To‘g‘ri qarorlar izlab. (Josh Makdauell va Bob Xostetler) 5 bob

JOSH MAKDAUELL va BOB XOSTETLER

TO‘G‘RI QARORLAR IZLAB

O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun

 366 jozibakor lavhalar

YANVAR - FEVRAL - MART - APREL - MAY - IYUN - IYUL - AVGUST - SENTYABR - OKTYABR - NOYABR - DEKABR

ANNOTASIYA

Mazkur kitob biz har kuni duch keladigan hayotiy muammolarga to‘g‘ri qarorlarni topgan holda, ularni oqilona hal etish uchun Muqaddas Kitobdan qanday foydalanish kerakligini ko‘rsatadi. Siz ega bo‘lgan narsalaringiz uchun o‘zingizda Xudoga minnatdorchilik hissini uyg‘otgan holda imkon qadar ko‘proq ibodat qilish, o‘z harakatlaringizni tahlil qilish, itoatkorlik ruhida ish tutib odamlarga xizmat qilishning imkoniyat va usullarini izlash zarur ekanligini tushunib olasiz.Tugri qarorlar izlab kitob uzb

  

KIRISH. To‘g‘ri qarorlar izlab: har bir kun uchun vazifa

DINOZAVRLAR VA KINOYULDUZLAR.

Teleo‘yin.

Misha aka va Masha singil.

To‘lin oy va uchayotgan kometalar.

Televizion yangiliklar dasturi

“Iyerixon uchun kurash: bir kundan so‘ng”.

Jinlar va shaytonlar; o‘yinlar va hazillar; olimlar va fermerlar; qarg‘a va kanareyka; testlar va savolnomalar va hattoki g‘aroyib kaltakesak Mikatu – siz bularning barchasini ushbu kitobning sahifalaridan topasiz. Josh Makdauellning “O‘smirlar uchun har kungi mutolaa” kitobi bu har bir kunda to‘g‘ri qarorlarni izlash va mulohaza yuritish uchun ozuqadir. Birinchi yanvardan boshlanadigan “Andreyning kurtkasi” nomli maftunkor sayohat toki 31 dekabrdagi “Foydali orzular” nomli mutolaagacha jami 366 jozibakor lavhalarni qamrab oladiki, ular sizni to‘g‘ri qarorlarni nojoizlaridan farqlab olishingizga hamda doimo to‘g‘ri tanlov qilishingizga yordam beradi.

Har kungi mutolaa shu kungi hayotingizda haqiqatni qo‘llashda yordam beradigan Muqaddas Kitobdan qisqa parchalarni, asosiy oyatlarni, bir qancha masala va maslahatlarni, shuningdek, qisqacha ibodatlarni o‘z ichiga oladi. Ammo harqalay hech bir kun boshqasiga o‘xshamaydi. Ayrimlari qisqacha hikoyani taqdim etsa, boshqasi testni tavsiya etadi; nimadir sizni kulishga undashi yoki dilingizni o‘rtashi mumkin; ba’zi hikoyalar o‘ylab topilgan, boshqalari esa haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shu bilan birgalikda, har kungi mutolaa sizni mulohaza yuritishga va “mana shu buzuq va egri nasl orasida Xudoning nuqsonsiz, aybsiz va pok farzandlari bo‘lishingiz”ga undaydi (Filippiliklarga 2:15).


O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun (Uzbek tilida kitob)
MAY

 

1 MAY. HAQIQAT VA YOLG‘ON

Kalomdan o‘qish: Ishayo 40:6-8

O‘tlar quriydi, gullar so‘lib qoladi, Xudoyimizning kalomi esa abadiy turadi (Ishayo 40:8).

 

MAY OYINING test savollariga javob bering. Qaraylikchi, qancha to‘g‘ri javob bera olar ekansan. Endi haqiqat va yolg‘onni tanlagin.

Quyosh yer atrofida aylanadi

H.    Y.

Pomidorlar zaharlidir

H.    Y.

Aksirganingda, ichingdagi jinlar chiqib ketishadi

H.    Y.

Temir, qo‘rg‘oshin va boshqa metallarni kimyoviy yo‘l bilan

oltinga aylantirish mumkin

H.    Y.

Dunyo tekis

H.    Y.

Daraxlarning qalbi bor

H.    Y.

Badbo‘y bug‘lar o‘latni keltirib chiqaradi

H.    Y.

 

Bu aytilganlardan qanchasini yolg‘on deb belgilading? Qanchasini esa haqiqat deb?

Aslida, bu o‘rinda keltirilganlarning hammasi yolg‘on. Garchi qachonlardir ulardan ayrimlari haqiqat deya hisoblangan bo‘lsada, baribir ular yolg‘on edi.

 Ming yillar davomida odamlar quyosh yer atrofida aylanadi, deya o‘ylashgan. Biroq bu haqiqat bo‘lib qolishi uchungina shunday deb o‘ylashmagan. Quyosh tizimining markazi doimo quyosh bo‘lib kelgan! Va odamlar pomidorni yoki o‘zlari ataganlaridek “sevgi olmasi”ni zaharli deb hisoblaganlari bilan vaziyat o‘zgarmagan. Odamlar “qora ajal” (chov orasidagi bez o‘lati)ni qanchalik “badbo‘y bug‘lar” deb atashmasin, aslida uni pashshalar va kalamushlar tashimaydi va bu doimo shunday bo‘lgan.

 Haqiqat o‘zgarmaydi. Odamlar o‘zgarishi mumkin. Tarix to‘qima bo‘lishi mumkin. G‘oyalar noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Biroq haqiqat o‘zgarmasdir.

 Ishayo payg‘ambar bir vaqtlar, “Xudoyimizning kalomi esa abadiy turadi”, deb aytgan. Iso esa Otasiga ibodat qilib shunday degan: “Sening kaloming haqiqatdir” (Yuhanno 17:17). Darsliklar va o‘qituvchilar nima deyishmasin, gazetalarda nimani o‘qib kechki yangiliklarda nimani eshitmagin, qadimiy jumboqlar qanday tarzda ko‘rsatilmasin, haqiqat o‘zgarmay qolaveradi. Biz ularni yoki qabul qilishimiz yoki rad etishimiz mumkin. Biz ularni pisand qilmasligimiz yoki ular bilan kelisha olmasligimiz mumkin, biroq biz qabul qilamizmi yoki yo‘qmi, haqiqat baribir haqiqatdir. U hech qachon o‘zgarmaydi.

 MULOHAZA QILGIN: Sen boshqalar haqiqat deb bilgan, ammo aslida bunday bo‘lmagan biror bir hodisani ayta olasanmi? Sen biror haqiqatni tan olib yoki tan olmasdan uni o‘zgartira olasanmi? Buni boshqa kimdir qila oladimi? Iso Xudoning Kalomi haqiqat ekanligini aytgan. Nima deb o‘ylaysan, Isoning izdoshlari quyidagilarga amal qilishlari shartmi:

a) Muqaddas Kitobga ishonish kerakmi?

b) Muqaddas Kitobni o‘qish zarurmi?

v) Muqaddas Kitobning jumlalarini yoddan bilish shartmi?

g) Muqaddas Kitobni tinglash lozimmi?

d) Bularning hammasini qilish shartmi?

Sen bulardan qaysi birini qilyapsan? Sen nimalarga ko‘proq e’tibor qaratishing lozim?

 

IBODAT: “ Rabbim, Sening Kaloming hamisha haqiqat bo‘lgani uchun Sendan minnatdorman”.


 

2 MAY. QAYERDASAN, PLUTON?

Kalomdan o‘qish: Matto 6:22-23

Tananing chirog‘i ko‘z. Agar ko‘zingiz yaxshi bo‘lsa, butun tanangiz yop-yorug‘ bo‘ladi (Matto 6:22).

 

SEN QACHONDIR PLUTON HAQIDA ESHITGANMISAN? Ha, Quyosh tizimining to‘qqizinchi sayyorasi haqida.

 Bilasanmi, 1930 yilgacha bu sayyoraning mavjudligi haqida hech qanday isbot yo‘q edi. Odamlar Merkuriy, Venera, Mars, Yupiter va Saturn haqida bilishardi. Ular yana ikkita “yangi” sayyorani – Uran va Neptunni kashf etishdi. Ammo Quyosh tizimidagi yana bir sayyora kashf etilmasdan qolaverdi.

 Ko‘pgina olimlar Quyosh atrofida Uran va Neptunning harakatlanish holatidan to‘qqizinchi sayyora ham mavjud ekanligini taxmin qilishardi. Biroq ular buni isbot qilisholmasdi: ular bu sayyorani ko‘rishmagandi. O‘sha davrdagi teleskoplar yetarli darajada kuchli emasdi. Vaholanki, Persival Louel to‘qqizinchi sayyora mavjud ekanligini bashorat qilgandi. U 1916 yili vafot etguniga qadar buni isbotlash uchun ko‘p urindi, ammo uddasidan chiqolmadi.

 1929 yilda Arizona shtatidagi Flegstaff shahrida, Louel nomidagi observatoriyada Persival Louel bashorat qilgan sayyorani topish uchun maxsus kamera o‘rnatildi. 1930 yilning yanvarida Klayd U.Tombo osmonning noma’lum sayyora joylashishi kerak bo‘lgan qismini suratga oldi. Turli kunlarda olingan fotosuratlarni taqqoslab, u shunday bir trayektoriya bo‘ylab ketgan “ nuqta” ni qayd etdiki, bu fpqatgina sayyora bo‘lishi mumkin edi. Persival Louelda yetarli darajada kuchli teleskop bo‘lmagani uchun aniqlay olmagan Pluton sayyorasini Klayd Tombo kashf etdi.

 Aksariyat odamlar ayrim narsalar yaxshi, boshqalari esa yomon ekanligiga “shubha” qilishadi. Ko‘pchilik odamlar, misol uchun, nafratlanish va odamlarga azob berish yomon ekanligini bilishadi. Ularga gohida nopok bo‘lish yomon, halol bo‘lish yaxshi ekanligi haqidagi “tuyg‘u” mehmon bo‘lib turadi. Ular ezgulik va yovuzlik qayerdadir mavjud ekanligini, biroq buni “isbotlab” berish qiyin ekanligini his qilishadi. Hikmatlar 4:19 da shunday deb tushuntiriladi: “Fosiqning yo‘li esa zulmat kabidir, nimaga qoqilib ketishini bilmaydi”.

 Biz qachonki Xudoning Kalomiga ishonganimizda va Uning qoidalarini qabul qilganimizda, barchasini yanada tiniqroq ko‘ramiz. Shu bois bizning qarorimiz oson kechadi. Biz nima yaxshiyu, nima yomonligini “payqashimiz” yoki “taxmin qilishimiz”ga hojat yo‘q. Bizning o‘z fahm-farosatimizga bog‘lanib qolishimizning zarurati yo‘q. Biz faqatgina Xudoning aytganlariga zarur darajada ishonsak bas.

 MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, ko‘pchilik odamlarning Muqaddas Kitobga ishonmasliklari – Kalomni ishonchsizroq qiladimi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Xudoning ezgulik va yovuzlik haqida aytganlariga ishonishing qiyinmi? Balki nima yaxshiyu, nima yomonligini Muqaddas Kitobga ishonmaydigan do‘stlaring yoki sinfdoshlaringga nisbatan sening tushunishing osondir?

IBODAT: “Rabbim, men ayniqsa ezgulik va yomonlikdan birini tanlayotganimda men uchun butun atrofni ko‘rsatadigan zarrabin bo‘lgin. Menga to‘g‘ri qaror nima ekanligini ko‘rsatgin hamda to‘g‘ri yo‘lni ochib, undan borishim uchun yordam bergin”.


 

3 MAY. MANA HAQIQAT QAYERDA!

Kalomdan o‘qish: 3 Shohlar 22:6, 13, 15-16

Faqat haqiqatni aytishing uchun Egamiz nomini o‘rtaga qo‘yib, senga necha marta ont ichdirayin?! (Shohlar 22:16).

 

Sudda guvohlardan haqiqatni va faqatgina haqiqatni aytishga va’da berishlarini so‘rashadi. Hech qachon shunchaki faqat haqiqatni aytmaslikni va’da qilishlarini so‘rashlari hech qachon xayolingga kelmaganmi? Gap shundaki, faqat ayrim odamlargina haqiqatni aytishadi. Boshqalar esa haqiqatga qandaydir yolg‘on qo‘shishadi.

 Qani, sen to‘liq va toza haqiqat nima ekanligini tushunishing uchun quyidagi misolni keltiraylik.

 

TO‘LIQ HAQIQAT

NOTO‘LIQ HAQIQAT

HAQIQAT VA YANA NIMADIR

Filo Teylor Farnsuort televideniye paydo bo‘lishining imkonini beradigan texnologiyani yaratdi

Filo Teylor Farnsuort televideniyeni kashf etgan.

 

Filo Teylor Farnsuort televideniye, radioni, patefon apparatini, kompakt diskni, mikroto‘lqinli pech va lazerli miltiqni yaratdi.

XVIII asrda Jorj Vashington kabi siyosatchilar upa surtilgan parik kiyib yurishgan.

Jorj Vashington parik kiyib yurgan.

 

Jorj Vashington parik kiygan va umuman juda kulgili kiyingan.

 

Charlz Lindberg Atlantika ummoni orqali yolg‘iz o‘zi uchib o‘tgan birinchi insondir.

Charlz Lindberg Atlantika ummoni orqali uchib o‘tgan birinchi kishi.

Charlz Lindberg “Limburger” pishlog‘ini keltirish uchun Atlantika ummonidan uchib o‘tgan.

Iso Masihdir, Xudoning O‘g‘lidir.

Iso buyuk ustoz bo‘lgan.

 

Iso, Muhammad va Maykl Jordan -xudolardir.

Men tugallanmagan uy vazifamni qoldirib keldim

Men uy vazifamni uyda qoldirganman

Mening itim uy vazifamni yeb qo‘ygani uchun uni tugallay olmadim

 

Farqni sezayapsanmi? Aldash va haqiqatni (to‘liq emas) aytish mumkin. Albatta, haqiqatga nimanidir qo‘shish aslo yaxshi emas.

 Mana nima uchun hakamlar haqiqatni, to‘liq haqiqatni gapirishni va haqiqatdan boshqa hech nimani gapirmaslikni so‘rashadi. Xudo ham shuni istaydi. U bizning faqat haqiqatni gapirishimizni xohlaydi, negaki Uning O‘zi nima gapirmasin va nima qilmasin har narsada haqiqatdir. U shunday deydi: “Men Egangizman. Haqiqatni aytaman” (Ishayo 45:19).

 MULOHAZA QILGIN: Sen do‘stlaring, qarindoshlaring, o‘qituvchilaring va boshqalar quyidagilardan qaysi birini aytishlarini afzal ko‘rarding:

a) haqiqatni?

b) to‘liq haqiqatni?

v) haqiqatdan boshqa hech narsani?

g) yuqorida qayd etilganlarning barini?

Do‘stlaring va qarindoshlaring nimani afzal deb bilgan bo‘lishardi? Nima uchun?

IBODAT: “Rabbim, men nimaiki demay, barchasida to‘g‘riso‘z bo‘lmoqchiman. Men biror nimani qo‘shmasligim va hech nimani yashirmasligim uchun yordam ber”.


 

4 MAY. PILIGRIMNING QUVONCHI

Kalomdan o‘qish: Zabur 31:1-5

Egamiz kimning aybini yozmagan bo‘lsa, O‘sha inson baxtlidir, Ruhida hiyla bo‘lmaganlar baxtlidir (Zabur 31:2).

 

JON BUNYANNING MASHHUR KITOBI “Piligrimning sayohati”, qayoqqa bormasin o‘zi bilan hamisha og‘ir yuk olib yuradigan Masihiy nomli yosh yigit haqida hikoya qiladi.

Masihiyga uchrab qolgan har bir kishi bu yukdan uning qanday xalos bo‘lishi haqida maslahat beradi. “Uni qayerdadir unutib yubor” deydi birovi. “Unga e’tibor berma”, deydi boshqasi. “Yaxshilik qilish orqali undan xalos bo‘l” deydi uchinchi bir kishi. Biroq Masihiy toki ikki tarafi baland devorlar bilan o‘ralgan ko‘chaga chiqib qolmagunicha hech kim uni yukdan xalos qila olmaydi. Masihiy ko‘cha bo‘ylab “elkasidagi yuk tufayli katta mashaqqat bilan yuradi” deb yozadi Bunyan.

U xiyol ko‘tarilgan bir joyga yetib kelmagunicha ancha yurdi: o‘sha yerda xoch turardi, xochning sal pastida esa qabr bor edi. Mening tushimda Masihiy xochga borganida yuk uning yelkasidan tushib qabrning teshigiga borib tushib ketganini va uni boshqa ko‘rmaganim zohir bo‘ldi... Shunda Masihiy xursand bo‘ldi, yuzi yorishdi va mamnunlik bilan ichida shunday dedi: “U O‘zining dard-alami orqali menga halovat, O‘zining O‘limi orqali esa hayot berdi”. Qanchadir vaqt u atrofga qarab hayron turib qoldi, negaki xochning ko‘rinishi uni yukdan xalos etgani hayratomuz edi. Uning yuzi terdan namiqib ketmagunicha qayta va qayta xochga qarayverdi.

Jon Bunyan hikoya qilgan bu usul eskirgan, biroq Masihiy nimani his etgan bo‘lsa, odamlar hozir ham shuni his etishmoqda. Xudo odamning gunohlarini kechirib, uning yelkasidan gunoh yukini olganida va qalbiga qutqarilishni jo etganida odam his etadigan kechinmani boshqa his-tuyg‘ular bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

Agar sen Xudodan hech qachon gunohlaringni kechirishi va seni yangi odamga aylantirishini so‘ramagan bo‘lsang, agar hech qachon o‘z gunohlaring uchun tavba qilib hayotingning bundan keyingi qismida Isoga ergashishga qaror qilmagan bo‘lsang, buni hozir qilgin, shunda sen zaburchi nima deb kuylaganini va Jon Bunyan nimalar haqida yozganini bilib olasan.

Agar sen gunohlar kechirimini his qilgan bo‘lsang, seni xursandchilikka olib kelgan yo‘lni yodingda tut: sen gunohlaringga iqror bo‘lib, Xudodan kechirim so‘rading va bu kechirimni qabul qilding. Sen masihiy bo‘lib biror noto‘g‘ri qaror qilganingda xuddi shunday yo‘l tutishing lozim: noo‘rin ish qilganingga iqror bo‘l, kechirim so‘ra va Xudoning sevgisi va o‘z gunohlaring uchun Isoning qurbonligini Xudoning kechirimi sifatida qabul qil.

MULOHAZA QILGIN: “Piligrim sayohati”dagi Masihiyning yuki nima o‘zi? Xoch va qabr nimaning timsolini beradi? Xudo seni gunohlardan poklaganmi? Agar poklamagan bo‘lsa, nima uchun? Sen hoziroq tavba qiladigan va kechirim so‘raydigan biror gunohing bormi?

IBODAT: Zaburning 31:1-5 oyatlarini ovoz chiqarib o‘qi. Agar xohlasang, Zaburda aytilganlarni xuddi Xudoga ibodat kabi takrorlab chiq.

 

 

5 MAY. HAQIQAT USTOZI

Kalomdan o‘qish: Yuhanno 7:28-29

Iso Ma’badda ta’lim berar ekan, baland ovozda shunday dedi:

Ha, sizlar Mening kimligimni ham, qayerdanligimni ham bilasizlar. Lekin Men O‘zimcha kelganim yo‘q. Meni Yuborgan bor, sizlar esa Uni tanimaysizlar. U haqdir (Yuhanno 7:28-29).

 

JORJ BALANCHIN balet va xoreografiyaning mashhur murabbiyi edi.

Mori Uils barcha davrlarning eng yaxshi beysbolchilaridan biri edi.

Fra Filippo Lippi XV asrdagi italiyalik buyuk rassom bo‘lgan.

Martin Lyuter King XX asrning 60-yillarida amerikaliklarning fuqarolik huquqlari uchun kurashgan.

Kristofer Ren 1666 yildagi Buyuk Yong‘indan so‘ng Londonning katta qismini tiklagan taniqli arxitektor edi.

 Bu odamlardan har biri qaysidir jabhada muvaffaqiyatga erishgan beysbolda, tasviriy san’atda, jamoat ishlarida.Biroq ularning hammasida bitta ummumiylik bor edi: ular shunchaki nimanidir yaxshi uddalay olishgan, ular boshqalarni o‘rgatishgan.

 Balanchin shogirdlari boshqalarning qo‘lidan kelmaydigan darajada raqsga tushishgan: ularning raqqoslik mahoratida Balanchin va undagi daholikning uslubi sezilib turardi. Lippi buyuk musavvir edi, biroq uning shogirdlaridan ayrimlari, misol uchun, Sandro Botichelli va Lippining o‘g‘li Filippinoning mahorati unikidan kam emasdi, hattoki undan yaxshiroq ham bo‘lgan. Martin Lyuter King Amerika siyosatining qiyofasini o‘zgartirdi: uning shogirdlari (Endryu Yang va Jessi Jekson kabilar) ustozining ishini davom ettirishdi. Kristofer Ren arxitektura sohasida daho edi va shundan keyin ko‘plab yosh arxitektorlar uning ibrati asosida saboq olishdi.

 Bu odamlar shunchalik darajada mohir usta edilarki, boshqalar ulardan saboq olib taqlid qilishga urinishardi.

 Gap qachon axloq masalasiga borib taqalganida, nima to‘g‘riligi va shunga muvofiq harakat to‘g‘risidagi tushuncha borasida faqat birgina Ustoz Xudo mavdud. Boshqalar faqat goh-gohida to‘g‘ri yo‘l tutishadi. Faqat Xudogina doim ezgulikdir (Mark 10:18). U –  Undan o‘rganishimiz lozim bo‘lgan Ustozdir.

 Qandaydir jabhada shunchaki “Usta” bo‘lmagan Xudo – Balanchin, Lippi, King va Rendan farqli tarzda, U – borliqdagi barcha yaxshi narsalarning Yaratguvchisidir. Boshqacha qilib aytganda, (misol uchun) halollik yaxshi, negaki Xudo pokdir. Unda hech qanday yolg‘on yo‘q. Xudo haqiqatdir, shu bois U bizning haqiqatni gapirishimizni va nimaiki qilmaylik, barcha masalada halol bo‘lishimizni istaydi.

 MULOHAZA QILGIN: Sen qancha murabbiy qo‘lida tahsil olgansan (yakshanba maktabini ham unutib qo‘yma)? Halollik borasida ulardan qaysi biri senga ko‘proq ta’sir ko‘rsatgan?

Nima deb o‘ylaysan, tanishlaringdan qaysi birini or nomusli deb atay olasan? O‘zingni ham shunday deb hisoblaysanmi? Mana shu masalada “Ustoz”ga qay tariqa ko‘proq o‘xshash mumkin?

IBODAT: “Rabbim, men bugun __________________ bilan halol munosabatda bo‘lishim uchun menga Sening yordaming kerak”.


 

6 MAY. OLDINGA SAPCHISH

Kalomdan o‘qish: 2 Timo‘tiy 4:7-8

Sizlar ham shunday yuguringki, mukofotni qo‘lga kiritinglar (1 Korinfliklar 9:24).

 

Olimpiyada o‘yinlarida yugurish bo‘yicha eng hayajonli musobaqalardan biri 1972 yilda Germaniyada, Myunxenda bo‘lib o‘tgan. Erkaklar o‘rtasida 800 metrga yugurish bo‘yicha Sovet Ittifoqidan Yevgeniy Arjanov ehtimoliy g‘olib hisoblanardi. U to‘rt yil mobaynida 800 metrga yugurish musobaqalarida g‘olib chiqqan va bu safar ham barcha uning g‘alaba qilishini kutardi.

Amerika nomidan musobaqachilar orasida darrov ko‘zga tashlanishi uchun doimo yaltiroq “kepka” kiyadigan, ajoyib chopqir, Devid Uottl ishtirok etardi. Uottl yugurayotganida odatda o‘rta yoki orqa qatordan joy olardi, marraning oxirgi aylanasiga yetib kelgach esa shiddat bilan yugurib, oldinga chiqardi va boshqalarni ortda qoldirardi. Biroq ko‘pchilik, endi Uottl o‘z rekordini yangilagan va Olimpiya o‘yinlarida bundan-da tezroq yugura olmaydi, deb hisoblardi. Bundan tashqari, uning jismoniy tayyorgarligi ham uncha yaxshi emasdi.

 Yugurish hamma kutganidek boshlandi. Oldinda keniyalik ikkita chopqir borardi. Arjanov keniyaliklarni quvib o‘tganida Uottl oltinchi o‘rinda yugurib borardi. Finishga ikki yuz metrlar masofa qolganida Uottl Arjanovning sekin yugura boshlaganini payqab qoldi. Shunda u tezlashib Arjanovga finish chizig‘ida yetib oldi.

 Arjanov va Uottl bir xil vaqtni ko‘rsatishdi (1 daqiqayu 45,9 soniya), biroq Devid Uottl Arjanovdan “qilcha” masofada o‘tib ketgani uchun oltin medalni qo‘lga kiritdi.

 Xudo oldida gunohlarga iqror bo‘lish va to‘g‘ri qaror qabul qilish xuddi Olimpiya o‘yinlarida g‘olib chiqish kabi qiyin. Misol uchun, hamisha halol bo‘lish odatda qiyin kechadi. Do‘stlaring sening ustingdan kulishlari mumkin. Haqiqat ularni taajjubga solishi mumkin. Ba’zan haqiqatni gapirib, hattoki, noxush vaziyatlarga tushib qolish mumkin. Qisqacha qilib aytganda, halollik ba’zan noto‘g‘ri strategiya bo‘lib tuyulishi mumkin.

Ammo, halol bo‘lish qiyin bo‘lsada, baribir oxir-oqibat, u yaxshilikka olib boradi. Balki, senga goho haqiqatni aytib xatoga yo‘l qo‘yganingdek tuyulishi mumkin. Lekin haqiqatni aytish hammasidan yaxshi. Bu to‘g‘ri. “Egamiz solihning yo‘lini qo‘riqlaydi” (Zabur 1:6). Hayot – bu sen yutib chiqishing shart bo‘lgan musobaqadir (1 Korinfliklar 9:24; 2 Timo‘tiyga 4:7-8).

 MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, Devid Uottl keniyaliklarni darrov quvib o‘tishga uringanida g‘olib chiqqan bo‘larmidi? Nima uchun ha nima uchun yo‘q? Agar sen faqat o‘zingga foydali bo‘lgan paytdagina halol bo‘lishga qaror qilgan bo‘lsang, sen uchun bunday “afzallik” aynan qachon sodir bo‘lishini qanday bilasan? Agar sen (Xudoning madadi bilan) doimo halol bo‘lishga qaror qilgan bo‘lsang, qaror qilishing oson bo‘ladi, deb o‘ylaysanmi? Shunday qilsa to‘g‘ri bo‘ladimi?

IBODAT: “Rabbim, ba’zan halol yo‘l tutganimda o‘zimni mag‘lub bo‘layotgandek his qilaman. Iltimos, yugurishni tamomlashimni esda tutishim uchun yordam ber”.


 

7 MAY. CHO‘PON VA BO‘RI

Kalomdan o‘qish: 1 Butrus 2:11-12

Imonsizlar orasida Xudoga munosib hayot kechiringlar. Ular sizlarni yomonlikda ayblasalar da, ezgu ishlaringizni ko‘rib, kim bilsin, balki tavba qilishar va qiyomat kuni Xudoni ulug‘lashar (1 Butrus 2:11-12).

 

Bir zamonlar kichkina qishloqning atrofida poda boqadigan cho‘pon bolakay bo‘lgan ekan. Kunlardan birida quylari bilan yolg‘iz o‘tirganida, u qishloq ahli bilan hazillashmoqchi bo‘libdi. U qishlog‘i tomon yugurib, qichqira boshlabdi: “Bo‘ri! Bo‘ri! Bo‘ri quylarga hujum qildi!”

 Qishloq ahli barcha ishlarini tashlab qo‘ylari qolib ketgan o‘rmon sari yugurishibdi. Biroq ular yugurib kelishganlarida bo‘rining hech qanday izlarini ko‘rishmabdi. Bolakay o‘z hazilidan zavqlanibdi, odamlar esa bolani so‘kishib uylariga qaytishibdi.

 Oradan qanchadir vaqt o‘tgach, bolakay zerikib, o‘z hazilini qaytarmoqchi bo‘libdi. U yana qishloqqa yugurib boribdi, qishloq odamlari esa tag‘in unga yordam berish uchun yugurib kelishibdi va tag‘in bo‘ridan darak topisholmabdi.

 Bolakay yolg‘izlikdan zerikib, o‘z hazilini yana takrorlabdi va tag‘in shu holat takrorlanibdi. U yana qishloq ahlini ahmoq qilibdi.

Biroq kunlardan birida bo‘ri chindan ham qo‘zichoqlarga hujum qilib ularni o‘ldira boshlabdi. Bolakay bo‘rini quvib yuborishga behuda urinibdi. Shunda u qishloqqa qarab baqirganicha yuguribdi: “Yordam beringlar! Bo‘ri! Bo‘ri qo‘ylarni o‘ldirayapti!”

 Biroq qishloq ahli bolaning qichqirig‘iga hech qanday e’tibor berishmabdi: bola tag‘in ularning ustidan kulayapti deb o‘ylashibdi. U qanchalik qattiq va jon jahdi bilan qichqirmasin, hech kim unga ishonmabdi, bo‘ri esa hamma qo‘ylarni g‘ajib tashlabdi.

 Bu voqea bizni muhim qoidaga o‘rgatadi: nopok odam nafaqat atrofidagilarga, balki o‘ziga ham ziyon yetkazadi.

 Nopok harakat odamning o‘ziga xalaqit beradi. Mana nima uchun Xudo bizga halol bo‘lishimizni amr etgan: U bizni nopoklik yetkazadigan zararlardan himoya qilishni istaydi. U biz haqimizda boshqalar yaxshi fikrda bo‘lishlarini xohlaydi. U biz halollik uchun taqdirlanishimizni va odamlar bizga ishonishlarini istaydi. Va U faqat halol insongina bu mukofotga sazovor bo‘lishini ham biladi.

 MULOHAZA QILGIN: Sen haqiqatni aytganingda ham senga ishonishmagan paytlar bo‘lganmi? O‘shanda o‘zingni qanday his qilgansan? Bu holat senga yoqqanmidi? Yoqmaganmidi? Ranjiganmiding? Hayron qolganmisan? Kelajakda bunday bo‘lmasligi uchun nimalar qilish kerak?

IBODAT: “Xudoyim, hech qachon yolg‘on gapirmasligim uchun menga yordam bergin” (Hikmatlar 30:8).


 

8 MAY.  QUYOSH, OY VA IPAK QURTINING PILLASI

Kalomdan o‘qish: Yoqub 1:17-18

Har bir yaxshi va mukammal hadya samodan keladi. Bu hadyalarni osmondagi jamiki yoritqichlarni yaratgan Xudo beradi. Yoritqichlarning nuri paydo bo‘lib, g‘oyib bo‘ladi. Xudoning ezguligi esa yo‘qolmaydi. Zero, Xudo hech qachon o‘zgarmaydi (Yoqub 1:7).

 

SEN SHISHALAR NIMADAN TAYYORLANISHINI BILASANMI? Penitsillin yoki rezinachi? Ko‘raylikchi, sen bu qatorlar orasidagi muvofiqlikni topa olarmikansan.

1

Qatron

A

Quyosh

2

Ipak

B

Dengiz hayvonlari

3

Penitsillin

V

Qum, ohak va soda

4

Shisha

G

Qo‘ylar

5

Oy yog‘dusi

D

Filning dandon tishi

6

Shimdirgich

E

Mog‘or

7

Jun

J

Daraxt

8

Mum

Z

Ipak qurtining pillasi

9

Teri

I

Hayvonlar terisi

10

Fil suyagi

K

Hayvon, o‘simlik va mineral moylari*

 

Sen qancha to‘g‘ri javob berding? Yanada muhimrog‘i esa, biz nima uchun bularni keltirib o‘tdik? Mana nima uchun: sen o‘ng qatorga chap tarafdagi barcha yozilganlarning manbai ekanligini anglatadigan bitta so‘zni qo‘sha olasanmi?

 Agar sen “Xudo” deb javob bergan bo‘lsang tabriklayman! Sen haqsan. Xudo chap tarafda keltirilgan barchasining manbaidir. U xuddi shuningdek, o‘ng tarafda keltirilganlarning ham manbasidir. U barcha “yaxshi narsani”, misol uchun, atirgullarni, mushuklarni, shokolad va kulgini faqat yoqimli bo‘lishi uchungina yaratmagan. U barcha ezguliklarning manbaidir: halollik, sadoqat, jasorat, hurmat, sevgi va hayotning. Ezgulik Xudodan hosil bo‘ladi, negaki Uning O‘zi ezgulikdir. Haqiqat Xudodan hosil bo‘ladi, negaki Uning O‘zi haqiqatdir. Barcha axloq Undan kelib chiqadi, negaki Uning O‘zi muqaddasdir.

 MULOHAZA QILGIN: Sen bugungi o‘qish asosida Xudoni qanday atagan bo‘larding? ( Misol uchun, Uni “Iyegova ire” deb atashgan, bu esa “Har joyda bo‘luvchi Zot” ma’nosini anglatadi). O‘zing Xudo uchun qandaydir ramz o‘ylab topgin.

 Sen Xudoga itoat etib, qandaydir yaxshi narsani egallashga uringang payting bo‘lganmi? Nima deb o‘ylaysan, noto‘g‘ri yo‘l tutib nimadir yaxshi narsaga ega bo‘lish mumkinmi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”?

IBODAT: “Xudoyim, menga barcha yaxshi narsalarni berganing uchun minnatdorman, shu jumladan ......................”

____________________

*Javoblar: 1 J;  2 Z;  3 E;  4 V;  5 A;  6 B;  7 G;  8 K;  9 I;  10 D.

 

 

9 MAY. LABIRINT

Kalomdan o‘qish: 1 Timo‘tiy 6:11-12

Ey Xudoning quli Timo‘tiy, sen esa o‘zingni bu illatlardan olib qoch. Solihlik, xudojo‘ylik, imon, sevgi, sabr-toqat va muloyimlikning payida bo‘l (1 Timo‘tiy 6:11).

 

Sen qachonlardir labirint orqali o‘tishga uringanmisan? Bu g‘alati, qiziq yoki oson bo‘lishi mumkin. Ko‘raylikchi, sen mana bu labirintdan o‘ta olarmikansan:

Xo‘sh qalay, senga qiyin bo‘ldimi? Yoki osonmi? Yo‘l seni “gunoh”ga boshlab borayotganini tushunib qolganingda nima qilding? Sen yo‘lda davom etdingmi yoki boshqa tomonga burildingmi?

 Sen hayotda biror qaror qilganingda ham shunday bo‘ladi. Ha, hayotda sen tez-tez noto‘g‘ri tanlovlar qarshisida bo‘lib qolasan va hattoki ba’zan ularni ma’qul ko‘rasan. (Lekin buni o‘zing ham yaxshi bilasan, to‘g‘rimi?) Hayotda ham sen xuddi labirintdan o‘tgandek yo‘l tutishing mumkin: yoki yurishda davom etasan yoki boshqa tomonga burilasan.

 Sen oldingga borayotganingda noto‘g‘ri qadam tashlab qo‘yishing mumkin, hattoki bunga ongli tarzda yo‘l qo‘yasan. Biroq kerakli tarafga bormayotganingni tushunganingda, eng bexatar va ishonchli qaror – to‘xtab, haq emasligingni tan olib, orqaga qaytishdir. Hayotda bu qog‘ozdagidek oson emas, ammo bilib qo‘y: bu seni ko‘plab noxushliklar va qayg‘ulardan asraydi. Shuningdek, bu hayot labirintidan o‘tishingga va boshi berk yo‘lga tushib qolmasliginga yordam beradi.

 MULOHAZA QILGIN: Sening ruhiy hayoting labirintga o‘xshaydimi? Noto‘g‘ri yo‘l tutganingni bilganingda nima qilasan? Noto‘g‘ri yo‘l tutganingda (yoki shunday vaziyatning eng oxirgi damlarida )orqaga qaytgan damlaringni eslay olasanmi? Shunda nima yuz berdi? Sen bundan afsuslanasanmi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”?

 HARAKAT QIL: Noto‘g‘ri qarordan voz kechib to‘g‘ri qarorga kelishing muhimligi haqida senga eslatib turadigan o‘z shaxsiy labirintingni chizgin.

IBODAT: “Rabbim, to‘g‘ri yo‘ldan borishim uchun menga yordam ber”.


 

10 MAY. UNING SIYMOSINI AKS ETTIR

Kalomdan o‘qish: 2 Korinfliklar 3:17-18

Biz hammamiz ochiq yuz bilan Egamizning ulug‘vorligini ko‘rib turibmiz. Biz o‘zgarib borar ekanmiz, yanada ulug‘vor bo‘lib, Egamizga o‘xshagan bo‘lamiz. Bularning hammasi Egamizning Ruhi orqali sodir bo‘lmoqda (2 Korinfliklar 3:18).

 

LYOSHA BA’ZAN otasining ishxonasiga boradi. Uning otasi bankda ishlaydi.

Kunlardan birida Otasi Lyoshaga pulni sanaydigan mashinkani ko‘rsatdi. Bank xodimi hozirgina yuz dollarlik pul o‘ramini ochib, ularni mashinkaga qo‘ygandi.

– Bu qandaydir g‘alati ko‘rinarkan! – dedi Lyosha.

Otasi mashinkadan bir dona pulni chiqarib Lyoshaga ko‘rsatdi.

– Haqiqiy dollarni qalbakilaridan oson farqlash maqsadida yangi pullar chiqarildi. Ko‘rayapsanmi, bundagi tasvir kattalashtirilgan, u markazga tomon siljitilgan va qog‘ozning boshqa turi qo‘llanilgan... Agar yoruqqa tutib qarasang, yozuvli chiziqni ko‘rasan. Albatta, pulda tasvirlanganlardan nusxa ko‘chirish mumkin, ammo buni qilish qiyinroq.

Lyosha hayron bo‘ldi:

– Nima, siz har bir yuz dollarlik pulni yorug‘likka tutib ko‘rasizmi?

Otasi jilmaydi:

– Yo‘q. Bank xodimlari qalbaki pullarni qiyinchiliksiz farqlay olishadi, negaki ular aksariyat hollarda haqiqiy pullar bilan ishlashadi. Ular haqiqiy pullarni kun bo‘yi, soatma-soat hisoblashadi va taqsimlab chiqishadi. Ular haqiqiy pulga qanchalik ko‘p qarashsa, shunchalik darajada qalbaki pullarni farqlay olishlari oson bo‘ladi; ular buni sezishadi. Qachon qalbaki pul kelganida xodim darhol uning nimasi bilandir farq qilishini payqaydi. Shunda u pulni yorug‘likda yoki lupa ostida tekshirib ko‘radi yoxud katta navbatchidan uni tekshirib chiqishini so‘raydi. Odatda haqiqiy pullarni biladigan xodim qalbakilarini ancha osonlik bilan topadi.

– Qoyil, – dedi Lyosha. – Menga ham tajribadan o‘tkazish uchun bir o‘ramini berasizmi?

–Albatta, tushingda bu pullarni olasan, – javob berdi otasi.

 MULOHAZA QILGIN: Agar biror nima bilan tanish bo‘lsang, uning haqiqiy yoki qalbaki ekanligini oson bilasan. Ezgulik va yovuzlik haqida so‘z borganda, bu o‘rinda “asl” Xudodir. Sen Xudoni qanchalik yaxshi bilasan? Sen tanlov qilganingda, Xudo bilan munosabatlaring senga yordam beradimi? Xudoni qay tarzda yaxshiroq bilib olishing mumkin? Sen “Uning ulug‘vorligini” qanday aks ettirishing mumkin?

IBODAT: “Rabbim, men Senga ko‘proq o‘xshashim va Sening ulug‘vorligingni aks ettira olishim uchun O‘z Ruhingni qalbimga joylashtirishimda menga yordam ber”.

 

 

11 MAY. BILQILDOQ QUMLAR

Kalomdan o‘qish: Zabur 89:1-4

Ey Rabbiy, nasllar osha Sen panohimiz bo‘lgan eding (Zabur 89:2).

 

CHO‘LDAGI QUMLAR doimo harakatlanib turishadi.

Ba’zan qumtepalar xuddi yirik yovvoyi hayvonlar singari cho‘l bo‘ylab to‘ziydi; shamol qumni uchiradi va u doimo titraydi, quyiladi, o‘zgarib turadi. Qumtepalar 150-200 metrgacha baland ko‘tarilishi mumkin, so‘ngra esa to‘zg‘ib ketishadi.

 Qumlar gohida ekin maydonlariga yopirilib, hosilni nobud qiladi. Ba’zan kichik shaharlarga hujum qilib, uning ko‘cha va xiyobonlarini qoplaydi; ayrim qadimiy shaharlar yuz yillardan buyon qumlar ostida ko‘milib yotibdi.

 Harakatlanuvchi qumlar cho‘ldagi sayohatni murakkab va o‘ta og‘ir qiladi. Mashinalar chuqur qumloqlarda yura olmaydi. Harakatlanuvchi qumtepalar ustida yurayotgan otlar tezda charchab qolishadi, ular hattoki ko‘kragigacha qumga botib qolishlari mumkin. Qum ustida yurayotgan odamlar tez-tez bir qadam oldinga, so‘ngra ikki qadam orqaga yurishadi.

 Qumli cho‘llarda osongina adashib qolish mumkin, negaki landshaft doimo o‘zgarib turadi. Qumtepalar har tarafdan turlicha ko‘rinadi, ularning ko‘rinishi soatlar ichida boshqacha tus oladi.

 Harakatlanuvchi qumlar o‘ta xavfli bo‘lishi mumkin. Ezgulik va yovuzlik haqidagi tushunchalar hamda beqaror fikrlarga ham xuddi shunday yondashish mumkin.

 Ko‘rayapsanmi, ayrim odamlar, nima yaxshiyu, nima yomonligini o‘zlari hal qilishlari lozim, deya hisoblashadi. “Men buni shunday deb bilaman, - deydi ular, - menimcha, mana bu va ana u narsalar yomon”. Yoki shunday deyishadi: “Men mana shu va mana bu narsalar yomon emas, deb o‘ylayman”. Ular o‘zlariga, bir hafta avval yomon ko‘ringan narsalar, endi yaxshi ekanligini aytishlari mumkin. Ular shunday qaror qilishlari mumkin: mana bu narsa o‘zi uchun yaxshi, boshqa birovga esa yomon.

 Ammo bunday fikrlash tarzi nafaqat xavfli, balki noto‘g‘ridir. Nima yaxshiyu, nima yomonligini biz hal qilmaymiz. Biz o‘z fikrlarimizga va tushunchalarimizga tayana olmaymiz; ular bu haftadan keyingi haftaga, kundan-kunga va hattoki soatma-soat o‘zgarishi mumkin; ezgulik va yovuzlik biz o‘ylaganlarimizga bog‘liq emas.

 Yagona ishonchli andaza o‘zgarmas Xudodir. U kecha ham, bugun ham va ertaga ham O‘sha Zotdir. Uning fikri o‘zgarmaydi. U unutmaydi. Uning kayfiyati yomon bo‘lganida ham qoidalarini o‘zgartirmaydi. Bizning munosabatlarimiz va kayfiyatimiz o‘zgarishi mumkin, lekin Xudo avvalgidek bo‘lib qolaveradi.

 MULOHAZA QILGIN: Sening fikrlaring keyingi bir necha oy ichida o‘zgarganmi? Haftalar ichida? Kunlar orasida? Xudo shu vaqtlar ichida o‘zgardimi?

 Sen o‘z fikringga asosan yoki boshqalar fikriga ko‘ra qaror qabul qilasanmi? Yoki Xudoning fikrlariga asosanmi? Mana shu uchta variantlar bo‘yicha yo‘l tutgan paytlaringni eslagin.

IBODAT: “Xudoyim, men Seni o‘zgarmas bo‘lganing uchun ulug‘layman. O‘z fikrlarimga emas, balki Senga tayanishim uchun yordam ber va ayniqsa __________________ borada murabbiylik qil”.


 

12 MAY. YOMON SHERIK

Kalomdan o‘qish: 2 Korinfliklar 6:14 – 7:1

Imonsizlar bilan sherik bo‘lmanglar ( 2 Korinfliklar 6:14).

 

Qudratli va ulug‘vor bahaybat keksa bug‘u kasal bo‘lib, doimo o‘tlaydigan maydonning chetiga yotib oldi. U dam olib, kuch to‘plashi uchun sersuv o‘tlari ko‘p bo‘lgan burchakni tanladi.

 Do‘stlari uning oldiga kelishib, ahvolini so‘rashardi. Har biri, faqat o‘zini o‘ylab, kasal bug‘u atrofidagi o‘tlarni toki quruq yerning o‘zi qolmagunicha yeyishardi.

 Tez orada bug‘u kasallikdan emas, balki do‘stlarining aybi bilan ochlikdan va kamquvvatlikdan sillasi qurib, o‘lib qoldi.

 Bu voqea – Ezop masali asosida yozilgan bo‘lib – yomon sherik senga qanday ziyon keltirishini ko‘rsatib beradi. Bu faqatgina bitta misol, Muqaddas Kitobda ham shunday yozilgan: “Imonsizlar bilan sherik bo‘lmanglar” (2 Korinfliklar 6:14).

 Bu esa Xudoni bilmaydigan odamlar bilan munosabat o‘rnatishing Xudoga yoqmaydi, deganidir. Albatta, sen baribir Xudoning amrlariga bo‘ysunib, barchaga yaxshi va hurmat bilan munosabatda bo‘lishing lozim. Sen imonda bo‘lmaganlarga guvohlik qilishing va ularning qutqarilishi uchun Masihga ishonishlariga yordam berishga urinishing kerak.

 Biroq agar sen Xudoga itoat etsang va Unga yaqin bo‘lsang, imonda bo‘lmaganlar bilan sening o‘rtangdagi umumiylik tobora kamayib borishini ko‘rasan. Oxir-oqibat, Muqaddas Kitob bizga shunday deydi: “Solihlik bilan qabihlikning orasida qanday aloqa bor?! Nur bilan zulmat orasida qanday umumiylik bo‘lishi mumkin?! Masih bilan shayton orasida qanday ittifoq bo‘lishi mumkin?! Imonli bilan imonsizning orasida qanday sheriklik bo‘lishi mumkin?!” (2 Korinfliklar 6:14-15).

 Ayrim odamlar ushbu oyatlarni birinchi navbatda nikoh munosabatlariga taalluqli, deya hisoblashadi. Biroq bu do‘stlikka, tijorat borasidagi hamkorlikka va shu kabilarga taalluqlidir.

 Sen hozirning o‘zidayoq birgalikda vaqt o‘tkazadigan do‘stlaringni diqqat bilan tanlashing muhim. Birgalikda vaqt o‘tkazadigan do‘stlaring – senga imonda ulg‘ayishingga yordam beradigan – masihiylar bo‘lsin. Kalomdagi ushbu so‘zlarni eslagin: “Lekin adashmanglar, axir, “yomon ulfatlar yaxshi axloqni buzadi”, deyishadi-ku!” (1 Korinfliklar 15:33). Ushbu oyat, yomon sherik – xuddi kasal bug‘uning o‘rtoqlari kabi – foydadan ko‘ra, ko‘proq ziyon keltirishini senga eslatib turadi.

 MULOHAZA QILGIN: Yaqin do‘stlaring masihiylarmi yoki imonda bo‘lmaganlarmi? Ular senga ijobiy ta’sir ko‘rsatishayaptimi yoki salbiy? Balki, o‘zingga imonda ulg‘ayishing uchun yordam beradigan masihiy do‘stlar topishing kerakdir?

 HARAKAT QIL: Bugun nur bilan zulmat orasida hech qanday umumiylik yo‘qligi haqida senga eslatadigan sham yoqqin.

IBODAT: “Rabbim, menga quyidagi __________________ e’tiqodsizlar bilan do‘stlikdan saqlanish yo‘lini ko‘rsat va ushbu __________________ masihiylar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishim uchun yordam ber”.

 

 

13 MAY. XAVFSIZLIK TIZIMI

Kalomdan o‘qish: 2 Korinfliklar 7:2-4

Biz hech kimga ozor bermadik, hech kimga ziyon yetkazmadik, hech qachon o‘zimizning manfaatimizni ko‘zlab, boshqalardan foydalanmadik (2 Korinfliklar 7:2).

 

 BIZ XAVFSIZLIK TIZIMI BILAN O‘RALGANMIZ.

 Ehtimol, sizning mashinangizda eshik ochiq qolganligi, benzin tugayotganligi, kalit o‘t oldirish tizimida unutib qoldirilgani haqida xabar beruvchi bir necha tizim bordir. Hattoki mashinani haydovchi tezlikni oshirganida qarshi signal chaladigan tarzda tizimlashtirish mumkin.

 Mabodo havoda tutun hidi tarqalsa, shovqin chiqaradigan yong‘inga qarshi detektorlar bor. Elektr simlarida qandaydir buzuqlik ro‘y bersa tokni o‘chiradigan maxsus saqlagichlar bor. Ayrim xonadonlarda agar o‘g‘ri eshikni yoki derazani buzib kirsa ishlab ketadigan signalizatsiyalar mavjud.

 Mashina va avtobuslar qorong‘ida uzoqdan ham ko‘rinishlari uchun yorug‘lik taratib turadi. Temir yo‘llardagi o‘tish joylarida harakatlanishni nazorat qilish uchun svetoforlar, chiroqlar va shlagbaumlar o‘rnatilgan.

 Atrofingda – xavfsizlik tizimining ko‘plab tarmoqlari mavjud. Sening ichingda ham shunday tizim bor.

 Ha, sening ichingda! Bu sening “shaxsiy xavfsizlik tiziming”. Albatta, sen agar uyda daftaringni unutib qoldirmasang ovozli signalni eshitmaysan, agar maktab oshxonasida begona joyga o‘tirmasang ko‘zlaring oldida chiroq yonmaydi. Biroq shunday tizim senda bor. U hammada ham mavjud.

 Sening xavfsizlik tiziming vijdon deb ataladi. Sen noo‘rin yo‘l tutganing haqida o‘ylaganingda u qalbingda eshitib bo‘lmaydigan ovoz chiqaradi. Sen unga xuddi boshqa xavf signaliga e’tibor bermaganingdek e’tibor qaratmasliging mumkin. Ammo sen uning ogohlantirishlariga muntazam e’tibor bermasang, vijdoning xuddi o‘chirilgan signalizatsiyaga o‘xshab qoladi. Va bu qayg‘uli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

 Eng yaxshisi, vijdon toza bo‘lganida, u kerakli darajada ishlaydi. Kalom vijdonni toza saqlashimiz lozimligi haqida bizni ogohlantiradi: “Imoningni mahkam tut, vijdonli bo‘l. Ba’zi odamlar vijdonni sotdilar, ularning imoni halokatga uchragan kemaday barbod bo‘ldi” (1 Timo‘tiy 1:19). Toza vijdon nafaqat xotirjam uxlashingga, balki hayotdan ko‘proq zavq olishingga yordam beradi, negaki u qalb quvonchining manbaidir.

 MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan parchada Pavlus korinflik masihiylarga o‘zining vijdoni ularning oldida toza ekanligi haqida aytadi. Va bunda yaxshi narsa nima edi?

 Sening vijdoning tozami? Agar shunday bo‘lmasa, qalbingdagi gunoh uchun tavba qil, Xudodan kechirim so‘rab Uning kechirimini qabul qil. Sen bu bilan o‘zing keltirgan zararni qoplagan bo‘lasan.

 HARAKAT QIL: Keyingi bora suv ichganingda uning shaffofligiga e’tibor ber va Xudodan vijdoningni ana shunday shaffof saqlashini so‘ragin.

IBODAT: “Xudoyim, agar men __________________ haqdagi ogohlantirishiga e’tibor bermasam, vijdonim kerakli tarzda ishlamasligini bilaman. Masihdagi imonimda mahkam turishimda yordam ber va vijdonimni poklagin”.

 

       

14 MAY. HAYOTDA DILSIYOHLIKLAR BO‘LIB TURADI

Kalomdan o‘qish: 2 Korinfliklar 7:9-11

Xudo bu xafagarchilikni yaxshilik uchun ishlatdi, shuning uchun bizdan hech qanday ziyon ko‘rmadingiz... Axir, Xudo yaxshilikka ishlatadigan xafagarchilik tavbaga olib keladi, tavba esa najotga yetaklaydi va hech qanday armonu afsusga sabab bo‘lmaydi. (2 Korinfliklar 7:9-10).

 

YAQINDA KATTA SHAHARLARDAN BIRIDA militsiya, giyohfurushlar makoni deya hisoblangan bir uyga bostirib kirdi. Biroq o‘shanda militsionerlar hech qanday shubhali narsa topolmay, bu boshqa uy ekanligini tushunib qolishdi. Giyohfurushlar makoni qo‘shni uy edi. Ular toki masalaga oydinlik kiritgunlaricha, giyohfurushlar qochib ketishga ulgurishdi, militsionerlarga esa ko‘pgina tushuntirish xatlari yozishlariga to‘g‘ri keldi.

Mahalliy o‘t o‘chiruvchilar kunlardan birida mashg‘ulot o‘tkazmoqchi bo‘lishdi. Ular yong‘in o‘chirishni tajribadan o‘tkazish uchun buzilishi mo‘ljallangan uyni topib, o‘t qo‘yishdi. Afsuski, buzilishi mo‘ljallangan uy boshqa manzilda ekan! Yonib ketgan uyning egasi ishdan qaytgach, uyining o‘rnida kultepani ko‘rib, nimalar deganini tasavvur qilgin-a!

Odatda bizning xatolarimiz unchalik jiddiy tus olmaydi – uylar har doim ham yoqib yuborilmaydi! Ammo biz barchamiz xato qilamiz. Biz bundan qochishimiz mumkin –  axir biz odamlarmiz. Xato qilishimiz muhim emas, negaki har bir kishi adashadi; muhimi biz xato qilib o‘zimizni qanday tutishimizdadir.

Ba’zan bizning xatolarimiz gunohkorona bo‘ladi. Boshqa paytlarda esa shunchaki adashamiz. Biroq masala noto‘g‘ri tanlovga yoki shunchaki adashishga borib taqalganida, bizning javobimiz deyarli bir xil bo‘lishi kerak.

 Mabodo xato qilganingda tashlaydigan birinchi qadaming bu o‘z xatoingni tan olishdir. Bu yaqqol ayondek tuyuladi, ammo odamlar odatda buni qiyin uddalashlari hayron qoldiradi. Ikkinchi qadam esa sening xatoing ziyon keltirgan odamdan kechirim so‘rashdir. (Agar xatoing gunohkorona bo‘lsa, Xudo oldida ham kechirim so‘rash kerak.) Uchinchi qadam esa xatoni to‘g‘rilashdan iboratdir. Har doim ham hammasini joyiga yana qaytarishning iloji yo‘q (misol uchun, yongan uyni qaytarib bo‘lmaganidek), biroq xatoning oqibatlarini bartaraf qilishga urinib ko‘rish mumkin. Mabodo xatoing gunohkorona bo‘lsa, sen Xudoning kechirimini qabul qilishing va (Uning yordami bilan) keyingi safar yaxshi qaror qabul qilishing lozim. Eh ha, yana bir gap, agar yuqoridagi kabi maxsus tadbir uyushtirmoqchi bo‘lsang, doimo uy manzilini qayta va qayta tekshirib ko‘r!

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, gunohkorona xato va oddiy xato o‘rtasida qanday farq bor? Sen keyingi paytlarda tan olishing, kechirim so‘rashing va to‘g‘rilash lozim bo‘lgan xatolar qildingmi? Sen buni qanday amalga oshirmoqchisan? Nima deb o‘ylaysan, umuman xato qilmaslik mumkinmi? (Xudoning yordami bilan) Kamroq xato qilish mumkinmi? Nima deb o‘ylaysan, (Xudoning yordami bilan) xatolaringni oson tan olishing va ularni to‘g‘rilashing uchun nimalar qila olasan?

IBODAT: “Rabbim, men __________________ qilmasligim kerakligini tan olaman. O‘z gunohlarim uchun Sendan kechirim so‘rayman. Xatolarimni qanday to‘g‘rilashimni menga ko‘rsat va kelajakda boshqa bunday qilmasligim uchun yordam ber”.

 

    

15 MAY. BU G‘ALATI, AMMO SHUNDAY BO‘LGAN

Kalomdan o‘qish: Qonunlar 11:1

Egangiz Xudoni sevinglar. Har doim Uning amrlariga, qonun qoidalariga va farmonlariga rioya qilinglar, talablarini bajaringlar (Qonunlar 11:1).

 

MABODO Missuri shtatidagi Kaoka shahrida Yangi yilni kutib olishingga to‘g‘ri kelsa ehtiyot bo‘l va ko‘chada bengal olovlarini yoqma. Qarangki, Kaokada ko‘cha bo‘ylab mash’ala ko‘tarib yurish qonunga zid hisoblanadi. Sen shishali chiroq (fonus) ko‘tarib yurishing mumkin, ammo sham ko‘tarib yurishing mumkin emas (faqat yopiq shamdon ichida olib yursang bo‘ladi).

Agar sen Shimoliy Karolinada yashasang, paxta maydoningda filni omochga qo‘shish ta’qiqlanadi. Aks holda senga jarima solishadi: Shimoliy Karolina qonunlari paxta maydonlariga fildan foydalanib, omoch tortishni ta’qiqlaydi.

Viskonsida esa haligacha poyezd yo‘lovchilari yonlarida bolta va arra olib yurishlari shart bo‘lgan qonun hukm suradi.

Ahmoqona qonunlar, to‘g‘rimi? Ammo aslida unday emas. Agar ularning o‘z vaqtida nima sababdan qabul qilinganini qarab chiqsak, bizga endi unchalik ham g‘alati tuyulmaydi.

Misol uchun, Missuridagi Kaokada, kimdir ko‘chada mash’ala bilan ehtiyotroq bo‘lganida, ehtimol, yong‘in yuz bermasdi (hoynahoy, o‘shanda uylar pech yordamida isitilgan va kimdir qo‘shnisidan olov olib kelish uchun o‘tgan bo‘lsa kerak). Ehtimol, Shimoliy Karolinada fermerlardan kimdir fildan foydalanib, qo‘shnilariga noqulaylik tug‘dirgandir (balki, fildan qo‘llansa hid kelgandir yoki bo‘shalib ketib, kimgadir shikast yetkazgandir yoki nimanidir sindirgan. Axir, fillarning to‘xtatgich moslamasi yo‘q-ku!). Viskonsida poyezdning fojeali yong‘inidan so‘ng (avvallari poyezlarda yong‘in tez-tez bo‘lib turgan) barcha yo‘lovchilar yonlarida bolta va arra olib yurishlari shart bo‘lgan qonun qabul qilingan (bu yo‘lovchilar yong‘in boshlanganida vagondan chiqib keta olishlari uchun kerak bo‘lgan ).

Endi qandaydir ma’no oydinlashdi, to‘g‘rimi? Qonunlar nima uchun yaratilganini tushunganingda ular ma’no kasb etadi. Xudoning amrlariga ham xuddi shunday yondashish lozim. Biz Xudoning amrlarini har doim ham tushunavermaymiz, ammo ular havodan olinmaganini bilamiz. Xudo bizni himoya qilishi uchun, biz haqimizda g‘amxo‘rlik qilishi uchun va Unga tobora ko‘proq o‘xshab borishimizga yordam berishi uchun O‘z amrlarini bergan.

Biz hattoki Xudoning barcha amrlarini tushunmasak ham, ular Unga ishonishimiz imkonini beradi va hattoki barchasini tushunmaganimizda ham Unga bo‘ysunib Uni qanchalik yaxshi ko‘rishimizni ko‘rsatadi.

MULOHAZA QILGIN: O‘z shahring, davlating, maktabing va oilang qonunlarini eslab ko‘r. “Tezlikni oshirmagin”, “Bino yo‘lagida yugurmagin” va “Savzavotlarni oxirigacha yeb qo‘ygin”, kabi qonunlar nima uchun mavjudligini tushunasanmi?

Xudoning amrlari sen qay tariqa himoya qiladi? Ularga amal qilmaganingda ham amrlar seni himoya qiladimi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”?

IBODAT: “Rabbim, menga dono amrlar berganing uchun Senga rahmat. Senga itoat qilishim va to‘g‘ri qaror qilishim uchun yordam ber, ayniqsa __________________”.

Sen ibodat uchun Zabur 118:35 dan foydalanishing mumkin: “Amrlaring so‘qmog‘idan meni yetaklagin, Men undan lazzat topaman”.


 

16 MAY. HAQIQATMI YOKI YOLG‘ON

Kalomdan o‘qish: Zabur 118:30-32

Men sadoqat yo‘lini tanlaganman, qoidalaringni yuragimga jo qilganman (Zabur 118:30).

 

NAZORAT ISHI. SEN YAXSHI KO‘RASAN nazorat ishini, to‘g‘rimi?

– Ha shunday, – deysan sen, – men tag‘in tug‘ilgan kunimda ...og‘riqsizlantiruvchi dorilarsiz zang bosgan jo‘lak bilan ... tishimni sug‘urib olishlarini yaxshi ko‘raman.

Mayli, mayli! Biroq agar sen nazorat ishining yaxshisini tanlay olganingda, nimani ma’qul ko‘rgan bo‘larding? Inshonimi?

– Bu qisqichbaqa tog‘da hushtak chalganida bo‘ladi, – deysan sen.

Qoldirilgan dars soatlari ustidan ishlashga nima deysan?

– YO‘Q! Bu inshodan ko‘ra yaxshi, ammo...

Bir qancha imkoniyatlardan birini tanlashgachi?

– Bu hali hech gap emas, – deysan sen, – ammo lekin...

Haqiqatmi yoki yolg‘on?

– Bu aynan keraklisi! – deysan sen. – Axir hamma ham shunday nazorat ishini ma’qul ko‘rmaydimi?

Balki hamma ham emasdir. Biroq ko‘pchilik shunday yo‘l tutishi aniq. Nima uchun? Negaki bor yo‘g‘i ikkita savoldan bittasiga javob berish kerak. To‘g‘ri... yoki yolg‘on.

– Albatta, – deysan sen, – xuddi men buni bilmagandek!

Ha, bu juda oddiy, to‘g‘rimi? Nimadir to‘g‘ri, nimadir esa yolg‘on. Bu juda oddiy, shunday emasmi? “Barcha cho‘llarda qum bor” yoki yo‘q (hammasida emas). Jon Uilks But Avraam Linkolnni otgan yoki otmagan. Ilonlar issiq qonli yoki yo‘q.

Biz ezgulik va yovuzlikdan birini tanlaganimizda ham xuddi shunday bo‘ladi. Hamma ham buni tan olavermaydi, biroq axloqiy va ruhiy jabhada haqiqat xuddi fizika, geografiya va matematikada bo‘lgani kabi mavjuddir. Odamlardan nafratlanish yomon (haqiqat). O‘zga odamlarni hurmat qilish yaxshi (haqiqat). Halol bo‘lish yomon (yolg‘on). Saxiy bo‘lish yaxshi (haqiqat).

Albatta, ayrim odamlar haqiqat mavjud emasligini uqtirishadi. Lekin bu holda, “haqiqatmi yoki yolg‘on?” savoliga har qanday javob to‘g‘ri bo‘ladi. Bu holda yaxshi baho olishing qiyin bo‘lmaydi. Biroq sen bundan aqlli ham bo‘lib qolmaysan, to‘g‘rimi?

MULOHAZA QILGIN: Agar haqiqat va yolg‘on o‘rtasida farq bo‘lmaganida hayot qanday kechgan bo‘lardi? Bu holda sen do‘stingning maslahatiga amal qilgan bo‘larmiding? Aslida pitssaning narxi qancha va mashinaga model suratini qanday yopishtirish mumkin? Maktab darsliklari nimaga o‘xshagan bo‘lardi? Matematikadan vazifani qanday yechgan bo‘larding yoki dars qaysi sinfxonada o‘tishini qay tariqa toparding?

Zabur muallifi 118 bobda “haqiqat yo‘li”ni tanlagani haqida aytadi. Nima deb o‘ylaysan, u nimani nazarda tutgan? Bu oyatda u yana nimalar deydi? Sen Xudoning qonunlarini (Uning yordamida) bajarishga qaror qildingmi?

HARAKAT QIL: Keyingi safar senga haqiqat yoki yolg‘ondan birini belgilash haqidagi nazorat ishi topshirilganida, axloqiy va ruhiy jabhada ham xuddi fizika, geografiya va matematikada bo‘lgani singari haqiqat mavjudligini yodingda tut.

IBODAT: “Men haqiqat yo‘lini tanlayman; Men Sening qonunlaringni bajaraman”.

 

 

17 MAY. XASIS BO‘LMA

Kalomdan o‘qish: Voiz 5:9-13

Pulga ruju qo‘ygan hech qachon pulga, boylikni yaxshi ko‘rgan esa boylikka to‘ymaydi (Voiz 5:9).

 

SEN QUYIDAGILAR TO‘G‘RISIDA QANDAY FIKRDASAN?

·   ikki oylik ijara haqini to‘lamagani uchun ikki xonalik uydan o‘z onasini haydab chiqargan ko‘plab uylari bor bo‘lgan millioner haqida;

·   o‘zining tug‘ilgan kunida bog‘chaga yigirmata pirojniy olib borib, ularning hammasini o‘zi yeb qo‘ygan bola haqida;

·   okrugda qo‘shnilaridan mol o‘g‘irlaydigan yirik qoramol podasining egasi haqida;

·   uch yil jamoat xorida asosiy kuylovchi bo‘lib, endi boshqa birovni asosiy kuylovchi qilib olishgani uchun jazavaga tushgan qizcha haqida;

·   kompyuterda uch yarim soatdan buyon o‘ynab, boshqa birovga ruxsat bermayotgan bola haqida.

 

Sen bu odamlarni qanday atagan bo‘larding: uddaburonmi? yoqimtoymi? zo‘rmi? mehribonmi?

Balki ularni xasis deb atash o‘rinlidir?

Albatta, oxirgisini tanlagan bo‘larding! Yuqorida qayd etilgan odamlar unchalik yoqimli emas. Nima uchun? Negaki, ular xasisdirlar.

Xasislik yoqimsiz va g‘ashga tegadigan bo‘lishi mumkin. Xasis bo‘lish yomon. Harholda, yuqorida qayd etilgan holatlar aynan noto‘g‘ri bo‘lgani uchun odamlarga yoqmaydi. To‘g‘ri yo‘l tutish qanday bo‘ladi? Saxiy bo‘lib! “Olmoqdan ko‘ra, bermoq ko‘proq marhamat keltiradi” (Havoriylar 20:35).

Xasislik – yomon, saxiylik esa – yaxshidir. Aksariyat odamlar buni tabiiy ravishda his qilishadi. Mana nima uchun Dikkensning “Mavlud ertaklari” boshlanishidagi Skrudj shunday yoqimsiz. Mana nima uchun “Uoll-strit” filmida Duglas shunday salbiy. Mana nima uchun “Mavludni o‘g‘irlagan Grinch” filmidagi Grinch shunchalik qabih. Negaki, xasislik nafaqat yoqimsiz, balki gunohkorona hamdir.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, xasislik yaxshi holatga aylanishi mumkinmi yoki u hamisha yomon bo‘ladimi? Saxiy bo‘lish doimo yaxshimi? Nima deb o‘ylaysan, yanada saxiyroq bo‘lishga harakat qilishing kerakmi?

HARAKAT QIL: Oila davrasida tomosha qilish uchun (ota-onang ruxsati bilan) ushbu filmlardan birini vaqtinchalikka olgin: “Mavluddagi voqealar” (Jorj Skott ijrosida), “Taqdir burilishlari” (Stiv Martin ijrosida), “Qizg‘anchiq” (Maykl Foks ijrosida) yoki “Aka-uka Karamazovlar” filmlarida xasislik oqibatlari (noto‘g‘ri qaror) va saxiylik fazilatlari qanday talqin qilinganligi haqida o‘ylab ko‘r.

IBODAT: “Xudoyim, Sen nihoyatda saxiysan, Sen O‘z sevgingni va butun olamning qutqarilishini menga ham taqdim etmoqdasan! Saxiy bo‘lishim uchun menga yordam ber”.

 

 

18 MAY. ULASHGIN!

Kalomdan o‘qish: 1 Timo‘tiy 6:17-19

Ularga buyur, yaxshilik qilsinlar, xayrli ishlarga boy, saxiy, ochiq qo‘l bo‘lsinlar (1 Timo‘tiy 6:18).

 

Bir kuni kech oqshom oila boshlig‘i, xotini va uchta bolalari endi uxlash uchun yotganlarida, telefon jiringladi. Erkak ko‘rpa ostidan qo‘lini chiqarib, go‘shakni ko‘tardi va norozi ohangda dedi: “Allo!”

Qo‘ng‘iroq qilayotgan odam dunyoning boshqa vaqt chizig‘ida yashayotgan eski do‘st edi.

– Bunday kech paytda qo‘ng‘iroq qilayotganim uchun uzr, og‘ayni, lekin men sen uchun nimadir qilmoqchi edim.

– Men uchun qilmoqchi eding? – erkak tirsagiga tayanib o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da karavotning bosh tomoniga suyanib o‘tirdi. Uning xotini chiroqni yoqdi.

– Ha! – deb tushuntirdi qo‘ng‘iroq qilayotgan kishi. – Men hali kollejda o‘qiganimdayoq hayotimning har bir kunida kimgadir biror yaxshilik qilishni o‘zimga va o‘ylashimcha, Xudoga ham va’da bergandim.

Uxlamoqchi bo‘lib turgan erkak butunlay hushyor tortdi:

– Nima, nima?

– Bu qandaydir jiddiy narsa bo‘lishi shart emas, – dedi qo‘ng‘iroq qilayotgan kishi. – Ba’zan men pulini yo‘qotgan bolaga tanga beraman, yoki kimgadir o‘zim yoqtirgan  kitobni sovg‘a qilaman, fikrimcha bu kitob unga ham yoqib qoladi. Ammo o‘ylashimcha, keyingi o‘n besh yil ichida men biror kunni ham behuda o‘tkazmadim.

– Sen keyingi o‘n besh yil davomida kimgadir biror yaxshilik ko‘rsatib keldingmi?

– Ha! Ammo bugun hech kimga biror yoqimli ish qilolmadim, xullas, senga qo‘ng‘iroq qilishga jazm etdim.

– Biroq sen telefon orqali men uchun nima ham qilishing mumkin?

– Bilasanmi, qariya, bu kamgina bo‘lsada, harqalay nimadir bo‘ladi.

Qo‘ng‘iroq qilayotgan kishi qisqacha she’r o‘qib berdi, so‘ngra esa olisdagi do‘stiga uning o‘ziga yaxshi ta’sir ko‘rsatgani uchun minnatdorchilik bildirdi. U so‘zini tugatganida, do‘stlar bir muddat jim qolishdi.

– Rahmat, – dedi nihoyat do‘sti. Uning ovozi hayajondan titrardi. – Bu men uzoq vaqtlardan buyon olgan eng yaxshi sovg‘a bo‘ldi.

Tasavvur qilgin-a: bu odam o‘n besh yil mobaynida har kuni kim uchundir qandaydir yaxshilik qilgan! Qoyil qolish kerak, to‘g‘rimi? Va yanada hayron qoldiradigan jihati nima? Bu haqiqatdan ham yuz bergan.

Bunday odamlar haqida eshitganingda, ularning saxiyligidan hayratga tushmaysanmi? Albatta, qalbingning tub-tubida hayratga tushasan, zero saxiy bo‘lish yaxshi ekanligini bilasan. Seni saxiylik tabiiy ravishda odamlar sari yaqinlashtirib, xasislikdan nari qiladi.

Albatta, saxiy bo‘lish oson emas. Bizning gunohkorona tabiatimiz bizda bor bo‘lgan narsalarga yopishib olishga undaydi. Bu an’anani yengib o‘tish qiyin. Biroq bu qiyin bo‘lsada, ayniqsa muhtoj bo‘lganlarga nisbatan saxiy bo‘lish yaxshidir.

MULOHAZA QILGIN: Mabodo seni saxiylikda “ayblashsa”, buni isbotlab bera olasanmi? Buning dalillarini oshirish uchun nimalar qila olasan?

HARAKAT QIL: Bugunning o‘zidayoq kimgadir biror sovg‘a qil. Sen o‘z tabassumingni, bag‘ringga bosishni, yordam berishni va boshqa shu kabilarni tortiq qilishing mumkin.

IBODAT: “Rabbim, men __________________ muhtoj odamni bilaman. Men u bilan nimani baham ko‘rishim mumkinligini menga ayon qilgin”.

 

 

19 MAY. “HECH QACHON”

Kalomdan o‘qish: Qonunlar 15:10-15

Unga saxiylik bilan qarz bering, buning uchun achinmang ( Qonunlar 15:10).

 

SEN QACHONLARDIR, “Hech qachon”, deb nomlanadigan o‘yinni o‘ynaganmisan? Lagerlarda, yoshlar guruhlarida yoki do‘stlar bilan bu o‘yinni o‘ynash shunchaki maroqli. Mana unda qanday o‘ynaladi: kimdir shu so‘zlarni aytishidan o‘yin boshlanadi: “Men hech qachon”. Boshlovchi kim nima qilgani yoki nimalarni boshidan kechirgani haqida aytganida, o‘sha o‘rnidan turishi kerak. So‘ngra esa yana kimdir shu kabi gaplarni aytganida, boshqalar bu gaplar o‘ziga taalluqli ekanligini tasdiqlab, o‘rnilaridan turishlari yoki o‘tirishlari kerak. O‘yin toki bir kishi o‘rnida qolmagunicha davom etadi (yoki aksariyat hollarda bu barchaning joniga tegib ketmagunicha).

Nima uchun “men hech qachon” o‘yinida hoziroq yengilib qolmaslik kerak? Bulardan qaysi biri senga taalluqli ekanini qayd etib chiq:

□  “Men hech qachon 8 mart va 23 fevral kuni ota-onamga sovg‘a bermaganman”.

□  “Men hech qachon Mavlud bayrami sovg‘alari uchun pul sarf qilmaganman”.

□  “Men hech qachon boshqa bolalar bilan o‘yinchoqlarimni baham ko‘rmaganman”.

□  “Men boshqalar bilan baham ko‘rish uchun biror narsa sotib olmaganman”.

□  “Men hech qachon boshqa odamga yordam berish uchun bormaganman”.

□  “Men hech qachon o‘zim yoqtirgan kiyimimni do‘stimga sovg‘a qilmaganman”.

□  “Men hech qachon menga sovg‘a qilolmaydigan kishiga sovg‘a qilmaganman”.

□  “Men hech qachon birovni chin ko‘ngildan maqtamaganman”.

□  “Men hech qachon keksalarga yordam bermaganman”.

□  “Men hech qachon jamoatga xayriya qilmaganman”.

 

Sen qanchasini qayd etding? To‘rttami? Beshtanimi? To‘qqiztanimi? O‘ntanimi? Agar e’tibor bermagan bo‘lsang, qarab ko‘r: bundagi barcha javoblar saxiylik haqida edi. Mabodo sen barcha o‘nta punktlarni qayd etib chiqqan bo‘lsang, o‘z ustingda chindan ham chuqur ishlashing kerak. Agar sen faqat bitta yoki ikkita punktni belgilagan bo‘lsang, u holda tez orada sen uchun yaxshiliklar boshlanadi.

Ehtimol, bularning bari senga unchalik muhim tuyulmayotgandir. Vaholanki, ko‘plab odamlar hayotlarida o‘z kiyimlarini do‘stiga berishmaydi yoki Mavlud bayrami uchun xarajat qilishmaydi. Biroq bu saxiylik muhim ahamiyatga ega emas, deganini bildirmaydi. Bu muhim. Bu Xudoning amridir.

Xudo shunday degan: “Unga saxiylik bilan qarz bering, buning uchun achinmang... yurtingizdagi kambag‘al, muhtoj birodarlaringizga ochiq qo‘l bo‘ling” (Qonunlar 15:10-11). U bizga nafaqat atrofimizdagilar uchun yaxshi bo‘lishi, balki bu to‘g‘ri ekanligi uchun ham saxiy bo‘lishimizni amr etgan.

MULOHAZA QILGIN: Sen nimani osonroq berib yuborasan: pulnimi, vaqtnimi, buyumlarnimi, o‘yinchoqlarnimi, e’tiboringnimi yoki yaxshi so‘zlaringnimi? Sen bu jabhalardan qaysi birida ko‘proq saxiy bo‘lishing mumkin?

HARAKAT QIL: “Men hech qachon” o‘yinida o‘zing qayd etganlardan birini shu haftada bajarib ko‘rgin.

IBODAT: “Rabbim, men __________________ bilan saxiy bo‘lishim uchun menga Sening yordaming kerak”.


 

20 MAY. BOG‘ICHLARNING QIYMATI HAQIDA

Kalomdan o‘qish: Luqo 21:1-4

Shunda Iso dedi:

- Sizlarga chinini aytayin, bu kambag‘al beva hammadan ko‘proq ehson berdi. Chunki boylarning hammasi o‘zlarining ortiqcha pullaridan ehson qildilar. Ammo bu ayol kambag‘alligiga qaramasdan, o‘zining bor-yo‘g‘ini tashladi (Luqo 21:3-4).

 

Sen yolg‘iz o‘zing qorong‘i va kimsasiz ko‘chadan o‘tib borayapsan. Banogoh zulmat ichidan bir qora sharpa chiqib, senga qurol o‘qtaladi.

– Qo‘lingni ko‘tar! – deydi talonchi vahimali ovozda. Uning yuzi niqob bilan o‘ralgan.

Sen qo‘lingni ko‘tarib, o‘qtalgan qurolga qaraysan.

– Otmang! – deysan sen. – Men hamma pullarimni beraman, faqat otmang!

– Pul deyapsanmi? – deb so‘raydi talonchi. – Sen pul haqida nimadir dedingmi?

– Nima, sizga pul kerak emasmi? – sen hayron bo‘lib talonchining yuziga qaraysan.

– Yo‘q! – deb javob beradi u. – Menga sening bog‘ichlaring kerak!

Senga uning gapi chalkash eshitilgandek tuyuladi:

– Kechirasiz, nima kerak dedingiz?

– Bog‘ichlar! – talonchi sabrsizlik bilan qurolini silkitadi. – Menga sening bog‘ichlaring kerak. Ularni o‘yin qilmasdan sekin chiqar... bu yoqqa ber.

Sen bog‘ichlaringni yechib, talonchiga berasan. U esa sening qo‘lingdan bog‘ichlarni tortib olib, kulganicha sakrab qochishga tushadi.

– Men boyman, men boyman! – deb hayqiradi u. – Eshitayapsizlarmi? Men boyman!

“Shunaqasi ham bo‘lib turadi, – deb o‘ylaysan. – Shunday ham bo‘larkan. Albatta, qandaydir g‘alati. “Menga sening bog‘ichlaring kerak” – bu qanday ahmoqlik!” Nega bu ahmoqlik ekan? Negaki talonchida bog‘ichlarning qiymati haqida noo‘rin tushuncha bor.

Uning so‘zlaridan, qiymat tizimi unda qanday ekanligi bilinib turibdi. Ko‘pchilik talonchilar bog‘ichdan ko‘ra pulni ko‘proq qadrlashadi; ular shunday deyishadi: “Hamyon yoki jon!” yoxud “Pulni cho‘z!” Odam nimani gapirayotganiga, ayniqsa, nimani buyurayotganiga qarab, u nimani qadrlashini bilsa bo‘ladi.

Xuddi shunday yondashuv Xudoga ham taalluqli. Xudo bizga saxiy bo‘lishimizni amr etgan. “Shuning uchun sizlarga amrim shuki, yurtingizdagi kambag‘al, muhtoj birodarlaringizga ochiq qo‘l bo‘ling” (Qonunlar 15:11). Xudoning amrlari Uning saxiylikni qadrlashini ko‘rsatadi. Mana nima uchun Iso ma’badda ikki tanga xayriya qilgan beva ayolni maqtagan: ayol haqiqatdan ham saxiy edi. Saxiylik – Xudo nihoyatda qadrlaydigan sifatdir. U saxiylikni qadrlar ekan, biz ham uni qadrlashimiz (va amalda qo‘llashimiz) lozim.

MULOHAZA QILGIN: Sen saxiylikni qadrlaysanmi? So‘zlaringdan saxiylikni qadrlashingni bilsa bo‘ladimi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Sening harakatlaringdan saxiylikni qadrlashingni bilsa bo‘ladimi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”?

HARAKAT QIL: Saxiylikni qanday qadrlashingni ko‘rsatadigan har qanday imkoniyatdan bugun foydalanib qol.

IBODAT: “Rabbim, men bugun __________________ borada saxiylik ko‘rsatmoqchiman”.

 

 

21 MAY. TARVUZLAR, BAQLAJONLAR VA UZUM

Kalomdan o‘qish: Zabur 64:10-12

Mo‘l hosil bilan yilga toj kiygizasan, aravalaring yurgan yo‘llardan boylik oqadi (Zabur 64:12).

 

Agar Xudo senga bergan narsalarning ro‘yxatini tuzib chiqishingni so‘rasam, buni tuzish sendan qancha vaqtni talab qilgan bo‘lardi? Bir soatmi? Ikki soatmi? Bir kunmi? Bir haftami?

 Biz Xudoning bizga nisbatan saxiyligini osonlik bilan unutamiz. U bizga oilani, do‘stlarni, erkinlikni, quvonchni va oziq-ovqatlarni (yana boshqa ko‘p narsalarni) bergan. Alifboning har bir harfida Xudoning in’omlaridan misol keltirish mumkin.

anor

ko‘z

xurmo

behi

lochin

chumoli

vujud

muzqaymoq

shaftoli

gilos

nok

echki

dengiz

olma

yurak

elka

pista

yasmiq

yomg‘ir

rizq

o‘pka

jiyda

suv

qo‘l

zaytun

tarvuz

g‘uncha

ituzum

uzum

hazil

yo‘lbars

fil

 

 

Mabodo sen bir daqiqa ham o‘ylanib qolsang, demak, Xudo beqiyos darajada saxiy ekanligini tushunishing qiyin bo‘lmaydi. Uning saxiyligi hayratomuz. U bizga hamma narsani bergan. U bizni tarvuzlar, baqlajonlar va uzumlar bilan siylagan! U tong gullari va kechki shafaq bilan cheklanib qolishi mumkin edi, biroq U bizga baribir hammasini, muzqaymoqdan tortib olmagacha hammasini bergan; lug‘atni yana bir bora varaqlab chiqaqol!

 Bularning hammasini bizga Xudo bergan. Saxiylik Xudo tabiatining bir qismidir. Mana nima uchun saxiylik to‘g‘ri: bu Xudoning xususiyatidir.

 MULOHAZA QILGIN:Xudo hech qachon bizga in’omlar had etishdan charchamaydi. Sen bu haqda nima deb o‘ylaysan? Nima uchun Xudo bunchalik saxiy?

 Xudo saxiy bo‘lganligi uchun ham u yaxshidir. Sen ham qachonlardir Xudo kabi saxiy bo‘la olasanmi? Yoxud hozirgiga nisbatan saxiy bo‘lishing mumkinmi? Agar shunday bo‘lmasa, nima uchun? Agar shunday bo‘lsa, qanday qilib?

 HARAKAT QIL: Lug‘atning har bir harfi bo‘yicha Xudoning in’omlariga oid o‘z ro‘yxatingni tuzib chiq. Sen hattoki ikkita ro‘yxat tuzishing mumkin: bittasi Xudoning barchaga beradigan saxiy in’omlari haqida, ikkinchisi Xudoning shaxsan senga bergan saxovatli in’omlari, ya’ni, do‘stlaring, qarindoshlaring ismlari, yoqtirgan qo‘shiqlaring va shunga o‘xshashlar haqida.

IBODAT: Ro‘yxatda A dan H gacha Xudoning in’omlarini ulug‘lagan holda o‘qib chiq.

 

 

22 MAY. OLIYHIMMAT KISHILAR TUHFASI

Kalomdan o‘qish: Zabur 111:5-6

Yaxshi odam saxiy, qarz beradi (Zabur 111:5).

Saxiyning biri ikki bo‘ladi, boshqalarga yaxshilik qilganning o‘zi ham yaxshilik ko‘radi (Hikmatlar 11:25).

 

O’GENRI keyinchalik juda mashhur bo‘lib ketgan “Oliyhimmat kishilar tuhfasi” hikoyasini yozgan. Unda bir-birlarini nihoyatda sevadigan yosh er-xotin Della va Jim haqida hikoya qilinadi.

Mavlud bayrami arafasida Jim va Dellada bir-birlariga sovg‘a qilish uchun hech narsasi yo‘q edi va sovg‘a uchun pulni qayerdan olishni ham bilmasdilar. Ularda bir dollaru sakson yetti sent qolgandi, xolos. To‘g‘ri, tag‘in ayrim narsalari ham bor edi.

 Jimda bobosi va otasiga tegishli bo‘lgan qimmatbaho cho‘ntak soati saqlanardi. Dellaning esa dunyoning eng boy ayollari ham havas qilgudek ajoyib uzun qizg‘ish sochlari bor edi. Shu bois Jim va Della bir-birlariga sovg‘a sotib olish uchun bir-birlaridan yashirincha o‘zlaridagi eng qimmatbaho narsani sotishga qaror qildilar.

Della sochlarini qirqib, ularni parik tayyorlaydigan ustaxonaga sotdi. Jim ishdan qaytib kelganida Dellaning kalta sochlarini ko‘rib hayajonda qoldi. Faqat rafiqasining ko‘rkam sochlari bo‘lmagani uchungina emas, balki u xotiniga taroqlarning ajoyib to‘plamini sotib olib kelgani uchun ham yuragi larzaga tushgandi.

Della sovg‘ani ochib, jiqqa yosh ko‘zlari bilan Jimga qarab jilmaydi:

– Jim, mening sochlarim yana tezda o‘sib chiqadi! – dedi ayol.

So‘ngra u faxr bilan eriga sotib olgan sovg‘asini ochdi va Jimning qo‘liga bebaho boyligi bo‘lmish soatiga atalgan qimmatbaho platinali zanjirni uzatdi.

Jim jilmaydi:

– Kel, sovg‘alarimizni yashirib, saqlab qo‘yamiz, – dedi u. – Ular hozir biz uchun haddan ziyod hashamatli.

So‘ngra u tushuntirib o‘tdi:

– Men senga taroqlar to‘plamini sotib olish uchun soatimni sotgandim.

Jim va Della bir-birlari uchun jonlarini berishga ham tayyor edilar, ular chinakamiga saxiy edi. Vaholanki, ularning sovg‘alari aslida katta qiymatga ega emas. Biroq, saxiylik – soat zanjirlari yoki taroqlar to‘plamidan anchayin qimmat turadi: bu esa ular bir-birlarini qanday kuchli sevishlaridan dalolat beradi.

Aksariyat odamlar agar saxiy odamlar boshqalarga kamroq berganlarida, ancha boyroq bo‘lishardi, deb o‘ylashadi. Biroq bunday emas. Saxiylar ko‘p berishadi, ammo buning o‘rniga, aksariyat tarzda, berganlaridan ko‘ra qimmatliroq narsalar olishadi.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, O’Genri hikoyasining qahramonlari Jim va Dellaning saxiyligi ularni badavlatroq qildimi yoki yanada kambag‘alga aylantirdimi?

Sen qachonlardir o‘z saxiyligingdan afsuslanganmisan? Yoki bundan xursand bo‘lganmisan? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”?

HARAKAT QIL: Bugun har safar soch tarayotganingda yoki soatingga qarab qo‘yganingda, saxiy bo‘lish qanday marhamat ekanligini eslagin.

IBODAT: “Rabbim, men saxiy bo‘lganimda Sen menga baxt in’om etayotganing uchun minnatdorman”.


 

23 MAY. SAXIYLIK MEVALARI

Kalomdan o‘qish: Rut 2:1-3, 8-18

Yaxshiliklaring uchun Egamdan qaytsin. Sen panoh istab kelgan Isroil xalqining Xudosi Egamdan senga to‘liq mukofot bo‘lsin (Rut 2:12).

 

 QACHONLARDIR UZOQ BIR MAMLAKATDA dahshatli ochlik yuz beribdi. Odamlar ochlikdan o‘lib ketaverishibdi.

Naima ismli ayol va uning eri Elimalek ikkala o‘g‘illari bilan birgalikda, ozuqa topish osonroq bo‘lgan qo‘shni mamlakatga ko‘chib ketishga qaror qilishibdi. Mo‘ab deb nomlanadigan o‘sha yurtda o‘g‘illari mahalliy qizlar bilan tanishib, ularga uylanishibdi. Bu qizlarning ismi Rut va O‘rpa ekan. Mo‘abda Naimanning eri vafot etibdi. Oradan o‘n yil o‘tgach uning ikkala o‘g‘li ham olamdan o‘tishibdi va Naima begona yurtda erisiz va o‘g‘illarisiz qolib ketibdi. Ayol o‘z vatani Yahudoga qaytishga qaror qilibdi.

U o‘z rejasidan Rut va O‘rpani xabardor etib, shunday debdi: “Boringlar, ikkovingiz ham onalaringizning uylariga qaytinglar. Menga va marhumlarga bo‘lgan izzat hurmatingiz uchun Egam sizlarga ham marhamat qilsin (Rut 1:8). Ular uchalasi birgalikda marhumlarni eslab yig‘lashibdi va Naima kelinlari bilan xayrlashibdi. O‘rpa ota-onasining uyiga qaytishga qaror qilibdi, ammo Rut buni xohlamabdi. U Naima bilan birgalikda qaynonasining vataniga borishga qaror qilibdi.

Rut va Naima kambag‘al edilar hamda Yahudoga yetib kelganlarida hech vaqolari qolmagandi. Biroq, hosil yig‘ish mavsumi yetib kelgandi, Xudo esa ushbu mavsumda O‘z xalqiga, ehtiyojmandlar o‘roqchilar ortidan yurib, to‘kilgan boshoqlarni terib olishlariga ruxsat berishlarini amr etgandi. (Qarang: Levilar 19:9-10; 23:22). Rut Bo‘az ismli odamning dalasiga chiqib, o‘zi va Naima uchun qolib ketgan donlarni tera boshlabdi.

Bo‘az Rutga e’tibor bera boshlabdi. Odamlardan u haqda so‘rab surishtirib bilgach, Rutga o‘z qudug‘idan suv olishiga ruxsat beribdi. So‘ngra esa Bo‘az uni o‘zi va ishchilari bilan birgalikda tushlik qilishga taklif qilibdi. U xizmatkorlariga shunday debdi: “Unga ko‘proq don qoldiringlar. Uni och qo‘ymanglar”.

Rut va Naima Bo‘azning saxiyligidan qattiq ta’sirlanishibdi. Oxir-oqibat Rut va Bo‘az turmush qurishibdi. Ular baxtli hayot kechiribdilar.

Kichik bir saxiylik ham jiddiy natijalarga olib kelishi mumkin. Biz saxiy bo‘lganimizda, Xudo bizni o‘zimiz tasavvur ham etolmaydigan darajada marhamatlaydi. Bo‘azning Rutga ko‘rsatgan saxiyligi unga ayolning muhabbati va hurmatini taqdim etdi va baxtli turmushiga sabab bo‘ldi. Biroq voqea shu bilan yakunlanmaydi. Rut va Bo‘azdan tug‘ilgan o‘g‘il Isroilning ikkinchi shohi Dovudning bobosi bo‘ladi. Dovudning esa yana bir mashhur avlodi – Iso, olamning Xaloskori – bo‘lgan.

Kichik bir saxiylik nimalar qila olishi hayratga soladi, to‘g‘rimi?

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, Bo‘az xasis bo‘lganida baxtli bo‘la olarmidi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Xudo Bo‘azni saxiyligi uchun qanday taqdirladi? Sen o‘z saxiyliging uchun marhamatlanganmisan?

HARAKAT QIL: Nima uchun o‘zingga kerak bo‘lmagan narsalarni hadya qilib, saxiylik ko‘rsatishni boshlamayapsan? (Biroq avval bu haqda ota-onangdan ruxsat so‘ragin).

IBODAT: “Rabbim, menga Bo‘azni ibrat qilib ko‘rsatganing uchun rahmat. Bo‘azni marhamatlaganing va menga ham marhamat baxsh etayotganing uchun Senga rahmat”.


 

24 MAY. SESILNING SIRI

Kalomdan o‘qish: Luqo 12:13-15

Ehtiyot bo‘linglar, o‘zingizni har qanday ochko‘zlikdan saqlanglar. Zero, insonning umri mol mulkining ko‘pligiga bog‘liq emas ( Luqo 12:15).

 

TO‘QSON UCH YOSHLI Sesil Grin zinapoyalar osha ommaga ko‘rinish uchun sahnaga ko‘tarildi. U ayrim odamlar umr bo‘yi ko‘rganlaridan ziyod pul berdi. Sisil turli tashkilotlarga million dollarlab berdi, endi esa uning qilgan barcha yaxshiliklari uchun taqdirlamoqchi bo‘lib turishibdi.

U sahnaga chiqqach, o‘zini ikki yoqdan ushlab turgan odamlarning qo‘ltig‘idan chiqdi. Qariya sahna bo‘ylab dadil harakat qildi va har bir bosgan qadamida quvonch aks etardi. Nihoyat, u to‘xtab ommaga qaradi va raqsga tusha boshladi.

– Men juda baxtiyorman, – dedi u irland raqsiga o‘xshab ketadigan qisqacha raqsini tamomlab, – men bu mukofotni nihoyatda qadrlayman. Biroq nima uchun kimdir biror yoqimli ish qilgani uchun uni taqdirlash kerak ekanligiga tushunmayman! Pullarni berib yuborish juda yaxshi, men boshqalar ham buni sinab ko‘rishlarini istayman. Men o‘limimdan oldin o‘zimdagi bor narsalarni berib yuborishni istayman.

Sesil Grin, o‘z hayotining katta qismini, pul ishlab topishga sarfladi. Unga pul ishlab topish yoqardi, lekin u pullarni tarqatib bera boshlaganida, chinakam quvonchni his etdi! U qanchalik ko‘p bersa, shunchalik darajada o‘zini yaxshi his qilardi. U saxiy bo‘lish va odamlarni hayratda qoldirish bag‘oyat yoqimli ekanligini angladi. U odamlarning hayotini o‘zgartirish nihoyatda quvonchli ekanini tushundi. U pul ishlab topgandan ko‘ra ularni tarqatib yuborish yaxshiroq ekanligini anglab yetdi!

Mana nima uchun Xudo bizning saxiy bo‘lishimizni istaydi. U biz o‘zimizda Sesilning sirini ochishimizni xohlaydi. U odamlarni o‘z saxiyligimiz bilan hayratda qoldirishimiz bizga quvonch bag‘ishlashini istaydi. Biz boshqalarga nimadir berganimizda U bizning baxtiyor bo‘lishimizni xohlaydi. U bizning shuni tushunishimizni istaydi: bizning pullarga, buyumlarga, vaqtga va qobiliyatga ega bo‘lishimiz emas, balki ana shularni berib yubora olishimiz afzalroqdir.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, pul odamlarni baxtli qila oladimi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Nima deb o‘ylaysan, Iso bu so‘zlarni aytganida nimani nazarda tutgan: “Insonning hayoti uning boyligi bilan o‘lchanmaydi”? Biz uchun saxiylik qay tariqa quvonch baxsh etishi mumkin?

IBODAT: “Rabbim, menga Sesilning sirini o‘rganishim uchun yordam ber. Men saxiy bo‘lish qanchalik quvonchli bo‘lishini o‘zim uchun kashf etmoqchiman, men __________________ bo‘lishi uchun __________________ dan boshlamoqchiman”.


 

25 MAY. MURAKKAB SAVOLLAR

Kalomdan o‘qish: Ishayo 40:28-31

Butun olamni U yaratgan-ku! U charchamaydi, holdan toymaydi (Ishayo 40:28).

 

Bir qizaloq maktabning shaxmat jamoasiga kirmoqchi bo‘libdi. Jamoa murabbiyi unga shunday debdi:

– Men senga uchta savol beraman. Agar ulardan hech bo‘lmasa, ikkitasiga to‘g‘ri javob bersang, sen jamoaga qabul qilinasan.

Birinchi savol shunday bo‘libdi:

– Ikkita quvur tozalovchi quvurlarni tozalashibdi. Ular quvurlardan chiqishganida birovining yuzi toza, ikkinchisiniki esa iflos ekan. Ulardan qaysi biri yuvinishga boradi?

Qizaloq javob beribdi:

– Yuzi iflos bo‘lgani boradi.

– Yo‘q, – debdi xotirjamlik bilan murabbiy. – Yuzi toza bo‘lgani boradi, negaki u o‘rtog‘ining yuzi iflos bo‘lganini ko‘rib, o‘zining yuzi ham shunday bo‘lgan deb o‘ylaydi.

Qizaloq umidsizlikka tushgandek ko‘rinibdi, biroq u endi gap nimada ekanligini tushunibdi.

Shunda murabbiy so‘zma-so‘z haligi savolini qaytaribdi. Qizaloq murabbiy unga ikkinchi imkoniyat berayotganini o‘ylab, shunday debdi:

– Qaysining yuzi toza bo‘lsa, o‘sha boradi.

– Yo‘q, – g‘amgin bosh chayqabdi murabbiy. – Aslida ikkalasi ham borishadi, negaki yuzi iflos bo‘lgani o‘rtog‘idan, agar uning yuzi toza bo‘lsa nega yuvinishga borayotganini so‘raydi va uning o‘zi ham yuvinishi lozimligini tushunadi.

– Men ikkita savolga noto‘g‘ri javob berib bo‘ldim, dedi qizaloq g‘amga botib. – Meni jamoaga olishmaydi, lekin uchinchi savolingiz qanaqa?

Murabbiy shunday debdi:

– Uchinchi savolni sen o‘zingga berishing kerak edi: agar ikki kishi bitta quvurga kirishgan bo‘lsa, nega faqat bittasining yuzi iflos bo‘lgan? – Murabbiy jilmayibdi. – Yaqqol ko‘rinib turgan narsani e’tiboringdan qochirma, ana shunda sen ajoyib o‘yinchi bo‘lasan. Jamoamizga xush kelibsan!

 Bu sho‘rlik qizaloq murabbiy savollariga javobni eshitganida, bu savollar unga oddiydek tuyulgandi. Ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi tanlov ham taxminan shunga o‘xshaydi. Ortga qaraganimizda to‘g‘ri javob ayondek tuyuladi, biroq qiyin vaziyatga duch kelganimizda bu yordam bermasligini ko‘ramiz. Mana nima uchun Xudoga ishonish va Uning yo‘lidan borish juda muhim, chunki U javoblarni biladi. “U esa mening yurgan yo‘limni biladi”, deydi Ayub (Ayub 23:10). Xudo, qaysi qaror to‘g‘ri, qaysi biri esa noto‘g‘ri ekanligini va qaysi yo‘ldan borish biz uchun afzal ekanligini biladi. U bizlardan ko‘ra ko‘proq biladi, mana shu bois, biz Xudoning amrlarini bajarganimizda, donolarcha yo‘l tutgan bo‘lamiz.

 MULOHAZA QILGIN: Masihiy faylasufi Frensis Sheffer bir vaqtlar shunday degandi: “Men o‘zim bilganimdan ko‘ra, Xudoning donoligiga ko‘proq ishonaman”. Sen uning gaplariga qo‘shilasanmi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”?

 HARAKAT QIL: Yuqorida qayd etilgan uchta savolni do‘sting yoki qarindoshingga berib ko‘rgin. Ular bilan to‘g‘ri javobni o‘rtoqlashayotganingda Xudoning donoliga amal qilish qanchalik muhim ekanligi haqida so‘zlab ber.

IBODAT: “Xudoyim, Sening donoligingga tayanishim va Sening amrlaringni bajarishim uchun yordam bergin”.


 

26 MAY. KARTOCHKADAGI SIYMO

Kalomdan o‘qish: Ibtido 1:26-28

Xudo O‘zi yaratgan hamma narsaga nazar soldi. Bular juda ajoyib edi (Ibtido 1:31).

 

SEN O‘Z ISHLARING BILAN Nyu-York ko‘chalari bo‘ylab ketib borayapsan, shunda seni kimdir sekingina chaqirib qoladi. Sen to‘xtab, atrofingga o‘girilasan. Qora ko‘zoynak taqqan bir ozg‘in odam bino burchagidan barmog‘i bilan seni imlab chaqiradi.

– Yaxshi yigit, bu yoqqa keling! – deydi u atrofiga alanglab. – Hayotingizda ajoyib muvaffaqiyatni qo‘lga kiritishni istaysizmi?

Sen burilib ketmoqchi bo‘lasan, haligi odam esa pidjagini ochib yuboradi, uning tagida esa... bir uyum beysbol kartochkalari.

– Menda Uolt Zambriski tasviri tushirilgan 1953 yilgi kartochka bor, o‘n uch sentga beraman.

Sen boshingni chayqab kartochkalar sotuvchisini aylanib o‘tmoqchi bo‘lasan.

– Mayli, mayli, – deydi u seni qo‘yib yuborMAY. – Men buning bahosini bilishingizni ko‘rib turibman, – u pidjagini ochib boshqa kartochkani ko‘rsatadi. – Bu yaxshi saqlangan kartochkada Bruno Gundershmuts tasviri bor, yetmish besh sent turadi, – u ko‘zini qisib qo‘yadi.

Sen tag‘in ketmoqchi bo‘lasan, lekin u seni ikkala qo‘llari bilan ushlab oladi:

– Bu faqat kartochkalarni yaxshi biladiganlar uchun, – deydi u. – Sizga haqiqatdan ham arziydigan narsa kerakmi? – U atrofiga qarab oladi. – Bu maxsus taklif. Miki Mantl. Ming dollar.

Ming dollar? Qandaydir kartochka uchunmi? Ha, bu shunday. Ayrim kartochkalar bundan ham qimmat turadi. Sport kartochkalari yaxshigina mablag‘ yig‘malariga aylandi.

Biroq nima uchun Miki Mant tasviri tushirilgan kartochka ming dollar turadiyu Bruno Gundershmuts tasviri tushirilgan kartochka esa bor-yo‘g‘i yetmish besh sent? Vaholanki, ular mutlaqo bir xil muhr bosilgan qog‘ozdan tayyorlangan. Farqi nimada? Faqat bir narsada: kartochkadagi tasvirda. Miki Mantl – Beyb Rutning rekordini ortda qoldirgan va beysbol shon-shavkat Zalida nomi abadiylashtirilgan Nyu-York Yankiz jamoasining o‘yinchisi. Kartochkaning bahosi tayyorlangan material tufayli emas, balki undagi tasvir bois qiymatga ega.

Inson hayoti haqida ham xuddi shunday gaplarni aytish mumkin. Inson hayoti har bir odamda mavjud bo‘ladigan siymo tufayli qadrga ega. Har bir odam bo‘yi va yoshi qanchada bo‘lmasin, Xudoning siymosida yaratilgani uchun bebaho qiymatga ega. Bu senga ham taalluqli. Bu sening do‘stlaringga va qarindoshlaringga ham tegishli. Bu sen hech qachon uchratmagan va hattoki sen yoqtirmaydigan odamlarga ham taalluqli. Ularning hayoti qiymatga ega, negaki ular Xudoning siymosida yaratilganlar.

MULOHAZA QILGIN: Sening harakatlaring hayoting bebaho ekanligiga ishonchingni aks ettiradimi? Agar shunday bo‘lsa, qay tarzda? Shunday bo‘lmasa, nima uchun? Sening harakatlaring boshqa odamlarning hayoti bebaho ekanligiga ishonchingni aks ettiradimi? Agar shunday bo‘lsa, qay tariqa? Mabodo shunday bo‘lmasa, nima uchun?

IBODAT: “Rabbim, barcha odamlar Sening siymong bo‘yicha yaratilganlari va qadrli bo‘lganlari uchun Senga rahmat”.


 

27 MAY. SENING DASTLABKI TO‘QQIZ OYING

Kalomdan o‘qish: Zabur 138:13-16

Ko‘zlaring ko‘rgandi homila ekanimni. Menga ajratilgan kunlar kelmasdan, hammasi kitobga yozilgandi (Zabur 138:16).

 

Mana, ehtimol sen bilmaydigan ayrim dalillar:

·       Ilk lahzadayoq – dastlabki nanosekundda – hayotingda o‘g‘il yoki qiz bola bo‘lishing belgilangan.

·       Hayotingning birinchi soatida ko‘zlaring rangi, sochlaring rangi va boshqa xususiyatlaring belgilangan.

·       Sening yuraging ilk marotaba ura boshlaganida, shunchalik mitti eding-ki, onang yoki otangning tirnog‘iga sig‘adigan darajada bo‘lgansan va hattoki bunda joy ham ortib qolgan bo‘lardi.

·       Onang o‘zida sening borligingni hali bilmasdan avval, sen uning qornida eshitib, u yondan bu yonga ag‘darila olgansan.

·       Tug‘ilishingga yetti oy qolganida oyoq-qo‘llaringdagi tirnoqlaring xuddi tug‘ilish paytidagidek bo‘lgan, garchi shunda sen bor-yo‘g‘i besh santimetr bo‘lsang-da.

·       Hayotingning to‘rtinchi oyida (tug‘ilguningga qadar) sochlaring o‘sishni boshlagan va sen katta barmog‘ingni so‘ra oladigan bo‘lgansan!

·       Tug‘ilishingdan uch yoki to‘rt oy avval sen ilk marotaba onang ovozini eshitib, oyoqchalaring bilan tepina boshlagansan!

·       Tug‘ilishingga ikki oy qolganida sen uxlab, uyg‘ona olgansan va o‘zingdagi besh sezgining to‘rttasidan foydalanishing mumkin bo‘lgan: ko‘rish, eshitish, ta’m bilish va his etish – bularning hammasi tug‘ilishingga qadar hosil bo‘lgan.

 

Bilasanmi, yana nima? Bularning hammasi vujudga kelgunicha Xudo seni kuzatib turgan. U seni kunma-kun yaratgan. Muqaddas Kitobda Xudo seni ona qornida shakllantirgani haqida aytiladi. U seni onang o‘z homiladorligini bilmasidan avval sevgan. U sening bo‘ying va ko‘zlaring rangi qanday bo‘lishini, otangning burni va onang yonog‘i senda aks etishi mumkinligini bilgan. U hayotingning birinchi lahzalaridan boshlab nimalar bo‘lishini to‘liq bilgan.

Sen mavjud bo‘lganingning birinchi kunidan boshlab Xudo uchun bebaho qiymatga egasan, negaki Xudo ijodining eng yaxshisi bo‘lgan tirik insonsan.

MULOHAZA QILGIN: Bugungi o‘qishimizda odam – “Xudo ijodining eng yaxshisi” deb atalgan. Nima deb o‘ylaysan, biz buni qayoqdan bilamiz? Agar bunga shubhalansang, Ibtido kitobining 1-bobini ochib, Xudo yaratilishning turli jarayonlari haqida aytganlarini o‘qib chiq. “Xudo ijodining eng yaxshisi” ekanligini o‘zingda qanday his qilayapsan?

HARAKAT QIL: Senda go‘daklik paytingda tushgan suratlaring bormi? Agar bor bo‘lsa, eng sevimli suratingni Muqaddas Kitobga – Zaburning 138-sanosi orasiga xatcho‘p kabi qo‘ygin. Agar bo‘lmasa, ota-onangdan so‘ra – ularda borligi aniq!

IBODAT: Zabur kitobining 138:14 bilan ibodat qilgin: “Senga shukrona aytaman. Axir, qanday ajoyib qilib yaratilganman! Sening barcha ishlaring naqadar ajoyib – buni men juda yaxshi bilaman”.


 

28 MAY. KINODAGI ZO‘RAVONLIK

Kalomdan o‘qish: Ibtido 9:1, 5-6

Insonning jonini olgan insondan Men xun talab qilaman... Kimki inson qonini to‘ksa, Uning qonini ham inson to‘kar. Zero, inson zotini Men, Xudo, Yaratganman O‘z suratimda (Ibtido 9:5-6).

 

IKKITA TURLICHA FILM. Bir-biriga o‘xshash munosabatlar.

“Shindler ro‘yxati” filmi – Ikkinchi jahon urushi davrida bir nemisning konslagerdan odamlarni qay tariqa ozod qilishga uringani haqidagi tarixdan iborat. Filmda konslager boshlig‘i ayvonda miltiq bilan sayr qilishi tasvirlangan lavha bor. U sigareta chekib majburiy mehnatga jalb qilingan mahbuslarni kuzatadi. So‘ngra esa miltig‘ini ko‘tarib, oyoq kiyimi bog‘ichlarini bog‘lash uchun enkaygan ayolni nishonga oladi. U tepkini bosib ayolni otib o‘ldiradi. Boshqa mahkumlar navbatdagi qurbon bo‘lishlaridan qo‘rqib, tezroq ishlay boshlashadi, boshliq esa xuddi otish maydonida bo‘lgandek o‘zini his qilib, zavqlanadi. Ushbu film maktabda ko‘rsatilganida, yuqori sinf o‘quvchilari ana shu lavhani ko‘rib, kulishni boshlashdi.

Mutlaqo boshqa bir shaharning kinoteatrida esa “Romeo va Juletta”ning yangicha talqinini ko‘rsatishdi. Navnihol Julettani sevib qolgan Romeo amakivachchasi Tibalt uning do‘stlaridan birini o‘ldirganini ko‘rib qoladi. G‘azablangan Romeo Tibaltni kuzata boshlaydi va – uning o‘zi (hamda tomoshabinlar) bunday yo‘l tutish Juletta bilan o‘rtalaridagi sevgini barbod qilishini bilsada, – do‘stining qotiliga o‘q uzadi. Bu fojeali ahvol ro‘y berganida, zaldagi besh yoki oltita o‘smir Romeoning ishini ma’qullab, qarsak chalay boshladilar.

Xo‘sh, sen o‘sha yerda bo‘lganingda, bunga qanday munosabat bildirgan bo‘larding? Kularmiding? Xursand bo‘larmiding? Aslida bunday sahnalar dilda og‘riq va ko‘z yoshlariga sabab bo‘lishi kerak. Ular fojeaviy, negaki ularda Xudoning eng bebaho in’omi – inson hayotining boy berilishi tasvirlangan.

Yoshlar qanday sababga ko‘ra o‘zlarini bunday tutishmasin, bir narsa aniq. Ayrim odamlar har kuni ekran orqali o‘lim va zo‘ravonliklarni ko‘rib, bunga go‘yo ko‘ngilxushlik kabi qaray boshlaydilar.

Biroq, har bir hayot bebaho: Alsgeymer xastaligi bilan og‘rigan qariyaning hayoti xushsurat kinoyulduzning hayotidan kamroq qiymat kasb etmaydi: mahkumning hayoti bolalar bog‘chasidagi quvnoq go‘dakning hayotidan ko‘ra qadrsizroq emas: hali tug‘ilmagan go‘dakning hayoti – endi dunyoga kelgan chaqaloqning hayotidan kamroq baholanmaydi. Xudo inson hayotini “yaxshi” deb aytgan, U bizga hayotni qadrlashni, asrashni va hurmat qilishimizni amr etgan.

MULOHAZA QILGIN: Sen “Shindler ro‘yxati” va “Romeo va Juletta” filmlaridagi lavhalarga nisbatan o‘sha bolalarning munosabati haqida qanday fikrdasan? Nega shunday deb o‘ylayapsan? Inson hayotiga bo‘lgan hurmatingni qanday namoyon etayapsan? Bu hurmatni ko‘rsatish uchun nimalar qilayapsan?

IBODAT: “Rabbim, hayotga va o‘limga xuddi Sen kabi munosabatda bo‘lishim uchun yordam ber, ayniqsa __________________”.


 

29 MAY. XO‘SH, ENDICHI?

Kalomdan o‘qish: Ibtido 2:4-7

Shundan keyin Parvardigor Egamiz yerning tuprog‘idan odamni yasadi va uning burun teshigidan puflab jon ato etdi. Shunday qilib, odam tirik jon bo‘ldi (Ibtido 2:7).

 

Ikkita farishta samoda oyoqlarini osiltirib, yaratilish qanday kechayotganini kuzatib o‘tirishardi.

Ular Xudo kun va tunni qanday yaratganini ko‘rishdi.

– Ajoyib, – dedi birinchi farishta. – Menga mushakbozliklar yoqadi.

 Ular Xudo bulut va ummonlar hosil qilib, suvni qanday ajratganini ko‘rishdi.

– O-ho! – dedi birinchi farishta.

– Uh! – dedi ikkinchi farishta.

So‘ngra esa Xudo ummonlardan quruqlikni qanday hosil qilganini tomosha qilishdi. Shundan so‘ng zamin o‘simliklar, gullar, ustunlar, butalar va banan daraxtlari bilan qoplandi. So‘ngra esa Xudo quyosh va oyni o‘z joyiga o‘rnatib, osmonni yulduzlar bilan qopladi. Farishtalar qarsak chalishib, xursand bo‘lishdi.

 Samoning mo’jizalar namoyishi tugabdi va Xudoning momoqaldiroqdek ovozi gumburlabdi. Zamin shu zahotiyoq jonli mavjudotlarga to‘lib ketibdi: g‘ozlar uchishibdi, baliqlar suzishibdi, otlar yugurishibdi, maymunlar daraxtlarga osilib chiqishibdi, asalarilar g‘izillabdi.

 Shundan keyin Xudoning ovozi yana yangrabdi va ikkinchi farishta birinchisiga nimanidir ko‘rsatibdi. Birinchi farishta u ko‘rsatgan tarafga qarabdi. O‘sha joyda, ajoyib bog‘da Xudo tuproqdan odamni yasabdi.

Ikkinchi farishta to‘satdan o‘rnidan turib ketibdi:

– Sen buni ko‘rdingmi?

– Nimani? – deb so‘rabdi birinchi farishta. – Men nimani ko‘rishim kerak edi?

– U... U tuproqqa hayot ato etdi! U yangi ijodiga hayot nafasini berdi! U odamga O‘zining hayotini, O‘z Ruhini ato etdi!

 Farishtalar bir-birlariga hayratdan ko‘zlarini katta ochib, qarab qolishibdi. Birinchi farishta chuqur nafas olibdi.

    – Ajoyib! – deyishibdi ular jo‘r bo‘lib.

Bu bag‘oyat hayratomuz edi. Xudo odamga olamdagi boshqa hech kimga bermagan shunday bir narsani berdi. U bizni O‘z siymosiga ko‘ra yaratdi va har birimizga O‘ziga xos ruh bag‘ishladi. Mana nima uchun Xudo hayotni qadrlaydi: negaki U – yer yuzidagi har bir odam hayotining manbaidir. Xudo sening hayotingni va har bir odamning hayotini qadrlaydi, demak, biz ham hayotni qadrlashimiz va hurmat qilishimiz lozim.

 MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, odamlar Xudoning boshqa ijodidan farq qilishadimi? Agar shunday bo‘lsa, qaysi jihati bilan? Agar shunday bo‘lmasa, nima uchun? Nima deb o‘ylaysan, odam boshqalarning hayotini va hattoki o‘z hayotini qadrlamaganida Xudo nimani his etadi?

 HARAKAT QIL: Sen bugun uchratadigan har bir kishida qandaydir o‘ziga xoslik borligini ko‘rishga harakat qil. Hammaga hurmat bilan munosabat ko‘rsatishga urin.

IBODAT: “Rabbim, O‘z hayoting orqali bizga jon ato etganing uchun Senga rahmat”.

 

 

30 MAY. HAYOT – MO’JIZA

Kalomdan o‘qish: Matto 10:28-31

Ikkita chumchuq bir tangaga sotiladi, shunday emasmi? Biroq bularning birortasi ham osmondagi Otangizning xohishisiz yerga tushmaydi. Sizlarning esa hatto boshingizdagi har bir tola sochingiz sanalgan. Shuning uchun qo‘rqmanglar, sizlar ko‘plab chumchuqlardan qadrliroqsizlar (Matto 10:29-31).

 

MEN TELEVIZOR ORQALI bir voqea haqida ko‘rsatuvni tomosha qilgandim, unda kechasi katta yo‘lda radio eshitib ketayotgan yuk mashinasining haydovchisi haqida so‘z yuritilgandi.

To‘satdan ratsiya orqali yordam so‘rab, iltijo qilayotgan ovoz eshitilibdi.

– Yordam beringlar! – derdi kimdir. – Men katta yo‘ldan shimoldagi qayrilma yo‘lda avtohalokatga uchradim. Birortangiz yordam beringlar, iltimos!

 Yuk mashinasi haydovchisi katta yo‘ldan burilib avtohalokatga uchragan kishini axtarishga tushibdi. U buning uchun belgilangan manziliga kechikib borishini tushunib turardi. U qing‘ir-qiyshiq yo‘llardan sekin haydab borayotib, yo‘l chetidagi ariqda yorug‘likni payqadi. U avtohalokat joyiga shoshildi. Atrofda hech kim yo‘q edi: u birinchi bo‘lib yetib kelgandi. Mashinadagi erkakning ahvoli yomon edi, u butunlay qonga botgandi. Haydovchi jarohatlangan kishi yordam so‘ragan ratsiyani mashinadan izlab ko‘rdi. Ammo topolmadi.

 Haydovchi o‘zining yuk mashinasiga qaytib, tez yordam mashinasini chaqirdi va tibbiyot xodimlari tezda yetib kelishdi. Jabrlangan kishini yaqin atrofdagi kasalxonaga olib borishdi va yordam ko‘rsatgan haydovchiga uning tuzalib ketishini aytishdi.

 Yuk mashinasining haydovchisi katta yo‘lga qaytdi. U yordam berishga jazm etganidan xursand edi, zero, yordam so‘rab qilingan iltimosga befarq bo‘lganida avtohalokatga uchragan kishi vafot etishi mumkinligini tushunardi. Shuningdek, jabrlangan kishining mashinasida ratsiyaning yo‘qligi uning boshini qotirgandi. “U qanday qilib yordamga chaqirdi?” – deb o‘ylardi haydovchi. U bu holatni tushuna olmasdi, ammo hech qachon esidan chiqarmasligini ham bilardi.

 Oradan ko‘p yillar o‘tgach, yuk mashinasining haydovchisi do‘stlari bilan baliq oviga jo‘nadi. To‘satdan unda yurak xuruji boshlandi. Tanishlaridan biri shu yaqin atrofda otasining do‘sti bo‘lgan bir shifokor yashashini aytdi. Ular kasalni ana shu shifokorga olib borishdi. Shifokorning yordami bilan haydovchi tezda hushiga keldi. Va o‘zi ancha yillar avval hayotini asrab qolgan kishini ko‘rdi. O‘shanda bir notanish odamni qutqarish uchun katta yo‘ldan burilgan haydovchi shu tariqa o‘zini qutqarib qoldi.

 MULOHAZA QILGIN: Sen kimningdir hayotini qutqarib qolganmisan? Shunga o‘xshash holat yuz bergan kimdir bilan tanishmisan? Nima uchun odamlarni qutqarish yaxshi? Boshqa odamlar sen uchun qaysi taraflama foydali? Boshqa odamlarga sendan qanday foyda?

IBODAT: “Rabbim, men haqimda g‘amxo‘rlik qilayotganing uchun rahmat. Boshqa odamlarga xuddi Sen kabi qarashim va ularni Sen kabi qadrlashim uchun yordam ber. Shuningdek, atrofimdagi odamlar tufayli hayotim qanchalik yaxshi bo‘lishini tushunishim uchun yordam ber”.


 

31 MAY. KVAY DARYOSI BO‘YIDAGI MO’JIZA

Kalomdan o‘qish: Yuhanno 15:9-13

Kim o‘z jonini do‘stlari uchun fido qilsa, bundan ortiq sevgi yo‘q (Yuhanno 15:13).

 

YAPON ASKARI tund qiyofadagi asirlar guruhiga qarab, qo‘llarini silkitgancha qichqira boshladi.

 Amerikalik harbiy asirlar Birmadagi mudhish temir yo‘l qurilishida ishlayotganlarida, bir yapon soqchisi bitta belkurak yetishmayotganini aytib, baqirishga tushdi. Askar kim belkurakni o‘g‘irlagan yoki yashirib qo‘ygan bo‘lsa, qilmishiga iqror bo‘lishini talab qildi.

 “Kvay daryosi bo‘yidagi mo’jiza” kitobining muallifi Ernst Gordon shunday hikoya qiladi: “U g‘azabdan tutaqib, aybdor safdan oldinga chiqishini aytib baqirdi. Hech kim qimir etmadi. “Bu holda hamma o‘ladi! Hamma o‘ladi!” – dedi u qurolini asirlarga o‘qtab. Shunda bir kishi oldinga chiqdi va soqchi uni miltig‘ining qo‘ndog‘i bilan o‘lib qolgunicha urdi. Barcha lagerga qaytganida esa, belkuraklarni yana qayta sanab ko‘rishdi va ma’lum bo‘ldiki, belkuraklarning hammasi joyida ekan”.

 Noma’lum askar o‘rtoqlarining hayoti uchun o‘zini qurbon qildi. Ko‘plab askarlar – askar bo‘lmaganlar ham – shunday yo‘l tutishgan. Aytadilarki, bu “qurbonlikning eng buyugidir”. Har qanday odam ham buning olijanoblik va yaxshi ekanini biladi. Nega? Negaki insonda o‘z hayotidan ortiq qimmatliroq narsa yo‘q. Iso bunday qurbonlik haqida shunday degan (shuningdek, O‘zining bo‘lg‘usi o‘limi haqida ham): “Kim o‘z jonini do‘stlari uchun fido qilsa, bundan ortiq sevgi yo‘q” (Yuhanno 15:13).

 Mana nima uchun biz jafokash-masihiylarni, Stefandan (Havoriylar 7) boshlab toki hozirda ham Masihni xatarli joylarda targ‘ib qilayotib, halok bo‘layotgan Xudo  xizmatchilari xotirasini ulug‘laymiz. Mana nima sababdan biz vatani uchun jonini fido qilgan jangchilar xotirasiga hurmat bajo keltiramiz. Mana nima uchun biz, qashshoq va aqlan zaif odamlar xizmatiga o‘z hayotini bag‘ishlagan Ona Tereza va Genri Nouen kabi insonlarni izzatlaymiz.

 Hayot – Xudoning eng qimmatli in’omidir, insonlar hayotiga bo‘lgan hurmat esa – bu  o‘z hayotini boshqalar uchun ilojsizlikdan yoki o‘z istagi bilan bag‘ishlab, halok bo‘lgan (Birmadagi noma’lum askar singari) yoki ular uchun yashagan (Ona Tereza kabi) insonlarga ham ko‘rsatilgan hurmatdir.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, o‘z hayotini boshqalar uchun bag‘ishlash yaxshimi yoki yomon, bu olijanoblikmi yoki o‘zini pastga urishmi? Nega? Sen boshqalar uchun o‘z jonini bergan kimnidir bilasanmi? Sen uni hurmat qilasanmi?

IBODAT: “Iso, menga hayot berganing uchun Senga rahmat. Men hozir yashayotganimdek hayot kechirishim uchun o‘zlarini qurbon qilgan barcha jangchilar va jafokashlar uchun Senga rahmat. Ularning qurbonligini qadrlashim va __________________ xotirasini ulug‘lashim uchun menga yordam ber”.

 


O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun (Uzbek tilida kitob) To‘g‘ri qarorlar izlab (Josh Makdauell va Bob Xostetler)
YANVAR - FEVRAL - MART - APREL - MAY - IYUN - IYUL - AVGUST - SENTYABR - OKTYABR - NOYABR - DEKABR



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

911. Xudoning irodasini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Haqiqiy sevgini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Rejalashtirilmagan homiladorlik (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. O'z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Jinsiy zo‘rlanish (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Ota-onaning ajralishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Nizolar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Yaqin insonning vafot etishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    Сенинг Чўққиларинг томон йўл (Ханна Харвард)    Фаришталар ҳам сукут сақлаган эдилар (Макс Лукадо)    Худонинг Буюклиги (Эйден Тозер)    Яраланган юрак (Дэн Аллендер)    Худонинг Муқаддаслиги (Роберт Спраул)    Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)    Сандон устида (Макс Лукадо)  Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак