Жим Жорж. Худонинг қалбига мос эркак (1 қисим.1 боб) Китоб Ўзбек тилида
Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) O‘zbek tilida Audiokitob
MUNDARIJA
I qism. Xudoni izlang
01. Qalbingiz nimani istaydi?
02. Imonda ulg‘ayishni istang.
03. Imonda ulg‘ayish qanday kechmoqda?
04. Xudoning qalbiga mos erkak qanday bo‘lishi kerak?
05. Xudoning qalbiga mos erkak qanday bo‘lishi kerak? (Davomi)
II qism. Xudoning xohishini bajaring.
06. Rafiqangizni seving
07. Rafiqangizni seving (Davomi)
08. Rafiqangizni o‘z ortingizdan boshlang.
Farzandlaringiz
09. Farzandlaringiz
10. Farzandlaringizni o‘z ortingizdan boshlang.
Mehnatingiz
11. G‘ayrat bilan mehnat qiling
12. Mehnatingiz bilan Xudoni ulug‘lang.
13. Mehnatingiz bilan Xudoni ulug‘lang (Davomi)
Jamoatingiz
14. Jamoatingizni seving
15. O‘z jamoatingizga xizmat qiling
Masih haqidagi guvohligingiz
16. Yaqinlaringizga Xushxabarni tarqating
17. Ko‘priklar o‘rnating
III qism. Xudoning rejasi
18. Sizning hayotingizga taalluqli Xudoning rejasi.
19. «Sodiq odamlarga yetkazing»
Xotima
I QISM. XUDONI IZLANG
Kalomda Xudoning odamni izlashi haqida ko‘p bora aytilgan. Odamlarni emas, balki aynan odamni. O‘ziga xos odamni. Hammani emas, alohida shaxsni.
Xudo O‘zining ilohiy talablariga javob beradigan, shogirdlikning og‘irligini o‘z zimmasiga oluvchi va shu og‘irliklarga daxldor barcha bog‘liqliklarni o‘z zimmasiga olishga tayyor odamni topganida, U o‘sha odamda harakat qiladi va uning yaqqol nomukammalliga qaramay, u orqali qudratli faoliyatini amalga oshiradi.
Osvald Sanders
1. QALBINGIZ NIMANI ISTAYDI?
…Essay o‘g‘li Dovudni O‘zimning ko‘nglimga mos deb topdim.
Dovud Mening hamma xohishlarimni bajo qiladi.
Havoriylar. 13:22
Men o‘n ikki yoshda ekanligimda, biz butun oilamiz bilan sayohatga jo‘nadik (bu bolalik yillarimda butun oilamiz bilan o‘tkazgan yagona safar bo‘lgan). Biz Oklaxoma shtatining Mayami shahridagi uyimizdan chiqib Kanzas–Sitidagi Doj–Sitida yo‘l–yo‘lakay to‘xtagancha, Kolorado shtati tomon yo‘lga tushdik. Biz taniqli jinoyatchilar dafn etilgan mashhur «But–Xill» qabristoniga kirib o‘tish uchun Amerikaning bu ko‘hna shahrida to‘xtadik.
Men qabrtoshiga o‘yib yozilgan ushbu so‘zlarni hanuz eslayman:
Bu yerda Qariya Jo dafn etilgan. U botinkalarida vafot etgan*.
___________________________
- «Botinkalarda vafot etish» – “xizmatda o‘lish” yoki “tajovuz oqibatida o‘lish” ma’nosini bildiradi. – Satr ostidagi bu va keyingi izohlar tarjimonga tegishli.
Tasavvur qiling–a, ushbu qabrning chetlaridan bir juft botinka chiqib turibdi! Men keyinchalik Qariya Jo aslida bu qabristonda dafn etilmaganini va qabrtoshidagi yozuv “epitafiya“ deya atalib, “marhum xotirasining qisqacha mazmuni” ekanligini bilib oldim.
«But–Xill» qabristonidagi o‘sha unutilmas damlar menda epitafiyalar to‘plashga qiziqish uyg‘otdi. Mana, misol uchun, eramizga bo‘lgan V asrda Fermopildagi jangda halok bo‘lgan spartalik qahramonlarning qabriga qadimgi yunon shoiri shunday yozgan:
O, beozor yo‘lovchi, spartaliklarga borib aytgin sen,
Bu yerda biz, Qonunga itoatkorlar, ulug‘lanamiz.
Mana bu epitafiya esa buyuk ingliz shoiri Shekspirga bag‘ishlangan:
Shekspir nafaqat bizga berilgan,
Tegishlidir u bo‘lg‘usi asrlarga ham*.
___________________________
* Ben Jonsonning (1572–1637) «Sevimli muallifim, ustoz Uilyam Shekspir xotirasi va uning bizga qoldirgan merosi haqida» poemasidan. Yevgeniya Koryukina tarjimasi( yangi tahririyat, 2009 g.).
Men yoshligimda aniq fanlarni o‘rganganman va menga bir erkak olimga bag‘ishlangan epitafiya juda yoqadi. Bu odam ilm–fanga xizmat qilib, uzoq yashagan (u sakson besh yoshida vafot etgan) va kimdir uning iqtidori qarshisida bosh egib, haqiqat izlovchining qabr toshiga shu so‘zlarni o‘yib yozgan:
U o‘rganayotib vafot etdi.
Aksariyat epitafiyalar marhumlarni tanigan odamlar tomonidan yozilgan, amerikalik davlat arbobi Bendjamin Franklin esa o‘z epitafiyasini o‘zi yozgan:
Matbaachi B.Franklin jasadi,
Xuddi sahifalarsiz, ammo tillarang,
zarhal bosma naqsh tushirilgan
Eski kitob sahifasi kabi –
Chuvalchanglar uchun ozuqa bo‘lib
Dafn etilgandir mana shu yerga.
Lek uning mehnati zoye ketmagay,
Yorug‘likni, nurni ko‘rajak yana,
Qayta tahrirdagi va tuzatilgan
Yangi, yaxshilangan nashr holida,
Muallif
Mening to‘plamimda hazilnamo epitafiyalar ham bor, misol uchun:
Hamma yasanib–bezanib olgan,
ammo boradigan joyning o‘zi yo‘q.
Va yana:
Yodingda tut, yo‘lovchi,
Men ham sendek edim qachondir,
Tezda sen ham bo‘lasan mendek,
Shu sababli, tayyor bo‘lib ajalga,
Kelaqolgin mening ortimdan.
Ushbu epitafiyaga kimdir shu satrlarni qo‘shibdi:
Qayoqqa ketganingni toki bilmasdan,
Bormoqchi emasman sening ortingdan.
Biroq, menga ma’lum eng ulug‘vor va ayni vaqtda eng sirli epitafiyalardan biri Muqaddas Kitobda keltirilgan bo‘lib, uni Xudoning O‘zi aytgan. Bu so‘zlar Qadimgi Ahdning eng yorqin qahramonlaridan biri shoh Dovud xotirasiga bag‘ishlangan. Xudo Dovud haqida shunday deydi:
…Essay o‘g‘li Dovudni O‘zimning ko‘nglimga mos deb topdim. Dovud Mening hamma xohishlarimni bajo qiladi (Havoriylar. 13:22).
Biz shoh Dovuddan nimani o‘rganishimiz lozim?
Shoh Dovud hayotining bayoni – o‘ta qiziqarli va ibratli mutoaladir. Uning hayoti hayratomuz, maftunkor sarguzashtlarga to‘la. Dovud o‘smirlik paytidayoq pahlavon Go‘liyotni mag‘lub etgan. Kunlardan birida otasini himoya qilayotib, sherni jarohatlagan, boshqa safar esa ayiq bilan olishib g‘olib chiqqan. Dovud hayotining tarixi – qachonlardir oddiyligi bois noma’lum bo‘lgan insonning ulug‘lanishi va shon–shuhrati haqida hikoya qiladigan yorqin epopeyadir. U hayot yo‘lining boshida cho‘pon bo‘lgan, biroq Xudo uni O‘z xalqi ustidan shoh darajasiga ko‘tarishni ma’qul ko‘rdi. Dovud buyuk jangchiga aylandi va aynan uning hukmronligi davrida avval kichik xalq bo‘lgan isroilliklar qudratli davlatga ega bo‘lishdi. Bu shohlik Masihgacha bo‘lgan davr va Masih zamonlarida Yaqin Sharqning katta qismiga tarqaldi.
Ammo Dovud shon–shuhratga shu bois ham sazovorki, Xudo u haqda qachonlardir shunday degan: «…Dovudni O‘zimning ko‘nglimga mos deb topdim…»
Avval aytib o‘tganimdek, bu so‘zlar menga jumboqli bo‘lib tuyuladi. Xudoning bu so‘zlari Dovudga va uning hayot yo‘liga bo‘lgan Uning marhamatidan dalolat beradi. Bu hayron qoldiradi, vaholanki Dovud hamisha ham diyonat bilan ish tutmagan. Agar siz uning hayoti haqida hech nima bilmasangiz, buni tasdiqlaydigan bir qancha voqea–hodisalardan misol keltirishimga ijozat bering:
-
Dovud jangchi bo‘lib, «ko‘plab qon to‘kkan» (qarang: 1 Shoh. 22:8).
-
Dovud Botsheva ismli ayol bilan zino qilgan (qarang: 2 Shoh. 11:4).
-
Dovud keyinchalik Botshevaning o‘zidan homilador ekanligini bilib, javobgarlikdan qutulish maqsadida ayolning erini xavf–xatarli jang maydonida qoldirishni buyurgan. Shu buyruq tufayli ayolning eri halok bo‘lgan (qarang: 2 Shoh. 11:5–17).
-
Dovudning ko‘plab xotinlari bo‘lgan (qarang: 2 Shoh. 3:1–5).
-
Dovud o‘z bolalariga yetarlicha e’tibor qaratmagan, shu bois oilasida janjallar ko‘p bo‘lgan. Bu holat o‘z ortidan fojeaviy oqibatlarni olib kelgan (qarang: 2 Shoh. 13:15–18, 28–29; 18:33).
-
Dovud Xudoning amrini buzadi va mag‘rurlikka berilib, o‘z qo‘shinini sanab chiqadi. Buning oqibatida yetmish ming isroilliklar o‘lat kasalligidan vafot etadi (qarang: 2 Shoh. 24:10, 15).
Ammo baribir Xudo aytadi: «…Dovudni O‘zimning ko‘nglimga mos deb topdim…» Bu so‘zlar hozirgina aytilgan boshqa barcha so‘zlar bilan qanday kelisha oladi? Xudo qanday qilib bunday odamga xayrihoh bo‘lishi mumkin?
Ha, Dovudning o‘ziga xos moyilliklari va kamchiliklari bo‘lgan. Bu odam sodir etgan nopokliklarga bizlarning aksariyatimiz aslo qo‘l urmagan bo‘lardi, biroq Dovud halol bo‘lishga intilgan! U Xudoni sevgan va chin qalbdan Uning xohishini bajarishni istagan! Xudo aynan shunday odamni izlaydi (qarang: Yeremiyo. 5:1–9). U bizdan mukammallikni kutmaydi, Dovudning hayoti buning yorqin isbotidir. Zero, Dovudning har qanday gunoh va xatoliklariga qaramay, Xudo uning qalbiga nazar tashlashi va Uning qalbidagi erkak shu ekanini, ya’ni Xudoni sevadigan va Uning xohishini samimiy ado etadigan erkak ekanini aytishi mumkin.
Xudo inoyatining qudrati
Qadrli birodar, biz yuqorida aytilganlarning barida Xudoning inoyatini ko‘ramiz. Bunga boshqacha izoh yo‘q! Dovud o‘z ishlari bilan Xudoning marhamatiga munosib emas, lekin uning qalbi Xudoga yoqadigan muqaddas intilishlar bilan harakatlanadi. Dovud garchi ba’zan qoqilib yiqilsa–da, Xudoning istagini bajarishni istaydi.
Hozir esa sizga muhim savolni beraqolay: siz Xudoning qalbiga mos erkak bo‘lishni istaysizmi? Boshqacha aytganda, butun qalbingiz bilan Xudoning istagini bajarishni xohlaysizmi?
Buning imkoni sizga amalga oshirib bo‘lmaydigandek tuyulishi mumkin, biroq birgina siz bunday fikrda emassiz. Ehtimol, ruhiy hayotda orqaga ikki qadam tashlab, bir qadam oldinga yurishlik sizga xosdir. O‘tmish gunohlaringiz va xatolaringiz tufayli hech qachon Xudoning qalbiga mos erkak bo‘lolmasligingiz taxmin qilishingiz mumkin. Bunday holatda bu maqsad sizga yetishib bo‘lmasdek tuyuladi.
Ammo Xudo Dovudning qalbiga nazar tashlaganini siz unutmang. Xudo hayotingizni baholab, qalbingizga nazar soladi! Xudoning inoyati bizni har qanday vaqtda qo‘llab–quvvatlaydi va mustahkamlaydi. Aynan shu haqiqatni anglashdan ulug‘vor va shavkatli maqsad sari – Xudoning qalbiga mos erkak bo‘lish sari yo‘l boshlanadi.
Xudo Jon Nyutonga o‘z inoyatini qay tarzda namoyon etgan
Jon Nyuton chindan ham g‘aroyib taqdirga ega. Bu hikoya Xudo O‘zining ta’sirchan va ilhombaxsh inoyatini qanday namoyon etgani haqidadir.
Bu odam tuzalmas gunohkor edi. Kasbi – qulfurush. U qo‘pol, serhissiyot, ahloqsiz bo‘lgan. Nyuton keyinchalik o‘zi haqida gunohga botgan bir jirkanch odam haqida so‘z borayotgandek gapirgan. Ammo uning hayoti tubdan o‘zgargan kun ham yetib kelgan: Xudoning istagi bilan dengizda bo‘ron ko‘tarilib, bu qahri qattiq qulfurushning yuragi titrab ketgan. Nyutonning o‘zi guvohlik berishicha, tabiat hodisasi unga o‘chmas ta’sir ko‘rsatgani natijasida u Xudoga yuzlanib, chin ko‘ngildan tavba qilgan va gunohkorona hayotdan qat’iy voz kechgan. Bu gunohkor odamning Xudoga yuzlanishiga Foma Kempiyskiyning “Masihga taqlid haqida” kitobini o‘qib chiqqani ham yordam bergan.
Jon Nyuton qalbini o‘zgartirgan Xudo inoyatining kuchi va ulug‘vorligidan tinimsiz hayratda edi. U o‘z hayratini quyida keltirilgan “O, inoyat!” nomli mashhur qasidada ham ifoda etgan:
O, inoyat! Sen tufayli men
Falokatlar girdobidan qutulganman.
Mo‘‘jizadir – men o‘likdan tirik bo‘ldim,
So‘qir edim – nur, yog‘duni ko‘rar bo‘ldim.
Dastlab qalbni egalladi qo‘rquv, titroq,
So‘ngra berding xotirjamlik, halovatni.
Daryo kabi oqqan Sening olamingda
Yig‘lab–yig‘lab to‘kdim qalbim dardlarini.
Aytishlaricha, sakson ikki yoshga kirgan Nyuton o‘limidan biroz avval ilohiyotdan saboq bergan va uning va’zlarida shunday so‘zlar yangragan: «Men keksaydim va xotiramni deyarli yo‘qotdim, biroq men shuni hech qachon unutmayman: men – buyuk gunohkorman –Masih esa – buyuk Najotkor!»
Ushbu ta’sirchan so‘zlar Xudoning qalbiga mos erkak deb atalishga haqli bo‘lgan insonga tegishlidir! Xudo Dovudning qalbiga qanday nazar solgan bo‘lsa, Jon Nyutonning qalbiga ham shunday nigoh bilan boqqan, xuddi shundayin, U sizning ham yuragingizga nazar soladi.
Xudo sizga O‘z inoyatini qay tarzda namoyon etadi
Men esa hozir sizlarga bir qancha jiddiy savollar bermoqchiman.
1 savol. Xudo hayotingizga nazar solganida, nimalarni ko‘rmoqchi bo‘ladi?
Xayriyatki, U hayotingizda mukammallikni ko‘rmoqchi emas. Masihiy bo‘lish mukammal bo‘lish shart ekanini bildirmaydi. Bundan tashqari, Muqaddas Kitobda komil bo‘lgan birorta ham inson yo‘qligi aytilgan (qarang: Rim. 3:10). Barcha odamlar – Dovud ham, men ham, siz ham – gunohkorlarmiz! Har bir odam Xudoga itoatsizligini ko‘rsatadi, aynan ana shu gunoh Dovudni ham, meni ham, sizni ham Xudodan yiroqlashtiradi.
Buni anglash o‘ta og‘ir, ammo baribir barchamizda ham umid bor. Nomukammallik bo‘lmagan yagona Inson – bu Xudoning Yagona O‘g‘li, Iso Masihdir. U chindan ham Xudoning qalbiga mos erkak bo‘lgan. Hamisha va har doim Otaga manzur bo‘ladigan tarzda ish tutgan. Iso cho‘mdirilganida, Xudo aytgan: «Bu Mening Sevikli O‘g‘limdir. Undan nihoyatda mamnunman» (Matto 3:17).
Iso mukammal va begunoh bo‘lgani bois, Unda bizning gunohlarimiz uchun o‘lish huquqi bor edi. U o‘ladiganlar uchun jazoni O‘ziga oldi. Muqaddas Kitobda aytilganki, «...biz hali gunohga botgan chog‘imizda, Masih biz uchun o‘ldi» (Rim. 5:8). Iso bizning gunohlarimiz uchun mukammal Qurbonlik edi. Uning amalga oshirganlariga ko‘ra, bizlar gunohdan poklanaylik va «inoyatli Xudoyimizning taxtiga jasorat bilan yaqinlashaylik. Shunda U bizga marhamat ko‘rsatadi. Uning inoyati zarur vaqtda bizga yordam beradi» (Ibroniylar. 4:16.). Bu ajoyib!
2 savol. Masihiy bo‘lish nimani anglatadi?
Bu savolga bir qancha so‘zlar orqali javob qaytarish mumkin. Bu demak…
- Xudoga va Uning inoyatiga umid qilmoq (qarang: Efesliklar. 2:8–9);
- gunohga tavba qilib, undan yuz o‘girmoq;
- Xudo O‘g‘lining o‘limi orqali bizga namoyon bo‘lgan Xudoning abadiy hayot in’omini qabul qilish;
- Xudoning rahm–shafqati va kechirimini qabul qilish;
- Xudoning inoyati bilan yashash.
Agar siz masihiylikni qabul qilgan bo‘lsangiz, bu sizning endi hech qachon gunoh qilmasligingizni bildirmaydi. Siz ham mendek ba’zan gunoh qilasiz, ammo endi gunoh bilan hayot kechirmaysiz. Nega? Negaki endi siz – Masihdagi yangi ijodsiz (qarang: 2 Kor. 5:17). Siz – Xudoning farzandisiz. Masihiy gunoh qilganida, unda yashayotgan Muqaddas Ruh bu haqda darak berib, u yana Xudo bilan muloqot quvonchiga ega bo‘lishi uchun tavba qilish istagini in’om etadi (qarang: Zabur. 50:14).
3 savol. Qalbingiz nimani istaydi?
Biz Dovud va Isoning Xudo istagini bajarish istagi haqida gapirib o‘tgandik. Shuningdek, siz Xudoning inoyati Jon Nyutonga qay tarzda tegib, uning qalbini o‘zgartirib yuborganini ham bilib oldingiz. Xo‘sh, sizning qalbingiz nimani istaydi? Siz qalbingiz haqida nima deyishingiz mumkin? Xudo qalbingizga nazar tashlab, shunday deyishi mumkinmi: «Men qalbimga mos erkakni topdim, negaki sen Mening xohishimni bajarish istagida ekaningni ko‘rib turibman»?
4 savol. Siz Iso Masihni o‘z hayotingizda Rabbiy deb tan oldingizmi?
Balki bu yo‘lda qadam tashlagandirsiz va Masih Najotkoringizga aylangandir. Agar hanuz bunday qilmagan bo‘lsangiz yoki barchasini lozim bo‘lganidek bajarganingizga ishonchingiz to‘liq bo‘lmasa, bilib qo‘ying: bu muqaddas maqsad – Xudoning qalbiga mos erkak bo‘lish yo‘lidagi o‘sha ilq qadamingizdir. Mabodo siz shu paytgacha Masihga imon keltirmagan bo‘lsangiz, men sizni ibodat qilishga chorlayman:
Iso, bilaman, men – gunohkorman, lekin Senga yuzlanib, gunohlarimga tavba qilmoqchiman va Senga imon keltirmoqchiman. Sen gunoh va o‘lim kuchini yengib, mening gunohlarim uchun o‘lib tirilganingga ishonaman. Men Seni hayotimning Najotkori deb qabul qilishni istayman. Hayotimga kirgin, Rabbiy Iso, bundan so‘ng Senga ergashish va irodangni bajarishim uchun menga yordam ber. Omin.
Agar siz masihiylikni qabul qilgan bo‘lsangiz, riyozat yo‘lidan o‘tishingizga to‘g‘ri keladi va bu yo‘l yakuniga yetganida, hayotingiz xotiranomasi quyidagi so‘zlar uchun mos kelishini istayman (mazkur epitafiya bir ingliz xotirasiga bag‘ishlangan):
Men gunoh qildim,
Men tavba qildim,
Men imonga keldim,
Men sevib qoldim
Men kechirim so‘rayman,
Men qayta tirilaman,
Men shohlik qilaman.
Книга на Узбекском языке: - Мужчина по сердцу Божьему (Жим Жорж)
В книге «Мужчина по сердцу Божьему» американский писатель Джим Джордж рассказывает о тех библейских принципах, которые помогают современным мужчинам — последователям Христа справляться с трудностями и возрастать духовно. Прочитав эту книгу, вы узнаете, каковы жизненные цели мужчины по сердцу Божьему и как ему следует строить свою жизнь, чтобы она наполнялась Божьими благословениями. А также в конце книги вы найдете практические советы по изучению Библии и годичный план ее чтения.
Автор этой книги указывает мужчинам путь к духовной зрелости и призывает стать, подобно Давиду, мужами по сердцу Божьему. Главное, что для этого нужно, — это искреннее желание исполнять волю Бога и угождать Ему, остальное — действие Божьей благодати. Автор убежден, если в вашем сердце будет гореть такое желание, вы непременно увидите благотворные перемены во всех сферах своей жизни.
…Нашел Я мужа по сердцу Моему…
который исполнит все хотения Мои.
Деян. 13:22