Kitob O'zbek tilida (Audiokitob) - Geri Chepmen. Sevgi hayot tarzi sifatida
Mundarija
So‘z boshi
1 bob. Birinchi qism. Biz nega sevishni xohlaymiz? Sevgidagi hayot chuqur qoniqish tuyg‘usini beradi
2 bob. Ikkinchi qism. Sevgining yettita siri. Ezgulik. Hayot quvonchini o‘zing uchun emas, balki boshqalar uchun kashf etgin
3 bob. Sabr-toqat. Boshqa odamlarning nomukammal ekanligiga ko‘nikkin
4 bob. Kechirim. G‘azabdan voz kech
5 bob. Xushmuomalalik. Atrofdagilarga xuddi do‘stlardek munosabatda bo‘lgin
6 bob. Itoatkorlik. Boshqa kishi qad rostlashi uchun sen engash
7 bob. Saxiylik. O‘zingni atrofdagilarga bag‘ishla
8 bob. Halollik. O‘zingni angla
9 bob. Uchinchi qism. Nikohda sevgini hayot timsoliga aylantir
10 bob. Bolalar bilan munosabatda sevgini hayot tarziga aylantir
11 bob. Ish faoliyatingda sevgini hayot tarziga aylantir
12 bob. Sevgi undovi
13 bob. Xotima
Asarning qisqacha mazmuni
Geri Chepmen - sevgi va munosabatlar masalasida butun dunyoga mashhur guru. Uning kitoblari 37 tilga tarjima qilingan bo‘lib, olamdagi millionlab kishilar hayotida haqiqiy burilish yasagan. “Sevgi hayot tarzi sifatida” - mushtariylar kutgan kitob. Bu asar “Sevgining beshta tili” bestsellerining mantiqiy yakunidir. Chepmen hayot bizni uchrashtiradigan barcha bilan uyg‘un munosabatlarni aqlli, erkin ruhdagi boshqaruv asosida qurishni taklif etadi. Test va topshiriqlar hayotingizni tubdan o‘zgartiradigan yettita xos xususiyatlaringizni rivojlantirishga yordam beradi. Mazkur kitob yordami bilan o‘zingiz baxtli bo‘libgina qolmay, balki boshqalarni ham baxtiyor etasiz.
Geri Chepmen G. Sevgi hayot tarzi sifatida
O‘n ikkinchi bob. Sevgi undovi
O‘tgan hayotingni eslayotganda, undagi eng g‘aroyib damlar sevgi ila nimadir qilgan paytlaring ekanligini tushunasan.
Genri Drammond
Men noyabrning sovuq, yomg‘irli oqshomida Jo va Kerolaynni ko‘rib kelish uchun xospisga yo‘l oldim...
“Menda saraton xastaligi bor, - dedi Jo yarim yil avval ilk bora uchrashganimizda. - Toki kuchim bor ekan, bu xastalik bilan kurashmoqchiman, ammo uni yengib chiqolmasam kerak. Hozir o‘zimni durust his qilayotgan paytimda, dafn marosimiga taalluqli ko‘rsatmalarni berib qo‘ymoqchi edim. Men xotinim Kerolaynga o‘sha og‘ir paytda qo‘shimcha muammolar yuklatishni istamayman”.
Er-xotinlar men bilan birgalikda Joning dafn marosimini qanday tashkil etishni muhokama qildilar. Biz do‘stlashib qoldik. Men amaliy faoliyat yuritayotgan ruhoniy bo‘lganim uchun ham, ular mendan dafn marosimini o‘tkazishimni so‘rashdi.
Bir necha oylik muolajalardan so‘ng Joning qisqa muddatlik umri qolganligi ma’lum bo‘ldi. Va men so‘nggi holatlarni muhokama qilish va xayrlashish uchun Joning oldiga keldim.
U meni ko‘rganida, yuzida tabassum paydo bo‘ldi. “Sizni ko‘rganimdan juda xursandman, - dedi u. - Men - baxtli odamman. Biz Kerolayn bilan birgalikda qirq yetti yil hayot kechirdik. Bizning munosabatlarimiz mukammal bo‘lmasada, uyg‘unlikka to‘la edi. Bizning beshta farzandimiz bor, bitta qizalog‘imiz to‘rt yoshida vafot etgan. Bizning faxrimiz bo‘lgan o‘n uchta nabiramiz bor. Mening yaxshigina ishim bor edi. Biz ko‘pgina shaharlarda yashaganmiz va hamma joyda do‘stlar topganmiz. Men bundan ortig‘ini so‘ray olmasdim. Men bolalarimdan men haqimda bezovta bo‘lmasliklarini so‘radim. Men bu olamdan ketishga tayyorman. Hozir biz mening dafn marosimim haqidagi so‘nggi holatlarni muhokama qilamiz. Siz bizga yordam bera olasiz degan umiddaman”.
Men uni yigirma daqiqa tingladim, uning savollariga javob berdim va qayd etib chiqdim. Suhbatimiz oxirida men Joga birgalikda ibodat qilish taklifini bildirdim. “Bu yaxshi bo‘lardi”, - rozi bo‘ldi u. Men uning chap qo‘lini ushladim, Kerolayn esa - o‘ngini. Jo xotinining qo‘lini yuziga bosdi, o‘pdi, kuldi va so‘ngra qo‘yib yubordi.
Sevgini izlang
Men Joning xonasidan chiqib, mashinam sari yo‘l oldim. Birgina fikr xayolimda charx urardi: barcha juftliklar sevgi va qo‘llab-quvvatlash muhitida abadiy halovat topsalar qaniydi-ya! Men buzilgan munosabatlar va ajralish bilan yakun topgan nikohlarda birgina muhim jihat - biz mazkur kitobda gapirayotgan asl sevgi yetishmaganligiga ishonaman. Nega aka-ukalar va opa-singillar o‘zaro muloqot qilmay qo‘yishmoqda? Nega do‘stlik barham topmoqda? Nega bir jamoadagi sportchilar jamoaning umumiy yutug‘i uchun kurashish o‘rniga o‘z ko‘rsatgichlarini yaxshilashni ancha kuchliroq istashadi? Nega bitta bo‘limda ishlaydigan xodimlar o‘z shaxsiy manfaatlarini kompaniyaning manfaatlaridan ustun qo‘yishadi? Har safar shunday bo‘ladi, negaki odamlar soxta “men”ta’siriga berilib, asl “men” haqida unutib qo‘yishadi. Ular chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining xususiyatlarini unutib qo‘yishadi.
Biz avvalgi boblarda sevgi tavsifini tahlil qilgandik. Biz sevgi inson uchun hayot ifodasiga aylanganida, uning fe’l-atvori xususiyatlari qanday namoyon bo‘lishi haqida gapirib o‘tdik. Endi esa bularning barchasi ortida turgan muhim bir savolga to‘xtalmoqchiman: nega sevgining sababi shaxsiy manfaatlardan kuchliroq? Men ushbu kitobning boshidayoq so‘ragandim: chinakamiga sevib qolish mumkinmi? Kundalik hayotda asl sevgi uchun o‘rin bormi? Sevgi odamga o‘ta tabiiy bo‘lgan xudbinlikni yengib o‘tishga qodirmi? Agar biz har qanday munosabatlarimiz xuddi Jo va Kerolayn nikohi kabi muvaffaqiyatli kechishini istasak, o‘z xudbinligimizni yengib o‘tish uchun kuchni qayerdan topishimiz mumkin?
Oliy kuch
Minglab ichkilikbozlar ismlari oshkor etilmaydigan ichkilikbozlar Uyushmasining birinchi va ikkinchi bosqich dasturlarini o‘tab, halokatli qaramlikdan qutulishdi. Ushbu bosqichlarning ma’nosi ushbu so‘zlarda berilgan: “Biz ichkilikbozliq qarshisida ojiz ekanligimizni va hayotimizni nazorat qilib bo‘lmasligini tan olamiz. Biz o‘zimizdan yuqori bo‘lgan oliy kuch bizni durust hayotga qaytarishiga ishonch hosil qilishni istaymiz” (1).
Xudbinlikni qaramlik deb bo‘lmaydi, ammo u baribir kasallik bo‘lib, bizni o‘zimiz istayotgan narsaga tiyiqsiz tortib turadi. Xudbin odam har qanday munosabatga shunday bir savol ko‘zgusi orqali qaraydi: “Bu menga nima beradi o‘zi?” Uning hayotida hatto sevgi bilan ish tutgandek tuyulsada, aslida bu sevgi emas, balki xudbin istaklar bilan yo‘g‘rilgan hiyla-nayrangdir.
Men takror va takror sizning shu gaplarni uqtirayotganingizni eshityapman: “Agar sherigimning o‘zi boshlab bersa, men o‘zgarishlarga tayyorman”. Bu kabi fikrlar aqlli tuyulishi mumkin, lekin ularning sevgi bilan hech qanday bog‘liq jihati yo‘q. Hayotda bunday yondashuv kimningdir istaklarini qondirishga yo‘naltirilgan “shartnomali” mentalitetga asoslangan.
Xudbinlik inson qalbini butunlay yeb qo‘ygan va undan qutulish oson bo‘lmaydi. Men o‘ttiz yil davomida ruhshunos maslahatlarini berib keldim va shu yillar davomida atrofdagilarga muhtoj ekanligini tan oladigan odamlar sevgini hayot tarziga osonlikcha aylantira olishlariga ishonch hosil qildim. Agar biz o‘zimizni aldamasak, asl sevgini boshqa kimningdir yordamisiz amalga oshirish holatida emasligimizni tan olishimiz lozim.
Faqat shaxsiy harakatlar bilan xudbinlikdan qutulib bo‘lmaydi. Bu har qanday munosabatlar uchun adolatlidir. Shaxsan men buning misolida xotinim bilan munosabatlarni ko‘rdim va o‘z o‘tmishimni sizlar bilan baham ko‘rmoqchiman.
Xudbinlik - bu chiqib ketish mumkin bo‘lgan azobli qaramlik, gunoh halqasidir.
Sevgiga yo‘l
Men antropologiya bo‘yicha ilmiy unvonga hali turmush qurishimdan avval ega bo‘lganman. To‘y paytida men geologik aspirantura bo‘yicha to‘liq tajribaga ega edim. Men Kerolaynni telbalarcha sevib qolgandim va o‘zimni oilaviy hayotda kutayotgan behad baxt sari talpinardim.
Xayoliy tasavvurimda o‘ziga jalb etadigan manzaralar gavdalanardi. Va mana oddiy ish kunidan so‘ng uyga qaytaman. Xotinim meni eshik oldida qarshilaydi, quchoqlaydi va o‘pib qo‘yadi. Men divanda joylashib olaman, u esa kechki ovqatni tayyorlab bo‘ladi. Biz kechki ovqat paytida bir-birimizning ko‘zlarimizga qarab, kunni qanday o‘tkazganimiz haqida hikoya qilamiz. Kechki ovqatdan so‘ng xotinimga idish-tovoqlarni yuvishga yordam beraman, oqshomda esa o‘z ishlarimiz bilan shug‘ullanamiz. Men stol atrofida o‘tirib, ertangi mashg‘ulotga tayyorgarlik ko‘raman, Kerolayn esa divanda joylashgancha qiziqarli bir kitobni o‘qiydi. Soat o‘n yarimda uxlash uchun yotamiz, uyqu oldidan esa sevgi bilan mashg‘ul bo‘lamiz. Hayot mening nazarimda ajoyib bo‘lib ko‘rinardi.
Agar siz uylangan bo‘lsangiz, tabassum qilayotganingizni ko‘rib turibman. Siz mening so‘zlarim orqali o‘zingizni tanib olasiz. Ehtimol, mening soddaligimni va oddiy xudbinlikni tushunayotganingiz bois jahlingiz ham chiqayotgandir. Men xotinim oilaviy hayotni butunlay boshqacha tasavvur qilishi haqida o‘ylab ham ko‘rmagan ekanman.
Juda tez orada Kerolayn men mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rayotganimda, divanda kitob o‘qib o‘tirish istagi bilan umuman yonmaganini menga ayon bo‘ldi. U kechqurunlari savdo markaziga yoki odamlar bilan muloqot qilish mumkin bo‘lgan ommaviy tadbirlarda ishtirok etishni ma’qul ko‘rar ekan. U soat o‘n yarimda uyquga yotishni juda barvaqt deb hisoblagan. U bu vaqtda o‘qishni yoki televizor ko‘rishni istagan. Uni oqshom paytlari qo‘lida kitob bilan ko‘rganimda, jahlim qo‘zg‘ab shunday o‘ylardim: “Sen nega men o‘qigan paytda o‘qimading-a?” Shuningdek, tez orada eri bilan birgalikda yotish xotinim uchun hayotdagi asosiy maqsad emasligini tushundim. Men “sevgi mashg‘uloti” deb ataganim uning uchun ajoyib kunning mutlaqo mukammal yakun topishi emas ekan.
Kelishmovchiliklar juda tez orada boshlanib ketdi. Biz ikkalamiz ham bir-birimizga nisbatan azob va g‘azab tuyg‘usi shunchalik kuchli ekanidan hayratda qoldik. Biz to‘ydan avval his qilgan o‘sha sevgi qanday qilib shunchalik tez yo‘qolib ketsa? Biz ixtiloflarni hal etishni bilmasdik, negaki hayotimizda ularning bo‘lmasligiga ishongandik. Shu bois biz tez-tez janjal qilardik, kamdan kam hollarda yarashib olardik. Men vaqt o‘tgan sayin boshqa ayolga uylanganim haqida o‘ylay boshladim. Biroq birgalikda hayotimiz juda yomon edi demoqchi emasman. Bizda baxtli damlar bo‘lgan. Biroq hal etilmagan nizolar bizni doimo bir-birimizdan ayirib turgan.
Barcha ana shu vaqt mobaynida men ruhoniy bo‘lish uchun ilohiyotshunoslikni o‘rgandim. Barcha ana shu vaqt mobaynida zimmamdagi vazifam va oilamizdagi munosabatlar muhiti o‘rtasidagi bo‘shliq tobora kengayib bordi. Men o‘z oilamda yo‘qotib qo‘ygan umidni boshqa odamlarga yetkaza olishimni tasavvur qilish qiyin edi. Ba’zan boshim bilan mashg‘ulotlarga ko‘milib qolardim va ta’limdan so‘ng barchasi boshqacha bo‘lishini o‘zimga uqtirardim. Ammo qalbimning tub-tubida buning shunchaki puch xayol ekanligini tushunib turardim.
O‘qish yakunlanadigan kun ham kelib qoldi. Men fil suyagidan ishlangan akademik minorani tark etib, haqiqiy hayotga chiqishim kerak edi. Kayfiyatim tobora buzilib borardi. Men o‘z tushkunligimda Xudoga qarshi chiqib, oilam mukammallikdan juda uzoqda ekanligi uchun Uni aybladim. Oxir-oqibat, men to‘ygacha ibodat qilib, maslahat so‘ramaganmidim? Va to‘g‘ri qadam qo‘yganligimga nega bunchalik ishondim, endi esa nima uchun qiynalib, ich-etimni kemirayapman? Axir men Xudodan ikkalamizga ham tang vaziyatdan chiqish yo‘lini topib berishini va nizolarimizni hal etishini iltijo qilib so‘ramaganmidim? Biroq mening ibodatlarim hech qanday natija bermadi. Xudodan jahlim chiqdi va qanday qilib Uning ruhoniylaridan biri bo‘lishimni bilolmay qoldim.
Sevgi - bu xizmat
Men Xudoga jahl qilganimdan so‘ng bir qancha vaqt o‘tgach, oilamizdagi muhit asta-sekin yaxshi tarafga o‘zgara boshladi. Biz Kerolayn bilan o‘zaro ko‘proq va xotirjamroq gaplashadigan bo‘ldik. Biz hatto bir qancha mojarolarimizdan so‘ng yarashib olishga ham erishdik. Ammo munosabatlarning yaxshilanishi uzoqqa cho‘zilmadi. Oradan bir necha hafta o‘tgach yana janjal qilishni va xafagezak sukunatda burkanib o‘tirishni boshladik. Men bir marotaba Xudoga shunday deganimni eslayman: “Men shunchaki nima qilishimni bilmayman. Men hammasini qilib ko‘rdim, biroq vaziyat o‘zgarmayapti. Aksincha, u tobora yomon tus olyapti. Agar o‘z oilamda vaziyatni o‘zgartirishni uddalay olmasam, boshqa odamlarga qanday yordam berishimni ham bilmayman”. Men ibodatni boshlagan so‘zlarim bilan yakunladim: “Men shunchaki nima qilishimni bilmayman”.
Ibodatni yakunlaganimda, to‘satdan Muqaddas Kitobdan bir parcha yodimga tushib qoldi. Iso xochga mixlanishi arafasida do‘stlari bilan Fisih bayramini nishonlagandi. Masihning do‘stlari u har birining oyog‘ini yuvganidan hayron qolishgandi. Odatda bu yoqimsiz vazifani xonadon boshqaruvidagi eng past o‘rindagi qullar bajarishardi. (Sizga kun bo‘yi chang ko‘chalarni sandali bilan bosib o‘tgan erkaklarning oyoqlarini yuvish yoqqan bo‘larmidi?) Biroq Iso, murabbiy va ustoz, har bitta do‘stiga sadoqat bilan xizmat qilgan holda, itoatkorlik va sevgining bu harakatini ongli ravishda bajardi.
Men Xudo ibodatlarimga javob qaytarganini tushundim: “Sening oilangda mana qanday muammo bor. Sen o‘z xotiningga masihiycha yondashishni bilmaysan”. Men gap nimada ekanligini darhol tushundim. Men Iso shogirdlarining oyoqlarini yuvganida aytgan so‘zlarini esladim: “Hozir nima qilganimni tushundilaringmi? Sizlar Meni “Ustoz”, “Hazrat” deb chaqirasizlar va to‘g‘ri qilasizlar, chunki Men xuddi shundayman. Agar Men Hazratingiz va Ustozingiz bo‘la turib oyoqlaringizni yuvgan bo‘lsam, sizlar ham bir-biringizning oyoqlaringizni yuvishingiz shart. Men sizlarga nima qilgan bo‘lsam, sizlar ham o‘shani qilishingiz kerak. Men sizlarga o‘rnak ko‘rsatdim”. Iso boshqa safar shogirdlariga shunday dedi: “...orangizda kim katta bo‘lsa, o‘zini eng kichikday tutsin. Kim boshliq bo‘lsa, xizmatkorday bo‘lsin” (2).
Xudo bilan bunday suhbat menga chuqur ta’sir qildi. Men javob topganimni tushundim. Men oilaviy hayotda Masihning o‘gitlariga amal qilmagan ekanman. Men turlicha shaklda xotinimga hamisha bir gapni uqtirganman: “Men uyg‘un nikohni qanday qurish mumkinligini bilaman. Agar sen gapimga kirsang, bizda hammasi yaxshi bo‘ladi”. Kerolayn “menga quloq solmadi”, men esa barcha ko‘ngilsizliklarimizda uni aybladim. Ammo muammo Kerolaynga bog‘liq emasdi. Hamma gap mening munosabatimda bo‘lgan. Ana shunda men Xudoga aytdim: “Iltimos, meni kechirgin! Men yunonchani, ibroniy tilini va ilohiyotshunoslikni o‘rgandim, ammo oddiy narsani o‘rgana olmabman. Iltimos, meni kechir!” Va ibodat qilishni boshladim. “Xotinimga nisbatan masihiycha munosabatda bo‘lishga meni o‘rgat. Iso o‘z shogirdlariga qanday xizmat qilgan bo‘lsa, meni ham xotinimga shunday xizmat qilishga o‘rgat”.
Hayotimni o‘zgartirgan uchta savol
Men ortimga nazar solib, bu mening hayotimdagi eng muhim ibodat bo‘lganini tushunaman, negaki Xudo mening qalbimni o‘zgartirdi. Men o‘z nohaqligimni tushundim va shu paytdan boshlab oilada o‘zimni mutlaqo boshqacha tutishni boshladim. Men xotinimga buyruq beradigan va uning istaklarimga to‘la mos kelishini talab qiladigan hukmron bo‘lishni bas qildim. Aksincha, men uning hayotini yaxshiroq va farovonroq qilish uchun harakat boshladim. Men nikohimiz avval boshdan ana shunday bo‘lishini xohlab qoldim.
Mazkur g‘oyalarni hayotga tadbiq etishimga uchta savol yordam berdi. Ularni Kerolaynga berganimdan so‘ng, uyimizdagi muhit tubdan o‘zgardi. Bu savollar juda oddiy, ammo ularning sharofati ila xotinimni chinakamiga sevib qolishimga yordam bergan ma’lumotlarni qo‘lga kiritdim.
1. Senga yordam berish uchun bugun nimalar qilishim mumkin?
2. Sening hayotingni qanday yengillashtiray?
3. Qanday qilib sen uchun yaxshi er bo‘lishim mumkin?
Men bu savollarni berganimda, Kerolayn javob qaytarishni istab qoldi. Men uning tarafidan hech qanday qarshilikka duch kelmadim. Uning javoblari esa sevgimni unga qanday namoyon etishni tushunishimga yordam berdi. Ana shunda oilaviy hayotimiz o‘zgarganini tushundim. Bu bir lahzada ro‘y bergan emas. Ammo bir oydan so‘ng Kerolayn harakatlaridagi va uning menga nisbatan munosabatidagi o‘zgarishlarni payqadim. Oradan uch oy o‘tgach, xotinim o‘sha uchta savollarni menga bera boshladi. Men unda kechgan o‘zgarishlardan hayratda edim. Men munosabatlarimiz bunchalik tezlik bilan yaxshi tarafga o‘zgaradi deb o‘ylamagandim.
O‘shanda men uzoq yillar ruhiy yordam ko‘rsatish orqali tushunganlarimni bilmas edim. Sevgi sevgini hosil qiladi. Odamlar sevgiga o‘ta mushtoq bo‘lishadi, uni qabul qilganlaridan so‘ng esa javoban sevgi hadya etishga tayyor bo‘ladilar.
Chinakamiga sevuvchi odam bo‘lish uchun, yaqinlaringizdan: “Sizga qanday foydam tegishi mumkin?” deb so‘rang.
Asl sevgi yo‘lining yakuni
Mana qirq yildan oshibdiki, xotinim ikkalamiz sevgi yo‘lidan boryapmiz. Bizdagi munosabatlar ajoyib, mo‘‘jizaviy. Yaqinda men unga shunday dedim: “Agar dunyodagi barcha ayollar senga o‘xshaganda, ajralishlar yuz bermagan bo‘lardi”. Nega erkaklar ularga yordam berish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qiladigan ayollarni tashlab ketishadi? Mana shu yillar mobaynida mening asosiy maqsadim hech bir boshqa erkak sevolmaydigan darajada xotinimni sevishdan iborat bo‘ldi.
Men o‘z sevgi yo‘limni sizlar men chinakamiga sevadigan odam namunasi deb hisoblashlaringiz uchun hikoya qilib bermadim. Men barcha mening yo‘limni xuddi shu tarzda takrorlashi kerak deb hisoblamayman. Umid qilamanki, mening zaifliklarim kimgadir asl sevgi manbasini ochishga yordam beradi. Biz Xudoning madadi bilan hayotga va o‘z hatti-harakatlarimizga nisbatan munosabatimizni o‘zgartirish uchun sabab va kuch-qudratga ega bo‘lamiz. Xudbinlik meni eng avvalo shaxsiy ehtiyojlarim haqida o‘ylashga undagandi. Hayotga bunday yondashuv nikohimni buzishini tushunganimda, men Xudoga murojaat qildim. Va Xudo menda xotinimga xizmat qilish istagini alanga oldirdi. Bunday xizmat men uchun ongli ravishdagi ko‘nikmaga aylandi.
Men ushbu bobda nikohga e’tiborimni jamladim, negaki hayotning aynan shu jabhasida o‘zgarishlarning katta miqdorini kuzatish va his qilish imkoniyatlariga ega bo‘ldim. Ammo ko‘pchilik Xudoning madadi bilan do‘stlikni, tijoratni va halokatga mahkumdek tuyulgan munosabatlarni saqlab qolishi mumkin. Xudodan boshqa odamni sevish uchun yordam so‘raganimizda, hamisha yordam va ko‘mak olamiz.
Men ko‘pchilik odamlarga tashqi tarafdan yordam zarur ekanligiga ishonaman. Ular ana shunda atrofdagilar munosabatidagi - ishda, do‘konda yoki uyda - sevgiga murojaat qilishlari mumkin. Asl sevgi inson fe’l-atvorining tug‘ma xususiyati hisoblanmaydi. Ikkita xudbin shaxs sevgi ruhi bilan yo‘g‘rilgan munosabatlarni hech qachon qurolmaydilar. Toki qalbimizga oliy kuch ta’sir qilmas ekan, biz faqat o‘z manfaatlarimiz haqida o‘ylab yashashda davom etamiz. Bunday vaziyatda chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining yettita xususiyatlarini egallash juda og‘ir.
Men e’tiqodsiz odamlar chinakamiga sevuvchi odamlar bo‘lolmaydi, degan fikrda emasman. Barcha odamlar sevish qobiliyatiga ega. Biroq ko‘pchiligimizda o‘zimizni asrashga intilish hissi atrofdagilarga yordam berish istagidan kuchliroq. Insoniyat tarixi - buning isboti. Shaxsan men Xudoning yordamiga muhtoj bo‘lganimni ochiq tan olaman. Faqat shu tariqa sevgini hayotim ifodasiga aylantira oldim.
Munosabatlarda tabiiy xudbinlikni yengib o‘tish murakkab va uzoq davom etadigan ish. Mening Kerolayn bilan munosabatlarim uni chinakamiga sevmaganimni tushunganimdan so‘ng o‘zgardi. Men keyingi o‘n yil mobaynida unga qay tariqa yaxshiroq xizmat qilishga muntazam o‘rgandim. Ishonavering, buni doimo ham uddalay olmaganman, biroq men o‘rganishda davom etdim.
Boshqa odamlarga xizmat qilish biz uchun ko‘nikmaga aylanganida, biz sevgi yo‘lidan har qanday chetga chiqishlarni darhol payqab olamiz. Vaqt o‘tgan sayin xizmat bizga quvonch keltirishni boshlaydi, boshqa odamlar bilan munosabatlar esa yaxshilik, sevgi va qalb saxovati asosida quriladi.
Men ushbu kitobni yuqori ohanglarda yakunlashni istayman. Men asl sevgi ruhi bilan yashashda davom etyapman va o‘zim qurishga erishgan uyg‘un munosabatlardan lazzat olyapman. Hayotimning so‘ngida, agar bu olamdan birinchi bo‘lib ketish menga nasib etsa, xotinimning ko‘zlariga qarab kulishni, uning kaftini yuzimga bosib o‘pishni istayman.
Siz haqingizda gaplashamiz
Muhokama va mulohaza uchun savollar
1. Sizning fikringizcha, sevgi haqidagi omma tasavvuri va “oshiq-ma’shuqlik” nimasi bilan asl sevgidan farq qiladi?
2. Sizni boshqa odamlarni sevishga nima undaydi?
3. Sizning munosabatlaringizga xudbinlik qay tariqa xalaqit beradi?
4. Boshqalarni sevish siz uchun qiyinmi? Agar shunday bo‘lsa, qanday vaziyatlarda va nima uchun?
5. Munosabatlarda xudbinlik bilan kurashish bizni ko‘mak uchun Xudoga murojaat qilishga undashi haqidagi fikringiz qanday?
6. Mazkur kitobni o‘qishni boshlaganingizdan so‘ng sevgiga va insoniy munosabatlarga yondashuvingiz qanday o‘zgardi?
Foydali maslahatlar
1. O‘ylab ko‘ringchi, hayotingizdagi qaysi munosabatlarni asl sevgi bilan boyitishni istaysiz?
2. Chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining qaysi xususiyatlarini faolroq rivojlantirishingiz kerakligini hal qilib oling. Nega shunday qarorga keldingiz?
3. O‘zingdan so‘rab ko‘ringchi, munosabatlaringizni mustahkamlash uchun Xudodan yordam so‘rashga tayyormisiz? Nima uchun?
Фисиҳ - ибронийча номи “Песах”. Иброний календарининг биринчи ойи - Абиб (Нисон) ойининг ўн тўртинчи куни оқшомида нишонланган. Бу ой ҳозирги 11 мартдан кейин биринчи янги ой чиққан кундан бошланади. Исроил халқи шу оқшомда Худо уларни қандай қилиб Мисрдаги қулликдан озод қилганини хотирлаган. Ҳар бир хонадон бир қўзи ёки улоқчани қурбонлик қилиб, Фисиҳ байрами муносабати билан таом тайёрлаган. Бу таом билан тахир ўтлар ва хамиртурушсиз нон ҳам ейилган. – Тарж. изоҳи
Аудио Книга на Узбекском языке: Любовь как образ жизни (Гэри Чепмен) 2020г
Описание книги: Гэри Чепмен – признанный во всем мире гуру в вопросах любви и отношений. Его книги переведены на 37 языков и совершили настоящий переворот в жизни миллионов людей во всем мире. «Любовь как образ жизни» – книга, которую ждали. Это логическое завершение бестселлера «Пять языков любви». Чепмен предлагает мудрое, ненавязчивое руководство по построению гармоничных отношений со всеми, с кем сталкивает нас жизнь. Тесты и задания помогут вам развить семь личных качеств, которые кардинально изменят вашу жизнь. С помощью этой книги вы не только сами станете счастливее, но и сделаете счастливыми других.