Kitob O'zbek tilida (Audiokitob) - Geri Chepmen. Sevgi hayot tarzi sifatida
Mundarija
So‘z boshi
1 bob. Birinchi qism. Biz nega sevishni xohlaymiz? Sevgidagi hayot chuqur qoniqish tuyg‘usini beradi
2 bob. Ikkinchi qism. Sevgining yettita siri. Ezgulik. Hayot quvonchini o‘zing uchun emas, balki boshqalar uchun kashf etgin
3 bob. Sabr-toqat. Boshqa odamlarning nomukammal ekanligiga ko‘nikkin
4 bob. Kechirim. G‘azabdan voz kech
5 bob. Xushmuomalalik. Atrofdagilarga xuddi do‘stlardek munosabatda bo‘lgin
6 bob. Itoatkorlik. Boshqa kishi qad rostlashi uchun sen engash
7 bob. Saxiylik. O‘zingni atrofdagilarga bag‘ishla
8 bob. Halollik. O‘zingni angla
9 bob. Uchinchi qism. Nikohda sevgini hayot timsoliga aylantir
10 bob. Bolalar bilan munosabatda sevgini hayot tarziga aylantir
11 bob. Ish faoliyatingda sevgini hayot tarziga aylantir
12 bob. Sevgi undovi
13 bob. Xotima
Asarning qisqacha mazmuni
Geri Chepmen - sevgi va munosabatlar masalasida butun dunyoga mashhur guru. Uning kitoblari 37 tilga tarjima qilingan bo‘lib, olamdagi millionlab kishilar hayotida haqiqiy burilish yasagan. “Sevgi hayot tarzi sifatida” - mushtariylar kutgan kitob. Bu asar “Sevgining beshta tili” bestsellerining mantiqiy yakunidir. Chepmen hayot bizni uchrashtiradigan barcha bilan uyg‘un munosabatlarni aqlli, erkin ruhdagi boshqaruv asosida qurishni taklif etadi. Test va topshiriqlar hayotingizni tubdan o‘zgartiradigan yettita xos xususiyatlaringizni rivojlantirishga yordam beradi. Mazkur kitob yordami bilan o‘zingiz baxtli bo‘libgina qolmay, balki boshqalarni ham baxtiyor etasiz.
Geri Chepmen G. Sevgi hayot tarzi sifatida
Birinchi qism. Biz nega sevishni xohlaymiz?
Birinchi bob. Sevgidagi hayot chuqur qoniqish tuyg‘usini beradi
Hayotning ajoyib taraflaridan biri shundan iboratki, inson o‘ziga o‘zi yordam bermasa, boshqaga samimiy yordam ko‘rsata olmaydi.
Ralf Uoldo Emerson
Hayotingizda - qo‘shnilar, hamkasblar, farzandlar, turmush o‘rtoqlari, ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar va do‘stlar bilan - ko‘pgina shaxsiy munosabatlar mavjud. Siz qo‘shni do‘kondagi sotuvchi ayol, jo‘mragingizni sozlash uchun kelgan santexnik, garchi o‘zi “hech nima sotmasa ham” kecha sizdan “kichkina anketa”siga javob qaytarishingizni so‘ragan notanish ayol bilan munosabatda bo‘lasiz. Biz har kuni uchrashadigan va o‘zaro aloqada bo‘ladigan barcha odamlar bilan munosabatga kirishamiz.
Hoynahoy, siz bu munosabatlaringiz yuqori darajada uyg‘unlashuvini istaysiz. Biroq ular hattoki oilada ham o‘ta murakkab bo‘lishi mumkinligidan yaxshi xabardor ekanligingizga men mutlaqo ishonaman. Biz hamisha yaqinlarimiz bilan bahslashib qolamiz - misol uchun, mashinani kim haydashi, idish-tovoqni kim yuvishi haqida yoki oshxonada chiroqni kimdir o‘chirmagani tufayli so‘kinamiz. So‘ngra esa buning uchun afsuslanamiz. Shu kabi voqealar sodir bo‘lganida, boshqa odamlar o‘zlari uchun kashf etgan muhim nimalarnidir boy berib qo‘ygan-qo‘ymaganligimiz haqida o‘ylay boshlaymiz. Agar sevgi biz uchun shunchalik muhim bo‘lsa va biror kishini sevishimizga ishonsak, nega u bilan munosabatlarimiz bunchalik og‘riqli kechadi?
Chinakam muvaffaqiyat
Men o‘z xonamda buzilgan munosabatlar va yakson bo‘lgan orzular haqidagi yuzlab voqealarni eshitganman. O‘tgan haftada bir erkak menga shunday dedi: “Men hech qachon qirq ikki yoshimda bunday vaziyatga tushib qolaman deb o‘ylamagandim. Ikki marotaba uylanib ajrashganman, bolalarim bilan kam ko‘rishaman, yashashdan maqsadim qolmagan”.
Ko‘pchiligimiz katta hayotga yorqin umidlar bilan qadam qo‘yamiz. Biz ko‘p ishlashga tayyormiz, yaxshigina mablag‘ topishni, chiroyli narsalar sotib olishni, ajoyib oilaga ega bo‘lishni va hayotdan zavqlanishni istaymiz. Ammo ko‘plab odamlar uchun bu orzular hayotlarining yarmiga ham bormay, azobga aylanadi va ular o‘ta baxtsiz odamlarga aylanishadi. Men o‘z mijozlarimga bitta oddiy haqiqatni singdirishga urinaman: toki hayot davom etar ekan, uni tugadi deya hisoblamaslik kerak, mana bugun uni yaxshi tarafga o‘zgartirish vaqti keldi.
Men shunga ishonamanki, muvaffaqiyat kaliti - atrofdagilarni sevishni bilishdan iborat. Haqiqiy muvaffaqiyat nima o‘zi? Har bir kishi bu savolga turlicha javob beradi: pul, xizmat pillapoyasidan ko‘tarilish, shon-shuhrat, doimiy ish, yutuqlar. Ha, bularning hammasi muhim, lekin ulardagi nima bizga haqiqiy muvaffaqiyat hissini baxsh etadi? Men muvaffaqiyat - “olamning mana shu burchagida o‘zing yashay boshlaganingdan buyon, uni shundan ko‘ra yaxshiroq qilish layoqati” deya hisoblayman. Sizning “burchagingiz” kichik shaharcha, shaharning bir chekkasi yoki mamlakatning o‘ndan bir qismini egallagan bo‘lishi mumkin. Sizning ta’sir doirangiz qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, agar odamlar hayotini boyitishga urinsangiz, sizga chuqur qoniqish tuyg‘usini keltiradigan muvaffaqiyatga erishasiz.
Odam aslida shaxsiy munosabatlar uchun yaratilgan. Haqiqiy sevgi munosabatlaridagi boylikni pul bilan ham, shon-shuhrat bilan ham, kasbiy yutuqlar bilan ham taqqoslab bo‘lmaydi. Agar “sevgi” so‘zi sizga hozir o‘ta noaniq bo‘lib tuyulsa, umid qilamanki, kitobim sevgi kundalik hayotda qanday namoyon bo‘lishini tushunishingizga yordam beradi. Biz atrofimizdagilarni sevganimizda - negaki ularni qadrlaymiz va hurmat qilamiz, - hech nima bilan taqqoslab bo‘lmaydigan quvonchni his etamiz.
Odamlar hayotini boyitishga uringaningda, senga chuqur qoniqish tuyg‘usini keltiradigan muvaffaqiyatga erishasan.
Sevgi haqidagi yana bitta kitob nega kerak?
Boshqalarga bo‘lgan sevgidan quvonch topish uchun uni qabul qilishga emas, balki sevgi baxsh etishga o‘zimizni moslashtirishimiz kerak. Aynan shu bois garchi keyingi ellik yil mobaynida bu haqda minglab maqolalar va yuzlab kitoblar yozilgan bo‘lsada, men sevgi haqida yana bitta kitob yozishga qaror qildim. Ko‘pgina mualliflar qay tarzda “orzuingizdagi sevgiga erishish” haqida yozishadi. Ha, sevgini qabul qilish juda yoqimli, ammo haqiqiy quvonchni biz evaziga nima olishimizdan qat’iy nazar odamlarga bo‘lgan o‘zimizdagi sevgi tufayli his qilishimiz mumkin.
Sevgi hissi
Bundan o‘n yildan avvalroq men shaxsiy munosabatlarda sevgini qanday namoyon etish kerakligi haqida bir kitob yozgandim. “Sevgining beshta tili” deb nomlangan ushbu kitobim to‘rt milliondan ziyod nusxada Qo‘shma Shtatlarda sotildi. Uni o‘ttiz besh mamlakat tiliga tarjima qilishdi (1). Men unda sevgining namoyon bo‘lishi va qabul qilinishining beshta uslubini ajratib ko‘rsatgandim:
Yaxshi so‘zlar
Birgalikda o‘tkaziladigan vaqt
Sovg‘alar
Xayrli ishlar
Jismoniy teginish
Ulardan har biri bitta tilda boshqalaridan ko‘ra yaxshiroq gapiradi. Agar biz boshqa odamning sevimli tilida gapirsak, u o‘zini sevimli his etadi. Agar biz buni uddalay olmasak, bu holda o‘sha odam o‘zini bag‘oyat yolg‘iz his qiladi hatto biz dunyodagi barcha xalqlar tilida gapirsak ham.
Meni hamisha mushtariylarning maktublari ruhlantiradi. Minglab odamlar menga shu kitobim ularning hayotiga qanday ta’sir qilganini yozib yuborishgan. “Men hamisha istab kelgan ishni qilishimga, ya’ni atrofdagilarni sevishimga yordam berganingiz uchun rahmat”.
Meni shu holat xavotirga soladiki, sevgining beshta tili mohiyatini juda yaxshi tushunganlardan ko‘pchiligi o‘z oila a’zolarining sevgi tilini o‘rganishni istashmagan. Bir erkak maktubi orqali menga tashlangan: “Agar xotinim o‘zini sevimli his qilishi uchun idish-tovoq yuvishim, gilam tozalab kir yuvishimga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, bu haqda boshqa gapirmang!” U sevgi nima ekanligini tushungan, ammo uni yaqin kishisiga ko‘rsatish uchun tayyor emas.
Nazarimda, agar odamlar sevgini to‘g‘ri namoyon etishni bilganlarida edi, buni quvonch bilan qilgan bo‘lishardi. Endi men adashganimni tushundim. Sevgi tillari - sevgini izhor etishning ajoyib usullaridir. Biroq zarur asoslarsiz so‘zlarimiz va harakatlarimiz behuda bo‘lib chiqadi.
Chinakamiga sevuvchi inson fe’l-atvorining yettita qirrasi sevgining beshta tiliga qo‘shimcha hisoblanmaydi. Bu ularning har biridagi asosdir. Har qanday munosabatlarda sevgini to‘g‘ri namoyon etishimiz uchun, barcha bu yettita ko‘nikmalardan foydalanishimiz va hattoki eng o‘rtamiyona o‘zaro aloqalarda ham sevgini o‘stirishimiz kerak.
Ulug‘lik sari yo‘l
Men aksariyat ko‘pchiligimiz chinakamiga sevimli odamlar bo‘lishni istashiga ishonaman. Biz nafaqat boshqalar haqida g‘amxo‘rlik qilishni, balki barcha insoniy munosabatlarda sevgi namoyon etishni istaymiz. Biz atrofdagilarga yordam uchun quvvat yuborganimizda o‘zimizdan faxrlanamiz: bu to‘g‘ri va munosib harakat. Bizning xudbinona harakatlarimiz esa - garchi ko‘pincha buni tan olishni istamasak ham - o‘zimizni qayg‘uga soladi.
Barchasi aytilgan va qilingan bo‘lganida, o‘z hayotini sevgiga bag‘ishlagan kishi ko‘proq qoniqishni his etadi. Katta boylik to‘plagan odamlar bor, shuningdek, kamtarona daromad bilan yashayotganlar ham bor. Kimdir shonu-shuhrat qozongan, kimdir esa bu olamdagilarga mutlaqo noma’lum. Lekin inson mabodo dunyoni yaxshilashga urinsa, uning yuzida hamisha quvonchli tabassum o‘ynaydi. Men sizning hayotingizni bilmayman, ammo chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining yettita qirrasi atrofdagilar bilan munosabatlaringizda tabiiy holga aylansa, siz bu quvonchni his qilasiz. Men ushbu kitobim rafiqasining hayotini yengillashtirishni istamagan o‘sha erkakka sevgi - bu ulug‘lik sari yo‘l ekanligini tushunishiga yordam berishini istayman. Umid qilamanki, siz ham xuddi shunday kashfiyot qilasiz. Qachonlardir aytilganidek, sevishni bilgan odamni barcha sevadi. Xudbinlik bizni yolg‘izlik va bo‘shliqda qoldiradi. Sevgi - bu insonga chuqur qoniqish tuyg‘usini keltiradigan hayot ifodasidir.
Asl sevgining mohiyati
“Sevgi” so‘zi turlicha ma’nolarda qo‘llangani bois, ko‘pincha o‘z ma’nosini yo‘qotib qo‘yadi, Biz odamlarning har kuni shunday deganlarini eshitamiz: “Men plyajni yaxshi ko‘raman. Men tog‘larni yaxshi ko‘raman. Men Nyu-Yorkni yaxshi ko‘raman. Men itimni yaxshi ko‘raman. Men yangi mashinamni yaxshi ko‘raman. Men onamni yaxshi ko‘raman”. Romantik kechki ovqat vaqtida esa: “Men seni sevaman” deb aytishadi Ingliz tilida “sevib qolish” ifodasi xuddi “sevgiga qulab tushmoq”dek eshitiladi. Siz buni tasavvur qila olasizmi? Ba’zan so‘ragim keladi: “Qanchalik pastga quladingiz va gursillab tushganingizda nimani his qildingiz?”
Sevgi - sizni to‘liq egallab oladigan hissiyot emas. Bu boshqa odamlarning harakati bilangina erishish mumkin bo‘lgan, amalga oshadigan maqsad. Haqiqiy sevgi - bu faqat shaxsiy qobiliyatlarimizga, odamlarga va bu olamga nasbatan munosabatlarimizga bog‘liq nimadir bir narsa. Va u bizning harakatlarimiz orqali namoyon bo‘ladi. Mabodo biz sevgini his-tuyg‘u deb bilsak, hamisha ham uni his qilolmasligimizdan qayg‘uga tushishimiz muqarrar. Sevgi - eng avvalo harakat ekanligini tushunganimizda, chinakamiga sevishni o‘rganish uchun barcha qobiliyatlarimizdan foydalanishimiz mumkin.
Haqiqiy sevgi o‘zligimizni anglashga va hamisha qanday odam bo‘lishni istagan bo‘lsak, o‘shandek inson bo‘lishimizga izn beradi.
Asl sevgining go‘zalligi
Asl sevgi oddiy va haqiqiydir. Ish kuni qiyin kechgan xodimni tinglang. Avgust oyida bolalarni maktab bayramiga elting. Mahalliy yong‘indan saqlash brigadasiga pul xayriya qiling. Dugonangizni maqtab qo‘ying. Xotiningizning yelkasini uyqu oldidan uqalab qo‘ying. Mabodo bir xonada yashaydigan kishi ish kunidan so‘ng qattiq charchaganini sezgan bo‘lsangiz, oshxonani o‘zingiz tartibga keltiring.
Haqiqiy sevgi Yangi Orleandan bo‘lgan Rubi Jonsni harakatga keltirgani kabi dadil bo‘lishi mumkin. Shaharga “Katrina” dovuli yopirilganida, xospisning bu oltmish yetti yoshli xodimasi jon berayotgan sakkizta bemorni tashlab ketmadi. “O‘zingizni qahramon qilib ko‘rsatmang”, - qayta-qayta aytishdi unga bolalari. Biroq Rubi o‘z burchini bajardi. U yakshanba kuni ishga chiqib, toki barcha bemorlar bu yerdan ko‘chirilmagunicha uyiga ketmadi. Bo‘ron derazalarni taraqlatib, eshiklarni ochib yuborganida ham, Rubi o‘z qaramog‘idagilarga shu gapni takrorlab aytaverdi: “Biz sizlar bilan birgamiz. Biz sizni tashlab qo‘ymaymiz”. Tibbiyot markazida elektr ta’minoti uzilganida, ichimlik suvi tugab toshqin derazalarga qadar ko‘tarilganida ham Rubi Jons o‘z bemorlarini yuvintirish va ovqatlantirishni davom ettirdi. Keksa ayol ular haqida har doimgidek g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi. Payshanba kuni hammani ko‘chirib bo‘lishganida, u ochlik va chanqoqlikdan azob chekayotganini sezdi. Bu ayol o‘z va’dasining ustidan chiqdi: u bemorlari bilan oxirgi kungacha birga bo‘ldi. Eng murakkab damlarda uni bu odamlarga bo‘lgan sevgisi qo‘llab-quvvatladi (2).
Men yaqinda saraton xastaligidan jon berayotgan ellik to‘qqiz yoshli ayolni borib ko‘rdim. Uning beshta bolasi bor ekan. Men bu ayol bilan uzoq yillar mobaynida muloqotda bo‘ldim va uni o‘z hayotimda uchratgan eng sevuvchi odam deya hisobladim. U o‘limni xotirjam va ijobiy holda kutib oldi. Uning so‘zlarini unuta olmayman: “Men bolalarimni to‘g‘ri yashashga o‘rgatdim. Endi esa ularga to‘g‘ri o‘lishni o‘rgatmoqchiman”. Chinakamiga sevuvchi odam hattoki o‘limga ham atrofdagilarga sevgi namoyon etishning yana bir imkoniyati deb qaraydi.
Sevgini tanlang
Kimningdir hayotida sevgi ishtirok etayotgan bo‘lsa, o‘sha odam hayot qiyinchiliklaridan qutulgan degan xayollarga bormang. Mabodo sizga sevgi hamma muammolarni hal etishini aytishsa, bu gapga ishonmang. Tarixning isbotlashicha, juda ko‘plab odamlar, hatto eng sevuvchi kishilar ham nafaqat zilzila, toshqin, tornado, to‘fon, kasalliklar va avtomobil halokatlaridan aziyat chekishadi, balki o‘z nuqtai nazarlari tufayli olamdan ko‘z yumishadi. Bunday og‘riqni his qilgan odam sevgi to‘la hayotga intilishi mumkinmi? Ammo baribir sevgini his qilish va uni baham ko‘rish hayotning eng og‘ir va azobli damlariga to‘g‘ri keladi. Sevgiga to‘la hayotning asosiy go‘zalligi shundaki, bizning rohat va quvonchimiz vaziyatga bog‘liq emas. Biz quvonchni o‘z qarorlarimizdan topamiz. Biz atrofdagilarni ular bizni sevish-sevmasliklaridan qat’iy nazar sevishga tayyormiz. Biz vaziyatga bog‘liq emasmiz.
Biz kimlarga yordam bersak, ularga nisbatan hamdardlik hissiga sevgi hamroh bo‘lishi mumkin. Biroq eng avvalo sevgi - ushbu qoidaga asoslangan hayotiy munosabatdir: “Men o‘z hayotimni boshqalarga yordam berish uchun bag‘ishlamoqchiman”.
Keskin sevgi
Biz chinakamiga sevganda, asl sevgi qanchalik keskin bo‘lishi mumkinligini tushunamiz. Sevgi hatto eng buyuk qudratni ham yengishga qodir. Ilk masihiylar nochorlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib va hatto o‘z dushmanlarini sevgan holda, Rim imperiyasining chiriyotgan o‘ta xudbin madaniyatini mag‘lub etishga erishdilar. Bu odamlar bir-birlariga sevgini mayda-chuyda harakatlar orqali namoyon etishdi - buyumlarni va oziq-ovqatlarni baham ko‘rishdi, ojizlarga - ayollar, bolalar va rad etilgan kishilarga hamdardlik ko‘rsatishdi. Rimlik hukmdorlar yangi sektani qabul qilishdi, negaki kuzatuvchilar shu gaplarni aytishardi: “Qarang-a, ular bir-birlarini qanchalik yaxshi ko‘rishadi”.
Boshqalarga xizmat qilish amaldagi madaniyatning me’yorlariga zid, shu bois zo‘r berib harakat qilishga to‘g‘ri keladi. Biz boshqalarni sevgan holda atrofimizdagi olamga muvofiq kelmasligimiz mumkin, lekin asl sevgi o‘ta oddiy hayot tarzi beradiganidan ancha chuqur quvonchni his etish imkonini beradi.
Yashashga intilish mavzusi
Bularning hammasi ajoyib eshitiladi, lekin nahotki ixtiloflardan yemirilgan dunyomizda sevgi uchun yana bir imkon bo‘lsa? Gazeta va teleekranlar har kuni e’tiqod nomidan yoki shaxsiy ochko‘zlik tufayli bo‘layotgan g‘ayriinsoniylik va shafqatsizlik haqidagi turli xabarlarni tarqatadi. Biror-bir tok shouni tomosha qiling va siz mantiqiy savol-javob qilishni unutib qo‘yganimizni ko‘rasiz. Yangiliklarning har qanday soni fikri biznikidan ko‘ra a’loroq bo‘lgan boshqalarni hurmat qilishni bilmasligimizni eslatadi. Siyosatshunoslar va diniy rahnamolar doimo bir-birlariga tashlanishadi va boshqa tarafning nuqtai nazarini kamdan kam eshitishadi.
Mening fikrimcha, sevgi bu olamda imkoniyatlarga ega. Tag‘in u bizning yagona imkoniyatimiz. Agar biz bir-biriga ehtiyoj sezadigan odamzotga munosib tarzda o‘zaro hurmat qilishni o‘rgansak va umumiy farovonlik uchun jonbozlik ko‘rsatishga tayyor bo‘lsak, kelajagimiz yorug‘ va beg‘ubor bo‘ladi. Agar biz buni qilolmasak, qadr-qimmatimizni yo‘qotamiz va texnologiyaning buyuk yutuqlaridan bir-birimizni qirish uchungina foydalanamiz. Agar biz jamiyatning muammolarini hal etishni xohlasak, sevgiga asoslangan mazmunli suhbatlashishni va hurmat qilishni o‘rganishimiz lozim.
Nima deb o‘ylaysiz, bizning ezgu ishlarimiz tufayli bu dunyo o‘zgaradimi? Agar siz uysiz ayolga bir kosa sho‘rva olib bersangiz, qizingizni istirohat bog‘iga eltsangiz yoki hamkasbingizning mashinasi buzilganida uni mexanikka olib borsangiz nimalar yuz beradi? Bu savolga javob faqat bitta: dunyo yaxshiroq bo‘ladi. Ehtimol, nazaringizda faqat katta qurbonliklar qilib, vaqt va pul sarflab, o‘zini fido qilibgina sevgini namoyon etish mumkindek tuyular... Ammo agarda hozir u bilan benziningni ham baham ko‘rishga tayyor emas ekansan, kimdir uchun jon berishga ne hojat? Asl sevgining har bir namoyon bo‘lishi eng kichigidan boshlanadi.
Agar biz chindan ham sevuvchi odamlarga aylansak, bizning behalovat dunyomiz o‘zgargan bo‘lardi. Sevgi nafaqat mavjud, balki u - yashashimiz uchun bo‘lgan yagona umidimizdir.
Agar insonni chinakamiga sevishni xohlasangiz, eng kichik harakatlardan boshlang.
Odam o‘zida sevgini qanday his qilishi mumkin?
Siz qanday oilada o‘sib-ulg‘aymang, sevuvchi kishi bo‘lish mashaqqatsiz kechmaydi. Odam tabiatida nimadir chinakamiga sevishga qarshilik qiladi.
Odamzotga o‘zining shaxsiy manfaatini atrofdagilar manfaatidan ustun qo‘yish xos xususiyat, ammo buni bizning soxta tabiatimiz deya hisoblash mumkin. Bu soxta tabiatning xudbinligi shunchalik kuchliki, ko‘pchilik uchun hayot tarziga aylanadi. Mana nima uchun chinakamiga sevuvchi odamlar - bu kabi insonlar bilan mazkur kitob sahifalari orqali tanishasiz - hayotimizda paydo bo‘lishganida, ular sari darhol intilamiz. Ular tabiatimizning boshqa tarafini - atrofdagilarni sevishga bizni ruhlantiradigan jihatimizni namoyon etishadi. Insonning asl tabiati boshqalarga xizmat qiladi, negaki faqat boshqalarga xizmat qilibgina, biz shaxsiy munosabatlardan qoniqish hosil qilishimiz mumkin. Biz buni anglaymizmi yoki yo‘qmi, ammo sevgisiz harakat qilganimizda, o‘z tabiatimizga qarshi borgan bo‘lamiz. Inson munosabatlar uchun yaratilgan, shu bois boshqalarga asl sevgini baxsh etganimizda, o‘zligimizni anglab yetamiz.
Sevuvchi odam fe’l-atvorining yettita xususiyatining rivojlanishi bizga shaxsiy tuyg‘ularimiz, hayot tarzimiz va harakatlarimiz asosida mustahkam munosabatlar qurishga yordam beradi. Boshqa odamlar bilan munosabatlarning qadriga yetmasak, biz serg‘azab, jahldor bo‘lib, hamisha tashlanishga yoki himoyalanishga tayyor turamiz.
Agar inson chinakamiga sevishga qaror qilgan bo‘lsa, uning sevgiga intilishi va haqiqiy o‘zligi yanada tabiiy ravishda namoyon bo‘ladi. Ana o‘shanda qalblarimiz o‘zgaradi. Bizning vazifamiz - har kuni qalbimiz va ongimizni sevgi uchun ochish va o‘z sevgimizni atrofdagilar bilan baham ko‘rish imkoniyatini hamisha izlash demakdir. Biz buni qanchalik tez-tez qilib tursak, boshqalarni sevishimiz shunchalik yengil kechadi.
Asl sevgining qudrati
Siyosatchi Li Etuoter o‘zining haqiqiy tabiati bilan yashashni o‘rgangan odamning yaqqol namunasidir. O‘tgan asrning 80-yillarida u milliy Respublika partiyasiga muvaffaqiyat keltirgan maslahatlarni bergan. Uning asosiy vazifasi ommaviy axborot vositalarida siyosiy raqiblarning obro‘sini to‘kadigan gap-so‘zlarni tarqatib, ularning hurmat-e’tiborini buzishdan iborat bo‘lgan. Li siyosatdagi yuksalishining eng yuqori pallasida davosiz dardga yo‘liqqanini bilib qoldi. U o‘limi oldidan kimni sharmanda qilgan bo‘lsa, barchasiga qo‘ng‘iroq qildi, maktub yo‘lladi. U qilmishidan afsus chekib, kechirim so‘radi.
Shundan xatlardan birini siyosatchi demokrat oldi, uning siyosiy yutuqlari Etuoter bu odamning uzoq o‘tmishidagi qayg‘uli bir voqeani barchaga aytib berganidan so‘ng qayta tiklanmas darajada barbod bo‘lgandi. Li unga yo‘llagan maktubida shuni yozgandi: “O‘sha hodisani o‘z faoliyatimdagi eng sharmandali holatlardan biri deya hisoblashimni aytib qo‘yish men uchun muhim”.
Siyosatchi demokrat bunday kechirimdan chuqur ta’sirlangan. Keyinchalik u Etuoterning dafn marosimida qatnashib shunday degan: “Umid qilamanki, Li uslubini o‘zlashtirgan yosh siyosiy maslahatchilar va o‘z raqiblarining o‘tmishidagi qora dog‘larni g‘ayrat bilan izlaydigan qo‘rqitish siyosatining tarafdorlari Etuoter o‘limi arafasida... sevgi va murosa siyosatining advokatiga aylanganini tushunib yetadilar” (3).
Bu ibrat o‘zimizning haqiqiy tabiatimizga muvofiq harakat qilishni va chin sevgini namoyon etishni boshlaganimizda yuzaga keladigan quvonchli va chuqur munosabatlarni yodimizga tushiradi.
Umid qilamanki, asl sevgi yo‘lidan borayotganda, siz hatti-harakatlaringiz va munosabatlaringiz qanchalik o‘zgarganini quvonch bilan ko‘rasiz. Munosabatlarning yangi darajasiga o‘tish bu kitob bilan birgalikda tugamaydi. Sevuvchi odam fe’l-atvorining yettita xususiyatlarini egallash sizga sevgi ta’mini his etish imkonini beradi va sizni xudbinlik hayotining qoloqliklari endi qanoatlantirmay qo‘yadi. Agar muvaffaqiyatga erishsangiz, chinakam shaxsiy munosabatlarni qurish siz uchun ko‘nikmaga aylanib qoladi. Va sevgi siz uchun hayot tarziga aylanganidan eng katta quvonchni topasiz.
Siz haqingizda gaplashamiz
Siz yo‘lga chiqishga tayyormisiz? Agar tayyor bo‘lsangiz, muayyan tartibda kelishuvga qo‘l qo‘yaylik.
“Men ushbu kitobni o‘qib chiqish va bunda aytilgan sevuvchi odam fe’l-atvorining yettita xususiyatlari nima ekanligini tushunish majburiyatini olaman. Men qalbimni atrofdagilarga sevgi bilan to‘ldirishga urinaman. Boshqa odamlar meni qanday sevishlarini istasam, o‘zim ham boshqalarni shunday sevishni istayman”.
Imzo_____________ Sana_____________
1. Siz muvaffaqiyat tushunchasini qanday belgilaysiz? O‘z tabiatingizga mos ravishda yutuqlarga erishayotganingiz bugungi hayotingizda qanday aks etmoqda?
2. Hayotingizning qaysi qismini siz atrofdagilarga sevgi baxsh etish uchun sarflaysiz?
3. O‘tgan hafta sevgining aniq namoyon bo‘lish holatini eslay olasizmi? O‘shanda siz nimani his qildingiz?
4. Sevuvchi odam fe’l-atvorining yettita xususiyatlaridan qaysi biri - ezgulik, sabr-toqat, kechirim, muloyimlik, itoat, saxiylik va halollik - sizga ko‘proq darajada mos? Ulardan qaysi biri ko‘proq qiyinchilik tug‘diradi?
Хоспис - тузалмайдиган беморлар учун махсус клиника. - Муаллиф изоҳи.
Аудио Книга на Узбекском языке: Любовь как образ жизни (Гэри Чепмен) 2020г
Описание книги: Гэри Чепмен – признанный во всем мире гуру в вопросах любви и отношений. Его книги переведены на 37 языков и совершили настоящий переворот в жизни миллионов людей во всем мире. «Любовь как образ жизни» – книга, которую ждали. Это логическое завершение бестселлера «Пять языков любви». Чепмен предлагает мудрое, ненавязчивое руководство по построению гармоничных отношений со всеми, с кем сталкивает нас жизнь. Тесты и задания помогут вам развить семь личных качеств, которые кардинально изменят вашу жизнь. С помощью этой книги вы не только сами станете счастливее, но и сделаете счастливыми других.