Kitob O'zbek tilida (Audiokitob) - Geri Chepmen. Sevgi hayot tarzi sifatida
Mundarija
So‘z boshi
1 bob. Birinchi qism. Biz nega sevishni xohlaymiz? Sevgidagi hayot chuqur qoniqish tuyg‘usini beradi
2 bob. Ikkinchi qism. Sevgining yettita siri. Ezgulik. Hayot quvonchini o‘zing uchun emas, balki boshqalar uchun kashf etgin
3 bob. Sabr-toqat. Boshqa odamlarning nomukammal ekanligiga ko‘nikkin
4 bob. Kechirim. G‘azabdan voz kech
5 bob. Xushmuomalalik. Atrofdagilarga xuddi do‘stlardek munosabatda bo‘lgin
6 bob. Itoatkorlik. Boshqa kishi qad rostlashi uchun sen engash
7 bob. Saxiylik. O‘zingni atrofdagilarga bag‘ishla
8 bob. Halollik. O‘zingni angla
9 bob. Uchinchi qism. Nikohda sevgini hayot timsoliga aylantir
10 bob. Bolalar bilan munosabatda sevgini hayot tarziga aylantir
11 bob. Ish faoliyatingda sevgini hayot tarziga aylantir
12 bob. Sevgi undovi
13 bob. Xotima
Asarning qisqacha mazmuni
Geri Chepmen - sevgi va munosabatlar masalasida butun dunyoga mashhur guru. Uning kitoblari 37 tilga tarjima qilingan bo‘lib, olamdagi millionlab kishilar hayotida haqiqiy burilish yasagan. “Sevgi hayot tarzi sifatida” - mushtariylar kutgan kitob. Bu asar “Sevgining beshta tili” bestsellerining mantiqiy yakunidir. Chepmen hayot bizni uchrashtiradigan barcha bilan uyg‘un munosabatlarni aqlli, erkin ruhdagi boshqaruv asosida qurishni taklif etadi. Test va topshiriqlar hayotingizni tubdan o‘zgartiradigan yettita xos xususiyatlaringizni rivojlantirishga yordam beradi. Mazkur kitob yordami bilan o‘zingiz baxtli bo‘libgina qolmay, balki boshqalarni ham baxtiyor etasiz.
Geri Chepmen G. Sevgi hayot tarzi sifatida
Uchinchi bob. Sabr-toqat. Boshqa odamlarning nomukammal ekanligiga ko‘nikkin
Kimki kutib tursa, ...ga ham xizmat qiladi
Jon Milton
Meni hamisha inson tabiatining namoyon bo‘lishi hayratda qoldiradi. Biz to‘xtash joyida qoldirgan mashinamiz sari borganimizda, o‘z avtomobillarini bizga tegishli joy ro‘parasida to‘xtatgan haydovchilardan doimo jahlimiz chiqadi. Nega ular biz o‘tib olgunimizcha bir necha lahza kutib turisholmaydi? Ammo o‘z shaxsiy avtomobilimiz bo‘lsa, yo‘l berishni aslo istamaydigan yo‘lovchilar g‘azabimiz manbaiga aylanishadi.
Yo‘llarda besabrlik tufayli juda ko‘plab voqealar yuz beradi. 2007 yilning iyul oyida Kaliforniya transport departamenti 138-trassani yopib qo‘ydi, negaki yo‘l yoqasida olib borilayotgan qurilish ishlari haydovchilarni qattiq g‘azabini qo‘zg‘atdi. Katta yo‘lni kengaytirish loyihasi qirq to‘rt million dollardan iborat bo‘lib, harakatlanish ko‘paygan bu yo‘lda halokatlar sodir bo‘lishini kamaytirishga qaratilgandi. Biroq qurilish ishlari haydovchilarga ko‘plab noqulayliklar keltirib chiqarishdi. Tezlikni pasaytirish zaruriyatidan jahllangan haydovchilar yo‘l qurilishi ishchilarini haqoratlab, turli xil buyumlarni ularga uloqtirishdi. Lekin ularning g‘azabi yo‘lning to‘liq yopilishiga sabab bo‘ldi. Endi haydovchilar aylanib o‘tish uchun qo‘shimcha yarim soat sarflashlariga to‘g‘ri kelardi, bu ahvol qurilish bitmagunicha davom etdi.
Biz, G‘arbda, sabr-toqatga o‘rganmaganmiz. Boshqaruvchi bizga topshiriq berganida, odatda shuni so‘raymiz: “Ishni qaysi muddatda yakunlash kerak?” Javob hamisha bir xil: “Hammasini kecha bajarib qo‘yish kerak edi”. Buning ma’nosi mutlaqo ayon - vaqtni behuda ketkazish kerak emas. Hammasini qilish kerak va tez bajarish kerak.
Biz shaxsiy hayotda doimo bir lahzadayoq mukofotlanishni kutamiz. Bizni hatto kompyuter yoqilganidan so‘ng ishga tushguncha o‘tadigan vaqtni kutish ham jahllantiradi. Biror narsani sotib olishga qurbimiz yetmasa, kredit kartalaridan foydalanamiz, garchi keyinchalik buning uchun ortig‘i bilan to‘lashga to‘g‘ri kelishini bilsak ham. Mabodo mahsulotlarni bizga tezroq yetkazib kelishsa, ko‘proq haq to‘lashga ham tayyormiz. Biz bir maromdagi toshbaqa tezligida sudralib yurmaslik uchun, katta tezlikda haydash ruxsat etilgan yo‘llardan yuramiz. Mabodo yo‘ldan chiqib ketsak, oldimizda turgan mashina sfetoforning yashil chirog‘i yonganida ham joyidan qo‘zg‘almasa biz shu zahotiyoq chorasizlikdan signal berishga tushamiz.
Agar biz texnikalar, mashina va buyumlarga shunchalik besabr bo‘lsak, odamlarga nisbatan toqatsizligimizdan hayron bo‘lish kerakmikan? Aslida odamlar bilan munosabatda sabr-toqat qilish g‘oyasi keng qamrovli. Sabr-toqat sevuvchi odam fe’l-atvorining asosiy yettita xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Faqat ongli ravishda sevishgina bizga dunyomizni yanada sabrli qilishga imkon beradi.
Men qanchalik sabr-toqatliman?
Keling, murakkab vaziyatlarda odamlarga nisbatan qanchalik sabr-toqatli (“s” javobi) ekanligingizni tushunish uchun kichik bir test o‘tkazaylik.
1. Yo‘limni kimdir kesib o‘tsa yoki navbatda turganimda oldinga suqilib kirsa, men...
a. Signal beraman, so‘kinaman yoki boshqacha tarzda o‘z g‘azabimni bildiraman.
b. O‘ylashimcha, ko‘rinishidan men nimanidir to‘g‘ri qilmaganman.
s. Chuqur nafas olaman.
2. Oxirgi marotaba birov bilan janjallashganimda, men ...
a. O‘zimni himoya qilishga o‘tib qichqirganman.
b. Shunchaki ketib qolganman.
s. Hamsuhbatimni diqqat bilan eshitganman.
3. Biror kishi ishonchimni oqlamasa, men...
a. Undan jahlim chiqadi.
b. U bilan aloqani uzaman.
s. Uni qanday rag‘batlantirish haqida o‘ylayman.
4. Yaqin insonim - tag‘in! - xatoga yo‘l qo‘yganida, men...
a. Undan boshqa narsani ham kutmaganimni aytaman.
b. Undan yuz o‘giraman.
s. Hatto uning hatti-harakatlarini oqlamasam ham, o‘z yordamimni taklif etaman.
5. Qachon biror narsa ko‘ngildagidek bo‘lmasa, men...
a. Shunchalik g‘azablanamanki, boshqa hech nimaga fikrlarimni to‘play olmayman.
b. O‘zimni butunlay ahmoq his qilaman.
s. Kechirim so‘rayman.
Biz hammamiz rivojlanamiz va o‘zgaramiz
Kreyg va Loren mahalliy qamoqxonadagi mahbuslarga maktub yozmoqchi bo‘lganlarida, ularning g‘amxo‘rliklaridan ta’sirlangan mahkuma ayollardan biri kelgusida o‘z uyining eshigini ular uchun ochib qo‘yishini tasavvur ham qilishmagandi. Ular xat orqali Rebekka bilan tanishib, bu ayol o‘z mashaqqatlarini hal qilishga urinayotgan yaxshi inson ekanligini tushunishdi. Uning hech kimi yo‘q edi.
Rebekka qirq yoshga yaqinlashib qolgandi. U to‘rt yildan buyon qamoqxonada edi. Ayolni qurilish kompaniyasidan pul o‘g‘irlagani uchun sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etishgandi. Kreyg va Loren Rebekkaning ahvolidan xabar olib turadigan bo‘lishdi va ayol bu ikkalasiga juda bog‘lanib qoldi. Rebekkani bu er-xotinlar uyidan yarim soatlik masofada joylashgan yengilroq tartibdagi muassasaga o‘tkazishganida, ular ayolning durust hayotga qaytishga tayyorlanishiga, o‘zini ta’minlay olishi uchun ish topishiga yordam berishga qaror qildilar.
Bu oson emasdi. Er-xotinlarning bir necha bora hafsalalari pir bo‘lgan. Rebekka ko‘p marotaba Kreygga yig‘lab qo‘ng‘iroq qilgan. U tozaliik ishlarini eplay olmagan, so‘ngra ogohlantirmay ofitsiantlik ishni tashlagan, keyin esa unga buning uchun ruxsat berilmagan bo‘lsada, o‘ziga mobil telefoni sotib olgan. Oxir-oqibat, Kreyg va Loren uni kotibalik vazifasiga joylashtirganlarida, ayolning jazavasi qo‘zg‘ab turganligi bois rahbariyat ishdan bo‘shatib yubordi.
Garchi keyingi safar qolgan muddatni o‘tashi uchun qamoqxonaga qaytarib yuborishlari haqida takror-takror ogohlantirgan bo‘lsalarda, Rebekka amalda barcha qoidalarni buzardi. Va baribir, u tuzalish yo‘liga o‘tishni aslo eplay olmadi. Kreyg va Loren u bilan gaplashishdi, uni ko‘ndirishdi. Bu er-xotinlar Rebekkaning hayotida ishtirok etishga tayyor ekanliklarini uning o‘zi bilishini istashardi.
“Ochig‘ini aytganda, bizga juda og‘ir bo‘ldi, - deydi Loren. - Biz uni juda murakkab sevgi bilan sevdik. Biz uning rost-yolg‘on gapirayotganini ham, navbatdagi ish joyida qolish-qolmasligini bilmasdik”.
Har holda Rebekkani muddatidan avval ozod etishganida, er-xotinlar bu ayolni bir yildan buyon yaxshi bilishardi. Va Rebekka o‘ziga kvartira topgunicha, ular uni o‘z uylariga qabul qilishdi.
“Biz uning to‘g‘ri yo‘l tutishni istayotganini ko‘rib turardik, - deydi Loren, - va u katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Faqat uning intilishlarigina bu ishni tashlamaslikka bizni undardi. Muddatidan avval ozod etilgach, ayol xuddi akvariumda yashayotgandek hayot kechirdi. Bittagina noto‘g‘ri harakat qilsa bas, barcha bu haqda xabar topardi. Men o‘zimdan so‘radim: “Xo‘sh, agar meni har bitta xatoim uchun jazolashganida nima bo‘lardi?” Uning zaif jihatlari biznikidan ko‘ra ancha jiddiy edi, lekin biz uni inson sifatida rad etmay, xatolarini tushunib, tuzatishga yordam berishni xohlardik”.
Kreyg va Loren ulkan sabr-bardoshni namoyon etishdi. Ular har bir odam asta-sekin rivojlanishini bilishardi. Hayot - seni o‘zing xohlagandek inson bo‘lishingga asta-sekin aylantiradigan jarayon. Men bu kitobni shuning uchun ham yozdimki, odamlar o‘zgaradi va ulardan ko‘pchiligi hozirgiga qaraganda ko‘proq sevimli bo‘lishni istashadi. Garchi hech qaysimiz atrofdagilarning bizga toqat qilishlariga arzimasakda, munosabatlarda sabrimizni namoyon etib, biz o‘zimizga va boshqalarga har bir odamning yaxshi tomonga o‘zgarishi mumkinligini eslatib turamiz.
Sabr-toqat: odamning nomukammal bo‘lishiga imkoniyat berish mahorati
Barchasi munosabatga bog‘liq
Sabr-toqat turlicha munosabatlarda turlicha namoyon bo‘ladi. Buyurtmamizni adashtirib qo‘ygan ofitsiant ayolga nisbatan o‘zimizni bosiq saqlash hamda qizimizning kechki ziyofatdan qaytishini kutish o‘rtasidagi sabr-toqat bir-biridan farq qiladi, albatta. Ammo hayotimizning bitta jabhasida sabr-toqatning namoyon bo‘lishi bizga boshqa jabhalarda ham sabrli bo‘lishimizga yordam beradi.
Bu borada menga eng yoqadigan misollardan biri Florens Naytingeylning hayoti hisoblanadi. Florens badavlat oilada tug‘ilgan bo‘lib, betashvish hayot kechirishi mumkin edi. Biroq bu qizaloq ulg‘ayganidan so‘ng hayotini qo‘shni qishloqlardagi bemorlar ahvolidan xabar olishga bag‘ishladi. U Londonda salomatlikni yaxshilash yuzasidan har taraflama targ‘ib qildi. Florens 1845 yilda yaqinlarining e’tirozlariga qaramay, hamshira bo‘lishga qaror qilganini bildirdi. 19-asrning o‘rtalarida bu kasb yomon nom qozongan bo‘lib, oliy tabaqadagi qizlarga to‘g‘ri kelmaydi deya hisoblanardi. Florens esa o‘zini bunga da’vat etilgan deya hisoblardi. U hamshiralik ishini qunt bilan o‘rgandi va o‘sha davrlardagi ijtimoiy muammolarni hal qilishga bo‘lgan qiziqishi doimo ortib bordi.
Naytingeyl 1854 yilda o‘ttiz sakkiz hamshiradan iborat guruh tuzib, Qrim urushi davrida yaralanganlarga yordam berish uchun Turkiyaga yo‘l oldi. Bu yerda uni noumidlik kutib turgandi. Britaniyalik shifokorlar uning o‘zi ham, hamshiralari ham kerak emasligini aytishdi. Florens ana shunda xonalar polini qondan tozalashga ruxsat berishlarini talab qilib turib oldi. Oradan o‘n kun o‘tgach, katta guruh yaradorlar kelishdi. Faqat ana shundagina Florens va uning dugonalariga o‘z bilimlarini amalda sinab ko‘rishga ruxsat berishdi.
Naytingeyl ishlashiga xalaqit bergan odamlarga ham, o‘zi yordam beradigan kishilarga ham sabr-toqat yondashardi. Askarlar uni yaxshi ko‘rishar va “chiroq tutgan xonim” deya atashardi, negaki u tunlari bilan yaradorlarni parvarish qilardi. U askarlar nomidan xat yozib berar, uylariga jo‘natma yuborardi. Florens harbiy shifoxonada o‘qish zalini tashkil etdi. Bundan tashqari, shifokorlarning qarshiligi va noroziligiga qaramay, hamisha sanitar-gigiyenik sharoitlarni yaxshilashga harakat qildi. Uning betinim ishi va gigiyenaning muhimligi minglab hayotlarni asrab qoldi. U keyinchalik o‘zining “Hamshiralik ishi yuzasidan qaydlar” nomli mashhur kitobini yozdi, unda ayolning mijozlariga nisbatan kuzatuvchanligi va ziyrakligi aks etgan bo‘lib, bu o‘sha davr uchun anchayin xos bo‘lmagan holat edi.
Florens Naytingeylning faoliyati hamshiralik kasbining xususiyatini o‘zgartirdi va Qizil Xoch jamiyatining tuzilishiga olib keldi. Florens odamlarni sevish va ular hayotini qutqarishni bilardi. U o‘zining nuqtai nazariga qarshi chiqqanlarga nisbatan sabr-toqatli edi. U harbiy shifoxonalardagi vaziyatni darhol o‘zgartira olmasdi, ammo vaqti kelib og‘ir mehnati va g‘amxo‘rligi mijozlariga o‘z samarasini keltirishini bilardi.
Bitta jabhadagi sabr-toqat barcha jabhalarda sabrli bo‘lishga yordam beradi.
Faqat sabr-toqatga ega bo‘libgina, inson uzoq yillar mobaynida o‘z faoliyatini qat’iy ravishda olib borish mumkin. Biz ijtimoiy sharoitlar yaxshilanishi uchun kurashamizmi yoki bankda notanish odam bilan muloqot qilamizmi bundan qat’iy nazar, agar sabr-toqatimiz yetarli bo‘lsa, yo‘limizda uchragan har bir kishini yuqori darajada sevib qolishimiz mumkin. Keling, sabr-toqatni egallash va uni kundalik hayotda muvaffaqiyatli qo‘llashga yordam beradigan ikkita asosiy omilni ko‘rib chiqaylik.
Umid so‘zlari
O‘zimizni atrofdagilar qanday qabul qilishlarini istasak, ularni ham xuddi shu tariqa qabul qilishimizda sabr-toqat namoyon bo‘ladi. Odamlar - qilingan ishning aniq natijalarini kutish mutlaqo tabiiy bo‘lgan mashinalar emas. Har kunlik munosabatlarning qizg‘in pallasida barcha odamlarning turlicha hissiyotlarga, fikrlarga, istak va hayotga o‘ziga xos nuqtai nazarga ega ekanliklarini unutib qo‘yamiz. Har bir kishi qaror qabul qilishga qodir. Sabrli bo‘lish - hatto insonni qaroriga qo‘shilmagan holda ham sevish demakdir.
Bizdagi afzal xususiyatlar hammaga ham tushunarli emas. Biz har qanday munosabatlarda inson omili ishtirok etishini tushunishimiz lozim. Mazkur omilni boshqa odamlarga qandaydir talablar qo‘yayotganimizda e’tiborga olish zarur. Aks holda besabr odamlar bo‘lib qolaveramiz va odamlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga aslo yordam bermaydigan sabrsizligimizni shu tariqa ko‘rsatgan bo‘lamiz.
O‘n sakkiz yoshli yigitning otasi menga shunday dedi: “Men o‘g‘limning kollejda o‘qishini istagandim, lekin u yil bo‘yi sayohat qilib yurishni afzal ko‘rdi. U bunga mablag‘ni qayoqdan topganini bilmayman va sayohat unga qanday yordam berishi mumkinligini ham tushunmayman. Biroq uning tanlovini hurmat qilaman”. Men o‘g‘lining qarorini qalbining tubida qabul qilmagan bo‘lsada, ulkan sabr-toqat ko‘rsatgan bu odamni yuqori baholadim. Boshqa bir mijozim, yaqinda turmushga chiqqan ayol nikohining dastlabki ikki yilida erining asabini doimo qayrab kelganini aytdi, negaki uyda ish juda ko‘p bo‘lsada, eri dam olish kunlarini deyarli uxlab o‘tkazarkan. “Men endi tushunyapman, - dedi menga o‘sha ayol, - unga erkinlik kerak bo‘lgan ekan. U bo‘sh vaqtlaridan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanmoqchi bo‘lgan. Nazarimda, u kunning eng yaxshi vaqtini behuda o‘tkazadi, lekin unga xuddi shu kerak ekan. Endi esa men hovlida shunchaki biror ishni boshlab, o‘zi oldimga kelishini kutaman”.
Hammamiz ham doimo o‘zgarib turamiz - ba’zan yaxshilik sari, ba’zida yomonlik tomon. Agar bu jarayonni anglay olsak, qarindoshlarga, hamkasb va do‘stlarga nisbatan yanada sabrli bo‘lishimiz mumkin, hatto ular ayni paytda biz xohlagandek yo‘l tutamasalar ham. Agar biz ularning qarorlarini hurmat qilsak, ularga ijobiy ta’sir ko‘rsatishimiz ehtimoli juda yuqori bo‘ladi. Biz boshqa odamlarni nazorat qilishimiz kerak emas. Bir-birimizga faqat ta’sir ko‘rsatishimiz mumkin. Sabr-toqat ijobiy ta’sir o‘tkazish mumkin bo‘lgan muhitni yaratadi.
Sabr-toqatning kuchini angla
Va mana endi hayotga va odamlarga nisbatan sabr-toqatni hosil qilishga yordam beradigan ikkinchi omilni ko‘rib chiqishga ham yetib keldik. Sevuvchi odam fe’l-atvorining har qanday boshqa xususiyatlari kabi, sabr-toqat odamlarni o‘zgartiradi. Sizga Ezopning “Shimol shamoli va Quyosh” masalini eslatib o‘tmoqchiman. Mana uning mazmuni qanaqa.
Shamol va Quyosh kim kuchli ekanligi haqida bahslashib qolishibdi. Shunda ular yo‘l yoqalab kelayotgan yo‘lovchini ko‘rib qolishibdi. Quyosh aytibdi: “Men bahsimizni hal qiladigan usulini topdim. Kim yo‘lovchining ustidagi po‘stinini tezroq yechishga majbur qilsa, ikkalamizning oramizda kuchlisi ana o‘sha bo‘ladi. Sen boshlay qolgin”. Quyosh bulutlar orasiga yashirinibdi, Shamol esa bor kuchi bilan yo‘lovchi tomon esishni boshlabdi. Biroq Shamol qanchalik kuchli esgani sayin, yo‘lovchi po‘stiniga shunchalik o‘ranib olaveribdi. Oxir-oqibat Shamol orqaga tislanibdi. Shunda bulutlar orasidan Quyosh chiqib kelibdi. Quyosh nurlaridan qizib ketgan yo‘lovchi po‘stinini yechibdi (2).
Qadimiy masalni odatiy insoniy munosabatlar bilan taqqoslash mumkin. Keskin, qattiq so‘zlar boshqa odamlar bilan aloqalarni faqat buzadi va sevuvchi odamga xos bo‘lmagan harakatlar qilishga undaydi. Faqat sabr-toqatli, sodiq sevgi do‘stona munosabatlar, nikoh va ish yuzasidan aloqalarning xususiyatini o‘zgartirishi mumkin.
Sabrim chidamay, o‘zimni boshqarolmagan holda rafiqam Kerolaynni nohaq ayblagudek bo‘lsam, men uning do‘stiga emas, balki dushmaniga aylanaman. Kerolaynning javob harakati mutlaqo tabiiy: u yoki dushmani bilan jang qiladi yoxud undan qochib qoladi. Mojaromiz oqibatida hech kim yutib chiqmaydi, aslida er-xotin o‘rtasida boshqacha munosabatlar lozim bo‘lsada, buning teskari holati yuz bergani bois ikkalamiz ham aziyat chekamiz. Biz har qanday holatda ham ijobiy yondashuv imkoniyatlarini yo‘qotamiz. Men o‘zimni vazmin tutib sabr-toqat ko‘rsatganimda va o‘z xavotirimni sevuvchi turmush o‘rtog‘iga xos tarzda ravon, xotirjam ifoda etganimda, yaxshi munosabatlarimizni asrab qolishga va rafiqamga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga muvaffaq bo‘laman.
Sabr-toqatning kuchini isbotlaydigan yana bir misolni qarab chiqaylik. Kerol shifoxonada hamshira bo‘lib ishlardi. Hech qaysi hamshira Bredli xonimga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni istamasdi. Ayolning qovurg‘asi singan bo‘lib, u hamshiralarni ketma-ket iltimoslari bilan bezor qilib yuborgandi. Uning uchun goh sovuq, goh issiq bo‘lib ketar, gohida ichimlik suvi so‘rar, ba’zan tana haroratini noto‘g‘ri o‘lchashgan bo‘lib chiqar, goh to‘shakni qayta yozish kerak bo‘lardi... uning chaqiruv chirog‘i har ikki daqiqada yonib qolaverardi. Uning oldiga qarindoshlari kelishganda esa, bu shifoxonada uni qanday yomon davolashayotganlari haqidagi uzluksiz shikoyatlarni eshitishlariga to‘g‘ri kelardi.
“Uning iltimoslarini qondirishga bir urinib ko‘ring”, - dedi tungi hamshira navbatchilikni Kerolga topshirayotganida. Kerol bemordan yashirinish o‘rniga unga nisbatan sabr-toqatli bo‘lishga qaror qildi. Kerol o‘z zimmasiga tushayotgan yanada kattaroq og‘irlikka qaramay, Bredli xonim aytmasidan avvalroq uning ehtiyojlarini qondirishga qaror qildi.
“Bredli xonim, suv ichishni istamaysizmi?” - so‘rardi Kerol palataga bosh suqib. Oradan besh daqiqa o‘tardi: “Qulay yotibsizmi, Bredli xonim?” Yana besh daqiqadan so‘ng: “Bredli xonim, balki quyosh nuridan bahra olishni istarsiz? Pardalarni ochaymi?” Va nihoyat: “Bugun tushlikni o‘z vaqtida berishdimi?”
Bredli xonim dastlab har besh daqiqada chaqiruv chirog‘i tugmasini bosib turdi, ammo kun yarmiga kelib Kerolning e’tibori unga xush kela boshladi. U yordamga chaqirmay qo‘ydi, negaki Kerol tez-tez uning oldiga kelib qanday yordam kerakligini so‘rab turardi.
“Biz uni mijg‘ov kampir deya hisoblagandik, ammo o‘ylashimcha, u shunchaki yolg‘iz qolishni istamagan, - deydi Kerol. - Men uning yolg‘izlikdan qo‘rqishini tushundim. Men uni unutib qo‘ymasligimni tushungach, kampir xotirjam bo‘lib qoldi”. Kerolning sabr-toqati Bredli xonimni bir shaxs sifatida baholashga yordam berdi va bemor asta-sekin o‘zini xotirjam his qildi.
Kerol kechga borib juda charchadi, ammo qoniqish hissini tuydi. Kechki ovqatdan so‘ng Bredli xonimning oldiga o‘g‘li kelganida, bemor a’lo kayfiyatda edi. “Bu hammasi Kerol tufayli, - dedi kampir. - U shifoxonadagi eng yaxshi hamshira”.
Albatta, bizga nisbatan sabr-toqatli bo‘lgan kishilarga sabrli bo‘lishimiz ancha oson. Biroq besabr odam bilan munosabat o‘rnatishdan bo‘yin tovlaganimizda, biz sabr-toqatning kuchini anglash imkoniyatini yo‘qotamiz. Biz murakkab vaziyatlarda sabr-toqat odamni o‘zgartirishga qodir ekanligini hayrat bilan tushunib yetamiz, lekin buning uchun odamni chinakamiga sevish zarur bo‘ladi.
O‘ZLASHTIRISH ZARUR BO‘LGAN KO‘NIKMALAR
Kimdir sizga nisbatan besabrlik bilan munosabatda bo‘lsa, bu imkoniyatdan o‘zingizda sabr-toqatni namoyon etish uchun foydalaning.
Harakatdagi sabr-toqat
Sabr - bu aslo harakatsizlik degani emas. Men qichqiriq va haqoratlarni toshdek qiyofa bilan tinglab, so‘ngra bir so‘z aytmay xonadan chiqib ketgan odamlarni bilaman. Bu sabr-toqat emas, balki oddiy harakatsizlikdir. Bu ashaddiy xudbinlik. Tosh qiyofali odam hamsuhbatining holatiga kirishni istamaydi.
Sabr - bu boshqa odamga qaratilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik. Bu hamsuhbatning qalbida nimalar kechayotganini tushunish, hamdardlik bilan tinglashga tayyorlik. Bunday jarayon vaqt talab qiladi va tabiiy ravishda sevgini namoyon etadi. Sabr - bu kimdir senga yoqimsiz gaplarni aytayotganida xotirjamlikni saqlash mahorati. Sabr-toqat shunday deydi: “Sen nimalar demagin va nimalar qilmagin, senga e’tiborli bo‘laman. Men seni tashlab, ketib qolish o‘rniga oldingda qolaman va tinglayman”.
Tinglashni o‘rgan
Kerin bundan ko‘p yillar avval eri bilan janjaldan so‘ng sabr qilishga o‘rganganini so‘zlab beradi. O‘shanda ularning bolalari hali juda kichkina bo‘lishgan. Janjalning sababi shuki, Kerinning eri Stiv yangi ishidan doimo soat besh yarimda kelishini aytgan, ammo deyarli har kuni soat oltida kelavergan.
Kerin Stivning bunday majburiyatsizligi mayda-chuyda ekanligini o‘ziga uqtirgan, lekin besh yoshga to‘lmagan ikkita bolasi bor har qanday ona sizga kun yakunidagi yarim soat juda uzoq vaqtga aylanishini aytadi. Stiv yana bir safar kechikib qolganida, Kerinning jahli chiqdi. “Nazarimda, sen meni aldayapsan!” - dedi u ko‘z yoshlarini oqizib.
Stiv o‘zini himoya qilish yoki bahslashish o‘rniga xotinining yoniga o‘tirib diqqat bilan tingladi. “Men seni aldamayapman, - dedi u, - lekin nega senga shunday tuyulayotganini tushunaman. Bilaman, seni aldashganda, bu rosa azob beradi. Juda afsus chekyapman”.
Stiv Kerinning his-tuyg‘ularini rad etmadi va xotin kishida erining o‘z vaqtida uyga kelishi uchun tug‘iladigan ehtiyojni ham kamsitmadi. U ko‘pincha ish kunining oxirida mijozlar qo‘ng‘iroq qilib qolishini, ayniqsa biror kishi dunyoning soat vaqti boshqacha yuritiladigan qismidan telefon orqali bog‘langanida gaplashish imkoniyatini boy berib qo‘yishni istamasligini aytdi.
Stivning sabr-toqati Kerinni shashtidan tushirdi. Ayol Stiv uni aldashga urinmayotganini, shunchaki bu yarim soat xotiniga nega kerak ekanligini eri tushunmayotganini fahmlab qoldi. Kerin eriga nisbatan ko‘proq sabrli bo‘lishga qaror qildi. Shundan buyon o‘ttiz yildan ortiq vaqt o‘tdi, lekin Stiv har ish kunining oxirida xotiniga qo‘ng‘iroq qilib, ishda ushlanib qolishini va va’da qilgan vaqtidan kechikib borishini ma’lum qiladi. O‘zaro sabr-toqat bu juftlikning shaxsiy hayotda ijobiy o‘zgarishlar hosil qilishlariga imkon berdi.
Sabr - bu boshqa odamdagi norozilikning mavjud sabablarini aniqlash uchun uning sovuq munosabatini yoki haddan ziyod hissiyotlarini qabul qilishga tayyor bo‘lish demakdir. Sabr - bu hamsuhbatning so‘zlari jarohatlab xafa qilgan taqdirda ham uni tinglashda davom etish mahoratidir. Hamsuhbatning tuyg‘ularini tushunayotganingni va uni diqqat bilan tinglayotganingni ko‘rsatish lozim.
Dalillarni o‘rganib chiq
Barcha dalillarni yig‘ish uchun sabr-toqatli bo‘lmas ekansan, xush keladigan javobga erishishning iloji yo‘q. Bu esa boshqa odamning fikr va tuyg‘ularini yaxshiroq tushunishga yordam beradigan savollarni berishga tayyor turish kerakligini anglatadi.
O‘g‘lini yolg‘iz o‘zi o‘stirayotgan Maykl o‘ziga mashina sotib olib berishini talab qiladigan shu o‘smir bolasi bilan doimo tortishib qolardi. Oxir-oqibat Maykl so‘radi:
- Senga mashina sotib olib bermayotganim uchun seni men yaxshi ko‘rmaydigandek tuyulmayaptimi?
- Men tushunmayman, - javob qaytardi o‘g‘li Jeyson, - nega sizda mashina bor-u, menda bo‘lishi mumkin emas.
- Bu senga nohaqlikdek tuyulyaptimi?
- Barcha do‘stlarimning o‘z mashinalari bor!
- Ularning ota-onalari bolalarini men seni yaxshi ko‘rganimdan ziyod yaxshi ko‘rishadi deb o‘ylaysanmi? - so‘radi Maykl.
- Yo‘q, - dedi Jeyson. - Lekin nima uchun o‘z mashinamga ega bo‘lmasligimni tushunmayapman.
- Nima deb o‘ylaysan, nima uchun senga mashina sotib olmayapman?
- Hozir buni o‘zimizga ravo ko‘rolmasligimizni aytgandingiz.
- Fikringcha, men seni aldayapmanmi?
- Yo‘q. Ammo nima uchun buni o‘zimizga ravo ko‘rolmaymiz-a?
- Kel o‘tira qolaylik, men senga iqtisodiy ahvolimiz haqida aytib beray, - taklif etdi Maykl. - Men bu xarajatlarga nega qurbimiz yetmasligini senga ko‘rsatib beraman.
- Kerak emas, - rad etdi Jeyson. - Men sizga ishonaman.
Shunda Maykl so‘radi:
- Agar mashinang bo‘lganida, hozir senga imkonsiz bo‘lib turgan nima ishlar qilgan bo‘larding?
- Ellenni uchrashuvga taklif etardim.
- Ellen senga yoqadimi?
- U bilan uchrashmoqchi edim. Ammo uni mashinada aylantirishga ilojim bo‘lmasa, boshqacha tanishish usulini bilmayman
- Ehtimol, senga bu masalada o‘zim yordam berarman, - dedi Maykl.
Ular ikkiyoqlama uchrashuv yo‘llarini muhokama etishdi. Jeysonning katta yoshli bir og‘aynisi Mayklning mashinasini haydab borishi va ikkalasi birgalikda o‘z sevgan qizlarini kechki ovqatga taklif etishlari mumkin. Suhbat oxirida Jeysonning xursand bo‘layotgani sezilib turardi, endi Ellen bilan tanishish unga imkonsizdek tuyulmasdi.
Xullas, ikkinchi mashinaning yo‘qligi Maykl va Jeyson o‘rtasidagi munosabatlarga to‘siq bo‘lmadi, balki o‘zaro do‘stliklarini mustahkamladi. Maykl sabr-toqatni namoyish etgan holda o‘g‘lining nima xayolda ekanligini uzoq surishtirib aniqladi va to‘g‘ri javobni olishga erishdi.
O‘ZLASHTIRISH LOZIM BO‘LGAN KO‘NIKMALAR
Biror kishi achchiqlanganida, uni diqqat bilan tinglang. Faqat ana shundagina uning g‘azablanish sabablarini tushunishingiz mumkin.
So‘zlaringiz orqali sabr-toqatni namoyon eting
Shanba, oqshom, Chikagodagi O’Xara xalqaro aeroporti. Men bir guruh yo‘lovchilar bilan birga yozgi maydonning yopiq eshigi oldida o‘tirardim. Bu o‘sha kundagi bizning oxirgi reysimiz edi. Samolyotning uchishi yomon ob-havo tufayli kechiktirilgani e’lon qilindi. Ko‘chada rosmana bo‘ron quturar, yomg‘ir quyib chaqmoq chaqardi.
Yarim soatdan so‘ng reys yana bir qancha muddat kechishini bildirishdi. Yomg‘ir va shamol tinmasdi.
Oradan o‘n besh daqiqa o‘tgach yomg‘ir deyarli to‘xtab shamolning esishi pasaydi. Men bizni tezda samolyotga chiqishga taklif etishlarini taxmin qildim. Biroq soat 23:00da reys bekor qilinganini aytishdi.
Yonimda o‘tirgan bir erkak “bekor qilindi” so‘zlarini eshitgan zahoti, ustun yoniga borib qichqirdi:
- “Bekor qilindi” deb nimani nazarda tutyapsiz? Yomg‘ir to‘xtadi. Shamol pasaydi. Siz qanday qilib reysni bekor qilishingiz mumkin?
- Janob, bu mening qarorim emas, - xotirjam javob qaytardi ustunnning narigi tarafida qiz. - Bunday masalalarni men hal qilmayman...
- Lekin kimdir bizga bularning barini tushuntirishi kerak-ku! - uning gapini bo‘ldi erkak. - Bu masala ob-havoga bog‘liq emasligi mutlaqo ayon!
- Kechirasiz, janob, - dedi qiz. - Reys nega bekor qilinganini men bilmayman.
Erkak mag‘lub bo‘lganini tushunib so‘radi:
- Navbatdagi reys qachon bo‘ladi?
- Erta tongda, oltidan yigirma daqiqa o‘tganda.
- Erta tongda? Qanaqasiga erta tongda? Men ertagacha kutolmayman. Men uyda bugun bo‘lishim kerak! Yana qanday samolyotlar hozir uchadi?
- Bugun boshqa reyslar yo‘q, - javob qaytardi qiz.
- Xo‘sh, men endi nima qilay? Aeroportda tunaymanmi?
- Yo‘q, janob. Biz sizni mehmonxonaga joylashtiramiz.
- Mehmonxonaga? - qizishib ketdi erkak. - Men mehmonxonada tunashni istamayman. Uyga ketishni istayman!
- Bu holda siz aeroportda qolishingiz mumkin, janob. Yoki, agar istasangiz, politsiyani chaqirishim mumkin.
Politsiya haqida eshitgan erkak tinchlanib shunday dedi:
- Mayli, mehmonxonaga joylashishga roziman.
Qiz uning hujjatlarini to‘ldirib bo‘lganida, erkak tag‘in boshladi:
- Ishongim kelmaydi! Hatto yomg‘ir to‘xtaganida ham reysni bekor qiladigan qanday kompaniya o‘zi bu? Boshqa hech qachon uning samolyotlarida uchmayman!
Qiz unga hujjatlarini uzatib aytdi:
- Tashqariga chiqish eshigi oldida yuklaringizni ham olasiz. Ko‘chaning narigi tarafiga o‘tib, sizni mehmonxonaga eltib qo‘yadigan mikroavtobusga o‘tiring.
Erkak nimadir deya ming‘irlashda davom etgancha, bu yerdan ketdi.
Uning ketganidan so‘ng odamlardagi zo‘riqish holati yo‘qoldi, qolgan yo‘lovchilar tezda hujjatlarini olib, yuklarini olish uchun ketishdi. Chikagoda tunab qolish imkoniyati kimnidir xursand qilganiga shubham bor, biroq besabrlikni namoyon etgan erkak qo‘pollik va to‘polon bilan vaziyatni o‘zgartirib bo‘lmasligini bizga eslatdi. Shu voqeadan so‘ng yo‘lovchilar bir-birlariga o‘z sayohatlarida avval nimalar bo‘lganligini hikoya qilishga tushdilar. Oxir-oqibat barcha bu kabi bekor qilinishlar muqarrar yuz berishini va Chikagoda bepul tunab qolishdan xursand bo‘lishimiz kerak ekanligi haqidagi xulosaga keldilar. Albatta, har birimizning ham so‘rashga haqqimiz bor edi: “Nega bizning reysni bekor qilishdi?” Ammo hech kim bunday demadi. O‘ylashimcha, hamma yo‘lovchilar ustun ortida turgan bechora qizning asabi shundoq ham charchadi degan xulosaga keldi.
G‘azabni qanday boshqarish mumkin
Biz hammamiz ham o‘zimiz yoki boshqa birov sabr-toqat ko‘rsatmagan holda aytgan gaplarini boshqarolmay qolgan, aqllarni shoshirib qo‘yadigan zo‘riqish holatlariga tushganmiz. G‘azab ham bo‘lishi kerak, albatta. Biz vaqti-vaqti bilan oddiy bir sababga ko‘ra g‘azablanamiz: bizlardan hech qaysimiz mukammal emasmiz. Odamga og‘riq, g‘azab, umidsizlik va tushkunlik holatlari xos. Bunday hissiyotlarda yomon narsaning o‘zi yo‘q. Eng muhimi, biz ularga qanday munosabat bildirishimiz. Bizning qattiq, qo‘pol, nohaq gaplarimiz vaziyatni yomonlashtiradi, xolos. Biz sabr-toqat ko‘rsatganimizda, o‘z tuyg‘ularimiz bilan kelishib olish uchun vaqtga ega bo‘lamiz.
Sabr - bu aslo mojarodan qochish uchun hamsuhbatga barcha masalada “rozilik bildirish” majburiyati emas. Sabr - bu boshqa odamning harakati va tuyg‘ularini, fikrlarini tushunib olish maqsadida suhbat olib borish mahoratidir. Ehtimol, bunday hatti-harakat bizga yoqmas. Biroq hamsuhbatning qalbida va ongida nimalar kechayotganini tushungan holda, biz uning harakatlariga ko‘proq amaliy tarzda munosabat bildirishimiz mumkin. Gapirishdan avval tinglashni o‘rgangan holda, biz zarur, shifobaxsh so‘zlarni topamiz.
Ijobiy ohang
Siz bilan kechki soat oltida uchrashishga kelishgan qiz belgilangan vaqtda kelmagani uchun jahlingiz chiqadi. Ammo u nihoyat keladi - faqat yarim soatdan so‘ng. Xo‘sh, siz o‘zingizni qanday tutishingiz kerak? Unga ayblov yog‘dirish kerakmi? Yoki nima gapligini so‘rab eshitish ma’qulmi?
Nimalar bo‘lganini bilgach, sevgan qizingizning kechikish sababi uning betartibligi bilan bog‘liq ekanini tushunasiz. Nazaringizda, jahl qilish uchun to‘liq asosingiz bor. Lekin hattoki shu paytda ham tanlash huquqingiz bo‘ladi. Agar toqatsizlik qilinsa, odamga ayblovlar bilan tashlanish oson bo‘ladi. Lekin u hoynahoy so‘kinishni boshlaydi, siz janjallashib qolasiz va butun oqshomni noxushlik bilan o‘tkazasiz. Mabodo g‘azabni boshqacha tarzda, ya’ni sevuvchi odamga xos ravishda ifoda etmoqchi bo‘lsak, shunday deyish mumkin: “Tan olishim kerak, kechikib kelib juda jahlimni chiqarding va hafsalamni pir qilding. Ammo hordiq vaqtini buzishimiz kerak emas deb o‘ylayman. Bu haqda unuta qolaylik, yur, sayr qilib kelamiz”. Bundan javob harakati barbod bo‘lish arafasida turgan oqshomni saqlab qoladi. Siz o‘z tuyg‘ularingiz haqida ochiq aytdingiz, shu bilan birgalikda boshqa insonning nomukammal ekanligini e’tiborga olib, ijobiy so‘zlar topishga erishdingiz.
Qattiq so‘zlar hamisha zo‘riqish kayfiyatini keltirib chiqaradi. Sabr-toqat bizni hamisha sevgi boshqarishiga da’vat etadi.
Men yaqinda bu maslahatni amalda qo‘llab ko‘rish imkoniga ega bo‘ldim. Xotinim bilan kechki ovqatdan so‘ng u shunday deb qoldi:
- Azizim, bir oy avval Germaniyaga qilgan safaringni eslaysanmi?
- Ha, - javob berdim rafiqamning nimani nazarda tutayotganini tushunmay.
- Yodingdami, sen safarda bo‘lganingda to‘lovlarni men amalga oshirishim haqida kelishib olgandik?
-Ha.
- Men ayrim to‘lovlarni qildim, lekin bugun ertalab stol tortmasida yana bir dasta to‘lov so‘rovnomalarini topdim. Ulardan ayrimlarining muddati o‘tgan ekan.
Men xotinimga qarab jilmaydim va shunday dedim:
- Kerolayn, to‘lov hisob-kitoblari bilan shug‘ullanganing uchun rahmat. Men qolganlari bilan o‘zim shug‘ullanaman, qarzdorlikni yopib ustamasini to‘layman.
Kerolayn jilmaydi. Biz ikkalamiz ham qarzdorlikni yopish meni bezovta qilayotganini va buning uchun ancha vaqt va kuch sarflashga to‘g‘ri kelishini bilardik. Avvalgi paytlarda men buning uchun xotinimga ayblovlarni yog‘dirib tashlagan bo‘lardim, biroq sabr-toqat ajoyib oqshomni buzmasligimga izn berdi. Men sabrli bo‘lishni va ijobiy so‘zlar topishni afzal ko‘rdim.
Har doimo bu kabi vaziyatlarda o‘zimizning tanlash imkoniyatimiz bo‘ladi. Biz keskin harakat qilish uslubini tanlashimiz yoki hamsuhbatni tushunish va foydali kuchga ega bo‘lgan so‘zni topish uchun uni eshitib olish maqsadida savollar berishimiz mumkin. Hech qachon kamchilik narsalarga qanoatlanib qolmaslik kerak.
Sabr-toqat samarasi
Biz o‘tgan bobda jamiyatimiz vaqtga qanday ahamiyat qaratayotgani haqida so‘z yuritgandik. Aksariyat hollarda biz puldan ham ko‘ra vaqtni ko‘proq qadrlaymiz. Sabr-toqat qilish masalasi tig‘iz ish jadvaliga teskari tushadi. Xo‘sh, sabr-toqat yalqovlikka yoki belgilangan muddatlarning buzilishiga olib borsachi? Biz barcha ishlarga ulgurish uchun zo‘rg‘a vaqt topamiz, agar odamlar bilan o‘zaro bog‘liqligimiz hozirgidan ko‘ra sekin davom etsa nimalar yuz beradi?
Asl sevgi atrofdagi barchani, jumladan hamkasblarni, mijozlarni va boshqaruvimiz ostidagilarni ham sevishga da’vat etadi. Biroq “sabr-toqat” “sekinlik” yoki “samarasizlik” ma’nosini anglatmaydi. Xo‘sh, sabr-toqatni va ishni belgilangan muddatda yakunlash zaruriyatini qanday qilib muvofiqlashtirish mumkin?
Ish sifati
His-tuyg‘ular, mojarolar va insoniy ehtiyojlar juda kam hollarda uyushgan bo‘ladi va buni kutishning hojati yo‘q. Biroq ularni ijobiy tarzda qayta ishlab chiqishni o‘rganish juda muhim. Biz sabr-toqatni namoyon etgan holda, insoniy munosabatlar ish tartibi va jadvallardan ko‘ra ancha muhim ekanligini ta’kidlagan bo‘lamiz. Uyda va ishda sabr-toqatni namoyon etib, munosabatlarni eng yuqori o‘ringa qo‘yganimizda ishlab chiqarish va mehnat sifatining keskin ortishi o‘zimizni ham hayratga soladi.
Bir menedjer ayol sabr-toqatni qanday o‘zlashtirib olganini hikoya qilib bergandi: “Ishxonadagi bitta yordamchimning betartibligi jahlimning qo‘zishiga sabab bo‘laverardi. Har oqshom bu haqda erimga aytib berardim. Erim bir safar shunday dedi: “Balki uning hayotida sen bilmaydigan nimadir yuz berayotgandir, bu esa uning samarali ishlashiga xalaqit berayotgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda uning o‘zi bilan gaplashib olsang bo‘lmaydimi?”
Ochig‘ini aytganda, bunday suhbatlarga vaqt sarflashni istamasdim, negaki o‘sha ayol menga sira yoqmasdi. Uni ishdan bo‘shatib yuborish men uchun osonroq edi. Biroq keyingi bir necha hafta mobaynida u bilan baribir gaplashib oldim - biz uning ish faoliyatidan ko‘ra shaxsiy hayoti haqida ko‘proq so‘z yuritdik. Gap bunday ekan. Bir kuni u bilan tushlik qilayotganimda o‘g‘lim haqida, o‘smir bolani tarbiyalash qanchalik og‘ir bo‘lishi xususida gap ochdim. Ana shunda bu ayol o‘zi ham giyohvand moddalarga ruju qo‘ygan o‘g‘li bois katta qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazayotganini aytib berdi. Men uning muammosini tushunib, kerakli so‘zlarni topib gapirdim. Keyingi oyda uning o‘g‘lini ko‘niktirish markaziga joylashtirishida yordam berdim.
Bularning hammasi bir yil avval bo‘lib o‘tgandi. Hozir bu ayol - mening eng yaxshi xodimlarimdan biri. Men odamlar ularni sevishganida va tushunganlarida, ancha yaxshi ishlay boshlashlarini his qildim. Erim o‘sha ayolni ishdan bo‘shatishdan avval gaplashib olishimni maslahat bergani uchun undan minnatdorman”.
Odamlar bilan munosabatlarda hech qachon shoshilish mumkin emas. Bu gaplashib olishimiz uchun shoshilinch ishlarni orqaga surishimiz lozimligini anglatmaydi. Biz shunchaki ongli ravishda o‘z harakatlarimiz va so‘zlarimizda odamlarga yuqori baho berishimiz lozim. Muvaffaqiyat - bu nafaqat yutuq, balki munosabat hamdir. Biz inson bilan munosabatda har safar g‘azab va jahlga erk bermasdan sabr-toqatimizni namoyon etganimizda, hamsuhbatimizning qadr-qimmatini yaxshiroq tushunamiz.
Sabr - bajarish mumkin bo‘lgan eng dono va samarali qaror.
Shoshqaloqlik haqida unut
CBS telestudiyasining sobiq prezidenti Endryu Xill o‘zining “Intiluvchan bo‘l - lekin shoshilma” kitobida basketbol bo‘yicha Jon Vudendan nimalarni o‘rgangani haqida yozadi. Vuden AQShdagi eng yaxshi murabbiylardan biri hisoblanadi. U o‘n ikki yil mobaynida o‘z jamoasini chempionatlarda o‘nlab g‘alabalarga olib bordi. Uning sobiq o‘yinchilari, shu jumladan Endryu Xill ham, Vudenning yoqtirgan jumlasini eslab turishadi: “Intiluvchan bo‘l - lekin shoshilma!”
Murabbiy Vuden tezkor harakatlarning muhimligini tushungan, lekin u shoshqaloqlikda kechirib bo‘lmas xatolar qilishning oson ekanligini ham juda yaxshi bilgan. Uning jamoasidagi har bir o‘smir o‘z maktabida yulduz bo‘lgan edi. Har biri raqibini yengishga qodirligini o‘zida his qilardi. “Sustlashish - bizning tabiatimizga xos emas. Barcha ham tez va shiddat bilan o‘ynashni xohlaydi”. Mana nima uchun murabbiy bor kuchi bilan bizni ozgina bo‘lsa ham sekinlashtirishga urinardi, - deb yozadi Xill. - Vuden boshqa narsalardan ko‘ra ko‘proq vaqtini aynan shu masalaga bag‘ishlardi”.
Xill o‘z murabbiyining asosiy qoidalarini basketbol maydonidan tashqaridagi hayotda qo‘lladi. Uning yozishicha, “shoshqaloqlik va betayin maqsadlar iqtidorli odamlarga har qanday joyda xalaqit beradi” (3). Biz shiddatkor dunyomizda nimadir qilishga diqqatimizni shunchalik jamlaymizki, buni qanday qilish kerakligini va kim o‘zar tezkorligida kimgadir beixtiyor shikast yetkazib qo‘yishimiz mumkinligini butunlay unutib qo‘yamiz.
Siz hatto hech kim bilan muloqotda bo‘lmasangiz ham, shoshqaloqlik odamlar o‘rtasidagi munosabatga hamisha ta’sir ko‘rsatadi. Siz hech qachon aeroportdagi eskalatordan tez yurib ketishga urinmaganmisiz? Ehtimol, eskalator oxiriga borganda paydo bo‘ladigan noqulaylik tuyg‘usi sizga tanish bo‘lsa kerak. Tana harakatga shunchalik o‘rganib qoladiki, tepadagi harakatsizlik bizga notanish va g‘alati bo‘lib tuyuladi. Agar siz kun bo‘yi shoshib yursangiz, do‘kondagi sotuvchi bilan muloqot qilishingiz uchun yoki uyga qaytganingizda oila a’zolaringiz bilan ahvol so‘rashingiz uchun o‘zingizni bosib olishingiz qiyin kechadi. Biz ongli ravishda sevganimizda, shoshqaloqlikning kerak emasligini va o‘zimizni to‘xtatib olishimiz mumkinligini anglaymiz. Ana shunday paytlarda biz uchun qadrli bo‘lgan insoniy munosabatlar yodimizga tushadi.
“Zefirli test”.
Bundan qirq yil avvalroq doktor Uolter Mishel Stenford universitetida bir jiddiy tadqiqot o‘tkazgan bo‘lib, u keyinchalik “zefirli test” deya nomlangan. Olim tadqiqot mobaynida to‘rt yoshli bolalarning oldiga zefir qo‘yib shunday degan: “Hozir sen bitta zefirni olishing mumkin, lekin men ishlarimni tugatib olgunimcha o‘n besh daqiqa kutib tursang, senga bundan ikkitasini beraman”.
Ayrim bolalar o‘z oldilaridagi zefirni darrov paqqos tushirishgan. Boshqalari bir necha daqiqa kutib, ular ham o‘z shirinliklarini yeb qo‘yishgan. Bu bolalarning taxminan uchdan bir qismi olimning qaytishini kutganlar va mamnuniyat bilan ikkitadan zefir olishgan. (Ulardan ko‘pchiligi kutish jarayonida qo‘shiq kuylashgan, o‘zlari bilan o‘zlari gaplashishgan, atrofga qarashgan, ko‘zlarini yumishgan yoki hatto uxlab qolishgan.)
Oradan o‘n to‘rt yil o‘tgach, doktor Mishel o‘sha bolalar bilan yana uchrashgan. Uning aniqlashicha, zefirni tezda yeb qo‘ygan bolalar qaysar, sabrsiz va tezda jahllanadigan bo‘lib ulg‘ayishgan. Ular hatto katta yoshga yetganlarida ham hozirgi kamroq ulushni keyin ko‘proq keladiganidan afzal ko‘rishadi. Ular kutishni istashmaydi.
Ikkita zefirni kutganlar esa o‘zlariga yuqori baho beradigan bolalar bo‘lib ulg‘ayishgan va o‘qish davomida yaxshi natijalar ko‘rsatishgan. Ularni ishonchga sazovor, jamiyatning jiddiy a’zolari deya hisoblashgan. Va ular balog‘at yoshida jiddiy maqsadlarini amalga oshirish uchun kutishga tayyor bo‘lganlar.
O‘sha mashhur “zefirli test” biz katta ahamiyatga ega bo‘lmagan, ammo jozibador tuyulgan narsalarga diqqat qaratishimiz kerak emasligini eslatib turadi. Biz xatoga yo‘l qo‘ygan qo‘l ostimizdagi kishilarga g‘azabimizni sochishimiz mumkin, ammo o‘sha odam xonamizdan chiqib ketgan zahotiyoq o‘zimizdagi ustunlik hissi yo‘qoladi. Biz boshqaruvimiz ostidagi kishiga nisbatan sabrli bo‘lsak, bu odamning nomukammal ekanligini juda yaxshi tushungan holda rivojlanishga erishamiz. Insoniy munosabatlarning istiqboli nafaqat unga, balki bizga ham muvaffaqiyat keltiradi.
Biz o‘zimizda sabr-toqatni yetishtirganimizda, muvaffaqiyat va yutuqlarga bo‘lgan imkoniyatlarimizni ham oshirgan bo‘lamiz. Bu olamni va odamlarni chinakamiga sevishga qaror qilganimizda, biz ayni palladagi eng muhim narsaga, zarur paytda esa sabr bilan kutishga o‘zimizni hozirlagan bo‘lamiz.
O‘zingga nisbatan sabrli bo‘l
Atrofdagilarga nisbatan sabr toqatli bo‘lgan holda biz o‘zimizga nisbatan ham sabr-toqatli bo‘lishimiz lozimligini unutmasligimiz kerak. Hattoki masala bor-yo‘g‘i o‘zimizda sabr-toqat ko‘nikmalarini hosil qilishga borib taqalganida ham, biz o‘zgaramiz. Menga mashhur psixoanalitik Erix Frommning ushbu jumlasi juda yoqadi: “Sabr-toqat nima ekanligini tushunish uchun, bolaning yurishga qanday o‘rganayotganini kuzatishning o‘zi yetarli. U yiqiladi, yana yiqiladi va baribir harakat qilishda davom etadi. Har kuni uning mahorati oshib boraveradi va bola ajoyib kunlardan birida yiqilmasdan yurib ketadi. Agar katta yoshli odam go‘dakning sabr-toqatiga va bolaning kerak narsaga diqqatni jamlash qobiliyatiga ega bo‘lsa, qanday natijalarga erishishi mumkin edi?” (4).
Bizlardan ko‘pchiligimiz doimo zo‘riqish holatini his qilamiz. Bunday zo‘riqish katta javobgarlik, pul yoki vaqt yetishmasligi, salomatlikning buzilishi va shaxsiy munosabatlarning qovushmaganligi bois yuzaga kelishi mumkin. Zo‘riqishning manbai qanday bo‘lmasin, bu kabi vaziyatlarda biz odatdagidan ko‘ra ko‘proq sabrsizlik ko‘rsatishga moyil bo‘lamiz. Biz perfeksionistlarga aylanamiz: barchasini o‘z vaqtida va to‘g‘ri qilishni istaymiz. Muvaffaqiyatsizlikka uchraganimizda, jahlimiz qo‘ziydi va o‘zimizni xayolan koyishni boshlaymiz: “Shunday qilganimga o‘zim ishonmayman! Nega bunchalik ahmoq bo‘ldim-a? Nega buning uchun ko‘proq vaqt sarflamadim? O‘taketgan ahmoq ekanman”. Bu kabi ichki suhbatlar rivojlanishimizga yordam bermaydi. Aksincha, u bizni o‘z kuchimizga bo‘lgan ishonchdan mahrum qiladi.
Agar biz boshqa odamlarni chinakamiga sevishni istasak, o‘zimizga nisbatan sabr-toqatli bo‘lishimiz kerak.
Agar biz atrofdagilarga nisbatan sabrsiz bo‘lsak, eng avvalo, o‘zimizga nisbatan ham sabrsizlik qilgan bo‘lamiz. Biz xuddi o‘zimiz kabi, boshqa odamlarga ham yuqori talablar qo‘yamiz. Ko‘pincha bu talablar mutlaqo hayotiy asosga ega emas.
Xo‘sh, bunday vaziyatda nima qilish kerak? O‘zingizga beradigan baho o‘lchovini kamaytirish kerakligi haqida o‘ylamang. Faqat o‘zini rivojlantirish jarayonini muvofiqlashtirish kerak, xolos. Agar o‘z faoliyatingizdan qoniqmayotgan bo‘lsangiz, unda yaxshi jihatlarni topishga urinib o‘zingizdan so‘rang: “Bularning barchasidan men nimalarni o‘rganib olishim mumkin?” Biz sabr-toqat ko‘rsatgan holda, atrofdagilarga va o‘z-o‘zimizga hurmat bildirgan bo‘lamiz. Biz har bir muvaffaqiyatsizlik omad sari qadam bo‘lishi mumkinligini tushunamiz.
Sabr-toqatni rivojlantirish jarayoni
Odamlar o‘ta xudbin bo‘lganlari holda, odatda o‘zlariga yaxshiroq tuyulgan narsalarni gapirishadi va shunday ishlarni qilishadi. O‘zimizni asrash instinkti bizga og‘riq bergan odamga shu zahotiyoq javob qaratishga bizni undaydi. Biroq biz atrofdagilar bilan munosabatda har safar sabrsizlik ko‘rsatganimizda, sevgi namoyon etish imkoniyatidan o‘zimizni mahrum etamiz. Sabr-toqat katta ahamiyatga ega. Agar sabrsizlik insonning soxta “men”ga asoslangan tabiatining ajralmas qismi hisoblanib, tag‘in uzoq yillar mobaynida biz uchun odatga aylanib qolgan bo‘lsa, nima qilishimiz kerak?
Sabr-toqat - biz qoldirgan yaxshiliklar yomonlaridan afzalligini farqlab beradi.
Eski andazalarni buzib tashla
Juda ko‘p hollarda sabr-toqat sari yo‘l avvalgi muvaffaqiyatsizliklarni tan olishdan boshlanadi. Men atrofimdagi kishilardan sabrsizligim uchun kechirim so‘raganimda, ular hamisha meni kechirishga tayyor ekanliklarini payqadim. Kechirim - bu o‘z muvaffaqiyatsizligimizni tan olish usulidir. Men kechirim so‘raganimda, qilgan xatoliklarim menga rohat baxsh etmaganini va atayin shunday qilmaganim haqida tushuncha beraman. Men boshqa insonga azob berganimni tushunaman va u bilan samimiy sevgimni namoyon etish uchun munosabatlar ko‘prigini o‘rnatishga hamda kelajakdagi munosabatlarni rivojlantirish yo‘llarini ochishga tayyorman.
Biz o‘tmish yuklaridan qutulganimizda, sabrsizlikning eski andazalarini buzishimiz va ularni sevgi hamda sabr-toqat andazalariga almashtirishimiz mumkin. Eski andazalardan qutulishning yagona usuli - ularni aniqlab olishdan iboratdir. O‘zingizdan so‘rab ko‘ring: “Jahlim chiqqanida yoki kimdandir g‘azablanganimda men ko‘pincha bunga qanday munosabat bildiraman?” Shu savolga javob bering - ana shunda siz shaxsiy hayotingizda o‘zgartirishingiz zarur bo‘lgan salbiy andazalarni aniqlab olasiz.
Bir ayol tanishim yaqinda eri ishdan qaytayotganda chaqaloq uchun sutli qorishma sotib olishni unutib uyga kelganini menga aytib berdi. Ayol kun bo‘yi chaqaloq bilan vaqtini o‘tkazgan va eri ishini yakunlashi oldidan atayin qo‘ng‘iroq ham qilgan. U eridan do‘kon oldida to‘xtab, qorishma sotib olishini so‘ragan. “Erim buni unutib qo‘yganini aytganida, men so‘radim: “Bu haqda qanday qilib unutishingiz mumkin? Bu bolangiz borligini unutib qo‘yganingiz bilan barobar. Men kun bo‘yi vaqtimni bolaga bag‘ishlayman, siz esa urinishlarimni mutlaqo qadrlamayapsiz. Sizga biror masalada tayanib bo‘lmaydi”. Erim biror so‘z aytmasdan orqasiga burilib mashinasiga borib o‘tirgan va do‘kondan qorishma sotib olish uchun jo‘nab ketgan. U ketgach, aytgan gaplarim xayolimda qayta-qayta aylanaverdi. O‘zimga uqtirardim: “Sen doimo odamlarning xatosiga shunday munosabat bildirasan”. Men o‘zimni sevgi boshqarmayotganini bilib turardim. Men bu kabi so‘zlarni sabrli deb atash qiyin ekanligini bilardim. Men bu gaplar erim bilan munosabatlarimizga zarar yetkazishini bilardim. Men uni inson tariqasida pastga urganimni tushunib turardim. Erim qaytganida, unga ta’na qilganimdan afsusda ekanimni aytib, uzr so‘radim. Men unga o‘zim ham ba’zan nimalarnidir unutib qo‘yishimni aytdim. Unga o‘z g‘azabimni sochganimdan juda afsusda edim.
Keyingi yakshanba kuni jamoatga bordim va va’z o‘qish payti kelganida ruhoniy shunday boshladi: “Men bugun sizlar bilan g‘azab va jahlni qanday boshqarish kerakligi haqidagi fikrlarni baham ko‘rmoqchiman”. Men o‘z quloqlarimga ishongim kelmasdi. Ushbu va’z men uchun ekanligini bilardim va shu zahotiyoq yonimdan qalam-qog‘oz chiqardim.
Voiz hayotimni doimiylikka o‘zgartirib yuborgan ikkita ko‘rsatma berdi. Dastlab u shunday dedi: “Agar sen takabburliging tufayli nodonlik qilib, yomon ishlarni o‘ylagan bo‘lsang, qo‘ling bilan og‘zingni yopgin; negaki sutni kuvlash moy hosil qiladi, burunga berilgan turtki qon chiqaradi, xuddi shunday, g‘azabning qo‘zg‘alishi janjalga olib boradi” (5). U “og‘izni yopish” muhimligini ta’kidladi. Aytish lozim bo‘lmagan nimanidir gapirayotganingni sezganingda, gapirishdan to‘xta. Men bu so‘zlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tushunib, keyingi oylar mobaynida shu kabi vaziyatlarga duch kelganimda bir necha bora og‘zimni qo‘lim bilan yopdim. Shu tariqa o‘ylamay gapirish odatimdan qutuldim.
Ruhoniyning ikkinchi ko‘rsatmasi shunday bo‘lgandi: “Yumshoq javob g‘azabni bartaraf etadi, haqoratli so‘zlar jahlni qo‘zg‘aydi” (6). Buning ma’nosi shuki, odam hattoki jahllangan holatda ham ohista va xotirjam gapirishi lozim. Xotirjam nutq hamsuhbatning jahlini chiqarmaydi. Shu bois, og‘zimdan qo‘limni olganimda ohista va xotirjam gapirishga urindim. Va bu g‘azab hamda jahlga nisbatan javob harakatimni butunlay o‘zgartirib yubordi. Men o‘zimga yaxshi tomonlama yondashadigan bo‘ldim. Men ishonamanki, yaqinlarim va do‘stlarim hayotimda ro‘y bergan bu o‘zgarishni to‘g‘ri baholashdi”.
Bu ayol sabr-toqatni rivojlantirishning ikkita muhim qoidasini namoyish etdi.
1. Yillar mobaynida shakllangan eski andazalardan qutulish usullarini topgin. Ayrim odamlarga og‘izlarini berkitish odati yordam beradi. Boshqalar esa biror gap aytishdan yoki nimadir qilishdan avval uzoq vaqt aylanib kelishadi yoxud vaziyatga munosabat bildirishdan oldin xonadan bir necha daqiqa tashqariga chiqishadi. Bir ayol jahli yoki g‘azabi qo‘ziganida gullarga suv quyishi haqida aytgandi. “Birinchi yozda men shunday yo‘l tutishga qaror qilganimda, - deydi u, - men o‘z petuniya gullarimni butunlay suvga bostirib yuborgandim”. Ammo nomuvofiq tarzda o‘zini tutishda davom etgandan ko‘ra, gullarni suvga bostirib yuborgan ma’qulroq. Eski odatlardan ongli ravishda qutulish va ijobiy o‘zgarishlarni egallashning ko‘plab usullari mavjud.
2. Salbiy harakatlarni ijobiysiga almashtir Bir ayol tanishimning ijobiy hatti-harakatlari ohista va xotirjam gapirish mahoratidan iborat edi. Men bolalari bilan muhim nimalarnidir aytayotganida shivirlab gapiradigan bir ayolni bilardim. Bolalar onasining gaplarini yaxshiroq eshitish uchun unga engashib olishardi. Agar u qichqirsa yoki odatdagi tarzda gapirsa, har holda, bolalari qo‘rqib ketgan yoki unga e’tibor qaratmagan bo‘lishardi. Ohista ovoz odamlarni tinglashga undaydi.
Kimdir aytishi kerak bo‘lgan yoki nimadir haqida so‘rashi lozim bo‘lganlarini yozib qo‘yishga odatlangan. Bu vaziyatni to‘g‘ri baholashga yordam beradi.
Bir erkak yangi odatlarni o‘zlashtirib olishida shunday bir usul yordam berganini menga aytib bergandi. U har bir suhbatni shu jumla bilan boshlagan: “Avvalambor sizga ishonishimni va munosabatlarimizni qadrlashimni bilib qo‘yishingizni istayman”.
“Bu jumla, - dedi tanishim, - qay tarzda suhbatlashmoqchi bo‘lganimni o‘zimga eslatib turardi, bundan tashqari, suhbatdoshimni yaxshi niyatda ekanligimga ishontirardi. Men darhol bir-birimizga mos keladigan qarorlar izlayotganimni va kimnidir xafa qilmoqchi emasligimni namoyon etardim”.
Voqelikni qabul qil
Sabr-toqatni rivojlantirish yo‘lidagi keyingi qadam - shoshqaloqlik vaziyatni o‘zgartirishga yordam bermasligini (ko‘pincha shaxsiy tajriba orqali) anglab yetmoqlikdir. Chikagodagi yo‘lovchi yomon va yoqimsiz gaplarni qanchalik gapirmasin, baribir mahalliy mehmonxonada tunab qolishiga to‘g‘ri keldi. Biz sabrsizligimizni haqoratli so‘zlar va salbiy hatti-harakatlarimiz orqali ko‘rsatishimiz mumkin, biroq barchasi aytilganida va qilib bo‘linganida, hammasi avvalgidek qolgani ma’lum bo‘ladi. Boshqa taraflama, salbiy javob harakatlarimiz atrofdagilarni xafa qilishi turgan gap, o‘zimiz esa noqulay vaziyatga tushib qolamiz. Eng muhimi, biz haqiqiy sevgini ko‘rsata olmaymiz. Sabrsizlik nafaqat behuda, balki sevgiga to‘lgan hayotimiz uchun vayronkor hamdir.
Muammolarning yechimi
Va sabr-toqatni egallash yo‘lidagi oxirgi qadam - muammolarga emas, balki qarorlarga e’tiborni jamlash mahoratidir. Eri qorishma sotib olishni unutib qo‘ygan ayol tanishim uning harakatlariga nisbatan o‘z munosabatini ko‘rsatdi. Biroq asosiysi erining parishonxotirligi emasdi... Eng muhimi, go‘dakni ovqatlantirish kerak edi. Erkakning mas’uliyatsizligiga e’tiborini qaratgan ayol asosiysi haqida unutib qo‘ydi. Agar u muammoni hal etish qaroriga o‘z diqqatini qaratganida, shunday deyishi mumkin edi: “Azizim, chaqalog‘imizning ovqati tugabdi. Men do‘konga borib kelgunimcha siz bolaga qarab turolmaysizmi yoki o‘zingiz borib kelganingiz ma’qulmi?” Garchi ayolning eri baribir ozuqa uchun o‘zi borsada, bu ahvolda u xotinining iltimosiga ijobiy yondashgan va o‘rtalaridagi munosabat qattiq so‘zlar bois shikastlanmagan bo‘lardi.
Sabr-toqat odamga emas, balki muammoga qaratiladi.
Salbiy his-tuyg‘ular boshqa odamning harakatlari yoki so‘zlari bilan bog‘liq bo‘lsa, muammo vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib qolmaydi. Muammo hal etilishga muhtoj. Sabr-toqat odam nomukammal bo‘lganida va shu bois muammolar tug‘dirganida ham odam bilan ixtilofga emas, balki shu muammolarga yechim topishda mujassamlanadi.
Sabr-toqat yo‘lidagi to‘siq: mag‘rurlik
Sabr-toqat yo‘lidagi asosiy to‘siq - bu mag‘rurlikdir. Lekin u qayoqdan paydo bo‘ladi? Mag‘rurlik juda tez-tez bizni atrofdagilarning harakatiga darhol munosabat bildirishga undaydi. Mag‘rurlik aytadi: “Men haqman, sen esa nohaq. Mening qanchalik dahshatli ekanimni bilib qo‘yishingni istayman. Mening haq ekanligimni sen tan olishing kerak. Men sabrli bo‘lolmayman, negaki bu taslim bo‘lishni bildiradi, sen esa bunga arzimaysan”.
Pulitser mukofoti sovrindori Uill Dyuran bir paytlar shunday degandi: “Boshqalar bilan qattiq gaplashish - atrofdagilardan ustun bo‘lishning g‘irrom usuli”. Biz bor-yo‘g‘i o‘zimizni yaxshiroq ko‘rsatishga o‘ylamasdan urinsakda, atrofdagilarni shoshqaloqlik bilan bergan tanbehlarimiz va jahl ustida lovullab ketishimiz bilan ko‘pincha kamsitib qo‘yamiz. Bizni e’tirof etishlarini, bizga nohaq yondashganlari bois hozir azobli va noxush holatda ekanimizni tushunishlarini istaymiz.
Agar insoniy munosabatlar mustahkam va halol bo‘lishini, tuyg‘ularimizni tan olishlarini istasak, sevgi yetakchiligida harakat qilmoq lozim. Ana o‘shanda biz xotirjam, hamsuhbatga hurmat bilan gapirishimiz mumkin. Ammo xudbinona jahlga berilib atrofdagilar bizni boshqa odamlardan ko‘ra “ustun” deya tan olishlarini istaganimizda biz mag‘rurlik boshqaruvida harakat qilamiz. Mag‘rurlik biz g‘azab qilayotgan odam ham o‘zimizdek qadr-qimmatli ekanligini tushunishimizga o‘rin qoldirmaydi. O‘zimiz ham boshqa har qanday odam kabi xatoliklarga yo‘l qo‘yamiz. Boshqa odamning ojizliklari va xatoliklariga qaysarlik bilan yopishib olgan holda, muammolarning yechimiga e’tiborni qaratish haqida unutib qo‘yamiz.
Sabr-toqat bizni hamisha haq bo‘lishimiz majburiyatidan ozod etadi. Sabr-toqat bizni quvonchdan mahrum etadigan xudbin istaklardan ko‘ra insoniy munosabatlarni yuqori qo‘yishimizga izn beradi.
Yangi dastur
Kerining to‘rt yoshli o‘g‘ilchasi Endryuda ko‘ksov kasalligi xuruji muntazam bo‘lib turardi. Dori-darmonlar va tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay, ba’zan qo‘zg‘algan xurujning o‘zi to‘xtashini shunchaki kutishdan boshqa iloj qolmasdi. Nafas yo‘llari bilan bog‘liq har qanday kasallikdan so‘ng yangi xurujlar yuzaga kelar va ota-ona o‘ta og‘ir holatga tushishardi: ular farzandning og‘riq va qo‘rquvdan qanday azoblanayotganini ko‘rib tursalarda, hozir hech nima bilan yordam berolmasdilar. Ana shunday daqiqalarda ulardan favqulodda sabr-toqat talab etilardi.
Kerining eri dissertatsiya ustida ish olib borardi. Ayol bu erining hayotidagi juda murakkab davr ekanligini tushunardi va Endryu shamollab qolmasligi uchun bor kuchi bilan harakat qilardi. Lekin harakatlar yordam bermadi: bolakay bronxit kasalligiga chalindi. Kasallik o‘pkaga ham o‘tdi. Bola zo‘rg‘a nafas olardi. U faqat onasining quchog‘ida tinchlanardi. Bola har necha daqiqada nafas olishga urinib, onasining ko‘ylagiga yopishib olardi. Go‘dak qisqa muddat uxlab qolganida, Keri hojatxonaga borish yoki yegulik tayyorlash uchun bolani sekingina yotqizib qo‘yardi. Endryu uyg‘ongani zahoti darhol qo‘rquvdan yig‘lab onasini chaqirardi.
Shu taxlitda o‘tgan navbatdagi yana bir kundan so‘ng Kerining o‘zi qichqirib yig‘lashga tayyor edi. Uyda o‘ta tartibsizlik hukm surardi. Tez orada maktabdan katta o‘g‘li kelib qolishi kerak. Kutubxonada kun bo‘yi zo‘r berib ishlagan eri kechqurun uyga qaytadi. Kerining uyida esa ertalab qanday vaziyat bo‘lsa, hozir ham xuddi shunday: ayol kun bo‘yi xo‘jalik ishlari bilan umuman shug‘ullanmadi, negaki faqat Endryu bilan ovora bo‘ldi. Hatto cho‘milib olishga ham vaqti bo‘lgan emas.
Keri ana shunda uxlayotgan o‘g‘liga qaradi: “Qancha oy yoki qancha yil uni parvarishlashimga to‘g‘ri kelarkan? - degan xayolga bordi. Biroq shundan so‘ng o‘ziga aytdi: - Har holda, bo‘g‘ilib qolsang juda azobli bo‘lsa kerak. Bu esa bor-yo‘g‘i bir kun, xolos. Faqat bir kun!” Ayol o‘z ustida ishlab, sabrli bo‘lishga qaror qildi - shu oqshomda, ertaga va ertadan keyin... Bu ahvol toki Endryu boshini ko‘tarib, Keridan pechene so‘ramagunicha davom etdi.
Keri bemor o‘g‘ilchasi bois hayoti barbod bo‘ladi deya hisoblamadi, aksincha farzandi o‘zining qo‘rquviga to‘rt yoshli go‘dak kabi munosabatda bo‘layotganini tushundi. Ayol jahllanish va nimagadir ulgurmay qolgani haqida o‘ylash o‘rniga, bolasini sabr-toqat bilan parvarishlashga qaror qildi. Uning o‘g‘li bilan munosabatlari har qanday rejalaridan ko‘ra muhimroq edi.
G‘azab va jahl Endryuning erkin nafas olishiga yordam bermasdi. Va o‘zini boshqarish xususiyati Keriga murakkab vaziyatda yordam berdi. Ayol chinakamiga sevuvchi inson uchun mutlaqo tabiiy bo‘lgan sabr-toqatni atrofdagilarga va o‘z-o‘ziga namoyon etishni uddaladi.
Hayotingizni burib yuborishi mumkin bo‘lgan murakkab vaziyatlarga duch kelganingizda bir o‘ylab ko‘ring, balki hayotiy dasturingizni o‘zgartirib, sabr-toqat hamda tushuncha asosida harakat qilish joiz emasmikan. Dastlab, bu sizga ilojsizdek tuyulishi mumkin. Ammo bir lahzagina sabrli bo‘ling-a, ana shunda hayotingizni qanday o‘zgarayotganini his etasiz. Sevuvchi inson fe’l-atvorining har qanday xususiyati kabi, sabr-toqat ham birin-ketin siz - toki yangi, g‘aroyib ko‘nikmani egallab olmaguningizcha - qaror qiladigan ongli tanlovingizdan boshlanadi.
Agar siz <...> munosabatlaringiz qanday bo‘lardi?
Barchaga, jumladan o‘zingizga ham muayyan vazifalarni bajaradigan mashina kabi emas, balki rivojlanayotgan shaxs kabi yondashsangiz munosabatlaringiz qanday bo‘lardi?
So‘zlaringiz va harakatlaringiz bilan vaqtga nisbatan munosabatlarni qadrlashingizni ko‘rsatgan bo‘larmidingiz?
Boshqa odamning tuyg‘ulari va fikrlarini tushunish uchun uni yetarli darajada uzoq tinglay olarmidingiz?
Qattiq, noxush so‘zlardan o‘zingizni tiyib, ohista gapirishni o‘rganarmidingiz?
Aybdorlarni emas, balki muammolarning yechimini topishga diqqatingizni qaratgan bo‘larmidingiz?
Siz haqingizda gaplashamiz
Muhokama va mulohaza uchun savollar
1. Bizning madaniyatda sabrsizlik ko‘rincha qanday ko‘rinishda namoyon bo‘ladi?
2. Nima deb o‘ylaysiz, jamiyatimiz so‘nggi yuz yil davomida ko‘proq sabrli bo‘ldimi? Nega boshqacha emas, aynan shunday degan fikrdasiz?
3. Siz sabr-toqatli munosabat insonni yaxshi tomonga o‘zgartirgan holatlarga qachon duch kelgansiz?
4. Biror kishiga nisbatan sabrsizlik qilganingizni eslab ko‘ring. Siz bu odamning so‘z va harakatlariga qanday munosabat bildirgan bo‘lardingiz? Sabrsizlik qilishga sizni nima majbur qilgandi?
5. Siz o‘zingizga nisbatan sabrlimisiz? Nima uchun? Qachon oxirgi marotaba o‘zingizga nisbatan besabrlik qilgansiz?
6. Sizga nisbatan biror kishi sabrli munosabatda bo‘lgan ikki-uchta misol keltiring. Bu odamning harakatlari sizga qanday ta’sir ko‘rsatgan?
Foydali maslahatlar
1. Shu haftada o‘zingizga, turmush o‘rtog‘ingizga, bolalaringizga yoki boshqa yaqin kishilaringizga qay tariqa sabrli munosabatda bo‘lganingizni eslab ko‘ring. Shu haftada kimning gapiga amal qilishingiz lozim edi?
2. O‘tgan hafta qachon suhbat davomida o‘zingizni tutolmay qolganingizni eslab ko‘ring. Siz nima degandingiz? Bu hamsuhbatingiz bilan munosabatlaringizga qanday ta’sir ko‘rsatdi? Agar so‘zlaringiz munosabatlaringizni buzgan bo‘lsa, xatolaringizni tan olish va shu odam oldida kechirim so‘rashga tayyormisiz? Agar shunday bo‘lsa, buni imkon qadar tezroq amalga oshiring.
3. Varaqchaga quyidagi jumlalarni yozib olib, hafta mobaynida har kuni hech bo‘lmasa bir marotabadan o‘qib boring.
Odamlar mashina emas. Ularda menda bo‘lganidan a’lo darajadagi fikrlar, his-tuyg‘ular, istaklar va taassurotlar bo‘lishi mumkin.
Odamlar menga xos ustunliklarga muvofiq tarzda harakat qilolmasliklari mumkin. Ularning hayotiy dasturlari menikidan farq qilishi mumkin. Men boshqa odamlarning qarorini hurmat qilishim kerak.
Odamlar doimo o‘z ustidan ishlashib, rivojlanib borishadi. Men ularning ruhan ulg‘ayishlari uchun vaqt berishim kerak.
Mening sabr-toqatim atrofdagilarga yordam berish uchun yanada unumdor muhit yaratadi.
Аудио Книга на Узбекском языке: Любовь как образ жизни (Гэри Чепмен) 2020г
Описание книги: Гэри Чепмен – признанный во всем мире гуру в вопросах любви и отношений. Его книги переведены на 37 языков и совершили настоящий переворот в жизни миллионов людей во всем мире. «Любовь как образ жизни» – книга, которую ждали. Это логическое завершение бестселлера «Пять языков любви». Чепмен предлагает мудрое, ненавязчивое руководство по построению гармоничных отношений со всеми, с кем сталкивает нас жизнь. Тесты и задания помогут вам развить семь личных качеств, которые кардинально изменят вашу жизнь. С помощью этой книги вы не только сами станете счастливее, но и сделаете счастливыми других.