettir. Shundan so‘ng diagonal bo‘ylab to‘g‘ri chiziqni pastdagi o‘rta nuqta orqali va chapdagi o‘rta nuqtagacha chizib (u faqat ikki nuqta orqali o‘tadi) nuqta chegarasidan tashqarida chizishda davom et. To‘rtinchi chiziq nuqtalarning yuqori qatoridan o‘tadi. Uf! Mana, uddaladik!

Bu vazifadan ko‘zlangan mohiyat nima? Sen Xudo va Uning yo‘llari haqida qanchalik ko‘p bilsang, odamlar sening fikrlashing yo‘nalishini shunchalik past qabul qilishadi. Sen Xudo haqida qanchalik ko‘p bilsang, Uning ezgulik va yovuzlik haqidagi tushunchasini qanchalik ko‘p qabul qilsang, sening fikrlaring va munosabatlaring shunchalik kuchli darajada o‘zgaradi. Atrofingdagilar vaziyatga yoki vasvasaga o‘zlaricha munosabat bildirishadi, sen esa bunga mutlaqo boshqacha munosabatda bo‘lasan. Ular shu tariqa noto‘g‘ri qaror qilishadi, sen esa ular nimani tushunmayotganliklarini bilgan holda to‘g‘ri qaror qabul qilgan bo‘lasan.

 Agar biror narsaning iloji bo‘lmasa, odamlar shunday deb o‘ylashadi: “Bunday qilib bo‘lmaydi”. Keling, tan olaylik: biz odamlarmiz va bizning tafakkurimiz cheklangan. Biroq xuddi nuqtalar bilan bo‘lgan mashq kabi, biz o‘zimizdagi imkoniyatlar doirasidan tashqariga chiqishimiz mumkin. Qanday qilib? O‘ylashimcha, Masihga o‘xshab. 1-Korinfliklar 2:16 shunday deyilgan: “Biz esa Masihday fikrlay olamiz”. Uning fikrlari chegara bilmaydi, Uning imkoniyatlari cheksizdir!

 MULOHAZA QIL: sening do‘stlaring fikrlashing va qilgan ishlaringga hayron bo‘lgan paytlar bo‘lganmi? Ularda ham ezgulik va yovuzlik haqidagi tasavvur xuddi sening tasavvuringga o‘xshaydimi? Agar shunday bo‘lsa, nima uchun? Agar shunday bo‘lmasa, nima uchun?

 IBODAT: “Xudoyim, Sen menga yangicha fikrlash timsolini berganing qanday ajoyib! Menga xuddi Masih kabi fikrlash va harakat qilishimga yordam ber”.

 

 

2 MART. SEN VAZIYATNI NAZORAT QILASANMI?

Kalomdan o‘qish: Efesliklar 4:24-27

Xudoning suratida yaratilgan, haqiqiy solihlik va muqaddaslikdan iborat bo‘lgan yangi tabiatga burkaninglar (Efesliklar 4:24).

 

SEN O‘ZINGNI NAZORAT QILISHNI YO‘QOTASANMI, agar:

·   kuchugingni sayrga olib chiqqaningda u sening shimingni yoki oyoq kiyimingni bulg‘ab qo‘ysa?

·   do‘stinga telefon qilib unga sinfingdagi “bu yaltoqi”ga chiday olmasligingni aytganingda va to‘satdan telefon raqamini adashtirib o‘sha “yaltoqi”ga gapirayotganingni to‘satdan tushunib qolganingda?

·   uyda nonushta qilishni unutganingda va do‘stlaring qoldirgan ovqatni yeyishingga to‘g‘ri kelganida?

·   televizorda o‘zing yoqtirgan ko‘rsatuvni ko‘rmoqchi bo‘lganingda, biroq senga mutlaqo qiziqarli bo‘lmasada, prezidentning efir orqali qiladigan qandaydir murojaati tufayli senga ruxsat berishmaganida?

·   faqat maktabga borgan vaqtingda uy kiyimingni maktab formasiga almashtirishga unutganingni bilib qolganingda?

 

Inson ko‘pgina sabablarga ko‘ra o‘zini yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Ba’zan butun dunyo sening asabingga tegishga urinayotgandek tuyuladi. Biroq bunday emas.

 Har kungi hayotimizda sen o‘zingni yo‘qotib qo‘yadigan ko‘plab vaziyatlar bo‘ladi. O‘zini boshqara olish bu o‘z kayfiyatingni va harakatlaringni boshqara olish layoqati demakdir. Uni o‘zimizda shakllantirish mumkin: kimdir tabiatan bunday layoqatdan bebahra, deb aytish mumkin emas. U to‘g‘ri qaror bilan bog‘liq emas: sen ba’zan to‘g‘ri ish qilasan, ba’zan esa yo‘q.

 Kimdir sening asablaringga qanchalik tegmasin, kimdir seni jahlingni chiqarishni qanchalik istamasin, sen o‘zingdagi “g‘azab o‘ti”ni chiqarib yuborishni qanchalik xohlamagin xotirjamlikni tanlashing kerak. Va Xudoning yordami bilan sen xotirjamlik saqlashni tobora ko‘proq o‘rganaverasan.

 O‘zini boshqara olish Muqaddas Ruh beradigan natijalardan biridir. (Qaragin: Galatiyaliklar 5:22-23). Xudoning Ruhi seni nazorat qiladi, sen esa o‘zingni nazorat qila olasan. Bu seni robotga aylantirib qo‘ymaydimi? Bunaqa bo‘lmasa kerak! Sen xotirjamlikni saqlashni yoki holatdan chiqib ketishni tanlashing mumkin. Sen Zabur xonishchisining ushbu maslahatiga quloq solishing yoki uni tan olmasliging mumkin: “Hatto g‘azablanganingizda ham gunoh qilmang, tunda yotganingizda o‘ylang, sukut saqlang” (Zabur 4:5).

 MULOHAZA QIL: Efesliklarga maktubning 4:24 o‘qib chiq. Nima deb o‘ylaysan, “yangi odam” bo‘lish nimani anglatadi? Bu sening harakatlaringga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

 Oxirgi marotaba nima seni o‘z holatingdan chiqishingga majbur qildi? Sen bunga qanday munosabatda bo‘lding? Sen yana qanday yo‘l tutishing mumkin edi?

IBODAT: “Xudoyim, men g‘azablanganimda meni to‘xtat. Menga boshqa yo‘llarni ko‘rishimga imkon ber. To‘g‘ri qaror qilishim uchun menga kuch bergin”.

 

 

3 MART. YOVUZLAR BIZGA QARSHI

Kalomdan o‘qish: Efesliklar 4:28-32

Har qanday gina–kudurat, qahru g‘azab, janjalkashlik, g‘iybatchilikni hamda boshqa har xil yomonliklarni o‘zingizdan soqit qilinglar (Efesliklar 4:31).

 

KRUELLA DE VIL

Skar

Ja’far

Kapitan Kryuk

Fauna va Flora

Sherxon

Bu ismlarni eslayapsanmi? Kruella De Vil – “101 dalmatin”dagi qabih va yovuz ayol. Skar – “Qirol Sher”dagi Simbaning razil amakisi. Ja’far esa disney multfilmidagi “Aloviddin” da Aloviddin, jin va Jasminga qarshi yovuz rejalar tuzgan. Kapitan Kryuk Piter Penning dushmani bo‘lgan. Fauna va Flora esa Zolushkaning o‘gay opalari bo‘lib, unga nisbatan nihoyatda past munosabatda bo‘lganlar. “Changalzorlar kitobi”dagi Sherxon esa bechora Mauglini yeb qo‘yishni istagan! Mumtoz asarlarga aylangan bu multfilmlarni kim ko‘rgan bo‘lsa, Skar va Ja’far kabi obrazlar yovuz ekanligiga ishonishadi. Biroq nima uchun shunday?

 Bugungi kunda ko‘pchilik yovuzlik va ezgulik go‘yo mavjud emasligini, har kim nima yaxshiyu, nima yomonligini o‘zi hal qilishi haqida uqtiradi. “sen o‘zingga nima yaxshi ekanligini hal qiladigan balog‘at yoshidasan, – deyishadi ular. – Hech kimni nima yaxshiyu, nima yomonligiga o‘rgatma. Bu har kimning shaxsiy ishi”.

Biroq barcha ham po‘stin tiktirish uchun begunoh itchalarni o‘ldirish (xuddi Kruella De Vil istaganidek) – yomon ekanligiga iqror bo‘lishadi; yoki o‘z akasini o‘ldirib, hamma aybni jiyaniga to‘nkash (xuddi “Qirol Sher”dagi Skar kabi) ham – yaxshi ish emas. Hamma odam yovuzlarning ishi yomon ekanligiga iqror bo‘ladi. Nega? Negaki ezgulik va yovuzlik – shaxsiy ish emas: Xudo bu nima ekanligini bizga tushuntirgan. Faqat Xudo nima yovuzlig-u, nima ezgulik ekanligini hal qilish huquqiga ega, U qotillik va nafrat, g‘azab va jahl yomon ekanligini aytgan.

 Xudo aytganki, “Bir–biringizga nisbatan ko‘ngilchan va mehr–shafqatli bo‘linglar. Xudo sizlarni Masih orqali kechirganday, sizlar ham bir–biringizni kechiringlar” (Efesliklar 4:32). Boshqa odamlar sizga nima deyishidan qat’iy nazar –  bu yaxshi!

 MULOHAZA QIL: Sen birovga g‘azablangan payt bo‘lganmi? Sen qachondir aslida yomon ish qilib: “men hech qanday yomon ish qilmadim” deganmisan? Sen odatda o‘zingni nazorat qila olasanmi?

IBODAT: “Xudoyim, men hattoki o‘zimni yovuzlarcha his qilganimda ham meni sevganliging va menga yordam berishni istaganliging uchun minnatdorman. Men aytishni yoki qilishni xohlagan barcha yomonliklardan xalos bo‘lishim uchun yordam ber”.

 

 

4 MART. YO‘LBOSHCHIGA ERGASH

Kalomdan o‘qish: Efesliklarga 5:1-4

Shunindek, orangizda beadablik, nojo‘ya so‘zlaru qo‘pol hazillar ham bo‘lmasin, chunki bunday qiliqlar sizlarga to‘g‘ri kelmaydi. Yaxshisi, Xudoga shukr qilinglar (Efesliklarga 5:4).

 

SENGA QACHONLARDIR andaza orqali nimanidir qirqishga yoki tikishga to‘g‘ri kelganmi? Yoki chizma bo‘yicha bajarganmisan? Sen qachonlardir qo‘llanmaga amal qilgan holda samolyotning nusxasini yelimlaganmisan yoki tort pishirganmisan?

 Sen ayrim narsalarni qilishing uchun rejaga amal qilishing lozim, xoh u tikish uchun nusxa yoki terim bo‘yicha qo‘llanma yoki retsept bo‘lsin. Agar un o‘rniga tuz solsang, tort hosil qila olasanmi? Albatta, yo‘q! Agar samolyotning ikkala qanotini bir tarafga yelimlab yopishtirsak, ucha oladimi? Ucha olmaydi. Mabodo qo‘llanmaga e’tibor bermasdan kiyimning yengini tikib qo‘ysak nima bo‘ladi?

 Ha, qo‘llanmani o‘rganish uchun odatda ko‘p vaqt talab etiladi, biroq u orqali yaxshi natijaga erishamiz. Kimki qo‘llanmani tuzgan bo‘lsa, bu haqda bilgan.

 Bizning hayotimizda ham andaza bor, bu Isodir. U Xudoning O‘g‘li sifatida bizga Xudoning qandayligini ko‘rsatish uchun keldi. U taqlid qilish uchun eng yaxshi misoldir.

 Xudo O‘zining Kalomida bizga o‘z harakatlarimizni nazorat qilishimizni buyurgan, bu esa Uning qandaydir tantiqligi emas. U bizga shunday deydi: “Xuddi Men kabi bo‘linglar”, negaki U O‘zini nazorat qiladi. Xudo qachonki, “Mana shu aytganlarimni qilaman” (Ishayo 42:16), deganida, U buni bajaradi. U hech qachon aldamaydi va quruq va’dalar bermaydi.

 Ayrim odamlar osonlik bilan o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishadi. Biroq Xudo hech qachon O‘zini bunday tutmaydi. Boshqalar nima o‘ylasalar shuni gapiraverishadi, biroq Xudo hamisha O‘z Kalomini nazorat qiladi. Ayrim odamlar o‘z hissiyotlarining qulidirlar, biroq Xudo hamisha mukammaldir, Uning xohishi muqaddasdir.

 Xudo O‘zini nazorat qiladi, negaki U biz ham Uning O‘zidan ibrat olib o‘zimizni nazorat qilishimizni xohlaydi.

 MULOHAZA QIL: Nima deb o‘ylaysan, Xudo qachonlardir sen o‘zingni qo‘lga olishingga yordam berganmi? Sen o‘zingni Xudo kabi to‘liq boshqara olasanmi? O‘zini nazorat qilish sening harakatlaringda qanday namoyon bo‘ladi?

IBODAT: “Xudoyim, men qanday yashashimda ibrat bo‘lganing uchun Sendan minnatdorman. Sen ko‘rsatgan namunaga amal qilishimga yordam ber”.

 

 

5 MART. SENING HAQIQIY RANGLARING

Kalomdan o‘qish: Efesliklarga 5:5-9

Shunday qilib, qay tarzda yashayotganingizga diqqat qilinglar. Nodonlar kabi emas, balki donolarday hayot kechiringlar (Efesliklarga 5:15).

 

AYRIM SPORT JAMOALARINING TIMSOLI mutlaqo tushunarli. Misol uchun, “Nyu York Yankiz” timsoli – beysbol tayog‘ining uchida Sem tog‘aning shlyapasi tasvirlangan. “Chikago Bullz”ning timsoli – qizil ho‘kiz. “Dallas kovboylari”ning bosh kiyimida bitta yulduz (Texas – “yolg‘iz yulduzning shtati”).

Boshqa jamoalarning an’analari g‘alati ko‘rinishi mumkin. Misol uchun, Pensilvaniya oliygohining rangi – ko‘k va oq, biroq ularning jamoasi “Nitanni Layonz” esa ko‘k rangni ham, oq rangni ham ishlatishmaydi. Detroytning “Qizil qanotlar” jamoasichi? Ularning timsoli – avtomobilning qanotli qizil ruli. Los-Anjelesning “Dodjers” jamoasining timsoli esa “dodj” hisoblanadi.

Shuningdek, ayrim jamoalarning g‘alati tumorlari bor. Misol uchun, Yutada –  gorilla, Floridada – baliq, Filadelfiyada – “Fanatikom” nomli mahluq.

Biroq sport jamoalaridagi eng qiziqarlisi bu nomlanish, timsol va tumorlar emas, balki ishqibozlardir. Ular alohida bir bosh kiyimlari, parik va sviterlar kiyib yurishadi. Ularning bo‘ynida sharf o‘ralgan, futbolkalarida esa, “mana shu jamoa chempion!” deb yozilgan. (Qiziq, birdaniga qancha jamoa chempion bo‘lishi mumkin?) Ular o‘z yuzlarini va badanlarini bo‘yashadi. Ular bayroqlar silkitishadi. Ular nishon taqib yurishadi. Ular qo‘shiq aytishadi. Shu tariqa, ular qaysi jamoaga ishqibozlik qilayotganlarini bilsa bo‘ladi.

Sen esa Xudoga qanchalik kuchli muxlislik qilasan? Sen Xudoni sevishing va Unga xizmat qilishing odamlarga ayonmi? Oxir-oqibat, Xudoda jamoalarga xos muayyan ranglar yoki tumorlar yo‘q. Ha albatta, sen masihiycha timsol tushirilgan futbolkani kiyib yurishing mumkin. Sen masihiycha musiqalar eshitishing mumkin. Sen hattoki yoningda mana shu kitobni olib yurishing ham mumkin. (Bu kitobdan yuz nusxasini sotib olib barcha do‘stlaringga sovg‘a qilgin!)

Bularning hammasi ajoyib, biroq biz Xudoga bo‘lgan e’tiqodimizni bu tariqa ko‘rsatmaymiz. Xudo bizning sajda qilishimiz – qiyofalarimizni bo‘yab, bayroqlarni silkitib ifoda etish orqali emas, balki qanday yashayotganligimiz orqali ifoda etishimizni istaydi. U bizning harakatlarimizdan Xudoga itoat etishimiz namoyon bo‘lishini istaydi.

Mana nima uchun o‘zimizni dadil tutishimiz Xudo uchun bunchalik muhim. Biz o‘zimizni qo‘lga olib g‘azabimizni tiyganimizda oliy kuchga bo‘ysunishimizni namoyon etamiz. Biz giyohvand moddalardan va ichkilikbozlikdan o‘zimizni asrab, toza jinsiy yaqinlikka rioya qilganimizda, o‘z xohishlarimizga emas, balki Xudoga itoat qilishimizni ko‘rsatamiz.

Bu futbolkada masihiylik timsolini olib yurish yomon, degani emas; bu Xudoga futbolkaning ichidagi inson muhimroq, deganidir.

MULOHAZA QIL: Sen Xudoga qanchalik yaqinsan? Boshqalar sen Xudoni sevishingni va Unga xizmat qilishingni bilishadimi? O‘zingni tutishingdan sen Uning jamoasiga mansubligingni bilsa bo‘ladimi?

IBODAT: “Xudoyim, men Senga o‘zimni boshqargan holda itoat qilishimni ko‘rsatishim uchun yordam ber, ayniqsa ________________________”.

 

 

6 MART. SAMARASIZ ISHLAR

Kalomdan o‘qish: Efesliklarga 5:10-14

Zulmatning besamara ishlarida ishtirok etmanglar, aksincha, ularni fosh etinglar (Efesliklarga 5:11).

 

SEN O‘ZINGNI QUYIDAGI VAZIYATLARDA QANDAY TUTASAN?

Sen kimsasiz orolga tushib qolding va bu yerdan qanday chiqib ketishni bilmaysan. To‘satdan ufqda samolyot paydo bo‘ladi. Sen:

a) butalar orasida yashirinasan;

b) barmoqlaringni chalishtirib, samolyot yerga qo‘nishini istaysan;

v) Morze kodi bo‘yicha tishlaring bilan taqillatib “SOS” belgisini bildirasan;

g) yuqorida aytilganlardan hech birini qilmaysan.

 

Sen mashhur xonanda bo‘lib dunyo bo‘ylab muxlislar ommasi oldida konsertlar berishni istaysan. Sen:

a) musiqa darslarini tashlaysan;

b) sukut saqlash qasamyodini qilasan va Pago-pago oroliga jo‘nab ketasan;

v) faqat Yoko Ononing musiqa yozuvlarini eshitasan;

g) yuqorida aytilganlardan hech birini qilmaysan.

 

Sen Xudoga, bu manzur kelishini va o‘zingga ham foydali ekanligini bilgan holda, o‘z harakatlaringni nazorat qilishni o‘rganmoqchisan. Sen:

a) giyohvand moddalar qabul qilasan;

b) vaqti-vaqti bilan ichib turasan;

v) chekishni boshlaysan;

g) yuqorida aytilganlardan hech birini qilmaysan.

 

Shoshmachi! Nima gap o‘zi? Agar seni kimsasiz oroldan olib ketishlarini istasang, nega sen butalar orasida yashirinasan va tishlaring bilan “SOS” belgisini bermaysan? Nega sen qo‘shiqchi bo‘lishni xohlasang, sukut saqlash qasamini qabul qilishni istamaysan va o‘zingni boshqarishni hamda Xudoga itoat etishni o‘rganishni istasang nega giyohvand moddalar iste’mol qilmayapsan?

Bu juda oddiy. Bu aytilganlarning bari natija bermaydi. Bularga qarama-qarshi tanlovlar senga kerak bo‘lib, ana o‘shalarnigina sen bajarsang natijaga erisha olasan.

Aynan shunday. Giyohvand moddalar, ichkilik va tamakining muammosi shundaki, ular sen o‘zingni boshqarishingga xalaqit beradi. Ular seni boshqarib bo‘lmaydigan ahvolga soladi. Misol uchun, sen giyohvand moddalar qabul qilishni boshlaganingda, o‘zingni boshqara olmaysan, giyohvand moddalar seni boshqaradi. Agar sen haddan ziyod ko‘p ichsang, spirtli ichimliklarga bo‘ysunib qolasan. Agar sen chekadigan bo‘lsang, seni nikotin boshqaradi.

 Mana nima uchun bu mashg‘ulotlar zararli va kerak emas. Bu natija bermaydigan mashg‘ulotlar; ular Xudoga manzur bo‘ladigan o‘zini boshqarish layoqatini egallashimizga xalaqit beradi.

 MULOHAZA QIL: Ayrim narsalar noto‘g‘ri bo‘lib, odamga o‘zini boshqarishiga xalaqit beradi. Giyohvand moddalar, chekish va ichkilikdan boshqa yana nimalar bunga taalluqli? Xudodan boshqa hech kim va hech nima seni o‘zingni boshqarishingga xalaqit bermasligi uchun nima qilish kerak?

IBODAT: “Xudoyim, meni boshqarib bo‘lmaydigan ahvolga soladigan narsalarni menga ko‘rsat va O‘z Ruhing orqali ulardan nari bo‘lishimga yordam ber”.

 

 

7 MART. AMR ETILGAN VAZIFA: O‘ZINI BOSHQARISH

Kalomdan o‘qish: Efesliklarga 5:15-18

Muqaddas Ruhga to‘lib-toshinglar (Efesliklarga 5:18).

 

NIMADIR BIZDA TABIIY RAVISHDA YUZ BERADI: misol uchun, biz nafas olamiz, kiprik qoqamiz, charchaymiz va – agar o‘smir bo‘lsak – injiqlik qilamiz.

 Boshqa harakatlar uchun esa uncha katta bo‘lmagan harakatlar talab etiladi, misol uchun, ilk bora turish va yurishni o‘rganish yoki futbol o‘ynash, yoki butun maktab oldida qo‘shiq aytish, yoki paypoq solinadigan qutida kartoshkalarni o‘stirish (xususan, ko‘pchiligimizda bu tabiiy ravishda hosil bo‘ladi).

 Shuningdek, biz har qancha harakat qilmaylik, qo‘limizdan kelmaydigan narsalar bor, misol uchun, bir sakrash bilan baland binoning tomiga chiqolmaymiz (buni faqat Supermen uddalashi mumkin). Yoki qarama-qarshi jins vakilini tushunish. Yoxud o‘z harakatlarimizni nazorat qilish.

 “Shoshmangchi, – deb so‘raysan, – gap nima haqda o‘zi? Siz aytmoqchisizki, men har qancha urinsamda o‘zimni boshqara olmaymanmi?” – “Aynan shunday”.

 “Bu holda, – deysan sen, – nega bunday gaplarni aytayapsiz? Axir Muqaddas Kitobning barcha oyatlari menga o‘zimni boshqarishimni, g‘azabga berilmasligimni, tilimga ehtiyot bo‘lishim va shunga o‘xshash narsalarni buyurmaydimi? Agar men baribir bularni uddalay olmasam, bu gaplarga ne hojat?” – “Ha, bu baribir sening qo‘lingdan kelmaydi. Ha, vaqti-vaqti bilan sen o‘zingni boshqarishni eplashing, o‘z g‘azabingni jilovlashing, ba’zan tilingni tiyishing va irodang kuchi bilan hissiyotlarga berilmasliging mumkin. Biroq sen har doim ham o‘zingni boshqara olmaysan. Bu hech kimning qo‘lidan kelmaydi”. – “Xo‘sh, nima bo‘pti? – deysan sen. – U holda... men qanday bo‘lishim kerak?” – “O‘zingni bos, qayg‘urma. Asab hujayralaringni asra. Ha, sen hamisha ham o‘zingni boshqara olmaysan. Buning iloji yo‘q. Xuddi shunday, sen hamisha ham mutlaq beg‘uborlikni, hamisha sevish va halol bo‘lishing mumkin emas. Bunga hatto umid ham qilmagin.

 Bu yomon xabar. Yaxshi xabar esa shundan iboratki, buning senga keragi ham yo‘q. Sening oldingda Xudoning amrlariga har doim ham bo‘ysunish vazifasi qo‘yilmagan, bu sening qo‘lingdan kelmaydi. Sening vazifang Muqaddas Ruhning kuchiga bo‘ysunish va har kuni Unga seni to‘ldirib turishi va boshqarishi uchun ijozat berish. Shunda sen Xudoning amrlarini bajara olasan, shuningdek, o‘z harakatlaringni ham. Biroq, buni sen bajarmaysan, buni U amalga oshiradi”. – “ A-ha! – deysan sen. – Demak, meni qachonki Ruh boshqarganida men o‘zimni boshqara olar ekanman”. Men esa shunday javob qaytaraman: “Aynan shunday! Sen juda aqllisan!”

 MULOHAZA QIL: Masala qachonki o‘zini boshqarishga borib taqalganida, bunda sening o‘rning qanday va Ruhning tutgan o‘rni qanaqa? Sen har kuni va har lahzada Muqaddas Ruhga qay tariqa buysunishga hozirlanayapsan?

IBODAT: Muqaddas Ruhga hoziroq, shu lahzadayoq seni boshqarishiga imkon ber. Oddiygina ibodat qil: “Xudoyim, men o‘z hissiyotlarimni boshqara olmasligimni bilaman. Menga O‘z Muqaddas Ruhing orqali hayotimni boshqarishing zarur. Men Sening xaloskorligingga va Sening Ruhing meni to‘ldirishiga ishonaman. O‘tinaman, men har kuni unga bo‘ysunishim lozimligini menga eslatib turgin, Iso nomi bilan. Omin”.

 

 

8 MART. HOZIR VA KEYIN

Kalomdan o‘qish: 1 Salonikaliklar 5:6-11

Biz uyg‘oq, hushyor bo‘lishimiz kerak (1 Salonikaliklar 5:6).

 

OLTI YOSHLI LORA o‘zi xohlagan qo‘g‘irchog‘ini sotib olish uchun pul yig‘ish maqsadida ota-onasiga ko‘p oylar davomida uy ishlariga yordam berdi.

To‘rt yoshli Andrey to‘rtta kichkina mashinalar sotib olishni istagani uchun haftalab bodroqli qutichalardan jamg‘arma va pul yig‘di. U pochta orqali bu mashinalar kelishini deyarli olti hafta kutdi.

Jannaning onasi unga tanlov imkoniyatini taklif qildi: o‘n uch yoshini nishonlash uchun oila a’zolari bilan birgalikda restoranga borish yoki ikki haftadan so‘ng maktabdagi va jamoatdagi barcha do‘stlarini ziyofatga taklif qilish. Tanlov oson emasdi, biroq Janna ikki hafta kutishni ma’qul topdi. Ammo keyin u bu hayotidagi” eng yaxshi tug‘ilgan kun” bo‘lganligini gapirib yurdi!

Bu unchalik murakkab tuyulmasligi mumkin, biroq aslida Lora, Andrey va Janna ko‘p bolalarning (va hattoki kattalarning ham) qo‘lidan kelmaydigan ishni qilishdi. Ular zavqlanish vaqtini kechiktirishga rozi bo‘lishdi.

– Xo‘sh, nima bo‘pti? Bu nima degani o‘zi?

– Sen, albatta, huzur-halovat nima ekanligini bilasan. Bu qandaydir yoqimli narsa. Bu sen orzu qilganing. Bu mukofot. Ko‘ngilxushlik. Qandaydir mazali va quvonchli. Seni baxtli qiladigan nimadir.

Balog‘atga yetganlikning belgilaridan biri – rohatlanish muddatini keyinga surish layoqatidir. Xuddi Andrey pul va jamg‘arma to‘plab olti hafta kutganidek, aslida unga hozirning o‘zidayoq do‘konga borib biror nimani sotib olishi ancha yengil edi! Xuddi o‘z tug‘ilgan kunini nishonlashni deyarli ikki hafta kutgan Janna kabi. Xuddi o‘ziga qo‘g‘irchoq sotib olish uchun bir necha oylab pul yig‘gan Lora kabi, – ko‘pchiligimiz esa uch kun ichidayoq (yoki bir soat ichida) taslim bo‘lib qo‘ya qolardik va pulimizni shirinlik yoki saqich uchun sarflab qo‘yardik. 

Rohatlanish vaqtini kechiktira olish layoqati ham – o‘zini boshqara olish demakdir. O‘z istaklarimizni nazorat qilishimiz va xohlaganlarimizga erisha olmaganimizda bunga rozi bo‘lish juda qiyin bo‘ladi. Mana nima uchun ayrim bolalar o‘g‘irlik qilib noxushlikka duch keladilar. Mana nima uchun ayrim o‘smir qizlar homilador bo‘lib qolishadi – yoki o‘smir yigitlar qizlarni homilador qilib qo‘yishadi. Ular o‘z istaklarini keyinga qoldira olishmaydi, negaki buning uchun odam o‘zini boshqara olishi kerak. 

Ochig‘ini aytganda, sen juda xohlagan narsani kutish nihoyatda og‘ir bo‘lishi mumkin. Biroq agarda biz o‘zimizni boshqarishni o‘rgana olmasak, yoshimiz nechada bo‘lishidan qat’iy nazar katta noxushliklarga duch kelishimiz mumkin. Va faqat bugina emas – oxir-oqibat ko‘pgina muhim narsalardan mahrum bo‘lamiz. Misol uchun, atrofdagilarning hurmatidan. Yoki ota-onalarimizning ishonchidan. Yoki yaxshi ma’lumot olishdan. Haqiqiy sevgidan. Va shunga o‘xshash ko‘pgina yaxshi narsalardan.

 MULOHAZA QIL: Nimadir juda yaxshi narsani qay tarzda kuta olmaganing haqida eslab ko‘r. Rohatlanish vaqtini kechiktirishingga hech to‘g‘ri kelganmi? Va natija qanday bo‘lgan? Nega?

 HARAKAT QIL: Imkoniyatdan foydalan va bugun oladigan qandaydir huzur-halovatni keyinga qoldirishga urinib ko‘rgin.

IBODAT: “Xudoyim, Sen menga hozirlagan barcha yaxshi narsalar uchun minnatdorman, men kutishga tayyorman”.

 

 

9 MART. GLADIATORLAR, O‘ZGA SAYYORALIKLAR VA SEN

Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 25:28

O‘zini tuta olmaydigan odam devorsiz vayrona shahar kabidir (Hikmatlar 25:28).

 

SEN SHOUDA ISHTIROK ETAYAPSAN. Boshlovchi sen ikkita baquvvat yigit bilan birgalikda ringga chiqishing lozimligini tushuntiradi. Sening vazifang – ularni chetlab o‘tib, to‘pni doiraga tushirish. Yigitlar esa qo‘llaridagi to‘qmoqlarini silkitib senga xalaqit berishadi. Sen buni olti marotaba qilishingga to‘g‘ri keladi. Boshlovchi so‘raydi:

– Darvoqe, shlem (himoya bosh kiyimi)ni kiyishni xohlamaysanmi?

Yaxshi bo‘lardi!

Yoki “Sarguzasht” kosmik kemasining boshlig‘i sifatida o‘zingni tasavvur qil. Sen uchuvchiga Blendor sayyorasi sari yo‘l olishni buyurasan. To‘satdan kema silkina boshlaydi, jamoa a’zolari bir-birlariga turtinib yiqilishadi. Sening birinchi yordamching Vanna qichqirib yuboradi:

– Kapitan, bizga hujum qilishdi!

Sen qarshingdagi ulkan ekranga qarab sizlarga raketalar o‘qtalgan bir to‘da dushman kemalarini ko‘rasan. Atrofda portlashlar eshitiladi. Vanna qichqiradi:

– Balki, himoya maydonini ishga tushirarmiz, kapitan?

Albatta!

Tasavvur qil, sen masihiysan va Xudoga manzur bo‘lishni istaysan, biroq shu bilan birgalikda hayotdan imkon qadar ko‘proq zavq olib yashashni istaysan. Seni Xudo sevishini va sen ham Uni sevishingni bilasan. Ammo bu doimo ham oson emas. Ota-onang sendan juda ko‘p narsani kutishmoqda. Do‘stlaring o‘z istaganingdek ish tutishing lozimligini zo‘r berib uqtirishmoqda. Ba’zan sen bardosh bera olmaydigandek tuyulasan o‘zingga. Muqaddas Kitob esa shunday deydi: “O‘z ruhingni boshqar”.

Xo‘sh, buni qanday qilish mumkin?

Aslida, bu uchala vaziyat bir-biridan unchalik katta farq qilmaydi. Agar senga ikkita baquvvat yigit hujum qilayotgan bo‘lishsa, shlem senga kerak bo‘ladi. Mabodo senga kelgindilar raketa bilan hujum qilishayotgan bo‘lishsa, senga himoya maydoni zarur. Agar dunyo havaslari seni vasvasaga solayotgan bo‘lsa, sen o‘zingni boshqarishni egallashing lozim.

Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: “O‘zini tuta olmaydigan odam devorsiz vayrona shahar kabidir” (Hikmatlar 25:28). Boshqacha qilib aytganda, o‘zini boshqara olish – qadimiy shaharni dushmanlaridan asragan baland tosh devorlar kabi seni himoya qiladi. U seni mushohada etilmagan so‘zlardan asrashi mumkin. U sen keyinchalik afsuslanadigan ishlarni hozir qilib qo‘yishingga xalaqit berishi mumkin. Har bir yaxshi xislat singari u seni himoya qilib yordam beradi. Shunday ekan, uydan tashqariga chiqqaningda o‘zini boshqarish haqida unutmagin!

MULOHAZA QIL: O‘zini boshqarish yuqorida qayd etilgani kabi “himoya vositasi”ga nimasi bilan o‘xshash? Hayotning qaysi jabhalarida o‘zini boshqarishni bilgan yaxshi? O‘zini boshqarish nihoyatda kerak bo‘ladigan hayotiy jabhalaring bormi?

IBODAT: “Xudoyim, menga Sening himoyang kerak, ayniqsa.................................”.

 

 

10 MART. DIYONATGA YO‘L

Kalomdan o‘qish: 2 Butrus 1:6-11

Vazminlik, sabr-toqat, diyonat (2 Butrus 1:6).

 

“YUMSHOQQINA BOSHI BERK KO‘CHAGA tushib qolishni istaysizmi? – deya sendan so‘raydi Janubiy Uralda yashovchi kishi. – Bu holda Yesaulovo va Unkurdu orqali shimolga borishingiz lozim.

Jmerinka shahriga borish uchun esa Monastыriщe va Nemirov orqali borishingga to‘g‘ri keladi. Bu agarda sen sharqdan boradigan bo‘lsang. Agar g‘arbdan borsang, u holda Gorodok va Bardan o‘tasan.

Tubsizlik shahriga esa Pskov va Porxov orqali o‘tiladi. Shuningdek, Valday va Ko‘hna Russu orqali ham, hattoki Paraxino-Poddube orqali ham o‘tsa bo‘ladi, ammo aylanishga to‘g‘ri keladi.

Biroq, Tubsizlikka borishimiz kerak emas. Agar sen masihiy bo‘lsang, diyonat sari borishing kerak. Diyonat sari yo‘l esa o‘zini boshqara olish orqali o‘tadi.

Mana, Isoning birinchi shogirdlaridan bo‘lgan Butrus shuni yozayotganida nimani nazarda tutgan: “vazminlik, sabr-toqat, diyonat”. O‘zini boshqarish yoki sabr-qanoat bu senga zarar keltiradigan narsalarni gapirish emas. Bu sen hozir ega bo‘lishni istagan, biroq buning iloji bo‘lmagan yoki senga lozim bo‘lmagan narsalardan voz kechish layoqatidir. Bu shuningdek, o‘zini tarbiyalash, Xudoning haqiqatiga va Uning Kalomiga o‘rganish demakdir. Pavlus Titusga maktubida biz “nafsni tiyishimiz, to‘g‘ri va taqvodor hayot kechirishimiz lozim”ligi haqida yozadi (Titus 2: 12 ).

Agar sen Xudoga o‘xshashni xohlasang, o‘z ustingdan nazorat qilishni o‘rganishing lozim, negaki bu senga vasvasaga qarshi turishingga yordam beradi, to‘g‘ri ko‘nikmalarni o‘zlashtirishing uchun (misol uchun, Muqaddas Kitobni o‘qish va ibodat qilishing uchun) va diyonatda ulg‘ayishingda sabr beradi.

MULOHAZA QIL: O‘zini boshqarish bu, mahoratdir: 1) senga zarar keltiradigan so‘zlarni gapirmaslik; 2) o‘zing istaydigan, biroq erishib bo‘lmaydigan yoki erishish shart bo‘lmagan istakdan voz kechish; 3) Xudo senga buyurgan amrlarga qat’iy amal qilish. Sen mana shu uchala jabhada o‘zingni boshqarish layoqatingni namoyon etasanmi? Bu borada qanday muammolaring bor?

IBODAT: “Xudoyim, Muqaddas Kitobning bugun o‘qiladigan oyatida mulohazakorlik bizni o‘zimizni boshqarish layoqatiga yetaklashi haqida aytilgan. Ko‘proq bilishim uchun menga yordam ber! O‘zimni boshqarishni o‘rganishimga yordam ber, ayniqsa ................... va meni diyonatga boshlab bor”.

 

 

11 MART. YAXSHI NARSALAR NIHOYATDA KO‘P

Kalomdan o‘qish: 1 Butrus 5:8-9

Hushyor va bedor bo‘linglar! Dushmaningiz bo‘lgan iblis sherday bo‘kirib, birovni yutib yuborish uchun izg‘ib yuribdi (1 Butrus 5:8).

 

Ushbu fikr to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatish uchun “T” YOKI “N” HARFLARINI BELGILAB CHIQ:

1

Suv ichish zararli bo‘lishi mumkin

T

N

2

Dush qabul qilish ajaldek xatarli bo‘lishi mumkin

T

N

3

Asalarining nishi unchalik xavfli emas

T

N

4

Samolyotda uchish – sayohat uchun eng xavfsiz vosita

T

N

5

Qurol bilan o‘ynash xatarli

T

N

6

Chekish o‘pka xastaligini keltirib chiqarishi mumkin

T

N

7

Quyosh nuri xavfli bo‘lishi mumkin

T

N

8

Shakar sog‘lik uchun zararli

T

N

9

Juda ko‘p vaqtni Internetda yoki kompyuter o‘yinlari bilan o‘tkazish zararli bo‘lishi mumkin

T

N

10

Oshxona sochiqlarida mikroblar eng ko‘p to‘planishadi

T

N

 

Endi esa javoblarni tekshiring:

1.       To‘g‘ri. Agar senda tomog‘ingni chayish va erkin nafas olish imkoni bo‘lmasa, suv ham tiqilishi mumkin.

2.       To‘g‘ri. Ko‘pgina odamlar dushxonada toyib, yiqilib tushishadi; ayrimlar hattoki olingan jarohatdan vafot etishadi.

3.       Noto‘g‘ri. Hasharotlarning chaqishiga allergiyasi bo‘lgan odamlar bir necha lahza ichida o‘lib qolishlari mumkin.

4.       To‘g‘ri. Samolyotda uzoqqa sayohat qilish boshqa vositalarga nisbatan xavfsizroq.

5.       To‘g‘ri (bunga kim ham shubha qilardi!).

6.       To‘g‘ri (bunga ham shubha yo‘q!).

7.       To‘g‘ri. Quyosh nurining uzoq vaqt ta’sir qilishi teri kasalligi yoki quyosh urishiga olib keladi.

8.       To‘g‘ri ham, noto‘g‘ri ham. Muayyan miqdordagi shakar zararsiz. Ammo u katta miqdorda bo‘lsa, tishga ziyon keltiradi. Hattoki senda diabet bo‘lsa, hech qanday holatda uni iste’mol qilmaslik kerak.

9.       To‘g‘ri. Joystik va klaviaturalardan uzoq vaqt foydalanish qo‘ldagi asab tolalariga shikast yetkazishi mumkin.

10.    To‘g‘ri. 

 

 Yuqorida qayd etilgan ayrim uqtirmalar o‘z holicha yaxshi, biroq – agarda sen ehtiyotsiz bo‘lsang yoki o‘zingni nazorat qilolmasang – zararli bo‘lishi mumkin. O‘zini boshqara bilish seni orqaga ketishdan va yomonlikka berilishdan asraydi. Ota-onang ham senga shunga o‘xshash gaplarni aytishgan, to‘g‘rimi? Mayli, mayli. Shunchaki mana bu gapni yodingda tut: iblis seni yeb qo‘ymoqchi bo‘layapti. Va u iloji bo‘lsa senga zarar yetkazish uchun – hattoki yaxshiliklarni ham senga qarshi ishlatib bo‘lsada, – nima zarur bo‘lsa hammasini qiladi. Xullas, hushyor bo‘lgin. O‘zingni boshqar. Seni g‘ajib tashlashlariga imkon berma. 

 MULOHAZA QIL: Agar sen ehtiyot bo‘lmasang, qanday “yaxshi” va “zararsiz” sifatlar xavf keltirishi mumkin? Balki ota-onangdan, do‘stlaringdan yoki jamoat cho‘ponidan sening hayoting jabhasida bu sifatlar qo‘llanilganida o‘zingni nazorat qilishlarini so‘rab ko‘rarsan?

IBODAT: “Xudoyim, Sen bilasan, men ba’zan ________________ yuztuban ketaman. Men o‘zimni barbod qilmasligim uchun meni ogohlantir”.

 

 

12 MART. TOM VA BEKKINING SARGUZASHTLARI

Kalomdan o‘qish: Zabur 118:97-101

Barcha ustozlarimdan ham ziyrakroq bo‘ldim, Sening shartlaring ustida fikr yuritaman (Zabur 118:99).

 

TOM SOYYER VA BEKKI TETCHER adashib qolishdi. Ular g‘or ichida uch kun sanqishdi. Ular Tomning ziyofatdan qolgan ozroq yeguligini ham yeb bo‘lishdi, yo‘lni yoritib borish uchun esa ularda bor-yo‘g‘i bittagina sham bor edi. Ular qachondir bu qorong‘i, egri o‘tish joylaridan chiqib olish umidini deyarli yo‘qotganlarida, Tomda bir fikr tug‘ildi.

 U cho‘ntagidan varrakning chilvirini chiqarib g‘or devorining bo‘rtib chiqqan joyiga bog‘ladi. So‘ngra chilvirni o‘rab bir o‘tish joyidan boshqasiga o‘ta boshladi, chilvir tugaganida esa ortiga qaytdi. Keyin esa boshqa yo‘ldan o‘tishga qaror qildi, biroq u yoqda ham hech nimani ko‘rmadi.

 Tom chilvirni qo‘lidan qo‘ymagan holda o‘tish joyidan chiqib olishlari uchun uchinchi bora urinib ko‘rdi. U endi orqasiga qaytmoqchi bo‘lganida uzoqdagi shu’lani payqab qoldi. U chilvirni tashlab toki yoriqqa chiqib olmaganicha oldinga qarab yugurdi – va Missisipi daryosining tanish qirg‘oqlarini ko‘rdi.

 U tezda ortiga qaytib Bekkini ham tashqariga olib chiqdi. Ularning qorong‘i g‘orda o‘tkazgan vaqtlaridan so‘ng erkinlikda, kunduzgi yorug‘lik bag‘rida bo‘lishlari nihoyatda yoqimli bo‘ldi!

 Bu, amerika mumtoz adabiyoti – Mark Tvenning “Tom Soyyerning sarguzashtlari” asaridan bir epizoddir. U bizga hayotimizda Muqaddas Kitob qanday ahamiyat kasb etishi haqida tushunishimizga yordam beradi.

 Ko‘rayapsanmi, ko‘pchilik odamlar xuddi Tom va Bekki g‘orda adashib qolganlaridek hayotda adashib qolishgan. Odamlar qayoqqa borishlari kerak ekanligini, qaysi yo‘l to‘g‘ri ekanligini bilishmaydi. Ular tusmollab yurishadi va doira bo‘ylab to‘g‘ri yo‘lni tanlaganlariga umid qilib va buni o‘zlari ham aniq bilmagan holda aylanaverishadi.

 Ammo Muqaddas Kitob bizga xuddi Tomga varrakning chilviri yordam bergani kabi yordam beradi. Zabur Kitobining 118:105 da shunday yozilgan: “Sening kaloming qadamlarim uchun chiroqdir, yo‘limga nur sochadigan yorug‘likdir”. Muqaddas Kitob bizga to‘g‘ri yo‘nalish beradi, negaki u bizni Xudoga boshlab boradi. Biz baribir gohida nima yaxshiyu, nima yomonligini bilmay o‘zimizga to‘liq ishona olmaymiz. Biroq agarda biz Muqaddas Kitobga tayansak, to‘g‘ri yo‘lni tanlashimiz va unga amal qilishimiz oson kechadi.

 MULOHAZA QIL: Agar Tomning cho‘ntagida varrakning chilviri chiqarilmasdan qolaverganida, Tom va Bekki g‘ordan chiqa olisharmidi? Agar u birinchi o‘tish joyi berk ekanligini ko‘rib, bu yerdan chiqish uchun boshqa harakat qilmaganida nima bo‘lardi? Bu savollarga javoblar Muqaddas Kitobdan foydalanishing uchun qay tariqa senga yordam beradi?

IBODAT: “Xudoyim, men hozirda mana shu ________________ borada o‘zimda ishonch sezmayapman. Marhamat qilib men bilan shu haqda gaplash va Sening Kaloming yordamida nima qilishim kerakligini aytgin”.

 

 

13 MART. XUDO – BIZNING TARAFIMIZDA

Kalomdan o‘qish: Yeremiyo 32:38-41

Men ular bilan abadiy ahd tuzaman. Ularga doim yaxshilik qilishdan qochmayman. (Yeremiyo 32:40).

 

Petyada Xudo haqida nihoyatda noaniq tushuncha bor. Nega? Negaki Petyaning dadasi – yirik fabrikaning direktori. U ko‘p sayohat qiladi va oilasida juda kam vaqt o‘tkazadi. Petya Xudoni otasi kabi tasavvur qiladi: xuddi shunday uzoqda va yetishib bo‘lmaydi.

Larisaning ham Xudo haqidagi tasavvuri juda g‘alati. Uning otasi – ichkilikboz va u ichishni boshlaganida butun oila uning g‘azab o‘tidan qo‘rquv bilan yashirinib oladi. Larisa Xudo otasiga o‘xshaydi deb o‘ylaydi: darg‘azab va sevishga noqobil.

Lizaning Xudo haqidagi noto‘g‘ri tasavvurining boshqa sababi bor. Uning dadasi qizi nima xohlasa sotib olib beradi – kompakt disklardan tortib so‘nggi urfdagi kiyimgacha. Liza Xudoni otasiga o‘xshatadi: U Liza nimani so‘ramasin, hammasini beradi.

Gena ham Xudoni noto‘g‘ri tasavvur qiladi. U hech qachon o‘z otasini bilmagan. U tug‘ilganida, ota-onasi nikohda bo‘lishmagan. Otasi hech qachon uni ko‘rishni istamagan. Genaning fikricha, Xudo u bilan aslo qiziqmaydi.

Petya, Larisa, Liza va Genaning muammosi – aychayin keng tarqalgan holat. Ularning Xudo haqidagi tasavvurlari o‘zlarining yerdagi otalari qanday ekanliklariga asoslangan. Ko‘plab odamlar Xudoni aynan shunday tasavvur qilishadi. Biroq aksariyat holatda bunday tasavvur noto‘g‘ridir.

Petya nimaiki qilmasin, Xudo hamisha u bilan birga bo‘lishga va’da beradi (Ibroniylarga 13:5). Larisaning otasi o‘zini qanday tutmasin, Samoviy Otamiz bizni qizg‘in va hech qanday shartlarsiz sevadi (Ishayo 54:10). Lizaning yerdagi otasi nima qilmasin, Samoviy Ota Liza so‘ragan hamma narsani uning yaxshiligi yo‘lida beradi (Yeremiyo 32: 40). Va hattoki Genaning bu hayotda otasi bo‘lmasa, Xudo “etimlarning Otasi” bo‘lishga va’da beradi (Zabur 67:6).

Sening munosabatlaring yerdagi otangga nisbatan yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkin. Bu munosabatlar bir xilda bo‘lishi yoki vaqti vaqti bilan o‘zgarishi mumkin. Balki Samoviy Otaning timsolini yerdagi otang timsolidan farq qilishing qiyindir. Biroq ota-onang bilan munosabating qanday bo‘lmasin, yodingda tut: Samoviy Ota senga faqat yaxshilik tilaydi. Agar sen ijozat bersang, U senga albatta yordam beradi.

 MULOHAZA QIL: Xudo senga kimdir orqali yaxshilik qilganida bu senga yomon tuyulgan paytlar bo‘lganmi? Xudo hamisha ham bizga O‘z rejalarini ochadimi? U senga eng yaxshi narsalarni tilashiga ishonasanmi? Uning bevosita natijalari qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, sen Unga yetarli darajada bo‘ysunasanmi?

 IBODAT: “Xudoyim, men so‘rayotganlarimning hammasini bermayotganingni bilaman, ammo berayotganlaring menga farovonlik keltirishiga ishonishim uchun yordam ber”.

 

 

14 MART. SABR-BARDOSH HUDUDI

Kalomdan o‘qish: Ishayo 5:20-21

Holingizga voy, ey yomonni yaxshi, yaxshini yomon deb aytadiganlar! (Ishayo 5:20)

 

 “Men sizlarga o‘rta maktab o‘quvchisi haqidagi voqeani so‘zlab bermoqchiman – deydi televizordagi boshlovchi, – keling, uning ismini Borya deb atay qolaylik. Borya, buvisi vafot etganida, mehnat darsida uning xotirasiga bag‘ishlab nimadir qilmoqchi bo‘ldi. U qirqishi kerak bo‘lgan yog‘ochni diqqat bilan o‘lchab chiqdi. Mehnat o‘qituvchisi maktabda yog‘och bo‘laklarini tayyorlashiga yordam berdi, biroq ularni yig‘ishiga ruxsat bermadi, negaki, bu kimningdir tuyg‘ularini haqorat qilish bo‘lardi, boz ustiga noqonuniy ish edi. Boryaga o‘z ishlovini – yog‘och xochni – uyida yig‘ishiga to‘g‘ri keldi”.

 Senga bu voqea g‘alati tuyulayaptimi? Balki, o‘ylab topilgandek tuyulgandir? Xuddi “Maxfiy ma’lumotlar” seriyasiga o‘xshaydimi? Afsuski, bu haqiqat. Boryaga buvisining xotirasi uchun yasagan yog‘och xochni maktabda tugatishiga ruxsat berishmadi, negaki kimdir – maktab direktori yoki o‘qituvchi – bu harakat boshqa dindagi odamlarga nisbatan “murosasizlik” bo‘lib tuyulishini o‘yladi. Bunga o‘xshash voqealar bizning jamiyatda ayniqsa masihiylar bilan tobora ko‘proq yuz bermoqda. Masihiy bolalarga o‘z imonlarini yaxshisi pinhon tutishlari, Masih haqida gapirmaslik, masihiy timsol tushirilgan futbolkalar kiymaslik va ayrim masalalarda Muqaddas Kitob aqidalariga tayanmaslik haqida tez-tez gapirishmoqda, aks holda ular “murosasiz”ga aylanishlari va ulardan hattoki ikkiyuzlamachilar sifatida nafratlanishlari mumkin.

 Xudo odamlarga atrofidagilarni hurmat qilishi, ularga sevgi bilan munosabatda bo‘lishlari va ularni haqorat qilmasliklari kerakligiga buyuradi. U bizni adolatli bo‘lishga chorlaydi (Mixo 6:8). Uning Kalomida shunday deb yozilgan: “Hamma bilan tinch-totuv yashashga harakat qilinglar (Ibroniylar 12:14). Biroq bu, yovuzlikni ezgulik, ezgulikni esa – yovuzlik deb atashimiz kerakligini anglatmaydi. Bu, biz go‘yoki, ezgulik va yovuzlik yo‘qdek o‘zimizni tutishimiz lozimligini ham bildirmaydi.

 Xudoning Kalomi o‘zgarmasdir. Unda shunday amr berilgan:” Masihga bo‘lgan umidingiz haqida sizdan so‘ragan har bir kishiga javob berishga doimo tayyor turinglar. Lekin buni muloyimlik va hurmat bilan bajo qilinglar” (1 Butrus 3:15).

 MULOHAZA QIL: Atrofingdagi odamlarning huquq va fikrlarini hurmat qilishing hamda ularning fikrlari to‘g‘ri ekanligi haqidagi ishonching o‘rtasida qanday farq bor? Sen ularning fikrlari to‘g‘ri ekanligiga ishonmagan holda, atrofingdagi odamlarning huquq va fikrlarini hurmat qilasanmi? Sen qanday qarashlarga sabr bilan yondashasan? Qaysilariga esa murosasizlik bilan?

IBODAT: Butrusning birinchi maktubi 3-bob, 15-oyatini o‘qib chiq va 15-17 oyatlar bo‘yicha ibodat qil (misol uchun, shunday: “Xudoyim, hamisha o‘z imonim haqida gapira olishimga tayyor bo‘lishim uchun yordam ber va menga __________________larni eslatib tur”).

 

 

15 MART. ZAG‘IZG‘ON QAYERDA?

Kalomdan o‘qish: Ibroniylarga 12:1-2

Isoga ko‘z tikaylik... (Ibroniylarga 12:2).

 

SEN ZAG‘IZG‘ON QAYERDA EKANLIGINI BILASANMI? Dog, Lama, Ayg‘ir ot yoki Sigir haqida nima deysan? Agar sen xohlasang, Alligatorni ham topishing mumkin.

Albatta, biz hozir jonivorlar haqida gapirmayapmiz. Biz aytayotgan Zag‘izg‘on – qush emas, balki joy nomidir. Xuddi Dog, Lama, Ayg‘ir ot va Sigir kabi. Bu geografik atamalar. Zag‘izg‘on shahri Ukrainada joylashgan. Dog – Kichik Antil orollaridagi orol, Lama – shimoliy Italiyadagi shahar, Ayg‘ir ot – Donetsk viloyatidagi daryo, Sigir esa – Avstraliyadagi shahar! Alligator oroli Singapur bo‘g‘ozida joylashgan.

Mabodo sen yo‘lovchilardan so‘rab yoki hattoki xaritaga qarab, bu joylarni topishga urinsang, bu sendan ko‘p vaqtni talab qiladi, ayrimlarini esa ehtimol topa olmassan ham! Biroq sen dunyo xaritasidan yoki kompyuter dasturi orqali bu geografik atamalarni topmoqchi bo‘lsang, ularni qiyinchiliksiz topasan.

Uchuvchilar, dengizchilar va boshqa sayohatchilar joylarni topish uchun “Aniqlashning umumiy tizimi” nomli elektron tizimdan foydalanishadi. Bu tizim koinotdagi yo‘ldoshga xabar yuboradi. Yo‘ldosh esa xabar qayerdan kelayotganini aniqlab, ma’lumotni jo‘natadi. Shu tariqa, sen, turgan joyingni aniqlab olishing mumkin. Sen osmonda yoki ummonda yo‘qolib qolsang, bundan foydalanish nihoyatda qulay.

Albatta, bizlardan ko‘pchiligimizga bunday tizim kerak emas. Biz axir Tinch ummoninning notanish joylarida har doim ham bo‘lavermaymiz. Biroq bizning qalbimizga shunday tizim zarur. Biz qaror qilganimizda yoki nimanidir tanlaganimizda, aksariyat hollarda, o‘zimizni yo‘qotib qo‘yamiz. Ba’zan biz qayerda ezgulik, qayerda esa yovuzlik borligini ko‘rmaymiz. Oqibatda esa bizda noto‘g‘ri fikr shakllanadi va biz noto‘g‘ri qarorlar qabul qilamiz.

Iso – bizning aniqlash tizimimiz. U abadiy mavjud, shuningdek, nima yaxshiyu, nima yomonligini nafaqat biladi; Uning O‘zi – haqiqat, negaki U – Xudodir! Agar Unga ergashsak, – U bilan birga ibodat chog‘larida vaqt o‘tkazsak, Unga tanho o‘zimiz va boshqalar bilan birgalikda sajda qilsak, har kuni Uning Kalomini o‘qisak – qarorlar va murakkab tanlovlarni qabul qilishimiz oson kechadi. Bu esa, biz o‘ta aqlli bo‘lganimiz uchun emas, balki Xudo hammasini bilgani bois yuz beradi. 

 MULOHAZA QIL: Siz Iso bilan birgalikda vaqt o‘tkazib, bolalar va o‘smirlarni (kattalarni ham) tez-tez qiynaydigan shubhalardan forig‘ bo‘lishingiz mumkin. Sen Muqaddas Kitobni qay paytlarda o‘qishni yoqtirasan? Ertalabmi? Kechqurunmi? Yoki boshqa vaqtdami?

IBODAT: “Iso, menga har kuni Sening yo‘l-yo‘riqlaring kerak. Men chalkashmasligim va adashmasligim uchun Sen haqingda o‘ylashim va Senga ergashishim haqida menga eslatib tur”.

 

 

16 MART. POKIZALIKNI ASRA

Kalomdan o‘qish: 1 Timo‘tiyga 5:21-22

O‘zingni pok saqla (1 Timo‘tiyga 5:22).

 

Odamlar nima haqda gap ketmasin, aralashmalarsiz tozalikni qadrlashadi: suv, sovun, asal yoki shakar. Ular toza buloq suvini, haqiqiy kolumbiya qahvasini, toza paxtadan tikilgan kiyimlarni va shunga o‘xshash narsalarni sotib olishni afzal ko‘rishadi.

 Biz shunday yaratilganmiz. Biz tozalikni sevamiz. Bizga tozalik yoqadi. Biz tozalikdan hayratlanamiz.

 Toza so‘zi “beg‘ubor”, “aralashmasiz” ma’nosini anglatadi. Agar suvning tozaligi haqida gapirishsa, demak, unda ifloslik yoki kimyoviy aralashmalar yo‘q. Toza havo esa bu ifloslanmagan havodir.

 Sen bilasan: tozalik – yaxshi narsa. Biroq u nafaqat suv, ozuqa yoki kiyimlar uchun yaxshi. U odamlar uchun ham yaxshi. Mana gap nimada: Xudo qachonki suvni yaratganida, U suvga kir yuvish kukunlarini ham, bo‘yoq va iflosliklarni qo‘shmagan – bu shunchaki suv bo‘lgan! Mana nima uchun toza buloq suvi shunaqa mazali: uning tashqi ko‘rinishi, hidi va mazasi Xudo qanday yaratgan bo‘lsa shunday! U odamlarni yaratib, ularni mana shu zaminga joylashtirganida – nafaqat Unga yoqimli bo‘lishi uchun, balki bizga ham yaxshi bo‘lishi uchun hayotimiz qanday bo‘lishini yaqqol ko‘rsatgan.

 Tozalikda yashash bu Xudo hayotimizga nimani joylashtirishni istamagan bo‘lsa, ana o‘shalarga yo‘l qo‘ymaslik deganidir: misol uchun, so‘kinish, iflos xayollar va gunohkorona harakatlarni. Toza hayot bu Xudoga manzur bo‘ladigan hayotdir. Xuddi toza asal va toza suv kabi u biz uchun va atrofdagilar uchun anchayin foydalidir.

MULOHAZA QIL: Amalda har bir kishi toza suv yoki toza havo yaxshi narsa ekanligiga iqror bo‘ladi; biroq ko‘pchilik hayotning tozaligi ancha qimmat turishini tan olishlari qiyin bo‘ladi. Sen o‘z hayotingga nopoklik kirishiga yo‘l qo‘yasanmi? Shunday bo‘lmasa, sen tozalikni qay tarzda saqlaysan?

IBODAT: Sen tozalikni asrashingga yordam berayotgani uchun Xudoga minnatdorchilik bildirgin. Agar sen o‘z hayotingda qandaydir nopoklikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsang, Xudodan kechirib so‘rab seni pokiza qilishini Undan so‘ragin. Zabur kitobidan 50-sanoni o‘qigin va ular senga o‘z tuyg‘ularingni jamlashga yordam beradi.

 

 

17 MART. TOG‘DAN BERILGAN KO‘RSATMA

Kalomdan o‘qish: Chiqish 34:27-34

Keyin Egamiz Musoga:  Bu so‘zlarni yozib ol! deb amr qildi (Chiqish 34:27).

 

MUSO ISKANANI chetga surib, peshonasidagi terni artdi. Uning oldidagi qo‘pol yog‘och stol ustida katta tosh yotardi; belgi o‘yib tushirilgan boshqa tosh esa orqada yotardi.

– Biror muammo bormi, Muso? – tog‘ning siyraklashgan havosida garchi Uning O‘zi ko‘rinmasada Xudoning ovozi yangradi.

– Bularning hammasi... Muqaddas Chodirni yasash bo‘yicha ko‘rsatmalar ekan...

– Ha, – dedi Xudo Musoning so‘zda davom etishini rag‘batlantirish ohangida.

– Demak, – dadillandi Muso, – Sen Ahd Sandig‘ini toza oltin bilan qoplash kerakligini, Muqaddas Chodirning jihozlari ham toza oltindan bo‘lishi lozimligini va chiroqpoyalar ham oltindan yasalishi lozimligini aytayapsan. Ruhoniylar kiyimidagi qo‘ng‘iroqchalar ham toza oltindan bo‘lishini, ularning xushbo‘y tutatqilari ham toza bo‘lishi lozim...

– Davom et, – dedi Xudo.

– Muqaddas qiladigan moy ham toza bo‘lishi, ruhoniylarning ko‘krakpech taqinchoqlari ham benuqson bo‘lmog‘i kerak...

– Ha, –  deya uni quvvatladi Xudo, – sen juda diqqat bilan eshitibsan.

– Biroq... – deya gap boshladi Muso.

– Sen o‘ylayapsanki, Men juda ko‘p narsani talab qilayapman, – dedi Xudo.

– Yo‘q! – Musoning yuzi qizardi. – Men bunday demadim!

So‘ngra esa u Xudo hamma narsani bilishini esladi.

– Ha, – dedi u sekingina, – bu oz bo‘lsada to‘g‘ri.

– Muso, – dedi Xudo, – sen bunga e’tibor berganing uchun xursandman. Men juda ko‘p narsani talab qilaman, biroq bu qoida va talablar orqali Men o‘z xalqimga muhim bir narsani aytmoqchiman. Men ular tushunishini istayman: Menga tozalik kerak. Men uchun tayyorlanayotgan Muqaddas Chodir tozalikning namunasi bo‘lishini istayman. Men ruhoniylarim tozalikning namunasi bo‘lishlarini xohlayman. Men senga bergan qonunlardan ko‘pchiligi Men tozalikni talab qilishimni ko‘rsatadi, ruhoniylarning kiyimlarida ham, Mening xalqimning hayotida ham.

Xudo bir lahza sukut saqladi:

– Endi senga tushunarlimi, Muso?

Muso shu zahotiyoq javob qaytardi:

– Ha, Muqaddas Zot. Menga haqiqatdan ham hammasi tushunarli.

– Sen yana biror nimani so‘ramoqchidirsan? – deya taklif bildirdi Xudo.

– Ha, Muqaddas Zot, – dedi Muso. U xuddi maktab o‘quvchisidek jur’atsiz tarzda qo‘lini yuqori ko‘tardi. – Men davom ettirishdan avval qo‘llarimni yuvib olmoqchi edim, – deya istagini bildirdi.

 MULOHAZA QIL: Albatta, bu to‘qib chiqarilgan suhbat, lekin Xudo chindan ham bizdan tozalikni talab etadi. Xudoning amrlari Uning talablari haqida nima deydi? Bu sen uchun kerakmi? Nima uchun shunday yoki nima sababdan bunday emas?

IBODAT: “Xudoyim, meni O‘zing kabi pokiza asragin”.

 

 

18 MART. XUDONING IZIDAN

Kalomdan o‘qish: Habaqquq 1:12-13

Sening ko‘zlaring shu qadar pokizaki, Sen yovuzlikka qarab turolmaysan. Haqsizlikka chiday olmaysan (Habaqquq 1:13).

 

BEYSBOLCHI KEN GRIFFI-KICHIK.

Aktrisa Tori Spelling

Xonanda Natali Koul

Aktyor Jorj Kluni

Kongressmen Jo Kennedi

Poygachi Maykl Andretti

Xonanda Uitni Xyuston

Bu odamlarda qanday umumiylik bor? Ha albatta, ularning hammasi taniqli odamlar. Ha albatta, ularning ismlari katta harflar bilan yoziladi. Xo‘sh, yana nima?

Bu haqda yaqinroq bilib olishingiz uchun bir necha ma’lumot: Ken Griffi-kichikning otasi bir qancha beysbol jamoalarida o‘ynagan. Tori Spellingning otasi televizion prodyuser bo‘lgan. Natali Koulning otasi taniqli xonanda edi. Jo Kennedi esa marhum senator Robert F.Kennedining o‘g‘li. Uitni Xstonning onasi Chissi Xyuston “gospel” uslubidagi qo‘shiqchi bo‘lgan. Jorj Klunining qarindoshlari, uning otasi Nik Kluni va ammasi Rozmeri Kluni shou-biznes bilan shug‘ullanishgan.

Yuqorida qayd etilgan odamlarning hammasi sportda, siyosatda va shou biznesda muvaffaqiyat qozongan kishilarning farzandlaridir. Ehtimol, ulardan birortasi bilan suhbat qilinsa, ota-onalari ularning izidan borishlarini istaganlari haqida aytib qolar. Boshqalari esa balki bu yo‘lni ota-onalarining xohishiga zid tarzda tanlashgandir. Kimdir ota-onasidan ko‘p narsalarni o‘rgangani bois ulardan namuna olishi tabiiy hol. O‘ylashimcha, har bir ota-ona farzandlari ulardan ibrat olib muvaffaqiyatga erishsa, bundan albatta xursand bo‘lishadi.

Ana endi esa Xudo haqida fikr yuritamiz. Bizning samoviy Otamiz ko‘p taraflama yerdagi otamizdan farq qiladi, biroq qaysidir taraflama juda ham o‘xshash: biz Undan ibrat olganimizda Unga yoqadi. U bizga tozalikni asrashni amr etadi, negaki Uning O‘zi pokiza. U shu qadar pokizaki, yovuzlikka qarab tura olmaydi. U pokiza bo‘lgani bois tozalikni qadrlaydi, U tozalikni qadrlagani uchun biz ham pokiza bo‘lishimizni istaydi.

Biz mashhur sportchi, xonanda, aktyor yoki kimdir bo‘lishimiz muhim emas, Xudo bizning Undan o‘rnak olib hayotimizda tozalikni asrashimizni istaydi. U hattoki bizning ichimizda yashayotgan Muqaddas Ruh orqali bizga yordam beradi.

MULOHAZA QIL: Sizlarning oilangizda kimdir ota-onasining yo‘lini davom ettirganmi? Sen Xudoning izidan borayapsanmi? Agar shunday bo‘lsa, qay tariqa? Mabodo shunday bo‘lmasa, sen buni qanday amalga oshirasan?

IBODAT: “Xudoyim, menda Sen, borliqni Yaratuvchi va Samoviy Ota borligi uchun chindan ham xursandman. Meni O‘z yo‘llaringdan yurishga o‘rgatgin”.

 

 

19 MART. TOZA QON

Kalomdan o‘qish: 1 Salonikaliklar 4:3-8

Sizlarning muqaddas bo‘lishingiz Xudoning irodasidir. Har biringiz muqaddaslik va izzat-hurmatga loyiq tarzda o‘zingizni tuta bilishingiz kerak (1 Salonikaliklar 4:3-4).

 

O‘n uch yoshli Masha ikki yildan buyon diabet kasalligidan aziyat chekadi. Bu xastalik endokrin so‘lak bezlari ovqat hazm qilish uchun zarur bo‘lgan insulinni ishlab chiqarmay qo‘yganida boshlanadi. Mashani ko‘rinishidan kasal deb bo‘lmaydi, biroq qizaloq qancha ovqatlanish va qanaqa taomlarni iste’mol qilishiga juda e’tibor berishi lozim. Barcha bolalar kabi u ham shirinlikni yaxshi ko‘radi, ammo boshqalar iste’mol qilgan miqdorda shakar qabul qila olmaydi.

 Lekin ba’zan u bu haqda unutib qo‘yadi. Ba’zan u chiday olmasdan, mumkin bo‘lganidan ko‘proq pirojniy yeb qo‘yadi, sut bilan birga shirinlikka qo‘shib tag‘in muzqaymoqni ham paqqos tushiradi! Bundan uning ahvoli juda yomonlashadi, uning qonida qand miqdori ortadi va u gohida o‘zini g‘alati tutishni boshlaydi. (Qolaversa, uning dugonalari sizga Mashaning hamisha qandaydir g‘alati ekanligini aytishadi!)

 Afsuski, agar Mashaning qonida bir necha kun mobaynida qand miqdori nihoyatda yuqori bo‘lsa, uning organizmi bu qabul qilingan miqdorni tozalay olmaydi. Oqibatda bu ortiqcha qand qon tomirlarini to‘ldiradi. Tomirlar to‘lib qolganida esa Masha tez charchaydi, uning oshqozoni buziladi. Shunda u imkon qadar ko‘proq suv ichishi kerak. Suv zararli aralashmalarni yuvib ketadi va uning ahvoli yaxshilanadi. Qolaversa, yana o‘n yildan so‘ng, Masha yigirma yoshdan o‘tgach uning salomatligida chinakamiga muammolar boshlanadi, misol uchun, uning barmoqlaridagi sezgi organlari buziladi.

 Bundoq o‘ylab qarasak, biz hammamiz Mashaga o‘xshaymiz. Albatta, bizlar hammamiz ham diabetdan azob chekmaymiz, ammo har birimizning hayotimizda qandaydir ortiqcha nimadir bor. Biz qachonki chiday olmasdan bunday nokerak narsalarni (masalan, “iflos” xayollarni va yomon so‘zlarni) hayotimizga olib kirar ekanmiz, biz qisqa va uzoq muddatli oqibatlardan azob tortamiz.

 Mana nima uchun Xudo bizga tozalikni asrashni amr etadi. Masha barmoqlarining sezgisini yo‘qotishni istamaganidek, Xudo ham ruhiyatimiz nopokligi oqibatidan bizning azoblanishimizni istamaydi.

MULOHAZA QIL: Nopoklik ba’zan qisqa, ba’zida esa uzoq muddatli oqibatlarni olib keladi, biroq unisidan ham, bunisidan ham qochgan yaxshi. Bizning ruhiy hayotimizda nopoklik paydo bo‘lganida, uning qisqa va uzoq muddatli oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin? Sen bilan shunday holat yuz berganmi? Bunga o‘xshash holatlar takrorlanmasligi uchun nimalar qila olasan?

IBODAT: “ Xudoyim, meni o‘rganib, menda qandaydir nopoklik bor yo‘qligini qarab ko‘rgin. Mendagi nopoklikni yo‘qotgin va hayotimga uning boshqa kelishiga yo‘l qo‘ymasligim uchun yordam ber”.

 

 

20 MART. O‘ZINGGA INSULIN YUBORGIN

Kalomdan o‘qish: Zabur 118:9-11

So‘zlaringni yuragimda asrayman, toki Senga qarshi gunoh qilmayin (Zabur 118:11).

 

Agar siz kechagi matnni o‘qigan bo‘lsangiz, demak, diabet kasalligiga chalingan o‘n uch yoshli Masha bilan tanishgansiz. Mashada bu xastalik aniqlanganida, ya’ni uning organizmi insulinni boshqa ishlab chiqarmayotganida, uning tanasiga sun’iy insulin yuborishlariga to‘g‘ri keldi. Axir insulin bo‘lmasa iste’mol qilingan yegulik organizm uchun quvvatga aylanmaydi; quvvat esa o‘n uch yoshda nihoyatda zarur.

 Masha har kuni ertalab nonushta oldidan shpritsni oladi va uni dastlab insulinning birinchi turi (tez ta’sir qiladigani) bilan to‘ldiradi, so‘ngra esa ikkinchi turini (sekin ta’sir qiladiganini) tayyorlaydi. Keyin esa qo‘liga yoki oyog‘iga igna orqali yuboradi. Kechqurun, ovqatlanish oldidan, u muolajani davom ettiradi.

 Mabodo Masha insulin qilishni unutsa yoki kam miqdorda insulin olsa, o‘zini charchagan holda sezadi va kasal bo‘lib qoladi. Agar u ko‘p miqdorda insulin olsa ham holsizlanadi, o‘yqusiraydi va e’tiborsiz bo‘lib qoladi. Agar insulin olmasa koma holatiga tushishi – hushidan ketishi – va o‘lib qolishi mumkin.

 Endi Masha sog‘lom va tetik bo‘lib yurishni istasa, umrining oxirigacha har kuni (agar diabetni davolashni o‘ylab topishmasa) ertalab va kechqurun o‘ziga yetarli miqdorda insulin yuborib turishi kerak. Bu yoqimli mashg‘ulot emas, biroq qizaloq, toki parhezga rioya qilib insulin olar ekan, yaxshiroq hayot kechirish imkoniga ega.

 Mashaning bu ishi har bir masihiy qilishi lozim bo‘lgan faoliyatga o‘xshaydi. Biz Xudoning amrlarini bajarishimiz va pokiza hayot kechirishimiz uchun nimadir qilishimiz kerak. Xuddi Masha ertalab va kechqurun o‘ziga insulinni tanasiga yuborgani kabi, biz ham har kuni Xudoning Kalomini o‘qishimiz va o‘rganishimiz hamda Xudoga qarshi gunoh qilmasligimiz uchun bizga yordam beradigan “ruhiy insulin”ni qalbimizda asrashimiz lozim.

 “Yigit qanday qilib yo‘llarini pok saqlaydi? Kaloming bo‘yicha yashab, shunga erishadi” (Zabur 118:9). Xudoning Kalomiga bo‘ysunish yosh inson uchun, umuman aytganda esa har qanday odam uchun pokizalikni saqlashning yagona vositasidir.

 MULOHAZA QIL: Xudoda masihiylarning yashashiga yordam beradigan yo‘riqnoma bor. Zaburning 118 sanosi 1-16 oyatlarni o‘qib chiq va Xudoning ko‘rsatmasini qayd etgin. Bugundan boshlab Xudo Kalomini o‘qishni boshlagin. (Zaburdan boshla). Yodingda tut, agar Xudo Kalomini o‘qishni unutib qo‘ysang, sen nopoklikka qarshi ko‘nikmalaringni xavf ostida qoldirgan bo‘lasan.

IBODAT: “Xudoyim, Sen har kuni menga Senga qarshi bormasligim uchun “ruhiy insulin” berganingdan minnatdorman. Har kuni Sening Kalomingni o‘qish odatini shakllantirishim uchun menga yordam ber”.

 

 

21 MART. YO‘LDAN ADASHMA

Kalomdan o‘qish: 1 Shohlar 12:20-24

Unga butun qalbingiz bilan xizmat qilinglar. Biror kimsaga najot berolmaydigan yaroqsiz butlarning orqasidan ergashmanglar, ular befoyda narsalar-ku, axir (1 Shohlar 12:20-21).

 

EHTIMOL, SEN BU VOQEANI ESLARSAN. Sen uni Qizil Shapkacha haqidagi ertakni ilk bora hali kichkina bo‘lganingda eshitgansan.

Esingdami, bu qizaloq onasining gapiga quloq solmadi (bu uning noto‘g‘ri qarori edi!), bo‘rining aytganini qildi (bu undan ham yomon) va kasal buvisiga gullar terish uchun so‘qmoqdan ichkariga qarab ketdi. Toki Qizil Shapkacha gullar terib yurganida, bo‘ri oldinga yugurib uning buvisi yeb qo‘ydi va to‘shagiga yotib oldi. Qizil Shapkacha buvisining uyiga kelganida o‘zini uning buvisi qilib ko‘rsatib aldadi. (Holbuki, Qizil Shapkachaga kontakt linzalari xalaqit bermagan bo‘lardi.) Ular avval suhbatlashishdi, so‘ngra esa bo‘ri Qizil Shapkachaga tashlanib uni yeb qo‘ydi. Yaxshiyamki, shu yaqin oradan o‘rmonchi o‘tib ketayotgandi. O‘rmonchi bo‘rini uyda uxlab yotgan vaqtida o‘ldirdi va uning qappaygan qornini yorib buvini hamda Qizil Shapkachani sog‘ omon holda chiqarib oldi. (albatta, bu “Qirol sher” emas, biroq hayotda hamma narsaga ega bo‘lishning imkoni yo‘q!)

 Mumtoz asarga aylangan (ochig‘ini aytganda, qandaydir ma’yus) bu ertak biz qachonki noto‘g‘ri qaror qabul qilganimizda yoki yo‘ldan (buvining uyiga boradigan so‘qmoqdan) adashganimizda, qandaydir befoyda narsalar ortidan (gullar uchun, vaholanki, gullar aslida nihoyatda yaxshi) quvganimizda nimalar ro‘y berishini ko‘rsatib beradi.

 Biz masihiylarni to‘g‘ri so‘qmoqdan adashtiradigan yomonlik xuddi Qizil Shapkacha taqdiridagi kabi ofat olib keladi. Biz qabul qilgan har bir noto‘g‘ri tanlov – noo‘rin qaror, axloqiy tubanlik bizni to‘g‘rilik so‘qmog‘idan adashtirib gunoh va o‘limga olib boradi. Albatta, biz ommaga ergashib, to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimizga ishonch hosil qilishimiz mumkin, biroq aslida bunday bo‘lmaydi.

 Sen katta bo‘lib qolganingni ko‘rsatish uchun so‘kinganingda; sen zo‘r bo‘lib ko‘rinish uchun giyohvand moddalar qabul qilganingda; boshqalar oldida obro‘ ortirish uchun iflos latifalar aytib berganingda – sen gunoh qilgan bo‘lasan, bularning bari seni halokatning xavfli yo‘liga boshlab boradi.

 Ishon: gunoh hech qachon o‘zi va’da qilganini bermaydi. Hech qachon. Hech qachon va aslo. U seni katta yoshli, zo‘r va mashhur insonga aylantirmaydi. Gunoh seni faqat noxushlikka olib boradi.

 Yana mana bu gapga ham ishon: Xudo seni hech qachon umidsizlantirmaydi; U senga faqat yaxshilik istaydi.

Sen shunchaki to‘g‘ri yo‘ldan boraver.

 MULOHAZA QIL: Sen olomonning ortidan ergashib, Xudodan yuz o‘girgan payting bo‘lganmi? Yodingda tut, “bo‘ri” yomonlikni senga beziyon ko‘rsatish maqsadida har qanday qiyofaga kirishi mumkin, xuddi tanilib qolgan “qo‘y terisidagi bo‘ri” kabi. Hushyor bo‘l: gunohning qiyofasi ko‘p bo‘ladi!

IBODAT: “Xudoyim, menga kundan kun to‘g‘ri yo‘lni topib borishim uchun yordam ber. Men gunohdan yuz o‘girib Senga yuzlanmoqchiman. Mening qadamlarimni O‘zing tomon yo‘naltirgin”.

 

 

22 MART. SHIRIN KRISTALLAR

Kalomdan o‘qish: Galatiyaliklarga 5:22-23

Toki sizlarning hayotingiz Iso Masih kuchi orqali solihlik samarasiga to‘lib, Xudoga sharaf va maqtov keltirsin (Filippiliklar 1:11).

 

Sen uyingda bo‘lganingda, o‘zingga manzur bo‘ladigan mana bu ishni qila olasan-a! Stakanni yarmigacha suvga to‘ldir va unga shuncha shakar qo‘shgin – taxminan to‘rt choy qoshiq miqdorida. Shakar suvga to‘liq qorishib ketmagunicha aralashtiraver. (Buning uchun vaqt talab etiladi.) Shakar aralashib bo‘lganida, ipni olib qoshiqqa bog‘lab qo‘ygin. Qoshiqni stakanning chetiga shunday qo‘yginki, ip stakanning pastigacha osilib tursin, biroq unga tegmasin. Stakanni salfetka yoki qog‘oz sochiq bilan yopib, uni kimdir tasodifan ag‘darib qo‘ymasligi uchun alohida bir joyga qo‘ygin.

 Ip suvda to‘qqiz kun qolsin. Sen suvda erigan shakar zarralari asta-sekin ipga yopishib, kristallar hosil qilayotganini ko‘rasan. Shunda sen shakarli obakidandonni stakandan olib yeyishing mumkin. (Ota-onang buni o‘zlarining bolalik davrlarida yetishishlari mumkin bo‘lgan yagona shirinlik deya aytishsa kerak.)

 Biz nega bunday qildik? Mana nima uchun: vaholanki, biz tajriba o‘tkazgan stakan o‘z-o‘zidan shakarli kristallarni hosil qila olmaydi. Aslida esa bu chiroyli va shirin kristallar stakanning ichidagi moddalardan yuzaga keldi. Stakan shakarli suv bilan limmo-lim edi; mana nima uchun ipda shakar kristallar paydo bo‘ldi.

 Biz sen bilan ana shu stakanga o‘xshaymiz. Biz o‘z hayotimizda hech qanday ajoyibotni yarata olmaymiz. Biz har doim ham pokiza, sevadigan, sabr-toqatli va yaxshi bo‘la olmaymiz. Biz urinib ko‘rishimiz mumkin; aksariyat masihiylar shunday qilishadi. Biroq, biz har qancha urinmaylik, eng yaxshi qilganlarimiz ham baribir eng yaxshi bo‘lib chiqmaydi.

 Lekin, masihiy bo‘lganimiz holda, biz Muqaddas Ruhga to‘lganmiz. Biz U bilan birgalikda vaqt o‘tkazishimiz va hayotimizning har bir lahzasida Unga ishonishimiz mumkin, shu tariqa Muqaddas Ruhning sifatlari hayotimizda o‘z aksini topadi. Biz Xudosiz faqat nopoklikka, nafrat va rashk qilishga qodirmiz (Galatiyaliklar 5:19-21); biroq, Ruhga to‘lganimizda, biz – xuddi shakarli suv to‘ldirilgan stakandagi ip kabi – Muqaddas Ruhning sifatlarini o‘zlashtira boshlaymiz. Bu axir ajoyib emasmi?

 

MULOHAZA QIL: Nima deb o‘ylaysan, agar ipni stakanning ichiga tushirmay faqat yoniga qo‘ysang, unda shakarli kristallar hosil bo‘ladimi? Nega shunday yoki nima uchun bunday emas? Bu sening Muqaddas Ruh bilan munosabatingga qay tariqa o‘xshash?

IBODAT: Muqaddas Ruh sening hayotingga shirin hosillar olib kirishi uchun ibodat qilgin.

 

 

23 MART. HAMMASI JUDA ODDIY!

Kalomdan o‘qish: Rimliklar 13:8-10

Hech kimdan hech narsa qarzdor bo‘lmanglar. Faqat mehr muhabbatni ham farz, ham qarz deb bilinglar, chunki o‘zgani yaxshi ko‘rgan odam Xudoning qonunini bajargan bo‘ladi (Rimliklar 13:8).

 

DO‘STLARINGNI XURSAND QILISHNI va ota-onangni hayratda qoldirishni istaysanmi? Mana bu oddiy, (ammo qiziqarli) tryukni bajarishga urinib ko‘r:

1.       Xohlagan birorta sonni o‘yla.

2.       Uni ikkiga ko‘paytir.

3.       Hosil bo‘lgan songa o‘n ikkini qo‘shgin.

4.       Hosil bo‘lgan sonni ikkiga bo‘l va birinchi o‘ylagan soningni ayirib tashlagin.

5.       Hosil bo‘lgan songa birni qo‘shgin.

 

Xo‘sh, nima bo‘ldi? Yetti soni, to‘g‘rimi? Sen agar ko‘rsatmaga aniq rioya qilgan bo‘lsang, yetti soni kelib chiqishi kerak. Va har doimo ham yetti hosil bo‘ladi. Sen 1 dan yoki 500 milliondan boshlasang ham, hamisha yetti soni kelib chiqadi. Doimo. Har safar. Agar sen matematikani yaxshi bilsang, buni tezda tushunib olasan. Kel, boshqa son bilan ham urinib ko‘r!

 Mayli, bu maroqli, bundan tashqari sen o‘z do‘stlaringni tafakkuring bilan lol qoldirishing mumkin, biroq bularning barchasi nima uchun? Mana nima uchun: sen Xudoning amrlari bilan xuddi shunday qilishing mumkin. Biroq bu masalada besh qadamlab yurishing shart emas, birgina qadamning o‘zi kifoya. Mana qanday. Tayyormisan?

1. Boshqa odamlarni sevgin.

Mana shu, xolos. Bu axir oddiy emasmi? Agar sen doimo sevsang, u holda o‘z-o‘zidan to‘g‘ri harakat qilasan. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: “O‘zgani yaxshi ko‘rgan odam Xudoning qonunini bajargan bo‘ladi” (Rimliklar 13:8). Sen bir vaqtning o‘zida kimnidir sevib undan o‘g‘irlay olmaysan. Sen sevgan holda (televizion shoularda bu haqda nimalar deyishmasin) qotillik qila olmaysan. Sen sevgan holda alday olmaysan.

Agar sevsang, to‘g‘ri qaror qanday bo‘lishi senga tushunarliroq bo‘ladi. Agar sen shunday qilsang, demak, “Xudoning qonunini bajargan” bo‘lasan. Sen hattoki matematika darsi haqida tashvishlanmasang ham bo‘ladi.

 MULOHAZA QIL: Barcha amrlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan qadamlarni sanab o‘t. (Kechir. Bu seni chalg‘itish uchun berilgan savol edi. Faqat bitta yo‘l bor, sen uni eslaysanmi?)

 Nima uchun sevish Xudoning amrini bajarish demakdir? Sen kimni sevishing lozim? Kimni esa yo‘q? Sen kimnidir sevmay turib Xudoga itoat qila olasanmi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”?

IBODAT: “Xudoyim, hammasi juda oddiy bo‘lgani uchun senga rahmat. Sening amrlaringni bajarmoqchi bo‘lganimda, faqat birgina qadamni yodimda saqlashim lozim bo‘lgani uchun minnatdorman. Iltimos, men bugun o‘z sevgimni qanday namoyon etishim kerakligini ko‘rsat, ayniqsa .................................”.

 

 

24 MART. FAZOVIY “CHEKLOVLAR”NING SABABCHISI

Kalomdan o‘qish: Naximiyo 8:1-10

Egamiz tufayli topgan sevinchingiz najot qo‘rg‘oningizdir (Naximiyo 8:10).

 

KO‘PGINA ODAMLARNING NAZARIDA, Xudo Koinotdagi harakatlarni boshqaruvchi qandaydir kosmik nazoratchi-militsioner.

– To‘xtang! Ha, sizga aytayapman! Bu joyda o‘ynab yuribsizmi? Tezda bas qiling!

– Ey, videokasseta olib ketayotgan! Uni necha yoshdagilar tomosha qilishi belgilanganmi? Faqat kattalar uchunmi? O‘n uch yoshgacha bo‘lgan bolalar uchunmi? Qani, uni menga ber!

 – Xo‘sh, ana u juftlik burchakda nima qilayapti? Sonya, bu senmisan? Roma ham shu yerdami? Buni kim ham o‘ylabdi deysan! Tezda tarqalinglar! Toki men navbatchilikda ekanman, bunga yo‘l qo‘ymayman!  

 

 Xudo. Butun koinotdagi “cheklovlar”ning sababchisi. Biz faqat ozginagina ko‘ngilxushlik qilmoqchi edik, xolos. Xudo esa hammasini puchga chiqarmoqchi.

 Biroq aslida bunday emas. Xudo umuman sening vaqtichog‘ligingni barbod qilmoqchi emas. Aksincha, U sening hayotdan zavq olishingni istaydi. U sening hayoting barkamol va quvonchli bo‘lishini istaydi. Senda hammasi qoyilmaqom bo‘lishini xohlaydi! Sen kulganingda Unga bu yoqadi. U sening hayoting xursandchilikka va aql bovar qilmas sarguzashtlarga boy bo‘lishini istaydi.

 Muqaddas Kitob bu quvonchni “Xudo oldidagi quvonch” deb ataydi, negaki haqiqiy quvonch  – xuddi barcha yaxshi narsalar kabi  – Xudodan kelib chiqadi. Itchaning tilini chiqarib, aylanib yurishi ham – Uning g‘oyasidir. Boshqa kimdir kulganida nima uchun ekanligini tushunmasdan kulishingni ham Xudo o‘ylab topgan. Sen Uning gunohlarni kechirishini his qilganingda va Masihda qutqarilish in’omini qabul qilganingda Oyga sakrab Saturn halqasidan o‘tib ketgudek bo‘lishingni ham Xudo o‘ylab topgan!

 Faqat quvnoq Xudogina bularning barini o‘ylab topishi mumkin. Mana, bizning Xudomiz qanday! U bizning ham xursand bo‘lishimizni istaydi. Mana nima uchun U bizga O‘z amrlarini bergan. Mana nima uchun O‘z O‘g‘lini yuborgan. Mana nima uchun Xudo O‘z Kalomini aytgan, – zero, Ruh senda yashashi uchun Kalomni o‘rganishing va amalga oshirishingda, bu haqdagi bilimlarda qanchalar quvonch mujassam. Muqaddas Ruhdan hosil bo‘ladigan quvonch vaziyat taqozosiga bog‘liq emas. Xudoga sevgi va Unga xizmat qilish rohatlanishimizga xalaqit bermaydi; aksincha, bu sevgi “ifodalab bo‘lmaydigan ajoyib bir quvonch”ni bizga taqdim etadi.

 MULOHAZA QILGIN: Sen qachon xursand bo‘lasan yomonlik qilganingdami yoki yaxshi ish qilgandami? “Xudo oldidagi quvonch”ni to‘liq his etish uchun nimalar qilmoq kerak?

IBODAT: “Xudoyim, Sen mening xursandchiligimga xalaqit bermaysan. Aksincha, aynan Sen mening hayotimga quvonch olib kirasan”.

 

 

25 MART. YASHASIN TINCHLIK!

Kalomdan o‘qish: Kolossaliklar 3:13-15

Men sizlarga tinchlikni qoldirayapman. O‘z tinchligimni sizlarga beryapman (Yuhanno 14:27).

 

HOZIR BIZ SEN BILAN BIRGALIKDA vaqt bo‘ylab sayohat qilib, odamlar qadim-qadimdan tinchlik uchun kurashganlariga guvoh bo‘lamiz. Kamarlarni tortib bog‘lang!

 VAQT: 1970-yil. (Bir guruh o‘smirlar “folksvagen” furgonli mashinasida ketishmoqda. Ulardan biri gapirib qoladi.)

 – Bu ajoyib bo‘lgandi! Men kampirim bilan urushga qarshi namoyishda ishtirok etish uchun Berkliga borgandim!

 Odam juda ko‘p edi. Hamma raqsga tushib qo‘shiq aytardi! Biz go‘yo birlashib ketgandik, sen buni tushunasanmi? Biz birodarlarimiz va opa-singillarimizni o‘ldirayotgan Vetnamdagi urushga qarshi namoyish qildik! Biz “Dunyoga imkon bering”, qo‘shig‘igi kuyladik. Dunyoga sevgi kerak, urush emas. Eng muhimi – bu tinchlikdir.

 Albatta, o‘sha yerda politsiyachi bor edi va men unga qarab shunday dedim: “Ey cho‘chqa, nimaga tikilib qolding?” Men yerdan g‘isht olib unga uloqtirdim va u yiqilib tushdi! Bu juda ajoyib bo‘ldi! Atrofimdagi odamlar menga qarsak chala boshlashdi, men esa shunday dedim: “Yo‘qolsin hukumat! Yashasin tinchlik!” Bu qoyilmaqom, to‘g‘rimi?

 ENDI BUGUNGA KUNGA QAYTAMIZ. Hamma – o‘tmishda va hozirda ham –  tinchlik yaxshi ekanligini tasdiqlaydi, ammo aksariyat ko‘pchiligimiz boshqa odamlar bilan tinch-totuv yashay olmaymiz: ukalarimiz, opalarimiz, ota-onamiz, qo‘shnilarimiz, sinfdoshlarimiz bilan, qo‘shni ko‘chadagi bolalar haqida-ku gapirmasak ham bo‘ladi.

 Negaki hamma yaxshi narsalar kabi haqiqiy tinchlik ham faqat Xudodan, Uning Muqaddas Ruhi orqali hosil bo‘ladi. Sen tinchlikda yashashni qanchalik istamagin, “butun dunyoda tinchlik” bo‘lishiga chin ko‘ngildan qanchalik ishonmagin, qanchalik urinmagin, baribir chinakam va uzoq davom etadigan tinchlikka Xudosiz erisha olmaysan.

 Biroq, Iso Masih Muqaddas Ruh orqali senda jo bo‘lsa, qalbingda Uning tinchligi hukm surishi mumkin. Sen Unga tobora bo‘ysunib ishonganing sari, U sening – boshqalarni tushunish o‘rniga ular bilan janjallashishni hamda o‘z bilganicha yo‘l tutishni istaydigan – bir bo‘lagingni yengib o‘tadi. Bu darhol yuz bermaydi, biroq Muqaddas Ruhning boshqaruvida ko‘proq bo‘lganing sari, sen Uning tinchligini yanada kengroq tushuna boshlaysan.

 Odamlar, “tinchlik mendan boshlanishi kerak”, deb aytishganida haq bo‘lishadi. Tinchlik sendan, ya’ni qalbingning Xudoga bo‘ysunishidan va Muqaddas Ruhning aytganlarini bajarishingdan boshlanadi.

 Aks holda tinchlikka erishishning imkoni yo‘q.

 MULOHAZA QILGIN: Sen hamma bilan tinch-totuv yashashga urinayapsanmi? Sen ushbu hafta oilangda tinchlikni asrashga qay tariqa yordam berishing mumkin? Do‘stlaring orasidachi? Jamoatdachi?

IBODAT: “Xudoyim, men chindan ham tinchlik topishim uchun Seni anglashni istayman”.

 

 

26 MART. KUTISH O‘YINI

Kalomdan o‘qish: Efesliklar 4:1-2

Doimo kamtar va muloyim bo‘linglar, mehr-muhabbat bilan bir-biringizga nisbatan sabr-toqatli bo‘linglar (Efesliklar 4:2).

 

KICHKINTOY ROMA pijamada to‘shakdan sakrab turdi va ovoz chiqarmasdan tizzasida turib qoldi. U ko‘zlarini yumib, barmoqlarini qattiq qisdi.

 – Qadrdon Rabbim, – deb boshladi u, – men juda aybdorman. Men noxush ahvolga tushmoqchi emasdim. – U bir nafas jim qoldi: – Onam menga sabrli bo‘lishim kerakligini aytadi. U Sendan yordam so‘rashim kerakligini aytdi. Xudoyim, onamning asabiga tegmasligim uchun menga sabr bergin! – Bola yana bir muddat jim turdi. So‘ngra u ko‘zlarini ochdi-da, go‘yo Xudo shipda turgandek tepaga qaradi: – Xudoyim, – dedi u, – men kutayapman!

 Sabr-toqat qilish qiyin bo‘ladi. Zero, biz tabiatan sabr-toqatli emasmiz. Aynan shu bois biz fast-fudni, eriydigan qahvani, tezyurar transportlarni, tez quriydigan bo‘yoq va tirnoq loklarini, matnlarni tez yozish qurilmasini, mahsulotlarni kunu-tun yetkazib berish xizmatini va shu kabi ko‘pgina narsalarni o‘ylab topdik. Biz kutishga toqat qila olmaymiz. Ba’zan bizning betoqatligimiz odamlarning asabiga tegadi va bizni noxush vaziyatlarga undaydi. Misol uchun, biz hali yelimi qurimagan nimaningdir andazasiga qo‘l uramiz. Yoki yaqin do‘stingga baqirasan va uni haqorat qilasan, negaki konsertga chipta olish uchun navbatda birinchi bo‘lib turishni istaganding, do‘sting esa imillab qolgani uchun endi navbatda to‘rtinchi bo‘lib turibsizlar.

 Biroq bu qanchalik qiyin bo‘lmasin, sabr-bardosh – bu yaxshi fazilatdir. Bardoshli bo‘lish yaxshi. Agar sen halol va Xudoga manzur bo‘lishni istasang, bu fazilat shart, negaki sabrli odam – “sabr-toqatli” Xudoning siymosini aks ettiradi (Chiqish 34:6; Sahroda 14:18; Zabur 85:15; 2 Butrus 3:9).

 Shuningdek, Xudo “hammaga sabr-toqatli” (1 Salonikaliklar 5:14) bo‘lishni bizga ham buyuradi. Sen nimani kutayapsan? Sabrli bo‘lishni boshlagin. Hozirning o‘zidayoq!

 MULOHAZA QILGIN: Qachon senga sabrli bo‘lish oson kechadi? Qachon esa har doimgidan ham qiyin? Sen bardoshli bo‘lishga o‘rganishing kerakmi? Yodingda tut, sabr-bardosh yaxshi fazilat va Muqaddas Ruhning hosilidir. Agar sen Iso Masih orqali qutqarilishni olgan bo‘lsang, senda Muqaddas Ruh yashayotgan bo‘ladi va sen kundan-kun Unga itoat etganingda, sabr-bardoshli bo‘lishga o‘rganasan.

IBODAT: “Xudoyim, hayotni tavoze va sabr bilan qabul qilishimga yordam ber. Boshqalarga sabrli bo‘lishim uchun yordam ber, negaki Sen ularni sevganingdek, men ham ularni sevaman. Ayniqsa menga ................................ damlarda yordam ber”.

 

 

27 MART. OYOQLARNI YUVISH

Kalomdan o‘qish: Yuhanno 13:1-5

Keyin [Iso] tog‘oraga suv quyib, shogirdlarining oyoqlarini yuvishga tushdi. Beliga bog‘lagan sochiq bilan ularning oyoqlarini artib quritdi (Yuhanno 13:5)

 

SEN BU VOQEANI ALLAQACHON ESHITGANSAN. Ular ikki uch kishilik guruh bo‘lib qattiq gapirganlaricha gulduros kulgi bilan kelishardi. Ular Isoning shogirdlari edi: baliqchilar, yer egalari, juft juft askarlar. Ular avval ham o‘zaro uchrashishgan o‘sha ikkinchi qavatdagi past shiftli xonaga kirib keldilar.

 Iso kirib kelganida, ular o‘zlarini noqulay his qilishdi. Garchi hech kim bu haqda gapirmagan bo‘lsada, bu yerdagi har biri o‘sha birgina muammo haqida o‘ylardi: ularning oyog‘ini kim yuvib qo‘yadi?

 Qarangki, ular yurib kelgan yo‘l notoza edi. Sayohatdan so‘ng barchalarining oyoqlari iflos va terga botgandi. Odatda bunday vaziyatda uy egasi mehmonlarning oyoqlarini yuvish uchun ostonada qulni suv to‘ldirilgan ko‘za, tog‘ora va sochiq bilan yuborardi. Garchi hech kim biror so‘z aytmagan bo‘lsada barcha ularning oyoqlarini yuvib qo‘yadigan qulning yo‘qligiga e’tibor qaratdi.

 Xona o‘rtasidagi stol yostiqlar qo‘yilgan o‘rindiqlar bilan o‘ralgandi, har bir o‘rindiq esa xuddi g‘ildirakdagi sim to‘r kabi stolga boshi bilan yo‘naltirilgandi. Stol ustida kosa va piyolalar qo‘yilgan, qovurilgan qo‘zichoqning, ziravor va yangi pishgan nonning xushbo‘y hidi ularning yuviqsiz oyoqlari hidi bilan qorishib ketgandi.

 Iso shogirdlarining oyoqlarini yuvishni boshladi. U mehr bilan Yoqubning, Yuhannoning va boshqalarning oyoqlarini yuvdi. U hattoki Yahudoning ham oyog‘ini yuvdi.

 Iso Yahudoning Unga xoinlik qilishga hozirlanayotganini bilardi, ammo u haqda hamma narsani bilsada, baribir sevgi bilan yumshoq muomalada bo‘ldi.

 Bizga yaxshi munosabatda bo‘lganlarga nisbatan marhamatli bo‘lishimiz qiyin emas. Hamma ham mehribon odamlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lish to‘g‘ri ekanligini tasdiqlaydi. Biroq ezgulik uni namoyon etish qiyin bo‘lganida ham to‘g‘ridir.

Iso shunday degan: “Agar siz faqat o‘z yaqinlaringiz bilan salomlashsangiz, boshqalardan nima farqingiz qoladi? Axir, butparastlar ham shunday qilishmaydimi?” (Matto 5:47). Iso hattoki yaxshi bo‘lishimiz qiyin bo‘lganida ham yaxshiligimizcha qolishimiz kerakligini aytgan, negaki ezgulik bizga oson yoki qiyin bo‘lishidan qat’iy nazar baribir yaxshi bo‘lib qolaveradi.

 MULOHAZA QILGIN: Sen keyingi vaqtlarda kimgadir yaxshilik qilish imkoniyatini boy berib qo‘yganmisan? Balki shunday qilish uchun hozir ham kech emasdir? Sen bugun kimgadir yaxshilik qilish haqida o‘ylab ko‘ra olasanmi? Yodingda tut, sen kimgadir qiladigan yaxshilik uning fe’l-atvori yoki u bilan munosabatinga bog‘liq bo‘lmasligi kerak.

IBODAT: “Xudoyim, bugun men .........................ga mehribonlik ko‘rsatishimga yordam berayotganing uchun Sendan minnatdorman”.

 

 

28 MART. SHOVVOZMI YOKI MEHRIBON?

Kalomdan o‘qish: Rimliklar 15:13-14

Ey birodarlarim, men aminmanki, sizlar ezgulikka va ilm-ma’rifatga boysizlar, bir-biringizga pand-nasihat qilishga qodirsizlar (Rimliklar 15:14).

 

HAR BIR MAKTABDA SHUNAQALAR HAM BO‘LADI.

Bilasanmi, o‘qituvchilarning sevimli o‘quvchisida, – u xoh o‘g‘il bola yoki qiz bola bo‘lsin, –  hech qachon ko‘ngilsizliklar yuz bermaydi. U doskani va lattani tozalashni yaxshi ko‘radi. U buni o‘z ixtiyori bilan bajaradi. U yiqilib tushgan sinfdoshini hamshiraning oldiga  olib boradi. U keksa direktor o‘rinbosarining ortidan boshqalar mazax qilib so‘kishganlarida uning tarafini oladi. U o‘z nonushtasini uyida unutib qoldirganlar bilan baham ko‘radi.

 Bunday bola yuqori sinf o‘quvchisi bo‘lganida maktabning qandaydir qo‘mitasiga a’zo bo‘lib kiradi. Aftidan, unga maktab chindan ham yoqadi! U qo‘shimcha mashg‘ulotlarni yoqtiradi. U o‘qituvchilarining holidan xabar olib turadi. U hamisha kimgadir yordam berishga tayyor. U hamisha baxtlidek tuyuladi. Uni shunchaki do‘pposlaging keladi!

 Bundaylarni odatda “yoqimtoy”, “mijg‘ov”, “shovvoz”, deb atashadi. Ha, ulardan ayrimlari faqat yaxshi baho olish va murabbiylar bilan yaxshi munosabat o‘rnatishga urinadi, ammo yaxshi bo‘lish baribir yaxshi! O‘z nonushtasini boshqalar bilan baham ko‘rish va murabbiylarga quloq solish ham yaxshilik bo‘lib, bu Muqaddas Ruhning hosilasidan biridir.

 Havoriy Pavlus Rimda yashayotgan masihiylar haqida mana nimalar degan. Havoriy ularni ezgulikka to‘lganlari uchun maqtagan. Mabodo ular aravaning g‘ildiragi izdan chiqib ketsa, yordamga kelishgan. Mabodo ular qo‘shnisini ustki kiyimlar tayyorlaydigan fabrikadan bo‘shatganlarini eshitishsa, unga oziq-ovqatlar solingan xaltalar olib kelishgan. Ular hatto Krit orolidan kelgan shilqim sayohatchilarga ham yaxshi gaplar aytishgan! Ular barchaga mehribonlik bilan munosabatda bo‘lganlar va atrofdagilarga yordam berish uchun har qanday vaziyatdan foydalanishgan.

 Albatta, aksariyat odamlar uchun o‘zlarini bunday tutishlari qiyin. Ayrimlar uchun bu boshqalarga qaraganda oson kechadi. Lekin sen masihiy bo‘lsang, yaxshi bo‘lishing lozim, negaki ezgulik har bir masihiyning qalbida yashaydigan Muqaddas Ruhning hosilasidir.

 MULOHAZA QILGIN: Sen xuddi Pavlus rimliklar haqida aytganidek, “yaxshilikka to‘lgan” kimlarnidir bilasanmi? Ulardan nimani o‘rganishing mumkin? Har qanday meva, ezgulik unishi uchun nimadir kerak (mevaga suv, tuproq va quyosh nuri kerak bo‘lgani kabi). Sen qalbingda va hayotingda ezgulik unishi uchun nima qila olasan?

IBODAT: Agar sen to‘g‘riso‘z bo‘lsang, hozir Pavlusning Rimliklarga 7:19 da, “o‘zim qilishni xohlagan yaxshilikni qilmayman”, degan so‘zlarini Xudoga aytgan bo‘larding. Biroq bu masalani Pavlus qanday hal etishni bilgan: “Xudoga shukur! Rabbimiz Iso Masih orqali U bizni qutqaradi!” (Rimliklar 7:25). Sen bu so‘zlar uchun Pavlus bilan birgalikda xursand bo‘lishing mumkin.

 

 

29 MART. SADOQAT VA TO‘LIN OY

Kalomdan o‘qish: Zabur 56:2-12

Sodiq sevging samolarday yuksakdir (Zabur 56:11).

Har tong ular yangilanadi, buyukdir Egamning sadoqati (Marsiya 3:23).

 

– BUGUN ERTALAB QUYOSH CHIQDIMI?

– Nima, ustimdan kulayapsanmi? – deb javob berasan. – Albatta, chiqdi!

– Daryolar hali ham dengizga quyiladimi?

– Bu qanday ahmoqona savol? – deysan sen.

– Sen haligacha atmosferaga uchib ketmadingmi?

“Yo‘q, albatta! – deysan sen harqalay. – Sizni o‘zi nima bezovta qilyapti?”

Bu ahmoqona savollar, to‘g‘rimi? Bema’ni! Quyosh har kuni ertalab chiqadi. Daryolar hamisha dengizga quyiladi. Tortish kuchi bizni hamisha yerga bog‘lab turadi. Hech kim bu haqda o‘ylab ham o‘tirmaydi.

 To‘g‘ri. Sen yetmish yetti yilda Galleya kometasi osmonda paydo bo‘lishini hisoblab ko‘rishing mumkin. Vaqt har bir yilni boshqasiga almashtiradi. To‘lin oy osmonda har 27 kun, 7 soat va 43 daqiqada paydo bo‘ladi. Negaki, yaratilishda Xudoning doimiy ishtiroki namoyon bo‘ladi. Xudo barqarordir, shu sababdan Uning ijodi ham doimiy davom etadi. Uning ijodi Uning fe’l-atvorini aks ettiradi.

 Biz ham Xudo fe’l-atvorining ifodasi bo‘lishimiz lozim. Xudo bizning ham barqaror bo‘lishimizni istaydi. U do‘stlar bir-birlariga sadoqatli bo‘lishlarini istaydi. U er va xotinlar bir-birlariga vafodor bo‘lishlarini xohlaydi. U O‘z farzandlarining Unga sodiq bo‘lishlarini istaydi, negaki yaxshi munosabatlar uchun sadoqat zarurdir.

 Barqaror bo‘lish – va’daga amal qilmoq demakdir; demak, boshqalar senga tayanishlari mumkin. Xudo ana shunday. Xo‘sh, sen qandaysan?

 MULOHAZA QILGIN: Xudoning ijodi abadiydir, negaki Xudo sadoqatlidir. Xudoning ijodi nimasi bilan Uning sadoqatini aks ettiradi?

 Kim sening eng sadoqatli do‘sting? Sen Xudoga sodiqmisan? Boshqa odamlarga-chi? Yanada sadoqatli bo‘lishing uchun nimalar qila olasan?

 IBODAT: “Xudoyim, Sen hamisha menga sodiq ekanligingni bilaman. Menga ................ ko‘rsatgan sadoqating uchun minnatdorman. Men bugun ................................ Senga sodiq bo‘lishim uchun yordam ber”.

 

 

30 MART. QAHRAMON BINTI

Kalomdan o‘qish: Filippiliklar 4:4-5

Hammaga nisbatan muloyim bo‘ling (Filippiliklar 4:5).

Ruhning samarasi esa quyidagilardir: muhabbat, sevinch, xotirjamlik, ezgulik, ishonch, muloyimlik va o‘zini tuta bilish (Galatiyaliklar 5:22-23).

 

ILLINOYSDAGI BRUKFILD HAYVONOT BOG‘IDA uch yoshli bolakay to‘siqqa chiqqanda, pastga yiqilib tushdi. U besh metr balandlikdan hayvonlar uchun atrofi o‘ralgan maydonchada bir necha gorillalar o‘tirgan tosh ustiga quladi. Bolakay zarbdan hushini yo‘qotib, maymunlarning rahm-shafqatiga muhtoj bo‘lib yotardi.

 Gorillalar tabiatan qo‘pol bo‘lib, yuvoshligi bilan ajralib turishmaydi. Hayvonot bog‘idagi barcha qichqirgancha yugura boshladi. Maymunlar bolaga tashlanib mayib qilmasliklari, hatto o‘ldirib qo‘ymasliklari uchun nimadir qilish kerak edi.

 So‘ngra esa hayratomuz voqea yuz berdi. Binti Jua nomli sakkiz yoshli urg‘ochi maymun bolaning ahvoli yomon ekanligini his qildi chamasi – xuddi odam kabi – uni ehtiyotlik bilan qo‘liga oldi. Boshqa maymunlar orasidan qisilib o‘tib, bolani eshik yoniga olib bordi va beshikast tarzda hayvonot bog‘ining xizmatchisiga topshirdi.

 Bintining qahramonona harakati haqida gazetalarda yozishdi, uni bir necha kunlab televideniye orqali ko‘rsatishdi. Odamlar maymunning ishiga hayron qolishardi. Hayvonot bog‘i odamlar bilan to‘lib toshdi. Boshqa joylardan televideniye xodimlari mehribon gorilla haqida film ishlash uchun kelishardi. Bir qancha muddat bu gorilla King Kongdan keyingi eng mashhur maymun bo‘ldi.

 Keyinroq qahramon gorilla hayvonot bog‘i xodimlari tomonidan o‘rgatilgani ma’lum bo‘ldi. U o‘zini tarbiyalagan odamlardan mehribonlikni o‘rganib olgandi.

 Yovvoyi hayvonlar mehribonlik ko‘rsatishganida biz hayron qolamiz, negaki mehribonlik – axloqiy xususiyat bo‘lib, u hattoki odamlarda ham kam uchraydi! Biroq Xudo xalqining orasida ezgulik kam bo‘lmasligi kerak, negaki u Ruhning hosilidir. Agar Xudoning Ruhi botiningda bo‘lib seni boshqarsa, U, mehribonlik – yaxshi ekanligini, qahr esa – yomon ekanligini ko‘rsatadi. U senga yumshoq qalb beradi va boshqa odamlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishingga yordam beradi.

 MULOHAZA QILGIN: Sen o‘zingni mehribonlarcha tutasanmi? Kim seni ezgulikka o‘rgatgan? Sen o‘sha insonga buning uchun minnatdorchilik bildirganmisan?

 Sen kimdir bilan oxirgi kunlarda yoki haftada qo‘pol va beshafqat munosabatda bo‘lganmisan? Xudo bugunning o‘zidayoq seni ezgulik yo‘lida tarbiyalashi uchun nimalar qila olasan?

IBODAT: “Xudoyim, Sen menga nisbatan mehribon bo‘lganing uchun minnatdorman. Har kuni Senga bo‘ysunishim va atrofimdagilar bilan mehribon munosabatda bo‘lishim uchun yordam ber”.

 

 

31 MART. SENING KO‘RINMAS DEVORING

Kalomdan o‘qish: Galatiyaliklar 5:24-25

Ruh hayotimiz manbai ekan, endi Ruhning yetakchiligi ostida hayot kechirishimiz lozim (Galatiyaliklar 5:25).

 

TASAVVUR QIL, sen bir kuni devorsiz hovlida zanjirsiz yugurib yurgan do‘stingning itini ko‘rib qolasan.

– Itning qochib ketishidan qo‘rqmaysanmi? – deb so‘raysan.

– Yo‘q, – deb javob beradi do‘sting. – Bizning ko‘rinmas devorimiz bor.

– Qo‘ysang-chi! Uni tasavvuringdagi do‘sting o‘rnatgan-da!

– Yo‘q, men jiddiy gapirayapman, – deydi og‘ayning. – Yerga elektr simi tortilgan. Brutning bo‘ynida maxsus halqa bor, xullas, simga yaqin borsa uni tok uradi.

– Rostdanmi?

 Og‘ayning boshini silkitadi:

– Uni birinchi marta tok urganidan buyon hattoki simga yaqinlashmaydi.

– Qoyil! – deysan sen. – Iting aqlli ekan.

– U faqat o‘zini og‘ritadigan narsadan uzoq tutadi, hamma gap shunda.

 Ehtimol, hayvonlar hovlidan qochib ketmasliklari uchun ishlatiladigan ko‘rinmas to‘siqlar haqida eshitgandirsan. O‘zingda ham senga zarar yetkazadigan narsalardan asray oladigan to‘siq mavjud. Bu biz avval aytib o‘tgan o‘zini boshqarishdir. Sen o‘zini boshqarish Ruhning hosillaridan biri ekanligini bilasanmi?

 Aytaylik, senda g‘azablanish vasvasasi uyg‘ondi, negaki ukang klubni bo‘yaganida sochlari sariq rangga belanib qolmasligi uchun yoqtirgan bosh kiyimingni kiygan ekan. Agar seni Muqaddas Ruh boshqarayotgan bo‘lsa, o‘zingni bosib olishga urinasan.

 Yoki deylik, sen o‘zing yaxshi ko‘rgan qiz bilan yolg‘iz qolding, yuraging shu qadar qattiq uradiki, go‘yoki uni hozir avvalgidan ham ko‘proq yaxshi ko‘rasan va ota-onang ruxsat bermaydigan nimanidir qilmoqchi bo‘lasan. Agar Xudoning Ruhi seni boshqarayotgan bo‘lsa, sen vasvasaga “yo‘q” deb javob berasan.

 Agar sen masihiy bo‘lsang, Muqaddas Ruh hamisha senda yashaydi. Ammo baribir sen har kuni Unga bo‘ysunishing lozim. Buning uchun kunni ibodatdan, sajda qilishdan va Muqaddas Kitobni o‘qishdan boshla. Shunda Muqaddas Ruh seni boshqargan holda senga o‘z hosilini beradi: muhabbat, sevinch, xotirjamlik, ezgulik, ishonch, muloyimlik va o‘zini tuta bilish.

 MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, Ruh hayotimizga o‘z hosilini tartib bo‘yicha, bir marotabadan beradimi? Yoki hammasini bir vaqtdami? U hayotingda samara berayaptimi? Agar shunday bo‘lsa, qay tariqa? Mabodo shunday bo‘lmasa, u holda nima uchun?

IBODAT: Xudoga Isoning ushbu va’dasi uchun minnatdorchilik bildir: “Men tok, sizlar esa novdasizlar. Agar Menda bo‘lsangizlar va Men sizlarda bo‘lsam, ko‘p hosil berasizlar. Mensiz hech narsa qilolmaysizlar” (Yuhanno 15:5).

 


O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun (Uzbek tilida kitob)
YANVAR - FEVRAL - MART - APREL - MAY - IYUN - IYUL - AVGUST - SENTYABR - OKTYABR - NOYABR - DEKABR



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак