Джош Макдауэлл, Эд Стюарт. Низолар - (1 қисм) Китоб Ўзбек тилида
«Психологик биринчи тез ёрдам» туркумидан
Nizolar (Djosh Makdauell, Ed Styuart) O‘zbek tilida Audiokitob
MUNDARIJA
Minnatdorchiliklar
Kenning hikoyasi. 1–qism
Oylab korish uchun vaqt
Kenning hikoyasi. 2–qism
Kenning hikoyasi. 3–qism
Oylab korish uchun vaqt
Mualliflar haqida
KENNING HIKOYASI. 1-QISM
Otasining qadamlarini eshitib, o‘n besh yoshli Ken Meyers otasi uning oldiga kelayotganini angladi va u nima haqida gaplashmoqchiligini allaqachon tushungan edi. Chunki bunday suhbatlar bir marta, ba’zan haftasiga ikki marta bo‘lib turardi.
- Uy vazifangni bajarayapsan deb o‘ylagandim, - dedi otasi, Kenning qulog‘idan quloqchinni olib.
Ken bu paytda karavotida yotib, musiqa tinglayotgandi. U o‘zini otasi uning sevimli o‘yinchog‘ini olib qo‘ygan kichik boladek his qilgancha ehtiyotkorlik bilan o‘tirdi.
- Men chindan ham uy vazifasini bajaryapman. - Ken vazifalar daftarchasini otasiga ko‘rsatdi. - Mana nima bilan shug‘ullanayapman. - U allaqachon mashqlarining deyarli yarmini bajargandi: jumlalarni ajratib, nutq qismlarini belgilagandi.
- Bilasanmi, qulog‘ingda yangrayotgan shovqin-suronsiz sen vazifalarga diqqatingni yaxshiroq jamlagan bo‘larding. - Otasi Kenning pleyeriga ulangan quloqchinga bir qarab qo‘ydi. Musiqa hanuzgacha yangramoqda edi, kichkina quloqchindan chiqayotgan ovoz past bo‘lsa-da, ammo o‘tkir edi.
- Ota, bu shovqin emas, bu musiqa. Masihiycha musiqa, - dedi Ken tinchgina ohangda. U otasining tanbehidan nafratlanardi, lekin agar u o‘zining salbiy his-tuyg‘ularini bildirsa, bundan ham battar bo‘lishi mumkin edi.
Ota qo‘llarini ko‘kragiga tiragancha turardi:
- Bu musiqa emas, Ken. Bu xuddi axlat qutisiga tashlangan bir to‘plam qoshiq tovushiga o‘xshaydi. Guruhning o‘zini masihiycha deb atashi, ularning musiqasi Xudodan degani emas.
Ken bu fikrga qarshi chiqishi mumkin edi. “Ota, qo‘shiqning so‘zlarini tinglab ko‘ring. Bu so‘zlar siz va onam kuylaydigan masihiycha madhiyalar kabi. Musiqasiga kelsak, bu – “shodiyona ovoz". Sizga doimo men shaytoniy nimanidir tinglayotgandek tuyuladi”. Ammo u uzoq davom etgan ma’ruzalarni tinglamaslik uchun avvalgi yo‘lini tutishga qaror qildi, - u o‘z fikrini o‘zida qoldirdi.
- Men hech qachon televizor yoki radio yoqilgan holda uy vazifasini bajarmaganman, - davom ettirardi otasi. - Ortiqcha tovush fikrni bir joyga jamlashga xalaqit qiladi.
“Agar bu sizga xalaqit qilsa, ota, bu menga ham degani emasku. Musiqa aslida menga dam olishga imkon beradi va diqqatimni jamlashga yordam beradi. Qanday qilib mening odatlarim siznikidan farq qilishi mumkinligini tushunmaysiz!” Ken g‘azablanayotganini sezdi, lekin jim qolishda davom etaverdi.
- Sen vaqtingni behudaga sarflay olmaysan, Ken. Sening baholaring pasayib ketdi. Bu axir boshlang‘ich maktab emas-ku, o‘g‘lim. Agar sen universitetga kirishga yetarlicha ballarni olishni istasang, ko‘p g‘ayrat bilan harakat qilishing lozim.
“Men sizni universitetga borishni xohlamasligimga ishontirishga harakat qilgandim, ota, - Ken jimgina o‘z ichida bahslashardi. - Men maktabni bitirgach darrov qaysidir universitetga borishni istayman deb o‘ylamayman. Men kamida bir yil masihiy guruhi bilan sayohat qilishni yoki qisqa muddatli missionerlik safarida ishtirok etishni xohlayman. Balki o‘shandan so‘ng men nima qilishni xohlayotganimni tushunarman. Agar siz ba’zida meni tinglasangiz, hayotimda nima sodir bo‘layotganini tushungan bo‘lar edingiz. Ammo siz qiladigan yagona narsangiz bu mening baholarim haqida qayg‘urganingiz".
- Bu nima? - deb davom etdi otasi. U bir muddatga turgan holatini o‘zgartirib, poyabzal qutisiga ishora qildi.
- Bu mening beysbol kartochkalarim.
- Men, bu beysbol kartochkalar ekanligini ko‘rayapman, Ken, - otasi ovozini balandlatdi - demoqchimanki, ular sening yoningda dars bajarayotgan paytda nima qilayapti?
- Men har daqiqa shug‘ullanmayman, dada, - Ken chidolmadi va javob qaytardi - men ularni tanaffus qilganimda ko‘rish uchun shu yerda saqlayman.
- O‘qishdan chalg‘ish va vaqtni behuda sarflashning yana bir sababidir bu, - dedi otasi qattiqqo‘llik bilan. Keyin u axlatga tashlamoqchi bo‘lganday qutichaga qo‘lini uzatdi.
Ken qutini darrov ushladi va bag‘riga bosdi.
- Bu mening xobbim, ota! - e’tiroz bildirdi Ken. - Xavotir olmang, bir nechta kartochkalarni ko‘rganim bilan ingliz tili imtihonidan yiqilmayman. - Ken istehzosi orqali qabul qilingan chegaradan chiqib ketdi va u o‘z so‘zlarini qaytarib olishni xohlardi. U hech qachon otasi bilan bo‘lgan tortishuvda g‘olib chiqmagandi.
Bir muddat ota va o‘g‘il bir-birlariga indamay qarab turishdi va har biri beysbol kartochkalari solingan qutini o‘ziga tortardi.
- Seni chalg‘itmasligi uchun men bu kartochkalarni olib qo‘ymoqchiman, - dedi otasi qutichani o‘ziga tortib.
Sog‘lom aql Kenga qutini qo‘yib yuborib, janjalni to‘xtatish kerakligini aytardi, lekin u juda g‘azablangandi va otasining dalillarini tinglay olmasdi.
- Ular meni chalg‘itmaydi, men vazifani bajarishim mumkin va ular…
Ushbu «arqonni tortish» jarayonida Kenning yon tomonidagi qutining chekkasi yirtilib, uch yuzdan ortiq beysbol kartochkalar karavotga va yerga to‘kildi. Otasi qutining yirtilgan qismini ushlab qolishga harakat qildi, lekin oqibatda qutini bo‘shatdi. Ken o‘jarlik qilishni istamasdi, lekin u o‘qishga kelganda ota-onasining nasihatlaridan charchagan edi. Bu hodisadan oldin, u hech qachon otasiga bunday qat’iyat bilan qarshilik ko‘rsatmagandi va endi mumkin bo‘lgan oqibatlardan biroz qo‘rqardi.
Bir muddat vaqt otasi kartochkalarga tikilib ularni o‘rganib chiqardi, so‘ng o‘g‘liga diqqat bilan qaradi. Ken endi kartochkalari bilan xayrlashishga majbur bo‘lishidan qo‘rqib ketdi. Ammo otasi qutichani poldan ko‘tarib, stolning ustidan disklar bilan CD-pleyerni oldi.
- Men buni boshqa ko‘rishni xohlamayman, Ken, - dedi u barmog‘i bilan kartochkalariga ko‘rsatib, - sen o‘qishingni yaxshilamaguningcha musiqa deb atayotgan bu shovqinni tinglamaysan. - Otasi eshikni izidan yopib chiqib ketdi.
Ken juda g‘azablangandi, deyarli yig‘lab yuboray derdi. Aslida, agar u ota-onasi ma’qullamagan baholar yoki musiqa bo‘lmaganida, yana bir boshqa biron narsa topilishini bilar edi: uning kiyinishi, sochlari yoki do‘stlari! Uning sevimli mashg‘uloti - beysbol kartochkalarni yig‘ishi - ularning fikricha befoyda qiziqish edi. U velosiped haydash yoki toqqa chiqish bilan shug‘ullanishi kerak edi, hech bo‘lmaganda bu mashg‘ulot uni jismonan mustahkamlardi. Ken o‘z imtiyozlarini ota-onasiga tushuntirishga harakat qilganida, ular unga quloq solishmasdi. U yangi kartochkasini yoki masihiycha diskini ko‘rsatishni xohlaganida, ota-onasi unga hech qanday qiziqish bildirmasdilar. Ken, uni nima ko‘proq g‘azablantirishini bilmas edi: ota-onasining noroziligimi yoki befarqligimi.
Pleyerni va sevimli qo‘shiqlarini yo‘qotish - bundan battar narsa bo‘lishi mumkin emas. Lekin Ken beysbol kartochkalaridan mahrum bo‘lmaganidan xursand edi. Otasi ularni yo‘qotishni buyurmagandi, faqat ularni boshqa ko‘rishni istamasligini aytdi. O‘zining javonidan boshqa qutini olib, Ken kartochkalarini yig‘ishga va taxlashga kirishdi. U endi otasi uyda bo‘lsa, ularni yashirib qo‘yadi va uning yo‘qligida ularni tomosha qilsa bo‘ladi. U to‘satdan o‘z uyida o‘zini ta’qib qilingan ayg‘oqchi kabi his qildi va otasi musiqasini olib qo‘ygani sababli o‘zini tutqundek ham his qilardi.
Ken kechki soat 10 atrofida uxlashga yotdi. U uy vazifasini tugatishga ulgurmagandi. Aslida, kechqurun otasi bilan bo‘lgan to‘qnashuvdan so‘ng hech nima qilishni istamasdi. U yana bitta bajarilmagan uy vazifasi uning baholarini pasayishiga olib kelishini bilar edi. Ammo bu muhim edimi? Ota-onasi baribir janjallashish uchun sabab topishini u bilar edi. U nimaiki qilmasin, baribir ularning ko‘nglini topa olmasdi. Xo‘sh, unda nima uchun bezovta bo‘lishi kerak ekan?
Ota-onasi, odatdagidek, bu paytda televizor tomosha qilishardi, shuning uchun Ken uning xonasida chiroq o‘chirilganini sezmasliklariga amin edi. Ular uxlashdan oldin u bilan kamdan-kam gaplashardilar. Ken, erta bolalik davriga qaytishni judayam xohladi, chunki u paytlarda ota-onasi har kechqurun ertak o‘qib berishar, birgalikda ibodat qilishar, uni o‘pib uxlashga yotqizishardi. Endi bularning bari singlisi Hillari uchun, lekin uning uchun emas. Endi esa uxlashdan avval hech qanday teginishlar yo‘q edi. Aftidan, ota-onasi unga faqat tanqid qilish uchun murojaat qilishardi va divanda yotganida oyoqlarini tushirish uchungina unga tegishardi.
Ken qorong‘ulikda yotar ekan umidsizlikdan jimgina ibodat qilardi: “Rabbim, men Sening sevishingni bilaman, lekin onam va otam meni sevishlarini bilmayman. Nega ular mening har bir ishimga qarshi chiqishadi? Nega mening hayotim ularni umuman qiziqtirmaydi? Bilaman, ular ba’zi bir narsalarni sezishadi. Lekin, ular doimo barcha narsadan norozi. Ular mening ota-onam bo‘lishdan charchashgandek tuyulmoqda va faqat o‘sib-ulg‘aygach uydan ketishimni xohlashadi. Rabbiy nima uchun men ular bilan kelisha olmayapman?”
U ibodatdan so‘ng to‘satdan uning uyi munosabatlari o‘xshamagan yagona joy emasligini angladi. U jamoatdagi do‘sti Todd Uollasni esladi. “Shuyam do‘st bo‘ldimi, - istehzo bilan o‘yladi Ken. - Todd faqat biz u xohlagan narsani qilsakina yonimizda bo‘lardi. Ammo undan do‘konga men bilan birga sport kartochkalari sotib olish uchun borishini so‘rasam yoki ba’zi bir yoshlar tadbirida uning yordamiga muhtoj bo‘lganimda, u “juda band” bo‘ladi. U men bilan faqat uning rejalariga to‘g‘ri kelganda yoki mendan biron narsa kerak bo‘lganida, do‘st ekanligiga taassurot qoldirardi. Boshqa holatlarda, u umuman do‘stona emasdi”.
Ken tezda ibodatiga qo‘shimcha qilib qo‘ydi: “Ha, Rabbim yana bir narsa, nega Todd va men haqiqiy do‘st bo‘la olmaymiz?”
Ken uxlab qolishdan oldin, ota-onasi boradigan jamoatdagi yoshlar bilan ishlashni tashkil qiluvchi, ko‘ngillilar oilasini - Dag Shou va uning rafiqasi Jenni haqida esladi. Bir necha yil oldin Dag Kenga Masih bilan bevosita muloqotda bo‘lishga yordam berdi. Ken jamoat yoshlar guruhini sevib, Dagga ruhiy akasi sifatida murojaat qila boshladi. Dag Shou va Jenni bolalarga ko‘pincha ular bilan har doim har qanday mavzuda gaplashishga tayyor ekanligini eslatardilar. Endi esa Ken, Dag bilan nima haqida suhbatlashishni tushundi.
Ken ertasi kuni maktabdan keyin Dag va Jenni egalik qiladigan va boshqaradigan mini-bosmaxonaga yo‘l oldi. Ken oltita kvartal yo‘lini bosib o‘tdi, Dagning u yerda bo‘lishiga va u bilan suhbatlashish uchun bir lahza vaqt ajratishiga umid qilgandi.
Joyga yetib kelib mini-bosmaxonaga kirdi. Ken ozgina qaltirashni his qildi. U ilgari bu yerda bo‘lmagandi. U uchrashuvga ishonishi mumkinmi? U Dagga nima deydi? “Salom Dag, menda muammo paydo bo‘ldi, ishingdan biroz chalg‘ib, ularni mening o‘rnimga hal qila olasanmi?” - bu unchalik yaxshi eshitilmaydi... Dag kompyuterda ishlab o‘tirgan edi, u Kenni ko‘rib o‘rnidan turdi.
- Salom Ken, - dedi u xushmuomalalik bilan. – Kelishingni kutmagandim, ajoyib!
Shu payt mijoz bilan gaplashayotgan Jenni uni ko‘rib quvonch bilan qo‘lini silkitdi. Ken ham unga javoban qo‘lini silkitdi.
- Bir necha daqiqa kutib tura olasanmi, Ken? Men hozir bo‘shayman. - Dag uni almashtirishlarini so‘radi va davom etdi: - Men senga bir narsa aytishim kerak. Avvalambor sovuqroq nimadir ichib olsak yaxshi bo‘lardi.
- Men roziman. - Ken javoban boshini irg‘adi.
Dag, ishda bandligiga qaramay, unga uzoq kutilgan mehmon kabi o‘zini his qilishga yordam berdi. U qanchalik uyni sog‘ingandi! O‘zining oilasida u o‘zini tajovuzkor yoki zararkunanda kabi his qilardi.
Dag va Ken besh daqiqadan so‘ng Jennining nazorati ostida mini-tipografiyani qoldirishib, “Blender” deb nomlangan sog‘lom oziq-ovqat do‘koniga yo‘l oldilar. Ular yurib ketayotganda Dag Kenni do‘stona tarzda yelkasidan quchoqladi:
- O‘tgan hafta yoshlar uchun Xushxabar yoyish xizmati vaqtida bizga ovoz bilan yordam berganing uchun rahmat aytmoqchiman. Men mikrofonlar va dinamiklarning simlarini butun maydon bo‘ylab ko‘tarib yurganingni ko‘rdim va yordamingni qadrlayman.
Ken biron bir narsani yaxshi tomonga o‘zgartirishni yoqtirardi. U shunday katta tadbirda ovoz uchun javob beradigan jamoada g‘ayrat bilan ishladi va hatto uni kimdir kuzatishi mumkinligini haqida o‘ylamadi.
- Har doim yordam berishdan xursandman, - dedi u. - Yana shunday ishlashni bajonudil istardim.
Ular sovuq meva ichimliklaridan sotib oldilar va yaqinroq turgan stollardan biriga o‘tirdilar. Birgalikda yaxshi musiqa haqida, yoshlar bilan suhbatlashuvchilar haqida, o‘sha kuni kechqurun Masihga yuraklarini bag‘ishlab, Uni Najotkor deb tan olgan talabalar soni haqida gaplashdilar. Dagning o‘z ishiga tez orada qaytishi kerakligini Ken tushunardi. Uni Dagning yoniga olib kelgan haqiqiy sababni yashirish osonroq bo‘lar edi. Ammo u iloji boricha tezroq birov bilan gaplashmasa, uydagi vaziyat yanada yomonlashishidan qo‘rqardi.
- Agar qarshi bo‘lmasangiz, men siz bilan gaplashmoqchi bo‘lgan bitta ibodat ehtiyojim bor, - dedi Ken, ichimligini somoncha bilan aralashtirib.
- Albatta Ken, men qarshi emasman, - ishontirdi uni Dag. - Men nima uchun ibodat qilishim kerak?
Ken Dagga aytmoqchi bo‘lgan gaplarini Xudodan boshqa hech kimga aytmagandi. Qanday qilib boshqa odamga ota-onasi va do‘sti Toddga nisbatan bo‘lgan g‘azabi va og‘rig‘i haqida gapirib berish mumkin?
- Men... Menda ota-onam bilan muammolar bor. Ayni paytda bir-birimiz bilan til topmayapmiz. - Ken otasi bilan beysbol kartochkalari bo‘yicha so‘nggi tortishuvini qisqacha aytib berdi. - Mening qilgan har bir ishim ahmoqona yoki noto‘g‘ri tuyuladi. Ular doimo mening kiyinishimdan, eshitadigan musiqamdan yoki baholarimdan norozi bo‘lishadi. Ularga mening nimani his qilishim, nimani yoqtirishim ahamiyatsiz. Aslida men uyda yolg‘iz bir o‘zim yashayotganimday tuyuladi. Ular meni chindan ham sevishadimi yoki yo‘qmi, bilmayman. - Ken jim bo‘lib qoldi, ko‘zlari yoshga to‘lgandi.
Dagning yuzi o‘zgarib g‘amginlik tus oldi.
- Ken, men senga qanchalik qiyinligini tushunaman. Ota-onaning sevgisidan shubhalanayotganing menga azob beradi. Sening darding yuragimni ham og‘ritmoqda.
Kenga yelkasidan og‘ir yuk tushganday tuyuldi. O‘zini qanday his qilayotganini va u haqida Dag qayg‘urishini tushunishini bilish unga yengillik keltirdi. Ken avval hech qachon bunday tuyg‘ularni his qilmagandi. Va u Dagga so‘nggi paytlarda Todd bilan bo‘lgan to‘qnashuvlar haqida gapirib berdi.
Biroz vaqt o‘tgach, Dag so‘radi:
- Ota-onang bilan bo‘lgan munosabatlaring haqida ko‘proq gapirib ber.
- Aynan nimani gapirib beray?
- Xo‘sh, masalan, otang bilan qanday muloqot qilasizlar.
Ken stakanidan somonchani chiqarib, undan oqayotgan tomchiga qarardi.
- Agarda u meni, masalan, xatolarimni yoki sevimli mashg‘ulotimni tanqid qilishni e’tiborga olmasa, odatda gaplashmaymiz. Otam o‘z ishi va sevimli mashg‘uloti bilan band.
- Boshqacha qilib aytganda, otang senga hech qachon e’tibor bermaydi, to‘g‘rimi?
Ken boshini sekin silkitdi:
- Aynan shunday,- deb javob qildi.
- Qilayotgan ishing unga yetarlicha yaxshi emasligini his qilyapsanmi?
- Mening qilayotgan barcha ishim otam uchun aslo yaxshi deb hisoblanmaydi. - Ken ko‘z yoshlarini artdi.
Dag Kenning ota-onasi bilan bo‘lgan munosabati haqida bir nechta savol berdi. Keyin Kendan Todd bilan do‘stligi haqida ehtiyotkorlik bilan so‘radi. Har bir javob bilan uning yuzi yanada qayg‘uga to‘ldi.
Uzoq jimlikdan so‘ng Dag dedi:
- Men ishga qaytishim kerak. Tez orada sen bilan uchrashamiz, keyin sening munosabatlaringdagi nizolar haqida sal ko‘proq gaplashamiz va birgalikda ibodat qilamiz. Kelishdikmi?
- Ha, kelishdik, - deb javob berdi Ken.
Ularning ikkalasi ham yakshanba kunlari ertalab soat 09:30 da bo‘ladigan xizmatga borishardi. Shu sababli ular xizmat tugaganidan so‘ng jamoatda uchrashishga kelishib oldilar. Dag, ular yakshanba maktabining sinflaridan birida suhbatlashishlari mumkinligini aytdi.
- Ungacha,- dedi Dag, - men senga nima bo‘layotganiga befarq emasligimni va qayg‘urayotganimni bilishingni istayman, Ken. Ishonchim komilki, ota-onang seni tushunmasligi sen uchun juda yoqimsiz, Todd esa faqat o‘zini o‘ylaydi. Men senga yordam berishni xohlayman. Men sen uchun albatta ibodat qilaman va hozirning o‘zida boshlayman.
Dag past ovozda Xudodan bolaga tasalli berishini so‘rardi, Ken tovush chiqarmay harakatsiz o‘tirardi.
So‘ngra ular xayrlashdilar. Lekin Ken uyga borishni xohlasmadi. U, ehtimol, ota-onasi unga savollar berib, odatdagiday kech kelgani uchun uni haqorat qilishlarini bilardi. Va, albatta, u Toddga Dag bilan gaplashgani haqida gapira olmasdi. Shunga qaramay, u o‘z og‘rig‘ida yolg‘iz emasligini bilib, tasalli va dalda topgandi. Dag hamma narsani bilar edi va xavotirlanardi, bu Ken uchun juda katta ahamiyatga ega edi. Bu unga bir kun kelib uchta muhim bo‘lgan odami bilan munosabati yaxshilanishiga umid berardi.
Книга на Узбекском языке: Конфликты, конфликты (Джош Макдауэлл, Эд Стюарт)
Цель книги "Конфликты, конфликты" - помочь наладить такую связь с другими, которую предназначил для нас Бог.
Данная книга использует стратегию "читай и практикуй", поэтому вы сможете оказать "помощь 911" человеку, который борется с подобными проблемами в современном мире.