JOSH MAKDAUELL va BOB XOSTETLER
TO‘G‘RI QARORLAR IZLAB
O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun
366 jozibakor lavhalar
YANVAR - FEVRAL - MART - APREL - MAY - IYUN - IYUL - AVGUST - SENTYABR - OKTYABR - NOYABR - DEKABR
ANNOTASIYA
Mazkur kitob biz har kuni duch keladigan hayotiy muammolarga to‘g‘ri qarorlarni topgan holda, ularni oqilona hal etish uchun Muqaddas Kitobdan qanday foydalanish kerakligini ko‘rsatadi. Siz ega bo‘lgan narsalaringiz uchun o‘zingizda Xudoga minnatdorchilik hissini uyg‘otgan holda imkon qadar ko‘proq ibodat qilish, o‘z harakatlaringizni tahlil qilish, itoatkorlik ruhida ish tutib odamlarga xizmat qilishning imkoniyat va usullarini izlash zarur ekanligini tushunib olasiz.
KIRISH. To‘g‘ri qarorlar izlab: har bir kun uchun vazifa
DINOZAVRLAR VA KINOYULDUZLAR.
Teleo‘yin.
Misha aka va Masha singil.
To‘lin oy va uchayotgan kometalar.
Televizion yangiliklar dasturi
“Iyerixon uchun kurash: bir kundan so‘ng”.
Jinlar va shaytonlar; o‘yinlar va hazillar; olimlar va fermerlar; qarg‘a va kanareyka; testlar va savolnomalar va hattoki g‘aroyib kaltakesak Mikatu – siz bularning barchasini ushbu kitobning sahifalaridan topasiz. Josh Makdauellning “O‘smirlar uchun har kungi mutolaa” kitobi bu har bir kunda to‘g‘ri qarorlarni izlash va mulohaza yuritish uchun ozuqadir. Birinchi yanvardan boshlanadigan “Andreyning kurtkasi” nomli maftunkor sayohat toki 31 dekabrdagi “Foydali orzular” nomli mutolaagacha jami 366 jozibakor lavhalarni qamrab oladiki, ular sizni to‘g‘ri qarorlarni nojoizlaridan farqlab olishingizga hamda doimo to‘g‘ri tanlov qilishingizga yordam beradi.
Har kungi mutolaa shu kungi hayotingizda haqiqatni qo‘llashda yordam beradigan Muqaddas Kitobdan qisqa parchalarni, asosiy oyatlarni, bir qancha masala va maslahatlarni, shuningdek, qisqacha ibodatlarni o‘z ichiga oladi. Ammo harqalay hech bir kun boshqasiga o‘xshamaydi. Ayrimlari qisqacha hikoyani taqdim etsa, boshqasi testni tavsiya etadi; nimadir sizni kulishga undashi yoki dilingizni o‘rtashi mumkin; ba’zi hikoyalar o‘ylab topilgan, boshqalari esa haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shu bilan birgalikda, har kungi mutolaa sizni mulohaza yuritishga va “mana shu buzuq va egri nasl orasida Xudoning nuqsonsiz, aybsiz va pok farzandlari bo‘lishingiz”ga undaydi (Filippiliklarga 2:15).
O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun (Uzbek tilida kitob)
FEVRAL
- 1 FEVRAL. MISHA VA MASHA
- 2 FEVRAL. IKKITA MUVAFFAQIYATSIZ TO‘P OSHIRISH
- 3 FEVRAL. HALOL O‘YIN
- 4 FEVRAL. G‘AYRIODDIY QOBILIYATLAR
- 5 FEVRAL. ADOLAT NIMA UCHUN TO‘G‘RI?
- 6 FEVRAL. BILGIN VA BUNI KO‘RSATGIN
- 7 FEVRAL. MARIYANING XATOSI
- 8 FEVRAL. XETFILDLAR VA MAKKOYLAR
- 9 FEVRAL. YASHIRILGAN XAZINA
- 10 FEVRAL. MUTLAQ HAQIQAT
- 11 FEVRAL. FARISHTALAR RAQSI
- 12 FEVRAL. SENING HAYOTING
- 13 FEVRAL. SEVISH QIYIN BO‘LGANIDA
- 14 FEVRAL. SEVGI SENI BAXTLI QILISHI MUMKIN
- 15 FEVRAL. SEVGI NIMA BERADI?
- 16 FEVRAL. AYTGIN VA ISBOTLA
- 17 FEVRAL. ATTRAKSIONLAR
- 18 FEVRAL. TO‘G‘RILIK HAQIDAGI HAQIQAT
- 19 FEVRAL. BIRINCHI EPIDEMIYA
- 20 FEVRAL. BIZGA NIMA KERAK?
- 21 FEVRAL. MUQADDAS BULOQ
- 22 FEVRAL. KRYUKDAN QUTULISH
- 23 FEVRAL. 70 x 7
- 24 FEVRAL. ANDROKL VA SHER
- 25 FEVRAL. XIRALASHGAN SIYMO
- 26 FEVRAL. SENING OBRO‘-E’TIBORING QANDAY?
- 27 FEVRAL. XUDODAN BERILGAN MUKOFOT
- 28 FEVRAL. MOG‘OR KASALLIGI VA POPUKLAR HAQIDA
- 29 FEVRAL. DEHQON VA ILON
Kalomdan o‘qish: Yuhanno 18:28-38
Haqiqat tarafida bo‘lgan har bir odam Menga quloq soladi (Yuhanno 18:37).
JUDA UZOQ MAMLAKATDAGI bir qishloqda Misha va Masha ismli aka singillar yashashar ekan. Kunlardan birida ular ertalab nonushtalarini o‘zlari bilan olib, uydan yugurib chiqishibdi.
- Qayoqqa ketayapsizlar? - deb so‘rabdi ularning onasi.
- Biz shohni ko‘rib kelmoqchimiz! - debdi ular va tepalikda joylashgan shoh saroyini ko‘rsatishibdi.
- Nima ham derdim, bu yaxshi gap - deb, jilmayibdi ona. Faqat tushlik uchun uyga qaytib kelinglar.
Misha va Masha kulishibdi. Ular shoh va uning a’yonlari bilan saroyda tushlik qilishmoqchi edi. Bolalar tez orada ko‘l bo‘yida kir yuvadigan ayolni uchratishibdi.
- Marhamat qilib aytingchi - deya bolalar unga murojaat qilishibdi, - shohni qanday topishimiz mumkin?
Kampir hayron bo‘lib ularga qarabdi:
- Nima balo, hazillashayapsizlarmi? - g‘o‘ldirabdi u. - Bu axir ertak! Hech qanday shoh yo‘q! Qani, jo‘nab qolinglarchi bu yerdan!
Biroq aka va singil o‘z yo‘llarida davom etishibdi. Ular endi katta bir cho‘chqani olib ketayotgan erkakni uchratishibdi.
- Marhamat qilib aytingchi, - deya so‘rashibdi ular, - shohni qanday topishimiz mumkin?
- Buning iloji yo‘q, har bir kishining o‘zi bo‘ysunadigan shohi bo‘ladi. Kimdir uchun bu zamonaviy xonanda, boshqa birov uchun esa puldir. Har kimning o‘z podshohi, o‘z Xudosi bor.
Misha va Masha umidlarini yo‘qota boshlashibdi, ularning ruhi tushib, oldilariga yaqinlashgan bir kishini darrov sezmay qolishibdi. U oq mo‘ynali to‘q qizil rangli uzun rido kiyib olgandi. Uning o‘ng qo‘lida shohona hassa, boshida qimmatbaho toshlar bilan oltin toj bo‘lib ko‘kragida esa “Shoh” deb yozilgan nishon osilgandi.
- Marhamat qilib aytingchi, - deya so‘rashibdi, Misha va Masha, - biz shohni qanday topishimiz mumkin?
O‘sha odam jilmayibdi:
- O‘sha shoh menman.
Bolalar endi unga yanada diqqat bilan tikilishibdi. Ular shoh aynan qanday ko‘rinishda bo‘lishi kerakligi haqida uzoq bahslashishibdi. Agar u saroydagi taxtda o‘tirganida bu boshqa gap edi.
- Yo‘q, aslida boshqacha, - deya turib olishibdi ular. - Bizga shoh yo‘q deb aytishdi.
O‘sha odam ko‘kragidagi nishonga ishora qilibdi.
- Ko‘rayapsizlarmi? - deb u boshidagi tojni ko‘rsatibdi va hassasini silkitibdi. - Men haqiqatdan ham shohman!
Misha Mashaga o‘girilibdi.
- Uyga ketamiz - debdi u. - Shoh boshqacha bo‘lishi kerak!
Bolalar boshlarini g‘amgin holda quyi solgancha, o‘zini shoh deb atagan odamdan nari ketishibdi.
MULOHAZA QILGIN: O‘z ko‘rganlariga emas, kattalarga ko‘proq ishongan bolalarning adashganligi o‘zgacha vaziyatdagi Pilat adashganligini Muqaddas Kitobdan o‘qilayotgan bugungi parchada nimasi bilan yodga olinadi? Kir yuvadigan ayolning va cho‘chqasi bor odamning javobi ayrim kishilarning bugungi kunda Haqiqatga, Xudoga, ezgulikka va yovuzlikka nisbatan munosabatlari bilan qay tariqa o‘xshash? Sening munosabating qanday?
IBODAT: “Xudoyim Iso, Sen mening shohimsan. Sen yo‘l, haqiqat va hayotsan. Seni topishimga, Senga itoat qilishimga va Sen uchun yashashimga yordam ber”.
2 FEVRAL. IKKITA MUVAFFAQIYATSIZ TO‘P OSHIRISH
Kalomdan o‘qish: Yoqub 4:11-12
Ammo faqatgina Xudo qonun chiqarib, hukm qila oladi. Faqat U qutqarish va nobud qilish qudratiga ega (Yoqub 4:12).
SEN – TENNISCHI. Seni nihoyatda muhim musobaqada hal qiluvchi o‘yin kutmoqda. Bu o‘yin katta ahamiyatga ega; raqibingni yengsang chempion bo‘lasan. Sen to‘pni havoga otib, bor kuching bilan uni urasan, biroq – u raqibning boshi ustidan uchib o‘tib, tennis korti tashqarisidagi o‘tloqqa borib tushadi.
– Ikkinchi oshirma, – deb e’lon qilishadi senga.
Senda yana bir imkon bor. Sen to‘pni osmonga otib, kuch bilan urasan. Bu safar u to‘rga borib uriladi va kortning sen turgan tarafiga tushadi.
Sen ikkinchi xatoni qilding. Tashvishlangan holda bosh chayqab, uchinchi oshirmaga tayyorlanasan. Biroq, senga oshirmani uzatish huquqi raqibga o‘tganligini e’lon qilishadi. Sen g‘azab bilan hakamga tashlanasan.
– Bunday bo‘lishi mumkin emas! – deya qichqirasan. – Men yana to‘pni o‘zim oshirmoqchiman!
Sen raketkani yerga uloqtirib har doim ikkita emas, balki uchta to‘p oshirish kerakligini aytib turaverasan. Sen tennisda besh yildan buyon o‘ynayotganingni aytib baqirasan.
– Men qanday o‘ynashim kerakligini o‘rgatishga haqqingiz yo‘q! – deb qichqirasan. – Nima qilishim kerakligini o‘zim bilaman. – So‘ngra esa jahl bilan qo‘l silkib, kortdan chiqib ketasan.
Albatta, sen o‘zingni yaxshi tutmading. Axir sen bunday janjalkash emassan-ku, to‘g‘rimi? Bundan tashqari, ikkita muvaffaqiyatsiz oshirmadan so‘ng to‘pni oshirish huquqi raqibga o‘tishini hamma biladi. Qoida shunday. Bu o‘yinda hamma shunday o‘ynaydi.
Hayratlanarli jihati shuki, ko‘pchilik odamlar ezgulik va yovuzlikni boshqacha qabul qilishadi. Ular o‘z kayfiyatlari va vaziyatlariga qarab o‘z qoidalarini tuzishlari mumkin deb o‘ylashadi. Biroq ezgulik va yovuzlikning qoidalari xuddi tennis qoidasi kabi oddiy. Hamma o‘g‘irlik yomonligini, halollik esa yaxshi ekanligini biladi; bag‘ritoshlik bu yovuzlik, mehribonlik esa ezgulikdir; nafrat yomon, sevgi esa to‘g‘ridir. Qoidalar shunaqa. Muqaddas Kitobda ham shunday deb yozilgan: “Xudoning qonunini hukm qilgan odam esa, qonun bajarishdan bosh tortib, o‘zini qonundan ustun qo‘ygan qoziday bo‘ladi. Ammo faqatgina Xudo qonun chiqarib, hukm qila oladi. Faqat U qutqarish va nobud qilish qudratiga ega” (Yoqub 4:11–12).
Albatta, dunyoda toki ezgulik va yovuzlik bor ekan, odamlar o‘z shaxsiy qoidalarini o‘ylab topaverishadi. Biroq sen bunday emassan. Sen o‘zingni bunday tutmasliging uchun nihoyatda aqllisan, to‘g‘rimi?
MULOHAZA QILGIN: Agar tennisda hamma o‘zining qoidalarini kiritsa qiziqroq bo‘ladi deb hisoblaysanmi? Nega? Mabodo biz Xudoning qoidalariga amal qilsak, hayot yanada qiziqarliroq bo‘larmidi? Nima uchun?
IBODAT: “Yaratuvchi Xudo, Sen mendan ko‘ra nihoyatda donosan. Sening qoidalaringdan shubhalanganim uchun meni kechirgin, ya’ni, _________________”.
Kalomdan o‘qish: Matto 7:12
Odamlar sizlarga nima qilishlarini istasangiz, sizlar ham ularga o‘shani qilinglar (Matto 7:12)
XX asrning mashhur adibi britaniyalik KLAYV STEYPLZ LYUIS “Narniya solnomasi” asarini yozgan. Ehtimol, siz bu asarni o‘qigandirsiz. Unda sehrli javon orqali Narniya saltanatiga o‘tishgan Piter, Edmund, Syuzen va Lyusilarning sarguzashtlari bayon etilgan. Lyuis, shuningdek, Perelandra nomli sayyora haqidagi bir qator ilmiy fantastik asarlar ham yozgan. U shuningdek, shayton malaylari Balamut va Gnusik o‘rtasidagi o‘zaro yozishmalarni ham qalamga tushirgan.
Lyuisning ko‘pchilikka ma’lum asarlaridan yana biri “Shunchaki masihiylik”dir. U bu asarida halol o‘yin haqida ko‘p gapiradi. U shunday deb yozadi:
“Biz hammamiz odamlar qanday janjal qilishlarini bilamiz. Ba’zan bu g‘alati tuyuladi, ba’zan esa shunchaki yoqmaydi, bu qanday ko‘rinmasin, mening o‘ylashimcha, ularning gaplarini eshitib juda muhim nimanidir o‘rganib olishimiz mumkin. Ular go‘yoki shunday deyishadi: “Sen bilan boshqa birov xuddi shunday qilganida senga yoqarmidi?” – “Bu mening joyim, men birinchi bo‘lib keldim” – “Uni o‘z holiga qo‘y, u senga hech qanday yomonlik qilmayapti”. – “Nega sen birinchi bo‘lib o‘tishing kerak ekan?” – “Sen apelsiningdan bir bo‘lak bergin, shunda men senga o‘zimnikidan bir palla beraman”. – “Xo‘sh, bo‘laqol, axir va’da bergansan”. Odamlar, ya’ni ma’lumotlilar va savodsizlar, bolalar va kattalar bu tariqa gaplarni har kuni aytishadi.
Meni barcha bu e’tirozlarda qiziqtirgan jihati shundaki, shikoyat qilayotgan odam boshqa birovning hulq-atvorida nimadir unga yoqmayotganini shunchaki bildirib qo‘ya qolmaydi. U qandaydir hulq-atvor mezoniga da’vat etadiki, u o‘zi kutganidek, boshqa odam shuni bilishi lozim... Go‘yoki ikkala taraf ham qandaydir halol o‘yin Qonunini yoki munosib muomalani, hulq-atvorni nazarda tutishmoqda, buni qanday atamang ikkala tomon ham rozi bo‘lishadi. Va bu chindan ham shunday. Agar shunday bo‘lmasa, ular xuddi hayvonga o‘xshab urishishlari mumkin, biroq inson ongi tushunadigan tarzda janjal qilishmaydi. Janjal – bu, boshqa odam nohaq ekanligini ko‘rsatishga bo‘lgan urinishdir. Agar sizda u bilan nima yaxshiyu, nima yomon ekanligi borasida qandaydir kelishmovchilik bo‘lmaganida, buni qilishning hech qanday ma’nosi bo‘lmasdi...
Shu tariqa, biz Ezgulik va Yovuzlik mavjud ekanligiga ishonishga majbur ekanligimiz haqidagi tasavvur hosil bo‘ladi. Odamlar bu masalada xuddi hisobda adashganlari kabi adashishlari mumkin; lekin bunday ta’b va fikrlash masalasi ko‘paytirish jadvalidan ustun darajada emas” (qarang: K.S.Lyuis. Prosto xristianstvo. Lyubov: sobr. soch. v 8 t. T.1. SPB: Bibliya dlya vsex. 2004, s. 21-22).
MULOHAZA QILGIN: Mabodo K.S.Lyuis sen o‘qiydigan maktabingga borganida adolatga undaydigan qanday jumlalarni o‘sha yerda eshitgan bo‘lardi?
IBODAT: “Menga nisbatan halol yo‘l tutganlarida xursand bo‘laman. Bu haftada boshqalar bilan ham shunday munosabatda bo‘lishim uchun yordam ber”.
4 FEVRAL. G‘AYRIODDIY QOBILIYATLAR
Kalomdan o‘qish: Qonunlar 32:1-4
Egamizning nomini ulug‘layman! U suyangan Qoyam, Uning ishlari komil, Hamma yo‘llari adolatlidir, Xudo sadoqatlidir, Unda yolg‘on yo‘q, U haq va odildir (Qonunlar 32:3-4)
SENINGCHA, Supermen va Betmen tasodifan superqahramonlar bo‘lib qolishganmi? Ular ertalab yoping‘ich yoki kombinezonda kiyimida uyg‘onishganmi? Yo‘q, janob. Xuddi barcha superqahramonlar bilan bo‘lgani singari ular ham superqahramon bo‘lish uchun test va tayyorgarlikdan o‘tishgan. Sen ham ular kabi bo‘lishni istaysanmi? Ko‘raylikchi, sen bunga yararmikansan!
1. Agar sen superqahramon bo‘lishni istasang, kimga aylanib qolishni afzal ko‘rasan:
□ Supermen
□ Jin
□ Betmen
□ Ko‘rinmas odam
□ O‘rgimchak odam
□ yoki _____________
2. Agar sen g‘ayrioddiy qobiliyatni tanlay olsang, qaysi birini tanlagan bo‘larding:
□ uchish xususiyatini
□ o‘rgimchak to‘ri yasashni
□ g‘ayrioddiy kuchni
□ katta yoki kichkina bo‘lib qolish xususiyatini
□ ko‘rinmas odam bo‘lib qolish xususiyatini
□ yoki _____________
3. Agar senda superqobiliyat paydo bo‘lsa, sen:
□ baxtiqaro va jabrdiydalarni himoya qilgan bo‘larding
□ yaxshilik qilgan holda olamni kezgan bo‘larding
□ o‘z qobiliyatingdan foydalangan holda ko‘proq pul o‘g‘irlab, dunyodagi eng boy odam bo‘lishga harakat qilgan bo‘larding
□ mashhurlikka erishgan bo‘larding
□ haqiqat va adolat uchun kurashgan bo‘larding
□ maktabdagi tushlik yanada mazali bo‘lishini talab qilgan bo‘larding
□ yoki _____________
Endi esa to‘ldirilgan testni XR37 sayyorasiga jo‘nating va javobni kuting.
Aslini olganda, superqahramon uchun bizning testimiz sen o‘qiydigan keyingi bir komiks kabi seni bunchalik kuldirmaydi, biroq biror nimani tushunib olishingga yordam beradi. Xuddi shuningdek, Xudoning superqobiliyati – va undan qanday foydalanayotgani – U haqida yana nimanidir tushunishga yordam beradi. U adolatni o‘rnatish uchun O‘z kuchidan foydalanadi, negaki U adolatli va halol. U halol ekan, demak halol bo‘lish – hamisha to‘g‘ri.
MULOHAZA QILGIN: Senda g‘ayrioddiy qobiliyatlar yo‘q, ammo o‘zingda bor bo‘lgan layoqat (misol uchun, aql yoki jismoniy kuch)dan qanday foydalanayapsan? Biror yaxshi ish qilayapsanmi (misol uchun, adolat o‘rnatilishiga erishayapsanmi?) Yoki o‘z layoqatingni faqat xudbin maqsadlaring yo‘lida ishlatayapsanmi? Bu “kuch”dan foydalanishda sening qanday fe’l-atvoring namoyon bo‘ladi?
IBODAT: “Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlarga asosan o‘z ibodatingni tuzgin. (Misol uchun, “Xudoyim, Senga hamdu sanolar bo‘lsin! Sen mening qo‘rg‘onimsan”).
5 FEVRAL. ADOLAT NIMA UCHUN TO‘G‘RI?
Kalomdan o‘qish: Ishayo 45:18-23
Men Egangiz emasmi? Mendan boshqa Xudo yo‘q! Men odil Xudoman, qutqaruvchiman! ...Ha, Men Xudoman, boshqasi yo‘q (Ishayo 45:21-22).
Mabodo, akang yoki singling qilgan qandaydir nomaqbul ishi uchun onang seni ayblasa, o‘zingni QANDAY HIS QILGAN BO‘LARDING?
Agar oshxonada o‘n daqiqadan buyon navbatda turganingda, oldingdagi qiz yoniga uch nafar dugonasini chaqirib olsa, nima qilasan?
Mabodo o‘qituvchi “to‘liqsiz javob” uchun sening bahoingni pasaytirsayu, Vasya Ivanovga esa xuddi shunday javob uchun yuqori baho qo‘ysa qanday yo‘l tutgan bo‘larding?
Agar sen ko‘pchilikka o‘xshagan odam bo‘lsang, shunday deyishing tayin: “Shoshmang! Bu axir adolatsizlik!”
Har bir odam o‘z shaxsiy hissiyotlari orqali adolat yaxshiyu, adolatsizlik yomon ekanligini his etadi. Biroq nima uchun shunday? Nega adolat – yaxshi?
Ko‘pchilik odamlar bunga shunday javob qaytarishadi: “Negaki, Muqaddas Kitobda shunday deyilgan”. Ular qay bir ma’noda haqlar: Muqaddas Kitobda haqiqatdan ham shunday qoidalar bor: “Zaif, yetimlarga adolat ko‘rsating, mazlum, qashshoqlarning haqini himoya qiling (Zabur 81:3); “Ularga nima tegishli bo‘lsa, shuni bering” (Rimliklarga 13:7); “Ey xo‘jayinlar, ...qullaringizga odil va to‘g‘ri muomala qiling” (Kolosaliklarga 4:1). Musoning qonunlarida ajnabiylar va musofirlarga adolat yuzasidan munosabatda bo‘lish kerakligi, yetim va bevalarga, hatto dushmanlarning adashib qolgan mollariga ham g‘amxo‘rlik qilish lozimligi haqida batafsil ko‘rsatma berilgan. Bu amrlarning umumiy mohiyati “oltin qoidalar”da berilgan: “Odamlar sizlarga nima qilishlarini istasangiz, sizlar ham ularga o‘shani qilinglar” (Matto 7:12).
Biroq bu amrlar nima qilish kerak yoki nima qilmaslik kerakligi haqidagi shunchaki ro‘yxat emas; ular Xudoning adolatni qadrlashini ko‘rsatadi. Ammo nima uchun Xudo adolatni qadrlaydi? Negaki U adolatlidir.
Ko‘rayapsanmi, faqat Xudo shunday buyurgani uchungina adolat ezgulik emas, hatto Xudo haqiqatni qadrlagani uchun ham emas; bu Xudoning fazilatini aks ettirgani uchun ham odilonadir. Bu Xudo shunday qilayotgani uchungina haqqoniylik emas; aslida Xudoning O‘zi haqqoniylikdir. Pavlus Xudoning adolatli ekanini yozgandi (2 Salonikaliklar 1:6). Muso shunday deb kuylagan: “Uning... hamma yo‘llari adolatlidir” (Qonunlar 32:4).
Xo‘sh, nima uchun biz adolatli bo‘lishimiz kerak? Faqatgina onamiz, do‘stlarimiz va qavmboshimiz shunday deb gapirgani uchungina emas. Biz adolatli bo‘lishimiz lozim, negaki adolat Xudoning O‘zligini aks ettiradi. Atrofdagilarga adolatli munosabatda bo‘lish har bir kishi uchun hamisha va har qanday joyda to‘g‘ridir.
MULOHAZA QILGIN: Sen odamlarning shunday deb gapirganlarini eshitgandirsan: “Hayot adolatsiz”. Hayotda biz murosa qilishimiz zarur bo‘lgan qanaqadir adolatsizlik bormi? Agar bor bo‘lsa, u qanday?
IBODAT: “Xudoyim, Sening barcha qilayotganlaring adolatlidir. Hayotda hamma narsa doimo adolatni anglatmasligini bilaman. Biroq, bu men doimo adolatli bo‘lishim kerakligini bildiradi, negaki men xuddi Sen kabi bo‘lmoqchiman”.
6 FEVRAL. BILGIN VA BUNI KO‘RSATGIN
Kalomdan o‘qish: Mixo 6:1-8
Ey inson, nima yaxshi ekanligini Egamiz senga ayon qildi. Shudir Uning sendan qilgan talabi: adolatli ish tutgin, mehr-shafqat qilishdan zavq olgin, kamtar bo‘lib, Xudoning yo‘lidan yurgin (Mixo 6:8).
Sen o‘n olti yosh to‘lganingda haydovchilik guvohnomasini olgach, mashina haydashni istamay qolganingni TASAVVUR QIL.
Tasavvur qilgin, sen lug‘atni o‘rganib, hayotingda biror so‘zni ham o‘qib ko‘rmading.
Garchi senda shamollashga qarshi dori bo‘lsa ham, uni ichmay aksirishga va yo‘talishga qaror qilganingni tasavvur etgin.
Nega biz o‘zimizni shunday tutamiz? Biroq biz hamisha, ayniqsa to‘g‘ri va noto‘g‘ri yo‘l tanlash vaqti kelganida o‘zimizni shunday tutamiz.
Misol uchun, biz adolat ezgulik ekanligini, adolatsizlik esa yomon ekanligini bilamiz. Lekin biz hamisha ham adolat yuzasidan ish ko‘rmaymiz, to‘g‘rimi? Biz buni bilishimiz mumkin, ammo hamisha ham buni ko‘rsatavermaymiz. Biz navbatsiz suqilib kirishga urinamiz. Biz ayrim odamlarga boshqalarga nisbatan yaxshiroq munosabatda bo‘lamiz. Biz qulay vaziyatda bo‘lishni istaymiz. Biz boshqalarni ayblaymiz yoki vaziyatni yetarli darajada tahlil qilmay turib ularni yoqtirmasligimizni o‘zlariga aytamiz.
Biroq agarda biz adolatsizlik bilan ish ko‘rish yomon ekanligini bilsak, nega biz baribir shunday qilamiz?
Buning bir boisi, biz hammamiz gunohkorlarmiz. Biz yaxshilikka emas, balki yomonlik tomon og‘ishga moyilmiz.
Bundan tashqari, adolatsizlik ba’zan bizga foydali tuyulgani uchun ham o‘zimizni shunday tutamiz (Axir kim ham oshxonada uzoq navbat kutishni xohlaydi?)
Va bizning adolatsiz yo‘l tutishimizning uchinchi sababi shuki, biz ongli ravishda o‘zimizni boshqacha tutish lozimligini qabul qilganimiz yo‘q. Holbuki adolatsiz yo‘l tutishimiz tabiiy (bu bizning gunohkor tabiatimiz bois), agar biz Xudoning yo‘liga rioya etmaslikka qaror qilsak va o‘z tabiatimizga ko‘ra ish tutsak shunday qilishni afzal deb bilamiz.
MULOHAZA QILGIN: Nima to‘g‘riligini bilish va aynan shunday yo‘l tutish boshqa-boshqa masaladir. Ba’zan biz nima yaxshiligiga ishonch hosil qilmay turib yomon ish tutamiz. Boshqa safar esa yaxshi nima ekanligini bilamiz, ammo baribir yomonlikka qo‘l uramiz. Sen uchun eng katta muammo nimada: nima yaxshiligini bilishmi yoki yaxshi yo‘l tutishmi?
IBODAT: “Xudoyim, men Senga bo‘ysunaman. Men o‘zimda noo‘rin ish tutishga istak bo‘lganida, odil yo‘l tutishni istayman. Menga yordam ber, ayniqsa _________”.
Kalomdan o‘qish: Zabur 111:1-9
Elga muruvvat qilib qarz beruvchi, insof ila ish boshqaruvchi odam baxtiyordir. Solih to abad tebranmagay, mangu bo‘lgay uning xotirasi (Zabur 111:5-6).
VIKTOR PETROVICH oynaga qarab, bo‘yinbog‘ini to‘g‘riladi.
– Bugun kechqurun kim bolalar bilan o‘tiradi? – deb so‘radi u. U xotini bilan do‘stining uyiga tug‘ilgan kunni nishonlash uchun bormoqchi edi.
– Bir tanishim bunga rozi bo‘ldi, – javob qaytardi xotini. – Biroq uzoq izlashimga to‘g‘ri keldi. Men endi topolmasam kerak, deb ham o‘ylagandim.
– Qo‘shni uydagi Mariyaga nima bo‘lgan? – deb so‘radi Viktor Petrovich. – Men uni anchadan buyon ko‘rmayapman, u avvallari bolalarimizga qarab o‘tirardi.
Xotin erining oldiga kelib uning sochlarini siypaladi:
– Oxirgi ikki marotaba u mendan katta haq so‘radi; bu Sidorovlar unga to‘laydigan pulga nisbatan ikki barobar ko‘proq, – dedi ayol yelkasini qisib va soch turmagini yoyib yubordi. – Men uni boshqa chaqirmaydigan bo‘ldim.
Shu tariqa, Mariya doimiy ishi enagalikdan nega ayrilib qolganini bilmadi. U o‘zining noo‘rin yo‘l tutgani uchun uni endi chaqirmasliklaridan bexabar qoldi.
Ko‘rayapsanki, Xudo hayotimizni quvonchdan mahrum etish yoki azobga aylantirish uchun bizga amrlarni bermagan. Xudo bizga malol kelishi uchun adolatli bo‘lishimizni buyurmagan; U bu amrlarni xuddi boshqalari kabi bizni himoya qilish va biz haqimizda g‘amxo‘rlik qilish maqsadida bergan. Uning boshqalarga nisbatan adolatli bo‘lishimiz lozimligi haqidagi amrlari bizni noinsoflik va umidsizlikdan asrab, shon-sharaf va muvaffaqiyat keltiradi.
Misol uchun, Mariya haqida o‘ylagin: agar u juda ko‘p, ya’ni Sidorovlar to‘lagani kabi boshqalardan ham shuncha haq so‘raganida enagalik ishini yo‘qotmagan bo‘lardi.
MULOHAZA QILGIN: Sen yoki ota-onang do‘konga (oziq ovqat yoki boshqasiga) yoxud boshqa joyga (dorixonaga, shifokorga yoki ustaga) sizlarni aldashgani yoki noo‘rin munosabatda bo‘lganlari uchun bormay qo‘ygansizlarmi? Agar shunday bo‘lsa, o‘sha odam bunday yo‘l tutish o‘ziga zarar keltirishini tushunib olgan, deb o‘ylaysanmi?
Xudoning amrlariga itoat etgan holda barcha masalada adolatli yo‘l tutib, sen o‘zingni nafratomuz munosabatlardan himoya qilasan va o‘zingga nisbatan hurmat uyg‘otasan. Bu esa odamlar sening halolligingni hamisha qadrlab tan olishadi, degani emas; biroq bu, vaqti kelib sen taqdirlanasan va hurmat ortirasan, deganidir.
IBODAT: “Parvardigor, kimdir menga adolatsizlik qilmagunicha men adolat haqida doim ham o‘ylamayman. Hayotda hamisha halol bo‘lishim uchun menga yordam ber”.
8 FEVRAL. XETFILDLAR VA MAKKOYLAR
Kalomdan o‘qish: Qonunlar 16:18-20
Adolatga, faqat adolatga ergashing. Shunda yashaysizlar, Egangiz Xudo beradigan yurtga egalik qilasizlar (Qonunlar 16:20).
Bu nima sababdan boshlanganini HECH KIM BILMAYDI.
Balki Jetro Xetfild Ebner Makkoyning echkisini olib qochgandir. Ehtimol, Klem Makkoy Betti Jo Xetfild oldida bosh kiyimini yechmagandir. Yoki Xomer Xetfild Maylo Makkoyni Sharqiy Kentukkidagi otlar poygasida chuv tushirgandir.
Bu qanday boshlangani muhim emas, biroq sharqiy Kentukkining Appalachi hududidagi Xetfild va Makkoylar avlodlari o‘rtasidagi ma’lum “vendetta” an’anasi, ya’ni qonga qon bilan o‘ch olishi uzoq vaqt davom etgan. 1860 yildan toki 1890 yilgacha, ya’ni o‘ttiz yil mobaynida ikkala tarafdan yigirmadan ko‘proq odam o‘ldirilgan. Dushmanlik barham topgan paytda esa bu qonli qasos olishlar nimadan boshlanganini hech kim eslay olmagan.
Xetfildlar va Makkoylar o‘rtasidagi fojiali nifoq Xudoning amrlari bizni himoya qilish uchun yaratilganini yana bir bora tasdiqlaydi. Qarangki, Xudo ilk marotaba Sinay tog‘ida O‘z xalqiga o‘nta amrini berganida, Xetfild va Makkoylar o‘rtasidagi janjallar juda ko‘p bo‘lgan. Bir kishiga nisbatan bo‘lgan nohaqlik uchun uning butun oilasi o‘ch olgan, o‘zaro shafqatsiz va qonli qirg‘inbarotlar bo‘lgan. Agar Aviv Ibrohimni o‘ziga sotgan aynigan echki pishlog‘i uchun ayblagan bo‘lsa, Ibrohim javob tariqasida Avivning butun podasini so‘yib tashlashi mumkin edi. Mabodo Gadning xo‘kizi Lavanning o‘g‘lini suzib o‘ldirgan bo‘lsa, Lavan tunda Gadning qo‘rg‘oniga hujum qilib uning oilasidagi barcha erkaklarni o‘ldirishi mumkin edi.
Xudo O‘z xalqiga amrlarni boshqalar bilan adolatli yo‘l tutishlari uchun, shuningdek, bu amrlar Xudo qanaqa ekanligini tushunishlariga yordam berishi uchun, ularni o‘ch olishdan saqlashi va yaxshi munosabatlar o‘rnatishlariga imkon yaratishi uchun bergan. Xudoning amrlari xalqni beto‘xtov jinoyatlardan, qayg‘u va qasoskorlikdan himoya qilgan.
Agar biz odil ish ko‘rsak, bu hammamizni himoya qiladi. Boshqalarga nisbatan halol munosabat bizga tinchlik beradi, mahkum etadigan qasosdan asraydi. Murabbiy o‘z shogirdlariga haqqoniy bo‘lganida, shogirdlar uni hurmat qilib yaxshi o‘qishadi. Ish beruvchi esa ishchilariga odil munosabatda bo‘lsa, ishchilar ham halol ishlashadi.
Xudoning adolat borasidagi g‘amxo‘rligi Uning fe’l-atvorini va tabiatini, shuningdek, Uning bizga bo‘lgan sevgisini aks ettiradi: U biladiki, biz odamlar bilan odilona ish tutganimizda o‘zimizni himoyalagan va o‘zimiz haqimizda g‘amxo‘rlik qilgan bo‘lamiz.
MULOHAZA QILGIN: Balki, sen qachonlardir birorta bilan odilona yo‘l tutganingda Xudoning himoyasi va g‘amxo‘rligini his qilgandirsan? Sen alam va qasosdan voz kechib o‘zingni adolatli tarzda tutgan vaziyatni eslay olasanmi? Sen kimdir birovdan qasos olayotganini ko‘rganmisan (misol uchun, maktabda), bu vaqtda esa odilona ish ko‘rib bu vaziyatdan chiqib ketishning imkoni bo‘lganmi?
IBODAT: “Xudoyim, Senga himoyang va g‘amxo‘rliging uchun rahmat. Menga boshqalar bilan hatto bu og‘ir bo‘lganida ham, agar men boshqacha ish ko‘rishni juda istagan paytimda ham odilona yo‘l tutishimga yordam ber”.
Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 2:6-11
Chunki donolikni Egamiz beradi, bilim va idrok Uning og‘zidan chiqadi, Egamiz to‘g‘ri odamni eson-omon saqlaydi, to‘g‘ri yuradiganga O‘zi qalqon bo‘ladi, adolatli insonni himoya qiladi, Unga sodiq bo‘lganning yo‘lini qo‘riqlaydi (Hikmatlar 2:6-8).
SEN TUSH KO‘RAYAPSAN. Nima uchun ekanligi noma’lum, ammo buning tush ekanligini bilasan. Tushingda go‘yo sen yetti yoshdasan-u, Xudo esa jinsi matoli shim va “Reebok” krossovkasini kiygan holda qarshingda turibdi. Xudo sendan nimani istashingni so‘rayapti va xohishingni bajarishga va’da berayapti.
Sen boy bo‘lishni istaysanmi? Albatta, buni kim ham istamagan bo‘lardi?
So‘ngra esa, deylik, keyingi tushingda ellik yoshdasan. Boy emassan. Xudo garchi va’da bergan bo‘lsada, va’dasini amalga oshirmagani uchun sen qattiq ta’sirlangan holda turibsan.
– Men axir boylik so‘ragan edim! – deya Xudoga arz qilasan.
– Ammo senga boylik berdim-ku, – deya yumshoq ohangda e’tiroz bildiradi Xudo.
– Hech ham unaqa emas! – deb qarshilik qilasan sen. Sen cho‘ntaklaringni chiqarib ko‘rsatasan, unda esa faqat mayda tangalar bor.
– Men senga adolat bilan ish ko‘rish, mehr-shafqatni ulug‘lash, totuvlikda yashash va Xudoga itoat qilish to‘g‘risidagi amrni berganimni eslaysanmi? Men senga adolatni sevish va boshqalar senga qanday munosabatda bo‘lishlarini istasang, sen ham ularga shunday munosabatda bo‘lishing lozimligini aytganimni eslaysanmi?
– Ha, eslayman, – deb aytasan boshingni qimirlatib.
– Axir mana shuning o‘zi katta bir boylik-ku, – deydi Xudo.
– Nima? – deb so‘raysan. – Nimani nazarda tutayapsan?
– Qaragin, – deydi Xudo, – Men senga bir misol keltiraman. Sen bu amrlarga amal qilib, odamlarni aldamaydigan bo‘lding, ular bilan adolatsiz munosabat qilmading, to‘g‘rimi?
– Shunday, – javob qaytarasan sen. – Umid qilamanki, bu shunday.
– Demak, sen aybdorlik hissidan qutulish uchun ruhshunosga to‘laydigan pulingni tejab qolibsan. Mabodo Mening amrlarimni bajarmagan taqdiringda ovqatni yaxshi hazm qilishing uchun senga kerak bo‘ladigan uyqu dorilariga sarf bo‘ladigan xarajatlar haqida-ku gapirmayapman.
– Bu ajoyib-ku! – deysan darrov o‘zingni tiyib. – Men hech qachon bu haqda o‘ylab ko‘rmagandim.
– Ko‘rayapsanmi, – deydi Xudo kalkulyatorini shimining cho‘ntagiga solib. – Men rostdan ham sening xohishingni bajardim. Men seni badavlat qildim va bu hammasi emas.
Ana shunda buning tush ekanligini yodingga tushadi, negaki haqiqiy hayotda Xudo jinsi shim kiymaydi – yoki baribir kiyadimi?
MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, Xudoning amrlarini bajarish nima uchun bizni gunoh hissidan asrab, toza vijdon bilan yashashga imkon beradi?
IBODAT: “Xudoyim, ba’zan men o‘zim uchun yaxshi bo‘lmagan ishlarni qilgim keladi. Bunga yo‘l qo‘ymaganliging uchun Senga rahmat. Menga bugun ham donolik boyligini yubor, toki men _______________”.
Kalomdan o‘qish: Ibtido 2:1-17
Sen bog‘dagi hamma daraxtning mevasidan bemalol yeyaver. Lekin yaxshilik va yomonlikni bilish daraxtining mevasidan yemaysan (Ibtido 2:16-17).
1. MUZQAYMOQNING QAYSI XILI mazaliroq?
shokoladli qulupnayli vanilli
yong‘oqli plombir vafelli
2. Kimni buyuk futbolchi deb aytish mumkin?
Maradona Zidan Ronaldo
Badjo Yashin Kerjakov
3. Bulardan qaysi biri yomon?
go‘sht yeyish o‘pishish yolg‘on gapirish
kuylash uxlash suv chang‘isida sayr qilish
Ehtimol, bu savollar senga ahmoqona bo‘lib tuyulgandir. Biroq bu savollarni men tasodifan bermadim.
Ayrim odamlar 1 va 2 hamda 3 savollar o‘rtasida hech qanday farq yo‘q, deb hisoblashadi. Biroq o‘rtadagi farq – juda katta.
Birinchi savolga javob sening ta’bing bilan bog‘liq. Balki senga shokoladli muzqaymoq yoqar, singling yoki do‘sting esa olamda eng mazalisi plombir ekanini aytishadi. Kim haq? Har ikkala tomon ham, negaki bu masala har kimning o‘z ta’biga bog‘liq. Masala muzqaymoqlarga, sevimli gullarga yoki yoqimli ko‘shiqlarga borib taqalganida, hammaning ta’bi o‘zgacha bo‘ladi.
Ikkinchi savolga javob ham shaxsiy fikrga bog‘liq. Sen kimnidir barcha davrlarning va xalqlarning buyuk futbolchisi deb hisoblashing mumkin, biroq boshqa odamda o‘zgacha fikr bo‘ladi.
Biroq, uchinchi savol mutlaqo boshqa masaladir, negaki buning javobi didimizga yoki fikrimizga bog‘liq emas. U to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bulishi mumkin. Ko‘rayapsanki, ayrim masalalar didga bog‘liq bo‘lib, boshqalarda bu borada haqiqatga shubha tug‘dirmaydigan turlicha fikrlar bo‘lishi mumkin. Qayerda va qachon yashashlaridan qat’iy nazar, barcha odamlar uchun mutlaq bo‘lgan haqiqatlar bor. Sizga yoqadimi yoki yoqmaydimi, sizning fikringiz qanday bo‘lmasin bu haqiqatdir; mutlaq haqiqatdir.
Hozirda ayrim odamlar ezgulik va yovuzlik go‘yoki didga, shaxsiy fikrga bog‘liq ekanligini bildirishadi. Biroq Xudo O‘z Kalomida ezgulik va yovuzlik haqidagi mutlaq haqiqatni bizga ayon etgan.
MULOHAZA QILGIN: Ayrim masalalar ta’bga bog‘liq bo‘ladi, boshqalari –fikrlarga, uchinchisi – shubhadan holi bo‘lgan haqiqatga tayanadi. Sen har bir toifaga oid ikkitadan misol keltira olasanmi?
IBODAT: “Xudoyim, Sen O‘z Kalomingda mutlaq haqiqatni menga tushuntirayotganing uchun rahmat”.
Kalomdan o‘qish: Matto 5:43-48
Yaqiningni sevgin, dushmaningdan nafratlan», deb aytilganini ham eshitgansizlar. Lekin Men sizlarga aytyapman: dushmanlaringizni yaxshi ko‘ringlar. Sizlarni quvg‘in qilganlar uchun ibodat qilinglar. Shunda siz osmondagi Otangizning farzandlari bo‘lasizlar (Matto 5:43-45).
Ikkita samoviy farishta RAYBANN va SOLOPLEKS tantana qilishardi.
– Ajoyib! – deb qichqirdi Raybann. U Solopleksni bag‘riga bosdi va ular samoda quvonch bilan raqsga tushdilar.
– Sen buni ko‘rdingmi? – deb hayqirdi Solopleks. – Bu nihoyatda hayratomuz!
Ular o‘girilib pastda yuz berayotgan voqealarga birgalikda qarashdi. Isroilliklar Qizil dengizning baland qirg‘og‘ida turishardi. Ular bu ozod va xavfsiz qirg‘oqqa endigina kelishgan bo‘lib, Raybann va Solopleks Xudoning buyrug‘i bilan suvni hozirgina boshqa tarafga burgan edilar. Ot-aravalar bilan ta’qib qilayotgan misr qo‘shinidan qochayotgan isroilliklar dengizning qurigan joyidan tezda o‘tib olishdi. Xudoning tanlangan xalqi narigi qirg‘oqqa muvaffaqiyatli o‘tib olishgach, Rayban va Solopleks suvni qo‘yib yuborishdi – misrliklar qo‘shini dengizga g‘arq bo‘ldi. Ikkala farishta bundan juda xursand bo‘ldilar.
Rayban va Solopleks samoga qaytishgach, Xudoning huzuriga chaqirilishdi. Ular Xudoning nurli chehrasi tund va qayg‘uli ekanligini ko‘rib hayron qolishdi.
– Nahotki Muqaddas Zot bizning yutug‘imizdan norozi bo‘lsalar? – deb so‘radi Raybann Xudoning taxti tomon engashib.
– Sizlar xursand bo‘layapsizlar, – dedi Xudo. Bu savol emasdi.
– Sening xalqing ozod bo‘ldi, ularning dushmanlari halok bo‘lishdi, – deb xabar berdi Solopleks.
Xudo ikki farishtaga tikildi va ularning kiyimlari Uning chehrasida aks etgan qayg‘udan oqarib ketdi:
– Mening qancha ijodim dengizga cho‘kib ketdi, sizlar esa xursand bo‘layapsizlar!
Ushbu voqea – ravvinlar yuz yillar mobaynida Xudoning buyuk sevgisi to‘g‘risida aytib berganlarining boshqacha talqinidir. Garchi fir’avn va uning qo‘shini Xudoning tanlangan xalqini qul qilishga – hatto o‘ldirishga – uringan bo‘lsada, Xudo ularni O‘zining barcha ijodi kabi sevgan. U O‘zining farzandlaridan ham – hattoki o‘zini tuban tutayotgan va sendan nafratlanayotganlarga – aynan shunday sevgini ko‘rsatishlari kerakligi haqida aniq tushuncha bergan. Xudo buning oson ekanligini aytmagan, biroq buning to‘g‘ri ekanligini bildirgan.
MULOHAZA QILGIN: Sen qachondir dushmaningning omadsizligidan kuvonganmisan? Hozir o‘sha odamga qanday munosabatdasan? Nima deb o‘ylaysan, Iso “o‘z dushmanlarimizni sevish”ni amr etganida, U sevgi tuyg‘usini nazarda tutganmi? Yoki U xulq-atvor haqida gapirganmi? U ikkalasi haqida gapirganmi? Balki U yana boshqacha nimanidir nazarda tutganmi?
IBODAT: “Xudoyim, Sen hamisha menga sevish to‘g‘ri ekanligini eslatib turganing uchun va Sening sevging uchun rah mat. Menga ayniqsa ______________ paytlarda va bugun men o‘zimni Samoviy Otaning farzandi sifatida tutishim uchun yordam ber”.
Kalomdan o‘qish: Matto 22:34-40
Iso unga dedi: Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun oilangiz bilan seving. Bu birinchi va eng buyuk amr. Ikkinchisi esa shunga o‘xshashdir: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving. Butun Tavrot va payg‘ambarlarning hamma bitiklari mana shu ikki amrga tayanadi (Matto 22:37-40).
AGAR HAYOTING teleko‘rsatuv bo‘lganida edi, quyidagilardan qaysi biri seniki bo‘lardi? “So‘ngi qahramon”mi? “Yulduzlar fabrikasi”mi? “Oyna”mi? “Anshlag”mi? Yoki, ehtimol “Eng aqlli” ko‘rsatuvimi?
Mabodo sening hayoting qo‘shiq bo‘lsa, u qanday nomlangan bo‘lardi? Balki “Beparvolik”ka o‘xsharmidi? Yoki “Rashk”mi? Ehtimol, “Buyuk sarguzasht”dir? “Do‘stlarim menga yordam berishmadi” yoki “Onamdan boshqa hech kim meni sevmaydi” deb atalishiga nima deysiz?
Agar sening hayoting televizion kanal bo‘lsa, u multfilmlar, MTV, sport kanali, komediyali filmlar kanali yoki zerikarli hujjatli filmlar kanaliga o‘xshagan bo‘lardi.
Ehtimol, bu savollarga javob berish senga qiziqarlidir, biroq ular sening hayotingda muhim nimanidir ochib bermagan. Biroq bilasanmi nima? Agar Isoning hayoti teledastur bo‘lganida, u faqat “Sevgi” deb atalishi mumkin edi. Agar U haqda qo‘shiq yaratganlarida, u “Sevgi” deb nomlanardi.
Iso bizga sevishni amr etgan. U shunday degan: “Sizlarga yangi amr beryapman: bir-biringizni sevinglar. Men sizlarni qanday sevgan bo‘lsam, sizlar ham bir-biringizni shunday sevinglar. Agar bir-biringizni sevsangiz, sizlar Mening shogirdlarim ekaningizni hamma shundan bilib oladi” (Yuhanno 13: 34-35).
Iso bizga sevishni amr etgan, negaki U sevgini qadrlaydi. Isoning hayotidagi va Uning biografiyasidagi eng muhimi, markazi shuki, U nima qilgan va gapirgan bo‘lsa hammasi sevgidan iborat edi. U samodan tushib keldi, negaki sevar edi. U sevgi tufayli inson bo‘ldi. U sevgi bois ezguliklar qildi. U hatto sevgi bilan o‘lib qayta tirildi.
Isoning hayoti va so‘zi shuni ko‘rsatadiki, sevgi bu hamisha ezgulikdir. Bu barcha odamlar qachon va qayerda yashashlaridan qat’iy nazar ezgulikdir. Bu faqatgina Xudo sevish va sevgini qadrlashni amr etgani uchungina ezgulik emas, balki Xudoning O‘zi sevgi ekanligi bois shundaydir. Sevgi Xudoning asosiy tabiatidir (1 Yuhanno 4:8,16). Biz boshqa odamlarni, hatto dushmanlarimizni sevganimizda o‘zimizni xuddi “Samoviy Otaning farzandlari” (Matto 5:45) kabi tutamiz.
MULOHAZA QILGIN: Biz ezgulik va yovuzlikning uch bosqichdagi farqi haqida gapirdik (amr, qoida, Shaxs). Bugun o‘qish uchun ajratilgan parchani qayta o‘qib chiq va amr, qoida va Shaxs qayerda ekanligini aniqla.
IBODAT: “Ota, men Sening O‘g‘ling Iso amr etgani kabi Seni sevmoqchiman. Shuningdek, atrofimdagi odamlarni ham sevishni xohlayman. Bu haftada men ___________sevgi ko‘rsatishimga yordam ber”.
13 FEVRAL. SEVISH QIYIN BO‘LGANIDA
Kalomdan o‘qish: 1 Yuhanno 4:7-11
Ey azizlarim, bir-birimizni yaxshi ko‘raylik, chunki sevgi Xudodandir (1 Yuhanno 4:7).
“ULARNING SHAXSIY LIGASI” bu Ikkinchi Jahon Urushi davrida mavjud bo‘lgan professional ayollar ligasi haqidagi film. Filmdagi bir epizodda “Rokford Piches” jamoasining o‘yinchisi Dotti Xinson (uni Jina Devis ijro etadi) boshqaruvchi Jimmi Dagenga (uni Tom Xenks ijro etgan)jamoadan chiqib uyiga ketayotganligini aytadi.
– Menga juda og‘ir bo‘layapti, – deydi u.
– Aslida ham og‘ir bo‘lishi kerak, – deb javob qaytaradi Dagen. – Agar shunday bo‘lmaganida, har bir odam ham o‘ynay olardi. Aynan bu og‘ir bo‘lganligi uning qiymatini oshiradi.
Iso ham O‘z shogirdlariga shunga o‘xshash gapni aytadi: “Agar sizni sevganlarnigina yaxshi ko‘rsangiz, sizlarga qanday mukofot bo‘ladi? Axir soliqchilar ham shunday qilishmaydimi? Agar siz faqat o‘z yaqinlaringiz bilan salomlashsangiz, boshqalardan nima farqingiz qoladi? Axir butparastlar ham xuddi shunday qilishmaydimi? Osmondagi Otangiz barkamol bo‘lgani kabi, sizlar ham barkamol bo‘linglar (Matto 5:46-48).
Albatta, Dagen beysbol haqida gapirgan bo‘lsa, Iso sevish qiyin bo‘lgan odamlarga sevgi baxsh etish haqida so‘zlaydi. Biroq bu o‘rindagi mazmun shunga o‘xshash.
Sen uchinchi sinfdan buyon seni masxara qilib kelayotgan sinfdoshingni yaxshi ko‘rishing qiyin. Qiyin ham bo‘lishi kerak. Agar bu qiyin bo‘lmasa, har kimning ham qo‘lidan kelardi.
Sen har kunga, hattoki dam olish kunlariga ham uy vazifalarini beradigan o‘qituvchini yaxshi ko‘rishing qiyinmi? Va bu qiyin bo‘lishi ham kerak.
Seni asosiy guruhga qo‘shmagan murabbiyni, senga qichqiradigan qo‘shnini, sendan yuz o‘girgan do‘stingni yaxshi ko‘rishing qiyinmi?
Biz o‘zimizni oqlash va bu kabi odamlarda sevgi yo‘qligini kechirishga moyilmiz; biz ularni sevish nihoyatda qiyin ekanligini aytamiz. Biroq oson bo‘lgan paytdagina sevish kerak emas; bu murakkab bo‘lganida ham biz sevishimiz lozim. Bunday odamlarni – sevish qiyin bo‘lgan odamlarni – sevish qiyin bo‘libgina qolmay, balki Xudoning yordamisiz buning aslo iloji yo‘q. Xudo buni biladi. Shu bois “Muqaddas Ruh orqali yuraklarimiz Xudoning mehr-muhabbati bilan to‘lib toshadi” (Rimliklarga 5:5).
MULOHAZA QILGIN: Sen osongina sevishing mumkin bo‘lgan odamlar bormi? Sevish qiyin bo‘lgan odamlarchi? Sen bu haftada sevish oson va sevish qiyin bo‘lgan odamlarga sevgini qanday izhor etish haqida o‘ylab ko‘r.
IBODAT: “ Xudoyim, menga atrofimdagilarni sevib qolishim uchun yordam berayotgan Sening Muqaddas Ruhing uchun rahmat”.
14 FEVRAL. SEVGI SENI BAXTLI QILISHI MUMKIN
Kalomdan o‘qish: 2 Butrus 1:1-5
Bularni yodingizda tutib, Xudoga munosib hayot kechirish uchun jon kuydiringlar (2 Butrus 1:5).
AGAR QAYSIDIR o‘qituvchi dunyo tarixidagi eng baxtli odamlar ro‘yxatini tuzishni senga topshirsa, kim bu ro‘yxatdan o‘rin olgan bo‘lardi?
Natsistlar Germaniyasining dohiysi Adolf Gitlermi?
1940 yillardagi kommunistik Rossiyaning diktatori Iosif Stalinmi?
Rim shahrini yoqib yuborishda taxmin qilinayotgan imperator Neronmi?
Baytlahm atrofida yangi shoh tug‘ilganini eshitib, shohlikdagi barcha chaqaloqlarni qirib tashlashni buyurgan shoh Hirodmi? (Qaragin: Matto 2:16-18.)
Muqaddas Kitobdan Ester kitobida Fors shohligida barcha yahudiylarni qirib tashlashni o‘ylagan Xomon haqida nima deysan? (Qaragin: Ester 3-4).
Axabning xotini malika Izabelchi? U o‘zganing yerini qo‘lga kiritish uchun odamni o‘ldirishni buyurgan. (Qaragin: 2 Shohlar 21).
Sen tarixdagi eng baxtli odamlar haqidagi bu ro‘yxatingda yuqorida qayd etilgan mashhur odamlarning birortasi ham kiritilmaganini aytayapsanmi? Nima uchun? Ularda hokimiyat, qulay sharoit, boylik bor edi. Nega sen ularni baxtli deb o‘ylamaysan? Buning sababi juda oddiy: ularning hayoti nafratga to‘la edi, nafratlanadigan odam esa hech qachon baxtli bo‘la olmaydi.
Shu haqda o‘ylab ko‘r. Sen tanigan eng baxtli odamlar yaqinlarini va ko‘pchilikni sevishadi. Eng baxtiyor odamlar sevgiga to‘lgan odamlardir.
Xudo nafrat biz uchun zararli ekanini, sevgi esa baxtli qilishini biladi. U atrofidagilarni sevadigan odamlar sevgini ikki barobar ko‘proq, yani sevgini berayotgan va qabul qilayotgan paytlarida his qilishlarini biladi.
Oltmishinchi yillarda bir guruh shunday deb kuylagandi: “Sevgi seni baxtli qilishi mumkin”. Bu haqiqat. Agar sen Xudoga itoat etib, yaqinlaringni sevsang – sog‘lom va baxtli bo‘lasan, negaki sevgi haqiqatdan ham seni baxtiyor etadi.
MULOHAZA QILGIN: Sen dunyo tarixidagi eng baxtli odamlar ro‘yxatiga kimlarni kiritgan bo‘larding? Shaxsan qaysi baxtli odamlarni bilasan? Shu odamlar haqida mulohaza yurit. Ularning hayoti nafratga to‘liqmi yoki sevgigami?
HARAKAT QIL: Valentin kunida biror tanishingning oldiga borgin. Do‘stingga yoki qarindoshingga biror yaxshi ish qilgin.
IBODAT: “Xudoyim, Sening sevging meni baxtli qiladi. Men sevishni va sevimli bo‘lishni istaganim uchun juda baxtliman”.
Kalomdan o‘qish: 2 Butrus 1:5-11
Birodarlaringizga bo‘lgan mehr-oqibat va tugal muhabbat bilan boyitinglar. Agar bu xislatlarga ega bo‘lib, ularni kamol toptirayotgan bo‘lsangiz, demak, Rabbimiz Iso Masihni haqiqatan tanib bilgan bo‘lasiz. Kunlaringiz behuda o‘tmagan bo‘ladi, Masihni bilganingiz hayotingizda o‘z samarasini beradi (2 Butrus 1:7-8).
IKKINCHI JAHON URUSHI DAVRIDA natsistlar samolyotlari Parijni shafqatsiz bombardimon qilganlarida, fransuz shifokori Rene Shpits ajoyib bir yangilikni kashf etdi. Uni bolalar uyidagi go‘daklar orasida o‘lim darajasining nihoyatda yuqori ekanligi hayratda qoldirdi. U diqqat bilan kuzatib shuni bildiki, mehr-muhabbat bilan yondashilgan go‘daklar o‘zlarini ancha yaxshi his qilishgan. Bunga qiziqib qolgan shifokor bir qisqacha tajriba o‘tkazdi. U go‘daklarni ikkita guruhga bo‘ldi. Ikkala guruhda ham bolalarga bir xilda tan salomatliklari uchun yondashildi: oziqlantirishdi, muntazam cho‘miltirib, kiyimlarini almashtirib turishdi. Farq faqat bir narsada edi: birinchi guruhdagi chaqaloqlarni enagalar doimo o‘pishib tebratishar, qo‘llarida ushlab erkalashardi. Ikkinchi guruhdagi go‘daklarga garchi boshqa tomonlama ajoyib g‘amxo‘rliklar qilingan bo‘lsada, ularga enagalari tarafidan bunday mehr-muhabbat ko‘rsatilmadi.
Ehtimol, sen nima bo‘lganligini payqagandirsan. O‘pichlarga ko‘milgan va erkalatilgan go‘daklar nafaqat ulg‘ayishdi, balki gurkirab o‘sishdi. G‘amxo‘rlik ko‘rsatilgan, ammo sevgi bildirilmagan bolalar esa sekinlik bilan ulg‘ayishdi; ular tez-tez yig‘lashar va kasal bo‘lib qolishardi. Toki tajriba davom etib turganida, ularning rivojlanishi sekin kechdi.
Sevgiga bo‘lgan talabimiz biz ulg‘ayganimizda ham kamaymaydi. Sevgi – inson uchun hamisha ulkan ahamiyatga ega. Atrofimizdagilarni sevish haqidagi Xudoning amrini bajarib, biz javob tariqasida sevgini qabul qilamiz, yanada sog‘lom va baxtli bo‘lamiz. Yaqinlarni sevish haqidagi Xudoning amrini bajarsangiz, “kunlaringiz behuda o‘tmagan bo‘ladi, Masihni bilganingiz hayotingizda o‘z samarasini beradi”. Atrofdagilarga bo‘lgan sevgi sening sog‘liging va rivojlanishing uchun katta ahamiyat kasb etadi. Sevgi sening hayotingdagi va atrofingdagilar hayotidagi hamma narsani o‘zgartiradi.
MULOHAZA QILGIN: Kalomning bugungi qismidan biz diyonat boshqa masihiylarni va umuman barcha boshqa insonlarni sevishga undashi haqida bilib olamiz. Odamlarga bo‘lgan sevgi nima o‘zi? Nima deb o‘ylaysan, bunga bir lahzadayoq o‘rganish mumkinmi? Bu qanday yuz beradi?
Sen boshqa odamlarga bo‘lgan sevging o‘zing uchun marhamat bo‘lgan deya, seni sog‘lom va baxtiyor qilgan deya hisoblaysanmi? Sening boshqa odamlarga bo‘lgan sevging marhamat bo‘lganmi?
IBODAT: “Xudoyim, men o‘z sevgimni boshqa odamlarga ko‘rsatayotgan chog‘imda his qilgan tuyg‘ularim uchun Senga rahmat. Bu haftada mening sevgimga muhtoj bo‘lgan biror kishini menga ko‘rsat”.
Kalomdan o‘qish: 1 Yuhanno 3:18-20
Aziz bolalarim, biz haqiqiy sevgimizni quruq gap bilan emas, amalda ko‘rsataylik. Shunda biz haqiqat ahli ekanimizga ishonch hosil qilamiz (1 Yuhanno 3:18-19).
SEN o‘zini mashhur poygachi deb aytayotgan, ammo mashinani garajdan haydab chiqara olmayotgan odamga ISHONASANMI?
Sen dunyodagi mashhur sirkda ikki uchiga arqon bog‘lab qo‘yilgan tayoqda yurishini ta’kidlab, ammo oyog‘i ikki tomonga ochiladigan narvonga chiqib, lampochkani almashtirishdan qo‘rqadigan ayolga ishonasanmi?
Sen o‘zini kelajakni biladigan dunyodagi eng buyuk odamligini aytib, biroq sendan vaqt necha bo‘lganligini so‘rayotgan odamga ishonasanmi?
Ishonmasang kerak, albatta. Nima uchun? Negaki ularning ishlari aytgan gaplariga to‘g‘ri kelmaydi.
Mabodo odamlar kimnidir sevishlarini aytib, buni amalda isbotlamasalar, buning hammasi quruq gap, xolos. Bunday gaplarga ishonish qiyin, negaki ular ishonchga sazovor emas.
Ko‘rayapsanmi, sevgi haqida gapirish boshqa masala. Buni amalda isbotlash esa butunlay boshqa masaladir.Misol uchun, sen yaqinlaringni sevishing haqida aytishing mumkin, biroq sen qachon oxirgi marta ro‘parangda yashovchi yuz yoshli qariyaga yordam berding, uning hovlisidagi qorni tozalab ko‘lmaklarni yo‘qotding? Sen hammani juda ham sevishing haqida gapirishing mumkin, ammo sen qachon bu quruq so‘z bo‘lib qolmasligi uchun amalda ko‘rsatding?
Havoriy Yuhanno, “so‘z va til bilan emas, balki ishlarimiz va haqiqat bilan seva oladigan bo‘lamiz”,deb yozgan. Sening harakatlaring yaqinlaringa bo‘lgan sevgingdan dalolat beradimi?
MULOHAZA QILGIN: Kalomdan bugungi parcha biz ota-onamizga, do‘stlarimizga va biz sevadigan boshqa odamlarga, “men sizni yaxshi ko‘raman” – deb aytishimizni to‘xtatishimiz lozimligini bildirmaydi; biz sevgi haqida faqatgina gapirish bilan cheklanib qolmasligimiz lozim. Boshqacha qilib aytganda, biz buni aytishimiz va isbot ham qilishimiz kerak. Balki, sen kimgadir o‘z sevging haqida eslatishing lozimdir? O‘z yaqiningga bo‘lgan sevgingni sen qanday namoyon etasan?
HARAKAT QIL: Ota-onang bilan oiladan tashqarida kimgadir Xudoning sevgisini qanday ko‘rsatish haqida muhokama qilib ol (masalan: pirojniy pishirish, bemor bolaga u o‘ynashi uchun itcha olib berish; jazo muddatini o‘tayotgan mahkumga otkritka yo‘llash; yolg‘iz onaning bolasiga qarab turish; chol-kampirlar uchun slaydlar ko‘rishni tashkil etish va shunga o‘xshash tadbirlar).
IBODAT: “Xudoyim, Sendan sevgi taralishini men bilaman. Marhamat qilib, menga shu haftada o‘z sevgimni .................... ko‘rsatishimga yordam ber”.
Kalomdan o‘qish: Qonunlar 6:20-24
Egamiz Xudo: “Mana shu farmonlarning hammasiga rioya qilinglar, Mendan qo‘rqinglar, shunda bugungiday tirik bo‘lasiz, baxtli hayot kechirasiz”, dedi (Qonunlar 6:24).
– MEN SENGA BIR NARSANI KO‘RSATMOQCHIMAN, – dedi Vova do‘sti Sashaga amerikacha karuselga o‘tirganlarida. U o‘ziga xavfsizlik kamarini olib, uni oxirigacha tortmasdan joyiga qaytarib qo‘ydi.
– Men kamarni oxirigacha qistirmaslik yo‘lini bilaman!
O‘rindiqlar qimirlay boshlaganida, Vova Sashaga o‘girildi.
– Ko‘rayapsanmi? – dedi u xavfsizlik kamarini ko‘tarib.
– Sen aqldan ozdingmi? – deb so‘radi Sasha.
– Bu axir ajoyib-ku, shunday emasmi? – javob berdi Vova.
– Vova, men hazillashmayapman, – o‘rindiq oldinga silkindi va pastga tik tushadigan qiyalikka tezlik bilan ko‘tarila boshladi.
Vova yelkalarini qisdi:
– Tashvishlanma, men avval ham shunday qilganman.
Sasha kamarga qo‘lini cho‘zib uning tugmachasini bosdi. Kamar shiqirlab joyiga mustahkam o‘rnashdi.
– Nega sen bunday qilding? – deb so‘radi Vova.
– Bilasanmi, xavfsizlik kamarini bu yerga shunchaki qo‘yishmagan, – javob berdi Sasha.
– E qo‘ysangchi, karusel egalari o‘zlarini qonun oldida himoyalash uchun bu kamarlarni qo‘yishgan!
– Ular sen boshing bilan yerga urilishingni xohlashmaydi!
– Lekin menda yiqilish niyati yo‘q, – deb o‘z so‘zida turib oldi Vova.
Ayrim odamlar Vova amerikacha karuselda xavfsizlik qoidalariga qanday yondashgan bo‘lsa, Xudoning qonunlariga ham shu kabi noto‘g‘ri yondashadilar. Ularning nazarida, Xudo O‘z amrlarini (misol uchun, “Yolg‘on gapirma”, “Ota-onangni hurmat qil”, “Zino qilma”) bizning erkinligimizni cheklash uchun, hayotdan zavq olishimizga xalaqit berish uchun o‘rnatgan. O‘sha odamlar: qoidalar – buzish uchun yaratilgan, deb o‘ylashadi: qoidani buzadigan odamlar go‘yoki qiziqarliroq yashashadi.
Biroq Xudoning amrlari xuddi attraksiondagi xavfsizlik tizimi singari bizga tasodifan berilmagan. U bizning xursandchilik qilishimizga xalaqit bermoqchi emas; Uning amrlari bizning yaxshiligimiz uchun, xavfsizligimiz va himoyamiz uchun yaratilgan. Ba’zan qoidalarni buzadigan odamlar juda yaxshi yashayotgandek tuyuladi, ammo bu tasavvur yolg‘onchidir.
Xudoning amrlarini bajarish attraksionlarda nafaqat xavfsizligingni ta’minlaydi, balki bu amrlar attraksionni yanada qiziqarli qilishi mumkin.
MULOHAZA QILGIN: Xudoning amrlari attraksiondagi xavfsizlik tizimiga qanchalik o‘xshash? Nima deb o‘ylaysan, agar foydalanmasak bizga xavfsizlik tizimi kerakmi? Nima deb o‘ylaysan, agar e’tibor bermasang ham Xudoning amrlaridan foyda bormi?
IBODAT: “Xudoyim, Sening barcha amrlaring uchun rahmat. Sen meni O‘z amrlaring bilan himoya qilayotganing uchun rahmat. Menga O‘z amrlaringni bajarishimga yordam ber, ayniqsa ___________________”.
18 FEVRAL. TO‘G‘RILIK HAQIDAGI HAQIQAT
Kalomdan o‘qish: Zabur 145:1-10
...Osmonni, yerni hamda dengizni yaratgan.
Dengizu undagi hamma jonzotni U yaratgan,
U to abad sodiq bo‘lib qoladi (Zabur 145:6).
XUDO YARATMAGAN NARSALAR HAM BOR.
Bu gap seni hayron qoldirdimi? Bu haqiqat.
Ha, U borliqni behisob yulduzlar galatsikasi, astroidlar va qora tuynuklari bilan birga yaratgan.
U olamni barcha daryolari va ummonlari bilan, tog‘lari va vodiylari bilan, qoyalari, o‘simliklari va daraxtlari bilan birga yaratgan.
U barcha baliqlarni va dengiz jonivorlarini yaratgan. U delfinlarni, kitlarni, qilich baliqlarni va boshqa turli baliqlarni yaratgan. U akulalarni shisha ko‘zlari bilan yaratgan. U skatlarni o‘tkir dumlari bilan birga yaratgan. U sher-baliqni zaharli yoli bilan va kambalani chayqalib turadigan yonboshi bilan birga yaratgan.
U kondorning ulkan qanotini va mittigina kolibrining chaqqon uchishini yaratgan. U Kanada silovsinining qulog‘ida o‘tkir mo‘yni va jirafaning uzun bo‘ynini yaratgan. U kulgili ko‘rinadigan zirhli hayvonni, jilvakor kiyikni, baquvvat jag‘li timsohni va mayin mushuklarni yaratgan.
Biroq Xudo yaratmagan narsalar ham bor. U haqiqatni yaratmagan, negaki Uning O‘zi haqiqatdir. Haqiqat – Xudo tabiatining bir qismidir.
Albatta, haqiqat deb ataladigan narsa mavjud emasligini aytadigan odamlar ham bor. “Haqiqat nisbiydir”, deb aytishadi ular. “Har kimning o‘z haqiqati bor”. Biroq hattoki kim ularning aytganlarini haqiqat deb hisoblasa va ishonsa, boshqa bir vaziyatda ular bunday deb aytishmagan bo‘lardi.
Biroq haqiqat mavjud bo‘libgina qolmay, u abadiy va o‘zgarmasdir, negaki u Xudo O‘zligining bir qismidir. Muso shunday degan: “U haq va odildir” (Qonunlar 32:4). Haqiqat bizni boshqarishi mumkin, negaki xuddi zaburchi qilganidek biz ibodat qila olamiz: “O‘zing meni boshlab borgin, Haqiqatingni menga o‘rgatgin, Najotkorim Xudo O‘zingsan” (Zabur 24:5).
MULOHAZA QILGIN: Nima uchun Muqaddas Kitobdan bugun o‘qilgan oyat Xudo haqiqatni yaratmaganligi haqida guvohlik beradi? Haqiqat qay tarzda Xudo bilan bog‘liq? Nima deb o‘ylaysan, haqiqat yo‘qligi haqidagi gapda mazmun bormi? Nima uchun shunday yoki shunaqa emas?
IBODAT: Yuhanno Xushxabarining 17 bob 17 oyatida Isoning shogirdlari uchun qilgan ibodatini o‘qigin. O‘zing haqingda gapirib, bu oyatni ovoz chiqarib o‘qi.
Kalomdan o‘qish: Rimliklarga 5:12-17
Bir odamning dastidan dunyoga gunoh kirib keldi. Gunohdan esa o‘lim kelib chiqadi. Natijada insonlar o‘ladigan bo‘ldi, chunki hamma gunohkordir (Rimliklarga 5:12).
UNI “qora ajal” deb atashardi. U Xitoyda 1334 yilda paydo bo‘lib, tezda butun Hindiston, Eron, Rossiyaga, so‘ngra esa Yevropaga tarqaldi. Odamlar to‘satdan kasallikka chalinishardi, ularda tana harorati tez ko‘tarilib, tomoq qurib qolardi, birdan bo‘g‘iq yo‘tal tutardi; yuzlarda qora dog‘ paydo bo‘lib bir necha kun ichida olamdan o‘tishardi. Bir necha yil ichida esa o‘lat 60 million odamning umriga zomin bo‘ldi. U Yevropada shunchalik keng tarqaldiki, har to‘rtta yevropalikning biri shu kasallikdan vafot etdi. XIX asr oxirida o‘lat Gonkongni, so‘ngra boshqa mamlakatlarni qamrab oldi, ayniqsa Hindistonda o‘lat tufayli keyingi yigirma yil davomida 10 million odam hayotdan ko‘z yumdi.
Gripp epidemiyasi Birinchi jahon urushining oxirida, 1918 yilda Fransiyaning shimolida jang qilayotgan askarlar orasida boshlandi. Minglab askarlarning harorati ko‘tarilib, qaltiroq tutar va o‘qchib qolishardi. Ulardan ayrimlari Fransiyani tark etganida, epidemiya butun dunyoga tarqaldi. Yuz millionlab odamlar kasallikka chalindi. Hisoblashlariga ko‘ra, ushbu kasallik tufayli 20 million kishi hayotdan ko‘z yumgan, bu esa urushda o‘q va bombalardan halok bo‘lganlar sonidan ham ko‘proq edi.
Biroq bugungi kunda dunyo bezli o‘lat (“qora o‘lat”) yoki grippdandan ham yanada dahshatliroq xastalikdan azoblanmoqda. U barcha mamlakatlar va barcha xalqlarning odamlariga, 5 milliard kishiga xavf solmoqda. Bu kasallik gunohdir.
Birinchi erkak va birinchi ayol Xudoga itoatsizlik qilib gunoh qilgan paytlaridan boshlab (Ibtido 3-bobni o‘qigin) biz hammamiz gunohkorlar bo‘lib tug‘ilamiz. Bu esa biz hammamiz xastalikka chalinganimizni va yomon ishlar qilishga moyillik biz uchun tabiiy ekanligini bildiradi. Ba’zan biz noto‘g‘ri tanlov qilamiz, negaki nima yaxshiyu, nima yomonligini tushunmaymiz. Biz do‘stlarimizning yomonlikka undaydigan bosimiga bo‘ysunishimiz yoki o‘zimizda zararli odatlar bo‘lganligi uchun yomon ishlarga qo‘l uramiz. Biroq oxir-oqibat biz yomon ish qilamiz, negaki biz gunohkorlarmiz.
Bu esa biz noto‘g‘ri yo‘l tutishimiz kerak, degani emas. Bu kasallikka qarshi davo bor: Iso Masihning xochdagi qurbonligi. U nafaqat bizning gunohlarimiz uchun to‘lov qilgan, balki gunoh va o‘limni yengib chiqqan, shu bois noto‘g‘ri ishlar qilishga nuqta qo‘yishimiz kerak. Xudoga iltijo qilib Unga ishonganimizda, biz to‘g‘ri qarorga kelishimiz mumkin.
MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, odam Xudoning yordamisiz gunoh qilishdan tiyilishi mumkinmi? Nima uchun shunday yoki bunday emas?
IBODAT: Sen gunohlaring uchun Isoning qurbonligini qabul qilib Xudodan kechirim so‘radingmi, Masih seni gunohdan va gunoh tufayli jazolanishdan xalos etganiga ishonasanmi? Agar shunday qilmagan bo‘lsang, nima uchun buni hoziroq qilmaysan? Agar sen buni amalga oshirgan bo‘lsang, Unga “boy ehsoni” uchun minnatdorchilik bildirgin (Rimliklarga 5 : 15 ).
Kalomdan o‘qish: Galatiyaliklarga 5:16-22
Ruhning samarasi esa quyidagilardir: muhabbat, sevinch, xotirjamlik, sabr-toqat, mehribonlik, ezgulik, ishonch, muloyimlik va o‘zini tuta bilish (Galatiyaliklarga 5:22-23).
Mana, bu bilimlarni TEKSHIRISH UCHUN KICHKINA SINOV. Ko‘raylikchi, sen chap burchakdagi daraxtlar nomini o‘ng burchakdagi mevalar nomiga muvofiq topa olarmikansan.
olma dub banan nok shaftoli yong‘oq gilos xurmo apelsin |
|
apelsinlar noklar xurmolar cho‘chqayong‘oq giloslar olmalar yong‘oqlar shaftolilar bananlar |
Ahmoqona test, to‘g‘rimi? Hamma biladiki, olmalar olma daraxtida o‘sadi, yong‘oqlar esa yong‘oq daraxtida. Olcha daraxti har qancha urinmasin, u hech qachon olma mevasini tuga olmaydi, finikli palma daraxtida esa bitta ham banan o‘smaydi. Nega? Negaki bu daraxtlar bunday mevalarni berish xususiyatiga ega emas.
To‘g‘ri qaror bilan bog‘liq vaziyat ham shunga o‘xshaydi. Bizlardan hech kim har doimo to‘g‘ri qaror qabul qila olmaydi. Bazan esa biz bunga umuman qodir emasdek tuyuladi! Biz gunohkorlarmiz, bizda bunday natijalarni yaratish xususiyati yo‘q; har holda, biz buni tashqaridan yordam olmasdan qila olmaymiz. Bu xuddi og‘izda qo‘ziqorinni yetishtirgandek gap!
Bundan chiqdi, biz taslim bo‘lishimiz kerakmi? Yo‘q, biz o‘zimizda yashaydigan Masihning Ruhi yordami bilan to‘g‘ri qaror qabul qilishimiz kerak. Masih orqali qutqarilishga ishongan har bir kishida Uning Ruhi jo bo‘ladi. Faqat Unga har kuni sajda qilib – biz buni Muqaddas Kitobni o‘kish va ibodat yordamida bajarishimiz mumkin – doimo to‘g‘ri qaror qabul qila olamiz. Haqiqatdan ham shuni aytish mumkinki, to‘g‘ri qaror Muqaddas Ruh bizning hayotimizga, agar kundan kun Xudoga ishonchni oshirib borsak bu o‘z natijasini beradi.
MULOHAZA QILGIN: Sen keyingi paytlarda qanday qarorlar qabul qilding? U xuddi ananasdek tikanli, yong‘oqdek qattiq, olmadek shirin, gilosdek mazali edimi yoki yana boshqacharoqmi? Kelajakda qay tariqa qaror qabul qilmoqchisan?
IBODAT: Misol uchun, sen har kuni ertalab shunday ibodat qilishing mumkin: “Xudoyim, men Sen yaratgan ushbu kun uchun Seni ulug‘layman. Men Sening Ruhingga bugun qiladigan barcha ishlarimni nazorat qilishni topshiraman. Kun bo‘yi to‘g‘ri qarorlar qilishimga yordam ber. Iso nomi bilan, omin”.
Kalomdan o‘qish: Zakariyo 7:8-10
Men, Sarvari Olam, shunday degan edim: “Adolatli hukm qilinglar. Bir–biringizga mehribon bo‘linglar, rahm–shafqat qilinglar (Zakariyo 7:9).
U AYOLNI “muqaddas buloq” deb atashardi.
U rohiblar safiga kirib Hindistonga jo‘naganida o‘n sakkiz yoshda edi. U Kalkuttada dars berardi. U hech qayerda va hech qachon shu yerdagidek qashshoqlarni uchratmagan edi. Uning qalbi bu odamlarga nisbatan mehr-shafqat bilan to‘lib toshdi, shu bois u dunyodagi eng qashshoq va och odamlar orasida ishlash uchun ibodatxonani tark etishini so‘radi. U bunga ruxsat oldi.
U ochlar bilan birgalikda ovqat qoldiqlarini yig‘ardi. U boradigan joyi yo‘q bolalar, yetimlar bilan suhbatlashardi. U tashkil qilgan inoyat xizmati guruhi yetimlar, nogironlar va vafot etayotganlar uchun bepul oshxonalar, maktablar, boshpanalar yaratilishiga asos soldi.
Uzoq yillar dovomida uning mashaqqatlari noma’lumligicha qoldi, so‘ngra esa butun dunyo uning mehr-shafqatidan xabar topdi. 1979 yilda “muqaddas buloq” – ona Tereza Nobel mukofoti bilan taqdirlandi hamda jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etildi.
Bugungi kunda har bir kishi ona Terezaning mehr-shafqati yaxshi ekanligiga iqror bo‘ladi, garchi ko‘pchilik nima yaxshiyu, nima yomonligini o‘zi hal qilish huquqiga ega ekanligini aytsada. Hech kim ona Tereza go‘yoki yomon yo‘l tutganligini aytishga tavakkal qilolmaydi. Zero, u yovuzlikni emas, balki ezgulikni yaratganini ko‘rish qiyin emas. Bu sen qanday o‘ylashing yoki jamiyat nima deb o‘ylashiga hech qanday aloqador emas: ona Tereza nima qilgan bo‘lsa juda ajoyib va tahsinga loyiq, negaki uning ishi Kim ezgulik va go‘zallik bo‘lsa Uni aks ettiradi.
Ko‘rayapsanmi, bizlardan hech kim va hattoki hammamizni qo‘shib aytganda ham mehr-shafqat yaxshi yoki yomon ekanligini hal qilishga haqqimiz yo‘q. Dunyodagi har bir kishi o‘z qalbining tubida mehr-shafqat yaxshi ekanligini biladi. Biz mehr-shafqat – yaxshilik deb qaror qilganimiz uchun emas, balki Xudo nimani ezgulik deb atagan bo‘lsa, o‘shani ezgulik deb tan olganimiz uchun; bu ayol, Xudo ezgulik deb atagan mehr-shafqatning namunasi bo‘lgani uchun ona Terezadan hayratlanamiz.
MULOHAZA QILGIN: ona Tereza ko‘pgina munosabatlarda mehr-shafqatning timsolidir. Sen boshqa odamlarga nisbatan marhamatli munosabatda bo‘ladigan yana biror kishini ko‘rsata olasanmi?
Ehtimol, sen nogironlar va ochlar bilan tanish emasdirsan, biroq atrofingda mehr-shafqatga muhtoj odamlar bordir. Sen ushbu haftada shunday odamlarga mehr-shafqatni amalda qanday ko‘rsatishing mumkin?
IBODAT: “Xudoyim, menga bu haftada har kuni biror kishiga rahm-shafqat ko‘rsatishim uchun yordam ber”.
Kalomdan o‘qish: Mixo 7:8-10
Ey Xudo, Senga O‘xshashi bormikan?! Xalqingdan omon qolganlarning gunohlarini Sen kechirasan, ularning itoatsizligini avf etasan. To abad g‘azablanmassan xalqingdan, zavq olasan O‘zing mehr-shafqat ko‘rsatishdan (Mixo 7:18).
STIVEN SPILBERGNING Piter Pen haqidagi “Kapitan Kryuk” filmida Piter (uni Robin Uilyams ijro etadi) va kapitan Kryuk (Dastin Xoffman) shiddatli jangda o‘zaro qilichbozlik qiladilar, bu vaqtda esa Netlandiyalik bolalar (va Piterning balog‘atga yetgan bolalari Jek va Meggi) ularga qarab turishadi. Nihoyat Piter Kryugning qo‘lidagi qilichni urib tushiradi va qaroqchi tizzalab qoladi. Piter do‘stini o‘ldirgan odamning bo‘yniga qilichning tig‘ini niqtaydi.
– Sen Rufioni o‘ldirding, sen mening bolalarimni o‘g‘irlading, sen o‘limga loyiqsan, – deydi Piter.
Biroq Piterning bolalari kelishadi, Meggi otasining yelkasiga qo‘lini qo‘yadi.
– Uyga ketaylik, – deydi u. – Bu shunchaki bir razil qariya, uning onasi yo‘q.
– Ha, dada, – deb bu gapni quvvatlaydi Jek. – Uyga ketaylik.
Piter qilichini pastga tushiradi:
– O‘z kemangga o‘tirib suzib ketaver, – deydi u qilichini qiniga solar ekan Kryukka, hamda Meggi bilan Jekni ushlaganicha uy tomonga o‘giriladi.
Oxir-oqibat, Kryuk o‘z jazosini oladi, biroq Piter Penning qo‘lidan emas.
O‘z dushmaniga rahm qilgan Piterning ishi – qahramonning ishidir. U Kryukni qatl etganida qahramonlikning nur taratadigan gardishini yo‘qotgan bo‘lardi, garchi dushmani uni o‘ldirishga uringan bo‘lsada. Nima sababdan biz buni his qilamiz?
Negaki mehr-shafqat ezgulikdir.
Mehr-shafqat yaxshi, negaki Xudo bizga marhamatli bo‘lishni amr etgan. Muqaddas Kitobda shunday deb yozilgan: “Ey inson, nima yaxshi ekanligini Egamiz senga ayon qildi. Shudir Uning sendan qilgan talabi: Adolatli ish tutgin, Mehr-shafqat qilishdan zavq olgin, kamtar bo‘lib Xudoning yo‘lidan yurgin” (Mixo 6:8).
Mehr-shafqat faqat Xudo shafqatli bo‘lishni amr etgani uchungina yaxshi emas; mehr-shafqat ezgulik ekanligining boisi shuki, Xudo mehr-shafqat ni qadrlaydi: amrlar Xudo qanday munosabatlar va harakatlarni qadrlashini ko‘rsatib beradi.
Biroq mehr-shafqat Xudo uni qadrlagani uchungina yaxshi bo‘libgina qolmay, Xudoning O‘zi mehr-shafqat bo‘lganligi bois ham ezgulikdir. Rahm shafqat Xudo O‘zligini aks ettiradi. Muqaddas Kitobda “Xudo rahmdil” (Qonunlar 4:31; Naximiyo 9:31) deb yozilgan, shuningdek, Unga mehr-shafqat ko‘rsatish yoqishi aytilgan (Mixo 7:18). Rahm shafqat biz shunday deb o‘ylaganimiz va biz buni his qilayotganimiz uchun, hattoki hammma shu haqida gapiryotgani uchungina to‘g‘ri emas. Mehr-shafqatli bo‘lish to‘g‘ri ekanligining boisi shuki, u Xudoning tabiatini va fe’l-atvorini aks ettiradi. Mehr-shafqat ko‘rsatmaslik istagining noto‘g‘ri ekanligi esa bu, Xudo uchun tabiiy emasligi bilan izohlanadi.
MULOHAZA QILGIN: Nima munosabatlarni va harakatlarimizni to‘g‘ri qiladi? Nima esa munosabat va harakatlarimizni noto‘g‘riga aylantiradi?
Xudoning rahmdil ekanligini sen qayerdan bilasan? Xudo senga O‘z marhamatini qay tariqa ko‘rsatgan? Senga tanish boshqa odamlargachi?
IBODAT: “Xudoyim, Sen marxamatlisan, men Sening mehr-shafqating uchun minnatdorman. Menga boshqalar bilan shafqatli bo‘lishimga yordam ber, ayniqsa _________________”.
Kalomdan o‘qish: Luqo 6:36-38
Osmondagi Otangiz rahmdil bo‘lgani kabi, sizlar ham rahmdil bo‘linglar Boshqalarni hukm qilmang, shunda Xudo ham sizlarni hukm qilmaydi. Boshqalarni ayblamang, shunda Xudo ham sizni ayblamaydi. Boshqalarni kechiring, shunda Xudo sizni kechiradi (Luqo 6:36-37).
SHUNDAY O‘YIN BOR – umumiy mavzuga bog‘lanmagan bir qancha so‘zlardan bittasini tanlash kerak. Bu yerda nima ortiq? Javob berishga tayyormisiz?
pirog tort puding mashina moyi
Muso Tom va Jerri Doniyor Shoh Dovud
shafqat ezgulik hamdardlik o‘ch olish
Bu unchalik murakkab emasmikan? Agar oxirgi o‘rindagi “o‘ch olish”ni o‘chirgan bo‘lsang, sen haqsan: odamlar bir-birlaridan o‘ch olganlarida va kechirimni bilmaganlarida o‘zlarini beshafqat tutishadi.
Isoning shogirdlaridan biri Butrus bir kuni Ustozidan so‘radi: Hazrat, agar birodarim menga qarshi gunoh qilsa, uni necha marta kechiray? Yetti martami? Isoning javobi, ehtimol, Butrusni hayron qoldirgandir. “Sizlarga shuni aytay: yetti marta emas, — dedi Iso, — balki yetmish karra yetti marta” (Matto 18:21-22). Iso davrida ravvinlar uch marotaba kechirish kerakligi haqida o‘rgatishardi. Biroq Iso buni yaqqol ko‘rsatdi: Biz hech qachon boshqa odamlarni kechirishdan to‘xtamasligimiz kerak.
Mehr-shafqat kechirimdan boshlanadi. Agar sen kimnidir kechirishdan bosh tortsang, shafqatli bo‘la olmaysan. Mehr-shafqat bu senga zarar yetkazgan odamga nisbatan bo‘lgan sevgidir. Mehr-shafqat bu kapitan Kryukni qo‘yib yuborishdir. Mehr-shafqat bu tashvishlanishdan yoki xafa bo‘lib yurishni rad qilish “huquqi”dir. Har doim ham shafqatli bo‘lish oson emas. Biroq bu hamisha to‘g‘ridir.
MULOHAZA QILGIN: Senda kechirim uchun qandaydir “chegara” bormi? Sen kimnidir kechirishing kerakmi? Ehtimol, sening o‘zing kimdandir kechirim so‘rashing kerakdir?
IBODAT: “Xudoyim, juda afsusdaman, men o‘sha ____________ kechirishim qiyin bo‘layapti. Marhamat qilib menga ________________ mehr-shafqatli bo‘lishimga yordam ber”.
Kalomdan o‘qish: Matto 5:1-10
Iso katta bir olomonni ko‘rib, toqqa chiqib o‘tirdi. Shogirdlari Uning oldiga kelishdi. Iso shogirdlariga ta’lim berib, gap boshladi... Rahmdil bo‘lganlar baxtlidir,Chunki ular rahm–shafqat topadilar (Matto 5:1-2, 7).
QADIMGI RIMDA shafqatsiz xo‘jayinga tegishli bo‘lgan Androkl ismli qul haqida hikoya qilishgan. Androkl qochib ketib, uzoq vaqt o‘rmonda yashiringan. U ozod bo‘lganidan xursand edi, biroq o‘ziga ozuqa topishi qiyin kechgan. Uning ochlikdan sillasi qurigan. Nihoyat, Androkl o‘lgudek ahvolda bir qorong‘i g‘orga kirib uxlab qolgan.
Uni g‘orga kirib kelgan sherning baland o‘kirigi uyg‘otib yuborgan. Androkl, sher uni yeb qo‘yadi, deb qo‘rqqan, biroq sher g‘orni oqsoqlanib aylanganicha og‘riqdan ingrab turganini ko‘rib, hayron qolgan.
Ulkan yirtqich nihoyat yotganida, Androkl ehtiyotlik bilan uning yaqiniga borgan. Bu hayratomus, biroq sher o‘zining shikastlangan panjasini yigit ushlashiga ijozat bergan. Androkl sherning panjasiga kirib qolgan uzun va o‘tkir tikanni ko‘radi. U tezlik bilan bu tikanni olib tashlaydi. Sher yaralangan panjasini yalaydi, Androkl esa toki ikkalasi ham uxlab qolmagunlaricha panjani qo‘lida ushlab turadi.
Keyingi kuni ertalab sher Androkilga ozuqa keltiradi va buni toki g‘orga bir guruh askarlar kelmagunigacha davom ettiradi. Androklni qochoq qul sifatida ushlab Rimga olib ketishadi.
O‘sha davrlarda qochoq qullarni Kolizey maydonida yovvoyi yirtqichlar bilan ommaning ko‘zi oldida urishishga majbur qilishardi. Androkl bir necha kunni zindonda o‘tkazdi, so‘ngra esa uni Kolizeyga olib kelishdi. Soqchilar uni maydonga chiqarib yolg‘iz o‘zini qoldirishdi. U och yirtqichning o‘kirigini eshitib qo‘rquvdan titradi.
Nihoyat, maydonning narigi tomonidagi darvoza ochildi va sahnaga o‘kirganicha bahaybat sher chiqib keldi. Yirtqich bir sakrashi bilan Androklga tashlandi, olomon esa Androkl va sher uchrashganlaridan xursand bo‘lgan qadrdon do‘stlar kabi yerda do‘mbaloq oshib o‘ynaganlarini hayron bo‘lib tomosha qilardi. Bu qul bilan bo‘lgan voqeadan xabar topgan olomon Androkl va sherni ozod qilishlarini talab etdilar. Va xuddi shunday ham bo‘ldi.
Bu voqea bizni muhim haqiqatga o‘rgatadi. Iso bu xaqda shunday deydi: “Rahmdil bo‘lganlar baxtlidir, chunki ular rahm–shafqat topadilar” (Matto 5:7). Boshqalarga shafqatli bo‘lgan odam o‘zi ham tez-tez shafqat topadi, marhamatli bo‘lishdan bosh tortgan esa o‘zini ko‘pgina yaxshiliklardan mahrum qiladi.
Bu Xudoning amrlarini bajarish bizni qanday himoya qilishi, Xudo biz haqimizda qay tariqa g‘amxo‘rlik qilishiga oid yana bir misoldir.
MULOHAZA QILGIN: Senga nisbatan biror kishi marhamatli bo‘lganmi? Sen uning marhamatiga shu tariqa javob qaytardingmi? Sen boshqa birovga nisbatan mehr-shafqatli bo‘lganmisan?
IBODAT: “Xudoyim, Sen menga ko‘rsatayotgan marhamating uchun minnatdorman. Shu haftada Sening ijodingdan biriga mehr-shafqatni qanday ko‘rsata olishimni tushunishimga yordam ber”.
Kalomdan o‘qish: Matto 18:21-35
Men senga rahm qilganimday, sen ham sherigingga rahm qilsang bo‘lmasmidi? (Matto 18:33).
TELEVIZOR EKRANIDA xiralashgan siymo paydo bo‘ladi. Odamning ovozi g‘alati eshitiladi, ekran pastidan esa satrlar o‘tadi: Manni (bu o‘ylab topilgan ism) o‘zining kimligini bildirmagan holda chiqish qilmoqda. Uning shaxsiyatini himoya qilish maqsadida ko‘rinishi va ovozi o‘zgartirilgan.
Menda xamma narsa bor edi. Pul, mashina, shaharda kvartira va shahar tashqarisida uy. Biroq mening ozroq qarzim bor edi, to‘g‘risi aytsam, qarzim kattagina edi. Millionlab. Men kompaniyaning pulini go‘yoki “qarz”ga olgandim – nima haqda gapirayotganimni bilsangiz kerak. Xiralashgan siymo kursida qimirlab qo‘yadi. – Mening rahbarim buni bilib qolgach, o‘zining boshlig‘iga aytgan. Nihoyat bu eng yuqori rahbaryatga ham yetib bordi. Kompaniya boshlig‘i meni chaqirib o‘z pullarini qaytarib olmoqchi ekanligini aytdi. Men shunday dedim: “Hozir menda pullar yo‘q. Biroq men ularni qaytaraman, chin so‘zim”.
Shunda u meni uzoq muddatga qamoqqa jo‘natishini va oilamni ko‘chaga tashlashini aytib, do‘q urdi. Men shunday dedim “Menga qarang nima kerak bo‘lsa hammasini qilaman. Har bir sentni foizi bilan to‘layman. Menga faqat ozgina vaqt kerak”. Rahbar uzoq vaqt menga jimgina qarab turdi, so‘ngra esa shunday dedi: “Mana men senga nima deyman. Men qarzingdan kechaman. Men bu pullar haqida unutaman. Sen bu yerdan qarzdan ozod bo‘lib chiqasan. Faqat kelajakda boshqa bunday qilmagin”.
Men o‘z quloqlarimga ishonmasdim! U mening qarzimdan kechdi – bu inson qo‘lini yuvib qo‘ltiqqa urdi – bu juda oddiy kechdi! Men idoradan chiqqanimda osmonga uchay derdim! Rahbar qabulidan chiqib, hamkasbim Mayk Kennedini uchratdim va shu zahotiyoq undan talab qildim: “Ikki ming dollar qarzingni menga qaytarib ber”. – U shunday dedi: “Men hozir qarzimning faqat bir qismini qaytarishim mumkin, qolganini esa bir necha haftadan keyin beraman”. – “Bunaqasi ketmaydi” – dedim men va agar shu kunning oxirigacha hamma pullarimni qaytarmasa uni xonavayron qilishimni aytdim. Men axir uning pullari borligini bilardim, – u shunchaki qaytarib berishni istamasdi!
Ma’lum bo‘ldiki, boshliqning kotibasi mening Kennedi bilan suhbatimni eshitgan, rahbar esa yana meni o‘z oldiga chaqirdi. “Men axir sening qarzingdan kechmagan edimmi? – deb so‘radi u. – Ko‘p millionlik qarzingdan-a? Men senga shafqat qildim, sen esa Kennediga nisbatan marhamat ko‘rsatishni istamading. Bizning kelishuvimiz bekor qilinadi”. – Va mana – kamera o‘zini tanitmayotgan hikoyachining oldidagi qamoq panjarasini ko‘rsatish uchun aylanadi – men mahkumlar qatorida o‘tiribman. Eng g‘alatisi nima ekanligini bilasizmi? – deb so‘raydi o‘sha odam qayg‘uli tus olib. – Kennediga mening lavozimimni berishdi!
MULOHAZA QILGIN: Nima deb hisoblaysan, bu voqea va Isoning rivoyati bizni mehr-shafqatli bo‘lish foydali ekanligiga o‘rgatadimi?
IBODAT: “Xudoyim, Sen mening ko‘plab gunohlarimni kechirgansan. Sendan o‘tinib so‘rayman, men ____________ va ____________ uchun kechirishimga yordam ber”.
26 FEVRAL. SENING OBRO‘-E’TIBORING QANDAY?
Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 3:1-4
Sevgi va sadoqatni aslo tark etma. Bo‘yningga marjon qilib taqib ol, yuraging qa’riga yozib qo‘y. Shunda Xudoning ham, odamlarning ham mehrini qozonasan, ulardan izzat-hurmat topasan (Hikmatlar 3:3-4).
CHAP QATORDA hayotiy va o‘ylab topilgan qahramonlarning nomlari kiritilgan bo‘lib, ular muayyan hurmatga egadirlar. O‘ng qatordan har biriga mos tavsifni topgin.
1 |
Benedikt Arnold |
A |
Johil |
2 |
Midas |
B |
Xasis |
3 |
Skrudj |
V |
Rassom |
4 |
Maykl Jordan |
G |
Kambag‘al |
5 |
Xon Attila |
D |
Romantik |
6 |
Pokaxontas |
E |
Olim |
7 |
Gerkules |
J |
Xoin |
8 |
Albert Eynshteyn |
Z |
Badavlat |
9 |
Mikelandjelo |
I |
Sportchi |
10 |
Romeo |
K |
Polvon |
Xo‘sh, nima bo‘ldi? Mabodo javoblarning yarmini bilmasang ham, o‘zingni urintirma; bu bor yo‘g‘i ermak! Agar sen hammasiga to‘g‘ri javob bergan bo‘lsang, u holda o‘zingni Albert Eynshteyn deb nomlagin!
Yanada muhimrog‘i mana bunday savolga javob berishdir: agar bu ro‘yxatda sening isming bo‘lsa, do‘stlaring, ota-onang va boshqa odamlar buni qanday tavsiflagan bo‘lishardi? Agar o‘ng qatorda rahmdil va mehr-shafqatli degan so‘zlar bo‘lsa, ularni sening noming bilan bog‘lay olisharmidi? Agar shunday bo‘lsa, sen mehr-shafqatli inson degan hurmatga sazovar bo‘libsan. Bu hurmat-e’tibor yoqimli bo‘lib qolmasdan seni himoya ham qiladi. Agar seni rahmdil va mehr-shafqatli deb hisoblashsa, odamlar senga intilishadi. Senda boshqalarga yordam berish imkoniyatlari ochiladi va senga boshqalar yordam berishadi.
Mabodo sen bilan rahmdil va mehr-shafqatli so‘zlari bog‘lanmagan bo‘lsa, bu sifatlarni egallab olishni boshlash uchun hali kech emas. Shunda sen Muqaddas Kitobning bugun o‘qiladigan oyatida aytilganidek, “Xudoning ham, odamlarning ham mehrini qozonasan, ulardan izzat hurmat topasan” va atrofdagilarga bo‘lgan mehr-shafqatli munosabating mevasidan bahramand bo‘lasan.
MULOHAZA QILGIN: Hikmatlar Kitobining 22:1 da shunday deyilgan: “Yaxshi nom eng katta boylikdan ortiq, marhamatga sazovor bo‘lish esa kumushu oltindan ham yaxshi”. Nima deb o‘ylaysan, bu haqiqatmi? Nima uchun?
IBODAT: “Xudoyim, Sen va odamlar men haqimda chindan ham yaxshi fikrda bo‘lishlarini istayman. Men bugun ayniqsa ______________ ga mehr-shafqatli munosabatda bo‘lmoqchiman va quyidagi ishlarni qilmoqchiman ___________”.
27 FEVRAL. XUDODAN BERILGAN MUKOFOT
Kalomdan o‘qish: 1 Shohlar 26:1-25
Egamiz har bir odamning to‘g‘riligiga va sadoqatiga yarasha mukofot beradi (1 Shohlar 26:23).
BECHORA YUSUF. U Po‘tifar ismli odamning qo‘lida ishlab yurganida, xo‘jayinning xotini uni o‘ziga jalb etmoqchi bo‘ldi. Ayol shunday dedi:
– Yusuf, azizim, men bilan to‘shakka yotmaysanmi? (Ibtido 39:7, erkin tarjima).
Xo‘sh, Yusuf nima qildi? U tashqariga qarab yugurdi! Yusuf to‘g‘ri yo‘l tutdi va bilasanmi, nima bo‘ldi? U qamoqqa tushdi!
Bechora Ilyos. Xudo unga Karmil tog‘ida barcha isroilliklarni, shuningdek, 850 nafar soxta payg‘ambarlarni to‘plash haqida buyurganida, u Isroil Xudosining payg‘ambari bo‘lib, o‘z ishlari bilan mashg‘ul edi. Ilyos nima qildi? U ibodat qilib, Xudoning dushmanlari bilan bo‘lgan buyuk muhorabada g‘olib chiqdi! Ilyos to‘g‘ri yo‘l tutdi, xo‘sh, bilasanmi keyin nima bo‘ldi? U yovuz malika Izabeldan jonini qutqarish uchun qochishga majbur bo‘ldi (qaragin: 3 Shohlar 18:1-19:9).
Bechora Doniyor. U xonasida har kuni uch marotaba Xudoga ibodat qilib, o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib yurganida shoh bir oy mobaynida o‘zidan boshqa hech kimga sajda qilmasliklarini buyurdi (qaragin: Doniyor 6:1-18). Shunda Doniyor nima qildi? U har doimgidek Xudoga sajda qildi. Doniyor to‘g‘ri yo‘l tutdi va bilasanmi, nima bo‘ldi? U zindonga - sherlar orasiga tashlandi!
“Mana shunaqa! - deysan sen. - Bu yigitlar to‘g‘ri yo‘l tutganlari uchun faqat noxushlikka duch kelishdimi?”
Aynan shunday.
“Biroq, - deb hayron bo‘lasan sen, - axir to‘g‘ri qaror bizni himoya qilishi va xatardan asrashi kerak”.
Aynan shunday.
“Biroq nima uchun bu holda, - deb so‘raysan, - barcha bu noxushliklar Yusuf, Ilyos va Doniyor bilan yuz berdi? To‘g‘ri qaror ularni himoya qilganga o‘xshamaydi-ku!”
Ammo aslida, bunday qarorlar ularni himoya qilgan. Biroq, bu voqealar va boshqa ko‘plab odamlarning tarixi shuni ko‘rsatadiki, to‘g‘ri qaror har doim ham taqdirlanmaydi. U biz uchun tezda yaxshilik keltirishiga kafolat yo‘q; aksariyat hollarda esa to‘g‘ri qaror hech kanday yaxshi natijaga olib kelmaydi.
Shoh Shoul Dovudni taqib qilganida (1 Shohlar 26), Dovud Xudo moylagan shohga marhamat ko‘rsatishni lozim topdi. Biroq Dovud Shoulga shafqat qilganida uning holati yaxshi emas, balki yomon bo‘ldi. Uning tutgan yo‘li darrov natija bermadi, Biroq Dovud baribir to‘g‘ri ish qildi va Xudo vaqti kelib Dovudni Shoul o‘rniga shoh qilib tayinladi.
Biz har doim ham yaxshi ishlarimiz uchun darrov taqdirlanmaymiz, balki umuman taqdirlanmasligimiz ham mumkin. Biroq biz taqdirlanamizmi yo‘qmi, to‘g‘ri ishlar Xudoni hamisha xursand qiladi. Dovud shunday degan: “Egamiz har bir odamning to‘g‘riligiga va sadoqatiga yarasha mukofot beradi” (1 Shohlar 26:23).
MULOHAZA QILGIN: Sen to‘g‘ri qaror qabul qilganing uchun qachonlardir afsuslanganmisan? Nima uchun shunday yoki shunday emas?
IBODAT: “Xudoyim, men hattoki taqdirlanmasam ham to‘g‘ri yo‘l tutishimga yordam ber. Men hozir to‘g‘ri ish qilishim uchun Sening yordaming ayniqsa zarur, xususan_________________”.
28 FEVRAL. MOG‘OR KASALLIGI VA POPUKLAR HAQIDA
Kalomdan o‘qish: Rimliklar 14:21-23
Biror narsani yeyish haqida ikkilanib turib, baribir yeyishga qaror qilgan odam hukmga duch bo‘lishi muqarrar (Rimliklar 14:23).
XUDO BIZGA nima to‘g‘riyu nima noto‘g‘ri ekanligi haqida ko‘plab ko‘rsatmalar bergan. Bu haqda U juda aniq gapiradi: “yolg‘on gapirma”, “o‘g‘irlik qilma”, “ota-onangni hurmat qil” va hokazo.
Xudo juda ko‘p aniq amrlar bergan. Misol uchun, uning Isroil xalqiga bergan amrlarida quyidagilar haqida batafsil ko‘rsatmalar bor:
· ruhoniylarning kiyimlari (Chiqish 28:1-43)
· qanday hayvon, baliq va qushlarni iste’mol qilish mumkin (Levilar 11:1-19)
· uyni qanday qilib “mog‘orli kasallik”dan tozalash mumkin (Levilar 14:33-53)
· kiyimdagi popuklar qanday bo‘lishi kerak (Sahroda 15:37-41)
· xotinlar va qizlar necha marotaba va’da berishlari mumkin ( Sahroda 30)
· agar sen yerda qush uyasini topib olsang, nima qilishing kerakligi haqida (Qonunlar 22:6-7)
Bu axir ajoyib emasmi? Agar sening uyingda “mog‘orli kasalliklar” paydo bo‘lsa yoki masihiy buvang popuk taqib yuradimi yo‘qmi, sen ko‘rsatmani qayerdan olishni bilasan!
Afsuski, nima yaxshiyu, nima yomon ekanini bilish hamisha ham oson emas. Albatta, shunday muqarrar tushunchalar bor, ya’ni, qotillik, o‘g‘irlik, sevgi va marhamat. Biroq bazan sening tanloving yaxshi yoki yomon ekanini tushunish qiyin. Aksariyat hollarda to‘g‘ri yo‘lni tanlash juda qiyin. Agar sen harakating yomonligiga ishonmasang, uni qilishing mumkinmi? Agar ishonching komil bo‘lmasa, hech narsa qilmaslik kerakmi? Agar senda harakat qilishing uchun ikkita yo‘l bo‘lsada, sen hech biriga ishonmasang nima qilasan?
Agar sen biror ishning yaxshi yoki yomon ekanini bilmasdan qilsang, bu hamisha ham gunoh bo‘lavermaydi. Biz hamma narsani bilolmaymiz va bilmagan narsalarimizning hammasi ham yomon emas. Boshqa tomonlama, agar bizda shubha bo‘lsa bu yomon bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylaymiz, yaxshisi, navbatdagi to‘rt harakatga o‘tishimiz lozim: 1) boshqa bunday qilmaslik; 2) ibodat qilish; 3) Muqaddas Kitobdan bu haqdagi ko‘rsatmalarni izlash; 4) ota-onangdan yoki o‘zing ishonadigan masihiy do‘stingdan maslahat so‘rash. Agar sen avvalgidek bu to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini bilmasang, yaxshisi bunday qila ko‘rma. Qandaydir yaxshi ishni qilmaslikdan ko‘ra, nimadir noto‘g‘ri ishni qilmaslik afzal.
Va yodingda tut: Xudo nafaqat yovuzlikdan nari bo‘lishingni, balki yaxshi ishlar qilishingni afzal ko‘radi.
MULOHAZA QILGIN: Senda qachonlardir nima yaxshiyu, nima yomonligini aniqlash borasida muammo bo‘lganmi? Sen bu vaziyatda nima qilgansan? Ota-onangdan o‘zing qabul qilgan qaror haqida nimalarni o‘ylayotganlarini so‘ragin.
IBODAT: “Xudoyim, menga nafaqat yomonlikdan nari bo‘lishim uchun, balki yaxshilik qilishim uchun yordam ber”.
Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 19:2-3
Bilimsiz istak yaxshi emas, shoshqaloqlar ham qoqiladi. Nodonning nodonligi hayotini buzadi–yu, Egamizdan jahli chiqadi (Hikmatlar 19:2-3).
EZOP, YUNON QULI, Masihgacha taxminan olti yuz yil avval yashagan bo‘lib, ko‘plab masallar yozgan, ya’ni muhim haqiqatlarga o‘rgatadigan qisqacha voqealarni bitgan. Ulardan biri dehqon va ilon haqida edi.
Dehqon qish kunlarining birida qishlog‘i yaqinidagi iflos yo‘ldan ketayotib, sovuqdan o‘lar holatda yotgan ilonni yo‘l o‘rtasida ko‘rib qoldi.
Dehqonning ilonga rahmi kelib, qo‘yniga solib qo‘ydi, tez orada odam tanasining harorati ilonni hushiga keltirdi. U sapchib dehqonni o‘zining zahari bilan chaqib o‘ldirdi.
Albatta, dehqon ahmoqona ish qildi. U nima qilayotganini tushunishi kerak edi. Unda zaharli ilon bilan do‘stlashish uchun hech qanday imkon yo‘q edi.
Aksariyat odamlar bugungi kunda ham xuddi shunday xatoliklar qilishadi. Ehtimol, ular yo‘ldagi ilonni qo‘ynilariga solishmas, biroq bundan battar tavakkal qilishadi. Ular gunoh bilan o‘ynashadi, vasvasa bilan o‘yin qilishadi, noto‘g‘ri tanlovlarga yo‘l qo‘yishadi. Va ular nega baxtga erishmayotganlaridan, istaklari amalga oshmaganidan hayron bo‘lishadi. Ba’zan ularning noto‘g‘ri qarorlari fojeali oqibatlarga olib keladi, ular esa o‘zlarining barbod bo‘lgan hayotlariga qarab, shunday deb so‘rashadi: “ Xudo nega meni bunday ahvolga soldi?”
Sulaymon shunday degan: “Nodonning nodonligi hayotini buzadi–yu, Egamizdan jahli chiqadi” (Hikmatlar 19:3). Biroq odamlar Unga itoat qilishmasa va o‘zlarining itoatsizliklaridan jabr ko‘rishsa, Xudo aybdor emas. Kimki ilon bilan o‘ynashayotgan bo‘lsa, buning nima bilan tugashini tushunishi kerak.
MULOHAZA QILGIN: Bugungi mutolaada gunoh ilon bilan taqqoslanadi. Nima deb o‘ylaysan, ilon va gunoh o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor? Ular nimasi bilan farq qiladi?
Sen gunoh va vasvasa bilan “o‘yin qilish”ingga to‘g‘ri kelganmi? Agar sen Xudoga imkon bersang, U seni gunohdan ozod bo‘lishingga yordam beradi.
IBODAT: ”Xudoyim Ota, men noto‘g‘ri ish qilib, hayotimni barbod qilmoqchi emasman. Menga gunohdan va vasvasadan xalos bo‘lishimga yordam ber, ayniqsa___________________”.