Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji (Kichik Uillard F.Xarli) 3 bob

Kichik Uillard F. Xarli Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji - (Mehribonlik namoyon etilishi) Kitob O'zbek tilida

Эркак эҳтиёжи, аёл эҳтиёжи (Кичик Уиллард Ф. Харли) Ўзбек тилида Аудиокитоб 

 

Хiyonatdan himoyalangan nikoh munosabatlarini yaratish Kichik Uillard F. Xarli Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji. Kitob O'zbek tilida

                    

Mundarija

Nashrning 15 yilligi munosabati bilan suzboshi

Kirish

1. Nikohingiz xiyonatdan qanchalik ximoyalangan?

2. Nega Sevgi Bankingiz hech qachon yopilmaydi?

3. Mehribonlik namoyon etilishi

4. Jinsiy qoniqish

5. Suhbat

6. Birgalikdagi hordiq

7. Rostguylik va ochiqlik

8. Jozibador rafiqa

9. Moliyaviy madat

10. Honadon sarishtaligi

11. Ota-onalik burchlarining  bajarilishi

12. Zavq - shavq

13. Xiyonatga qanday bardosh berish mumkun?

14. Nomofiqlikdan jozibadorlikgacha


MEHRIBONLIK NAMOYON ETISH

Ayolning birinchi hayotiy ehtiyoji

Jeyn Richardni sevib qolganida, o‘z shahzodasini topganini bilardi. Bo‘yi olti fut uch dyuym (1 metr 90 sm atrofida) va vazni 195 funt (deyarli 88 kg) bo‘lgan Richard o‘zining yigirma uch yoshida xuddi avvalgidek – yuqori sinfligida basketbol maydonida Jeyn undan qanchalik zavqlangan bo‘lsa xuddi o‘shandek – xushbichim va muskuldor yigit edi. Qaddi–qomatida jasorat aks etib turgan ko‘rkam Richard kuchli va kamgap bo‘lib, bu Jeynning nazarida uni yanada jozibador qilib ko‘rsatardi. Richard bilan uchrashuv ajoyib bo‘lgan. Yigit qizni bag‘riga bosganida haddan ziyod kuchli ehtiroslar jo‘sh urgan.

“Biz kimyoviy darajada bir–birimizga yaqinmiz”, – Jeyn shu so‘zlar bilan o‘zini ishontirdi.

Biroq bir necha oylik oilaviy hayotdan so‘ng ehtiroslar so‘na boshladi. Jeyn bir qancha g‘alati holatlarni payqadi: u har safar erining bag‘riga bosh qo‘yganida yoki o‘pganida, Richard bir zumdayoq ehtirosga to‘lib–toshardi. Ikkalasining bir–birlariga jismonan yaqinlashuvlari deyarli har doim ularni yotoqxonaga boshlab borardi.

Shuningdek, Jeyn Richardning “kuchli, kamgap” uslubdagi ko‘ngil ovlashlari ortida uning tez o‘zgaruvchan kayfiyati va deyarli barcha his–tuyg‘ularini o‘zida ushlab turishga moyillik yashirinib yotganini tushundi. Richard to‘y bo‘lishidan avvalroq Jeynga o‘n yoshda bo‘lganida onasi vafot etganini, uning tarbiyasi bilan otasi va ikkita akasi shug‘ullanganini aytgandi. Jeyn o‘shanda bu gapga uncha ahamiyat bermagandi. Ehtimol, shu bois u bunchalik dag‘al va jasur bo‘lsa kerak, degandi qiz o‘z–o‘ziga.

Jeyn Richardning hali onasi hayot bo‘lgan paytida ham mehribonlik kamdan kam ko‘rsatiladigan oilada ulg‘ayganini anglab yetmagandi, onaning o‘limidan so‘ng mehr deyarli yo‘qolib ketgandi. Yigit muloyim bo‘lishni mutlaqo bilmasdi, negaki unga bolaligidan buyon juda kam mehr berishgan. Richard uchun nikohdagi mehribonlik jinsiy aloqaga o‘xshash edi. Bu esa Jeynni tushkun ahvolga solib, u o‘zini go‘yoki undan foydalanishayotgandek his qilardi. Nikohlarining birinchi yili yakunida Jeynning Sevgi Bankidagi Richardning hisobi deyarli bo‘shab qolayozgandi.

Ishxonada Jeynni yangi bo‘limga o‘tkazishdi. Ayol bu yerda barchaga yoqimli munosabatda bo‘ladigan ochiqko‘ngil va samimiy Bob ismli yigit bilan tanishdi. Bobda o‘zi bilan hamsuhbat bo‘lgan – xoh ayol, xoh erkak bo‘lsin – har bir odam yelkasiga qo‘lini qo‘yish odati bor edi. Va bu odat hech kimning nafsoniyatiga tegmasdi – axir, u bor–yo‘g‘i hammani yoqtiradigan ulfat yigit edi.

Jeyn o‘z qalbida Bobning bir nafaslik quchishlarini besabrlik bilan kutayotganini payqab qoldi. Bu quchishlar ayolga hamisha yaxshi tuyg‘ularni – iliqlik, qulaylik va g‘amxo‘rlik hissiyotlarini baxsh etardi. Ular bir kuni kutish zalida uchrashib qolishdi.

– Salom, Jeyn! Ahvoling yaxshimi? – uni ohista quchoqlab salomlashdi Bob.

– Bilasanmi, Bob, – dedi ayol, – men allaqachondan buyon mana shunday quchishlaringni yoqtirishimni aytmoqchi edim. Quchoqlashni yoqtiradigan erkak bilan uchrashish qanday ajoyib.

– Qani bo‘lmasa, yonimga kel–chi! – yigit jilmayganicha uni quchoqlab chakkasidan o‘pib qo‘ydi.

Jeyn o‘zini qo‘lga olishga harakat qildi, ammo bu yengilgina o‘pich uning qalbini qattiq urishga majbur qilgandi. Bu qalb Bobdan qisqacha maktublar olishni boshlagan keyingi haftada ham gursillab urishda davom etdi. Maktublar hamisha jozibali va yoqimli bo‘lardi. Ulardan birida shunday yozilgandi: “Xayrli tong! Kuning ajoyib bo‘lishini tilayman! Sen mo‘‘jizaning o‘zginasisan va eng yaxshi narsalarga munosibsan. Do‘sting Bob”.

Jeyn unga javoban yozishni boshladi. Ayol tez orada Bobning yangi yozishmasini kunning eng yaxshi voqeasi sifatida kutadigan bo‘ldi. Yigit ba’zan unga guldasta olib kelar va ana shunda ayol o‘zini haqiqiy malikadek his qilardi.

Ular bir necha marta birgalikda tushlik qildilar va Jeynning Sevgi Bankida Bobning hisobi bir maromda ko‘payib bordi. Jeyn Bobdan iltifotning har bir ko‘rinishini – quchoqlashni, tabassumni, yozishmalarni – intiq kutayotganini payqab qoldi. Oxir–oqibat, ayol unga shunday yozdi: “Men o‘zimni boshqara olmayapman – o‘ylashimcha, seni sevib qolayotganga o‘xshayman”.

Bob unga shu tarzda javob qaytarmagan bo‘lsada, Jeynga nisbatan yaxshi munosabatini va qizga bog‘lanib qolganini ko‘rsatishda davom etdi. Haftalar o‘tdi. Ular bir kuni tushlik paytida qisqa tamaddi qilish uchun o‘zlari tanlagan joylarida yolg‘iz qolishdi. Endigina ketish uchun chog‘langanlarida Jeyn va Bobning qo‘llari bir–birlariga tegib ketdi. Ayol uning qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Bob ham shunday nozik quchish bilan javob qaytardi. Keyin esa hammasi juda tabiiy va ajoyib tarzda ro‘y berdiki, Jeyn hatto bunga ishongisi kelmasdi. Bob bilan qovushish Jeynning hayotidagi eng hayajonli kechinma bo‘ldi, negaki ayol Bob ham uni sevishini bilardi.

Ular keyingi haftalarda birovga sezdirmay pinhona uchrashib yurishdi va imkon qadar ko‘proq tarzda qizg‘in jinsiy aloqa qilishdi. Bob bilan qovushish a’lo darajada kechardi, negaki Jeyn barcha his–tuyg‘ulariga erk berib, o‘zini ehtiroslar og‘ushiga butunlay topshirib qo‘yishi mumkin edi. Bobning samimiy mehribonligi ayolga uni sevishlari va g‘amxo‘rlik qilishlari haqidagi hissiyotlarni berardi.

Nimalar bo‘ldi o‘zi? Nahotki Jeyn uchun nikoh ahdi hech nimani anglatmasa? Nahotki u eridan faqat alamini olish uchun qulay fursatni kutgan bo‘lsa? Bunday emas. Jeyn shunchaki mehribonlik ko‘rsatishlariga o‘ta mushtoq ediki, begona erkakning quchib qo‘yishi uni xiyonat sari yetakladi.

Mehribonlik – o‘zaro aloqalarni bog‘laydigan bo‘g‘in

Ko‘pchilik ayollar uchun mehr–muhabbatni namoyon etish xavfsizlikni, himoyani, qulaylik va qo‘llab–quvvatlashni, ya’ni ularning nazarida munosabatlarning hayotiy muhim jihatlarini o‘zida aks ettiradi. Er o‘z xotiniga e’tibor qaratganida, aslida quyidagi belgilarni ko‘rsatgan bo‘ladi:

  • Men senga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, himoya qilaman. Sen men uchun qadrlisan va sen bilan biror yomon hodisa ro‘y berishini istamayman.
  • Sening muammolaring meni tashvishlantiradi va barcha qiyinchiliklarda sen bilan birga bo‘laman.
  • Menimcha, sen juda ajoyibsan va sen bilan faxrlanaman.

Shunchaki quchoqlashish mazkur fikrlardan birortasi yoki birvarakayiga hammasini o‘zida aks ettirishi mumkin. Erkaklar ayollarning sevgi va g‘amxo‘rlikning amalda tasdiq topishiga kuchli ehtiyoj sezishlarini tushunishlari zarur. Yaxshi xotin uchun bunday tasdiqlovlar hech qachon ortiqchalik qilmaydi.

Men quchoqlash haqida ko‘p bora eslatib o‘tdim, zero ko‘pchilik erkaklar o‘z xotinlariga mehribonlikni namoyon etishlari uchun ana shu muhim mahoratni o‘zlashtirib olishlari lozim. Bundan tashqari u oddiygina usul bo‘lib, xotinning Sevgi Bankidagi hisobni to‘ldirishda juda samaralidir.

Aksariyat ayollar quchoqlashishni yoqtirishadi. Ular bir–birlari bilan uchrashganlarida quchoqlashadilar, bolalarni, hayvonlarni, qarindoshlarini va hatto baxmal o‘yinchoqlarini quchishadi. Men ularni kimki duch kelsa barchasining bag‘riga o‘zlarini tashlashga tayyor demoqchi emasman: aksincha, agar ularning nazarida bu jinsiy aloqaga ishora ma’nosida bo‘lsa, quchoqlashishdan o‘zlarini osongina tiyishlari mumkin. Biroq dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida, madaniy hayotlarida va boshqa barcha vaqtlarda ayollar o‘zlarini quchoqlashlarini yoqtirishadi, o‘zlari ham ham boshqalarni bajonidil quchoqlashadi.

Albatta, erkak ayol uchun shu darajada qadrli bo‘lgan boshqa usullar bilan ham iltifot ko‘rsatishi mumkin. Tabriknoma yoki sevgi izhori bitilgan maktublar oddiygina yondashuv bo‘lsada, ammo o‘sha his–tuyg‘ularni samarali yetkazib beradi. Unutmang, hamma vaqtlarda eng yaxshi usul – guldasta. Deyarli barcha ayollar istisnosiz tarzda gul hadya etishlarini yoqtiradi. Gullarni yoqtiradigan erkaklarni ham ba’zan uchratib qolaman, lekin aksariyat erkaklar gullarni unchalik ham xush ko‘raverishmaydi. Biroq aksariyat ayollar uchun gullar sevgi va g‘amxo‘rlikning yaqqol ifodasidir.

Kechki ovqatga taklif etish ham iltifot belgisi. Bu rafiqaga shunday so‘zlarni aytish usullaridan biri: “Odatda sen men uchun qiladigan ishlarni bugun bajarishing kerak emas. Endi men senga ziyofat uyushtiraman. Sen men uchun yagonasan. Men seni qanchalik kuchli sevishimni va g‘amxo‘rlik qilishimni ko‘rsatmoqchiman”.

To‘ydan keyinoq ayollarga mashina, uy, restoran eshiklarini o‘zlari ochib–yopishlariga to‘g‘ri kelishi haqida ko‘plab latifalar bor. Biroq e’tiborli er imkon bo‘lgani zahoti xotini qarshisida eshik ochib, shunday degandek bo‘ladi: “Men seni sevaman va senga g‘amxo‘rlik qilyapman”.

Qo‘lidan ushlab olish – e’tibor ko‘rsatishning asrlar mobaynida ma’lum bo‘lgan belgisi. Kechki ovqatdan keyingi sayr, nozik teginish, sevgi izhori yo‘llangan telefon qo‘ng‘iroqlari va iltifot ko‘rsatish – bularning barchasi Sevgi Bankiga birliklarni qo‘shadi. Xuddi bir qo‘shiqda kuylangani kabi: “Seni sevaman deb aytishning mingta usullari bor”.

Ayollar nuqtai nazaridan, mehribonlik ko‘rsatish erkaklar bilan munosabatning hayotiy bir qismi hisoblanadi. Mutlaqo ayonki, ayol mehr–iltifotsiz o‘zini juftidan ayrilgandek his qiladi. E’tibor belgilari aks etganida esa, ayol unga bog‘lanib qoladi. Erkak esa ayni vaqtda rafiqasining Sevgi Bankidagi o‘z hisobini yangi birliklar bilan to‘ldiradi.

Biroq xotinim nozik tuyg‘ularni ifoda etish fe’l–atvorimga xos emasligini biladi

Erkaklar o‘z mo‘ylovlariga ushbu fikrni o‘rab qo‘yishlari shart: ayollar mehribonlikni juda muhim deb hisoblashadi. Ular jinsiy aloqaga aslo daxldor bo‘lmagan e’tibor belgilarini o‘zlari uzatib yoki qabul qilayotganda kechirgan hissiyotlarni yoqtirishadi. Ular ko‘rsatadigan yoki qabul qiladigan ko‘plab mehribonliklar jinsiy aloqaga ishora qilmaydi. Bularning hammasini ular o‘z bolalari va sevimli uy hayvonlari bilan baham ko‘radigan hissiyotlar bilan taqqoslash osonroq.

Bunday narsalar oddiy erkakni chalkashtirib qo‘yadi. Axir u mehribonlikning namoyon etilishini jinsiy aloqaning boshlanishi deb hisoblaydi va bir zumlik iltifotning o‘zidan ehtirosga tushadi. Boshqa holatlarda esa erkaklar avval mehr–iltifot ham ko‘rsatmaslikka tayyor – ular shundoq ham ehtirosga to‘ladilar.

Keling, vaziyatga tasavvurimizdagi juftliklar misolida qaray qolaylik – ularni Brenda va Bryus deb ataymiz. Keyingi paytlarda ular o‘rtasida kelishmovchiliklar yuz bergan, negaki Brenda Bryusning jinsiy aloqa haqidagi taklifiga unchalik ro‘yxushlik bermagan. Va biz ayol erkakning ko‘zlarida hirs olovi yonganini payqab, uni hovuridan tushirishga urinayotgan paytga guvoh bo‘lyapmiz: “Bryus, bir–ikki daqiqa shoshmay turaylik. Keyin esa balki mening qo‘limdan ushlarsan va biz quchoqlasharmiz. Men darrov sen bilan qovusha olmayman. Meni avval mehr bilan erkalatgin”.

Bryus haqiqiy macho kabi betoqatlik bilan qaddini tik rostlab deydi: “Sen meni uzoq yillardan buyon bilasan. Muloyim bo‘lish mening fe’l–atvorimga xos emas va men hozir uni o‘zgartirmoqchi emasman!”

Bu ishonarsiz va o‘ylab topilgan gapdek bo‘lib eshitilyaptimi? Men o‘z xonamda bunday vaziyatlarning turlicha ko‘rinishlari haqida muntazam eshitaman. Bryus jinsiy aloqa qilish istagida hech qanday mensimaslikni ko‘rmayapti, ammo ayni vaqtda xotini bilan muloyim bo‘lmoqchi emas. “Mehribonlik o‘z fe’l–atvoriga xos emas”ligini bidirlab, xotinining badaniga qo‘l cho‘zgancha o‘zining shahvoniy nafsini qondirmoqchi bo‘layotgan erkak mana bu so‘zlarni aytib kelishmoqchi bo‘layotgan savdogarga o‘xshaydi: “Do‘stlik mening fe’l–atvorimga xos emas – mana bu yerga imzo chek, ahmoqvoy. Mening yana bitta uchrashuvim bor”.

Garchi bu oddiygina mantiqni tushunish unchalik qiyin bo‘lmasa ham, erkaklar baribir Uillard Xarlining Nikoh haqidagi Birinchi Qonunini unutib qo‘yishadi:

Masala jinsiy aloqa va mehribonlikka borib taqalar ekan,

bu ikkalasini bir–biridan ajratib bo‘lmaydi.

Har qanday erkak mehribonlik ko‘rsatishni o‘rganishi mumkin

E’tibor belgilari ayollar uchun shunchalik muhimki, erlar o‘zlarini shunga muvofiq tutmaganlarida, ular chalkashib qolishadi. Misol uchun, xotin shunchaki gaplashish uchun ishxonadagi eriga qo‘ng‘iroq qiladi. Ayol erining qo‘ng‘irog‘ini kutgandi, lekin u erining ham aynan shuni his qilayotganiga ishonadi. Er suhbatni keskin uzib qo‘yganida ayol umidsizlikka tushadi, chunki “barcha ishlarimni soat beshgacha tugatib olishim kerak”. Bu holat er xotinini sevmasligini anglatmaydi, – shunchaki hozir uni boshqa asosiy ehtiyojlari kuchi boshqarmoqda.

Men safarga chiqqanimda, Joys jomadondagi yuklarim orasida qoldirgan yozuvlarni tez–tez ko‘rib qolaman. Albatta, rafiqam bu bilan meni sevishini bildiradi, ammo bu xabarlar boshqa ma’noga ham ega. Joys mendan ham shunday xatlar olishni istaydi. Va men shahardan chiqib ketish oldidan, misol uchun, yozganlarimni uning yostig‘i ostida qoldiraman.

Mening himoyaga, qo‘llab–quvvatlanishga va g‘amxo‘rlikka bo‘lgan ehtiyojim uning bu kabi ehtiyojlaridek katta emas va turlicha yo‘sinda qondiriladi. Menga bu farqlarni aniqlash va o‘zimni muvofiq tarzda tutishimga to‘g‘ri kelgan vaziyatlar bo‘lgan. Deylik, biz savdo markazi bo‘ylab ketayotganimizda qo‘l ushlashib yurishimiz uning uchun muhim. Bu fikr esa xayolimga o‘z–o‘zidan yoki tabiiy ravishda kelmagan bo‘lardi. Xotinim qo‘lidan ushlashimni so‘raydi va mendan qanday gaplarni eshitmoqchi bo‘layotganini aytadi. Men shunday qilishdan xursandman, negaki bu unga yoqishini bilaman.

Mendan maslahat so‘rab kelgan ayrim erkaklarga xotinning qo‘lidan ushlash qanchalik muhimligini tushuntirishga uringanimda, ular mening jasurligimga biroz shubha bilan qaray boshlashadi. Nahotki men xotinimga “burnimdan tortib yurishi”ga yo‘l qo‘yib bersam? Men bu fikrning haqiqatdan uzoq ekanligi haqidagi o‘z fikrimni aytaman. Agar biz savdo markazida qo‘l ushlashib yurganimizda Joys o‘zini sevimli va ardoqli his etar ekan, buni rad etish men tomondan ahmoqlik bo‘lardi. Joys meni iltifot ko‘rsatishga o‘rgatganini qadrlayman. Uni xotinlikka olganimda, g‘amxo‘rlik qilishga va’da berganman va har bir so‘zimning ustidan chiqmoqchiman. Agar rafiqam unga zarur g‘amxo‘rlikni qay tarzda ko‘rsatish yaxshiroq ekanini tushuntirsa, o‘zlashtirib olishga tayyorman, negaki uning baxtli bo‘lishini istayman.

Deyarli barcha erkaklarga qanday qilib mehribon va shirinso‘z bo‘lish haqidagi qo‘llanma zarur. O‘zida ana shu ko‘nikmalarni rivojlantirgan erkaklar odatda buni yaxshigina murabbiylardan – ko‘pincha o‘ziga avval yaqin bo‘lgan boshqa ayollardan – o‘rganib olishadi. Ko‘plab oilalarda xotinlar yaxshi murabbiy bo‘lishlari mumkin, agar er kerakli tartibda undan yordam so‘rasa, albatta.

Birinchidan, uni nihoyatda sevishingizni, ammo o‘zingizning chuqur tuyg‘ularingizni izhor etishni va g‘amxo‘r ekaningizni namoyon etishni ko‘pincha eplay olmasligingizni tushuntira olishingiz zarur. So‘ngra esa qalbingizda his qilayotgan mehr–muhabbatni unga yoqimli tarzda qanday namoyon etishni o‘rgatishini ayolingizning o‘zidan so‘rashingiz kerak.

Ehtimol, u dastlab bunday iltimosdan o‘zini yo‘qotib qo‘yar. “Agar biror kishini sevsang, g‘amxo‘rlik va mehribonlik mutlaqo tabiiy–ku”, – ayol shunday javob qaytarishi mumkin. U balki nozik tuyg‘ularni ifoda etish sizdan ko‘ra aslida uning uchun tabiiyroq ekanini anglab yetmas.

Ehtimol, xotiningiz siz faqat jinsiy aloqani o‘ylayotganingiz, to‘shakdagi munosabatlaringizni yaxshilash uchun qandaydir yangi mug‘ombirlik o‘ylab topganingiz haqida fikrlayotgan bo‘lishi ham mumkin.

– Nazarimda, men uchun qanchalik qadrli ekaningni senga doimo ham tushuntirib berolmayapman, – deyishingiz mumkin. – Men buni shundoq ham bilasan deb o‘ylabman, negaki men pul topyapman, seni sayrga taklif etib, uy ishlarida yordam beryapman. Senga sevgimni isbotlashim uchun ko‘proq nimalardir qilishim kerak ekan.

– Bu juda qiziq eshitilyapti. Qachon boshlaymiz?

Rafiqangiz o‘zi uchun eng muhim g‘amxo‘rlik va e’tibor belgilarining ro‘yxatini tuzib sizga yordam berishi mumkin. Ayollar odatda jismoniy yaqinlikka bo‘lgan ehtiyojlarini, misol uchun, quchoqlashish, qo‘l ushlashish va erlari bilan yonma–yon o‘tirishni yoqtirishlari orqali ifoda etishadi. Ko‘pchilik ayollar uchun o‘pich juda muhim, shuningdek, qalban bog‘langaningiz va sadoqatingizni anglatuvchi ramziy sovg‘alarni hamda otkritkalarni qadrlashadi. Ayollar erlari tomonidan kechki ovqatga taklif etilishni xush ko‘rishadi, erlarining girdikapalak bo‘lib jon kuydirishini yuqori baholashadi va bu holatda o‘zlariga g‘amxo‘rlik qilinayotganini ko‘rib ular bilan oziq–ovqat va kiyim–kechak xarid qilishda birga ishtirok etishga rozi bo‘lishadi. Men mehribonlikka ehtiyojni ifodalash mavzusida ayollarga maslahat berayotganimda, “Mehr–iltifotni ko‘rsatish hisoboti” anketasidan foydalanaman. Bu ularga o‘zlari uchun e’tibor ko‘rsatishning eng muhim belgilarini aniqlab olishlariga yordam beradi.

Mana, mehribon va g‘amxo‘r er bo‘lishingizga yordam beradigan bir qancha odatlar:

  • Hali to‘shakda ekaningizda, har tongda xotiningizni quchoqlab o‘pib qo‘ying.
  • Birgalikdagi nonushta chog‘ida unga bo‘lgan sevgingiz haqida ayting.
  • Ishga ketishingizdan avval uni o‘pib qo‘ying.
  • Kunduzi unga qo‘ng‘iroq qilib, ahvolini so‘rang.
  • Vaqti–vaqti bilan unga kutilmagan sovg‘a tariqasida gullar olib keling (sevgi iqrori bitilgan nomani qo‘shib qo‘yishni ham unutmang).
  • Alohida holatlar uchun sovg‘alar (tug‘ilgan kun, yubiley, Mavlud bayrami, Onalar Kuni va Sevishganlar Kuni) qandaydir foydani emas, balki his–tuyg‘ularni ifodalashi lozim.
  • Ishdan so‘ng uyga yo‘l olishingizdan avval unga qo‘ng‘iroq qilib qo‘ying, toki sizning qachon qaytishingizni bilsin.
  • Uyga qaytgach, uni quchoqlab o‘ping va bir necha daqiqa ayolingiz kunni qanday o‘tkazgani haqida suhbatlashing.
  • Kechki ovqatdan so‘ng idish–tovoqlarni yuvishda unga yordam bering.
  • Tunda uyqudan avval uni o‘pib qo‘ying.

Rafiqangiz o‘zining mehrga bo‘lgan ehtiyojini qondiradigan e’tibor belgilarini aniqlab olishingizga yordam bergan zahoti, bu ko‘nikmalarni o‘zlashtirib olishingizga ko‘mak beradigan rejani ishlab chiqing. Takrorlab o‘tamanki, mazkur kitobda umr yo‘ldoshining ehtiyojlarini bilish hali bu uni qoniqtirish emasligiga asosiy urg‘u berilgan. Siz bu ushbu bilimlarni yangicha tarzda harakatga keltiradigan ko‘nikmalarni o‘zlashtirib olishingiz kerak. Faqat va faqat ana shundagina bu ehtiyojlar qondiriladi. Xotiningizni o‘zingizning yaxshi maqsadlaringiz bilan umidlantirmang. Bir qadam oldinga yuring: mehribonlik sizning odatingizga aylansin. Agar siz rafiqangizga nima kerakligini bilib turib o‘sha ehtiyojlarini qondirmasangiz, munosabatlaringiz unga nima zarurligini bilmagan vaqtdagidan ham yomon tus oladi. Axir avval bu haqda bilmasligingizni ro‘kach qilishingiz mumkin edi.

Sizning mehribonlik ko‘rsatish ko‘nikmasini o‘zlashtirish rejangiz – belgilangan yo‘nalishdan aniq borishingiz uchun – yozma tartibda batafsil keltirilgan bo‘lishi lozim. Mening mijozlarim bunday rejani tuzish uchun “Mehr–iltifot ko‘rsatishga bo‘lgan ehtiyojni qondirish strategiyasi” sarlavhali anketadan foydalanishadi. Anketa juftliklar o‘zlari o‘zlashtirib olishni istagan ko‘nikmalarni muvozanatga solib, ularni egallash rejasini tuzib olishlari uchun kerak bo‘ladi.

Odatda ko‘nikmalarni o‘zlashtirib olish uchun vaqt – ba’zan haftalar, ba’zida esa oylar – talab etiladi. Sizning rejangiz “mashg‘ulot” uchun sarflashga mo‘ljallagan vaqtni o‘zida jamlashi lozim. Sizga huzur bag‘ishlaydigan nimanidir o‘rganish hammasidan oson, sizga qiyinchilik tug‘diradigan biror nimani o‘rganish esa hammasidan mushkul. Dastlab hatti–harakatdagi ko‘plab o‘zgarishlar sizga beo‘xshov bo‘lib tuyuladi. Hatti–harakatlar tabiiy va bir marom emas, aksincha, sun’iy ravishda kechadi. Bu gap ayniqsa ortiqcha mehribonlik ko‘rsatib yuborishga taalluqli. Aynan shu bois ko‘pchilik tezda taslim bo‘lib, bu ko‘nikmalarni rivojlantirishga bo‘lgan urinishlarni to‘xtatadi. Biroq muayyan biror–bir harakat ko‘p marotaba takrorlanganidan so‘ng uning tabiiyroq va o‘z–o‘zidan sodir bo‘lishini payqab qolasiz. Dastlab sizga noqulay bo‘lib tuyulgan harakat ikkinchi tabiatingizga aylanishi mumkin.

Yana bir to‘siq shundan iboratki, mehr–iltifot ko‘rsatish ko‘nikmalari sizning o‘z ehtiyojlaringizni emas, balki rafiqangizning ehtiyojlarini qondirish istagiga asoslangan. Dastlab ayolingiz uchun muhim bo‘lgan e’tibor belgilari sizni unchalik qiziqtirmagani uni xafa qilishi mumkin. Ammo vaqt o‘tgani sayin siz mehribonlik ko‘rsatishdan o‘zingiz ham rohat olishni boshlaysiz. Va ana shunda, ayolingiz uchun bu darajaga qanday kelganingiz ahamiyatsiz bo‘lib qoladi. Axir ikkalangiz ham muvaffaqiyatga erishdingiz: ayol o‘z ehtiyoji qondirilganidan mamnun, erkak esa ana shu ehtiyojni qondirganidan xursand.

Jinsiy aloqa mehribonlikdan boshlanadi

Men ko‘p yillar mobaynida oilani xiyonatdan ortiq darajada buzadigan halokatliroq hech nimani ko‘rmadim. Afsuski, aksariyat xiyonatlar (xotin uchun) e’tibor yetishmasligi va (er uchun) jinsiy aloqa yetishmasligi tufayli kelib chiqadi. Bu yopiq doira. Ayol eridan yetarlicha mehr ko‘rmayotgani uchun uni jinsiy aloqada cheklab qo‘yadi. Erkak yetarlicha jinsiy aloqa qilolmaydi, negaki ayoliga muloyim bo‘lishni unchalik xohlamaydi.

Bu nomaqbul doirani kimdir buzib tashlasagina, undan chiqib ketish mumkin. Men oilaviy maslahatchi sifatida xotinlarga, agar ular erlarining shahvoniy ishtiyoqini qondirsalar, erlar ham javoban ularning mehrga bo‘lgan ehtiyojini, shuningdek, boshqa har qanday ehtiyojlarini ham qondirishga tayyor ekanliklarini aytib, ayollar o‘rtasida durustgina hurmatga sazovor bo‘lganman. Mazkur qoida shunchalik aniq ishlardiki, ertasi tongdayoq amaliy maslahatim o‘z natijasini berishni boshlardi.

Agar er dastlab xotinining mehr–iltifotga bo‘lgan ehtiyojini qondirsa, hammasini aksincha ham qilish mumkin. Men ayolning ehtiyoji qondirilganida, tabiiy ravishda, u erkakning ehtiyojini qondirishga ko‘proq moyil bo‘ladi degan xulosaga kelganman. Mazkur kitobni xotinlarning muloyim munosabatga bo‘lgan ehtiyojidan boshlaganim bois, erkaklarga agar ularning shahvoniy ehtiyoji qondirilmayotgan bo‘lsa, tashabbusni o‘z qo‘llariga olib, dastlab o‘z xotinlarining mehribonlikka bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishni o‘rganishlarini tavsiya etaman.

Mehribonlik – bu oila muhitidir, jinsiy aloqa esa ayni vaqtda – voqea hisoblanadi. Mehribonlik – bu nikohni o‘rab oladigan va himoya qiladigan to‘plam, ya’ni hayot tarzidir. Bu jinsiy aloqaga to‘g‘ri talqin beradigan sevgining yaqqol va ishonchli ifodasi. Ko‘pchilik ayollar uchun jinsiy aloqa katta ahamiyat kasb etishidan avval mehribonlik ko‘rsatish zarur.

Erkaklar mehribonlikni jinsiy aloqaga osongina burib yuborishlaridan kelib chiqqan holda, men mehribonlikni jinsiy aloqasiz namoyon etishga urg‘u bermoqchiman. Men erlarni xotinga nisbatan munosabatda mehribonlik jinsiy aloqani aks ettirmaslikka o‘rgatmoqchiman. Er faqat qovushishni istaganida mehribon bo‘lib qolmaydi. Har gar er va xotin yonma–yon bo‘lib qolganlarida, mahkam quchoqlab qo‘yish va o‘pich odat tusiga kirishi lozim. Aslida ular o‘rtasidagi deyarli barcha muloqot shirin so‘zlardan va imo–ishoralardan tashkil topishi shart. Men har bir oilada er-xotinlar bir–birlariga so‘zsiz shunday tushunchani beradigan muhit bo‘lishi kerakligiga ishonaman: “Men seni juda sevaman va meni ham sevishingni bilaman”.

Men jinsiy aloqasiz mehribonlik haqida gapirganimda, ko‘plab erkaklar sarosimaga tushishadi. Xo‘sh, mehribonlikning deyarli har qanday ko‘rinishi qo‘zg‘ashi mumkin bo‘lgan hirs tuyg‘usini qanday yengish mumkin? Erkakning boshi qotadi, nahotki hirsni so‘ndirish uchun “sovuq suvni qabul qilish”ga to‘g‘ri kelsa? Ana shunda men nikohgacha bo‘lgan uchrashuvlari chog‘ida uning hozirgidek, hatto bundan kuchli darajada ehtirosga to‘lganini eslatib qo‘yaman. Biroq u o‘sha paytlarda qallig‘iga teginmasa ham unga zo‘r e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan.

Ko‘plab erkaklar ko‘ngil ovlab yurgan paytlarida yuz bergan jo‘shqin damlarni esga olib, o‘zlariga savol berishadi: “Nega endi u avvalgidek ehtirosga tushmayapti?”

Men erning endilikda xotini bilan avvalgidek munosabatda bo‘lmayotganini shoshmasdan tushuntiraman. Er to‘ydan so‘ng ko‘ngil ovlab o‘tirmasdan darhol asosiy maqsadga o‘tish mumkin degan qarorga kelgan. Ammo shunday bo‘lib chiqyaptiki, “dastlab ko‘ngilni ovlash” nafaqat to‘laqonli jinsiy munosabatlar uchun, balki har yoqlama zaruriyat ekan. Er ko‘p vaziyatlarda ko‘ngil ovlash deb hisoblaydigan holat ayol uchun aynan “asosiy voqealik” bo‘larkan.

Aksariyat hollarda ayollar jinsiy aloqa bilan mashg‘ul bo‘lishlaridan avval er bilan bir tan – bir jon ekanliklarini his etishlari zarur. Juftliklar o‘zaro silab–siypashlar va faqat bir–birlariga qaratilgan e’tibor bilan bunday hissiyotga yetishadilar.

Qalblarning bunday birdamligida ayolning ehtiyoji xiyonat qay tarzda yuzaga kelishini tushunishimizga yordam beradi. Nikohdan tashqaridagi aloqada ayol erkak bilan jinsiy aloqa qilishining sababi shuki, erkak uni mehr–iltifotga ko‘mib tashlab, o‘z sevgisini namoyon etadi. Oshiq erkak unga shunday e’tibor ko‘rsatgani bois, jismoniy qovushuv odatda ayolga nikohining ichida yot bo‘lgan jo‘shqin ehtirosi bilan ajralib turadi. Ayol xushtorining o‘zi uchun yaratilganligi haqidagi xulosaga keladi, negaki u eri bilan qovushganida ana shunday junbushga kelmaydi.

Rostini aytganda, agar qalb rishtalari mustahkam bog‘lansa, xuddi oiladan tashqaridagi sevgi tarixi kabi, har qanday nikohda ham qizg‘in ehtiros alanga olishi mumkin. Ayollarning qaysidir pallada o‘z hissiyotlarini taqqoslab ko‘rib, erlarining o‘zlariga to‘g‘ri kelmasligi haqidagi fikrlari dahshatli xatodir. Agar er mehr–muhabbat mavjud bo‘lgan poydevor yaratish haqida jon kuydirganida, ularning hamjihatliklari tiklangan bo‘lardi. Chetdagi ishqiy munosabatlar esa aslida qanday bo‘lsa – muhim hissiy ehtiyojlarni qondirish uchun soxta hatti–harakatlar – shunday namoyon bo‘lgan bo‘lardi.

Nikohingizda jinsiy aloqaga daxldor muammolar paydo bo‘lganida, yetishmayotgan qismni – mehribonlikni axtaring. Agar bu yo‘q bo‘lsa, ishqiy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish ko‘pchilik uchun majburiylikka va notabiiylikka aylanadi. Tobora ko‘proq xotinlar o‘z erlari bilan qovushishga istab–istamay rozi bo‘lishyapti. Chetdagi ishqiy munosabatlarda esa hirsni qondirishga kafolat beruvchi sharoit bor, zero mehr–iltifotga bo‘lgan ehtiyoj qondirilganida aloqa rishtalari bog‘lanadi. Jazman jinsiy aloqa qilish uchun vaqt ajratib, qulay vaziyat yaratish uchun harakat qiladi. O‘z navbatida, ayolda bu erkak haqidagi fikrlarning o‘ziyoq ehtiros qo‘zg‘atadi.

Mening qabulimda bo‘lgan ko‘pchilik ayollar oddiygina mehribonlikni qo‘msashadi, xolos. Men ularning erlariga bu ehtiyoj qondirilganida, xotinlar qanchalik rohatlanishlarini tushuntirishga urinaman. Albatta, bu jinsiy aloqa qilayotgan vaqtdagi tuyg‘ularning o‘zginasi emas, ammo baribir mehr–iltifot ko‘rsatish ishqiy munosabatlarning katta qismini tashkil etadi. Ayollarning jinsiy aloqali hayoti nazokatsiz va mehrsiz to‘laqonli bo‘lmaydi.

Ko‘pchilik erkaklarda hammasi butunlay teskari yuz beradi. Shahvoniy qo‘zg‘alish ularni yanada mehribonroq qilib qo‘yadi. Erlar o‘z xotinlariga mehr ko‘rsatishga rag‘bat olishlari uchun tez–tez jinsiy aloqa qilib turish muhimligini tushuntirishga urinishadi. Ammo bu bahonalar, odatda, u quloqdan kirib bunisidan chiqib ketadi. Ayrim ayollar o‘z erlari bilan qovushish jarayonida olishadigan mehr–iltifot uchungina jinsiy aloqada bo‘ladilar, ammo bu ko‘pincha ularda ranj–alam tuyg‘ularini qoldiradi. Jinsiy aloqa tugagan zahoti erlar mehribonlikni yig‘ishtirib qo‘yishadi va bu bilan xotinlari o‘zlarini sevilmagandek his qilishlariga sababchi bo‘ladilar. Ular erlari faqatgina jinsiy aloqani istashayotganini, boshqa barcha masalalarda ularga befarq ekanliklarini his etishadi. Bunday munosabat ularning yaqinlik va hamjihatlik tuyg‘usini barbod qiladi. Ammo erlar sevgi va g‘amxo‘rlikning uzluksiz oqimini ta’minlovchi ko‘nikmalarni o‘zlashtirib, mehr–muhabbat muhiti yaratishni o‘rganib olsalar, bu munosabat o‘zgarishi mumkin.

Erlar xotinlari tomonidan javob tarzida qo‘zg‘aladigan shahvoniy ehtirosni kutganlari kabi, xotinlar ham erlarining o‘z xohishlari bilan mehribonlik ko‘rsatishlarini afzal bilishadi. Bizning hatti–harakatlarimiz ko‘nikmalarga aylanganidan so‘ng bu muayyan darajada o‘z–o‘zidan beixtiyor yuz beradi, lekin biz hatti–harakatning yangi ko‘rinishini ishlab chiqishga uringanimizda, u sun’iy va notabiiy bo‘lib tuyuladi. Dastlab muloyim bo‘lishga urinishlar unchalik ishonchli chiqmasligi va natija erkinlik hissini bermasligi mumkin. Ammo tajribalar oshgani sayin muloyim munosabatlar erning o‘z xotiniga nisbatan his qilayotgan tuyg‘ularini aniq ifodalay boshlaydi. Bu o‘z navbatida xotin tomonidan yanada tabiiyroq jinsiy aloqaga chorlovchi zarur muhitni yaratadi.

Ayolning mehribonlik ko‘rsatilishga bo‘lgan ehtiyoji, hoynahoy, uning chuqur hissiy ehtiyoji hisoblanadi. Agar xotin erida jinsiy aloqaga nisbatan shunchalik chuqur ehtiyoj borligini tushunmasa, mening ushbu bobda aytganlarim behuda bo‘lib qolaveradi. Men navbatdagi bobda ayollarga erlar uchun jinsiy aloqa – oqshomni ko‘ngilli yakunlashning bir necha variantlaridan shunchaki bittasi emasligini tushuntirishga urinaman. Duppa–durust erkak uchun jinsiy aloqa xuddi havo yoki suvdek zarur. U bu zaruriyatdan kechib o‘tolmaydi.

Agar ayol jinsiy aloqaning erkakka qanchalik kuchli ta’siri ko‘rsatishini tushunmasa, bu yaxshiroq holatida ham erning doimiy zo‘riqishi va tushkunligi bilan yakunlanadi. Yomonroq ko‘rinishida esa erkakning ehtiyojini qondiradigan boshqa ayol topilib qoladi. Ming afsuski, jamiyatimizda bunday holatlar kam emas. Agar erlar muloyim bo‘lishni o‘zlashtirib olishsa, xotinlar esa qovushish taklifiga zo‘r ishtiyoq bilan rozi bo‘lishni o‘rgansalar bundan holatlardan qutulish mumkin. Uillard Xarlining Nikoh haqidagi Birinchi Qonuni shunday:

Masala jinsiy aloqa va mehribonlikka borib taqalganida,

bu ikkalasini bir–biridan ajratib bo‘lmaydi

Erkak uchun savollar:

  1. O‘n ball “o‘ta mehribon”likni ifodalaydigan o‘n balli tizimda baholanganimda men rafiqamga nisbatan qanchalik mehribonman? Rafiqam menga necha baho qo‘ygan bo‘lardi?
  2. Nikohimizda mehribonlik oila muhiti hisoblanadimi?
  3. Men o‘tmishimda mehribonlikning namoyon etilishini jinsiy aloqaning boshlanishi sifatida taqqoslashga moyil bo‘lganmanmi?
  4. Men qanday alohida usullar bilan xotinimga mehribonlik ko‘rsataman?
  5. Xotinim men tomondan o‘ziga ko‘proq yoqadigan mehr–iltifot ko‘rsatilishini menga o‘rgatishiga rozimanmi?

Ayol uchun savollar:

  1. Mehribonlik mazkur bobda qayd etilganidek men uchun juda muhimmi?
  2. Agar men yetarli darajada mehribonlik ko‘rmasam, mag‘rurligimdan voz kechib, erimga mehribonlikni sabr–toqat bilan o‘rgatishga rozimanmi?
  3. Mabodo erim menga nisbatan chindan ham muloyim va e’tiborli ekanini his qilsam, u bilan jinsiy aloqa qilishga ko‘proq moyil bo‘lamanmi?

Er va xotin uchun fikr–mulohazalar:

  1. Biz mehribonlik ko‘rsatish haqida suhbatlashib olishimiz zarurmi? Agar shunday bo‘lsa, biz aynan nimani muhokama qilib olishimiz kerak?
  2. Nikohimizda mehr–iltifot yetarlimi? Biz bunga qanday misol keltirishimiz mumkin?
  3. Biz qay tarzda “mehribonlik bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazish”imiz mumkin? Ikkalamizga ham nimalar yoqadi?

“Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji” kitobi oila haqidagi eng yaxshi kitob sifatida reytingni takror va takror boshqarib kelmoqda, negaki bu kitob boshqa asarlardan farqli ravishda erlar va xotinlar nimaga ko‘proq muhtoj bo‘layotgan bo‘lsalar, aynan o‘shani bir–birlariga berishlariga ko‘maklashadi.

“Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji”ni o‘qigan million nafardan ko‘p juftliklar oila o‘chog‘idagi alangani saqlab turishni o‘rganib oldilar va endi kitobni boshqa odamlarga ham tavsiya etishmoqda. Doktor Xarlining samarali maslahatlari va tajribalari sharofati bilan oilaviy hayotlarida ajoyib o‘zgarishlar yuz bergan insonlar safiga qo‘shiling. Siz baxtli nikohning faqat orzu bo‘libgina qolmay, balki haqiqiy hayotingizga aylanishini ko‘rasiz


Книга на Узбекском языке: Его нужды, Ее нужды (Уиллард Ф. Харли-мл.)

«Его нужды, Ее нужды» неизменно считается лучшей семейной книгой, потому что, в отличие от других произведений, эта книга призывает мужей и жен давать друг другу то, в чем они нуждаются больше всего.

Более миллиона пар, прочитавших «Потребность мужчины, потребность женщины», научились поддерживать пламя и теперь рекомендуют эту книгу другим. Присоединяйтесь к рядам людей, которые добились замечательных изменений в своей семейной жизни благодаря эффективным советам и опыту доктора Харли. Вы увидите, что счастливый брак станет не просто мечтой, а вашей реальностью.



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

911. Xudoning irodasini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Haqiqiy sevgini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Rejalashtirilmagan homiladorlik (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. O'z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Jinsiy zo‘rlanish (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Ota-onaning ajralishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Nizolar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Yaqin insonning vafot etishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    Сенинг Чўққиларинг томон йўл (Ханна Харвард)    Фаришталар ҳам сукут сақлаган эдилар (Макс Лукадо)    Худонинг Буюклиги (Эйден Тозер)    Яраланган юрак (Дэн Аллендер)    Худонинг Муқаддаслиги (Роберт Спраул)    Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)    Сандон устида (Макс Лукадо)  Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак