Har bir qizning vasvasasi (kitobi SKACHAT LOTIN) .PDF
Ҳар бир қизнинг васвасаси (китоби SKACHAT) .PDF
- ayollar hayoti va ichki kurashi haqida kitob
Mundarija
Djosh Makdauelldan soʻzboshi
Bagʻishlovlar va minnatdorchiliklar
Ota-onalarga
Kirish soʻzi (Stiven Arterbern)
I-qism: Vasvasangizni tushunish
1. Oʻzimizga haqiqatni aytishga jazm etamiz
2. Boshida aytilgan rejaga qaytib
3. Iffatli va oriyatli hayot
4. Vasvasalarimizni kuchaytiruvchi afsonalar
II-qism: Oʻz-oʻzini halok qilishdan saqlanish
5. Jinsiy aloqaga nisbatan istagimizni kuchaytirganimizda
6. Koʻzgu doʻstimizga aylanganida
7. Haqiqatga taqqoslanib
8. Buzuq doirani uzish
III-qism: Boshqalarni vasvasaga tushirmaslik
9. Hukmronlik qilishga tashna boʻlganimizda
10. Taassurot uygʻotish uchun kiyinamizmi?
11. Noz-karashma qilish yoki qilmaslik?
IV-qism: Oʻz ongingizni himoya qilish
12. Ong jangida gʻolib chiqish
13. Davolovchi ochlik
14. OAV va u bilan qanday kurashish kerak
V-qism: Oʻz qalbingizni himoya qilish
15. His-tuygʻular bilan kurashda gʻolib chiqish
16. Ketish mumkin!
17. Ehtiyotkorlik bilan harakatlanish
18. Qayerda toʻxtashni bilish!
VI-qism: Oʻz tanangizni himoya qilish
19. Oʻz tanangiz ustidan gʻolib kelish
20. «Texnik» bokiralik
21. “Tormozsiz” jinsiy aloqa
22. «Axir bir-birimizni sevamiz!»
VII-qism: Muhabbatni kerakli joydan izlang
23. Sizga kerak boʻlgan Zot
24. Unga kerak boʻlgan qiz boʻlish
25. Isoga oshiq boʻlish
Xotima
8-BOB
Buzuq doirani uzish
Axir, bizning kurashimiz insonlarga qarshi emas, balki samoviy olamdagi yovuz ruhiy kuchlarga, ruhiy hokimiyat va hukmronlikka hamda bu qorongʻi dunyoni boshqarayotgan ruhiy hukmronlarga qarshidir. Shu sababdan, Xudoning qurol–aslahalari bilan qurollaning, deb aytyapman. Shunda yovuzlikka toʻla kunlarda mahkam tura olasiz, qurollanib tayyor turgan boʻlasiz.
Efesliklar 6:12-13
Hech toʻy sovgʻasini tanlaganmisiz? Ehtimol, siz turli universal doʻkonlarga kirib, kelin-kuyovlar uchun mahsulotlarni koʻzdan kechirgandirsiz. U yoki bu juftlik etiborini tortgan narsalar roʻyxatini varaqlash qanchalik qiziqarli! Bu odamlarning didi va moyilligi haqida tasavvur hosil qilish mumkin - ayniqsa, ular qaysi chinni, billur va kumush idishlarni tanlashiga qarab. Ular mehmonlarni kutib oladigan ziynatli stolni shunday tasavvur qilasan!
Bu roʻyxatlarga qaraganda, kelin-kuyov sotib oladigan idish-tovoqlar arzon emas: tarelka, piyola yoki salat idishining narxi bazan yigirma besh dollardan oshib ketadi. Toʻliq chinni serviz yuzlab dollar turishi mumkin - oshxona billur va kumushni hisobga olmaganda! Endi shunday manzarani koʻz oldimizga keltiraylik: toʻy ziyofatidan soʻng kelinchak it va mushuk idishlari oʻrniga qimmatbaho chinni likopchalar qoʻya boshlaydi, er billur qadahlarni garajga olib borib, unga har xil chiqindilarni toʻkadi, yap-yangi kumush pichoq, qoshiq va sanchqilar esa bogʻ anjomlari sifatida ishlatiladi. Kulgili? Albatta!
Ammo qimmatbaho buyumlarning bunday bemani qoʻllanilishi ularning qiymatini pasaytiradimi? Ularni yuvib, tozalab qoʻyilsa, yana yarqirab, porlab, bayram dasturxonini bezamaydimi? ALBATTA, shunday! Ularga qanchalik yomon munosabatda boʻlishmasin, ularni suiistemol qilishmasin, baribir ulardan qanday maqsad uchun yaratilgan boʻlsa, shunday foydalanish mumkin. Afsuski, goʻzal va bebaho boʻlgan koʻplab yosh ayollar oʻzlarining ahamiyati haqida tasavvurni yoʻqotib, oʻzlarini iflos yoki past deb hisoblashadi, chunki ularni suiistemol qilishdi va Xudoning maqsadiga zid ravishda foydalanishdi.
Biz jinsiy zoʻravonlikka uchragan yosh ayollar haqida gapiryapmiz, bundaylar esa oz emas. Mana bu dahshatli statistika bilan tanishing:
- Taxminan uchta qizdan biri oʻn sakkiz yoshga toʻlmasdanoq zoʻrlanadi.
- Bazi tadqiqotlarga koʻra, yigirma yil davomida oʻn ikki million ayollar va bolalar, yani Qoʻshma Shtatlardagi ayollar aholisining taxminan 10 foizi zoʻrlangan.
- Har toʻrttala talabadan biri zoʻrlanadi yoki zoʻrlashga urinib koʻrilgan.
Jinsiy zoʻravonlik oʻz-oʻzidan ayol uchun katta zarba boʻlsa-da, agar jabrlanuvchi tegishli psixologik yordam olmasa, vaziyatning fojialiligi yanada kuchayadi. Manaviy jarohatlar davolanmasa, jabrlanuvchining oʻzi koʻpincha zoʻravonga aylanadi. Ammo shuni yodda tutishingiz kerakki, bunday oqibat muqarrar emas va toʻgʻri davolanish bu zararli doiradan chiqishga yordam beradi.
Quyida keltirilgan hikoyalarni oʻqib, zoʻravonlik jismoniy, ogʻzaki va jinsiy boʻlishi mumkinligini va turli odamlar - begonalar, sevishganlar, ish beruvchilar, xodimlar, doʻstlar va qarindoshlar tomonidan sodir etilishi mumkinligini bilib olasiz. Zoʻravonlik turlari bir-biridan farq qilsa-da, barcha zoʻravonlar bir narsada oʻxshash: ular xudbin boʻlib, boshqalarga Xudoning aziz farzandlariga nisbatan munosib munosabatda boʻlmaydilar.
Shellining hikoyasi
2000 yil 7-aprelda nomalum erkak Shellining kvartirasiga bostirib kirib, uni qoʻpol ravishda zoʻrlagan. Shundan soʻng u bir hafta kasalxonada yotib, tirik qolganidan xursand boʻlgan. Lekin koʻp oʻtmay qiz gʻalati ruhiy karaxtlikka tushib qoladi.
"Uzoq oylar davomida men hech qanday his-tuygʻularni boshdan kechirmadim, oʻzimga ham, atrofdagilarga ham befarq edim. Asta-sekin men tashqi koʻrinishi zoʻravonimga oʻxshagan erkaklarga etibor bera boshladim va ularni jozibali deb topdim. Men ilgari amal qilgan va bundan juda faxrlangan axloqiy qoidalar hamda qadriyatlar menga befarq boʻlib qoldi. Men oʻsha erkaklar bilan yota boshladim. Bu bilan men zoʻrlanganimda yoʻqotgan hokimiyat va oʻzimni nazorat qilishni qaytarib olgandek boʻldim. Kim bilan, qachon va qanday boʻlishni oʻzim tanlardim. Men erkaklarga ham, oʻzimga ham tupurib qoʻygandim, hayotimni saqlab qolgan Zotni hech qachon tan olmadim va izlamadim."
Oxir-oqibat, Shelli psixologga murojaat qildi va jinsiy qaramlik kabi hodisa haqida bilib oldi. Vaqt oʻtishi bilan u jinsiy aloqa uning uchun ichki ogʻriqni bosish va oʻzini yana oʻziniki deb his qilish vositasiga aylanganini tushundi. Garchi Shelli oʻtmish endi uning ustidan hukmronlik qilmasligini bilsa-da, u bilan sodir boʻlgan voqealarni eslamagan kun yoʻq edi. Oʻz xatti-harakatlari va his-tuygʻulari haqida gapirishga jurati etgani uchun Shelli zoʻravonlik tufayli etkazilgan jarohatlardan asta-sekin tuzalib bormoqda. Bundan tashqari, Xudo uni kechirganini, uni sevishini va har doim yonida ekanligini tushundi. Hech narsa - unga qilingan zoʻravonlik ham, uning avvalgi tartibsiz aloqalari ham buni oʻzgartira olmaydi.
Afsuski, faqat begonalar zoʻrlamaydi. Bazan bu ishni kutmagan, ishongan, sevgan odaming qiladi.
Meganning hikoyasi
Megan oʻn yetti yoshida Bobni yaxshi koʻrardi. U masihiy edi va turmushga chiqqunga qadar yaqin munosabatda boʻlishni xohlamadi. Bob bilan ular butun yoz davomida uchrashib turishdi va ular oʻrtasidagi munosabatlar tobora jiddiylashib bordi: ular tobora koʻproq vaqtlarini birga oʻtkazishar, suhbatlashishar va oʻpishishardi. Bir kuni kechqurun ular yana bir yosh juftlik bilan sayrga chiqishdi. Doʻstlar ketib, Bob va Megan yolgʻiz qolgach, ularning munosabatlarida kutilmagan burilish yuz berdi.
"Avval biz shunchaki oʻpishdik va toʻsatdan Bob meni yerga yiqitib, zoʻrladi. Men goʻyo boshqa olamga tushib qolgandek edim. Undan toʻxtashni soʻrardim, lekin u quloq solmadi. Keyin ich kiyimimdagi qonni koʻrib, nima boʻlganini tushundim. Shundan soʻng menda aralash tuygʻular paydo boʻldi. Demak, men unga chindan ham yoqamanmi? Agar begona odam boʻlganida, albatta, unga yon bermagan boʻlardim, lekin u Bob edi-ku... men unga ishonardim. Qanday qilib men bu qadar sodda boʻldim? Biroz vaqt oʻtgach, doʻstlarim mendan Bob bilan jinsiy aloqada boʻlganimiz rostmi, deb soʻray boshlashdi. Men hammasini rad etdim. Bobga boʻlgan barcha nozik his-tuygʻularim uning bu bilan maqtanishini bilganimdan soʻng yoʻqoldi. U bu haqda hammaga gapirib berayotganida kiyinish xonasiga kirib: "Nega ularga haqiqatni aytmaysan, Bob? Kim boʻlsayam, bu zoʻrlash ekanini oʻzing yaxshi bilasan-ku! deyishimni tasavvur qilardim.
Men shunchalik gʻazablandimki, undan nafratlanardim! Homilador emasligimga ishonch hosil qilish uchun hayz koʻrishni kuta olmadim. Oʻsha voqeadan keyin juda oʻzgarib ketdim. Duch kelgan odam bilan yota boshladim, boshqa yigitdan homilador boʻlib, abort qildirdim. Men endi romanlarsiz yashay olmasdim va bir yigitdan ikkinchisiga oʻtib, u bezor qilganida aloqani uzardim.
Bobni qanday kechirishni va oʻzimni sevib yashashni koʻrsatgani uchun Xudoga juda minnatdorman."
Megan "Klub 700" koʻrsatuvida yigiti tomonidan zoʻrlangan qiz bilan boʻlgan intervyuni koʻrganida, unda nimadir oʻzgarishi mumkinligini tushuna boshladi. U oʻz dilozorini kechirib, ozod boʻlganini his qilganini aytdi. Megan ham doimiy gʻazab va tartibsiz aloqalarga boʻlgan ishtiyoq tuygʻusidan xalos boʻlishni xohladi. U xudoga iltijo qilib, yuragidagi alamni ketkazishini soʻradi. Maslahatchi yordamida u oʻsha paytdagi Bobga adashgan oʻn sakkiz yoshli boladek qarashni oʻrgandi. Oxir-oqibat, Megan uni kechirishga muvaffaq boʻldi va unga boʻlgan nafratidan xalos boʻldi. U oʻzini ham boshqacha idrok eta boshladi, bundan engil tortib, xotirjam boʻldi.
Mening shaxsiy hikoyam
Men Meganni yaxshi tushunaman va unga hamdardman, chunki oʻzim ham qiz bola boʻlganimda jinsiy zoʻravonlikni boshdan kechirganman. Men ulgʻayib, jismonan gullab-yashnaganimda, men chin dildan yaxshi koʻrgan va ishongan ikki amakim uyalmay-netmay meni taqib qila boshlashdi, menga noz-karashma qilishdi va qaltis vaziyatlarga solib qoʻyishdi. Garchi qoʻrquv ular bilan jinsiy aloqaga kirishishga yoʻl qoʻymasa-da, ular bilan noz-karashma qilish menga kuch bagʻishlaganini his qilish menga yoqardi. Ularning har biri menga "bu bizning kichkina sirimiz boʻladi," deb vada berishdi, lekin ular oʻzaro men haqimda ochiq gapirishardi. Bittasi keyinroq, ular hatto garov oʻynashganini tan oldi (ulardan qaysi biri meni birinchi boʻlib toʻshakka sudrab kirishi haqida). Garchi unisi ham, bunisi ham buni uddalay olmagan boʻlsa-da, men oʻzimni qandaydir iflosday his qila boshladim.
Oxir-oqibat, aytganlaridek, men notoʻgʻri joyda, notoʻgʻri vaqtda notoʻgʻri odam bilan boʻldim. Oʻn toʻrt yoshimda ota-onamdan yashirincha oʻn sakkiz yoshli yigit bilan uchrashishga rozi boʻldim. U meni zoʻrladi, men esa bu haqda ogʻiz ochmadim, chunki janjal chiqishidan qoʻrqardim: axir uyda hech kim yoʻqligidan foydalanib, uni oʻzim chaqirdim-ku. Men shu qadar tubanlashib ketdim va aftidan, hissiy aloqaga shunchalik muhtoj edimki, xoh ishoning, xoh ishonmang, bir muncha vaqt zoʻravonim bilan munosabatlarimiz yanada rivojlanishiga umid bogʻladim. Lekin u istagan narsasini qoʻlga kiritdi va men endi unga kerak emasdim. Shunday qilib, boʻlib oʻtgan voqeadan tasirlanish ustiga, meni rad etishganidan achinish ham qoʻshildi.
Yigitlar bilan ochiqchasiga uchrasha boshlaganimda, ularning jinsiy hujumga osonlikcha berilardim. Yigitlar bilan yaqinlik ishqiy munosabatlarni boshlab berishiga umid qilsam, ularning tegajogʻliklariga unchalik qarshilik qilmasdim. Besh yil davomida bu zararli zanjirni uzishga qodir boʻlmadim, nihoyat, ajoyib kunlarning birida oʻzimdan foydalanishga yoʻl qoʻyib berayotganimni va boshqa odamlardan Xudoning irodasiga zid ravishda foydalanayotganimni anglab etdim.

Yetti foydali maslahat
Xudo xohlasa, na jinsiy va na boshqa zoʻravonlikni hech qachon boshdan kechirmang. Ammo koʻpchiligingiz bilan shunday boʻlganini tushunamiz. Agar siz zoʻravonlik qurboniga aylangan boʻlsangiz, ruhiy jarohatni engishga va bu zararli zanjirni uzishga yordam beradigan maslahatlarni qabul qiling.
1.Bu haqda kimgadir gapirib bering! Jimgina azob chekmang. Onangiz yoki otangizga, oʻqituvchingizga, choʻponga, professional psixologga, oʻsmirlar uchun "ishonch telefoni" operatoriga yoki shunchaki ishonchli doʻstingiz boʻlgan katta odamga ishoning. Yuz bergan voqeadan omon qolishingizga yordam bera oladigan va sizni sogʻayish yoʻliga boshlay oladigan insonga yuragingizni oching. Agar sizga ishonishmasa, sizga yordam bera oladigan odamni topmaguningizcha, bu haqda boshqa birovga ayting. Buni darhol amalga oshirgan maqul, ayniqsa, zoʻrlash holatida, shunda jinoyat dalillarini toʻplash va jinoiy ish qoʻzgʻatish mumkin boʻladi. Agar sizga qilingan zoʻravonlik haqida hech kimga aytmagan boʻlsangiz, buni endi qiling.
2.Hech qachon ogʻzaki, jismoniy yoki jinsiy zoʻravonlikka toqat qilmang. Agar odamlar sizga yomon munosabatda boʻlishsa, shuni yodda tutingki, siz ularni boshqacha emas, balki shunday munosabatda boʻlishga oʻrgatasiz. Agar qoʻpollikka indamay bardosh bersangiz, yigitingiz sizni qoʻpollik qilishingiz yoki haqorat qilishingiz mumkin deb oʻylaydi. Agar siz doʻstsiz qolmaslik uchun eng gʻayriinsoniy muomalaga chidashga tayyor boʻlsangiz, 4-bobga qayting va "3-afsona" deb nomlangan boʻlimni qayta oʻqing. Keyin qoʻpol doʻstingizga uzoqroqqa ketishni taklif qiling va bundan buyon yigitlarni munosib muomalaga oʻrgating.
3. Zoʻravonlikka loyiqman, degan yolgʻon fikrga ishonib qolmang. Hech kim va hech qachon zoʻravonlikka loyiq emas. Koʻpgina ayollar ehtiyotsiz soʻzlar yoki xatti-harakatlar bilan oʻzlariga jinsiy zoʻravonlik qilgan erkaklarga qarshi ayblov qoʻymaydilar. Hech bir ayol qanday kiyinishi, qayerga borishi va nima ish qilishidan qati nazar, zoʻravonlikka loyiq emas. Ushbu iborani yana bir bor oʻqing va bu muqaddas haqiqat ekanligiga ishoning. Agar siz erkakni jismoniy yaqinlashishga undagan boʻlsangiz ham, har doim fikringizni oʻzgartirish va keyingi jinsiy faoliyatga yoʻl qoʻymaslik huquqiga egasiz. Albatta, boshidanoq xavfli vaziyatlardan qochgan maqul, lekin siz shunday vaziyatga tushib qolgan boʻlsangiz ham, bu boshqa odamning sizga nisbatan zoʻravonlik qilishiga yoʻl qoʻymaydi.
4.Zoʻravoningizga qoʻpollik qilishdan qoʻrqmang, lekin gʻazabingizni boshqa odamlarga sochmang. Zoʻravonlikka uchragan koʻplab ayollar boshqa erkakni "jazolash" bilan birga, zoʻravon bilan "hisob-kitob qilish" istagini his qilishadi. Odatda ular jinsiy vaziyatlarni sahnalashtirib, oʻzlarini haqorat qilish paytida yoʻqotilgan xotirjamlik tuygʻusini tiklashga intiladilar. Bunday xatti-harakatlar boshqa erkaklarga nisbatan hurmatning mutlaqo yoʻqligini koʻrsatadi, ammo bu sizning muammolaringizni hal qilishga yordam bermaydi, balki sizni boshi berk koʻchaga kiritib qoʻyadi.
5.Yodingizda boʻlsin, zoʻrlash va jinsiy buzuqlik - boshqa-boshqa narsalar. Agar siz zoʻrlangan boʻlsangiz, pokligingizni yoʻqotdim, endi oʻzingizni ehtiyot qilishning hojati yoʻq, deb oʻylamang. Sizning axloqiy holatingiz jinsiy azolaringizga kimdir kirgani yoki sizni oʻz ixtiyoringizga qarshi nimadir qilishga majbur qilgani bilan emas, balki oʻz tanangizni boshqa birovning jinsiy ragʻbatlantirilishi yoki jinsiy lazzat olishi uchun berishga tayyorligingiz bilan belgilanadi. Agar siz hech qachon bunday qarorni ongli ravishda va ixtiyoriy ravishda qabul qilmagan boʻlsangiz, zoʻrlangan yoki buzuq harakatlar qurboni boʻlgan boʻlsangiz - siz hali ham poksiz.
6.Xafa qilgan kishingizni kechirishga harakat qiling. Bu siz qilishni istagan oxirgi narsa boʻlib tuyuladi, lekin shunga qaramay, faqat shu narsa sizni shafqatsizlik va xafalik tuygʻusidan xalos qilishi mumkin. Ogʻriqni azob chekayotganlar keltirib chiqaradi va ehtimol, kimdir sizning zoʻravoningizga nisbatan qachondir shafqatsiz munosabatda boʻlgandir. Bu, albatta, uni aslo oqlamaydi va sizning ogʻrigʻingizni kamaytirmaydi, lekin u nimalarni boshdan kechirganini va nima uni bu ishga undaganini tushunish kechirim sari qadam tashlash demakdir. Axir siz haqorat qiluvchingiz bu ishni qanday ogʻriq tasirida qilganini va oʻzi qanday zoʻravonlikka duchor boʻlganini bilmaysiz. Agar u qachondir sizdan kechirim soʻrasa yoki hech boʻlmaganda sizni xafa qilganini tan olsa, uni kechirishga harakat qiling. Bu sizni butun umr koʻtarib yurish juda ogʻir boʻlgan gʻazab va nafrat tuygʻularidan xalos qiladi.
7.Sizga nisbatan qilingan zoʻravonlik hech qachon unutilmaydi, lekin baribir ogʻir xotiralarni engishni va nima boʻlishidan qati nazar, yashashni davom ettirishni oʻrganing. Jinsiy zoʻravonlik qurboni boʻlgan koʻplab ayollar sogʻ-salomat turmushga chiqib, toʻlaqonli hayot kechirmoqdalar; bundan tashqari, ular koʻpincha baxtsiz doʻstlariga shafqatsiz munosabat tufayli yuzaga keladigan his-tuygʻularni engishga yordam berishadi. Boshqalar bilan omon qolish retseptini baham koʻrib, siz nafaqat ularning shifo topishiga yordam berasiz, balki oʻzingiz ham katta quvonchga ega boʻlasiz, chunki sizning hamdardlik va dalda soʻzlaringiz odamlarga Xudo tomonidan tasalli beradi.
Yodingizda boʻlsin: siz Xudoning farzandi, Masihning kelini, borliq Podshohining aziz qizisiz. Hatto kimdir sizga nisbatan nojoʻya munosabatda boʻlsa yoki sizdan Xudo buyurganidan boshqa maqsadda foydalansa ham, aslida kim ekaningizni hech qachon unutmang.
Siz munosib munosabatga va hurmat bilan muomala qilishlariga loyiqsiz. Shuni ham unutmangki, boshqa odamlar ham shunday hurmatga loyiqdirlar. Zoʻravonlikning buzuq doirasi hayotingizni va munosabatlaringizni buzishda davom etishiga yoʻl qoʻymang. Oʻtmishingiz ostiga chiziq torting va uning kelajakka soya solishiga yoʻl qoʻymang. Xudo siz uchun koʻplab quvonchli onlarni tayyorlab qoʻygan - faqat siz yaratilishingizning asl maqsadi - ilohiy maqsadni tushunishga harakat qilishingiz kerak!
“Axir, Men sizlar toʻgʻringizda tuzgan rejalarimni bilaman, — deb aytmoqda Egamiz. — Bu rejalarim sizlarga kulfat emas, farovonlik olib keladi, yorugʻ kelajagu umid beradi.” (Yeremiyo 29:11)








































































































































