Kichik Uillard F. Xarli Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji - (Birgalikdagi hordiq) Kitob O'zbek tilida
Эркак эҳтиёжи, аёл эҳтиёжи (Кичик Уиллард Ф. Харли) Ўзбек тилида Аудиокитоб
Хiyonatdan himoyalangan nikoh munosabatlarini yaratish
Mundarija
Nashrning 15 yilligi munosabati bilan suzboshi
Kirish
1. Nikohingiz xiyonatdan qanchalik ximoyalangan?
2. Nega Sevgi Bankingiz hech qachon yopilmaydi?
3. Mehribonlik namoyon etilishi
4. Jinsiy qoniqish
5. Suhbat
6. Birgalikdagi hordiq
7. Rostguylik va ochiqlik
8. Jozibador rafiqa
9. Moliyaviy madat
10. Honadon sarishtaligi
11. Ota-onalik burchlarining bajarilishi
12. Zavq - shavq
13. Xiyonatga qanday bardosh berish mumkun?
14. Nomofiqlikdan jozibadorlikgacha
BIRGALIKDAGI HORDIQ
Erkak uchun ayol uning qiziqishlarini baham ko‘rishi muhim
– Salom, Sindi, bu men, Alan.
– Salom! Qo‘ng‘iroq qilganing juda yaxshi bo‘ldi. – Ayolning ovozi mehr va quvonch bilan yangradi.
– Menda shanba oqshomiga “Pushti rang qadah” stadionida “Ayiqlar” jamoasining o‘yiniga chipta bor. Men bilan borasanmi?
– Ajoyib taklif! Soat nechada ekan?
Ular uchrashishga kelishib olishgach, Alan jilmayganicha go‘shakni ilib qo‘ydi. U Sindi bilan to‘rt haftalik tanishuvi mobaynida ikki marta uchrashdi. Bu ularning ilk bora “sport uchrashuvi” bo‘ladi. Alan o‘z taklifini Sindi ishtiyoq bilan qabul qilganidan xursand. U tanigan qizlarning hammasi ham futbol o‘yinini yoqtiravermaydi.
Ular o‘yin davomida vaqtni xushchaqchaq o‘tkazishdi. Sindi maydonda nimalar bo‘layotganini juda yaxshi tushunadiganga o‘xshaydi. Ular keyinchalik kafeda o‘tirishganida, hattoki o‘yinning bir qancha holatlarini birgalikda muhokama etishdi.
Ular o‘sha kuzda yana bir qancha futbol o‘yinlarini, shuningdek, oltita kinofilmlarni tomosha qilishdi. Alan ham Sindining kinoga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab–quvvatlardi va ularning ishqiy munosabatlari bag‘oyat ajoyib tarzda o‘rnatilgandi. Alan qish o‘rtalariga kelib o‘ziga eng yaxshi qizni nihoyat topib olganiga shubha qilmay qo‘ydi. Yigit bir kuni kechqurun mashinasi buzilib qolganida, bu fikrining to‘g‘ri ekaniga to‘la–to‘kis ishonch hosil qildi. Alan vaziyatni tushuntirish uchun Sindiga qo‘ng‘iroq qildi.
– Azizam, uzr so‘rayman. Mashinam umuman yurmayapti, men esa dushanba kuni ishga borish uchun uni tuzatishim kerak.
– Tashvishlanma. Men senga yordam berish uchun hozir qo‘shnimdan sening oldingga olib borib qo‘yishini so‘rayman. Senga qahva va buterbrodlar olib boraman.
Mashina ta’miri eng yaxshi uchrashuvlardan biriga aylandi. Sindi Alanga asboblarni uzatib turar va umuman yigitning barcha ishlariga yordam berardi. Ular ish orasida suhbatlashib, bir–birlariga hazil qilishardi.
“Bu qiz, – mulohaza qilardi Alan, – chindan ham juda g‘aroyib ekan”.
Ular unashtirishni mayning birinchi haftasiga belgilashdi. Asal oyida toqqa sayohatga chiqdilar. Yoz nihoyatda ajoyib o‘tdi, bir necha marta dengizga bordilar va barchasi navbatdagi futbol mavsumigacha juda yaxshi davom etdi. Kaliforniya oliygohi jamoasining Arizona jamoasiga qarshi o‘yiniga borishlari oldidan so‘nggi daqiqada Sindi Alandan o‘zining futbol tomoshasiga bormasligini so‘radi. Ayol mavsum oxirida eri bilan faqat ikkita o‘yinga borgandi – Oregon shtati jamoalarining bir–birlariga va Janubiy Kaliforniya Oliygohi jamoalarining katta o‘yiniga.
Shu bois, dekabr oqshomidagi ovqatlanish chog‘ida Alan Sindining nega bunchalik o‘zgarib ketganiga e’tibor qaratdi.
– Futbol senga yoqadi deb o‘ylardim, – dedi shikoyatomuz ohangda.
– O, albatta, azizim, to‘g‘ri. Ammo men futbolni senchalik yaxshi ko‘rmayman, shekilli. Mavsum davomida ikkita o‘yinni tomosha qilish menga yetadi, – javob berdi ayol.
– Shunaqa degin, – dedi Alan ma’yuslik bilan bu kutilmagan yangilikka qanday munosabat bildirishga hayron qolgancha.
– Men allaqachondan buyon sendan bir narsani so‘ramoqchi bo‘lib yurgandim, – so‘zida davom etdi ayol. – Okrug tasviriy san’at muzeyi shu oyda Uyg‘onish davri ispan rassomlarining maxsus ko‘rgazmasini o‘tkazadi. Men bilan borasanmi?
– A–ha, albatta. Borsam kerak, – javob berdi Alan.
Alan keyingi yil mobaynida o‘zining va Sindining qiziqishlari o‘rtasidagi umumiylik juda kam ekanligini hayrat bilan payqadi. Ayolning avtomobil ta’miriga bo‘lgan qiziqishi bir kechada deyarli g‘oyib bo‘ldi. Yigit endi ayolini hech bo‘lmasa bitta futbol o‘yinini birgalikda tomosha qilish uchun borishga ko‘ndirishni o‘zi uchun katta omad deb hisoblay boshladi. Ayni vaqtda esa ayol eridan uni tez–tez muzeyga, ba’zan esa konsert yoki opera teatriga olib borishini qat’iy iltimos qilardi.
Alan bu madaniyatlarning hammasiga befarq edi va ular oxir–oqibat ba’zan qayoqqadir kechki ovqatga borishdan tashqari kamdan kam holatda nimanidir birgalikda qiladigan bo‘lishdi.
Nikohlarining ikkinchi yili oxirida ular kelishib oldilar – yigit haftasida bir yoki ikki oqshomni do‘stlari bilan o‘tkazadi, ayol esa o‘z dugonalari bilan. Alan bo‘sh vaqtlarini ko‘proq Sindi bilan o‘tkazishni ma’qul ko‘rardi, ammo ayolni ularning o‘zaro kelishuvlari to‘liq qanoatlantiradiganga o‘xshaydi.
Xafagarchilik va taajjubda qolgan Alan ko‘pincha tushunib yetmaydi: “Qiziq, uni bunchalik o‘zgarib ketishiga nima majbur qildi?”
Umumiy qiziqishlarga ega bo‘lish qanchalik muhim?
Men o‘z qabulxonamda “Sindi va Alan” mavzusi kabi o‘zgarishlar haqida tez–tez eshitib turaman. Ayollar hali turmushga chiqmaslaridan avval o‘z manfaatlarini ko‘zlagan holda erkaklar bilan turli tadbirlarga birgalikda borib turishadi. Ular erkaklar bilan ovga, baliq oviga borishadi, futbol o‘ynashadi va o‘zlariga qolsa hech qachon tanlamaydigan filmlarni birgalikda tomosha qilishadi. To‘ydan so‘ng esa xotinlar odatda erlarini o‘zlariga ko‘proq yoqadigan mashg‘ulotlarga jalb qilishga urinishadi. Agar harakatlari muvaffaqiyatli chiqmasa, erlaridan ularsiz ham o‘z ishlari bilan shug‘ullanishda davom etishlarini so‘rashlari mumkin. Men bunday muqobil yo‘lni oila uchun o‘ta xavfli deb hisoblayman, negaki erkaklar xotinlarining ko‘ngilochar mashg‘ulotlarda o‘zlariga hamroh bo‘lishlariga favqulodda katta ahamiyat berib qolishadi. Televideniye qarama–qarshi andazani singdirmoqchi bo‘ladi: erlar o‘z o‘g‘illari bilan birgalikda baliq oviga shunday so‘zlarni aytib jo‘nashadi: “Bundan yaxshisi bo‘lishi mumkin emas”. Mening ish arxivimdagi fayllar esa hammasi ancha yaxshiroq bo‘lishini isbotlaydi. Aslida erkakning beshta asosiy ehtiyojlari qatorida xotini bilan birgalikda dam olish va ko‘ngil yozishi uning jinsiy aloqaga ehtiyojidan keyin ikinchi o‘rinni egallaydi.
Odamlar o‘z qiziqishlari mutlaqo mos kelmaydigan qanchadir baxtiyor juftliklar haqida bilishlarini aytib, ko‘pincha mening so‘zlarimga shubha qilishadi. Biroq bu odamlar, ehtimol, hech kim ko‘rmaydigan holatda bu juftliklarning hayotida nimalar bo‘lishini bilishmaydi. Mening mijozlarim orasida boshqalar nazarida baxtli er-xotinlar tasavvurini toki ajrashgunlaricha saqlab qolgan odamlar uchraydi. Ular toki butunlay kech bo‘lib qolmaguncha, o‘zlaridan va boshqalardan eng muhim ehtiyojlarini mohirlik bilan yashirib kelishadi.
Biz ba’zan bo‘sh vaqtlarimizni o‘z ehtiyojlarimizni berkitishga sarflaymiz. Masala ko‘ngilxushlikka borib taqalganida, erkaklar va ayollarda tabiatan turlicha mayl–xohish bordek tuyuladi. Erkaklar ayollarning ko‘ngilochar mashg‘ulotlariga nisbatan kattaroq tavakkal, sarguzasht va zo‘ravonlik mavjud bo‘lgan ko‘ngilxushliklarni afzal ko‘rishadi. Erkaklarga odatda futbol, boks, ov, baliq ovi, deltaplanda uchish, akvalang bilan suvga sho‘ng‘ish, snegoxodda sayr qilish va parashyutdan havoda uzoq vaqtga cho‘ziladigan sakrashlar yoqadi. Ular ko‘proq shahvoniylik va shavqatsizlik lavhalari bo‘lgan filmlarni yoki shu mavzudagi latifalarni afzal ko‘rishadi. Erkaklar odatda tananing terlashi, ifloslik, yoqimsiz hid yoki kekirishga e’tiroz bildirishmaydi. Aksariyat ayollar esa bularning barini noxush va qo‘pollik deb bilishadi.
Men ko‘p yillar mobaynida ayol–mijozlarimdan norasmiy tarzda so‘rab, ko‘pchilik ayollar barcha davrlarda va hozirda ham bo‘sh vaqtlarini restoranda o‘tkazishni afzal ko‘rishlari haqidagi xulosaga kelganman. Shuningdek, ular ziyofatlarni, sayrni, romantik filmlarni, madaniy voqealarni va do‘konlarga borishni yaxshi ko‘rishadi.
Ayollar sport jabhasida jamoaviy o‘yinlardan ko‘ra, yakka tartibda ishtirok etishni ma’qul ko‘radilar. Golf, tennis, yengil atletika, aerobika, suzish va raketbol – faol ayollarning ko‘ngil ochar mashg‘ulotlari ro‘yxatida yuqori o‘rinlarni egallaydi. Odamlar diqqatini o‘ziga jab etuvchi o‘yinlar masalasida vaziyat o‘zgarmoqda. Agar ommabop o‘yinlar haqida gapiradigan bo‘lsak, ayollar futbol, basketbol va beysbolga tobora ko‘proq qiziqish bildirishmoqda.
Ayol eridan aqlliroq bo‘lishini so‘rashi, uni soqolini olishga, batartib kiyinishga, muloyimroq gapirishga undashi odatiy ko‘rinishlardan biridir. Ayol uning mayl–qiziqishlariga aralashganida, erning nazarida, xotini hammasini barbod qilmoqchi bo‘layotgandek yoki hech bo‘lmaganda undan ko‘ngilxushligini tortib olishga harakat qilayotgandek bo‘lib tuyulishi mumkin. Er xotinini hamon sevadi, biroq ayol uning hayot tarzini cheklashga kirishgan. Erkak bunday vaziyatga tushib qolmaslik uchun bir qancha vaqtini faqat erkaklar davrasida o‘tkazadi. Bu unga erkak sifatida o‘ziga xoslik hissini saqlab qolishga imkon beradi, ammo bu shuningdek, u o‘zining bir qancha sevimli mashg‘ulotlarida yonida rafiqasi bo‘lmasdan ishtirok etayotganini bildiradi.
Bundan tashqari, oiladagi vaziyat taranglik hosil qiladi. Faqat erda bo‘sh vaqt bor ekan, demak, u og‘aynilari yoki oilasidan birini tanlashga majbur. Masalan, ta’til vaqti kelganida u do‘stlari bilan ovga borishi kerakmi yoki uyda oilasi bilan qolishi va attraksion parkiga borishi kerakmi? Mana endi u bir qarorga kelishi lozim.
Erkak ikki o‘t o‘rtasidan chiqib olishga uringanida, u do‘stlari foydasiga tanlov qilgani uchun ko‘pincha oilasi (ayniqsa xotini) undan xafa bo‘lganini payqaydi. Odatdagidek, xotin erining kuz mavsumida uch kunlab ovga ketib qolishini baribir istamaydi.
“Agar u ta’tilga chiqmoqchi ekan, – mulohaza qiladi ayol, – u vaqtini men va bolalari bilan o‘tkazishi kerak”.
Sindi va Alan bilan nimalar yuz berdi?
Erkaklar ko‘pincha birgalikdagi ko‘ngilxushliklari va dam olishlari vaqtida xotinlari ularning eng kuchli ehtiyojini qondirishiga umid qilgan holda uylanishadi. Biz bobimizning kirish qismida hikoya qilgan Alan kabi ular ham umidsizlikka tushadigan holatlar tez–tez uchrab turadi.
Xo‘sh, biz qahramonlarimiz Alan va Sindini qoldirib ketgan damlardan boshlab kelgusi voqealar qanday kechdi? Har biri o‘z yo‘lidan ketyapti, Alan esa Sindi nega bunchalik “o‘zgarib” ketganidan hayron. Ayrim oilalarda Alan kabi erkaklar yolg‘iz o‘zi “Ayiqlar”ni tomosha qilgani ketib, imkon qadar ko‘proq quvonch olishga uringan bo‘lardi. Biroq aksariyat holatlarda Alan o‘z og‘aynilari bilan bouling mashg‘ulotlariga qatnaydi, bu yerda esa sportning barcha turlarini yoqtiradigan Barbarani uchratib qoladi. Ular bir finjon qahva ustida o‘z ochkolarini taqqoslab ko‘rishadi. Va ko‘z ochib–yumguningcha, ularning qadrdon do‘stlarga aylanib qolishganini ko‘rasan. (Nima ham derding, bouling bo‘yicha musobaqalar bir necha oylab davom etadi.)
Agar Alan ehtikorlik ko‘rsatmaganida, uning ko‘ngil ochar mashg‘ulotlardan kutayotgan barcha ehtiyojlarini qondirishga va’da berayotgan Barbara bilan (holbuki, yigit o‘z xotinidan bu istaklarining qondirilishini kutardi) ishqiy aloqalar o‘rnatilishi mumkin edi. Agar voqelar shunday kinoyali yakun topsa, Alan Barbaraga uylanish uchun Sindi bilan ajrashadi va – ha–ha, topdingiz – endi Barbara to‘satdan, misol uchun, kriket o‘yinlari o‘zi uchun futbol yoki boulingdan ko‘ra ancha qiziqarli ekanligi haqidagi fikrga keladi. Men ishqiy munosabatlar, ajrashish va yangidan turmush qurish bilan o‘z muammolarini hal qilishiga ishongan erkaklar hayotida taqdirning ana shunday kinoyasini kuzatganman.
Va takror eslatib o‘tamanki, Alan kabi erkaklar jahl ustida va o‘ch olish maqsadida chetda xufyona aloqaga kirishmaydilar. Sindining hatti–harakatlari va o‘zgarishlar Alanga og‘riq keltirdi, lekin u ayolidan o‘zining haqiqiy qiziqishlariga qaytish huquqini tortib olmadi. Barcha xavf–xatar shundaki, juftliklar endi bir–birlaridan ko‘proq vaqt uzoqda bo‘lishardi. Bunday keng tarqalgan holat yomon tomonlama xiyonatga va ajrashishga olib kelishi mumkin. Aqlli juftliklar buni payqaganlari zahoti, o‘z nikohlaridagi bunday vaziyatdan qochishga harakat qilishadi yoki muammoni hal qilib qo‘ya qolishadi.
Men vaqti–vaqti bilan Xenk kabi uylangani zahoti xotini o‘zi bilan dam olish va ko‘ngilxushliklarda ishtirok etmay qo‘ygani uchun jiddiy xafa bo‘lgan erkaklarni baribir uchratib qolaman. Xenk sog‘lom turmush tarzi va sportning ashaddiy muxlisi edi. U bir kuni yugurish yo‘lagida Joannani uchratib qoldi. Ular ikki milni shunchaki muloqot qilish uchun birgalikda yugurib o‘tishdi. Biroq yigitga bu qizning doimiy tezlikni – har bir milni sakkiz daqiqada bosib o‘tish mahorati qoyil qoldirgan. Oradan bir hafta o‘tib u Joannani tennis kortida uchratganida yanada ko‘proq hayratga tushdi va qizning o‘ng qo‘lidan ko‘ra chap qo‘lida berayotgan zarbalari yaxshiroq chiqayotganini e’tirof etdi. Ular shu tariqa doimo birgalikda yuguradigan bo‘lishdi va tennis klubidagi erkak–ayol juftligi o‘yinlarida ancha tanilib qolishdi. Ularning bir–birlarini sevib, turmush qurishganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Biroq Joanna to‘ydan so‘ng Xenk bilan har kunlik yugurishlardan bo‘yin tovlay boshladi. Bundan tashqari, ayolga har shanba kuni tennis mashg‘ulotiga borish noqulaylik tug‘dirdi. Joanna bir necha oy ichida jismoniy tayyorgarlikka bo‘lgan qiziqishini butunlay yo‘qotganga o‘xshardi. U uyda qolib, televizor tomosha qilishni afzal ko‘rardi.
Xenkning bunga sira ishongisi kelmasdi. Albatta, u osongina taslim bo‘lishni istamadi. Yigit xotinidan o‘zi bilan birgalikda yugurish taklifiga rad javobi olganida qattiq g‘azablandi. Va oxir–oqibat, ikkalasi mening oldimga maslahatga kelishdi.
Men ularning tarixini tinglab, Joannaga dedim:
– Nikoh shartnomangizdagi asosiy shartlardan biri u bilan birga yugurishingiz bo‘lganga o‘xshaydi. Nahotki u bilan ba’zi–ba’zida yugurib turish sizga og‘irlik qilsa?
– Men uning yonida bo‘lish uchun, – tushuntirdi Joanna, – avval shunday qilganman. Ammo yugurishlar uni sevim qolishga meni undashi haqida aslo o‘ylab ko‘rmagandim. Biz shunchaki birga yugurdik, xolos, men esa qanday bo‘lsam, u shundayligimcha sevib qolganiga ishongandim. Biz turmush qurganimizda, yugurish “kelishuv”imizning asosiy qismiga aylanishi xayolimga ham kelmagan. Hozir esa menda yugurishga zaruriyat ham, xohish ham yo‘q.
Men dastlab ayolda o‘z nikohlarini saqlab qolish uchun hatto kichik yon berishlarga ham xohish yo‘qligidan biroz tashvishga tushdim. Biroq keyinroq bu ayol muammoni yaxshiroq tushunishimga yordam beradigan yana ba’zi bir izohlar berdi. Bahslar chog‘ida uning yugurishga xohish bildirmaganligi Xenkni shunday g‘azablantirib yuborganki, Joanna bu paytda erining unga mutlaqo yoqmagan dahshatli taraflarini ko‘rgan. Ayol erining o‘zini bunday tutishi mumkinligini hech qachon xayoliga keltirmagan. Xenk g‘azabdan titrab turganida, Joannaning Sevgi Bankidagi erining daromadi ulkan yo‘qotishga uchrayotgandi. Joanna eriga nisbatan bor jahlini to‘kib–sochganida esa, Xenk vaziyatga o‘zicha baho berdi. Joannaning yugurishni davom ettirishga yoki tennis o‘ynashga qat’iy noroziligi ham Xenkning Sevgi Bankidagi xotinining daromadiga jiddiy zarar yetkazdi. Bu balki aqlga sig‘mas, lekin ular mening barcha maslahatlarimni rad etishdi. Erning xotini bilan birga yugurish istagi tufayli bu nikoh sudning ajrashish qarori bilan yakunlandi.
Xo‘sh, bunday voqealar bizni nimaga o‘rgatadi? Har bir juftlikda tanlov bor: qoniqtirilmagan ehtiyojlarning murakkablashib ketishiga va hatto o‘zaro munosabatlarning barbod bo‘lishiga imkon berish yoki o‘z oilasini saqlab qolishga harakat qilish. Ajrashish – agar umuman shunday bo‘lsa – kamdan kam hollarda nikohda yuzaga keladigan muammolarni hal etishning afzalroq yo‘li bo‘lib chiqadi. Ranj–alam tuyg‘usi va achchiq–chuchuk umidsizliklar bilan hayotda oqsab qolish ham bu holatdan yaxshi emas. Doimo eng to‘g‘ri qaror – bir–biringizning ehtiyojlaringizni qondirish uchun rozilik bildirish. Keling, erkakning birgalikdagi hordiq va ko‘ngil ochar mashg‘ulotlarga ehtiyoji misolida bunga qanday erishish mumkinligini ko‘rib chiqaylik.
Va yana qiziqishlar doirasi haqida
Men avvalgi bobda tasvirlab o‘tgan qiziqishlar doirasi yodingizdami? Men unda ikki taraflama qiziqishlarning muhimligini va muloqotda qanday ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatib o‘tgandim. Biz Joys bilan bir–birimizdan uzoqlasha boshlaganimizda, qiziqishlarimiz doirasi yaqinroq bo‘lishi va oxir–oqibat qisman muvofiq kelishi uchun o‘zimizning ayrim ko‘ngil ochar mashg‘ulotlarimizni qanday qilib o‘zgartirganimizni ko‘rsatgandim. Bunday holat yuzaga kelgan zahoti, bizda umumiy qiziqishlar paydo bo‘ldi va munosabatimiz tiklandi.
Biz suhbatga nisbatan qo‘llagan qoidalarni dam olish va ko‘ngilxushliklarga ham joriy etganimizda Joys ikkalamiz qiyinchiliklarga to‘qnash keldik. Masalan, men yoshroq bo‘lganimda, shaxmat o‘ynash jonu–dilim edi. Men to‘rt yoshimdan boshlab o‘ynab, vaqt o‘tgani sayin o‘zim mutloq yetakchi bo‘lgan oliygoh klubining prezidenti darajasiga ko‘tarilgandim.
To‘ydan so‘ng shaxmat turnirlaridan voz kechdim, negaki Joys bu o‘yinni bilmasdi va o‘rganishga ham xohish bildirmasdi. Shaxmat o‘yini haddan ziyod ko‘p vaqtni talab qilgani bois, u menga qanchalik yoqmasin, men bo‘sh vaqtlarimni ikkalamizga ham yoqadigan biror mashg‘ulot bilan o‘tkazish yaxshiroq degan qarorga keldim. Men bizga tennis yoqadi deb o‘yladim, negaki to‘ydan avvalgi paytlarda ikkalamiz kortda behisob soatlarni birga o‘tkazgandik. Biroq oilaviy hayotimizning birinchi yilidayoq Joys shunday dedi: “Bill, aslida men tennisni hozir xush ko‘rmayman. Fikrimcha, men vaqtni qandaydir boshqacha tarzda o‘tkazishni afzal ko‘raman”.
Joysning tennisga munosabatidagi bunday keskin o‘zgarishni men aslo kutmagandim. Joys bilan turmush qurgunimizcha olti yil uchrashib yurgandim va nazarimda uni biladigandek edim. Biz mamnuniyat bilan uzoq vaqt tennis o‘ynardik, shuningdek, sportning boshqa turlari bilan ham shug‘ullanardik. Men bu mashg‘ulotlar Joysdan ko‘ra o‘zimga ko‘proq yoqishi haqida tushunib yetmagan ekanman. U men bilan bo‘lishni istagani uchun menga moslashgan va menga nimalar yoqsa, ana shu bilan shug‘ullanishni boshlagan. Muammo shunda ediki, u deyarli hamisha yengilardi. Biz nimaiki o‘ynamaylik – bu tennis, bouling, shashka yoki boshqa yana nimadir bo‘lmasin – u kamdan kam yutib chiqardi. Va mana, u nikohimizning boshidayoq to‘g‘ri yo‘l tutdi. Ayolim menga bu o‘yinlar endi uni umuman quvontirmasligini tan oldi. O‘sha palladan boshlab bizning ko‘ngil ochar mashg‘ulotlarimiz aksariyat hollarda raqobatchilik ruhini yo‘qotdi. Biz sportning bitta jamoada o‘ynash mumkin bo‘lgan voleybol kabi jamoaviy turlariga o‘tdik va filmlarni, teatr, konsertlarni, restoranlarga borishni, tabiat go‘zalligi va diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishni qiziqishlarimiz doirasiga kiritdik.
Biz ko‘ngilxushlik izlagan holda birgalikda qolgan ekanmiz, hozirgi kunda ham bo‘sh vaqtlarimizning aksariyat qismini birgalikda o‘tkazamiz. Mabodo men o‘z tennisim va shaxmatimga bog‘lanib qolib, Joysga o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishiga imkon berganimda natija butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Biz bir–birimizdan yiroqlashib ketgan bo‘lardik, negaki har birimiz o‘zimizning eng quvonchli va xushchaqchaq damlarini bir–birimizdan ayro holatda o‘tkazgan bo‘lardik. Men juftliklarga maslahat berganimda, bu qanchalik dahshatli xato bo‘lishi mumkinligini eslatib o‘tishdan charchamayman. Er va xotin birgalikda xursandchilik bilan vaqt o‘tkazib, bir–birlarining Sevgi Banklariga doimiy daromad qo‘shib turish o‘rniga boshqa–boshqa ko‘ngilxushliklarga berilib, bunday ajoyib imkoniyatni qo‘ldan boy berib qo‘yishadi. Ular ko‘pincha o‘z Sevgi Banklaridagi kimningdir hisobini to‘ldirishga tavakkal qilib, o‘zlarining eng quvonchli damlarini boshqa odamlar bilan o‘tkazishadi. Mabodo Sevgi Bankingizda o‘sha odamning hisobi bor bo‘lsa, o‘z–o‘zidan ayonki, siz xursandchiligingizni baham ko‘rayotgan kishi eng yirik “mablag‘” to‘playdi. Agar siz to‘laqonli oilaga ega bo‘lishni istasangiz, o‘sha odam sizning turmush o‘rtog‘ingiz bo‘lishi kerak.
Men qabulimdagi juftliklarga umumiy qiziqishga ega bo‘lish qanchalik muhim ekanini, ba’zi er-xotinlar uchun birgalikda qilinadigan mashg‘ulotni topish aslo qiyinchilik tug‘dirmasligini tushuntiraman. Boshqalar esa o‘zlarini butunlay yo‘qotib qo‘yishadi. Ular shunchaki butunlay boshqa–boshqa, ya’ni “er bouling bo‘yicha jamoasini tashlab ketishni istamaydi”, “xotin payshanba kunlari o‘z bridj–klubiga borib turishi shart”.
Men kulib javob beraman: “Muammo yo‘q. Tasavvur qiling–a, har biringizning atrofingizda barcha sevimli mashg‘ulotlaringizni, ko‘ngilxushlik va rohat manbaingizni qurshab turgan ko‘rinmas doira chizilgan. Bu doiralardan har birida qisman muvofiq keladigan ayrim mashg‘ulotlar bo‘lishi lozim. Ehtimol, siz ulardan bir xilda lazzat ololmaysiz, lekin ular qaysidir darajada ikkalangizga ham yoqadi. Siz huzur–halovatning bu manbalarini topganingiz zahoti, sizlarda birgalikda intiladigan umumiy qiziqishlar aylanasi paydo bo‘ladi”.
Men so‘ngra juftlikdan “Sevimli mashg‘ulotlar ro‘yxati” anketasini to‘ldirishlarini so‘rayman (siz buni C ilovasida topasiz). Bu 125 xil ko‘ngilxushliklar ro‘yxati. Har birining yonida er va xotin o‘zlariga qanchalik yoqish–yoqmasligini ko‘rsatishi kerak bo‘lgan joy bor. Juftliklar bu ro‘yxatga boshqa ishqivozliklarini ham qo‘shishlari va baholashlari mumkin.
Anketa to‘ldirilganida, qaysi mashg‘ulotlar erga ham, xotinga ham yoqishini aniqlash mumkin. Bunday test o‘tkazish natijasida odatda er va xotin birgalikda shug‘ullanishlari mumkin bo‘lgan o‘n yoki o‘n besh xil ko‘ngilxushliklar ro‘yxati paydo bo‘ladi. Men keyingi haftada bu mashg‘ulotlarni bo‘sh vaqtni o‘tkazish jadvaliga kiritib qo‘yishlarini so‘rayman. Bu mashg‘ulotlardan ayrimlari ayoldan ko‘ra erkakka ko‘proq yoqishi mumkin yoki aksincha, biroq har qanday holatda ham ular birgalikda dam olib, ko‘ngilxushlik qilishar ekan, ikkalasi ham o‘z hisoblarini sevgi birliklari bilan to‘ldirib borishadi.
Hayotdagi hamma narsalardan bahramand bo‘lishning imkoni yo‘q. Bunga shunchaki vaqt yetishmaydi. Har bir odamda biror–bir mashg‘ulotni tanlab, boshqasidan voz kechish uchun bo‘sh vaqt yetarli. Xo‘sh, nega ikkalangiz ham birgalikda shug‘ullanadigan mashg‘ulotni tanlamaslik kerak ekan?
Xotin erining eng yaxshi do‘sti bo‘lishi mumkinmi?
Er va xotin ikkalasiga ham yoqadigan mashg‘ulotlar ro‘yxatini tuzganlarida, ko‘plab kutilmagan sovg‘alar – syurprizlar – chiqib qoladi. Bu mashg‘ulotlardan ayrimlarini ulardan hech qaysi avval sinab ko‘rmagan bo‘ladi. Bu ularni shunchaki o‘ziga jalb etadigandek bo‘lib tuyuladi. Yana bir syurpriz – juftliklarga birorta ishqivozlikni ikkalasi ham yoqtirishi to‘satdan ma’lum bo‘lib qoladi, bu esa avval ularning xayollariga ham kelmagan. Har biri bu mashg‘ulotning turmush o‘rtog‘iga yoqmasligi haqidagi fikrda bo‘lgan.
Biroq er ham, xotin ham birgalikda qiladigan qandaydir mashg‘ulotlarining ikkalasiga ham yoqmasligini bilib qolishlari yanada taajjubli emasmi? Xo‘sh, ular qanday yo‘l tutishlari kerak? Men tuzgan “birgalikdagi ko‘ngilxushliklar qoidasi” bunday vaziyatni ham e’tiborga olgan:
Siz va turmush o‘rtog‘ingiz faqat birgalikda
lazzat oladigan ko‘ngil ochar mashg‘ulotlarda qatnashing
Bu murakkab qoida, biroq men qabulimga kelgan juftliklarga bu qoidaga amal qilishlarini tayinlayman. Bu qoida sizlar birgalikda ishtirok etishingiz mumkin bo‘lgan ayrim ko‘ngilxushliklarni soqit qilibgina qolmay, siz alohida qatnashadigan yoki faqat bittangizga huzur bag‘ishlaydigan ishqivozliklarni ham ro‘yxatdan o‘chiradi.
Bir tasavvur qiling–a, menga yo‘llangan qanchadan–qancha gaplarni jim turib eshitishimga to‘g‘ri keladi. Bu demak, misol uchun aytsak, erning “Dushanba oqshomidagi futbol” ko‘rsatuvidan voz kechishini anglatadi. Mening yordam berishga harakat qilayotganimni tushunib, xotinlarining sevimli mashg‘ulotlarida o‘zlari ham birga ishtirok etishlarini so‘ragan erkaklarga bundan mutlaqo voz kechishlari uchun imkon tug‘iladi. Men bu tufayli ko‘plab nufuzli tarafdorlarimning hurmatini yo‘qotganman. Ko‘pchilikning nazarida, men bunday fikrlarim bilan haddimdan oshib ketayogandek bo‘lib tuyulaman.
Biroq o‘ylab ko‘rsangiz, mening fikrimga qo‘shilishingizga to‘g‘ri keladi, hech bo‘lmaganda ham mana shu qoida masalasida. Agar hozir sevimli mashg‘ulotingizdan zavq olayotganingiz kabi turmush o‘rtog‘ingiz bilan birgalikda mashg‘ul bo‘lib, ana shunday rohat olishingiz mumkin bo‘lgan ko‘ngilxushlikni topish kerak bo‘lsa, albatta, bir–biringizga bo‘lgan tuyg‘ularingiz yaxshi tomonga o‘zgargan bo‘lardi. Men aynan ana maqsadni nazarda tutyapman. Sizga oiladagi munosabatlar muhimroqmi yoki “Dushanba oqshomidagi futbol?” Odamlar ko‘pincha aynan shunday tanlov qarshisida bo‘lib qolishadi.
Siz hammasiga ulgura olmaysiz. Ko‘p ming sonlik xilma–xil ishqivozliklar orasidan, hoynahoy, faqat bir necha yuztasigina bizga va xotinlarimizga yoqishi mumkin. Ammo menga ham, xotinimga ham rohat bag‘ishlaydigan barcha mashg‘ulotlarning hammasini sinab ko‘rishimizning aslo iloji yo‘q. Bu holda savol tug‘iladi: men nega qimmatli vaqtimni o‘zimga ham, xotinimga ham yomaydigan nimalargadir sarflashim kerak? Ishtirok etishning mazkur qoidasi ikkalangizga ham xush yoqadigan ishqivozliklarga taalluqli bo‘lib, bu aslo bir umrlik qiyinchilik degani emas. U shunchaki men xotinimning his–tuyg‘ularini e’tiborga olib, o‘zimga yoqadigan mashg‘ulotni tanlashim lozim ekanligini bildiradi. Men nega endi birgalikda egallashimiz mumkin bo‘lgan holda, xotinimning ziyon ko‘rishi evaziga uni qo‘lga kiritishim kerak?
Garchi nikoh masalalari bo‘yicha ayrim maslahatchilar mening fikrimga qo‘shilishmasada, men er va xotin yaxshi do‘stlar bo‘lishlari kerakligiga ishonaman. Kimdir bunga majburlamaslik kerakligini aytadi, biroq men ushbu bobda keltirgan qoida aslida er va xotinni birgalikda vaqt o‘tkazish orqali do‘st bo‘lishga “majburlaydi”. Mening “faqat o‘zaro manfaatlar” tizimimga ko‘ra, er va xotin aksariyat ko‘ngil ochar mashg‘ulotlarda faqat birgalikda ishtirok etishlari lozim. Ushbu qoidadagi yagona istisno shundan iboratki, er va xotin ikkalasi ham bir xil jo‘shqinlik bilan qo‘llab–quvvatlaydigan qandaydir muhim maqsadga erishish uchungina alohida tartibda mashg‘ul bo‘lishlari mumkin.
Bu o‘rinda bolalar bilan birgalikda vaqt o‘tkazish asosiy namuna bo‘lib xizmat qiladi. Bizning oilamizda Joys mening o‘g‘limiz bilan turli ko‘ngil ochar mashg‘ulotlarda ishtirok etishimni to‘liq qo‘llab–quvvatlardi. Biz Stiv bilan birgalikda suv ostida suzishni o‘rgandik. Shuningdek, biz snegoxodda aylandik, deltaplanerizm bilan shug‘ullandik, ovga bordik va chang‘ida uchdik. Men bo‘sh vaqtlarimni Stiv bilan ana shu tarzda o‘tkazganim uchun Joys hech qachon e’tiroz bildirmadi, hech qanday xafagarchilik yoki tushunmovchilikni his etgani yo‘q. Biz garchi Joys bilan jismonan bu ko‘ngilxushliklarda birga ishtirok etmagan bo‘lsakda, muhim umumiy maqsadga – ota–onalik majburiyatlarini bajarishga – erishdik. Albatta, vaqtni bunday mashg‘ulotlar bilan o‘tkazganim uchun ayolim chin qalbdan xursand bo‘lishi mumkin edi.
Xuddi shunday holat Joys qizimiz Jeniferga otda yurishga qiziqish va mahoratini rivojlantirishga yordam berganida yuz berdi. Ular shtatimizning barcha burchaklaridagi ot sporti bayramlari va musobaqalariga borib, birgalikda yuzlab soatlarni o‘tkazishdi. Va bu masalada men uning intilishlarini to‘liq qo‘llab–quvvatladim, zero buning natijasida ayolim yaxshi ona bo‘lish maqsadiga erishdi.
Siz o‘zaro ko‘ngilxushliklar qoidasiga amal qilib, turmush o‘rtog‘ingizning Sevgi Bankidagi o‘z hisobingiz muntazam oshib borishini kafolatlagan bo‘lasiz. Mabodo men bu mashg‘ulotni xotinim bilan baham ko‘rsam, bu holda yoqimli his–tuyg‘ular unda hosil bo‘lishni boshlaydi va unga bo‘lgan sevgim ortgani sayin nikohimiz mustahkamlanib boraveradi. Agar men bu his–tuyg‘ularni boshqa birov bilan baham ko‘rsam, bu holda o‘sha hissiyotlar menda shu odam bilan birlashishni boshlaydi. Men shu tariqa yo‘l tutganimda, o‘z xotinimni ko‘proq sevish imkoniyatini yo‘qotaman va boshqa ayolni sevib qolish xavfi bilan to‘qnashaman.
Ko‘plab juftliklar – asosan erlar – mening o‘zaro ishqivozliklar qoidamni amalda qo‘llash qiyin ekanligini aytishadi. Ov qilish va futbol kabi sevimli mashg‘ulotlardan voz kechish haqidagi fikrning o‘ziyoq ko‘pchilik erkaklarni umidsizlikka tushirib qo‘yadi. Men buni tushunishim mumkin, negaki erkaklar yashashda davom etishlari uchun ko‘ngilxushlik va hordiq kerak. Ular kun bo‘yi qattiq mehnat qilishadi va o‘zlari rejalashtirishlari mumkin bo‘lgan bir necha soat bo‘sh vaqtni intiqlik bilan kutishadi. Ana shunda banogoh nikoh ishlari bo‘yicha qandaydir maslahatchi paydo bo‘lib, ularga yashashlariga yordam beradigan mashg‘ulotni qilmasliklari kerakligini aytib qoladi.
Ammo baribir bunday erkaklarni mening rejamga bir necha oy davomida amal qilishlariga da’vat etaman, o‘shanda ham, men ularni dam olish va ko‘ngilxushlik bilan bog‘liq huzur–halovatlaridan butunlay voz kechishlari haqida aytmayotganimni eslatib o‘taman. Men ularga xotinlarini yonlariga olib, ikkovlariga ham yoqadigan mashg‘ulotlarni tanlashlarini maslahat beryapman, xolos. Bu o‘rinda gap hayotning barcha quvonchlaridan yuz o‘girish haqida ketmayapti. Erkak buning o‘rniga o‘zining avvalgi ishqivozligini xotini bilan baham ko‘rishi mumkin bo‘lgan boshqa ko‘ngilxushlikka almashtirishi kerak yoki o‘zi mamnuniyat bilan ishtirok etayotgan ko‘ngil ochar mashg‘ulotga xotinini ham jalb etishi kerak, xolos.
O‘zgarishlar jarayoni vaqtida odatiy ko‘nikmalarning buzilishi ayrim erkaklarda befarqlik holatini keltirib chiqarishi mumkinligini xotinlar e’tiborga olishlari lozim. Erkakka dastlab o‘zining xush ko‘rgan mashg‘ulotlarisiz qiyin kechishi mumkin, biroq u mazkur bosqichdan o‘tgan zahoti, ikkalasiga ham yoqadigan ko‘ngilxushliklardan katta zavq olishni boshlaydi. Buning sababi shundaki, erning asosiy hissiy ehtiyojlaridan biri ko‘ngil ochar mashg‘ulotlarda xotini unga sherik bo‘lganida qondiriladi.
Xotin ham bu o‘zgarishlar jarayonida qarama–qarshiliklar bilan to‘qnash kelishi mumkin. Ayol erining yonida bo‘lishi uchun undan boulingni tashlab qo‘ymasligini so‘raganida, dastlab bu o‘zi tomonidan xatolik bo‘lgan–bo‘lmaganini tushunmasligi mumkin. U eri bilan muloqot qilishni istagan bo‘lsada, unga yopishib olishga aslo uringan emas. Birgalikda ilk bora o‘tkazilgan oqshomdan so‘ng ayol eridan uning o‘yin ligasiga qaytishini xohlayotganini aytib qolishi mumkin, negaki u eri chindan ham yoqtiradigan va unga munosib bo‘lgan nimanidir undan tortib olgani uchun o‘zini aybdor his qilyapti.
Ayol turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda yangi qiziqishlarni rivojlantirishgani sayin qat’iylik ko‘rsatib borishi kerak, er esa xotini uni o‘z sevimli mashg‘ulotlariga o‘rgatishga uringanida, sabr–toqat ko‘rsatishi zarur. Agar dastlabki ikkita urinishdan so‘ng ikkalangizdan biringizda yoki ikkalangizda ham hech nima yuzaga chiqmasa, taslim bo‘lmang. Muvofiq keladigan ko‘nikmalarni o‘zlashtirish uchun keraklicha vaqt ajrating. Deylik, xotin eriga yoqish uchun chang‘ida uchmoqchi bo‘ladi. Ayol bu mashg‘ulotning ustasiga aylanishiga yordam beradigan uchish usullarini o‘zlashtirib olishi uchun mushaklarini kuchaytirishi kerak. Agar er bu masalada unga kuchli bosim o‘tkazsa, u xafa bo‘lishi va bu sport turini tashlab ketishi mumkin. Vaholanki vaqt o‘tib bu sport turi unga juda yoqib qolsa ajab emas.
Shunday bo‘lsada, agar u chang‘ida uchishga urinib ko‘rsa, ayrim ko‘nikmalarni o‘zlashtirib oladi, lekin ayolga bu mashg‘ulot hamon yoqmayotgan bo‘lsa, eriga shunday deyishga to‘la haqqi bor: “Men sinab ko‘rdim. Baribir menga yoqmayapti. Boshqa biror nimani sinab ko‘raylik”.
O‘zingizga ishqivozlikning yangi turlarini sinab ko‘rishga va moslashib olishingiz uchun vaqt bering. Ehtimol, siz bu o‘zgarishlarga ko‘nikishingiz uchun ayrim qiyinliklarga to‘qnash kelarsiz, biroq tushuning, oilangiz uchun har qancha urinsangiz arziydi. Men o‘zimning psixologik amaliyotim davomida o‘zlari birgalikda ishtirok etadigan ko‘ngilochar tadbirlar bilan cheklanib qoladigan juftliklar nikohlarida ajoyib uyg‘unlikka erishishlarini payqaganman. Bundan tashqari, ular o‘z hisoblariga talaygina “sevgi birliklari”ni qo‘shib qo‘yishadi.
Dam olish va ko‘ngilxushliklar uchun qancha vaqt sarflash kerak?
Samaradorlikning sirlaridan biri – bir qancha ishni bir vaqtning o‘zida bajarishni o‘rganishdir. Biroq oilada bunday urinish tushunmovchilikni keltirib chiqarishi mumkin. Misol uchun, siz va turmush o‘rtog‘ingiz haftasiga bir–biringizga to‘liq ajratishni rejalashtirgan o‘n besh soat mobaynida sizlarni bir–biringizdan chalg‘itadigan ishga bog‘liq qo‘ng‘iroqlar yoki topshiriqlar bo‘lmasligi lozim.
Boshqa taraflama, agar bu tadbirlar o‘ta chalg‘itib qo‘ymasa, xafagarchilikka yo‘l qo‘ymagan holda, ko‘ngil ochar mashg‘ulotlar ham bu vaqtning bir qismini tashkil etishi mumkin. Sevishganlar hali uchrashib yurgan paytlarida ularga ko‘ngilxushliklar bilan birga suhbatni muvofiqlashtirish va mehribonlik namoyon etish xos bo‘ladi. Bu juftliklar birga bo‘lishganida, lazzatlanish tuyg‘usini oshiradigan o‘ta tabiiy birlashuv bo‘ladi.
Men juftliklarni bu o‘n besh soatning hech bo‘lmasa bir qismini birgalikdagi ko‘ngilxushlik va dam olishlar uchun ajratish uchun urinib ko‘rishga da’vat etaman. Yagona zaruriy shart – mashg‘ulot juftliklarning faqat bir–birlariga alohida e’tibor qaratishlariga xalaqit bermasin. Agar sevimli mashg‘ulot juda katta e’tiborni talab qilsa, juftlik bu mashg‘ulotni birgalikda muloqot qilib o‘tkazishga tegishli bo‘lgan o‘sha o‘n besh soatlik muhlatdan tashqarida rejalashtirishlari lozim.
Biz turmush o‘rtog‘imizni ko‘ngilxushlik va hordiq olishlarimizda asosiy sherik qilib olishimizga asoslangan qoida aslo chidab bo‘lmas yoki bajarib bo‘lmaydigan darajada emas. Aslida biz bu qoidani endigina sevib qolgan paytimizda amalga kiritganmiz. Aksincha, o‘zaro qiziqishlar qoidasi juftliklarni bir–birlarining ishtirokidan quvonish va yaqinlikning yangi darajasiga ko‘taradi. Men o‘zim tuzgan Nikohning To‘rtinchi Qonunida bu fikrni shunday ifodaladim:
Birgalikda ko‘ngil yozadigan juftliklar – birgalikda qolishadi.
Ayol uchun savollar:
- Mazkur bobda qayd etilganidek, eringiz ko‘ngil ochar mashg‘ulotlarda sizning sherik bo‘lishingizga ahamiyat beradi deb o‘ylaysizmi? Agar “yo‘q” deb javob bersangiz, ehtimol, bu holda eringiz siz uchun o‘zingiz payqamagan muayyan imo–ishoralar qilgandir?
- Quyidagi fikrlardan qaysi biri nikohingizni aniqroq tasvirlaydi?
- u o‘z yo‘lidan boradi, men esa o‘z yo‘limdan;
- menimcha, boshqa er-xotinlar birgalikda qancha vaqt o‘tkazishsa, biz ham shuncha vaqt birgalikda bo‘lamiz;
- biz haftasida o‘n besh soat yoki shunga yaqin vaqtni birgalikda o‘tkazamiz.
- Eringiz bilan ko‘proq vaqtni birga o‘tkazish uchun voz kechishga tayyor bo‘lgan biror–bir ko‘ngilxushligingizni ayta olasizmi? Eringiz ham shunday qilishi mumkinmi?
Erkak uchun savollar:
- Quyidagi fikrlardan qaysi biri oilangizni aniqroq tasvirlaydi:
- u o‘z yo‘lidan boradi, men esa o‘z yo‘limdan;
- oqshomni og‘aynilarimsiz o‘tkaza olishim mumkin deb o‘ylamayman;
- biz haftasiga o‘n besh soatni birgalikda o‘tkazishdan yiroqmiz, biroq men urinib ko‘rishni istayman;
- biz o‘n besh soatlik ko‘rsatmaga yaqinmiz.
- Faqat xotiningiz bilan bo‘sh vaqtni o‘tkazish imkoniyati sizni cho‘chitadimi? Agar shunday bo‘lsa, sizni aynan nimalar bezovta qilishini tushunish uchun qog‘ozga o‘z hissiyotlaringizni yozishga urining.
- Bo‘sh vaqtingizni ko‘proq xotiningiz bilan o‘tkazish uchun nimalardan voz kechishga tayyorsiz? Sizningcha, ayolingiz nimalardan voz kechishi mumkin?
Er-xotin uchun mulohazalar:
- Mazkur bobda eng muhim vazifa tasvirlangan. Ikkalangizga ham yoqadigan mashg‘ulotni topish uchun C ilovasida joylashgan “Sevimli mashg‘ulotlar ro‘yxati” sarlavhali anketadan foydalaning.
- Ikkalangizga ham yoqadigan mashg‘ulotlarni aniqlab, har birini sinab ko‘rish uchun vaqt ajrating. Sizlarga ko‘proq xush keladigan mashg‘ulotlar doirasini beshta yoki o‘ntagacha kamaytiring.
“Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji” kitobi oila haqidagi eng yaxshi kitob sifatida reytingni takror va takror boshqarib kelmoqda, negaki bu kitob boshqa asarlardan farqli ravishda erlar va xotinlar nimaga ko‘proq muhtoj bo‘layotgan bo‘lsalar, aynan o‘shani bir–birlariga berishlariga ko‘maklashadi.
“Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji”ni o‘qigan million nafardan ko‘p juftliklar oila o‘chog‘idagi alangani saqlab turishni o‘rganib oldilar va endi kitobni boshqa odamlarga ham tavsiya etishmoqda. Doktor Xarlining samarali maslahatlari va tajribalari sharofati bilan oilaviy hayotlarida ajoyib o‘zgarishlar yuz bergan insonlar safiga qo‘shiling. Siz baxtli nikohning faqat orzu bo‘libgina qolmay, balki haqiqiy hayotingizga aylanishini ko‘rasiz
Книга на Узбекском языке: Его нужды, Ее нужды (Уиллард Ф. Харли-мл.)
«Его нужды, Ее нужды» неизменно считается лучшей семейной книгой, потому что, в отличие от других произведений, эта книга призывает мужей и жен давать друг другу то, в чем они нуждаются больше всего.
Более миллиона пар, прочитавших «Потребность мужчины, потребность женщины», научились поддерживать пламя и теперь рекомендуют эту книгу другим. Присоединяйтесь к рядам людей, которые добились замечательных изменений в своей семейной жизни благодаря эффективным советам и опыту доктора Харли. Вы увидите, что счастливый брак станет не просто мечтой, а вашей реальностью.