Kitob O'zbek tilida (Audiokitob) - Oddiy Masihiylik. Klayv Steyplz Lyuis
ОДДИЙ МАСИҲИЙЛИК (Клайв Стейплз Льюис) Ўзбек тилида Аудиокитоб. © Lewis C.S. Mere Christianity. L.
MUNDARIJA
So‘zboshi
1-kitob. Yaxshilik va yomonlik olamni tushunish kaliti sifatida
1.01. Inson tabiati qonuni
1.02. Ba’zi e’tirozlar
1.03. Qonunning haqiqiyligi
1.04. Qonun ortida nima yashiringan?
1.05. Bizda tashvishlanish uchun asos bor
2-kitob. Masihiylar nimaga ishonishadi?
2.01. Xudo haqida qarama-qarshi tushunchalar
2.02. Bostirib kirish
2.03. Hayratomuz muqobillik
2.04. Mukammal tavba qiluvchi
2.05. Amaliy xulosa
3-kitob. Masihiycha xulq-atvor
3.01. Axloqning uch qismi
3.02. Asosiy fazilatlar
3.03. Xulq-atvorning ijtimoiy me’yorlari
3.04. Axloq va psixoanaliz
3.05. Jins sohasidagi axloq
3.06. Masihiycha nikoh
3.07. Kechirish
3.08. Eng katta gunoh
3.09. Sevgi
3.10. Umid
3.11. Ishonch
3.12. Ishonch (davomi)
4-kitob. Shaxsiyat sarhadlaridan tashqarida yoki Uch Birlik ta’limotidagi dastlabki qadamlar
4.01. Yaratish tug‘ishni anglatmaydi
4.02. Xudo uch qiyofada
4.03. Zamon va zamondan tashqarida
4.04. Foydali infeksiya
4.05. Qaysar qalayi askarlar
4.06. Ikki eslatma
4.07. Tasavvur
4.08. Masihiy bo‘lish osonmi?
4.09. Bu qanchaga tushadi
4.10. Yaxshi odamlar yoki yangi bashariyat
4.11. Yangi odamlar
3-KITOB.
MASIHIYCHA XULQ-ATVOR
3.5. JINSIY JABHADAGI AXLOQ
Endi esa biz masihiycha axloq (ma’naviyat) jinsiy munosabatlar masalasiga qanday munosabatda bo‘lishini va masihiylar poklikni fazilat deb atashini ko‘rib chiqishimiz zarur. Masihiycha poklik qoidasini ijtimoiy ma’nodagi kamtarlik, botartiblik yoki boadablik qoidalari bilan adashtirmaslik lozim. Ijtimoiy botartiblik qoidalari inson tanasini qay darajagacha yalang‘ochlashga yo‘l qo‘yish, suhbatda qaysi mavzularni tilga olish va biror ijtimoiy doiraning odatlariga mos ravishda qanday jumlalarni qo‘llash tartibga kirishi mumkinligini belgilaydi. Shunday qilib, poklik me’yorlari barcha masihiylar uchun hamma asrlarda bir xil, botartiblik qoidalari esa o‘zgarib turadi. Kiyim bilan sal-pal to‘silgan, Tinch okeani orollaridan bo‘lgan qiz va tomog‘igacha uzun ko‘ylakka o‘rangan viktorian xonim, ular yashayotgan jamiyatning andazalariga ko‘ra, bir xil darajada botartib, kamtar yoki boadab bo‘lishi mumkin; kiyimidan qat’iy nazar, ikkalasi ham bir xilda pok (yoki aksincha nokamtar) bo‘lishi mumkin. Botartib ayollar Shekspir davrida foydalangan alohida so‘zlar va jumlalarni o‘n to‘qqizinchi asrda faqat o‘zini yo‘qotgan ayoldan eshitish mumkin bo‘lardi. Odamlar o‘zida yoki boshqalarda ehtiros uyg‘otish uchun jamiyatda o‘ratilgan odob qoidalarini buzishayotganda, ular ma’naviyatga qarshi jinoyat sodir qilayotgan bo‘ladi. Lekin agar ular bu qoidalarni bilmasdan yoki ehtiyotsizlik oqibatida buzsalar, ular faqat o‘zini yomon tutishda aybdor, xolos. Agar, ko‘pincha sodir bo‘layotganidek, odamlar bu qoidalarni ataylab, boshqalarni lol qoldirish yoki xijolat qilish uchun buzsa, bu ularning nokamtarligidan emas, balki yaramasligidan dalolat beradi.
Faqat yaramas odamgina boshqalarni o‘ng‘aysiz holatga solishdan zavq oladi. Botartiblikning o‘ta yuqori va qat’iy me’yorlari poklikning isboti bo‘lib xizmat qilgan yoki unga yordam bergan deb o‘ylamayman; shuning uchun ham bu me’yorlarning bugungi kunda ancha oddiylashgani va yengillashganiga ijobiy hodisa sifatida qarayman.
Biroq bu yerda noqulaylik ham bor: turli yoshlardagi va bir-biriga o‘xshamaydigan turdagi odamlar botartiblikning turli andazalarini tan olishadi. Katta anglashilmovchilik yuzaga keladi. Toki bu anglashilmovchilik o‘z kuchida qolar ekan, keksa odamlar yoki eskicha qarashdagi odamlar yoshlar haqida nihotyada ehtiyot bo‘lib mulohaza yuritishlari lozim, deb o‘ylayman. Ular agar (eski andazalarga muvofiq) yoshlar yoki “erkinlikka chiqarilgan” odamlar o‘zlarini betartib tutayotgan bo‘lsa, bular buzilib bo‘lgan, degan xulosaga kelmasliklari kerak. Shuningdek, aksincha, yoshlar yoshi kattalarni ular yangi andazalarni osonlikcha qabul qila olmayotgani bois riyokor yoki o‘ta sipo deb atamasliklari lozim. Boshqalarda ularda bor bo‘lgan hamma yaxshi narsalarni ko‘rish va o‘sha “boshqalar” o‘zlarini iloji boricha yengil va qulay his etishi uchun imkoni bor narsalarni qilishga bo‘lgan haqiqiy istak shunga o‘xshash ko‘p muammolarni hal qilishga olib kelgan bo‘lardi.
Poklik masihiylikning eng kam mashhur bo‘lgan fazilatlaridan biridir. Bu masalada istisnolar yo‘q; masihiycha qoida shunday deydi: "Turmush qurgin va xotiningga (yoki eringga) mutlaqo sodiq bo‘l yoxud butunlay o‘zingni tiy". Bu shunchalik qiyin qoida bo‘lib, u bizning sezgilarimizga juda zid keladiki, shunday xulosa paydo bo‘ladi: yo masihiylik haq emas yoki bizning jinsiy sezgilarimizga, o‘zining hozirgi holatida, nimadir bo‘lgan. Ikkisidan biri. Albatta, masihiy sifatida, men bizning jinsiy sezgilarimizga nimadir bo‘lgan, deb hisoblayman.
Lekin bunday deb hisoblashim uchun menda boshqa asoslar ham bor. Jinsiy munosabatlarning biologik maqsadi - farzandlar, xuddi ovqatlanishning biologik maqsadi organizmimizni tiklash bo‘lgani kabi. Agar biz xohlaganimizda va o‘zimiz istaganchalik ovqatlanadigan bo‘lsak, aniqrog‘i, o‘ta ko‘p yeb boshlaymiz, lekin bu baribir halokatli darajada ko‘p emas. Bir odam ikki kishining ovqatini yeyishi mumkin, lekin hech ham o‘n kishinikini emas. Ishtaha biologik maqsad chegarasidan chiqadi, lekin haddan ortiq emas. Ammo yosh yigit o‘zining jinsiy ishtahasiga erk bersa va har bir jinsiy aloqa natijasida bola tug‘ilaversa, o‘n yil ichida bu yigit kichik bir shaharni o‘z bolalari bilan to‘ldirib yuborishi mumkin. Ishtahaning bu turi o‘z biologik funksiyalari chegarasidan nomutanosib darajada chiqib ketadi. Buni boshqa tomondan ko‘rib chiqamiz. Striptiz tomoshasida siz katta olomonni osongina to‘plashingiz mumkin. Ayol sahnada qanday yechinayotganini tomosha qilishni istaydiganlar har doim yetarlicha topiladi. Faraz qilaylik, biz ancha g‘alati spektakl uchun to‘plagan tomoshabinlar bilan teatrni to‘ldirish mumkin bo‘lgan qandaydir mamlakatga kelib qoldik: sahnada salfetka yopib qo‘yilgan lagancha turibdi, keyin salfetka sekin ko‘tarila boshlaydi, asta-sekin laganchgaga atrofdagilarning nigohi tusha boshlaydi; teatr chiroqlari o‘chishidan oldin har bir tomoshabin laganchada to‘qmoqlangan qo‘y go‘shti yoki bir parcha dudlangan cho‘chqa go‘shti turganini ko‘rishi mumkin. Shuning hammasini ko‘rganingizda, bu mamlakat aholisining ishtahasiga nimadir bo‘lgan, degan gap xayolingizga kelmaydimi? Aytaylik, boshqa olamda yashab o‘sgan kimdir striptiz sahnasini ko‘rsa, u bizning jinsiy sezgimizga nimadir bo‘lgan, deb o‘ylamasmikin?
Bir tanqidchi agar mana shunday “striptiz” harakati mashhur bo‘lgan mamlaktni topsa, bu mamlakat xalqi ochlikda ekan, degan qarorga kelishini ta’kidlagan edi. Tanqidchi striptizga qiziqish jinsiy buzuqlikka o‘xshamasligini, aniqrog‘i, jinsiy och qolishga o‘xshashini aytmoqchi bo‘lgandi. Men uning agar qandaydir notanish mamlakatda odamlar eslatib o‘tilgan to‘qmoqlangan qo‘y go‘shti “striptiz”iga jonli qiziqish bildirishsa, u holda buning izohlaridan biri ochlik bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikriga qo‘shilaman. Biroq keyingi qadamni qo‘yamiz va taxmin qilinayotgan mamlakatning aholisi ko‘p yoki kam ovqatlanishini aniqlab, bizning farazimizni tekshirib ko‘ramiz. Agar kuzatuvlar bu yerda ko‘p ovqatlanishlarini ko‘rsatsa, dastlabki farazimizdan voz kechishimizga va boshqa izoh izlashimizga to‘g‘ri keladi. Jinsiy ochlik va striptizga qiziqish o‘rtasidagi bog‘liqlik bilan ham shu ahvol: asrimizdagi jinsiy tiyilish striptiz bo‘lmagan boshqa asrlardagi jinsiy tiyilishdan ko‘p ekanligi yoki emasligini aniqlab olishimiz zarur. Bunday tiyilishni biz topa olmaymiz. Homiladorlikka qarshi vositalar jinsiy aloqalar ortiqchaligi va ular uchun ham nikohdagi, ham nikohdan tashqaridagi javobgarlik bilan bog‘liq tavakkalni keskin kamaytirdi; jamoatchilik fikri majusiylikdan keyingi barcha asrlarga qaraganda, noqonuniy aloqalarga va hatto buzuqliklarga ancha shafqatliroq bo‘lib qoldi. Shu bilan birga, “jinsiy ochlik” farazi ehtimol tutilgan yagona izoh emas. Har bir kishi jinsiy ishtaha, boshqa hamma ishtaha kabi, ortiqchaliklar bilan rag‘batlanishini biladi. Och qolgan odam ovqat haqida bemalol ko‘p o‘ylashi mumkin. Lekin ochofat ham xuddi shunday qiladi. Yana bitta, uchinchi mulohaza. Kamdan-kam odamlar taom bo‘lmagan narsalarni yeyishni xohlaydi yoki ovqatni yeyish uchun emas, boshqa biror narsa uchun ishlatishni istaydi. Boshqacha qilib aytganda, ovqatga bo‘lgan buzuq ishtaha o‘ta kam uchraydi. Jinsiy aynishlar esa ko‘p sonli, qo‘rqinchli bo‘lib, ularni davolash qiyin. Bu tafsilotlarning hammasiga berilishni istamagan bo‘lardim, ammo shunday qilishga to‘g‘ri kelayapti. Shuning uchun ham buni qilish kerakki, oxirgi yigirma yil davomida bizni jinsiy aloqa (seks) haqidagi tanlab olingan yolg‘onlar bilan kunma-kun oziqlantirib kelishmoqda. Bizga jinsiy mayl xuddi boshqa har qanday tabiiy istak kabi qonuniy ekanligini har kuni, odamning ko‘ngli aynir darajada takrorlab kelishmoqda; agar biz bu maylni bosish haqidagi ahmoqona viktoriancha g‘oyadan voz kechsak, bizning insoniyat bog‘imizda hammasi go‘zal bo‘lishiga bizni ishontirib kelishdi. Bu noto‘g‘ri. Siz targ‘ibotdan yuz o‘girib, nigohigizni dalillarga tashlashingiz bilanoq, bu yolg‘on ekanligini ko‘rasiz.
Sizga jinsiy munosabatlar ularni tiyib turishgani uchun tartibsizlikka uchraganini aytishmoqda. Ammo oxirgi 20 yil ichida ularni bosib turishgani yo‘q. Bunday munosabatlar haqida hamma yoqda, kun bo‘yi tinmay bong urishayapti, bu munosabatlar esa me’yorga tushgani yo‘q. Agar hamma ko‘ngilsizlik jinsiy aloqalarni tiyib qo‘yishda, ular haqida sukut saqlashda bo‘lganida edi, erkinlik kelishi bilan muammo hal bo‘lishi kerak edi-ku. Biroq bunday bo‘lmadi. Hammasi aynan aksincha bo‘ldi, deb hisoblayman: ilgari, avvaldanoq odamlar bu masalani, aynan u nazoratdan chiqib ketgani, xunuk anglashilmovchilikka aylangani uchun, chetlab o‘ta boshlashdi.
Zamonaviy odamlar shunday deyishadi: "Jinsiy munosabatlarda hech qanday uyatli narsa yo‘q". Ular bunday deganda, ikkita narsani nazarda tutishadi. Insoniyat o‘zini ma’lum bir usul bilan ko‘paytirayotgani va bu usul lazzat bilan birga ro‘y berishining hech bir uyati yo‘qligini nazarda tutishlari mumkin. Agar shunday bo‘lsa, ular haq. Masihiylik bu fikrga butunlay qo‘shiladi. Kulfat usulning o‘zida va lazzatda emas. Qadimda masihiy ustozlar shunday deyishgan: "Agar odam qulamaganida edi, jinsiy munosabatlardan hozirdagiga qaraganda ko‘proq lazzat olgan bo‘lardi". Ba’zi zehni pastroq masihiylar, go‘yoki, masihiylik nuqtai nazaridan jinsiy munosabatlar, badan, jismoniy rohatlar o‘z-o‘zidan yovuzlik, degan tassavur yaratishganligini bilaman. Bu odamlar mutlaqo nohaq. Masihiylik buyuk dinlar orasida tanaga ma’qullash bilan munosabatda bo‘lgan deyarli yagona din bo‘lib, u materiya yaxshilik, Xudoning O‘zi inson tanasiga kirgan, hatto osmonda ham bizga qandaydir yangi tana beriladi va bu yangi badan baxtimiz, go‘zalligimiz, kuchimizning muhim bir qismi bo‘ladi, deb hisoblaydi. Masihiylik boshqa har qanday dindan ko‘ra ko‘proq nikohni ulug‘ladi va sevgi haqidagi eng buyuk poemalarning deyarli hammasi masihiylar tomonidan yozilgan. Agar kimdir jinsiy munosabatlar yomonlik deb aytsa, masihiylik shu zahotiyoq e’tiroz bildiradi.
Biroq bugungi kunda odamlar: “Jinsiy munosabatlarda hech qanday uyat yo‘q”, deyishayotganda, ular bu munosabatlar bugungi kunda bo‘lib turgan holatida, hech qanday qoralanadigan narsa yo‘qligini nazarda tutayotgan bo‘lishlari mumkin. Agar ular shuni nazarda tutishayotgan bo‘lsa, menimcha, ular nohaqdirlar. Men jinsiy aloqa (seks) bilan bog‘liq bugungi kundagi holat juda va juda uyatli deb hisoblayman. Taomdan lazzatlanishning hech qanday uyatli joyi yo‘q; lekin agar Yer sharining yarim aholisi ovqatlanishni o‘z hayotining asosiy manfaati qilib olsa va iste’mol qilinuvchi narsalarning rasmlariga qarab, lablarini yalab, so‘lagi oqib, vaqtini o‘tkazadigan bo‘lsa, o‘ta sharmandalik bo‘lardi. Siz bilan biz yuzaga kelgan vaziyatda shaxsan javobgarmiz, demoqchi emasman. Biz ajdodlarimiz qolirib ketgan vorislik buzib ko‘rsatilayotganidan jabr ko‘rayapmiz. Bundan tashqari, biz o‘zini tiymaslik targ‘ibotining momaqaldirog‘i ostida ulg‘aydik. Foyda olish haqi-hurmati bizning jinsiy sezgilarimiz hamisha qo‘zg‘algan bo‘lishini istayotgan odamlar bor, chunki shilqim g‘oya yoki ehtirosga berilgan odam uni qondiruvchi xarajatlardan o‘zini tiyib qolishi dargumon. Xudo bizning holatimizni biladi va U bizni hukm qilayotganida, biz yengib o‘tishimizga to‘g‘ri kelgan hamma qiyinchiliklarni inobatga oladi. Faqat biz bu qiyinchiliklarni yegib o‘tishni chin dildan va qat’iyat bilan istashimiz muhim.
Avval istab olmasak, davolanishimiz mumkin emas. Haqiqatan ham yordam izlaganlar uni olishadi. Ammo ko‘plab zamonaviy odamlar buni istashga ham qiynalishadi. Aslida biror narsani umuman xohlamay turib, go‘yoki biz nimanidir istayapmiz, deb o‘ylash oson. Allaqachon yana bir mashhur masihiy yosh bo‘lganida Xudo unga poklik baxsh etishini so‘rab, har doim ibodat qilganini aytgandi. Faqat oradan ko‘p yillar o‘tgandan keyin, uning lablari “Xudoyim, meni pok qilgil” deb shivirlab turgan bir paytda, yuragi yashirincha: “Faqat, iltimos, hozir emas”, deb qo‘shimcha qilib turganini anglagan. Boshqa fazilatlar haqidagi ibodatlar bilan ham xuddi shu holat ro‘y berishi mumkin.
Hozirgi vaqtda ayniqsa poklik istash biz uchun nega bunchalik qiyin ekanligining uchta sababi bor; men bu yerda unga erishish haqida hatto gapirayotganim ham yo‘q.
Birinchidan, bizning buzilgan tabiatimiz, bizni vasvasaga solayotgan jinlar va shahvoniy nafsning butun zamonaviy targ‘iboti birlashib, biz qarshilik qilayotgan mayllar shunchalik tabiiy va oqilona ekanligini va sog‘lig‘imizni mustahkamlashga qaratilganini, ularga qarshilik ko‘rsatish qandaydir me’yordagi narsa emas, deyarli yo‘ldan ozish deb uqtirib kelmoqda. Afisha ortidan afisha, film ortidan film, roman ortidan roman jinsiy munosabatlarga ortiqcha berilishlarni jismoniy sog‘lomlik, tabiiylik, yoshlik, ochiq va quvnoq tiynat bilan bog‘lab kelayapti. Bunday yondashuv aldamchi. O‘tkir ta’sir qiluvchi har qanday yolg‘on kabi, unga biz yuqorida aytib o‘tgan haqiqat aralashtirilgan: jinsiy moyillik o‘z-o‘zicha (ortiqcha berilish va aynishlarni istisno qilganda) me’yordagi gap va sog‘lom sezgidir. Yolg‘on siz ayni paytda istayotgan har qanday jinsiy aloqa sog‘lom va me’yordagi gap ekanligini nazarda tutilayotganidadir. Hatto masihiylikni bir chetga qo‘yib turganda ham, oddiy mantiq nuqtai nazaridan, bu bema’nilik. Chunki barcha istaklarimizga yon berish jinsiy zaiflik, kasalliklar, rashk, yolg‘onga va salomatlikka, quvnoq axloq va ochiqlikka hech mos kelmaydigan narsalarga olib keladi. Baxtga erishish uchun hatto shu duyoda ham iloji boricha nafs tiyilgan bo‘lishi zarur. Shuning uchun har qanday kuchli istak tabiiy va oqilona deb hioblashga asoslar yo‘q. Sog‘lom fikrlovchi va madaniyatli har qanday odamga qandaydir tamoyillar xos bo‘lishi shart, toki u shu tamoyillarga bo‘ysunib, ba’zi istaklarini amalga oshirsin, ba’zilarini inkor qilsin. Bir odam masihiycha tamoyillarga, boshqasi gigiyenik tamoyillarga, uchinchisi ijtimoiy tamoyillarga bo‘ysunadi. Haqiqiy nizo masihiylik va “tabiat” o‘rtasida emas, balki masihiycha tamoyillar va “tabiatni” nazorat qilish tamoyillari o‘rtasida ro‘y bermoqda. Chunki “tabiatni” (ya’ni tabiiy mayllarni) u yoki bu darajada nazorat qilshga to‘g‘ri keladi, toki o‘z hayotimizni vayron qilishni istamasak. Masihiycha tamoyillar boshqalariga qaraganda qattiqqo‘l ekanligini tan olish lozim. Biroq masihiylikning o‘zi e’tiqod qiluvchiga ularga rioya qilishda ko‘maklashadi, boshqa tamoyillarga rioya qilganingizda esa, siz hech qanday tashqi yordam ololmaysiz.
Ikkinchidan, ko‘p odamlarni poklikning masihiycha tamoyillariga jiddiy amal qilish haqidagi fikrning o‘zi qo‘rqitadi, chunki ular (sinab ko‘rishdan oldin) buning iloji yo‘q, deb hisoblashadi. Lekin biror narsani sinab ko‘rayotganda, buning iloji bor yoki yo‘qligi haqida o‘ylash mumkin emas. Axir, odam imtihon vazifasi ustida o‘ylab o‘tirmaydi, balki qo‘lidan kelgan hamma ishni qilishga intiladi-ku. Hatto eng nomukammal javob ham qandaydir baholanadi; lekin agar u savolga umuman javob bermasa, baho ham ololmaydi. Nafaqat imtihonlarda, balki urushda ham yoki alpinizm bilan shug‘ullanayotganda yoxud konkida uchishni, suzishni yo velosiped haydashni o‘rganayotganda, hatto muzlab qolgan qo‘llari bilan tor yoqani yechayotganda ham, odamlar ko‘pincha oldin sinab ko‘rmay turiboq, buning iloji yo‘q degan harakatni sodir etadilar. Zarurat majbur qilsa, nimalarga qodir ekanligimiz hayratlanarli.
Faqat insoniy kuch-g‘ayrat bilangina mukammal poklikka ham, mukammal shafqatga ham erisha olmasligimizga ishonch hosil qilishimiz mumkin. Siz Xudodan yordam so‘rashingiz zarur. Biroq hatto uni so‘raganingizdan so‘ng ham, sizga uzoq vaqt bu yordamni olmayotgandek yoki uni yetarlicha olmayotgandek bo‘lib tuyulishi mumkin. Ruhingizni cho‘ktirmang. Har gal ortga chekinayotganingizda, uzr so‘rang, ruhingizni ko‘taring va yangidan urinib ko‘ring. Juda ko‘p hollarda Xudo fazilatning o‘zini emas, balki yangi va yangi urinishlarni beradi. Poklik (yoki jasorat yoxud to‘g‘rilik yo boshqa har qanday xislat) qanchalik muhim fazilat bo‘lmasin, jarayonning o‘zi bizda yanada muhimroq bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantiradi. Bu jarayon bizni o‘z kuch-g‘ayratlarimizning samaradorligi haqidagi xomxayollardan xalos qiladi va hamma narsada Xudoga umid qilishga o‘rgatadi. Bir tomondan, biz hatto o‘zimizning eng yaxshi paytlarimizda ham o‘zimizgagina ishonib qolmaslikka, boshqa tomondan, hatto eng dahshatli omadsizligimizda ham tushkunlikka tushmaslikni o‘rganamiz, chunki bizning omadsizliklarimiz kechirilgan. Kamolotga intilmay, borligimizdan xotirjamlikka berilish biz uchun yagona halokatli xato bo‘lardi.
Uchinchidan, ko‘pincha odamlar psixologiyadagi “tiyib turish” degan so‘zni teskari tushunishadi. Psixologiya “tiyib turilgan jinsiy sezgilar” jiddiy xavf tug‘diradi, deb o‘rgatadi. Lekin “tiyib turilgan” degan so‘z texnik atama. Bu “pisand qilinmagan” yoki “rad etilgan”likni anglatmaydi. Tiyib turilgan mayl yoki fikr ong ostimizga (odatda juda erta yoshimizda) tashlanadi va ongda tanib bo‘lmas shakldagi ko‘rinishda paydo bo‘lishi mumkin. Tiyib qo‘yilgan jinsiy sezgilar jinsiy aloqa (seks)ga hech qanday aloqasi bo‘lmagan biror narsa sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. O‘smir yoki katta odam birorta anglangan istakka qarshilik qilganida, u o‘zi uchun hech qanday “tiyib turish” xavfini tug‘dirmaydi. Aksincha, poklikni saqlashga jiddiy uringanlar o‘z tabiatining jinsiy tomonini yaxshi anglaydi va u haqda boshqa odamlarga qaraganda ko‘proq narsa biladi. Xuddi Vellington Napoleonni bilgani yoki Sherlok Xolms Moriartini bilgani kabi, ular o‘z mayllarini anglashadi; xuddi kalamush tutuvchi kalamushlarni, suvchi chilangar teshilgan quvurlarni yaxshi bilgani kabi, ular ham o‘z mayllarini yaxshi bilib olishadi. Istak tug‘dirgan fazilat, hatto unga erishilmagan taqdirda ham yorug‘lik keltiradi, ortiqchalik esa ongni xiralashtiradi, xolos.
Nihoyat, men jinsiy aloqa haqida shunchalik uzoq gapirishimga to‘g‘ri kelganiga qaramay, bir narsani yaqqol tushunib olishingizni xohlayman: masihiycha axloqning markazi bu yerda emas. Agar kimdir poklikning bo‘lmasligini masihiylar eng oliy yomonlik deb hisoblaydi, deb o‘ylasa, xato qiladi. Shahvoniy gunohlar o‘ta xunuk narsa, lekin ular barcha gunohlar ichidagi eng jiddiy bo‘lmaganlaridir. Eng dahshatli, ziyon yetkazuvchi lazzatlar ko‘pincha sof ruhiydir: bu lazzat boshqalarni yomonlikka chorlaydi; mayl boshqalarga tuhmat qilish, nafratlanish, hokimiyatga intilish kabi o‘z irodasini o‘tkazadii. Chunki mening ichimda o‘zim bo‘lishim shart bo‘lgan “ichki odam” bilan raqobatlashuvchi ikkita ibtido yashaydi. Bu hayvoniy va shaytoniy ibtidolardir. Keyingisi ulardan eng yomoni. Mana shuning uchun ham jamoatga muntazam qatnaydigan sovuqqon, o‘ziga bino qo‘ygan o‘ta sipo odam fohishadan ko‘ra, do‘zaxga ancha yaqin bo‘lishi mumkin. Lekin, albatta, na unisi, na bunisi bo‘lmaganimiz yaxshi.
Книга на Узбекском языке: - Просто христианство (Льюис Клайв)
К достоинствам книги относятся простота изложения, последовательность и образность.
Льюис часто использует простые и наглядные образы, чтобы объяснить более сложные вещи.
И в то же время он не пытается упростить понятие: «Если мой пример, моя иллюстрация не помогают вам, отбросьте их, не колеблясь».
Нередко Льюиса обвиняют в излишнем либерализме в богословских вопросах.
Сам Льюис говорит, что сущность христианства, о которой он пишет, “можно сравнить с залом, из которого двери открываются в несколько комнат. Если мне удастся привести кого-нибудь в этот зал, моя цель будет достигнута”. Я думаю, что для этой цели книга подходит, как никакая другая.
«Просто христианство» — отличная, талантливейшая книга, которая может дать много ответов неверующему и сильно ободрить уже покаявшегося.
Книга «Просто христианство» это одна из лучших книг мировой литературы о христианстве.
То, о чем говорится в этой книге, послужило материалом для серии радиопередач, а впоследствии было опубликовано в трех отдельных частях под названием «Радиобеседы» (1942), «Христианское поведение» (1943) и «За пределами личности» (1944).