Kitob O'zbek tilida (Audiokitob) - Geri Chepmen. Sevgi hayot tarzi sifatida
Mundarija
So‘z boshi
1 bob. Birinchi qism. Biz nega sevishni xohlaymiz? Sevgidagi hayot chuqur qoniqish tuyg‘usini beradi
2 bob. Ikkinchi qism. Sevgining yettita siri. Ezgulik. Hayot quvonchini o‘zing uchun emas, balki boshqalar uchun kashf etgin
3 bob. Sabr-toqat. Boshqa odamlarning nomukammal ekanligiga ko‘nikkin
4 bob. Kechirim. G‘azabdan voz kech
5 bob. Xushmuomalalik. Atrofdagilarga xuddi do‘stlardek munosabatda bo‘lgin
6 bob. Itoatkorlik. Boshqa kishi qad rostlashi uchun sen engash
7 bob. Saxiylik. O‘zingni atrofdagilarga bag‘ishla
8 bob. Halollik. O‘zingni angla
9 bob. Uchinchi qism. Nikohda sevgini hayot timsoliga aylantir
10 bob. Bolalar bilan munosabatda sevgini hayot tarziga aylantir
11 bob. Ish faoliyatingda sevgini hayot tarziga aylantir
12 bob. Sevgi undovi
13 bob. Xotima
Asarning qisqacha mazmuni
Geri Chepmen - sevgi va munosabatlar masalasida butun dunyoga mashhur guru. Uning kitoblari 37 tilga tarjima qilingan bo‘lib, olamdagi millionlab kishilar hayotida haqiqiy burilish yasagan. “Sevgi hayot tarzi sifatida” - mushtariylar kutgan kitob. Bu asar “Sevgining beshta tili” bestsellerining mantiqiy yakunidir. Chepmen hayot bizni uchrashtiradigan barcha bilan uyg‘un munosabatlarni aqlli, erkin ruhdagi boshqaruv asosida qurishni taklif etadi. Test va topshiriqlar hayotingizni tubdan o‘zgartiradigan yettita xos xususiyatlaringizni rivojlantirishga yordam beradi. Mazkur kitob yordami bilan o‘zingiz baxtli bo‘libgina qolmay, balki boshqalarni ham baxtiyor etasiz.
Geri Chepmen G. Sevgi hayot tarzi sifatida
Ikkinchi qism. Sevgining yettita siri
Ikkinchi bob. Ezgulik. Hayot quvonchini o‘zing uchun emas, balki boshqalar uchun kashf etgin
Hech bir yaxshi ish, u qanchalik kichik bo‘lmasin, behuda ketmaydi.
Ezop
“Men hayot chizig‘idan tashqarida bo‘lib qolgan odamlar uchun shu ishlarni qilaman, - deydi Silviya. - Jeymsni ilk bora ko‘rganimda, salomlashish uchun o‘zimda kuch topishimga to‘g‘ri keldi. U shunchalik ozib-to‘zigan ediki, qusib yuborishimga oz qolgandi”.
Ellik yoshdan oshib qolgan Jeyms aksariyat vaqtini shirakayf uyquda yoki ichkilikbozlik bilan o‘tkazardi. Uning o‘z uyi yo‘q edi, ammo mahalliy boshpana ichkilikbozlarni qabul qilmasdi. Jeyms bir og‘aynisi bilan shahar istirohat bog‘ida tunab qolishga majbur bo‘lardi. So‘ngra esa u Silviyaning ishxonasida ishlay boshladi. Bu joyni unga qashshoqlikdan qutulib chiqishga erishgan sobiq uysizlar tavsiya etishgandi. Mehnatsevar, serg‘ayrat kampir Silviya har safar ishxonada bo‘lganida Jeyms bilan muloqotda bo‘lishni o‘ziga odat qilib olgandi. Jeyms unga o‘z oilasi, o‘z hayoti haqida so‘zlab berdi. Ular deyarli do‘stlarga aylanishdi. Jeyms Nyu-Meksikaga bormoqchi ekanligini aytganida, Silviya unga ishonmadi: kaksa ayolning nazarida ular boshqa uchrashmaydigandek tuyuldi. Ammo uch oydan so‘ng Jeyms shu xabar bilan qaytdi: unda saraton xastaligi aniqlangan bo‘lib, onasi bilan xayrlashgani borgan ekan, lekin ona uni haydab yuboribdi. Va mana, qo‘rquvga tushgan va yolg‘iz holda, u yana o‘sha shaharga qaytib keldi.
“U qanchadir vaqt g‘arib bir mehmonxonada yashadi, negaki o‘zini yaxshi his qilgani bois kasalxonaga olishmagandi, - eslaydi Silviya. - Ammo bir necha oydan so‘ng davlat kasalxonasiga tushib qoldi”. Jeymsni ko‘rgani qarindoshlari kelmagani bois, Silviyaning o‘zi uning ahvolidan xabar olib turdi. Jeymsning salomatligi yomonlashdi. U o‘zining bolalik xotiralari, narigi dunyoni qanday tasavvur qilishi haqida gapirib berdi. Silviya va Jeyms o‘lim bilan bog‘liq qo‘rquv va umidlarni erkin muhokama etishdi. Silviya bir necha oy mobaynida qaramog‘idagi odamning qanday o‘layotganini kuzatib turdi. Jeymsga dahshatli og‘riqlar azob berardi. U mutlaqo zaif bo‘lib qolganida, Silviya uning qo‘lidan tutib qo‘shiq kuylab berardi. Bu keksa ayol uning o‘lim to‘shagi oldida turgan yagona inson edi.
“Men o‘zimni mehribonman deya hisoblaganimni eslay olmayman, - deydi u. - Men faqat shunday qilish kerakligini tushunardim, xolos. Men unga e’tibor qaratib, suhbatlashardim. Bizning dunyoda yolg‘iz odamlar juda ko‘p. Jeyms bunday azoblarga loyiq emasdi”.
Ezgulik - bu boshqa odamlarni payqash va ularning ehtiyojlarini tushunish mahoratidir. Bu mahorat har bir odamni qadrlaydi. Sevuvchi odam fe’l-atvorining barcha xususiyatlariga monand ravishda, ezgulik bizga tuyulganidan ko‘ra ancha oson va qudratlidir.
Ezgulik mening odatimga aylandimi?
Ushbu testlarni bajarayotganda, o‘zingiz uchun mutlaqo odatiy bo‘lib qolgan so‘z va harakatlardan foydalaning. Siz sevuvchi odam uchun har bir savolga ko‘proq mos tushadigan javob “s” ekanligini tezda payqab olasiz. Biroq samimiy bo‘lish va hozir qanday bo‘lsangiz, o‘zingizni ana shu tarzda tushunish juda muhim. Faqat ana shundagina chindan sevishni o‘rganishingiz mumkin.
1. Jamoat joylarida, masalan, kiyim-kechak do‘konida, men...
a. Yo‘limda to‘qnash kelganlarni so‘kaman.
b. Imkon qadar kamroq miqdordagi odamlar bilan muloqot qilaman.
s. Har bitta imkoniyatda kimgadir tabassum qilganimdan quvonaman.
2. Biror kishiga vaqtimni va pulimni sarflab, o‘z manfaatlarimdan voz kechib yaxshilik qilishimga to‘g‘ri kelganida, men...
a. Bunday fikrni jiddiy qabul qilmay, rad etaman.
b. Agar buning uchun taqdirlanishimni bilsam, qurbonlik qilishga tayyorman.
s. Nima qilish kerakligini hisoblab chiqaman va qo‘limdan kelganicha hammasini bajarishga urinaman.
3. Biror kishi menga yomonlik qilsa, men...
a. G‘azablanaman.
b. Imkon qadar shu odam bilan muloqot qilmaslikka urinaman.
s. Unga yaxshilik qilish imkonini izlayman.
4. Shanba kuni xayriya tadbirlari bo‘lishini bilgach, men...
a. Meni taklif etmasliklariga umid qilaman, negaki boshqalarga nisbatan menda bo‘sh vaqt ancha kam.
b. Shaxsan ishtirok etmasligimdan o‘zimni gunohkor his qilaman.
s. O‘zim yashayotgan hududda shu kabi tadbir o‘tkazishning imkoniyatlari haqida o‘ylayman.
5. O‘zimdek kiyinmagan yoki men kabi o‘zini tutolmaydigan odamni ko‘rib, men...
a. O‘zimning ustunligimni his qilaman.
b. Undan nari bo‘lishga harakat qilaman, negaki uning yonida o‘zimni noqulay his qilaman.
s. Qandaydir yordam berishga urinaman, negaki u meni nimagadir o‘rgatishi mumkin.
Sevgi kaliti
Bolaligimda meni va do‘stlarimni yakshanba maktabida bir-birimizga mehribon bo‘lishga o‘rgatishardi, ammo guruhimizdagi barcha ham yaxshi bola bo‘lavermagan. Ulardan ayrimlari toki o‘yinchoqlarini kimdir olib qo‘ygunicha, chizgan suratlarini buzib tashlagunicha yoki favvoraga itarib yuborgunicha yaxshi bo‘lib turardi. Shunda ular mehribonlikni unutib, yana oddiy xudbinlarga aylanishardi. Ularning bu hatti-harakatlari atrofdagilarga shunday degandek bo‘lardi: “Menga xalaqit berma va narsalarimga teginma”. Ayrim bolalar uchun mehribonlik umuman xos emasdi. Umuman olganda, men bilan birga o‘sgan bolalar o‘zlariga mehribon bo‘lganlarga yaxshi munosabat bildirishardi. Ularga nohaq yoki shafqatsiz yondashgan kishilarning esa bolalardan yaxshilik kutishiga umid qilmasa ham bo‘lardi. O‘z tajribamga asosan aytishim mumkinki, kattalar bolalardan deyarli ko‘p farq qilishmaydi. Xotini eriga mehribon bo‘lib turganida, er ham mehribon. Xotin mazali tushlik tayyorlayotgan bo‘lsa, er chiqindilarni tashlab kelishga tayyor. Xotini muloyim bo‘lib turgan paytda, er ham muloyim. Ammo er nohaqlik yoki yomonlikka duch kelib qolganida, nimalar yuz beradi? Bir erkak boshidan o‘tganlarini menga aytib berdi: “Men xotinimga nisbatan qo‘pol edim, hamisha uning g‘oyalarini tanqid qilardim, u ahmoqona gaplarni aytishini ta’kidlardim. Bir safar unga qichqirib, u haqidagi fikrlarimning hammasini aytdim. Xotinim nari ketdi, men esa televizordan futbol ko‘rishni boshladim. Oradan yarim soat o‘tgach, u buterbrodlar, chipsi va koka-kola idishi qo‘yilgan patnisni ko‘tarib kirib keldi. Xotinim patnisni tizzamga qo‘yib aytdi: “Men sizni sevaman”. U chakkamdan o‘pib xonadan chiqib ketdi. Men o‘tirgancha o‘yladim: “Bu noto‘g‘ri. Bunday bo‘lishi mumkin emas”. Men o‘zimni o‘ta ablah odamdek his qildim. Uning mehribonligi meni larzaga soldi. Men patnisni stolga qo‘yib, oshxonaga bordim va kechirim so‘radim”.
Bu ayol asl sevgining mehrini namoyon etdi va uning mehribonligi erining qalbini yondirdi.
G‘alati holat shundan iboratki, ezgulik hayot tarzi sifatida nafaqat atrofdagilarga, balki o‘sha insonning o‘ziga ham ulkan quvonch olib keladi. Biz nima bo‘lishidan qat’iy nazar mehribonlik ko‘rsatganimizda, hayotimiz qanchalik o‘zgarayotganini darhol payqaymiz.
Ezgulik: munosabatlarni mustahkamlash uchun boshqaning ehtiyojini o‘z manfaatlaridan ustun qo‘yish qobiliyatidan quvonish.
Kichik ishlarning katta ahamiyati
Kafe burchagidagi stol atrofida to‘rt ayol to‘planishdi. Ular g‘aznadan ko‘zni uzmagan holda, laqillashar va kulishardi. Ular ertalab pul tashlashib, mana shu kafening sovg‘a kartasini sotib olishgandi. “Iltimos, bu kartadagi pullar tugamagunicha barcha mijozlarning to‘lovini ana shu karta orqali amalga oshiring”. So‘ngra esa bu xonimlar bir-birlari bilan muloqotdan va qahvani mutlaqo haq to‘lamay ichish mumkinligini to‘satdan bilib qolgan mijozlarning yuz ifodasidan lazzatlanish uchun stol atrofiga joylashib olishdi. O‘sha ayollar sovuq shanba tongida mahalliy sport klubida bolalarga va ularning ota-onalariga qaynoq shokolad tarqatishdi. Ular dasta-dasta binafsha gullarini sotib olib, qariyalar uyiga olib borishdi. Bu ayollardan birida, Marsida bod kasalligi aniqlanganida, u bemor holida nabiralarga qarashib turishida charchab qolmasin deya, Marsining uyini oyida bir marotaba tozalab turishi uchun bir ayolni yollashdi Bu ayollarning harakatidagi meni ko‘proq ta’sirlantirgan holat ularning kutilmagan joylarda mehribonlik ko‘rsatishga hozir bo‘lganliklari emas, balki shunday ish tutayotganlari bois o‘zlarida his qilayotgan quvonchlari edi. Ular atrofdagilarni sevishadi, negaki sevgiga erishish uchun sevish - bu oliy quvonch ekanligini bilishadi.
O‘ZLASHTIRISH LOZIM BO‘LGAN ODAT
Atrofdagilar sizga va boshqa odamlarga qay tarzda mehribonlik ko‘rsatayotganini kuzating. Ezgulik o‘zaro aloqalarning va munosabatlarning tuzilishini qanday o‘zgartirayotganiga e’tibor qarating.
Ezgulikni anglash yo‘lidagi asosiy qadam - bu atrofdagi olamda bo‘layotgan yaxshi harakatlarni kuzatishdir. Juda tez-tez, asosan oilalarda, biz bunday harakatlarni bo‘lishi kerakdek qabul qilamiz. Kimdir tushlik tayyorlaydi, kimdir idish-tovoq yuvadi, lekin hech kim bu oddiy, ammo juda muhim ish uchun minnatdorchilik bildirmaydi. Kimdir sochiqni yuvadi, polni tozalaydi, oynani artadi va maysazordagi o‘tlarni qirtishlab chiqadi. Bularning hammasini oddiy xo‘jalik majburiyatlari deb qabul qilmaslik kerak. Bu er-xotinlik sevgisi namoyon bo‘lishining usuli. Biroq kim bunday mashg‘ulotni yuqorida tasvirlaganimiz kabi qabul qiladi?
Men ba’zan odamlardan kun davomida o‘zlari to‘qnash kelgan har bir yaxshilik ko‘rinishini yozib qo‘yishlarini so‘rayman. Mana bir erkak tomonidan menga taqdim etilgan ro‘yxat:
Men soat qo‘ng‘irog‘ini eshitmay qolganimda, ishga kech qolmasligim uchun xotinim meni uyg‘otdi.
Men o‘z garajimdan mashinamni haydab chiqqanimda, qarama-qarshi tarafdan kelayotgan mashina to‘xtadi va haydovchi qo‘li bilan o‘tib ketishimga ishora qildi.
Ishxonamga yetib kelganimda, yordamchim kompyuterimni yoqib qo‘ygan ekan.
Qahva ichmoqchi bo‘lganimda avtomatga tashlash uchun tangam qolmagan ekan, hamkasbim bir dollar qarz berib turdi.
Men tushlik qilishga yolg‘iz bordim, boshqa bo‘limda ishlaydigan ikkita xodim meni o‘z davralariga taklif etishdi. Biz juda ajoyib suhbat qurdik.
Kunduzi xaridorlarimizdan biri elektron xat orqali o‘z vaqtida uning buyurtmasiga ishlov berganim uchun minnatdorchilik bildirdi (hozirgacha shunday mazmundagi xatlarni olmayman).
Idoramizdan chiqayotganimda, qo‘riqchi menga eshikni ochdi.
Mashinamni qo‘ygan joyimdan haydab chiqayotganimda, boshqa mashinani boshqarayotgan ayol meni o‘z yo‘nalishiga o‘tkazib yubordi.
Uyga yetib kelganimda, itimiz mashinam oldida dumini silkitgancha meni kutib oldi.
Uyga kirganimda xotinim meni quchoqlab o‘pib qo‘ydi.
Xotinim kechki ovqatni tayyorlab qo‘ygan ekan. Qo‘llarimni yuvgach, minnatdorchilik belgisi sifatida unga yordamlashdim. Kechki ovqatdan so‘ng idish-tovoqlarni idish yuvadigan mashinaga joyladim.
Kechki ovqatdan so‘ng xotinim itimizni olib sayr qilishga ketdi, men o‘zimning elektron pochtamni ko‘rib chiqdim.
Xotinim bilan birgalikda yangiliklarni ko‘rdik.
Shundan so‘ng xotinim men bilan savdo markaziga men uchun ryukzak tanlashga birga jo‘nadi.
Uyqu oldidan meni o‘pib, sevishini aytdi. Bu ajoyib kun bo‘ldi.
Odamlar juda qisqa vaqt oralig‘ida ko‘plab yaxshiliklar sodir bo‘layotganini payqashlaridan o‘zlari hayron bo‘lishadi. Biz bu holatni anglab ularni qadrlashni o‘rganganimizda, o‘zimizda ham yaxshilik qilishga bo‘lgan istak ortadi. Biz yaxshi inson bo‘lishni istagan paytdan boshlab ezgu ishlar qilish imkoniyatini anglashimiz oson kechadi. Bunday imkoniyatlar uyda, ishxonada, do‘konda, biz bir-birimiz bilan muloqotda bo‘ladigan har qanday joyda bor. Yodimda, bir kuni ko‘ylagimni kirxonadan olishga bordim. Mashinam oldiga qaytganimda, ikkita yuk mashinasi chiqish yo‘limni qisib qo‘yishganini ko‘rdim. Shu bois mashinamni to‘xtash joyidan haydab chiqayotganimda yo‘ldagi harakatni ko‘ra olmasdim. Yonginamdan o‘tib borayotgan o‘rta yoshlardagi bir erkak nochor ahvolimni payqab qoldi. U yo‘lning ikkala tarafiga qarab, mashinamni haydab chiqishim mumkinligini ishora qildi. Men unga do‘stona qo‘l silkidim va: “Rahmat” dedim. Xayolga botdim: “Qanday yaxshi inson! U buni qilishga majbur emasdi. U yonimdan shunchaki o‘tib ketishi mumkin edi, lekin nochor vaziyatda turganimni ko‘rib yaxshilik ko‘rsatishga qaror qildi”.
Men hanuzgacha ikki yil avval bo‘lib o‘tgan bu voqeani eslayman. Bir insonning to‘xtab boshqa kishiga yordam berishga qilgan qarori meni ham ana shunday harakatlar qilishga ruhlantirdi. Inson munosabatlarida ezgulikning jozibasi ana shundan iborat: yaxshilikning bir marta namoyon bo‘lishi boshqasini yaratadi. Men sevuvchi odam uchun shart bo‘lgan fe’l-atvor xususiyatining ta’rifi uchun sevgining nega bunchalik “kichkina” namunasini keltirib o‘tdim? Negaki yaxshi ishlar, u xoh kichik yoki ahamiyatli bo‘lmasin, boshqalarga xizmat qilish xohishini o‘zida aks ettiradi, xizmat esa sevuvchi odamning asosiy maqsadidir. Ezgulik - bu hattoki nima bilandir qurbonlik qilishga to‘g‘ri kelganida ham, boshqa odamlarga xizmat qilish mahoratidir. Kafedagi ayollar boshqalarga quvonch keltirish uchun pullarini qurbonlik qilishdi. Mashinalar to‘xtash joyida menga yordam bergan erkak o‘z hayotining bir necha daqiqasini men uchun qurbon qildi. Ezgulikning namoyon bo‘lishi, katta yoki kichik bo‘lmasin, insonga hamisha shunday degandek bo‘ladi: “Sen men uchun muhim va qadrlisan”.
Agar biz nimadir qurbonlik qilishga tayyor bo‘lmasak, chinakamiga seva olmaymiz.
Yashash masalasi
Bundan bir necha yillar muqaddam AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Jorj Bush ko‘ngillilarning ishi muhim ekanligi haqida gapirganda, ularni butun mamlakat bo‘ylab yonib turadigan “minglab shamlar” deya atadi (1). Uning so‘zlari va bu bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar ommaviy axborot vositalarining diqqatini o‘ziga tortdi. Hozirda butun mamlakatdagi ko‘ngillilar ishini boshqarib borayotgan “Minglab shamlar” fondiga asos solindi (2).
Ezgulik - bu siyosiy muammo emas. Bu inson uchun yashab qolish masalasidir. Odam odamga bo‘ri bo‘lgan olamda oxir-oqibat bitta tanho bo‘ri qoladi. Ezguliksiz olam har birimiz uchun qayg‘uli va bekimsa qamoqxonaga aylanib qoladi. Faqat ezgulikkina bir-birimizning tirik qolishimizga ko‘maklashish imkonini beradi.
Odam odamga bo‘ri bo‘lgan olamda faqat bitta tanho bo‘ri qoladi.
Umumiy ezgulik
Barchamizga atrofdagilarga sevgi ko‘rsatish uchun birlashgan odamlar guruhi ma’lum. “Favqulodda vaziyat: uydagi variant” televizion serialining mashhurligi yaxshilikning namoyon bo‘lishi odamlarni o‘ziga qanchalik jalb etayotganini ko‘rsatadi. Ko‘pchilik menga Tay Pennington va uning guruhi yordam bergan oilalarning quvonchini ko‘z yoshlarsiz ko‘rib bo‘lmasliklarini aytishgan.
Biz o‘zimizning shahar yoki tumanimizdagi turli joylarda ko‘ngilli bo‘lib ishlashimiz mumkin. Har yili Vashington shtati, Longvyu shahrida Xizmat Haftaligi bo‘lib o‘tadi. Shahar jamoati va turli tashkilotlar fuqarolik muassasalariga qo‘ng‘iroq qilib so‘rashadi: “Biz sizga qanday yordam berishimiz mumkin?” Yuzlab ko‘ngillilar atrofdagilarga yordam berish uchun o‘z vaqtlarini sarflashadi - golf maydoni to‘sinlarini bo‘yab chiqishadi yoki shahar istirohat bog‘larida mulchalar sochish uchun shahar boshqarmasida to‘planishadi. Bunday ishlar bilan turli yoshdagi va turli kasblar odamlar shug‘ullanishadi. Ular buning evaziga hech nima so‘rashmaydi. Ezgulikning bunday harakatlari haqiqiy sevgi namoyon bo‘lishi demakdir. Keng miqyosdagi halokatlar - terroristik xurujlar, “Katrina” dovuli, Hind ummonidagi tsunami, Afrikadagi OITS epidemiyasi - ko‘pincha umumiy ezgulik namoyon bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Har qanday ko‘ngilli bilan gaplashsangiz, u shunday deydi: “Yordamimga muhtoj bo‘lgan odamlarga ko‘mak berish imkonim bo‘lganidan juda xursandman”.
Shaxsiy ezgulik
Rene o‘z oilasi bilan Ayova-sitidagi taunxausga ko‘chib kelganidan ko‘p o‘tmay, boshlang‘ich sinflarda o‘qiydigan bir qancha qo‘shni bolalar maktabga oyoqyalang borishlarini payqab qoldi. Ularning uyi maktabdan bor-yo‘g‘i ikki mil narida joylashgan bo‘lib, ular uchun maktab avtobusi bu yerga kelmasdi. Bu bolalardan ko‘pchiligi kam ta’minlangan oilalarda yashashardi. Ularning ota-onalarida yoki mashina yo‘q yoxud haydovchilik guvohnomasiga ega emasdilar. Ko‘pchiligi ishga barvaqt ketishar yoki tungi smenalarda ishlashardi, shu bois ular uyda bo‘lishmas yoki bolalari maktabga jo‘naganida uxlab yotishardi. Rene qorli Ayovada velosiped bilan yurish amalda ilojsiz ekanligini bilardi. Shu bois, ayol bu bolalarning maktabga yetib kelishlari oson bo‘lishi uchun nimalar qilish mumkinligi haqida maktab direktori bilan gaplashdi. Keyingi yili direktor bolalarini maktabga olib borishi kerak bo‘lgan barcha qo‘shnilariga Renening telefon raqamini berdi. Rene o‘zining mashinasida o‘g‘li o‘qiydigan maktabga boshqa bolalarni ham eltib, darslar tugagach uyga ham qaytarib olib kelardi.
Bu ezgulikning juda oddiy ko‘rinishi. Ayol mavjud ehtiyojni payqadi va unga e’tibor qaratdi. Natijada ko‘plab qo‘shnilar bilan tanishdi va boshqa odamlarga yordam berish qanchalik oson va yoqimli bo‘lishini o‘g‘liga aytib berdi.
Garchi umumiy ezgulik, ayniqsa halokat vaqtida, juda muhim bo‘lsada, hayot tarzingizga aylanishi mumkin va shart bo‘lgan shaxsiy ezgulikni namoyon etish yanada muhimroq. Amalda har qanday odam og‘ir vaziyatlarda yordam berish da’vatiga javob qaytarishi mumkin. Ammo faqat chinakamiga sevuvchi va g‘amxo‘r odamgina har kunlik hayotda ezgulikni namoyon etishi mumkin.
Insonning yaxshilik haqida o‘ylanib qolishiga va bu yo‘lda to‘xtashiga hojat bo‘lmasa, ezgulik to‘laqonli ravishda namoyon bo‘ladi.
Biznesning behudaligi
Juda ko‘p hollarda shaxsiy ishlarimiz shunchalik ko‘p vaqtni oladiki, atrofimizdagi odamlarning ehtiyojini payqashni bas qilamiz. Bunday ehtiyojni sezganimizda, buni kuzatishdan endi amaliy harakatga o‘tishimiz uchun o‘z ustimizda qattiq ishlamizga to‘g‘ri keladi. Axir o‘zimizdagi eng qadrli boyliklardan birini yoki ikkovini ham - pulni hamda vaqtni - birvarakayiga qurbon qilish bizdan talab etiladi.
Bizning nazarimizda boshqalarga yordam berish uchun vaqtimiz va pulimiz juda kamdek tuyulishi mumkin. Biz o‘zimizni ko‘ndiramiz: “Agar bu qo‘limdan kelsa, men hammasini qilgan bo‘lardim, biroq ilojim yo‘q ekan, yaxshisi xayriya ishlari uchun badal to‘lay qolaman”. Xayriya uchun qurbonlik qilish - albatta, ezgulikning namoyon bo‘lishi va ko‘pincha biz yaxshilik qilishimiz mumkin bo‘lgan eng afzal yo‘l. Ammo masala kundalik hayotda shaxsiy ezgulikni namoyon etishga borib taqalganida baribir ko‘pchiligimiz hali o‘rganishimiz kerak bo‘lgan narsalar bor.
Bundan ikki ming yildan avval (hali faks, iPod va mobil telefonlari paydo bo‘lmasidan avval) yunon faylasufi Suqrot shunday deya ogohlantirgan: “Ishchan hayotning behudaligidan o‘zingizni asrang”. Biz hattoki kotiba ayolni maqtab qo‘yish yoki kimdir mashinasini to‘xtash joyida chirog‘ini o‘chirmay qoldirganini kinoteatrdagi chipta tekshiruvchiga aytib qo‘yishni xayolga keltirmaymiz. Biz o‘z ishlarimiz bilan shunchalik bandmizki, yaxshilik qilish-qilmaslik uchun vaqtimiz borligini o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Agar odamlar shaxsiy vaqtimizdan ko‘ra ko‘proq ahamiyatli bo‘lganida, hayotimiz qanchalik mazmunli va yorug‘ bo‘lardi-ya!
Ezgulik hayotimizning tabiiy qismiga aylanganida, o‘z harakatlarimiz haqida o‘ylanib qolish va to‘xtalishimizga hojat bo‘lmaydi. Barchada turlicha layoqat va imkoniyatlar bor. Vazifamiz esa atrofimizdagi odamlarning ehtiyojlarini qondirish uchun o‘zimizdagi ko‘nikma va bilimlardan foydalanishdan iborat.
Ezgulikning go‘zalligi
Mazkur kitob ustida ishlayotganimda mamlakatning turli burchaklarida yashayotgan odamlar bilan yuz bergan voqealarni eshitishdan ulkan quvonch oldim. Ularning barchasi ezgulik o‘z hayotlarida qanday namoyon bo‘lganini aytib berishdi. Mana, biz bir-birimizni qanday sevishimizga oid bir qancha misollar.
Nyu York shtatidagi Itaki shahridan bo‘lgan Karen kursdosh dugonasi Ketini yarim yil kimyoterapiya kursiga olib borganini hikoya qilib berdi. Karen uning uchun retsept bo‘yicha dori-darmonlar olib, uy ishlariga yordam bergancha birgalikda vaqt o‘tkazgan.
Spenser hamisha rafiqasi xizmat safariga jo‘naganida, uning portfeliga do‘stona so‘zlar bitilgan qog‘ozni joylashtirgan.
Debbining hamkasblari uning tug‘ilgan kuni munosabati bilan kutilmagan sovg‘a - oqshom ziyofatini tashkil etishdi.
Bolakay Kris yaqinda o‘tkazilgan jarrohlik operatsiyasidan so‘ng uydan chiqa olmay qolganida, Loren uning uchun chizburger, kartoshka fri va bola yoqtiradigan sutli kokteyl olib keldi.
Hatto oradan o‘ttiz yil o‘tgan bo‘lsada, Robert unga qo‘shnisi katta bir bog‘ sutcho‘p sovg‘a qilganini eslaydi, negaki qo‘shni Robertning o‘zi sotib olishga imkonsiz ekanini bilgan.
Kayl bir kuni ertalab ishga kelganida kotiba ayol uning uchun qizitgich texnik anjomini sotib olganidan xabar topdi, negaki bu ayol uning xonasida juda sovuq ekanligini e’tiborga olgandi.
Jozef chek daftarchasida xotini yo‘l qo‘ygan xatolarni tuzatayotganida, daftarcha sahifalarida “Men seni sevaman!” deb yozib qo‘yadi.
Xelen va Aleks ta’tildan qaytishganida, qo‘shni ularning maysazorini qirtishlab qo‘yganini ko‘rishdi.
Eski do‘stim menga hikoya qilib bergandi: “Otam ichkilikboz edi, onam esa haddan ko‘p ishlardi. Hayotimiz og‘ir kechardi. Lekin buvim meni juda yaxshi ko‘rardi va maktabdan qaytganimda har kuni o‘zi kutib olardi. Unda men uchun hamisha pechene, sut va o‘pich topilardi. Mabodo mana shunday buvim bo‘lmagan taqdirda ahvolim qanday kechishini o‘ylashning o‘zi dahshat!”
Kichkintoy Dorotining ota-onasi ishga ketganlarida, Kim bolaga mutlaqo bepul qarashib turdi.
Meri sovuq kunlardan birida o‘z xodimlariga issiq qovurdoq olib keldi.
“Biz futbol ko‘rayotganimizda nima haqda so‘ramaylik, - eslaydi Net, - otam menga javob qaytarish va barcha qoidalarni o‘rgatish uchun hamisha vaqt topardi”.
Jasminning oldiga yangi tug‘ilgan nevarasini ko‘rgani qaynonasi kelmoqchi bo‘lganida, ayolning dugonalari kun bo‘yi uning uyini pol yuvgich, cho‘tka va chang yutgich bilan tozalab chiqishdi.
Munosabatlarning o‘zgarishi
Aksariyat ko‘pchiligimiz chinakamiga yaxshi odamlar bo‘lishimiz uchun hayotga va odamlarga nisbatan munosabatlarni o‘zgartirishimiz kerak ekanligini tushunadi. Insonning ashaddiy xudbin soxta “men”i aytadi: “Agar sen menga mehribon bo‘lsang, men ham senga mehribon bo‘laman”. Chinakamiga sevadigan insonning haqiqiy “men”i aytadi: “Menga qanday munosabatda bo‘lishingdan qat’iy nazar, menga senga mehribonlik qilaman”. Odam o‘zidagi bu haqiqiy “men”ni qanday tarbiyalashi mumkin? Atrofdagilarga, bu hatto butunlay begona yoki (yanada qiyinrog‘i) yaxshi tanish bo‘lgan hamda bizga nobop munosabat bildiradigan odamlar bo‘lishsa, ularga mehr ko‘rsatish uchun hayotga munosabatni qay tarzda o‘zgartirish mumkin?
Yaxshilik odamlarni o‘zgartiradi
Jeyk va Konnining oilaviy hayotlari qovushmadi. Jeyk tez-tez xizmat safarlariga ketardi, shu bois xotini va bolalariga yordam berolmay qolardi. Konni shikoyat qilardi, Jeyk esa koyirdi. Ayni vaqtda Konnini azoblaydigan ruhiy kasallik yanada kuchaydi. U ba’zan ertalab ishga borolmas yoki bolalarini maktabga eltolmay qolardi. Konni holdan toyib, Jeykka tobora ko‘proq muhtoj bo‘lganida, erining oilaga munosabati asta-sekin o‘zgara boshladi. Jeyk uyda ko‘proq vaqt o‘tkazish uchun ishxonada eng past vazifani egalladi. U xudbinlik emas, balki mehr yordamida nimalarga erishish mumkinligini ko‘rishga qaror qildi.
“Ular faqat menga tayanishlari mumkinligini tushundim, - deydi Jeyk. - Men xotinim va bolalarim uchun qo‘limdan kelganini qildim va buning uchun meni qay tarzda taqdirlashlari haqida o‘ylamay qo‘ydim. Ayrim odamlar bunday hayotga toqat qilisholmaydi, lekin men bu haqda o‘ylamasdim. Men kir yuvishni, idish-tovoqlarni tozalashni, bolalarning dars qilishlariga yordam berishni istardim. Men ularning noshukur ekanliklari va men uchun nimadir qilishni istamasliklari haqida xayolga botib o‘tirmadim”.
Jeyk hayotga munosabatini o‘zgartirmaganida, yengilib qolishi mumkin edi. Biroq u murakkab vaziyatda ezgulikning shifobaxsh kuchiga ishongan holda asl sevgini ko‘rsatishga qaror qildi. Va u uydagi muhit o‘zgarayotganini payqay boshladi. Konni ko‘proq kuladigan bo‘ldi, unda yangi kuch uyg‘ondi. Bolalar ham uyda yuz berayotgan holatlar va ota-onalari o‘rtasidagi munosabatlar o‘zgarganini payqashdi. Jeyk g‘azab emas, balki ezgulik yo‘lini tanlaganida oiladagi vaziyatni o‘zgartirish qo‘lidan kelishini bilmagandi. Biroq u faqat o‘zining sevgisigina oilasini haqiqiy oilaga aylantirishi mumkinligini bilardi.
Biz ezgulikdan odamlarni laqillatish maqsadida foydalanmasligimiz kerak. Biroq yaxshilik insonni qanday o‘zgartirishini ko‘rib - sillasi qurigan santexnikni kulishga undab yoki qattiqqo‘l rahbar bilan muloqotdan so‘ng asabiylikni yozib - yaxshi odamga aylanishimiz ancha yengil kechadi.
Tarix bizni, ezgulik dushmanlikka nisbatan millatni ko‘proq jipslashtirishga qodir ekanligiga o‘rgatadi. So‘nggi yillarda Guantanamo ko‘rfazidagi qamoqxonalar muammosi uzluksiz muhokama etilmoqda. Bahslar “Tolibon” yoki “Al-Qoida” harakatiga aloqadorlikda gumon qilinadigan xorijliklarni so‘roq qilish davomida qo‘llaniladigan uslublar yuzasidan kelib chiqmoqda. Qattiq uslubda so‘roq qilishdan uzoq yillar mobaynida foydalangandan so‘ng rasmiy shaxslarning o‘zlari “insoniy yaxshilikka asoslangan uslublar” (razvedka ma’lumotlarini to‘plash yuzasidan) ko‘proq samarali ekanligini tan olishga majbur bo‘lishdi. Qachonki tergovchilar vaqt topib, mahbuslarning hurmatini qozonish uchun “ularga do‘stona va ishchan ohangda yondashganlar”idan so‘ng kerakli ma’lumotlarni yanada tezroq va oson olishgan (3). Insoniy mehrning ahamiyatini past baholamaslik kerak.
O‘zingizni yaxshiliklar bilan burkang
Hayotga munosabatni o‘zgartirishdagi ikkinchi qadam - har birimiz yaxshilikni hayot tarziga aylantirishga izn beradigan kuch-qudratga ega ekanligimizni anglab olishdir. Men hayotimda uchratgan eng mehribon odamlardan biri shunday degandi: “Har kuni ertalab men ko‘zoynagimni taqib, ko‘ylak-shim, pidjak va shlyapamni kiyaman. So‘ngra esa o‘zimni yaxshilik plashiga burkayman. Men ushbu plashga to‘liq kiyinib, bugun o‘zim uchrashadigan barchaga ana shu kiyim bilan tegish nasib etishini ibodat qilib so‘rayman”. Bu odam yuzlab kishilarning hayotiga tegingan. U qo‘shnilari kasal bo‘lib qolganida ularning maysazorini qirtishlab chiqdi, keksa odamlarning bog‘ida to‘kilgan yaproqlarni to‘pladi, o‘z fikriga ko‘ra, kimgadir zarur bo‘ladigan kitoblar va ma’ruzalarning yozuvlarini keltirdi, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari yozgi oromgohga kelishlari uchun to‘lov qildi. U vafot etganida, marhumning jamoatda o‘tkazilgan janozasi uch soatdan ko‘proq davom etdi - ko‘plab odamlar bu kishining hayratomuz mehribonligi haqidagi xotiralarni baham ko‘rishni istashardi.
Yaxshilik hayotimizning ajralmas qismiga aylanganida, uni qanaqa vaziyatda qo‘llash kerak ekanligi haqida bosh qotirishning hojati yo‘q. Biz qayoqqa yo‘l olmaylik, yaxshilik - bizning sodiq va doimiy hamrohimizdir.
Men bir paytlar mustabid-eridan endigina ozod bo‘lgan ayolning televizion intervyusini ko‘rgandim. Muxbir undan tirik qolishiga qanday muyassar bo‘lganini so‘raganida, ayol ba’zi kunlari do‘konda yoki ko‘chada uchrab qolgan odamning tabassumi unga yordam berganini aytgandi.
Bizning ko‘nikmalarimiz qanday bo‘lmasin, hozirgisi yoki avvalgisi, har birimizga telefondagi suhbatlar orqali, ishxonada yoki uyda odamlarga mehr ko‘rsatishning ko‘plab imkoniyatlari doimo taqdim etiladi. Biz o‘zimizni yaxshilikka burkagan holda, juda ko‘plab odamlarning hayotini o‘zgartirishimiz mumkin.
Yaxshilikni rad etganlarida
Hayotga munosabatni o‘zgartirishning uchinchi jihati hamma narsa bizga bog‘liq emasligini tushunishdan iborat. Biz o‘zimiz ko‘rsatgan yaxshilik uchun odamlarni ijobiy javob qaytarishga majbur qiladigan holatda emasmiz. Har birimiz sevgini qabul qilish va unga javob qaytarish yoki bizga taklif etishadigan sevgini rad etish layoqatiga egamiz. Inson bizning yaxshiligimizni rad etganida, uni unutish yoki g‘azablanish juda oson. Biroq odamlar yaxshilikni minnatdorchilik bilan qabul qilish, uni rad etish, bizni xudbinlikda ayblash yoki o‘z yaxshiliklari bilan javob qaytarish huquqiga egadir. Boshqa odamning bunga nisbatan munosabati bizning nazoratimizda emas.
Bleyk o‘n yoshda bo‘lganida, giyohvand moddalarga ruju qo‘ydi. U ilk bora ko‘niktirish dasturini o‘n uch yoshida o‘tadi. Yigirma yoshga to‘lganida bu dasturning to‘rtta kursini o‘tab chiqqandi. Hatto omadi yurishgan rassom bo‘lganida ham, Bleyk giyohvand moddalarni muntazam iste’mol qilib turdi. Uning onasi, Merilin, barcha shu yillar mobaynida o‘g‘lini sevishda davom etdi. Shifokorlar Bleykka giyohvand moddalar uning yuragini shikastlayotganini aytishganida, ona o‘g‘lini sevardi. Giyohvand moddalar o‘g‘li onasining yuziga dahshatli gaplarni qichqirib aytishga majbur qilganida ham, ona uni sevardi. “Bu mening o‘g‘lim emas”, - dedi ayol o‘ziga Bleykning kasalligi qo‘rqinchli ravishda namoyon bo‘lgan daqiqalarda. Merilin qalbining tub-tubida o‘g‘lining avvalgidek qolganligiga ishondi.
Ayol sevgani bois ba’zan o‘g‘liga “yo‘q” deb aytishiga to‘g‘ri kelardi - misol uchun, unga pul kerak bo‘lganida yoki biror nimani o‘g‘irlab sotishi uchun uyda tunab qolmoqchi bo‘lganida. Biroq Merilin hamisha o‘g‘liga uni sevishini eslatib turdi. Ayol Bleykning hayotida nur va umid timsoli bo‘lishi kerakligini his qilardi.
Yuragi ikki bora operatsiya bo‘lganidan so‘ng Bleykning bor-yo‘g‘i ikki yillik umri qoldi. Ona uning yolg‘izlikda yoki davlat kasalxonasida jon berishini istamadi. U o‘g‘lini o‘z uyiga keltirib, so‘nggi nafasigacha g‘amxo‘rlik qildi. O‘g‘il hatto o‘limi oldidan ham o‘z harakatlari uchun kechirim so‘ramadi, lekin uning onasiga bo‘lgan munosabati o‘zgara boshladi. Bleyk g‘amxo‘rligi uchun onasiga minnatdorchilik bildirmagan bo‘lsada, tez-tez uning ko‘zlariga qaraydigan bo‘ldi.
Bleykning dafn marosimida “Sevgining o‘zi kifoya” qo‘shig‘ini kuylashdi. Bu qo‘shiq yaxshilik hech qachon zoye ketmasligiga bo‘lgan umidning timsoli edi. Buzilgan olamda munosabatlar hamisha ham biz xohlaganimizdek qurilavermaydi. Biz o‘zimizning ezgu harakatlarimiz natijasini hech qachon ko‘rmasligimiz ham mumkin. Biroq chinakamiga sevgan holda, biz sevish juda og‘ir bo‘lgan paytlarda ham yaxshi insonlar bo‘lib qolaveramiz. Asl sevgi - bu hamisha tanlov. Agar inson bizga yaxshilik va sevgi ila javob qaytarsa, munosabatlarimiz uyg‘un va o‘zaro muvofiq kelishi mumkin. Agar u yaxshiligimizni rad etsa, vaqt o‘tib o‘z xatosini tan olishiga va bizga o‘zi peshvoz chiqishiga umid qilmog‘imiz kerak. Hozir esa sevgini rad etmasligimiz lozim. Biz unga yaxshilik istaymiz va o‘z istaklarimizni mehr bilan ifoda etishga urinamiz.
Va hattoki hayotning eng qayg‘uli damlarida ham, biz faqat sevgining o‘zi yetarli ekanligiga ishonamiz.
Boshlaymiz...
Mana, kundalik hayotda yaxshilikni namoyon etishning bir qancha oddiy usullari. Ishonamanki, siz boshqalarini ham o‘ylab topasiz...
Sotuvchi ayolni maqtab qo‘ying.
Ortingizdan kelayotgan odam uchun eshikni ochib turing.
Bolakayga qarab jilmaying. Mabodo u siz bilan gaplashib qolsa, uni tinglang.
O‘z hududingizda mashinalarni bepul yuvishni tashkil eting.
Navbatda ortingizda turgan odamni oldinga o‘tkazib yuboring.
Yomg‘ir paytida soyaboningiz ostiga soyabonsiz ko‘chaga chiqqan odamni taklif eting.
Haq to‘lanadigan avtoyo‘lda o‘z mashinangiz uchun ham, orqadagi mashina uchun ham to‘lov qiling.
Qo‘shnining o‘tlog‘ini qirtishlab chiqing, barglarni uning maysazorida to‘plang, uning yo‘lakchasini tozalang.
Keksa odamni yo‘qlab turing.
Ovqatlanish joylarida xizmatchiga yaxshi choychaqa bering.
Kimdir og‘ir vaziyatlarni boshdan kechirayotgan bo‘lsa, yordamingizni taklif eting: do‘konga oziq-ovqat uchun boring, bolalariga qarashib turing, uyini tozalang. Faqat mana bunday so‘zlar bilan cheklanib qolmang: “Yordamim kerak bo‘lsa, xabar qiling”.
Qo‘shnilaringiz bilan to‘planib, kimgadir yordam kerak ekanligini bilish uchun atrofni aylanib chiqing.
Kotiba ayolni tug‘ilgan kunida tushlikka taklif eting.
Do‘stlaringiz va qarindoshlaringizni nima xursand qilishini aniqlang. Buni ular uchun qilishga urining.
Kimdir o‘z ishini yaxshi bajarayotgan bo‘lsa, bu haqda albatta boshliqqa aytib qo‘ying.
Og‘ir yo‘qotishga uchragan odamga, bu hatto ancha oldin yuz bergan bo‘lsa ham, qo‘ng‘iroq qilib ahvol so‘rang.
Limonadlar qo‘yilgan peshtaxta oldida to‘xtab, o‘zingizga stakan sotib oling.
Tayoqlar va toshlar
Ko‘pchiligimiz bolalikda rostidan yolg‘oni ko‘p bo‘lgan naqllarni eshitganmiz. Ana shunday naqllardan birida aytiladi: “Tayoqlar va toshlar suyagimni sindirishi mumkin, so‘z esa menga hech qanday zarar keltirmaydi”. Aslida qattiq so‘zlar insonning butun hayotini sindirishi mumkin.
Molli kollejni bitirganidan so‘ng, o‘zining birinchi kvartirasini jihozlashi uchun puli juda kam edi. U buyum izlab ota-onasining uyidagi chordoqqa chiqqanida, buvisining qadimiy stolchaini topib oldi. Stolcha tuzatishga muhtoj edi, lekin u Mollining kvartirasiga juda ko‘rkam tus berishi mumkin.
Molli barcha dam olish kunlarida stolchani diqqat bilan tuzatib, silliqlab chiqdi. Biroq uning otasi stolchani ko‘rganida, qizini maqtash yoki biror-bir yordam berish o‘rniga, ma’qullamagan ohangda nimadir deb to‘ng‘illab bosh chayqab qo‘ydi, xolos. Molli stolchani mehmonxonaga qo‘ydi, ammo baribir otasining so‘zsiz tanqidini unuta olmadi.
Oradan o‘n yil o‘tib, Molli eri va ikki qizi bilan yashayotgan paytda ham stolcha uyda turardi.
“Balki unga Daniya alifi bilan ishlov bersak yaxshiroq bo‘lar?” - bir kuni mehmon bo‘lib kelgan otasi so‘rab qoldi.
“Shuni tushundimki, - deydi Molli, - uning nazarida men butun umr boshqacha yashashim kerak . U hamisha mendan norozi bo‘lgan”.
Ko‘pchiligimiz ulg‘ayish davrida nohaq va shafqatsiz gaplarni eshitamiz. Asosiy muammo - katta bo‘lganimizdan so‘ng lug‘atimizdagi bunday so‘zlarni ezgulik va sevgi so‘zlariga aylantirish. Odamzotning tabiatiga zarbaga zarba bilan javob qaytarish xos. Biroq chinakamiga sevadigan inson nohaqlikka yaxshilik bilan javob qaytarishi mumkin.
Ijobiy so‘zlar
Siz uyda va ishxonada qay tarzda suhbat qilasiz? Sizning so‘zlaringiz atrofdagilarning kayfiyatini ko‘taradimi? Yoki aksincha - ularning hayotini og‘irlashtiradimi?
Haqiqiy sevgi ruhida yashagan holda, biz ezgulikning namoyon bo‘lishini yaxshi so‘zlar bilan mustahkamlaymiz. Ota o‘smir farzandiga shunday demoqda: “Marhamat qilib, raqs to‘garagingga daf bo‘lishing mumkin. Nihoyat hech bo‘lmasa birgina kecha bo‘ynimga osilmay turasan”. Otaning ushbu so‘zlari ezgulik bilan singdirilmagan bo‘lib, bu yaxshilikka xizmat qilmaydi. O‘g‘il begonalik va bag‘ritoshlikni his qilgan holda chiqib ketadi.
Sevuvchi ota bunday degan bo‘lardi: “Sen borishing mumkin, umid qilamanki, vaqtingni ko‘ngilli o‘tkazasan. Men seni yaxshi ko‘raman, o‘zingni ehtiyot qil”. Ovoz ohangi va yuz ifodasi xuddi so‘zlar kabi muhim.
Atrofimizdagi odamlarni qopib olish va ranjitish juda oson, ayniqsa ular oilamiz a’zolari bo‘lishsa. Mana nima uchun er-xotinlarning o‘zaro muloyim suhbat qilishlari menga juda yoqadi. Yaqinda bir er o‘zining aybi tufayli oilasi uyga o‘z vaqtida qayta olmaganidan afsusda ekanligini bildirganini eshitdim. “Bu faqat bir marta bo‘ldi, azizim, tashvishlanmang”, - javob beribdi xotini. Ayolda tanqid qilishi uchun asos bor edi, lekin u bunday imkoniyatdan mehribonlikni namoyon qilish orqali foydalandi.
Bundan bir necha yillar avval men otasi vafot etgan o‘rta yoshlardagi bir ayolga maslahat bergandim.
- Onam va otam qirq yetti yil bir-birlarini arralab yashashdi, - dedi u. - Men ularning nega bir-birlari bilan turmush qurganlarini hech qachon tushunmadim.
- Sizning fikringizcha, ular boshqa odamlar bilan yashaganlarida, boshqacha gapirgan bo‘lisharmidi? - so‘radim men.
- Har holda, yo‘q, - dedi mijozim, - negaki ikkovi meni ham so‘kishardi. O‘ylashimcha, men ularga yaxshi qiz bo‘lganman. Ular shunchaki ikkalasi ham odamlar hayotiga salbiy yondashuvga moslashgan va shu bois ham bir-birlarini uchratishgan.
Qanchalik fojeali bo‘lmasin, ayrim odamlar butun umr odamlarga va hayotning o‘ziga salbiy munosabatni saqlab qolishadi hamda har kuni qattiq, nohaq so‘zlarni aytishadi!
Inson hayotini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yaxshi so‘zlarning ahamiyatini past baholamaslik kerak.
Xayrli so‘zlar
Bir necha yillar muqaddam Nyu-Yorklik ko‘cha bezorilarining yetakchisi, giyohvand Nikki Kruz o‘z hayotini ana shu Nikki kabi odamlarga yordam berishga bag‘ishlagan Devid Uilkersonga duch kelib qoldi.
- Oldimga kelsang men seni o‘ldiraman, - ogohlantirdi Nikki.
- Shunday qilishing mumkin, - javob qaytardi Uilkerson. - Meni ming bo‘lakka ajratib, ko‘chaga sochib yuborishing mumkin... Ammo ana shunda ham har bir bo‘lagim seni sevishda davom etaveradi (4).
Oradan bir muddat o‘tgach, Nikki Kruz o‘z to‘dasini tashlab, endilikda hayotga ijobiy yondashayotganiga hayron bo‘lish kerakmikan?
Yaxshi odam hamisha atrofdagilarni so‘z orqali qo‘llab-quvvatlash va ruhlantirishning imkoniyatlarini izlaydi.
Qaysi xotinga mana bunday so‘zlar yoqmaydi deysiz: “Bu libos senga juda yarashibdi!”?
Qanday erkakka mana bu so‘zlar yoqmaydi deysiz: “Hayotimni yengillashtirish uchun qilayotgan ishlaringizni men qadrlayman”?
Agar rahbar mana bu so‘zlarni aytsa, qaysi bir xodim mehnatda yangi jasoratlar ko‘rsatishga ruhlanmaydi: “Yaxshi ish uchun rahmat. Bilaman, siz ushbu loyihani amalga oshirish uchun kuchingizni ayamadingiz”.
Yaxshi so‘zlar hamisha insonlarni qo‘llab-quvvatlaydi va ularga o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni singdiradi.
Umid so‘zlari
Men yaqinda ruhshunos Jon Trent ma’ruza qilgan uchrashuvda ishtirok etdim. U o‘zining hayotini so‘zlab berdi. Jon hali juda kichik bo‘lganida, ichkilikboz otasi uning onasini tashlab ketgandi. Jon va aka-ukalari qattiq azob chekishgan va nafrat ularning harakatlariga ta’sir o‘tkazgan. Uni va akasini yomon xulqi uchun maktabdan haylab yuborishgan.
Jon yuqori sinfda o‘qiganida imtihonlarni topshira olmagan. “Men hammasi joyida deb o‘ylardim, - hikoya qiladi Jon. - Men juda ko‘p ishlardim. Albatta, ishga juda kech kirishdim, ammo ko‘p harakat qildim”.
Onasi uning yozma ishi past baho olganligini ko‘rib, shunday dedi: “Sen izohlarni qilmading va mazmunini tushirib qoldiribsan, lekin umuman olganda yozma ishing yaxshi yozilgan. Agar qachondir odamlarga so‘zlaring bilan yordam beradigan bo‘lsang, bundan hayron qolmagan bo‘lardim” (5). Bu so‘zlar Jonni ruhlantirib yuborgan. U bugungi kunda omadi yurishgan va taniqli yozuvchi.
Yaxshi so‘zlar odamlardagi yaxshi jihatlarni uyg‘otadi va kelgusidagi rivojlanishlar uchun turtki beradi.
Haqiqat so‘zlari
Yaxshi so‘zlar har doim ham yoqimli bo‘lavermaydi. Agar inson o‘zini noo‘rin tutsa, asl sevgi juda og‘riqli tarzda namoyon bo‘lishi mumkin. Sonya menga buvisi - onasining onasi haqida hikoya qilib bergandi: “U meni hamisha, hatto mendan o‘zimni yaxshi tutishimni talab qilganida ham yaxshi ko‘rardi. U meni barcha yutuq va mag‘lubiyatlarim davomida qo‘llab-quvvatlagan. Buvim nimada xato qilganimni o‘zimga aytardi, ammo meni hech qachon o‘z sevgisidan mahrum qilmagan”.
Boshqa insonga yaxshi bo‘lishi uchun achchiq so‘zlarni aytishimizga to‘g‘ri kelganida, bu mehribonlik so‘zlari bo‘lishi mumkin. Muammo haqiqatni sevgi bilan ayta olishdan iboratdir.
Yaxshi gapirishga o‘rganing
Yaxshi so‘zlarni aytishga qanday o‘rganish mumkin?
Siz o‘z so‘zlaringizning ahamiyatini tushunishingiz lozim. So‘zlaringiz - hayot yoki o‘lim olib keladigan qudratli vosita. Bu haqiqatga erishish uchun, boshqa odamlarning gaplarini tinglash zarur. Atrofingizdagi odamlardan kun davomida eshitadigan yaxshi so‘zlarni yozib qo‘yishingiz mumkin. Yomon so‘zlarni ham yozib qo‘yavering. Bu ko‘zlaringizni ochadigan juda foydali mashg‘ulotdir.
O‘zingizga quloq tuting Bu ko‘nikmaga aylanishi uchun, har bir suhbatdan so‘ng o‘zingizdan so‘rang: “Men qanday so‘zlarni aytdim? Nimalarni aytmasligim kerak edi?” So‘ngra esa suhbatdoshingizning oldiga qaytib, noo‘rin gapingiz uchun kechirim so‘rang. Kechirim so‘rash hamisha ham oson bo‘lmagani uchun, siz kechirim so‘rashga to‘g‘ri kelmaydigan so‘zlash mahoratini tezda o‘zlashtirib olasiz.
Noloyiq so‘zlarni sevgi va mehrli so‘zlar bilan almashtiring. Buni o‘zingizdan boshlaganingiz afzal. Tiqilinchda boshqa haydovchilarga nisbatan jahlingiz qo‘zg‘ayotganini sezganingizda, aytmoqchi bo‘lgan gapingizni o‘rgartirishga urining. “Ey kallavaram, sen bu holda kimnidir o‘ldirib qo‘yasan!” deyish o‘rniga, mana bu kabi so‘zlarni aytishga harakat qiling: «Bolvan, tы tak kogo‑nibud ugrobish!», poprobuyte skazat: “Yo‘lda hech kimni bosib ketmasdan, uyingizga eson-omon yetib olishingizni tilayman”. O‘zingiz yolg‘iz qolganingizda salbiy jumlalarni ijobiysiga almashtirgan holda so‘zlaringizga boshqacha mazmun bersangiz, odamlarga xuddi shu tarzda munosabatda bo‘lishingiz ancha oson kechadi.
Siz uchratgan har bir kishi o‘z holicha qadrli ekanligini unutmang. Har birimizning hayotda o‘z ahamiyatimiz bor. Faqat sevgini bergan va qabul qilgan holda bu ahamiyatni ado etish mumkin. Biror inson nazaringizda sevgiga nomunosib bo‘lsa ham, siz shunday yo‘l tutmog‘ingiz kerak. Agar siz har bir odamning qadr-qimmati haqida unutib qo‘ymasangiz, mehrli so‘zlarni aytishingiz anchayin oson kechadi.
O‘ZLASHTIRISH KYERAK BO‘LGAN KO‘NIKMALAR
O‘zingizga yoki atrofdagi boshqa kishilarga nisbatan salbiy fikrlaringizni payqab oling. Xayolan o‘zingizga yoki boshqa odamlarga aytadigan so‘zlaringizni ijobiy so‘zlarga almashtiring.
Yaxshilikka nima xalaqit beradi: bema’ni odatlar
Agar yaxshilikni tabiiy ravishda namoyon etishni uddalay olmasangiz, buning sababi aslo sizning yomon odam ekanligingizda emas. Men bu kitobni aynan shuning uchun, ya’ni har birimizda sevgining kuch-quvvati mavjud ekanligini bildirish uchun yozganman. Juda ko‘p hollarda atrofdagilarni sevishga layoqatsizlik aslida bu boradagi amaliyot yetishmasligidan kelib chiqadi, xolos.
Biz odatda bema’ni odatlarni gunoh deya hisoblaymiz, misol uchun, tirnoqlarni chaynash yoki uyqu oldidan shokolad yeyish kabi. Ammo ko‘nikmalar biz qilmaydigan harakatlar bilan ham bog‘liq. Agar biz buyurtma qilayotganda ofitsiantning ko‘ziga qarab turishga o‘rganmagan bo‘lsak, bu o‘z-o‘zidan yuz bermaydi. Mabodo biz iflos idish-tovoqlarni ishxona oshxonasida kimdir yuvib qo‘yishi uchun qoldirishga ko‘nikkan bo‘lsak, o‘zimizning “chala ish”imizni umuman payqamaymiz.
Shunday bir eski hazil bor: “Kuygan lampochkani almashtirish uchun qancha ruhshunos kerak bo‘ladi?” Javob juda oddiy: “Bitta. Lekin lampochka almashishni o‘zi xohlashi kerak”. Yomon odatlardan qutulish uchun birinchi qadam - bu yaxshi bo‘lishni istashdir.
Bir yosh ayol menga shunday deb qolgandi: “Men bilan bir uyda turadigan ayolga vannaxonaning tozalikdan yarqirab turishi yoqardi, lekin menda ho‘l sochiqni polga tashlash odati bor edi. Har safar vannaxonaga borganimda, sochig‘im quritilgan va ilgichda osig‘liq turardi. Men bu haqda o‘ylamasdan cho‘milib olardim. Ammo sochig‘im polda shu holicha qolib ketganida, men yaxshilik ko‘rsatmaganim va hatto bu haqda o‘ylamaganimni tushundim. Men har safar sochig‘imni ilgichga ilib qo‘yadigan bo‘ldim. So‘ngra esa xonadoshimga biror yoqimli ish qilish haqida o‘ylay boshladim. Ayol uxlamoqchi bo‘lganida, televizorning ovozini pasaytirib qo‘yardim. Bema’ni ko‘nikmalarim qanchalik ko‘p bo‘lganidan o‘zim hayron qolaman! Yaxshilik ko‘rsatish usullarini izlash men uchun haqiqiy o‘yinga aylanib qoldi”.
Ezgulik ezgulikni hosil qiladi. Mana nima uchun boshqa odamlarning xayrli ishlari o‘qib turish foydali. Bu nafaqat yangi fikrlar beradi, balki xayrli ishlar uchun qiziqarli imkoniyatlarni payqashga ham yordam beradi. (Ayrim gazetalarda, misol uchun, “Chikago san-tayms”da shahar yoki tumanda “tasodifan yuz berayotgan yaxshiliklar” haqidagi hikoyalarni chop etadigan maxsus bo‘lim paydo bo‘ldi.
Ezgulik ongli ko‘nikmaga aylanganida, biz har bir odamning qadr-qimmatini yaxshiroq tushunadigan bo‘lamiz. Bizning bu yangicha yondashuvimiz atrofdagilarga ayon bo‘lganida, biz shu bois ham mehribon bo‘lishni istaymizki, yo‘limizda uchraydigan har bir kishi qo‘llab-quvvatlash va yordamga loyiqdir.
Ezgulikni rivojlantirish
O‘z shaxsiy hayotidan mutlaqo norozi bo‘lgan o‘rta yoshlardagi bir tijoratchi menga murojaat qilib qoldi. Richard xotini bilan tez-tez janjal qilar, bolalari esa undan nari bo‘lishga urinishardi. U oilasini va qo‘l ostidagilarni haddan ziyod tanqid qilayotganini tushunar, ammo qanday qilib boshqacha inson bo‘lishni bilmasdi.
Men dastlab Richardga uyda va ishda o‘ziga yomon va nohaq tuyulgan qanday gaplarni aytgan bo‘lsa, nimalar qilgan bo‘lsa hammasini yozib borishini taklif etdim,
Keyingi hafta u oldimga kelib shunday dedi: “Men o‘tgan kunimni va aytgan yomon gaplarimni tahlil qilganimda, o‘zgarishim shart ekanligini tushundim”.
O‘zining badxulq ekanligini tushunish Richardning yaxshi odamga aylanishi yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi. So‘ngra o‘tmishdagi omadsizliklar bilan hisob-kitob qilish payti keldi. U har oqshom odamlarni kun bo‘yi nima bilan xafa qilganligi haqida o‘ylab ko‘rardi. Richard ertasi kuni o‘sha odamlarning oldiga borib kechirim so‘rardi.
“Bu mening hayotimdagi eng murakkab hafta bo‘ldi, - dedi Richard. - Hafta oxiriga kelib, hatti-harakatlarimning salbiy jihatidan xalos bo‘layotganimni sezdim. - U jilmaydi. - Kechirim so‘rashning zaruriyati - harakatlarni o‘zgartirish uchun eng qudratli omil”.
Richard avvalgi xato-kamchiliklari yukidan xalos bo‘lishga erishdi. Endi u sevgi va ezgulikka to‘la yangi hayotni boshlashga tayyor edi. Men unga barchasini oiladan boshlashini taklif etdim, biroq u buni ish paytida bajarish o‘ziga oson kechishini aytdi. “Odamlar yaxshilik deb ataydigan ko‘p narsalar, - men javoban qayd etdim, - xaridorni mahsulotlarimizni sotib olishga undaydigan hiyla-nayranglar, xolos. Biz bunday yaxshilikka intilmaymiz. Biz boshqa insonning manfaatlariga qaratilgan harakat va yaxshi so‘zlar haqida gapiramiz. Biz ezgu ishlar haqida dunyoviy mazmundagi so‘zlar bilan gapirmaymiz. Bizga asl sevgidan hosil bo‘ladigan ezgulik zarur”.
“Mayli, - rozi bo‘ldi Richard. - Bu holda uydan boshlay qolaman. O‘ylashimcha, hammasini uddalay olaman”.
Men bosh irg‘adim, ammo ich-ichimdan bu saboqni yana takrorlashga to‘g‘ri kelishini tushunib turardim. Shaxsiy tajribamga ko‘ra yomonlikka moyillikni yengib o‘tish juda-juda og‘ir ekanligi menga mutlaqo ayon edi. Men Richardga har ertalab uyda va ishxonada ezgulikni namoyon etish imkoniyalarini izlashni maslahat berdim.
Richard oradan bir necha oy o‘tgach menga aytdi: “Bu davr hayotimning ajoyib bosqichini boshlab berdi. Xotinim va bolalarim menga juda mehribon, ishxonadagi muhit esa ancha iliq bo‘lib qoldi”. Ruhshunos sifatida Richardning ezgulik quvonchlariga erishayotganini ko‘rish juda yoqimli edi.
Odam ertalab uyg‘ongan zahoti mana bunday qarorlarga kelishi bo‘lmagan gap: “Men bugundan boshlab yaxshi inson bo‘laman”. Ezgulik, sevuvchi inson fe’l-atvorining boshqa har qanday xususiyatlari kabi odam unga o‘z qalbi va ongini ochgani sayin asta-sekin rivojlanib boradi. Biz dastlab o‘z oldimizga yuqori maqsadni qo‘yishimiz lozim: “Ha, men yaxshilikka to‘la hayot kechirishni istayman”. Soxta “men” ashaddiy xudbin ekanligini bilgan holda, biz har kuni atrofimizdagilarga nisbatan yaxshilik qilishga ongli ravishda o‘rganishimiz zarur.
Vujud va qalb
Haqiqiy sevgining asosiy hashamati shundan iboratki, u nafaqat qalbga, balki vujudga ham ta’sir qiladi! Bir qator ilmiy tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, yaxshi ishlar ruhiyatga ham, insonning jismoniy salomatligiga ham foydali ta’sir ko‘rsatadi. Mana bir qancha misollar.
Yaxshi harakatlar organizmdagi tabiiy analgetik - endorfinni chiqarib yuboradi.
Inson yaxshi ishlardan so‘ng eyforiya va halovat tuyg‘usini sezadi. Bu holat shunchalik keng tarqalganki, hatto tibbiyotda maxsus nomga ega bo‘lgan.
Boshqalarga yordam bergan holda, biz og‘riq alomatlari va boshqa jismoniy kasalliklarni kamaytirgan bo‘lamiz.
Ezgu ishlar tushkunlik, dushmanlik va yolg‘izlik hissidan ozod etadi. Aytish mumkinki, boshqa odamlarga yordam bizni tushkunlik bilan bog‘liq jismoniy muammolardan xalos qiladi.
Ezgu harakatlarning xayrli ta’siri va halovat hissi bir necha soatlab va hatto o‘sha voqea sodir bo‘lgan kunning oxirigacha - toki qilingan yaxshi ish yodimizda bo‘lib turgan vaqtda - davom etadi.
Boshqa odamlar uchun qilingan mehrli g‘amxo‘rlik immun tizimini mustahkamlaydi.
Boshqa odamlarga nisbatan qilingan ezgu ishlar insonning o‘ziga beradigan bahosini oshiradi, umid tuyg‘usini singdiradi va hayotdan qoniqish hissini beradi.
Qarzingni boshqalarga qaytar
Erinning o‘g‘li tug‘ilganidan so‘ng qo‘shni ayol Jessi har safar Erin va uning turmush o‘rtog‘i biror yoqqa bormoqchi bo‘lganlarida, bolaga o‘zi qarashib turishini taklif etdi. Ayol o‘z farzandlariga endi keraksiz bo‘lib qolgan kitob va o‘yinchoqlarni olib keldi. Jessi har safar bola bilan uchrashganida, unga biror kichikroq sovg‘alar berardi. Bir kuni Erin bolasini Jessidan olib mashinaga joylashtirdi va o‘zi ham g‘amxo‘r qo‘shnisi uchun qanday foydali ish qilishi mumkinligini so‘radi. Albatta, Erin juda ehtiyotkorlik bilan so‘radi, negaki biror jiddiy yordam ko‘rsatish uchun vaqti yetarli bo‘lishini bilmasdi.
- Albatta, yo‘q, - javob qaytardi Jessi. - Bizga ham uzoq yillar davomida ko‘pchilik yordam bergan. Endi esa o‘zim ham bu an’anani davom ettirayotganimdan juda xursandman.
Garchi Jessi o‘zicha ifoda etgan bo‘lsada, u qarzni boshqa odamga qaytarish imkoniyatining qadr-qiymatini namoyish etdi. Bizga kimdir yaxshilik qilganida, o‘zimiz ham bu yaxshilikni boshqalarga uzatgimiz keladi.
“Qarzni boshqalarga qaytar” jumlasi bizga Ketrin Rayan Xaydning shu nomli romani orqali tanish va shunday nomlangan film ham suratga olingan. Yozuvchilar va faylasuflar o‘nlab yillar mobaynida ezgulikning ana shu tarafini tahlil etishgan. 1784 yilning 22 aprelida Bendjamin Franklin yozgan xatni esga oling:
Muhtaram janob,
Men maktubingizni va unga ilova yozmasini 15-sanada oldim. Sizning vaziyatingiz meni chuqur qayg‘uga soldi. Men maktub orqali o‘n luidor jo‘natayapman. Bu pulni sovg‘a tariqasida qabul qilmang. Men sizga qarz beryapman, xolos. Siz uyingizga eson-omon yetib olganingizda, har holda o‘z shaxsiy ishlaringizni boshlaysiz va vaqti kelib barcha qarzlarni to‘lashingiz mumkin bo‘ladi. Ana o‘shanda murakkab vaziyatga tushib qolgan biror munosib odamni uchratib, men sizga bergan qarzni unga qaytarishingiz mumkin. Unga ham xuddi shu tarzda yo‘l tutishini maslahat bering va yaxshi ishlar qilish uchun boshqa imkoniyatlarni ham izlang. Umid qilamanki, mening pullarim harakatdan to‘xtab qolgunicha ko‘pgina qo‘llardan o‘tadi. Shu tariqa men ozgina mablag‘ sarflab xayrli ish qilgan bo‘laman. Men katta xarajatlar qilish darajasida badavlat emasman, shu bois kichik narsalardan imkon qadar yuqori foyda olish uchun shunday hiyla ishlatishimga to‘g‘ri keldi.
Siz boshlaydigan ishlarda katta omadlar tilab va kelajakda rivojlanishingizga umid bildirgan holda, muhtaram janob, sizning sodiq xizmatkoringiz,
B. Franklin (7).
Franklin kimningdir yaxshiligini qaytarishning eng afzal usuli - yana kimgadir yaxshilik qilish ekanligini a’lo darajada tushungan. Shu tariqa, u o‘z imkoniyatidagi o‘sha ozginani sarflab, bu olamdagi umumiy ezgulikni ko‘paytirishi mumkin edi. Asl sevgidagi eng ajoyib kuch - bizni boshqalarga ulashib beradigan quvvatdir. Atrofdagilarga yaxshilikni namoyon etgan holda, biz xayrli ishlar qilish uchun yangi imkoniyatlar izlaymiz. Atrofdagilar bizga mehribon bo‘lganlarida, ularning bu ishlarini davom ettirishni va yaxshilikni yanada uzoqlarga yetkazishni istaymiz.
O‘ZLASHTIRISH LOZIM BO‘LGAN KO‘NIKMALAR
Kimdir sizga yaxshilik qilganida, kelgusida o‘zingiz ham boshqa odamga nisbatan shunday yo‘l tutishga urining.
Bolakayning qurbonligi
Bundan o‘n besh yil muqaddam Jeff va Kristi Lilandning o‘g‘li Maykl o‘lim arafasida edi. Uning bor-yo‘g‘i bir necha haftalik umri qolgandi. Uni faqatgina iligini ko‘chirib o‘tkazish orqali qutqarib qolish mumkin edi. Bunday operatsiya uchun to‘lov 200 ming dollarni tashkil etardi. Lilandlarning sug‘urta kompaniyasi transplantatsiya uchun to‘lashni rad etdi, ularning o‘qituvchilik kasbidagi maoshi esa operatsiyaga mablag‘ to‘plash imkonini bermasdi.
Vashington shtati, Kirkland shahridagi maktabda Jeffning o‘quvchilaridan biri o‘zining bank hisobidagi barcha mablag‘ini - yigirma besh dollarni o‘qituvchisiga berdi. Maktab direktori uning xayriya qilganligini bilgach, hisob raqami ochdi va shu bola boshlagan ezgu ishga boshqa o‘quvchilarni ham qo‘shilishlariga da’vat etdi. Juda tez orada bu tashabbusga mahalliy aholi ham qo‘shilishdi. Bir oyga ham yetmasdan shahar 227 ming dollar to‘pladi. Bu mablag‘ transplantatsiya uchun yetarli edi va Mayklning hayoti saqlab qolindi.
Bolalar tarbiyasida xayriyaning ahamiyatini anglagan Lilandlar maktab klublarini birlashtiradigan xayriya tashkilotiga asos solishdi. Lilandlar klubining asosiy vazifasi turli kasalliklardan azob chekayotgan bolalarga boshqa bolalarning yordam berish imkoniyatini izlashdan iborat edi. 1995 yildan buyon ularning klubi 2,5 million dollardan ko‘proq mablag‘ yig‘ib, to‘rt yuzta bemor va nogiron bolalarga yordam ko‘rsatishdi. Lilandlar klubi a’zolari o‘tgan foiliyat yillarida umuman olganda yuz ming soatdan ko‘proq vaqtlarini xayriya ishlariga bag‘ishlashdi.
Jeffning aytishicha, klubning asosiy qadr-qiymati “maktabda to‘liq mavjud bo‘lgan salbiy madaniyatni nozik, ammo o‘ta ijobiy va samarali bartaraf etish uslubi” bilan baholanadi. Bolalar birgalikda xayrli ish qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. “Hamjihatlik va ezgulikning asl his-tuyg‘usi maktab madaniyatiga kirib boradi, buning natijasida bolalar jamiyatga xizmat qilishni boshlaydilar. Ularni o‘zlaridan zaifroq bo‘lgan tengdoshlariga yordam berishdek ulug‘ maqsad birlashtiradi” (8).
Biz hamisha ham o‘z qurbonliklarimiz va xayrli ishlarimizning natijasini ko‘ravermaymiz, lekin bunday xizmat hayotni o‘zgartirishga qodir bo‘lgani uchun ham asl sevgi bizni boshqa odamlarga xizmat qilishga undaydi. Biz ezgulik bilan harakatlangan holda uysiz odam, go‘dakka yoki biz bilan tushlik stoli atrofida o‘tirgan kishiga yordam berganimizda, boshqa odamning qadr-qimmatini ta’kidlagan bo‘lamiz. Yaxshilik juda oddiy bo‘lishi mumkin. Ammo uning ta’siri butun umr davom etadi.
Agar siz... bo‘lsangiz, munosabatlaringiz qanday tus olgan bo‘lardi?
Boshqa odamlar bilan har bitta o‘zaro aloqani yaxshilikni namoyon etish imkoni sifatida qaraganmisiz?
Nafaqat yaxshi kunlarda, balki og‘ir vaziyatlarda ham mehribon odam bo‘lishga qaror qilganmisiz?
Har yili hech bo‘lmaganda bir haftani ehtiyojmandlarga yordam berishdek xayrli maqsad uchun ajratganmisiz?
Boshqalarga faqat foyda keltiradigan gaplarni aytib, nomunosib so‘z va harakatlaringiz uchun kechirim so‘raganmisiz?
Hamisha boshqa odamning qadr-qimmatini ta’kidlash imkonini izlaganmisiz?
Siz haqingizda gaplashamiz
Muhokama va mulohaza uchun savollar
1. Biror kishiga yaxshilik qilganingizdan so‘ng o‘zingizda kechgan holatni yozing.
2. Yaxshilik qilishning o‘zingizga yoqadigan usulini yozing.
3. Boshqa odamning qanday xayrli ishi sizni atrofdagilarga nisbatan yaxshilik qilishga undadi?
4. Quyida keltirilgan mashqni bajarganingizdan so‘ng, ezgulik siz uchun qanchalik tabiiy ekanligi haqida o‘ylab ko‘ring.
5. Mehribon bo‘lish siz uchun qachon qiyinroq kechadi?
Foydali maslahatlar
1. Biror insonni uchratganingizda, tasavvur qilingki ...
U siz uchun nihoyatda qadrli.
Juda qobiliyatli.
Hayotda qandaydir ulug‘ vazifani bajarish uchun tug‘ilgan.
Haqiqiy sevgini qabul qilish va baxsh etishga qodir.
Tasavvur qilishga uriningki, siz...
Asl sevgiga erishish jarayonida bo‘lgan o‘zgargan odamsiz.
O‘zini ezgulik bilan burkash qobiliyatiga ega insonsiz.
Uni rad qilishganida yoki unga nisbatan dushmanlarcha munosabatda bo‘lishganda ham, yaxshilik qilishga qodir insonsiz.
Atrofdagilarga yaxshiligingizni tanlash, rad etish yoki yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarish uchun tanlash erkinligini taqdim etishga qodir insonsiz.
Har qanday uchrashuvga yaxshilik qilish imkoniyati sifatida qaraydigan insonsiz.
Siz ushbu ko‘rsatmalarni kichikroq varaqchalarga yozib, har kuni ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan yerlarga joylashtirib chiqishingiz mumkin - misol uchun, vannaxonadagi ko‘zgu oldiga.
2. Mana shu haftada o‘zingiz guvoh bo‘ladigan barcha yaxshi so‘zlar va harakatlarni yozib olish uchun biror kunni tanlang. Kim va nima qilganini yoki aytganini shunchaki yozib oling, xolos.
3. Mana shu haftada ertalab kun mobaynida yaxshilik ko‘rsatishning beshta imkoni bo‘lishi haqida kamida ikki bora o‘ylab ko‘ring. Kun oxirida barcha yaxshi so‘zlaringiz va harakatlaringizni yozib qo‘ying.
4. O‘zingiz haqingizdagi boshqalarning fikrini eshitishga harakat qiling. Har galgi suhbatdan so‘ng o‘zingizdan so‘rang: “Mening qaysi so‘zlarim yaxshi edi? Qaysilari esa yomon?” Aytgan yomon so‘zlaringizni eslab, buning uchun hamsuhbatingizdan kechirim so‘rang.
Аудио Книга на Узбекском языке: Любовь как образ жизни (Гэри Чепмен) 2020г
Описание книги: Гэри Чепмен – признанный во всем мире гуру в вопросах любви и отношений. Его книги переведены на 37 языков и совершили настоящий переворот в жизни миллионов людей во всем мире. «Любовь как образ жизни» – книга, которую ждали. Это логическое завершение бестселлера «Пять языков любви». Чепмен предлагает мудрое, ненавязчивое руководство по построению гармоничных отношений со всеми, с кем сталкивает нас жизнь. Тесты и задания помогут вам развить семь личных качеств, которые кардинально изменят вашу жизнь. С помощью этой книги вы не только сами станете счастливее, но и сделаете счастливыми других.