Kichik Uillard F. Xarli Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji - (Ota-onalik burchlarining bajarilishi) Kitob O'zbek tilida
Эркак эҳтиёжи, аёл эҳтиёжи (Кичик Уиллард Ф. Харли) Ўзбек тилида Аудиокитоб
Хiyonatdan himoyalangan nikoh munosabatlarini yaratish
Mundarija
Nashrning 15 yilligi munosabati bilan suzboshi
Kirish
1. Nikohingiz xiyonatdan qanchalik ximoyalangan?
2. Nega Sevgi Bankingiz hech qachon yopilmaydi?
3. Mehribonlik namoyon etilishi
4. Jinsiy qoniqish
5. Suhbat
6. Birgalikdagi hordiq
7. Rostguylik va ochiqlik
8. Jozibador rafiqa
9. Moliyaviy madat
10. Honadon sarishtaligi
11. Ota-onalik burchlarining bajarilishi
12. Zavq - shavq
13. Xiyonatga qanday bardosh berish mumkun?
14. Nomofiqlikdan jozibadorlikgacha
OTA–ONALIK BURCHLARINING BAJARILISHI
Ayol uchun erning yaxshi ota bo‘lishi muhim
Enn va Terri tanishganlarida, ikkalasining yoshi ham o‘ttizga yaqinlashib qolgandi. Ikkalasi ham shu paytgacha turmush qurishmagan bo‘lib, endi vazminroq bo‘lishga tayyor edilar. Ularning munosabatlari juda yaxshi shakllandi, ammo bitta yoqimsiz holat bor edi. Terri Ennining ota–onasi bilan muloqot qilmasdi. Bu holat ayolni qattiq tashvishlantirar, biroq u yanada jiddiy muammolari bo‘lgan boshqa juftliklarni ham bilardi. Ular Terri bilan boshqa barcha masalalarni shunchalik yengil hal etishdiki, ayol bu muammoga yon berishga qaror qildi.
“Ehtimol, vaqt o‘tib hammasi yaxshi bo‘lib qolar”, – o‘zini yupatdi ayol.
Terrining Enn oilasi bilan muloqot qilishni istamasligi ularning unashtiriluvini ancha dilgir vaziyatga soldi. Qarindoshlar endigina tabriklay boshlashganida, kuyov to‘y sayohatiga jo‘nash uchun ayolini shosha–pisha bu yerdan olib ketdi.
Nikohlarining birinchi yilida Enn Terrini so‘z orasida ota–onasi bilan yaqinlashtirishga urindi, ammo bu harakatlar aslo foyda bermadi. Ayol tez orada erining o‘z ota–onasi bilan ham umumiy jihatlari kamligini payqadi, ayolning ota–onasi bilan esa bu jihatlar yanada kamroq edi.
Muammo “o‘z–o‘zidan hal bo‘lmadi” – aksincha, ikki farzandli bo‘lishgach vaziyat yanada yomonlashdi. Bolalari hali go‘dak bo‘lishganida, Enn Terrining hatti–harakatlarini oddiy bir erkakka xos bo‘lgan munosabat sifatida baholadi. “Bolalarimiz ulg‘ayishganida, erimga ular bilan vaqt o‘tkazish qiziqarliroq bo‘ladi”. – o‘yladi ayol.
Biroq Terriga bu ham qiziqarli bo‘lmadi. U farzandlariga kam vaqt ajratar, ular otasidan e’tibor talab qilishganida jahli chiqardi. Enn oxir–oqibat har qanday umidlarini yo‘qotdi va oila uchun yaratilmagan odamga turmushga chiqqanini tan oldi. Ayol bolalaridan xavotirda edi, ayniqsa, otasiga chindan ham muhtoj bo‘layotgan kichkintoy Tommidan ko‘proq tashvishlanardi.
Enn bu holatni aslo tan olishni istamasdi, lekin erining bo‘ydoq amakivachchasi Dryu otalik vazifalarini Terridan ham yaxshiroq bajarardi. Dryu bayram kunlari, ba’zan yakshanbada ularni yo‘qlab turardi. U bolalar bilan shunchalik kirishib ketgandiki, ular uni Dryu amakijon deb atashardi. Vaqt o‘tgani sayin Dryu yaxshi “enaga”ga aylandi, ayniqsa Enn va Terri oqshom paytlari qayoqqadir ketishganida. Bolalarining Dryuga bog‘lanib qolishgani Enida qarama–qarshi tuyg‘ularni keltirib chiqardi. Garchi ayol Dryuning qandaydir ma’noda farzandlarining “otasi” bo‘lib qolganidan tashvishlansada, ammo baribir ancha xotirjam edi, negaki bolalar o‘zlari o‘ta muhtoj bo‘layotgan erkakcha tarbiya va muloqotga ega bo‘lishayotgandi.
Bir kuni Enn do‘konga borganida Dryuni uchratib qoldi. Ular ikki daqiqa suhbat qilishgach, Dryu taklif qilib qoldi:
– Ikkalamiz birga tushlik qilsak nima deysan?
– Bajonidil!
Ular taomga buyurtma qilganlaridan so‘ng Dryu so‘radi:
– Xo‘sh, mening bolajonlarim sog‘–salomatmi?
Uning nozik g‘amxo‘rligidan Enning ko‘zlari yoshlandi.
– Men ulardan qanchalik tashvishda ekanimni senga hech qachon aytmaganman, – so‘z boshladi ayol. U bir necha daqiqa orasida Terrining oilaga ancha befarq ekanligidan qanchalik qo‘rqayotgani va tashvishlanayotganini aytib tashladi. So‘zining oxirida ayol iqror bo‘ldi: – Ba’zan, Dryu, sen bolalarim uchun Terridan ko‘proq darajada yaxshi ota ekanligingni his qilaman.
Dryu biroz qizarib ketgan bo‘lsada, ammo baribir jilmayish uchun kuch topdi.
– Bilasanmi, men ham ularni o‘z bolalarim kabi yaxshi ko‘raman. – U Enning qo‘lini ushladi. – Men senga yordam bermoqchiman. Ular bilan ko‘rishib turish uchun uylaringizga tez–tez borib turish haqida o‘ylayapman. Darvoqe, ular bilan shanba kuni hududiy yarmarkaga borsam nima deysan?
– Bu juda ajoyib bo‘lardi! – Enning yuzi yorishdi. – Hatto o‘zim ham sizlar bilan borishim mumkin.
Va chindan ham Enn shanba kuni Dryu va bolalari bilan yarmarkaga jo‘nadi. Bu oddiy holdek ko‘rinardi, negaki Dryu bor kuchi bilan amakivachchasi o‘z farzandlariga bermayotgan otalik mehrini to‘ldirishga urinardi. Terri bunga aslo qarshi emasdek bo‘lib ko‘rinardi. U Dryuga yaxshi do‘st va oila a’zosi sifatida ishonardi.
O‘sha yodda qoladigan tushlikdan keyingi ikki yil mobaynida Enn va Dryu ko‘p muloqotda bo‘ldilar. Ular bolalar bilan birga vaqt o‘tkazishdan tashqari ikkalasi birgalikda tez–tez tushlik qilishardi.
Enn o‘ziga Dryu kerak ekanligini qalban tan olishni boshladi. Dryu ayol nazarida eng muhim tuyulgan masalada yordam berardi: bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ularni rivojlantirishda ishtirok etish. Bir necha oy mobaynida ularning do‘stligi asta–sekin ishqiy munosabatlarga aylandi. Ayol uni shunchalik kuchli va qizg‘in sevib qoldiki, hayotida biror erkakni bu darajada aslo sevmagandi.
Enning qalbida tug‘ilgan kelishmovchilik toqat qilib bo‘lmaydigan darajaga yetdi. Bir tomonlama olganda, ayol bolalarining ota–ona ajrashuvidan azob chekishlarini va haqiqiy otalaridan ayrilib qolishlarini istamasdi, ammo boshqa tomonlama, unga sevimli insonining yordamisiz bolalarini tarbiyalash chidab bo‘lmaydigan ahvolgacha borgandi.
Terri toki xiyonatni fosh etmagunicha, Enn o‘z his–tuyg‘ulari bilan kurashdi. U o‘zining amakivachchasi xiyonat qilganidan qattiq ranjib, g‘azablangandi. Dryu Terrining va oilaning boshqa a’zolarining qahr–g‘azabiga ko‘milib qolmaslik uchun boshqa shtatga ko‘chib ketdi. Endi esa Enn o‘zini ikki bora yanchilgandek his etdi. Uning xushtori qochib ketdi, u bilan birga bolalari uchun otalik vazifasini bajargan inson ham yo‘qolgandi. Xo‘sh, ayol endi nima qilsin?
Xotinga mustahkam oilaviy rishtalar zarur
Enn va Dryu o‘rtasidagi kabi ishqiy munosabatlar tez–tez bo‘lmasada, harholda uchrab turadi. Men ularga o‘xshagan bir qancha juftliklarga maslahatlar berganman va har safar xotin kishining oilaviy hamjihatlikka nisbatan ulkan ehtiyoj sezishiga yanada ko‘proq ishonch hosil qilaman. Ko‘plab yosh juftliklar amal qilayotgan farzand ortirmaslik zamonaviy an’anasiga qarshi o‘laroq aksariyat ayollarda oila barpo qilishga bo‘lgan kuchli instinkt mavjud. Xotinlar eng avvalo erlarining oilada yetakchi bo‘lishlarini va bolalarining ahloqiy–aqliy rivojlanishlari uchun o‘zlarini bag‘ishlarini istashadi. Har qanday xotin uchun mukammal variant – u o‘zi hurmat qilib, ibrat oladigan erkakka turmushga chiqishni istaydi va bu erkak tarbiyasini olgan bolalar ulg‘ayganlarida otasiga o‘xshaydigan bo‘lsinlar.
Muqaddas Kitobda ota-onalarga shunday maslahat berilgan: “Bolani to‘g‘ri yo‘lga solib tarbiyala, shunda qariganda ham yo‘lidan adashmaydi” (Hikmatlar 22:6). Ularning diniy e’tiqodlari qanday bo‘lmasin, mening maslahatimda bo‘ladigan ko‘pchilik xotinlar bu so‘zlarning oqilona ekanligini osongina tushunib yetishadi. Ular ham o‘z erlarining “bolani to‘g‘ri yo‘lga solib tarbiyalash”da asosiy vazifani bajarishlaridan umid qilishadi.
Shunday tuyuladiki, ayollar biz psixologlar tadqiqotlar va tajribalar orqali kelgan xulosani his–tuyg‘ulari orqali bilishadi: ota o‘z farzandlariga ulkan ta’sir ko‘rsatadi. Mening otam ham tarbiyamga va ahloqiy rivojlanishimga kuchli ta’sir etgan. Ehtimol, u o‘shanda bu haqda bilmagandir, negaki men u bilan ko‘plab masalalarda bir fikrga kelmaganman. Ammo ulg‘ayganim sari uning nuqtai nazarini rad etishdan ko‘ra tobora ko‘proq unga moyillik bildirayapman. Ahloqiy qadriyatlarimdagi bunday rivojlanish onam uchun o‘ta muhim edi va ishonchim komilki, otam meni onam xohlagan yo‘ldan borishga undagani uchun onam undan chuqur minnatdor bo‘lgan.
Ota farzandlarining tarbiyasi bilan kam shug‘ullanadigan oilalarda ayol uni bu masalaga ko‘proq qiziqtirishga urinadi. Ayol tarbiyaga oid kitoblar sotib olib, ularni ko‘rinarli joylarda qoldiradi. U erini jamoat yoki ota–onalar qo‘mitalari tomonidan tashkil etiladigan seminarlarga borishga o‘rgatadi. U hatto oila bo‘yicha maslahatchilar katta qiziqish va fidoyilikni uyg‘otishi uchun eridan ularning oldiga borishini so‘rashi mumkin. Ayol hatti–harakatlarining faqat bir qismigina muvaffaqiyatli bo‘ladi. U ko‘pincha eri tomonidan bo‘ladigan e’tirozlar, sustkashlik va boshqa salbiy reaksiyalardan xafa bo‘ladi. Bunday ona o‘zining ana shu ehtiyojini qondirishi mumkin bo‘lgan qarindoshlari yoki do‘stlari orasidan boshqa erkakni izlaydigan holatlar uchrab turadi. Ayol bolalarining ham bunga ehtiyoj sezayotganiga ishonadi, lekin aslida bu faqat uning o‘ziga kerak. Uning yonida bolalarini baxtiyor qilishga qodir erkak kerak. Ba’zan bobosi yordam beradi, ba’zida esa Dryu kabi erkaklar paydo bo‘lib, bolalar uchun ota o‘rnini, ayol uchun esa er va xushtor o‘rnini egallaydi.
Ayol bolalari uchun “yaxshi ota”ni istashini aytganida, u aslida nimalarni nazarda tutadi? Mazkur jumla ortida muayyan majburiyatlarning bajarilishiga bo‘lgan umid yashirinib yotibdi. Hayotning hazili shundaki, bu majburiyatlar biz avvalgi bobda ko‘rib o‘tgan masala, ya’ni erkakning xonadon sarishtaligiga bo‘lgan ehtiyoji bilan tez–tez kelisholmay qoladi. Bu vaziyatni to‘g‘rilash uchun juftliklar ikkita muhim jabha – vaqt va tayyorgarlik – borasida ochiqlikka va o‘zaro tushunchaga erishishlari lozim.
Bolalar tarbiyasi vaqtni – ko‘p vaqtni – talab etadi
Erkak haftasida taxminan ellik soat ishlashi va xotiniga o‘n besh soat alohida e’tibor beriladigan vaqt ajratish bilan birga oilasiga ham vaqtini bag‘ishlashi kerak. U xotini bilan ham, bolalari bilan ham men “oila davrasida mazmunli vaqt o‘tkazish” deb ataydigan usul orqali o‘z aloqalarini mustahkamlashi mumkin.
Buni ota–onalar ovqatlantiradigan, kiyintiradigan va ular bilan biror ko‘ngilsizlik yuz bermasligi uchun bolalariga ko‘z–quloq bo‘lib turadigan g‘amxo‘rlik bilan adashtirmaslik kerak. Oila bilan mazmunli vaqt o‘tkazish – bu bir–biriga g‘amxo‘rlik qilish va qo‘llab–quvvatlash muhim ekanligiga bolalarni o‘rgatish maqsadida aniq maqsadlar bilan oila a’zolarining to‘planishi demakdir.
Men haftasida o‘n besh soat vaqtni oila davrasida mazmundor vaqt o‘tkazish uchun tavsiya etaman. Dastlab ro‘yxatdan buncha vaqtni eplashtirib olish imkonsizdek bo‘lib tuyuladi. Hoynahoy, siz birinchi haftada oilangiz uchun faqat besh soat ajrata olarsiz, ammo har haftada bu vaqtga bir soatdan qo‘shadigan bo‘lsangiz, kamroq harakat qilgan holda ham o‘n hafta ichida maqsadga erishmog‘ingiz mumkin.
Xo‘sh, bu vaqtda nimani rejalashtirishingiz kerak? Misol uchun, mana bunday mashg‘ulotlarga:
- Nonushta, tushlik va kechki ovqat paytida butun oila bilan birga bo‘lish.
- Sayr va velosipedda aylanib kelish.
- Jamoat xizmatlariga qatnashish.
- Oilaviy yig‘inlar tashkil etish.
- Butun oila bilan birgalikda stol o‘yinlarini o‘ynash.
- Sport musobaqalarini borib tomosha qilish.
- Uyqu oldidan bolalarga kitob o‘qish.
- Moliyaviy rejalashtirishda bolalarga yordam berish.
- Oilaviy loyihalar (bu loyihalar bolalar uchun qiziqarli bo‘lishiga va bolalar buning ustida yolg‘iz o‘zlari ishlamasligini kuzatib boring).
Albatta, bu ro‘yxat sizning ham sevimli mashg‘ulotlaringizni o‘z ichiga oladi. Har bir oilaning boshqalardan ajralib turadigan afzalliklari bor. Sizning maqsadingiz hamjihatlik, shu bois bu vaqt ichida oilangiz a’zolari bir–birlarini yakdillik va o‘zaro yordam ruhi asosida qo‘llab–quvvatlashlarini rag‘batlantiring. Bolalar ota–onalarining faqat o‘zlariga qaratilgan e’tiborini tushunib yetganlarida, ular buni intiqlik bilan kutishni boshlaydilar.
Agar sizda o‘n ikki yoshdan kichik farzandlar bo‘lsa, ularni oila davrasida bunday vaqt o‘tkazish bilan osongina qiziqtirishingiz mumkin. Ammo ular o‘smirlik yoshiga yetganlarida, sizning topqirligingizni sinovdan o‘tkazishni boshlashadi. Endi ular aksariyat vaqtlarini do‘stlari bilan o‘tkazishadi, shu bois ota–onalari ularni tobora kamroq ko‘radigan bo‘lishadi. Oraliqdagi muvozanatni yaratish uchun o‘smirlarga mo‘ljallangan tadbirlarni obdon o‘ylab, rejalashtirib chiqing – aks holda ular aniq va ulkan jo‘shqinlik bilan o‘z noroziliklarini bildirishadi.
Agar farzandlaringiz oila davrasida vaqt o‘tkazib ulg‘ayishsa, ularga bu an’anani davom ettirishlari unchalik qiyin bo‘lmaydi. Ammo bu o‘zlarining rejasi bo‘lgan bolalaringiz bilan muammolar kelib chiqmasligini anglatmaydi, lekin birozgina o‘ylab ko‘rsangiz – balki ozgina xarajat ham qilsangiz, – o‘smir farzandlaringiz o‘zlari davom ettirishga rozi bo‘ladigan nimalardir rejalashtirib qo‘yishingiz mumkin.
Butun oila bilan birgalikda vaqt o‘tkazishni endigina boshlagan er-xotinlar farzandlari o‘smirlik yoshiga yetganida yoshlar mutlaqo qarshi bo‘ladigan masalalar bilan to‘qnash kelishlari mumkin. Ota–onalar va bolalari o‘rtasida qizg‘in bahslar bo‘ladigan vaziyatlar shunday ziyon keltirishi mumkinki, men oila davrasida vaqt o‘tkazish haqidagi taklifimni ba’zan shunchaki unutishlarini tavsiya etaman, – aytish mumkinki, bu ota–onalar o‘z vaqtida imkoniyatlarini qo‘ldan boy berib qo‘ygan bo‘lishadi.
Ko‘pchilik murabbiylar o‘smirlar yoki yoshi kattalarga nisbatan yosh bolalarga ta’sir o‘tkazish osonroq ekanligini fahmlashadi. Buni e’tiborga olib qo‘ying va agar bolalaringiz hali yosh bo‘lsa, ularga kelgusida asqotib qoladigan ahloqiy andazalarni va hayotiy qoidalarni singdirish uchun qo‘lingizdan kelgan barcha vositalarni ishga soling. Bolaning kelgusidagi ehtiyojlarini ham unutmagan holda, uni “yo‘lga boshlash”ga undashni o‘z oldingizga maqsad qilib qo‘ying. Agar siz bolaning ana shu ulg‘ayish davrida oila davrasida vaqt o‘tkazishga jiddiy yondashsangiz, shu hal etuvchi bosqichda ularning tarbiyasiga bepisand qaramaganingiz uchun keyinchalik noxushliklar bilan to‘qnash kelishga majbur bo‘lmaysiz.
Bolalar tarbiyasi tayyorgarlikni – puxta tayyorgarlikni talab etadi
Agar siz farzandlaringizga yaxshi tarbiya bermoqchi bo‘lsangiz, bu borada sizga yaxshi tayyorgarlik kerak bo‘lishini tan olishingizga to‘g‘ri keladi. Sizga muayyan andazalar nimalarni uqtirmasin, hech kim o‘z–o‘zidan bolaga g‘amxo‘rlik qilishni eplab ketolmaydi.
Garchi erkaklarga ham, ayollarga ham bolalar tarbiyasiga oid mashg‘ulotlarga qatnash foydali bo‘lsada, men o‘z tajribamdan kelib chiqqan holda erkaklar bu borada ko‘proq shug‘ullanishlari kerakligini bilaman. Ko‘pchilik ota–ona bo‘lish instinkt ekanligi haqidagi xato fikrlarga boradi, ya’ni ularning fikricha inson yomon yoki yaxshi ota–onadan tug‘iladi va hech qanday tarzda bu omillarga bog‘liqlikni o‘zi nazorat qilolmaydi. Ularga shunday tuyulgani uchun men tavsiya etadigan tayyorgarlikka qarshi chiqishadi.
Enning turmush o‘rtog‘i Terri tayyorgarlikdan biror–bir foyda bo‘lishiga ishonmadi. U o‘zini yomon otaga aylantirgan ko‘nikmalarini tan oldi va shu sababga ko‘ra bolalari bilan vaqt o‘tkazishdan qochdi. Hoynahoy, Dryu buni yaxshiroq biladiganga o‘xshaydi, shu bois Terri bu vazifani uning o‘z zimmasiga olishiga izn berdi. Ammo nimaiki bo‘lib o‘tmasin, faqatgina Terri haqiqiy ota bo‘lishi mumkin edi. Eh, Terri o‘ziga zarur ko‘nikmalarni o‘zlashtirib olishi mumkinligini bilsa qanchalik soz bo‘lardi–ya! Har qanday boshqa mahoratlar kabi, u bolalar tarbiyasiga oid kitoblarni o‘qish yordamida otalik ko‘nikmalarini yaxshilashi yoki maxsus kurslarga qatnashi mumkin. U ko‘proq darajada tushunchaga ega bo‘lsa, bolalari ham u bilan vaqt o‘tkazishdan benihoya quvonishar, Terri esa ular bilan vaqt o‘tkazishdan o‘zini yengilroq his qilgan bo‘lardi. Asosiy yutuq sifatida esa Terri xotinining eng muhim ehtiyojlaridan birini qondirgan bo‘lardi.
Har yili kutubxonalar tokchalarida bolalar tarbiyasiga bag‘ishlangan yuzlab yangi kitoblar paydo bo‘ladi. Ular orasidan mualliflari bolalarni nazorat qilishni tavsiya etadigan kitoblarni emas, balki farzandlar bilan munosabatni yaxshilashga qaratilgan oqilona maslahatlarni topishingiz mumkin bo‘lgan kitoblarni tanlang. Zero oxir–oqibat o‘zingiz bu fikrlarning samaraliroq ekaniga ishonch hosil qilasiz.
Murabbiylar sonsiz–sanoqsiz seminarlarda bolalarni qanday tarbiyalash kerakligini tushuntirishga urinishadi. Agar ular ota–ona tomonidan bolaga nisbatan hurmatli munosabatga urg‘u berib, o‘zaro munosabatlarni yaxshilash usullarini ko‘rsatishsa, albatta, yordam berishlari mumkin. Ishonchim komilki, o‘zaro hurmat va tushuncha tarbiyaning samarali tizimidir.
Shuningdek, ota–onalar uchun bolani hojatga qanday o‘rgatishdan boshlab uni belgilangan vaqtda uxlashga o‘rgatish bilan yakunlanadigan ma’lumotlar taqdim etuvchi ko‘plab qo‘llanmalar, darsliklar va kurslar ham mavjud. Ammo ayollarning farzandlari uchun yaxshi otaga bo‘lgan ehtiyojlariga kelsak, shubhasizki barcha erkaklar buning ustida ishlashlari zarur bo‘lgan eng muhim jihat – bolalarni tartib–intizomga to‘g‘ri o‘rgatishdir. Yanada muhimi esa, ular xotinlarini ham bolalari bilan birgalikda tartib–intizomga o‘rgatishni o‘rganib olishlari kerak. Quyida otalar uchun ayrim ko‘rsatmalar berilgan.
1. Izchil bo‘lishni o‘rganing
Ko‘plab otalar izchillik borasida xatoga yo‘l qo‘yishadi va bolalar tez orada qoidalar otaning kayfiyatiga bog‘liq bo‘lishi mumkinligini tushunib qolishadi. Otaning kayfiyati shodon bo‘lsa, bolalari ko‘ngillariga yoqadigan deyarli barcha sho‘xliklarni – uyda yugurish yurishni, buyumlarni uyoq–buyoqqa uloqtirishni, karavotda sakrashni, bir–birlariga baqirish va suv to‘pponchadan otishmani – uyushtirishlari mumkin. Ota uyga xo‘mraygan qiyofada qaytsa – ehtiyot bo‘linglar! Har qanday noqulay harakat jahl olovini yoqib yuboradi.
Bolalar maqbul va nomaqbul hatti–harakatlar o‘rtasidagi farqni tushunib olishlari zarur. Uzluksiz davom etmaydigan tartib–intizomda bir xildagi hatti–harakatlar hamisha ham ota–onalar nazarida to‘g‘ri bo‘lib ko‘rinmaydi – agar ota biror masalada fikrini jamlab olishi kerak bo‘lsa yoki o‘zini noxush his qilayotgan bo‘lsa, Jonnining bunday paytda bor ovozi bilan baqirishi yaxshi emas. Qoidalarni o‘rnatadigan ota ularni qat’iy ushlashi va bolalarini tartib–intizomga izchil o‘rgatib borishi lozim.
2. Kerakli tarzda jazolashni o‘rganing
Men garchi kuch ishlatishga qarshi bo‘lsam ham, ota–onalar farzandlarini shapaloqlab qo‘yishlariga qarshi emasman. Agar ota–onalar bolalarini hech qachon ta’zirini berib qo‘ymaydigan bo‘lsa, ular bebosh bo‘lib ketishlari mumkin. Buning o‘rniga bolani qachon va qaysi yoshida jismoniy jazolash o‘rinli ekanidan oqilona foydalaning. (Men odatda ota–onalarga bolalari yetti–sakkiz yoshga to‘lganlaridan so‘ng shapaloqni tobora kamaytirib borishlarini tavsiya etaman.)
Nojismoniy jazolar ham ko‘pgina vaziyatlarda samarali ta’sir ko‘rsatadi. Ammo bunday jazolardan bolaga og‘riq berish uchun emas, balki yordam berish uchun foydalaning. Ota–onalar ba’zan farzandlarini ular yoqtirgan nimadandir mahrum qilib qo‘yishadi, buni esa ehtiyotkorlik bilan qilish lozim. Ota–onalar yaxshi maqsadda o‘smir farzandlaridan ayrim asosiy huquqlarini tortib oladigan holatlar ham uchraydi, so‘ngra esa bolalar uydan qochib ketishadi yoki hattoki o‘z jonlariga qasd qilmoqchi bo‘lishadi.
Tarbiyalashning ayrim vaziyatlarda qo‘llaniladigan eng samarali usulini unutmang, bu – rag‘batlantirish. Bolani “sotib olish”ga urinmang, balki uni rag‘batlantirishdan oqilona foydalaning. Bolalar yaxshi hatti–harakatlari har safar mukofotlanishi haqidagi fikrlar bilan ulg‘aymasligi kerak. Boshqa tomonlama, donolik bilan taqdirlash ko‘pincha bolaning o‘z harakatlarini o‘zgartirishiga, ayniqsa o‘ta moslashib qolgan xatarli odatlaridan qutulishiga yordam beradi.
3. Rafiqangiz bilan kelishib olishni o‘rganing
Erkaklar bolalar tarbiyasiga xotinlari bilan birgalikda bajarish kerak bo‘lgan ishdek yondashishlari lozim. Agar shunday bo‘lmasa, bolalar otani laqillatish uchun ona bilan “kelishib olishadi”. Bola o‘ziga yoqadigan nimagadir ega bo‘lishni istaganida, ota–ona alohida maslahatlashib olib, rozilik bildirishlari kerak.
Bundan tashqari, bolalaringizni tartib–intizomga qanday o‘rgatmoqchi ekanliklaringizni kelishib olinglar. Bolalar yakdil fikrni ko‘proq hurmat qilishadi va bu ular uchun salmoqli ahamiyatga ega bo‘ladi. Bolalar sizlarning birgalikda biror–bir qaror qabul qilganingizni bilishganida, bu qarorning to‘g‘riligidan deyarli shubha qilishmaydi.
Men ko‘plab oilalarda bolalar o‘zlariga xayrixoh munosabatda bo‘ladigan otasi yoki onasini o‘z yo‘rig‘iga solib qo‘yishganiga guvoh bo‘lganman. Otaning erkatoyi – Meri, ona esa doimo Joanning tarafini oladi. Shu bois Meri otasidan pul so‘raydi, u esa bolaning onasini bundan xabardor qilmay pulni berishga urinadi. Joan bundan xabardor bo‘lganida, o‘ziga ham xuddi shunday munosabatda bo‘lishlarini talab qiladi. Ona Joanga ham shuncha pul berishga otani majbur qilmoqchi bo‘ladi, bu esa er va xotin o‘rtasida ixtilofni keltirib chiqaradi. Bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha qarorlar o‘zaro kelishuvlarning natijasi bo‘lishi kerak. Agar sizlar yakdil fikrga kelolmasangiz, hech qanday harakatlar qilmang.
Er farzandlarni tarbiyalaganida, bu xotinning Sevgi Bankiga kuchli tarzda ta’sir qiladi. Ayollar nomaqbul yoki haddan ziyod qo‘pol jazolarga juda ta’sirchan bo‘lishadi. Ba’zan xotin eri bolalarnni emas, uning o‘zini jazolayotgandek munosabat bildiradi, bu ko‘ngilsizlik Sevgi Bankidagi birliklar kamayishiga olib keladi. Shu bois erkaklar bolani jazolashdan avval xotini bilan kelishib olishi zarur. Agar bu reja xotinni xafa qiladigan bo‘lsa, unga o‘zgartirish kiritish uchun ayolda imkon bo‘lsin. Shuningdek, ayol erini unga nisbatan sevgi tuyg‘ularini uyg‘otadigan harakatlar qilishga tayyorlashi lozim. Ana shundan so‘ng ayolning Sevgi Bankiga erining unga bo‘lgan tuyg‘ularini aks ettiradigan yangi mablag‘lar kelib qo‘shiladi.
4. Qoidalarni tushuntirishni o‘rganing
Bolalar biror–bir narsani nega qilishlari kerakligini tushunishlari zarur. Ayniqsa, erkaklar qoidalarni aniq va sabr–toqat bilan o‘rgatishni o‘rganib olsinlar. Ba’zan shunday suhbat bo‘lishi mumkin:
– Jonni, xonangga borib, ko‘rpa–to‘shagingni tartibga keltir.
– Nega?
– Chunki, biz sening ulg‘ayib, o‘z narsalaringni tartibga solishga o‘rganishingni istaymiz.
– Nega?
– Chunki sen toza–ozoda bo‘lsang, atrofingdagi odamlarga sen bilan yashash yoqadi.
– Nega?
– Chunki xonangga borib, to‘shaklaringni tartibga keltir, negaki men shunday dedim!
– A... ha mayli.
Sizga otaning go‘yoki bu oxiri yo‘q savollarga reaksiyasi to‘liq tushunarli bo‘lsa kerak, shundaymi? Ammo “negaki men shunday dedim” javobi bolaning foydasiga ishlamaydi. Sizning hafsalangiz pir bo‘lganida, ota–onalik kuchini ko‘rsatib qo‘yishingiz mumkin – bu bilan bolani qilinishi kerak bo‘lgan ishga majburlagan bo‘lasiz, – ammo siz o‘z fikrlaringiz yo‘nalishini tushuntirish imkonini boy berib qo‘yishingiz ham mumkin. Siz bunday vaziyatlarda mabodo barcha “nega” savoliga sabr bilan javob bersangiz, ehtiyotkorona, ammo aniq–tiniq qilib o‘z mulohazalaringizni, ahloqiy va shaxsiy qadriyatlarni tushuntirish imkoniga ega bo‘lasiz.
5. Jahlni boshqarishni o‘rganing
Erkaklarda tez–tez o‘z noroziliklarini bildirish uchun g‘azabdan foydalanish vasvasasi qo‘zg‘ab turadi. Ayrimlari hattoki beshafqatlikkacha borishadi va bolalariga og‘riq berishadi. Ota–onalar tomonidan bunday hatti–harakatlar kutilgan natijani bermaydi. Men ishlarini o‘rganib chiqqan psixologlarning barchasi har qanday holatda ham bola tarbiyasida g‘azabni vosita qilib olmaslikni tavsiya etishadi. Bolani jazolashdan avval jahlingizni bosib oling. Hissiyotlaringizni tartib–intizom choralaridan ajratsangiz, siz ko‘proq darajada samarali ota–ona bo‘lasiz.
Otalik bag‘ishlanishni talab etadi
Ko‘plab erkaklar otalik majburiyatlari bajarilishiga bo‘lgan ehtiyojda qaydaydir malollikni – ba’zan o‘ta malollikni – ko‘rishadi. Vaholanki endi ular o‘z rafiqalarini mehribonlik, muloqot, rostgo‘ylik va moliyaviy ko‘mak bilan ta’minlaydigan yaxshi er bo‘libgina qolmay, balki buning uchun keraklicha vaqt va kuch–g‘ayrat sarflaydigan yaxshi otalar ham bo‘lishlari lozim. Ular bu vazifani bajarishdan qo‘rqib, bola tarbiyasiga oid barcha mashaqqatlarni xotinga topshirgan holda otalik majburiyatiga befarq qarashlari mumkin. Erkak otalik vazifasidan o‘zini olib qochganida, xotini unga bo‘lgan hurmatini yo‘qotadi va Sevgi Banki yo‘qotishlarga uchraydi.
Boshqa tomonlama, yaxshi ota bo‘lishni o‘z zimmasiga olgan otalar oilaviy hayotda ko‘proq huzur–halovat topishlari haqida gapirishadi. Ularning harakatlari xotinlari tomonidan ko‘p bora zavq–shavq bilan taqdirlanadi. Uillard Xarlining Nikoh haqidagi To‘qqizinchi Qonunida shunday deyilgan:
Eng a’lo er – yaxshi otadir.
Siz yaxshi ota bo‘lishingizga yordam beradigan kitoblarni va kurslarni izlang. Bolalaringiz bilan birgalikda vaqt o‘tkazing. Bundan aslo afsuslanmaysiz!
Erkak uchun savollar:
- Siz o‘zingizni oilangizga bag‘ishlaganmisiz? Bu bag‘ishlov oila bilan mazmunli vaqt o‘tkazish masalasida nimani anglatadi?
- Sizda o‘z jahlingiz borasida biror–bir muammongiz bormi? Jazo bilan–chi? Izchillik masalasida nima deysiz? Tarbiya usullariga nisbatan xotiningiz bilan hamfikrmisiz?
- Sizdagi majburiyatlar ko‘payib ketmaganmi? Xotiningizga “akrobatik tryuklar” qilishingizga to‘g‘ri kelganini tushuntirishga uringanmisiz? Sizningcha, ayolingiz buni tushunadimi?
- Sizda oilaviy va ota–onalik majburiyatlariga oid muammolarni keyingi bir necha oy mobaynida hal etishga yordam berishi mumkin bo‘lgan va ikkalangiz ham ma’qullaydigan reja bormi? Agar yo‘q bo‘lsa, bu muammoni hal etishda biror–bir yordamdan umid qilyapsizmi?
Ayol uchun savollar:
- Eringiz bolalarni tarbiyalash borasida o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalarining ro‘yxatini tuzing.
- Bolalarni tarbiyalash borasida sizning fikringizcha eringiz rivojlantirishi kerak bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarining ro‘yxatini tuzing.
- Siz oilangiz bilan mazmunli vaqt o‘tkazish uchun haftasiga qancha vaqt ajratasiz?
- Eringiz o‘zini oilaga bag‘ishlashi zarurligiga uni qanday qilib ishontirishga urinasiz? Yanada samarali bo‘lgan usulni o‘ylab topishingiz mumkinmi?
- Eringiz har haftani o‘z oilasi bilan o‘tkazishi uchun uni rag‘batlantirishga uringanmisiz? Qaysi usul samarali bo‘lardi?
- Eringiz otalik mahoratini o‘zlashtirib olishi uchun uni qanday qilib rag‘batlantirishga uringansiz? Siz qay tarzda bunga samaraliroq erishishingiz mumkin?
Er-xotin uchun fikr–mulohazalar:
- Sizlarda bolalarni tartib–intizomga o‘rgatish masalasida o‘zaro kelishuv bormi? Agar yo‘q bo‘lsa, bu masalani muhokama qilishga vaqt ajrating va ikkalangiz uchun ham odilona bo‘lgan xulosaga keling.
- Bir–birlaringizga o‘z ahloqiy qadriyatlaringizni aytib bering. Bu o‘sha qadriyatlarni bolalaringizga tushuntirib berishga ko‘maklashadi.
- Vaqtni oila davrasida o‘tkazishning ko‘plab foydali usullarini topishingiz mumkin bo‘lgan “Family Fun” jurnaliga obuna bo‘ling.
“Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji” kitobi oila haqidagi eng yaxshi kitob sifatida reytingni takror va takror boshqarib kelmoqda, negaki bu kitob boshqa asarlardan farqli ravishda erlar va xotinlar nimaga ko‘proq muhtoj bo‘layotgan bo‘lsalar, aynan o‘shani bir–birlariga berishlariga ko‘maklashadi.
“Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji”ni o‘qigan million nafardan ko‘p juftliklar oila o‘chog‘idagi alangani saqlab turishni o‘rganib oldilar va endi kitobni boshqa odamlarga ham tavsiya etishmoqda. Doktor Xarlining samarali maslahatlari va tajribalari sharofati bilan oilaviy hayotlarida ajoyib o‘zgarishlar yuz bergan insonlar safiga qo‘shiling. Siz baxtli nikohning faqat orzu bo‘libgina qolmay, balki haqiqiy hayotingizga aylanishini ko‘rasiz
Книга на Узбекском языке: Его нужды, Ее нужды (Уиллард Ф. Харли-мл.)
«Его нужды, Ее нужды» неизменно считается лучшей семейной книгой, потому что, в отличие от других произведений, эта книга призывает мужей и жен давать друг другу то, в чем они нуждаются больше всего.
Более миллиона пар, прочитавших «Потребность мужчины, потребность женщины», научились поддерживать пламя и теперь рекомендуют эту книгу другим. Присоединяйтесь к рядам людей, которые добились замечательных изменений в своей семейной жизни благодаря эффективным советам и опыту доктора Харли. Вы увидите, что счастливый брак станет не просто мечтой, а вашей реальностью.