Kitob O'zbek tilida (Audiokitob) - Geri Chepmen. Sevgi hayot tarzi sifatida
Mundarija
So‘z boshi
1 bob. Birinchi qism. Biz nega sevishni xohlaymiz? Sevgidagi hayot chuqur qoniqish tuyg‘usini beradi
2 bob. Ikkinchi qism. Sevgining yettita siri. Ezgulik. Hayot quvonchini o‘zing uchun emas, balki boshqalar uchun kashf etgin
3 bob. Sabr-toqat. Boshqa odamlarning nomukammal ekanligiga ko‘nikkin
4 bob. Kechirim. G‘azabdan voz kech
5 bob. Xushmuomalalik. Atrofdagilarga xuddi do‘stlardek munosabatda bo‘lgin
6 bob. Itoatkorlik. Boshqa kishi qad rostlashi uchun sen engash
7 bob. Saxiylik. O‘zingni atrofdagilarga bag‘ishla
8 bob. Halollik. O‘zingni angla
9 bob. Uchinchi qism. Nikohda sevgini hayot timsoliga aylantir
10 bob. Bolalar bilan munosabatda sevgini hayot tarziga aylantir
11 bob. Ish faoliyatingda sevgini hayot tarziga aylantir
12 bob. Sevgi undovi
13 bob. Xotima
Asarning qisqacha mazmuni
Geri Chepmen - sevgi va munosabatlar masalasida butun dunyoga mashhur guru. Uning kitoblari 37 tilga tarjima qilingan bo‘lib, olamdagi millionlab kishilar hayotida haqiqiy burilish yasagan. “Sevgi hayot tarzi sifatida” - mushtariylar kutgan kitob. Bu asar “Sevgining beshta tili” bestsellerining mantiqiy yakunidir. Chepmen hayot bizni uchrashtiradigan barcha bilan uyg‘un munosabatlarni aqlli, erkin ruhdagi boshqaruv asosida qurishni taklif etadi. Test va topshiriqlar hayotingizni tubdan o‘zgartiradigan yettita xos xususiyatlaringizni rivojlantirishga yordam beradi. Mazkur kitob yordami bilan o‘zingiz baxtli bo‘libgina qolmay, balki boshqalarni ham baxtiyor etasiz.
Geri Chepmen G. Sevgi hayot tarzi sifatida
O‘n birinchi bob. Ish faoliyatingda sevgini hayot tarziga aylantir
Inson uchun iltifot, mayda-chuyda ishlarda ham yordam berish va muloyimlikni ko‘rsatish odatiy holga aylanganida... uni o‘z iqtidorini namoyon etib, yuqori natijalarga erishgan vaqtidan ko‘ra ko‘proq qadrlashadi.
Meri Enn Kelti
Ramona hozirgina kelgan elektron xatga qarab turardi: “Yangi loyihaning taqdimoti keyingi chorshanba kuni soat 10:00 da anjumanlar zalida o‘tkazilishini sizga mamnuniyat bilan xabar qilamiz”.
Jeffning maktubi marketing bo‘limi, dizaynerlar guruhi va ishlab chiqarish bo‘limiga yuborilgandi.
“Biz an’anaviy savdo yarmarkasiga tayyorlangan holda, yangi mahsulotlarimizni namoyish etamiz va marketing siyosatida taqdim etilayotgan mahsulotlarning noyobligi yuzasidan yangi usullarni muhokama etamiz. (Siz dizaynerlik guruhi avval taxmin qilinganidan ko‘ra boshqacha yo‘ldan ketganini payqab olasiz.) So‘ngra esa o‘zimiz uzoq kutgan a’lo mahsulotning paydo bo‘lganini nishonlaymiz”.
Jeff maktubni yana bir qancha ijobiy takliflar bilan yakunladi.
Ramonaning g‘azabi qo‘zidi. Uning Jeff bilan munosabatlari xuddi minalar ko‘milgan maydonga o‘xshaydi. U hamisha voqelikka mos kelmaydigan kutishlarga to‘la. U hamisha boshqalarni tinglamagan holda, faqat o‘z g‘oyalarini bildiradi. Ramona yaxshi kayfiyatda bo‘lganida, Jeff o‘z ishini qoyilmaqom uddalayotgani va qo‘lidan kelgan barcha ishlarni qilayotganini tan oladi. Ammo hozir Ramonaning kayfiyati buzuq. U telefon go‘shagiga yopishadi va shu zahotiyoq yana o‘rniga qaytarib qo‘yadi. U o‘tirib-turaveradi. Oxir-oqibat, Ramona o‘rnidan sapchib turadi, Timning xonasiga yugurib kirib, eshikni qarsillatib yopdi. Tim unga tushungan holda o‘girilib qaraydi.
“Hammasini bilaman, hozirgina uning xatini o‘qib chiqdim”, - deydi u.
“Bu xat Jeff hech kimni tinglamasligini yana bir bora isbotlaydi, - yoriladi Ramona. - Men o‘tgan hafta unga yangi mahsulotlarni bir oydan avval chiqarishga tayyor bo‘lmasligimizni aytgan edim-a. Sen uning yo‘nalishni o‘zgartirish haqida yozganiga e’tibor berdingmi? Uning bunga haqqi yo‘q edi! Agar u tajribalarning natijasiga e’tibor berganda edi, nega o‘zgarishlarni boshqa paytga ko‘chirishimizga to‘g‘ri kelganini tushungan bo‘lardi. U bizni doimo qoloqlar deb atashidan juda charchadim. U yaxshi ko‘rinish uchun hamma aybni bizga ag‘daraveradi. Men uning ishda ushlanib qolganini biror marta ham ko‘rmadim, biz esa hech qachon o‘z vaqtida ketmaymiz”.
“Men hammasini tushunaman, - dedi Tim. - Garchi u ishimiz haqida tasavvurga ham ega bo‘lmasada, doimo bizga muammo tug‘diradi. Agar biz mahsulotlarimizni hozir ko‘rsatsak, batareyalar bilan bog‘liq vaziyatni birinchi buyurtmalar kelgunicha hal qilolmaymiz”.
Shu payt eshik taqillab, xonaga Ramona va Timning boshlig‘i Megan kirib keldi. “Sizga mana buni qaytarmoqchi edim, xolos”, - dedi u Timga katta konvertni uzatayotib.
“Rahmat. Siz Jeffning xatini o‘qidingizmi?”
“Ha, men u bilan darhol gaplashib olmoqchiman. Men kelasi chorshanbagacha hammasi tayyor bo‘ladi deb hisoblamayman. Sizlarning fikringiz qanday?”
Ramona va Tim bir-birlariga mamnun qarab qo‘yishdi. “Biz hozirgina shu haqda gaplashib turgandik, - dedi Ramona. - Jeff holatlar bilan tanish emas. Ehtimol, u shunchaki tinglashni bilmaydi”.
“Yaxshi, men u bilan uchrashuvimiz natijasini sizlarga xabar qilaman”. - Megan o‘z ortidan eshikni yopib ketdi.
“Men charchadim, - dedi Ramona Megan chiqib ketganidan so‘ng. - Fikrimcha, Jeff bu ishga to‘g‘ri kelmasligi xususida Megan bilan gaplashib olishimiz kerak”.
Tim va Ramona shivirlashga o‘tgancha bir necha daqiqa suhbat qilishadi. Ular suhbatining asosiy mavzusi - badbaxt hamkasbning xatolari edi. Va mana, eshik yana taqillaydi. Megan kirib keldi.
“Jeff bilan gaplashib olganimni sizlarga aytmoqchi edim. Biz yangi mahsulotlarni chiqarishni keyingi oygacha orqaga surib turamiz. Bu vaqtda hammamiz birgalikda ishlab turishimiz mumkin. Bundan tashqari, Mark kelib bizga qo‘shilishi mumkin. Men Jeffga hali savdo ko‘rgazmasiga tayyorlanayotganimizni, biroq mahsulotlarimizning yuqori sifatli va ishonchga sazovor bo‘lishini istashimizni aytdim.
“Jeff hatto Markning xizmat safariga ketganidan bexabar ekanmi?”
Megan qoshlarini chimiradi: “Uning nazarida Mark shu yerda bo‘lgandek tuyulgani uchun ham ongli tarzda taqdimotni shuncha barvaqt tayinlab qo‘ygan. Jeffning bu qadar hayajonga tushganini avval hech qachon ko‘rmagandim. U uxlagan holda bu taqdimotni ko‘rgan”.
“Faraz qilishimcha, u ishlab chiqarish bo‘limiga batareyalar muammosini hal etishi uchun vaqt kerak ekanligini bilmagan”. - Ramona ishlab chiqarish bo‘limini va badbaxt Jeffni noqulay ahvolga tushirishga urinardi.
“U muammo borligini bilgan, biroq uning fikricha, biz go‘yo uni hal qilib bo‘lganmiz. Uning aytishicha, siz bu haqda o‘tgan hafta gapirgansiz, shunday emasmi?”
Ramona darhol javob bermadi. U Jeff bilan bu masalada o‘zini “nari-beri” qilishlarini istamadi.
“Biz taqdimotni barvaqtroq o‘tkazish mumkinligi, ammo qulayroq vaqt kelishi uchun orqaga surish afzalroq ekanligi haqida gaplashgandik”.
“Nima ham derdim, u seni teskari tushunibdi. Har qanday holatda ham bu masala hal. U bir necha daqiqadan so‘ng elektron xatlarni jo‘natishni boshlaydi”. - Megan ketish uchun eshikni ochayotganida, uni Ramona to‘xtatib qoladi. “Biz hozirgina Jeff bilan doimo qandaydir g‘alati ishlar yuz berishi haqida gaplashayotgandik, - shivirlaydi u. - Siz bunday deb o‘ylamaysizmi?”
“Yo‘q... Men uning ba’zan o‘ylamasdan gapirib yuborishini bilaman. U biror narsaga e’tiborini qaratganida, hech kimni eshitmay qo‘yadi. Biroq u juda yaxshi xodim. Uning xizmatlari tufayli bizning savdomiz yigirma besh foizga ortdi”. Nashi prodaji vыrosli na chetvert blagodarya yemu». - Megan jilmayib qo‘ydi va bu safar eshikni yopmay chiqib ketadi.
Ramonaning ruhi tushib ketadi. Bundan ayonki, Jeffdan yaqin vaqtlarda qutulib bo‘lmaydi. “Bo‘pti, masala hal, - deydi u Timga. - Ishimga qaytganim afzal”.
U xonasiga qaytganida, Jeffning yangi xatini o‘qiydi. Taqdimot masalasi hal bo‘ldi, biroq Ramona Jeffni hech qachon yoqtirmasligini biladi. Ehtimol, keyingi safar u bunchalik oson qutulmaydigan biror nima ro‘y berib qolar. Ramona bosh chayqab, monitor ekranidan xatni o‘chirib tashlaydi.
Men hamkasblarimga nisbatan sevgi bilan munosabatda bo‘lamanmi?
Keyingi haftada chinakamiga sevuvchi odamning quyidagi xususiyatlarini hamkasblarga nisbatan qanchalik yaxshi namoyon etganini 0 dan 10 gacha bo‘lgan tizim orqali baholang (aniq biror insonni yoki o‘zingiz qalin hamkorlik qilayotgan yoki siz bilan ko‘proq kelisha olmayotgan kishini tanlashingiz mumkin). Kitobni o‘qishni davom etayotganda, o‘zingizning kuchli va zaif taraflaringizni unutmang.
_____ Mehribonlik
_____ Sabr-toqat
_____ Kechirim
_____ Xushmuomalalik
_____ Itoatkorlik
_____ Saxovat
_____ Halollik
Asl muvaffaqiyat
Ish joyidagi munosabat ba’zan shunday bo‘lib qoladiki, chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining barcha yettita xususiyatlarini namoyon etish juda qiyin bo‘ladi. Hamkasblarimiz ko‘pincha kuniga sakkiz (balki o‘n yoki o‘n bir) soatlab biz muloqot qilishni istaydigan odamlar bo‘lib chiqaverishmaydi. Ammo baribir biz oilamiz a’zolariga ajratadigan vaqtga nisbatan ular bilan ko‘proq birga bo‘lishimizga to‘g‘ri keladi.
Har holda ish faoliyatidagi munosabatlar kundalik hayotda asl sevgini uyg‘otish borasida ulkan imkoniyatlarga ega. Biz aynan ish joyida turlicha ustunliklar, fe’l-atvor, ehtiyoj, shuhratparastlik rejalariga ega bo‘lgan odamlarni baholashni o‘rganamiz. Biz talabchan boshliqlar, betoqat xaridorlar va muddatga amal qilish zaruriyatlari bilan to‘qnashib, kuchli hayajon (stress)ni his qilamiz. Ish joyi bizga sevgini namoyon etish uchun nomuvofiq joy bo‘lib tuyulishi mumkin, biroq hamkasblar bilan mustahkam munosabatlar o‘rnatishga qaror qilgan holda, biz chinakamiga sevuvchi odamning yettita xususiyatlarini o‘zimiz uchun odat tusiga kiritishga omil topamiz.
Mehribonlik
Biz bosh o‘ringa hamkasblarni emas, balki ishni qo‘yishga o‘rganganmiz. Kasbiy shuhratparastlikda yomon narsaning o‘zi yo‘q. Boshliqning ko‘ziga yaxshi ko‘rinish istagi, sizning dohiyona fikrlaringizni hamkasblaringiz to‘g‘ri baholay olmaganidan jahllanish, qobiliyatlarni namoyon etish imkoniyatlarini izlash - bularning hammasi har qanday ishning tabiiy jihatlaridir. O‘z muvaffaqiyatlarimizni ta’kidlash uchun boshqalarning xatolaridan foydalanish, o‘zganing mehnati samarasidan foydalanish va boshqalar go‘yo kam va yomon ishlayotgandek o‘zini tutish har doim ham oson emas. Aynan shunga yo‘l qo‘yish mumkin emas.
Shaxsiy munosabatlarni barbod qilish orqali yuqoriga ko‘tarilishni to‘laqonli muvaffaqiyat deb baholab bo‘lmaydi. Xudbinlikni vaqtincha qondirish uchun boshqa odamlarni xo‘rlash yoki ishda katta foyda keltirishi mumkin bo‘lgan munosabatlarni buzish kerak emas.
Ish holatida yaxshilikni ko‘rsatishning eng yaxshi usullaridan biri - bu hamkasblarning yaxshi taraflarini ko‘rish layoqatidir. Ramona Jeffning xatida ish samaradorligini baholash o‘rniga, uni shaxsiy haqorat o‘rnida qabul qildi. Hamkasbining xati Ramonaning unga bo‘lgan salbiy yondashuvini yana bir bora tasdiqladi. U bir daqiqa ham o‘z fikriga shubha qilmadi, Jeffning nuqtai nazari tarafga o‘tishga urinmadi. Boshqacha aytganda, bu xat Jeffning navbatdagi xatosiga ishonishi uchun qo‘shimcha sabab bo‘ldi.
Ramona atrofdagilarga nisbatan yaxshilik kasbiy yutuqlarga hamnafas bo‘lishi mumkinligini tushunmaydi. Bizning hatti-harakatlarimiz sevgi bilan yo‘g‘rilganida, hamkasblarimiz ko‘pincha shu tariqa bizga javob qaytarishadi. Agar siz boshliq bo‘lim ehtiyojlariga yanada e’tibor bilan yondashishini istasangiz, siz o‘zingizni go‘yo u shunday qilib qo‘ygandek tutishingiz lozim. Qo‘l ostingizdagi xodim o‘ziga ko‘proq ishonch hosil qilishi kerak bo‘lsa, o‘zingizni u go‘yo o‘z vazifasini qoyilmaqom uddalayotgandek tuting. Jeff kelajakda Meganga katta hurmat bilan yondashadi, negaki Megan uni hurmat qiladi. Yaxshilik bizni oddiy haqiqatni tushunishimizga chorlaydi: kasbiy va shaxsiy muvaffaqiyatlar bir-birlariga to‘liq muvofiq kelishi mumkin.
Munosabatlardagi yutuqlar ko‘pincha kasbiy yutuqlarga muvofiq keladi.
Sabr-toqat
O‘z jahlini unutish va boshqaning nuqtai nazarini eshitish uchun katta sabr-toqat kerak. Megan Tim va Ramonaga mojaroli vaziyatlarni qanday hal etish zarurligini ko‘rsatdi. Va natijada ma’lumotlarni to‘plash, kerakli odam bilan uchrashish va kelishuvga erishishga hamkasblarning zaifligini muhokama qilish uchun sarflangan vaqtga nisbatan kamroq vaqt ketadi.
Arzimagan mojarolar jahl qo‘zg‘ashiga, xafagarchilik va mehnat samaradorligining pasayishiga olib boradi. Ramona Jeffning qarori bilan kelishmayotganligi holati birinchi yoki oxirgi marta emasdi. U kuchli shaxsiyatga ega va o‘z ishidan kelib chiqqan holda Ramonaning ijodiy guruhiga nisbatan so‘nggi natija ko‘proq qiziqish bildiradi. Ramona darhol Timning oldiga jo‘nadi, negaki Jeff juda tez-tez Ramonaning ortidan ish qilardi. Ramonaning toqati toq bo‘ldi.
Biroq sabr-toqat agar chegara bo‘lmaganida sabr-toqat bo‘lmay qolardi. Jeffning ham o‘z kamchiliklari va zaif taraflari bor. Biroq u Ramona haqida ham xuddi shunday deyishi mumkin. Ramona toki Jeffning muayyan bir qarorlar qabul qilish huquqiga ko‘nikmagunicha, unda hamisha Jeffdan jahllanish uchun sabab bo‘ladi.
Kechirim
Agar xonada bir kishidan ko‘proq odamlar bo‘lib, ular turlicha nuqtai nazarga ega bo‘lishsa, shu zahotiyoq ixtilof uchun sabab paydo bo‘ladi. Bitta bo‘limda to‘rt, besh yoki yigirma beshta odamni to‘plang va sizda kelishmovchilik yuzaga kelishi tayin. Biz muammolarni muhokama etish va xatoliklarni kechirishga tayyor bo‘lgan holda, yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan hatti-harakatlarni oddiy qarama-qarshiliklardan farqlashni o‘rganamiz.
Agar Ramona kechirishni bilganida, bu qarama-qarshilikni o‘zining Jeff bilan munosabatida ko‘rgan bo‘lardi. Mabodo Jeffning harakatlari unga qarshidek bo‘lib tuyulsa ham, asl sevgi uni hamkasbiga murojaat qilishga, o‘z nuqtai nazarini tushuntirib, uning kechirimini qabul qilishga undaydi. Shuningdek, sevgi Ramonani vaziyatni yomonlashtirishga olib kelgan o‘z nuqsonlari uchun kechirim so‘rashga majburlaydi.
Ishxonada kechirim so‘rash juda og‘ir, negaki uzr so‘rayotgan kishi mo‘rt holatda bo‘lib qoladi. Xo‘sh, agar rahbariyat biz xato qilib qo‘yganimizdan xabar topsa, nima bo‘ladi? Xo‘sh, agar biz kechirim so‘raydigan odam bizga yo‘l qo‘ygan xatomizni unutishga imkon bermasa-chi? Og‘ir fe’l-atvorli yoki ishonchga nomunosib hamkasblar bilan munosabatlar o‘rnatish zarur bo‘lganida, biz asl sevgi ruhi bilan o‘zimizni boshqarishimiz lozim. Bunday vaziyatda eng asosiysi boshqa odamning qadr-qimmatini va ahamiyatini e’tirof etishdir.
Agar ishga kechikib keladigan hamkasb uchun qandaydir ishni bajarishingizga to‘g‘ri kelgani uchun har kuni jahl qilayotgan bo‘lsangiz, g‘azab sizning u bilan munosabatingizda o‘z ta’sirini ko‘rsatishi muqarrar. Va albatta, salbiy hissiyotlar sizning mijozlar bilan munosabatlaringizni ham chaplab tashlaydi. Asl sevgi qarama-qarshilik jamoada faqatgina yanada samarali va sog‘lom muhit yaratishga muvofiq kelsa, bunday kurashga kirishishga izn beradi.
Xushmuomalalik
Ishxonadagi xushmuomalalikning odatiy me’yorlari ro‘yxati uydagi shu kabi qoidalar ro‘yxatidan aslo qisqa emas. Xushmuomala odam agar muhim ish bilan band bo‘lgan hamkasbi yonida o‘tirgan bo‘lsa mobil telefoni orqali baland ovozda gaplashmaydi ( va albatta, barcha musiqali o‘yinlarni oxirigacha o‘ynashi uchun berib qo‘ymaydi). Muloyim odam o‘z bo‘limidagi boshqa kishilar uning vazifasini bajarishlariga to‘g‘ri kelmasligi uchun ishga o‘z vaqtida keladi. Biz Megan misolida nazokatli odamlar xonaga kirishdan avval eshikni taqillatishini ko‘rdik, negaki ular insonning tanho bo‘lish huquqini hurmat qilishadi. Biror insonga noxush xabarni yetkazishga yoki ishini salbiy baholashga to‘g‘ri kelsa, buni hurmat bilan qiling.
Har holda, ish joyida xushmuomalalik ko‘rsatishning eng muhim usuli - bu mish-mish va g‘iybatlardan voz kechish. Uolter Vangerin-kichik shunday yozadi: “G‘iybat - bu... idoradagi partizanlik urushi kabidir: g‘iybatlar, uni hal qilib bo‘lmasingdan avval zarba beradi va yo‘qolib ketadi”. Arzimagan e’tirozlar nifoq urug‘ini sochishi mumkin. Hamkasbingizga aytishingiz mumkin: “Pol negadir Dinning xonasida ushlanib qoldi. Hammasi joyida deb umid qilaman. Uning so‘nggi xizmat safari muvaffaqiyatli chiqmabdi deb eshitdim”. Siz bu so‘zlaringizga hech qanday ahamiyat bermasligingiz mumkin, lekin bexosdan aytib yuborilgan gap-so‘z insonga azob berib, munosabatlarni butunlay buzib yuborishi mumkin.
Har holda, Ramona keyinchalik Tim bilan o‘tkazgan suhbatini eslab, o‘zini xayolan yaxshiroq ko‘rinishda tasavvur qilishga yoki nima deyishi kerakligini hal etishga uringan bo‘lsa kerak. Barchamiz ham ba’zan ish haqida gapirib olishimizga to‘g‘ri keladi, ayniqsa ishlar oldinga siljimayotgan paytda. Agar shunchaki laqillashmoqchi bo‘lsangiz, hamsuhbat sifatida sizga befarq bo‘lmagan yoki siz bilan birga ishlamaydigan kishini tanlang. Kim bilan gaplashmoqchi bo‘lmang, avvalo o‘zingizdan so‘rashingiz lozim: “Bu odam bilan suhbatim uni yanada ko‘proq yaxshi ko‘rib qolishimga izn beradimi? Suhbatdan so‘ng unga yaxshiroq yondashamanmi yoki yomon?”
Albatta, ba’zan hamkasb va boshliqlar bilan xodimlardan birortasi haqida gaplashib olishga to‘g‘ri keladi. Muloyimlik bunday vaziyatda o‘z ustunliklarimizni uqtirish yo‘llarini izlash o‘rniga, o‘sha xodim haqida bir do‘st kabi gapirishga bizni chorlaydi. Do‘stlar do‘stlarga muvaffaqiyat istaydi. Birorta hamkasb haqida yaxshi gap aytish o‘ta qiyin bo‘lsa, barchaga ma’lum gaplarni aytib, baho berishdan tiyilib turgan ma’qul. Megan Jeff haqidagi suhbatga o‘zi ham qo‘shilishi mumkin edi, lekin buning o‘rniga dalillarni keltirib o‘tishni afzal bildi.
Agar siz ish joyida xushmuomala bo‘lishni istasangiz, ularni ortidan hamisha maqtab qo‘ying. Ular o‘z vazifalarini yaxshi bajarayotganligi haqida (haqiqiy!) gap-so‘zlarni tarqatishni boshlang. O‘zingizni go‘yo sizni noto‘g‘ri hatti-harakatlari bilan aqldan ozdirgudek bo‘layotgan kishi do‘stingiz ekandek tutish ko‘nikmasini o‘zlashtiring. So‘ngra esa jamoada muhit qanday o‘zgarganini tahlil eting.
Itoatkorlik
Ishdagi kelishmovchilik bizning g‘ururimizni oiladagi yoki do‘stlar bilan munosabatdagi mojarodan ko‘ra ko‘proq pastga uradi. Hatto biz ish joyimizda qisqa muddat ishlasakda, ko‘pchiligimiz topshirilgan vazifani yaxshi bajarishni istaymiz. Shu bois kimdir xizmat vazifasida yuqori ko‘tarilsa, maoshi oshsa yoki yangi xonaga ega bo‘lsa, bundan xursand bo‘lishimiz og‘ir kechadi. Ish joyimizda o‘zimizga ishonchsizlikni his etganimizda, o‘zimizni yaxshi tarafdan ko‘rsatish imkoniyatlarini izlaymiz.
Ramona Megan bilan Jeff haqidagi suhbatda itoatkorlikni turlicha usullar bilan ko‘rsatishi mumkin edi. Shu bilan birgalikda u Jeffning harakatlaridan o‘zining jahllanganini batafsil aytib berishi mumkin edi. U dizaynerlar dastlabki rejalaridan ortga qaytishga chindan ham majbur bo‘lganlarini tan olishi mumkin edi, zero buni yuzaga kelgan vaziyat taqozo etayotgandi. Ramona Jeffning taqdimotni tayyorlaganini baholashi mumkin edi. U Jeffning ish faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, ba’zan uning harakatlariga o‘ta keskin munosabat bildirishini tan olishi mumkin edi. Ramona hatto rahbariyat ko‘ziga yaxshi ko‘rinishni xohlashini, Jeff loyihani amalga kiritishga shoshayotgani uning bu istagiga muvofiq kelmayotganini ich-ichidan o‘zi tan olishi mumkin edi. Itoatkorlik Jeffni o‘z nuqtai nazaridan muhokama qilishdan ko‘ra uning o‘rniga o‘zini qo‘yishga majbur qilgan bo‘lardi. Biroq Ramona Megan bilan suhbatda Jeff o‘z vazifasiga nomunosib ekanligini ishora qilib, o‘z ustunligini namoyish etishni o‘z oldiga yagona maqsad qilib qo‘ydi.
Megan esa bu vaziyatda garchi boshqaruvchilik vakolatiga ega bo‘lsa ham, itoatkorlik ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi. U Jeffga hurmat ko‘rsatdi - u bilan shaxsan gaplashdi va boshqalar oldida uni muhokama qilmadi. U o‘z vakolatini yuqori qo‘ymaslikka hamda uning bo‘limi Jeffning bo‘limidan ko‘ra yaxshiroq va zo‘r berib ishlashini qayd etmaslikni lozim ko‘rdi.
Sevgi ruhi bilan yo‘g‘rilgan asl itoatkorlik bizni hattoki boshqa kimdir muvaffaqiyatga erishganida, shu yutuqni baholashga da’vat etadi. Biz o‘zimizni yaxshi qilib ko‘rsatish uchun boshqalarni kamsitish o‘rniga hamkasblarimizni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Ha, bu anchayin qiyin. Mana nima uchun bizga doimiy amaliyot zarur.
Saxovat
Biz ishga “saxiy” qalb bilan kelganimizda, atrofdagilarning manfaati uchun o‘z vaqtimizni, qobiliyat va diqqat-e’tiborimizni ular bilan baham ko‘rishga tayyor bo‘lamiz. Telefon qo‘ng‘iroqlari, fakslar, elektron maktublar, mijozlar va xaridorlar bizni har kuni band etishadi. Bularning hammasi ish uchun kerak, biroq ayni vaqtda ular bizni e’tiborimiz zarur bo‘lgan odamlardan chalg‘itishadi.
Megan Jeff haqida boshqa xodimlar bilan g‘iybatlashib o‘tirmadi yoki elektron xatni tekshirgan zahoti unga o‘z xonasidan qo‘ng‘iroq qilmadi. U Jeff bilan shaxsan gaplashish uchun vaqt topdi. Bu harakat asl sevgi ruhi bilan yo‘g‘rilgan edi, negaki Megan boshqa odamga nisbatan hurmat ko‘rsatdi. Bundan tashqari, uning harakatlari ancha samarali bo‘lib chiqdi. Vaziyatni oydinlashtirish uchun besh daqiqa kerak bo‘ldi, xolos. Ehtimol, jahl chiqqanda bunday harakatlar sizga to‘g‘ri bo‘lib tuyulmasa kerak. Lekin sizni ishontirib aytamanki, bu holda siz vaqtingiz va quvvatingizni kamroq sarflaysiz.
Ish joyidagi saxiylik - bu muayyan bir ma’lumotga ortiqcha ahamiyat bermaslikka e’tiborni qaratish demakdir. Ramona Jeffga boshqa xodimning xizmat safari haqida bexabar ekanligi yuzasidan ta’na qilishga tayyor edi. Ramonaning bundan xabardorligi Jeffning ustidan muayyan ustunlikni ta’minlab beradi. Biz ba’zan ma’lumotlarni tasniflashimizga to‘g‘ri kelganida, ayrim dalillarni tarqatmaslikni lozim ko‘ramiz. Biroq shuhratparastlik ruhiga yo‘g‘rilgan vaziyatda bizni hukmronlik darajasiga ko‘taradigan dalillarni yashirishimiz va bunday hukmronlikdan foydalanish zarur bo‘lganida, uni baham ko‘rishimiz juda oson. Saxovatli odam atrofdagilar o‘zlarining yaxshi sifatlarini ko‘rsatishiga yordam berish uchun ma’lumotlarni baham ko‘radi.
Saxovat bizni o‘z ishimizni yaxshiroq tarzda bajarishga undaydi. Ish joyida samarali, munosib va aqlli hatti-harakatlar - bu atrofdagilarga sevgi namoyon etishning usullaridan biridir.
Ish joyida raqibning bo‘lishi vaqt va kuchni tortib oladi.
Halollik
Agar biz chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining yettita xususiyatlarini o‘zimiz uchun ko‘nikmaga aylantirmasak, ish faoliyatimizda yolg‘onga uchib qolishimiz oson. Ramona toki o‘ziga nisbatan xatarni sezmagunicha, u Jeff bilan taqdimot ertaroq o‘tkazilishi mumkinligi haqida gaplashib olganini hatto eslatib ham o‘tmadi. U bu haqda unutdi, negaki hammaning diqqat-e’tiborini Jeffning noo‘rin harakatiga qaratishga urindi. O‘sha suhbat haqida eslatmagan holda, hamkasbni muhokama qilish ancha osonroq edi. Asl halollik boshqa odamlar haqida yolg‘on-yashiq gaplar aytmaslik, o‘z xatosini yashirish uchun noaniq maxlumotlarni bermaslik va o‘z manfaati uchun haqiqatni yashirmaslikdan iboratdir.
Ish joyidagi rostgo‘ylik bizdan xizmatda yuqori ko‘tarilish maqsadida yaltoqlanmaslikni talab etadi. Biz rostgo‘ylikni so‘zda, hatti-harakatlarimizda va fikrlarimizda o‘zimiz uchun ko‘nikmaga aylantirganimizda, atrofdagilarni osonlik bilan ruhlantirib yuboramiz. So‘zlarimiz asl haqiqat bo‘lgani bois, boshqa insonning manfaatlariga xizmat qiladi.
Ish faoliyatining mohiyati
Ko‘pchilik o‘z hamkasblarini yaqin do‘stlari sifatida ko‘rishadi. Ish joyida raqiblar bir-birlarini qadrlashni va o‘zaro muloqotdan zavq olishni boshlaganlarida, bunday munosabatdan qoniqish hissi juda katta bo‘ladi.
Bizning ishimiz texnika taraqqiyotiga qanchalik bog‘liq bo‘lmasin, uning mohiyati baribir insoniy munosabatlar bo‘lib qolaveradi. Agar siz ish joyida nega asl sevgini ko‘rsatish zarur ekanligini tushunishni istasangiz, bu haqda o‘ylab ko‘ring. Siz odamlarni kundalik hayotda qadrlashni o‘rganganingizda, hamkasblar va mijozlar bilan munosabatlar yanada uyg‘un bo‘ladi, mehnat samaradorligingiz ortadi, xatolar esa tobora kamayib boradi. Chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining yettita xususiyatlari biz uchun odatga aylanganida, biz yuksak kasbiy qoniqish oladigan munosabatlar o‘rnatamiz. Biz nafaqat hamkasblarimizning qilayotgan ishlaridan, balki ularning qanday inson ekanligidan ham quvonch topamiz.
Siz haqingizda gaplashamiz
Muhokama va mulohaza uchun savollar
1. Chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining yettita xususiyatlaridan qaysi biri sizga ish joyingizda yetishmaydi? Nima uchun?
2. Chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining yettita xususiyatlaridan qaysi birini ish joyingizda ko‘rsatish siz uchun hammasidan qiyinroq? Nima uchun?
Foydali maslahatlar
1. O‘ylab ko‘ring-chi, ish joyingizda sizni qattiq g‘azablantiradigan biror kishi bormi? Siz o‘z jahlingizni qanday namoyon etasiz? Sizga bu yoqadimi? Nima uchun?
2. Hamkasblaringizdan birortasining oldida kechirim so‘rashingiz kerakmi? Kechirim so‘rashda sizni nima ko‘proq qo‘rquvga soladi?
3. Hamkasblaringiz haqida qachon so‘nggi bora g‘iybat qilgansiz? Bunday odatdan voz kechish uchun nima qilish mumkin?
4. Ish joyida yaqinda bo‘lib o‘tgan mojaroni eslang. Agar mojaro qizib turgan paytda chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining yettita xususiyatlarini ko‘rsatganingizda, voqealar qanday rivojlangan bo‘lardi?
5. Siz bilan qalin aloqada bo‘ladigan uchta hamkasbingizni esga oling. Ulardagi nima sizga ko‘proq yoqadi? Siz buni o‘tgan haftada ularga qay tariqa bildirdingiz?
Аудио Книга на Узбекском языке: Любовь как образ жизни (Гэри Чепмен) 2020г
Описание книги: Гэри Чепмен – признанный во всем мире гуру в вопросах любви и отношений. Его книги переведены на 37 языков и совершили настоящий переворот в жизни миллионов людей во всем мире. «Любовь как образ жизни» – книга, которую ждали. Это логическое завершение бестселлера «Пять языков любви». Чепмен предлагает мудрое, ненавязчивое руководство по построению гармоничных отношений со всеми, с кем сталкивает нас жизнь. Тесты и задания помогут вам развить семь личных качеств, которые кардинально изменят вашу жизнь. С помощью этой книги вы не только сами станете счастливее, но и сделаете счастливыми других.