Kitob O'zbek tilida (Audiokitob) - Oddiy Masihiylik. Klayv Steyplz Lyuis
ОДДИЙ МАСИҲИЙЛИК (Клайв Стейплз Льюис) Ўзбек тилида Аудиокитоб. © Lewis C.S. Mere Christianity. L.
MUNDARIJA
So‘zboshi
1-kitob. Yaxshilik va yomonlik olamni tushunish kaliti sifatida
1.01. Inson tabiati qonuni
1.02. Ba’zi e’tirozlar
1.03. Qonunning haqiqiyligi
1.04. Qonun ortida nima yashiringan?
1.05. Bizda tashvishlanish uchun asos bor
2-kitob. Masihiylar nimaga ishonishadi?
2.01. Xudo haqida qarama-qarshi tushunchalar
2.02. Bostirib kirish
2.03. Hayratomuz muqobillik
2.04. Mukammal tavba qiluvchi
2.05. Amaliy xulosa
3-kitob. Masihiycha xulq-atvor
3.01. Axloqning uch qismi
3.02. Asosiy fazilatlar
3.03. Xulq-atvorning ijtimoiy me’yorlari
3.04. Axloq va psixoanaliz
3.05. Jins sohasidagi axloq
3.06. Masihiycha nikoh
3.07. Kechirish
3.08. Eng katta gunoh
3.09. Sevgi
3.10. Umid
3.11. Ishonch
3.12. Ishonch (davomi)
4-kitob. Shaxsiyat sarhadlaridan tashqarida yoki Uch Birlik ta’limotidagi dastlabki qadamlar
4.01. Yaratish tug‘ishni anglatmaydi
4.02. Xudo uch qiyofada
4.03. Zamon va zamondan tashqarida
4.04. Foydali infeksiya
4.05. Qaysar qalayi askarlar
4.06. Ikki eslatma
4.07. Tasavvur
4.08. Masihiy bo‘lish osonmi?
4.09. Bu qanchaga tushadi
4.10. Yaxshi odamlar yoki yangi bashariyat
4.11. Yangi odamlar
3-KITOB.
MASIHIYCHA XULQ-ATVOR
3.6. MASIHIYCHA NIKOH
Oxirgi bobda jinsiy turtkilar namoyon bo‘lishi asosan salbiy jihatdan sharhlandi; men ijobiy jihatlarni, ya’ni aynan masihiycha nikohni deyarli tilga olmadim.
Er-xotinlik munosabatlarini muhokama qilishni, xususan, ikki sababga ko‘ra istamayman. Birinchisi shundan iboratki, nikoh to‘g‘risidagi masihiycha ta’limot umuman mashhur emas. Ikkinchisi esa shuki, o‘zim hech qachon uylanmaganman va tegishlicha, faqat boshqalarning so‘zidan kelib chiqib gapirishim mumkin. Lekin, shunga qaramay, masihiycha axloq masalalari haqida mulohaza yurita turib, uni chetlab o‘tish dargumon, deb o‘ylayman.
Masihiycha nikoh g‘oyasi Masihning er va xotinni yagona vujud deb qarash lozimligi haqidagi so‘zlariga asoslanadi. Chunki aynan shu Uning “bir tana” degan so‘zini anglatadi. Masihiylar Masih shunday deganida, xuddi qulf va kalit yagona mexanizmni tashkil etgani yoki skripka va kamon bir musiqa asbobi ekanligi dalil bo‘lgani kabi, Masih dalilni qayd etgan. U, inson degan mashinaning Ixtirochisi bizga erkak va ayol degan ikki qism juftlikda, nafaqat jinsiy munosabatlar haqqi-hurmati birlashish uchun yaratilganligini aytgan; bu ittifoq har tomonlama bo‘lishi shart. Nikohdan tashqaridagi jinsiy aloqalarning xunukligi shundaki, unga kirishayotganlar bu ittifoqning bir jihatini (jinsiy tomonini) qolgan barcha tomonlaridan ayirib qo‘yishga urinishadi. Ayni paytda, ular ittifoqining to‘liq va mukammalligi garovi ajralmaslikdadir. Masihiylik jinsiy munosabatlardan olinadigan rohat, taomdan lazzatlanishdan ko‘ra ko‘proq gunohkor, deb hisoblamaydi. Ammo masihiylik bu munosabatlarga faqat rohatlanish manbai sifatida kirishish mumkin emas, deb hisoblaydi: bu, masalan, xuddi yutish va hazm qilishni chetlab o‘tib, ya’ni ovqatni chaynab va tupurib tashlab, uning ta’midan rohatlanish kabi g‘ayritabiiydir.
Buning oqibati sifatida, masihiylik, nikoh ikki insonning bir umrlik ittifoqi ekanligini o‘rgatadi. Turli jamoatlar bu borada unchalik o‘xshash bo‘lmagan fikrda ekanligi to‘g‘ri. Ba’zilari ajrashishga umuman ruxsat berishmaydi. Boshqalari bunga juda ham istar-istamay, faqat maxsus hollardagina ruxsat berishadi. Shunday muhim masalada masihiylar o‘rtasida totuvlik yo‘qligi juda ayanchli. Lekin adolat turli jamoatlar nikoh masalasida atrofdagi olam bilan totuvlikdan ko‘ra ko‘proq yakdilligini ta’kidlashni talab qiladi. Men har qanday jamoat ajrashishga xuddi tirik organizmning bir qismini kesib tashlash, o‘ziga xos jarrohlik amaliyoti sifatida qarashini nazarda tutayapman. Ba’zi jamoatlar bu operatsiyani shunchalik notabiiy deb hisoblashadiki, unga yo‘l qo‘yishmaydi. Boshqalari ajrashishga yo‘l qo‘yishadi, biroq o‘ta og‘ir holatdagi so‘nggi chora sifatida yo‘l qo‘yishadi.
Ularning hammasi bu jarayon ishbilarmon hamdo‘stlikni bekor qilgandan ko‘ra, ko‘proq ikkala oyoqni kesib tashlashga o‘xshaydi, degan fikrda yakdil. Ulardan hech biri ajrashishga nisbatan agar sheriklar o‘rtasida bundan buyon sevgi bo‘lmasa yoki ulardan biri boshqa kimnidir sevib qolgan bo‘lsa, bu sheriklar tomonidan sodir etiladigan o‘ziga xos qayta tashkil etish, deb ta’kidlovchi zamonaviy nuqtai nazarni qabul qilmaydi. Biz ajrashishga nisbatan bu zamonaviy nuqtai nazarga o‘tishdan oldin, uning poklik bilan bog‘liqligidan kelib chiqib, boshqa fazilat, ya’ni aynan odillik bilan bog‘liqligini kuzatib chiqishimiz lozim bo‘lardi.
Odillik boshqa ko‘p narsalar bilan birga, va’daga vafoni o‘z ichiga oladi. Jamoatda nikohdan o‘tgan har bir kishi omma oldida so‘nggi nafasigacha o‘z sherigiga sodiq qolishga tantanali qasam ichgan. Unga sodiq qolish burchi jinsiy munosabatlarga o‘ziga xos qaramlikdan tashqaridadir. Nikoh ittifoqi tuzilayotganda berilgan va’da boshqa har qanday va’daga o‘xshash. Zamondoshlarimiz ta’kidlashayotganidek, agar jinsiy istak bizning boshqa turtkilarimizdan hech nimasi bilan farq qilmasa, unga xuddi turtkilarmizning har qandayiga munosabatda bo‘lganimiz kabi munosabatda bo‘lishimiz kerak. Har qanday ortiqchalikka berilishlar kabi, uni ham nazorat qilish zarur. Menimcha, bordiyu, jinsiy sezgi boshqalaridan og‘riqli yallig‘lanishga o‘xshashligi bilan farq qilsa, u holda u bizni benomus qilmishga undab qo‘ymasligi uchun, unga nisbatan o‘ta ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishimiz zarur.
Kimdir jamoatda berilgan va’dani sof rasmiyatchilik deb hisoblab, unga amal qilish niyati bo‘lmaganini aytib, bunga e’tiroz bildirishi mumkin. Shunday bo‘lsa, bu va’dani berayotib, u kimni aldashga uringan? Xudonimi? Bu aqlsizlik bo‘lardi. O‘zinimi? Bu ham tuturiqsizlik. Kelinnimi, uning qarindoshlarinimi? Bu sotqinlik bo‘lardi. Menimcha, ko‘pincha, nikoh juftligi (yoki ulardan biri) ommani aldashdan umid qiladi. Ular nikoh bilan bog‘liq ehtiromni istashadi, ammo buning uchun to‘lov to‘lashni xohlashmaydi. Bunday odamlar aldamchilar va qalloblardir. Bordiyu, buning ustiga ular aldashdan rohatlanishsa, ularga aytadigan hech qanday gapim yo‘q, chunki kim ham halol bo‘lish istagi hali uyg‘onmagan odamlarga poklikning yuksak va qiyin burchini yuklashni istardi? Agar ularning aqli kirib, bunday niyatga kelgan bo‘lsa, bergan va’dasi ularni tiyib turuvchi kuch bo‘ladi va ular poklikning emas, odillikning da’vatiga quloq tutib, harakat qiladi. Agar odamlar doimiy nikohga ishonishmasa, unda nikoh tuzmay, birga yashagani yaxshiroq bo‘lardi. Bajarishni istamagan qasamni ichgandan ko‘ra, bu halolroq bo‘lardi.
To‘g‘ri, nikohdan tashqari birga yashash ularni xiyonat gunohida (masihiylik nuqtai nazaridan) aybdor qiladi. Lekin bir illatdan uning ustiga boshqasini qo‘shib qutulib bo‘lmaydi: axloqsizlikni unga qasamxo‘rlikni qo‘shish orqali tuzatib bo‘lmaydi.
Bugungi kunda er-xotinlar o‘rtasidagi sevgi nikohning yagona oqlovi degan juda ommaviy bo‘lgan g‘oya nikoh shartnomasi yoki nikoh ahdlariga o‘rin qoldirmaydi. Agar hammasi sevishganlikka tayansa, va’da o‘z ma’nosini yo‘qotadi va va’da berish lozim bo‘lmaydi. Shunisi qiziqki, sevishganlarning o‘zi, toki hali bir-birini sevar ekan, buni sevgi haqida mulohaza qilayotganlardan ko‘ra yaxshiroq bilishadi. Chesterton ta’kidlaganidek, bir-birini va’dalar bilan bog‘lab olish sevishganlarga xosdir. Butun dunyodagi sevgi qissalari mangu sodiqlik haqidagi qasamlarga to‘la. Masihiylik qonuni sevishganlarga qandaydir, sevgining tabiatiga begona bo‘lgan narsani yuklamaydi, balki, faqat sevishganlarning ehtirosi ularni ilhomlantirgan narsaga to‘la jiddiy munosabatda bo‘lishlarini talab qiladi.
Xullas, men sevib qolganim uchun sevgan paytimda bergan va’dam, butun umr sodiq bo‘lish haqidagi va’da hatto sevgi o‘tib ketgan bo‘lsa ham, uni bajarishimga meni majbur qiladi. Chunki va’da faqat harakatlar va qilmishlarga, ya’ni men nazorat qila oladigan narsalarga taalluqli bo‘lishi mumkin. Hech kim doimo bir xil tuyg‘uni boshdan kechiraverishni va’da qilolmaydi. Xuddi shu tarzda hech qachon bosh og‘rig‘idan azob chekmaslikka yoki har doim och bo‘lishga va’da bersa bo‘lardi. Savol tug‘iladi: ikki inson endi bir-birini sevmay qo‘ygan bo‘lsa, ularni bir joyda ushlab turishdan ne ma’no bor? Buning ijtimoiy tusdagi bir necha jiddiy sabablari bor: bolalarni oiladan mahrum qilmaslik; ayolni (ehtimol, erga tegib, o‘z xizmat mavqeini qurbon qilgandir), erning joniga tegishi bilanoq, tashlab ketilgan bo‘lish istiqbolidan himoya qilish. Lekin garchi tushuntirishim oson bo‘lmasada, ishonchim komil bo‘lgan yana bir sabab bor.
Mana nima uchun: aksariyat odamlar B agar V dan yaxshi bo‘lsa, B dan A yana ham yaxshiroq bo‘lishi mumkinligini tushunadigan holatda emas. Ular “yaxshi” va “yomon” tushunchalarini ma’qul ko‘rishadi, aslo “yaxshi”, “yaxshiroq” va “eng yaxshi” tushunchalarini emas yoki “yomon”, “yomonroq” va “eng yomon” tushunchalarini emas. Ular siz vatanparvarlikni yaxshi xislat deb hisoblash-hisoblamasligingizni bilishni xohlashadi. Siz albatta vatanparvarlik yaxshi xislat, shaxsiyatparast odamga xos bo‘lgan xudbinlikdan yaxshiroq, lekin birodarlik muhabbati vatanparvarlikdan yuqori turadi va agar ular o‘zaro nizolashib qolsa, u holda birodarlik muhabbatini ustun ko‘rish lozim, deb javob berasiz. Siz to‘liq javob bergandeksiz, ammo muxoliflaringiz unda faqat javobdan qochish istagini ko‘rishadi. Ular sizdan duel haqida nimalar deb o‘ylashingizni so‘rashadi. Siz haqorat qilgani uchun birov bilan duelda jang qilgandan ko‘ra, odamni kechirgan yaxshiroq, deb javob berasiz. Biroq hatto duel ham odamni xo‘rlash, unga har tomonlama ziyon yetkazishda namoyon bo‘ladigan bir umrlik nafratdan ko‘ra yaxshiroq bo‘lishi mumkin. Agar siz ularga shunday deb javob qilsangiz, to‘g‘ri javob berishni istamayotganingizdan shikoyat qilib, ular sizdan nari ketishadi. O‘quvchilardan hech kim hozir men aytmoqchi bo‘layotgan gaplarimga nisbatan bunday xatoga yo‘l qo‘ymaydi deb qattiq umid qilaman. Sevib qolish maftunkor holat bo‘lib, u ko‘p jihatdan siz uchun foydali. Sevgi olijanob va mard bo‘lishimizga ko‘maklashadi, ko‘z o‘ngimizda nafaqat sevgan mavjudotimizning go‘zalligini, balki barcha narsalarga singdirilgan chiroyni ochadi va nihoyat (ayniqsa boshlanishida) hayvoniy jinsiy sezgilarimizni nazorat qiladi. Shu ma’noda sevgi shahvoniy nafs ustidan buyuk g‘alabadir. Sog‘lom fikrli bo‘lgan hech kim oshiqlik odatdagi tuyg‘uga ega bo‘lish yoki sovuqqon o‘ziga bino qo‘yishdan yaxshiroq ekanligini inkor qilmaydi. Lekin, avval aytib o‘tganimdek, hech narsadan qaytmasdan, nima qilib bo‘lsada, tabiatimizning biror turtkisiga ergashish hammasidan xavfli. Sevish yaxshi hodisa, ammo eng yaxshisi emas. oshiqlik oldida xira tortadigan ko‘p narsalar bor, lekin undan yuqori turuvchilari ham bor. Bu tuyg‘uni butun umringizga asos qilib ololmaysiz. Ha, u olijanoblik, lekin u bor-yo‘g‘i tuyg‘u bo‘lib, bir xil sur’atda butun umr davom etadi, deb umid qilish mumkin emas. Bilim, tamoyillar, odatlarning umri uzoq bo‘lishi mumkin; hissiyot kelib ketaveradi. Aslida, odamlar nima deyishmasin, oshiqlik holati o‘tkinchidir. Yana bir gap: agar odamlar ellik yil davomida bir-biriga nisbatan xuddi to‘ydan oldingi kundagidek tuyg‘uni his qilishsa, ularning holati unchalik havas qilgulik bo‘lmasdi. Kim doimiy ehtirosga besh yil dosh bera oladi? Ishimiz, ishtahamiz, uyqumiz, do‘stona aloqalarimiz nima bo‘lardi, u holda? Lekin oshiqlikning tugashi, sevgining oxiri emas, albatta. Sevgi, aynan sevgi esa, oshiqlikdan farqli ravishda, shunchaki tuyg‘u emas. Bu kuchli irodaviy say’-harakatlar bilan qo‘llab-quvvatlanadigan, odatlar bilan bog‘lanadigan mustahkam ittifoqdir. Sevgi (masihiycha nikohda) ikkala sherik ham Xudodan so‘raydigan va oladigan inoyat bilan mustahkamlanadi. Shu bois, hatto bir-biridan norozi bo‘lganda ham, ular bir-birini sevishlari mumkin (axir, o‘zingizdan norozi bo‘lsangiz ham, baribir o‘zingizni yaxshi ko‘raverasiz-ku). Ular, agar istasalar, hatto ulardan biri boshqa birovni yaxshi ko‘rib qolganida ham shu sevgisini saqlab qola oladilar. Oshiq-ma’shuqlik avval-boshdayoq ularni bir-biriga sodiq qolishga va’da berishga undagan. Ikkinchisi, ancha xotirjamroq sevgi ularga bu va’daga vafo qilish uchun kuch beradi. Aynan shunday sevgida nikohning motori ishlab turadi. Oshiq-ma’shuqlik faqat bu motorni ishga tushirish uchun uchqun, xolos. Agar mening gaplarimga qo‘shilmasangiz, u holda, albatta, bunday deysiz: "U bu haqda nimani ham bilardi, axir o‘zi uylanmagan bo‘lsa". Siz haq bo‘lishingizning ehtimoli katta. Lekin buni aytishingizdan oldin, iltimos, shaxsiy tajribangiz asosida fikr yuritayapsizmi yoki do‘stlaringizning hayotini kuzatish asosida fikr yuritayapsizmi, shunga ishonch hosil qiling. Romanlar va filmlardan olingan fikrlar asosida mulohaza qilmang. Bizga haqiqatan ham hayot bergan saboqlarni ajratib olish uchun ko‘p toqat va mahorat talab qilinadi.
Odamlar ko‘pincha kitoblardan agar tanlovda xato qilmasangiz, oshiq-ma’shuqlik bir umr davom etadi degandek taassurot olishadi. Bundan olinadigan xulosa: agar shunday bo‘lmasa, demak, xatoga yo‘l qo‘yilgan. Sherikni almashtirish qoladi, xolos. Bunday deb o‘ylaydiganlar yangi sevgi hayajoni ham xuddi shu tarzda asta-sekin so‘nishini bilib olishsin. Chunki boshqa har qanday hayot shaklida bo‘lgani kabi, bu shaklda ham ehtiros boshida keladi, ammo mangu qolib ketmaydi. Bolakay parvoz haqida ilk bor o‘ylagandagi ehtiros u aviatsiyaga kelib, o‘quv parvozlariga kirishgach, so‘nib qoladi. Birinchi marta biror chiroyli joyga tushganingizda, yuragingizni qinidan chiqarib yuboray degan hayajon, agar siz u yerga joylashib olsangiz, asta-sekin so‘nadi. Bu umuman uchishni o‘rganmaslik va chiroyli joylarga joylashmaslik yaxshi deganimi? Aslo yo‘q. Ikkala holatda ham, birinchi bosqichni o‘ta turib, siz qanday qilib dastlabki ehtiros ancha xotirjam va doimiy qiziqishga almashayotganini sezasiz. Buning ustiga (bunga qanchalik katta ahamiyat berishlarini ifodalash uchun zo‘rg‘a so‘z topa olaman), faqat titroq yo‘qotilishiga ko‘nadigan va hushyor qiziqish bilan qoniqadigan odamlargina yangi his-hayajonlarga ega bo‘lishga tayyor. Samolyotni boshqarishni o‘rgangan va yaxshi uchuvchi bo‘lgan odam, to‘satdan osmon gumbazi musiqasini eshitadi. Chiroyli joyga ko‘chib o‘tgan odam o‘sha yerda bog‘ ekib, bu joyni yanada ko‘rkamlashtirish quvonchini kashf qiladi.
Menimcha, Masih toki o‘lmagunicha hech narsa yashab keta olmaydi, deyilganda qaysidir ma’noda, shuni ham nazarda tutgan. Ehtiros bilan oziqlanadigan lazzatni cho‘zishga urinmang. Bu eng xavfli xato bo‘lardi. Ehtiros o‘tib ketishiga, uning o‘lishiga yo‘l qo‘yib bering, bunga chidang va xotirjam qiziqish hamda baxt bilan undan keyin keladigan bosqichga o‘ting. Shunday qilsangiz, siz hamisha yangi hayajonlar va yangi titroq dunyosida yashayotganingizni ko‘rasiz. Biroq agar siz sun’iy ravishda qo‘zg‘alish holatini kundalik “taomnomangiz”ga kiritishga urinsangiz, qanday qilib bu qo‘zg‘alish asta-sekin zaiflashayotgani va sizda tobora kamroq paydo bo‘layotganini ko‘rasiz, shunda umringiz oxirida vaqtidan avval qarigan, hamma narsa zeriktirib, xomxayollardan judo bo‘lgan kishiga aylanasiz. Aynan buni juda kam odamlar tushunishgani tufayli, siz atrofingizda yoshligim bekorga o‘tib ketdi, deb ming‘irlayotgan juda ko‘p o‘rta yoshli odamlarni ko‘rayapsiz. Ko‘pincha ular har tomondan o‘zlari uchun yangi ufqlar ochilishi kerak bo‘lgan yoshda bo‘la turib, o‘smirligi o‘tib ketganidan nolishadi. Bolalikda birinchi marta suzishga mo‘ljallangan kurakoyoq taqqaningiz va suzib ketganingizda his qilgan tuyg‘uni tinmay (va bejiz) qaytarishga urinavergandan ko‘ra, haqiqatan suzishni o‘rganish ancha qiziqarli.
Juda ko‘p hollarda romanlar va pesalarda oshiqlik qarshilik qilib bo‘lmaydigandek tuyg‘u degan fikrga duch kelasiz. Xuddi bu shunchaki sizga yuqadigan qizamiqdek. Ba’zi odamlar shunga ishonishadi va uylangan bo‘lsada, jozibali jononni uchratib qolsa, o‘z tuyg‘ularining saqlagichini uzib tashlashadi. Biroq men hayotda bunday yengib bo‘lmas tuyg‘ular kitobdagiga qaraganda bizga (hech bo‘lmaganda katta yoshdagilarga) ancha kam uchraydi deb o‘ylashga moyilman. Biz chiroyli, aqlli, jozibali kishini uchratganimizda, qaysidir ma’noda, uning bu go‘zal xislatlarini sevib qolishimiz, ulardan zavqlanishimiz kerak. Lekin bu zavqlanish biz oshiq bo‘lish deb ataydigan holatga o‘tib ketish-ketmasligi o‘zimizga bog‘liq emasmi? Agar biz romantik syujetlar va sevgi qo‘shiqlariga to‘yingan bo‘lsak, buning ustiga alkogol ta’siri ostida bo‘lsak, har qanday hayratlanishni shunga o‘xshash sevgiga aylantirib yuborishga qodirmiz. Xuddi shuningdek, agar yo‘l yoqalab ariq qazilgan bo‘lsa, butun yomg‘ir suvi ariqda to‘planadi; yoki agar biz ko‘k ko‘zoynak taqsak, atrofdagi hamma narsa bizga ko‘k bo‘lib tuyuladi. Biroq bu bizning o‘z aybimiz.
Ajrashish masalasini bir chetga qo‘yishdan oldin, ko‘pincha aralashtirib yuborishadigan ikkita narsani chegaralab olmoqchiman. Nikohning masihiycha tamoyili bu bir masala. Butunlay boshqa masala: agar masihiylar saylovchilar yoki parlament a’zolari bo‘lsa, nikohga nisbatan o‘z nuqtai nazarini jamiyatning boshqa a’zolariga singdirishda ular qanchalik uzoqqa borishlari mumkin? Juda ko‘p odamlar agar siz masihiy bo‘lsangiz, qolgan hamma uchun ajrashishni qiyinlashtirib qo‘yishingiz shart deb hisoblashadi. Men bu fikrga qo‘shilmayman. Men, masalan, agar musulmonlar boshqalarga sharobni taqiqlashga urinsa, g‘azablanishimni bilaman. Men quyidagi fikr tarafdoriman: Buyuk Britaniya fuqarolarining aksariyati masihiylar emasligi va tegishlicha, ulardan masihiycha turmush tarzi kechirishlarini kutish mumkin emasligini jamoat ochiq tan olishi zarur. Nikohlarning ikkita turiga ega bo‘lish zarur: bittasi qonunlar asosida davlat tomonidan tartibga solinadigan, barcha fuqarolar uchun majburiy bo‘lgan nikoh; boshqasi jamoatning barcha a’zolari uchun majburiy bo‘lgan qonunlar asosida jamoat tomonidan boshqariladigan nikoh. Qaysi juftlik masihiycha nikoh tuzayotgani, qaysisi boshqacha ekanligini odamlar tushunib olishi uchun, bu farq juda yaqqol bo‘lishi zarur.
Menimcha, masihiycha nikohning doimiyligi va buzilmasligi haqida yetarlicha gapirdim. Bitta, yanada kam ma’lum bo‘lgan masalani muhokama qilib olishimiz qoldi. Masihiy ayollar o‘z erlariga itoat qilishga va’da berishadi. Masihiycha nikohda oila boshlig‘i erkak kishi. Shu munosabat bilan ikkita savol tug‘iladi: 1. Nega oilada, albatta, boshliq bo‘lishi kerak, nima uchun tenglikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi? 2. Nega oila boshlig‘i erkak bo‘lishi kerak?
- Oilada boshliq bo‘lishi zarurligi nikoh doimiy ittifoq ekanligidan kelib chiqadi. Albatta, er va ayol totuvlikda yashayotganida, boshliqlik haqidagi masala yuzaga kelmaydi. Biz aynan shu narsa masihiycha nikohda me’yor bo‘lishiga umid qilishimiz zarur. Lekin agar kelishmovchilik yuzaga kelsa-chi? U holda er-xotin jiddiy gaplashib olmasa bo‘lmaydi. Faraz qilaylik, ular gaplashib olishga urinib ko‘rishdiyu, lekin bir fikrga kela olishmadi. Bundan buyog‘iga nima qilishsin? Ular masalani ovoz berish yo‘li bilan hal qila olishmaydi, chunki faqat ikkitagina tomon mavjud bo‘lganda, ovoz berishning iloji yo‘q. Bunday holatda ikkita narsa qoladi: yo ular turli tomonga ketishlariga to‘g‘ri keladi yoki ulardan biri hal qiluvchi ovoz huquqini olishi zarur. Doimiy nikohda tomonlardan biri eng so‘nggi holatni oldindan ko‘rib, hokimiyatga ega bo‘lishi va oilaviy ittifoq masalalarini hal qilishi kerak. Chunki asosiy qonunsiz hech bir doimiy ittifoqning iloji yo‘q.
- Toki oilada boshliq bo‘lishi shart ekan, nega aynan erkak kishi? Xo‘sh, birinchidan, kimdadir oilada asosiy rolni ayol o‘ynashiga jiddiy istak bormi? Aytib o‘tganimdek, o‘zim uylanmaganman. Biroq men hatto o‘z uyida boshliq bo‘lishni istayotgan ayollar ham qo‘shnilarida xuddi shunday vaziyatni ko‘rgach, odatda xursand bo‘lmayotganini ko‘rayapman. Aniqrog‘i, ular shunday deyishadi: "Bechora mister Iks! (qo‘shnisini nazarda tutib). Nega u anavi qo‘rqinchli ayol hukmronlik qilishiga yo‘l qo‘yib berayapti? Shunchaki uni tushuna olmayapman!" Men hatto agar kimdir bu ayol o‘z oilasida hukmronlik qilayotganini ta’kidlasa ham, bu ayol g‘ururlanib ketadi, deb o‘ylamayman. Erkaklarni ayol boshqarishida qandaydir g‘ayritabiiy narsa bo‘lsa kerak, chunki xotinlarning o‘zi bundan bir oz xijolat bo‘lishadi va bunday erkaklardan nafratlanishadi.
Lekin yana bitta sabab bor; bu yerda ham, bo‘ydoq sifatida gapirayotganimni ochiq aytaman, chunki bu sabab uylangan odamning nazaridan ko‘ra, chetdan yaxshiroq ko‘rinadi. Oilaning tashqi dunyo bilan munosabati, aytaylik, oilaning tashqi siyosati, pirovardida, erkak nazorati ostida bo‘lishi shart. Nega? Chunki erkak har doim begonalarga nisbatan adolatliroq bo‘lishi shart (qoida tariqasida, bo‘ladi ham). Ayol, birinchi navbatda, bolalari va eri uchun butun dunyo bilan olishadi. Ayol uchun ularning talablari, manfaatlari barcha mulohazalardan ko‘ra muhimroqligi to‘liq tabiiy holdir. Ayol ularning muxtor vakili. Erning vazifasi – bu tabiiy afzal ko‘rish – oilaning atrofdagilar bilan munosabatida eng muhimligini doimo kuzatishdan iborat. Zarurat tug‘ilsa, xotinining oilaviy jonkuyarligidan boshqalarni himoya qilish uchun eng oxirgi so‘zni aytish huquqi erkakda bo‘lishi zarur. Agar orangizda kimdir bunga shubha qilsa, unga savol berishimga ijozat eting. Agar itingiz qo‘shnining bolasini tishlab olsa yoki bolangiz qo‘shnining itini ursa, kim bilan gaplashib olishni ma’qul ko‘rardingiz, xo‘jayin bilanmi yoki beka bilanmi? Yoki agar siz eri bor ayol bo‘lsangiz, sizdan so‘rashimga ruxsat bering: eringizni qanchalik yaxshi ko‘rsangiz ham, qo‘shnilar bilan to‘qnashib qolganda u o‘zining va sizning huquqlaringizni himoya qila olmasligi uning asosiy kamchiligi ekanligini tan olasizmi?
Книга на Узбекском языке: - Просто христианство (Льюис Клайв)
К достоинствам книги относятся простота изложения, последовательность и образность.
Льюис часто использует простые и наглядные образы, чтобы объяснить более сложные вещи.
И в то же время он не пытается упростить понятие: «Если мой пример, моя иллюстрация не помогают вам, отбросьте их, не колеблясь».
Нередко Льюиса обвиняют в излишнем либерализме в богословских вопросах.
Сам Льюис говорит, что сущность христианства, о которой он пишет, “можно сравнить с залом, из которого двери открываются в несколько комнат. Если мне удастся привести кого-нибудь в этот зал, моя цель будет достигнута”. Я думаю, что для этой цели книга подходит, как никакая другая.
«Просто христианство» — отличная, талантливейшая книга, которая может дать много ответов неверующему и сильно ободрить уже покаявшегося.
Книга «Просто христианство» это одна из лучших книг мировой литературы о христианстве.
То, о чем говорится в этой книге, послужило материалом для серии радиопередач, а впоследствии было опубликовано в трех отдельных частях под названием «Радиобеседы» (1942), «Христианское поведение» (1943) и «За пределами личности» (1944).