Kichik Uillard F. Xarli Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji - (Jinsiy qoniqish) Kitob O'zbek tilida
Эркак эҳтиёжи, аёл эҳтиёжи (Кичик Уиллард Ф. Харли) Ўзбек тилида Аудиокитоб
Хiyonatdan himoyalangan nikoh munosabatlarini yaratish
Mundarija
Nashrning 15 yilligi munosabati bilan suzboshi
Kirish
1. Nikohingiz xiyonatdan qanchalik ximoyalangan?
2. Nega Sevgi Bankingiz hech qachon yopilmaydi?
3. Mehribonlik namoyon etilishi
4. Jinsiy qoniqish
5. Suhbat
6. Birgalikdagi hordiq
7. Rostguylik va ochiqlik
8. Jozibador rafiqa
9. Moliyaviy madat
10. Honadon sarishtaligi
11. Ota-onalik burchlarining bajarilishi
12. Zavq - shavq
13. Xiyonatga qanday bardosh berish mumkun?
14. Nomofiqlikdan jozibadorlikgacha
JINSIY QONIQISH
Erkakning birinchi hayotiy ehtiyoji
– Biz turmush qurmasimizdan avval Jim xuddi Don Juan kabi romantik va mehribon edi. Endi esa u ko‘proq Vahshiy Attilaga o‘xshaydi.
– Jon jinsiy aloqani istab qolsa, “hoziroq va shu yerda” bo‘lishini istaydi. Men o‘zimni qanday his qilayotganimni unga farqi yo‘q. Uni faqat o‘z hirsining qondirilishi qiziqtiradi.
– Bob hayvonga aylanib qolgandek. U faqat va faqat jinsiy aloqa haqida o‘ylashga qodir, xolos.
Men qabulxonamda xotinlardan bu kabi e’tirozlarni eshitganimda, ularning umidsizlikka qanchalik botib qolganlarini tushunaman. Qachonlardir bu erkaklar ayollarga o‘z mehribonliklari va g‘amxo‘rliklarini ko‘rsatib, ularning qalblarini zabt etishgandi. Ammo to‘ydan so‘ng darhol bu mehr–iltifotlarning hammasi yo‘qoldi, endi esa faqat shahvoniy nafs qolganga o‘xshaydi. Nahotki ko‘ngil ovlash pallasidagi barcha e’tibor shahvoniy qoniqtirish uchungina ayolni uchun zabt etish maqsadida qo‘llangan hiyla–nayranglar bo‘lsa?
– Sizningcha, eringiz nega o‘zini bunday tutyapti? – deb so‘rayman.
– Chunki u menga befarq, – men shu fikrni ifoda etadigan javoblarni yoki shunga o‘xshash boshqa so‘zlarni eshitaman.
Bu ayollarda bitta umumiy va keng tarqalgan muammo bor. Men uni shunchaki Uillard Xarlining Birinchi Xulosasi deb atayman:
Yaxshi xotin erining jinsiy aloqaga bo‘lgan
kuchli ehtiyojini qanchalik darajada tushunsa,
yaxshi er rafiqasining mehribonlikka bo‘lgan
kuchli ehtiyojini ham shu darajada tushunadi.
Agar ikkala tomon ham tinglashga va o‘zgarishsa intilsa, juftlik bu qarama–qarshilikni katta qiyinchiliksiz hal qilishi mumkin. Men uchinchi bobda erkaklarning mehribonlik ko‘rsatishga layoqatsizligi ancha jiddiy muammo ekanligini yetarli tarzda qat’iy bildirib o‘tgandim. Yodingizda bo‘lsin, mehribonlik – oilada hukm suradigan muhit, jinsiy aloqa esa – o‘ziga xos voqealikdir.
Ayni vaqtda xotin jinsiy aloqani eri qanchalik qadrlashini anglab yetganida, o‘sha ayol bilan mo‘‘jiza ro‘y beradi. Er hirsi qo‘zigan mahluqqa aylangani uchun uni “ushlab–teginib” to‘shakka tormayotgan ekan. Aslida er buni o‘ziga nimadir kerak bo‘lgani uchun – boz ustiga, juda kerak bo‘lgani uchun – qilayotgan ekan. Ko‘plab erkaklar o‘zlarining shahvoniy mayllari bu qadar kuchli bo‘lishini istamasliklariga iqror bo‘lishgan. Bir kompaniyaning o‘ttiz ikki yoshli boshlig‘i buni shunday ifoda etgandi: “Men o‘zimni ahmoqdek his qilaman – xotinimdan jinsiy aloqani go‘yo iltimos qilayotgandekmen va hatto uni majburlayotgandek bo‘laman, ammo o‘zimni boshqara olmayapman. Men jinsiy aloqa qilib turishim zarur!”
Erkaklar nega o‘zlarini tez–tez aldangandek his qilishadi?
Erkak o‘ziga rafiqani tanlaganida, unga butun umr sodiq bo‘lishga qasam ichadi. Bu shuni anglatadiki, demak, “toki o‘lim ularni ajratmagunicha” xotini uning yagona to‘shakdoshi bo‘lib qolishiga ishonadi. U o‘ziga shunday majburiyatni oladi, negaki xotini ham xuddi o‘zi kabi jinsiy aloqaga moyil ekanligiga ishonadi. Erkak qachon ishq lazzatidan bahramand bo‘lishni istasa, xotini uning uchun hamisha tayyor va barcha shahvoniy ehtiyojlarini qondiradi, deya hisoblaydi, xuddi rafiqasi ham o‘zining barcha hissiy ehtiyojlarini eri qondirishiga tayangani kabi.
Afsuski, ko‘pgina oilalarda er mana shu ayolga ishonib, hayotida eng katta xato qilgani haqidagi xulosaga keladi. U o‘zining muhiy hayotiy ehtiyojini qondirishni istamayotgan xotin bilan jinsiy aloqa qilishni kamaytirishga rozi bo‘ladi. Mashhur bir masalda aytilganidek, u girdobga tushib qolgan va hech nimadan ushlab qololmaydi. Agar uning diniy va ahloqiy qoidalari mustahkam bo‘lsa, ehtimol, u vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishga urinishi mumkin. Ko‘plab erkaklar o‘zini tiyishadi, ammo talaygina boshqa erkaklar bunga qarshi kuch topolmay qolishadi. Ular jinsiy aloqani boshqa joydan topishadi.
Xiyonatkor er xotini uning oldidagi burchini bajara olmagani bilan o‘zini oqlaydi. Ayolga erining xiyonati oshkor bo‘lib, u o‘z xatosini tuzatishga va eri bilan to‘shakdagi munosabatlarini yaxshilashga urinishi mumkin, lekin ko‘pincha bu paytga kelib hammasi juda kech bo‘ladi. Xotin azob va xafagarchilikni his etadi, erning boshqa ayol bilan ko‘ngilxushligi esa nihoyatda chuqurlashib ketgan bo‘ladi.
Inson hatti–harakatlarini g‘alati ko‘rinishlaridan biri – oilali erkakning boshqa ayolga shahvoniy qiziqishidir. Ko‘pincha erkak bu yo‘lga butun vujudi bilan berilib ketgandek bo‘ladi. Men qandaydir shahvoniy aloqalar tufayli erishgan mavqelarini tashlab, o‘z muvaffaqiyatlarini puchga chiqargan bank prezidentlari, nufuzli siyosatchilar, ilg‘or jamoatlarning cho‘ponlari va turli jabhalarning yetakchilarini taniyman. Ular jinsiy aloqasiz butun hayotlari bemaqsad tuyulishi haqida menga aniq–tiniq tushuncha berishgan.
Men jinsiy aloqa qilish ehtiyojiga qattiq bog‘lanib qolgan, miyalari go‘yoki bo‘tqaga aylangan bu ayanchli va gangib qolgan odamlarni tinglab o‘tiraman. Boshqa vaziyatda men bu aqlli, muvaffaqiyatli va mas’uliyatli odamlarga zavqli hayrat bilan qaragan bo‘lardim. Ammo ularning kerakli tomonga yo‘naltirilmagan shahvoniy ishtiyoqlari aslida kimliklarini darhol ma’lum qilib qo‘ydi.
Garchi hayotda bunday voqealarning ketma–ket yuz berishi chinakam telbalik bo‘lsada, mening psixologik tajribamga ko‘ra, barcha er-xotinlarning deyarli yarmi xiyonatdan azob chekishadi. Men juftliklar ko‘pgina hollarda osonlik bilan fojeaning oldini olishlari mumkinligiga ishonaman. Oldindan bartaraf etish esa erkak va ayol o‘rtasidagi jinsiy aloqaga oid farqni tushunishdan boshlanadi.
O‘rtadagi farq nimada?
Erkaklar va ayollar jinsiy aloqaga moyillik va o‘zlarining shahvoniy ishtiyoqlari masalasida bir–birlaridan qanday farq qilishadi?
Men uzoq yillar mobaynida mijozlarimning jinsiy aloqaga oid tajribalari va shahvoniy hatti–harakatlari to‘g‘risidagi savollar to‘plangan 40000 dan ortiq anketalar to‘plaganman. Bu anketalardagi natijalarga ko‘ra shuni aniq xulosa qilish mumkinki, deyarli barcha erkaklar o‘z tana a’zolariga tegib hirslarini qondirishadi, ulardan ko‘pchiligi esa buni hali bolalik paytidayoq boshlaydi (8–10 yosh). Boshqa tomonlama esa, qizlar masturbatsiya (o‘z tanalariga tegib lazzatlanish)ni ancha kech boshlaydilar, bu ko‘proq katta o‘smirlik yoshiga yoki yigirma yoshdan keyingi pallaga to‘g‘ri keladi. Mening so‘rovnomamda ishtirok etgan ayollarning yarmidan ko‘prog‘i hech qachon bunday qilmaganlarini bildirishgan.
So‘rovnomaga ko‘ra, ikki jins o‘rtasidagi ilk jinsiy aloqa (geteroseksual) tajribasi erkak va ayollarda deyarli bir xil yoshda yuz bergan (o‘n uch yosh va o‘n olti yoshlar orasida). Ammo ularning bu boradagi tajribalariga oid javoblari bir–birlaridan anchayin farq qiladi. Deyarli har bir erkakka birinchi geteroseksual yaqinlik yoqqan bo‘lsa, ayni vaqtda aksariyat ayollar bundan umidsizlikka tushganlar.
Men o‘smir yigit va qizlar o‘rtasida yuzaga keladigan jinsiy aloqaga oid bunday tafovut sabablarini qisman tushuntirish mumkinligiga ishonaman. O‘smirlar ko‘p hollarda shahvoniy ishtiyoq kuchiga va masturbatsiya vaqtidagi shahvoniy reaksiyaga bo‘ysunadilar. Qizlar esa birinchi shahvoniy yaqinlikka hech qanday tajribaga ega bo‘lmasdan kelishadi. Ularning ko‘pchiligi o‘zlarini nima kutayotganini bilishmaydi. Buning sababi jinsiy aloqaga haddan ziyod ehtiyojni his qilish emas, balki do‘sti bo‘lmish o‘g‘il bolaga yoqish istagi yoki shunchaki qiziqish bo‘ladi (“Xo‘sh, aslida jinsiy aloqa o‘zi nima ekan?” – ular o‘zlaridan so‘rashadi).
Jinsiy aloqaga bo‘lgan ehtiyoj va tajriba nuqtai nazaridan bunday nomutanosiblik hatto soxta jinsiy aloqa erkinligiga yo‘l qo‘yilgan va ommaga keng yoritiladigan bugungi kunda ham er-xotinlar o‘rtasida ko‘plab muammolarning asosi bo‘lmoqda. Ko‘plab yosh qizlar va yigitlar oilaviy hayotga boshqa–boshqa “sep–sarpolar” bilan kirib kelishmoqda: yigitning jinsiy aloqa borasida tajribasi ko‘proq va hirsi kuchliroq qo‘zg‘algan; qiz kamroq (ko‘pincha juda oz) tajribaga ega, jinsiy aloqa qilishga sabablari kam va ba’zan juda sodda. Bundan tashqari, yigitning hissiyotlari shunchalik jo‘shqin va deyarli o‘z–o‘zidan hosil bo‘lgani tufayli u ko‘pchilik ayollar erlarining shahvoniy harakatlariga to‘g‘ri yondashishga o‘rganishlari zarurligini odatda xayoliga ham keltirmaydi, o‘zi esa yosh xotinini ayollik ehtirosidan zavq olishga o‘rgatishga tayyor emas. U o‘ziga jinsiy aloqa yoqishini biladi, xolos. Va o‘ziga nimadir yoqsa, bu hech bo‘lmaganda xotiniga ham manzur bo‘ladi deya hisoblaydi. Aksariyat yosh erlar bunday farazning xato ekanligini juda tez fursatda tushunib qolishadi. Achchiq haqiqat shuki, ular jinsiy aloqaning o‘zlaricha kashf etgan g‘aroyibotlari xotinlari uchun ancha kam ahamiyatli bo‘lgan ekan. Ko‘pchilik erkaklar uchun bu hissiyot hech nima bilan taqqoslab bo‘lmaydigan umidsizlik manbaiga aylanadi.
Jinsiy aloqaga tayyorgarliksiz oila qurish
Garchi keyingi o‘ttiz yil mobaynida nikohgacha bo‘lgan jinsiy aloqa to‘g‘risida ko‘plab maslahatlar berilgan va yosh kelin–kuyovlar uchun foydali adabiyotlar chop etilgan bo‘lsada, ko‘plab insonlar hanuzgacha jinsiy aloqaga tayyorgarliksiz holda nikohdan o‘tishmoqda. Albatta, erkaklar o‘zlarini rosa tayyorlangan kabi his etishadi, ammo jinsiy aloqaga tayyorgarlik va sevgi bilan mashg‘ul bo‘lishga tayyorgarlik – ikkalasi boshqa–boshqa masaladir.
Erkaklar jinsiy qo‘zg‘alishni va orgazmni ancha yengil his etishadi. Ayollarda esa barchasi mutlaqo teskari ravishda ro‘y beradi. Yoshlar o‘rtasida jinsiy yaqinlik qizg‘in kechayotgani haqidagi ma’lumotlarga qarama–qarshi holda, mening maslahatchi sifatidagi ish tajribam shundan dalolat beradiki, hatto faol jinsiy aloqada bo‘lgan ayollar ham odatda shahvoniy qo‘zg‘alish yoki orgazm borasida tajribaga ega bo‘lmay turib, nikohdan o‘tishmoqda. Bu ayollardan ko‘pchiligi turmushga chiqqunlaricha orgazmni hech qachon his etishmagan.
Erkaklar ko‘pincha nikohdan o‘tayotganda xotinlarining jinsiy aloqaga ishtiyoqlari ancha kuchli ekanini faraz qilishadi, vaholanki aslida ham shunday. Ular sodda va sevgi san’atida hali ancha no‘noq bo‘lib ko‘rinishni istamaganlari tufayli, ayrim xotinlar o‘z erlariga to‘liq ochilishmaydi. Buning o‘rniga ular o‘zlarini jinsiy qo‘zg‘algan va orgazmni his qilayotgandek tutishadi, garchi amalda bunday bo‘lmasada. Ko‘plab ayollar erlari bilan jinsiy aloqani halokat deya hisoblashadi, negaki ular o‘zlarining shahvoniy ishtiyoqlarini unchalik yaxshi tushunishmaydi, bu esa erlariga jinsiy aloqadagi o‘zaro qovushishlariga yordam bermaydi. Boshqa barcha masalalarda o‘zaro til topishgan ko‘plab juftliklar o‘zlarining qo‘polligi va yolg‘onlari tufayli jinsiy aloqa lazzatidan to‘liq bahra olishga layoqatsiz bo‘lib chiqishadi.
Natijada esa ko‘plab erlar jinsiy aloqani chetlab yashashadi yoki (o‘zlarining fikricha) “o‘ta qattiq parhez saqlashadi”. Albatta, er hamma masalada xotinini ayblaydi, ammo haqiqiy aybdor – nafaqat ayoli, balki ikkalasining birgalikdagi harakatlari bilan yengib o‘tishlari kerak bo‘lgan jinsiy aloqadagi nomuvofiqlik hisoblanadi.
Erkak, agar xotini ham jinsiy aloqadan qoniqish olmasa, to‘liq shahvoniy qoniqishga erisholmaydi. Garchi men erkaklar ayollarga nisbatan qovushishga ko‘proq muhtoj ekanliklarini ta’kidlasamda, baribir agar xotin erining shahvoniy kechinmalarini baham ko‘rmasa, uning jinsiy aloqaga bo‘lgan ehtiyoji qoniqarsiz ahvolda qolaveradi. O‘z navbatida, xotin o‘z tanasini erining hirsi uchun bag‘ishlab, unga katta iltifot ko‘rsatmaydi. Xotinda ham shahvoniy ehtiroslar xuddi erida bo‘lgani kabi yoqimli kechganidagina, erkak jinsiy aloqadan to‘yib qanoatlanishi mumkin.
Erkaklar va ayollar jinsiy aloqadan lazzat olishni boshlaganlaridayoq bir–birlaridan keskin farq qilishar ekan, demak, er-xotinlar o‘rtasida jinsiy aloqaning nomutanosibligini tez–tez qayd etayotganimiz hayron qoldirmaydi. Muloqot kaliti qo‘pollik eshigini ochib, har bir juftlikka jinsiy aloqa uyg‘unligini taqdim etadi. Men ushbu bobning oxirgi sahifalarida erkaklar va ayollar jinsiy aloqa uyg‘unligiga kelishishlari uchun bir–birlariga ma’lum qilishlari zarur bo‘lgan eng muhim g‘oyalarni sizlarga havola etaman.
Jinsiy aloqadagi uyg‘unlikka qanday erishish mumkin?
Jinsiy aloqadagi uyg‘unlikka erishish ikkita muhim bosqichdan iborat:
- Jinsiy aloqadagi qo‘pollikni yengib o‘tish. Er va xotin o‘zlarining shahvoniy ishtiyoqlarini va o‘z shahvoniy reaksiyalarini tushunishlari lozim.
- Bir–biringiz bilan jinsiy aloqa haqidagi tushunchalaringizni baham ko‘ring. Er va xotin jinsiy aloqadan birgalikda qoniqish va lazzat olishlari uchun o‘z shahvoniy reaksiyalari haqida bilib olganlarini baham ko‘rishni o‘rganishlari kerak.
Nikohingizda jinsiy aloqadagi uyg‘unlikka erishmog‘ingizga yordam berish uchun ushbu bobning qolgan qismida odamning shahvoniy xususiyati mavzusida qisqacha saboq beriladi. Garchi taqdim etilgan materiallardan ayrimlari sizga shukuhsiz va hatto befoyda bo‘lib tuyulsa ham, menga sabr–toqat bilan yondashing. Siz quyidagi ma’lumotni qanchalik yaxshiroq tushunsangiz, bir–birlaringizning shahvoniy ehtiyojlaringizni shunchalik yaxshi qondirishingiz mumkin bo‘ladi.
Er va xotin bir–birlari bilan sevgi ishratidan – hissiy va ruhiy darajada – bahramand bo‘layotganlarida aslida nimalar yuz berayotgani haqida yagona tushunchaga kelsalar, jinsiy aloqaga taalluqli ko‘plab muammolar yechim topadi.
Jinsiy yaqinlik to‘rt bosqichga bo‘linadi: qo‘zg‘alish, plato, orgazm va tiklanish.
Qo‘zg‘alish bosqichida erkak va ayollar shahvoniy hissiyotlarni his etishadi. Odatda erkak olati ko‘tariladi, ayolning qini esa suyuqlik chiqara boshlaydi. Agar erkakning olati va ayolning qini kerakli ravishda qo‘zg‘alsa, ular stado bosqichiga o‘tishadi. Ushbu bosqichda erkakning olati ancha taranglashadi, ayol qinining mushaklari qisqarib, jinsiy aloqa paytida katta qarshilik va yuqori sezgirlikni hosil qiladi. Bor–yo‘g‘i bir necha soniya davom etadigan orgazm jinsiy aloqaning eng yuqori nuqtasi hisoblanadi. Bu paytda olat urug‘ni chiqarib yuboradi, qin esa bir necha marta qisilib yana ochiladi. So‘ngra erkak ham, ayol ham tinchlanish va xotirjamlikni his qiladigan tiklanish pallasi keladi; olat yumshab qoladi, endi suyuqlik chiqarmayotgan qin esa bo‘shashadi.
Erkaklar ham, ayollar ham bu to‘rt bosqichdan o‘tishlariga qaramay, ularda bu jismoniy va ruhiy nuqtai nazardan turlicha kechadi. Nimadir erkak uchun odilona bo‘lsa, ayol uchun adolatli deb bo‘lmaydi. Va aksincha, ayol uchun nimadir odilona yuz bergan bo‘lsa, erkak uchun adolatsizlik deyish mumkin. Jinsiy aloqada o‘zaro uyg‘unlikka erishmoqchi bo‘lgan juftliklar bu tafovutlarni tushunishlari va qadrlamoqlari lozim.
Biz har bir bosqichni alohida ko‘rib chiqqan holda, ayrim muhim tafovutlarni aniqlab olamiz.
Qo‘zg‘alish: hammasi qanday boshlanadi?
Jinsiy yaqinlikning birinchi bosqichidayoq erkaklar va ayollarda qo‘zg‘alish qanday boshlanishi va ularning har biri bunga qanday munosabat bildirishiga qarab, ikkala jins vakillari o‘rtasidagi farqni ko‘rish mumkin.
Erkaklarda qo‘zg‘alish turlicha tarzda bo‘lishi mumkin, ammo ularning aksariyatida shahvoniy qo‘zg‘alish ko‘rish orqali oson va tez kechadi. Son–sanoqsiz jurnallar, posterlar, filmlar va shu kabi mahsulotlar yalang‘och yoki o‘z tanasini qisman yopib turgan ayollarning suratlariga to‘lib–toshgan bo‘lib, bularning hammasidan bitta maqsad ko‘zlangan: erkaklar yalang‘och ayollarni tomosha qilishni yoqtirishadi. Mening maslahatimda bo‘lgan xotinlar erlari ularning yechingan holda ko‘rishni yoqtirishlarini aytishgan, bu holatda erkaklarda qo‘zg‘alish soniyalar ichida ro‘y beradi.
Erkak osongina qo‘zg‘aladi va bu bir kunda bir necha marotaba sodir bo‘lishi mumkin. Ko‘plab ko‘zga ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan omillar erkakni qo‘zg‘atishi mumkin: liftdagi atir hidi, ayolning qadam tashlashi, yarim yalang‘och ayolning fotosurati va hatto o‘y–xayollar ham.
Xotinlar ba’zan o‘z erlarining boshqa ayol tufayli ehtirosi jo‘shganidan tashvishda ekanliklarini bildirishadi, lekin ular shuni tushunishlari lozimki, bu holat erning zehni pastligi yoki xiyonatkorligini anglatmaydi. Ular shunchaki erkaklarga xos bo‘lgan reaksiyani boshdan kechirishadi. Qo‘zg‘alish o‘z-o‘zidan erkak uchun katta ahamiyatga ega emas: qo‘zg‘alish erkakning ortiqcha harakatisiz – ba’zan esa buni u hohlaydimi–yo‘qmi – sodir bo‘lishi mumkin.
Ehtimol, buni tushunish ayollarga qiyin bo‘lsa kerak, negaki ular qo‘zg‘alishni erkaklardan butunlay boshqacha tarzda his qilishadi. Ular murakkabroq va bir maromda bo‘lganlari bois, aksariyat hollarda ko‘rish orqali ehtirosga tushmaydilar. Garchi ayollar jurnalida bosilgan suratlar katta e’tiborni o‘ziga tortsada, ko‘pchilik ayollar ularni haqiqiy shahvoniy hissiyotlardan ko‘ra ko‘proq hazil sifatida qabul qilishadi.
O‘rta me’yordagi ayol uchun qo‘zg‘alish – bu ko‘rish orqali yoki boshqacha tarzda bo‘lmasin – muayyan darajadagi aql–idrokning ifodasi bo‘lib hisoblanadi. Ayol muayyan bir erkakka qalban bog‘langaniga qarab ehtirosga tushish–tushmasligini o‘zi tanlashi mumkin. Mehribonlik, e’tibor, fe’l–atvorning yumshoqligi, yaxshilik va sezgirlik kabi xususiyatlar faqat erkaklar o‘ylab topishi mumkin bo‘lgan har qanday ayyorona usullardan ko‘ra ko‘proq darajada uni ehtirosga soladi. Yuqorida qayd etilgan xususiyatlarga ega bo‘lgan erkaklar ayolga erkak uni tushunishi va u haqda g‘amxo‘rlik qilishni istayotgani haqidagi hissiyotlarni beradi.
Ayol bu hissiyotlarning belgilarini erkakning nigohidan izlaydi. Ehtimol, aynan shu bois ayollar dastlab erkakning nimasiga e’tibor berishlari haqidagi savolga shunday javob qaytarishadi: “Uning ko‘ziga”. Bir xotin eri tomonidan unga to‘shakdosh kabi emas, balki “meni inson sifatida baholay” olishidek alohida bir munosabatda bo‘lishini tasvirlagan. Er xotiniga nazar tashlab namoyon etgan g‘amxo‘rlik xuddi muayyan bir hodisadek ularning munosabatlarida katta ma’noni anglatgan. Zamonaviy jamiyat ko‘rkam erkaklar go‘zal ayollar bilan uchrashishlari haqidagi fikrlarni ko‘pirtiradi, biroq ko‘pchilik ayollar uchun erkakning tashqi ko‘rinishi eng asosiysi emas. Nozik teginish yoki shirin munosabat ko‘rkam qiyofa yoki xushbichim qaddi–qomatdan ko‘ra kattaroq ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Erkak o‘z rafiqasiga yaqinlashidan avval uning ehtirosi qo‘zg‘alishi yoki susayishiga katta ta’sir qilishi mumkin. Erkakning quchoqlashi, bo‘salari va erkalashlari ayolga mehribonlik, e’tibor va alohida bir g‘amxo‘rlikdan darak berishi lozim. Diqqat–e’tibor, mehribonlik va g‘amxo‘rlik – ayol qo‘zg‘alishining sir–sinoatidir.
Mabodo ayol erining bu muloyim va nozik xususiyatlarga ega ekanligiga ishonchi komil bo‘lsa, u jinsiy qo‘zg‘alish jarayonida ishtirok etishga rozi bo‘ladi. Ayollar o‘zlarining nikohdan tashqaridagi ishqiy aloqalarida jazmanlarini beqiyos deya hisoblashadi, negaki bu erkak ayolning eri bermayotgan mehribonlik va g‘amxo‘rlikni namoyon etadi. Sevgi aloqalaridagi keng tarqalgan ssenariy bo‘yicha ayolning ehtiroslari va shahvoniy shiddati erkakni zabt etadi. Ko‘pgina hollarda ayol o‘z orzusidagi erkak timsolida jamlangan jazman bilan ishqiy munosabatda bo‘ladi – uning yaxshi odam yoki o‘taketgan ablah ekanligining ahamiyati yo‘q. Bu o‘rinda o‘sha erkak o‘z muloyimligi va o‘ylab topgan hatti–harakatlari bilan yaratgan muhitni ayol qanday qabul qilishi muhim.
Ayol qo‘zg‘alishga qaror qilgan zahotiyoq badanni silab–siypashlarni (ayniqsa ko‘krakni va ko‘krak uchi bezlarini) va qin atrofidagi teginishlarni qabul qilib, ta’sirlanishga tayyor bo‘ladi. Hissiz ayolga nisbatan xuddi shunday qo‘zg‘atishlar umuman ta’sir qilmaydi. Qo‘zg‘alishni his etishni istamaydigan ayolni bu faqat jahlini chiqaradi. Jinsiy aloqa boshlanganida, ayol qinning kuchli qo‘zg‘alishi va ochilishiga madad kerak bo‘ladi. Ayol yanada kuchli qo‘zg‘atishni keltirib chiqarishni quyidagilar orqali o‘rganib oladi: (1) qov–dumg‘aza mushaklarining qisqarishi – qinga kirganida olatni qisish jarayoni, (2) tos-dumg‘azaning tez itaruvchan harakatlari va (3) tanasini shahvat do‘mbog‘i (klitor)ga bosimni kuchaytiradigan hamda olatning qinda harakatlanishiga to‘sqinlik qiladigan holatda ushlab turish.
Bir necha daqiqalik bunday jismoniy qo‘zg‘alish odatda ayolni (va uning ehtirosga to‘lgan erini) navbatdagi bosqichga – platoga olib boradi.
Plato: jinsiy yaqinlikning ajoyib bosqichi
Ayollarga o‘ziga xos va qizg‘in ehtiros kerak bo‘lgan ayni vaqtda erkaklarning platoga yetishishlari uchun ancha kamroq qo‘zg‘alish kerak bo‘ladi. Erkaklarga deyarli hamisha jinsiy aloqaning o‘zi yetarli, ko‘pchiligi esa platoga ozgina qo‘zg‘alish bilan erishadilar.
Afsuski, ayolning kuchliroq qo‘zg‘alishga ehtiyoji va erkakning bunga kamroq ehtiyoji jinsiy aloqadagi odatiy muammoni keltirib chiqaradi: barvaqt eyakulyatsiya. Bu holat erkakning orgazmni juda barvaqt his qilishi demakdir. Ayol plato bosqichiga yetish uchun ehtirosni oshiradigan tezkor harakatlar qilayotganida erkak bu shahvoniy qo‘zg‘alishlarga yetarlicha javob berolmay qoladi. Erkak orgazmni his qiladi, ereksiya esa ayol platoga yoki orgazmga yetishidan avvalroq yo‘qoladi.
Boshqa tomondan olganda, agar erkak orgazmni ushlab turishga harakat qilsa, u plato bosqichidan qo‘zg‘alish bosqichiga qaytadi va uning olati qattiqligini yo‘qotadi. Garchi u jinsiy aloqani davom ettirsada, xotinini zaruriy qo‘zg‘alish bilan ta’minlashi uchun olati yetarlicha mustahkam bo‘lmaydi.
Ko‘pchilik erkaklar uchun orgazmga yetib bormasdan plato bosqichida ushlanib turish yoki qo‘zg‘alish pallasiga qaytmaslik haqiqiy muammoga aylanadi. Erkaklar jinsiy aloqa paytida plato bosqichida taxminan o‘n daqiqa qolishlari kerak – xotin iana shu bosqichga yetishishi uchun aynan shuncha vaqt kerak. So‘ngra ayol orgazmga yetishi uchun yana besh daqiqa kerak bo‘lishi mumkin. Erkaklar, odatda, xotinlari platodan lazzatlanishlari yoki orgazmga erishishlari uchun yetarli darajada qo‘zg‘alishlaridan avvalroq orgazmni his qilishadi. Erkaklar o‘z oldilariga qanchalik yaxshi maqsadni qo‘ygan bo‘lmasinlar, buni uddalash uchun mashq qilishlariga to‘g‘ri keladi.
Orgazm: behad lazzatmi yoki bezovtalik?
Oxirgi yillarda ko‘plab kitob va maqolalarda jinsiy aloqaning yuqori bosqichi (yoki orgazm) juftliklar ko‘proq rohat olishlari uchun bir vaqtning o‘zida erishishga intilishlari kerak bo‘lgan behad lazzatbaxsh holat sifatida yorqin tasvirlanmoqda. Barcha bu shov–shuvlar bois orgazm tushunchasiga ahloqiy buzuqlik tariqasida qaralmoqda, ayrim juftliklar esa yuqori maqsadi – orgazmga yetishish bo‘lgan jinsiy yaqinlik jarayoniga qiziqishlarini yo‘qotganlar. Juftliklar quvonch o‘rniga bezovtalikni his qilishganida, ular “sifatli ijroga” juda katta ahamiyat berishadi va bir–birlari bilan yaqinlashishdan kam rohatlanishadi.
Plato bosqichiga qanday yetishni biladigan ayol orgazmdan faqat birgina qadam narida turadi – unga ko‘proq vaqt va ehtiros uyg‘onishi kerak, xolos. Biroq ayrim mijozlarim orgazmga erishish uchun ortiqcha harakatlar qilish shart emasligiga iqror bo‘lishgan. Ular vaqti–vaqti bilan orgazmni his etishadi, biroq aslida jinsiy aloqaning o‘zidan to‘liq qanoat hosil qilib, erlari ularni orgazm holatiga olib borishga tez–tez majbur qilmasliklarini afzal ko‘rishadi. Men odatda erkaklarga orgazmni his qilishni istash–istamaslikni xotinlarning o‘zlariga havola etishlarini maslahat beraman.
O‘z tajribalarim mobaynida quvvatga to‘lib–toshgan ayollarning jinsiy aloqa vaqtida har doim orgazmga yetishishni afzal ko‘rishlarini kuzatganman. Harakati sustroq yoki uzoq va og‘ir ish kunidan so‘ng charchoq sezadigan ayollar ko‘pincha orgazmgacha borishni istashmaydi. Erkaklar esa kuch–quvvatga to‘lgan yoki charchagan bo‘lishmasin, orgazmdan bahra olishni ma’qul ko‘rishadi, negaki bu ulardan ortiqcha harakatlarni talab etmaydi.
Yoqimli jinsiy munosabatlarda bu farq qilingan harakatlar natijasida yanada ortadi. E’tiborli er o‘z rafiqasini orgazmni muqarrar his etishga majburlamaydi, negaki u ayoliga jinsiy aloqa hatto orgazmsiz ham ko‘proq yoqishini tushunadi. To‘laqonli jinsiy munosabatlarda orgazmgacha borish shart ekanligi haqidagi xavotirga o‘rin yo‘q.
Agar siz hech qachon orgazmni his qilmagan bo‘lsangiz yoki sizda ayniqsa qovushish paytida qiyinchilik tug‘ilgan bo‘lsa, men oliy ma’lumotli tibbiyot hamshirasi Jorjiya Klayn-Greyber va tibbiyot doktori Bendjamin Greyberning “Ayol orgazmi: Shahvoniy qoniqishga erishish bo‘yicha qo‘llanma” (New York: Warner Books, 1975) kitobini tavsiya etaman. Mualliflar o‘quvchini jarayon bilan qadamba–qadam tanishtirib borganlari bois, bu kitob ayniqsa orgazm olishni bilmaydigan ayollar uchun foydali. “Jinsiy aloqa vaqtida orgazmga yetish uchun o‘n qadam” sarlavhali bob ajoyib tarzda yozilgan bo‘lib, orgazmga yetishishni biladigan, ammo buni jinsiy aloqa vaqtida eplay olmaydigan ayollarga foydasi katta. Men tavsiya etilgan barcha qadamlar ham ijobiy natijaga erishish uchun zarur bo‘lavermaydi degan xulosaga keldim. Siz ularni o‘zgartirishingiz yoki o‘z qadriyatlaringiz va hissiyotlaringizga moslashtirishingiz mumkin.
Tiklanish: yoqimli xotiralarmi yoki afsus–nadomat?
Tiklanish bosqichi uchun eng yaxshi atama – “yoqimli xotiralar” bo‘lib, bunda erkak va ayol bir–birlarining quchoqlarida yotib, to‘liq qoniqishni his qilishadi. Ammo erkak va ayolning sezgilari orgazmdan keyin turlicha ishlashi bois, ko‘plab juftliklar bu ajoyib holatni qo‘ldan boy berib qo‘yishadi.
Ayollar uchun orgazmdan so‘ng plato holatiga qaytishlik xos bo‘lib, agar o‘zi xohlasa, bunda u yana orgazmni his qilishi mumkin. Mabodo u yana orgazmgacha borishni istamasa, tezda qo‘zg‘alish bosqichiga, so‘ngra esa ehtiros qo‘zg‘atilmagan holatga qaytadi. Bunday holat sodir bo‘lganida, ayol chuqur xotirjamlikni his etadi va o‘z navbatida, mehribonlik ko‘rsatilishini intiqlik bilan kutadi. Mening maslahatimda bo‘lgan ko‘plab ayollar bu hissiyot jinsiy aloqa tugaganidan so‘ng bir soatgacha saqlanib qolishini tasdiqlashgan.
Erkaklar tiklanish pallasidan boshqacha hissiyotlar bilan o‘tishadi. Erkak ikkinchi orgazmni unchalik xush ko‘rmaydi, nega buning uchun birinchisidan ko‘ra – agar erkak birinchi orgazmga yetisholgan bo‘lsa, albatta – ko‘proq harakat qilishiga to‘g‘ri keladi. Ko‘pchilik erkaklar uchun qisqa vaqt oralig‘idagi uchinchi orgazm deyarli imkonsiz. Ayollardan farqli ravishda erkak orgazmdan so‘ng plato bosqichiga qaytmaydi – u odatda qo‘zg‘alish bosqichiga qaytadi va bu hattoki bir necha soniyalar ichida ro‘y beradi. Ko‘plab erkaklarni orgazm vaqtida jinsiy aloqa umuman qiziqtirmaydi. Bunday erkaklar tomonidan to‘shakdan sakrab turib yuvinish xonasiga ketishi yoki yonboshga o‘girilishi va uxlab qolish holatlari tez–tez uchrab turadi. Bu kabi loqayd munosabatlar asal oylarini necha martalab buzmagan deysiz.
Har bir juftlik tiklanish bosqichida o‘zi uchun muvofiq keladigan hissiyot pallasini ishlab chiqishi lozim. Erkak xotinining o‘zi xohlasa uni teginish orqali orgazmgacha olib borishga tayyor turishi yoki kamida o‘n besh–yigirma daqiqa mobaynida nozik munosabatda bo‘lishni davom ettirishi kerak. G‘amxo‘rlik va mayinlik ko‘rsatishning ana shu muhim pallasi sizni ham chetlab o‘tmasin.
Boshqa tomondan olganda, ayol eri tomonidan jinsiy aloqaga qiziqishi yo‘qolganini rad etilganlik sifatida qabul qilmasligi lozim. Ayol shuni tushunishi zarurki, erining shahvoniy ishtiyoqi jismonan o‘zini tiyish paytidan so‘ng ortadi va orgazmdan so‘ng tezda pasayadi. Bu esa erning shahvoniy ishtiyoqi so‘nganiga qaramay, uni endi sevmay qo‘yganini anglatmaydi.
Jinsiy aloqadagi muammolarning yechimi
Garchi jinsiy aloqadagi muammo oiladagi taranglik va tushkunlikning sababi bo‘lsada, bu qiyinchiliklarni tuyulganidan ko‘ra yengib o‘tish ancha oson. Ko‘pchilik holatlarda oddiygina tayyorgarlik talab etiladi. Bunday muammolarni hal etish uchun er-xotinlar bu haqda bilishlari va birgalikda sinab ko‘rishni o‘rganishga tayyor bo‘lishlari lozim. Ana shunda ular qoniqishga yetishadilar. Ayniqsa xotinlar o‘zlarining jinsiy aloqaga xos jihatlarini ko‘proq bilishlari muhim. Ular erlarining qovushishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishlaridan avval men bayon etgan to‘rt bosqichga erishishni o‘rganib olishlari zarur.
Ko‘pchilik mendan so‘raydi: “Xo‘sh, qanday qilib o‘rganish mumkin?” Barchasi sizning oldingizdagi muammolarning qanchalik murakkabligiga bog‘liq. Siz ularni er-xotinlar o‘rtasidagi intim yaqinlik tasvirlangan va bayon etilgan ajoyib kitoblarni o‘qib hal qilishingiz ham mumkin. Bu mavzu ushbu kitobim qamrovidan tashqarida bo‘lgani uchun men sevgi san’ati mahoratini qay tarzda ishlab chiqish borasida batafsil to‘xtalishga urinmadim.
O‘z qarshingizda har ikkalangiz uchun nima yaxshiroq ekanligini aniqlash maqsadini qo‘yib, jinsiy aloqa haqidagi har qanday qo‘llanmani o‘qib chiqing. Ko‘plab bunday kitoblar sizga jinsiy aloqaning turli xil usullarini qalashtirib tashlashadi. Biroq yodingizda bo‘lsin, ulardan ba’zilari sizga to‘g‘ri kelsa, ayrimlari mos kelmaydi. Har bir alohida juftlik mutlaqo o‘zgacha tarzda munosabat bildiradi. Siz sevgi va tuyg‘ularga to‘la bo‘lgan qoniqish hissidan boshqa “andaza”larga intilishga majbur emassiz.
Agar sizning jinsiy aloqadagi muammongiz jiddiy bo‘lsa, bu yo‘nalishdagi tajribali mutaxassisga murojaat qilishingiz zarur. Men juftliklarga bu boradagi muammolarini hal qilishda yordam berish uchun jinsiy hayot sohasidagi usullardan foydalanganman. Biroq men to‘qnash kelgan har bir holat o‘ziga xos tabiatga ega bo‘lib, mijozlarim bilan davolash jarayonini muhokama qilmaganman. Agar siz o‘z muammongiz jinsiy hayot mutaxassisi tomonidan alohida e’tiborga loyiq deb hisoblasangiz, men yuqorida tavsiya etgan kitobni o‘qib chiqishingiz oqilona ish bo‘lardi. Ana shunda siz o‘z muammolaringizni to‘g‘ri tushuntirib, bu muammoni yengishingizga yordam berishi uchun yetarli bilimga ega bo‘lgan maslahatchini tanlay olgan bo‘lardingiz.
Men o‘z ishimning achchiq hazilini yetmish yoshdan oshgan juftliklarga jinsiy aloqadagi o‘zaro nomuvofiqlik haqida maslahat berayotgan paytimda payqab qolaman. Ularning deyarli barchasi muammoni bir necha hafta ichida hal etishadi, ulardan aksariyati esa qirq yoki ellik yillik oilaviy hayotlarida mobaynida ilk bora jinsiy aloqadan qoniqish hosil qilganlarini aytishadi. “Bu bizning nikohimizni ancha o‘zgartirgan bo‘lardi–ya”, – ular tez–tez shunday deb qolishadi. Garchi ular oxir–oqibat o‘z nikohlaridagi bu muhim va jiddiy muammoni hal etgan bo‘lsalarda, o‘tgan yillari davomida ko‘pincha jinsiy aloqadagi nomuvofiqlik tufayli aybdorlik, g‘azab va tushkunlik holatlariga chidab yashashlariga to‘g‘ri kelgani haqidagi fikrlardan qayg‘uga tushaman.
Bir–birlarining ehtiyojlarini qondirish
Men birinchi bobda aytib o‘tganimdek, erlar va xotinlar bir–birlarining eng muhim beshta hissiy ehtiyojlarini o‘rganib, ularni qondirib yashashlarini istayman. Asosiy ehtiyojlarni muhokama qilishni men o‘zim ishonch hosil qilgan mustahkam nikohning mutloq tayanchi bo‘lgan ehtiyojlardan boshladim: ayol uchun mehribonlik va erkak uchun jinsiy aloqa.
Ehtimol, mazkur bobda bayon etilganlardan nimadir sizda norozilik va hatto jirkanish tuyg‘ularini uyg‘otgandir. Balki ayrim xotinlarga o‘zlarining shahvoniy ishtiyoqlarini “ko‘proq bilishlari” kerakligini aytib xafa qilgandirman. Biroq men tavakkal qilishga tayyorman, zero bu masalaning bahosi juda baland. Men juftliklarga birin–ketin maslahat berar ekanman, ikkita asosiy muammolar yuzaga qalqib chiqaveradi:
- O‘z shahvoniyati haqida yaxshi xabardor bo‘lganiga qaramay, – shahvoniyat erkakning fiziologiyasiga xos – ko‘pchilik erkaklarga to‘shakda o‘zlarini qanday tutish mahorati yetishmaydi, negaki ular ayolning mehribonlik ko‘rsatilishiga bo‘lgan ehtiyojini jinsiy aloqa jarayonining bir qismi sifatida tushunishmaydi. Erkak muloyim bo‘lishni o‘rganganida, uning harakatlari jinsiy yaqinlik paytida ancha o‘zgaradi. Faqat o‘z hirsini qondirishni o‘ylaydigan erkak xotiniga xiralik qilishdan nariga o‘tolmaydi, negaki u rafiqasining his–tuyg‘ularini e’tiborga olmaydi. U xotinining tanasidan o‘z huzur–halovati uchun foydalanadi, bu esa ayolni yanada ko‘proq jahlini chiqaradi.
- Va aksincha, ko‘plab ayollar erlarining jinsiy aloqaga bo‘lgan jo‘shqin ehtiyojlarini qondirib, lazzatlana olishlari uchun o‘z shahvoniy layoqatlarini unchalik yaxshi tushunishmaydi. Erning hirsini qondirish uchun xotin ham qoniqishni his etishi lozim. Men xotinlarni nafaqat erlari bilan imkon qadar tez–tez qovushib turishga, balki turmush o‘rtog‘i jinsiy aloqalardan qanchalik rohatlangani kabi, ular ham shunchalik lazzat olishni o‘rganishlari zarurligiga da’vat etaman.
Er-xotinlik munosabatlarining oltin qoidasi
Albatta, xotinga jinsiy aloqa yoqishi uchun unga erning yordami kerak bo‘ladi. Agar xotini ehtiyojmand bo‘layotgan noziklik va mehribonlikni er bermayotgan bo‘lsa, ayolning nazarida eri unga nisbatan hissiz va loqayd bo‘lib ko‘rinadi. Bu o‘zaro birlashish qoidasi butun kitobimiz mobaynida davom etadi. Agar turmush o‘rtog‘ingiz o‘z shahvoniy layoqatidan qoniqish olmasa, siz nikohdagi o‘z o‘rningizdan rohatlana olmaysiz.Agar siz umr yo‘ldoshingiz haqida qayg‘ursangiz, xudbinligingiz yoki qo‘polligingiz sabab uni rad etmasligingiz, undan foydalanmasligingiz lozim.
Deyarli barcha madaniyatlarda va barcha davrlarda bizga Iso Masih bergan Oltin Qoida ma’lum bo‘lgan: “Odamlar sizlarga nima qilishlarini istasangiz, sizlar ham ularga o‘shani qilinglar” (Luqo 6:31). Mazkur kitobda taqdim etilgan g‘oyalar ustida mulohaza yuritib va qolgan sakkizta ehtiyojga tayyorlangan holda, marhamat qilib, bu Oltin Qoidaning biroz qayta ishlangan, men Uillard Xarlining Nikoh haqidagi Ikkinchi Qonuni deb atagan namunasiga e’tiboringizni qarating:
Turmush o‘rtog‘ing sening ehtiyojingni qanday qondirishini istasang,
sen ham uning ehtiyojini ana shunday qondir.
Ayol uchun savollar:
- O‘n ball “juda qoniqarli” deb baholanadigan o‘n ballik daraja bo‘yicha jinsiy aloqa vaqtidagi o‘z shahvoniy reaksiyangizning to‘rt bosqichini qanday baholagan bo‘lardingiz?
Qo‘zg‘alish ______Plato ______Orgazm ______Tiklanish ______
- Agar siz shu to‘rt bosqichdan birortasiga ancha past baho qo‘yadigan bo‘lsangiz, sizningcha, muammo nimadan iborat? Unda, sizda yoki ikkalangizdami?
- Siz mazkur bobni o‘qib, eringizning jinsiy aloqaga bo‘lgan ehtiyoji haqida nimalarni bilib oldingiz?
Erkak uchun savollar:
- Agar jinsiy hayot mutaxassisi qabulida xotiningiz sizning shahvoniy havaslaringiz va jinsiy aloqa qilish usullaringiz haqida izoh berganida, nimalarni aytgan bo‘lardi deb o‘ylaysiz?
- Jinsiy aloqa bilan shug‘ullanish tartibingizni qanday tasvirlagan bo‘lardingiz?
Barqaror ______Nomuntazam ______ Chanqoq ______
- Muallifning so‘zlariga ko‘ra, eri tomonidan ko‘rsatilgan mehribonlik, e’tibor, iliq munosabat, muloyimlik va sezgirlik ayol ehtirosini qo‘zg‘atadi. Siz o‘zingizda bu xususiyatlarni rivojlantirishga va namoyon etishga harakat qilyapsizmi? Nima deb o‘ylaysiz, xotiningiz bu savolga nima deb javob bergan bo‘lardi?
Er-xotinlar uchun fikr–mulohazalar:
- Biz ikkalamiz ham jinsiy aloqadan qoniqish hosil qilamizmi? Agar qoniqmayotgan bo‘lsak, qaysi bosqichlarda bizda muammo paydo bo‘ladi va buni qay tarzda o‘zgartirishimiz mumkin?
- Ikkalamiz birgalikda jinsiy aloqa haqidagi mazmunli qo‘llanmani o‘rganishimiz zarurmi?
- Biz Oltin Qoidaning muallif tomonidan mehribonlik va jinsiy aloqaga doir biroz o‘zgartirilgan ushbu namunasiga amal qilamizmi: “Turmush o‘rtog‘ing sening ehtiyojingni qanday qondirishini istasang, sen ham uning ehtiyojini ana shunday qondir”?
“Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji” kitobi oila haqidagi eng yaxshi kitob sifatida reytingni takror va takror boshqarib kelmoqda, negaki bu kitob boshqa asarlardan farqli ravishda erlar va xotinlar nimaga ko‘proq muhtoj bo‘layotgan bo‘lsalar, aynan o‘shani bir–birlariga berishlariga ko‘maklashadi.
“Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji”ni o‘qigan million nafardan ko‘p juftliklar oila o‘chog‘idagi alangani saqlab turishni o‘rganib oldilar va endi kitobni boshqa odamlarga ham tavsiya etishmoqda. Doktor Xarlining samarali maslahatlari va tajribalari sharofati bilan oilaviy hayotlarida ajoyib o‘zgarishlar yuz bergan insonlar safiga qo‘shiling. Siz baxtli nikohning faqat orzu bo‘libgina qolmay, balki haqiqiy hayotingizga aylanishini ko‘rasiz
Книга на Узбекском языке: Его нужды, Ее нужды (Уиллард Ф. Харли-мл.)
«Его нужды, Ее нужды» неизменно считается лучшей семейной книгой, потому что, в отличие от других произведений, эта книга призывает мужей и жен давать друг другу то, в чем они нуждаются больше всего.
Более миллиона пар, прочитавших «Потребность мужчины, потребность женщины», научились поддерживать пламя и теперь рекомендуют эту книгу другим. Присоединяйтесь к рядам людей, которые добились замечательных изменений в своей семейной жизни благодаря эффективным советам и опыту доктора Харли. Вы увидите, что счастливый брак станет не просто мечтой, а вашей реальностью.