Jinsiylik bilan toʻlib-toshgan dunyoda aqlimiz, qalbimiz va tanamizni qanday asrashimiz mumkin?

Bizning dunyoimiz jinsiy aloqaga oid axborotlar bilan toʻlib-toshgan. Biroq qizlarda shundan kelib chiqqan vasvasalar haqida ochiq gapirilmaydi. Juda kam hollarda kimdir uni tushunib, foydali maslahat bera oladigan dugona-etakchini topishi mumkin. Koʻpincha qizlar vasvasalar bilan mustaqil tarzda kurash olib borishga urinadilar va buning oqibatida ruhiy kurash dalasida magʻlubiyatga uchraydilar. Shennon Etridj va Stivena Arterbernning “Har bir qizning vasvasasi” nomli kitobi - bu sizga doim etishmagan, yashirin boʻlgan gaplar haqida gaplashish uchun uzoq kutilgan imkoniyatdir. Agar sizni aybdorlik hissi azoblayotgan boʻlsa, vasvasalarni enga olmayotgan boʻlsangiz, boshi berk koʻchaga kirganday va Xudo sizdan yuz oʻgirganday tuyulayotgan boʻlsa, - bu asar aynan siz uchun. Siz bu yerda siz kabi vaziyatlarga tushgan qizlarning guvohliklarini topasiz.
Sizga gunoh yurakka qaysi yoʻllar bilan kirib olishi va tana bilan kurashda qanday qilib gʻolib chiqish haqida soʻzlab beradilar. Agar siz jinsiy aloqa haqidagi xayollar - bu sizni begunohligingizcha qoldiradigan va ruhiy hayotingizga hech qanday tasir koʻrsatmaydigan zararsiz mashgʻulot deb oʻylasangiz, "Har bir qizning vasvasasi" kitobida bu chuqur adashish haqida nima deyilganini bilib oling. Vasvasalarga duch kelmasdan avval bu asarni oʻqishlari kerak, toki gunohga toʻlib-toshgan jamiyatda qanday qilib pok boʻlib qolish kerakligi haqidagi malumot bilan qurollanib olinsin.
“Har bir qizning vasvasasi” kitobi haqidagi fikrlar
«Men Shennondan rostgoʻyligi va toʻgʻrisoʻzligi uchun minnatdorman - chunki faqat shu tufayli u shunday kitobga aylandi… Xudoning qoʻlidagi bu kuchli kitob judayam koʻp gʻaroyib shifolarning quroliga aylanadi!.. Yashirmayman - u meni ham oʻzgartirdi, chunki unda aniq qilib, Isoning Kimligi, Jamoatni tashkil qiluvchilar - Uning kelini boʻlgan bizlarning kimligimiz va nima uchun biz Unda boshqa hech kim bera olmaydigan narsani topa olishimiz haqida gapirilgan».
Betani Dillon, qoʻshiqlar muallifi va ovoz rejisseri
«Bugungi oʻsmir qizlarning ongiga jinsiy aloqa haqidagi noaniq va sayoz tushuncha, xuddi tomir ichiga dori yuboradigan tomizgʻich kabi, bir maromda va uzluksiz singdirilmoqda. Kimdir ularga poklikni saqlash nima uchun zarurligini tushuntirishi juda muhim. Aynan shunday tushuntirishlarni Shennon Etridj oʻzining qiziqarli kitobida keltiradi. Bu kitobni har bir qiz va qizi bor boʻlgan har bir ona oʻqishi shart».
Sheron Xersh, “Ona, men shunaqa semizman” va “Ona, men oʻzimdan nafratlanaman” nomli kitoblarning muallifi
«Har bir oʻsmir qiz oʻqishi uchun tavsiya etiladi. Ochiq-oydin, muhim malumotlar bilan toʻlib-toshgan bu kitob nafaqat yaxshi yozilgan, balki bugungi oʻsmir duch kelishi mumkin boʻlgan deyarli barcha jinsiy vaziyatlarni qamrab olgan koʻplab maslahatlarni oʻz ichiga oladi. Zamonaviy pop-madaniyat yoshlarga taqdim etayotgan jinsiy aloqa haqidagi buzuq tasavvurlarga qarshi ajoyib qarshi vositadir. Shunday davom eting, Shennon!»
Melodi Karlson, “Oʻsmir-qiz kundaligi” turkumi va “Ënayotgan mashala” hamda “Yirtib tashlanagn boʻyama rasmlar” kitoblarining muallifi
«Shennon ochiq va toʻgʻrisoʻzlik bilan yozadi, lekin shuningdek, odob va jinslar oʻrtasidagi munosabat haqidagi tasavvurlarini odob, nazokat, vazminlik va oqillik bilan ifoda etadi. Xudoning oldida pok boʻlib qolishga harakat qiladigan har bir qiz bu kitobni oʻqib chiqishi kerak. Yaqin orada bu kitob kichik guruhlarda oʻrganiladigan eng asosiy kitobga aylanishiga aminman».
Fred Stoker, “Har bir oʻsmirning kurashi” nomli kitobning mualliflaridan biri
«Bu ajoyib kitob! Albatta uni xarib qilib, uni oʻzim oʻqitadigan qizlar bilan birga oʻqib chiqaman. Mening yoshligimda bunday kitobning boʻlmaganligidan juda afsusdaman!»
Adrienna Freas, uy bekasi va «Campus Crusade for Christ» harakatining xodimi
«Ommaviy axborot vositalari, musiqa, kinofilmlar va zamonaviy jurnallar orqali madaniyatimizning yomon tasiriga tushib qolgan har bir oʻsmir qizga bu kitobni oʻqib chiqishlarini qatiy tavsiya qilaman. Koʻp yillardan beri oʻsmir qizlar xizmati bilan shugʻullanuvchi inson sifatida Shennoning bu ishga samimiyat va pok yurak bilan yondoshganini hamda yosh qizlar duch keladigan nozik muammolarni hal qilishga urinishinini munosib baholayman. Muallif oʻz ishini alo darajada ado etgan va zamonaviy madaniyatning xudosiz fel-atvorini fosh qilgan, shu bilan bir qatorda bugun yoshlarning qarshisida turgan savollarga Xudoga manzur boʻlgan javoblarni taqdim qilgan».
Viki Kortni, “Oriyat va iffat” xizmatining asoschisi, “Sizning qizingiz, yoki qanday qilib nopok dunyoda diyonatli qizni tarbiyalash kerak” kitobining muallifi
Har bir qizning vasvasasi (kitobi SKACHAT LOTIN) .PDF
Ҳар бир қизнинг васвасаси (китоби SKACHAT) .PDF
- ayollar hayoti va ichki kurashi haqida kitob
Mundarija
Djosh Makdauelldan soʻzboshi
Bagʻishlovlar va minnatdorchiliklar
Ota-onalarga
Kirish soʻzi (Stiven Arterbern)
I-qism: Vasvasangizni tushunish
1. Oʻzimizga haqiqatni aytishga jazm etamiz
2. Boshida aytilgan rejaga qaytib
3. Iffatli va oriyatli hayot
4. Vasvasalarimizni kuchaytiruvchi afsonalar
II-qism: Oʻz-oʻzini halok qilishdan saqlanish
5. Jinsiy aloqaga nisbatan istagimizni kuchaytirganimizda
6. Koʻzgu doʻstimizga aylanganida
7. Haqiqatga taqqoslanib
8. Buzuq doirani uzish
III-qism: Boshqalarni vasvasaga tushirmaslik
9. Hukmronlik qilishga tashna boʻlganimizda
10. Taassurot uygʻotish uchun kiyinamizmi?
11. Noz-karashma qilish yoki qilmaslik?
IV-qism: Oʻz ongingizni himoya qilish
12. Ong jangida gʻolib chiqish
13. Davolovchi ochlik
14. OAV va u bilan qanday kurashish kerak
V-qism: Oʻz qalbingizni himoya qilish
15. His-tuygʻular bilan kurashda gʻolib chiqish
16. Ketish mumkin!
17. Ehtiyotkorlik bilan harakatlanish
18. Qayerda toʻxtashni bilish!
VI-qism: Oʻz tanangizni himoya qilish
19. Oʻz tanangiz ustidan gʻolib kelish
20. «Texnik» bokiralik
21. “Tormozsiz” jinsiy aloqa
22. «Axir bir-birimizni sevamiz!»
VII-qism: Muhabbatni kerakli joydan izlang
23. Sizga kerak boʻlgan Zot
24. Unga kerak boʻlgan qiz boʻlish
25. Isoga oshiq boʻlish
Xotima
Djosha Makdauelldan soʻzboshi
Jumboqlar toʻplamidagi labirintda adashib, umidsizlikka tushganingiz esingizdami? Vazifa unchalik murakkab emasdek - uzluksiz chiziqlarni kesib oʻtmasdan kirish joyidan chiqish joyigacha boʻlgan yoʻlni topish goʻyo qiyin emasdek.
Biroq koʻplab boshi berk koʻchalar bu sayohatni sabr-toqat va diqqatni jamlash uchun haqiqiy imtihonga aylantiradi.
Endi esa futbol maydoniga teng keladigan juda katta labirintni tasavvur qiling. Tasavvur qilaylik, kimdir sizga uni boshidan oxirigacha oʻtib olish uchun toʻrt daqiqa borligini aytib, mukofotiga esa sizga oʻng ming dollar vada qildi. Omadingizni sinab koʻrishni istarmidingiz? Albatta, ha! Xoʻsh, labirintga kirdingiz va u yerda baland devorlardan boshqa hech narsa koʻrinmayapti! Sizga yoʻl koʻrsatishi mumkin boʻlgan na bir jadval bor. Qaysi burchakdan keyin berk yoʻlak borligini topishning ilojisi yoʻq. Omad imkoniyati nolga yaqin. Sizga bu labirint bilan yaxshi tanish boʻlgan ishonchli odamning yordami juda zarur.
Agar qizim shunday vaziyatga tushib qolib, mendan maslahat soʻrasa, bilasizmi nima qilgan boʻlar edim? Men ikkita baland narvonni va ikkita mobil telefonni olar edim. Bir telefonni qizimga berar edim, ikkinchisi bilan esa narvonning eng tepasiga chiqib, labirintni yuqoridan koʻrib chiqardim. Oʻsha yerdan turib qizimga yoʻl koʻrsatib turar edim. Men uni bexosdan boshi berk koʻchaga kirib qolmasligi uchun oʻz vaqtida ogohlantirib qoʻyishim, qayerda oʻngga, qayerda chapga burilish kerakligini aytib berishim mumkin edi.
Endi esa sizdan shuni soʻramoqchiman: nima deb oʻylaysiz, qizim oʻzining ichki hissiyotlari uni toʻgʻri yoʻldan olib chiqishiga ishonib, otasining maslahatlarini inobatga olmagan boʻlarmidi? Aslo! U mening har bir soʻzimni ilib olardi, chunki men u koʻrmayotgan narsalarni koʻrib turganimni, menga ishonish mumkinligini, uni juda yaxshi koʻrishimni va unga omad tilashimni bilardi.
Ëshlarning barchasi shu kabi sinovlarga duch kelishadi, faqat buning bahosi arzimagan oʻn ming dollardan ancha qimmatga tushadi. Buning bahosi - ularning sogʻligi, baxti, tinchligi va yurak xotirjamligidir. Ularga esa oʻzini nikoh uchun saqlagan holda, munosib umr yoʻldosh topganda va ajoyib farzandlarni dunyoga keltiribgina erishish mumkin.
Menda shunday farzandlardan toʻrtta bor. Oʻttiz yillik turmushim va otalikdan soʻng shuni aytishim mumkinki: meni bu dunyoda hech narsa oilamchalik quvontirmaydi. Balki siz vaqt oʻtishi bilan oila qurmoqchi boʻlayotgan 93% va farzandli boʻlishga umid qilgan 91% yoshlar qatoriga kirarsiz. Agar shunday boʻlsa, bilingki, sizning butun kelajagingiz, shu jumladan, turmush qurish va farzand koʻrish imkoniyati koʻplab qarorlardan iborat. Bu qarorlar sizni nimaga olib kelishi mumkinligini har doim ham oldindan koʻra olmaysiz.
Hikmatlar kitobi 14:12 da shunday deyiladi: “Shunday yoʻl borki, insonga toʻgʻri boʻlib koʻrinadi, ammo oxiri oʻlimga olib boradi”. Butun dunyo boʻylab yoshlar oʻzlari uchun toʻgʻriday tuyulgan notoʻgʻri qarorlarni qabul qiladilar. Gap nima haqida ketmasin - ular koʻradigan filmlar haqidami, ota-onalariga soʻzlaydigan yolgʻon haqidami, yoki ular uchrashib yuradigan inson bilan qanchalik yaqin munosabat qurmoqchi boʻlishganidami - ularning koʻpchiligi oʻzlariga shunday deydilar: “Hechqisi yoʻq… Hamma shunday qilyapti… Men shu ishim toʻgʻri deb hisoblayman”. Ular toʻgʻri va notoʻgʻrining oʻrtasida farqni koʻrmaydilar, chunki ularda mutlaq haqiqat yoʻliga yoʻnaltiruvchi axloqiy kompas yoʻq.
Sizning koʻpgina tengdoshlaringiz, qanday yoʻnalishda ketayotganlarini tushunmasdan, ularni toʻlaqonli, quvonchga boy hayotga emas, balki oʻz-oʻzini yoʻq qilishga va hatto oʻlimga olib boradigan qarorlarni qabul qilishadi. Har kuni Qoʻshma Shtatlarda
- 4.219 oʻsmir jinsiy yoʻl bilan yuqadigan kasalliklarga chalinmoqda, shuning oqibatida ularning koʻpchiligi hayotdan erta koʻz yummoqdalar;
- 1.106 oʻsmir qizlar abort qildirmoqdalar;
- 6 oʻsmir oʻz joniga suiqasd qilmoqda. Koʻpincha buning sababi baxtsiz sevgi yoki nikoh qurishdan avval boʻlgan jinsiy aloqani tufayli aybdorlik hissi sababdir.
Mana shunday qilib, har kuni biz bebaho jonlarni qoʻldan chiqaryapmiz. Hammasiga esa - qachondir oʻylamasdan, shoshib qabul qilingan notoʻgʻri qaror sababchi! Oqilona boʻlib tuyulgan qadamlar, oxir-oqibat ularni boshi berk koʻchaga olib kirib qoʻydi.
Endi esa oʻzingiz hal qiling, jinsiy poklik masalasida oʻz fikringizga tayanishingiz kerakmi yoki ishonish mumkin boʻlgan dono va yaxshi maslahatchini izlagan maqulmi. Baland narvonga chiqib olib, sizning qoʻngʻirogʻingizni kuta olmasamda, shuni bilishingizni istardim: sizda hayotning butun labirintini koʻrib turuvchi Osmondagi Otangiz bor. Qaysi burilishlar sizni boshi bekr koʻchaga kiritishi mumkinligini biladi va sizni gʻalabaga olib boruvchi yagona yoʻlni koʻrib turadi. Xudo hamma narsadan xabardor, shuning uchun insonning u yoki boshqa qarori qanday natijaga olib kelishini doim yaxshi biladi.
Ishayo kitobi 30:21 da shunday deyiladi: “Sizlar oʻngga yoki chapga burilganingizda, shunday ovozni eshitasizlar: “Mana yoʻl, shu yoʻldan yuringlar.” Buning manosi osmondan ovoz kelib hammaga eshitiladigan ovozda sizga murojaat qilishini anglatmaydi. Biroq Iso Masih sizni hayotning ayyorona tuzilgan labirintidan oʻtkazib qoʻyishiga ishongan holda Uning ovozini yuragingizda eshita olasiz. Buning uchun esa dunyoning lazzatlaridan uzilib, Uning nasihatlariga quloq tutish lozim. U sizni muhtoj paytingizda tashlab qoʻymaydi. Unga toʻligʻicha ishonish mumkin. U sizni juda qattiq yaxshi koʻradi va sizda hammasi yaxshi boʻlishini xohlashiga shubha yoʻq.
Xudo doim toʻgʻri yoʻlni tanlashingizni istagani uchun sizni yoʻl xaritasi (yani Muqaddas Kitob) bilan taminladi va ishonchli maslahatchini (Muqaddas Ruhni) berdi, toki U sizning yoʻl koʻrsatuvchingiz boʻlsin. Siz, ehtimol, Xudoni hayot quvonchini zaharlash uchun bir talay taqiqlarni oʻylab topgan qandaydir koinotga xos bezori deb tasavvur qilsangiz kerak? Aslida Xudoning amrlari bizga muhim koʻrsatmalarni - yoki moʻljallarni - beradi. Biz hayotda ular bilan boshqarilishimiz kerak. Koʻrsatmalar ikki tomonlama rolni oʻynaydi: ular sizni himoya qilib, kerakli narsalar bilan taminlaydi. Bu koʻrsatmalarni soyabon sifatida tasavvur qiling. Uni boshingiz ustida ushlab turganingizda u sizni yomgʻirdan himoya qiladi va qulaylik bilan taminlaydi. Soyabondan tashqariga chiqishingiz bilan bu qadamingizning yoqimsiz oqibatlarini oʻsha zahoti his qilasiz. Hayotingizning intim tomoni bilan ham xuddi shunday: iffatingiz haqida qaygʻurganingizda va uni Xudo buyurganiday saqlaganingizda jinsiy aloqa orqali yuqadigan kasalliklardan, istalmagan homiladorlikdan, nosogʻlom munosabatlardan va ruhiy zarbalardan himoyalangan boʻlasiz. Xotirjamlik, xavfsizlik va yorqin kelajak uchun umid kafolatlangan boʻladi. Agar siz Xudoning buyruqlariga bepisandlik qilib, Uning himoyasidan tashqariga chiqsangiz, ertami kechmi bu ishingizning azobli oqibatlariga duch kelasiz.
Oxirgi qirq yil davomida men dunyoning sakson toʻrt mamlakatida yashovchi yetti million yoshlarga "Nima uchun haqiqiy sevgi shoshmaydi," "Nima toʻgʻri-yu, nima notoʻgʻriligini farqlash" haqida gapirib kelmoqdaman, yaqinda esa "Ishonishdan etiqodga oʻtish" haqida ham gapira boshladim. Menga eng koʻp savollarni oʻsmirlar berishadi va ular asosan sevgi, jinsiy aloqa va yigitlar va qizlar oʻrtasidagi uchrashuvlar haqida. Siz va tengdoshlaringiz qarama-qarshi jins vakillari bilan yolgʻiz qolganingizda qanday vasvasalarga duchor boʻlishingiz meni juda tashvishga soladi. Ammo jinsiy tomonlama jozibadorligingiz va Xudoning poklikni saqlash haqidagi buyrugʻi haqida fikringiz meni koʻproq tashvishga soladi. Shuning uchun ham hozir qoʻlingizda ushbu kitob borligidan chin dildan xursandman. Ishonchim komilki, tez orada siz unda bebaho yordamchini topasiz, u sizni aqlni yangilash, ruhiy kuch, qalb pokligi, jismoniy salomatlik va bir-biringiz hamda Xudo bilan ajoyib munosabatlar sari yaxshi yoʻlga boshlaydi. Bu yerda yozilgan har bir soʻzni yuragingizga qabul qilishingiz, yozilgan qoidalarni har kuni qoʻllashingiz va Xudo sizga orzu qilgan mukofotga - haqiqiy toʻlaqonli hayotga olib borishiga imkon berishingiz uchun ibodat qilaman.
Agar bu kitobni ota-onalardan biri ushlab turgan boʻlsa, uni qizingizga nafaqat topshirishingizni, balki u bilan birga oʻqishni va bu dolzarb mavzuni u bilan birgalikda behijolat muhokama qilishingizni tavsiya qilaman. Qizingiz jinsiy aloqa haqida gaplashishni istamayotganday tuyulyaptimi? Xudosa qilishga shoshmang! Ehtimol u sizdan jinsiy aloqa haqida gaplashishni soʻramayotgan boʻlishi mumkin, lekin shuni bilingki, oʻnta oʻsmir qizdan yettitasi (bu 69% degani) agar ular ota-onalari bilan bu mavzuda ochiq, samimiy suhbatlasha olganlarida, jinsiy faollikni kechiktirish va erta homiladorlikdan qochish ancha osonroq boʻlardi, deb hisoblashadi. Yana shuncha qizlar ota-onalarining fikriga koʻra, hali ularning quloqlari uchun moʻljallanmagan narsalarni tinglashga tayyor ekanliklariga ishonishadi. 78% oq tanli va 70% afro-amerikan oʻsmir qizlar erta tugʻilishning sababi - qiz va uning ota-onasi oʻrtasidagi muloqotning yoʻqligi muammosi deb hisoblashadi. Oʻsmirlarning 31 foizi jinsiy faollik bilan bogʻliq qarorlariga doʻstlari emas, balki ota-onalari koʻproq tasir koʻrsatadi, deb hisoblaydi.
Hamma aytgan gaplarni umumlashtiramiz. Qizingizning intim hayoti haqida gap borganida u oʻylaganingizdan ham koʻproq tarzda siz tomondan boshqariluvga muhtoj. Uning oʻzi bu haqida gap ochishini kutmang. Ehtimol, qizingiz bu haqida hech qachon gap ochmas. Siz oldinroq buning harakatini qiling. Qizingizga iffatni saqlash kerakligi haqidagi shaxsiy qatiyatni rivojlantirishga yordam bering. Uni ishonchli axloqiy kompas bilan taminlang. Xudo xohlasa, bir kun kelib, sizning boshqaruvingiz, sevgingiz va sadoqatingiz sharofati bilan, har bir qiz olib borayotgan jinsiy va hissiy poklik uchun kechadigan kurashdan qizingiz gʻolib boʻlib chiqishini koʻrasiz.
Djosh Makdauell
Bagʻishlovlar va minnatdorchilik
Shennon Etridjdan: Erniga bagʻishlanadi.
Siz hayotimizga ifoda etib boʻlmaydigan quvonchni olib kirmoqdasiz.
Sizning Xudoga nisbatan otashin intilishingiz va poklikni saqlash istagi siz bilan birga gullab-yashnashi uchun ibodat qiling
Stiven Arterberndan: Medelinga bagʻishlanadi.
Men sening otang boʻlishdan baxtliman. Osmondagi Otang izidan yurishingda yordam berish uchun doim yoningda boʻlaman.
Doimgiday, birinchi boʻlib bu kitobni yozish fikrini bergan Iso Masihga minnatdorchilik bildiraman. Rabbim, bu kitob, aynan Sen xohlaganingday boʻlishi va uni kim uchun moʻljallagan boʻlsang, ularga tasir oʻtkazishi uchun ibodat qilaman.
Turmush oʻrtogʻim va eng yaxshi doʻstim Greg, qilgan har bir ishingiz, men va farzandlarimiz uchun qanchalik muhim ekanligingiz uchun sizdan minnatdorman. Siz eng zoʻr doʻst va otasiz, men sizni qattiq sevaman.
Mening jajji (boʻyi deyarli men bilan barobar boʻlgan) qizalogʻim Erin, yozayotganimiz urfdan qolib ketgan uslubda ifoda etilmayaptimi deb tekshirib turib, biz bilan ishlaganing uchun rahmat. Sen juda zoʻr yordamchi va eng yaxshi qiz farzandsan.
Mister Mattster Monstr, onajoning bu kitobni ustida ishlagunicha sen aqlli bola boʻlib ulgʻayib ham qolding. Uy ishlaridagi yordaming va bizni shunchalik xursand qiladigan kulgili imo-ishoralaring uchun rahmat. Sensiz hayot ancha zerikarli boʻlgan boʻlardi!
Meni juda qoʻllab-quvvatlagan ota-onamdan minnatdorman. Sizlardan menga koʻrsatilgan sabr-toqatingiz va menga kuch berib turgan ibodatlaringiz uchun cheksiz minnatdorman.
Men Rokin-Si-Renchdagi doʻstlarimga va mening yozuvchilik faoliyatim uchun qulay joylarni taqdim etgan barchaga minnatdorchilik bildiraman - iliq mehmondoʻstligingiz, Xudo va kompyuterim bilan yolgʻiz qolishim mumkin boʻlgan qulayliklar uchun sizga rahmat.
Treysi Kartes, sen men va bu kitob uchun chinakam marhamatga aylanding. Azizam, seni juda-juda yaxshi koʻraman!
Ron va Keti Lyus, Deyv Xash va ushbu kitobning yaratilishiga hissa qoʻshgan Faxriy akademiyaning koʻplab stajyorlari "Teen Mania Ministries" tashkilotida siz bilan birga xizmat qilish imkoniyatiga ega boʻlganim uchun chin qalbimdan minnatdorman. Buni hayotimdagi eng katta marhamatlardan biri deb bilaman.
Adrienna va Brayan Freas, ushbu kitobni tayyorlashning yakuniy bosqichida Muqaddas Ruhga sizni oʻzining moʻjizaviy quroliga aylantirishga ruxsat berganingiz uchun tashakkur. Darhaqiqat, sizlar Xudoning qoʻlidagi tanlangan qurol-aslahalarsiz va men hamda ushbu kitobni oʻqiydigan koʻplab qizlar uchun haqiqiy marhamatsiz.
Don Peyp, Laura Barker va Uoterbruk Pressdagi barcha yigitlar, biz bilan hamkorlik qilganingiz uchun rahmat. Birgalikda biz ajoyib jamoamiz!
Liz Xeni, mening ajoyib muharririm, ushbu loyihani donoligingiz va bilimingiz bilan boyitganingiz uchun minnatdorman. Barcha "kichik muharrir"larimizga - oʻgʻil va qiz bolalarga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Sizlar shunchalik koʻpsizki, hammaning ismini aytib boʻlmaydi, lekin kimligingizni bilasiz, Xudo ham biladi. Bizga beminnat yordam berganingiz uchun U sizlarni marhamatlashini soʻrab ibodat qilaman.
Va nihoyat, Stiv Arterbern, Fred Stoker, Kenni Lak va Mayk Yorkka alohida minnatdorchilik bildiraman. Sizlar bilan hamkorlik qilish men uchun katta sharaf va quvonchdir. "Har bir erkakka" nomli turkumingiz bilan ushbu kitobga shunday mustahkam poydevor qoʻyganingiz uchun tashakkur.
Shennon Etridj
Ota-onalarga
Bu kitobda biz iffat yoki hozirgi til bilan aytganda jinsiy poklik haqida soʻz yuritamiz. Biz buni hissiy, psixik, ruhiy va jismoniy nuqtai nazardan muhokama qilamiz. Maqsadimiz - jinsiy aloqa haqidagi malumotlar toʻlib toshgan dunyoda ong, yurak va tanani qanday qilib saqlash kerakligini oʻquvchiga oʻrgatish. Biz oddiy, zamonaviy til bilan yozishga harakat qildik va uni birinchi navbatda oʻsmir qizlarga va yosh qizlar uchun moʻljalladik.
Ehtimol, siz bu suhbat qanchalik ochiq boʻlishi va bu kitob qizingiz hayotining hozirgi davrida mos keladimi, deb qiziqayotgandirsiz. Xoʻsh, agar qizingiz muntazam ravishda televizor koʻrsa, pop-musiqa tinglasa yoki oʻsmirlar uchun jurnallarni oʻqisa - bu kitobdagi hech narsa uni hayratlantirmaydi va shok holatiga tushirib qoʻymaydi. Yana takrorlaymiz: biz qizingiz har kuni duch keladigan tasvirlarni masihiylik nuqtai nazaridan tasavvur qilishni va bu uning foydasi uchun ishonchli tarzda amalga oshirishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻydik.
Boshqa tarafdan, agar siz qizingiz iffatini qatiyat bilan saqlaydigan qiz deb bilsangiz yoki hali bunday mavzuda ochiq gaplashishga tayyor emas deb oʻylasangiz, “Har bir qizning vasvasasi” kitobini qizingizga berishdan avval koʻrib chiqishingizni tavsiya qilamiz. Nozik savollar haqida soʻz yuritishda biz imkon qadar ehtiyotkorlik qilishga va Xudo har bir qizni iffatli tarzda koʻrishni xohlashini takidlagan holda taqdim qilishga harakat qildik. Ësh kitobxon qizlarimizga yordam berishga intilish bizdan samimiylik va toʻgʻrisoʻzlikni talab qilmoqda va biz umid qilamizki, bunday yondoshuv qizingizning intim hayotiga tegishli koʻpgina toʻgʻri qarorlarni chiqarishiga yaxshi zamin yaratadi.
Muqaddima (Stiven Arterbern)
Koʻp yillar avval, mening yoshlik chogʻlarimda yigitlar qizlarga istemolchilik nuqtai nazaridan qarardilar. Ular oʻz "men"larini tasdiqlash uchun ularni turli yoʻllar bilan manipulyatsiya qilishar va his-tuygʻulariga "bosim" oʻtkazishardi.
Bu yigitlar uchun yana "oʻsha ish boʻlganini" anglashdan koʻra yoqimliroq narsa yoʻq edi, shuning uchun ular barcha "oʻyin-kulgi va klublar"da astoydil qatnashib, qarshi boʻlmagan har qanday qizdan oʻzlari xohlagan narsani qoʻlga kiritish uchun bor kuchlari bilan harakat qilishardi. Bu yigitlar qizlarni odam oʻrnida koʻrishmasdi: ular qizga faqat vaqti-vaqti bilan foyda keltiradigan va faqat oʻzlarining huzur-halovatlari uchun moʻljallangan qandaydir ikkinchi darajali buyum sifatida qarashardi. Ular qizning tana azolariga, nimalarni koʻz-koʻz qilganiga va qanchalik yon berganiga qarab baho berishdi. Ular qiz nimani his qilishi yoki oʻylashi mumkinligi bilan kamdan-kam qiziqishardi; ular oʻzlariga nima kerakligini aniq bilishardi va agar qiz xohlasa "munosabatlar" davom etardi, u oʻzidan talab qilingan narsani bajarishga majbur edi. Bu yigitlarning fikricha, qizlar yigitning oʻzini “haqiqiy erkak” deb his qilishiga yordam berish uchun mavjud boʻlgan.
Men yuqori sinflarda, keyinroq kollejda oʻqiganimda, har bir qiz “beradi - bermaydi” nuqtai nazaridan baholanardi. Yigitlar bir-birlari bilan oʻz taxminlari bilan boʻlishardilar - “U kim bilandir jinsiy aloqada boʻlganmi yo boʻlmaganmi?” - va har yerda oʻzlarining jinsiy aloqa borasidagi gʻalabalri bilan maqtanib yurardilar. Oʻzlarining koʻngilchanligi bilan mashhur boʻlgan qizlar talash boʻlar edilar: ularni tez-tez uchrashuvlarga taklif qilishardi, ammo ularda yigitlar bilan yaxshi va sogʻlom munosabatlar oʻrnatilmasdi. Yigitlar ularga qaragisi, ushlab koʻrgisi, quchoqlagisi kelar, ammo bunday qizlar bilan biror jiddiy munosabat oʻrnatish hech kimning xayoliga kelmasdi. Ulardan olish mumkin boʻlgan narsani olishardi, ularga boʻlgan qiziqish soʻnganda esa keyingi jinsiy maqsadga oʻtilardi.
Mening davrimdagi yosh yigitlar koʻngli tusagan qizning tanasini qoʻlga kiritish uchun hamma narsaga tayyor edi. Masalan, unga: "Men seni sevaman" yoki "Sen ajoyibsan!" yoki "Men sen kabi qizni ilgari uchratmaganman" deyishi qiyinchilik tugʻdirmas edi. U qizni restoran va kinoteatrlarga olib borardi, chunki u shu yoʻl bilan oqshom oxirida oʻzini mukofot bilan taminlashiga ishonardi. U qizga mehr va gʻamxoʻrlik koʻrsatardi, chunki bu orzuga erishishning eng toʻgʻri yoʻli edi. Ammo bu yigitlar olgan narsalarini boshqa hech qachon qaytarib bermasdilar. Har gal qiz bilan jinsiy aloqaga kirishar ekanlar, uning qalbining bir parchasini tortib olishardi.
Nega bu haqda sizga gapiryapman? Chunki koʻpchilik yigitlar aslida kim ekanliklarini bilishingizni istayman. Afsuski, bunday yoshlarni hatto masihiylar orasida ham uchratish mumkin. Bugun ham ayolga nisbatan munosabat oʻzgargani yoʻq. Ahvol zarracha yaxshilanmadi. Aksincha, u koʻp jihatdan yanada yomonlashdi. Sizdan foydalanishlarini, sizni sharmanda qilishlarini istamayman. Sizlar Xudoning ajoyib farzandisiz va Xudo sizni qizimni sevganimdan ham koʻproq sevadi. U sizga faqat yaxshilik tilaydi, men ham qizimga yaxshilik tilaganim kabi. Xudo sizdan birov foydalanishini yoki siz birovdan foydalanishingizi istamaydi. U siz uchun jinsiy va hissiy iffatni istaydi.
Oldingizda uzoq, ajoyib hayot turibdi. Uni siz uchun Xudo tayyorlab qoʻygan, agar iffatli boʻlib yashay olsangiz, u amalga oshishi mumkin.
Siz jinsiy iffat va poklik hech qanday qiymatga ega boʻlmagan madaniyat sharoitida ulgʻayayapsiz. Zamonaviy jamiyat har qanday yoʻl bilan erishish kerak boʻlgan bir lahzalik lazzat va zavqlarni hamma narsadan ustun qoʻyadi. Bazilaringiz bu qadriyatlarni allaqachon qabul qilgansiz. Siz qalbingizning tubida yaxshi va toʻgʻri deb bilgan gʻoyalardan voz kechgangiz. Siz ichki ovozga quloq solmay qoʻygansiz, u esa sizga oʻz pokligingizni saqlashingiz va oʻzingizni hurmat qiladigan va oʻz qadr-qimmatini biladigan shaxs sifatida yashashingiz kerakligini doim aytadi. Balki siz yigitlarning jinsiy shilqimliklariga qarshilik qilmay qoʻygandirsiz, balki oʻzingiz ham tajovuzkor boʻla boshlagandirsiz.
Ehtimol, siz yosh yigitlarga tegajogʻlik qilayotgandirsiz va jinsiy axloqingiz bilan Xudoni, oilangizni va oʻzingizni sharmanda qilayotgandirsiz. Agar shunday boʻlsa, ushbu kitob sizni sogʻayish yoʻliga yoʻnaltiradi va Xudo bilan yarashish uchun yana bir imkoniyat beradi. Agar siz iffatli boʻlsangiz, u sizga oʻzingizni, obroʻyingizni va Xudo siz uchun xohlagan turmush tarzini qanday himoya qilishni oʻrgatadi. Ikkalamiz ham ushbu kitobni oʻqib chiqishingizni va bu yerda muhokama qilinadigan Xudoning haqiqatlariga muvofiq yashashingizni soʻraymiz.
Hammuallifim Shennonning murojaatini oʻqishdan oldin, men sizga oʻz davrimdagi yoshlar bilan nima sodir boʻlganini aytib bermoqchiman. Hammamiz ulgʻaydik, lekin hammamiz ham aqlli boʻlib qolmadik. Soʻnggi oʻn yil ichida madaniyatimiz juda oʻzgardi. Internet, televidenie, kino va reklamalar, afsuski, ayollarni oxir-oqibat istemol predmetiga aylantirib qoʻydi. Ilgari yoshlar oʻz shahvoniy hirslarini qizlar yordamida qondirgan boʻlsalar, endi ularni istalgan joyda: reklama taxtalarida, ichki kiyimlarni reklama qiluvchi bukletlarda, maxsus jurnallarda, kabel televideniesi orqali, soni ikki milliondan ortiq boʻlgan pornografik saytlarda koʻrish mumkin boʻlgan shahvoniy suratlar yordamida qondirmoqdalar... Ular rasmlarga - haqiqiy hayotni soxtalashtirishga mukkasidan ketishgan. Qayoqqa qarama, huzur-halovat obekti boʻlgan ayolni koʻradi. Menga ishoning, bugungi kunda erkaklar koʻpincha ayollarga ularning koʻngil ochishi uchun moʻljallangan istemol buyumi sifatida qarashadi. Erkak kishi uchun ayolga boʻlgan qarashini oʻzgartirish va uni toʻgʻri tomondan koʻrish juda ogʻir. Koʻpchilik bir umr shu bilan kurashadi.
Yigit kishi pornografiyani qanchalik koʻp koʻrsa, unga va ochiqdan-ochiq shahvoniy xarakterga ega boʻlgan boshqa tasvirlarga qanchalik tez-tez murojaat qilsa, u shunchalik chuqurroq kirishga intiladi. U, buning hech qanday yomon joyi yoʻq, erkak zoti shunaqa, hamma shunaqa qiladi, deb oʻzini ishontirmoqchi boʻladi. U oʻziga-oʻzi: "Bu mutlaqo normal holat!" yoki "Bu kimga ham zarar etkazardi?" - deydi va ayni paytda uning etibori atrofidagi haqiqiy ayollardan tobora uzoqlashib, maqsadi va manosi har qanday yoʻl bilan jinsiy lazzatni taminlash boʻlgan beqaror, xayoliy dunyoga tobora chuqurroq shoʻngʻiydi. Koʻpgina erlar va afsuski, koʻpincha masihiylar ham bundan mustasno emas! Ular muntazam ravishda jinsiy lazzat va uyatning shaxsiy dunyosiga qamalib oladilar. Koʻpchilikni nikohdagi jinsiy munosabatlar qoniqtirmay qoʻyadi, chunki ular allaqachon oʻzgaruvchan madaniyatimiz taklif qilayotgan jinsiy aloqa tushunchasi bilan zaharlangan.
Koʻp erkaklar bu zararli doiradan chiqishni xohlashadi, lekin buni qanday qilishni bilmaydilar. Fred Stoker va men erkaklarga orzu qilingan ozodlik yoʻlini koʻrsatish va ularga oʻzlari bilan boʻlgan kurashda gʻalaba qozonishga yordam berish maqsadida "Har bir erkakning kurashi" nomli kitob yozganimizga yaqinda uch yil toʻladi. U katta mashhurlikka erishdi va bugungi kungacha bestsellerlar roʻyxatida qolmoqda. Otalar uni oʻqib, oʻgʻillari ham shunday kitob oʻqishini xohlashdi, shuning uchun Fred Stoker va men "Har bir yigitning kurashi" kitobini yozdik. U bestsellerlar roʻyxatida ham oʻz oʻrniga ega boʻldi. Fred ikkovimiz yoshlardan yuzlab xatlar ola boshladik. Ularda bu kitob ularning jinsiy aloqa va ayollarga boʻlgan qarashlarini oʻzgartirgani va biz yozganimizdek, pok jinsiy hayot kechirishni xohlashlari aytilgan edi.
Oʻshanda mana bunday voqealar sodir boʻla boshladi. Bizga ayollardan xatlar kela boshladi. Ularda oʻzlari uchun ham jinsiy iffat haqida kitob yozilishini istashgan. Ular ham Xudoning meyorlariga muvofiq yashashni istashardi. Keyin "Har bir ayolning vasvasasi" kitobining oʻquvchilari qizlariga biror narsa yozib berishni soʻrashdi. Shunday qilib, Shennon va men qoʻlingizdagi kitobni yaratishga qaror qildik. Umid qilamizki, u sizning jinsiy aloqangiz haqidagi ochiq suhbatga boʻlgan ehtiyojingizni qondiradi va sizni Xudoning yoʻlidan chalgʻitishga intiladigan madaniyat sharoitida yashashni oʻrgatadi.
Oldingizda jiddiy ish turibdi, sizning xavfsizligingiz va kelajagingiz uning natijasiga bogʻliq. U nimadan iborat? Siz jinsiy hayotingizni boshqa barcha tarkibiy qismlari bilan muvaffaqiyatli bogʻlashingiz kerak. Biz juma kuni kechqurun - yakshanba kuni ertalab jamoatga borganingizda qanday boʻlsangiz, shunday boʻlishingizni istaymiz. Biz kattalar oldida oʻzingizni namunali masihiy deb koʻrsatishingizni, yigitlar davrasida esa oʻzingizni butunlay boshqacha tutishingizni istamaymiz. Ikkiyuzlama hayot yaxshilikka olib kelmaydi: u faqat xoʻrlik, aybdorlik, koʻpincha umidsizlik hissini uygʻotadi.
Biz buni sizga ravo koʻrmaymiz. Biz sizning sogʻlom jinsiy hayot kechirishingizni istaymiz. Jinsiy aloqa - Xudo yaratganidek ajoyib narsa ekanligiga ishonishingiz uchun va uni toʻliq his qilish uchun turmush qurishni kutish juda muhimdir. Oʻzingiz bilan yolgʻiz qolganda ham, boshqa odamlar bilan muloqotda ham oʻzingizni xotirjam va ishonchli his qilishingizni, uyat yoki aybdorlik hissini sezmasligingizni tilaymiz. Biz sizga faqat yaxshilik tilaymiz va umid qilamizki, ushbu kitobni oʻqib, siz yangi, yaxshiroq hayotga intila boshlaysiz, uni topasiz va undan zavq olasiz.
Originally published in English under the title: EVERY YOUNG WOMAN'S BATTLE
By Shannon Ethridge & Stephen Arterburn Copyright © 2004 www.spasenie.org
Published by WaterBrook Press a division of Random House, Inc. ISBN 1-932247-99-8
12265 Oracle Boulevard, Suite 200 Colorado Springs, Colorado 80921 USA
Russian edition B© 2008 Hope of Salvation Mission PO Box 5022, Vancover WA 98668 USA
#книги #искушениекаждойдевушки @lyubovneperestayot искушение каждой девушки







































































































































