Джош Макдауэлл, Эд Стюарт. Яқин инсоннинг вафот этиши - (1 қисм) Китоб Ўзбек тилида
«Психологик биринчи тез ёрдам» туркумидан
Yaqin insonning vafot etishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart) O‘zbek tilida Audiokitob
MUNDARIJA
Minnatdorchiliklar
Chadning hikoyasi. 1–qism
Oylab korish uchun vaqt
Chadning hikoyasi. 2–qism
Oylab korish uchun vaqt
Chadning hikoyasi. 3–qism
Oylab korish uchun vaqt
Chadning hikoyasi. 4–qism
Oylab korish uchun vaqt
Mualliflar haqida
CHADNING HIKOYASI. 1–QISM
“Buning hammasi Metti tufayli, men bilaman” – ovozini chiqarib aytar edi Chad Rojers. Qorong‘i tushgan paytda u katta yo‘lning chang bosgan tomoni bo‘ylab yurib ketayotgan edi. U tasodifan oyoqlari ostida paydo bo‘lgan toshni tepib, o‘z g‘azabini sochdi: “U hali yetti yoshda ham emas, onam esa unga yerning markazi sifatida qaraydi!” Shu payt Chad ukasidan g‘azablanardi. “Ehtimol, onam uni navbatdagi video o‘yin sotib olish uchun do‘konga olib borgandir. Meni olib ketish uchun maktabga kelmaganligi meni hayron qoldirmaydi!”
Chadning yelkasida kitoblarga to‘la ryukzak bor edi. U allaqachon bir kilometr piyoda yurib bo‘lgan edi, uygacha hali yana besh kilometr bor edi.
“Men bu ishlamasligini bilardim! – deb norozilik bilan pichirladi Chad. – Onam maktabning oldida bir soatdan ko‘proq vaqt oldin bo‘lishlari kerak edi – biz aynan shunday rejalashtirgan edik. Ular shaharga kirib o‘tib, Robni mashg‘ulotdan olib ketib darhol maktabga kelishini aytgan edilar. Biz soat besh yarimgacha kechki ovqatni yeyishimiz kerak, shunda Rob va men bir soatdan keyin jamoatda bo‘lamiz. Agar buni uddalay olmasak, bizning butun yoshlar guruhimiz o‘yinga bizsiz ketadi. Xo‘sh, Metti buning uchun mendan eshitadiganini eshtadi!”
Yo‘l, har doimgidek, deyarli kimsasiz edi. Chad kimdir uning orqasidan kelayotganini eshitdi. Ehtimol, onamning mashinasi, – deb o‘yladi, lekin uni kutayotganini ko‘rsatmaslik uchun orqasiga o‘girilmadi. Chad, onasi uni olib ketishi uchun to‘xtatganda, e’tibor bermaslikka qaror qildi. U Mettini maktabda kutganidek, Metti ham uni kutib tursin! U shunchaki oldinga qarab yuraveradi. Ular bilan birga ketayotgan Chadning do‘sti Rob, uni tushunadi. Uning xuddi shunday yoqimsiz ukasi bor.
U kutganidek, mashina sekinlashdi. Biroq, mashina unga yetib kelganida, bu onasining yashil miniveni emas edi. Chad otasining pikapini tanidi.
– Chad! – deb chaqirdi derazadan uning otasi.
Chadning otasi Ben Rojers, mahalliy konserva zavodida nazoratchi bo‘lib ishilaydi va yoz fasli o‘rtalarida o‘n–o‘n ikki soatgacha ishlardi.
Chad hayron qolib to‘xtadi.
– Siz bugun ishdan erta qaytdingizmi...
Otasi uning gapini bo‘ldi:
– Chad, tezda mashinaga o‘tirgin!
Otasining ovozida Chad ilgari eshitmagan narsa bor edi. Ota g‘azablanmagan edi, lekin u baxtli ham emas edi. U qandaydir qiynalib ketgan va xavotirli ko‘rinardi. “Balki onam meni maktabda uchratmagani uchun qo‘rqib ketgandir va dadamga meni topishlari uchun qo‘ng‘iroq qilgandir” – deb o‘yladi Chad.
Mashinaga chiqib, u hamma narsani tushuntirmoqchi bo‘ldi, lekin otasi uning gapini to‘xtatdi. Qo‘lini Chadning yelkasiga qo‘yib:
– Chad, baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi... – dedi u. Otaga gapirish qiyin edi. – Biz hoziroq kasalxonaga borishimiz kerak...
Chadni xuddi elektr toki urganday bo‘ldi. U otasining qo‘lidan ushlab:
– Onam? Metti? Ular bilan hammasi yaxshimi?
Otaning iyagi titrab, ko‘zlariga yosh keldi.
– O‘g‘lim, ishlar juda yomon. Ularni hammasini tez yordam mashinasida kasalxonaga olib ketishdi – onangni, Metyu va Robni. – Otaning ovozi uzildi, yuzida chuqur iztirob aks etdi. U qiyinchilik bilan davom etdi: – Gap shundaki, katta yuk mashinasi qarama–qarshi yo‘lga chiqib ketdi...
– Yo‘q, dada! – baqirib yubordi Chad. – Bo‘lishi mumkin emas! Ular meni olib ketish uchun maktabga kech qolishdi xolos! Chad onasining mashinasini ko‘rishni umid qilib, orqasiga o‘girildi, lekin magistral yo‘l hali ham bo‘sh edi.
– Chad, bularning hammasi dahshatli, lekin biz hozir o‘zimizni qo‘lga olib, kasalxonaga borishimiz kerak. Biz onang va Metyuga kerakmiz. Robga ham.
Chad qo‘llari bilan yuzini yopdi.
– Bunday bo‘lishi mumkin emas, – dedi u his–tuyg‘ularini yengishga harakat qilib. Keyin u kollejda o‘qiyotgan katta opasini esladi: – Bet biladimi? Siz unga qo‘ng‘iroq qildingizmi?
– Men seni topish uchun ishdan to‘g‘ridan to‘g‘ri kelyapman, o‘g‘lim. Kasalxonaga borib, onang va Metyuning ahvolini bilganimizda, Betga qo‘ng‘iroq qilaman.
– Tezroq, dada, tezroq! – Chad deyarli sarosimaga tushib qichqirdi.
Ben pikapning tezligini o‘zgartirib, mashinasini orqaga burdi va shaharga qaytib ketdi. Chad otasining kuchli qo‘lini sezdi va uning ibodatini eshitdi: “Ota, bizga yordam ber. Bizning oilamizga yordam ber. Sen bizga keraksan."
“Iltimos, Xudo bizga yordam ber”, – deb takrorladi Chad ovoz chiqarmasdan.
Kasalxonaga yetib kelishganida, Chadning olti yoshli ukasi Metyu yuk mashinasi qarama–qarshi yo‘lga chiqib ketib, mashinaga urilishi bilan voqea joyida vafot etganini bilishdi. Chad, Ben va oilaning qolgan a’zolari bir –birlarini quchoqlab yig‘lashdi. Dahshatli xabarni eshitishlari bilan darhol kasalxonaga yetib kelgan do‘stlari va qo‘shnilari ham o‘sha yerda edilar. Ular orasida Chadning oilasi a’zo bo‘lgan jamoatning cho‘poni O’Nil ham bor edi.
Kasalxona qabulxonasida ularning do‘stlari ham bor edi. Dahshatli avariya haqida bilgach jamoat yoshlar guruhining futbol uchrashuviga tashrifi bekor qilindi. Chad va Robning do‘stlari bir–birlariga dalda berib, oilalari uchun ibodat qilishardi. Ular bilan yosh murabbiylar Dag va Jenni Shou ham bor edi.
Kasalxonada bo‘lgan bir soat vaqt davomida Chad o‘z his–tuyg‘ularini zo‘rg‘a berkitdi. Metyuning o‘limi haqidagi xabardan so‘ng, u shifokorlar hali ham avariyada og‘ir jarohat olgan onasi va do‘stining hayoti uchun kurashayotganini tushundi. Hamma kasalxona qabulxonasidan jarrohlik xonasiga o‘tdi va u yerda yangiliklarni kutishdi. Qarindoshlar kasalxonaga kelishda davom etishaverar va ularning kelishi qayg‘u va ko‘z yoshlarini yangi to‘lqinini keltirib chiqardi. Chadning ko‘zlari shishgan va qizarib ketgan edi, ko‘kragi og‘rib turardi va u qo‘llaridagi qaltirashni zo‘rg‘a tiygan edi.
Qarindoshlari bilan o‘ralgan Chad Dag va Jenni Shouni ko‘rmadi. Ular yaqinlashib, Chadni quchoqlashganda, u o‘zini tutaolmay, yana yig‘lab yubordi. Bir necha daqiqa davomida uchalasi ham birga yig‘lashdi. Shahar markazida mini–bosmaxonaga ega bo‘lgan Dag va Jenni jamoatda yoshlar ishini tashkil etuvchi ko‘ngillilar edi. Dag ko‘pincha yoshlar guruhida Muqaddas Kitobni o‘rganish darslarini olib borar, Jenni esa unga yordam berardi. “Chad ular uchun asrab olingan o‘g‘ilga o‘xshaydi”, deb hazil qilishardi. Va Chad ularga ikkinchi ota–onasi kabi munosabatda bo‘lar edi.
Dag va Jenni Chadni qabul xonasi burchagidagi divanga o‘tqazishdi, Dag esa unga avtomatdan sotib olgan sovuq sharbatni berdi. Chad ustoziga minnatdorchilik bildirdi va sharbatdan ho‘pladi.
– Men sodir bo‘layotgan voqealarga ishona olmayapman, – dedi Chad ko‘z yoshlarini tiyib.
– Bilaman, Chad, bu juda qiyin, – dedi u. Dagning ovozida, hayajon eshtilardi. – Biz sizga hamdardmiz.
– Biz seni yaxshi ko‘ramiz, Chad, – qo‘shib qo‘ydi Jenni, – va bularni boshdan kechirayotganing bizga og‘riq keltiryapti. Metyu bilan sodir bo‘lgan voqeadan afsusdamiz ...
– Metyu vafot etdi, onam va Rob jiddiy jarohat olishdi va men o‘zimni boshqara olmayapman, – dedi Chad.
Dag Chadning yelkasiga qoqdi.
– Hammasi yaxshi, yig‘la. Sen yig‘lashing kerak. Biz sen va oilang bilan birga yig‘laymiz.
– Bilaman, Xudo sening azoblaringni his qilyapdi, Chad, – dedi Jenni. Agar Iso bu yerda biz bilan jismonan bo‘lganida edi, menimcha u ham yig‘lardi.
Bir daqiqadan ko‘proq Chad vaqti–vaqti bilan ko‘z yoshlarini artib, indamay o‘tirdi. Dag va Jenni uning yonida bo‘lib, uni yupatishardi. Qabulxonaning narigi tomonida cho‘pon O’Nil va jamoatdan bir necha do‘stlari Chadning otasini yupatishardi. Robning oilasi ham shu yerda edi, ular ham oila va do‘stlar qurshovida edilar. Hamma Metyuning o‘limidan keyin Chadning onasi Margaret va uning do‘sti Rob vafot etmasligi uchun ibodat qilishardi. Ular hali ham jarrohlik bo‘limida edilar.
– Axir men Mettidan g‘azablangan edim – nihoyat gapira boshladi Chad, boshini biroz chayqab. – Uni deb onam meni maktabdan olib ketmadi, deb o‘ylagan edim.
– Tushunaman, bu qiyin, – sekingina dedi Dag, uni yupatib.
– Men ukamni aybladim, lekin uning bunga aloqasi yo‘q edi, – afsuslanib dedi Chad. – Va endi Meti o‘ldi va men undan g‘azablanganim uchun undan kechirim ham so‘ray olmayman.
– Bularni boshingdan kechirayotganingdan afsusdamiz – dedi Jenni.
– Biz sen bilan bo‘lamiz – deb qo‘shib qo‘ydi Dag.
Qisqa vaqt jim turib, Chad shunday dedi:
– Onam o‘lmaydilar, o‘lmasliklari kerak! Ular mening onam, biz juda yaqinmiz, ular menga kerak! Va Betga ham kerak. Xudo onamni olib ketmaydi, to‘g‘rimi? Robchi... Nega bu mening onam, eng yaqin do‘stim va ukam bilan sodir bo‘ldi? Menimcha, Xudo adolatsiz!
Jenni yana Chadni mehr bilan quchoqladi.
– Juda afsusdaman – dedi u ovozda titroq bilan. – Azob chekayotganing menga og‘riq keltiryapti.
– O‘ylaymanki, qarindoshlaring sen bilan bo‘lishni xohlashyapti – dedi Dag. – Lekin oldin ibodat qilaylik, maylimi?
Chad itoatkorlik bilan rozi bo‘ldi.
Uchalasi ham bir–biriga yaqinlashib, qo‘l ushlashdi. Dag ibodat qila boshladi:
– Samoviy Otamiz, Chadni sevganing va uning dardini bilganing uchun Senga rahmat. Biz bilan hozir bo‘lganing va Sening yupanching uchun Sendan minnatdormiz. Biz Metyuning vafoti sabab qayg‘udamiz va Margaret bilan Robni tirik qolishlari uchun notabiiy aralashuvingni so‘raymiz. Bu fojeani boshidan kechirayotgan Chad va uning oilasini O‘z qo‘lingda saqla. Biz Iso Masih nomi bilan so‘raymiz. Omin.
Chad boshini ko‘targach, endigina kelgan tog‘asi va o‘g‘illarini ko‘rib qoldi.
– Men tog‘am va tog‘avachchalarim bilan bo‘lishim kerak – deb tushuntirdi u.
Chadning ustozlari o‘rnilaridan turishdi.
– Albatta, borgin – dedi Dag unga. – Biz seni qo‘llab–quvvatlash uchun shu yerda bo‘lamiz.
– Rahmat sizlarga! – Chad ularni quchoqlab, oilasining oldiga ketdi.
Jarrohlik bo‘limidan shifokorlarni kutish og‘riqli edi. Xotini olgan jarohatlardan omon qolishiga unchalik umid qilmay, Ben Rojers dafn marosimlarni tashkil etuvchi tashkilot bilan kichik o‘g‘lining jasadini shifoxonadan olib chiqish uchun kelishib oldi. Chad va Ben Betga qo‘ng‘iroq qilishdi va u bugunoq uyiga qaytib uchib kelishini aytdi. Chad telefonda Bet bilan gaplashayotganda, Betning ovozi qanchalik tinch ekaniga hayron bo‘ldi.
Biror narsa qilish imkoni yo‘q edi, faqat kutish qoldi. Odamlar Chadga yaqinlashib, uning kayfiyatini ko‘tarishga harakat qilishdi: "Balki sening ukang osmonda Xudoga sendan ko‘ra ko‘proq kerak bo‘lgandir"; "Har holda u ko‘p azob chekmadi"; "Olti yil yoningda bo‘lgani uchun Xudoga shukr qilishing kerak"; "Hammasi yaxshi bo‘ladi". Chad bu odamlarning eng yaxshi niyatlari borligini bilar edi, lekin bu so‘zlar uning kayfiyatini ko‘tarmas edi. Bir necha bor u Dag va Jenning oldiga "Biz afsusdamiz" va "Biz sen bilanmiz" degan so‘zlarni eshitish uchun qaytib kelar edi.
Birinchi bo‘lib Robni operatsiya qilgan jarroh chiqdi va u gapirarkan, Chad nafasini chiqarmay uni eshitdi. Hayotga tahdid soladigan dahshatli jarohatlar va operatsiya tafsilotlari Chadni larzaga soldi. Rob bir necha kun davomida tananing hayotiy funksiyalarini qo‘llab–quvvatlaydigan uskunalarga ulangan bo‘lib, reanimatsiya bo‘limida qoladi. Uning omon qolish ehtimoli ellikga ellik ekan. Chad do‘sti uchun ibodat qilish uchun Dag bilan Jenniga va Robning ota–onasiga qo‘shildi.
Yigirma daqiqadan so‘ng boshqa neyroxirurg–shifokor chiqqanda, Chad qochib yashirinmoqchi bo‘ldi. Uning nazarida, agar u shifokorning gapini eshitmasa, onasi bilan hammasi yaxshi bo‘lishiga, bu dahshatli voqealar faqat Metti va Rob bilan bog‘liqligiga ishontira oladigandek edi. Biroq, Ben unga divanga, uning yonida o‘tirishni ishora qildi va yelkasidan quchoqladi. Chad kaftini otasining qo‘liga qo‘yib, o‘tirdi.
Shifokor, ham o‘tirdi va otasiga murojaat qildi:
– Biz xotiningizni operatsiya xonasidan palataga o‘tkazdik. Hozirgi vaqtda uning organizmi kurashmoqda, lekin oldindan hech narsa aytaolmayman deb qo‘rqaman. Baxtsiz hodisa natijasida u boshidan jiddiy jarohat oldi va biz qo‘limizdan kelganini qildik. Biroq, u mustaqil nafas ololmaydi va – afsuski, uning miya faoliyati juda past.
– Onamning miyasi o‘z faoliyatini to‘xtatdi demoqchimisiz? – Chad so‘zlarni to‘xtata olmadi. Maktabda bahorgi semestr davomida u bir oz miyaning faoliyatini o‘rganib chiqqan edi. O‘sha paytda "miya o‘limi" so‘zlari uning hayotiga hech qanday aloqasi yo‘q edi va shuning uchun xuddi chet tilida eshitilgandek edi. Endi bu dahshatli haqiqat bo‘lib chiqdi.
Jarroh Chadga o‘girildi.
– Biz bugun kechqurun onangning ahvolini diqqat bilan kuzatamiz va ertalabgacha qo‘shimcha ma’lumotga ega bo‘lamiz. Men hozir uning miyasi o‘lgan deb ayta olmayman, lekin ko‘rinishdan hammasi unchalik yaxshi emas. Tibbiy nuqtai nazardan, biz qo‘limizdan kelganini qildik, lekin men ibodat va mo‘‘jizalarga ham ishonaman. Qolgan hamma narsa Buyuk Shifokorning qo‘lida.
Chad o‘zini bu shafqatsiz dunyodan himoya qilmoqchi bo‘lgandek ko‘zlarini yumdi. Agar uning yonida otasi va Dag bo‘lmaganida, u qabulxonadan qochib ketgan bo‘lardi.
– Biz onamizni ko‘rishimiz mumkinmi? – hayajondan bo‘g‘ilib qolgan ovozda so‘radi Ben.
– U hozir reanimatsiya bo‘limida bo‘lishi kerak – dedi shifokor o‘rnidan turib. – U komada, lekin sizning ovozingiz uni qo‘llab–quvvatlashi mumkin. Agar xohlasangiz, men bilan o‘tishingiz mumkin.
Chad onasining oldiga borishi kerakligini bilardi, lekin ikkilanib qoldi. Bu eshiklarga kirish uning onasi haqiqatan ham shifoxonada ekanini, uning hayotini ta’minlaydigan asboblarga ulanganligini tan olishini anglatardi, u esa buni tan olishni xohlamasdi. Baxtsiz hodisalar boshqa odamlarning hayotida sodir bo‘lgan, lekin uning hayotida emas.
Biroz vaqt o‘tgach, Chad Dag Shou bilan xira yoritilgan yo‘lakdan reanimatsiya bo‘limiga borayotganini tushundi. Cho‘pon O’Nil va Chadning otasi oldinda ketayotgan edilar. Jenni Betni aeroportda kutib olib va keyin uni kasalxonaga olib kelishni o‘z bo‘yniga oldi.
To‘shakdagi ayolga qarab, Chad o‘zini yengil his qildi. Bu uning onasi emas edi. Har holda, bu ayol unga o‘xshamas edi. Shishgan yuz ba’zi joylarda ko‘kargan, to‘q qizil yoki o‘lik oq rangda edi. Bosh bintlar bilan bog‘langan. Og‘iz va burun teshiklaridan chiqib turgan naychalar yuzni yanada xunuk qilib qo‘ygandi. Ko‘zlar ko‘k–binafsha rangli shishgan qovoqlar bilan yopilib qolgandi, bu Chadning esida qolgan yorqin yashil ko‘zlar emas edi. Bu ayol uning onasi emas, balki boshqa odam ekanligiga ishonch hosil qilish uchun yaqinlashdi.
Biroq, otasining harakatlari Chadni haqiqatga qaytardi. Ben choyshab ustida harakatsiz yotgan xotinining oqarib ketgan qo‘lidan ushlab, past ovozda, muloyim gapira boshladi. Bir daqiqadan so‘ng navbat Chadga keldi. U to‘shakka yaqinlashdi va otasining yonida turdi.
Harakatsiz tanaga qarab, Chad nihoyat uni taniy boshladi. Bintlar ostidan chiqib turgan soch tolasi xuddi onasining soch rangi bilan bir xil edi. Quloqning shakli, iyagidagi chuqurcha – buning hammasi tanish edi. "Men bu siz bo‘lishingizni xohlamayman, ona, lekin bu siz" – jimgina tan oldi Chad.
O‘sha paytda u yig‘lamadi. U deyarli jonsiz tanaga tikilib turar ekan, uning ichida yana bir tuyg‘u paydo bo‘ldi. Chad jag‘ini qisdi, go‘yoki bu g‘azabli so‘zlar kutilmaganda chiqib ketishidan qo‘rqqandek: "Xudo, nega onam bilan bunday hodisa ro‘y berishiga yo‘l qo‘yding?!"
Книга на Узбекском языке: Смерть близкого человека (Джош Макдауэлл, Эд Стюарт)
В этой книге речь пойдет о том, как пережить смерть близкого человека.
Пятнадцатилетний Чад Роджерс никогда раньше не испытывал таких страданий. В одночасье он потерял младшего брата, мать и лучшего друга Роба. Он знает, что должен найти выход и продолжать жить, когда тех, кого он любил, больше нет. Но как?
Авторы предлагают библейский ответ на вопрос, как пережить потерю близкого человека. Если ты столкнулся с такой бедой, то из этой книги ты узнаешь, как справиться с ее последствиями, принять свершившееся и жить дальше.
А если у тебя есть друг, который, подобно Чаду, переживает смерть близкого человека, то в этой книге ты найдешь практические советы, как утешить, поддержать и ободрить его.