Жим Жорж. Худонинг қалбига мос эркак (2 қисим. 6 боб) Китоб Ўзбек тилида
Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) O‘zbek tilida Audiokitob
MUNDARIJA
I qism. Xudoni izlang
01. Qalbingiz nimani istaydi?
02. Imonda ulg‘ayishni istang.
03. Imonda ulg‘ayish qanday kechmoqda?
04. Xudoning qalbiga mos erkak qanday bo‘lishi kerak?
05. Xudoning qalbiga mos erkak qanday bo‘lishi kerak? (Davomi)
II qism. Xudoning xohishini bajaring.
06. Rafiqangizni seving
07. Rafiqangizni seving (Davomi)
08. Rafiqangizni o‘z ortingizdan boshlang.
Farzandlaringiz
09. Farzandlaringiz
10. Farzandlaringizni o‘z ortingizdan boshlang.
Mehnatingiz
11. G‘ayrat bilan mehnat qiling
12. Mehnatingiz bilan Xudoni ulug‘lang.
13. Mehnatingiz bilan Xudoni ulug‘lang (Davomi)
Jamoatingiz
14. Jamoatingizni seving
15. O‘z jamoatingizga xizmat qiling
Masih haqidagi guvohligingiz
16. Yaqinlaringizga Xushxabarni tarqating
17. Ko‘priklar o‘rnating
III qism. Xudoning rejasi
18. Sizning hayotingizga taalluqli Xudoning rejasi.
19. «Sodiq odamlarga yetkazing»
Xotima
II QISM. XUDONING IRODASINI BAJARING
Erlar, Xudoga manzur bo‘lishga urinayotganingizda U sizni O‘z sevgisi bilan to‘ldirishini so‘rab ibodat qiling. Rafiqangizga Muqaddas Kitobda yozilganidek asl sevgini namoyon etishni o‘rganing. Ular esa o‘z navbatida sizga javob sevgisini ko‘rsatadilar1.
Styuart Skott
6. RAFIQANGIZNI SEVING
Ey erlar, Masih jamoatni yaxshi ko‘rib,
O‘zini jamoat uchun fido qilganiday,
sizlar ham xotinlaringizni shunday yaxshi ko‘ringlar…
Efesliklar. 5:25
O‘zimning uzoq yillik cho‘ponlik xizmatimda men ko‘p bora maxsus tantanali xizmat – nikoh marosimini o‘tkazganman. Nikoh o‘qiganlarim orasida o‘zimning qizlarim ham bo‘lgan. Yaqinda esa nikohlash marosimini o‘tkazishimni Masters Seminariyasidan bo‘lgan sobiq talabam iltimos qilib qoldi. O‘z–o‘zidan to‘y marosimida ishtirok etish – katta sharaf, boz ustiga, bu haqda o‘zingiz qachonlardir o‘qitgan inson so‘rab turgan bo‘lsa.
Brayan maktabning yuqori sinflaridan boshlab Xushxabar tarqatish va yoshlar xizmatida faol ishtirok etgan, shu bois uning qizlar bilan muloqot qilishga deyarli vaqti bo‘lmagan. U Anita bilan turmush qurmoqchi ekanligini e’lon qilganida yoshi o‘ttizdan oshib qolgandi. Brayan hozirda Janubiy Afrikada cho‘ponlik xizmatini o‘tamoqda. Men avval jamoat boshqaruvchilari uchun o‘tkazilgan konferensiyalarda ishtirok etib, o‘sha yerlarda bir necha bora bo‘lganman. Qarangki, bu safarlarimning bari yoz fasliga to‘g‘ri kelgan. Janubiy Afrikada yoz oylari – anchayin salqin mavsum. Meni juda quvontirgani shuki, Brayan va Anitaning to‘yi noyabr oyiga – Janubiy Afrika taqvimiga ko‘ra ancha issiq oyga belgilanibdi. Boz ustiga, rafiqam Elizabetga ham ilk bora bu g‘aroyib mamlakatni ko‘rsatishim mumkin.
Nikoh marosimi Yoxannesburg shahri atrofidagi ko‘rkam me’morchilik uslubida qurilgan mo‘‘jazgina jamoatda o‘tkazildi. Men o‘z va’zimda masihiylik sevgisining mohiyati haqida gapirdim.
Shunday bo‘ldiki, ushbu kitobimni Brayan va Anita to‘yga tayyorgarlik ko‘rishayotgan pallada yozishni boshladim. Mazkur tantanali marosimga o‘zim ham tayyorlanayotganim bois, rafiqani sevish nimani anglatishi haqida yana bir bor jiddiy o‘ylab ko‘rishim uchun menda imkoniyat paydo bo‘ldi. Bu ajoyib juftlik Xudoga va bir–birlariga berishlari kerak bo‘lgan qasamyod haqida o‘ylab, o‘ttiz yil muqaddam o‘zim nikohdan o‘tayotgan chog‘da bergan ahdim yodimga tushdi.
To‘y kuningizni xotirada saqlang
Rostini aytganda, Elizabet bilan unashuv chog‘imizda qanaqa so‘zlar aytilganini to‘liq eslay olmayman. Ammo cho‘pon va haydovchi hamrohligida jamoat binosiga yon eshikdan kirib, kafedraga o‘tib borganim yodimda. O‘sha yerda to‘planganlar qarshisida turib, kelinni kutib turardim. Yuzim qizarib ketgandi. Yo‘q, meni arilar chaqmagan yoki xijolatda ham emasdim. Gap shundaki, nikoh marosimi kechki soat sakkizda boshlandi, biz esa kun bo‘yi do‘stlar bilan ochiq havoda xursandchilik qildik, men esa suv chang‘isida uchib oftobda toblandim. O‘ylashimcha, marosim juda qisqa bo‘lgan, negaki undan keyin olingan fotosuratda soatdagi vaqt ko‘rinib turibdi: 8:20.
Xo‘sh, siz o‘zingizning to‘y kuningizni eslaysizmi? O‘sha kuni bergan ahdingiz esingizdami? O‘shanda rafiqangizga nimani va’da bergandingiz–a? Agar boshqa erkaklarga o‘xshagan bo‘lsangiz, hoynahoy, bu haqda eng oxirgi marta ... to‘y kuningizda eslagan bo‘lsangiz kerak.
To‘y kuni – hayotimizning eng muhim kunlaridan biri bo‘lishiga qaramay, biz nikoh ahdimizni unutib yuborishga moyilmiz. Qanchalik g‘alati–ya! Biz unashuv marosimida aytadigan so‘zlar keyingi butun hayotimizga ta’sir ko‘rsatadi. Biz shu kuni rafiqamizga “toki o‘lim ayirmagunicha, kasallik va salomatlikda ham, boylik va kambag‘allikda ham” uni sevishga va’da beramiz. Biz nafaqat jamoat oldida shunday va’da beramiz; eng muhimi – biz Xudo oldida qasamyod qilamiz.
Men sizning o‘sha pallada bergan ahdingiz quruq so‘zlar to‘plami bo‘lmaganiga ishonaman. O‘sha kuni turmush o‘rtog‘ingizga chin yurakdan va’da bergansiz. Ammo hammasi ham hayotda biz istaganimizdek bo‘lavermaydi, mening turmushim ham bundan mustasno emas. Oilaviy hayotda ba’zan qiyinchiliklar bo‘lib turadi. Bu qiyinchiliklarni yengib o‘tganimizda o‘zimizni yengil his qilamiz.
Biroq faqat o‘tmish haqida o‘ylash shart emas. O‘tmishni qaytarib bo‘lmaydi. Biz oldinga intilishimiz kerak. Xuddi havoriy Pavlus aytganidek, «Ortda qolganlarni unutib, oldinga intilaman. Faqatgina o‘sha maqsadni ko‘zlayman...» (Flp. 3:13–14). Siz ham “oldinga intilishingiz” kerak. Ha, o‘z xatolaringizdan xulosa chiqarib olishingiz lozim, lekin bugungi va ertangi kun haqida, bergan ahdingiz yana va yana bajarilishi uchun nimalar qilish kerakligi haqida o‘ylab ko‘rish muhimroqdir. Va sizning qachon – kecha, o‘tgan haftada, o‘tgan yili yoki xuddi men kabi o‘ttiz yil avval – nikohdan o‘tganingiz muhim emas.
Nikoh ahdimiz biz uchun qanday ahamiyatga ega bo‘lishi kerak? O‘z rafiqasini chinakamiga sevish nimani anglatadi?
Rafiqangizni seving
Ehtimol, siz o‘n besh yil birga yashab, o‘zaro munosabatlarida qiyinchiliklarga duch kelgan er–xotinlar haqida eshitgandirsiz. Bu er–xotin nikoh va oila masalalari bo‘yicha maslahatchiga yordam so‘rab murojaat qilishgan. Xotin suhbat mobaynida eri uni sevishi haqida hech qachon gapirmasligini aytgan. Er bu haqda eshitib hayron qolgan: «Axir men uylanayotgan paytimda uni sevishimni aytganman, shundan buyon hech nima o‘zgargani yo‘q». Qanday qayg‘uliki, oilaviy hayotlaridagi shu yillar davomida er xotiniga bo‘lgan sevgisini aytishga fursat topolmagan! Xayriyatki, u o‘zining nikoh qasamyodini butunlay unutib qo‘ymagan ekan.
Men juda umid qilamanki, siz o‘z rafiqangizga nisbatan o‘sha beparvo er xotiniga qilganidek munosabatda bo‘lmaysiz. U xotini sevgi so‘zlariga mushtoq ekanini anglashi lozim. Biz barchamiz ham Muqaddas Kitobdagi asl sevgi mavjud bo‘lib, o‘zini qay tarzda namoyon etishini anglashimiz zarur, zero biz erlar har kuni o‘z rafiqamizga sevgimizni ko‘rsatishga da’vat etilganmiz. Kelinglar, erning xotiniga nisbatan sevgisining mohiyati nimada ekanini va bu sevgini qanday namoyon etish kerakligini eslash uchun Efesliklarga maktubga murojaat qila qolaylik.
Sevgining buyuk namunasi
Biz avvalgi bobda Filippiliklarga maktubning 2–bob, 3–8–oyatlaridan ko‘chirmalar keltirgandik. Pavlus bu oyalarda qurbonlik xizmatining buyuk namunasi tariqasida namoyon bo‘lgan Iso Masih haqila gapirgan. Masih yaqinlariga o‘limiga qadar xizmat qilgandi. Masih, shuningdek, sevgining buyuk namunasini ko‘rsatgan. Pavlus Efesliklarga maktubning 5–bob, 22–23–oyatlarida Masih O‘z jamoatidan bo‘lganlarga ko‘rsatgan sevgining beshta xususiyatidan so‘z ochadi. Masih O‘z jamoatini qanchalik sevgani kabi, biz ham, aziz birodar, o‘z rafiqalarimizni shunday sevishimiz lozim. Kelinglar, berilgan parchani o‘qib, Kalomning bu oyatlari bizni nimaga o‘rgatishini tushunishga urinaylik.
Masih sevgisining sifati
1. Masih sevgisi – qurbonlik sevgisi. «…Masih jamoatni yaxshi ko‘rib, O‘zini jamoat uchun fido qilganiday…» (Efes. 5:25). Masihning O‘z jamoati uchun keltirgan qurbonligi haqida Pavlus ham Havoriylar Faoliyati Kitobining 20:28 oyatida Xudo jamoatni O‘z O‘g‘lining qoni evaziga sotib olganini aytadi. Ko‘rib turibmizki, sevgi qurbonligining bahosi juda yuqori.
Masih sevgisi bizdan asl sevgi nimani talab etayotganini ko‘rsatadi.
2. Masih sevgisi – poklaydigan sevgi. Masih O‘z jamoatini tabarruk qilmog‘i kerak edi: “ Masih jamoatni suv va Xudoning Kalomi orqali poklab, muqaddas qilish niyatida O‘zini fido qildi. Jamoatni O‘z huzuriga keltirganda, jamoat har qanday g‘ubor, ajin va dog‘dan xoli bo‘lib, ulug‘vor, muqaddas va benuqson bo‘lishi uchun Masih O‘z jonini ayamadi» (Efes. 5:26–27). Iso O‘z jamoatini poklashni va O‘z muqaddasligiga burkashni istagan.
Masih sevgisi bizga haqiqiy sevgi nimalar qilishini ko‘rsatib beradi.
3. Masih sevgisi – oziqlantiradigan sevgi. «Erlar ham o‘z xotinlarini o‘z tanalarini sevganday sevishlari kerak. O‘z xotinini sevgan erkak o‘zini sevgan bo‘ladi. Hech kim hech qachon o‘z tanasini yomon ko‘rmaydi. Aksincha, uni oziqlantirib, parvarish qiladi. Masih ham O‘z jamoatini xuddi shunday oziqlantirib, parvarish qiladi» (Efes. 5:28–29). Har qanday odam o‘z tanasi haqida jonkuyarlik qilgani kabi, Masih ham O‘z tanasi – O‘z jamoati haqida g‘amxo‘rlik qiladi. U bebaho xazina kabi jamoatini asraydi va mehr bilan g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi.
Masih sevgisi haqiqiy sevgi qanday mevalar berishini ko‘rsatadi.
4. Masih sevgisi – barqaror sevgi. Masihning O‘z jamoatiga bo‘lgan sevgisi haqida so‘z yuritilganda, Pavlus Qadimgi Ahddan nikoh marosimlarida tez–tez eshitish mumkin bo‘lgan oyatni keltiradi: «Shuning uchun erkak kishi ota–onasidan bo‘lak bo‘lib, xotiniga bog‘lanib qoladi, ikkalasi bir tan bo‘ladilar» (Efes. 5:31). Havoriy bu so‘zlarning ma’nosini shunday tushuntiradi: «Bu buyuk sirdir, endi bu sir Masih hamda jamoatga ham taalluqlidir» (Efes. 5:32). U Masih O‘z jamoatini sevgani kabi, biz ham o‘z xotinlarimizni shunday sevishimiz kerakligini uqtiradi. U jamoatini abadiy sevgi bilan sevgan va hatto gunoh qilganimizda ham, bizni sevishdan to‘xtamaydi. Masihning sevgisi barqaror va hech qanday shartlarsiz bo‘ladi.
Masih sevgisi bizga haqiqiy sevgining barqaror ekanligini ko‘rsatadi.
5. Masih sevgisi – amaliy sevgi. Bu Muqaddas Kitobdagi asl sevgi va Iso Masih namoyon etgan buyuk ibratning asosiy mazmun–mohiyati hisoblanadi. Masihning sevgisi – amaldagi haqiqiy sevgining yaqqol namunasidir.
Muqaddas Kitobdagi qurbonlik keltiradigan, poklaydigan, oziqlantiradigan va barqaror sevgi kabi, sizning rafiqangizga bo‘lgan sevgingiz ham haqiqiy bo‘lishi kerak! Unga bo‘lgan sevgingiz shunchaki “men seni sevaman” so‘zlaridan ko‘ra kengroq bo‘lishi lozim. Efesliklarga Maktubning 5–bobida keltirilgan “sevgi” so‘zi qadimiy dunyo adabiyotida deyarli uchramaydi. Aslida bu so‘z bizga O‘z sevgisini amalda namoyon etgan Xudoning qalbida va fikrlarida paydo bo‘lgan: U bizni sevishini shunchaki aytib qo‘yaqolmagan, – U biz uchun o‘lgan! Muqaddas Kitobga xos bu asl sevgi amalda! Biz bu sevgi uchun Xudoga uzluksiz minnatdorchilik bildirishimiz lozim.
Ko‘pincha sevgi havoriysi deb atashadigan Isoning shogirdi Yuhanno bizni amalda sevgi ko‘rsatishga da’vat etadi. U shunday yozgan: «…biz haqiqiy sevgimizni quruq gap bilan emas, amalda ko‘rsataylik» (1Yuh. 3:18).
Masih sevgisini namoyon eting
Biz rafiqamizga Masih sevgisini qay tarzda ko‘rsata olamiz? Oilada mukammal sevgini qanday qilib mujassamlashtirish mumkin? Kelinglar, Masihning jamoatga bo‘lgan sevgisiga tegishli sifatlarni batafsil ko‘rib chiqib, ular oilaviy hayotda qanday namoyon bo‘lishini tushunishga harakat qilaylik.
Rafiqangizga nisbatan qurbonlik sevgisini ko‘rsating. Bu nasihat boshqa inson uchun nimani – masalan, shaxsiy vaqtingizni – qurbon qilayotganingiz haqida o‘ylashga undaydi. Bu ko‘pincha o‘z manfaatlaringiz doirasida ish tutayotganingiz va boshqa insonga xizmat qilishda noqulayliklarga uchrayotganingizni anglatadi. Nikoh masalalari bo‘yicha bir maslahatchi qachonki “o‘ta xudbinona fikr va harakatlarimiz hayotimizda sevgi buyuradigan fikr va harakatlarga o‘rin berganidagina” biz qurbonlik yo‘sinida amal qilishimizni aytgandi2. Muqaddas Kitobga xos asl sevgi har birimizdan xotinimiz uchun katta qurbonlik qilishimizni talab etadi, biroq biz bu yo‘lda kichik qadamlardan boshlashimiz mumkn. Barchamiz ham o‘z rafiqamiz uchun jon berishga tayyor ekanimizni aytishimiz, ammo uydan chiqindini chiqarib tashlay olmasligimiz mumkin. Kelinglar, avval chiqindini chiqarib tashlashga o‘rganaylik. Mana, yana bir qancha foydali maslahatlar:
- xotiningizga ayollarning shanba seminarida yoki jamoat qavmining norasmiy uchrashuvida ishtirok etishiga ruxsat bering, o‘zingiz esa bolalar bilan uyda qoling;
- shanba tongida xotiningiz to‘shakda odatdagidan ko‘proq yotishiga izn berib, bolalaringizni o‘zingiz ovqatlantiring;
- haftasiga bir bora rafiqangizga Muqaddas Kitobni o‘rganish mashg‘ulotlariga borishi uchun imkoniyat berib, uyda bolalarni o‘zingiz olib qoling. Agar enaga yollasangiz yanada yaxshiroq bo‘lardi – bu holda xotiningiz bilan birgalikda mashg‘ulotga borib, so‘ngra bir finjon qahva ustida uni muhokama qilgan bo‘lardingiz.
Xotiningizning pokizaligi va halolligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiling. Siz xotiningizga g‘amxo‘rlik qilasizmi? Efesliklarga maktubning 5:26–27–oyatlarida aytilganidek, siz ham uning poklik va beg‘uborlikda bo‘lishi, “har qanday g‘ubor, ajin va dog‘lardan xoli bo‘lishi uchun” har qanaqasiga intilishingiz kerak. Xudo sizni nimaga da’vat etayotganini tushunyapsizmi? Eng avvalo, siz o‘zingiz xotiningizga pokizalik namunasini ko‘rsatishingiz lozim. Shuningdek, uni pokiza ish tutmoqqa ilhomlantirishingiz kerak. Bilasizmi, qanday? Oddiygina usul shundan iboratki, bo‘sh vaqtingizda nimalar qilayotganingizga, qanday dam olayotganingizga, televizordan nima ko‘rayotganingizga e’tiborliroq bo‘ling. Imonli er ezgulik va donolikni sevadi (qarang: Tit. 1:8) va yovuzlikdan yiroqlashadi. Siz o‘z harakatlaringizni yuksak ahloqiy qoidalarga bo‘ysundirishingiz va rafiqangizdan tortib barcha oila a’zolaringiz shu tarzda yashashi uchun g‘amxo‘rlik qilishingiz lozim.
Rafiqangizni oziqlantiring. Oziqlantirish g‘amxo‘rlik qilish, tarbiyalash, ovqatlantirish, qo‘llab–quvvatlash, mustahkamlash ma’nolarini anglatadi. Siz xotiningizning ruhan ulg‘ayishida qanday hamrohlik qilishingiz mumkin? Uyda unga qanday yordam bera olasiz? Uning shaxs sifatida ulg‘ayishi uchun o‘z tarafingizdan nimalar qilishga qodirsiz? U qanday mashg‘ulotlarga borishi mumkin? Unga qanday kitoblarni o‘qishini tavsiya qildingiz? U qanday seminarda ishtirok etishi mumkin? Rafiqangizga yanada yetuk shaxs va masihiy bo‘lib yetishmog‘i uchun har taraflama yordam bering.
Men hamisha Elizabetni Xudo unga bergan in’om va qobiliyatlarini rivojlantirishga undaganman. Ba’zan bundan ham ortig‘ini qilganman: uni bunga ruhlantirganman! Elizabet fe’l–atvoriga ko‘ra tortinchoq va uyatchan, men esa uning boshqa ayollar bilan baham ko‘radigan nimasidir borligiga doim ishonganman. Men bu haqda uning o‘ziga aytib, tashabbus ko‘rsatishiga da’vat etganman. Xudo va Uning inoyati sharofati bilan Elizabet vaqt o‘tib Muqaddas Kitob murabbiysiga aylandi va yozuvchi bo‘ldi, endilikda u mening o‘zim ehtiyoj sezganimda, menga tez–tez dalda berib ruhlantirib turadi.
Sevgida barqarorlikni namoyon eting. Men yugurish bo‘yicha katta havaskor sifatida sprint marafondan tubdan farq qilishini aytmoqchiman. Oilaviy hayot – aslo sprint emas. U marafonga ko‘proq o‘xshab ketadi! Bu qisqa masofaga emas, balki – hayotiy uzun – masofaga mo‘ljallangan. Biz yo‘lda mayda–chuydalarga chalg‘ib, qiyinchiliklardan xafa bo‘lmasligimiz kerak. Nimadir sizni qoniqtirmagani uchun yo‘ldan chiqib ketishni aslo xayolingizga keltirmang. Nikohdan o‘tayotganingizda, xotiningizga umr bo‘yi sodiq qolishga qasam ichgansiz, shu bois sizga belgilangan yo‘lni oxirigacha bosib o‘tishingiz zarur.
Agar siz rafiqangizni qurbonlik qiladigan, poklaydigan, oziqlantiradigan va barqaror sevgi bilan sevsangiz, hoynahoy, u ham sizga shunday sevgi bilan javob qaytaradi va munosabatlaringiz yanada chuqurlashadi. Ana shunda o‘zingiz yo‘ldan og‘may borishni istab qolasiz.
Sevgi haqida ko‘proq bilib oling
Biz ushbu bobda rafiqaga bo‘lgan sevgi haqida ko‘p gapirdik. Ehtimol, hozir bularning barini amalga oshirib bo‘lmaydigandek tuyulishi mumkin. Vazifani yengillashtirish uchun, keling, yuqorida keltirilgan barcha qoidalarni ikkita tasdiqlovga bo‘lib chiqaylik.
1 tasdiqlov.
Iso Masih bizga sevgining yuksak namunasini ko‘rsatadi. U bizni rafiqalarimizni sevishga o‘rgatadi. Biz xotinimizni Iso O‘z jamoatini sevganidek – qurbonlik qiladigan, poklaydigan, oziqlantiradigan va barqaror – sevgi bilan sevishimiz lozim.
2 tasdiqlov.
Sevgi amalda. Rafiqangizga o‘z sevgingizni aytishni unutmang, ammo yana muhimrog‘i – sevgingizni amalda ko‘rsating. Biz xotinimizga sevgimizni nafqat so‘z bilan, balki amalda ham ko‘rsatishimiz shart.
Ehtimol, amalda rafiqaga sevgini qanday ko‘rsatish kerakligi haqida sizda savol tug‘ilgan bo‘lsa kerak.
Men keyingi bobda ancha oddiy, ammo shu bilan birgalikda turmush o‘rtog‘ingizga sevgingizni namoyon etishda yordam beradigan muayyan qadamlar haqida gapirib beraman. Biroq bundan avval sevgi haqidagi ushbu mulohazalarni o‘qib, o‘zingizga savol berib ko‘ring: «Rafiqam unga bo‘lgan sevgimni bu kabi so‘zlar bilan ta’riflay olarmikan–a?»
Sevgi
Men seni sevaman
Nafaqat qalbingdagi go‘zallik uchun,
Balki mening qalbimni boyitganing uchun.
Men seni sevaman,
Nafaqat oliyhimmat maqsading uchun,
Balki umrimga teran ma’no berganing uchun.
Men seni sevaman
Menda sen uyg‘otgan barcha yaxshilik,
Barcha olijanob tuyg‘ular uchun.
Men seni sevaman
Xavotir– hayajonimda taskin, yupanch berib
Barcha ojizligimni kechirganing uchun.
Rutubatli bu olamda sen
Nurni, yorug‘likni ko‘rganing uchun –
Boshqalar holdan toyib izlashgan joyda, –
Sen ezgulik va go‘zallikdan
Nishona topganing, ko‘rganing uchun.
Men seni sevaman
Hayotim toshlaridan oshxona emas,
Balki ma’bad qurishimga yordam berganing
Har bir yangi kundan quvonchga to‘lib
Kuylaganim, shodon bo‘lganim uchun.
Книга на Узбекском языке: - Мужчина по сердцу Божьему (Жим Жорж)
В книге «Мужчина по сердцу Божьему» американский писатель Джим Джордж рассказывает о тех библейских принципах, которые помогают современным мужчинам — последователям Христа справляться с трудностями и возрастать духовно. Прочитав эту книгу, вы узнаете, каковы жизненные цели мужчины по сердцу Божьему и как ему следует строить свою жизнь, чтобы она наполнялась Божьими благословениями. А также в конце книги вы найдете практические советы по изучению Библии и годичный план ее чтения.
Автор этой книги указывает мужчинам путь к духовной зрелости и призывает стать, подобно Давиду, мужами по сердцу Божьему. Главное, что для этого нужно, — это искреннее желание исполнять волю Бога и угождать Ему, остальное — действие Божьей благодати. Автор убежден, если в вашем сердце будет гореть такое желание, вы непременно увидите благотворные перемены во всех сферах своей жизни.
…Нашел Я мужа по сердцу Моему…
который исполнит все хотения Мои.
Деян. 13:22